Shirin tush ko‘rib yotgan O‘roz qo‘ylarning ustma-ust ma’rashidan g‘ijinib uyg‘ondi. Yonidagi o‘ringa qo‘l cho‘zdi. Qo‘li quruq to‘shakka tekkach, erinib ko‘zini ochdi. «Quvon! Anovi ochofatlarning jag‘ini o‘chir!» Devorlari tutundan qorayib ketgan uychaning bir ko‘zli derazasiga tutib qo‘yilgan, kirligidan asli rangi bilinmay ketgan pardani surgandi, sharillab yirtildi. Ichkariga quyosh nuri otilib kirdi. «Ie, kun yoyilib ketibdi-yu, haliyam qo‘y haydamagan ko‘rinadi. Qay go‘rga ketdi bu xayolparast? Yana suvga termilib, fol ochib o‘tirgandir!»
O‘roz yostig‘ining ostidan gul solingan sochig‘ini olib, yelkasiga tashladi-da, uychadan chiqdi. Atrofga alanglab Quvonni qidirdi. U hech qayerda ko‘rinmasdi. Yangi qo‘zilagan sovliqlar va qo‘zilar qamalgan qo‘ra to‘sig‘idan mo‘raladi. Qo‘ra bo‘m-bo‘sh. «Sodiq qo‘y haydab ketibdi. Odam degan mana bunday ishlasa! Hech narsani aytmaysan, o‘zi bilib qilaveradi. Ammo xayolparast qayoqda yurganiykin? Kayoqdagi ishbilmas, ishyoqmas yordamchiga uchrab qoldim. Bu tog‘-toshda ishlashga hozirgi uncha-muncha yigitning yuragi betlamasa! Ularga issiq o‘rin, behuda hangoma, oldi-qochdi gaplar bo‘lsa. Qaniydi, bu yil birontasi kep qolsa, ana unda xayolparast «ketaman» dedimi, og‘zidan chiqishi bilanoq «xush kelipsiz», deyman-qo‘yaman. Hozircha o‘lganning kunidan eshakni tog‘ani deb turamiz-da».
Ochlikdanmi, yaylovga intilibmi, qo‘ylar tinmasdan ma’rashardi. O‘roz Quvon boqadigan suruv qamalgan qo‘raga g‘ijingancha qarab turdi-da, bo‘ralab so‘kinib, jarlikka tushib ketdi. «Yo indamay-netmay xotinchasining oldiga jo‘nab qoldimi? Xotin degan faqat unda borday, biz ham sog‘inamiz, lekin, mana ish qolmasin, deya haftalab, oylab qishloqka tushmaymiz. U bo‘lsa, chopgani-chopgan. Ha, tilladan bo‘lsa-da, bitta xotin-da!»
Quvon soy bo‘yida ham ko‘rinmadi. Muzdakkina suvda rohat qilib yuvinar ekan, O‘rozning ortida nimadir uvlaganday bo‘ldi. O‘girilib, hech narsa ko‘rmadi. Yana uvillash eshitib, o‘ng tomoniga qaradi-yu, jahli chiqib, so‘kindi. «Tariqcha pisand qilmaydi-ya, odamni! Nima bo‘lgandayam, boshliqman senga! Yalpayib yotishini qara, yana topgan joyini-chi…»
Jarlikning soy oqib keladigan kunbotar tarafi tik kesma qoya edi. Undan turib jarlikka qaragan uncha-muncha odamning yuragi shuvillab ketadi. Qoya qoq o‘rtasidan ikkiga bo‘lingan, bir qulochdan sal kengroq yoriqdan soy oqadi. Qoyadan pastga qarashga O‘rozning yuragi dov bermasdi. Onda-sonda bilmay qolib qarab qo‘yganida, yuragi ichiga tortib ketarkan, shuncha yil tog‘larda qo‘y boqib yurib, hech narsadan qo‘rqmaydigan bo‘p ketgan o‘ziday odamning yuragi po‘killashiga hayron qolardi. Ammo-lekin «Jahannam» deganlaricha bor. Bu sovuq so‘zning o‘ziyoq naq tanangni muzlatvoradi-yu…» Ana shu «jahannam»ning o‘ng tarafidagi yarim koya xuddi pichoqda kesgandek o‘n-o‘n besh qulochcha tik tushgan, jarlikda esa, yoyilib ketgandayin… Yoyilmaning o‘rtasida tuyatosh so‘ppayib turar, Quvon o‘sha toshga yelkasi bilan suyanib, boshini qo‘ygancha beo‘xshov yalpayib yotardi.
O‘roz suvni chapillatib yuvindi-da, artina-artina yelkasi osha Quvonga o‘g‘rincha qarab oldi. U hamon o‘sha-o‘sha bir xilda nopisandlik bilan yotar, yonidagi it bo‘lsa, boshini xo‘jayinining tizzasiga qo‘yib olgan, goh-goh tumshug‘ini ko‘tarib, uvlab qo‘yardi. «Ishqilib, yaxshilik bo‘lsin, itning uvillashi – shumniyat. Bu xayolparastning yana jazavasi tutibdi, chog‘i. Meni kalaka qilib nima zafar toparkin u?» O‘roz tutaqqancha tuyatosh tomon yurdi. «Hey, namuncha yalpayib yotvolding? Maqsading qo‘ylarni ochdan o‘ldirib, meni baloga giriftor qilishmi? Tur o‘rningdan, suruvni hayda! Bilib qo‘y, unga avvalo o‘zing javob berasan! Sodiqning qo‘y haydab ketganiga qancha bo‘ldi-yu! Tavba, quloq qoqmaydi-ya! Ho‘v, menga bunday o‘qrayma!»
It cho‘ziq uvladi. Quvonning qimirlamasdan, g‘azab bilan o‘qrayib turganini ko‘rib, O‘rozning chapaqayiga jahli chiqdi. Uning qandaydir g‘olibona, ham jinday g‘azab aralash boqayotgan nigohiga chidayolmadi. Odimini tezlatdi, sal bo‘lmasa, chopayozdi. Ana, uch qadam qoldi yetishiga, u hamon o‘sha ko‘yi yotibdi, ikki qadam qoldi, hamon o‘sha-o‘sha, bir qadam qoldi, aqalli tuki o‘zgargani yo‘q. Hozir bu kerilmaning tirsagiga turtadi. «Nima balo, o‘lib qolganmi, na o‘zi qimirlaydi, na olaygan ko‘zi». O‘roz Quvonga qo‘l cho‘zdi-yu, barmoqlari unning tanasiga yetay-etay deganda, o‘kirib yubordi. Ortiga tislangancha qochar ekan, oyog‘i nimagadir ilashdi. Bir ihradi-yu, o‘zini bazo‘r tutib qoldi. Oppoq, yumshoq bir narsa oyog‘iga o‘ralardi. «Nima bu, nimalar bo‘lyapti?» U soyga yetib borgandan keyingina o‘ziga keldi. Boshini sovuq suvga pishdi, uzoq tutib turdi. Muzday suv etini zig‘irday junjiktirmasdi. «E, yurakdan borakan-ku, O‘rozqul! Oyog‘imga o‘ralgan sochiq, o‘zimning sochig‘im-ku!» O‘roz ichidan otilayotgan qichqiriqni ne azobda bo‘g‘zida tutib qoldi. Yana boshini suvga pishdi.
«O‘libdi. Yo qudratingdan, topgan o‘limini… O‘qrayishini… Tavba, o‘lik ham shunday o‘qrayadimi? Shoshma, kechayam xuddi shunday xunuk o‘qraymaganmidi? Sodiq bilan u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirgandik. U bo‘lsa, to‘shakka cho‘zilgancha yotardi. Ko‘zlarini yumib olgan-u, bilib turibman, uxlagani yo‘q. Sodiq bozorga tushgandi, o‘shattan topib kelgan gapini aytdi: bir yigit jo‘rasi bilan hazillashib turib, uni o‘ldirib qo‘yibdi. Keyin ikki-uch kun garangsib yurib, o‘zini osibdi. «Umr har narsadan aziz, dunyoga boshqa kep bo‘psan. Nega o‘zini osdiykin, u ahmoq?! Birinchidan jo‘rangni ataylab o‘ldirgan emassan, ikkinchidan, buning uchun uch-to‘rt yil qamashsa, qamashar, bir kun chiqib kelarding. Peshonangdan otishmasdi-ku!» Shunday dedim, xolos, boshqa biron og‘iz gapirganim yo‘q. U indamay o‘zini uxlaganga solib yotaverdi. G‘ashim kelib: «Ahmoq ekan, shundaymi, Quvon?», dedim. «Nima shundaymi?» U hatto ko‘zini ochmasdan ming‘irladi. «Hozirgi eshitganing-da». «Shunday bo‘lsa, shundaydir-da», dedi yana beparvo. «Tavba. Quvon, senda yurak degani bormi o‘zi? Biz nimalarni kuyinib gapiryapmizu!..» «Nimalarni gapiryapsizlar?» «Eshitmadingmi?» « He, qanaqa odamsiz o‘zi, tinch yotgani qo‘yasizmi-yo‘qmi?» «Nega buncha o‘dag‘aylaysan? Men seni odam deb… Shu diqqinafas katalakda uch kishimiz. Zerikkandan u yoq-bu yoqdan gurunglashib, ko‘z yumilguncha…» «Bu yorug‘ dunyoda yaxshi voqealar ham bo‘layotgandir!» «Biz… biz bu gaplarni achinganimizdan aytdik. Sodiq boshlab qoldi. Men…» «Siz, siz achinasizmi? Siz-a?! Hatto manovi bola achinaman desa, ishonaman. Lekin shuni yaxshi bilinglar, o‘sha yigit hech kimning achinishiga muhtoj emas!»
… Uning yonib turgan yuzlariga, o‘qdek qadalgan ko‘zlariga qarab, o‘zimni tutolmadim. U namuncha qotilni himoya qilib qoldi? Balki unga qarindosh-parindosh chiqar? Yo o‘zining o‘yidayam o‘sha qotilniki kabi yaramas, la’nati xayollar g‘imirlab yotgandir!
«Nega jim qoldingiz, gapiring endi! Nega qotilga tarafkashlik qilyapti, deb o‘ylayotgandirsiz? Bordi-yu, siz bilmasdan birovni o‘ldirib qo‘ydingiz, deylik. Shunda vijdoningiz qiynalib, o‘zingizni o‘ldira olarmidingiz? Nega lablaringiz titrayapti, rangingiz o‘chdi? Qo‘lingizdan kelmaydi. To‘g‘rimi? Nega unda marhumning ustidan kulyapsiz? O‘zingizcha hukm chiqarasiz, ha-a, achinasiz?..» «Muncha menga yopishvolding, seni odam deb suhbatga tortib, baloga qoldimmi? E, menga nima, devorga gapirib yotmiymanmi!» «Ishqilib, odamiylikni hamma o‘zicha tushunarkan-da…» U shunday dedi-da, menga yomon o‘qraydi. Qarashiga dosh berolmadim…
Hayronman, bu boladan nega cho‘chib qoldim o‘zi? O‘sha, ishga yangi kelgan oylari semiz qo‘ylardan yigirmatasini pullab, o‘rniga oriq qo‘ylar olib kelganimni ko‘rganida ham xuddi shunday o‘qraygandi. Men ahmoq bo‘lmasam, o‘shanda unga boshimdan o‘tgan savdolarni aytib o‘tiribman. O‘zi go‘ringda to‘ng‘iz qo‘pgur Oston qo‘ychi xonumonimni vayron qildi-da. Suruvning yarmini sotib bitirib, tekshir-tekshir yaqinlashganda qishloqqa qochib, ko‘rpa-to‘shak qilib yotvoldi. «Uka, mazam bo‘lmay ketyapti, ortimda yurib, ko‘zing pishdi, senga ishonaman, qo‘y-qo‘zilarni uch-to‘rt kun boqib tur, o‘g‘ilcha qarashar», dedi-yu, otarni menga tashladi-ketdi. Tentak bo‘lmasam, oldida qo‘ylarni sanamaymanmi… Ana keyin Ostonning tomoshasi boshlandi. Tekshir-tekshirda oltmishtadan ortiq qo‘y sanoqdagidan oz chiqdi. Hammasini bo‘ynimga ildi-qo‘ydi. «Men bu la’nati muttahamga ishonibman. Endigina birinchi yili yaylovga chiqishi bo‘lsa! Hali ona suti og‘zidan ketmagan desam, shuncha hunari borakan, ikki dunyodayam rozi emasman bunaqa uchar, egriqo‘l shogirdchadan!», deya turdi-oldi. Uka, o‘shanda mening qanchalik qiynalganimni bilsang edi! Qamamoqchiyam bo‘lishdi. Itdan olib, itga solishdi. Nihoyat kam chiqqan qo‘ylarning yarmini bo‘ynimga qo‘yishdi. Yarmini Oston to‘laydi, deyishdi. Shunda u meni savalay ketdi, hammayog‘imni mo‘mataloq qip tashladi. «Xonavayron qilding meni, haromi, topganing aslo tatimasin», derdi u to‘xtamasdan. Odamlar ajratib olishmaganda, mayib qip tashlarmidi… Qarz-havola qip qo‘ylarning tovonini to‘ladim. Oradan ikki oy o‘tar-o‘tmas, yo‘qolgan qo‘ylarning yarmiga yaqini topildi. Qo‘shni shahar bozorida sotishayotganda tutishibdi. Ana shunaqa gaplar, uka! Mana, tirikchilik ekan, majbur bo‘lyapmiz. Men noinsof Oston qo‘ychiday seni jarga itarayotganim yo‘q-ku! Lekin bu tog‘u toshda kecha-yu kunduz bekorga tayoq ko‘tarib, yozda oftob urib, qishda izg‘iringa ko‘krak berib yuramizmi?» «Yaxshisi, meniyam Oston qo‘ychi kabi aldasangiz bo‘larkan». U avzoyi sira o‘zgarmasdan aytdi bu gapni. Hazillashyaptimi, desam, qiyofasi jiddiy. Keyin, mana, nima qilsam ham, ishi bo‘lmay ketdi-ku! Lekin, bora-bora odam bilan suhbatlashmaydigan bo‘p qoldi. Gaplashgandayam, nuqul ustingdan kulayotganga o‘xshaydi. O‘tgan hordiq uloqdan qaytib, Sodiqqa gapirib tursam, o‘shshayib kep qoldi. «Ha, aka, manglayni qashqa qilvopsiz», dedi irshaygancha. «Uloqda bo‘ladi-da, uka, qizishib ketasan». «Iya, sizam qizishasizmi?» «Ha, uka, otang uloqchi o‘tgan bo‘lsayam, o‘zing uloq nimalagini, uning gashtini bilmaysan-da!» «Bilaman, otamning manglayida chandiq boridi. Otam uloqni olib, marraga yetay deganda, qaysi bir nomard ko‘zlari aralash qamchi urgan. Qon tizillab oqib, ko‘zlariga tushgan. Otam uloqqa yopishgan qo‘lning egasini bir qo‘llab otidan ag‘darganlar. O‘shani ot tagida qolgan-u, baxti bir chopib, o‘lmagan, deyishadi. Otam o‘sha ko‘yi marraga yetib borganlar. Keyin yana uzoq yillar uloq chopganlar. Ha, uloq nimaligini uncha-muncha bilaman. Uloq aslida mardlar o‘yini, lekin bitta-ikkita nomardlar ham aralashib qoladi».
Xayriyat, o‘shanda u chetga qarab gapirdi. Bo‘lmasa, avzoyimni ko‘rib… Yo bilarmidi, o‘shanga ataylab… Shuning uchun meni ezib yurarmidi! Aytsa, bir xafagarchilik bo‘lib, u yog‘i ko‘nglim tinchib ketishini sezarmidi, xumpar. Yo‘q, bilmagan. Bilganda, u aytmasdan, uzib-uzib olmasdan qo‘ymasdi.
«Birontasi qamchi bilan urdimi?» «Nima? Nimaga shama qilyapti?..» «Ehtiyot bo‘ling-da, qizishib ketib, otning tagiga tushib, tuyog‘i ostida yanchilib, o‘lib ketmang, yana. Ha, nega bo‘zarib ketdingiz? Ie, qansharingizgacha titrayapti-ya! Namuncha o‘limdan qo‘rqasiz? Dunyoga ustun bo‘lgingiz bor, chog‘i? Ha-ha-ha… ha-ha-ha….» «Yayragancha kulishini qarang-lar! Eshitganga o‘xshaydi. Payti kelganda o‘ch olmoqchi. Muncha meni o‘lim bilan qo‘rqitadi? Qilig‘iyam xunuk, gaplari ham sovuq. Birda qoyadan «jahannam»ga qarab tursam, kimdir itarib, tez tortib oldi. O‘takam yorilay deb, o‘girilib qarasam, shu so‘xtasi sovuq. Bezraygancha «Ie, sizam «jahannam»ni tomosha kilarkansiz-da», dedi. «Bu hazil degani ham evi bilan-da, uka. Bexosdan yurak qinidan chiqib ketishi mumkin». Hozir «jahannam»ga tushib ketganingizda nima bo‘lardi-ya…» «Maqsading meni o‘ldirishmi, nima demoqchisan?» «Hech narsa. O‘limdan shunchalik ko‘rqadimi, odam? Ha-ha-ha… ha-ha-ha…» «Yaxshi gapgayam, yomon gapgayam…. e-e, uka. Nima, sen o‘limdan qo‘rqmiysanmi? Yorug‘ dunyoga keldingmi, o‘limni o‘ylamay, huzurlanib yashagin-da!» «Har qanday yo‘l bilan, har narsaga chidabmi?» «Ho‘v, sening boshingdan birov tegirmon toshi yurgizyaptimi?» «Yo‘q! Ha-ha-ha-ha…»
«Tavba… Ishqilib. Qaytarkanda. Menga o‘lim tilab, o‘zi… Hoynahoy, tong qorong‘isida qoyaga chiqqanu «jahannam»ga tikilgan. Uyqusirab tushib ketgan. Lekin unda tuyatoshga qanday suyanib qoldiykin? Yana tirik bo‘lsa-ya!»
O‘roz qo‘rqa-pisa tuyatosh tomon ko‘z qirini tashladi. Quvon tuyatoshga o‘sha-o‘sha ko‘yi suyanib yotardi. It uvillamay qo‘ygandi. Qanday suyanib qoldiykin? Xuddi birov ataylab yotqizib qo‘ygandayin. Xayriyat, qo‘l tegizmaganim. Xudo bir asradi… Shu, chog‘i, qoyadan tik tushib, yoyilmaga urilgan, surilib kelib, tuyatoshga sirg‘alib tushganu suyalib qolgan. Ana senga, xayolparastlik! Ana senga, «jahannam» qa’riga tikilib, baxt axtarish… Xayriyat, qo‘l tegizmaganim…»
O‘roz yana boshini soyga tiqdi. Og‘zini qayta-qayta chaydi. Tuyatoshga qaramaslikka urinib, so‘kmoqqa qadam qo‘ydi. Orqasiga qarab-qarab o‘rlarkan, sovuq, namchil qo‘l bilagidan ushladi. Badanidan bir nima ilondek o‘rmalab o‘tdi, yuragi tomog‘iga tiqildi.
– Ha, O‘rozqul, odamining yoshi o‘tgani sayin joni shirin bo‘lib boradimi, deyman.
O‘roz qarshisida iljayib turgan hisobchini ko‘rib, yerga tufladi.
– E-ha, sizmidingiz?
– Bu yurak degandan ham bor ekan-da! Shu yurak bilan huvillagan tog‘larda qanday qo‘rqmasdan yurasiz? E, yo‘q, bildim-bildim, pul shirin-da. A, labbay, jigardan bo‘lgan, deyishadi-ku! – Hisobchi sarg‘ayib ketgan tishlarini ko‘rsatib, yoyilib kuldi. – E, darrov jahlingiz chiqmasin, bir hazillashdim-da. Bo‘ling, tez taraddudingizni ko‘ring, mehmonlar kelishyapti. Soy bo‘yiga joy qiling. Aziz mehmonlarga atab, semirtirib qo‘ygan qo‘yingiz bordir?
– Qanaqa qo‘y? Qaysi mehmon?! E, hozir o‘zimning mehmonim chiqib yotibdi.
– Nima bo‘ldi? – O‘rozning qon qochgan yuzi, tinmay pirillayotgan lablari, uchib-uchib tushayotgan yonog‘i, qaltirayotgan qo‘llari, kutilmagan ters muomalasi hisobchini tashvishlantirib qo‘ydi.
– O‘ting, jarlikka tushing, o‘zingiz ko‘rasiz, – O‘roz hisobchini yonidan o‘tkazib, orqasiga asta turtdi. – Tushing, tushavering, sizning yuragingiz otning kallasidek-ku!
– Nima gap? Ochig‘ini aytavering-da. Qo‘ylarga biron gap… Bo‘rilarmi?
– E, namuncha talmovsirab qoldingiz? Qo‘ylar emas,.. odam. Tushing, ko‘rasiz!
Hisobchi pastroq tushar ekan, tuyatoshga suyanib yotgan kishiga, uning yonidagi itga ko‘zi tushdi.
– Ie, Quvon-ku! Urishdilaringmi? Garov boylashaman, hozir u gapimizni eshitib turibdi. Lekin eshitmaslikka olib, pinagini buzmayapti.
– Endi u hech narsani eshitmaydi. Tuyatoshga ham so‘nggi marta suyanishi…
O‘rozning ovozidagi siniqlikdanmi, bezovtalikdanmi, hisobchi voqeani angladi.
– O‘libdimi?
O‘roz indamay yerga qaradi. Hisobchi uni siltab tashlab, oldinga o‘tib ketdi. Tepaga chiqdi-yu, uychaga kirib olib, eshikni zichlab berkitdi. Sudralib qadam tashlagancha chiqib borgan O‘roz eshikni ochganida, hisobchi o‘zini orqaga tashladi.
– Sizga nima bo‘ldi? O‘zini ko‘rganingizda tamom bo‘larkansiz-da! Mabodo, shimingizni almashtirmaysizmi? Hali meni qo‘rqoq deyotgan sizmidingiz?
– Bemaza gaplarni qo‘ying! Unga nima qipti? O‘zi o‘libdimi? Mabodo qo‘l tegizganingiz yo‘qmi? Ishqilib, boshingiz g‘alvaga qolmasaydi…
– O‘ladigan u, nega men g‘alvaga qolar ekanman?
– O‘sha yotishda o‘ladi-yu… Shubhalanadiganlar, gumon qiladiganlar yo‘q, deysizmi? Mayli, qaltiramang! Ha, anov bola qayerda?
– Sodiq qo‘y haydab ketgan. Jazavaga tushmang, aka! Men Quvon bilan mol-dunyo talashmagan bo‘lsam… Ana, sovuq choy bor, ichvoling! Qo‘ylar qo‘rani buzyapti, men qarab kelay. Ha, aytganday, bir o‘zingiz qo‘rqmay o‘tirasizmi?
– Nima?! Boravering!
Hisobchi choynakning jo‘mragidan yutoqib choy simirdi-da, o‘sha zahoti tuflab tashladi. Tomog‘ida chuchmal ta’m qoldi. Kalta-kalta yo‘talgancha derazadan tashkariga qarab o‘tirdi. Qo‘qqis jarlikka ko‘zi tushdi-yu, irg‘ib turib, eshikni zichladi. «Hech ishongim kelmaydi-ya. O‘libdimi-ya… Dovdir bola. Esiz, yoshgina kelinchak tul qoldi. He, unga nima, yig‘laydi-yig‘laydi-da, bir kunini ko‘rib ketadi. Bolasiyam katta bo‘lar. Kimga qiyin, o‘lganga qiyin. Lekin ikkoviyam bir-birisiz turisholmasdi. Qishloqda hammaning ularga havasi kelardi. Aslida shu bolaga otasi qildi. O‘g‘li qo‘li gul usta bo‘lgandi. Nodon otasi «bobolarimning tayog‘ini yerda qoldirsang, u dunyo-bu dunyo sendan rozi emasman, deb turvolgan, deyishadi. Ammo ushlagan joyini kesadigan bir so‘zli chol edi. O‘g‘il sho‘rlik bo‘ynidan bog‘langandayin yaylovga chiqdi-da. Lekin istagan paytida qishloqqa so‘roqsiz ketaverardi. Endi yangi uylangandan keyin shu-da. Kimning boshidan o‘tmagan. O‘zi qo‘ychigayam, xotinigayam to‘zim bersin. Ba’zan oylab bir-birini ko‘rishmaydi. Kamdan-kam xotin erining ortidan yaylovma-yaylov ergashib yuradi. O‘roz Quvonni mening o‘zimga necha marta «boshliqligim mayli, hatto yoshimni hurmat qilmaydi, bir tiyinga olmaydi», deb yomonlagan. U Quvonning ustidan kattalarga kamida o‘n marta arz qilib borgandir. «Ko‘r bo‘lsayam, kar bo‘lsayam, boshqa yordamchi bering. Menga «qishloqqa bir tushib kelay», deydi. Mayli, desam ham ketadi, demasam. Otar o‘zimga qolib ketadi. U xotinchasi bilan ayshini surib yotganda, men poda changini yutayotgan bo‘laman», deganini o‘zim eshitganman-ku! Ikkovining gapi to‘g‘ri kelmasdi-da, ko‘pincha. O‘roz «Odamni pisand qilmaydi, gapirsam, mazax qiladi», deb necha marta aytgan. Yo uning o‘zi… Yo‘g‘-e… bunaqa ishga qo‘li bormas…
Kuvon… u bolayam dovdir desam, dovdir emas, telba desam, telba emasdi-da. O‘tgan ko‘klamdagi qilig‘i… Qo‘lida bitta qo‘zi, xayol surib o‘tiribdi. Qarasam, ko‘zida yosh. «Bechora. O‘ladiganga o‘xshaydi. Dunyoga nimaga keldi? Aqalli uch-to‘rt kun chopqillab o‘ynayolmadi», dedi yutinib. «Ishni qip qo‘yib, oh-voh chekishdan foyda yo‘q, uka, – dedim uning avzoyidan jahlim chiqib. – Yaxshiroq qarash kerak edi. Talafot ko‘payyapti. Kattalarga o‘zing javob berasan!» «Nima?! Javob beraman?» Uning o‘sha paytdagi ko‘rinishini eslasam, haliyam naq tirnoqlarimgacha titrardi-chi! Tishlari taqirlar, og‘iz-burun aralash g‘alati pishqirardi, kosasidan chiqib ketayotgandayin ko‘ziga qaragan odamning naq yuragi yorilardi. «Men buning javobini allaqachon bera boshladim. Qiynalishini ko‘ring, bu sho‘rlikkinani. Ko‘ring!» U qo‘zini menga tutdi-yu, kamaridagi qindan pichoq oldi. Og‘iz juftlashga ulgurmasimdan, quyosh nurida yaltillagan tig‘ qo‘zining bo‘ynini shartta kesdi. Kaftim qonga to‘ldi. «Bu nima qiliq? Endi aniq to‘laysan! To‘lay-san!» Men ovozim boricha baqirardim. U bo‘lsa, qo‘limdan qo‘zini olib, bir chetga avaylab yotqizdi-da, to‘satdan telbalarcha xoxolab kula boshladi. «Xo-xo-xo…» Tog‘dan sado qaytar, u yanayam qattiqroq kulardi: «Xo-xo-xo…»
«Qani, yuring!» U kulganicha meni sudradi. Qo‘raning naryog‘iga bilagimdan omburdek siqib olib bordi. Yuragim taka-puka, og‘riyotgan qo‘limni omburdan xalos qilishga cho‘chirdim. «Manovilarning hammasi o‘zimning qo‘yim. O‘noviniyam oling. Xo-xo-xo!» Qo‘limni zo‘rg‘a bo‘shatib, qochib qoldim. Ortimdan telbalarcha kulgi quvib kelardi: «Xo-xo-xo…»
Jinni, jinninamo edi, u. Tavba, o‘limiyam shunga o‘xshash bo‘ldimi? Xayriyat, o‘ligini ko‘rmaganim…»
Tashqarida it vovilladi. A’zoi badani uvishib ketayotgan hisobchi derazadan mo‘ralayotganda, eshik ochildi. Hisobchi o‘zini ilkis orqaga tashlar ekan, O‘rozni ko‘rib, labiga zo‘raki kulgi yugurdi.
– Qaysi go‘rga yo‘q bo‘p ketdingiz? – dedi lablari qiyshayib iljayarkan.
– Go‘rga borishga ulguramiz. Ochofat qo‘ylarning og‘ziga urib kelyapman. Sodiq ham qaytdi. Meni ko‘rmasdan, qo‘ylarini qo‘raga haydab ketdi. Xayolparastning bitta iti ham unga ergashib yuribdi.
– Nima, darrov egasini almashtiribdimi?
– Nima?! E, men bilmasam…
Tashqarida yana it vovulladi. Nimadir taraqladi. Qadam tovushi yaqinlashdi. Lekin uychaga yaqinlashay deganda qaytib ketdi. It jim bo‘lib qoldi. O‘roz cho‘ntagidan nos olib, tilining tagiga tashladi-da, uzala tushib yotib oldi. Yuragi ag‘dar-to‘ntar bo‘layotgan hisobchining tezroq ketgisi kelardi. Lekin bo‘g‘inlari uvishar, tizzasi qaltirar, turishim bilan yiqilaman, degan xavotirda o‘rnidan qo‘zg‘almasdi. U yon-bu yon alanglab, devorda o‘rmalab borayotgan chumoliga ko‘zi tushdi-yu, unga uzoq tikilib qoldi. Chumoli o‘zidan katta pashshani sudrab borardi.
* * *
So‘kmoqqa tushib olgach, it ortiq vovullamay qo‘ydi. O‘qdek otilib borib Quvonga suykaldi. Ikkinchi it boshini ko‘tarib, g‘ingshidi. Itning ortidan yugurib tushgan Sodiqning ko‘nglidagi g‘ashlik, hali it yaylovga borib yalinib g‘ingshiganda, shimidan tortganda, paydo bo‘lgan g‘ashlik tuyatoshga suyanib yotgan Quvonni ko‘rib, biroz tarqadi. Jarlikka tushib borar ekan, itlarning xo‘jayiniga surkalishini ko‘rib, havasi kelardi.
– It ham odamning yaxshisini biladi-da, aka, – dedi u tuyatoshga yaqinlashar ekan.
Quvon qimirlamadi. Uning qon qochgan yuzini, atrofida g‘imirlayotgan pashshalarga sira e’tibor bermayotganini ko‘rib, haligi g‘ashlik g‘ippa tomog‘idan bo‘g‘di.
– Aka, Quvon aka, nima bo‘ldi sizga? Nega bunday…
Quvonning yarim yumuq, o‘ng tarafiga masxaraomuz qiyshayib urgan pastki labidagi istehzoli kulgini ko‘rib, Sodiq beixtiyor tilini tishladi, badani vijirlab ketdi. Yuragidan bir nima uzildi.
«Mendan kulib ketdingizmi, aka?» Sodiq tuyatosh qarshisida tizzalab o‘tirardi. Ko‘zlari yumuq, qo‘llari bilan sonini qattiq g‘ijimlagan, boshi asabiy chayqalardi. «Kuling, kuling!.. Agar shunga arzisam, ar-zi-sam!.. Yaylovga birinchi kelgan kunim qanchalik quvonganingiz esimda. Shoshgancha dasturxon soldingiz, qumg‘on qo‘yib, o‘t yoqdingiz. Keyinroq O‘roz og‘adan hatto buyurilganda ham, choy qaynatmasingizni eshitdim. Ha, o‘zim buni ko‘rdim. O‘sha kuni esa, yarim tungacha uxlamadingiz. Rosa gapirdingiz. Ko‘zim ilinib qopti. Ilinib qopti-ya! Siz Samarqanddagi jahonga dong‘i ketgan imoratlar haqida yonib so‘zlardingiz. Menga Tojmahalni tasvirlab berdingiz. O‘zingiz qurmoqchi bo‘lgan uylarni chizib ko‘rsatdingiz. Chizmalarni ko‘rsatayotganingizda, men – g‘ofil bandani esnoq tutgandi… Har gal qishloqqa tushib, ikki-uch kunda toqqa qaytganingizda, horg‘in, lekin shod ko‘rinardingiz. Birida qishloqda siz qurgan uyni ko‘rib, hayratda qoldim. Siz qishloqqa tushganingizda, dam olish o‘rniga, ertadan kechgacha ishlab, naqshlari ajib bir sehrli uy qurgan ekansiz. Bir gal qishloqdan qaytganingizda uzoq suhbatlashib qoldik. «Bilasanmi, uka, shu, qishloqqa ketvorgim keladi-da, – dedingiz o‘ychan. – Uyimda bola-chaqam bilan yashasam. Yangi-yangi imoratlar qursam. Nechta loyiha kallamdan ketmaydi. Kennoying «bizniyam yaylovga olib keting, sizga yordamlashib yuraman, qo‘yboqar ayollar oz emas-ku», deydi. Uning o‘z kasbini yaxshi ko‘rishini bilmasam ekan. Sen hali uylanganing yo‘q-da, uka, bilmaysan. Sevib qolsang, yanayam qiyin». «Quvon aka, shunday ekan, shartta qishloqqa keting-qo‘ying-da. O‘shanda odamlarga tog‘-toshda yurganingizdan ko‘proq foydangiz tegar». «Ketolmiyman, uka, ketolmiyman. Otamga so‘z berganman». «Otasiga so‘z bergan bitta sizmi?» «Tirik bo‘lganlarida o‘ylab ko‘rarmidim… Lekin ruhni chirqillatishni istamiyman». «E, ruh deysiz… u qayoqdan bilib o‘tiribdi? Yo‘q narsaga ishonib…»
Shunda siz ko‘zimga yomon tikildingiz. Shartta o‘rningizdan turdingiz-da, indamay qo‘raga kirib ketdingiz… Ha, hamma har xil ekan-da. Siz otangizning ra’yini qaytarolmay tog‘-toshlarda yurdingiz. Lekin men boshqa ish qo‘limdan kelganida qaytvorgan bo‘lardim. Siz O‘roz tog‘aning yo‘liga yurmadingiz. Men-chi… O‘sha voqeani eslasam, haligacha o‘zimni yomon ko‘rib ketaman. «Qo‘zilarni qo‘ylaringga qo‘shib keldingmi?», dedingiz hatto otimni aytmay, kulimsirab. «Ha», negadir tilim bazo‘r aylanardi. «Endi boy bo‘larkansan-da!» Istehzoli so‘zlaringiz etimga sanchilgan bo‘lsa-da, indamadim. «O‘roz tog‘ang o‘rgatdimi? Bugun nechta sovliq egiz qo‘ziladi?» «Uchta». «Ikktasini yashirib kelyapsanmi? Hisobchi kelganda, bitta sovliq egiz qo‘ziladi, deb o‘zingni xursand ko‘rsat, dedimi, tog‘ang? Agar shunday qilmasang, bir umr cho‘liqligingcha qolasan, bu yurish-turishing bilan hech qachon bitta qo‘ying ikkita bo‘lmaydi, dedimi? Tog‘da qiynalib yurgandan keyin anovi bizga boshlab kelgan mehmonini aldashga to‘g‘ri keladi, degandir? Ha, nega yerga qarayapsan?» «Men… men boshliqning, bosh cho‘ponning aytganini qildim». « U o‘zingni «jahannam»ga tashla, desa, boshliqning aytgani-aytgan, deb tashlayverasanmi?» «O‘roz tog‘a jahannamga itarayotgani yo‘q-ku! Qaytaga…» Siz boshqa biron og‘iz gapirmadingiz. Qo‘l siltadingiz-da, ketdingiz. Men ortimga qaytib, qo‘zilarni onalarining oldiga qaytarib olib borayotganimda, yo‘lda O‘roz tog‘a uchradi. «Ha, nega qaytarib kelyapsan? Qo‘rqdingmi? Yo anovi buzuqi gap o‘rgatdimi? La’nati telba, o‘ziyam yemaydi, birovga ham yedirmaydi. Bor, senga kerak bo‘lmasa, mening qo‘ylarimga qo‘shib qo‘y, bo‘lmasa. Mana men javob beraman unga! Hali shoshmay tursin!»
Izimga qaytdim. Onasidan ajrab ma’rayotgan qo‘zichoqlar begona sovliqlar atrofida elanishardi. O‘sha kuni qiynalib yurdim, lekin keyin bu ishni takror-takror qilishga to‘g‘ri keldi, baribir. Bora-bora ko‘nikib ketdim. Siz esa, men bilan deyarli gaplashmay qo‘ydingiz. Oddiy savol-javob, hol so‘rashdan nariga o‘tmaydigan bo‘p qoldik. Men sizning oldingiga qaraganda ham o‘ychan, mahzun bo‘lib kolganingizni ko‘rib, qiynalardim. Shartta yaylovdan bosh olib ketgim kelardi…
Keyin… keyin otingiz o‘ldi. Tuppa-tuzuk, kechagina gijinglab turgan ot tunda o‘lib qopti. Rosti… o‘sha kuni sizni jinniga chiqarib qo‘ydim. O‘roz tog‘a bilmasdan aytmagan ekan, dedim. Siz o‘lgan ot tegrasida gir-gir aylanardingiz, tunda namiqqan yolini silardingiz, jag‘ini ochardingiz, ko‘tarib, yotgan yeridan turg‘azishga urinardingiz. Keyin hech kimga gapirmay qo‘ydingiz. O‘roz tog‘a «otni ko‘maylik», deganida, unga yeb tashlagudayin o‘qraydingiz-da, «jahannam» tomon ketdingiz.
Otning otangizdan qolganini eshitgandim. Bu yaqin orada undan o‘tadigan uloqchi ot bo‘lmaganligini ko‘p gapirishardi. Lekin, ming qilsayam, u bitta hayvon, odam emaski, shuncha qattiq aza tutsa, deb o‘yladim. Axir, ba’zilar hatto eng yaqin kishisi vafot etgandayam, ko‘ziga bir tomchi yosh olmaydi-ku!
Otning o‘lganiga o‘n kun o‘tgan bo‘lsa-da, qovog‘ingiz jindekkina ochilmadi. Sizga hayron bo‘lib yurgan kezlarimda bir kuni tong saharda soyga tushib, yuvindim-da, chakalakzorga kirib, xushbo‘y ko‘katlar ustiga cho‘zilib, miltirab turgan so‘nggi yulduzlarga tikildim. Ko‘zim ilinib qoptimi, bir mahal kimningdir pichirlashidan uyg‘onib ketdim. Shoxlar orasidan asta mo‘ralasam, O‘roz tog‘a. Soy bo‘yiga cho‘kka tushvolgan. Qo‘llari osmonda: «Xudoyim, gunohimni kechir! Bir jonivorning uvoliga qoldim. U otni yomon ko‘rardim, jinimdan battar yomon ko‘rardim. Qaysi bir uloqqa bormayin, xo‘jayini ikkovi yutib, meni sovrindan benasib, sharmanda kilgan. Necha marta uni o‘g‘irlamoqchi bo‘lgandim, eplolmadim. Omadim chopib, oldimga o‘z oyog‘i bilan kep qoldi. Lekin uni ko‘rdim deguncha, alamim oshib-toshadi, chidayolmiyman. Ustiga otni anovi telba yaxshi ko‘rib qoldi. Uloqdan keyin gerdayib yuradigan otasiyam u kabi otning atrofida bunchalik aylanib-o‘rgilmasdi. U-chi… Otimni choptirib borayotsam, oldimdan ataylab yeldek o‘tib ketardi. Meni mazax qilardi, mazax… Endi uch kechadan buyon tushimga kirgani-kirgan. Uloq bo‘layotganmish. Hamma otlar pishqirgancha meni o‘rab kelisharmish. Qurshab olishadi-da, tepishadi, ayovsiz tepaverishadi. Voy belim, tushimda tepishsayam, shunday og‘riydimi-ya! Xudoyim, o‘zing kechir!» Men ortiq chidab turolmadim. Chakalakzordan chiqdim. «O‘sha iflos ishni siz qilgan ekansiz-da? G‘irotdek otni o‘ldirgani qanday qo‘lingiz bordi?» Lekin bu so‘zlar ichimda qoldi. U oyog‘imga yiqildi. «Eshitdingmi? Ukajon, iltimos, hech kimga aytma. Shuncha azoblanganim yetar. Nima desang, qilaman. Xo‘p desang, o‘nta qo‘y beray. Shayton vasvasasiga qanday uchganimni bilmayman. Aytma, ukajon!..» Uni siltab tashlab, tepaga chiqib ketdim. Orqadan yig‘i ovozini eshitdim. Kap-katta odam baralla yig‘lardi…
Uning otni nega o‘ldirganining yana bir sababini keyinroq yaxshiroq bilib oldim. Bir oycha oldin ochiq havo to‘satdan aynidi-qoldi. Qo‘ylarni qo‘raga haydashga ulgurolmadim. Qattiq jala quydi. Qo‘ylarni soydan haydab o‘tayotganimizda, suv to‘satdan ko‘payib ketdi. Ikkovimiz o‘tvolgandik, orqada qolgan uch-to‘rtta qo‘yni haydab o‘tayotgan O‘roz tog‘a ko‘rinmay qoldi. Uning dodlaganini eshgitib, siz o‘zingizni suvi qirg‘oqdan toshayotgan soyga otdingiz. Toshdan toshga urilib oqayotgan, dam cho‘kib, dam suv yuziga chiqayotgan O‘roz tog‘ani sudrab obchiqdingiz. U hushiga kelishi bilanoq qo‘ylarni so‘radi. Siz «ikki-uchtasi oqib ketdi», dedingiz.Uning bir lahza oldin joni chiqayotgan odamnikiday so‘nik ko‘zlari porlab ketdi. «Oqib ketibdi-da», dedi labi qiyshayib. «Ha, xayriyat, sizni asrab qoldik. Qo‘y topiladigan narsa». U sizga tikilib qoldi. Nimanidir aytmoqchidayin ta-raddudlanib, lab juftladi, lekin to‘satdan ortiga o‘girilib oldi.
Bir haftadan so‘ng qo‘limga picha pul berdi. «Agar tekshirgani kelishsa, kelishadi albatta, o‘ttiz ikkita qo‘y oqib ketdi, deysan, uqdingmi? Buni kattalarning o‘zlari ham bilishadi», dedi O‘roz tog‘a ko‘zimga qattiq tikilib.
Kechqurun ikkovlaringni g‘ijillashayotganliklaringni eshitdim. «Menga pulingiz kerak emas. Axir… odam deganning hech bo‘lmasa, zig‘ircha insofi bo‘lishi kerak! O‘sha siz pullab, «oqdi»ga chiqargan qo‘ylar ham birovning moli, haqi-ku!», dedingiz mushtlaringiz tugilgancha. «Endi bo‘lar ish bo‘ldi, kattalar yozib ketishdi. Og‘izlari moylangach, qog‘oz qilmay, qayoqqa borishardi? Endi aytadigan bo‘lsang, seniyam bizga sherikka chiqarib, yomonotliqka chiqarishadi. Pulga kelisholmay, sotyapti», deyishadi». «Nima dedingiz? Aynan shu gaplariniz uchun borib aytmasammi!» «Ayt, bor yugur! Bironta eskisini yechib berar… Menga baribir, suvdan quruq chiqib kelganman. Lekin orada Sodiqni tortib ketasan» «Har kim qilmishi uchun javob beradi!»
Shu gaplarning indiniga ot o‘ldi.
O‘roz tog‘aning soybo‘yidagi iltimosimi, yalinishinimi, eshitib qolganimdan keyin ishdan ko‘nglim sovidi. Ketib qoldim ham. Lekin yarim yo‘lga yetgach, ortga qaytdim. Ishoning, aka. Sizni o‘yladim. Ketmasam, go‘yo g‘amingiz yengillashib qoladigandayin tuyuldi. Lekin endi ko‘zingizga bemalol qarolmaydigan bo‘p qoldim. Soylikda eshitganlarim yuragimni kemirardi.O‘ylab-o‘ylab, shartta hammasini aytaman-da, uzr so‘rab, azobdan xa-los bo‘laman, degan to‘xtamga keldim. Gapni soyda oqqan qo‘ylardan boshlabman, men xomkalla. «Qo‘y, uka, mayda-chuyda g‘idi-bidini», deya shart o‘girilib ketdingiz. Men haykaldek qotib qolaveribman. Ortingizdan chopmiymanmi, yuragimni bo‘shatmiymanmi? G‘o‘r ekan hali bu boshim, g‘o‘r ekan! Ana endi armonda qoldim. Kuling ustimdan, kuling…
Endi O‘rozga, menga o‘xshaganlar bu dunyoda yuraveramiz, lekin siz yo‘qsiz, yo‘q-siz! Yaxshi odamga kun yo‘q, degani shumikan? Nahotki, qoyadan uchgan bo‘lsangiz? Ishonmiyman! Sizday chaqqon odam… Unda… o‘zingizni… Nega? Nima uchun?! Axir, O‘rozlarni yo‘q qip tashlamiysizmi, undan ko‘ra!.. Meniyam!.. Hech narsaga ishonmiyman!…
Sodiq shalviragan oyoqlarini bazo‘r ko‘tarib, o‘rnidan turdi. Quvonni ko‘tarib olmoqchi bo‘lib, qo‘l cho‘zdi-yu… Uning lablari bilinar-bilinmas qimirlardi. Haligi istehzoli kulgi yo‘qolib borardi. Sodiq Quvonning yuragiga quloq tutib turar ekan, hayajoni naq tomog‘iga kelib tiqildi, keyin ko‘zlariga o‘tib, betiga tomchiladi.
– Aka! Tirik ekansiz-ku! Bu dunyoda adolat bor ekan-ku! Meni eshityapsizmi? – Quvonning boshi qimirlagandayin bo‘ldi. – Nima bo‘ldi, o‘zi? Qoyadan tushib ketdingizmi? – Bosh yana xiyol qimirladi. – Omon qopsiz, bo‘ldi. Tuzalib ketasiz hali. Hali, hali…
Sodiq Quvonni avaylagancha ko‘tardi-da, boshini chap yelkasiga qo‘yib, belidan mahkam ushlab oldi. Zil-zambil odamni zo‘rg‘a ko‘tarib borar, oyoqlari itrar, lekin iloji boricha unga tezroq yordam ko‘rsatish o‘yida qadamini jadallashtirishga urinardi. Lablaridan esa, ikki so‘z galma-galiga uzilib chiqardi: «Adolat… hali… adolat… hali…»
* * *
Uycha eshigi g‘iyqillab ochildi. Ichkariga Quvonning boshi, ortidan uni bag‘riga bosgan Sodiq kirib keldi. Esxonasi chiqib ketgan hisobchi o‘qraygan ko‘zlarni ko‘rib, O‘rozni turtdi. O‘roz baqrayib qoldi.
– Qarama menga, o‘qrayma!.. – deb baqirdi u.
– Qanday Xudo urgan kun, mehmon opkeladigan meniyam… O‘rozqul, turing o‘rningizdan!
Hisobchi o‘tirgan joyidan turg‘azmoqchi bo‘lib qo‘lidan tutganida, O‘rozning jonsiz tanasi shilqillab yiqildi. Eshik lang ochilib ketdi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 12-son