Qamchibek Kenja. Ko‘ktoy (hikoya)

Oq-qorani ajratish pallasiga qadam qo‘ygan chog‘laridanoq shaxsiy “hayotiy dastur” tuzib, uning ilk bandiga “uzoq umr ko‘rish” moddasini kiritgan va hanuz o‘z maslak-g‘oyalaridan og‘ishmay, qing‘aymay, javlon urib yashab kelayotgan Fotih Burhonovich nafaqa yoshidan allaqachon oshgan bo‘lishiga qaramay, nufuzli bir korxonaning hayhotday birinchi xonasidagi o‘zi chinordan maxsus yasatib, buqalamun terisi qoplatgan og‘ir, salobatli kresloni barqaror, mustahkam egallab o‘tirar, atrofida yaqin xodimlari, xalq iborasi bilan aytganda shotirlari girdikapalak edi. Qo‘llarini qayerga, qayoqqa uzatsa yetib, yana oshib ham qolardi. Serg‘ayrat, sog‘lom va bikir edi. Inson umrining chegaralanganligi to‘g‘risida avvallari deyarli bosh qotirmasdi ham, illo jufti bilan murosasining nosozligi gohi-gohida pand berib, uning ham oddiy jonzot naslidan ekanligini yodiga tushirib qo‘yardi. Huzurida mo‘yloviga bolta o‘tmas ne-ne zabardast, bahodir erkaklar qo‘l qovushtirib, hatto ayrim hollarda titrab turadigan vallomat shu bir pachoq, “kesak qisgan” ojizasiga hukm o‘tkazolmaganidan qattiq iztirob chekardi. Zavjai dilozori uning tamoman aksi – pastakkina, jikkakkina edi, ha, shu borada Fotih Burhonovich hayotidagi mutanosiblikka xiyla jiddiy putur yetgan edi. U ayolini kamdan-kam tilga olardi, mabodo u haqda gapirishga to‘g‘ri kelib qolsa, andak mungli tabassum bilan “bizning chittak xonim…” degan so‘zlardan boshlardi. Xotin chindan-da anoyi “mo‘mina”lardan emas edi: jahli qo‘ziganda jo‘jalariga tug‘ilgan xavf-xatarga qarshi jon-jahdi bilan hurpaygan ona tovuq kabi eniga-yu bo‘yiga “shoxlab”, vahimali tusga kirar, kip­riklariyu qoshlari, hatto pir-pir uchayotgan yubqa lablari uzra sabza urib, ikki chekkaga qarab yonboshlagan oltinrang, mayin tuklari ham xurujga kelgan tip­ratikonning nayzalaridek tikka-tikka bo‘lib ketardi. Bunaqa paytda muhtaram Fotih Burhonovich, ko‘pincha, raqibidan yengilib, dumini chotiga qisganicha vangillab juftakni rostlagan ko‘ppakday, ichida g‘udinglab, ko‘cha sari yo‘rg‘alab qolishni ma’qul ko‘rardi: och qornim,tinch qulog‘im. Faqat xonim bilan oralarida kechadigan dahanaki janglarning avj nuqtasida, sabr kosasi to‘lib-toshib, g‘azab otining egaridan uchib ketay, uchib ketay deyayotgan lahzalarda beixtiyor “Hah, chittak!..” deb yuborardi tovushini bir necha parda ko‘tarib. Balki “beixtiyor” iborasi bu o‘rinda uncha chak bosmas, axir Fotih Burhonovich butun zahriyu norizoligini, alamiyu ozurdaligini o‘zi o‘ylab topgan va nazdida juda yopishib tushgan laqab qatiga joylab otardi, lekin shu bilan biroz xumordan chiqib, yengil tortganday bo‘lardi. Bundan nordonroq, bundan og‘irroq koyishni minba’d lozim ko‘rmasdi (aslida haddiyam sig‘masdi-ya), zero u o‘zini ancha madaniyatli, ziyolinamo mardumlar sirasidan hisoblashlarini xohlardi. Nafsilamrini aytganda, u “daxshanda” bilan shirguruchga sariyog‘ bo‘lib ketishi qiyinligiga avval-boshdanoq aqli yetgan edi, biroq qo‘shilgani bilan har qanday vaziyatda (!) “qo‘sha qarish” talab etiladigan sho‘rolar davrida yostiqdosh bilan uning inon-ixtiyorisiz ajrashmoq rahbar-kadr uchun durustroq hayot kechirishning asosiy omili, garovi bo‘lmish partiya a’zoligidan, mansab-lavozimidan qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urish, o‘z kelajagi pillapoyalari poyiga arra solish demak edi. Buncha qurbonga rozi bo‘ladigan amaldor sahrodagi soyaday kamdan-kam uchrardi. Qolaversa, kelinchak ham komsomol xodimalardan, ya’ni partiya va hukumat joriy etgan ayollik haq-huquqini a’lo biladiganlardan edi, binobarin, undan tirik qutulishni o‘ylashning o‘zi xomtamalikdan, kaltafahmlikdan o‘zga narsa emasligini Fotih Burhonovich juda yaxshi anglardi. Axir u esini yemagan-ku, o‘z orzusidagi martaba-mavqega erishguncha ne-ne qabulxonalarda sarg‘aymagan, qanchadan-qancha ostonalarning tuprog‘ini iskamagan!
Ammo bot-bot yuz beradigan davomli va qizg‘in “muhoraba”lar, fikr va dunyoqarashlarning mudom zid kelishi bilan bog‘liq ezilish, ruhiy zo‘riqishlar oqibatida uning tolmas, metin yuragi hilviray, hil-hil jigari esa bandidan uzilgan chinor yaprog‘idek bujmaya boshlagan edi. Omad ham, dard ham bir kelsa qo‘shaloq keladi, deganday, orada “e” yo‘q, “be” yo‘q, ziqnafaslik ham ilashib o‘tiribdi. Bunisi kasallarning ashaddiysi, odamni o‘ldirmay qiynaydigani ekan. Katta ishxonada majlis o‘tkazayotganda, ba’zan kattakonlar, uyatli mehmonlar davrasida tutib, avj olardi. Tomog‘i shag‘alni bosgandagiday g‘ijirlab, chala bo‘g‘izlangan xo‘rozday xirillab qolganida o‘zini urgani teshik topolmay, qizarib, shishib ketgan ko‘zlari alang-jalang qila boshlardi. Xos shifokorlari tavsiyasi bilan “Zomin” va boshqa maskanlarda davolanib turardi. Muolaja ta’siri ikki-uch oyga yetib borardiyu yana arzimagan bir sabab bilan qaytalanaverardi. Bosh garang – bir yonda nag‘magar “malak”, ikkinchi tomonda zir-zir yurak, o‘rtada shirin jon halak. Tong-saharlar ko‘kka nola uchar: “Gunohim ne edi, ey falak?” Xullasi kalom, jiddiyroq chora axtarmasa chatoq ahvoli. Axir undan imdodu madad umidvorlar bisyor hali, hali rejalar gala-gala – kichik o‘g‘il-qizlari, kuyovlari, nevaralari, bo‘lajak nevara kuyovlarining o‘qishlari, ish-amallari, uy-joylari chala… Qolaversa, qachongacha olti yuz-etti yuz chaqirimli masofaga qatnaydi – bir dunyo pul, vaqt sarflab? Boshqa chorasi yo‘qmikin?..
Yana o‘zining nekbinligi, topqirligi, dangalligi ish berdi. Muzofotning kun yurish tarafi etagidagi Yashil tog‘ni eslab qoldi. O‘sha toqqa dala hovli tarzida kichikroq bir nima solsa qalay bo‘larkin? Buning uchun avval borib aylanish, havosi yoqadimi, samara beradimi, yo‘qmi, sinab ko‘rish kerak.
O‘zi ixlos qo‘ygan tibbiyot professorlariga muddaosini aytdi. Sog‘liqni saqlash bo‘yicha mamlakatdagi qator nufuzli komissiyalar, hay’atlar a’zosi, keksa nevropatolog uni qo‘llab-quvvatladi:
– Yaxshi o‘ylabsiz. Albatta, tog‘larning tabiati, xususiyati har xil, o‘simliklar, daraxtlarning turi, kislorod miqdoriga, tuproq, havo tarkibiga, umumiy iqlimga va boshqa omillarga ko‘p narsa bog‘liq, bundan tashqari mijoz masalasi ham bor. Ammo baribir foyda qilsa qiladiki, ziyoni yo‘q. Natija darrov bilinmasligi mumkin, xolos.
Demak, fikr to‘g‘ri: toqqa hijrat qilmoq kerak… Vallohi a’lam, oiladan – g‘avg‘o uyasidan muayyan muhlatlarga uzoqlashish “muolajasi”ning zora barcha illatlar “doyasi” bo‘lmish dardi bedavoga ham nafi tegsa! Odatda ayriliq, hijron tosh bag‘irlarni yumshatib, mehrni kuchaytiradi-ku (aslida botinida aql tishi bilan barobar nish urgan yana bir maraz bor ediyu, uni o‘zi payqamas, to‘g‘rirog‘i, ahamiyat bermas, o‘ziga zararsizligi uchun beg‘araz va bexatar bir xasmol deb bilardi. Odatda qotib, qichishmay qo‘ygan yarani ham anchagacha xol bilan adashtirib yuradilar).

* * *

Fotih Burhonovich yoru birodarlariga, shuningdek jamoasiga ham (torroq doi­rada) o‘z niyatini oshkora etdi. Garchi u hal etuvchi qarorni hamisha o‘zi chiqarsa-da, ba’zida arzimagan masalani ham ko‘pchilik e’tiboriga, hukmiga havola qilgan bo‘lib, ularning yoqlovchi so‘zlarini bayonnomaga kiritib qo‘yar, zero, mashvarat xulosasi oilasi va boshqa tegishli idoralarga ko‘rsatish uchun asosiy das­tak, keyinchalik yuzaga kelishi ehtimolli da’vo, tahdid, ixtiloflarda po‘lat sovut ro‘lini o‘ynaydigan muhim hujjat vazifasini o‘tardi. Uning mansabdor sifatidagi asosiy aqidalaridan biri ham uzoqni ko‘zlab ish tutish, yana bir shiori – “ehtiyotkorlik osh talab qilmas” edi.
Dam olish kuni u barvaqt turdi-da, Yashil tog‘ sari yo‘l oldi. Mashriqdan mag‘ribga qarab yastanib yotgan tog‘ni yonlab o‘tgan o‘nqir-cho‘nqir, bir yoni paxtazor ilon izi so‘qmoqdan yurib, ancha ichkariga bordi-da, mashinadan tushib, yuqoriga tikildi. Olisdan bir qadar pakana, odmi ko‘ringan har qanday bo‘ydor narsaning salobati unga yaqin borganda bilinadi-ku. Aksariyat tog‘lar kabi tepa tarafi suyri Yashil tog‘ ham juda yuksak, vahimali bo‘lmasa-da, har holda mahobatli, eng ahamiyatlisi – shimol tog‘lari kabi qalin qor ko‘rpasiga o‘ranmagan, janubdagi jinsdosh-qarindoshlari singari giyoh unmas tosh qatlamlaridan iborat emas edi. Aksincha, harorat mo‘tadil (albatta, shaharga nisbatan birmuncha salqin va shuning uchun ham orombaxsh), qoyatoshlar bo‘rtib, turtib chiqqan ancha-muncha yaydoq joylarini inobatga olmaganda, archa, yovvoyi jiyda, do‘lana, irg‘ay, yulg‘un va boshqa daraxtlar, butalar, chimday anvoyi o‘t-o‘lan bilan burkangan yashil va kulrang omuxta bir dunyo edi. Poyidanoq tog‘ havosining toza, yengil va huzurbaxshligi sezilib turardi. Qahramonimiz inqillab-sinqillab o‘n-o‘n besh qadam tepaga chiqdi, u yoq-bu yoqni xiyla kuzatib turgach, joy mo‘ljallay boshladi, yana besh-o‘n qadam balandroqdagi ikki-uch so‘tixcha nisbatan tekisroq, o‘ng‘ayroq yonbag‘irni ko‘z ostiga olib, qaytdi. Tanish-bilishlar, shotirlarini ishga solib, og‘irroq, mushkulroq yumushlarga mardikor yollab, bir oy deganda tog‘ qo‘ynida mo‘jazgina boshpana qurdi. Uzoq yillar katta lavozimlarda ishlagani, mas’ul mahkamalar bilan aloqani hamon uzmaganligi tufayli mazkur joyda imorat ko‘tarishga ijozat olish, kadastrdan o‘tkazish masalalari og‘zining yeli bilan hal etildi.
To‘g‘risi, Fotih Burhonovich avvaliga qurilishning borishidan naridan-beri xabar olib turuvdi, o‘sha yerda jisman va ruhan yengil tortayotganini tuygach, astoydil bo‘lib qoldi. Boshda ishonmaganidanmi, uncha parvo qilmagan “chittak xonim” esa, ha, desa “toqqa ketdim” degan istehzo aralash g‘olibona ohangdagi gapni eshitavergach, battar hurpayib yurdi. Makon bitgach, rahbar xotini, farzandlari, kuyovlari ishtirokida oilaviy kengash chaqirdi va kechki payt bir sid­ra ko‘rpa-to‘shakni mashinaga ortib, o‘n bir yoshli nabirasi Sanjarbekni yoniga olib, toqqa chiqib ketdi.

* * *

Dastlabki kechalar xiyla ichki bezovtalik bilan o‘tdi. Garchi, sir boy bermaslikka urinishayotgan nabira bilan boboning ko‘zlari bir-birlarining og‘zidayu, xayollari, quloqlari tashqarida edi: halizamon qandaydir uvillash, irillash eshitilib qoladiganday… Axir notanish, buning ustiga tog‘lik, xilvat yerlar… Har narsa bo‘lishi mumkin-da. Chittak xonimning zaharxanda-pichinglari: “Bilganingizcha duo-puo o‘qib yoting, tag‘in, jin-pin chalib, bu kuningiz ham holva bo‘lib qolmasin. O‘zingiz mayli-yu, bolaga bir ziyon yetmasin-da…” Lekin ularning panohgohidan xiyla narida, tog‘ning teparoq qismlarida miltillab ko‘ringan yakkam-dukkam chiroqlar ularga taskin berdi. Baribir, birmuncha muddat Fotih Burhonovichning o‘ziga erish ko‘rinib yurdi bu tutumi. Odamlar nima deb o‘ylashyaptiykin? Ahmad Yassaviyga o‘xshab uzlatga chekinib, tarki dunyo qilmoqchi shekilli, deyishmayaptimikin?
Lekin kun bo‘yi shovqin-surondan, mashina ballonlari, asfalt yo‘llardan, panaroq-chekkaroqdagi uyum-uyum axlatlardan buruqsagan dimiqtiruvchi hidlar, gaz islaridan karaxt dimog‘i, achishgan burun kataklari, ko‘zlari, tani-jonining yayrashi oldida og‘ziga kuchi yetmaganlarning “mish-mish”lari chikora! Zero, tomog‘idagi g‘ijirlash, o‘pkasidagi “xir-xir”lar pasayib, nafas olishining xiyla ravonlashgani, ko‘kragidagi sanchiqlarning paysal topayotgani aniq sezila boshlagan edi.
Fotih Burhonovich lo‘labolishga yonboshlab, Sanjarbek cho‘k tushganicha sham, xitoy qo‘l chirog‘i yorug‘ida dars tayyorlashar, bir-biriga ertak, topishmoqlar aytib, “shahar” oldi-berdi qilishar, so‘ngra batareyali radiopriyomnikni past qo‘yishgancha pinakka ketishardi. Keyin akkumulyator bilan “elji” televizoridan olib chiqishdi. Rahbarni-ku, kuni bo‘yi qo‘shiq, musiqa sassiqkekirtak qilib yuborardi (ishxonasiga tushgan yangi, ikki qavatli “Elita” oshxonasining zamonaviy g‘arb estradasi ishqibozi, qishda ham rangli ko‘zoynak taqib, bog‘ichi mushtday qizil yo safsar galstugini doim oq ko‘ylagiga to‘qnog‘ich bilan qistirib yuradigan taqa mo‘ylov, daroz shefi undan ham zo‘rroq chiqib qoldi), ammo mult­filmga mukkasidan ketgan bolasi tushmagur tumtayib, ming‘irlab, qo‘ymadi.
Ertalab xizmat mashinasida uyga borib nonushta qilishgach, bobo nabirani maktabga tashlab, ishga o‘tib ketar, kechki payt barvaqtroq ovqatlanishardi-da, yangi maskanga – “Orom qasri”ga jo‘nashar va afsonaviy, romantik hayot og‘ushiga sho‘ng‘ishardi. So‘qmoq ham kengaytirilib, shag‘al yotqizilib, ancha epaqaga keltirilgan – do‘qir-do‘qirdan bezillamay bemalol yurish mumkin edi.
Chinakam rohatga kirib qolgan edi Fotih Burhonovich. Endi tog‘ poyida mashinadan tushishi bilanoq o‘zini tetik, bardam his qila boshlar, tabiatning butun husnu malohatini o‘zida mujassam etgan tog‘ manzarasining, yashil baxmal o‘t-o‘lanlarning beg‘ubor va yoqimliligi ko‘zlarini yashnatib, bahri-dilini ochib yuborardi. Bu yerning namozgar pallalari, ayniqsa, tunlarining latofati ta’rifiga so‘z topish mahol edi: oy yaqin va yirik, dog‘larining shakli shamoyiligacha yaqqol ko‘zga tashlanar, chang, tutun pardalaridan holi olovrang-pushti yulduzlar nihoyatda tiniq, ravshan charaqlardi. Bu holat, bu nafosat, bu musaffolik qahramonimizning ruhiyatini yanada yayratib, kuchiga-kuch, shijoatiga-shijoat qo‘shardi. Yorug‘ olamning shuncha go‘zalligi, nash’u namosidan bebahra yurgan bir g‘ofil ekanligidan afsuslanar, qancha oqshom, kechalarni “chittak” bilan arzimagan (!), o‘tkinchi narsalarni talashib-tortishib, bo‘g‘ilib, behuda sarf qilganiga achinardi. Hammasidan ham uydagi g‘alva-g‘ishavalardan, Malikai Turandotning yurakni zaharlangan o‘q kabi o‘yib, iljiratib o‘tadigan kesatma-qoqitmalaridan qulog‘i tinchib qolganiga xursand edi. Bu borada ham jiddiy o‘zgarishlar yuz bera boshlagandi. “Yana toqqa ketasizmi?”, “Bugun biz bilan qola qolmaysizmi?” kabi jur’atsizlik, ishonchsizlik va andak iltijo yo‘sinida aytilgan bu gaplar qulog‘iga erish eshitilar, hatto izzat-nafsi orom olardi.
Sof havo bilan to‘la sokin ma’voda Alpomishday qotib uxlardi. Azon pallasidagi saharhez bulbul, qoraqush, qorashaqshaq va boshqa notanish parrandalarning rango-rang dilrabo xonishlari dilning rohati, xafaqonning malhami edi. Chigirtkalarning chirillashi ham asablarni allalardi go‘yo.
Keyin-keyin Fotih Burhonovich dam olish kunlari shu yerda qolib, tog‘ni aylanib yurishni odat qildi. O‘z hujrasidan yuqoriroqqa – tog‘ning taxminan qoq beliga ko‘tarilib, durbinda ancha past va nari shahardagi ari uyasini eslatuvchi hayotni (to‘g‘rirog‘i, vaziyatlarni) kuzatarkan, ko‘nglida vasvasanamo hissiyotu ishtiyoq paydo bo‘ldi. Hamonki, tog‘da mazgil qurar ekansan, iloji boricha yuksakroq yerni tanlash kerak ekan, degan fikr qulog‘i ichiga kirib olgan suvarakday tinchini, oromini buzdi va u yangi joy chamalashga tushdi. Metin qoyalar kamligi, yuza qismining oddiy qora, sariq tuproqdan iboratligi Yashil tog‘ning asosiy fazilati edi. Maydaroq bo‘lsa-da, dov-daraxt ko‘p, o‘t-o‘lan qalin, kun kam tushganidan ular uzoq yashardi ham. Eng muhimi, tog‘ning yonini shilib, kesib, sahn, maydon yaratish, xiyla mashaqqat tug‘dirsa-da, har holda mumkin edi. Lekin shuncha balandga qurilish ashyolarini ko‘tarib chiqish muammosi-chi? Odam bolasi yelkasida tashib udda qilishini tasavvur etish qiyin. Avvalo, bu yergacha zina – yo‘l solish kerak…

* * *

– Yo‘l solish-ku “no problem”, shef, – dedi qurilish bo‘yicha ko‘p yillik malakaga ega, ancha uquvli va shu bois norasmiy maslahatchi rutbasini egallagan xodim mo‘ljaldagi pakkani ko‘zdan kechirib, azmoyish olarkan. U ko‘p jihatdan rahbarning ishonchini qozongan shotirlardan, faqat bir qusuri bor edi – ba’zi ism va so‘zlarga tili kelishmay, ko‘pincha noqulay ahvolga tushib qolardi. Masalan, “Fotih”ni – “Fath”, “Burhonovich”dagi “r” bilan “x”ning o‘rnini nuqul almashtirib – ayrim hududlarda “tutlar” so‘zini “tultar”, “yigitlar”ni “yigiltar” tarzida talaffuz etishganday – qovun tushirib, yon-atrofdagilarning “piq-piq” kulgisiga, shefning manglayi tirishishiga sababchi bo‘lar va shosha-pisha uzrxonlik qilib, yaltoqlana boshlardi. Lekin rahnamoning olijanobligi, kechirimliligini mudom suiiste’mol qilaverish ham insofdan emas-ku. Maslahatchi “xo‘jayin”, “shef” deya murojaat qilishga o‘tdi. Unga taassuban boshqalar ham… Dastlab Fotih Burhonovichning ensasi qotib, g‘ashi kelgannamo yurdi, keyin-keyin moslashib ketdi. Mana endi ana shu atamalar qulog‘iga kamroq chalinsa xavotirga tushadigan bo‘lib qolgan.
– Ammo, bu yerga ashyolarni faqat eshakda olib chiqish mumkin, – davom etdi mulozim xo‘jayinning o‘zgara boshlagan avzoyiga e’tibor bermay. – Mardikor, ustalar ham xizmat haqini balandroq so‘rashadi. Shuncha yuqoriga tushib-chiqish osonmas. Nimjonroq odamning bir ko‘tarilishda sillasi quriydi.
– Eshakda? – so‘radi iflos joyni bosib olganday afti bujmayib ketgan shef.
Eshak degan jonzotni uning iqi suymasdi. Nomi yoqimsiz, afti-angori ham kelishimsiz bu hayvonning xususan vaqt-bevaqt bor ovozda farosatsizlarcha hangrashi, odam bor-yo‘q demay, jartillatib “dam” qo‘yib yuborishi va yana boshqa ayrim sharmsizliklarini ko‘rsa ta’bi tirriq bo‘lib, yuzini shartta tes­kari o‘girib olardi.
– Ha, eshakda. Ham juda arzonga tushadi, – boshliqning o‘tidan kirib, kulidan chiqadigan maslahatchiga uning fe’l-atvoridagi ayricha jihatlar besh qo‘lday ayon edi. – Unga yem berilsa, bas. Ikkita xonaga ketadigan ashyo-yu, ashqol-dashqollar odam kuchi yo boshqa yo‘l bilan tashiladigan bo‘lsa, xonumoningiz sovuriladi.
– Hmm… Ot-chi, ot bo‘lmaydimi? – so‘radi hamon ensasi yumshamagan Fotih Burhonovich.
– Yo‘q, – iyagini tebratdi bosh shotir. U ishxonada, shefning xonadoni va o‘g‘il-qizlarinikidagi qurilish-ta’mirlov ishlarida, boshqa shaxsiy, ro‘zg‘or yumushlarida ham faol qatnashib yurganidan xojasiga fikri, e’tirozini nisbatan ochiqroq, erkinroq bildirar, rahbar ham uning jo‘yali maslahatlariga quloq tutardi. – Ot degani tekis maydonda poyga yo uloq chopishga, oliftagarchilik uchun minishga yaxshi, lekin u ikki dunyodayam eshakning vazifasini bajarolmaydi, bu yerga yuk bilan ikki marta chiqsa, tili qanjiq itnikiday osilib qoladi. Xachir tuzukroq ediyu, ammo u yo‘q-da bizda.
Shef stolni marom bilan chertib, bir oz sukut saqladi, keyin o‘mganini ko‘tardi.
– Hmm… Bo‘lmasa, yoshroq, ko‘rkamrog‘idan topinglar, – tayinladi u.
Fotih Burhonovichning soxt-sumbati kishida to‘poriroqday tasavvur uyg‘otsa-da, u o‘zini nafis did egasi, nazokatli shaxs deb hisoblardi. O‘rni kelsa-kelmasa: “Iting ham chiroyli bo‘lsin”, degan maqolni bot-bot takrorlab turishni kanda etmasdi. Garchi chiroy-husndan bir marta pand yeb, bir umrga kuygan esa-da, sut bilan kirgan e’tiqodidan chekinolmasdi. Maslahatchiga esa uning hozirgi iddaosi bo‘lakcha nash’a qildi.
“Qoshiga o‘sma qo‘ydirib, termilib o‘tirarmikin, – o‘yladi u. – Tavba, eshakning ko‘rkami bo‘ladimi, ish bersa hisob-da”. Esiga latifanamo bir hangoma tushdi. Bozorda bir xaridor sigirning yelini pastda qolib, boshqa avrat joylarini (albatta, bo‘g‘oz-qisirligini aniqlash maqsadida) astoydil, sinchiklab tekshira boshlabdi. Mol egasi shoir odam ekan, g‘ashi kelganini sezdirmay: “Taqsir, buni o‘zi nima xizmatga ko‘zlayapsiz?” – deb so‘rabdi. Askiyaning tag-zaminidagi ma’noni uqqan dallollaru olarmanning o‘zi ham rosa miriqib kulishgan ekan. Shotirning diliga ham shunga yaqin bir ajab savol keldiyu, yumor tuyg‘usi chalaroq xo‘jayinning tutaqib, shaytonlab qolishidan cho‘chidi. Ammo, aymoqi hazilkashi bo‘lganda juda ketardi-da… U miyig‘ini burab, shaytonini jilovladi.
Darhaqiqat, har qanday davra, muloqotda Fotih Burhonovichning yuz-ko‘zini jiddiylik, tundlik aslo tark etmasdi. O‘ziga qolsa, u ham ochiq chiroy bilan, yozilib gaplashishni (o‘shandaylarga juda havasi kelardi) xohlardi. Lekin qosh-qovog‘i tepadan bir narsa bosayotganday, beixtiyor osilib ketaverardi. Orqavorotdan unga “so‘xtasi sovuq”, “qovog‘idan qor yog‘iladi” kabi “ta’rif”larni yopishtirishlarini o‘ylab, diqqati ham oshardi, ammo “muallif-musavvirlari” unga shunday turqi-atvorni ravo ko‘rishgan bo‘lsa, boyaqishda ne iloju ne gunoh (Bunda, obbaxolam, bolaligida rahmatli katta buvisining “kulaverma, boyo‘g‘li tishingni sanab qo‘yadi”, deb bergan “ta’lim”ining ham hissasi yo‘q emasdir)!

* * *

Fotih Burhonovich umrida eshakka ishi tushmaganidan uni alimsinmagandi. O‘zining-ku, ikki dunyodayam achima hayvon bozorida shaltoq mol-qo‘ylardan avaylanib, yakka kift bo‘lib yurishini tasavvur qilolmasdi, inchunin o‘g‘illari ham ijirg‘anib, bosh tortishdi. Yana shotirlarning o‘zlariga insof tilashdan o‘zga chora qolmadi (Shef ulgurjiroq pulli savdo-sotiqlarga xodimlarning faqat o‘zlarini yubormasdi). Lekin odamzot shuncha keng va jannatning yorug‘ dunyo­dagi nusxasi bo‘lmish Zaminga qanoat qilmay, ming darajali haroratda ham erimaydigan tosh, qorishma jismlardan iborat samoviy sayyoralarga uchay-uchay deb turgan bir zamonda xar zotining ozayib, tabarruk bo‘lib ketganini (nimaga ehtiyoj, hojat pasaysa, o‘sha narsa o‘z-o‘zidan kamayib, yo‘qolib boraveradi-ku) unga zoriqqan kishigina biladi. Bozorga ahyon-ahyonda bitta-ikkita eshak chiqar, ular ham qarib, parti ketib, sharti qolgan edi. Bunaqa dirdovlarning tog‘ tugul, oddiy yo‘lda ham dadil yurishiga ishonch yo‘q.
– Hmm… ajabo, bitta eshak topish shuncha qiyinmi, a?! – deya hayron va jig‘ibiyron bo‘lardi rahbar. Tog‘ning o‘zi chamalab qo‘ygan yeriga tezroq boloi ravoq solish ishtiyoqi, jahdi uning ichini qizdirardi. – Qaysi deparada ko‘proq bo‘ladi o‘zi u qurib ketgur?
– Afg‘onistonda, Avstraliyada…
– Maynavozchilik qilma!

* * *

Nihoyat, “anqoning urug‘i” topildi: to‘rt oyoqli, tumshug‘i to‘mtoq, quloqlari yelpig‘ichday, kalta dum, ko‘zlari moviy, butun tanasi ko‘kimtir… Bunaqasini “ko‘k eshak” deyishardi. Fotih Burhonovich bolaligida o‘rtoqlari bilan qir-adirlarda mol-qo‘y boqqan davrlarida to‘p-to‘p bo‘lib, “quvdi-quvdi” qilib yuradigan hangiyu mochaxarlarni ko‘z oldiga keltirdi. Ko‘k eshak ularning birontasigayam o‘xshamasdi.
– Hmm… Juda qang‘il-ku bu, – dedi “shef noyob topilma”ning u yoq-bu yog‘ini sinchilarday nazardan o‘tkazarkan.
– Bular ham odamlardaqa – qotma, chayiri mehnatkash, semizlari ishyoqmas, tebsa-tebranmas bo‘ladi, – uqtirdi shotir.
O‘zi haqidagi kinoyalardan ranjigan jonivor ozg‘inligidan xijolat chekkanday, boshini xam qilib, rapidaday quloqlari bilan andak shilpiqlashgan ma’­yus ko‘zlarini to‘sib turardi.
– Yoshiyam bir joyga borib qolgan-ov…
Ko‘k eshak “unchalikmas” deganday, kallasini jur’atsizgina chayqadi. Mulozim bu gal qittak hazil gap qotishdan o‘zini tiyolmadi.
– Bir hisobda shunisiyam tuzuk, – dedi u ma’nodor tomoq qirib. – Yosh bo‘lsa, kechalari mochag‘arini qo‘msab uyqusi qochadi, ipini uzib ketib qoladi, ke­yin orqasidan to‘rva ko‘tarib, ko‘chama-ko‘cha, mahallama-mahalla: “Bizning yorni ko‘rgan bormi?” deb istab yurishga to‘g‘ri keladi.
Jonivorning hamiyatiga ranj yetib, boshini tikladi. Oriyat kamarini g‘ilofidan ozgina chiqargan yerida sinalmagan yangi xo‘jayinning jig‘iga tegib qo‘yishdan hadiklanganday, to‘xtadi, kamarni joyiga qaytardi.
Fotih Burhonovichga esa, rostdan ham mutoyiba hayf edi. U odaticha “hmm…” deb to‘ng‘illadi-da, qo‘liga kaltak olib, eshakning ayri yog‘ochday turtib chiqqan dumg‘azasi ostidan – ichiga botgan sag‘risidan itarib ko‘rarkan, uning tuyoqlarini yerga mahkam tirab, gandiraklamaslikka harakat qilayotganini payqab qoldi.
– Xiyla ish ko‘rganga o‘xshaydi. Ishqilib, yalqov yo qaysaridanmasmikin?
Ko‘k eshak boshini bularga ters burib, bir-ikki yer tepindi. U aftidan e’ti­rozini ifodalovchi jiddiyroq xatti-harakatlar sodir etishdan tiyilib, o‘zini og‘irlikka solar, zangori qorachiqlaridagi norozilik uchqunlarini ham ko‘rsatmaslik payida edi.
– Shuniyam arang topdik, lekin hali yana ancha ish berishiga javob! Eshak bilan itning joni savil bo‘ladi, deb bekorga aytishmaydi. Bu haqiqiy tog‘ eshagi ekan. Har qanday g‘o‘rasha xodim sizning qo‘lingizga tushganda ipakday mayin tortib qolganday, buyam chaqqon bo‘p ketadi.
Shefning mijjalari, lab burchlariga tabassum indi.
– Hay, mayli, – dedi u taqdirga tan berganday.
Boshqa istab ko‘ringlar, deyin desa, tag‘in vaqt yo‘qotishni mulohaza qildi, ortiq kutishni istamasdi.

* * *

Ish boshlandi. Eshak “hayt!” desa hurkib, sapchib tushar, ko‘zini yumib, taysallab, ortiga tisarilardi.
– Ana, aytmadimmi?! – bo‘g‘ildi shef.
– Menimcha bu johilroq odamning qo‘lida tayoq yeb bezillagan, yaxshi gapirish kerak.
Fotih Burhonovich g‘ijindi.
– Hmm… Sizlaymizmi?.. “Eshakboy aka” deylikmi?
– Eshak zotining qorni yaxshi to‘ysa, bas, ishlayveradi, – dedi shotir nigohini shefdan olib qochib, ko‘k eshakning yoli deyarli to‘kilib bitgan bo‘yniga shapatilarkan. – Ha, zang‘ar, ishqilib, bizni o‘sal qilmagin-da! Shalpang quloqlaringga quyib ol: “Yaxshi bo‘lsang, oshingni yeysan, yomon bo‘lsang boshingni”, degan maqol senlarga aytilgan.
Bosh shotir haq edi. Rostdan ham ko‘k eshak aslida juda royish, itoatgo‘y ekan. “Nafaqa” yoshidan o‘tib ketgan bo‘lishiga qaramay, shefning o‘ziga o‘xshab, harakatchanligini aytmaysizmi! Tog‘ poyiga uyilgan arava-arava, tonna-tonna semonlarni uning yelkasiga ortib tashishga kirishdilar. Fotih Burhonovichning omadi chopgan edi. Jonivor uquvli, qobil shogirdday, esli-hushligina ekan. Naridan-beri eplangan zina-yo‘lakdan ikki-uch marta yetaklab, ortidan xalacho‘p bilan yengil niqtab haydab chiqishgach, keyin qiyin-qistovsiz o‘zi harsillab, tumshug‘i yer purkab, tepaga o‘rlayveradigan bo‘lib qoldi. Pastga tushishda esa ko‘pincha uni shotir, ishchilardan ikki-uchtasi minib olishardi.
Fotih Burhonovichning yuragi esa quvvatlanib borardi. Dastlab bir necha qadam ko‘tarilsa hansirab, nafasi og‘ziga tiqilib yurdi, ammo u toqatli, chidamli, mashaqqatlarni mardonavor yengish qobiliyatiga ega edi. Sekin-asta kamida yuz metrga – yangi qurilish ketayotgan joyga iligi, yuragi, jigari qaltiramay, ildamroq chiqa boshladi. Shundan keyin shefni eshak minishga ham o‘rgatishdi…
Bir kuni ishdan horib, mashqi pastroq kelgan Fotih Burhonovich taraddudlanib, kaftini peshonasiga soyabon qilganicha tepaga tikildi. Hushyor, sodiq shotirlardan yana biri ko‘k eshakning chang-chungini qoqib, tozaroq bir to‘shakni ikki buklab to‘qimi ustidan yopdi-da (egar-jabdug‘i yo‘q edi): “O‘tiring, xo‘jayin”, dedi.
– E, qo‘ysang-chi, – qo‘l siltadi rahbar.
U faqat bolaligida tengqurlari bilan ermakka sinashta eshaklarni mingan edi.
– Nima qipti, minvolovring, qiynalmay, bir pasda chiqvolasiz.
Boshqalar ham sidqidildan da’vat etishgach, azbaroi toliqib turganidan: “Ha, mayli, buyam bir eshak o‘yin-da”, deb, shotirlari ariqchasifat yerda jilovidan tutib turishgan hangi yoniga ikkilanibroq, sal lapanglab yurib bordi. Qo‘li bilan tizzasi tagidan ko‘tarib, o‘ng boldirini eshak tepasidan qiyinchilik bilan oshira boshladi. Shotirlardan biri har ehtimolga qarshi eshakning no‘xtasini jag‘i ostidan mahkam qisib turar, boshqalari shefning kiftidan suyab, dumg‘azasidan, sonidan himo berishardi. Fotih Burhonovich ne zamonlardan beri biron narsa minmagan, oyog‘ini bu qadar yuqori ko‘tarmagan edi. Xayolida shimining og‘i chokidan so‘kilib ketadiganday tuyulardi. U yiqilib-netsa biron yeri lat yeyishidan emas, shotirlari, begona mardikorlarga mazax bo‘lishdan xavotirlanardi.
Xullas, uni ko‘k eshak ustiga bir amallab, polizdagi qo‘riqchiday cho‘nqaytirib o‘tqizdilar. Jafokash jonivorning beli sal egildi.
– Meni ko‘taradimi o‘zi buning? – dedi Fotih Burhonovich yoniga jinday o‘girilib.
– E, qo‘rqmang, bu maxluq sizdaqadan ikkitasini ko‘rdim demaydi.
Ko‘k eshakka gapning siltama ohangi xush kelmadimi, yo aksincha, kerildimi, so‘zlovchiga yer ostidan ko‘zlarini g‘ilaylatib, dumini likillatib qo‘ydi. Bu ishoratlarda “sal oshirvording-ku, oshna…” degan mazmun ham yo‘q emas edi.
– Oldiroqqa jilvoling.
– Sal engashib o‘tiring, – deyishdi g‘amxo‘r mulozimlar notavon xarning dimog‘-firog‘iga e’tibor berishmay.
Rostdanam, tsentnerlab yuk tashiyotgan chayir ulovga bir davangirning toshi nima degan gap! Ko‘k eshak quloqlarini dingkaytirib, quyrug‘ini tebratib, yuqoriga tomon dadil o‘rmalab ketdi va xash-pash deguncha manzilga yetib chiqdi. Egarsiz ulovda o‘tirish bir oz noqulayligini, bir-ikki marta orqaga surilib tushib ketayozganini hisobga olmaganda, joni qariyb ozor chekmadi. Faqat ustalar bir-biriga im qoqib, iljayib qo‘yishdi.

* * *

Endi ko‘k eshak kunduzi binokorlik ashyolari, anjomlari hamda shotirlar, usta, mardikorlarni pastdan yuqoriga, yuqoridan pastga tashir, ertalab-kechda esa xo‘jayin bilan nevarani olib tushib, olib chiqardi.
“Tavba, judayam beg‘araz, bechiqim dastyor, tayyor lift-a, shunday ajoyib narsani mensimay, burnimni jiyirib yuribman-a”, deb qo‘yardi rahbar o‘zicha. Mana, hech kim hech narsa deb gapirayotganiyam yo‘q (o‘ylashsa o‘ylashayotgandir, xo‘p, nima bo‘pti?!), xonligidan, Fotih Burhonovichligidan ham tushib qolgani yo‘q. Turgan-bitgani foyda ekan bu bachchag‘arning, xuddi toza asalday…
Shundan keyin shefning eshakka munosabati, muomalasi butunlay o‘zgarib, unga alohida e’tibor bilan qaray boshladi. Yomg‘ir-jalalarda (tog‘da tez-tez yog‘ingarchilik bo‘lib turadi-ku) ochiqda qolib ketardi shumshayib. Kichikroq bo‘lsa ham, oxuri bilan maxsus bostirma tiklatdi. Har kuni ertalab shotirlarga o‘t-emini vaqtida berib turishni tayinlaydigan bo‘ldi. Uni erkalatib, Ko‘ktoy deb nomladi. Xojasining bunday izzat-ikromi, marhamatidan terisiga sig‘magan jonivor yanada sidqidildan xizmat qilishga kirishdi… Afsuski, boshqalar unga bunchalik mehr-muruvvat, iltifot ko‘rsatish lozim deb hisoblashmasdi. Uni hamma tushlikka o‘tirgan paytdagina suv ichib, xashaklanib olishi uchun to‘xtatishar, bo‘lak mahal tindirishmasdi. Ikki ishchi uning yelkasiga bir dunyo taxta-yog‘och yo shiferni ortib, mahkam bog‘lab jo‘natib yuborib, o‘zlari to u qaytib tushguncha ajriqda tanballarcha olchayib yotishlarini ko‘rganda Olloh suyib yaratgan mahluqotning xudbin, ayyor va rahmsizligidan dili og‘rir, lekin buni aslo sirtiga chiqarmasdi. Ilgari qurumsoq, nochor egalar qo‘lida ochin-to‘qin qolib yurgani, bu yerda mehnat og‘ir bo‘lsa-da, har holda yemishi tayinligini yuz-xotir qilib, damini ichiga yutardi. Faqat juda holdan toyib, gandiraklay boshlagandagina, yiqilib tushib ketiga tayoq yeyish yo haydalishdan qo‘rqib, unga yuk ortuvchilarga iltijoli mo‘ltirar, buni payqagan ziyrak shotir unga dam berishni taklif qilardi. Shunaqa kezda Ko‘ktoy borib o‘sha mehribon, oliyhimmat kimsaning jag‘i, quloqlaridan yalab olgisi kelardi. Zero, u sabrli, shukrli va yaxshilikni biladigan eshak edi.

* * *

Qurilish bitgach, Fotih Burhonovich Ko‘ktoyni o‘zlariga doimiy ulovlikka tayin etdi. Ertalab nabira bilan pastga minib tushib, jilovini bo‘yniga tashlab qo‘ysa, boyaqish o‘zi indamay tepaga chiqib ketar, kechki payt Sanjarbek bir hushtak ursa, zing‘illaganicha yetib tushardi. Jonivorda qaysarlikdan asar yo‘q, jinsdoshlariga o‘xshab daydib ham yurmas, maslahatchi aytganday, ehtirosi qo‘zib, besaramjon bo‘lmas, xunuk harakatlar ham qilmasdi. Umuman, har zamonda yerga ag‘anab, tuproq changitishini demaganda, ortiqcha nojo‘ya qilig‘i yo‘q edi. Eshakni befarosat mahluq deganlari unchalar to‘g‘ri emas ekan. Ko‘ktoyning fahm-farosati, esliligi shu miqyosda ediki, Fotih Burhonovichning majlis yo mehmondorchiligi cho‘zilib, kechikishsa, tog‘ poyida, shu yaqin-atrofda o‘t chimdib aylanib yurar yo oyoq-“qo‘l”larini uzatib, xo‘jayin va xo‘jayinchani bedor kutib yotardi.
Ko‘ktoy tunlari bamisoli yaqin hamsoya, binoyiday dalda ham edi, “qo‘rqmay, xotirjam uxlayveringlar, men uyg‘oqman, hushyorman”, deganday, tepinib, kalta pishqirib turardi. Hangrashi valine’matiga uncha yoqmasligini sezib qolganidan keyin azaliy, qavmiy amali-odatidan ham chekingan, kechasi bir-ikki marta xumorbosdiga astaroq hangillab qo‘yar, kunduzi vaziyatga qarab hangrab olardi. Xojasi minganda esa, uning dimog‘ini bulg‘amaslik uchun dumini qattiq qimtib yurardi.
Fotih Burhonovich miltiq opchiqib (u ovchilar jamiyatiga, nafaqat unga, balki muzofotdagi biron masalada asqotishi mumkin bo‘lgan jamiki jamiyat, uyushmalarga faxriy a’zo edi), eshik yonidagi devor burchagiga osib qo‘ygach, yanada xotirjam tortdi. U jiddiy zarurat va ehtiyoj tug‘ilmagani bois, deyarli ishlatilmagan, qayish tasmasi ham yap-yangi qo‘shtig‘iga bot-bot faxr va qoniqish bilan nazar tashlar ekan, qichishadigan joyini oldindan qashib qo‘yish tadbirini ishbilarmonlik faoliyatining asosiy yo‘rig‘iga aylantirib olgani uchun o‘zidan, aqli-zakovatidan mamnun bo‘lib (hozir bunaqa tanqis matohni qayerdan topardiyu, qanday sotib olardi?), jilmaydi. Shunda (umuman, har doim xursandligini ifoda etganida) uning xiyla cho‘ziq, chekkalari bujmaygan lab-lunjiga tansiq tabassum yoyilib, chilopchinday to‘garak, keng, qon sitilib chiqaman deb turgan betlari battar tarvayib, yanada tirsillab ketganga o‘xshardi. Qurol uning nazarida tog‘ tepasidagi yolg‘iz, xilvat uyga uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib, qandaydir kemtikni to‘ldirib turganday tuyulardi.
Endi rahbar nabirasining orqa tomiri tortib qolsa, bir o‘zi ham chiqib kelaveradi. Qo‘rqadigan, xavfsiraydigan bir narsa sezilmasdi. Boshida chiyabo‘ri, yovvoyi cho‘chqa bormikin, deb o‘ylovdi. Hozircha ulardan darak yo‘q. Fotih Burhonovich ilondan o‘lguday cho‘chirdi, bu mudhish gazandani televizorda ko‘rsa ham bir seskanib tushar va go‘zal ayollarni shu turqi muz mahluqqa qiyoslaydigan yaponlardan ham, xitoylardan ham juda xafa bo‘lib ketardi (uning “chittagi” toifasidagi xotinlar mengzalsa boshqa gap!). Tog‘ har xil ilonlarning konimasmikin deb hadiklanuvdi, xayriyatki, shu choqqacha biron marta ularga ro‘para kelmadi. Nozikta’b, mo‘tabar “mehmon”ning o‘takasini yorib, baloga qolmaylik, deb o‘zlarini tortib yurishibdi chamasi. Shunday bo‘lsa-da, bozordan tuki o‘skin yo‘g‘on arqondan bir bog‘lamini opkeltirib, hujra atrofiga aylantirib chuvab chiqqan, uning yonidan bir sidra kigiz to‘shab qo‘ygan. Yakshanba kunlari yigitchalarday ixcham sport liboslari, butsi yo krossovka kiyib, Sanjarbek yo‘ldoshligida tog‘ aylanar, kaklik, chug‘urchiq, tog‘ chumchug‘i otib, qozonga bosishar yo sixga tortishardi.

* * *

Bir kuni Fotih Burhonovich boz yuqoriga – tog‘ning ustiga chiqdi, bu yerdan borliq-dalalar, bog‘lar, shahar yanada g‘aroyib – undan ancha quyida yastanib yotganday, fuqaro-bandalar chumoliday mayda, shunchaki ivirsib yurishganday ko‘rinardi. Ittifoqo shef yuksakka ko‘tarilgan sari o‘zini avvalgidan-da sog‘ va qudratliroq, ulug‘vor va ustuvorroq, har ishga, har narsaga qodirday his etayotganini angladi, shu joyda umri, amallari tag‘in-da bezavol, barqaror bo‘ladiganday… Tubandagilar qo‘llari bilan u tomonni ko‘rsatib, bir nimalar deyishayotganga o‘xshardi. Sirasini aytganda, olam va odamlarga tepadan engashib qarashning maroqli va nash’ali ekanligi avvaldan ayon edi unga. Yuragining bir chetida zamin pastlik qilib qolayotganday, o‘z darajotidan qanoat hosil etmayotganday bir hissiyot oskolka parchasiday ahyon-ahyonda g‘imirlab qo‘yar, illo buni sezmaganga olardi. U tabiatan o‘z his-tuyg‘ulariga ortiqcha erk berib yuboradiganlar toifasidan emasligi bilan boshqalardan farqlanib turardi. Har bir ish, tadbirning qulay mavridi kelishiga ishonar va uni umid-bardosh bilan kuta olardi. Ammo o‘zining bunday yashash uslubini zinhor-bazinhor moslashuvchanligi yo bir oz shiddatsizligi hosilasi deb bilmasdi, jilla qursa, o‘zgalarda shunday tasavvur uyg‘otishni istamasdi. Kasalliklar jarayonni tezlashtirishga yordam bergan edi.
Shef xuddi ana shu yerda – tog‘ning qoq qirshovida qad rostlayajak hujrani ko‘z oldiga keltirarkan, shirin entikdi. Magaram, tili mazkur atamaga duduqlanib, og‘rinib aylanar, bu so‘z jo‘n, odmi bir qurilmani – bechorahollar kulbasini ifodalamish g‘arib kalimaday tuyulardi, faqat uni Boburdek shoh, ulug‘ shoir, mutafakkir olim o‘zi Baroko‘h tog‘ida bunyod ettirgan me’moriy obidasiga nisbatanki qo‘llaganini eslab, o‘ziga tasalli berardi.
Endi tajriba, malakaning yetarliligi, arzon ishchi kuchining muhayyoligi, eng muhimi, yuk tashuvchi bebiliska ulov – Ko‘ktoyning borligi unga qanot bag‘ishlamoqda, orzularini shoxlantirmoqda edi.

* * *

Tabiiyki, yangi bino burungilarga qaraganda qiyinroq va uzoqroq muddatda bitdi, lekin shefning ichi yanada yorishdi. Endi Yashil tog‘da uning bir emas, uchta istiqomatgohi mavjud edi, darvoqe, ularni “xo‘tel” desa ham bo‘larkan, charchab yo erinib qolgan kuni pastki “qavat”larda tunab qolaverishadi. Panohgohlarga “Quyi xo‘tel”, “O‘rta xo‘tel”, “Yuqori xo‘tel” deya ot qo‘yildi. Ayvonlari, ustunlari, peshtoqu shiftlari yog‘och o‘ymakorligi san’atining naqsh-gullari bilan yasantirilgan va u bezaklar tovlanuvchi zarlar ila orolantirilgan mazkur imoratlar zamon shevasida “mini qasrcha” deyilsa ham birovning haqi ketmasdi. Xususan, “Yuqori xo‘tel” yanada shinam va ko‘rkli chiqqan edi. Ayniqsa, loyihasi havas va hayratga loyiq edi. Mo‘jazgina peshayvon ostidan kiriladigan bir juft xona, ularning ikkala yonboshida ensizroq, ammo uzun soyabon bo‘lib, bino go‘yo qanotlarini kerib, o‘ljani yo o‘zining hududini bir aylanib kelishni mo‘ljallab, uchishga shaylangan, qoyadan ko‘tarilayotgan ulkan, qudratli burgutning timsoli edi. Bu tarhni Fotih Burhonovich qandaydir xorijiy jurnaldan olgandi. Ichki devorlar tasviriy san’at asarlari bilan jihozlandi. Bir tomonga mahalliy rassomlardan birining moybo‘yoqda ishlangan “Kuz manzaralari” kartinasini, ikkinchi tarafga “Mona Liza” portretidan ko‘chirilgan nusxani ildirdi. Sirasini olganda, ko‘rimsizgina, hatto tayinli qoshi yo alohida e’tiborni tortadigan jihati ham yo‘q oddiy bir ayol tasvirlangan bu suratning bag‘oyat mashhurligi sirining tagiga yetolmay boshi qotardi (boshqalardan so‘ragani tortinardi – buning sababi ravshan, albatta). Lekin, “Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur” maqoliga ham o‘zicha ma’no beradigan Fotih Burhonovich uchun muhimi bilish, mohiyat emas, balki egalik, mavjudlik va o‘zgalar taassuroti edi.
“Yuqori xo‘tel” ancha salqin, hatto ayozroq edi, ko‘rpa yo adyol yopinishga to‘g‘ri kelardi. Ammo deraza darchasidan kirayotgan ajoyib shabboda xonani toza havo, muattar bo‘ylar bilan to‘ldirar, ular orasida, ayniqsa, jiyda gulining xushbahra ifori uzzukun texnika asrining xush-noxush, yoqimli-yoqimsiz axborotlari, voqealar, suhbatlar tafsilotlari yuki bilan cho‘yanday og‘irlashgan miyaga, yurakka yengillik, xushhollik bag‘ishlar, yanada yaqin mohi munavvarning shu’lasi esa kishini zavqu surur ummoniga g‘arq aylardi. Fotih Burhonovich vujud-vujudidagi tanglik, tarangliklarning obdan yog‘langan teridek tobora yumshab, bo‘shashayotgani, chakka va bo‘yinlaridagi tirishlarning yozilayotganini aniq fahmlab yotar, oyoq-qo‘llarini yozib, yosh boladek miriqib uxlardi. Ertalab va oqshomlari, fazo tiniq, sarin yellar esib turgan chog‘larda “xo‘tel” sahniga chiqib, atrofni tomosha qilish, shaharni olisdan kuzatish dilni yashnatib, tanani yayratuvchi halovatbaxsh mashg‘ulotga aylandi. Shaharda, xususan, Fotih Burhonovichlar hovlisida quyosh ko‘ko‘par binolar, daraxtlar panasida terak bo‘yi yuksalgandagina, shunda ham chala-yarim, bir qadar rangsizlangan, kichraygan taxlitda ko‘rinadi. Tog‘da esa, tong yorishgandan salgina fursat o‘tiboq xurshidi olamning avval och qizil shafag‘i ufqqa taralib, so‘ng o‘zining ilk ko‘klamda zamin betini yorib chiqayotgan boychechakday nozlanib, dam sayin, ohista-ohista, sezilar-sezilmas ko‘tarilib jamol ko‘rsatishini entikib, hayajon bilan qarshi olish, yo uning shom aro samoning g‘arbiy chetida sekin-asta pastlab, kattarib, qontalash tusda tog‘lar ortiga, ummonlar qa’riga xomush sho‘ng‘ishini ochiq-oydin, umrning betakror bir kuni bilan vidolashganday mahzun alfozda uzatib qolish ta’rifga sig‘mas mazkur onlar qadr-qimmatini yurakdan tuyadiganlar uchun tabiatning eng go‘zal, eng xush va eng iztirobli manzarasi, ilohiy, ibratli mo‘jizalarning eng ravshani, eng buyugidir. Qahramonimiz shahar chiroqlarining tunda uzoqdan va xususan, yuqoridan yulduzlarday jozibali nur sochishi, tovlanishini ham shu yerda, durbin yordamida kashf qildi. Kuni bilan uning shashtini kesadigan diqqinafas muhit qiyofasi mutlaqo o‘zga jilo kasb etishini ko‘rib hayron-hayron qoldi.
Xullas, tani sihat, dimog‘ chog‘, kayfiyat soz edi. O‘zini dunyoga qayta kelgandek tuyardi. “Bor ekan-ku haqiqat!”, “Bor ekan-ku hayot!”, deya hayqirardi bolalarcha zavq bilan. Voajabo, dardlarining davosi, mushkulining kushodi shundoqqina tumshug‘ining tagida ekan-ku, ahmoqlarcha bir dunyo pul sarflab, qancha arz-dod, mashaqqatlar bilan viza olib, jonini battar tahlikaga qo‘yib, Isroil degan mamlakatlarda tentirab yuribdi-ya! Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deganlari shudir-da!
Ilgarilari Fotih Burhonovich tog‘u toshlarda qo‘nqaygan tomlarni ko‘rsa, pastdan yer tegmadimikin, chiroqsiz, televizorsiz, g‘aflatda qanday kun kechirisharkin, deb taajjublanardi. Holbuki, bunday joyda umrguzaronlik qilishning gashti bo‘lakcha ekan – tinib o‘lmas bandai bebaqo, besarning peshanasi tirishavermay, aksincha, tars yorilgan yuraklar darzi bitar ekan. Endi shef odamzotning shunday sharoit, imkoniyatlar turib (sayyoramizda nima ko‘p, tog‘ ko‘p!), nuqul diqqinafas shaharga – shovqin-suron, ola-g‘ovurga, chang-tutunlar ichiga o‘zini urishi haqiqiy g‘ofillik, gumrohlik ekaniga imon keltirgan edi. Ayni vaqtda u mansab-amalidan ko‘zi qiymaydigan qanchadan-qancha muhtaram zotlaru, qo‘li qisqa, nochor yo noshudlarning umri unikiga o‘xshagan kasalliklar sabab, o‘z joniga achinmaganlari yo achinib udda qololmaganliklari tufayli bevaqt zavol topayotganini o‘ylab, o‘kinib qo‘yardi. U o‘zgalarga achinishni inson unvonliq mavjudotning ongliligi alomati, turdoshlik tuyg‘usining in’ikosi degan fikrda edi. Lekin, o‘zining ham zarurat bo‘lmaganda bu yerlarga qadam bosish xayoligayam kelmasligini o‘ylashga goh fursati, goh xohishi yo‘q edi.
To‘g‘ri, tog‘da momaqaldiroq dahshatli qarsillaganida osmon chok-chokidan sitilib ketadiganday, chaqmoqlar yer yuzini yondirib yuboradiganday tuyulardi, biroq bu vahimali jarayonning kechishi uzoq davom etmas, keyin daraxt yaproqlariyu qat-qat maysa-giyohlarning qiyoq-barglarida nuqra tomchilar jilolanib, manzara shunaqangi jozibali bo‘lib ketar, falak moviy ko‘lday tiniqlashib, xushhidlar taralib, shunaqangi osoyishta, xushbahra palla boshlanardiki, Fotih Burhonovich koinotning unga doxilu daxlsiz g‘am-tashvishlarini, hatto «chittak xonim»ning ohanjamalarini ham butkul unutar, og‘zini baliqday kappa-kappa ochib, tozargan havoni hirs bilan, yutoqib simirar va ko‘nglining qa’ridan tiliga beixtiyor: “Qani endi shu joyda ming yil yashasang!” degan nido otilib chiqardi.
Muxtasar gap – hamma ishlar oliy va a’lo edi. Ammo, “har to‘kisda bir qusur” maqoli bejiz to‘qilmagan ekan-da… “Eshakning yuki yengil bo‘lsa, yotoq bo‘ladi”, degan gap ham rost ekanmi, yo qarilik oxir-oqibat o‘zini ko‘rsatdimi, yo nomus kuchi, jon holatda ishlash asnosida o‘zining bor quvvat-layoqatini sarflab yuboribmidi, Ko‘ktoyning shashti-shijoati sekin-asta susaya boshladi. Bobo bilan nabira mingashib chiqishayotganda, tushishayotganda jonivor harsillab, oyoqlari mayishib-chalishib ketayotganga o‘xshar, ba’zan bir zum-bir zum to‘xtab olardi. Nogahonda cho‘kkalab ham qolar, yana, sir bermaslik uchun darhol qaddini rostlab, o‘zini tetiklikka solardi. Zero, u hamon xojasining o‘zi haqidagi dastlabki fikrlari (qarilik, yalqovlik, qaysarlik borasida) asossiz ekanligini isbotlashga tirishardi.
“Birda bo‘lmasa, birda qaltis ish ko‘rsatadi-yov bu haromi”, dedi Fotih Burhonovich o‘ziga o‘zi.
Ko‘ktoy endi ilgarigiday kechki payt pastga tushib turmas, hushtakka ham chopavermas yo uni eshitmasdi. Xo‘jayin koyisa, ayb qilgan boladay yerga qarab, tuyoqlari bilan tuproq titib turaverar, avf eting ojiz qulingizni, deganday qoshu qulog‘ini chimirib qo‘yardi. Kunduzlari u kuch-quvvat yig‘ish maqsadida ko‘p-ko‘p o‘t yer, dam olib yotardi. Lekin boyaqish qancha chiranmasin, pushti panohining undan ixlosi qaytib, hafsalasi sovub borayotganini sezib ezilar, o‘ksik, mahzun ko‘zlarida yosh g‘iltillardi.
Endi bu qirchang‘ini tezda yo‘qotish kerak, degan qarorga kelgan edi shef (u masalani shu safar istisno tariqasida muhokamaga qo‘ymadi, birontasi fikridan qaytarishga urinishidan hadiksiradi) – bu uning birinchi marta yakkaxonlikda, mustaqil qaror qabul qilishi edi. Faqat yangisini ko‘zi ko‘rmay turib, eskisidan voz kechsa, butunlay ulovsiz qolishardi. Yuqori ravoqqa piyoda chiqib tushish ancha dushvor va xavfdan xoli emas edi. Balandlik havosidan nafas olish esa hayotiy ehtiyojga, ulug‘vorlikning yangi, qudratli omiliga aylangan edi.
Fotih Burhonovich shotirlariga zudlik bilan yoshroq, baquvvatroq eshak topib keltirishni amr etdi: “Urug‘i qirilib ketmagandir!”
Yangi eshakni qo‘shni tumandan sotib olib kelishdi. U chindan ham navqiron, tiyrak, etlikkina, tizzalari do‘mboq, qoramtir baxmal kabi silliq yunglari, quyuq yoli ko‘rkam edi. Xullas, eshakka ancha mehri tushib qolgan shefga g‘oyatda ma’qul kelib, beixtiyor bir qarsak urdi, hatto o‘yinga tushib ketayozdi. Uning o‘sha paytdagi alfozini ko‘rgan odam arzanda qizi bola ko‘rmay yurib-yurib, bir yo‘la Hasan-Husan tug‘ibdi shekilli, deb gumonlashi turgan gap edi. Azbaroyi suyunganidan eshakni topishda jonbozlik ko‘rsatgan ikki shotirni oylik maoshlarining olti foizi miqdoridagi mukofot bilan taqdirlash to‘g‘risidagi buyruqqa ham og‘rinmay imzo chekib yubordi. Bu bilan u yaxshilikka yaxshilik qaytarish, sadoqatni munosib baholash, fidoyilikni qadrlash tarafdori ekanligini amalda isbotladi.
– Endi bu azamatga bir munosib ot qo‘ysak, – maslahat soldi u shotirlariga.
– Qora g‘unon deb atasak-chi, o‘ziga mos, – taklif kiritdi maslahatchi.
– Qora g‘ilmon?
– Qora g‘unon…
– Qora g‘ulom, degin… Hmm… Durust, durust, – kallasini likillatdi shef. – Yaxshi…
Bosh shotir yana qayta izoh berishdan o‘zini tiya qoldi.
Eskisini, endi u bozorga yaramaydi, deb, uzoq bir yaylovga tashlab qaytishdi.
– Sen ozodsan, Ko‘ktoy! To‘rt tomoning – qibla, ayshingni surib, tuyog‘ingni sudrab yuraver, – deyishdi.
Mashaqqatli mehnatda ezilgan, mutelikdan bezillagan jonivor shataloq otib, boshi oqqan yoqqa ketadi, balki o‘z qavmlarini topib, ularga qo‘shilib olar, deb o‘ylashdi. Endi o‘z salafining mansabi, og‘ilini, oxurini egallagan Qora g‘ulom dikonglaganicha bobo-nabiralarni quyiga olib tushar va “Yuqori xo‘tel”ga olib chiqardi.
Ammo ikki kundan keyin Fotih Burhonovich yarim kechada eshak hangrashidan uyg‘onib ketdi, birmas, ikkitasi “hang-hang” qilar, birining ovozi o‘tkir, chiyildoq, ikkinchisiniki loyga botib qolgan traktornikidek g‘o‘rillab, uzilib-uzilib chiqardi. G‘azab bilan tashqariga otilgan shefning ko‘zi sham yegan oyning g‘ira-shira yorug‘ida Qora g‘ulomni iskalayotgan Ko‘ktoyga tushdi. Shashtidan qaytdi chog‘i, “hay, turib turaversin-chi…” dedi. Lekin endi ortiqcha bir yemxo‘rni bekordan-bekorga boqishga og‘rinar, ikkovining jo‘rlikdagi “oratoriya”sidan bezor edi. Yemishdan qisish kerak, shunda o‘zi bezib ketadi, degan xulosa chiqardi shef. Oxurni undan ihotalashdi. Ammo Ko‘ktoy berishsa yeb, berishmasa qanoat qilib (xojasiga o‘xshab sabrli-ku), jimgina yotardi. Yana bir necha bor urib haydadilar. Ko‘ktoy kunduzlari ko‘rinmay ketar, ammo kechasi og‘ilda paydo bo‘lib qolardi. Buni Fotih Burhonovich ikkovining “kim o‘zdi”ga hangrashidan yaqqol sezardi. Bu mahluqlardan bittasining chinqirishiga chidash mumkin ekanu (shunda ham noiloj), illo, ikkitasinikidan yaratganning o‘zi asrasin ekan. “Uyquni rasvo qilib, kayfiyatni buzgani bir navi-ya, quloq pardani teshvoradimi”, deb bezillardi shef. Ko‘ktoy o‘zi uncha hangillamay qo‘ygan edi-ya, eshak eshakdan qolsa, qulog‘ini kes, deb, anovi mishiqi xo‘tik o‘t-emni qizg‘onibmi, g‘ashlanibmi yo g‘o‘rligidanmi, ayyuhannos solsa, bunikiyam tutadi shekilli-da. Tag‘in shunaqa dupuratishardiki, naq otliq yov bostirib kelayotganga o‘xshardi.
– Hmm… E, attang, sen nobakorga otlar qo‘yib yuribman-a, men nodon. Baribir esh-shak ekansan-da, – derdi shef kuyukib, bo‘g‘ilib va qo‘liga kirgan narsa bilan Ko‘ktoyni savalarkan.
Ovqatdan tortilganidan jisman va xo‘jasining nazaridan qolganidan ruhan siqilgan Ko‘ktoy qulog‘idan oy ko‘rinadigan darajada ozib ketdi. Biroq hali madori, g‘ayrati bor edi – bir necha marta ip uzdi (ikkovining dupurlashi, tepishishidan zerikkan shef uni kechasi bog‘lab qo‘yardi), bir gal o‘ralashib, yiqilib tushgan ekan, bo‘g‘ilib harom qotayozganida arqonni kesib tashladi (badbaxtning bo‘yniga pichoq tortvoray deb xezlandiyu, zilday jasadni bir o‘zi sudrab pastga uloqtirib yuborishga ko‘zi yetmay, shashtidan qaytdi). Endi u ta’viyaning afti-angori ham xunuklashganday, yunglari qari itnikiday hurpayib, to‘zib ko‘rinar, eng chatog‘i – qurilish chog‘lari orttirgan yag‘iri vaqt o‘tgan sari kengayib, chuqurlashib, undan sassiq bo‘y anqiy boshlagandi. Bu hid tog‘ning xush islari bilan sirayam kelishmas, ta’bni xira qilardi. Fotih Burhonovich asabiylasha boshladi. Uning shunaqa yoqimsiz narsalarga hech tob-toqati yo‘q, qiziqqonlik qilish, tutaqish esa zinhor mumkin emas edi. Biroq shefni o‘ta behis, berahm va toshbag‘ir deb bo‘lmasdi. Ko‘ktoyning mo‘ltayishini, mijjalariga sizib chiqqan yoshni ko‘rganida shu jonivorday yuvosh-mo‘min, itoatgo‘y va halimday yumshoq, boz ustiga kalta bo‘y, bir qulog‘i chinoq padari buzrukvori yodiga tushib, ko‘ngli bo‘shashib ketar va eshakdan voz kechish to‘g‘risidagi ahdidan qaytib qolardi. Bir kuni ishxonada ittifoqo g‘alati shivir-shivir qulog‘iga chalinib, etlari junjikib ketdi. Nima emish, tog‘dagi oromgohlardan eng mashaqqatli ikkitasining barpo etilishida eng ko‘p xizmat qilgan, eng katta matonat va qahramonlik ko‘rsatgan Ko‘ktoy emish! O‘sha inshootlardan biriga uning nomini qo‘yish kerak ediymish. Yo, alhazar, shu eshak-a? Mana shu qo‘tir maxluq qahramonlik ko‘rsatibdimi? Fotih Burhonovich-chi, u o‘ynabdimi? Vo, noma’qul bo‘zakning go‘shtini yeganlar-ey. Shunchaligam farosatsizlik, kaltabinlik bo‘ladimi! Ha, tashabbus ko‘targan kim o‘zi? Kechalari uyqudan qolib bosh qotirgan, yugurib-elgan, soatlab telefonbozlik qilib qancha ishlarni bitirgan kim? Loyiha topgan, shuncha mablag‘ sarflagan, qurilishga hamisha bosh-qosh bo‘lgan-chi? O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q bir baqiroq o‘limsangi, tirraqi hangi shunday hurmat-e’zozga loyiq emishmi? He, itni boshi mistovoqqa chiqmay o‘lsin. Ha, xizmat qilgan bo‘lsa o‘tini yedi, yemini yedi. Usti yopiq bostirmalarda yotdi, tagi kurab turildi… Bu xodimlarga nima jin urgan o‘zi? Chindan gapirishyaptimikin yo maynavozchilik qilishyaptimikin? Nahotki asosiy jonkuyar tashkilotchi shaxs bilan oddiy hammol, yana hayvon hammolning farqiga borishmasa?! Ishongan tog‘da kiyik yotmas, deb, kelib-kelib, doim oyog‘ining ostida o‘ralashib yuradigan, ko‘zining yog‘ini yalaganlardan shunaqa, kurakka ilashmaydigan fikr chiqsa-ya?!
“Hmm… tushunarli”, dedi shef tishlarini ularning oltinligi esida yo‘q g‘ijirlatib va Ko‘k eshakdan ko‘z yumish borasidagi ikkilanishlarga uzil-kesil barham berishni diliga mahkam tugdi. Kimdan, nimadan, qanday alam olishni bilmay yuruvdi, Ko‘ktoyning so‘nggi xurmacha qilig‘i dard ustiga chipqon bo‘ldi. Bir kuni, yem-talashishganmi yo alamidanmi, navqiron raqibini, xojasining yangi erkatoyini tepib, jag‘ini qiyshaytirib yuboribdi (boyaqish necha kungacha o‘t chaynashga qiynaldi).
– Vo la’nati-ey! Vo muttaham ablah-ey!.. – xunobi oshdi tajang shefning. – Ha, yaxshilikni bilmagan, davlatiga dam bergan xunasa! Hayvon! Esh-shak!
Fotih Burhonovich, shuningdek, viqor, salobat kasb etish maqsadida (har qancha jahli chiqqan chog‘da ham!) sekin odim tashlardi, bir qarashda oyog‘iga yem tushganmi, deb o‘ylash ham mumkin edi, hozirgi lo‘killashi esa cho‘g‘ni bosib olgan dakan xo‘rozning beo‘xshov pitirlashini eslatardi.
U Ko‘ktoyni qurshovga olib borib, bir tepib ag‘anatib yuborishga chog‘landiyu, yana, o‘lmay qolsa (bu zormandaning joni qattiq-ku!) ishkal bo‘lishini o‘ylab ikkilandi va birdan miyasi xitoy dvijogiday ishlab, tund chehrasi yorishib ketdi. Sarg‘ish mo‘ylovi, kalta kuzalgan kumushrang soqoliga sachragan oq ko‘pik aralash tupurgilarni artishni ham unutib, ichkaridan qo‘shtig‘ni ko‘tarib Sanjarbek bilan chiqdi, qurolni unga tutqazib, o‘zi ancha mashaqqat bilan enkayganicha pishillab-g‘udranib Ko‘ktoyni qoziqdan yecha boshladi. Shefning xatti-harakati, so‘kinishi obro‘-martabasiga, gavdasi va yoshiga noxos bo‘lsa-da, vaziyatga mos edi. Arqonni zarda bilan siltab-siltab, sho‘ring qurg‘urni shohsupa chekkasiga yetak­lab bordi. Qulay yiqilishini chog‘lab, yonboshi bilan turg‘azdi-da, bobosining xatti-harakatidan hayron, rangi o‘chib turgan nabirani chorladi.
– Bu yoqqa ke, manavi badbaxtni ushlab tur!
Sanjarbek ikkilanib, sekin qadam tashladi.
– Nima qilmoqchisiz, opoqi, otib tashlaysizmi?
– Ha, tez-tez yur.
– Haydavoraqolaylik, opoqi…
– Ko‘ryapsanu, haydasak qaytib kelyapti. Qaridi, baribir, bir kuni qiynalib o‘ladi, keyin bizniyam qiynaydi. Hozir bir o‘q bilan osongina jon beradi-qo‘yadi, biz ham bu bedavodan qutulamiz. Ana, yangisi gijinglab turibdi.
– Qimirlama, xonassallot, jilsang, o‘zingdan ko‘r… Harom o‘lasan, – miltiqni boladan yulqib olgan Fotih Burhonovich nishonidan ko‘z uzmay orqasiga tisarila boshladi. Ko‘ktoy fe’li aynigan sohibining nima qilmoqchiligini anglamay, boshini burib, unga mo‘ltirab tikildi. Shefga eshakning aynan shu holati zarur edi (ichida undan juda mamnun bo‘ldi), qurol milini siyrak yunglari kechki shafaqda yarqirayotgan do‘ng, tovoqday peshonaning qoq o‘rtasiga to‘g‘riladi.
– Mahkam tutib tur, siljib ketmasin, o‘zing orqaroqqa jilvol, – deb tayinladi shef nabirasiga.
Shu payt birdan qalbida shafqatsimon bir tuyg‘u g‘imirlab qoldi, u ikkinchi ko‘zini ham yumib tepkini bosdi. Tog‘ silkinganday, o‘zi ham orqasiga siltanib ketganday bo‘ldi. Sanjarbek chinqirib yubordi, nimadir gupilladi, nimadir do‘pirladi. “Bola qo‘rqib ketdi”, deb o‘yladi Fotih Burhonovich va ko‘zlarini asta ochdi. Ko‘ktoy sal narida oyoqlarini siltab-siltab ketib borar, yerda esa… yelkasi qip-qizil qonga bo‘yalgan bola tipirchilab yotardi. Shefning yoshi o‘tib xira tortgan, boz ustiga yumib olgan ko‘zlari unga pand bergan edi. U shosha-pisha og‘ilga qaradi. Arg‘amchini uzib qochgan Qora g‘ulom ancha narida it quvganday, shataloq otganicha tog‘ning orqa tarafiga chopib borardi.
Sanjarbekni ko‘tarib, ayvondagi kigizga yotqizdi. Ustunga ilingan sochiqni yo‘lak chetida turgan kumushrang bidondagi suvga pishib, nevarasining kiftiga bosib ko‘ydi-da, uydan dori quti olib chiqdi. Beso‘naqay barmoqlari qaltirab, bolaning jarohatini doka bilan bog‘lashga kirishdi. Yuzlari bo‘g‘riqib ketgan, chakkalaridan ter quyilar, pishillab-harsillardi. Yarani uquvsizlarcha bog‘lagach, biqinidagi telefonga yopishdi. Haydovchiga, bosh shotirga qo‘ng‘iroq qildi.
Bolaning inqillashi, hartugul, pasaya boshladi. Fotih Burhonovich kigizga o‘tirarkan, nimadir “tirs” etdi. Shim chokidan ketgan edi.
– Ha, la’nati-ya!.. – so‘kindi u va og‘ilxona tomonga yuzlanib yana g‘ijindi. – Ha, nomard!.. Ayollarniyam yoshi, kelishgani vafosiz bo‘ladi o‘zi!..
Shefning yodiga to‘satdan ertaga bu yerda ehson bahonasida “uy ko‘rdi” bo‘lajagi, shahardagi kazo-kazolardan terib (ular orasida katta idoralarning cho‘nglari ham bor), qat’iy ro‘yxat asosida ellikta odam aytgani tushdiyu, esi og‘ib ko‘zi olaydi. Miyasi lo‘qillab, chanoqni teshib chiqquday nuqiy boshladi. Tak­lif etilganlarning har biriga “alomat bir “lift”im bor, o‘shanda chiqasizlar (axir ko‘pchiligi ikki yuz metr tugul, yigirma qadam ham ko‘tarilolmaydiganlar-da!), uni zangori duxoba yopinchiqlari bilan yasantirib qo‘yaman”, deya ta’kidlab, maqtanuvdi. O‘zi ham umrida bir miriqib kulmoqni, keyin “hammangizni hangimga mindirganman”, deb askiya qilib yurmoqni diliga tukkan edi. Shuningdek, yig‘inda o‘zi kabi yoshi o‘tib, ora kunda poliklinikaga chopib, uyiga “Tez yordam” chaqiradigan, tabib, ekstrasens izlab, duch kelganga zorlanib yuradigan darddoshlariga tajribalari, o‘zining ayni vaqtdagi qirchillama yigitlarday holati haqida so‘zlab berishni, ularga ham shunday yo‘l tutishni tavsiya etib, qatoriga chorlamoqni niyat qiluvdi, bu borada qanday maslahat yo ko‘mak zarur bo‘lsa, gardaniga olajagini bildirmoqchi edi, ayrimlarga gapning uchini chuvab ham qo‘yuvdi.
U hamisha so‘zining ustidan chiqib kelgan, lafzsizlikni o‘z mavqeiga go‘r qazish bilan barobar deb bilardi. Endi nima bo‘ladi? Ertagacha qayoqdan topishadi urug‘iga o‘t tushgan bu baytolmonni? Martabali mehmonlarni shuncha balandga qanday olib chiqishadi? Endi uning o‘zi rosa ta’na-dashnomga qoladigan bo‘ldi-da. Ta’na-dashnom ham gapmi, sharmandasi chiqadi, sharmandasi!..
– Ha, noinsof, ko‘rnamak shayton, shunday ulug‘ rejani beliga tepib o‘tiribdi-ya!.. Qarg‘a-quzg‘unlarga yem bo‘l…
Fotih Burhonovichning birdan tili tutildi, o‘ng qo‘li bilan oyog‘i uvishayotganday tuyuldi. Ko‘zlari bo‘zrayib, og‘zini xiyol ochganicha shahar yoqqa qiya tikilib qoldi.
Aksiga olib, bugun tog‘da ham kun isib ketgan, qilt etgan shabada yo‘q edi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 11-son