Safar Kokilov. Konsilium (hajviya)

Sigaret tutunga to‘la katta xonada oq xalat kiygan bir necha o‘ta jiddiy qiyofadagi kishilar ertalabdan beri munozora qilishadi.
– Yo‘q, yo‘q. Men ololmayman. Bemorning dardi jarroxlik emas. Uni terapevt olsin. – dedi sakkizinchi marta so‘z olgan jarrox Jovliyev.
– Ye, nega endi? Bemor chisto infektsionniy-ku?! Tag‘in izidan hech kimi yo‘q ekan. Uni yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizish kerak. Tamom-vassalom. – e’tiroz bildirdi terapiya bo‘limi boshlig‘i xo‘ppasemiz Qorbosdiyev.
– Hech qachonda. Bemorning barcha dardi o‘pkasida-ku. Uni sil kasallar bo‘limiga yotqizish kerak. – dedi infektsionist pashsha qo‘riyotgandek qo‘l siltab.
– Rentgentda sil belgisi ko‘rmadim. Dardi jigarida. U terapevtniki. – dedi o‘ninchi marta to‘ng‘illab To‘ng‘izboyev.
– Hechamda. Asli hamma gap yurakdan. Uni kardiolog olaqolsin. Palatasi bo‘shab yotibdi. – dedi Qorbosdiyev boshqalarga ko‘z qisib.
– Prichyom bu yerda yurak. Bemorning qorni taranglashgan-ku?! Yasno. U jarroxlarniki. – dedi qoshini suzib kardiolog Kurrayev.
– Ha, aytgancha, yaxshisi bemorni reanimatsiyaga yotqizsak-chi?! – dedi nihoyat jarrox Jovliyev. – Hammamiz navbat bilan borib ko‘rib turardik…
– Bekorlarning beshtasini aytibsiz. Hisobot-chi?! – dedi mudrab o‘tirgan reanimatolog o‘assolov birdan chiyillab. – O‘limning hisoboti yana mening bo‘ynimga tushadimi? Yo‘q, yo‘q, bo‘maydi. Sil bo‘lsa, ftiziatr olsin-da-e…
– Yo‘q. Meniki emas. Infektsionist olsin.
– Bemor terapevtniki.
– Bekor aytibsiz, u kardiologniki.
– Yo‘q, u jarroxniki…

Kun peshindan og‘di. Ular esa…
Nihoyat eshik shiddat bilan ochilib qabulxona xamshirasining bo‘g‘riqqan yuzi ko‘rindi.
– Mumkinmi?
– Xo‘sh?! Nima gap?..
Hamma unga tikildi.
– Duxtur, koridorda kechadan beri yotgan bemorning tanasini nima qilaylik?
– A?!..
Konsilium ishtirokchilari xamshiraga bir zum hayrat bilan tikilib qolishdi. So‘ng yuzlaridan xayrat yo‘qolib, o‘rniga mamnunlikka o‘xshagan bir ifoda paydo bo‘ldi.
– O‘ldimi-ey?!
– He, bechora-ey…
– O‘zi juda og‘ir edi-da…
– Ha-a. Nachora, bandachilik…
So‘ng duxturlar bir-biriga qarashganicha bir ovozdan xamshiraga javob qilishdi:
– Qayerga bo‘lardi, o‘likxonagada. Morgga…
Xamshira yugurib ketdi. Xonada o‘tirganlar ham sekin qo‘zg‘olishdi. Uy-uyiga…