Toyqulov tun bo‘yi uyqu bermadi. Tong otguncha o‘kirib chiqdi. Devorning naryog‘ida xuddi birov bo‘g‘izlayotganday baqiradi, o‘ziyam. Go‘r bo‘ladimi, ichdi-da, ichdi. Oldi-ortiga qaramay, boshi bilan shu zormandaga sho‘ng‘ib ketdi. Shermatning ham terisini shilib oldi: hali uni opke, hali buni opke, hali uni buyur, hali buni buyur. Koshki o‘pqoni yopilsa, to‘ysa. Shugina Shermatdan nima umid qilasan, deydigan odam yo‘q. Bo‘yni shardozdaygina bo‘lib bosh irg‘aydi. Beshiktebratarday chayqaladi.
Shermat olamning avzoyi buzilgan payt tug‘ilgan. Mitti, bir paqir-pastak, bo‘sh-boyov kimsa. Kichik, singan kosovday jussasiga kiyim-boshi osilib turibdi. Polizdagi qo‘riqchi tayoqqa kastyum-shim kiydirgan deysiz.
Bechora Shermat, bizni keldi deb, ura-tuya mehmonxonaga chopgan. Yozning yovg‘oni qaynaganiga qaramay, issiqda pak-pakanagina bo‘lib g‘ijim-mijim kostyum-shim kiyib olibdi. Shu issiqda o‘lasanmi, egningga yengil-elpi ilsang, seni birov urishadimi?
Aytdim-ku, ozg‘in, buning ustiga, bo‘ydan ham xudo qisgan. Hovuchga sig‘adigan handalakday yum-yumaloq boshi ozg‘in bo‘ynida omonatgina likillaydi, chehra deb bo‘lmaydiku-ya, kuygan kulchaday dumaloq, nim qora yuzi jilmayganda yanayam xunuklashadi. Tabassumidan yig‘i nuqsi uradi odamga. Qilpiq ko‘zi iltijoli boqadi. Xullas, bir ojiz pakana banda qo‘lchalari ko‘ksida, yemakxona hovlisida tuzalgan stol atrofida tik turgan ko‘yi iljayib bizdan ko‘z uzmaydi: bizdan deganim, aniqrog‘i, Toyqulovdan.
E-ey, to‘xtang, shu yerda to‘xtang. Toyqulov – men bilan bir idorada ishlaydi, hamkasb. Davlatdoru savlatdor. Oltmishdan oshgani bilan ancha baquvvat, jismu jasaddan xudoyim sira qismagan, bo‘y degan ikki metrdanam oshadi, daroz, vazni ham yuz o‘ttiz kilo toshni koptok qilvoradigan, mo‘g‘ilaft, otkalla bir yebto‘ymas odam.
Toyqulov qayerda-yu, Shermat qayerda… Biroq bir kam dunyo. Toyqulovning jasadi bor, biroq shunga yarasha fisqu fasodi, nadomatu hasrati ham bor. Oq devorda chivinning chiqitini topadigan odam. Oq yo‘q, qora bor bu dunyoda. Shermatning salobat-siyoqida odamxorchilik nuqs bersa-da, botinida, qalbida odamgarchilik tuyg‘usi to‘lqin uradi. Xudoyim unga yorug‘ yurak, ko‘ngliga nur ato etgan.
Xullas, Toyqulov to‘ydimi-yo‘qmi, bilmayman, tushlikda boshlangan ziyofat bar yopilgunga qadar davom etdi. Shermatni sherdil deb dabdabayu-asasali qadah nutq irod etib ko‘klarga ko‘taraverdi. Boyoqish Toyqulovning qip-qizil o‘yinchi ekanini qayerdan bilsin. Lo‘liga labing la’l, deb ish bitiradigan maynavozning maqtovlaridan mayishib ishshaygani-ishshaygan! Shaxsan boshlig‘imizning o‘zi Toyqulovga topshiriq beribdi: “Shermatdan ham xabar olib kelinglar. U viloyatda ishlagani bilan idoraning, shaxsan mening vakilim… Siz tajribali ustozsiz, yo‘l-yo‘riq ko‘rsating. Bu yil mukofotga ham lozim ko‘rilish arafasida… Tak chto! Bu yog‘i Sizning povedeniyangizga bog‘liq, Shermatjon…”
Shermatda jon qoldimi? Shermat osmonga uchdi. Shermat shamol bo‘ldi. Shermat dovul bo‘ldi. Shermatning shashti bo‘rondan o‘tdi. O‘rtada uyiga ham uchib borib keldi. Ey-ey, Toyqulovday odamga qancha qilsang oz, qancha ziyofat bersang kam-da!
Toyqulovning jag‘i tinmaydi – gapni ham olayapti, taomni ham qiyratayapti. Men uyaldim. Men qizardim. Men bo‘zardim. Koshki Toyqulov ko‘zimga qarasa, terlab-pishib, pishillab, o‘qchib ovqatni urgani-urgan, yengilmas qo‘shin – shisha o‘lgurning ham keti uzilmaydi, biri yiqilsa boshqasi bostirib keladi. Toyqulov yolg‘on-yashiqlarini “Shundaymi, ukajon?” deb menga ham tasdiqlatib olmoqchi bo‘ladi, mening o‘qrayib, bezrayib o‘tirishim parvoyiga kelmaydi. Shermat (endi Shermatjon) unga chippa yopishdi. Qadrdon, ini-inoq bo‘ldi-qoldi. Yamog‘i bilan burun artadigan Shermat endi boshqa bir Shermatga aylanib bormoqda edi. Toyqulov bir narsani boshlamasidan oldin vaqtida etakni yopish kerak, degan o‘y bilan ta’bim tiriqligini tobim yo‘qligiga yo‘yib o‘rnimdan turdim, mehmonxonaga jo‘nadim. Toyqulov qoldi.
…Qisqasi, hikoyaning boshida aytganimday o‘kirdi-bo‘kirdi, tunning tinkasini quritib menga ham uyqu bermadi. O‘rtadagi devorning til-zaboni bo‘lsa aytsin, mehmonxona hali bundayin qo‘noqni ko‘rmagan chiqar.
Lahzaga ko‘zim ilingan ekan. Nimadir taqillayapti. Eshik (ochiq edi-ku). Derazaga ko‘z soldim. Tong uyg‘onayapti. Xira-shira. Eshik yana taqilladi, o‘rnimdan turmasimdanoq sharaqlab ochilib, Toyqulov kirib keldi, lorsillab borib muzlatkichni ochib, ichidan bir shisha pivo olib, betoqat yutoqib tik turgan ko‘yi qulqillatib ichdi, o‘zimni uxlaganga solib yotdim. Nafs o‘tini bosib tepamga keldi. G‘uldiradi:
– Turing-e, tong otdi. Uxlayvermang. U to‘shakni ustimdan sidirib tashladi (qilig‘i sovuqning ishini ko‘ring). Qovoq-qiyofasi yanada shishib, beo‘xshov va qo‘pol gavdasida qorni meshday bo‘lib osilib qolgan. Kap-katta odamning kallai sahar birgina tizzaishtonda tepangda devning malayiga o‘xshab chayqalib turishi g‘alati tuyularkan. Yalinganday bo‘ldim:
– Yana ozgina uxlay…
– Bo‘pti, peshindan so‘ng yo‘lga chiqamiz, – dedi u g‘uldirab.
– Nega, bugun yana ikkita tumanni ko‘rishimiz kerak edi-ku.
– Ko‘rganda nima o‘zgarardi. Gap tamom, ketamiz. Bugun, bilasizmi, anavining tug‘ilgan kuni.
– Kimning tug‘ilgan kuni?
– E-ey, dunyo bexabarsiz-da, ozroq hushyor bo‘ling: xo‘jayinning tug‘ilgan kuni!
– Ishni tugatmay ketolmaymiz.
– Ketamiz. Bunday paytda chetda turish yaxshimas, nazardan qolasiz.
U ikki qo‘lini belidan tushirib lapanglab borib deraza yonidagi kursini olib kelib o‘tirdi. Men o‘rnimdan turdim. Yuvinib xonaga kirganimda Toyqulov nimanidir kovshab turardi.
– Demak, biz ham xo‘jayinning qoshida bo‘lishimiz kerak, bu mashqi baland mishiqi boshqa payt yoniga yo‘latmayapti-ku. To‘g‘risi, uni boshqalar o‘ziga og‘dirib olgan, kadr bilan muovinning gapidan chiqmayapti, meni unga shular yomonlaydi, la’natilar. Anavi kun menga yoshingiz ulug‘, Siz hammamizga o‘rnak bo‘lishingiz kerak-ku, deydi. Viloyatdan kelgan vakillarimizdan biri ziyofat beruvdi, ozgina otib ham oluvdim, biroz kech qolibman… Sezib yuribman, meni bo‘shatmoqchi, la’nati. Men yuqoridagi tanishimga aytib qo‘ydim. Oldini olgan yaxshi-da, ukam.
Toyqulov o‘ttizdan o‘tib-o‘tmagan yosh rahbarimizni go‘rdan olib go‘rga soldi. Palag‘da dedi, jo‘ja dedi, pishmagan dedi, kerak bo‘lsa tepaga ustidan xat irg‘itvoraman, dedi. Qarasam, jazavasi qo‘ziyapti. Kechagi isqoti ichkilik zahri es-hushini oldi-qochdi qilayotganini angladim. Tund boshida alam bo‘roni turganini payqadim.
Toyqulovga achinib ketdim. Dag‘dag‘asi qa’rida dag‘-dag‘ titroq borligini his qildim. Ovozi sinib, parchalanib borayotganga o‘xshadi. Lo‘pildoq yuzining qoni qochib, yonog‘i dir-dir uchadi. Kechagi ziyofatda gurzisi dunyoni tirqiratadigan tarzda gerdayib o‘tirgan Toyqulov ayni chog‘ nimtik bir kimsaga aylanib bormoqda edi.
Toyqulovning dunyosi qora tortganicha bor. Hushtagim xush yoqsin degan xushomadgo‘ylarni yosh rahbar o‘ziga yaqin yo‘latmadi. Tanbeh bilan tanobini tortdi: “Yana shunday qilsangiz Siz bilan xayri-xushlashamiz…” Bu tanbehdan Toyqulov ham quruq qolmadi. Yana bir toifa – laganbardorlarning laganiga qo‘l uzatmadi. Ularni ham katta ko‘chaga ro‘baro‘ qildi. Xullas, yosh rahbar qattiqqo‘l, oldi-berdidan uzoq odam chiqdi. “Qaysi maktabni bitirgan ekan-a?! Ustozi kim ekan buning?!.”
– Nima dedingiz, meni nafaqaga jo‘natarmikin-a?
Toyqulovning shalvirab siniq ohangda aytgan iltijoli so‘rovi g‘ashimni keltirdi.
– Men qayerdan bilay, o‘zidan so‘rang…
U menga xo‘mrayib qaradi-da, tasur-tusur qilib xonadan chiqib ketdi.
Mehmonxona tashqarisidagi ulovjoydamiz. Toyqulov negadir mashinani o‘t oldiray demaydi. Qovoq-tumshug‘i osig‘liq, ertalab boshi g‘uvillab turgan paytda ichidagi bor nafratni to‘kib solganidan xijolat chekayaptimikin?.. Negadir bezovtalanadi, menga allaxiyol bo‘lib tikilib qo‘yadi. Shabadaning shiviri shamolga yetib boribdi, derdi katta enam. Shundayin, Toyqulov ham meni sotadi, gaplarimni rahbarga yetkazadi, deb o‘ylayapti. O‘zimcha shunday tusmolladim. Mashinaning old o‘rindig‘ida hech narsani sezmaganday beparvo o‘tiraverdim. Toyqulov ulov saloniga kirib o‘tiradi, yana qaytib chiqadi. Kiradi, chiqadi… Ustiga-ust, bosib-bosib chekadi. U boshini rulga qo‘yib og‘ir xo‘rsindi. Shu mahal osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, – bilmadim, mashina yonida qo‘lida kattakon quti ko‘tarib olgan Shermat paydo bo‘ldi. Toyqulovning yuzi yorishdi. Salondan otilib chiqib qiltillabgina turgan Shermatning qo‘lidagi narsani olib yukxonaga soldi. Shermat bilan xushhol, biroq jiddiy qiyofada xayrlashdi. Men ham mashinadan tushib Shermatga qo‘l cho‘zdim. Bechora mutelarcha mo‘ltillab turibdi.
Toyqulov mashinani jildirdi. Shermat ortimizdan shumshayib qarab qoldi. Ko‘ngilga og‘riq solguvchi bu manzaradan so‘ng o‘zimdan ham nafratlanib ketdim. Yuragim siqila boshladi. Yonimdagi badbin kimsani urib-tepib, ezg‘ilab tashlagim kelayapti. Bitta mashinada yonma-yon ketish azobning azobi edi.
– Shu narsaning nima keragi bor edi? – Tishlarim g‘ijirlab, gapim charxlanib chiqdi, – Uyalmaysizmi?!
Toyqulov yalt etib qaradi. So‘ng to‘g‘riga, yo‘lga ko‘z tikdi.
– Men buni o‘zimgamas, anavining tug‘ilgan kuni uchun oldim, – g‘udrandi.
– Pulini bermadingiz-ku – g‘azabimni bosib, o‘zimni bazo‘r tutib, chaqib oldim. – Bechora bolaning turishini qarang, paypog‘i toq, boridan yo‘g‘i ko‘p bir noshudgina bola bo‘lsa, shuniyam…
Toyqulov ijirg‘andi:
– Bu yerlarda chorva ko‘p. Tandir go‘sht qahatmas. Bir qo‘y kimni o‘ldiribdi.
Bepoyon adirlikning qoq belidan kesib o‘tgan suv sathiday tep-tekis yo‘lning oxir-adog‘i ko‘rinmaydi. Mashina uchayapti, qilt etib chayqalmaydi. Manavi bilan bir ulovda ketishning ham iloji yo‘q edi. Fe’li-xo‘yi oldindan ma’lum edi-ya, biroq bu darajada nafsingir, ipirisqiligini bilmas ekanman, yo‘lda yo‘ldosh bo‘lsang yulduzni o‘rganarkansan-da. Bir amallab tuman markaziga yetib olsam bas, tushib qolaman. Poyezdda ketaman. Shu mahal oldinda, yo‘l chetida “To‘xtat” ishorasini qilib qo‘l siltab turgan cholga ko‘zim tushdi. Egniga beqasam jelak ilib olgan, oppoq sallasi uchi bilan yuzini garmseldan to‘sib turgan cholning yonida o‘zi bilan birga olib chiqqan tugun-taqa va ikki ko‘zi narsa-qora bilan yarimlatib to‘lg‘izilgan gilamxurjun turardi. Toyqulov parvoyi-palak, o‘zicha nimadir deb g‘o‘ng‘illadi, qariyaning yonidan o‘tib ketdik.
– To‘xtating! To‘xtating!!! – chinqirib yubordim.
Hangu mang bo‘lib qolgan Toyqulov mashinani chetga oldi.
– Tinchlikmi? Chayon chaqqanday chinqirasiz, ukam?!
– Cholni olib ketamiz…
– Nega, – u iljaydi, – nega?
– Biz Hizrni ko‘rdik… – Og‘zimga bu gap qayerdan kelganini o‘zim ham bilmay qoldim. Toyqulov bir sapchib tushdi: “E-ey!!!”. Mashina orqaga yurdi. Cholni o‘zimiz bilan birga olvoldik. Men o‘zimga sherik, yo‘ldosh topilganidan yengil tortdim. Toyqulov o‘sha-o‘sha – qovoq-tumshuq. Yuzi yana tundlashib, yonoqlari dirillab-dirillab uchib-uchib qo‘yadi. Battar bo‘l, nokas.
– Oqsoqol yo‘l bo‘lsin? – to‘ng‘illadi nihoyat.
– Toshkentga, inim, Toshkentga.
– Bir o‘ynab, o‘ynatib, shamollab kelay debsiz-da, a?
– Ha endi, inim, har kimning o‘ziga yarasha tashvishi bor-da, – chol bu xudbinning tagdoru tig‘dor pisandasini yaxshi ilg‘amadi.
Ana endi cholga nish urishni boshladi. Kenab-kenoqlab gap irg‘itaveradi. Toyqulov yana nimadir deb o‘yib olishga chog‘langan ham ediki, baxtga qarshi, qo‘l telefoni jiringlab qoldi.
– Allo, eshitaman! Eshitaman, Tohir Jo‘rayevich! Assalomu alaykum, ukajonim! Rahmat, ukajonim, baxtimga Sizlar sog‘-omon bo‘linglar, ilohim, martabangiz baland bo‘lsin. Bizmi (u menga qaradi…), borayapmiz. Shu desangiz, hamma topshiriqlar bajarildi. Odil To‘rayevich qalaylar, yaxshimilar? Yaxshi bo‘lsin, ilohim. Boshlari toshdan bo‘lsin, ilohim… Kechqurun uylariga o‘tamizmi? Bugun tug‘ilgan kunlari ekan-ku… Ertalab (u yana menga qaradi) ukamiz aytib qoldi. Zap yaxshi, dono inson rahbarimiz. Xo‘p, mayli ko‘rishamiz, omon bo‘linglar…
Toyqulovning bu darajada tez tuslanishini manaman degan aktyor ham eplay olmasa kerak. Yuzidagi ohanrabo jilmayishni ko‘rsangiz… Yanada semirib, yanada savlatga to‘lib, yelkasidan qanot yozayotganday, bu dunyoga sig‘may borayapti. Orqa o‘rindiqqa burilib cholga qarab jilmayib ham qo‘yadi. U tuman markaziga shodu shodmon keldi. Mashina soy bo‘yidagi tol soyasida to‘xtadi.
– Ichim kuyib ketayapti… Kecha, rosa… – go‘yoki mendan izn so‘rayotganday bo‘ldi. – Biror narsa yeb olsak.
Tol soyasidagi chorpoyaga chiqdik. Toyqulov lo‘libolishga bosh qo‘yib chalqayib cho‘zildi. Chol tahorat olgani ketdi. Toyqulovning qo‘l telefoni tag‘in ovoz berib qoldi.
– Ha, senmisan, Sobir! Nima gap! Tez-tez gapir, lanjillama. Yaxshi, biz qaytayapmiz. Katta xo‘jayinning xabari bor. Kechqurun u kishinikida ko‘rishamiz. Xabaring bordir, bugun tug‘ilgan kuni-ya… Nima? Nima? – U gumgursday bo‘lib yotgan joyidan turaman deb tirsagi bilan xontaxtani qasirlatib ag‘darib yubordi. Men uning o‘z xodimi Sobir xo‘roz bilan gaplashganini angladim. U o‘rnidan turib ketdi.
– Bo‘shabdi. Ketibdi, – dedi qo‘llarini musht qilib. So‘ng yuzida ko‘pchigan terni shimi cho‘ntagidan kirrati dastro‘mol olib shoshib-pishib artdi. Esankiragan ko‘yi yana o‘tirib oldi. Qo‘l telefonini olib kimgadir qo‘ng‘iroq qildi.
– Allo, yana men! Tani-joningiz sog‘ bo‘lsin, Tohir Jo‘rayevich! O‘zingiz boshimizda hamisha soyabon bo‘ling, ukajon… Shu… shu… haligi, – jim qoldi. Mening ham qulog‘im ding. Toyqulov muovin bilan gaplashayapti. Qo‘l telefon orqali Tohir Jo‘rayevichning ovozi jaranglab eshitildi:
– Nega jim qoldingiz?
– Odil To‘rayevich bizdan ketdilarmi?
– Shunday bo‘p qoldi, nachora. Tepaning topshirig‘i.
– Nega hali menga aytmadingiz?
Qo‘l telefondagi ovoz:
– O‘zingiz eshitmasdan telefonni o‘chirib qo‘ydingiz-ku… Ha mayli, kechqurun gaplashamiz, – muovin gapini qisqa qildi.
Toyqulovning ahvolini ko‘ring! O‘tirgan joyida uf-uflaydi. Xursandligidan had egasi, baxtliligidan taxt egasi deysiz.
– Ana, ketibdi. Ketibdi-ya, ketibdi. Jo‘jaxo‘roz! Bizlarga o‘xshaganlarga xezlanaverib, kekirdakdan ayrildi, ana! Bir yilga borib-bormay pattasini qo‘liga oldi. He-ey, buni bir yuvish kerak… Omon-eson Toshkentga yetib olaylik, inim, ziyofatning zo‘rini men qilib beraman…
U mening yelkamga gursillatib urib qo‘ydi. Bir tomonim qiyshayib, og‘riq belimni zirqiratib yubordi. Men nima deyishni bilmasdim.
– Qayoqqa ketibdi, – dedim zo‘rg‘a. Ochig‘i, yosh rahbarimizga jonim achib, o‘zimni yanada yolg‘iz his qildim. Odil To‘rayevich yosh bo‘lsa ham ishni puxta biladigan, adolatli, demokrat rahbar edi. “Manovinga o‘xshaganlar to‘dalashib oxiri qulatishibdi-da”, degan xayolga bordim.
– Nega aza ochayapsiz, ja-a-a ishonardingiz-a, o‘sha bolaga.
Toyqulov g‘ijinib qo‘l siltadi-da, o‘rnidan turdi:
– Ketdik. Turing, yalpaymasdan. Birato‘la Toshkentda ovqatlanamiz, – u endi o‘zini tetik, muzaffar qo‘mondonday tutardi. – Anavi cholni ham chaqiring. Namozini yo‘lda o‘qiyveradi, vaqt ziq…
Toyqulov yo‘l-yo‘lakay Odil To‘rayevichning avra-astarini chiqarib, bo‘ralab so‘kib bordi. Uning talqinicha pastkash ham shu, noshud ham shu, savdoyi ham shu, mansabparast ham, betgachopar bir tirmizak ham shu. Ha, Odil To‘rayevich shunday kimsa!.. Ishdan ketgani juda yaxshi bo‘libdi. Men bu odamning ichida yosh rahbarga nisbatan bunchalab nafrat, og‘u-zardob cho‘kib yotganini bilmagan ekanman. Toyqulov bizga yetti yot begona, g‘olvamizning mutlaqo qizig‘i yo‘q cholga ham ma’nilatdi:
– Oqsoqol, biz haligi, o‘zimizda birovi bor edi, Odil To‘rayevich degan jinqarcha. Shu haqda gaplashayapmiz. Bugun kovushiga patak solib to‘g‘irlab qo‘yishibdi. Ey-ey dunyoi azim, zap ishlaring bor-da!
Shaharga kirib kelishimiz zamona Toyqulov muovinning haydovchisiga qo‘ng‘iroq qildi: “Ukajon, tez yetib keling. Parkning yonida ko‘rishamiz. Tohir Jo‘rayevichga arzimas mozorbosdi olib kelayapmiz. Uylariga eltib tashlaysiz. Qarshining tandir go‘shti…”.
Ko‘z oldim qorong‘ilashib ketdi. Jon uhmida mashina qopqasiga qarsillatib urdim:
– To‘xtaaat! To‘xtaaat mashinani!!!
Toyqulov chol ikkimizni shahar chetida tushirib ketdi. Chol menga qarab jilmayib qo‘ydi:
– O‘g‘lim, yaxshi bola ekansiz. Yunusobod tomonga taksi to‘xtatib bering.
Men ming bir xijolat bilan otaxonni taksiga o‘tqizdim. U menga qarab miyig‘ida kulib, bosh irg‘ab qo‘ydi:
– Xayr, ko‘rishguncha, o‘g‘lim… Sen bilan ko‘rishamiz, o‘g‘lim. Yer olmadekkina.
Kechqurun soat sakkizga yaqin uyg‘ondim. Dong qotib uxlagan ekanman. Yo‘l azobi – go‘r azobi, degan gapni qaysi bir zamonda Toyqulovga o‘xshagan yuviqsizga yo‘ldosh bo‘lgan odam aytgan bo‘lsa ajabmas.
Borish kerak, borishim kerak. Tug‘ilgan kunga borishim shart. Bunday kunda chetda turish uyat. Ishlab turganda edi, mayli, bormasam ham bo‘lardi. Mensiz ham odam qaynab, biri kirib biri chiqardi, xushomadning hushtagidan quruq qolmaganlar juda ko‘p.
Yo‘lga tushdim, bir o‘y boshimni o‘yib bormoqda: “Noqulay bo‘lmasmikin?”, E-ey, hech narsa bilmaganday bo‘lib tug‘ilgan kuni bilan tabriklab qo‘yaman, vassalom. Mana, shu muyulishdan so‘ng tor ko‘cha oxirida Odil To‘rayevichning xonadoni. Burildim, yosh rahbarning uyi oldida qator tizilgan ulovlarga ko‘zim tushdi. Yaxshi, ishxonadagilar kelishibdi. Shukr, odamgarchilik bor, oqibat o‘lmagan, yaxshi-yomon kunda ko‘ngilga dalda berguvchilar ko‘p. Ko‘rib qo‘y, Toyqulov, ko‘rib qo‘y! Sen kelmasang ham yaxshini yo‘qlaguvchilar topiladi, yaxshilik yerda yakson bo‘lmaydi, Toyqulov!
Hovliga kirdim. Ishkom ostida tuzilgan keng-mo‘l stol atrofida hamma jamuljam. Supa yonida samovar qaynatayotgan qorovulimiz Rajab mergan “pishib”gina qopti, haligi zormandadan qo‘proq otib olibdi; ikki qo‘li belda, chayqalib turibdi: “Voy-ey, bomisiz? Qatta yuribsiz? Hamma sho‘tta-yu”. Hammamas mergan, hammamas! Toyqulovni topib ber-chi, mergan. U kelmagan, kelmaydi ham, mergan. Rajabning beozor tanbehidan dadillanib, yerdan ko‘z uzmay davra tomon yo‘l oldim. Xayolimda boshqalar ham meni intiq bo‘lib kutayotganday tuyuldi. “Ana, nihoyat janob Eshmatov ham keldilar…”, Kotibamiz Sanobar peshvoz chiqib qo‘limdagi sovg‘ani oldi.
– Tabriklayman… – men Odil To‘rayevichga yuzlandim… Rahbarimiz davrada xushholu xushchiroygina bo‘lib o‘tiribdi. Shu tob… shu tobda, shitobda menga orqa o‘girib ayiqday bo‘lib o‘tirgan Toyqulovga nigohim tushdi. U ham ilkis burilib, menga qaradi. Uning ko‘zlaridan g‘azab uchqunlari sachradi. Nigohim tinib, davra chetidagi kursiga omonatgina cho‘kdim.
– Endi tabrik uchun so‘zni tajribali xodimimiz, ustozimiz Turdiboy aka Toyqulovichga beramiz.
– Azizlarim! Hurmatli Odiljon To‘rayevich, mehribon ukam! Sizni bugungi qo‘shaloq bayram bilan chin dildan qutlayman. Siz chin ma’noda insonsiz, chin ma’noda rahbarsiz, chin ma’noda bugun Sizni tayinlashgan yuqori lavozimga loyiqsiz, mosu xossiz! O‘lgunimcha duoi joningizni qilaman.
Qattiq bet boltani kemtik qiladi. Eh, Toyqulov, Toyqulov. Uyatdan yer ham yorilmadi-ya. Boshim gangib, o‘y-fikrlarim ostin-ustin bo‘lib ketdi. Nima deyapti, bu?! Yuqori lavozim dedimi? E-ey, bu yog‘i… Yonimdagi Tavakkalovga qaradim:
– Ha, buncha angrayasiz? – dedi u.
– Shu… Xo‘jayin boshqarma boshlig‘i bo‘ldilarmi?
– E, Sizga nima bo‘lgan, kecha buyruq chiqdi-ku…
– A-a!
Men dik etib o‘rnimdan turdim, qo‘limni musht qilib dast ko‘tardim-da, baqirdim:
– Menga so‘z beringl-a-a-a-r, Menga so‘z bering-l-a-a-a-a-r!!!
Davradagilar chapak chalib yuborishdi. Qiyqirganlar ham bo‘ldi.
Men bor ovozda qichqirdim.
– Haqiqat bor! Haqiqat bor!!! Haqiqat bor!!!
Ko‘ksimni kuydirayotgan olovning achchiq tutuni o‘ralab dimog‘im achishdi, o‘zimni ancha yengil his eta boshladim. Qo‘limdagi qadahni bir sipqorishda ichdim-da, joyimga o‘tirmay hovli eshigi tomon yurdim. Haqiqat bor bo‘lgan taqdirda ham Toyqulov o‘tirgan davrada qololmasdim. Toyqulovga o‘xshaganlarni haqiqat o‘z davrasiga qo‘shgani, yonma-yon o‘tirgani alam qiladi.
Hovli eshigiga yetib-etmasimdan kimdir yelkamga dag‘allik bilan turtkiladi. Qarasam, Rajab mergan. Chalqayib turibdi.
– V-u-uy, qayoqqa ketvossiz? Sizni chaqirayaptila…
– Kim?
– Ana-a-a-a! To‘ra ota chaqirayaptila-a… Xo‘jayinimizning dodalari.
Men Rajab mergan ishora qilgan tomonga qaradim. Samovar yonidagi supada o‘tirib choy ho‘playotgan otaxon menga jilmayib qarab turardi. Azoyi badanim jimirlab, oyoq-qo‘lim bo‘shashib ketdi. Cholning egnidagi beqasam jelak chiroq yog‘dusida kamalakday tovlanib turardi.
– Kel, o‘g‘lim, kelaver! Mana Sen bilan yana ko‘rishdik. Aytgandim-ku, yer olmadekkina deb.
Cholning chehrasida tiniq tabassum nuri jilvalanardi. Bazm tomon ko‘z yugurtdim. Toyqulov bizga ko‘zi tushishi hamono o‘rnidan dik etib turib ketdi. Joyida tosh qotib turaverdi. Tamom bo‘ldi Toyqulov! Endi tamom bo‘ldi… Yanayam kim bilsin…
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 6-son