Qo‘chqor Norqobil. Qaytmasang ham qaytgin (kinoqissa)

I

Moskva. Kun peshindan oqqan. Shahar gavjum. Hayot qaynaydi. Yo‘laklarda odamlar oqimi. Hamma shoshadi. Kishilar turmush tashvishlari girdobida. Yo‘llarda mashinalar tirband. Hayot oqimi, borliqning tundligi-yu, yomg‘irning tinimsiz ezib yog‘ishi pisand emas.
Yana aytsak, shahar ezib yog‘ayotgan yomg‘ir og‘ushida. Yo‘lovchilar qo‘llarida soyabon tutib olgan. Onda-sonda uchraydigan soyabonsiz yo‘lovchilar esa yelkalarini qisgan ko‘yi shoshib yugurgilaydi.
Avjiga olayotgan yomg‘ir ostidagi odamlar to‘lqini ichida qo‘lida pushtirang soyabon tutgan, qaddi-qomati adl, chehrasi yoniq, tip-tiniq, moviy ko‘zlarida allanechuk sehr zohir, kumushrang sochlari shovullab yelkasiga tushib turgan 25-30 yoshlar chamasidagi juvon allaqayergadir shoshib bormoqda. Xayoli parishon tortgan bu go‘zal odamlarga urilib-surilib oldga intiladi. Yomg‘irli kun, shaharning tirband yo‘laklari ichra qayergadir shoshayotgan bu sanam – Irina. Shuncha odam ichidan kamera Irinani topib olganini shunday bo‘lishi kerak edi deb qo‘ya qolaylik. Uning odamlar oqimida urinib-surinib oldga shosha-pisha intilib borishiga monand holda shoir Aleksandr Faynbergning “Blajennыy bereg” (“Halovat sohili”) degan she’ri tasvir ortidan o‘qiladi.

Asrlar qa’ridan miltirar umid
Yurakda o‘rtangan kabi jarohat.
Qaydadir Saodat sohili mavjud,
Unda umrboqiy muhabbat, rohat.

Dengizchilardan bu haqda so‘rdim,
Dedilar: – Ishongin, ko‘ngling bo‘lsin to‘q,
Barcha ummon, barcha dengizni ko‘rdik,
Saodat sohili yer yuzida yo‘q.

– Yerda bo‘lmasa gar, balki falakda,
Balki yulduzlarning bag‘rida nihon?
Kimdir taskin berdi menga yurakdan:
– Bas, iltijo qilma, yig‘lama nolon.

She’r bandlari goh erkak, goh ayol ovozida o‘qiladi. Shunday bo‘lgani yaxshi. Chunki shaharning boshqa bir tomonida, gavjum yo‘lakda, yomg‘irpo‘shi yoqasini ko‘tarib olgan erkak ham shoshib kelayapti. She’r avjida tasvir almashib turadi. Goh shoshayotgan ayol, goh shoshib yugurgilab kelayotgan erkak, yomg‘ir, odamlar oqimi… Ayol bilan erkak bir-biri tomon intilayotgani bizga ma’lum bo‘ladi. Ana, ular odamlar ichidan bir-biri tomon kelmoqda. So‘ng… ular katta yo‘lga tutash yo‘laklarga kelib mashinalar g‘izillab o‘tayotgan yo‘lning ikki chetida bir-biriga qarab to‘xtab qolishadi. She’rning so‘nggi bandi aytiladi…

Parqu bulutlarning ortida yiroq
Yulduzlar porlaydi bamisoli cho‘g‘.
Sayyoralar bisyor osmonda, biroq
Unday sohil yo‘qdir, unday sohil yo‘q.

Baxtimga imkonim o‘z qo‘limda-ku,
Ijobat aylayman dil xohishini:

– Allo. “Halovat sohili” kafesimi bu?
Stol buyuraman ikki kishilik.

Ayol tabassum qiladi. Erkak ham. Yomg‘ir ezib yog‘moqda. Erkak turgan joyida yo‘l chetidagi kafega jilmayib qaraydi. Ayol ham kulimsirab o‘sha tomonga qaraydi. Kafe peshtoqida yozuv: “Halovat sohili” – “Blajennыy bereg”.
Bir necha lahzadan so‘ng. Ular shu kafeda bir-birlariga qarab o‘tiribdi. Ikkovining ham chehrasi masrur. Stolda yeguliklar. Shampan vinosi. Erkak ayolning stol osha cho‘zilgan qo‘lini kaftlari orasiga olib uning chehrasiga mamnun termuladi.
Tasvir: Ekranda “Ko‘zlaringni ko‘rgani keldim” degan yozuv. Bu bizning filmimiz nomi!

II

Zim-ziyo tun. Qorong‘ulik ichra sukutni qoq yorib poyezd olg‘a intiladi. Vagon tanburida bezovta alfozda buruqsitib sigareta chekayotgan o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlar chamasidagi yo‘lovchi oynadan miltillab uchib o‘tayotgan simyog‘ochlar yorug‘iga bezovtalanib qarab turadi-da, sigaret qoldig‘ini yerga tashlaydi. Soatiga bezovta alfozda qarab, yana tambur oynasiga ko‘z tashlaydi. Poyezd qora tun bag‘rini yorib uchmoqda. Atrof endi zimiston. Yo‘lovchi tambur eshigini ochib, zimistonlik ichra bosh suqqanday bo‘ladi. Shu payt tamburga ikki kishi kirib keladi, ochilgan vagon eshigidan tanburga xira yog‘du kirib, lahzada oldindagi erkakning yuz qiyofasi g‘ira-shira ko‘zga tashlanib o‘tadi. Olddagi erkakning soniyada yorishgan chehrasini biz anglab-anglamasdanoq, ortdagi kishi qo‘ynidan nimadir chiqarib yolg‘iz yo‘lovchining boshiga tushiradi. Yolg‘iz yo‘lovchi ihrab enkayadi, ikki bukilib qoladi. Tambur eshigini ochib-yopgan erkak esa qo‘ynidan pichoq chiqarib, kaltaklangan erkakning biqiniga uradi. Iztirobli ixroq… Bosqinchilardan biri tambur eshigini ochadi. Ikkinchisi pichoqlangan kishining yon cho‘ntagini titadi. Hamyonidan pasport, qo‘ltelefon va ikki bog‘lam pulni oladi. Ikkovlashib o‘lim holatidagi erkakni tamburdan tashqariga tashlab yuborishadi.
…Poyezd zulmat qa’rini yorib oldga intiladi.

III

Kuz. Shahar yo‘laklari chetida qad rostlagan daraxtlarning yengil shabada ta’sirida chirt uzilgan oltintus yaproqlari namchil borliqda biroz muallaq turadi-da omonatgina yerga qulab tushadi.
Vokzalning hayot tashvishlari-yu quvonchlarini o‘z og‘ushiga olgan oynavand binosi yoniga taksi kelib to‘xtaydi. Orqa o‘rindiqdan oltinsoch, Xudo qaddi-kamoldan qismagan, xushbichim, chiroyli rus ayoli hamda yetti yoshlar nari-berisidagi bolakay tushadi. Ayol haydovchi bilan hisob-kitob qiladi. Haydovchi yukxonani ochib, undan ayolning yuklarini olib yerga qo‘yadi. Bolakay atrofga angrayib qaraydi. Haydovchi qo‘li bilan vokzal eshigini ishora qiladi. Ayol bosh irg‘aydi. Uning chehrasiga razm solamiz, bu o‘sha – “Halovat sohili”da o‘zi intilgan inson bilan ko‘rishgan Irina.
Haydovchi ketadi. Ayol va bolaning yoniga ust-boshi haminqadar, aftidan shu atrofning kunda-shunda o‘smirlaridan biri yugurib keladi. Nima qilarini bilmay atrofga javdirab qarab turgan ayolning yoniga keladi-da, uning yerdagi yuklarini olib, tap tortmay ayolga murojaat qiladi:
– Qani, ketdik. Sizlarga yordamlashaman. Yuring, nega turib qoldingiz?
Ayol unga qiziqsinib qaraydi, biroz taraddudlanib qoladi.
Shu mahal arava sudragan yigit kelib haligi o‘smirga o‘shqiradi.
– Qo‘y joyiga, – o‘smirning qo‘lidagi yuklarga chang solib, ularni o‘z aravasiga ortadi, – yana shu yerda ko‘rinsang oyog‘ingni urib sindiraman demaganmidim?! Yo‘qol bu yerdan!
O‘smir norizo ohangda nimadir deb g‘udranadi-da, burilib ketadi. Ayol o‘smirning ortidan o‘kinib qaraydi va yigitga qarata:
– Axir u menga yordamlashmoqchi edi. Bekorga xafa qildingiz, – deydi.
– Nima? Yordam beradi emish. Mana men yordamlashaman. Unga ishonsangiz, yukingizdan ayrilasiz.
Ayol yelka qisadi. Aravakashning ortidan ergashadi. Ular vokzal ichkarisiga kirishadi.
Vokzal hayoti. Olag‘ovur. Birov kutgan, birov kuzatgan. Hammamizga tanish manzara. Yo‘qotgan ham shu yerda, topgan ham shu yerda.
…Perronda yoshi yigirma beshga yetib-etmagan, egnida mirshabi kiyim, leytenant yigit ellikni qoralagan bo‘lsa-da, ko‘rinishidan juda tetik va bardam, buning ustiga yigitlarga xos tarzda qora jinsi shim va qora “vodolazka” ustidan charm kurtka ilib olgan, abjirligi xatti-harakatidan sezilib turgan, kalta qirov soch nimanidir kuzatyapti.
– Oq yo‘l Botir aka! Yetib borishingiz hamon bizga qo‘ng‘iroq qiling. U yoqda yigitlarning ham xabari bor! Salom ayting.
Mirshab yigit qo‘ltig‘idagi yelim to‘rvani olib Botirga uzatadi.
Botir:
– Bu nima?
Militsioner:
– Bo‘limda yigitlar yo‘lga deb tayyorlashdi. Oling. Yo‘lda yo‘ldoshla­ringiz bilan baham ko‘rasiz.
– Ovora bo‘psizlar… Nima keragi bor! Poyezdda restoran yo‘q deb o‘yladinglarmi? – Botir kulimsiraydi… So‘ng yelimto‘rvani uzatib turgan yosh zobitni noqulay ahvolda qoldirmaslik uchun uni qo‘lidan oladi.
– Botir aka! Axir, hammamiz sizning shogirdlaringizmiz? Bizga ham sizday ishlab, izzat-ikrom bilan nafaqaga chiqish nasib etsin!
– Shundaymi. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi.
Shu mahal vagon eshigi oldiga aravakash yigit yetovida Irina va uning yetti yashar o‘g‘li kelishadi. Aravakash aravadagi yuklarni yerga olib qo‘yadi. Yosh militsioner ularga, ayniqsa, Irinaga qiziqsinib qaraydi. So‘ng Botirga qarab kulimsiraydi. Aravakash yuklarni yerga qo‘ygach, zobit Botirga hadik bilan qarab qo‘yadi:
– Mana, vagoningizga ham yetib keldingiz. Oq yo‘l!
– Rahmat, – Irina sumkachasini kavlashtiradi.
– Yo‘q, pul kerakmas, kerakmas.
Irina aravakashga yana bir bor rahmat aytadi-da, qo‘lidagi chiptani vagon kuzatuvchisi (provodnik)ga uzatadi. Vagon kuzatuvchisi chiptani olib:
– Kiring, marhamat. Oltinchi kupe, – deydi.
Botir hamda zobit ayolning ortidan bir zum ko‘z tikilib qolishadi. Zobit quvgina shekilli, og‘ir xo‘rsinib, bosh irg‘ab ham qo‘yadi.
– Ustoz, mana ajoyib yo‘lovchiga ham hamroh bo‘ldingiz. Eh-hey…
Botir ko‘rsatkich barmog‘ini bigiz qilib, “Jim” ishorasini qiladi-da, kulib yuboradi. Poyezd o‘rnidan jiladi. Yosh zobit qo‘lini boshiga tekkizib “chest” berib kuzatib qoladi.
Vagon kupesi. Kupe oynasi darpardasi yarmigacha sidirilgan. Oynadan bir-bir ortda qolayotgan simyog‘ochlar, dov-daraxtlar, temir yo‘l atrofdagi uylar ko‘zga chalinadi. Ayol Botirga e’tibor bermay, kupe oynasidan tashqariga razm solib ketayapti. U o‘z o‘ylari bilan andarmon. Xayolga cho‘mgan. Kupeda Botir borligini sezmayotganday. Bolakay onasining pinjiga tikilib mo‘ltirab, ko‘zlari yumilib borayapti, charchagan. Botir o‘ng‘aysiz holatda tomoq qirib qo‘yadi. Ayol e’tibor bermaydi. O‘z o‘ylari bilan band. Onasining pinjiga kirib, uyquga ketgan bolakay beixtiyor yon tomonga chayqalib yiqiladi. Ayol o‘g‘lini turg‘izadi. Botirning qarshisida hijolat chekadi.
– O‘zingni tut, Temurchik. O‘zingni tut. Charchagansan-a?..
Ayol o‘rnidan turadi. Temur uyqusirab, “Oyi… Oyi… Uxlayman”, deydi.
Ayol Temurni yotqizib Botirga qaraydi. Botir ayolning ko‘zidagi savolni uqqanday bo‘ladi. Vaziyatni qo‘ldan bermaydi:
– Bemalol. Ikkalangiz ham pastdagi o‘rinda dam olishingiz mumkin. Men tepaga chiqaman.
– Rahmat Sizga! O‘g‘lim charchab qoldi. Samolyotdan tushib to‘g‘ri vokzalga keldik.
Botir o‘rnidan turadi.
– Mayli, men sizga joy bo‘shata qolay, – u yuqori o‘rin to‘shagini yozadi.
– Yo‘q… Hozir bezovta bo‘lmang. Bemalol o‘tiravering, – deydi ayol.
Botir kupe stolchasiga yelimxaltadagi u-bu narsalarni qo‘ydi. O‘g‘lining yonida o‘tirgan ayolga mulozamat qildi:
– Qani marhamat! Dasturxonga qarang…
Ayol o‘rtadagi noz-ne’matlarga ko‘z qirini tashlab, minnatdorchilik bildiradi:
– Rahmat… Siz bemalol olavering…
– E-ey, yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Siz menga hamrohsiz. Yo‘ldagi hamrohlarning esa jim qotib, mum tishlab ketishi mumkinmas, – Botir kulib, o‘zini ayolga yaqin olmoqchi bo‘ladi. Ayol kuladi.
– Xo‘sh, unda tanishaylik, – ayol beozor jilmayadi, – ismim Irina! Irina Andreevna! Manovi yonimda cho‘zilib olgan pahlavon esa Temurchik. Temur…
– Mening ismim Botir. Bugundan boshlab ozod qushman, ya’ni navqiron nafaqaxo‘rman, – sharaqlab kulib yuboradi, so‘ng qo‘llarini yozib izoh beradi – Kasbimiz shunaqa! Qani, marhamat, manovi tovuq go‘shtidan oling. (So‘ng uxlayotgan bolakayga qarab…) – Uxlab qoldi-da, balki uyg‘otasizmi, u-bu narsa yeb olarmidi?
Botirning samimiyati Irinaning dilini ravshan qiladi. Chiroyli chehrasiga tabassum inadi. O‘g‘liga qilayotgan mehri tufayli Botirga samimiy jilmayib bosh irg‘aganday bo‘ldi.
– Yo‘q. Uxlayversin! Qorni to‘q…
Ayol ham yonidagi yukxaltasini ochib ichidan kolbasa, bir banka bodring tuzlamasini olib qo‘yadi. Botir qo‘llarini ishqab “Ux” deb yubordi.
– O… zo‘r! Demak tanishganimiz uchun jindak-jindak otamiz, yonidagi yelimxaltadan bir shisha aroq olib dasturxonga qo‘yadi, – albatta, ruxsatingiz bilan!
– Mayli… Lekin men ko‘p ichmayman.
– Men ham ichuvchi emasman. Ramziy ma’noda, ozgina-ozginadan…
Botir piyolalarga aroq quyadi.
– Siz uchun. Temurning sog‘lig‘i uchun. Tanishganimdan xursandman!
Ular ichishadi. Irina yana nigohini kupe oynasiga qadaydi. Uzoq yillar ichki ishlar idoralarida izquvar, tergovchi bo‘lib ishlagan Botir uning dilida allanechuk g‘ashlik o‘ti yonayotganini his qiladi. Vagon derazasidan tashqariga boqib, o‘yga g‘arq bo‘lgan Irinaga zimdan nazar soladi. Ayol Botirning kuzatib turganini his etib, og‘ir xo‘rsinadi, Botirga ko‘z qirini tashladi. Botir o‘rtadagi noqulaylikni buzish uchun:
– Xo‘sh, Irina Andreevna! Bu poyezd Buxoroga boradi. Demak… Siz ham adashmasam Buxoroga! Biror bir yumush bilan borayapsizmi?
– Ha. Buxoroga! Buxoroga borayapman! – so‘ng o‘zini bamaylixotir tutishga urinib, – Buxoroni ko‘rib, tomosha qilib qaytmoqchimiz. Sayyohlik safari desangiz ham bo‘laveradi…
Botir ayolni yana gapga tortganidan xursand bo‘ladi. Yana piyolalarga aroq quyadi…
Irina:
– Yo‘q… endi bo‘lar.. Aytdim-ku, kam ichaman.
Botir:
– Oling… Bitta zo‘r qiziq gap aytaman. Bu gapni o‘n yillar avval menga bir yigit aytgandi. O‘shanda Moskvaga uchayotgandik. Eshitasizmi?
Irina qadahni qo‘liga oladi…
– Mayli, ayting.
Botir ko‘ksini kerib, qo‘lida qadah tutib, dabdabali tarzda nutq irod etayotgan kishi simbatiga kiradi:
– Buxoro! Agar yer shari necha bor aylanmasin, dunyo tamadduni qanday cho‘qqiga ko‘tarilmasin, yer shari baribir hech qachon Buxoroni, Xivani, Samarqandni qaytadan qurolmaydi. Bu jahonni lol qilgan arxitektura!
Botir qadah ko‘taradi. Irina bir zum tosh qotib, Botirga termulib turadi, so‘ng titraydi, qo‘llari qaltirab qadah ko‘taradi-da, rangi oqarib Botirga mahzun termuladi. Titragan lablari pirpiraydi… g‘alati alfozga tushadi. Mahzun ko‘zlarini Botirga qadab, rangi oqargan ko‘yi qaltiraydi, lablari titraydi.
Botir:
– Buni menga o‘zbek arxitektori aytgan!
– Kim… Kim?! Kim u? – deydi sekin shivirlab.

IV

Xotirlash

Ayol nigohi tasvirga ko‘chadi. Shu nigoh orqali biz bundan o‘n yillar ilgarigi voqeaga o‘tishimiz mumkin.
Tasvirda ayol nigohi – kupeda kutilmagan holga tushib, o‘zini yo‘qotib dovdirab qolgan Irinaning nigohidan bundan o‘n yillar ilgarigi Irinaning nigohiga ko‘chamiz.
Irinaning nigohi orqali Rossiyadagi ilm-fan dargohlaridan biri, allanechuk ilmiy tekshirish institutining tor doiradagi majlisu muhokama zalini ko‘ramiz. Ilm egalarining davra musohabasiga mo‘ljallangan keng-mo‘l aylanma stol atrofida o‘n chog‘li mutaxassis olimlar ichida Irina ham o‘tiribdi. Zamonaviy shaharsozlik, tamaddun davri arxitekturasiga bag‘ishlanib o‘tayotgan xalqaro anjumanga taniqli olimlar yig‘ilgan. Har kim o‘z ilmiy taklif va nazariyalarini hayotga tadbiq etish, hozirgi tabiiy-ekologik iqlim o‘zgarishlari, turli ofatlar davrida talafot ko‘rmaydigan binolar qurish lozimligi haqida so‘zlashmoqda. Davrani boshqarayotgan salobatli rus olimining gap-so‘zlarini butun davra ahli diqqat bilan tinglamoqda.
– Xo‘sh, shunday ekan, bizning asrimizda ulkan qurilishlar hozirgi tabiiy ekologik, iqlim o‘zgarishlarini inobatga olib qurilishi, umuman olganda, tamaddun shaharsozlikning har jihatdan mukammal namunalarini talab etayapti. Dunyo umumshaharsozlik amaliyoti degan atama butun fanga kirib kelganini sohaning siz, muhtaram yetuk olimlari, yaxshi bilasiz. Juda ixcham, zamonaviy, texnik taraqqiyot hodisasidan kelib chiqib, shaharsozlikning davr talab qilayotgan umumbashariy loyihalari ustida dunyo olimlari hamjihatlik bilan bosh qotirishi hayotiy zaruratga aylandi. Oddiy bir bino – xoh turar-joy, xoh ishlab chiqarish korxonasi bo‘ladimi, dunyo tabiiy resurslarining kamxarj va sifatli mahsulotlari, hozirgi zamon kimyo-texnologiyasining yangi kashfiyoti bo‘lgan mahsulotlar evaziga global iqlim o‘zgarishlari xavfidan himoya qila olish darajasida bunyod etilishi lozim. Biz ushbu xalqaro anjuman zaliga ilmiy asosga tayangan ma’ruzalar mualliflari, dunyoning yetuk olimlarini taklif etdik. Shunday ekan, bugungi davr nuqtai nazaridan kelib chiqib, dunyo shaharsozlik fani ilmiy metodologiyasiga asos solinadi, desam fikrimga qo‘shilasiz deb o‘ylayman. Barchangizni bugungi ulkan muvaffaqiyat bilan sidqidildan qutlayman, – deydi davraboshi.
Hamma jim. Hamma go‘yoki jahoniy ilm ummonida suzmoqda. Qarashlar jiddiy. Davra stolida o‘tirganlarning ayrimlari notiq so‘zini yozib olmoqda. Ayrimlar ro‘parasidagi qog‘ozlarga ko‘z yugurtirib nimalarni­dir o‘qishmoqda. Xullas, olimlarning tor davrasi. Ko‘zoynakli-ko‘zoynaksiz, boshida sochi boru butkul sochi yo‘q olimlar go‘yoki dunyo arxitekturasi fanini dunyo shaharlari bilan qo‘shib o‘z yelkalarida ko‘tarib turganday. Ma’ruzachi atrofga mag‘rur ko‘z yugurtiradi. Kichik majlis zali sukunat og‘ushida. Irina ham qarshisidagi qog‘ozlarga termulib nimalarnidir yozmoqda.
– Xo‘sh, qani kimda yana qanday taklif bor? – deydi davraboshi.
Hamma jim. Hamma sukutda.
Shu payt olimlardan biri, qoraqosh, qorako‘z yosh yigit o‘rnidan turadi. Hamma bu osiyolik, aniqrog‘i o‘zbek yigitiga qiziqsinib, ayrimlar xafsalasizlik bilan qaraydi. Kimdir yonidagi sherigiga qarab nimadir deb pichirlab kulimsiraydi.
– Menda bir savol bor, – deydi yosh o‘zbek olimi o‘rnidan turib.
– Bemalol, – deydi davraboshi.
– Dunyo arxitekturasi umumlashma kontseptsiyaga ega bo‘linishiga qarshi emasman. Bu yaxshi g‘oyadir, ehtimol…
Shu mahal bir rus olimi luqma tashlaydi:
– Ehtimol deyapsiz, nima balo, bu g‘oyaning samarasiga shubhangiz bormi?
– Yo‘q, men bu ma’noda gapirmoqchimasman. Men demoqchimanki, adabiyot va san’at, madaniyatning umumdunyoviy shohsupaga chiqishi uchun, eng avvalo, ularning o‘zagi, negizida, markazida milliy an’ana va qadriyat, bir so‘z bilan aytganda, milliylik bo‘lishi kerak. Arxitektura esa o‘z-o‘zidan men yuqorida aytgan tushunchalarning, ya’ni, adabiyot, san’at va madaniyatning bir qismi, bir bo‘lagidir. Arxitekturani bularsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Demak, arxitekturada milliy jozibaning saqlanishi shaharsozlikda ham milliylik, o‘sha yerda yashovchi millatu elatlarning o‘ziga xos madaniy qadriyatlari aks etishi zarur.
Zalda g‘ala-g‘ovur, biroz sarosima boshlanadi. Kimdir bosh chayqaydi. Kimdir yigitga qiziqsinib qaraydi:
– Tohir To‘lqinovich, mening ham sizga bir savolim bor. Global iqlim sharoiti inobatga olinib, global arxitektura, ya’ni keyingi asrlarning umumiy shaharsozlik qiyofasi talqin etilayotganini anglayapsizmi?
Davradagi olimlardan kimdir miyig‘ida kulib qo‘yadi. Irina yosh olim – Tohir To‘lqinovichga hamon qiziqsinib qarab turibdi.
Tohir javob beradi:
– Hozirgi asrmi, keyingi asrlar bo‘ladimi, lekin milliylik tushunchasi o‘z ahamiyatini yo‘qotmasligi kerak deb o‘ylayman.
Haligi rus olimi yana luqma tashlaydi.
– Siz globallashuv tushunchasini qanday tushunasiz, avvalo shu haqida fikringizni bilsak chakki bo‘lmasdi.
Tohir bamaylixotir javob beradi:
– Globallashuv, sodda qilib aytishim mumkin: ham yaxshi, ham yomon. Oq va qora degani kabi.
Boshqa bir olim:
– Siz, fikringizni jumboq tarzda bayon etmang. Hozir global arxitektura taqdiri haqida gap ketayapti.
Tohir boshqalarga, Irinaga ham ko‘z yugurtiradi. Kulimsiraydi.
– Mana shu davrada o‘tirganlarning hammasi deyarli bir xil kiyimdamiz. Kostyum-shim kiyganmiz, bo‘ynimizda galstuk… Lekin, ichimizda yana bir boshqacha ko‘rinishda, boshqacha kiyimda, bizdan alohida ajralgan holda go‘zal bir ayol o‘tiribdi. Uning o‘y-qarashlari, orzulari biznikiga o‘xshash. Uning shu davrada bo‘lishi balki davraga fayz kiritayotganidir.
Yana o‘sha savol bergan olim:
– Siz qiziq odam ekansiz-ku?! Siz savolning mohiyatiga yetdingizmi o‘zi?
Tohir endi jiddiy tus olib:
– Men nima demoqchiligimni Siz anglamayotganga o‘xshaysiz? Balki xohlamayapsiz?
– Nima, nima deyapsiz? – Haligi olimning jahli chiqa boshlaydi.
– Global san’at, global madaniyat, global hayot, xullas, har narsani globallashuvga tiqishtiraverib, yer yuzidan turfa xillik, turfa madaniyat, turfa xalqlarning turfa yashash tarziga hamla qilinayotganini nahotki sezmayotgan bo‘lsangiz? Yuqorida aytdim: arxitektura bu san’at, arxitektura bu adabiyot, arxitektura bu madaniyat, arxitektura bu insoniyat yashash tarzining muhim manbasi, buni globallashuv soyasi ostida qoldirib bo‘lmaydi. Chunki milliylikdan xoli shaharlarda milliy qiyofa bo‘lmaydi.
Tohir o‘rniga o‘tiradi. Irina uni zimdan kuzatadi. Davradagilardan kimdir Tohirni qo‘llab-quvvatlaydi.
– Men Tohir To‘lqinovichning fikrlariga qo‘shilaman, – deydi olimlardan biri.
– Chiroyli nutq, dabdabali iboralar bilan bugungi mavzuni yoddan chiqarib qo‘ymayapmizmi? – deydi davraboshi olim.
Tohir yana o‘rnidan turadi.
– Shaxsan men chiroyli nutq so‘zlab, iboralar jozibasini namoyish qilmadim, arxitekturada milliy ruh saqlanishi kerak degan aniq-tiniq fikr tarafdoriman…
Tohirga qarshi chiqqan olimlardan biri:
– Demak, Siz qarshisiz?
Tohir:
– Men qarshimasman. Faqat taklif kiritayapman, anjuman loyihasining mukammal bo‘lishi tarafdoriman.
Yana o‘sha olim piching aralash:
– Ochiq aytavering, Siz globallashuvga qarshisiz?
Tohir endi qat’iyat bilan:
– Sizga bir misol keltiraman. Hind xalqining buyuk o‘g‘loni Maxatma Gandining bir gapi bor. “Men uyimning hamma derazalaridan quyosh nuri tushib turishini xohlayman. Sof bahor havosi kirishi uchun uyning derazalarini ham ochib, shamollatib turishim lozim. Lekin, uyim derazasidan yengil shabada emas, bo‘ron kirib hamma tomonni ostin-ustun qilib, hatto uyimni ham uchirib ketishiga qarshiman. Globallashuv bo‘roni bizning madaniyatimizni kutilmagan bo‘ron kabi uchirib ketmasligi kerak”, deydi Maxatma Gandi. Endi tushungandirsiz?
Hamma jim. Haligi olim Tohirga tan bergisi kelmaydi.
– Siz o‘zingizdan gapiring. Gandini tinch qo‘ying.
Tohir o‘zini qo‘lga olib:
– Men o‘zimdan gapirsam, o‘zim tug‘ilib o‘sgan yurt dunyo arxitekturasining beshigi sanaladi. O‘zimdan gapirsam, o‘zim ulg‘aygan yurt dunyo shaharsozligining boshlanishi sanaladi. O‘zimdan gapirsam, tsivilizatsiya bo‘ladimi, globallashuv bo‘ladimi, dunyo turguncha turadigan jahon arxitekturasining gultojisi bo‘lgan obidalar mening yurtimda. Ular dunyo turguncha turadi. Milliylik deganda men shuni tushunaman. Yer shari necha bor aylansa ham Buxoro, Xiva, Samarqand shaharlari qayta qurilmaydi. Yer shari shaharsozligida dunyo xalqlarining milliy qiyofasi saqlanib qoladi. Bilib qo‘yshingiz kerakki, dunyoning yana bir mo‘jizasi Toj-Mahalni ham mening bobom qurgan. Shunday ekan, milliylik arxitekturaning joni deb bilaman.
Hamma jim! Irina Tohirga samimiyat bilan termuladi.
Majlis tugagan. Yig‘in ishtirokchilari ilmiy-tekshirish instituti foyesidan chiqib kelmoqda. Bino ichkarisidan chiqib yo‘l chetiga o‘tayotgan Tohirning ortidan Irina yetib keladi, uni to‘xtatadi.
– Sizni bir daqiqaga mumkinmi?
Tohir ortiga o‘girilib qaraydi. Haligi ayol. Majlisdagi go‘zal. Tohir jilmayadi. Irinaga qaraydi. O‘zini quvnoq holda tutadi.
– Nega endi mumkinmas ekan? Bir daqiqaga emas, bir soat, bir kun, bir yil (kuladi) bir umrga mumkin!
Ayol ham jilmayadi.
– Qoyil! Sizni yaxshi arxitektor deb o‘ylasam, shoir-faylasuf ham ekansiz.
– Ehtimol… She’r yozaman, lekin o‘zim uchun yozaman.
Ayol Tohirning samimiyatiga tabassum baxsh etadi.
– Menga sizning fikrlaringiz yoqdi. Ayniqsa, global shaharsozlik mavzusini bir xil guldan iborat guldastaga o‘xshatganingizga qoyil qoldim.
– Rahmat… – qani ketdikmi? – Tohir yo‘lak bo‘ylab yo‘l boshlamoqchi bo‘ladi.
– Qayerga boramiz?, – Irina savol nazari bilan qaraydi.
– Siz qayerga desangiz shu yerga, (keyin kulib yuboradi) – Ismingizni ham so‘ramabman…
– Irina!
– Tohir! – Yigit o‘zini tanishtiradi.
Ular yo‘lak bo‘ylab birga ketishayapti.
Irina: – Tohir, Siz qat’iyat bilan o‘z fikringizni o‘tkaza olarkansiz.
Tohir: (jilmayib) – Lekin bu fikrlar inobatga olinarmikin, gap shunda. Bugun Moskvada, ertaga Londonda, keyin dunyoning yana bir burchagida davom etadigan bunday xalqaro allambalo anjumanlarning aksariyati bugungidek besamar, natijasiz tugayveradi. Kim bilsin, men shunday o‘ylayman.
– Men Sizni optimist, o‘z yurtini qattiq sevadigan inson ekanligingizni his qildim? Shu bilan birga Siz hissiyot izmidagi odamsiz, lekin optimist, ya’ni tongni kulib qarshi oladigan odam!
– Kim o‘z yurtini sevmaydi. Hayotni sevish, zavq tuyish tuyg‘usi bo‘lmasa, bu dunyoda yashashning ma’nisi qolmaydi.
– Har bir gapingiz tagdor, ma’noli va jarangdor-a? Ayniqsa, Yer shari Buxoro, Xiva, Samarqandni qayta qurolmaydi, degan gapingiz yuragimni titratib yubordi, – Irina hayajonini yashirolmaydi.
– Siz O‘zbekistonda bo‘lganmisiz, Buxoro, Xiva, Samarqandni ko‘rganmisiz?
– Afsuski yo‘q!.. Lekin borib ko‘rish yagona orzuyim…
Tohir joyida taqqa to‘xtab, hazil ohangda:
– Unda qani ketdik!, – qo‘llarini ikki yonga yozadi.
Irina ko‘zlarini katta-katta ochib, go‘yo hayratlangan alfozda:
– Qayoqqa?!
– O‘zbekistonga! Buxoro, Xiva, Samarqandni ko‘rgani!
– Hozir-a?
– Ha, hozir! – Ular ikkisi ham kulib yuboradi.
– Yo‘o‘o‘q! Yo‘-o‘-q!, – Irina erkalanib bosh chayqaydi, – hozir biror joyga borib tushlik qilsak, nima deysiz? Moskvani yaxshi bilasizmi?
– Ey-ey, esim qursin. Aslida Sizni men taklif qilishim kerak edi. Moskvani bilish-bilmasligimning esa ahamiyati yo‘q. Boradigan joyni Siz tanlang! Men roziman!
Ular yana bir-biriga jilmayishadi. Yo‘l chetida taksi to‘xtatishadi. Mashina ularni serqatnov ko‘cha ichra olib ketadi.

V

Vagon kupesi. Irina hamon derazadan tashqariga qarab, oyna oldidan lipillab o‘tayotgan manzaralarni kuzatmoqda. Botir kupe “dasturxoni”dagi u-bu narsalarni tartibga solgan bo‘lib, yana Irinaga qaraydi. Uning xayol surayotganiga halal bermaslik uchun tomoq qirib qo‘yadi. Irina Botirga qaraydi. Biroz o‘ng‘aysizlanadi:
– Kechirasiz, tashqariga qarab xayol surib qolibman. Yoshligimdan odatim shunaqa, ayniqsa, deraza oldida o‘tirvolib, soatlab ko‘chaga termulishim uydagilarning ham joniga tegib ketardi.
– Hechqisi yo‘q… Xayol insonni yerdan yuksaklikka olib chiqadi, boshqa dunyoga olib o‘tishi, kichik soniyada samovotni tasavvurga joylashtirishi mumkin. Xayol insonga berilgan, fan tomonidan hali izohlanmagan, bundan keyin ham to‘liq izohini topmaydigan mo‘jiza.
– Ha, xayol insonni yuksakka chiqarishi ham, yerga urib chilparchin qilishi ham mumkin, – Irina og‘ir uh tortadi.
Botir kasbiga xos zukkolik izmida uning ko‘nglida qandaydir og‘riq, qalbida dard cho‘kib yotganini sezadi. Unga sinovchanlik bilan razm soladi.
– Buxoroga shunchaki aylangani borayapsizmi, yo?.. Agar biror narsaga yordamim kerak bo‘lsa ayting!
Irina unga razm soladi:
– Erimni qidirib borayapman. (Uxlayotgan o‘g‘liga qaraydi…) – Farzandimning otasini qidirib borayapman… Bor gap shu! – Irina og‘ir xo‘rsinib ko‘ziga yosh oladi.
Botir o‘yga cho‘madi. Irinaning yuziga sinchkov nazar soladi. So‘ng u kupe divanida uxlayotgan Temurga qarab qo‘yadi:
– Xavotir olmang, hammasi yaxshi bo‘ladi.
– Xudo biladi. Besh yil bo‘ldi ko‘rishmadik… Menga hech narsa kerakmas.. Faqat uning joni sog‘ bo‘lsa bo‘ldi. Borsam bir ko‘rsam bo‘ldi.
– Demak… Chin muhabbat! Yaxshi ko‘rasiz…
– Ha… Lekin. Bunday bo‘lishi mumkinmasdi. U ham meni sevardi. – Irina uh tortadi.
Botir noqulay sukut komida qolmasliklari uchun mavzuni boshqa yoqqa burmoqchi bo‘ladi.
– Kechirasiz, Irina Andreevna, o‘zingiz nima ish bilan shug‘ullanasiz?
Irina ham Botir gapni boshqa yoqqa burganini his etib, unga jiddiy tortib ko‘z qirini tashlaydi.
– Sizningcha, nima ish bilan shug‘ullanadigan ayolga o‘xshayman?
– Menimchami, menimcha… Biznesmen! Tadbirkorsiz. Shundaymi?
Irina jilmayadi:
– Topdingiz! Biznesmen-tadbirkor! Lekin asl kasbim boshqacha… Dadam Rossiyada “Roszem” kompaniyasi Bosh direktori edi. Neft-gaz ishlab chiqarish kompaniyalariga neftni qazib oladigan texnologiyalar ishlab chiqaradigan yirik kompaniya rahbari edi… Kompaniyani boshqarish mening zimmamda qoldi. Darvoqe, dadam bir paytlar Toshkentda Turkiston harbiy okrugida 10 yil ishlagan. Harbiy edi. Men Toshkentda tug‘ilganman. Ikki yoshga yetganimda dadam nafaqaga chiqqan. Oilamiz yana Moskvaga ko‘chib kelishgan. Xullas, o‘zim arxitektorman! (Bir oz tin oladi. So‘ng yana qo‘shib qo‘yadi) – U ham arxitektor edi…
Ko‘zlariga yosh keladi. Yana vagon derazasiga qaraydi.

VI

… Irina va Tohir kafedan taksida birga qaytishayapti. Irina xursand, qo‘lida guldasta. Tohir taksi orqa o‘rindig‘ida. Sarxush, kayfiyati a’lo holda… Chehrasi yoniq. Ko‘ngli baland. Hayotning quvonchlari uning boshida aks-sado berib, shodligu zavq-shavq uni sarxush etgan. O‘z dunyosi og‘ushida xushnud qaytayapti.
Taksi shahar chetidagi go‘zal va xushhavo joy, hashamatli uy – Irinaning uyi yonida to‘xtaydi. Hovlisi keng-mo‘l, atrofi anvoyi gullar, gazon yotqizilgan ikki qavatli salobatli uy yonida oltmish besh-etmish yoshlar chamasidagi, xonadon kiyimida, ko‘rinishdan ancha tetik kishi mashinadan tushgan Irina hamda Tohirga qarab turibdi. Tohir uyga zavqlanib qaraydi. Irina Tohirning ko‘nglidan kechayotgan fikrni anglaganday:
– Ha, janob arxitektor, qanday, bizning “kulba” sizga yoqdimi?
Tohir chindanam betakror uslubda tiklangan zamonaviy uyga hamda shunga mosu xos shinam, yam-yashil, gullar barq urgan hovliga yana bir ko‘z yugurtirdi:
– Yaxshi, lekin…
Irina sharaqlab kulib yubordi…
– “Lekin-pekinni qo‘ying, “lekin” kerakmas, xafa bo‘laman. Bu uyning chizmasini o‘zim tayyorlaganman.
Tohir ikkala qo‘lini taslim ma’nosida ko‘taradi:
– Unday bo‘lsa… Zo‘r. Juda ajoyib.
Irina: – Ha endi, Sizchalik bo‘lmasak ham qo‘limizdan kelgani shu.
Tohir: – Aytdim-ku, zo‘r. Ajoyib. Siz mening nazarimda iste’dodli rassomga ham o‘xshaysiz.
Irina: (erkalanib) – Aldayapsiz… Ehtimol, rassomdirman. (O‘ychan.) Lekin sevgining suvratini chizolmadim, chizib bo‘lmas ekan.
Ular hovliga kirishadi. Irina otasi bilan o‘pishib salomlashadi.
– Dada, tanishing, Tohir. Hamkasbim. Konferentsiyadan birga qaytdik. O‘zbekistondan (so‘ng Tohirga qarab).
– Tohir, bu kishi dadam. Andrey Ivanovich. Sizga yarim yurtdosh. O‘zbekistonda uzoq yillar ishlagan.
Andrey Ivanovich Tohir bilan salomlashadi. Ular keng maydondagi stol atrofida o‘tirishadi. Andrey Ivanovich Tohirga ichki bir mehr bilan uzoq termulib turadi:
– Toshkentdanmisiz?
– Yo‘q. Buxorodanman…
Andrey Ivanovich chehrasiga tabassum yoyiladi:
– Shuning uchun ham zo‘r arxitektor ekansiz-da. Buxoro yer yuzining eng go‘zal shaharlaridan biri. Men Buxoroda ko‘p bor bo‘lganman.
Ular stoldagi noz-ne’matlarga qo‘l urishadi. Ichimlik ochiladi. Andrey Ivanovich mehmon sharafiga qadah ko‘tarishni taklif qiladi:
– Qani Tohir, Sizning sog‘lig‘ingiz uchun.
Ichishadi. Andrey Ivanovich Tohirga o‘zgacha iliqlik bilan qarab turgan, qulfi-dili ochilib, xushchaqchaq o‘tirgan qiziga ma’noli boqib qo‘yadi.

VII

Kupe. Botir Irinani “dasturxon”ga undayapti:
– Ko‘pam o‘ylayvermang. Sezib turibman, hammasi yaxshi bo‘ladi. Qani, u-bu narsadan olib turing.
Shu payt Irinaning yonida uxlayotgan Temur uyg‘onadi, u uyqusirab onasiga suykaladi. Botir unga qarata:
– O, ana bizning Temur polvon ham uyg‘ondilar. Qani, ko‘zingni och-chi, qo‘zingni och, ovqatlanamiz, nima yeysan?
Shu payt kupe eshigi ochilib, qo‘lida yelimxalta ko‘targan yo‘lovchining boshi ko‘rinadi.
– Va nihoyat o‘z joyimga yetib keldim, – deydi u kupedagilarga ko‘z yugurtirib. Irinaga ayniqsa suqlanib qaraydi. Irina uyqusirab erkalanayotgan Temurni o‘rnidan turg‘izib, kupedan vagon yo‘lagiga olib chiqadi. “Hojat”ga olib boradi. Haligi yo‘lovchi Irina tomonga qarab bosh chayqab cho‘zib xushtak chalib qo‘yadi. Hirs bilan qaraydi:
– Uh! Zo‘r narsa ekan-a. Ketvorgan ekan… Oh… Maylida-a, qo‘zichog‘i ham bor ekan-u, lekin… gap yo‘q.
Botir yo‘lovchiga o‘qrayib qaraydi. Buni bilib-bilmaslikka olgan yo‘lovchi gapni boshqa yoqqa burmoqchi bo‘ladi:
– Vagon restoranida do‘stimizning tug‘ilgan kunini nishonladik… Odam tug‘ilgan kunidayam yo‘lga chiqadimi? (So‘ng qo‘lidagi yelimxaltadan bitta aroq olib kupe “dasturxoni”ga qo‘yadi).
– Qani aka… qittay-qittay qilib ketamiz-da. U Botirning yoniga o‘tiradi. Keyin yana ko‘zi olazarak bo‘lib vagon yo‘lagiga qaraydi. Vagon yo‘lagida Irina Temurni yetaklab kelayapti. Haligi yo‘lovchi chiday olmaydi. Yana “Uh” tortib, hushtak chaladi. Botir unga ijirg‘anadi.
– Aka, zo‘r narsa ekan…
Botir endi g‘azablanadi:
– Menga qara mishqi. O‘tirsang qisib o‘tir… Yaxshisi o‘rningdan tur-da, Sen ham anovi bolakay kabi siyib kel-da, yotib damingni ol…
Yo‘lovchi dovdiraydi:
– Aka… men, nima dedim?
– Tur endi, sur bu yerdan. Tur o‘rningdan, tepaga chiqib yot. U erining oldiga ketayapti.
Yo‘lovchi o‘rnidan turib tepaga chiqib yotishga majbur bo‘ladi.
Kupega Irina bilan Temur kiradi.
Botir: – Qani, Temur, senga nima bersam ekan-a. – U “dasturxon”dan o‘rik turshagini olib, oyisining yonida o‘tirgan Temurga, so‘ng Irinaga ham uzatadi.
– Xo‘sh, Irina Andreevna, Siz turshakning xosiyati haqida bilsangiz kerak. U kishi sog‘lig‘iga juda foydali, ayniqsa…
Irina Botirning qo‘lidagi turshakka titroqli holda qarab qoladi. Irinaning ko‘zlariga “tikilgan” kamera biron boshqa manzaraga olib o‘tadi.

VIII

Mehmonxona. Ixcham va yorug‘ xonada Tohir kiyim-kechak, yuklarini jomadoniga joylayapti. Ketishga hozirlik ko‘rayapti. U soatiga qarab qo‘yadi. Mehmonxona derazasi darpardasini ochib tashqariga ko‘z yugurtiradi. Irinani kutayapti. U yana soatiga nazar tashlab, deraza pardasini yopib jomadoni yoniga keladi. Ochiq turgan jomadondan yelimxaltani olib stol ustiga qo‘yadi. Kulimsiraydi. So‘ng yelimxaltani ochib ichidan to‘rt-beshta o‘rik turshagini olib stol ustiga qo‘yadi. Bittasini og‘ziga soladi.
Mehmonxona oldiga qora “Jip” kelib to‘xtaydi. Orqa o‘rindiq eshigi ochilib Irina tushadi. Qo‘lida hujjatjild (papka). U “Jip”dan tushishi hamono mehmonxona eshigiga qarab yuguradi. Irina mehmonxona eshigidan ichkari kirib ketadi.
Tohir xonadan endi chiqaman deb eshik tutqichiga qo‘l uzatayapti. Irina mehmonxona yo‘lagida yugurib kelayapti. Ichkaridan Tohir eshikni ochishi hamono hansirab, nafasi tiqilib turgan Irinani ko‘radi. Tohir eshik oldidan bir qadam ortga siltanadi. Irina xonaga kirib o‘zini Tohirning quchog‘iga otadi. Ular uzoq bir-birini quchib turishadi. Sevgining yuksak nuqtasida turgan ikki sarxush insonning nigohlari bir-biriga to‘qnashadi.
Irina Tohirning quchog‘idan chiqib, qo‘lidan tushib ketgan hujjatjild (papkani) yerdan olib quvnoq holda deydi:
– Mana, hujjatlar! Dadam rozi bo‘ldilar. Endi kompaniya tomonidan qurilishi rejalashtirilgan neftchilar shahri loyihasi chizmasini sen tayyorlaysan! Xullas, o‘sha shaharchaning Bosh me’mori o‘zing bo‘lasan. Dadam sening ishing bilan obdon qiziqib ko‘rdi. Qara-ya, Toshkentga so‘rovnoma jo‘natib, ish rejalaring, sen qilgan ijodiy ishlar yuzasidan to‘liq ma’lumot olib bo‘libdi.
Tohir miyig‘ida kuladi.
– Milliarderlar o‘z ishiga puxta bo‘lishadi. Oh qariya! Chatoq-ku-a?
Ular kulishadi. Tohir Irinaga suqlanib qaraydi.
– Xullas, ishni boshlayversang bo‘ladi.
– Mayliku-ya. Lekin uyga ketmoqchiman, bugun. Bir oydan keyin kelaman… Aytdim-ku roziman. Dunyodagi mashhur kompaniya bunday buyurtma berib turgach, men yo‘q, dermidim?
Irina biroz o‘yga toladi:
– Tohir…
– Tinchlikmi?.. – Tohir uning yuziga xavotir bilan termuladi.
– Tohir, bilasanmi, dadamning mazasi yo‘q… Bugun Germaniyaga uchib ketayapti. U yoqda operatsiya qilishadi.
– O‘sha kuni sog‘lig‘i yaxshi edi-ku…
– Qayerda… Bardoshli, matonatli odam mening dadam. Senga bildirmadi, xolos. Mana shundan beri ikki hafta o‘tdi. Battar og‘irlashib qoldi.
– Nega menga aytmading?
– Dadam xohlamadilar. To‘shakda yotganimni do‘sting… (shu yerga kelganda jim bo‘lib turadi-da Tohirga qaraydi…) bilmasin dedi.
– Baribir aytishing kerak edi. Andrey Ivanovich menga yoqib qoldi. Yaxshi odam. Borib ko‘rishim kerak edi. Hozir ketdik, yur…
– Qayerga?
– Qayerga bo‘lardi, Andrey Ivanovichning yoniga boramiz, dadangni ko‘ramiz.
– Dadamni aeroportdan kuzatib yubordim. Dadam Germaniyaga uchib ketdi.
Irina holsizlanib stulga o‘tirib oladi. Stoldan boya Tohir qo‘ygan yelimxalta yonidagi turshaklarni olib tomosha qiladi. Qiziqsinib qaraydi:
– Tohir…
– Nima deysan?
– Dadam kompaniyani menga topshirdi. Hujjatlarga qo‘l qo‘ydim. Endi ilmiy ishlarga vaqt topolmasam kerak.
Tohir uni yupatmoqchi bo‘ladi. Yoniga kelib tik turgan ko‘yi Irinaning boshini quchadi. Tillarang sochlaridan o‘padi.
– Irina, albatta sen zo‘r, ajoyib arxitektor bo‘lasan… Boshqa ishlarni ham eplaysan, albatta…
Irina bosh chayqaydi. Tohirga g‘amgin boqadi.
– Tohir, nazarimda bir o‘zim, yolg‘iz qoladigandayman. Ko‘nglim sezib turibdi. Dadamdan ham… (yig‘lab yuboradi) sendan ham ayrilib qoladigandayman. (Yig‘laydi. O‘rnidan turib Tohirni quchadi)
Tohir Irinani g‘amgin o‘ylar iztirobidan chalg‘itmoqchi bo‘ladi.
– Yo‘q. Sen hech kimdan ayrilib qolmaysan. Dadang ham, men ham sening yoningda bo‘lamiz.
U stoldan bir dona turshak olib, Irinaga tutadi:
– Qani og‘zingni och! Qani… Qani…
Irina Tohirning qo‘lidagi turshakni tishlaydi va kavshay boshlaydi.
– Ana… Hozir kayfiyating ko‘tariladi. Turshak yurakni baquvvat qiladi, qonni tozalaydi. Ming xil dardga davo. Buning to‘rt donasini ayrim mamlakatlarda maxsus idishlarda qadoqlab juda qimmat bahoda pullashadi. Bizda, O‘zbekistonda esa yoz faslida hovlilarimiz o‘rik mevasiga to‘lib-toshib yotadi. Kuzda ularni tomlarga yoyib quritib olamiz. Har kuni o‘rik yegan odam, o‘rik sharbatini ichgan odam umuman kasal bo‘lmaydi. Keksaymaydi.
Irina Tohirga mehr bilan jilmayib qaraydi. Stol ustidagi yelimxaltada o‘rik turshagiga ishora qiladi.
– Bu mengami?
– Ha…
– Meni tashlab ketmaysan-a?
– Yo‘q. Bir oydan so‘ng kelaman…
Tohir soatiga qaraydi, so‘ng Irinaga tabassum bilan jilmayadi:
– Xo‘sh, samolyot uchishiga uch soat vaqt bor. Demak Sen bilan biror joyga kirib, ozroq vino ichsak bo‘ladi. Nima deysan?
– Albatta, restoranga boramiz!
– Balki, o‘zimizning “Halovat sohili”ga borarmiz?
Irina kuladi:
– Bugun Sen nima desang, shu bo‘ladi.
…Ular mehmonxonadan chiqishadi. Mehmonxona eshigi oldida qora “Jip” turibdi. Irinaning haydovchisi “Jip”dan tushib mashinaning orqa eshigini ochadi. Tohirning yuklarini mashina yukxonasiga joylashtirishda ko‘maklashadi. Tohir Irinaga tabassum bilan “qoyil” deganday kulib qo‘yadi. Ular mashina orqa o‘rindig‘iga o‘tirishadi. Mashina o‘rnidan jiladi.
Yo‘l. Mashina yelday uchadi. Muyulish. Mashinaning tormoz pedalini bosayotgan haydovchi taraddudlanib shoshib qoladi. Sababi, “Jip”ning tormozi ishlamay qoladi. Haydovchi “Jip”ni jon holatda muyulishga yetgach, so‘lga buradi. Boshqa mashinalarga borib urilib ketmaslik chorasini ko‘radi. Mashina haydovchiga “bo‘ysunmagan” holda yo‘l chetiga chiqib ketib, ulkan to‘siqlardan biriga zarb bilan uriladi. Lahzada Tohir hamda Irinaning ayanchli qiyofasi namoyon bo‘ladi. To‘siq yoki panjaraga katta tezlikda borib urilgan “Jip” ag‘anab tushib, ancha yergacha sirpanib boradi.

IX

Tun. Poyezd zimiston qorong‘ulikni yorib oldga intilayapti. Irina vagon yo‘lagida turib tashqarini kuzatayapti. Kupeda Temur pastda, haligi shilqim yo‘lovchi tepada uxlayapti. Botir kupening pastki divanida o‘tiribdi. Xayolga tolgan. Vagon yo‘lagidan allaqanday ovoz keladi. Botir kupe eshigidan boshini chiqarib qaraydi. Vagon yo‘lagida Irinaning yonida shirakayf yigit turibdi.
Yigit: (Biroz chayqalib) – Bugun mening tug‘ilgan kunim… Do‘stlarim bilan restoranda o‘tirdik. O‘rtog‘im bor edi – Zokirjon. Yo‘q. Yo‘qolib qoldi. Shu vagonni aytuvdi… Kupesini bilolmayapman… (U chayqaladi) – Siz… Siz… chiroyli ekansiz… Yuring,.. res…res… restoranga boramiz.
Irina jilmayadi:
– Tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklayman…
– Rah… Rahmat!… Xo‘sh… boramizmi?
– Yo‘q… rahmat…
Shu payt ularning yonida Botir paydo bo‘ladi.
– Hoy uka, bor endi damingni ol.
Yigit Botirga boqib hushyor tortganday bo‘ladi..
– Xo‘o‘p… Xo‘p oka…, – yigit Botirga gap qaytarish befoydaligini sezib juftakni rostlaydi.
Irina Botirga jilmayib qaraydi.
Botir: – Kech bo‘ldi. Uxlasangiz bo‘lardi.
Irina: – Uyqum kelmayapti. Hayajonlanayaman, shekilli! Buxoroga qancha qoldi.
Botir: – Xudo xohlasa, ikki-uch soatda yetib boramiz.
Irina: – Buxoro shahridagi “Quvonch” ko‘chasini bilmaysizmi? Labi Hovuz yonidagi.
Botir: – Yo‘q… bilmaskanman. Lekin topishga harakat qilamiz.
Irina unga minnatdor boqadi.
– Rahmat sizga.
Ayol yana derazadan tikilib qaraydi. Yana uning nigohlari xotira vodiysini jonlantiradi.

X

Kasalxona. Palata. To‘shakda yuz-boshi bog‘lab tashlangan, qo‘l oyog‘iga gips urilgan Tohir yotibdi. Uning yonidagi stulga omonatgina o‘tirgan Irinaning ham boshi bint bilan tang‘ilgan. Bir qo‘lidan bint o‘tkazilib yelkasiga osilgan. Sog‘ – o‘ng qo‘li bilan Irina tumba ustidagi kosadan qoshiqda sho‘rva olib, Tohirning og‘ziga tutib ichirayapti. Tohir ihrab qo‘yadi.
– Tohir! Ich, azizim! Mana… ol!
Tohir yana ihraydi.
Oradan 5-6 oy o‘tgach.
Irina yana o‘sha palataga kirib keladi. Qo‘lida meva-chevali yelim- xalta. Tohir ham ancha o‘ziga kelib, tuzalib qolgan. Irina krovat yoniga kelib engashib, Tohirni quchadi, yuz-ko‘zidan o‘padi. Tumba ustiga sarxil mevalarni qo‘yadi. Apelsin olib po‘stini archib Tohirga uzatadi. Tohir bu safar krovat chetiga o‘tiradi. Irina uning qulog‘iga nimanidir shipshiydi. Tohir unga sirli qaraydi, kulimsiraydi. So‘ng o‘tirgan joyida boshini Irinaning qorniga qo‘yadi.
… Oradan yana ancha vaqt o‘tgan.
Kasalxona hovlisida Irina Tohirni nogironlar aravasiga o‘tirg‘izgan ko‘yi aylantirib yuribdi. Irinaning homiladorligi sezilib qolgan.
Tasvir almashadi.
Yana o‘sha kasalxona hovlisi. Tohir bilan Irina hovlidan chiqib kelayapti. Tohir tuzalib qolgan. Irinaning qorni do‘ppayib ko‘rinadi. Oy kuni yaqin qolganini anglaymiz. Hovli eshigi yonida qora “Jip” turibdi. Haydovchi tushib, mashina eshigini ochadi. Mashinaga chiqishadi. Ular orqa o‘rindiqda ketishayapti. Ikkovi ham shod, xursand. Shu mahal Irinaning qo‘l telefoni jiringlaydi:
– Allo. Ha, Irina Andreevna eshitayapti.
– Nima? Nima deyapsiz? – Uning rangi quv oqarib, lablari titray boshlaydi. Telefoni qo‘lidan tushib ketadi. Yig‘lab yuboradi.
Tohir angrayib turadi. Nimadir sodir bo‘lganini sezadi.
Tohir: – Nima bo‘ldi? Nima gap? Gapirsang-chi.
Irina: (yig‘lab Tohirni quchadi) – Dadam… Dadam.. qazo qilibdi.
So‘ng qornini ushlab bir bora og‘ir ihraydi-da, hushidan ketadi.
Tohir haydovchiga qichqiradi:
– Kasalxonaga, kasalxonaga hayda!

X

Vagon yo‘lagi. Irina hamon derazadan tashqariga qarab turibdi. Botir kupedan chiqib uning yoniga keladi.
– Irina Andreevna, menga Buxorodan qo‘ng‘iroq qilishdi. Xavotir olmang. Siz aytgan manzilni aniqlashdi. Buxoroga yetib borishimiz bilan sizni o‘sha yerga olib boramiz.
Irina: (Botirga minnatdorchilik bilan qaraydi) – Rahmat sizga. Sizni ham tashvishga qo‘ydim.
Botir: – Endi kupega kirib biroz dam olsangiz yaxshi bo‘lardi.
Irina xo‘p deganday bosh irg‘aydi. Botir kupega qaytadi. Irina yana derazaga qaraydi.

XI

Irinaning dang‘illama xonadoni. Tohir uyda gilam ustiga ikki yoshli Temur bilan o‘ynab, o‘mbaloq oshishmoqda. Bolakay qiqirlab kuladi. Tohir yanada zavq-shavqqa to‘lib uni erkalaydi.
– Xo‘sh, yigitcha, oying aytganini qil! Yana senga (qo‘lini yozib ko‘rsatadi) juda katta qovun olib kelaman….
Bolakay kuladi.
– Oyingga-chi, oyingga nima olib kelay?.. Oyingga uzum, olma olib kelaman. Shunaqami, oyisi?
Tohir stulda o‘yga tolib o‘tirgan Irinaga qaraydi. Irinaning qo‘lida Tohirning kurtkasi. U kurtkasining yengini beixtiyor g‘ijimlaydi. Hayajonlangani sezilib turadi.
Irina: – Nimagadir ko‘nglim g‘ash. Poyezdda uch kun yurasan. O‘zingga ehtiyot bo‘l…
Tohir: (Irinaga kulib qaraydi) – Samolyotda uchaman desam o‘zing ko‘nmading-ku…
Irina: – Men emas… Doktor ruxsat bermadi. Qon bosiming oshishi mumkin ekan.
Tohir: – Mayli. Doktorga ham quloq tutish lozim. Sen xavotir olma. Uyga borib kelganimga ham olti oydan oshdi. Onamni, qarindosh-urug‘larni sog‘indim. Dadamning ham tobi yo‘q ekan. Operatsiya qildiraman. Ikki haftada qaytaman. Sen o‘zingga, Temurga ehtiyot bo‘l… Kompaniya ishi bilan yordamchilaring shug‘ullanib turishsin. Sen ham men bilan borsang yaxshi bo‘lardi, lekin (Temurga qaraydi).
Irina: – Temurchik ulg‘aygach, albatta, birga boramiz.. Keyingi safar albatta birga boramiz.
Tohir o‘rnidan turadi. Ular quchishadi. Irina unga kurtkasi va telpagini kiygazib qo‘ydi.
Irina: – Tezroq qayt. Kutaman!
Tohir: – Albatta, tezda qaytaman…
Ular yana quchishadi.

XII

Vokzal. Botirni do‘stlari kutib olishadi. Irina o‘g‘li Temur bilan bir chetda qimtinib turibdi. Botir ularga qaraydi. So‘ng do‘stlarining yonidan ajralib ularning oldiga keladi, Irinaga murojaat qiladi:
– Irina, demak sizni “Quvonch” ko‘chasiga olib boramiz. Keyin men qo‘riqxonaga qaytaman.
– Yo‘q. Agar mumkin bo‘lsa, hozir mehmonxonaga borsak.
– Siz nima desangiz – shu!
Ular “Neksiya”ga o‘tirishadi. Mashina yo‘lga tushdi.
Mehmonxona.
Botir mehmonxona foyesidan Temurga Buxoro shahrini ko‘rsatayapti. Irina ularning yoniga keladi. Qo‘lida kalit.
– Mana, xona oldik. 313-xona. – Botir kuladi. Irina jilmayadi.
– Hechqisi yo‘q. Har holda 13-chi emas-ku.
– Sizga katta rahmat. Endi biz xonaga kirib biroz dam olamiz, keyin…
– Keyin “Quvonch” ko‘chasini izlaysizlar, shundaymi?
– Ha, shunday.
– Mana, mening telefonim, agar kerak bo‘lsam, albatta, qo‘ng‘iroq qiling.
Botir ketadi. Irina o‘g‘lini yetaklab xona tomon yuradi.
Mehmonxona yonida Botirni do‘stlari ajabsinib qarshi olishadi. Ulardan biri:
– Shunday go‘zal ayolni mehmonxonada yolg‘iz qoldirishing yaxshimas.
– Birinchidan, u yolg‘izmas, ikkinchidan, u erini ko‘rgani kelgan… Uchinchidan, u sen o‘ylaganday emas… Juda yaxshi ayol!
– Agar u erining yoniga kelgan ekan, nega mehmonxonada yotadi?
– Sen sobiq tergovchi, qiziquvchanligingni hamon tashlamabsan-a?
Ular mashinaga o‘tirishadi.

XIII

Irina o‘g‘li bilan Buxoroning qadimiy ko‘chalarini yayov aylanib “Quvonch” ko‘chasini topishadi. Ular 47-uy eshigi yonida turishibdi. Irina hovli eshigiga hayajon bilan qaraydi. Qo‘li bilan eshikni siypalaydi. Eshikka yuzini bosadi. So‘ng eshikni ohista qoqadi. Jimlik. Eshikni qattiqroq uradi. Sukunat. Yana eshik qoqadi. Qo‘shni uyning darvozasi ochiladi. Qo‘shni ayol chiqadi. Irina va uning o‘g‘liga qiziqsinib qaraydi:
– Assalomu alaykum. Sizlarga kim kerak?
Irina kalovlanib, noqulay ahvolda qoladi. So‘ng o‘zini bazo‘r qo‘lga oladi:
– Menga… Bizga… Tohir shu yerda yashaydimi?
Ayol Irinaga bosh-oyoq diqqat bilan qaraydi.
– Bu yerda hech kim yo‘q…
– Ketishganmi?
– Yo‘q.
– Oyijon, suv ichaman, oyijon. Suv, – Temur suv so‘raydi.
– Sabr qil, o‘g‘lim.
– Yaxshisi, biznikiga kiringlar. Yigitcha chanqabdi. Qani, kiringlar.
– Noqulay bo‘lmasmikin?
– Bemalol kelaveringlar. Olisdan kelayotganga o‘xshaysizlar.
Ular qo‘shni hovliga kirishadi.
– Assalomu alaykum, buvijon.
Ayol ayvonda o‘tirgan kampir bilan salomlashadi.
– Assalomu alaykum, – Irina ham kampirga salom beradi.
Qo‘shni ayol Irina hamda Temurni kampirning yonida qoldirib uyga kirib ketadi.
Irina qoqsuyak, turmushning g‘am-anduhlari qaddini dol, yuzini ajin etgan kampirga sinchkovlik bilan nazar tashlaydi. Kampirning titroq qo‘llari biroz, oldga Temur tomonga cho‘ziladi. Temur cho‘chigan bo‘lib ortga tislanadi. Irina kampirdan ko‘z uzmaydi.
– Qarilik qursin, bolam, – deydi kampir va yana, bir nuqtaga bema’no tikilib turadi.
Patnisda u-bu narsa, qand-qurs ko‘tarib qo‘shni ayol keladi. Patnisni xontaxtaga qo‘yadi. Undan suv to‘la piyolani olib Temurga uzatadi.
– Ich, polvon. Ich.
Temur yutoqib suv ichadi. Irinaning hamon kampirga sinchkov qarab turganini ko‘rgan ayol izoh beradi:
– Tohirning onasi. Kampir sho‘rlik yolg‘iz qoldi. Eri qazo qilgach, ko‘zi ko‘rmay qoldi. Yolg‘iz o‘g‘li Tohir Rossiyadan qaytmadi. O‘g‘lining yo‘liga ko‘z tikib azob-uqubatda yashadi. Yolg‘iz qolmasin deb uyimizga opkeldik. Darvoqe, Siz Tohirga kim bo‘lasiz?
Irina dovdirab qoladi. Titray boshlaydi. Botinda otilgan og‘riq vujudini qaqshatadi. Lablari pirpiraydi.
– Biz… biz… Men… Ha, Tohir bilan Toshkentda birga o‘qidik. U mening kursdoshim.
– Shundaymi? Tohir yo‘q. Tohir yo‘qolgan.
– U tirik. U keladi, – kampir bir nuqtaga termulib ihraydi.
– Albatta, tirik… Tirik. – Qo‘shni ayol kampirni yupatmoqchi bo‘ladi, – albatta, keladi…
Irinaga qarab bosh irg‘ab qo‘yadi. Kampirga achinib qaraydi.
Irina o‘zini bazo‘r ushlaydi. Bir amallab o‘zini qo‘lga olib o‘rnidan turadi.
– Sizga katta rahmat, biz endi boraylik…
Kampir bezovtalanadi. Qo‘lini oldga cho‘zadi.
– O‘tirsangiz bo‘lardi. Birga tushlik qilardik, – deydi qo‘shni ayol.
Irina Temurni ergashtirib hovlidan chiqadi. Kun qiyomga kelgan. Issiq. Havo dim. Irina hansiragan ko‘yi, o‘g‘lini yetaklab borayapti. Lablari pirpiraydi. Ko‘zlaridan shashqator yosh oqadi. Temur ihraydi:
– Oyijon, charchadim…
Ayol hiqqillaydi.
– Chida bolam, chida!
Ular chiqib ketgandan so‘ng kampir qo‘shni ayoldan o‘rnidan turishiga yordamlashishni iltimos qiladi.
Qo‘shni ayol kampirga o‘rnidan turishi uchun yordamlashadi. Kampir o‘rnidan turadi.
– Haligi juvon chiroylimidi?
– Mehmonmi?
– Ha, judayam…
– Bola Tohirga o‘xsharmidi? Bola mening Tohirimga o‘xsharmidi deyapman.
Qo‘shni ayol hangu mang bo‘lib qoladi.
– Sizningcha?..
– Ha. Tohirjon tirik. Meni o‘z uyimga olib borib qo‘y. O‘z uyimda uni kutib olay, qizim. Tohir o‘lmagan, qizim.
Qo‘shni ayol kampirga ajabsinib qaraydi-da, o‘zini tutolmay yig‘lab yuboradi.

XIV

Buxoroning go‘zal go‘shasi – Labi Hovuz. Hovuz qirg‘og‘ida Temur o‘tirib suzib yurgan g‘ozlarga non ushoqlarini otayapti. Irina horigan alfozda krovat yonidagi o‘rindiqda o‘tiribdi. Chehrasi g‘amgin. Ko‘zlaridan duvillab yosh oqayapti. So‘ng… Nimadir yodiga tushganday bo‘lib o‘g‘liga qaraydi. Hovuz qirg‘og‘idagi o‘g‘lini ko‘rib cho‘chib ketadi, o‘rnidan shahd bilan turib o‘g‘li tomon yugurgilaydi.
– Temur! Temurchik! Nima qilayapsan! To‘xta! Ehtiyot bo‘l!
U o‘g‘lini qo‘lidan ushlab stol yoniga olib keladi. Temur mudraydi. Oq yaktak kiygan choyxonachi patnisda u-bu narsa, bir choynak choy olib kelib Irinaning stoliga qo‘yadi.
– Mana bular sizga!
– Rahmat… Men hech narsa buyurmadim-ku.
– Hechqisi yo‘q. Siz bizning mehmonimizsiz. Nima kerak bo‘lsa tortinmay so‘rayvering!
– Rahmat! Iltimos, menga qayerdan qo‘ng‘iroq qilsam bo‘ladi shuni aytsangiz, – u o‘zining qo‘ltelefonini ko‘rsatadi, – mening telefonim bu yerdagi raqamlarga moslashmagan.
– Marhamat! – choyxonaga cho‘ntagidan uyali telefon olib uzatadi.
Irina sumkasini kovlashtirib tashrif qog‘ozi oladi. Undagi raqamni termoqchi bo‘ladi. Titroq birmoqlari o‘ziga bo‘ysunmaydi. Qaltiraydi. Titraydi.
– Iltimos, manovi raqamni terib bering. – Tashrif qog‘ozini yigitga uzatadi. Yigit raqamni terib uyali telefonini Irinaga beradi.
Irina: – Allo! Allo! Botir! Bu menman – Irina… Assalomu alaykum… Men adashib qolganga o‘xshayman. Mehmonxona nomi ham yodimdan ko‘tarilibdi. Manzil yozilgan qog‘ozni topolmayapman, yo‘qotib qo‘ydim.
Telefonda ovoz:
– Hozir yetib boraman. Men qo‘riqxonadaman… – Siz hozir qayerdasiz.
– Bu yer qanday joy? – Irina yigitdan so‘raydi.
– Labi hovuz!
– Labi hovuzda ekanmiz.
…Neksiya Kalla-Minor oldidan o‘tib borayapti. Irina va Temur orqa o‘rindiqda. Irina hayajonda. Temur mashina oynasiga yopishib, atrofni kuzatib borayapti.
– Bu Kalla-minor, mashhur minora. Bu esa Buxoro amirining harami.
Botir Irinaga o‘girilib qaradi.
– Sizga qiziqarli emasmi bular?
– Botir, bu yerda ilohiy joy bormi, yaqin atrofda?
– Bu yerning har bir qarichi ilohiy joy! Buxoroda ilohiy joylar, ziyoratgohlar juda ko‘p. Yaqin joydagisi, Chashma Ayub. Shifobaxsh suv bor.
– O‘sha yerga borsak bo‘ladimi?
Ular Chashma Ayub ziyoratgohiga borishadi. Irina buloq tepasida nimalarnidir deb pichirlaydi. So‘ng kaftida suv olib yuzini chayadi. O‘g‘li Temurning ham yuzini chayadi. O‘g‘li onasiga hayratlanib qaraydi.
Ular tashqariga chiqishadi. Mashina oldida Botir kutib turibdi. Ayol o‘zini ovutadi. Uning ko‘zlarida mung
– Qani, endi ketdik. Sizning do‘stlaringiz yoniga, qo‘riqxonaga boramiz.

XV

Qo‘riqxonaning dam olish maskani. Atrof xushmanzara, bahavo. Kengliklar tutashib ketgan olislarda cheksizlik yastangan. Qo‘riqxona dam olish maskanining go‘zal va ko‘rkam hovlisida zamonaviy ko‘rinishda tiklangan ayvonli bino. Binoga kiraverishdagi yo‘lakning ikki tomoniga ekilgan toklar vayishga chirmashgan. Quyuq soya. Mehmonlar ana shu vayish soyasida did bilan bezatilgan oppoq dasturxon atrofida o‘tirishibdi. Dasturxonda odamning jonidan boshqa hamma narsa bor. Hamma narsa muhayyo. Keng-mo‘l stol tegrasida Botirning ikki nafar do‘sti, uning yonida esa Irina bilan Temur.
Ulardan nariroqda kabob ko‘rasida olov aralash tutun dimoqni qitiqlab, ishtahani ochadigan, jazillagan cho‘g‘da pishayotgan kabobning hidi taraladi. Kabob ko‘rasi yonida esa o‘rmonchilar kiyimidagi kishi qo‘liga karton olib qo‘rani yelpiyapti. Irinaning unga qiziqsinib qarab turganini ko‘rgan mezbonlardan biri o‘rmonchiga qarab qichqaradi:
– Bo‘ldi-da, endi Hoshimboy! Odamni qiynavording. Ishtahani karnay qilding. Tezroq op kesang-chi.
Qirq yoshdagi o‘rmonchi jilmayadi.
– Ikki daqiqa sabr qiling, xo‘jayin… Mana, tayyor bo‘p qoldi.
Mezbonlardan biri qadahlarga ichimlik quyadi.
– Qani, kabob kelguncha bittadan olaylik, – so‘ng Temurga qarab: – Polvonga esa sharbat quyamiz.
Temur sharbatni ichib, o‘rnidan turadi. Qo‘riqhona atrofidagi panjara tomon yuradi. Panjara ortida o‘ynoqlab yurgan jayronlarga o‘t yulib beradi. Qiqirlab kuladi. So‘ng hovli sahnidagi o‘tinxona yonida o‘tin taxlayotgan, u-bu narsaga andarmon bo‘lib yurgan ust-boshi irkit, kun issiq bo‘lishiga qaramay egniga plash, boshiga panamani bostirib kiyib olgan kimsaga qiziqsinib qaraydi. Uning yoniga boradi. Haligi darveshsifat kimsa ham bolaga qarab nimadir deydi.
Shu mahal dasturxonga kabob tortiladi:
– Oh… oh… Bunaqa kabobni hali sira tatib ko‘rmagansiz, – deydi mezbonlardan biri.
– Tayyorlash metodikasini faqat bizning Hoshimboy o‘rmonchimiz biladi, – deydi xo‘jayin. Irina yana hovli etagiga ko‘z tashlaydi. Temur bilan haligi devonasifat kishi panjara oldida jayronlarga qarab turishibdi.
O‘rmonchi: – Kabobdan oling, – u bir sixni Irinaga uzatadi.
Irina: – O, zo‘r bo‘pti. Lekin…
O‘rmonchi (taajjub bilan) – Nima lekin?
Irina: – Kabob jayronning go‘shtidan tayyorlanmaganmi, ishqilib?
O‘rmonchi qovog‘ini uyadi:
– Yo‘g‘-e, odamni xafa qilayapsiz. Jayron “qizil kitob”ga kiritilgan-ku.
Irina jilmayadi. Yana panjara tomon qaraydi:
– Hazillashdim.
Davradagilar o‘rmonchining hazilni tushunmaganidan kulishadi.
Mezbonlardan biri yana qadahlarga ichkilik quyadi. Irina “men ichmayman” ma’nosida qo‘li bilan qadahni to‘sadi.
– Menga olma sharbati quying.
Botir mezbonga “majburlama” deganday bosh irg‘iydi.
– Marhamat. Sharbat bo‘lsa, sharbat-da…
Irina dasturxondan bir shingil uzum oladi-da:
– Maylimi, Temurga uzum olib borib bersam? – deydi.
Ayol bir shingil uzumni olib hovli adog‘i tomon yuradi. Kabob qo‘raning oldiga kelganda bolakayning yonida o‘tirvolib o‘tin taxlayotgan haligi ust-boshi aftoda, soqol-mo‘ylovi o‘sib ketgan kishiga qarab xavotirlanadi.
O‘rmonchi ko‘rani yelpiyotib, Irinaga dalda beradi:
– Qo‘rqmang… U judayam yuvosh odam. Beziyon. Hech kimga zarari tegmaydi. Xo‘jayinning sodiq odami u. Xo‘jayin uni Saratovdagi kasalxonalarning biridan olib kelgan.
– Qayoqdan? – deb so‘radi ayol qiziqsinib.
– Rossiyadan… Saratovdagi shifoxonadan. Shifoxona bosh vrachi xo‘jayinning yaqin og‘aynisi. Bordi-keldi qilib turishadi.
Devonasifat orqa o‘girib hamon o‘tin maydalab uni taxlash bilan band. Bolakay esa uning oldida pildirab aylanib yuribdi. Irinaning uning yoniga borishga yuragi dov bermaydi. Buni sezgan o‘rmonchi haligi devonani chaqiradi.
– Hoy T.T. buyoqqa kel! Ma, uzumni op ket, – Irinaning qo‘lidagi uzumni oladi, – Ma, uzumni bolakayga ber. Bo‘ldi endi. Boshqa o‘tin kerakmas. Yetadi.
Sersoqol xo‘mrayib, panamani ko‘zigacha bostirib olgan ko‘yi ularning yoniga yaqinlashadi. Qo‘lidagi o‘tin va chelakni ko‘raning yoniga qo‘yadi. Uzumni olib oqsigancha ortga, jayronlarni kuzatib turgan bolakay tomon ketadi.
Irina uning ortidan ajabsinib qaraydi.
– G‘alati odam. Qiziq.
Soqolli kishi Temurning oldiga borib uzumni beradi.
Temur: – Rahmat. Jayron ham uzum yeydimi?
U boshini silkiydi. Bolakay uzumni olib jayronga tutadi.
Irina va o‘rmonchi stolga qaytib kelishadi. Irina o‘tirgan joyida o‘g‘li tomonga bezovtalanib qarab qo‘yadi.
– Xavotirlanmang, Irina xonim! U chivinga ham ziyon yetkazmaydi. Bir kuni brakonerlar bilan mushtlashishga to‘g‘ri keldi. T.T. ham yonimda edi. Uni menga ko‘maklashadi, deb o‘ylovdim. Qayerda. Birdan yerga o‘tirvolib boshini changallab qaltiray boshladi.
– Demak qachonlardir boshidan zarba yegan, – dedi Botir.
– Kim bilsin…
– Nega uni T.T. deb chaqirasizlar, – dedi Irina.
– Qo‘riqxona atrofida paydo bo‘lib qolgan mahali uning ismini so‘raganimizda bazo‘r T.T. deb duduqlanib javob berdi. Gapirolmaydi.
Shu mahal soqolli kishi bolakayga chelakdan toshbaqa olib uzatadi. Bolakay xursandchiligining cheki yo‘q…
– Oyi… Oyijon… Toshbaqa… Toshbaqa, – deydi bola.
Sersoqol bosh irg‘ab kuladi. Irina ham ularga qarab jilmayadi.
Davradagi mezbonlardan biri Irinaga ko‘z qirini tashlab yonidagi kishining qulog‘iga shipshiganday bo‘ladi.
– Judayam jiddiy ayol ekan-a?
– Rossiyadagi eng katta kompaniyalardan birining Bosh direktori. Milliarder ayol ekan, mezbon. So‘ng Botirga va Irinaga qarab qo‘yadi.
… Sersoqol kishi Temurning shodligidan quvonib bosh irg‘ab kuladi. So‘ng davrada o‘tirganlar tomon jilmayib qaraydi. Sersoqol kishi Irinaga ko‘z tashlaydi-da, yuz qiyofasi titray boshlaydi. Irinaning ham chehrasi oqarib ketadi. Sersoqol unga termulib qarab turibdi. So‘ng yuzi murdaday oqaradi. O‘tirib oladi-da, ikki qo‘li bilan boshini changallab qaltiray boshlaydi. Ihrab yuboradi. So‘ng o‘kirib yig‘lay boshlaydi. Irina o‘rnidan turib ketadi. Unga tomon yuguradi. Borib T.T.ni quchoqlaydi, o‘tirib olib uning boshidan, yuz-ko‘zlaridan o‘pa boshlaydi. T.T.ning boshidagi panama yerga tushib ketadi.
Irina: – Tohir… Tohir… Azizim… Tohir. – Uvvos solib yig‘lay boshlaydi.
– Men… Seni… Seni topdim, azizim, Tohir.
Oyisiga hangu-mang bo‘lib qarab turgan Temur ham yig‘lab yuboradi. Stol atrofida o‘tirganlar o‘rnidan turib ketishadi. Nimadir yerga taraqlab tushib, chil-chil sinadi.
– Oyi… Oyijon… Oyi, – bola yig‘lab T.T. va Irinaning atrofini aylana boshlaydi.
– Temur. Temurchik… bu Sening dadang! Bu dadang. Sening dadang, bolam!
Irina Tohirni o‘rnidan turg‘azib unga suyanib turadi. Ular yig‘lashmoqda.
– Yur, Tohir. Yur, – Irina Tohirni suyab va o‘zi unga suyanib davra tomon bora boshlaydi. Ularning yonida Temur.
Davra ahli ularga qarab tosh qotib turadi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 5-son