Ekspertlar guruhiga tegishli “Gazel” mikroavtobusi yonida mashinani to‘xtatdim. Eshikni ochishim bilan bahorning tonggi namxush shamoli ichkariga suqilib, yuzlarimni silab o‘tdi. Mashinadan tushdim. Kalit ulangan moslama tugmachasini bosgandim, qulf eshikni mahkamlaganini minnat qilgan misol taraqlagan tovush chiqardi. Yapaloq papkamni qo‘ltig‘imga qistirib, zangori bo‘yoq urilgan temir darvoza tomonga odimladim. Darvoza biqiniga temir eshik o‘rnatilgan, eshikka quturgan itning rasmi yopishtirilgan bo‘lib, rasm ostiga “Beruxsat kirilmasin! Ichkarida jahldor it bor” deb yozilgandi. Darvozaga yaqinlashdim, eshikni qo‘riqlayotgan serjant bilan qo‘l olishdim, qisqacha hol-ahvol so‘rashgan bo‘ldim, ammo hovlidan badjahl it tugul, kuchukning vangillashi ham eshitilgani yo‘q.
– Po‘pisa qilish uchun ilib qo‘yibdimi deyman? – so‘radim ogohlantiruvchi yozuvga ishora qilib.
– Hovlida chindan ham it bor, – dedi serjant. – Gavdasi mundayroq eshakcha keladi.
– To‘pponchang yoningdami?
Serjant miyig‘ida kulib qo‘ydi. Eshikni ochdim. Hovliga kirishim bilan bog‘log‘liq turgan itga ko‘zim tushdi. Ko‘ppak menga sovuq qadalib oyoqqa turganida ogohlantiruvchi yozuv behudaga ilib qo‘yilmaganiga amin bo‘ldim. It, chindan ham, eshakka aylanish arafasida turgan xo‘tikcha kelar, yalong‘ochlangan so‘yloq tishlari gavdasiga mos, bo‘shalib ketsa g‘ajib tashlaydigan raftor bilan irillab turardi. Har qancha jahl qilmasin, bo‘ynidagi zanjirni uzolmasligiga ishonch hosil qilganimdan so‘ng uyga razm soldim. Eshik temir, derazalarga temir panjara o‘rnatilgan, tepada temir aralashmasidan tayyorlangan tom. Hovli sathiga, tomorqa, og‘il tomonga eltadigan yo‘laklarga beton quyilgan, uyning orqa tomoniga eltuvchi yo‘lakka itning loyga belangan panja izlari tushib qolgandi.
Uy eshigiga yo‘naldim. Zinaga qadam qo‘ygan paytim eshik ochilib, bo‘limimiz boshlig‘i – mayor Nazarov ko‘rindi.
– O‘rtoq mayor, kapitan Akbarov…
– Juda yaxshi yetib kelgan bo‘lsangiz, – so‘zimni bo‘ldi mayor. – Bu yerda qanday jinoyat sodir etilganidan xabaringiz bormi?
– Navbatchidan fuqaro Nurmat Normatovga og‘ir tan jarohati yetkazilganini eshitdim.
– Normatovni kasalxonaga olib ketishdi. Endi gap bunday, kapitan. Bu ish katta leytenant Aliyevga topshirilgan…
– Mumkinmi, o‘rtoq mayor…
– Mumkin emas. Sizning boshqa ishlaringiz ham borligini bilaman. Ammo Aliyev hali yosh, unga tajribali maslahatchi kerak. Tergov-qidiruv ishlarida katta leytenantga yordam berasiz. Savollar bormi? – og‘iz ochgunimcha bo‘lmay, mayor o‘zining savoliga o‘zi javob berib qo‘ya qoldi. – Demak, savol yo‘q. Ishga kirishing!
Nazarovni unchalik ham yuqori bo‘lmagan kayfiyatda kuzatib qo‘yib, uyga kirdim. Ayvondagi jihozlar uy egasining puldor odam ekanidan dalolat berardi. Oyoq ostida salkam to‘rt barmoq qalinligidagi gilamlar, mundayroq mashina bahosiga teng bo‘lgan ulkan uy kinoteatri, bahaybat qandil ostidagi divan, o‘rindig‘i pardek yumshoq kreslolar… Ro‘paradagi devorga 60-65 yoshlardagi erkak bilan ayolning birga tushgan surati ilingandi. Ochiq yuzli ayol ob’ektivga o‘ychan tikilgancha qotib qolgan, erkak esa xuddi boshqalar yeb o‘zi quruq qolgandek xo‘mrayib turardi.
– Normatov degani shu odam bo‘lsa kerak, – o‘yladim eshiklardan biriga yaqinlasharkanman. Ochiq turgan eshik o‘rtacha kattalikdagi xonaga tegishli edi. Xonaga stol bilan uch-to‘rtta kursi qo‘yilgan, kursilardan birini qirra burni ostidagi qo‘ng‘iz mo‘ylovi o‘ziga umuman yarashmagan 28-30 yoshlardagi yigit – katta leytenant Aliyev band qilgandi. Devor ostiga qo‘yilgan divanda 35-40 yoshlarni qoralagan cho‘zinchoq yuzli odam bilan ozg‘indan kelgan ayol o‘tiribdi. Cho‘zinchoq yuzlining mallatus mo‘ylovi ham o‘ziga yarashmaganini o‘zimcha e’tirof etib, tomoq qirib qo‘ydim. Bo‘g‘zimdan yulingan beo‘xshov tovushni eshitgan Aliyev o‘rnidan ko‘tarildi.
– Salomatlik tilayman, o‘rtoq kapitan! – past pardada xitob qildi xonadan chiqib eshikni yoparkan.
– Sizga ham, leytenant! Rasmiyatchilikni yig‘ishtirib, maqsadga o‘tamiz.
– Demak, bunday, Farrux aka. Jabrlanuvchi – Normatov Nurmat. 70 yoshda. Xotini bundan uch yil oldin olamdan o‘tgan. Bola-chaqasi yo‘q, yolg‘iz o‘zi yasharkan. Tunda kimdir uxlab yotgan Normatovga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Yuring.
Katta leytenantga ergashdim. Yotoqxonaga kirdik. Ulkan qandil ostiga ikki odamlik yog‘och karovot qo‘yilgan, karavot ustidagi ko‘rpaning yarmi polga osilib yotardi. Ichkariga kirishim bilan devorga tirab qo‘yilgan rasmga ko‘zim tushdi. Kiyikka tashlanishga shaylanayotgan yo‘lbarsning rasmi. Ammo rassom no‘noqroq ekanmi, o‘txo‘r jonivor kiyikdan ko‘ra ko‘proq eshakka, yo‘lbars esa jahli chiqqan mushukka o‘xshab ketardi. Bir yarim metrcha teparoqda devor orasiga kichkina seyf o‘rnatilgan. Seyfning eshigi lang ochiq. Rasm yonida to‘ladan kelgan odam cho‘k tushib o‘tiribdi. Janob Asqarov. Ekspertlar guruhining boshlig‘i. Yotoqxonada izg‘ib yurgan yigitlar unga qarashli, qayerda jinoyatchining barmoq izlari qolishi mumkin bo‘lsa, o‘sha joylarni sinchiklab ko‘zdan kechirishyapti. Bizga qarab qo‘yganlari ham yo‘q. Biz ham ularga e’tibor bermay derazaga yaqinlashdik.
– Jinoyat quroli.
Aliyevning ishorasidan so‘ng deraza raxida turgan haykalchaga qaradim. Aniqrog‘i, bu matoh haykalcha emas, Normatovning gipsdan yasalgan kichkina byusti edi. To‘g‘ri, basharasi jabrlanuvchining yuziga unchalik ham o‘xshamaydi, ammo haykaltarosh rassomga qaraganda mohirroq ekan, burnini o‘xshatibdi. Byustning bosh qismi qonga belangandi.
– Normatovga o‘zining byusti bilan jarohat yetkazibdi, yaramas! – dedi Asqarov bizga yaqinlasharkan. – Salom, Farrux. Seniyam bu ishga jalb qilishdimi?
– Yo‘q, – po‘ng‘illadim uning qo‘lini olib. – Qiladigan boshqa ishim bo‘lmagani uchun o‘zim keldim!
– Har doimgidek tiling zahar!
– Sen esa har doimgidek bema’ni savol beryapsan! Suyuntirasanmi?
Ekspert bosh chayqadi.
– Jinoyatchining barmoq izlari topilmadi. Qo‘lqop kiyib ishlagan ko‘rinadi. Mana bunga qara.
Asqarov byust yonida turgan yelim xaltachani oldi. Xaltacha ichida tugma bor edi.
– Normatovning kaftidan topildi. Chamasi, erkaklarning yengil kurtkasiga tegishli.
– Kaftidan topildi, deganingga aniqlik kiritaylik, – dedim tugmaga qarab qo‘yib. – Changak bo‘lgan barmoqlarining orasidan oldingmi yoki…
– Yoki! Jabrlanuvchi bu tugmani jinoyatchining kiyimidan yulib olgan, deyishga asosim yo‘q. Tugma ochiq kaftida yotgandi.
– O‘ylashimcha, bu bilan hech nima demoqchi emassan? Shundaymi?
– To‘g‘ri o‘ylabsan.
– Tashqari eshik qulfiga ko‘z tashladingmi?
– Qulf buzilmagan, izquvar, kalit bilan ochilgan.
Seyfga ishora qildim.
– Seyf eshigi raqamli, – dedi ekspert. – Oltita raqam to‘g‘ri terilsagina kalit tiqiladigan teshik qopqog‘i ochiladi. Raqamlar to‘g‘ri terilmasa, seyf kalitini o‘g‘irlashdan ma’ni yo‘q.
– Demak…
– Sen ham to‘g‘ri o‘ylading! – Aliyevning so‘zini bo‘ldi Asqarov. – Jinoyatchi qaysi raqamlar terilsa, seyf eshigi ochilishini bilgan! Bunga ishonchim komil. Chunki doktorlar yetib kelguncha jabrlanuvchini bir qur ko‘zdan kechirgandim. Tanasida qiynoqqa solinganini oshkor qiladigan belgilar yo‘q edi. Taxminimcha, jinoyatchi uy eshigini kalit bilan ochib ayvonga, ayvondan yotoqqa kirgan, uxlab yotgan Normatovning boshiga o‘zining byusti bilan zarb tushurgan-u, seyfni shipshiydam qilib, g‘oyib bo‘lgan!
– Mana bu rasmda…
– Rasmda ham barmoq izlari yo‘q, Aliyev. Sinchiklab tekshirdim. Normatov devorga o‘rnatilgan seyf eshigini pana qilish uchun ilib qo‘ygan bu bema’ni rasmni. O‘zing qara, yo‘lbarsmi shu? It talagan mushukka o‘xshab ketyapti-ku?!
Ekspertning so‘zlariga e’tibor berganim yo‘q. Parket polda yotgan uch-to‘rtta kulrang-qoramtir narsa e’tiborimni o‘ziga jalb qilgandi. Narsalar uy sichqonining axlatiga o‘xshab ketardi. Oyoq ustiga cho‘k tushdim. Katta leytenant bilan ekspert darrov mening harakatimni takrorlashdi.
– Nosmi?
Ekspertning savoliga javob qilmay, polga engashdim. Karavot oyog‘i yonida yana uch-to‘rtta nos donachalari yotardi.
– Asqarov!
Ekspert darrov yelim xaltacha uzatdi. Nos donachalarini yelim xaltachaga joylab, o‘rnimdan turdim.
– Nosni nima qilmoqchisiz? – so‘radi Aliyev avval yelim xaltachaga, keyin menga qarab qo‘yarkan. Javobni hayallatib yotoqxonaga diqqat bilan razm soldim. Nihoyatda orasta, supurib-sidirilgan, parket pol yarqirab turibdi, hech qayerda chang-g‘ubor ko‘rinmaydi.
– Bu haqda keyin. Boyagi erkak bilan ayol kim?
– Normatovning eski tanishlari. Uy ishlariga yordamlashib yurishadi. Er-xotin – Tohir va Shirin Masharipovlar.
– Yur-chi.
Yotoqdan chiqib guvohlar o‘tirgan xonaga kirdik. Er-xotin Masharipovlar bizni o‘rinlaridan turib kutib olishdi.
– Kapitan Akbarov. – Meni tanishtirdi Aliyev kursilarga joylashganimizdan so‘ng. – Davom etamiz.
– Hali aytganimdek, – tilga kirdi Shirin o‘tirgan joyida bir qo‘zg‘alib, – tongi soat 6 da xo‘jayinning uyiga keldik…
– Qayerda yashaysizlar? – uning so‘zini bo‘ldim. Masharipova uy manzilini aytgach, hikoyasini davom ettirdi.
– Har safar biz kelgunimizcha xo‘jayin Qoplonni bog‘lab, hovli eshikni ochib qo‘yardi. Bugun kelsak, eshik berk. Qo‘ng‘iroqni qayta-qayta bosganimga qaramay, ichkaridan javob bo‘lmadi. Erim Nurmat akaning uxlab yotganini tusmolladi, men e’tiroz bildirdim. Chunki xo‘jayin tong oqarib-oqarmay to‘shakni tark qilardi. Hovliga qarab ko‘ring, negadir ko‘nglim g‘ash, dedim erimga. Darvozaga tirmashgan erim ichkariga bir qur nazar tashlab, uyning eshigi ochiq turganini aytdi. Keyin xo‘jayinning ismini aytib chaqira boshladi. Tag‘in javob qaytgani yo‘q. Yuragimga g‘ulg‘ula tushdi…
– Nima uchun? – so‘radi Aliyev.
– Nurmat akaning yuragi xasta, uch kundan beri sanchib og‘riyotganidan noliyotgandi. Kasali xuruj qilib yotib qolgan bo‘lsa kerak, degan o‘yga borgandim…
– Xotinim tiqilinch qilavergach, – ilib ketdi Tohir. – Darvozadan oshib o‘tib, eshikni ochdim. Shirin uyga shoshildi, men esa og‘il tomonga yo‘naldim. Nurmat aka ho‘kiz boqishga ishqiboz, barvaqt turib ho‘kizlari bilan andarmon bo‘ladigan odati bor edi. Birdan uydan xotinimning chinqirgani eshitildi…
– Nurmat akaning qonga belanib yotganini ko‘rib esim chiqib ketdi. Qanday qilib uydan otilib chiqqanimni o‘zim ham bilmayman. Erim yuzimga suv sepganidan keyingina o‘zimga keldim. Keyin sizlarga xabar berdik. Bori shu…
– Ko‘pdan Normatovning uy ishlariga yordamlashasizmi?
– O‘n yildan beri. Xotinim osh-ovqat, kir-chirga qaraydi, Nurmat akaning ho‘kizlari bilan bog‘i mening gardanimda.
– Demak, yil o‘n ikki oy shu yerdasizlar? – navbatdagi savolni yo‘lladi katta leytenant qog‘ozdan boshini ko‘tarmay.
– Men ora-sira Toshkentga, qurilishda ishlagani borib turaman. Kecha poytaxtdan qaytdim. Bugun esa bu ko‘rgilik…
Masharipov so‘lg‘in tin oldi. Aliyevga nazar tashladim. Katta leytenant hamon qog‘oz qoralash bilan ovora edi. Uning bu qilig‘i yoqmadi menga. So‘roqqa tutilayotgan odamning ko‘zlariga qadalib javob talab qilish kerak, illo, ko‘z – ko‘ngil oynasi, til yashirganni ko‘zlar sotib qo‘yishi mumkin.
Xuddi mening o‘ylarimni uqqan misol, hamkasbim qog‘ozdan boshini ko‘tardi.
– Normatovning qarindosh-urug‘i bormi?
– Bor. Rahmatli opasidan ikkita, ukasidan bitta o‘g‘il qolgan. Qodir, Shokir va Rustam. Qodir bilan Shokir… – deya so‘zini davom ettirishga chog‘langan Tohir biqinidan turtki yedi chog‘i, darrov ohangi o‘zgardi. Uchovi ham yaxshi odamlar…
Masharipovga qattiq tikildim.
– Normatovning jiyanlarini yoqtirmaysizmi?
– Nega yoqtirmas ekanman, o‘rtoq kapitan? Uchalasining ham xizmatini qilganman, nonini yeganman. Endi, yegan og‘iz uyalar, deganlaridek… – cho‘zib nafas chiqargan Tohir xotiniga qaradi. – Meni turtma. Barini aytishimiz shart, onasi…
– Aytsak… – kalovlandi Shirin. Bizdan xafa bo‘lishmasmikin, dadasi?
– Aytmasak… bular bizni xafa qilishadi…
– Bu yog‘iyam bor… Bo‘pti, o‘zim aytaman. Gapning indallosi, Qodir bilan Shokir o‘ta bemehr, nontepki, g‘irt yaramas odam! Rustamjon esa juda bama’ni, ko‘ngilchan yigit. Xo‘jayin topgan-tutganini teng uchga bo‘lib shu jiyanlariga vasiyat qilgandi. Faqat…
– Nima “faqat?”
– Nurmat aka Rustamjonni merosdan mahrum qilmoqchi edi…
– Nima uchun?
– Bilmayman. Kecha kechki payt Qodir bilan Shokir uyga kelgandi. Xo‘jayin bilan jiqillashib qoldilar. Oshxonada kuymalanib yurganim uchun janjalga nima sabab bo‘lganini aniq aytolmayman. Pul so‘rashdi, chamamda. Nurmat aka bermadi, chog‘i, Qodir baqira boshladi…
– Nima deb baqirdi?
– Baribir bizga qoladi-ku, yo opangizning farzandlaridan ukangizning yaramas o‘g‘li azizroq bo‘ldimi, deganini eshitdim. Baqir-chaqir ustiga Rustamjon kelib qoldi. Avval Qodirni, so‘ng Shokirni giribonidan olib, tashqariga uloqtirdi. Keyin amaki-jiyan xo‘jayinning xonasiga qamalib oldilar. Xonaga choy olib kirganimda Nurmat akaning jahl zo‘ridan ko‘karib ketgani, Rustamjonning bosh egib o‘tirganini ko‘rdim. Choynakni qo‘yib, xonadan chiqdim. Eshikni yopgan paytim xo‘jayinning sen ahmoqni merosdan mahrum qilaman, ertagayoq advokatni chaqirib yangitdan vasiyat bitaman, deb baqirgani eshitildi. Keyin Rustamjon qizarib-bo‘zarib uydan chiqib ketdi. Mening bilganim shu…
O‘rnimdan turib xonadan chiqdim-da, Normatovning yotog‘iga kirdim. Ekspert yigitlar ishni tugatishgan, yotoqxonada Asqarovdan boshqa odam ko‘rinmasdi.
– Biz tugatdik, – dedi ekspert deraza raxida turgan byustga qo‘l cho‘zarkan. – Tushlikdan keyin senga yozma ravishda axborot beraman.
– Qog‘oz qoralamangni mengamas, Aliyevga topshirasan, – dedim unga yaqinlashib. – Bu ish unga topshirilgan. Men oddiy kuzatuvchiman, hisobi. Jabrlanuvchining kaftidan topilgan tugma qani?
– Oddiy kuzatuvchi bo‘lsang, senga tugmaning nima keragi bor?
– Esdalik uchun kostyumimga qadamoqchiman!
– Qaysi ahmoq kurtkaning tugmasini kostyumga qadaydi?! – po‘ng‘illadi Asqarov tugma solingan yelim xaltachani uzatarkan. – Bo‘limga qaytganingdan so‘ng shaxsan menga topshirasan! Tushundingmi?
Tushunganimni bosh irg‘ash bilan oshkor qilib, guvohlar o‘tirgan xonaga qaytdim.
– Mana shu tugma sizlarga tanishmi?
Masharipov xaltachaga qo‘l cho‘zdi.
– Rustamjonning kurtkasida ko‘rgandim shunaqa tugmani. Misdan yasalgan, yarqirab turadi. Yo adashyapmanmi, onasi?
– Adashmayapsiz, – dedi Shirin xaltachani erining qo‘lidan olib. – Qarang, tugmaga burgutning tasviri tushurilgan. Rustamjonning kiyimida ham qanotlarini yoyib turgan burgutning rasmi bor.
– Rustam nos chekadimi?
– Chekadi. Qodir bilan Shokir ham noskash. Erim ham shu zaharning sassiqligiga ishqiboz…
Derazaga yaqinlashdim. Turli taxminlar miyamda g‘ujg‘on aylanib, haqiqat da’vo qila boshladi. Guvohlarning ko‘rsatmalari muayyan fikrga kelishga undardi. Biroq xulosa chiqarishga emas!
– Normatovning boshiga tushgan ko‘rgilikdan qarindoshlari xabar topmagan ko‘rinadi, – dedim yelim xaltachani cho‘ntagimga solarkanman. – O‘rtoq katta leytenant, merosxo‘rlarning uyiga odam yuborsak, qanday bo‘larkan?
– Men ham shu haqda o‘ylayotgandim – Aliyev o‘rnidan ko‘tarildi. – Xodimlarimizga tayinlayman, ularni ichki ishlar bo‘limiga olib borishadi.
– Yo‘q, – boshini old oyoqlari ustiga qo‘yib mudrayotgan itga nazar tashladim. – Boshlanishiga shu yerda tergov qilganimiz ma’qul. Serjantga tayinlang, merosxo‘rlarni bitta-bittadan ichkariga kiritsin!
* * *
Oradan yarim soatcha vaqt o‘tgach, hovli eshikda qirq yoshlardagi uzun bo‘yli, tarashadek ozg‘in, tepakal kimsa ko‘rindi. Eshikni ochishga ochdi, biroq ichkariga kirgani yo‘q, bo‘ynini cho‘zib itga qo‘rquv bilan qarab qo‘ydi. Uning tepakal boshi mudrab yotgan Qoplonga yoqmadi, chog‘i, sakrab oyoqqa turib, eshik tomonga intildi. Ammo zanjir tepakal kimsaga yaqinlashishga izn bermadi. Battar g‘azabi qo‘zigan it tirnoqlari bilan yerni tirnab, vovullay boshladi.
– Qodir deganim shu odam, – uy eshigi tomonga pildiragan tepakalni tanishtirdi Tohir. – G‘irt bo‘lmag‘ur tijoratchi. Ikki marta firma ochib, ikki martasidayam xonavayron bo‘lishga ulgurgan. Derazani ochib qo‘ysak, yaxshi bo‘lardi, o‘rtoq kapitan…
Ayvonda qadam tovushi eshitilgach, Masharipov nima uchun derazani ochib qo‘yishni so‘raganini tushundim. Xonaga tepakaldan oldin araq bilan sarimsoq piyozning qo‘lansa hidi yopirildi. Zum o‘tmay o‘zi ham yopirilib kirdi-da, ko‘rinmas devorga urilganday taqqa to‘xtadi.
– Kim?! – xitob qildi xonaning havosini yanada ko‘proq bulg‘ab. – Kim bu ishni qildi?!
– O‘tiring!
– Xo‘p bo‘ladi!
Qodir darrov divanga cho‘kdi. Cho‘kdi-yu, orqasi o‘rindiqqa tegar-tegmas, yana oyoqqa qalqdi.
– Kechirasizlar, o‘zimni tanitmadim. Men Botirovman. Tijoratchi Qodir Botirov. Katta dargohlarda tanish-bilishlarim…
– Bizni tanish-bilishlaringiz emas, – uning so‘zini bo‘ldi Aliyev. – Tog‘angiz Normatov bilan munosabatingiz qandayligi ko‘proq qiziqtiradi!
– Tog‘am bilanmi? Juda yax… – degan Qodirning shashti so‘ngani sezildi. – To‘g‘ri, ora-sira jiqillashib turganimiz rost. Lekin bu degani…
– Kecha ham janjallashib qolgan ekansiz, to‘g‘rimi? – yana uning so‘zini bo‘ldi katta leytenant.
– Tan olaman, shunaqa bo‘lgandi. Janjal sababini ham aytaman. Bilasizmi, tog‘am puldor odam. Shaharda katta do‘koni bilan restoroni bor. Ya’ni, bor edi. Ikki oy oldin do‘kon bilan restoronni sotib, tushgan pulni seyfiga joyladi. Bankka qo‘ying desam… Aytgancha, seyfdagi pullar joyida turibdimi?
Peshonam tirishganini his qildim. Tog‘asining tirik-o‘likligini so‘ragani ham yo‘q. Bu yaramasni faqat seyfdagi pullar qiziqtiryapti!
– Normatovning seyfida qancha pul bor edi? – so‘radi Aliyev unga noxush nazar tashlab.
– Juda katta pul! – dedi er-xotin Masharipovlarga shubha bilan qarab qo‘ygan Qodir. – Guvohlarsiz o‘zingizga aytaman. Pullar joyida turibdimi, ishqilib?
– Nima uchun kecha tog‘angiz bilan janjallashib qoldingiz?
– Pul ustida. Ukam Shokir bilan yangitdan firma ochmoqchi edik. Tog‘am topgan-tutganini bizlarga vasiyat qilgani uchun oldindan ulushimizni berishini so‘radik. U esa bermayman, o‘lganimdan keyin…
Qilt etib yutingan merosxo‘r bunaqa javob o‘zini shubha ostiga qo‘yishi muqarrarligini angladi, chog‘i, jimib qoldi.
– Tog‘angiz, o‘lganimdan keyin ulushingni olasan, dedi, shundaymi? Kecha tunda qayerda edingiz?
– Kechami? Tunda… uyda edim. Rustam Shokir ikkalamizni tashqariga uloqtirgach, ukamning uyiga borib, tungi soat o‘nlargacha araq ichdik. Keyin mening uyimga o‘tdik. Yana ichdik…
– Tunni uyimda ukam bilan o‘tkazdim, demoqchimisiz?
– Uydamas, hovlidagi oshxonada. Araqqa sarimsoq piyozni gazak qilganimiz uchun xotinim uyga qo‘ymadi. Uning sarimsoq piyoz bilan mast… erkaklarga allergiyasi bor… Lekin aka-uka oshxonada uchib qolganimizni xotinim tasdiqlashi mumkin!
Tasdiqlash shart emasdi, bu yaramasning cho‘chqadek ichgani shundoqqina sezilib turardi.
– Pullar… joyida turibdimi?
– Tog‘angiz-chi? – so‘radim o‘rnimdan turib. – Tog‘angizning ahvoli sizni qiziqtirmaydimi?
– Qiziqtiradi. Hamkasbingiz tog‘amning tirikligini aytdi. Yo o‘libdimi? Agar o‘lgan bo‘lsa, vasiyat kuchga…
Keskin qo‘l siltash bilan Qodirning damini o‘chirdim. Afsuski, bemehrlik, bezbetligu ko‘rnamaklik uchun jinoyat kodeksida jazo belgilanmagan, aks holda bu yaramasning umri panjara orqasida o‘tgan bo‘lardi!
Derazaga yaqinlashib, tashqariga nazar tashlagan paytim hovli eshikda g‘o‘ppa semiz, dum-dumaloq odam paydo bo‘ldi. Na bo‘yin bor va na bel, turgan bitgani qorindan iborat. Qo‘l bilan oyoq yopishtirilgan meshning xuddi o‘zi!
Baqaloq ham, xuddi Qodir kabi, hovliga dadil kirib kelgani yo‘q. Bo‘sag‘ada to‘xtadi, bog‘log‘liq turgan Qoplonga bir qarab qo‘ydi-da, uy eshigi tomonga dumaladi. It nihoyatda g‘azabga to‘lgan, zanjirni uzmoqchi bo‘lgan misol o‘zini u yoqdan-bu yoqqa urardi. Oradan bir necha lahza o‘tgach, xonani tutib ketgan araq aralash sarimsoq piyozning sassig‘iga ter hidi aralashdi.
– Shokir Botirovman, – o‘zini tanitdi baqaloq g‘ijimlangan ro‘molchasini chiqarib, terlab ketgan bo‘ynini artarkan. – Chaqirtirgan ekansizlar?
Shokir ham tog‘asining ahvoli bilan qiziqqani yo‘q. Parovozdek pishillab o‘zini Qodirning yoniga tashladi.
– Kecha tunda qayerda edingiz? – tergovni davom ettirdi Aliyev ikkinchi merosxo‘r haqidagi ma’lumotlarni qayd qilganidan so‘ng.
– Qodir akam bilan birga edik, – pishilladi Shokir. – Alla-pallagacha tijoratga tegishli hisob-kitob ishlari bilan shug‘ullandik.
– Qayerda shug‘ullandinglar? Oshxonadami?
Savolimga javob qaytmadi. Yana derazadan tashqariga qaradim. Hovliga o‘ttiz yoshlardagi o‘rta bo‘y, ochiq yuzli yigit kirib kelgandi. Yigit ko‘zlariga qon quyilgan itga e’tibor bermay, uy eshigiga yo‘naldi. Haliyam tinchlanolmayotgan Qoplondan ko‘zimni olib, kursiga cho‘kkan paytim xona eshigida uchinchi merosxo‘r ko‘rindi.
– Assalomu alaykum. Men Rustam Normatovman. Nurmat amakimning ahvoli yaxshimi?
Divanga ishora qildim.
– O‘tiring, Normatov.
– Xodimingiz to‘g‘ri shu yerga olib keldi, – dedi Rustam taklifimni qabul qilmay. – Iltimos, amakimning holidan xabar olishga ruxsat bering. Keyin qancha savolingiz bo‘lsa, bariga javob beraman.
– Normatov jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Baribir sizni uning yoniga qo‘yishmaydi. O‘tiring.
Og‘ir xo‘rsingan Rustam divanga o‘tirdi. O‘tirdi-yu, qo‘llari bilan boshini changallab oldi.
– Amakingiz sizni merosdan mahrum qilmoqchi bo‘lgani rostmi? – yana ruchkaga qo‘l cho‘zdi katta leytenant.
– Rost, – tag‘in xo‘rsindi gumondor qo‘llarini tushurarkan. – Bugun yangitdan vasiyat bitmoqchi edi…
– Nima uchun Normatov vasiyatini o‘zgartirishga qaror qildi?
– Amakim pulni foyda keltirmaydigan ishlarga sarflaganlarni yoqtirmaydi. Kecha mana bularni haydab solganimdan so‘ng, – Rustam ammavachchalariga noxush nazar tashladi, – o‘zimga tegadigan merosga nisbatan tuzgan rejalarim bilan qiziqdi. Men pullarning teng yarmini bolalar uyiga o‘tkazmoqchiligimni aytdim. Bu niyatim unga yoqmadi. Yo shunga rozi bo‘ling yoki meni merosdan mahrum qiling, dedim. Jahli chiqib ketgan amakim, senday ahmoqqa qoldiradigan pulim yo‘q, deb baqira boshladi…
– Kecha tunda qayerda edingiz?
– Uyda edim. Xotinim o‘g‘ilchamni olib onasinikiga ketgandi. Shunday ekan, tunda uydan chiqmaganimni tasdiqlaydigan guvoh yo‘q…
Endi gumondordan javob talab qilish navbati menga kelgandi. O‘rnimdan turdim, cho‘ntagimdan tugma solingan yelim xaltachani olib, unga yaqinlashdim.
– Tanishmi?
– Kurtkamniki, – darrov tan oldi Rustam. – Sizning qo‘lingizga qanday tushib qoldi?
– Tugma jinoyat joyidan topildi.
– Tushunarli… Men… qamoqqa olindimmi?
Javob qilganim yo‘q. Barcha dalillar unga qarshi edi. Qodir bilan Shokirning bit ko‘zlarida quvonchga monand ifoda paydo bo‘lgandi. Ular tantana qilardilar! Nega xursand bo‘lishmasin? Rustam amakisining joniga qasd qilishda ayblanib qamalsa, merosxo‘rlar soni bittaga kamayadi, axir!
– Chekib olishlaring mumkin.
Cho‘ntagimdan sigareta qutisini chiqardim. Biroq xonadagilarning hech biri qutiga qo‘l cho‘zgani yo‘q.
– Biz nos chekamiz, – yana pishilladi Shokir. – Mumkinmi?
– Bemalol.
Zum o‘tmay, merosxo‘rlar bilan guvohning qo‘lida nos solingan xaltachalar paydo bo‘ldi. Birin-ketin kaftlariga nos to‘kib, rosti-yolg‘on gapirishga odatlangan tillari ostiga irg‘itdilar. Eshikka yo‘naldim. Katta leytenant menga ergashdi.
– Xo‘sh, o‘rtoq katta leytenant, boshliqlarga qanday axborot beramiz? – rasmiy ohangni oldim Normatovning yotoqxonasiga kirganimizdan so‘ng. – Kimdan ko‘proq shubhalanyapsiz?
– Merosxo‘rlarning uchalasidan ham shubhalanish mumkin, o‘rtoq kapitan, – Aliyev ham rasmiy ohangni oldi. – Biroq menga qolsa, aka-uka Botirovlarni hech ikkilanmay gumondan soqit qilgan bo‘lardim.
– Nima uchun?
– Qodir Botirovning jur’atsiz, irodasi sust odamligi shundoqqina sezilib turibdi. Bunaqa odamlar dunyoning bor boyligi va’da qilinsa ham, kimningdir joniga qasd qilishga jur’at etolmaydilar. Qo‘shilasizmi, o‘rtoq kapitan?
– Davom eting.
– Bu jinoyatni Shokir Botirov sodir etganiga ishonish esa Sahroi Kabirda qum yo‘qligiga imon keltirish bilan barobar. Uning jussasiga qarang! Bunday katta qorin kimgadir jarohat yetkazishgagina emas, qoqilib-netib yiqilgudek bo‘lsa, o‘rnidan turishga ham xalal beradi.
Katta leytenant so‘zlariga munosabat bildirishimni kutgan misol jimib qoldi. Men lom-lim deb og‘iz ochganim yo‘q, uning gapida davom etishini kuta boshladim.
– Kim qolyapti? – bu savolga ham mendan javob qaytmasligini angladi, chog‘i, o‘zi javob berib qo‘ya qoldi: – Rustam Normatov. Undan jiddiy gumon qilishga yetarli dalillar bor. Bir kun oldin amakisi merosdan mahrum qilishini aytadi, tunda esa Normatovning joniga qasd qilinib, seyfidagi pullar o‘g‘irlanadi va jabrlanuvchining kaftidan Rustamning kiyimiga tegishli tugma topiladi! Qo‘shilasizmi, yo mum tishlab o‘tiraverasizmi, Farrux aka?
– Yuz foiz qo‘shilaman! – eshikka yo‘naldim. – Men bilan yur. Jinoyatchi qayerdan hovliga kirganini aniqlaymiz.
Tag‘in ayvonga, ayvondan tashqariga chiqdik. Uy eshigiga sakkiz pog‘onadan iborat zina olib chiqar, so‘nggi pog‘onaga Qoplonning loyga belangan panja izlari tushib qolgandi.
– Jinoyatchi xalqi hech qachon osonlikcha gunohini bo‘yniga olmaydi. Ularning aybini isbotlash uchun inkor qilib bo‘lmaydigan dalil-isbotga ega bo‘lish kerak!
– Menimcha, bizdagi dalillar Rustam Normatovga ayb qo‘yishga yetadi.
– Qoplonning guvohligisiz jinoyatchini burchakka siqib qo‘yolmaysan. Jinoyatchini fosh qilishda it bizga yordam beradi. Oyoqlaringni qimirlat, leytenant!
– Katta leytenant…
Aliyev menga ergashdi. Beton yo‘lakda qolgan it izlari bo‘ylab yurib, orqa tomondagi bog‘devorga chiqdik.
– Endi nima qilamiz, o‘rtoq kapitan? Bog‘devordan oshib, qo‘shni hovliga o‘tamizmi?
– Yo‘q. Orqaga qaytamiz!
– Bir savol bersam mumkinmi?
– Nega bu yerga keldig-u, nima uchun orqaga qaytyapmiz, deb so‘ramoqchi bo‘lsang, indamay qo‘ya qol. Ketdik!
Katta leytenant tag‘in menga ergashdi. Hovliga qaytdik. Aliyevdan xonadagilarni ayvonga to‘plashini so‘rab, darvoza yonida turgan serjantni yonimga chaqirdim.
– Sen shu yerda sergak tur, – dedim unga. – Uydan ayblanuvchi otilib chiqishi mumkin. Oldindan aytib qo‘yay, jinoyatchi baquvvat yigit. Yuzimni yerga qaratmaysanmi?
Serjant to‘pponchasining g‘ilofiga qo‘lini qo‘ydi.
– Bu yog‘idan xotirjam bo‘ling, o‘rtoq kapitan!
– Senga ishonaman, – dedim uy eshigini ocharkanman. – Ammo ogohlantirib qo‘yay, u menga tiriklayin kerak!
Ichkariga kirib ayvonga razm soldim. Qodir bilan Shokir kreslolarni band qilgandi. Rustam er-xotin Masharipovlar bilan divanda o‘tiribdi. Katta leytenant Aliyev yotoqxona eshigi yonida tek qotgan. Sukutga cho‘mgan gumondorlaru guvohlar tilga kirishimni kutyaptilar. Ularni ko‘pam ilhaq qilishni istamay, divan tomonga odimladim. Qodir bilan Shokirning ko‘zlarida paydo bo‘lgan tantana uchquni e’tiborimdan chetda qolgani yo‘q. Divanga yaqinlashganim sayin Rustamning boshi egila boshladi. Uning yoniga kelib yurishdan to‘xtadim. Boshini ko‘tarib menga bir qarab qo‘ygan gumondor tag‘in yerga qadalib oldi. Jinoyatchiga ayb qo‘yadigan vaqt kelgandi. Ortiqcha cho‘zishdan foyda yo‘q. Rustam Normatovning yelkasiga qo‘limni qo‘ydim. Amakisining pullaridan mahrum bo‘lish arafasida turgan kenja merosxo‘r titrab ketdi.
– Siz fuqaro Nurmat Normatovga og‘ir tan jarohati yetkazganlik va katta miqdordagi pullarini o‘g‘irlaganlikda ayblanasiz, o‘rtoq Masharipov!
Tohir orqasiga bigiz sanchilgandek, o‘tirgan joyida sapchib tushdi, xotini chinqirib yubordi. Boshqalar taxtadek qotib qoldilar. Ularning ko‘zlaridagi ifoda! Ayvonga tirik dinozavr kirib kelganida ham bunchalik hayratga tushmagan bo‘lardilar! Hatto Aliyev ham angrayib qolgandi.
– Siz… siz… – duduqlandi zumda jiqqa terga botgan Masharipov. – Hazillashyapsizmi, o‘rtoq kapitan?!
– Aslo!
– Meni ayblash uchun dalil-isbotingiz bormi?
– Bor, – o‘tirgan jinoyatchining aybini tik turgan holda isbotlashni istamay, Botirov tomonga odimladim. Shokir semiz jussasiga yarashmagan chaqqonlik bilan zumda kresloni bo‘shatdi. Yumshoq o‘rindiqqa cho‘kdim. – Xonada o‘tirganingizda sizlarga behudaga chekishni taklif qilganim yo‘q. Xaltachangizni chiqarib kaftingizga bir chimdim nos to‘king!
Masharipov imillab buyrug‘imni bajardi. Uning nosi dona-dona, uy sichqonining axlatiga o‘xshab ketardi.
– Mana bu esa, – cho‘ntagimdan yelim xaltachani oldim. Xaltachaga Normatovning yotog‘idan topilgan nos donachalari solingandi, – jinoyat joyidan topildi.
– Nima bo‘libdi jinoyat joyidan topilgan bo‘lsa? Qodir ham, Shokir ham, ana Rustam ham nos chekadi-ku?!
– To‘g‘ri, biroq ular mayda nos chekadilar. Bizning bozorlarda faqat kukun nos sotiladi. Sizning xaltachangizdagi nos Toshkent tomonlarda yashaydigan noskashlarning ermagi. Siz esa kecha Toshkentdan qaytgansiz.
Guvohdan gumondorga aylangan Masharipov og‘ziyu ko‘zini lang ochib qotib qolgan xotiniga qarab qo‘ydi. Bu holat mening to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimdan dalolat berardi.
– Shu narsa menga ayb qo‘yishga asos bo‘la oladi, deb o‘ylaysizmi?
– Bu hali hammasimas. Katta leytenant Aliyev sizlarni tergov qilganida xotiningiz aytgan gaplar esingizdami? Agar xotirangizning lattasi chiqqan bo‘lsa, esingizga solishim mumkin. Xotiningiz Normatovning tong saharlab to‘shakni tark qilishi, sizlar kelguncha itni bog‘lab, hovli eshikni ochib qo‘yishini aytgandi. Bugun esa bu ishni siz qilgansiz, darvozadan ichkariga oshib tushib, eshikni ochgansiz.
Hamon ayvon yo‘lagida qotib turgan Aliyevning o‘ziga umuman yarashmaydigan mo‘ylovi qimirlab, peshonasi g‘ijimlanganini ilg‘adim. Katta leytenant shu harakat bilan hech baloga tushunmayotganini oshkor qilgandi.
– Men atayin Normatovning merosxo‘rlarini bitta-bittadan ichkariga qo‘yishni buyurdim, – davom etdim chap tizzam ustiga o‘ng oyog‘imni olib. – Maqsadim itning ularga qanday munosabat bildirishini aniqlash edi. Qoplon aka-uka Botirovlar va Rustam Normatovni sovuq vajohat bilan kutib oldi. Zanjirband bo‘lmaganida ularni g‘ajib tashlagan bo‘lardi. Ammo darvozadan oshib hovliga tushganingizda it sizga tashlanmagan. Aks holda, hozir bu yerda emas, kasalxonada yotgan bo‘lardingiz! Istasangiz, e’tiroz bildirishingiz mumkin.
Nimadir deyishga chog‘langan Masharipov tiliga kelganni ichiga yutib, ayvon eshigiga qarab qo‘ydi. Xuddi shu qiliqni kutayotgandim undan!
– Buyam hali hammasimas. Qayerda yashashingizni so‘raganim esingizdami? Shuningdek, Normatovning bog‘iga suv quyilganini ham unutmagan bo‘lsangiz kerak? Qoplon tunda bog‘da chopqillagan ko‘rinadi. Shuning uchun ham yo‘laklarga quyilgan beton sathida uning loyga belangan panja izlari qolgan. Biz katta leytenant bilan izlarni yoqalab yurib, orqa tomondagi bog‘devorga chiqdik. Bog‘devorga yetib g‘oyib bo‘lgan panja izlari orasida erkak kishining oyoq kiyimidan qolgan changli iz yaqqol ko‘rinib turibdi. Siz bog‘devor osha Normatovning hovlisiga o‘tgansiz. Devorning narigi tomonidagi uy – sizniki!
Shunday deyishim bilan Masharipov sakrab oyoqqa turdi. Kiyimiga chang solgan Rustamning qo‘llarini siltab tashlab, tashqari eshikka otildi. Aliyev uning orqasidan. Men joyimdan qimirlaganim ham yo‘q. Ayblanuvchining ayvonga qaytarilishini kuta boshladim. Kutganimdek bo‘ldi, katta leytenant lang ochiq qolgan eshikka yetib-etmay tashqaridan ingragan tovush eshitildi. Oradan bir necha lahza o‘tgach, Aliyev bilan serjant Masharipovni ayvonga olib kirdilar. La’natining qo‘liga urilgan kishan o‘ziga juda yarashib turardi! O‘rnimdan turib, ularga yaqinlashdim.
– Itni qo‘lga o‘rgatganingizni xo‘jayiningiz bilarmidi?
Tohir og‘ir xo‘rsindi.
– Bilardi. Qoplonni kuchukligida o‘zim olib kelgandim…
– Seyfning ochqich raqamlarini ham bilarmidingiz?
– Xo‘jayin Rustamga aytayotganida tasodifan eshitib qolgandim…
Bir-biriga qarab qo‘ygan Qodir bilan Shokir Rustamga yeb qo‘ygudek qadaldilar. Garov o‘ynashga tayyorman, ular Rustam jinoyatchi bo‘lib chiqmagani uchun ming afsus qilardilar bu palla.
– Davom eting!
– Nurmat aka do‘koni bilan restoranini sotib tushgan pulni seyfiga joylaganini eshitganimdan keyin… shayton yo‘ldan urdi. Pullarni o‘marish uchun qulay fursat kelishini kuta boshladim.
– Kecha o‘ylagan rejangizni amalga oshirib, suvdan quruq chiqish uchun qulay fursat tug‘ildi, shundaymi?
– Shunday. Xo‘jayinning Rustamga baqirganini eshitgandim. Nurmat akaning pullarini o‘marsam, militsiya uning merosxo‘rlari bilan andarmon bo‘ladi, menga e’tibor bermaydi, deb o‘yladim. Adashgan ekanman…
– Nega amakimni o‘ldirmoqchi bo‘ldingiz, Tohir aka? – so‘radi Rustam o‘rnidan turib.
– Unga jarohat yetkazish rejamda yo‘q edi. Xo‘jayin uyqu dorisiz uxlolmasligini bilganim uchun hech nimani sezmaydi, deb o‘ylagandim. Kapitan aytganidek, bog‘devordan oshib hovliga tushdim. Qoplon bog‘da yurgan ekan, meni tanib yonimga keldi…
– Uy eshigini qanday ochdingiz?
– Kalit bilan. Eshik kalitidan nusxa olib, ustaga yasatgandim. Avval ayvonga, keyin yotoqxonaga kirdim. Xo‘jayin kirganimni sezgani yo‘q. Biroq, seyfga yaqinlashgan paytim ko‘zlari “yarq” etib ochildi. Deraza raxida turgan haykalcha bilan qanday qilib boshiga zarb tushirganimni o‘zim ham bilmayman…
– Rustam Normatovning tugmasini qayerdan olgandingiz? – tergovni davom ettirdi katta leytenant Aliyev.
– Kecha Qodirni uydan sudrab chiqayotganida kurtkasidan uzilib tushib qolgandi. O‘zimni butkul gumondan soqit qilish uchun tugmani xo‘jayinning kaftiga qo‘ydim. Cho‘ntagimdan tugmani olayotgan paytim nos solingan xaltacham tushib ketdi. Nos donachalari polga to‘kilganiga e’tibor bermabman…
– Nima uchun…– o‘tirgan joyida beshiktebratarday tebranayotgan Shirin eriga qaradi. Sho‘rlik ayolning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgandi. – Nima uchun bu ishni qildingiz, dadasi?
Javob qaytgani yo‘q.
– Rustamjon bizga qancha yaxshiliklar qildi. Agar u pul bermaganida haliyam ijara uyda yashayotgan bo‘lardik. Rustamjonning yaxshiliklariga tuhmat qilish bilan javob qaytarmoqchi bo‘ldingizmi, dadasi?.. Sizda insof bormi, dadasi?!!..
Tag‘in javob qaytgani yo‘q. Lotinchada bir ibora bor. Nullum crimen sine poena! Jinoyat jazosiz qolmaydi, degani. Mana isboti. Masharipov har qancha hiyla ishlatgan bo‘lmasin, jazodan qochib qutulolmadi.
Eshikka yo‘naldim. Mayor Nazarov tergov-surishtiruv ishlarida katta leytenant Aliyevga yordam berishimni buyurgandi. Buyruqni bajardim. Qolganini leytenantning o‘zi eplaydi…
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 8-son