Ravshan Yo‘ldosh. Qoplon (hikoya)

1

Ekspertlar guruxiga tegishli “Gazel” mikroavtobusi yonida mashinani to‘xtatdim. Eshikni ochishim bilan bahorning tongi namxush shamoli ichkariga suqilib, yuzlarimni silab o‘tdi. Mashinadan chiqdim. Kalit ulangan moslama tugmachasini bosgandim, qulf eshikni mahkamlaganini minnat qilgan misol, taraqlagan tovush chiqardi. Yapaloq papkamni qo‘ltig‘imga qistirib, zangori bo‘yoq urilgan temir darvoza tomonga odimladim. Darvoza biqiniga temir eshik o‘rnatilgan, eshikka quturgan itning rasmi yopishtirilgan bo‘lib, rasm ostiga “Beruxsat kirilmasin! Ichkarida jahldor it bor” deb yozilgandi. Darvozaga yaqinlashdim, eshikni qo‘riqlayotgan serjant bilan qo‘l olishdim, qisqacha hol-ahvol so‘rashgan bo‘ldim, ammo hovlidan badjahl it tugul, kuchukning vangillashi ham eshitilmadi.
– Po‘pisa qilish uchun ilib qo‘yibdimi deyman? – so‘radim ogohlantiruvchi yozuvga ishora qilib.
– Hovlida chindan ham jahldor it bor, – javob qildi serjant. – Gavdasi mundayroq eshakcha keladi.
– To‘pponchang yoningdami?
Serjant miyig‘ida kulib qo‘ydi. Eshikni ochdim. Hovliga kirishim bilan bog‘log‘liq turgan itga ko‘zim tushdi. Ko‘ppak menga sovuq qadalib, oyoqqa turganida ogoxlantiruvchi yozuv behudaga ilib qo‘yilmaganiga amin bo‘ldim. It, chindan ham, eshakka aylanish arafasida turgan xo‘tikcha kelar, yalong‘ochlangan so‘yloq tishlari gavdasiga mos, bo‘shalib ketsa g‘ajib tashlaydigan raftor bilan irillab turardi. Har qancha jahl qilmasin bo‘ynidagi zanjirni uzolmasligiga ishonch hosil qilganimdan so‘ng uyga razm soldim. Eshik temirdan, derazalarga temir panjara o‘rnatilgan, tepada temir aralashmasidan tayyorlangan tom. Hovli sathiga, tomorqa, og‘il tomonga eltadigan yo‘laklarga beton quyilgan, uyning orqa tomoniga olib chiquvchi yo‘lakka itning loyga belangan panja izlari tushib qolgandi.
Uy eshigiga yo‘naldim. Zinaga qadam qo‘yganimda eshik ochilib, bo‘limimiz boshlig‘i – mayor Nazarov ko‘rindi.
– O‘rtoq mayor, kapitan Akbarov…
– Juda yaxshi yetib kelgan bo‘lsangiz, – so‘zimni bo‘ldi mayor. – Bu yerda qanday jinoyat sodir etilganidan xabaringiz bormi?
– Navbatchi fuqaro Nurmat Normatovga og‘ir tan jarohati yetkazilganini ma’lum qildi.
– Normatovni kasalxonaga olib ketishdi. Endi gap bunday, kapitan. Aslida, bu ish katta leytenant Otayevga topshirilgan…
– Mumkinmi, o‘rtoq mayor?
– Mumkin emas. Sizning boshqa ishlaringiz ham borligini bilaman. Ammo Otayev hali yosh, unga tajribali maslahatchi kerak. Tergov-qidiruv ishlarida katta leytenantga yordam berasiz. Savollar? – og‘iz ochgunimcha bo‘lmay mayorning o‘zi o‘zining savoliga javob berib qo‘ya qoldi. – Demak, savol yo‘q. Ishga kirishing!
Nazarovni unchalik ham yuqori bo‘lmagan kayfiyatda kuzatib qo‘yib, uyga kirdim. Ayvondagi jihozlar uy egasining puldor odam ekanligidan dalolat berardi. Oyoq ostida salkam to‘rt barmoq qalinligidagi gilamlar, mundayroq mashina bahosiga teng bo‘lgan ulkan uy kinoteatri, bahaybat qandil ostidagi divan, o‘rindig‘i pardek yumshoq kreslolar… Ro‘paradagi devorga oltmish-oltmish besh yoshlardagi erkak bilan ayolning birga tushgan surati ilingandi. Ochiq yuzli ayol ob’ektivga o‘ychan tikilgancha qotib qolgan, erkak esa xuddi boshqalar yeb o‘zi quruq qolgandek, xo‘mrayib turardi.
– Normatov degani shu odam bo‘lsa kerak, – o‘yladim eshiklardan biriga yaqinlasharkanman. Ochiq turgan eshik o‘rtacha kattalikdagi xonaga tegishli edi. Xonaga stol bilan uch-to‘rtta kursi qo‘yilgan, kursilardan birini qirra burni ostidagi qo‘ng‘iz mo‘ylovi o‘ziga umuman yarashmagan yigirma to‘rt – yigirma besh yoshlardagi yigit – katta leytenant Otayev band qilgandi. Devor ostida turgan divanda qirq yoshlarni qoralagan cho‘zinchoq yuzli odam bilan ozg‘indan kelgan ayol o‘tiribdi. Cho‘zinchoq yuzlining mallatus mo‘ylovi ham o‘ziga yarashmaganini o‘zimcha e’tirof etib, tomoq qirib qo‘ydim. Bo‘g‘zimdan yulingan beo‘xshov tovushni eshitgan Otayev o‘rnidan ko‘tarildi.
– Salomatlik tilayman, o‘rtoq kapitan! – past pardada xitob qildi xonadan chiqib eshikni yoparkan.
– Sizga ham, leytenant! Rasmiyatchilikni yig‘ishtirib, maqsadga o‘tamiz.
– Demak, bunday, Farrux aka. Jabrlanuvchi – Normatov Nurmat. Yetmish yoshda. Xotini bundan uch yil oldin olamdan o‘tgan. Bola-chaqasi yo‘q, yolg‘iz o‘zi yasharkan. Tunda kimdir uxlab yotgan Normatovga og‘ir tan jarohati yetkazibdi. Yuring.
Katta leytenantga ergashdim. Yotoqxonaga kirdik. Ulkan qandil ostiga ikki odamlik yog‘och karovot qo‘yilgan, karovot ustidagi ko‘rpaning yarmi polga osilib yotardi. Ichkariga kirishim bilan devorga tirab qo‘yilgan rasmga ko‘zim tushdi. Kiyikka tashlanishga shaylanayotgan yo‘lbarsning rasmi. Ammo rassom no‘noqroq ekanmi, o‘txo‘r jonivor kiyikdan ko‘ra ko‘proq eshakka, yo‘lbars jahli chiqqan mushukka o‘xshab ketardi. Bir yarim metrcha balandda devor orasiga kichkina seyf o‘rnatilgan. Seyfning eshigi ochiq. Rasm yonida to‘ladan kelgan odam cho‘k tushib o‘tiribdi. Janob Asqarov. Ekspertlar guruxining boshlig‘i. Yotoqxonada izg‘ib yurgan yigitlar unga tegishli, jinoyatchining barmoq izlari qolishi mumkin bo‘lgan joylarni sinchiklab ko‘zdan kechirishyapti. Bizga qarab qo‘yishni ham lozim topishmadi. Biz ham ularga e’tibor bermay, derazaga yaqinlashdik.
– Jinoyat quroli.
Otayev deraza raxida turgan haykalchaga ishora qildi. Aniqrog‘i, bu matoh haykalcha emas, Normatovning gipsdan yasalgan kichkina byusti edi. To‘g‘ri, basharasi jabrlanuvchining yuziga unchalik o‘xshamaydi, ammo haykaltarosh rassomga qaraganda mohirroq ekan, burnini o‘xshatibdi! Byustning bosh qismi qonga belangandi.
– Normatovga o‘zining byusti bilan jarohat yetkazibdi, yaramas! – ming‘illadi bizga yaqinlashgan Asqarov. – Salom, Farrux. Seniyam bu ishga jalb qilishdimi?
– Yo‘q, – po‘ng‘illadim uning qo‘lini olib. – qiladigan boshqa ishim bo‘lmagani uchun o‘zim keldim!
– Har doimgidek, tiling zahar!
– Sen esa, har doimgidek, bema’ni savol beryapsan. Suyuntirasanmi?
Ekspert bosh chayqadi.
– Jinoyatchining barmoq izlari topilmadi. Qo‘lqop kiyib ishlagan ko‘rinadi. Mana bunga qara.
Asqarov byust yonida turgan yelim xaltachani oldi. Xaltacha ichida tugma bor edi.
– Normatovning kaftidan topildi. Chamasi, erkaklarning yengil kurtkasiga tegishli.
– “Kaftidan topildi” ga aniqlik kiritaylik, – dedim tugmaga ko‘z tashlab. – Changak bo‘lgan barmoqlarining orasidan oldingmi yoki…
– Yoki! Jabrlanuvchi bu tugmani jinoyatchining kiyimidan yulib olgan, deyishga asosim yo‘q. Tugma ochiq kaftida yotgandi.
– O‘ylashimcha, bu bilan hech nima demoqchi emassan? Shundaymi?
– To‘g‘ri o‘ylabsan.
– Tashqari eshik qulfiga ko‘z tashladingmi?
– Qulf buzilmagan, izquvar, kalit bilan ochilgan.
Seyfga ishora qildim.
– Seyf eshigi raqamli, – tushuntirish bera boshladi ekspert. – Oltita raqam to‘g‘ri terilsagina kalit tiqiladigan teshik qopqog‘i ochiladi. Raqamlar to‘g‘ri terilmasa seyf kalitini o‘g‘irlashdan ma’ni yo‘q.
– Demak…
– Sen ham to‘g‘ri o‘ylading, – Otayevning so‘zini bo‘ldi Asqarov. – Jinoyatchi qaysi raqamlar terilganida seyf eshigi ochilishini bilgan. Bunga ishonchim komil. Doktorlar yetib kelguncha jabrlanuvchini bir qur ko‘zdan kechirgandim. Tanasida qiynoqqa solinganini oshkor qiladigan belgilar yo‘q edi. Taxminimcha, jinoyatchi uy eshigini kalit bilan ochib ayvonga, ayvondan yotoqxonaga kirgan, uxlab yotgan Normatovning boshiga o‘zining byusti bilan zarb tushurib, seyfni shipshiydam qilganu, g‘oyib bo‘lgan!
– Mana bu rasmda…
– Rasmda ham barmoq izlari yo‘q, leytenant. Sinchiklab tekshirdim. Normatov devorga o‘rnatilgan seyf eshigini pana qilish uchun ilib qo‘ygan bu bema’ni rasmni. O‘zing qara, yo‘lbarsmi shu? It talagan mushukka o‘xshab ketyaptiku?!
Ekspertning so‘zlariga e’tibor bermadim. Parket polda yotgan uch-to‘rtta kulrang-qoramtir narsa e’tiborimni o‘ziga jalb qilgandi. Narsalar uy sichqonining ahlatiga o‘xshab ketardi. Oyoq ustiga cho‘k tushdim. Katta leytenant bilan ekspert mening harakatimni takrollashdi.
– Nosmi?
Savolga javob qilmay, karovot ostiga engashdim. Karovotning oyog‘i yonida yana bir nechta nos donachalari yotardi.
– Asqarov!
Ekspert darrov yelim xaltacha uzatdi. Nos donachalarini yelim xaltachaga joylab, o‘rnimdan turdim.
– Nosni nima qilmoqchisiz? – so‘radi Otayev avval yelim xaltachaga, keyin menga qarab qo‘yarkan. Javobni hayallatib, yotoqxonaga diqqat bilan razm soldim. Nihoyatda orasta, supurib-sidirilgan, parket pol yarqirab turibdi, hech qayerda chang-g‘ubor ko‘rinmaydi.
– Bu haqda keyin. Boyagi erkak bilan ayol kim?
– Normatovning uy xizmatchilari. Er-xotin Tohir va Shirin Masharipovlar.
– Yurchi!
Yotoqdan chiqib guvohlar o‘tirgan xonaga kirdik. Er-xotin Masharipovlar bizni o‘rinlaridan turib kutib olishdi.
– Kapitan Akbarov, – meni tanishtirdi Otayev kursilarga joylashganimizdan so‘ng. – Davom qilamiz.
– Hali aytganimdek, – tilga kirdi Shirin o‘tirgan joyida qo‘zg‘alib qo‘yib. – tongi soat oltida xo‘jayinning uyiga keldik…
– Qayerda yashaysizlar? – uning so‘zini bo‘ldim. Uyining raqamini aytgan Masharipova hikoyasini davom qildirdi.
– Har safar biz kelgunimizcha xo‘jayin Qoplonni bog‘lab, hovli eshikni ochib qo‘yardi. Bugun kelsak, eshik berk. Qo‘ng‘iroqni qayta-qayta bosganimga qaramay ichkaridan javob bo‘lmadi. Erim Nurmat akaning uxlab yotganini tusmolladi, men e’tiroz bildirdim. Chunki, xo‘jayin kun oqarib-oqarmay to‘shakni tark qilardi. Darvozaga tirmashgan erim ichkariga bir qur nazar tashlab, uyning eshigi ochiq turganini aytdi. Keyin xo‘jayinning ismini aytib, chaqira boshladi. Tag‘in javob qaytmagani bois, yuragimga g‘ulg‘ula tushdi.
– Nima uchun? – so‘radi katta leytenant.
– Nurmat akaning yuragi hasta, uch kundan beri sanchib og‘riyotganidan noliyotgandi. Kasali xuruj qilib yotib qolgan bo‘lsa kerak, degan o‘yga borgandim.
– Xotinim tiqilinch qilavergach, – ilib ketdi Tohir. – darvozadan oshib o‘tib, eshikni ochdim. Shirin uyga shoshildi, men og‘il tomonga yo‘naldim. Nurmat aka xo‘kiz boqishga ishqiboz, barvaqt turib xo‘kizlari bilan andarmon bo‘ladigan odati bor edi. Og‘ilga yaqinlashganimda uydan xotinimning chinqirgani eshitildi…
– Nurmat akaning qonga belanib yotganini ko‘rib, esim chiqib ketdi! – davom qildi Shirin. – Qanday qilib uydan otilib chiqqanimni o‘zim ham bilmayman. Erim yuzimga suv sepganidan keyingina o‘zimga keldim. Keyin sizlarga xabar berdik. Bori shu.
– Ko‘pdan Normatovning uyida xizmat qilasizlarmi?
– O‘n yildan beri. Xotinim osh-ovqat, kir-chirga qaraydi, Nurmat akaning xo‘kizlari bilan bog‘i mening gardanimda.
– Demak, yil o‘n ikki oy shu yerdasizlar? – navbatdagi savolni yo‘lladi katta leytenant qog‘ozdan boshini ko‘tarmay.
− Men ora-sira qurilishda ishlab kelaman. Kecha poytaxtdan qaytgandim. Bugun bu vo-
qea…
Masharipov so‘lg‘in tin oldi. Otayevga nazar tashladim. Katta leytenant hamon qog‘oz qoralash bilan ovora edi. Uning bu qilig‘i yoqmadi menga. So‘roqqa tutilayotgan odamning ko‘zlariga tikilib javob talab qilgan ma’qul, illo ko‘z − ko‘ngil oynasi, til yashirganni nigohlar sotib qo‘yishi mumkin.
Xuddi mening o‘ylarimni uqqan misol, yosh hamkasbim qog‘ozdan boshini ko‘tardi.
– Normatovning qorindosh-urug‘i bormi?
– Bor. Rahmatlik opasidan ikkita, ukasidan bitta o‘g‘il qolgan. Qodir, Shokir va Rustam. Qodir bilan Shokir… – deya so‘zini davom qildirishga chog‘langan Tohir biqinidan turtki yedi chog‘i, darrov ohangi o‘zgardi. – Uchovi ham yaxshi odamlar…
Unga qattiq tikildim.
– Normatovning jiyanlarini yoqtirmaysizmi?
– Nega yoqtirmas ekanman? Uchalasining ham xizmatini qilganman, nonini yeganman. Endi, yegan og‘iz uyalar, deganlaridek… – cho‘zib nafas chiqargan Tohir xotiniga qaradi. – Meni turtma. Barini aytishimiz shart!
– Aytsak, – kalovlandi Shirin. – ular bizdan xafa bo‘lishmasmikin, dadasi?
– Aytmasak bular bizni xafa qilishadi, xotin!
– Buyog‘iyam bor… Bo‘pti, o‘zim aytaman. Gapning indallosi, Qodir bilan Shokir o‘ta bemehr, nontepki, g‘irt yaramas odam! Rustamjon juda bama’ni, ko‘ngilchan yigit. Xo‘jayin topgan-tutganini teng uchga bo‘lib, shu jiyanlariga vasiyat qilgandi. Keyin Rustamjonni merosdan mahrum qilmoqchi bo‘ldi…
– Nima uchun?
– Bilmayman. Kecha, kechki payt Qodir bilan Shokir uyga kelgandi. Xo‘jayin bilan jiqqilashib qoldilar. Oshxonada kuymalanib yurganim uchun janjalga nima sabab bo‘lganini aniq aytolmayman. Pul so‘rashdi, chamamda. Nurmat aka bermadi chog‘i, Qodir baqira boshladi.
– Nima deb baqirdi?
– “Baribir pullaringgiz bizga qoladiku? Yoki opangizning farzandlaridan ukangizning yaramas o‘g‘li azizroq bo‘ldimi?!” deganini eshitdim. Baqir-chaqir ustiga Rustamjon kelib qoldi. Avval Qodirni, so‘ng Shokirni giribonidan olib, tashqariga uloqtirdi. Keyin, amaki-jiyan xo‘jayinning xonasiga qamalib oldilar. Xonaga choy olib kirganimda Nurmat akaning jahl zo‘ridan ko‘karib ketgani, Rustamjonning bosh egib o‘tirganini ko‘rdim. Choynakni qo‘yib, xonadan chiqdim. Eshikni yopgan paytim xo‘jayinning “Sen ahmoqni merosdan mahrum qilaman, ertagayoq advokatni chaqirib, yangitdan vasiyat bitaman” deb baqirgani eshitildi. Ko‘p o‘tmay Rustamjon qizarib-bo‘zarib, uydan chiqib ketdi. Mening bilganim shu.
O‘rnimdan turdim, xonadan chiqib, Normatovning yotog‘iga kirdim. Ekspert yigitlar ishni tugatishgan, yotoqxonada Asqarovdan boshqa odam ko‘rinmasdi.
– Biz tugatdik, – dedi ekspert deraza raxida turgan byustga qo‘l cho‘zib. – Tushlikdan keyin senga yozma ravishda axborot beraman.
– Qog‘oz qoralamangni Otayevga berasan, – ekspertga yaqinlashdim. – Bu ish unga topshirilgan. Men oddiy kuzatuvchiman, hisobi. Jabrlanuvchining kaftidan topilgan tugma qani?
– Oddiy kuzatuvchi bo‘lsang, senga tugmaning nima keragi bor?
– Esdalik uchun kostyumimga qadamoqchiman!
– Qaysi ahmoq kurtkaning tugmasini kostyumga qadaydi?! – po‘ng‘illadi Asqarov tugma solingan yelim xaltachani uzatarkan. – Bo‘limga qaytishing bilan menga topshirasan! Tushundingmi?
Bosh irg‘ab, guvohlar o‘tirgan xonaga qaytdim.
– Mana shu tugma sizlarga tanishmi?
Tohir xaltachaga qo‘l cho‘zdi.
– Rustamjonning kurtkasida ko‘rgandim shunaqa tugmani. Misdan ishlangan, yarqirab turadi. Yo, adashyapmanmi, onasi?
– Adashmayapsiz, – dedi Shirin xaltachani erining qo‘lidan olib. – Qarang, tugmaga burgutning tasviri tushurilgan. Rustamjonning kiyimida ham qanotlarini yoyib turgan burgutning rasmi bor.
– Rustam nos chekadimi?
– Chekadi. Qodir bilan Shokir ham noskash. Erim ham shu zaharning sassiqligiga ishqiboz…
Derazaga yaqinlashdim. Turli taxminlar miyamda g‘ujg‘on aylanib, haqiqat da’vo qila boshladi. Guvohlarning ko‘rsatmalari muayyan fikrga borishga undardi. Biroq, xulosa chiqarishga emas.
– Normatovning boshiga tushgan ko‘rgulikdan qorindoshlari xabar topmagan ko‘rinadi, – xonaga cho‘kkan sukutni buzdim men. – O‘rtoq katta leytenant, merosxo‘rlarning uyiga odam yuborsak qanday bo‘larkan?
– Men ham shu haqda o‘ylayotgandim, – Otayev o‘rnidan ko‘tarildi. – Xodimlarimizga tayinlayman, ularni ichki ishlar bo‘limiga olib borishadi.
– Yo‘q, – boshini old oyoqlari ustiga qo‘yib mudrayotgan itga qarab qo‘ydim. – Boshlanishiga shu yerda tergov qilganimiz ma’qul. Serjantga tayinlang, merosxo‘rlarni bitta-bittadan ichkariga kiritsin!

2

Oradan yarim soatcha vaqt o‘tgach, hovli eshikda qirq yoshlardagi uzun bo‘yli, tarashadek ozg‘in, tepakal kimsa ko‘rindi. Eshikni ochishga ochdi, biroq ichkariga kirishga shoshilmadi, bo‘ynini cho‘zib, itga qo‘rquv bilan qarab qo‘ydi. Uning tepakal boshi mudrab yotgan Qoplonga yoqmadi chog‘i, sakrab oyoqqa turib, eshik tomonga intildi. Ammo zanjir tepakalga yaqinlashishga izn bermadi. Battar g‘azabi qo‘zigan it tirnoqlari bilan yerni tirnab, vovullay boshladi.
– Qodir deganim shu odam, – uy eshigi tomonga pildiragan tepakalni tanishtirdi Tohir. – G‘irt bo‘lmag‘ur tijoratchi! Ikki marta firma ochib, ikkalasidayam xonavayron bo‘lishga ulgurgan. Derazani ochib qo‘ysangiz yaxshi bo‘lardi, o‘rtoq kapitan.
Ayvonda qadam tovushlari eshitilganida Masharipov nima uchun derazani ochib qo‘yishimni so‘raganini tushundim. Xonaga tepakaldan oldin araq bilan sarimsoq piyozning qo‘lansa xidi yopirilib ulgurgandi. Zum o‘tmay o‘zi ham yopirilib kirdida, ko‘rinmas devorga urilgandek, taqqa to‘xtadi.
– Kim?! – xitob qildi xonaning havosini yanada ko‘proq bulg‘ab. – Kim bu ishni qildi?!
– O‘tiring!
– Xo‘p bo‘ladi!
Qodir darrov divanga cho‘kdi. Cho‘kdiyu, orqasi o‘rindiqqa tegar-tegmas yana oyoqqa qalqdi.
– Kechirasizlar, o‘zimni tanitmadim. Men Botirovman. Tijoratchi Qodir Botirov. Katta dargohlarda tanish-bilishlarim ko‘p…
– Bizni sizning tanish-bilishlaringiz emas, – uning so‘zini bo‘ldi Otayev. – tog‘angiz Normatov bilan munosabatingiz qandayligi ko‘proq qiziqtiradi.
– Tog‘am bilanmi? Munosabatimiz juda yaxshi, – degan merosxo‘rning shashti so‘ngani sezildi. – To‘g‘ri, ora-sira jiqillashib turganimiz rost. Lekin, bu degani…
– Kecha ham janjallashib qolgan ekansiz, to‘g‘rimi? – yana uning so‘zini bo‘ldi katta leytenant.
– Tan olaman, shunaqa bo‘lgandi. Janjal sababini ham aytaman. Tog‘am puldor odam. Shaharda katta do‘koni bilan restoroni bor. Ya’ni, bor edi. Ikki oy oldin do‘kon bilan restoronni sotib, tushgan pulni seyfiga joyladi. Bankka qo‘ying, desam… Aytgancha, seyfdagi pullar joyida turibdimi?
Peshonam tirishganini his qildim. Tog‘asining o‘lik-tirikligi bilan qiziqqani ham yo‘q. Bu yaramasni faqat pul qiziqtiryapti!
– Normatovning seyfida qancha pul bor edi? – so‘radi Otayev unga noxush nazar tashlab.
– Juda katta pul! – pichirladi er-xotin Masharipovlarga shubha bilan qarab qo‘ygan Qodir. – Guvohlarsiz o‘zingizga aytaman. Pullar joyida turibdimi, ishqilib?
– Nima uchun kecha tog‘angiz bilan janjallashib qoldingiz?
– Pul ustida. Ukam Shokir bilan yangitdan firma ochmoqchi edik. Tog‘am topgan-tutganini bizlarga vasiyat qilgani uchun oldindan ulushimizni berishini so‘radik. U esa, bermayman, o‘lganimdan keyin…
Qilt etib yutingan merosxo‘r bunaqa javob o‘zini shubha ostiga qo‘yishi muqarrarligini angladi chog‘i, jimib qoldi.
– Tog‘angiz o‘lganimdan keyin ulushingni olasan dedi, shundaymi? Kecha tunda qayerda edingiz?
– Kechami? Uyda edim. Rustam Shokir ikkalamizni haydab yuborgach, ukamning uyiga borib, araq ichdik. Keyin, mening uyimga o‘tdik. Yana ichdik…
– Tunni ukam bilan uyda o‘tkazdim, demoqchimisiz?
– Uydamas, hovlidagi oshxonada. Araqqa sarimsoq piyozni gazak qilganimiz uchun xotinim uyga qo‘ymadi. Uning sarimsoq piyoz bilan mast erkaklarga allergiyasi bor… Lekin, aka-uka oshxonada uchib qolganimizni xotinim tasdiqlashi mumkin.
Tasdiqlash shart emasdi, bu yaramasning cho‘chqadek ichgani shundoqqina sezilib turardi.
– Pullar joyida turibdimi, ishqilib?
– Tog‘angizchi? – o‘rnimdan turdim. – Tog‘angizning ahvoli sizni qiziqtirmaydimi?
– Qiziqtiradi. Hamkasbingiz tog‘amning tirikligini aytdi. Nima, o‘libdimi? Agar o‘lgan bo‘lsa, vasiyat kuchga…
Keskin qo‘l siltash bilan Qodirning damini o‘chirdim. Afsuski bemehrlik, bezbetligu ko‘rnamaklik uchun jinoyat kodeksida jazo belgilanmagan, aks holda bu yaramasning umri panjara orqasida o‘tgan bo‘lardi!
Yana derazaga yaqinlashib, tashqariga qaradim. Xuddi shuni kutib turgandek, hovli eshikda g‘o‘ppa semiz, dum-dumaloq odam paydo bo‘ldi. Na bo‘yni bor va na beli, turgan bitgani qorin! Qo‘l bilan oyoq yopishtirilgan meshning xuddi o‘zi.
Baqaloq ham, xuddi Qodir kabi, hovliga dadil kirib kelgani yo‘q. Bo‘sag‘ada to‘xtadi, bog‘log‘lik turgan Qoplonga bir qarab qo‘ydida, uy eshigi tomonga dumaladi. It nihoyatda g‘azabga to‘lgan, zanjirni uzmoqchi bo‘lib, o‘zini u yoqdan-bu yoqqa urardi. Oradan bir necha lahza o‘tgach xonani tutib ketgan araq aralash sarimsoq piyozning sassig‘iga ter xidi aralashdi.
– Shokir Botirovman, – o‘zini tanitdi baqaloq cho‘ntagidan g‘ijimlangan ro‘molchasini olib, terlab ketgan bo‘ynini artarkan. – Chaqirtirgan ekansizlar?
U ham tog‘asining ahvoli bilan qiziqmadi. Parovozdek pishillab, o‘zini akasining yoniga tashladi.
– Kecha tunda qayerda edingiz? – tergovni davom qildirdi Otayev ikkinchi merosxo‘r haqidagi ma’lumotlarni qaydnomaga qayd qilganidan so‘ng.
– Qodir akam bilan birga edik, – pishilladi Shokir. – Alla-pallagacha tijoratga tegishli hisob-kitob ishlari bilan shug‘ullandik.
– Qayerda shug‘ullandinglar? Oshxonadami?
Savolimga javob qaytishini kutib o‘tirmay, yana derazadan tashqariga qaradim. Hovliga o‘ttiz yoshlardagi o‘rta bo‘y, ochiq yuzli yigit kirib kelgandi. Yigit ko‘zlariga qon quyilgan itga e’tibor bermay, uyga yo‘naldi. Haliyam tinchlanolmayotgan Qoplondan ko‘zimni oldim. Kursiga cho‘kkanimda xona eshigida uchinchi merosxo‘r ko‘rindi.
– Assalomu alaykum, – bosh irg‘adi yigit bo‘sag‘ada to‘xtab. – Men Rustam Normatovman. Nurmat amakimning ahvoli yaxshimi?
– O‘tiring, – divanga ishora qildi katta leytenant
– Xodimingiz to‘g‘ri shu yerga olib keldi, – dedi Rustam uning taklifini qabul qilmay – Iltimos, amakimning holidan xabar olishga ruxsat bering. Keyin qancha savolingiz bo‘lsa, bariga javob beraman.
− Normatov jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Baribir sizni uning yoniga qo‘yishmay-
di. O‘tiring.
Og‘ir xo‘rsingan Rustam divanga o‘tirdi. O‘tirdiyu, qo‘llari bilan boshini changalllab oldi.
– Amakingiz sizni merosdan mahrum qilmoqchi bo‘lgani rostmi? – yana ruchkaga qo‘l cho‘zdi Otayev.
– Rost. Bugun yangitdan vasiyat bitmoqchi edi.
– Nima uchun Normatov vasiyatini o‘zgartirishga qaror qildi?
– Amakim pulni foyda keltirmaydigan ishlarga sarflaydiganlarni yoqtirmaydi. Kecha, mana bularni haydab solganimdan so‘ng, – Rustam ammavachchalariga noxush nazar tashladi. – o‘zimga tegadigan merosga nisbatan tuzgan rejalarim bilan qiziqdi. Men pullarning teng yarmini bolalar uyi hisobiga o‘tkazmoqchi ekanligimni aytdim. Bu niyatim unga yoqmadi. Yo, shunga rozi bo‘ling, yoki meni merosdan mahrum qiling, dedim. Jahli chiqib ketgan amakim, senday ahmoqqa qoldiradigan pulim yo‘q, deb baqira boshladi.
– Kecha tunda qayerda edingiz?
– Uyda edim. Xotinim o‘g‘ilchamni olib onasinikiga ketgandi. Shunday ekan, tunda uydan chiqmaganimni tasdiqlaydigan guvohim yo‘q…
Endi gumondordan javob talab qilish navbati menga kelgandi. O‘rnimdan turdim, cho‘ntagimdan tugma solingan yelim xaltachani olib, unga yaqinlashdim.
– Tanishmi?
– Kurtkamniki, – darrov tan oldi Rustam. – Sizning qo‘linggizga qanday tushib qoldi?
– Tugma jinoyat joyidan topildi.
– Tushunarli… Men qamoqqa olindimmi?
Javob qilmadim. Barcha dalillar unga qarshi edi. Qodir bilan Shokirning bit ko‘zlarida quvonchga monand ifoda paydo bo‘lgandi. Ular tantana qilardilar. Nega xursand bo‘lishmasin? Rustam amakisining joniga qasd qilganlikda ayblanib qamalsa merosxo‘rlar soni bittaga kamayadi axir!
– Chekib olishlaring mumkin.
Cho‘ntagimdan sigareta qutisini chiqardim. Ammo xonadagilarning hech biri qutiga qo‘l cho‘zmadi.
– Biz nos chekamiz, – pishilladi Shokir. – Mumkinmi?
– Bemalol.
Zum o‘tmay merosxo‘rlar bilan guvohning qo‘lida nos solingan xaltacha paydo bo‘ldi. Birin-ketin kaftlariga nos to‘kib, rost-yolg‘on gapirishga odatlangan tillari ostiga irg‘itdilar. Eshikka yo‘naldim. Otayev menga ergashdi.
– Xo‘sh, o‘rtoq katta leytenant, boshliqlarga qanday axborot beramiz? – rasmiy ohangni oldim Normatovning yotoqxonasiga kirganimizdan so‘ng. – Kimdan ko‘proq shubhalanyapsiz?
– Merosxo‘rlarning uchalasidan ham shubhalanish mumkin, o‘rtoq kapitan, – Otayev ham rasmiy ohangni oldi. – Biroq, menga qolsa, aka-uka Botirovlarni hech ikkilanmay gumondan soqit qilgan bo‘lardim.
– Nima uchun?
– Qodir Botirovning jur’atsiz, irodasi bo‘sh odam ekanligi shundoqqina sezilib turibdi. Bunaqa odamlar dunyoning bor boyligi vada qilinganida ham kimningdir joniga qasd qilishga jur’at qilolmaydilar. Qo‘shilasizmi, o‘rtoq kapitan?
– Davom qiling.
– Bu jinoyatni Shokir Botirov sodir etganiga ishonish Sahroi Kabirda qum yo‘qligiga imon keltirish bilan barobar. Uning jussasiga qarang! Bunday katta qorin kimgadir jarohat yetkazishgagina emas, qoqilib-netib yiqilgudek bo‘lsa o‘rnidan turishga ham xalal beradi.
Otayev so‘zlariga munosabat bildirishimni kutib, jimib qoldi. Men lom-lim deb og‘iz ochmadim, uning davom qilishini kuta boshladim.
– Kim qolyapti? – katta leytenant bu savolga ham mendan javob qaytmasligini angladi chog‘i, o‘zi javob berib qo‘ya qoldi. – Rustam Normatov! Undan jiddiy gumon qilishga yetarli dalillar bor. Bir kun oldin amakisi merosdan mahrum qilishini aytadi, tunda esa Normatovning joniga qasd qilinib, seyfidagi pullar o‘g‘irlanadi va jabrlanuvchining kaftidan Rustamning kiyimiga tegishli tugma topiladi! Qo‘shilasizmi, yo mum tishlab o‘tiraverasizmi, Farrux aka?
– Yuz foiz qo‘shilaman! – g‘o‘ldiradim eshikka yo‘nalib. – Men bilan yur. Jinoyatchi qayerdan hovliga kirganini aniqlaymiz.
Tag‘in ayvonga, ayvondan hovliga chiqdik. Uy eshigiga sakkiz pog‘onadan iborat bo‘lgan zina olib chiqar, so‘ngi pog‘onaga Qoplonning loyga belangan panja izlari tushib qolgandi.
– Jinoyatchi xalqi hech qachon osonlikcha gunohini bo‘yniga olmaydi. Ularning aybini isbotlash uchun inkor qilib bo‘lmaydigan dalil-isbotga ega bo‘lish kerak!
– Menimcha, bizdagi dalillar Rustam Normatovga ayb qo‘yishga yetadi.
– Qoplonning guvohligisiz jinoyatchini burchakka siqib qo‘yolmaysan. Jinoyatchini fosh qilishda it bizga yordam beradi. Oyoqlaringni qimirlat, leytenant!
– Katta leytenant…
Otayev menga ergashdi. Beton yo‘lakda qolgan it izlari bo‘ylab yurib, orqa tomondagi bog‘devorga chiqdik.
– Endi nima qilamiz, o‘rtoq kapitan? Bog‘devordan oshib, qo‘shni hovliga o‘tamizmi?
– Yo‘q. Orqaga qaytamiz.
– Bir savol bersam mumkinmi?
– Nega bu yerga keldigu nima uchun orqaga qaytyapmiz, deb so‘ramoqchi bo‘lsang, indamay qo‘ya qol!
Katta leytenant tag‘in menga ergashdi. Hovliga qaytdik. Otayevdan xonadagilarni ayvonga to‘plashini so‘rab, darvoza yonida turgan serjantni yonimga chaqirdim.
– Sen shu yerda sergak tur, – dedim unga. – Uydan ayblanuvchi otilib chiqishi mumkin. Oldindan aytib qo‘yay, jinoyatchi baquvvat yigit. Uyaltirib qo‘ymaysanmi?
Serjant to‘pponchasining g‘ilofiga qo‘lini qo‘ydi.
– Xotirjam bo‘ling, o‘rtoq kapitan!
– Senga ishonaman. Ammo aytib qo‘yay, u menga tiriklayin kerak!
Ichkariga kirib ayvonga razm soldim. Qodir bilan Shokir kreslolarni band qilgandi. Rustam er-xotin Masharipovlar bilan divanda o‘tiribdi. Katta leytenant Otayev yotoqxona eshigi yonida tek qotgan. Sukutga cho‘mgan gumondorlaru guvohlar mening tilga kirishimni kutyaptilar. Ularni ko‘pam ilhak qilishni istamay, divan tomonga odimladim. Qodir bilan Shokirning ko‘zlarida paydo bo‘lgan tantana uchquni e’tiborimdan chetda qolmadi. Divanga yaqinlashganim sayin Rustamning boshi egila boshladi. Uning yoniga kelib yurishdan to‘xtadim. Boshini ko‘tarib menga bir qarab qo‘ygan gumondor tag‘in yerga qadalib oldi. Jinoyatchiga ayb qo‘yadigan vaqt kelgandi. Ortiqcha cho‘zishdan foyda yo‘q. Normatov Rustamning yelkasiga qo‘limni qo‘ydim. Kenja merosxo‘r titrab ketdi.
– Siz fuqaro Normatov Nurmatga og‘ir tan jarohati yetkazganlik va katta miqdordagi pullarini o‘g‘irlaganlikda ayblanasiz, o‘rtoq Masharipov!
Tohir orqasiga bigiz sanchilgandek, o‘tirgan joyida sapchib tushdi, xotini chinqirib yubordi. Boshqalar taxtadek qotib qoldilar. Ularning ko‘zlaridagi ifoda! Ayvonga tirik dinozavr kirib kelganida ham bunchalik hayratga tushmagan bo‘lishardi. Hatto, Otayev ham angrayib qolgandi.
– Siz… siz… – duduqlandi zumda jiqqa terga botgan Tohir. – hazillashyapsizmi, o‘rtoq kapitan?!
– Aslo!
– Meni ayblash uchun dalil-isbotingiz bormi?
– Bor, – o‘tirgan jinoyatchining aybini tik turgan holda isbotlashni istamay Botirov tomonga odimladim. Shokir semiz jussasiga yarashmagan chaqqonlik bilan zumda kresloni bo‘shatdi. Yumshoq o‘rindiqqa cho‘kdim. – Xonada o‘tirganingizda sizlarga behudaga chekishni taklif qilganim yo‘q. Xaltachangizni chiqarib, kaftingizga bir chimdim nos to‘king!
Tohir imillab buyrug‘imni bajardi. Uni nosi dona-dona, uy sichqonining ahlatiga o‘x-
shab ketardi.
– Mana bu esa, – cho‘ntagimdan yelim xaltachani oldim. Xaltachaga Normatovning yotog‘idan topilgan nos donachalari solingandi. – jinoyat joyidan topildi.
– Nima bo‘libdi jinoyat joyidan topilgan bo‘lsa? Qodir ham, Shokir ham, ana Rustam ham nos chekadiku?!
– To‘g‘ri, biroq ular kukun holidagi nosni chekadilar. Bizning bozorlarda faqat kukun nos sotiladi. Sizning xaltachangizdagi nos Toshkent tomonlarda yashaydigan noskashlarning ermagi. Boz ustiga, siz kecha Toshkentdan qaytgansiz.
Guvohdan gumondorga aylangan Tohir og‘ziyu-ko‘zini lang ochib qotib qolgan xotiniga qarab qo‘ydi. Bu holat mening to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimdan dalolat berardi.
– Shu narsa menga ayb qo‘yishga asos bo‘la oladi, deb o‘ylaysizmi?
– Bu hali hammasimas. Katta leytenant Otayev sizlarni tergov qilganida xotininggiz aytgan gaplar esingizdami? Agar xotirangizning lattasi chiqqan bo‘lsa, esingizga solishim mumkin. Xotininggiz Normatovning tong saharlab to‘shakni tark qilishi, sizlar kelguncha itni bog‘lab, hovli eshikni ochib qo‘yishini aytgandi. Bugun bu ishni siz qilgansiz, darvozadan ichkariga oshib tushib, eshikni ochgansiz.
Hamon ayvon yo‘lagida qotib turgan Otayevning o‘ziga umuman yarashmaydigan mo‘ylovi qimirlab, peshonasi g‘ijimlanganini ilg‘adim. Katta leytenant shu harakat bilan hech baloga tushunmayotganini oshkor qilgandi.
– Men atayin Normatovning merosxo‘rlarini bitta-bittadan ichkariga qo‘yishni buyurdim, – davom qildim chap tizzam ustiga o‘ng oyog‘imni olib. – Maqsadim itning ularga qanday munosabat bildirishini aniqlash edi. Qoplon aka-uka Botirov va Rustam Normatovni sovuq vajohat bilan kutib oldi. Zanjirband bo‘lmaganida ularni g‘ajib tashlagan bo‘lardi. Ammo darvozadan oshib, hovliga tushganingizda it sizga tashlanmagan. Aks holda, hozir bu yerda emas, kasalxonada yotgan bo‘lardingiz. Istasangiz, e’tiroz bildirishingiz mumkin.
Nimadir deyishga chog‘langan asosiy gumondor tiliga kelganni ichiga yutib, ayvon eshigiga qarab qo‘ydi. Xuddi shu qiliqni kutgandim undan!
– Buyam hali hammasimas. Qayerda yashashingizni so‘raganim esingizdami? Shuningdek, Normatovning bog‘iga suv quyilganini ham unutmagan bo‘lsangiz kerak? Qoplon tunda bog‘da chopqillagan ko‘rinadi. Shuning uchun ham yo‘laklarga quyilgan beton sathida itning loyga belangan panja izlari qolgan. Biz katta leytenant bilan izlarni yoqalab, orqa tomondagi bog‘devorga chiqdik. Bog‘devorga yetib g‘oyib bo‘lgan panja izlari orasida erkak kishining oyoq kiyimidan qolgan changli iz yaqqol ko‘rinib turibdi. Siz bog‘devor osha Normatovning hovlisiga o‘tgansiz. Chunki, devorning narigi tomonidagi uy − sizniki!
Shunday deyishim bilan Tohir sakrab oyoqqa turdi. Kiyimiga chang solgan Rustamning qo‘llarini siltab tashlab, tashqari eshikka otildi. Otayev uning orqasidan intildi. Men joyimdan qimirlaganim yo‘q. Ayblanuvchining ayvonga qaytarilishini kuta boshladim. Kutganimdek bo‘ldi, katta leytenant lang ochiq qolgan eshikka yetib-etmay, tashqaridan ingragan tovush eshitildi. Oradan bir necha lahza o‘tgach, Aliyev bilan serjant Tohirni ayvonga olib kirdilar. La’natining qo‘liga urilgan kishan o‘ziga juda yarashib turardi! O‘rnimdan turib ularga yaqinlashdim.
– Itni qo‘lga o‘rgatganinggizni xo‘jayininggiz bilarmidi? – so‘radim gumondorga yuzlanib.
Tohir og‘ir xo‘rsindi.
– Yo‘q.
– Seyfning ochqich raqamlarini bilarmidingiz?
– Xo‘jayin Rustamga aytayotganida tasodifan eshitib qolgandim…
Bir-biriga qarab qo‘ygan Qodir bilan Shokir uchinchi merosxo‘rga yeb qo‘ygudek qadaldilar. Garov o‘ynashga tayyorman, ular Rustam jinoyatchi bo‘lib chiqmagani uchun ming afsus qilardilar.
– Davom qiling, Masharipov.
− Nurmat aka do‘koni bilan restoronini sotib, tushgan pulni seyfiga joylaganini
eshitganimdan so‘ng niyatim buzildi. Pullarni o‘marish uchun qulay fursat kelishini kuta boshladim…
– Kecha o‘ylagan rejangizni amalga oshirib, suvdan quruq chiqish uchun qulay fursat tug‘ildi, shundaymi? – tergovni davom qildirdim men.
– Shunday, – ohista bosh irg‘adi Tohir. – Xo‘jayinning Rustamga baqirganini eshitgandim. Nurmat akaning pullarini o‘marsam, militsiya uning merosxo‘rlari bilan andarmon bo‘ladi, menga e’tibor bermaydi deb o‘yladim. Adashgan ekanman…
– Nega amakimni o‘ldirmoqchi bo‘ldingiz, Tohir aka? – so‘radi o‘rnidan turgan Rustam.
– Unga jarohat yetkazish rejamda yo‘q edi. Xo‘jayin uyqu dorisiz uxlolmasligini bilganim uchun uyiga kirganimni sezmaydi, deb o‘ylagandim. Kapitan aytganidek, bog‘devordan oshib hovliga tushdim. Qoplon bog‘da yurgan ekan, meni tanib yonimga keldi…
– Uy eshigini qanday ochdingiz? – bu savol menga tegishli edi.
– Kalit bilan. Tashqari eshikning kalitidan nusha olib, ustaga yasatgandim. Avval ayvonga, keyin yotoqxonaga kirdim. Xo‘jayin kirganimni sezmadi. Biroq, seyfga yaqinlashganimda ko‘zlari “yarq” etib ochildi. Deraza rahida turgan haykalcha bilan qanday qilib boshiga zarb tushurganimni o‘zim ham bilmayman…
– Rustam Normatovning tugmasini qayerdan olgandingiz? – tergovni davom qildirdi katta leytenant Otayev.
– Kecha Qodirni uydan sudrab chiqayotganida kurkasidan uzilib tushib qolgandi. O‘zimni gumondan soqit qilish uchun tugmani xushsiz yotgan xo‘jayinning kaftiga qo‘ydim. Cho‘ntagimdan tugmani olayotgan paytim nos solingan xaltacham oyoq ostiga tushib ketdi. Nos donachalari polga to‘kilganiga e’tibor bermagan ekanman.
– Nima uchun? – o‘tirgan joyida beshiktebratarday tebranayotgan Shirin eriga qaradi. Sho‘rlik ayolning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgandi. – Nima uchun bu ishni qildinggiz, dadasi? Rustamjon bizga qancha yaxshiliklar qildi. U pul bermaganida haliyam ijara uyda yashayotgan bo‘lardik. Uning yaxshiliklariga tuhmat bilan javob qaytarmoqchi bo‘ldingizmi, dadasi? Insof bormi sizda, dadasi?!
Lotinchada bir ibora bor. Nullum crimen sine poena. Jinoyat jazosiz qolmaydi, degani. Mana isboti. Masharipov har qancha hiyla ishlatgan bo‘lmasin, jazodan qochib qutulolmadi.
Eshikka yo‘naldim. Mayor Nazarov tergov-surishtiruv ishlarida katta leytenant Otayevga yordam berishimni buyurgandi. Buyruqni bajardim. Qolganini leytenantning o‘zi eplaydi…