«Odatim yomon, biron qizni yaxshi ko‘rsam, darrov tildan qolaman.
Birinchi uylanganimda ZAGSga bordimu tildan qoldim qo‘ydim. Dovdirab, ZAGS daftarida xotinimning familiyasiga o‘tib qopman.
Xarakterimiz to‘g‘ri kelmay, bir yilda ajrashib ketdik. Xotin ketdi-yu, familiyasi menda qoldi.
Keyingi uylanganlarimda ancha pishib qolgan edim, familiyamga ehtiyot bo‘lib turdim.
Uch marta uylandim. Uchala xotinimni ham avvalgi perviy xotinimdan qolgan familiyaga o‘tkazdim.
Dunyoda murosai madora degan narsa qiyin gap ekan. Keyingi xotinimni qo‘yishimga yaxlit sabab yo‘q edi. Faqat dilimda armon qolmasin, o‘z familiyamga ham bitta xotin olib qo‘yay, deb niyat qildim.
Shuning uchun siz, ZAGSdagi opaxonlarimdan iltimosim shuki, o‘z familiyamni qaytib berishlaringni so‘rayman.
Iltimos ila:
Fazliddin POShShAXONOVA».