Kechki payt odatdagidek vaqtda uyquga ketdim. Qanchadir uxladim, lekin negadir uyg‘onib ketdim. Soatga qarasam – tungi 2:00. Boshqa yonboshimga o‘girilib, uyquni davom etdirishni niyat qildim. Yo‘q. Kelmadi. O‘rnimdan turdim. Jufti halolim buni sezmadi. Koridorga chiqdim. Bolalar xonasi eshigini ochib, sekin nazar tashladim, ular ham uyqudalar. Eshikni ohista yopdim. Oshxonadan o‘tib, balkonga chiqdim. Uning derazasidan tashqariga qaradim. Ikkinchi qavatdan umumhovli yaqqol ko‘zga tashlanadi. Hech kim yo‘q. Baland ustunlardagi chiroqlar pastni xiragina yoritib turibdilar. Atrofda tinchlik va sokinlik hukmron. Qalbimdagi bir his meni tashqariga undadi. Kiyinib, ko‘chaga yo‘naldim.
Tabiat ushbu kunlarda yozgi jazirama issiqlikni janubga haydab, havo darajasini asta-asta pasaytirib, kuz fasliga yo‘l ochib berayotgandi. Ha, yana ikki oy o‘tsa, qahraton qish kirib keladi. O‘lkamizda sovuqlik hukmron bo‘ladi. Bu o‘ydan etim junjikdi.
Qilt etgan shamol yo‘q. Ikki to‘rt qavatli bino orasidagi hovliga ekilgan manzarali daraxtlar haykaldek turardilar. Ushbu borliqda harakat mavjudligini bildirib, uzoqlarda bir mashinaning g‘uvillashi eshitildi. Uzoqqa ketishni istamay, u yoq – bu yoqqa besh-o‘n daqiqa yurdim. Kislorodga to‘yinsam, balki yana uyqum kelib qolar degan umidda chuqur-chuqur nafas ola boshladim. Bu mashq aksincha ta’sir qildi – sergaklashdim. Ammo, bu tun uxlamasam, ertaga karaxt bo‘lib yuraman. Shu sabab, uyga qaytib kirishga shaylandim. Ammo, nariroqda bir kishining men tomonga qarab kelayotganiga ko‘zim tushdi. Uning muloqot qilmoqchi ekanligi, yonib turgan ko‘zlaridan sezilar edi. Ko‘rinishidan yomon niyatli odam emas. Shuning uchun, uning yaqinlashishini kutar ekanman, sinchkov nazar tashladim: o‘rta bo‘y, yoshi qirq beshlar atrofida, bejirim mo‘ylovli va istarasi issiq odam. Egnida to‘n, boshida do‘ppi.
O‘zim esa, o‘ttiz to‘qqiz yoshdaman. Egnimda sport kiyimi, boshim yalang. Ko‘zoynak taqaman.
U odam yaqinlashar ekan, men birinchi bo‘lib salom berdim.
– Assalomu alaykum!
– Vaalaykum assalom! – javob berdi u va oldimda to‘xtagach, biroz tin olib, so‘radi. – Taqsir, kechirasiz, bu shahar Toshkandmi?
– Ha, albatta!
– Ajabo! – xitob qildi u. – Men taniy olmayapman. Adashib qoldim.
– Ha, ko‘p binolar bir-biriga o‘xshash, kunduz kuni ham adashish hech gap emas! – javob berdim men.
– Bunday betonli baland binolar juda ko‘p-a! – atrofimizdagi ko‘p qavatli uylarga ishora qildi u. – Bularda o‘zbek xalqi yashaydimi?
– Ha, taqsir! O‘zbek xalqi ham, boshqa millatlar ham yashashadi. Siz uzoq qishloqdan kelgan mehmonmisiz?
U bosh chayqadi.
– Yo‘q. Shu shaharlikman. “Samarqand darboza” mahallasida yashayman.
U odam menga sinovchan boqdi. Suhbatlashgisi kelardi. Quloq tutishga qaror qildim. U so‘zlarini davom etdirdi.
– Bu tun antiqa hol yuz berdi. Negadir, uyg‘onib ketdim. Tetikkina edim. Ertalab bo‘ldimi, deb soatga qarasam, vaqt endigina ikkiga yaqinlashibdi. Hovliga chiqib, bog‘imni aylandim. Bir muammo haqida o‘y surdim. Chunki, bugun bir qarorga kelishim lozim. Xavotirda, yurakni siqib yashash jonimga tegdi. Muttasil bir hayolda yuraverish odamni kasal qiladi. Shuning uchun, biroz yozilish uchun Chorsu bozoriga tushishga chog‘landim. Goh-gohda shunday qilaman. Bozor tunda ham qizg‘in. Hammollar, savdogarlar va dehqonlar asosan shu vaqtda mollarini olib kelib rastalarga, hujralariga joylaydilar. Ularga yordam beruvchi aravakashlar bir-ikki so‘m ishlash maqsadida, osuda uyqularidan kechadilar. Otlar kishnaydi, arava g‘ildiraklari g‘ichirlaydi, odamlar hayqiradi – xullas jonli jarayon to‘xtamaydi. U yerda inson tabiatini, uning gohida gapirib yuboradigan, “tesha tegmagan” deb ataladigan so‘zlarini ilib olgan yaxshi. Ularni asarlarda ishlatish mumkin.
– Ana shu bozorning tarixi, bilishimcha, ikki yarim – uch ming yilga borar ekan! – gap qistirdim men.
– Ha, Toshkand deb ataluvchi shahar qachon tashkil topgan bo‘lsa, Chorsu degan bozor ham o‘shanda paydo bo‘lgan. Chunki, u atrofga qaraganda biroz chuqurroqda joylashgan. Savdo-sotiq uchun mukammal va baraka keltiruvchi joy… Xullas, men tungi mehnat sohiblari bilan suhbatlashishni istadim va yo‘lga tushdim. Ko‘zlagan manzilimga endi yetay deganimda, birdan chaqmoq chaqnab, samodan juda kuchli yorug‘lik taraldi. Atrof charag‘on bo‘lib ketdi. Shunday o‘tkir nurlarki, beixtiyor ko‘zimni yumib oldim. Besh-olti soniyadan keyin sezdimki, yorug‘lik yo‘qoldi. Ko‘zimni ochdim. Qorong‘ulik qaytibdi, ammo men notanish yerda paydo bo‘lib qoldim. Ajabo!.. Atrofdagi binolar, ko‘chalar o‘zgacha bo‘lib qolibdi. Umuman, notanish makon! Hamma yoq baland-baland imoratlar, manzarali daraxtlar, aspal yer. Biror kimsani uchratsam, qayerdaligimni bilib olaman, deb yurayotgandim, sizning qorangizni payqadim. Shuning uchun, siz tomon yurib keldim. Bu mahallaning nomi nima? Qayerga kelib qoldim?
– “Bog‘ ko‘cha”! – javob berdim men.
– Voy, shuncha yurib qo‘yibmanmi? – ajablandi u kishi.
– Ha, ancha yuribsiz! – tasdiqladim men.
U odam biroz tin oldi.
– Bu joylarning o‘zgarib ketganini qarang. Sal nariroqda “Obinazir” mahallasi bo‘lishi kerak. Tanish-bilish, og‘aynilar yashashadi u yerda.
Men esa boshqa muammo to‘g‘risida o‘ylardim. Bu odam, menimcha, fantastika adabiyotida ko‘p mavzularga sababchi bo‘lgan parallel olamdan bizning reallikka o‘tib qolgan yoki vaqt bo‘yicha siljib, zamonimizga kelib qolgan. Bu inson boshqa olam yoki eski davr kishisi. Aniq! Kiyimidan ham ko‘rinib turibdi. Shuning uchun, unga so‘z qotdim.
– Nazarimda, siz bir sinoat orqali kelajak kunlarga kelib qolgansiz! – fikrimni bildirdim men. – Siz qaysi yilda yashayotgan edingiz?
Noma’lum zot menga hayron bo‘lib tikildi. Va so‘z qotdi.
– Haqiqatdan… siz… g‘alatiroq kiyimdasiz… hozir nechanchi yil?
– Bir ming to‘qqiz yuz to‘qson ikkinchi!
Uning ko‘zlari dumaloqlashdi.
– Yo‘g‘-e?.. O‘shanga ekan-da, bunday o‘zgarishlar!
– Ha, rost. Ishoning menga. Sizni aldashdan menga hech qanday foyda yo‘q! O‘zingiz nechanchi yil odamisiz?
U yuzida ajablanish ifodasini yo‘qotmagan holda javob berdi.
– Bir ming to‘qqiz yuz o‘ttiz yettinchi… Demak, ellik besh yil keyinga o‘tib qolibman-da! Tavba! Shunaqa hodisalar ham bo‘lar ekan-da, bu dunyoda.
Chuqur hayratga tushish navbati menga kelgandi.
– Rostdan o‘ttiz yettinchi yil odamimisiz?!.
– Ha, rost! – xitob qildi u.
Men darhol so‘z qotdim.
– Juda alg‘ov-dalg‘ovli paytda yashar ekansiz.
Boshqa davr kishisi menga o‘tkirroq boqdi.
– Demak, siz men yashayotgan yillardagi voqealarni bilasiz.
– Ha, ammo yuzakiroq. Darvoqe, ismi sharifingizni bilsam bo‘ladimi?
– Sizning zamoningizda Abdulla Qodiriy nomli yozuvchi ma’lummi?
– Ma’lum ham gapmi? Abdulla Qodiriy yangi o‘zbek adabiyoti asoschisi-ku! Birgina “O‘tgan kunlar” romanining o‘zi olamga tatiydi, – xitob qildim men va uning yuziga tikilib, nega bu odam ko‘zimga issiq ko‘rinayotganini angladim. – Voy, siz o‘sha yozuvchisiz-ku!
– Ha, men o‘shaman, – tasdiqladi u.
– Buni qarang-ga! Aytsam, odamlar ishonmasligi mumkin.
– Yurtimizdan bolsheviklar quvilganlarmi? Mustaqilmizmi? – ko‘zlarida umid uchqunlari chaqnadi uning.
– Ha! – g‘urur bilan so‘z qotdim men. – Ammo, bunga ancha bo‘lmadi. Bir yil avval bunga erishdik! Moskva endi bizga buyruq bermayotir. Jahon mamlakatlari yangi o‘zbek davlatini tan oldilar.
– Yo, Olloh! O‘zingga ming qatla shukur! Nahotki, so‘zlaringiz chin?! Keling, sizni bir quchoqlab qo‘yay! – buyuk yozuvchining ko‘zlaridan yosh yumaladi.
U meni quchog‘idan bo‘shatdi. Mungli ko‘zlarini menga tikdi.
– Ko‘p qon to‘kilmadimi? Janglar qattiq bo‘ldimi?
– Janglar, asosan g‘oyaviy va ma’naviy bo‘ldi. Biz qo‘zg‘alon qilib, qo‘lga qurol olib, saroy ishg‘ol qilmadik. Sho‘ro tuzumi o‘ziga o‘zi choh qaziganini bilmay qoldi. Inqiroz ohista va mantiqan yuzaga keldi. Ayrimlar, bu holatni o‘zlarining noqis aqllari bilan anglay ham olmadilar. Respublikamiz rahbari mustaqillik e’lon qilganda, bundan cho‘chiganlar ham topildi. Ozodlikning buyuk ne’mat ekanligini haligacha tushuna olmaganlar bor.
Julqunboy taxallusi bilan ham qalam tebratgan yozuvchi jilmaydi.
– Eng asosiy voqea ro‘y biribdi-ku! Endi oqilona siyosat va tadbirlar bilan xalq ruhini ko‘tarish zarur. Birlik va jamuljamlik kerak. Aks holda, erkni qayta qo‘ldan chiqarish hech gap emas.
Shu damda Abdulla Qodiriyni uyga taklif qilmaganimni esladim.
– Abdulla aka! Uyga kirib, bir piyola choy ichib, suhbatlashaylik!
– Mulla yigit, vaqt allamahal. Uyqudagi odamlarni bezovta qilish odobdan emas. Undan ko‘ra, agar rozi bo‘lsangiz, menga yo‘l ko‘rsating! Istasangiz, Chorsuga birga boramiz. Sizning davrdagi bozorni ko‘rish ham zavqli. Yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib ketamiz! – taklif qildi yozuvchi.
Men ko‘ndim va biz beton binolar oralab, bozor tomon qadamlarimizni tashlay boshladik.
Julqunboy mavzu tashladi.
– Ko‘chalarning zim-ziyo emas, yengil yorug‘lik ostidaligi yaxshi, lekin beton binolar menga uncha yoqmadi, balki ko‘zim ko‘nikmaganigadir. Ilgari, bu yerlarda sermeva bog‘lar bo‘lardi, ariqlardan sharqirab suvlar oqardi.
– Sho‘ro davrida o‘zgarishlar ko‘p bo‘lgan. Cho‘llarga suvlar chiqarildi, ular paxtazorlarga aylantirildi. Xattoki, yaylov va bog‘lar ham paxta ekiladigan yer bo‘lib ketdi. Hammasiga suv kerak bo‘lib, Orol dengiziga obihayot bormay qo‘ydi, u deyarli quridi. Shahrimizda ko‘p mahallalar, mavzelar yakson etilib, ko‘rayotganingizdek ko‘p xonadonlik beton uylar qurildi.
– Ha, xalq boshiga turli sinovlar tushibdi. Endi, odamlarning bag‘riga shamol tegib, yaxshi kayfiyat bilan yangi O‘zbekistonni qurishayotgandir?!
– Ha, harakatlar boshlangan.
Buyuk yozuvchi menga sinchkovlik bilan boqdi.
– Darvoqe, siz o‘zingiz kimsiz! Ismingizni bilsam bo‘ladimi?
– Ozod Mo‘min. Ham fizikman, ham yozuvchiman. Fantastik asarlar bitaman.
– O, adabiyotimizda fantastika ham paydo bo‘ldimi? Juda ajoyib!
– Ha, mana, bir sinoat va tasodif tufayli sizni uchratib qolganim ham fantastika! Aytsam, ko‘pchilik ishonmasligi mumkin. Ammo, mashoyixlar aytganlarki, har qanday tasodif turli hayot qonuniyatlari vositasida ro‘y beradi. Demak, bu uchrashuvimiz bejiz emas. Men sizdan davringiz haqida hech kim xabar qilmagan ma’lumotlarni olishim kerak. Yordam berasizmi?
– Albatta! Sizni nimalar qiziqtiradi?
– Bizning davrda sizning uch romaningiz ma’lum: “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” va “Obid ketmon”. Undan keyin, farzandlaringizning esdaliklari bo‘yicha “Amir Umarxonning kanizi” romanini yoza boshlagan ekansiz. Bulardan tashqari yana boshqa yirik asarlar yozmaganmisiz?
Julqunboy menga hayrat bilan boqdi.
– Nima boshqa asarlarim sizlarga yetib kelmaganmi? Keyin hech narsa yozmaganmanmi? Menga nima bo‘lgan?
Men bir zum sukut saqladim. Hayolimda, uning shu yil 31 dekabrda hibsga olinishini, bir yildan so‘ng otib tashlanishini xabar qilaymi yoki yo‘qmi, degan degan savolga javob izladim. Odatda, goho-goho matbuotda paydo bo‘ladigan g‘ayri tabiiy hodisalar bayon etilganda, vaqt bo‘yicha siljishlarga duchor bo‘lgan odamlarda ikki xil holat bo‘ladi: birinchisida, ularning yodida hech narsa qolmaydi, ikkinchisida eslashadi va kelgusi hayotlarini boshqacharoq tarzda kechira boshlaydilar.
Abdulla Qodiriy ham o‘z davriga qaytgach, mendan olgan axborotlarni unutmasa, hayotini o‘zgartirib, o‘z jonini saqlab qoladi va xalqimiz uning boshqa durdona asarlardan bahramand bo‘ladi. Bunda reallik yaxshi tomonga o‘zgaradi. Va men qayta uyquga ketib, tongda uyg‘onganimda, reallik ozgina bo‘lsa-da, o‘zgarganini ko‘raman.
Shuning uchun, men barcha haqiqatni adibni cho‘chitmaslik uchun, sal yumshoqroq qilib yetkazishga qaror qildim.
– Yil oxirida dushmanlaringiz sizni qamatadilar. Barcha bitgan asarlaringizni olib, yoqib tashlaydilar.
Abdulla Qodiriy darhol g‘amginlashdi.
– Nahotki? – dedi u va biroz tin olib, so‘radi: – Haqiqatdan qamalamanmi?
– Afsuski, shunday bo‘lgan… Bu tarix.
Adib bu so‘zlarimni tushundi, lekin u o‘z qalbidagi tug‘yon urayotgan kechinmalar mavzusini tugatishni istadi.
– Bilasizmi, Ozod! Shu bugun uyg‘onib ketishimning ham sababi, bir savolga aniq javob topish edi. Bu holatni hali sizga aytgandim. Meni ba’zi odamlar yashirin ravishda Turkiyaga ketishga undashmoqda. Oxirgi hafta faqat shu haqda o‘ylayapman.
– Sizga ham aytishibdi-da! Menga adabiyotshunos va dramaturg Izzat Sulton suhbatlarning birida, Fitrat domlaga ham shu to‘g‘rida gapirishganini so‘zlagan edi. “O‘shanda, afsuski, men unga: “Ketmang, respublikamizning rahbariyati xodimlari sizni yaxshi bilishadi, bu yerda ko‘proq keraksiz!”, deb javob bergandim. Xom o‘ylagan ekanman, vaqt o‘tib, rahbariyat ham, Fitrat domlam ham qamalib ketishdi”, degandi u.
– Izzat Sultonni taniysizmi? – so‘radi Julqunboy va gapini davom etdirdi. – Men ham uni bilaman, yaxshi yigit. Haqiqatda, Fitratning shogirdi.
– Darvoqe, Izzat Sulton keyinchalik sizning asarlaringiz to‘g‘risida katta maqola yozgan, sizning ijodingizni va o‘zingizni oqlagan.
– Ha, u yaxshi adabiyotshunos, baraka topsin, – so‘z qotdi Qodiriy.
Gap ohangidan yozuvchini hamon Vatandan ketish-ketmaslikni hal qilishni istayotganligini payqadim. Nazarimda, u qatag‘onning dahshatli bo‘lishi mumkinligini tasavvur qila olmayotgandi. Men uni qiynayotgan savol bo‘yicha xitob qildim.
– Balki, o‘sha, Fitratga maslahat berganlar bu haqda sizga ham aytishgandir. Ularga quloq soling! Joningizni asrang!
– Ha, aytishdi. Men o‘ylab-o‘ylab, kecha Yozuvchilar Uyushmasiga borib, ma’sul xodim bilan uchrashib keldim. Mening to‘g‘rimda har xil ig‘volar to‘qilayotgani, tuhmatlar uyushtirilayotgani haqida aytdim. Turkiyaga ketaman, demadim, ammo bunday holat davom etaversa, adabiyotni tark etaman, ota kasbim – ustachilik bilan shug‘illanib yuraveraman, dedim. U juda xush muomila qildi. Hozir davr shunaqa ekanligini, ehtiyot bo‘lib faoliyat yuritish lozimligini aytdi. Har qanday holatda ham, asosiy maslahat Uyushmadan so‘ralishini, bu dargohning men haqimdagi fikri esa faqat ijobiy bo‘lishini ishontirib uqtirdi. Biz o‘zbek adabiyotida romanchilikni boshlab bergan ijodkorimizni albatta avaylab, asraymiz, bemalol yozuvchiligingizni qilavering, dedi.
– Siz ma’sul xodimlarga ishonmang! – maslahat berdim men. – Har kim birinchi navbatda o‘zini o‘ylaydi. Birinchidan boshga bolta kelganda, har qanday odam avvalo, o‘zini himoya qiladi. Ikkinchidan, u kimgadir yashirin g‘anim bo‘lsa, sharoitdan foydalanib, uni yanchib tashlaydi.
– Yo‘q! U – a’lo yigit. Bilaman.
– Eh, Abdulla aka! Siz o‘z asarlaringizda usti boshqa, qalbi boshqa odamlarni tasvirlagansiz-ku! Hayotda hech kimga ishonish kerak emas. Balki, u ichida sizdan o‘ch olishni mo‘ljallayotgandir. Kutilmaganda orqadan zarba berib qolishi mumkin.
– Mulla yigit! Barchadan xavfsirab yashash qanday og‘irligini bilasizmi? Men unga ishonmasam, kimga ishonay? U meni juda hurmat qiladi.
Men Julqunboyning diliga boshqa g‘ulg‘ula solishni istamadim. Bu mavzuni davom etdirmay qo‘ya qoldim. Chunki, yozuvchi gaplarimni jiddiy qabul qilmayotgandi. Nachora! Unga savol berdim.
– Abdulla aka! Biror qarorga keldingizmi, nima qilasiz, Turkiyaga ketasizmi?
– Bu haqda o‘ylashning o‘zi azob. Inson qanday qilib o‘z Vatanini tark eta oladi?! Men yashab turgan zamonam odamlaridan qanchalik kir kutsam ham, ko‘nglimning bir chetida balki meni qamashmas, balki menga tegishmas, oxirgi paytlarda sho‘rolarga qarshi so‘zlamayapman-ku, degan umid uchqunlari bor. Mana, ularning topshirig‘i bilan, qishloq xo‘jaligining kollektivlashtirilishiga atalgan “Obid ketmon” romanini yozib berdim. Dushmanlar xatto shundan ham ancha-muncha “ayb” topishdi. Men, mabodo o‘zga yurtga ketsam, qanday qilib o‘z Vatanim va tariximiz haqida yozishim mumkin? Bunday ijod to‘laqonli va ishonarli chiqmaydi.
Abdulla Qodiriy shu so‘zlarni aytib, yarim daqiqacha indamadi. Men ham sukut saqladim. Nihoyat, u gapini davom etdirdi.
– Kecha Uyushmadan chiqib, Fitratga uchrashdim. Biz tengdoshmiz. Turkiyaga ketish to‘g‘risidagi fikrini so‘radim. U: “Abdulla, yana bir yil chidaylik-chi, ahvol yaxshilanmasa, ketarmiz!”, dedi.
Men bu gaplardan angladimki, Julqunboy aslo o‘zga yurtlarga ketmaydi. Uni qo‘rqitishimdan ham foyda yo‘q. Nima bo‘lsa ham, o‘z Vatanida qoladi. Chunki, u O‘zbekistonni tark etmaslik uchun sabab va asoslar qidirmoqda. Bunday, o‘lim xavfi ostida ham vatanparvarlikni tark etmaydigan yozuvchini qayerdan topish mumkin?! Balki, uning buyukligi ham ayni shundadir?..
Men uning ijodi to‘g‘risidagi savollarga o‘tdim.
– Ustoz! Hozir qanday asar bitayapsiz?
– Men keyingi yillarda ijod jarayonimni berkitadigan bo‘lib qoldim. Sababi, o‘zini do‘st qilib ko‘rsatuvchilar mavzuingdan xabar topsalar, shu zahotiyoq bu to‘g‘risida turli mish-mishlar tarqatadigan bo‘lib qoldilar. “Voy, eshitdingizmi, Julqunboy palon narsa yozayotganmish! U yana tarixni kovlab, yana o‘zbeklar hayotini ideallashtirmoqda!..” Va hokazo, va hokazo! Charchadim, turli g‘iybat va tuhmatlardan. Shuning uchun, asarlarimni yozib bo‘lgach, tokchaga qo‘ymoqdaman. Vaqti-soati kelganda chop etdiraman.
– Abdulla aka! Men sizga zamondosh emasman. Menga bildirsangiz bo‘lar! – so‘z qotdim men.
– Ha, Ozod! Siz boshqa davr odamisiz. Ha! Bilib qo‘yganingiz yaxshi. Qamalsam, qo‘lyozmalarimni yondirishsa, ulardan faqat kul qolsa, nomi ham o‘chsa, avlodlar bulardan bexabar bo‘lib qolishadi. Shuning uchun, bilib qo‘ying: “Amir Umarxonning kanizi” nomli romanim tayyor. Yurtdagi alg‘ov-dalg‘ovlar sal tinchisin, uni chop etdiraman. Aks holda, yana menga yana hujum boshlanadi. Shu kunlarda esa, yosh savdogar o‘zbek yigiti va qozoq qizi o‘rtasida ro‘y bergan ishq-muhabbat to‘g‘risida roman yozayapman. Agar Toshkand tarixini yaxshi bilsangiz, shahrimiz 17-18 – asrlar mobaynida bir yuz ellik yilcha qozoq biylariga o‘lpon to‘lab yashagan. O‘shanda, qozoqlar harbiy tomondan kuchlilik qilib, Toshkandni Buxoro xonligidan tortib olishgan va xalqqa katta soliq solishgan. Men o‘sha munosabatlar bo‘yicha asar yozayapman. Qozoqlar shahrimiz ichida yashashni istashmagan, shahar atrofidagi yaylovlarga o‘rnashib, ekinzorlarni payhon qilib, qo‘y-qo‘zilarini boqib yuraverishgan. 18-asrning boshlarida, Buxoro xonligining kuchsizlanganidan foydalanib, o‘zbeklarning ming urug‘i boshlig‘i Shohruhbiy Qo‘qon xonligini tashkil etgan. Keyin 19-asr boshida ushbu xonlik kuchga kirib, o‘z maydonlarini kengaytira boshlagan va qadimiy o‘zbek yerlari bo‘lmish Toshkandni, Chimkentni, Turkistonni va Avliyoota atroflarini, to Oqmachitgacha o‘z davlati hududiga qo‘shgan. Asarimda ana shu tarixiy qozoq-o‘zbek munosabatlari jarayonlarini ko‘rsatayapman. Inshaollo, yil oxirigacha tugatsam kerak. Aytishim kerakki, ular chop etilsa, avvalgi ikki asarim bular oldida shunchaki bir mashqqa o‘xshab qoladi. Xalqimiz ularni o‘qimay ham qo‘yishi mumkin.
Bu ma’lumot meni lol qoldirdi.
– Zo‘r romanlar yozgan ekansiz-ku! Afsuski, ular adabiyotimiz tarixida qolmagan. Tergovchilar yondirib yuborishgan bo‘lsa kerak. Ifloslar! Axir, buyuk yozuvchining qo‘lyozmalarini yondirish mumkinmi? Kimdir ularni shu ishga undagan, bunga ishonaman. Ammo, kim?
Abdulla Qodiriy ham hayron bo‘lgancha, menga tikilib qoldi. U nima deyishni bilmas edi. Uning bu holatini ko‘rib, maslahat berdim.
– Abdulla aka! Siz yozib bo‘lgan asarlaringizni biror, o‘zingiz qattiq ishonadigan insonga berib qo‘ying. Ularni davr o‘zgarganda yuzaga chiqarish mumkin bo‘ladi.
U mungli holatda javob berdi.
– To‘g‘ri aytasiz! Xuddi shunday qilaman, agar shunday insonni topa olsam. Hozir hamma xavfda. Barcha cho‘chib yashamoqda. Lekin, baribir, qo‘lyozmalarimni to‘liq yondirib yuborishlariga aslo ishongim kelmayapti. Buning uchun, inson hayvon darajasiga tushishi kerak-ku!
– Inson qalbiga kirgan shayton, uni hayvonga aylantiradi. Bu aksioma, isbot talab qilmaydigan qonun.
Julqunboy bilan bu paytda beton binolar oralab, Chorsuga chiqib qolgandik.
– Yuring, bozorchilar bilan suhbatlashamiz! – xitob qildim men.
– Bo‘pti, yuring, Chorsuning keyingi jamolini ko‘ray-chi!
Ammo, biz ko‘p yura olmadik. To‘satdan chaqmoq chaqnadi va atrofni kuchli yorug‘lik chulg‘adi. Uning o‘tkirligidan beixtiyor ko‘zlarimni yumdim. Besh-o‘n soniyadan keyin, ko‘zlarimni qamashtirayotgan nurlar yo‘qoldi va pastga tushgan qovoqlarimni yuqoriga ko‘tardim. Atrofimni faqat baland ustunlar uchida o‘rnatilgan chiroqlar yoritib turar edilar. Yonimga qaradim, Abdulla Qodiriy yo‘q edi.
“U o‘z davriga qaytdi, shekilli, – o‘yladim men. – Juda g‘alati sinoatli hodisa ro‘y berdi. Ajabo!..”.
Asta uyim tomon yo‘l oldim. Meni turli fikrlar qamrab olgan edi: “Julqunboy o‘z davriga qaytganda, so‘zlarim yodida qolganmikan? U o‘z qo‘lyozmalarini biror ishonchli do‘stiga qoldirganmikan? Yoki, o‘ttiz yettinchi yilga siljish chog‘ida barcha aytgan ma’lumotlarim ongidan o‘chib ketganmikan?..”
Uyimga ohista kirdim. Xonadonim ahli hamon uyquda. O‘rnimga cho‘zildim. Tong otishiga hali vaqt bor. Hayol surib yotib, quyidagi xulosaga keldim: Qodiriy aytgan asarlar bizga yetib kelmagan. Aks holda, ular allaqachon chop etilgan bo‘lar edilar. Ular yo NKVD tomonidan kuydirilganlar, yoki kimgadir topshirilgan bo‘lsa, u odam so‘zida turmagan. Balki, uning o‘zi ham qatag‘on etilgandir. Balki, bola-chaqasi tashlab yuborgandir. Bular noma’lum…
Lekin, men bildimki, Julqunboy qamalishdan cho‘chimagan, hamda ming undashsa ham Turkiyaga ketishni aslo istamagan va yana ikki roman yozgan. Ular topiladimi-yo‘qmi, bilmayman. Noumid – shayton. Balki, ular bir kunmas bir kun, qayerlardandir chiqib qolar?..
***
Ushbu bo‘lib o‘tgan voqeani fantastik hikoya tarzida yozib bo‘lganimdan so‘ng, bir necha kun o‘tgach, yangi ma’lumot bilan tanishib qoldim: Abdulla Qodiriy o‘z asarlarini mo‘jaz temir sandiqqa solib, hovli etgagiga ko‘mib ketgan ekan.
Shunda angladimki, men bilan kelajakdagi suhbat buyuk adibning yodidan chiqmagan. Ehtimolki, u ishonchli odam topolmagan va o‘g‘liga bu haqda shipshitib, asarlarini shu tarzda yashirgan. Lekin, yana bir ma’lumot eshitdimki, o‘shanda yozuvchining farzandi, tuni bilan sharros quygan yomg‘irdan so‘ng, sandiqni kavlab olib, uning ichiga suv tushgan-tushmaganligini tekshirib, nam bo‘lgan qog‘ozlarni quritayotganda, NKVD xodimlari yana tintuv uchun kelib qolishgan va sandiqchadagi barcha qog‘ozlarni olib ketishgan va ajoyib romanlar butunlay izsiz yo‘qolgan ekanlar.
Bu hodisa, nazarimda, har holda tasodif bo‘lmasa kerak. Biron bir qalbi nopok nusxa adib hovlisi eshigi yo devori yorig‘idanmi, balki durbin orqali sal uzoqroqdanmi, dambadam ushbu xonadonga mo‘ralab, kuzatib yurgan va bu holatni ko‘rib, zudlik bilan tegishli joyga xabar qilgan. Zero, aytadilarki, buyuk insonlarning asl dushmanlari ularning yonlarida yoki ro‘paralarida qulluq qilib, do‘stona jilmayib turgan bo‘ladilar.
Yozilgan: Sentyabr, 1992 yil.
Qayta tahrir etilgan: 3-4 va 12 yanvar, 2021 yil.