Hayvonot bog‘ida zavxoz vazifasida ishladim. To‘rt tonnalik fil ikki tonnaga tushib qoldi. Hayvon tilsiz narsa, nima yeb, nima ichganini birovga aytolmaydi. O‘sha filga tegadigan narsalardan uncha-munchasini uyga tashib turdim. Fil bechoraning qazosi yetgan ekan, olti yarim oyda yorug‘ jahondan o‘tib ketdi.
Ilon degan narsa yaramas maxluq. Unga kuniga bitta quyon beraman. O‘ylab qarasam, ilon yeb, men indamay turibman. Ilonning oldiga o‘lgan mushukni tashlab, quyonni uyga qo‘ltiqlab ketadigan bo‘ldim. Yo‘g‘onligi etikning qo‘njidek keladigan ilon ikki oyda g‘altak ipdek ingichka bo‘lib qoldi.
Maymunlarni azaldan yomon ko‘raman. Yosh paytimda hayvonot bog‘iga kelganimda burnini ko‘rsatib, meni ermak qilgan. Hali ham meni ko‘rsa, o‘shanaqa qiladi. Mana, bo‘lmasam, deb uni ham ovqatdan qisib qo‘ydim. Ikki haftada qo‘lini ko‘tarib burniga oborolmaydigan bo‘lib qoldi.
Shu orada g‘alamis oralab, ilonning haqini yegan, degan gap chiqib qoldi. Silliqlik bilan o‘z arizamga binoan quyon bo‘lib qoldim.
Tug‘uruqxona qorovulligiga ko‘tarildim. Ishim yaxshi, kim kelsa, xotining Hasan-Husan tug‘di, deb sevinchi olaveraman. Bu yerda o‘zimdan o‘tib, bitta xatoga yo‘l qo‘ydim. Bir chol kelib, xotinini so‘radi. Unga ham xotining Hasan-Husanni qotirib tashladi, devordim. Sevinchi so‘radim. Keyin bilsam, bu chol bosh vrachimiz Sobiraxon ayaning eri ekan. O‘z arizamga binoan…
Teatrga ishga kirdim. Ishim yaxshi.
Teatr sahnasiga dekoratsiya quramiz. Bu yerda ham bitta xatoga yo‘l qo‘ydim. «Tohir-Zuhra» qo‘yiladigan kun edi, birinchi pardaning dekoratsiyasini qurib qo‘ydik. Uch-to‘rt kishi bo‘lib ikkita yarimtalikni maydalab o‘tirdik. Ko‘zim ilingan ekan, shovqin-surondan uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochib, u yoq-bu yoqqa qarasam, tomosha boshlanib ketibdi. Men bo‘lsam, Xon Boboxonning taxtida uchib qolgan ekanman. Qorabotir kelib, qilich yalang‘ochlab, sahnadan haydab opchiqib ketdi.
Xotinlar hammomiga kassirman.
Ishim yaxshi. Kechasi hammomni o‘zim uborka qilaman. Xotinlarning to‘kilgan sochlaridan to‘plab, yaxshilab yuvaman. Haftasiga ikkita ulama soch yasab, bozorga chiqazaman. Zakazlar ko‘p. Ehtimol, shu yerdan pensiyaga chiqib ketsam.