Raxshona Ahmedova. Sakkizoyoqlar va ibodatxona (hikoya)

Shundoqqina sohil yonboshida joylashgan vagon-do‘koncha mana necha yilki, joyidan jilmaydi. Janob Masaki xotini bilan shu do‘konda sakkizoyoqlar pishirib sotadi. Aytishicha, eng avval bu ishni uning otasi boshlagan. U paytlar Masaki yoshbola edi, sohil bo‘ylab yugurib yurar, hech nimani o‘ylamas, gohi chig‘anoqlar terar, gohi dengiz to‘lqinlari bilan o‘ynashar, chinakam beg‘ubor damlari edi. Keyin keyin bu sho‘xliklari o‘z o‘zidan yo‘qoldi. Bu payt maktabda o‘qir, darslar tugashi bilan otasining yoniga shoshilardi. Otasi Masakini pul topishga qiziqtirgan, uni bir siqim tangalar jarangi o‘ziga rom qilgandi.

– Axir, bu pullarga istagan narsangni sotib olishing mumkin, – derdi otasi iljaygancha tangalarni siqimidan bitta bitta to‘karkan. – Qolgani bekor, pul faqat pul kerak. Puling bo‘lmasa tamom.

Ehtimol, otasi bir paytlar kambag‘alligini bahona qilib tashlab ketgan onasi sabab shunday bo‘lib qolgandir. Qo‘li kaltaligi uchun ko‘ylak tugul biror yegulik olib berishga qurbi yetmagan paytlari ko‘p bo‘lganini eslaydi. Buning oxiri ko‘rinmagach, onasi Masakini otasiga tashlaganu o‘zi sohilga har kuni keladigan kemalarning biriga o‘tirib ketib qolgan. Boyaqish otasi shundan keyin ancha payt to uyini sotib, o‘tmish xotiralaridan kechmagunicha o‘ziga kelolmagan emish. Keyinroq unda shu vagonchani sotib olib, do‘kon ochish fikri tug‘ilgan. Vagon ichi kengu mo‘l, bir burchida uxlash, boshqasida sotuvchilikni yo‘lga qo‘yish mumkin. Xayoliga kelgan eng birinchi fikr sakkizoyoqlar bo‘lgan, qovurilganida o‘ziga xos ta’m va o‘tkir hidi sabab bir necha kilometrdan sezish mumkin. Ayniqsa, dengizga yaqinroq joyga o‘rnashib olsa, do‘koncha kunu tun sayyohlar bilan gavjum bo‘lishi, yo‘q deganda birorta yo‘lovchi bosh suqib o‘tishi aniq.

Albatta, o‘shanda asosiy maqsadi boyib ketish edi, bir dunyo pul topish orqali ko‘pdan ko‘p maqsadlariga erishmoqchi bo‘lgan. Lekin keyinroq tobora maqsadlaridan uzoqlab borayotganini sezmay ham qolgan. Tunu kun faqat sakkizoyoqlar haqida o‘ylar, qari baliqchini qanday rozi qilish, bir uyum sakkizoyoqlarni qanchaga baholash va sakkizoyoqlarni qay tariqa pishirish kabilar qiziqtirardi, xolos. Eng yomoni, Masakiga – hali maktabni bitirmagan g‘o‘r bolakayga – bu ishlarni miridan sirigacha erinmay o‘rgatardi.

Janob Masaki maktabni bitirganida otasining o‘rnini egallashga salkam tayyor bo‘lib qolgandi. Maktabda o‘qib yurgan paytlari bir muddat qatnagan sozandalik kurslari, to‘r to‘quvchilik, kemachilik kabi mayda-chuyda qiziqishlarini yig‘ishtirdi. Hech ikkilanmay otasining ishini qo‘lidan oldi. Endi boyib ketish uning ham orzusiga aylandi. Otasi bu paytda ellikni urib qo‘ygan, vagonchaning bir chetida o‘tirib unga ko‘maklashar, gohi sakkizoyoqlarni kesib, cho‘g‘ga tashlar, gohi qog‘ozlardan varyonka yasab uzatardi. Eng muhimi, u yarim maqsadiga erishgan, endi oldida eng katta orzusiga ko‘maklashadigan o‘rinbosari bor edi.

Janob Masaki qo‘li qo‘liga tegmagan paytlari sira e’tibor bermas, do‘kon oldi bo‘shab qolganida esa ko‘zi tushib qolardi. Sohilning narigi burchagida, qoyatoshlarning naq ustida omonatgina ibodatxona qad rostlagan, shom paytlari turli ranglarda yonadigan chiroqlari sabab, odamlarning qiziqishini orttirardi. Bolalik paytlari sohilda o‘ynab yurarkan, qorong‘i tusha boshlaganini shu tomonga qarab bilardi. Chunki ibodatxona chiroqlari eng avval yonar, so‘ngra ko‘kda oy ko‘rinar, yulduzlar milt milt eta boshlardi.

– Dada, huv tomondagi nima? – ilk bor so‘raganida, otasi qisqagina, – ibodatxona, – deb qo‘yaqolgandi. Keyinroq ibodatxonaga odamlar poklanish maqsadida borishini, u yerda dunyo istaklaridan holi rohib yashashini bilib oldi. Qoyatoshlar ustida o‘rnashgan ibodatxona uni tobora o‘ziga tortar, ko‘rib kelishga ishtiyoqi ortib borardi.

Ayniqsa, dengiz to‘lqinlari ibodatxona joylashgan qoyatoshlarga bosh urib borayotganday tuyular, xayolida dengiz go‘yo uning asiri bo‘lganday ko‘rinardi. Gohida esa dengiz xafa bo‘lganday jimib qolar, sokinlashar, jahli chiqib haddidan oshgan paytlarida esa bebosh to‘lqinlar har qancha yuqorilashga urinmasin, ibodatxona devorigacha yetolmasdi.

Keyin ulg‘aydi, u bu mashg‘ulotdan zerikdi, dengizni kuzatmay ham qo‘ydi. Biroq ibodatxona tomon har ko‘zi tushganida o‘sha eski ishtiyoqi alanga olmasa-da, sag‘al lovullab qo‘yardi.

– Inson qilayotgan ishidan mamnun bo‘lishi kerak, shunda cheksiz muvaffaqiyatlarga erishadi. Otasining gaplari sababmi har qachon hursand ekanini ko‘rsatishga urinar, xaridorlarni ham doim tabassum bilan qarshi olardi.

Otasi kabi yoshi o‘ttizga yetib yetmay, har kema to‘xtaganida narigi sohildan keladigan cheksiz sayyohlar ichidan o‘ziga qalliq tanladi. U dengizni umrida ko‘rmagan, birinchi bor sayohatga chiqqan va dengiz sabab yurtiga qaytib ketishni istamagan telba bir qiz edi. U dengizga termulgancha soatlab o‘tirar, gohi to‘lqinlar bilan o‘ynashar, qumliklarda oyoqyalang chopardi. U qorni ochiqqanini ham sezmasdi go‘yo, u o‘zini dengizga topshirib qo‘yganday, dengizga oshiq bo‘lganday edi. U sakkizoyoq sotayotgan yigitchadan ham ko‘ra, uning ortida o‘tirgan otasiga ko‘proq mehr bilan termuldi. Balki, bir necha yillar ilgari pul ortidan quvib ketgan otasini eslatgani uchundir yoki otasi kabi yaxshi insonlar dunyoda hali tugab bitmaganiga o‘zini ishontirmoqchi bo‘lgandir.

Otasi avvaliga ikki yoshning sohil bo‘ylab bearmon sayrlariga qo‘yib berdi. Garchi yoqmasa-da, arzimagan istaklar uchun pul sarflashiga ham indamadi. Bu go‘yo baliqchining katta baliq umidida sardin yoki makrelni xo‘rak qilib, qarmoq tashlashiga o‘xshardi. Nihoyat yoshlar odatiy sayrlardan zerikdi, dengiz shovqinlariga quloqlari o‘rgandi, chag‘alaylarning qiy-chuviga parvo qilmay qo‘yishdi. Ana o‘shandan keyin ota ikkisini yoniga chaqirdi, endi oldinda ularni turmush atalgan yo‘l kutayotgani tushuntirdi. Bu paytda yoshlar bir biriga ancha o‘rganib qolgandi. Ular uchun endi bir-birining yonida bo‘lishi muhimroq edi va ular hech bir so‘z demay ko‘nishdi.

Biroq Masaki hanuz orzusidan voz kechmagan, har har zamon sohil bo‘yida joylashgan ibodatxona tomon qarab qo‘yardi.

Keyingi yillar ham ular uchun odatiy tus oldi. Farzand quvonchi, otalik baxti, onalik mehri bari cho‘g‘ga tushgan sakkizoyoqlar kabi kichrayib borardi. Pul topish, boyish maqsadi esa tobora kattarib borayotganday, tutun ko‘zlariga parda tortganday edi. Yillar… yillar sohilga yugurgan to‘lqinlar kabi biri kelib biri ketardi. Ota bu paytda ancha qarib qolgan vagoncha ichkarisida nabirasi bilan o‘ynab o‘tirar, eri xotin esa qo‘li qo‘liga tegmay sakkizoyoqlar pishirib sotardi.

Janob Masaki faqat bir kungina, otasi vafot etganida vagoncha eshigini yopishiga to‘g‘ri keldi. Biroq otasining murdasini yuvib kafanlayotganlarida ham beixtiyor sakkizoyoqlari haqida o‘ylardi. Ertasi kuni yana odatiy ishiga kirisharkan, go‘yo hech nima o‘zgarmaganday edi. Endi uning o‘rnida o‘g‘li sohil bo‘yida yugurib chopar, gohi u ham ibodatxona tomon qarab-qarab qo‘yar, eri xotin esa o‘z ishida davom etardi.

– Dada, anavi nima? – qaysi kun o‘g‘lining savoliga otasi kabi, – ibodatxona, – deb qisqagina javob berdi. U ham keyinroq ibodatxona nima ekanini, nima uchun barpo bo‘lganini bilib olar, biroq hozir u ham otasi kabi mo‘may pul topib boyib ketish haqida o‘ylashi kerak. Pulga qiziqtirishning ayni vaqti.

Qachonlardir Janob Masakini barcha istaklariga yetishtira oladigan mablag‘ yig‘iladi, ana o‘shanda, bemalol ibodatxonaga borishi mumkin bo‘ladi. Ungacha sakkizoyoqlar o‘tda kuyib ketmasligi va xaridorlar kutib qolmasligi uchun qo‘li qo‘liga tegmay pishirishda davom etishi kerak.