Otauli. “Zanjirband sher” (hikoya)

Turon va Eron qo‘shinlari o‘rtasida afsonaviy Maroqand ostonasida bo‘lib o‘tgan shiddatli jang-jadallar, nihoyat, turonliklarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Eronliklar jang maydonini tashlab qochdilar. Nechog‘li yengilmas, qudrati cheksiz bo‘lmasin, turonliklarda qochganni quvish, yerda sulayib yotganni urish odati yo‘q! Qochgan qochdi, urush balosi da’f bo‘lganiga shukur, endi tinch-xotirjam, shod-xurram yashash ham kerak!
Qo‘shin saqmondek og‘ir toshotar uskunalarini sudrab, aravalarini tortib, boshqa qurol-aslahalarini g‘iloflarga joylab qal’aga qaytish taraddudini ko‘rar ekan, Eron shohanshohining elchisi shoshilinch ot choptirib kelib, Turon hoqoni Alp Er To‘nganing oyog‘iga bosh urdi:
–    Shohanshohim olamshumul g‘alabangiz sharafiga “ketar jafosi” deb bir ziyofat bermoqchilar! Bu ziyofatda Eron bilan Turon o‘rtasidagi abadiy do‘stlik ahdnomasini tuzmoqchilar! Agar janobi oliylari rozilik bersalar!..
Eron bilan Turon o‘rtasidagi abadiy do‘stlik! Niyat ham shu qadar ajoyib, shu qadar ezgu bo‘ladimi? Bunday qutlug‘ niyatni qo‘llab-quvvatlamaslik olamdagi eng katta gunoh emasmi?! Lekin mag‘lubning raqib g‘alabasi sharafiga ziyofat berishi… Nima bu?! Tantilik, bag‘rikenglik, kechirimlilik, tinchliksevarlik, shular kabi chinakam alpga xos fe’l-atvor ifodasimi, yo iltifot niqobini kiyib olgan yangi bir fitnakorlikmi?!. Alp Er To‘nga g‘alaba nashidasidan sarxush lashkarboshilariga sinovchan ko‘z tikdi. Ularning hech biridan sas-sado chiqavermadi. Shu payt jonajon inisi Alp Er Kunda ta’zim bajo keltirib gapirish uchun izn so‘radi. “Ruxsat!” ishorasini olgach, har bir so‘zini salmoqlab gap boshladi:
–    Mag‘lubning g‘olibga mardona tan berishi, buning ustiga, g‘olib sharafiga ziyofat berishi… mardlikning kattasi mana shu, menimcha, og‘a! Endi biz ham tantilik-jo‘mardlikda ulardan qolishmasligimizni ko‘zlariga bir ko‘rsatib qo‘yaylik! Ziyofatdan bosh tortsak, buni qo‘rqoqlik deb tushunishlari, butun jahon ahliga ham shunday tushuntirishlari aniq! G‘alabamizni o‘zimiz istagandek nishonlashimizga hech bir monelik yo‘q, albatta! Biroq mag‘lub eronliklar xizmatimizda qo‘l qovushtirib, laganbardorlik qilib tursalar, o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring, og‘ajon, buning nash’u namosiga ne yetsin!..
Alp Er To‘nga ukasining ko‘zlariga sinovchan tikildi. Odamga boldek yoqadigan, nainki yoqadigan, boldek eritib yuboradigan gaplar aytilyapti. Bunisi yaxshi. Lekin otalari Alp Eran o‘lganidan buyon o‘ziga soyadek ergashib yuradigan bu ukasining allanechuk olazarak ko‘zlarida goho yilt yetib bir zuhur ko‘rsatgandek bo‘luvchi baxillikka o‘xshash bir ma’no… gapirilayotgan gaplarga unchalik qovushmayroq turibdi-da! Mana, necha yildirki, o‘zi Turon taxtida sobit, lekin atrofida parvona bo‘lib taxtga ko‘z tika-ko‘z tika ko‘zlarini qoraytirgan ukasi… sidqidil gapiryaptimi, yo biron shumlikni ko‘zlab?.. Har qalay, badgumon bo‘lmaslik kerak! Badgumonlik mardlikdan emas! O‘ldirsa mard o‘ldirsin! Eron shohanshohining ham, manovi ukasining ham niyati holisligidan umidvor bo‘lgani ma’qul! Tantilikka yarasha tantilik – munosib javob shu! Ziyofat bo‘lsa ziyofat-da, ziyofat – ofat emasdir, har qalay!
Firdavsmonand Maroqand tegrasidagi dilkusho bog‘lardan birida uyushtirilgan shohona ziyofat to‘rida o‘tirar ekan, alpning ko‘ngli yayrab ketdi. Shig‘il hosilga kirgan olmazor bog‘, to‘kin dasturxon, Eronning xandon pistalari – xandai hilol, nozanin fors raqqosalari – yanoqlari ol! Dilrabo xonish – Yaratgan Tangriga olqish! Mag‘lub shohanshoh bilan jonajon ukasi, chaqirilmagan mehmonlar-u chaqirilgan mezbonlar tillaridan saratondagi oromijon laylakqordek bir tekisda yog‘ilayotgan maqtovlar, qasidalar, faxriyalar, ofarin-tasannolarni aytmaysizmi! O‘ldirsa mard o‘ldirsin, albatta, lekin mardning mardonavor maqtovlari mardi maydon uchun baayni tiriklik suvidek hayotbaxsh, toza nasimdek huzurijon, boldek totli…
–    Janobi oliylari, biz sizni nafaqat Turon hoqoni Alp Er To‘nga, balki qadimiy Siyob daryosining chinakam sheri mardi Afrosiyob deb bilamiz! Afrosiyobga, Afrosiyobning Turoniga shon-sharaflar bo‘lsin! Afrosiyob bu yorug‘ olamda mardi maydonlik timsoli bo‘lib dunyo turguncha turaversin!..
Davrada bunday kimo‘zar maqtovlar gulgun sharoblar to‘la qahrabo qadahlarga basma-bas aylanar ekan, har ikkisining zaptidan alpning boshi aylanib, ko‘zlari tindi. Mayi nob kayfi, maqtovlar safosi, laganbardorlar ketma-ket iltifot qilayotgan kiyik go‘shti, bedana go‘shti, qimiz-qimron, anqoning tuxumi…, navnihol raqqosalarning noz-karashma bilan tolchiviqdek eshilib-buralishlari, Turon bilan Eronning abadiy do‘stligi haqida sharobga qo‘shib ichilayotgan qasamlar, o‘zaro qo‘l berishib va bag‘ir bosishib bog‘lanayotgan ahdu paymonlar!.. Yashash nega bu qadar shirin ekan-a! Dunyo go‘zal, ko‘rganing baxt, tiriklik saodat, el ozod, yurt obod, tinchlik barqaror!.. Bunday yurtga ziyofatlar, to‘ylar, bayramlar yarashadi! Eronning mayi nobi ham suvdek serob ekanmi, baayni Sirdaryoning suvidek sirli-sirli oqishini ko‘ring!..

***

U o‘ziga kelib ulkan chinorning quloch yetmas tanasiga qo‘ldan ham, oyoqdan ham, ko‘krakdan ham zanjirband qilib tashlanganini ko‘rdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, atrofida jamiki ishongan xos navkarlari-yu mulozimlari… boshlari tanalaridan judo bo‘lgan holda qora qonlariga belanib yotishibdi!.. Yo falak, bu ne ko‘rgilik?! Qani kechagi qasidago‘ylar, laganbardorlar, Eronning shohanshohi, tug‘ishgan inisi Alp Er Kunda?!. Kim uni zanjirband qildi, kim?!.
Uv-v-v!.. Im-m-m!.. O‘zining bu aftoda holi uchun baayni Attilladek, qani, kimni bo‘g‘mog‘i kerak, ukasinimi, shohanshohnimi, boshqa ishonganlarinimi, ishonuvchan o‘zinimi?!.
Alp Er To‘nga qo‘l-oyoqlarini zanjirdan bo‘shatish umidida sherdek na’ra tortgan ko‘yi jon-jahdi bilan yulqinib-chiranar ekan, kutilmaganda atrofini bir guruh olomon qurshab oldi. Tikilibroq qarab, qariyb barchasini yaxshigina tanidi. Necha yillardan buyon o‘zi Turonning mardi maydon hoqoni sifatida o‘taketgan nomardligi, pastkashligi, olchoqligi, sotqinligi, baxilligi, g‘alamisligi, odam bolasining sha’niga mutlaqo yarashmaydigan boshqa xurmacha qiliqlari uchun zindonga hukm qilgan ipirisqi-sipirisqi kimsalar!.. Bularni zindondan kim ozod qildi?! Nima maqsadda?! Qani o‘zi ishongan mardi maydonlar?!.
Olomon uni chor tarafdan turtib-nuqib kutkilashga tushdi:
–    Qalaysan endi, sher, ish qalay?..
–    Holingga maymunlar yig‘laydi endi!..
–    Meni zindonda chiritib o‘ldirmoqchi eding, ana endi o‘zing sher changalidagi quyondek!..
–    Tomoshaning kattasini mana mendan ko‘rasan!..
Vodarig‘, bu qanaqasi bo‘ldi?! Qo‘llar zanjirband, oyoqlar zanjirband, ko‘zlaring ko‘radi, quloqlaring eshitadi, ko‘krak qafas, yurak kaptar!.. Jin ko‘zadan chiqqanini ko‘rib turibsan, uni ko‘zaga qaytarib tiqish kerakligini ham yaxshi tushunasan, ammo-lekin-biroq, nadomatlar bo‘lg‘aykim, dasting qisqa!..
Bunisi hali holva ekan! Alp Er To‘nganing shundoqqina ko‘z oldida – kuni kecha olamshumul g‘alaba sharafiga ziyofat uyushtirilib, o‘zining sha’niga maqtovlar seldek yog‘dirilgan joyda… shunday bir antiqa yig‘ilish boshlandiki, ko‘zlaringga ham, quloqlaringga ham ishonmaysan kishi! “Nahotki bu tushim emas, o‘ngim bo‘lsa?!” deya hayratdan yoqangni ushlamoqchi bo‘lasan, lekin qo‘llaring… zanjirband! La’nati zanjir!.. Yig‘ilish to‘ridagi taxtiravonda Eron shohanshohi bilan yonma-yon o‘tirgan jigarbandi, o‘gay emas, bir ota, bir onadan tug‘ishgan ukasi Alp Er Kunda soxta salobat, yasama viqor bilan gap boshladi:
–    Buyuk Turon hoqoni sifatidagi dastlabki farmoni oliyimni tinglang! Ipirisqi – madaniyat vaziri, Muttaham – Adliya vaziri, Rishvatxo‘r – qozikalon, Ko‘rshapalak – tashqi ishlar vaziri, Lattachaynar – bosh lashkarboshi!..
“Bo‘ldi, bas, yetar!” – Alp Er To‘nganing naq bo‘g‘ziga uch bo‘lakli bir nido kelib tiqildi. Quloqlari ostida otasi Alp Eranning vasiyatlari qayta yangragandek bo‘ldi: “Yaratgan Tangriga shukurki, ikki alpomish o‘g‘limning biri To‘nga – hech qachon suvdek erib oqmaydigan muz qoya yanglig‘ yov bosib o‘tolmaydigan mustahkam qalqon, ikkinchisi Kunda – yovuz bosqinchilar bilan o‘zingdan chiqqan balolarning dodini beradigan o‘tkir qilich! Endi sen kattasan, inim, kattalik qil, zinhor o‘z boshingni o‘ylab ining bilan yovlashma! Unga ham qalqon bo‘l! Hamisha el-yurtni o‘ylab, ikkoving ahillikda ish ko‘r! Iloyo senlarga Haq yo‘ldosh, adolat qo‘ldosh bo‘lg‘ay!..” Beixtiyor qattiq ingranib, butun fikri-zikri, dardi-dunyosini ko‘zlariga jamlab, ukasi Alp Er Kundaga iltijoli termuldi: “To‘xta, hoy, nimalar deyapsan, nimalar qilyapsan, axir, sen Ultontoz emas, Alpomishsan-ku, inim! Darding toj-taxt ekan, mayli, ochig‘ini mardona aytib to‘g‘rilikcha ola qol edi, biroq ota vasiyatini unutib, Haq bilan Adolatning yuziga oyoq
bosma-da jon ukajon! Axir, sen bosqinchi bilan til biriktirib, o‘z boshini o‘zi yeb, o‘z ildiziga bolta uradigan To‘nka emas, Kundasan-ku, inim, es-xushingni yig‘sang-chi!..”
Kutilmaganda ukasi emas, Eronning shohanshohi o‘rnidan turib, viqorli odimlagan ko‘yi Alp Er To‘nganing oldiga keldi. Uning keng yag‘riniga kaftini bosdi:
–    Qani, gapir, Afrosiyob, ukangga nima demoqchisan?! O‘zing ochig‘ini mardona tan olib ayt-chi, mana endi kim g‘olib, kim mag‘lub?.. Sendek Turonning sheri mardini men – Eronning shohanshohi zanjirband qildi deb o‘ylasang qattiq yanglishasan, do‘sti aziz! Ko‘rib turibsanki, men bu oto‘yinda nihoyati bir tomoshabin bo‘lib o‘tiribman. Seni men emas, o‘zingning tilingda gapirib yurgan qavmdoshlaring, jigarbandlaring zanjirband etishdi. Buyog‘ini so‘rasang, seni maqtov bilan mast qilib qo‘lga tushirish fikri maqtovsuyarligingni yaxshi bilgan o‘z jigaring Alp Er Kundadan chiqdi. Men uning taklifiga nihoyati qo‘shildim, xalos, aslida, men nomardlik qilganim yo‘q, shuni yaxshi bilib qo‘y! Endi buyog‘ini ham o‘zingnikidan ko‘raverasan, birodari aziz! O‘zingniki o‘zagingni o‘yadi hali!..
Alp Er To‘nga bu gaplarni tanasiga o‘ylab, sherdek baralla na’ra tortolmadi. Avvaliga ilondek to‘lg‘ondi. Keyin burgutdek qanotini yozishga urindi. Qani endi o‘zi zanjirband etilgan shu asriy chinorni tag-tugi, ildiz-pildizi bilan qo‘porsa-da, burgutdek uchib borib eng bapland  qoyaga to‘shini ursa!..
Nachora, zanjirband sher burgut emas! Ilon ham emas! Turon qoploni, Turon yo‘lbarsi, Turon tulkisi, Turon ohusi… ham boshqalar! Xudoga shukur, u Turon sheri! Sher bo‘lib tug‘ilgan, sher bo‘lib yashadi, sher bo‘lib o‘ladi! Nachora, zanjirband sher bo‘lib o‘lish manglayida bor ekan, shu topda shu alfozda o‘lsa o‘ladiki, lekin hech kimga bo‘yin egmaydi, hech kimning oyog‘iga bosh urib yalinib-yolvormaydi, hattoki o‘z ukasidan ham na shafqat, na marhamat, na insof – hech nima so‘ramaydi!..
Buyuk Alp Er To‘nga – buyuk Afrosiyob buyuk Turonning xotirasida shu alfozda abadiy muhrlanib qoldi – zanjirband bo‘lsa-da, sherligicha qoldi! Oradan asrlar o‘tib, qadimiy yunonlar uni Prometey qiyofasida o‘z tasavvurlarida qayta jonlantirdilar. Oradan yana qancha-qancha asrlar o‘tib, o‘zlarini Alp Er To‘nganing vorislari deb bilgan buyuk qoraxoniylar saltanatida yashab o‘tgan buyuk tilshunos Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining buyuk “Devoni lug‘atit turk” asarida bu xalq o‘zining bu sheryurak alpi haqida yaratganlarini abadiyatga muhrladi. Yana necha asrlar o‘tib, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy, hoynahoy o‘z jigarbandi Darvishalining xurmacha qiliqlaridan yuragi o‘rtanib, “Navosiz ulusning navobaxshi bo‘l, Navoiy yomon bo‘lsa sen yaxshi bo‘l” shohbaytini yozib ham o‘zida ruhiy qoniqish his qilolmadi. Kunldardan bir kuni  zanjirband sher suvratini chizdi-da, tagiga o‘z dastxati, murod-maqsadi, nomai a’moli, orzu-armoni, butun o‘zligini ikki forsiy, uch turkiy – jami besh so‘zga jamuljam-u bir tutam qilib bitdi: “Zanj
irband sher – yengaman der!”
Ne baxtki, zanjirband sherning necha ming yillik zanjirlari bizning ko‘z o‘ngimizda axiyri uzildi. Ne baxtki, mana, o‘n besh yildan buyon bu sheryurak sherimardning alpomishona qaddi-qomati qayta rostlanmoqda! Asrlar bo‘yi eng g‘alamis kimsalar tomonidan qo‘ymijozlikda, tulkisifatlikda, tuyami-tuyaqushmonandlikda, yana allambalolarda ko‘p bora ayblab-kamsitib-tahqirlangan bu janobi sher, sherdor-u sherzod xalq Alp Er To‘nga – muz qoya, Aysbergdek buyuk o‘zligiga, xudoga ming qatla shukur, yana qaytmoqda!
Faqat endi ichimizdan chiqqan balolar – o‘zimiznikilar o‘zagimizni o‘ymasalar bas!..

1986-2006