Said Ahmad. Azob (hikoya)

Viloyat hokimi Ergash Nosirov uyiga alla-pallada qaytdi. Bolalari uxlab yotishibdi. Xotini olib kelgan ovqat tomog‘idan o‘tmadi. Bir-ikki qoshiq tatigan bo‘ldi-yu, kosani nari surib qo‘ydi.
— Qayoqda edingiz? Xavotir olib uxlolmadim.
Ergashvoy javob o‘rniga, soatiga qaradi: birdan oshibdi.
— Pochcham olamdan o‘tibdilar, o‘sha yoqda edim.
— Voy, o‘lmasam, — dedi xotini tamoman uyqusi qochib. — Nega menga xabar qilmadingiz? Borardim. Axir, ota o‘rnida ota edilar.
Ergashvoyning yoshligida ota-onasi olamdan ko‘z yumib ketadi. Uni opasi o‘zining to‘rt bolasi qatori bag‘riga bosadi. Pochchasi tinib-tinchimas odam edi. Imorat quradiganlarning hojatini chiqarardi. To‘ng‘ich o‘g‘lini yoniga olib, arrakashlik qilib, quchoqqa sig‘mas g‘o‘lalardan taxta tilardi. Rom yasar, bitmagan imoratlarning tomini yopardi. Xullasi, qishin-yozin unga birdek ish topilib turardi. Ergashvoy shu mehnatkash odamning qo‘lida muhtojlik nimaligini, yetimlik nimaligini bilmay o‘sdi. Usta Turob o‘z bolalari qatori uni kiyintirdi, yedirdi, ichirdi. Yoshiga yetib, institutda o‘qiyotgan paytlarda Toshkentga borib, topgan-tutganini qo‘liga berib kelardi. Ammo unga aslo nasihat qilmasdi. O‘zining es-hushi joyida, nasihat ortiqcha deb bilardi. Shu yetimgina ukasiga mehribonlik qilayotgan eridan opasi minnatdor edi. Ba’zan ko‘zyoshi to‘kib, uni chin dildan duo qilardi.
Umri mehnat bilan o‘tgan usta Turob olamdan o‘tdi. Ergashvoy to‘rt azamat jiyanlari yonida bel bog‘lab, «voy, otam»lab tobut oldida bordi.
Xotini piq-piq yig‘lab: «Ertaga meni ham olaketing, yangam bechoraning yonida bo‘lay!» dedi.
— Xo‘p, — dedi Ergashvoy. — Endi ozroq mizg‘ib olay, juda charchadim.
U shunday dediyu yotoqqa kirib ketdi.
Ergashvoyning viloyat hokimi qilib tayinlanganiga atigi ikki oy bo‘ldi. Hali tuzuk-quruq ish boshlagan ham yo‘q edi. Viloyat katta, unda tog‘ ham, daryo ham, cho‘l ham bor. Ilgarigi hokim bir chiqib ketganicha ikki-uch kunlab uyga qaytib kelolmasdi. Ergashvoy avval ham hokimiyatda kichik lavozimlarda ishlagani sababli tumanlarni, xo‘jaliklarni yaxshi bilardi.
Ergashvoy endi ko‘zi yumilganda sigir ma’rab uyqusini qochirdi. Bu qanaqa sigir bo‘ldi? Qo‘shnilarnikimi desa, ovozi hovlidan kelyapti.
Ergashvoy to‘nini yelkasiga tashlab ayvonga chiqdi. Xotini stolga boshini tirab yig‘layapti. U oyoq tovushini eshitib boshini ko‘tardi: ikki ko‘zi jiqqa yosh edi.
— Bu qanaqa sigir? — dedi Ergashvoy xotiniga zardali tovushda.
— Qo‘shtegirmonlik rais Normat aka tashlab ketdi.
— Hozir sigir olishga qurbimiz yetmaydi, deb aytmadingmi?
— Aytdim. Ey, kelin, xotin kishisiz-da, erkaklarning ishini tushunmaysiz. Ergashvoy jigarimdek bo‘lsa, undan pul olamanmi — hokim bo‘lganiga suyunchi bu, ya’ni modarka, sog‘ib ichaveringlar, endi shu ona-bola sigir sizlarniki, — dedi.
Ergashvoyning peshonasi tirishdi. Bir so‘z demay yotoqqa kirib ketdi. Shu yotganicha soat beshdan oshganida uyg‘ondi. Uyg‘ondiyu «uyali» telefon bilan Qo‘shtegirmonga — Normat raisga qo‘ng‘iroq qildi. «Labbay», degan uyquli tovush eshitildi.
— Normat aka, hozir sizga mashina boradi, biznikiga keling, birga nonushta qilamiz.
— O‘zimning mashinamda boraveraman, — dedi rais. — Shofyoringizni ovora qilmang.
— Iltimos, xo‘p deng. Boshqa gaplar ham bor, albatta ordenlaringizni ham taqib keling!
— Xo‘p bo‘ladi, hokim buva! Televizorga chiqamizmi?..
Endi uning ovozi jaranglardi. Ona-bola sigir kuchini ko‘rsatdi, deb o‘ylayotgan bo‘lsa kerak. Qalovini topsang qor yonadi deb, bekorga aytmaganlar, ilindi. Juda chiroyli bo‘lib ilindi.
Qo‘shtegirmon bilan viloyat markazining oralig‘i atigi o‘n to‘rt kilometr, hozir yo‘lga chiqsa, o‘n besh minutga qolmay yetib keladi.
Ergash Nosirov DANga telefon qilib, kim bilandir gaplashdi. Keyin hovliga chiqib, ona-bola sigirni ko‘zdan kechirdi.
O‘h-ho‘, bunaqa sigir bozorda falon pul bo‘lsa kerak. Xotinining gapiga qaraganda, kuniga uch mahal sog‘ish kerak ekan. Nechuk shuncha pulli narsani tekinga tashlab ketdi ekan? Axir, u Toshkentga qurultoylarga borishganda o‘ziga o‘xshagan serxarj raislar bilan restoranlarga kirishardi, aqalli bir marta bo‘lsin, «Sen ham yur!» demagan. Ergashvoyning hamyoni bunaqa xarjlarni ko‘tarmasdi. Shuning uchun ham mehmonxona bufetida yengilgina ovqatlanib qo‘ya qolardi.
Paxtakorlar qurultoyiga borishganda Normat rais ordenlarni taqib olardi. Chindan ham uning ordenlari ko‘p edi. Yilora orden olardi. Boshqa raislar hazil qilib «Normatning ikki kostyumlik ordeni bor», deyishardi. Sal og‘zi botirroqlari: «Leonid Ilich bo‘lib ket-e!» desa, boshqasi: «Yaxshi do‘xtir tanishim bor, chap ko‘kragingni kengaytirib beradi!» deb odamlarni kuldiradi. U yurganda jarang-jurung ovoz chiqardi, hatto qurultoyga raislik qilayotgan rahbar unga: «Normat aka, qimirlamay o‘tiring, ordenlaringiz jaranglab doklad eshitishga xalaqit beryapti», degandi. O‘shanda qurultoy ahli gurra kulib yuborgandi.
Ergashvoy bir gal qurultoyga borganda Normat rais mehmonxona pastida uni kutib turgan ekan.
— Mundoq qilsak, — dedi rais uning oldiga kelib, — ertalabki majlisga sen qatnashmasang ham bo‘ladi. Chorva masalasi ko‘riladi. Senga aloqasi yo‘q gaplar.
U shunday deya turib yonidan bir dasta pul chiqarib unga uzatdi:
— Taxtapuldagi choyxonaga borib, o‘n kishilik osh buyur! Vodiy raislari bilan oshxo‘rlik qilamiz. Xo‘pmi, akasi? Masxaraboz Obid kaltani ham top, bir kulishib o‘tiraylik.
Ergashvoy g‘alati bir holga tushdi. Bu rais meni kim deb o‘ylayapti? Juda o‘zidan ketibdi-ku!
U jahl bilan pullarni uning cho‘ntagiga tiqib qo‘ydi.
— Men sizga malay emasman! Qurultoyga sizning chamadoningizni ko‘tarib yurishga, dastyorlik qilishga kelmaganman!
Rais undan bunaqa gap kutmagandi. Yuvosh, bayov bola deb bilardi.
— Seni o‘sadigan kadr bo‘ladi deb o‘ylagan edim. Shu fe’ling bo‘lsa, ikki dunyoda ham kosang oqarmaydi. Yonimga olib, o‘sishingga yordamlashmoqchi edim. Qo‘limdan har ish kelishini bilasan-ku, endi o‘zingdan ko‘r! Shu kichkinagina amalingdan ham ayrilib qolasan. Ergashvoy qat’iy qo‘l siltadi:
— Peshonamdagini ko‘raveraman, aka!
Normat rais bir zambar loy bo‘lib qolgan edi o‘shanda.
Normat har qanday bir so‘zli o‘jar raykom kotibini ham o‘ziga rom qilib olardi. Qishloq rahbarlarining, ayniqsa, raykom kotiblarining otpuskasi qish paytiga to‘g‘ri kelardi. Shunga qaramasdan ular dam olish uchun Yaltagami, Sochigami ketishardi. Bu paytda na dengizda cho‘milib bo‘ladi, na sohilda o‘zini oftobga toblab bo‘lardi. Hech bo‘lmasa muolajasidan foydalanaman, massaj, xilma-xil vannalarga tushib tarang asablarimni yumshatib kelaman, deb o‘ylashardi.
Qaysi bir raykom kotibi kurortga ketsa, Normat rais orqasidan kassiri bilan yetib borardi. Sanatoriyga yaqin joydan ijara uy olib, kotibning xizmatini qilardi. Qish, hammayoq qor, dam olish mavsumining eng zerikarli paytlari. Ana shunday paytlarda Normat ularning jonlariga oro kirardi. Kunora oshxo‘rlik, norinxo‘rlik kimga yoqmaydi, deysiz. Bir chemodan qazi, bir xalta O‘zganning devzirasi, qog‘oz qutidagi Dashnobod anori tugaguncha har kuni qozon qaynab turardi. Ana shunday kurort mavsumlarida Normat ko‘p ishlarini bitkazib olardi. Kotiblar bilan yoshrog‘i bo‘lsa ota-bola, o‘rta yashar bo‘lsa, qadrdon, keksaroq bo‘lsa «farzand» bo‘lib ketardi.
Bir gal Risqiyev degan raykom kotibining orqasidan borganda ishi yurishmadi. Uning oshqozoni xastaligidan faqat parhez taom yeyar ekan, «bazmi jamshidga» bormadi. Ukol olib, dori ichib, sanatoriydan chikmadi. Normat begonalarga yediradigan anoyilardan emasdi. Shuncha yo‘l bosib, olib borgan narsalarini qaytarib olib keldi. Esiz shuncha pul. Ikki kishiga borish-kelish palon pul, deya afsuslandi.
Ba’zan u kayf qilgan paytlarida, «palonchi» kotibmi, nima deb o‘tiribsan, gah, desam qo‘limga qo‘nadi, yo‘rig‘imga yurmay ko‘rsin-chi, o‘g‘liga mototsiklni kim olib bergan, Normat akang olib bergan, deb maqtanardi.
Uning bu xil qiliqlarini Ergashvoy yaxshi bilardi. Shuning uchun ham undan uzoqroq yurardi.
Tashqaridan mashina ovozi eshitildi. Oltita sedonali issiq non, shisha bankada asal ko‘tarib, ordenlarini jaranglatib, xandon-xushon Normat kirib keldi. Egnida yangi kostyum, boshida taxtakachdan yangi chiqqan chustdo‘ppi. Soqoli hafsala bilan olingan. Ikki lunji xuddi archilgan shaftoliga o‘xshardi. Budyonniynikiga o‘xshagan shop mo‘ylovi lok surtilgandek yaltirardi. Undan gup-gup atir hidi anqiydi. U yo‘l-yo‘lakay jovrab kelardi.
— Qarang, rovna o‘n to‘qqiz minutda yetib kelibman, — dedi u bilagidagi soatiga qarab. — Uyingiz bilan mening uyim orasi 19 minutli yo‘l ekan.
Normatning bilagidagi shu soat bir vaqtlar Ergashvoyniki edi. U stipendiyasidan ortdirib yig‘ib yurgan puliga Saudiyalik bir talabadan sotib olgan edi.
Bundan uch yil oldin kasaba soyuzlari qurultoyiga borganda delegatlar uchun maxsus ochilgan magazinda Belgiyada tikilgan ayollar paltosi sotilayotgan edi. Ergashvoy bittasini tanladi. Yonidan pul chiqazib sanagan edi 40 so‘m pul yetmadi. Hayron bo‘lib turgan edi Normat rais kelib birdaniga uchta paltoni kog‘ozga o‘ratdi.
— Bittasi xotinimga, beshik to‘ylariga kiyadi. Bittasi kelinimga, yana bittasi… — Rais bir qo‘zini qisib qo‘ydi, — bir jononga. Nega serrayib turibsan? Olmaysanmi?
— Azroq pul yetmayapti, — dedi Ergashvoy.
— Puling yo‘q ekan, nima qilarding magazinga kirib.
Ergashvoy bilagidan soatini chiqardi.
— Rais buva shu soatni olmaysizmi, Shveytsariyaniki, aniq yuradi.
Normat soatni qo‘liga olib qulog‘iga tutdi.
— Eh-he, haftaning hamma kunlarini, qaysi oyligini ham ko‘rsatar ekan. Qancha beray?
— O‘zim uch yuz ellik so‘mga olgandim. Siz ikki yuz so‘m beraqoling.
— Undoq emas-da, ukaginam, yuz so‘m bersam ham bo‘lardiyu senga javr bo‘lmasin, deb yuz ellik so‘m beraman.
U shunday deb peshtaxta ustiga uchta ellik so‘mlik tashladi.
Bu voqeadan Ergashvoy ranjimadi. Qo‘lidan ketgan qadrdon soatiga achinmadi. Xotinining paltoni ko‘rgandagi quvonchi oldida, soat nima degan gap…
Normatning og‘zi gapdan bo‘shamasdi.
— Bilardim, bilardim! Bir kuni jonajon viloyatimizga o‘zingiz hokim bo‘lishingizni bilardim! Viloyatimiz endi hokimga yolchidi, qo‘rqmay ishlayvering. Yoningizda tog‘day bo‘lib, o‘zim turib beraman! Qani, birortasi ko‘z olaytirib ko‘rsin-chi? Bizga o‘xshagan ish ko‘rgan, tajriba orttirgan akalaringizga suyansangiz, dog‘da qolmaysiz. Hammaga ishonavermang. Kimga qanaqa muomala qilishni o‘zim aytib turaman. Mana, nonushtaga Urgutning asalidan olib keldim. Ma’qul bo‘lsa, ertaga bir flyaga tashlab ketaman.
Ular endigina bir piyoladan choy ichishgan edi, ko‘cha tomondan DAN mashinasining tovushi eshitildi.
— Qani ketdik, — dedi Ergashvoy.
Tashqarida viloyat shofyorlarining «ofati» — DAN inspektori kutib turardi. Sigir bilan buzoqni ham shu yerda ko‘rib, Normat hayron bo‘ldi.
— Normat aka, meni kim deb o‘yladingiz? Sigiringizni olib keting! Men bunaqa suyunchilarga o‘rganmaganman.
— Iya-iya, qiziq bo‘ldi-ku! Men dildan chiqarib…
DAN inspektori sigir-buzoqning arqonini raisning qo‘liga tutqazdi.
— Qani, ketdik, aka! Men yo‘l boshlayman. Orqadan shoshilmay yetaklab kelaverasiz.
Normat iltijo bilan Ergash Nosirovga qaradi.
— Bu qanaqasi bo‘ldi, ukam? Agar shunchalik bo‘lsa, odam yuboraman, olib ketishadi.
— Yo‘q, o‘zingiz haydab ketasiz!
Ergashvoy shunday dedi-yu, ichkariga kirib ketdi.
Mashina qo‘zg‘oldi.
— Orqamdan qolmang! — deb buyurdi inspektor.
Inspektor aytganini qiladigan qaysar odam edi. Uni gapga ko‘ndirib bo‘lmas edi. Normatning o‘g‘li yo‘l qoidasini buzgani uchun hujjatlarini oldirib qo‘yganda rais olti marta yalinib borib ham uni gapga ko‘ndirolmagan. Qaytadan imtihon topshirishga majbur qilgan. O‘tolmagan. Hozir unga yalinib-yolvorishdan ish chiqmasligini biladi. U imillab borayotgan mashina orqasidan sigirni sudrab borardi.
Ertalab ishga ketayotganlar, avtobusdagilar, mashinadagilar unga ajablanib qarashadi. Yo‘lovchilar ko‘kragi to‘la orden, savlatli kishining sigir yetaklab kelayotganini ko‘rib ajablanishardi. Odamlar ko‘p sut beradigan sigirni viloyat ko‘rik-tanloviga olib ketyapti shekilli, deb o‘ylashardi. Ammo, Normat obro‘li odamning jasadini qabristonga olib ketayotgandek, mashina orqasidan buyuk bir motamsarolik bilan borardi.
— Jon uka, birorta yuk mashinasini to‘xtatib ber. Chiqazib olay.
— Mumkin emas, o‘zingiz piyoda yetaklab borasiz!
— Hech bo‘lmasa, sigir yetaklashga birorta odam topib ber, qancha so‘rasa beraman!
— Mumkin emas. O‘zingiz oborasiz. Bilasizmi, sizning vazningizdagi odam kuniga o‘n besh kilometr piyoda yurishi kerak. Boshingizni ko‘tarib yuring, televizorga olishyapti.
Normat do‘ppisi bilan yuzini berkitdi. U hech qayoqqa qaramas, yuzi yopiq bo‘lgani uchun yo‘lni ko‘rolmay har qadamda qoqilardi.
Yo‘lda uchragan odam borki: «Sigir necha pul bo‘ldi? Yo sotgani olib ketyapsizmi?» deb qayta-qayta so‘raydi. Normatning tili gapga kelmaydi. Mum tishlagandek, gung bo‘lib olgan.
Shahardan chiqish yo‘li kavlangan, vodoprovod quvurini almashtirishayotgan edi. O‘tib bo‘lmadi. Taxminan, bir yarim kilometr orqaga qaytib, boshqa yo‘ldan keta boshlashdi.
— Jon ukam, shu sigirni ham olaqol, men ketdim! — dedi zarda bilan Normat rais.
— Menga sigir kerak emas, o‘zingizga buyursin!
— Duch kelgan odamga tekinga berib yuboraman.
— Bo‘lmaydi, — dedi inspektor. — Xalq mulkini ko‘z qorachig‘iday asrash kerak, rais!
Shu alpozda ular shahar chekkasiga chiqishdi. Inspektor mashinasini to‘xtatdi. Ratsiya orqali allakim bilandir gaplashdi. Keyin:
— Bu yog‘iga yo‘lni o‘zingiz bilasiz, men ketdim, — dedi-yu mashina tezligini oshirib jo‘nab ketdi.
Rais sigir-buzoq bilan ko‘cha o‘rtasida qoldi…
To‘rt kundan keyin viloyat xalq deputatlarining sessiyasi bo‘ldi.
Har gal shunaqa yig‘in oldidan Normatvoy atrofiga odam to‘plab, latifa aytib kuldirar, ba’zi kichik rahbarlarning yurishini qilib ko‘rsatardi. Bu gal Normat rais hammadan oldin zalga kirib, bir o‘zi o‘tiribdi. Boshqalar majlis oldidan gurunglashib yurishibdi.
To‘rt kun oldingi voqea allaqachon ovoza bo‘lib ketgan. Bugun albatta uning takdiri hal bo‘ladi, deb o‘ylashardi. Zal odamga to‘la. DAN inspektori hay’atda o‘tirgan Ergash Nosirovga nimadir deb, orqaroqqa borib o‘tirdi. Normat raisning ichida bir nima uzilib ketganday bo‘ldi. Ko‘zlari tinib, boshi g‘uvilladi.
Hokim viloyatda chorvaga qishki ozuqa tayyorlash yomon ahvolda ekanligi to‘g‘risida aniq faktlarni keltirib, ma’ruza qildi. Ko‘pgina xo‘jalik rahbarlari ayovsiz tanqidga uchradi.
Normat, endi menga navbat keldi deganda, hokim boshqa masalani boshlaydi. Yuragi tars yorilayozgan Normat, mening masalam oxirida bo‘ladi shekilli, deb hukm kutayotgan sudlanuvchidek karaxt bir alfozda edi. Oxirida video ko‘rsatib, sharmanda qiladi, deb atrofga javdirab qarardi.
Normat rais to‘g‘risida gap bo‘lmadi. Shu bilan qutuldimmikan, deb o‘ylardi u.
Uch-to‘rt oy vaqt o‘tdi. Normat raisning viloyat markazi ko‘chalarida sigir yetaklagani odamlarning esidan ham chiqib ketdi. Bu orada viloyat miqyosida qancha-qancha yig‘inlar o‘tdi, faollar majlisi bo‘ldi, xalq deputatlari sessiyasi bo‘ldi. Biroq hokim hamon jim edi. Shu yig‘inlarning hammasida Normat rais yuragini hovuchlab o‘tirdi. Chaqirishmasa ham bordi. Men yo‘g‘imda masalamni hal qilib qo‘yishmasin, deb hadiksiradi. U ozib, shop mo‘ylovlari osilib qoldi. Shu alfozda hadik bilan yashash raisning joniga tegdi. Shuncha yil raislik qildim, xudoga shukr, uyim bor, joyim bor, mashinam bor, bola-chaqamni uyli-joyli qildim, bas endi — ishni topshirishim kerak degan o‘yga keldi rais. U umrida biror marta ariza yozmagan, xat bitmagan. Qog‘ozlarga imzo chekib yuravergan ekan, ariza yozish, nainki ariza, oddiy xat yozish ham shunchalar qiyin ekanini endi bildi. Ikki soat o‘tirib besh-olti varaq qog‘ozni qoraladi, kelishtira olmadi. Oxiri u kotib bolani chaqirib, ariza yozib berishni buyurdi.
— Charchadim, rahbarlik ishga chog‘im kelmay qoldi. Vazifamdan ozod qilishingizni so‘rayman, deb yoz!
Kotib, nega qo‘ying, unaqa qilmang, demadi. U hamma vaqt rais nima desa, aytganidan ham afzal qilib qog‘ozga tushirgan.
Normat rais ertalab soqolini qirtishlab, ordenlarini taqib, viloyat hokimligiga ariza topshirish uchun bordi. Hokimning oldida odam bor ekan. Kotibadan arizani kiritib yubordi. Ichkaridagi odam chiqib ketdi hamki, hokim uni chaqirmadi.
— Ey qizim, menga qara, men kelganimni hokimga aytdingmi? — dedi u toqati toq bo‘lib.
— Yo‘q, — dedi kotiba. — Arizangizni berdim, xolos.
— Jon bolam, kirib ayt, oldingizga kirmoqchi, deb ayt!
Kotiba ichkariga kirib, bir dasta qog‘oz ko‘tarib chiqar ekan: «Kiring, kutyaptilar», dedi.
Normat rais jur’atsizlik bilan eshikni ochdi. U albatta meni bo‘shatadi, bu dargohga oxirgi marta kirishim, deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
Hokim qandaydir bir jiddiy hujjatni o‘qiyapti shekilli, uning kirganini sezmadi. Ordenlarning jiringlashini eshitib, boshini ko‘tardi.
Ergashvoy o‘rnidan turib kutib oldi. U rais bilan kresloda o‘tirib emas, divanda yonma-yon o‘tirib gaplashdi.
— Nima bo‘ldi? Ishlamayman, deb ariza yozibsiz?
— Ha-a, endi, — dedi rais. — Shuncha ishladim, yetar endi bu azoblarga chiday olmayman.
— Sizga kim azob beryapti, ayting?
— Siz! — dedi Normat. — To‘rt oydan beri kutaman. Necha-necha yig‘inlar o‘tdi, ammo mening masalamni majlisdan-majlisga qoldirasiz. Qo‘ying, o‘ladiganning o‘lgani durust, uydagilarning tingani durust.
— Sizga kim aytdi masalangiz ko‘riladi, deb?
— Yosh bola emasman, o‘zim bilaman.
Ergashvoy qizishib ketdi.
— Menga qarang, rais aka! Sizga hech kim azob berayotgani yo‘q, siz o‘zingizga o‘zingiz azob beryapsiz. Bu yaxshi. Odam o‘z qilmishi uchun o‘zini o‘zi jazolay olsa, o‘ziga o‘zi azob bera olsa, u odamga ishonsa bo‘ladi. Siz yaxshi raissiz, ishni bilasiz, xo‘jaligingiz viloyatda eng namunali xo‘jalik. Bu jihatdan ko‘nglim to‘q. Siz ishlaysiz! Arizangizni o‘zingiz yirtib tashlaysizmi yo esdalikka menda qolsinmi?
Raisning Budyonniynikiga o‘xshagan mo‘ylovi titradi. Nima uchun o‘rnidan turganini o‘zi ham bilmadi. Nima uchun hokim tomonga qo‘l uzatdi — eslay olmadi. Arizamni qaytib bera qoling, demoqchi edi, shekilli Ergash Nosirov uning ochiq kaftiga to‘rt buklangan arizani qo‘ydi. Normat qog‘ozni burda-burda qildi-da, qayoqqa tashlashini bilmay, oxiri cho‘ntagiga soldi.
— Kelishdik-a? — dedi hokim. — Har xil xayollarga bormang, ishingizni davom ettiravering!
Normat rais u bilan xayrlashayotganda negadir gavdasining og‘irligini sezmadi. Eshik tutqichiga endi qo‘l uzatgan edi, hokim uni to‘xtatdi.
— Sizga bitta gap aytay, aslo esingizdan chiqarmang, ko‘kragingizdagilarni olib qo‘ying. Bularni bergan hukumat allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan.
Oradan to‘rt oy o‘tib, viloyat hokimi Ergash Nosirov pochchasining yil oshini o‘tkazdi. Odam ko‘p keldi. Ular orasida Normat rais ham bor edi. Ammo unga hech kim e’tibor bermadi. Hatto tanishmadi ham. Ko‘pchilik uning ko‘ksidagi ordenlarga qarab, yuzining qanaqaligiga uncha e’tibor bermagan ekan. U el qatori osh yeb chiqib ketdi.
1998 yil.