Ishxonamiz boshlig‘i to‘satdan ishdan olindi. Endi esa ishxona xodimlari oldida katta bir muammo ko‘ndalang bo‘lib turibdi. U ham bo‘lsa ishxonani qayta oyoqqa turg‘izadigan yaxshi bir rahbar saylab olishimiz kerak. Muammo shundaki, bu rahbarni biz o‘zimizning oramizdan tanlab, saylab olishimiz kerakmish. Tavba?! Dabdurustdan “Ol, ana, rahbaringni o‘zlaring saylab olaverlaring” deyishsa-ya. Eshitgan quloqqa qiziq tuyuladi-da. He-e, ilgari bo‘larmidi. Rahbarni yuqoridan shartta opkelib tayinlab ketishardi, tamom-vassalom. U shu soha odamimi, yo‘qmi, so‘rab o‘tirishmasdi. Hatto bir marta o‘t o‘chiruvchilarning sobiq boshlig‘ini Yozuvchilar uyushmasiga rais qilib tayinlashgan ekan. U paytlarda deputat nomzodi ham yuqoridan tayinlanar edi. Odamlar uning o‘zini, yuzini ko‘rmasdan saylab yuboraverishardi. O‘sha yillarda Juma sarson degan bir dehqon yigit qo‘sh haydayotib, ertangi saylovda saylanadigan nomzodlarning (o‘zini-ku tanimaydi) nomi esimdan chiqib qolmasin deb qo‘shdagi ho‘kizlarini “Bo-osh ola ho‘kizim Bahuzurov, bo-osh qora ho‘kizim Nodirov” deb qaytarib yurgan ekan. E-e nimasini aytasiz, u paytlarda rahbar bo‘lib ishlash oson edi-da. Chunki, yuqori tashkilotlardan paydar-pay yo‘riqnomalar kelib turgan va shunga qarab keng omma boshqarilavergan. Endi esa… Eh-he-e, demokratiya degan gaplar chiqib qoldi-yu. Bu so‘z o‘zi grekchami, lotinchami, ishqilib chetdan kelgan so‘z, lekin butun dunyoga urf bo‘lyapti. Biz ham chetda qolmasdigimiz kerak emish. Tuman rahbarlari shunday deyishibdi. Shunday qilib, lug‘aviy ma’nosini tushunmasa ham demokratiya so‘zidan “o‘zingga boshliq saylab olaver” degan buyruqni tushungan, ko‘kragiga erkinlik shamoli tekkan uch ming kishilik ishxonamiz xodimlari har kuni ishga boryapmiz deb uydan chiqishadi-da, shiplari o‘pirilgan, derazalariga yelim qog‘oz yopishtirilgan katta majlislar zaliga to‘p-to‘p bo‘lib yig‘ilishib majlis qilishadi. Bir oydan beri ahvol shu.
To‘rdagi baland supada majlis bahonasida ta’mirlangan stol-stullarda majlis o‘tkazuvchi hay’at a’zolari (ularni ham bir hafta tortishib saylaganmiz) ya’ni kasaba uyushma raisi ikkita a’zosi bilan, hokimlikdan bir vakil va kotiba qiz o‘tiribdi. Pastda esa keng omma, ya’ni ishxonaning barcha xodimlari. Kimdir stulda, kimdir hovlidan ko‘tarib kirgan skameykada, xotin-qizlar va yosh-yalanglar esa orqada tik turishibdi. Og‘i tolgan va beli og‘riganlar shundoq polga chordona qurib o‘tirib olishgan. Shu yaqin atrofda yashaydigan “biznesmen” kampirlar ham har kuni majlis bo‘layotganini sezib qolib, eshik og‘ziga gilamchalarini to‘shab ustiga saqich, pista, sigaret va boshqa yegulik narsalardan qo‘yib sotib o‘tirishibdi. Majlisga kiruvchilar zalda ermak qilish uchun ulardan ko‘ngliga tortganini savdo qilishadi. Madaniyroq kishilar esa qo‘ltiqlariga shaxmat, shashka va “durrak” o‘ynash uchun karta olib kirishadi-da majlisga quloq solishib, uch ovora-to‘rtovora o‘yna-ab o‘tirishadi. Majlisga hamma qatnashishi shart. Ertalab va tushlikdan so‘ng kotiba yo‘qlama qiladi. Kirmaganlarga ma’muriy chora ko‘riladi, ya’ni 20 foiz ish haqidan ushlab qolinadi. To‘g‘rida! Ishxonaning hayot-mamoti hal bo‘lay deb turgan-da chetda turish xiyonat-da.
Þqoridagi rahbarlar ham juda sabr-toqatli ekan-ey. “Necha kun bo‘lsa ham kutamiz, rahbarlaringni o‘zlaring saylab berasizlar” deb turib olishganda-e. Har kuni hokimiyatdan bir vakil keladi. Bugun hokimning bank va byudjet ishlari bo‘yicha muovini kelib o‘tiribdi. Zalning oldingi qatorida o‘tirganlar o‘zlaricha uch guruhga bo‘linib olgan. Har guruh rahbarlikka o‘z nomzodini taklif qiladi. Afsuski, hozircha biroviniki ikkinchisiga, ikkinchisiniki uchinchi guruhga yoqmayapti. Tortishgani tortishgan. Har guruh o‘zinikini ma’qullaydi. Tumanimiz qoq o‘rtasidan oqadigan daryoning o‘ng qirg‘og‘idagilar guruhi o‘zlaridan Qultoyev deganning nomzodini ko‘rsatishdi. Yaxshi odam, ishbilarmon, bo‘sh vaqtlarida qo‘shni respublikadan har xil mahsulotlar opkelib sotib “biznes” qiladi deb maqtashdi. Shunda ikkinchi guruh boshlig‘i ko‘kragiga “qahramon ona” degan medalü taqib olgan farrosh ayol irg‘ib o‘rnidan turdida qo‘lini paxsa qilib shang‘illadi:
– Nimoga endi sizlordan bo‘lar ekan. Ishbilarmon bizlarda ham bor. Mana, bizning Shoyev rahbar bo‘ladi. Bizlar Shoyevni saylaymiz…
– Ishdan olingan Gadoymirzayev ham sizlardan edi-ku. Endi bizlardan ham bo‘lsin-da. Yo‘q, Qultoyev bo‘ladi, – dedi bo‘sh kelmay daryoning o‘ng tomonidan bo‘lgan Jonqobilov mo‘ylovini burab, oyog‘ini tirab.
– Yo‘q, Shoyev bo‘ladi dedikmi, Shoyev bo‘ladi, – dedi chinqirib farrosh ayol.
Ularning kelishmovchiligidan foydalangan uchinchi guruh odamlari otiga qamchi bosishdi.
– Hoy, menga qaranglar, baraka topkurlar. Kelinglar, bizning Boyqulovni saylab qo‘ya qolaylik. Ammo-lekin, ja-a uddaburon yigit-da o‘ziyam. Olti sotix tomorqasiga har yili ko‘kat ekib, sotib, mana millioner bo‘ldi. Shu rahbar bo‘lsa, ishxonani gullatib yuboradi-ya. O‘ziyam ja-a, haligindaqa, delovoy yigitlardan, shuni saylaylik, – dedi qora to‘n, ola do‘ppi kiygan pakana odam.
– Yo‘q, yo‘q bo‘maydi, – deb baravariga shovqin solishdi birinchi va ikkinchi guruh odamlari. – O‘zi oldingi boshliq ishxona atrofiga terak ektiraverib hamma tomonni shira-hashoratga bostirib yubordi. Buni-ku o‘zimiz ham yaxshi bilamiz. Ko‘katfurush rahbar bo‘lsa ishxonaning ishi ham bir tomonda qolib, kunimiz kashnich, shivit o‘tash bilan o‘tadi. Yo‘q, Boyqulov bo‘maydi.
Tortishuv shu tarzda davom etmoqda. Kun peshinga yaqinlashgan. To‘rda o‘tirganlar qo‘li bilan og‘zini berkitishib homuza tortishyapti. Pastda esa u yer bu yerda xurrak ovozi eshitiladi. Shiftda sigaret tutuni bulutdek osilib turibdi. Hokimlikdan kelgan rais “Darakchi”ni uchinchi marta o‘qib chiqdi…
Men ham shu ishxonada 20 yildan beri ishlayman. Odamlar orasida o‘zimga yarasha obro‘yim bor. Men ham hamma qatori kamchiliklardan noliyman, oylik maoshni o‘z vaqtida olsam deyman, lekin hech qachon birovga, ayniqsa rahbarlarga buni ochiqchasiga aytmayman. Mendan so‘rashmaydi ham. Shuning uchun hammadan oldin kelaman-da, derazaga yaqinroq joyga o‘tirib uydan olib kelgan badiiy kitobimni o‘qib o‘tiraman. Tortishuvga ham aralashmayman – betarafman. Bugun ham rus yozuvchisi A.P.Chexovning hajviy hikoyalar to‘plamini o‘qib o‘tiribman. Qiziq joyiga kelganda beixtiyor kulib yubordim. Yonimda o‘tirgan odam to‘satdan biqinimga turtdi:
– Hoy, Qodirov, nega kulasiz-e? Turing. Halitdan beri sizni minbarga chaqirishayapti, – dedi u turtkilab. – Turing, turing.
– Nega? Nima uchun? – hovliqib so‘radim apil-tapil kitobni yopar ekanman. Qo‘rqa-pisa to‘rda o‘tirganlarga qaradim. Majlisga aralashmay kitob o‘qib o‘tirganim yoqmagan shekilli, hay’at a’zolarining bari menga tikilib turibdi. Bunday qarasam, butun zal ahlining ko‘zi menda. “Obbo, bu yog‘i qandog‘ bo‘ldi endi?” Beixtiyor o‘rnimdan turib ketdim. Shu payt oldimdagi qatorda o‘tirgan Jonqobilov menga qarab tirjayib,
– Qodirov uka, biz o‘z guruhimiz nomidan rahbarlikka sizning nomingizni ko‘rsatib yubordik. Har qalay siz o‘zimizdan. Ishonchni oqlaysiz endi, – desa bo‘ladimi.
– Nim-ma?!
Boshim g‘uvillab, ko‘zim tinib ketdi. Oldimdagi stulni ushlab qoldim.
– Nega men? Gunohim nima? – dedim g‘uldirab.
Yonimdagilar kulib yuborishdi.
– Nomzodi ko‘rsatilmagan bitta siz qoldingiz-da. Qani minbarga chiqing-e. Boshingizga baxt qushi qo‘nay deb turibdi-yu, bu kishining angrayganini, – dedi yonimda o‘tirgan odam meni minbar tomon itargilab. – Boring, boring. Qo‘rqmang, biz bor. He, boshqalar ham siz taraf bo‘lib turibdi…
Yo tavba! Tushimmi, o‘ngimmi?! Nahotki, odam quriganday meni rahbar ko‘tarishsa-ya. Yoki hazillashayotibdimikan?!
Umrimda minbarga chiqib ko‘rmaganman. Hammaning nigohi kuzatuvida minbarga yaqinlashdim. Þragim duk-duk uryapti, tizzam qaltiraydi. Terlab ketdim.
– Qodirov, mana nihoyat odamlarimiz bir fikrga kelishganday bo‘ldi. Sizni ishxonamizga rahbar etib saylamoqchimiz. Biz sizni yaxshi xodim sifatida bilamiz… – Hay’at raisi o‘rnidan turib pastdagilarga qarab menga ta’rif bera ketdi. Birovni maqtash ham, yomonlash ham oson ekanligiga shu yerda ishondim. O‘h-ho‘-o‘ o‘zimning o‘zim bilmagan sifatlarimni uning og‘zidan eshitib rosa qoyil qoldim-ey. Nahotki shuncha yaxshi, bebaho odam bo‘lsam-a?! Ich-ichimdan mag‘rurlanib ketdim. Zalga qarashga esa yuragim betlamasdi. Ko‘zim shiiftdan olma teradi. O‘z-o‘zidan kulgim keladimi-ey. Nihoyat hay’at raisi so‘zi oxirida menga qaradi. – Qani, Qodirov o‘zingiz ham bir nima deng. Agar rozi bo‘lsangiz, hozir ovozga qo‘yamiz. Bo‘ganday bo‘lib turibsiz. Qani, bo‘sh kelmang. Hamma siz tomonda…
Men esa sehrlangandayman. Þzim lovullaydi tanglayim qurib, tilim aylanmay qolgan. Ko‘z qirim bilan bir zalga, bir hay’at a’zolariga qarayman. Hokimlikdan kelgan vakil ham “darakchi”dan bosh ko‘tarib “Qanaqa narsa ekan bu hammaga ma’qul kelgan odamcha” degandek iyenga tikilib turibdi. Zal ham suv sepganday. Boshim qotib qoldi. Yo tavba! Hech kutilmaganda-ya. “Meni hech kim nazar pisand qilmaydi”, deb o‘zimdan ko‘nglim qolib yurgan bir paytda dabdurustdan bunaqa hurmat-e’tiborni qarang-a endi. O‘pkam to‘lim ketdi. Yig‘lab yubormay deb labimni qattiq tishlayman. Yana o‘ylanib turib birdan qo‘rqib ketdim. Nima deyapti bular?! Rahbar bo‘lasan deydimi? Shunday katta ishxonaga-ya?! Meni chohga itarishyaptimi deyman bular?! Yo‘-o‘q… Bunaqasi ketmaydi. Menga nima kerak o‘zi shu bosh og‘riq? Yo‘q, yo‘q, men rahbar bo‘mayman. “Yo‘q, bo‘mayman” deb, hayqirgim keldi birdan.
– Yo‘q, men bo‘lolmayman, – dedim negadir ovozim tuzuk chiqmay, hirqirab.
– Nega? – deb hayqirdi butun zal.
– Nega? – baqrayib qolishdi hay’at a’zolari.
Hokimlikdan kelgan vakil ham ko‘zi chiqquday bo‘lib “Rahbarlikdan bosh tortgan odamni birinchi ko‘rishim” degandek tikilib turibdi.
– Xo‘sh, nega? – hay’at raisi savolini takrorladi.
– Bilmadim-u…!
– Hoy, Qodirov butun ishxona sizga ko‘z tikib turganda bunaqa mujmal gapni qo‘ying-da-e. Nega bo‘maysiz? Nima, kasalmisiz?
– Yo‘g‘-e, xudo saqlasin. Sog‘man. Lekin…
– Lekin-pekini yo‘q. Bo‘lasiz. Biz sizga ishonamiz…
– Hoy Qodirup uka, rozi bo‘lavering. Siz yaxshi odam. Bolalarimga nafaqa puli ololmay yurganda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgansiz. Sizning kallangiz yaxshi ishlaydi. Siz rahbar bo‘lasiz. Sizga kim “g‘ing” desa, mana man bor. Xudo bitta… – dedi ko‘kragiga urib farrosh ayol o‘tirgan joyidan shang‘illaganicha.
– Rozi bo‘lavering-e, bo‘la. Har tugul urug‘imiz bir, qo‘llab turasiz-da, bo‘lalarni, – dedi chuvillashib daryoning o‘ng betidan kelganlar.
– Ammo-lekin ja-a zo‘r nomzod topdik-da. Kamgap, og‘irgina odam, hammaga birday. Mayli, Qodirov bo‘lsa, biz ham rozi, – dedi uchinchi guruhning odami ham boshidan ola do‘ppisini olib changini qoqayotgandek qo‘liga qarsillatib urarkan. – Bizga shunaqa muloyim odam yoqadi o‘zi.
Uf-f, nima desam ekan bularga?! Xuddi odam quriganday uchala guruh ham menga yopishib olganini qarang-da. Xo‘-o‘sh. Shu “nega” degan savollariga biron jo‘yali javob aytolsam-ku, tamom, meni saylashmaydi-ku-ya. Qutulaman qo‘yaman shu g‘alvadan. He, kerak emas menga shu bosh og‘riq. Tinchgina kelib ketib, hech kimga ko‘rinmay, qoziqning boshi ham, uchi ham bo‘lmay yashab yurganga nima yetsin. Lekin buning uchun hozir ularga biron sabab aytishim kerak-da. Nima desam ekan?!
– Ho‘-o‘ Qodirov, gapiring-da endi. Ja-a xit qivordingiz-ku, ammo-lekin…
– Bo‘sh kelma-e, Qadiripjan. Dayraning narjag‘i sen tarap…
– Gapiring, gapiring, – deb qistaydi “i” harfiga urg‘u berib haligi farrosh ayol ham.
Nihoyat, o‘zimni tutib, tupugimni yutib, tomog‘imni qirib, “nega?” degan savolning javobini ayta boshladim. Maqsadim – meni saylashmasa bo‘lgani. Shuning uchun biroz ko‘pirtirib gapirishim kerak. “Bu umuman noloyiq ekan-ku, biz adashibmiz” deb fikrlaridan qaytishsa bbo‘ldi. Avval asta-sekin past ovozda gap boshlab, so‘ng ovozim o‘z-o‘zidan balandlashib, shiddatli tus olayotiganini o‘zim ham sezmay qolibman. ¢ala-g‘ovur bo‘lib turgan zal g‘am asta-sekin tinchib, pashsha uchsa bilingudek sukunat cho‘mdi. Men esa minbarga ikki qo‘lim bilan suyanib, boshimni baland ko‘tarib gapiryapman desangiz.
– O‘rtoqlar! Avvalo menga ishonch bildirganingiz uchun katta rahmat! Boshim ko‘kka yetdi. Lekin ming bora uzr. Men, meni qo‘yinglar, qiynamanglar. Iltimos sizlardan. Shu paytgacha hech biringiz bilan sen-menga bormagan edik. Endi ham shunday bo‘lib qolaylik. Rahbarlikka boshqa odamni saylab qolinglar. Iltimos, men rahbar bo‘lolmayman. Men ko‘ngli bo‘sh odamman, salnarsaga xafa bo‘laman. Ichim tor. Aytganimni qildirmaguncha ko‘nglim tinchimaydi. To‘g‘risini aytsam va nohaq ishni ko‘rsam, chidab turolmayman. Birov-yarimning ko‘nglini og‘ritib qyishim mukin. Oldingi rahbarga o‘xshab og‘irning utidan yengilning ostidan yurishni xohlamayman. Agar men rahbar bo‘ladigan bo‘lsam, ishxonada ahvol hozirgidek davom etishiga sira yo‘l qo‘ymayman. Hammalaringizda 180 foiz o‘zgarishni talab qilaman. Men rahbar bo‘lgach, do‘stlik, og‘aynigarchilik o‘z yo‘liga, ish o‘z yo‘liga bo‘ladi. Aybdorlarning boshini silash bo‘lmaydi. Ba’zilar, masalan bo‘lim mudiri Bo‘riyevga o‘xshab urug‘-aymoqchilik qilib ishlashni to‘xtataman. Eng avvalo ishni tartib-intizomdan boshlayman. To‘g‘risi, o‘zi ishxonamizda tartib qolmadi. Yo‘q, endi bunday bo‘maydi. Mening ruxsatimsiz chapga bir qadam, o‘ngga bir qadam tashlasang ishdan haydayman, tamom vassalom. Hamma ishga o‘z vaqtida kelib-ketsin. Endi ayab o‘tirish yo‘q. Yo shu ishxonani tartibga olaman, yoki umuman ishlamayman. Anovi Isayevga o‘xshab ishga shunchaki kelib-ketib, kun bo‘yi burchakdagi xonasida ulfatlari bilan shaxmat o‘ynab o‘tirganini ko‘rsam, boshiga shaxmat taxtasi bilan solaman, so‘ng dumini tugaman. (Zal o‘rtasidan shaxmat taxtasining sharaqlab yopilgani eshitildi.) Yo ishlasin yoki yo‘qolsin. Menga grossmeystrlar kerak emas. Xonama-xona kirib, g‘iybat izlab yuradigan ayrim xotinlarni ham ishdan haydash fursati keldi. Qiladigan ishining tayini yo‘q, lekin yolg‘on yo‘l varaqalari to‘ldirib, ishxonaning benzin zahirasini suvday simirib yotgan anovi Odilboyevning ishini ertagayoq prokuraturaga oshiraman Yetar ishxonanaing qonini shuncha so‘rgani. Ertadan boshlab o‘ng qo‘lim bo‘lgan bosh hisobchining o‘rmagini yig‘ishtiraman. Xodimlarning oylik maoshini o‘z vaqtida bermay, pulni “oborotga qo‘yib” shishib yotgani yetar. Bosh iqtisodchi va g‘aznachini ham unga qo‘shib javobgarlikka torttiraman. Boshqa vijdonli hisobchi topamiz. (Zal bir guvranib qo‘ydi. Oldinda o‘tirgan bosh hisobchining boshi ikki yelkasi orasiga kirib ketdi.) Men rahbar bo‘ladigan bo‘lsam, oylik maoshni har oyning o‘ttizida beradigan qilaman (zalda qarsak yangradi). Rahmat. O‘z ishini to‘g‘ri bajarmaganlar ayovsiz jazolanadi. Muovinlarimni ham ertadan boshlab almashtiraman. Menga aravani har tomon tortadigan muovinlar kerak emas. Endi hamma o‘z ishidagi kamchilikka o‘zi javob beradi. Avvalgidek birov uchun boshqalar pul yig‘ib jarimasini uzmaydi. Ishni eplamagan ketaversin. Bironta bo‘lim boshlig‘i yoki xodimning ta’magirlik va poraxo‘rlik qilganini eshitsam yoki ko‘rsam, o‘zidan ko‘rsin, shartta haydayman. Qorjovovga o‘xshagan poraxo‘r, ishxona obro‘siga dog‘ tushiradiganlar bizga kerak emas. Yaxshi ishlagan, halol xodimlar esa moddiy rag‘byuatlantirilib briladi, albatta. (Zalda jonlanish va qarsaklar eshitildi) O‘rtoqlar! Ertadan boshlab kasaba uyushma faoliyatini ham taftish qilishni yuqoriga xat bilan chiqib so‘rayman. Men yaxshi bilaman, ularning ham ko‘p ishlari ko‘zbo‘yamachilikdan iborat. Yolg‘ondan tadbirlar o‘tkazildi qilib, uyushmaning pulini sovurib yotishibdi. (Zalda shivir-shivir boshlandi. Kasaba uyushmasi raisi boshini quyi egib, stolni tirnay boshladi.) O‘rtoqlar! Zalda Ahmedov bormi? Xo‘jalik ishlari bo‘yicha muovin Ahmedovning ishini shu bugundan boshlab shaxsan o‘zim nazoratga olaman. Taftish natijasini prokuraturaga oshiraman. Mana, buni qarang. hamma tomon iflos, o‘n yildan beri ta’mirlanmagan, supirib-sidirilmagan. Majlis zali shunaqa bo‘lishi kerakmi? Tuzukroq stol-stul yo‘q. Bo‘limlarda-ku ahvol bundan besh battar. Hoziroq menga qattiq va yumshoq inventarlar bo‘yicha hisobotingizni opkirasiz. (Zal oxiridan uzun to‘n, telpak kiygan, mo‘ylovli odam sekin sirg‘alib tashqariga chiqib ketdi.) Buning yurishini qarang. Ertadan boshlab hamma davlat ishxonasida ishlaydigan odamlardek kiyinib kelsin. Bu yer sizlarga machit emas, kovush-mahsida yuradigan. Bu yer – ishxona. Davlat muassasasi. Bundan buyon ish vaqtida ichib, chekib yurgan xodimni ko‘rsam, o‘zidan o‘pkalayversin. Mazasini qochiraman-a. Bu nima degan gap o‘zi?! Davlatdan ish haqi so‘raysizlar-u, ishni yolchitib bajarmaysizlar?! Davlat kim o‘zi? Davlat o‘zimiz-ku. O‘zimizning ko‘zimizni bo‘yab, qo‘l uchida ish yuritishimiz kimga foyda-yu kimga ziyon?! Tamom, shu bugundan e’tiboran qilingan ishlar to‘g‘risida yolg‘on hisobotlar berish to‘xtatiladi. Qilinmagan ish uchun, yolg‘on hisobot bergan aybdorlar jazosini oladi. Endi bunaqa ko‘zbo‘yamachiliklarga yo‘l qo‘ymayman. Bir necha yildan beri ishxonada attestatsiya shunchaki o‘tkazilib, ishxonada qobiliyatsiz, bilimi sayoz xodimlar ko‘payib ketdi. Yaqin kunlar ichida o‘zim boshchiligimda hamma xodimni ishga loyiqligi yuzasidan attestatsiya qilamiz. Bizga elim deb, yurtim deb yonib ishlaydigan xodimlar kerak. Yoqmaganlar o‘ziga tinch ish axtaraversin.
O‘rtoqlar! Mana bir oydan beri har kuni majlisbozlik. Korxonaning ishi to‘xtagan. So‘raydigan odam yo‘q. Bu qanday gap axir?! Bundan buyon majlis haftada bir bo‘ladi. Ertadan boshlab, yo‘q hozirdan boshlab hamma o‘z ish joyiga borsin, vazifasini sidqidildan bajarishga kirishsin. Qolib ketgan ishlarni kechasi o‘tirib bo‘lsa ham to‘g‘irlaysizlar. Men esa sizlarning ikki oydan beri olomay yurgan maoshlaringizni topish uchun shu bugun hokimiyatga chiqaman, bankka boraman, kerak bo‘lsa, yoqasidan g‘ippa bo‘g‘ib bo‘lsa ham maoshlaringizni olib kelaman. Qani hamma marsh ish joyiga…
Shu payt hokimlikdan kelgan vakilning zaharxanda ovozi nutqimni bo‘ldi:
– Avval rahbar bo‘ling-chi…
– Shuni ayting-a, – yerga qarab ming‘illadi kasaba uyushmasi raisi ham.
– Mana, odamlar saylashyapti-ku. Saylansam ishonchlarini oqlashga harakat qilaman-da, – dedim men ham bo‘sh kelmay, biroz qizishib.
Ular saylagan bilan hali nomzodingiz yuqoridagi tashkilotdan tasdiqlanib kelsagina siz rahbar hisoblanasiz, ukaginam. Hali yuqoriga bizning hokimlikdan siz uchun yaxshigina tavsifnoma kerak. Busiz umuman bo‘maydi. Tartib shunaqa. Uni esa shu majlisda qatnashgan hokimiyat vakili, ya’ni men yozaman. Siz o‘sha yoqasidan olaman degan odam ham menman… Men ham siz aytgandek ko‘zbo‘yamachilik qilolmayman. To‘g‘risini yozaman. “Qodirov o‘ta qiziqqon, qo‘pol, o‘zini tuta bilmaydi. O‘zidan lavozimi yuqori odamlar bilan muomalani bilmaydi”, deb yozaman-da tavsifnomangizga. Bunaqa tavsifnoma bilan esa yuqoridagi rahbarlar o‘lsa ham sizning rahbar bo‘lishingizga rozi bo‘lmas-ov. Tak chto…
Men birdan o‘zimga keldim. Dami chiqqan pufakdek bo‘shashdim qoldim. Bir hay’at a’zolariga, bir zaldagi keng ommaga qarab ancha vaqtgacha tilim kalimaga kelmay qoldi. “”Uf-f… sal oshirib yubordim-ov. Ha mayli, shunisi ham yaxshi. Maqsadim ham shu edi-ku…” Birdan xoxolab kulib yubordim. Hamma hayron. “Ie, buning esi sal pastroqmi?” degandek hokimlik vakili hay’at raisiga qarab ko‘rsatkich barmog‘ini chakkasiga niqtadi. U yelkasini qisib qo‘ydi.
– Rahmat o‘rtoq… E-e, janobi oliylari! – dedim hokimlik vakiliga qarab tirjayganimcha. – Ayni ko‘nglimdagi gapni aytdingiz. To‘g‘ri. Men rahbar bo‘lolmayman. Mening bo‘lganim shu qo‘polman. Þqoridagi rahbarlarga xushomad qilish qo‘limdan kelmaydi. Qo‘yinglar, do‘stlar, o‘zlaringni ham, meni ham boshimni qotirmanglar. Men rahbar bo‘lolmayman.
Zalda shovqin-suron boshlandi. Endi zal ikki guruhga bo‘linib qoldi. Bir tomonda meni saylash tarafdorlari, bir tomonda esa menga ishonch bildirib “adashganlar” guruhi baqirishardi.
– Yo‘q, baribir Qodirov rahbar bo‘ladi. Biz unga ishonamiz.
– Bizga shunday qattiqqo‘l rahbar kerak. Qodirovni saylaymiz.
– Ie, kesakdan ham o‘t chiqdi-ku, bu rosa qo‘polga o‘xshaydi-ya…
– Yo‘q, yo‘q, Qodirov bo‘maydi. Diktatorlardan to‘yganmiz.
– He, bu ham yaxshi odam emas ekan, boshqasini saylaymiz.
— Hammani aytib chiqdik-ku, hech kim qolmadi boshqa. Qiziqqon bo‘lsa ham maoshimizni olib bersa bo‘ldi-da…
Hokimlikdan kelgan vakil esa tirjayganicha “men aytadiganimni aytdim” deb yelka qisib turibdi. Kasaba uyushma raisi ham negadir xursand, lekin hali ham stolni tirnaydi. Qolgan ikki hay’at a’zolari ham nimadir deb tortishayapti. Kotiba qiz esa tinmay yozadi. Pastda esa hamma o‘zi bilan o‘zi… Birdan o‘zimga o‘zim achinib ketdim. “Tavba! Nima zaril senga shu g‘alva”. Zalga qarab baqirdim.
– Jim! Bo‘ldi! Tamom! Men rahbar bo‘mayman. Yo‘q, yo‘q. Bo‘lolmayman. He bor-ree… – deb qo‘l siltadim-da minbardan tushib ketdim. Shu ketganimcha birdaniga o‘z arizam bilan ishdan ham bo‘shab ketdim.
Xo‘sh, shunday qilib ishxonaga kim boshliq bo‘libdi, deysizmi. Hech kim. Haliyat tortishib yotganmish. Hech kim topilmasa yana o‘sha eski boshliqning o‘zi saylanishi ham mumkin. Unda pul ham bor, yuqoridagilar bilan til topishga ham usta, qo‘l ostidagilarni esa…
Ko‘pchilik odam esa odam quriganday meni izlab yurganmish. Manzilimni o‘zgartirib yuribman. Yo‘q, men rahbar bo‘mayman, bo‘lolmayman ham.