Fojia
Birovga ham yedirmaydigan, o‘zi ham yemaydigan qattiqqo‘l boshbux bor edi. Shu bechora yaqinda o‘ldi.
Boshbux stolga ko‘pdan ko‘z tikib yurgan bir xudo urgan pombux bor edi. Boshbux o‘ldi-yu, uning oyoq-ko‘li chaqqon tortib qoldi.
Pombux idora ishiga, boshbuxga sadoqatini ko‘rsatish niyatida janoza marosimida hammani oyoqqa turg‘izdi. Boshbuxning jasadini idoradagi katta billiard ustiga yotqizishdi. Kimdir:
— Marxumga ohorlik yangi kostyum kiydirish kerak edi, — deb qoldi.
Pombux egnidan yangi kostyumini shartta yechib, unga kiydirib qo‘ydi.
Ana shundan keyin ko‘pchilik bo‘lib, boshbuxni qabristonga olib ketishdi. Uni qabrga qo‘ymay turib, jindek nutq ham bo‘ldi. Pombux hech kim so‘z bermasa ham ko‘zida yosh bilan va’z aytdi:
— Alvido do‘stim, sen qabringda tinch yot. Ishingni o‘zim davom ettiraman.
Boshbuxning ustiga tuproq tortishdi. Shu payt birdan pombuxning jazavasi tutib dod, deganicha o‘zini qabrga otdi. Uning ham ustiga bir-ikki ketmon tuproq tushdi. Ko‘pchilik bo‘lib qabrdan zo‘rg‘a tortib olishdi.
Tuproq tortayotganlarning qo‘liga pombux faryod bilan yopishar, hadeb o‘zini qabrga otishga chog‘lardi.
— Dod, dod! Omonatimdan ayrildim, omonatginamdan ayrildim.
Uch kishilashib uni ushlab turishdi. Shu alfozda bir amallab boshbuxni ko‘mib olishdi. Hamma tarqay boshladi. Ammo pombux qabrga qapishib olganicha tuproqni timdalab, omonatim, deb dodlardi.
Yana bo‘lmadi. Odamlar ko‘pchilik bo‘lib, uni sudrab olib kelishyapti hamki, u tinmay: «Omonatimni qayerga ko‘mib kelyapman, omonatim tuproqda yotaveradimi?» — deb faryod uradi.
Uning ahvolini ko‘rganlar:
— Mana, do‘stga sadoqat, — deyishardi. — Do‘st degan shundoq oqibatli bo‘lishi kerak. Aziz birodari qazo qilganiga asti chidamayapti.
Pombux hamon dodlardi:
— Omonatimdan ayrildim. Ayilib qoldim…
Tamom.
Ushbu hikoyaning davomi:
Boshbux o‘lganda pombuxning unga o‘z kostyumini egnidan yechib kiydirgani hurmatli kitobxonlarimizning yodlarida bo‘lsa kerak.
Pombux o‘sha kostyumini kiydirayotganda shoshganidan cho‘ntagidagi kassa daftarchasini olishni unutgan edi. Unda uch ming ikki yuz o‘ttiz ikki so‘mlik omonat puli bor edi.
— Dood! Omonatim tuproqda qoldi.
(ana endi tamom.)