Sa’dulla Siyoyev. Yangi zamon latifalari

BIROVNING PO‘STINI

Bir odam teatrga tushdi. Tomoshaning yarmiga borganda zerikdi. Bir tarafdan zal sovuq, uning ustiga sahnada o‘ynalayotgan voqea ham bachkana edi. Ketgisi keldi. Pastga tushdi. Kiyimxonaga borib, po‘stinini so‘radi. Kiyim beruvchi unga yaltoqlanib boqdi.
— Ie, ketopsizmi, akamullo? Shundaychin yaxshi o‘yinni tashlab-a?
— Yaxshi bo‘lsa artistlar o‘zi ko‘raversin, — dedi tomoshabinning ensasi qotib, — po‘stinni oling.
— Boz sabr qile-eng, akamullo! Haligi oshiq bacha qo‘shig‘ini aytib qaylig‘ini chaqirib olsin-da, axir. Men sizga bir piyola choy beray, ichib turing.
— E, qiziq odam ekansiz-ku, amaki! Oshiq yigitingiz bilan nima ishim bor? Po‘stinni bering, ketaman.
— Beramiz, akamullo, beramiz, shu damgacha birovning jomasini kiyib qochgan mardum emasmiz. Yak nafas sabr kuned, akamullo…
— Po‘stin! — deb baqirdi tomoshabin.
Chol nomiga ilgakdagi kiyimlarni nari-beri surib ko‘ra boshladi.
— Hali zamon ko‘ruvdim sabil qolgurni. Qaysi go‘rga ketdi, man hayron…
Shu payt tepadan hovliqib bir yigit tushib keldi.
— Po‘stiningiz bu yoqda, — dedi u va yechib egasiga tutqazdi. Tomoshabin bir po‘stiniga, bir aktyor yigitga qarab ajablandi.
— Tushunmadim. Nega mening po‘stinimni kiyib yuribsiz?
— Aybga qo‘shmaysiz, aka, bozor iqtisodi. Goho tomoshabinlarning kiyim-boshidan foydalanib turmasak, teatrda tuzukroq kiyimning o‘zi qolmadi…

UXLATADIGAN «DORI»

Kim nima desa desinu, ammo bizning do‘xtirlarimiz orasida ham o‘sha maqtanchoq chet elliklar oldiga poxol to‘shab ketadigan ustomonlar bor. Ishonmasangiz, mana bu voqeaga quloq soling.
Bir kishining ahvoli og‘irlashib kasalxonaga tushdi. Uni operatsiyaga yotqizdilar. Jarrohlar yuvinib-chayinib taxt bo‘lishdi. Endi bemorga narkoz berish kerak edi. Biroq aksiga olib, narkozchi do‘xtir kelavermadi.
Shu payt eshikda Shoymardon degan shumxayol, hazilkash do‘xtir ko‘rindi. U jarrohlarning bir narsadan dilgir bo‘lib turganini sezib ichkari o‘tdi. Ikki og‘iz gapdan masalaga tushundi. Sekin bemorning tepasiga bordi, engashib uning qulog‘iga shivirladi:
— Yoriyev, sizni bir yo‘la uchta katta do‘xtir operatsiya qilmoqchi. O‘zingiz tushunasiz, ularning har biriga bitta-bitta ko‘kidan berish kerak. Sigir-buzoq, deganday, bordir uyda? Sotasiz-da, tog‘a. Joningiz omon bo‘lsa, mol topiladi.
Bemor ko‘zlarini pirpiratdi, bir nima demoqchi bo‘lib tamshandi va… hushidan ketdi. Shoymardon kasbdoshlariga o‘girildi:
— Ana, tekin narkoz! Bir soat o‘ziga kelmaydi. Bemalol kesaveringlar.
Yoriyevning kasali ko‘richak ekan, yarim soatga qolmay bajo qilishdi. Bemor ko‘zini ochganda tepasida Shoymardon iljayib turardi: — Hazillashdik, tog‘a, xafa bo‘lmaysiz. Bir so‘mingiz kerak emas. Sigir-buzog‘ingiz o‘zingizga buyursin. Otday bo‘lib keting.

HUShINI YIG‘IB OLDI

Yangi chiqqan o‘zbek boylaridan biri shohko‘chada «Mersedes»ini uchirib ketayotgan edi. Shu payt yon ko‘chadan ko‘hnaroq bir «VOLGA» chiqdiyu «Mersedes»ning yo‘lini kesib o‘tdi. Bu boyvachchaga alam qildi. «Voy, xumpar-ey, hali siz bizning oldimizga tushadigan bo‘ldingizmi?» deb uni quvib ketdi. Hash-pash deguncha yetib oldi. Mashinasini «Volga»ning tumshug‘iga tirab qo‘ydi. Qo‘liga katta tosh olib, «g‘o‘daygan mashina»ning oynasini ura ketdi. «Volga» pachaq bo‘ldi. Boyvachcha nafas rostlab ichkariga mo‘raladi. Qarasa, kimsan tuman prokurorining o‘zi o‘tiribdi! Boyvachchaning miyasiga qon urdi. Darrov hushini yig‘ib olib, ta’zim qildi:
— Assalomu alaykum, xo‘jayin… Yangi yillari muborak bo‘lsin! Derazangizni taqillataman, eshitmaydilar. O‘zlariga atab qo‘ygan arzimagan narsamiz bor edi, qaysi uylariga oborsak ekan, deb so‘ramoqchiydik…

«NEKSIYa»NING ILDIZI

Sog‘lom bo‘lay desang,
soliqdan qochma.
(Yangi chiqqan shior).

To‘ychiyevni bir idoraga chaqirdilar. U sahar turib yo‘lga tushdi. Bu idoraga kirish ham qiyin ekan. Eshikda bir qorovul, charxpalakdek aylanma to‘siqdan o‘tsang, yana bir qorovul. To‘ychiyev qo‘lidagi chaqiriq qog‘ozini pesh qilib arang ichkariga o‘tib oldi.
Vahimali xonada jikkakkina, olako‘z yigit o‘tirgan ekan. To‘ychiyev uni tanidi, lekin o‘zini tanimaganga oldi.
— Yaxshimisiz, uka. Chaqirtirgan ekansiz, keldik.
Olako‘z stoldan boshini ko‘tarmay to‘ng‘illadi:
— Hm, chaqirmasak kelmaysizmi? Boylik orttirish deganda do‘ppingizni tishlab yugurasiz, soliq to‘lashga kelganda dumingizni tutqazmaysiz! Shunaqami?
— Unchalik emas, — dedi To‘ychiyev, — biz hamma soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab turibmiz.
— Familiyangiz?
— To‘ychev. Sattor To‘ychiyev.
— Hozir ko‘ramiz-da, — dedi jikkak yigit va yonboshidan qalin daftar olib titkilay boshladi, — Toymasov, Turdiyev… Ha, mana, To‘ychiyev Sattor. Ie, mashinangiz bor ekan-ku? «Neksiya»! Supersalon! Qulluq bo‘lsin…
To‘ychiyev aybdor kishidek xijolat bo‘ldi:
— Rahmat. Ha endi bir ko‘ngil ketgan edi-da…
— Men sizga mashina qulluq bo‘lsin, deyayotganim yo‘q, soliqdan qochib yurganingiz qulluq bo‘lsin, deyapman!
— Qochib yurganim yo‘q, — dedi To‘ychiyev, — uni endigina oldim.
Yigit iyagini ko‘tarib chimirildi:
— Aytmoqchi, o‘sha «Neksiya»ni qaysi pulga olgansiz, bilsak bo‘ladimi? Deklaratsiyangiz bormi?
— Eskiroq bir «Moskvich»im bor edi, uni sotdim, keyin qaynimdan, ukamdan qarz oldim.
— Xo‘sh, «Moskvich»ni-chi, uni ham qarzga oluvdingizmi?
— Yo‘q. Avval «Zaporoj»im bor edi. Sotdim. Oylikdan bir siqim-bir siqim orttirib…
Olako‘z yigit tovushini ko‘tardi:
— Hov, amaki! «Zaporoj» osmondan tushmaydi. Uni ham pulga beradilar. O‘zingiz anchayin bir o‘qituvchi ekansiz. Oylikdan orttirib mashina oldim deganingizga qaysi ahmoq ishonadi? To‘g‘risini aytavering!
— Undan oldin velosipedim bor edi…
Olako‘z endi oshkora kalaka qilishga o‘tdi:
— Velosipedni ham, hoynahoy, qarzga olganman, dersiz?
— Yo‘q, — dedi To‘ychiyev, uni menga sizning otangiz sovg‘a qilgan edi. Olako‘z yigit og‘zini qiyshaytirib ajablandi:
— Nega endi mening otam sizga velosiped sovg‘a qilar ekan? Nima, siz yetti tug‘ib bir qolganimisiz?
— Otangiz mendan qarz edi. Esingizda bo‘lsa, siz institutga kirolmay o‘mbaloq oshdingiz. Keyin dadangiz oldimga yig‘lab keldi. «Jon To‘ychiyev, institutda tanishlaring bor ekan, bizning o‘g‘ilchaga yordam berivor, yaxshiligingni unutmayman», dedi. Bir amallab sizni institutga joyladik. Evaziga velosipedlik bo‘lib qoldim.
Jikkak amaldor sevinib ketdi.
— Ana-a… Masala ravshan. Demak, siz bir halol, mehnatkash odamdan pora olgansiz! Mana «Neksiya»ning ildizi qayoqda ekan! Men bu ishni shundayligicha qoldirolmayman. Hali guvohlarni chaqirib gaplashamiz.
To‘ychiyev eshikka qarab yurdi.
— Otangizni ham chaqirish esingizdan chiqmasin, — dedi asta. Olako‘z jazavasi tutib baqirdi:
— Kerak bo‘lsa chaqirtiramiz ham!
To‘ychiyev indamay chiqib ketdi. U biladi, Olako‘z ikki dunyoda ham otasini chaqirolmaydi. Chunki uning otasi o‘lgan edi.

QANOTLI TUYa
Kungabog‘arlar hayotidan

Boshlig‘imiz gapini, odatiga ko‘ra, va’z aytishdan boshladi. Bahorda mushuk nega mov bo‘lishini, ayollar nima uchun siynaband taqishini, erkaklar nimaga kamar bog‘lab yurishini obdon tushuntirgach, muddaoga o‘tdi:
— Ana endi yozamiz. Shefdan shunday topshiriq bo‘ldi. Demak, 1 sentyabrdan kuz oyi boshlanadi, deb hisoblansin. Birinchi mart bahorning boshlanishi, 21 martni shef Navro‘z kuni, deb belgiladilar. Buni hech kim o‘zgartirolmaydi, chunki bu — shefning buyruqlari. Yozildimi? Endi ikkinchi masala. Shefning aytishlariga qaraganda, ko‘pincha biz viloyat markazlarini chalkashtirib yuboramiz ekan. Bunga endi chek qo‘yildi. Mana, shefning o‘z qo‘llari bilan bitilgan ro‘yxat. Yozamiz. Andijon viloyatining markazi — Andijon, Toshkent viloyatining markazi — Toshkent, Surxondaryo viloyatining markazi… iye, bu yerda Termiz deyilibdi-ku? Nahotki, shef adashgan bo‘lsalar… Telefon qilib so‘rasammikan? Yo‘q, shef adashmaydilar. U kishi adashishi mumkin emas. Yozdik! Demak, Surxondaryo viloyatining markazi, shefning ro‘yxatiga ko‘ra, Termiz shahri, deb hisoblansin. Yil oxirigacha mana shu ro‘yxatga qat’iy amal qilamiz. Yasno?
Somelar qanotli tuya ko‘rgandek, kichkina shefchaning basharasiga baqrayib tikilib qoldilar.
Nihoyat, kimdir bo‘ynini cho‘zib ming‘illadi:
— Menda bitta taklif bor edi. Bundan keyin qo‘yning erkagini qo‘chqor, echkining bolasini uloq deb atasak. Agar qarshilar bo‘lmasa-da…
— Buni shefdan so‘rab ko‘rish kerak, — dedi boshlig‘imiz, — u kishi rozi bo‘lsalar, mayli. Bo‘lmasa, o‘zboshimchalik qilib qo‘chqor, uloq, deb yozib yurmanglar. Vsyo!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 1-sonidan olindi.