O‘rozboy Abdurahmonov. Boysunda tong otdi… (esse)

yoxud xarsang ustidagi xayollar

Kamtar bu sukutda ko‘pdir haqiqat –
Unda zil hayotning surati zohir:
Boysunda tog‘ bo‘lmoq qanday mashaqqat,
Boysunda dasht bo‘lmoq naqadar og‘ir!
Usmon AZIM

Kampirimga yigitlik chog‘larimda “Seni tog‘larga olib chiqib, bulutlarning orasidan oyni olib beraman” degan va’damning ustidan chiqish niyatida uni qo‘ltiqlab yo‘lga otlandim. Boysundan yigirma chaqirimcha tog‘lar orasidagi buloq boshiga yaqinlashguncha tasavvurimdagi manzara o‘zgarmadi. Aylanma yo‘llar yonbag‘irlardan ko‘tarilib, pastga tushayotgan paytlari rang-barang tomlar bilan yopilgan uylar ko‘rinadi.
– Keldikmi? – deb so‘radim haydovchidan.
– Yo‘q, hali ancha bor, bu qishloqning boshlanishi, – dedi u.
Yo‘lning balandu pastida joylashgan uylar o‘rtasidan chamasi uch-to‘rt chaqirim yo‘l bosgandan so‘ng tog‘ yonbag‘ridagi archazorlar tepasida joylashgan zamonaviy ikki qavatli uzun imorat ko‘rindi.
Mashhur “Omonxona” oromgohi, shifo suv maskani… Yigitlar bizga tepadagi imoratning qulay xonalariga joylashishni taklif etdi, lekin kampirga azaldan konditsioner yoqmasdi, biz archalar orasidagi chodirli supalardan birini tanladik… O‘zi, ayollarga na issiq, na sovuq yoqadi. Biz erkaklar esa aslida ularga yaxshi ko‘rinish yo‘lini izlab yashasak kerak. Yana kim bilsin!

Tong otdi, Boysun tongi… Buloq boshidagi g‘ala-g‘ovur bilan otdi. Ertalab buloq boshi gavjum bo‘larkan. Ular suvga ham, shifoga ham chanqoq odamlarga o‘xshadi, nazarimda…
Ertalab tepaga chiqib, xarsangga cho‘kib, dunyoning bordi-keldilarini o‘ylasangiz, g‘aroyib fikrlar kelarkan… Shu alpozda Boysun tongini kutib olish odatimga aylanib qoldi. Nazarimda, Boysun tongi insonni uyg‘otibgina qolmay, unga hayot mezonlarini o‘qitayotgan yanglig‘, yashashdan rozilik va ertanggi tongga ham umid tug‘dirar ekan. Go‘yo qalbingizga shoirona nur bilan tuyg‘ular quyib, moybo‘yoqda natyurmort chizdiradi va bulbullarni lol qoldiradigan ovozda qo‘shiq aytdiradi…

Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga cho‘ksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
…Adirlarga tutashgan, biri biriga mengzash tog‘lar orasidagi ta’mirlanayotgan yo‘llardan yursangiz, betakror manzaralarga duch kelasiz va Boysunga kiradigan joyda sizni afsonaviy Alpomish bilan Barchinoy qarshilab oladi. Sizni mag‘rurlik va go‘zallik timsoli bo‘lmish afsona kutib turgandek…
Men Boysunni “Alpomish” orqali bilardim. Bu qadim dostonda tug‘ilgan tuproq va mana shu biz qadam otayotgan qir-adirlar bilan baland tog‘lar, archazorlar va buloqlar guvoh bo‘ladigan sevgiga sodiqlik va ushbu borliqni tashqi g‘animlardan asrashdagi shiddatli janglar jirlanadi. Qo‘biz ovoziga jo‘r jirov ovozlari hali qulog‘imizda… Alpomishni mardlikka undagan tuyg‘ular ona tuprog‘i, eli va yori Barchinoyiga sodiqlikdan uyg‘ongan edi.

Bellarimga oltin kamar bo‘g‘aman,
Nomard bo‘lsam, nega sendan tug‘aman.*
Ota, meni bog‘lasang ham turmayman,
To o‘lguncha Barchinoy, jonni quvaman…

Axir, yo‘lbars yuragiga boshqorong‘i bo‘lgan onadan – mardlik, mag‘rur otadan – sodiqlik meros Alpomishning muhabbat himoyasida ulug‘ yo‘ldan toymaydigan jur’ati ushbu tuproqda shakllandi.
Tog‘lar afsonalarga boy bo‘ladi, bu yerda afsonalar toshga aylanadi. Ba’zan dunyoni kezib yurgan afsonalarni o‘zida olib qoladi… Afsonalarga aylanib ketgan doston qo‘ng‘irot yurtining farzandi Alpomishni Boysunda tug‘dirib, taqdiri azalini dashtu tog‘larga bog‘laganida ham qandaydir ajabtovur sir bordek.
Aytmoqchi, jurnalist Shomurod Sharopovning “Omonxona mo‘jizalari” kitobi qo‘limga tushib, bu afsonalar yurtining rivoyatlariga g‘oyibona oshiq bo‘lib qoldim. Ushbu afsonalar kampirimga qirq yil ilgari “Seni baxtli qilaman” deb bergan va’damni esimga soldi va unga tog‘dan chiqqan buloqlar, dashtlarning pastu balandlarini ko‘rsatgim keldi… Erkak kishi so‘zida turmaydimi, axir!

Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga cho‘ksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
…Sahroning tongi otmasdan oldin atrof yorug‘lanib, kunning tug‘ilishini bemalol kuzatish mumkin bo‘lsa, Boysun tog‘larida quyosh birdaniga tepangizga kelib qolarkan. Oppoq bulutlar qaysi bir cho‘qqilarni siypalab o‘tib, nari tog‘ ortiga ketadi. O‘sha bulutlar sari yonbag‘irlarda o‘rmalayotgan qo‘y-echkilar tog‘ intizomi bo‘yicha ilonizi so‘qmoqdan ketayapti. Tog‘ning tabiati tog‘ nizomi bilan yashaydi-da…
Ot kishnaydi, eshak hangraydi, it huradi, xo‘roz qichqiradi, bo‘ri uliydi… Har birining o‘z o‘rni, o‘z ovozi bor. Tabiatning adolatli qonuniyati, bu yerda barchasining ovozini eshitish va o‘zini ko‘rish mumkin. Lekin men adabiyot, umuman ma’naviy dunyoda eshak obraziga salbiylik buyoqlarini surkay beradigan qalamkashlarga qoyil emasman. Boysunda odamlarni ot o‘ta olmas tog‘li so‘qmoqlardan olib o‘tsa-yu, biz yana eshakni yomon otlig‘ qilib o‘tirsak! Bechora eshakning aybi… eshak bo‘lib tug‘ilganimi? Eshakning ancha yaxshi-­yomon xususiyatlarini bundan qariyb ikki yarim ming yil ilgari badiiy sifatlagan Apuleyga rahmat. U romanini hech tortinmasdan “Oltin eshak” deb atagan edi.

Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga cho‘ksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…..
…Umuman, ot chopib, eshak mingan tog‘ farzandlariga qoyil qolmasdan iloj yo‘q. Surxon vohasining changqovuz ovozi bilan voyaga yetgan farzandlaridan qanchadan-qancha buyuklar chiqmadi deysiz! Men ko‘zim ko‘rib, yaxshi tanigan og‘alarim – yozuvchi Shukur Xolmirzayev, rassom Ro‘zi Choriyev va qalamkash do‘stlarim Erkin A’zam, Usmon Azim, Nodir Normatov, ukalarim Qo‘chqor Norqobil bilan Mahmud Nomozov ham Surxon dashtlarini kezib, ushbu tog‘larga o‘rmalab ulg‘aygan… Boysunda ularning izlarini ko‘rgandek va asarlarida aks etgan tabiatning pok dunyosiga engandek bo‘ldim… “Omonxona” shifo suvidan ichib, buloqlarida cho‘milganda ham ularning mehrlari totiladi…
Bir paytlar bu tog‘larning daryolari Amudaryoga oqib, suvlarga aylangan mehrlar Orolni to‘ldirib turgan edi. Tog‘dan oqqan jilg‘a bo‘yi­­da turib, o‘qigan sari yaxshi ko‘radigan shoira singlim Farog‘at Xudoyqulovaning satrlari esimga tushib ketdi.

Kechir meni, ey toshqin daryo,
Faryodingga quloq solmadim.
Faxr etdim Orol onam deb,
Lek onamni asray olmadim.

Dard bir-u, darmon bo‘lak, masofa uzoq, lekin dardingni oladigan, yelkadosh qardosh-qorindoshing borligidan ko‘ngling taskin topadi. Muqaddas kitoblarda tog‘larning insonga tayanch va suyanch qilib yaratilganini o‘qiganmiz. Cho‘qqilar borligini tog‘larda ko‘rganmiz. Cho‘qqiga chiqishni etakda turib orzu etganmiz.
Dasht yo‘llarida kelayotganimizda kampirim: “Bu notekis tepaliklarni tekislab eksa bo‘lmaydimi, qanday sug‘orarkan?” deb suragandi. “Bu lalmi yerlarni yomg‘ir sug‘oradi… – degandi denovlik haydovchi. – Endi, opa, dashtni tekislab bo‘lmaydi-da…”.

Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga cho‘ksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
Tog‘ insonni balandga ko‘tarilishga da’vat etib, ko‘z ko‘radigan olamning ma’lum bir chegarasi borligini, o‘sha chegaralardan keyin ham tog‘lar borligini qayd etadi. Robert Byorns, Mixail Lermontov, Rasul Hamzatov, Chingiz Aytmatov, Nodar Dumbadze singari ulug‘lar ham tog‘ farzandlari ekaniga e’tiborga bersak, baland tog‘larda insonni yuksaklikka eltadigan, qalbiga shoirona mehr quyib, yaratish, yashash ishtiyoqini kuchaytiradigan sir bor, shekilli…
Yana o‘sha shoira singlimning qalbidan chiqqan satrlari:

Boychiborim, sen ham o‘ksima,
Qolib ketdik kimlar nuqsiga?
Shamol tegsin Barchin ko‘ksiga,
Alpomishni tug‘ib ber, singlim.

Tog‘lar orzularni yerdan ko‘taradimi yoki inson o‘z armonlarini baland cho‘qqilarga o‘zi olib chiqadimi, bilmadim-u, lekin tog‘liklarning ajoyib odamlar ekanligini bilaman…

Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga cho‘ksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
…O‘ttiz yil ilgari kelgandik… O‘sha paytlari biz suv izlagan “Orol-88” ekspeditsiyasi a’zolarining bir qismi – bizning guruhimiz Omonxona soyidan o‘tayotib, besh-olti ko‘rimsiz uylarning odamlari bilan uchrashganimizda, ular qishloqning bosh muammosi ichimlik suvi ekanligini aytgandi. Rus publitsisti Vasiliy Selyunin:
– Ana, eshitdingmi, O‘rozboy? Sen Orolga suv yetmayapti deya zorlanasan, bu kishilar qismati undan ham badtar ekan. Qara, buloq boshida turib chanqayapti, – degandi.
O‘sha suhbat chog‘ida qishloqning bir yoshullisi meni chekkaga chaqirib olib, xufyona dardini aytdi.
– Bularning orasida bizga o‘xshagani siz ekansiz. Kuni kecha rayqo‘mdan kelgan kattalar bizning ziyoratgohimizni vayron etib ketdi. Sulton Vali Balogardon mozoriga ziyoratga kelganlarni quvib, qaynayotgan qozonlarini to‘ntarib, bittasini uloqtirib sindirdi va milisasiga: “Ziyoratga kelganning barini qamaysan”, deb topshiriq berib ketdi… Aytmoqchi, o‘zingiz musulmonmisiz?
– Alhamdulillah… – dedim ovozimni pasaytirib.
– Borakallo, borakallo… Mana, birga yurgan yo‘ldoshlaring o‘sha rayqo‘mlarning kattalari bo‘lsa kerak, bizga jabr qilayapti deb quloqlariga shipshitib qo‘ymaysizmi?
– E, og‘a, bular nimaga Orol dengiziga suv yetmayapti deb, suv izlab chiqqan yozuvchilar-ku. Bularning gapi rayqo‘mga o‘tmaydi-da.
– Orasida Maskovdan kelganlari bordir?
– Hov uchtasi o‘sha yoqdan.
– Ha, ana, eng bo‘lmasa, o‘sha uchtasining qulog‘iga shipshitib qo‘ying. Borib Maskovdagi katta rayqo‘mlariga aytsin: “Boysunning rayqo‘mi odamlarning qozonlarini sindirayapti”, deb. Axir, ziyoratda nima ayb, ayniqsa, pishgan oshning uvolini aytmaysizmi!.. Agar bizning rayqumning zo‘ravonligini eshitsa, bularning qulog‘ini burab qo‘yardi-da…
– Og‘a, – dedim, bu oqko‘ngil oqsoqolga jonim achib. – Bitta to‘daning bo‘rilari bir-birining go‘shtini yeganini ko‘rganmisiz?!
Oqsoqolning qo‘ltig‘idan tarvuzi tushib ketdi…

Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga cho‘ksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
…Buloq boshida ovuldagi loyqa suvni birga ichib, birga cho‘milib, birga o‘ynab-o‘sgan Ilyos og‘amni uchratdim. Ilyos og‘a Qoraqalpog‘istonning obro‘-e’tiborli oqsoqollaridan.
– Bitta chalapartish hamshiraning ukolidan gepatit degan baloga mubtalo bo‘lib, bu yerga o‘n olti yildan buyon kelyapman, – dedi Ilyos og‘a. – Anov qishloqdagi Norboy og‘a bilan og‘ayni bo‘lib qoldik. O‘zi har yili kutib olib, qo‘y so‘yib, tandir qiladi, necha kun suv ichib, cho‘milib, vaqtning qanday o‘tganini sezmay qolaman. Bu yil ayolim va o‘g‘illarim bilan oilaviy keldik. Anov kenjatoy o‘g‘lim, o‘zing bilasan, yurak do‘xtiri… U meni kuzatib, shifo suvning qon bosimiga qanday ta’sir qilayotganini o‘rganayapti…
Qarasam, Ilyos og‘am tandirda pishgan qo‘chqor go‘shtidan paqqos tushirayapti.
– Hov, oqsoqol, bu tandir go‘shtini soppa-sog‘ odamlar zo‘rg‘a hazm qiladi, sizga yo‘l bo‘lsin? – dedim hayronim chiqib va do‘xtir o‘g‘liga: – Hammaga parhez–parhez deysanlar, nimaga o‘sha parhezni otangga qo‘llamaysan…
– E, og‘a, otam mening aytganimni qilarmidi! – dedi do‘xtir bola. – Hali tandir go‘shti gazakka aylanib ketmasa deng…
Omonxona havosi bilan suvining qudratini Ilyos og‘am misolida ko‘rdim. U jigar kasalidan forig‘, otdek sakrab yuribdi…

Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga cho‘ksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
…Sayyoramizning hozirgi olti qit’adan iborat quruqligida yetti milliarddan ortiq odam yashaydi, yer kurrasining esa deyarli sakson foizi suv bilan qoplangan, o‘sha suvlarning atigi ikki-uch foizigina ichimlik suvi ekan. Yana, inson tanasining yetmish foizi suvdan iboratligi ham ma’lum. Tomirimizda oqayotgan qonning sakson foizidan ortig‘i suvdan iborat va qon ham suv vositasida har o‘n besh kunda yangilanib turarkan. Demak, inson jismining qariyb uchdan ikkisi suvdan tashkil topgan… Qoraqalpoqlar ba’zi tuturiqsiz kishilarni “Suvdan badtar suyuq ekan”, deyishadi, bunda ham qandaydir haqiqat bor, shekilli… Lekin jiddiy o‘ylab qarasak, bizning hayot manbaimiz bo‘lmish suvning yana qanday sirlari bor ekan?
“…biz insonlar, suvni oddiy suyuqlik, faqat chanqog‘imizni qondiradigan ne’mat deb bilamiz. Holbuki, suvning bundan boshqa ta’sir kuchiga ega ekanini, hayot rishtasining mustahkamligini saqlashda uning qiymati oltin va platina qiymatidan-da yuqoriroq turishini hamma ham bilmasa kerak”, deb yozadi tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar Beknazarov.
Yapon olimi Masaru Yamatoning “Jahon adabiyoti” jurnalida e’lon qilingan “Suvning aytganlari” nomli tadqiqotidan suvning “ko‘rish”, “eshitish”, “sezish”, “his etish”, “xotirlash” xususiyatlari mavjudligini o‘qigandim. Demak, suvning “jon”i bor ekan-da… Rus olimi S.Zeninning ta’kidlashicha, bitta suv molekulasida 44 ming axborot qutichalari mavjud bo‘lib, tabiiy “biokompyuter”ni eslatarkan. Bu qutichalar axborot o‘tkazish qobiliyatlariga ega, deyapti olimlar…
Esimda, maktab kutubxonasidagi Rablening mashhur romanida umri ovqatlanish bilan o‘tayotgan Gargantyuaning qancha yeb-ichsa ham bir umr to‘yib ko‘rmagani, Pantagryuelning esa dengiz sayohatida xuddi aysberglar yanglig‘ qalqib yurgan “muzlatilgan so‘zlar”ga duch kelganini o‘qigandik. “Muzlagan so‘zlar” eriganida asosan hayqiriq, iztirob va so‘kinishlardan iborat edi… U paytlari ertaksimon o‘qiladigan bu asarning “muzlatilgan so‘zlari”ga e’tibor bermaganmiz.
Yapon olimining mikroskopik tadqiqotlaridan ma’lum bo‘ladiki, yaxshi so‘zlarni “eshitgan”, ezgu tuyg‘ularni “his etgan” va ezgu fikrni “sezgan” suv muzlatilganda beg‘ubor, go‘zal ko‘rinish va rangga enarkan-da, yomon so‘zlarni “eshitib”, yovuzlik “ko‘rgan” va yomon niyatlarni “his etgan” suvning muz kristallarida qandaydir qoramtir, tartibsiz bo‘shliq – xaos alomatlari paydo bo‘larkan… Demak, suvning sifati faqat uning mo‘l-ko‘lligi va tarkibining tozaligigagina emas, balki undagi ruhiy holatga ham bog‘liq ekan. “Avesto”dagi “Suvning ko‘pligining ham, kamligining ham zarari birdek” degan fikrga e’tibor bering. Doktor Yamatoning yana bir gapi: “Agar chuqur tadqiq etilsa, eng og‘ir jinoyatlar og‘zi shaloq odamlar yashaydigan joylarda sodir etilishi ma’lum bo‘ladi”.
Qoraqalpoqlarning:

Xafa bo‘lsang, oqin suvni yoqala,
Haddan oshsang, mozorlarni orala…

degan naqlida ham suvning allaqanday botiniy sirlari yashirinib yotgandek tuyuladi.

Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga cho‘ksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
…Har xil tarixiy manbalardan har xil davrlarda bu tog‘lar bilan adirlardan Iskandar Zulqarnayn, Kirdan qasos olishga otlangan massagetlar sardori To‘maris, xalq botiri Alpomish, buyuk sohibqiron Amir Temurning ot o‘ynatib o‘tganini bilamiz. Rivoyatlar Omonxona tarixini yetti asr ilgaridan boshlaydi va shifobaxsh buloq suvining paydo bo‘lishini Sulton Vali Balogardon hassasi toshga sanchilishidan keltirib chiqaradi. Yana bir rivoyat o‘tloqdagi sigirini izlab iztirob chekkan Sulton Valining yetti yashar o‘g‘li Qamari Azizning ixlosiga olib borib taqaydi. Yana bir rivoyat Amir Temurning tush ko‘rgani va Omonxona g‘oridagi Sulton Valini ziyorat qilgani to‘g‘risida so‘zlaydi. Xullas, ajdodlarimizdan meros qolgan bu tuproqning tog‘lari bilan buloqlari, qir-adirlari, cho‘l-biyobonlari, dengizu daryolari Ollohning ijozati va o‘zimizning xohishimiz bilan o‘zimizga buyurgan zamonda uning qadr-qiymati ortib, ko‘z qorachig‘idek asrab-­avaylanayotgani ko‘rinib turibdi…

Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga cho‘ksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
Aytishadiki, Ma’mun akademiyasida ishlayotgan Luqmoni Hakim – Ibn Sino bir kuni shogirdlari bilan daryoning narigi sohilida yashayotgan qoraqalpoqlarning ahvolidan xabar olay deb Chimboyga otlanibdi. Shaharga yaqin bir ovulga kelsa, peshinda qoratolning tagidagi supada uxlayotgan cholga ko‘zi tushibdi. Yonidagi yoziq sufradagi zarang yog‘och tovoqda ozgina ayron bilan yarimta jo‘xori zog‘ora turganmish. Luqmon Hakim shogirdlarini to‘xtatib: “Bu yurtda biz qiladigan ish qolmabdi, endi orqaga qaytamiz”, debdi. “Shuncha yo‘l bosib keldik, nimaga endi, ustoz?” debdi shogirdlari. “Hov ana, ayron bilan zog‘oraga qarang! Shulardan oziqlanib, qoratolning tagida uxlaydigan xalqda hech qanday kasallik bo‘lmaydi…”. O‘sha payt chol uyg‘onib, mehmonlarni dasturxonga taklif etibdi-da, tolga osilgan meshdan ayron qo‘yib, o‘tovdan jo‘xori zog‘ora olib kelibdi. Luqmon Hakim shogirdlari bilan ayron ichib, zog‘oradan tatib, cholning yoshini so‘rabdi. “Beshta kam yuz”, debdi chol… Shogirdlari Luqmoni Hakim so‘zlari tasdiq topganiga iqror bo‘libdi.

Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga cho‘ksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
…Ikki zamonni ko‘rgan mening tengqurlarim kechagi kunlarda nafaqat yer bilan suv, hatto odamning qadri bir pul bo‘lganini yaxshi biladi. Tog‘larning asrlar bo‘yi shakllangan tabiiy suv oqimlariga to‘g‘onlar qurilgach, Markaziy Osiyoning tabiiy sug‘orish tizimi bilan iqlimi o‘zgardi. Qatag‘on qarorlar asosida paxta monopoliyasi joriy etilib, sarflagan xarajatini oqlamaydigan dehqonchilikka majburiy mubtalo bo‘ldik. Xalqqa suv tanqisligi azobini berayotgan to‘g‘onlar tepasiga va chanqoq dalalar bilan devorlarga “Suv – hayot manbai” degan shiorlar katta harflarda yozildi. Lekin ushbu shiorning aksicha suvlar xlor, gerbitsid, pestitsidlar bilan bulg‘anib, odamlarning sog‘lig‘iga xavf solindi. Hududda o‘tgan asr o‘rtalaridan boshlangan saraton, sariq, gepatit, tsirroz, xafaqon, kamqonlik kasalliklarining asosiy sababi ichimlik suv bilan iste’mol qilayotgan oziq-ovqatimiz sifatiga bog‘liq ekanini hammamiz bilamiz, lekin xastalik­larning sababi o‘rniga oqibati bilan kurashaveramiz. Polvonlardan uzr so‘rayman, ularning xudo bergan kuchi kurashlarda sinaladi. Hamma polvon emas-ku, oddiy odamlar kim bilan, nima uchun kurasha berishi kerak ekan? Mo‘l hosil uchunmi? Sotsialistik musobaqa g‘olibligi uchunmi? Axir, mo‘l hosilni oddiy mehnat bilan, hech kim bilan kurashmasdan ham, kuchanmasdan ham yetishtirish mumkin edi-ku…
Mana, sho‘ro siyosatining natijasi: daryolar tortilib, dengizga yetmay qolyapti.

Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga cho‘ksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
…Olis-olislardan zamona temir karvoni – poyezd vagonlarining “taqa-tuq”i eshitiladi va archazorlar orasidagi qushlarning sayrashiga jo‘r bo‘ladi. Bobotog‘ chinorlari bu notanish sasga hayron qolgandek chayqaladi. Norboy og‘aning ayg‘iri oxurdan bosh ko‘tarib, quloqlarini dingillatadi. “Yo‘q, bu taqa-tuq baytalning chopganiga o‘xshamaydi” degandek, afsuslanib yana oxurga bosh uradi…

Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga cho‘ksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
…Xayolimga ba’zi zamondoshlarimning: “Pochta yaxshi ishlamayapti, gazeta-jurnallar oyning oxirida bir keladi, quvur jo‘mragini ochsangiz loyqa suv oqadi, maoshni plastikka solib, do‘konga borsak, sotuvchi qimmat, naqd pulga esa arzon narxda sotyapti va hakozo…” deb nolishlari keladi. Ammo shu o‘rinda savol tug‘iladi: muammolarni sanab, faqat kuzatuvchi bo‘lib qolmasdan, ularni bartaraf etishda ishtirok etayapmizmi? Biror masalani yechishda shaxsan tashabbuskor bo‘layapmizmi? Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar jarayonida bizning hissamiz qanday bo‘lyapti? Ha, inson tabiat bag‘rida ham jamiyat qo‘yayotgan masalalarni unutolmaydi.

Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga cho‘ksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
…Biz yozuvchilar doimo shoirlarga havas qilamiz. Shoirlar kezib yurib, tog‘lardan, bog‘lardan, gullardan, bulbullardan ilhom olib, she’rini yozib tashlaydi. Endi uni biror joyda o‘qib qolsa, hammaning e’tibori o‘shalarda. Chiroyli qizlarning mahliyo bo‘lganini aytmaysizmi?! Biz yozuvchilar esa yillab kitob yozib, uni birovlar o‘qiguncha, suluvlar qarib qoladi, hatto nevarali ham bo‘lib ulguradi. Balki, kampirimning mening yozganlarimni o‘qimaganligi ham shundan bo‘lsa kerak…
Omonxonada bo‘lganim bilan Boysundan ot usti o‘tib ketdim, balki uning kamina bilmagan qirlari bilan sirlari ko‘pdir. Ularni tasvirlashni qalami o‘tkir do‘stlarim ixtiyoriga qoldirib, yaxshi shoirlarning yaxshi yozganlaridan ilhom olaman. Shuning uchun Boysunda tug‘ilib, Toshkentda yigit bo‘lgan do‘stim, xalq shoiri Usmon Azimdan ijaraga olgan satrlar bilan gapimni tugataman…

Mening Boysunimda tug‘ilar bulut,
Tog‘larga qadalgan – osmoni yaqin.
Mening Boysunimda ko‘k yuzin yulib,
Tug‘ilib-o‘lishni mashq qilar chaqin.

Mening Boysunimda tentakdir bahor –
Sellarni quvadi soydan oshirib.
“Ena”, deb Alpomish kelar har nahor –
Ertaklar ulashar dilga bosh urib.

Mening Boysunimning – ko‘chalari tor,
Mening Boysunimning – kechalari keng.
Boysun bergan mening bitta do‘stim bor –
Meni yo‘qotishda Qorajonga teng.

Boysunga yetguncha so‘ngagim cho‘pdir,
Yo‘llarim suvsizdir, yo‘llarim – ensiz.
Boysunimda Boysun tobora ko‘pdir,
Boysunimda Boysun tobora mensiz…

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 3-son