Choyxonada nima borakan-a, bu odamlarga? Uyingda oyog‘ingni uzatib, televizorga tikilib yotmaysanmi? Ubayning dadasidek «Ho‘y, xotin, choy opke, achchiqroq damlasang, asakang ketadimi!.. Ho‘y, hammasini qulog‘ingga chertib turishim shartmi, birvarakay novvot opkesang o‘lasanmi!», deya qo‘shyostiqqa yonboshlab yotmaysanmi naq Xudoyorxonning o‘zidek. Ularni qara, uyi kuygandek uzun-qisqa bo‘p kelishini. Shular choyxonaga chiqishmaganda dadam bemalol davolanib kelardilar. E, o‘zlariyam bo‘shanglar-da, kasal bo‘lgandan keyin birov u kishini zo‘rlab, ortmoqlab opkelarmidi. Inqillab zo‘rg‘a yuriptilar-u, kasalxonaga yotish o‘rniga, yo‘g‘-a, aqalli, uyda picha cho‘zilmasdan choyxonaga borish zaril deb turib oldilar. Oyim aytmoqchi, jonlarining huzurini bilmaydilar-da. «Nafaqangiz yetmayaptimi, yo‘q, koshki, erta-yu kech kuymalanganingiz evaziga to‘rt tanga topib kelayotgan bo‘lsangiz. Bormasam bo‘lmaydi, sen tushunmaysan, choyxona bo‘lmasa odamlar to‘zib ketadi, deysiz-a. Nima, ular ini buzilgan qushmi, to‘zisa? Hammasining uy-joyi bor, o‘tirsin, bolalarining oldida. Yo bari sizga o‘xshab uydan bezganlarmi? Voy, seni gaping — meni tupugimmi-ya, hali! Men bu kishining foydasini ko‘zlab jag‘imni og‘rityapman-u, hech narsani eshitmaganga olib choyxonaga otlanyaptilar. E, menga nima, og‘riydigan sizning joningiz. Ha, balki, o‘sha choyxo‘rlaringiz tuzatib qo‘yishar. Ho‘, Sobir, sen qayoqqa? Bormaysan. Choyxonadagi og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadiganlar aynitvoradi seni!» Otam menga qaradilar: «Bormasak bo‘lmaydi, o‘g‘lim!» Ko‘zlaridan shu gapni uqib ularga ergashdim. Oyim bechora ortimizdan javragancha qolaverdi.
Ana, meni aynitadigan, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadiganlar to‘rtta-beshtadan bo‘lib davra qurvolishgan. Shaxmat o‘ynashayotgan bitta so‘rida o‘ntachayam odam bor-ov. O‘ynayotgan ikkita-yu, tomoshabin, o‘rgatuvchilar nechta. Eng chekkadagi so‘rida yolg‘iz bir kishi xayol surib o‘tiribdi.
— Sobir, bir bu yoqqa kir!
Dadam chaqirib qoldilar-ku. Biron yerlari og‘ridimi yana. Choyxonada kaftdekkina alohida xonacha bor. Hali birga kelganimizdan so‘ng dadam choy qaynatishni, damlashni rosa ezib tushuntirdilar-u, toliqib qoldilar shekilli, o‘sha xonaga kirib cho‘zildilar.
— Ha, keldingmi, o‘g‘lim? Hammaga choy damlab berdingmi? Barakalla, choylaridan xabardor bo‘lib tur-da. Ko‘mir o‘chib qolmasin. Suvga qarab turgin.
E, buncha mana shu uyidan bezganlar uchun kuyib-pishavermasalar? Choyxonaga keptimi, bir piyola choyini ichib ketadi-da.
— Dada, siz xotirjam yotavering, aytganingizday qilaman.
Samovarning suviga, ko‘miriga qarab qo‘ydim-da, odamlarni bir boshdan kuzatishga tushdim. Qani, kasal bo‘lsa-da, dadamni holjonlariga qo‘ymay choyxonaga chiqishga majbur etganlar qanaqa odamlar ekan? «Xa-xaxa-xa» — anovi to‘rtovlon buncha kulishmasa. Biri nimadir deya gapini tugatmasidanoq «va-xa-xa»laydi, qolganlari gurra kulgi ko‘taradi. Kap-katta odamlarning bo‘lar-bo‘lmasga kulaverishi… Choyxonaga basmabasiga kulish uchun kelganmi bular?
— E, sekinroq kulsanglarchi, biqinlaring teshilib qolmasin, — shaxmat o‘ynayotgan kishi jahli chiqib g‘udranadi.
— Ha, aka, holingiz tang bo‘pqoldimi, deyman. Kuyovning o‘chini o‘g‘ildan olmang…
Gap tugamasidan qahqaha yangraydi. Shaxmatchi bosh chayqaydi-yu, lekin alamiga chidayolmaydi, shekilli, yana orqaga o‘giriladi.
— Nima? Akangizning ikki dunyoda holi tang bo‘lmagan va bo‘lmagay ham. Sizlarning gaplaringizdan Dehqon akam qizarib ketdilar. Ie-iye, shuyam yurishmi? Qaytib olmaysizmi, mabodo? So‘raganning aybi yo‘q: ilgariyam o‘ynaganmisiz?
Bir chekkadagi yolg‘iz kishi qo‘lida piyolani aylantirgancha o‘ylanib o‘tiribdi. Bu odamni taniyman, bizdan bir sinf keyin — oltinchida o‘qiydigan Azlar degan bolaning bobosi. Askiyachilardan birining ko‘zi unga tushdi. Shuncha qiziq gaplar aytishsa ham tishining oqini ko‘rsatmayotgani alam qildi shekilli, yo‘g‘-ey, shekillisi nimasi, aniq alam qildi, uni yanib oldi: «Ba’zilarga hayronman, og‘aynichalishlar, go‘yo butun dunyo g‘ami yelkasidan bosganday manglay tirishtirgani-tirishtirgan, na chaq-chaqqa qo‘shiladi, na kulgiga. Uylanish bo‘lsa, uyingda o‘ylanaver, choyxonaga chiqib mum tishlab o‘tirguncha!..
Azlarning bobosi eshitmaganga oldimi, pinak buzmay o‘tiraverdi. Nega g‘amgin ko‘rinadi-ya, bu odam? Yo dadamga o‘xshab biron yeri og‘riyaptimi? Bitta qaynoq choy damladim-da, unga eltib berdim. «E, bekor ovora bo‘psizda, o‘g‘il, choy boridi-ku». «Bunisi sovib qopti, qaynog‘idan iching».
— Ho‘v, bola, bizgayam bitta damlab kel! Achchiq bo‘lsin, yana tejayman deb… — askiyachi o‘zicha yoyilib kuldi.
Tirjaygan basharasiga qaramay samovor tomon o‘tdim. Kampirakni oldim-da, o‘txonaga tutdim. Kulgidan to‘xtagan askiyachi qopqoqni choynakka urardi. «Ho‘v, bola, choy opkesangchi, choyxonachi aka, qaydasiz, bu o‘g‘lingizzi keti yopishib qolganmi?» U qoyil qildimmi, deganday ulfatlariga o‘giriladi-yu, og‘zining tanobi qochadi. Bo‘lar-bo‘lmasga kulaverisharkan-da. Gurillab kulishlarini!
Senga choy oborib bo‘pman. Hali biz haromxo‘r bo‘ldikmi? Ana, o‘qlog‘iday qip yozib qo‘yilgan: «O‘z-o‘ziga xizmat». Yo nechanchi sinfni bitirgansiz, deb so‘rab ko‘raymi? Ke, ko‘ngli og‘rib yurmasin. Ming qilsayam, yoshi katta. Lekin tuyaga yantoq kerak bo‘lsa, bo‘ynini cho‘zar ekan. Kulaverib tomog‘i qaqragan bo‘lsa, choynagini ko‘tarib kelsin.
— Ho‘v, bola, qulog‘ingga gap kirmas ekanda, choy opke, deb necha marta aytish kerak. O‘zi, shu choyxonachining o‘g‘limisan?
Buncha baqirmasa? Dadam eshitib qolmasalar. «Sobir!» Ie, ana, eshitdilarov. Hozir kirishim bilan koyiydilar: «Senga nima devdim, kattalarning gapiga «Xo‘p» deyishni o‘rgatmovdimmi? Bor, darrov choy eltib ber!» Keyin nima qilaman? Mayli, oborsam-oborarman, lekin oldiga do‘qillatib qo‘yaman. Ichimda, ol, zahringga ich, deyman.
— Sobirjon, o‘g‘lim, bir piyola choy opke, dori ichvolay, sovuqsirab ketyapman.
Avvaliga xursand bo‘ldim. Biroq dadamning avzoyilarini ko‘rib qo‘rqib ketdim. Ranglarida rang qolmagan, yelkalari titrardi. Choy oborib bo‘pman haligilarga. Shularni deb dadam bechora shu ko‘yga tushdilar. Bitta issiq choy damlab kirdim-da, piyolaga quyib uzatdim. Dadam piyolani qo‘llariga olib tikilib qoldilar.
— Dada, dori ichmoqchiydingiz?
— A? Hozir, choy sal sovisin. Sobir, birontasi meni so‘rasa, kasalligimni aytma, dam olyaptilar, degin.
— Mayli-yu, dada, shu ahvolda yotaverasizmi? Do‘xtir chaqiraymi?
— Yo‘q, tuzuk bo‘p qoldim ancha. Bor, sen choyxo‘rlarga qara.
Buncha boshqalarni o‘ylamasalar, dadam? Ular-chi? Choyxonachi isitmada yonib yotadimi, sovuqsirab titraydimi, ishlari yo‘q. Ularga qaynoqqina achchiq choy bo‘lsa bo‘lgani. Ana, hammasi parvoyi palak o‘tiribdi. Shaxmatchilar taxta ustiga muk tushishgan, kulgiga o‘chlar hamon choyxonani boshiga ko‘tarmoqda, Azlarning bobosi o‘ylanib o‘tiribdi.
— Tojivoy, hozirgi zumrashalar rosa bequloq bo‘pketganmi? Shuncha odamni og‘zingga qaratyapsan-u, bitta bolakayning bir choynak choyiga zor o‘tiribsan-a! Aytganingdek, u o‘zimizzi choyxonachining o‘g‘limikan? Otasi qanday odamoxun, xizmatni qoyillatadi. Bu bola bo‘lsa, odamni tariqcha pisand qilmaydi-ya.— Askiyachilardan birining menga ko‘zi tushishi bilan hech kimga gap bermayotgan haligi ulfatini chaqib oldi.
— O‘zi choyxonachi akam charchab qoptilar. Endi choyxonani bironta yoshrog‘iga topshirib, anovi chollarning qatoriga qo‘shilsalar bo‘lardi. Lekin puli shirinda. Bo‘lmasa, nafaqalari katta deb eshitaman. Yo, ozroq pul oborsalar, yangamdan naq baloga qoladilarmi,— Tojivoy «xa-xa»ladi, ulfatlari qo‘shilishdi.
Ana, dadajon, siz nima o‘ydasiz-u, bular nima xayolda? Hozir borib do‘xtir chaqiraman-u, choyxonani yopib ketamiz.
— Hoy, Tojivoy, og‘zim bor deya har narsani aljiyverasanmi? He, o‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir-da,— shaxmat tomosha qilayotgan qo‘shnimiz Qosim aka dadamla aytganday yo‘rgagida kulgi tekkanlarga o‘girildi. — O‘zing, Hotam akaga nima qildi, asti qiziqdingmi?
— E, bu shunchaki hazil-da, Qosim aka, nega jig‘ibiyroningiz chiqadi? Choyxonachi sizga pochcha bo‘lmaydi-ku, chog‘i? Yo qo‘shningizni gapirsak, sizga tegib ketadimi? Bilmapmiz, uzr…
Qosim aka qo‘l siltab, shaxmatga o‘girildi. Endi narigi so‘rida o‘tirgan chollar aralashishdi. Tojivoy nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, boshqalarning ham norozi qarab turganligini ko‘rib lab tishladi.
Eshik ochilib, yugurgan chog‘i, tili osilib, hansirab turgan bir bola kirib keldi. U bir zum joyida to‘xtab qoldi-yu, to‘g‘ri shaxmatchilar tomon yurdi. Haligi «ikki dunyoda ham holi tang bo‘lmaydigan» shaxmatchining yoniga tizzalab, qulog‘iga pichirladi.
— Hm, kisht dedingizmi, aka, hali… hali… Jiyan, sen boraver, hozir orqangdan yetib boraman.
— Dadam, birga kelinglar, dedila…
— Boraver, dedim-ku, sendan oldin borsam bo‘ldimi?.. Hali meni mot qilmoqchimisiz? Siz-a? Osmon uzilib yerga yopishib qolmasin yana?
— Akangizning toblari qochib qoptimi? Yo‘qlatgan bo‘lsalar, borsangiz yaxshiydi. Tuppa-tuzuk yuruvdilar-ku!
— E, Dehqon aka, shunga dog‘man-da. Hozir tuppa-tuzuk yurganlar ham… Kisht, sizga!.. Boshliqlari bilan janjallashibdilar. Bir begona bolaga tarafkashlik qiptilar. Jimgina aravalarini sudrab yuraversalar bo‘lmasmidi. Ikki oydan keyin nafaqaga chiqadigan odam endi boshqa ish izlaydilar. E, ba’zi odamlarning soqoli oqarsa ham, aqli olaligicha qolarkan-da. Obbo, aka-ey, shungayam yo‘l topdingizmi? Jiyan qayoqdan keldi, xayolniyam buzvordi.
— Qodir akaning idorasiga yangi boshliq kelgan deyishadimi? O‘sha idorada akangizday ishlaydigan odam bo‘lsa, ikkita bordir, bo‘lmasa bitta o‘zlari. Boshliq yangilik qiptida, bo‘lmasa, shunday xodimning qadriga yetgan bo‘lardi. Bunaqa odamlar ko‘chada tushib yotgani yo‘q. Durangga rozimisiz? Akangiz kutib qolmasinlar, Qayumjon, intizorlik yomon.
— O‘ynasangizchi, akamni aralashtirib nima qilasiz? Har kim o‘zi pishirgan oshni o‘zi ichadi. Bahona qilmasdan, bilmayman, deng-qo‘yingda.
— O‘g‘lim, otangiz ko‘rinmaydilar, kecha toblari sal yo‘qroq edi, chog‘i, tuzukmilar?
Ro‘paramga Azlarning bobosi kelib qolganini sezmapman. Qarashlari xuddi Azlarnikiga o‘xsharkan… Senga bunday qarab turishsa, to‘g‘risini aytmasdan iloj yo‘q.
— Mazalari qochgan. Davolanishga ko‘nmay, choyxonaga kelaverdilar. Hozir yana sovuqsirayapman deb qoldilar. Dori ichvoldila…
Azlarning bobosi tashvishlanib qoldi. «Men bir ko‘rib chiqay», dedi-yu, dadam yotgan xonaga kirdi. Qiya qolgan eshikdan uning ovozi eshitildi.
— Ie-iye, Hotamjon, ko‘rpa-to‘shak qilvopsizmi? Qimirlamang. Boyadan beri o‘rningizda o‘g‘lingiz paydo bo‘p qolganiga o‘ylanib o‘tiribman, deng. Nima qildi?
— Shu… e, ishqilib, burga tepdi-da. O‘g‘il qalay, xizmat qilyaptimi? Odamlar ranjib qolishmayaptimi?
Yuragim orqaga tortib ketdi. Hozir haligi Tojivoy deganiga choy obormaganimni aytsa-ya… Aytsa-aytaversin, dadam urishsayam, baribir obormayman, deyman. Obormiyman!
— O‘g‘lingiz zo‘r odam bo‘ladi… Ha, qo‘l-oyog‘i chaqqongina, ziyrak bola ekan… Shu desangiz, o‘tiraverib zerikib ketdim. Bugun negadir Tolib aka chiqmadilar. Boshqalar bilan hech gapim qovushmaydi, deng. O‘zi dardimni bir u kishiga aytsam, bir sizga aytaman.
— Zaynaka, ishqilib, uy ichlar tinchmi? Katta o‘g‘il insofga kep qoldimi?
Katta o‘g‘li Azlarning dadasi emasmi? Nima, uning insofi yo‘g‘akanmi?
Xona eshigi yopilib, xayolimni buzdi. Bilib turibman, gapimizni eshitmasin, deb yopvolishdi. Bu kattalar hech bizga ishonishmas ekan-da. Nima, men ularning sirlarini eshitvolib, olamga yoyarmidim? O‘rni kelsa, o‘zlari bu bola, hech narsani bilmaydi, deb aldab ketishadi-yu…
I-i, ana, eshik ochilib qoldi-ku. Ichkaridan chehrasi ancha ochilgan Azlarning bobosi, orqasidan dadam chiqishdi. Ularni ko‘rib choyxonadagilarning ko‘pchiligi qo‘zg‘aldi. Dadamla birma-bir hol-ahvol so‘rab shaxmatchilarning so‘risiga borib o‘tirdilar.
— Qosimjon, haliyam sizga navbat tegmadimi?
— Qayoqda, biz bir tomoshabinmiz. Mana, Dehqon akam bilan Qayumjon surishib yotishibdi.
— Qayumjon, zo‘rsiz-ku!.. Akangiz choyxonaga chiqmay qo‘ydilar. Tuzukmilar?
— E, u kishiga jin urmaydi. Yoshlar bilan olishyaptilar-u… Dehqon aka muncha o‘ylanasiz, xuddi mol-dunyo yutqizayotganga o‘xshaysiz-a.
— Akalari… Hm… akalari… Uka, durangga rozi bo‘lmayapsan, shu o‘yin seniki desam, xursandmisan. Bor endi, akangdan xabar ol.
— E, o‘ynasangizchi, men himmatga muhtoj emasman. Bilsangiz, bilmadim, deng-u, menga boshqa ro‘para bo‘lmang.
— Hotam aka, biz tomonga ham o‘ting, shaxmatchilar yonida tillasi borakanmi, — haligi Tojivoy deganning ulfatlaridan biri dadamni chaqirib qoldi.— Yuqoriroq o‘tiring, aka, o‘zingiz tuzukmisiz? Ko‘rinmaganingizga xavotir olayotgandik. Ha, tuzuk bo‘lsangiz, endi bizzi arz-dodni eshiting, — obbo, hozir boshlaydi-ku. Hammasini aytib bersa-ya. Dadam yana diqqat bo‘ladilar-da. — Aka, manovi ulfatimiz o‘g‘ilchalik bo‘ldi. Shunga choyxonadagilarga bir chimdim osh qibersam, deb niyat qilgan ekan. Shu niyati yerda qolmasin degandik. Biron kunni belgilasak, qalay bo‘larkin?
E, gap butunlay boshqa yoqda ekan-u yuragimni hovuchlab o‘tiribman-a. Haligi Tojivoy degani ketdi-ku, endi choy oborsam bo‘ladi.
— Har kim ham niyatiga yetsin. Mayli, kengashib, ma’lum kunni aytamiz. Bu, ukalar, oralaringda bir qiziqchi bola boridi, Tojivoy degan, ko‘rinmaydimi?
— U… Bir zaril ishi chiqib qoldi. Hozirgina ketdi.
— Obbo, kattalar-ey, bizzi yolg‘on gapirma deyishadi-yu, o‘zlari ko‘zingga qarab aldayverishadi-ya…
— Zo‘r, yashang, Dehqon aka, bunaqasi jahon chempionining kallasiga ham kelmaydi.
Shaxmatchilar o‘tirgan so‘rida g‘ovur ko‘tarildi.
— E, yutuq ham ko‘nglingga zig‘irdek urar ekan. Birpasgina dam olish ham kerak-da. Sochlari oqarganda bir yutsalar — yutibdilar, Dehqon akam. Shuyam — tasodif.
G‘alati odam ekan-u, yutqizsa ham hech kimga gap bermaydi-ya. Xuddi bizzi Ubaydek. Kurash tushganda yiqilib qolsa bormi, o‘zim jo‘rttaga yiqildim, yo‘g‘asam, men bilan kurash tushmay qolasanlar, deydi.
Dadam yana shaxmatchilar tarafga o‘tdilar. Chekkaga chiqib qolgan shaxmatchi yoniga o‘tirib, unga bir piyola choy uzatdilar. U choyni simirdi-yu, piyolani chertdi.
— Qayumjon, bir akangizzi oldiga borib kelmaymizmi? Anchadan beri ko‘rmagandim, shu bahona bir diydorlashardik.
— Hotam aka, o‘smoqchilab nima qilasiz. Menam Tojivoyga o‘xshab ketsam hisobmi? «Akang-akang»lab boshimni qotirvordilaring-ku! Hammaning go‘ri boshqa. Qariganda har banda o‘ylab ish tutsin.
Dadam choynakni uning oldiga indamay surib qo‘yib, chollar yoniga borib o‘tirdilar. Qovog‘i osilib ketgan mag‘lub shaxmatchi bosib-bosib choy ichdi-da, shaxmat taxtasiga yaqin surildi. Dehqon akaga qarshi o‘ynayotgan yigitga o‘rgata boshladi: «To‘rani yursangchi, ko‘zingga qara, piyodadan ajralasan…»
Ko‘zimga xunuk ko‘rinib ketdi bu odam. Haligi Tojivoydan ham xunukroq. U yoqda akasi kasal bo‘lib, intiq bo‘lib, yo‘l poylab yotsa-yu, bu bemalol «uni yur, buni yur»lab o‘tirsa! Birda futbol o‘ynayotganimizda Ubayning ukasi Saydi yiqilib tushdi. U «voy-voy»lab yotibdi-yu, Ubay koptokning ortidan qolmadi. Shunda shart o‘yinni to‘xtatdigu; Saydini ko‘tarib uyiga oborib qo‘ydik. Shu-shu Ubayni o‘yinga qo‘shmaymiz. Kattalar bo‘lsa… Bemalol gaplashib o‘tirishibdi. Hozir uni choyxonadan chiqarvorishsa, ikkinchi bunday qilmagan bo‘lardi.
Shaxmatchilar davrasida o‘tirgan qo‘shnimiz Qosim aka o‘rnidan turib, u yoq-bu yoqqa alangladi. Keyin to‘g‘ri dadam o‘tirgan chollar so‘risi tomon yurdi. Nimalarnidir pichirladi. Chollar boshini sarak-sarak qilib qo‘zg‘alishdi. Dadam oldimga kelib asta so‘zladilar: «Sobir, choyga qarab tur. Biz darrov qaytamiz». Qayoqqa bormoqchilar, tag‘in, kasal odam… Shu payt eshik ochilib, ichkariga ko‘zlari qizargan bir kishi kirdi-yu, o‘yim o‘y, xayolim xayolda qoldi.
— Assalomu alaykum, azizlar… Qodirjon, mening jiyanim, bandalikni bajo keltirdi… — dedi u kishi.
Choyxona suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi va birdan Qayumjon sapchib o‘rnidan turdi. Joy-joyida tek qotib turgan-o‘tirganlar Qayumjonga emas, u turtib yuborgan — sharaqlab sochilgan donalarga qarab qolishdi…
“Yosh kuch” jurnali, 1988 yil, 1-son