Artist ishbilarmon og‘aynisiga shikoyat qildi:
— Teatrda yangi rolim yo‘q. Eskilari piyesalar bilan birga o‘ldi. Vaqtida yaxshi piyesa o‘zi kam yozilgan ekan. To‘g‘ri, ayrim asarlarni hozir ham tiklasa bo‘ladi. Lekin rejissyorlar orqaga ko‘p qaramaydi, oldinga yurgisi keladi. Tushunish mumkin. Buning ustiga, maydonni yoshlar egallayapti. Ularga yo‘lni bo‘shatib bermay iloj yo‘q… Qisqasi, ancha kambag‘allashib qoldim.
— Menga qara. Ana, Yangi yil kelyapti, — dedi ishbilarmon. — Besh-o‘n so‘m ishlab olmaysanmi?
— Qanday qilib? — deb so‘radi artist.
— Qorbobo bo‘lib ko‘rganmisan?
— Bir-ikki marta maktablarga borganman.
— Shunisi yetarli, — dedi ishbilarmon. — Oldinlari bizda bunday rasm yo‘q edi. Keyingi yillar ba’zi to‘q-to‘kin oilalar buyurtma beryapti. Kiyim bizdan. Xaltada sovg‘a-salom ham bizdan. Sen borib, bolalarning ko‘nglini olasan. Men senga yaxshi haq to‘layman. Bundan tashqari, boradigan joylaring ham eshikdan seni quruq chiqarmaydi.
Taklif artistga ma’qul keldi. Belgilangan kunda u Qorbobo turqiga kirib yelkasiga xalta osganicha, yo‘lga tushdi. Shaharning har tomonida joylashgan beshta xonadonga bosh suqishi, keyin og‘aynisining ofisiga qaytib kelib hisob-kitobni bajarishi kerak.
Uchta xonadonda ish xamirdan qil sug‘urgandek yengil ko‘chdi. Artist bolalarni tabriklab, ularga sovg‘a-salom ulashdi. Archa atrofida aylanib, she’r o‘qib berdi, ertak aytdi. Bolalarga qo‘shilib xonadon egalari ham suyunishdi, uni siylashdi. To‘rtinchi xonadonda esa…
Bundan o‘ttiz yil burun bir talabalar davrasida kelishgan yigit — Halim Nargiza degan ko‘rkam qizni ko‘rib qolib, yuragiga o‘t tushdi. Qizning yo‘lini poylab, tanishishga harakat qila boshladi.
O, Nargiz!
Xabar olmaysan hargiz…
Tanishdi ham!
Oz emas, ko‘p emas, o‘n besh kun ikkovi birga ko‘cha aylanishdi. Yigit qizni, qiz yigitni yer-ko‘kka ishonmaydigan bo‘ldi. Ammo oraga shayton suqildi. Arzimagan gap ustida bahslashib, qizishib ketishdi. Har biri o‘zining bilimliroq, aqlliroq ekanligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldimi-ey!
Qiz achchiqlanib, qanotga o‘xshab qo‘llarini silkitgancha, parvoz qildi. Yigit yerdan uzilolmadi, uni yo‘qotib qo‘ydi. Qaytib qidirgani bilan, topolmadi.
O,Nargiz!
Xabar olmaysan hargiz…
Teatr zallarini eslatgan, shiftida kattakon qandil yongan xonaga Qorbobo turqiga kirgan artist qo‘lidagi tayoqni to‘qillatib qadam bosgani zahoti, bir etak bolani ko‘rdi. Keyin oila boshliqlariga e’tibor berdi. Qora kostyum kiyib bo‘yinbog‘ taqqan salobatli kishi va… uzun harir ko‘ylak kiygan — keksa bo‘lsa-da, hamon xushro‘y ayol.
Artist ilk qarashdayoq uni tanidi. Qaysidir tanishlarni uchratishi mumkinligini o‘ylagandi. Lekin buni kutmagandi! Hayajonlansa-da, o‘zini hech narsa bo‘lmagandek bosiq tutib, bo‘ynidagi vazifani ado eta boshladi. Qanchalik berilib o‘z san’atini namoyish etmasin, baribir shuurining tub-tubida bir savol aylanayotgan edi:
“U ham tanidimikan?! Tanimadimikan?!”
— Balki, tanigandir? Otning qashqasidek hammaga ma’lum va mashhur san’atkor bo‘lmasa hamki, matbuotda goh-goh nomi ko‘rinadi. Surati bosiladi. Umrida teatrga bormagan zot ham oynai-jahondan eski bir spektakl berilganida ko‘z qirini tashlagan chiqadi! Jilla qursa, artistni ovozidan taniydi.
— Balki, tanishmagandir? Oradan qancha suvlar oqib o‘tdi. Aft-angori o‘zgargan. Qolaversa, Qorbobo libosida, ko‘zdan boshqasi ko‘rinmaydi. Ovoz ham yoshlikdagidan butkul farq qiladi. Dag‘allashgan. Mahzunlashgan. Artistning nomi-chi? Biror yerda Nargiz ehtimolki, hatto to‘qnash ham kelmagandir?!
Darvoqe, o‘ttiz yil burungi bahsni “arzimagan” deyish aslida haqiqatga zid! O‘shanda gap moddiy va ma’naviy boylik ustida, ming yillarki, odamlarni qiziqtirgan, ikkisidan qaysi biri ustun ekanligi to‘g‘risida borgan edi. Halim — hayotda tajribasiz, xayolparast — shoirona ko‘yda tiriklikning asosi moddiy boylikni inkor etgan, qaysarlanib men uchun sharoit muhim emas, degan edi. Agar hozir o‘sha lahza “tirilsa”, Halim shubhasiz, bunday bahsdan o‘zini tiyar, ma’naviy tomoni bo‘lmagan moddiy boylik, moddiy tomoni bo‘lmagan ma’naviy boylikda ma’no yo‘q, birovga baxt keltirmaydi, bularni qarshi qo‘yishning o‘zi nodonlik, deb faylasufona fikr yuritardi! Afsuski, hayotni orqaga qaytarolmaysan.
Qanday bo‘lmasin, Nargizaning rang-ro‘yidan u Halimni tanigani yoki tanimagani bilinmayotgan edi.
Archa atrofida o‘yin-kulgi davom etardi. Inson olami naqadar murakkab! Halimning xayoli parishon, yuragi ozurda. Ammo bu yolg‘iz unga va yolg‘iz Xudoga ayon. Yorug‘-yorqin xonada aksincha, u negaligini anglash qiyin bir tarzda ruhlangan, kuch-qudratga to‘lgan… Ajabki, to hozir teatr sahnasimi, ekranmi, qaysidir davrami — biron yerda, biron payt bunchalik oshirib-toshirib o‘z mahoratini ko‘rsatmagan edi!
Axiyri, tomosha tugadi. Xonadonda barcha aftidan, mamnun edi.
Qora kostyum kiygan salobatli kishi oliyhimmat ekan. Qo‘lidagi bezakli qimmatbaho to‘rtburch soatni shartta yechib, Qorboboning qo‘liga tutqazdi.
Davradan uzilib, artist eshikka yo‘naldi, ostonaga yetganida nogahon xushro‘y ayol uning yonida paydo bo‘ldi. Sezdirib-sezdirmay katta bir bog‘lam pulni xaltaga soldi. Keyin, artistning naq qulog‘i ostida shunchaki g‘udrangandek, past tovushda:
— Ikkisi ham muhim ekan! — dedi.
Artist Nargiza uni tanigani, yillar o‘tib eski bahs bobida Nargiza ham u kabi xulosaga kelganidan ta’sirlanib, chayqalib ketdi.
Ko‘chaga chiqib, bir dam to‘xtadi. Dastlab allanechuk xijolat chekkandek holatni tuydi. Biroq tezda bu holat uni tark etdi.
O, Nargiz!
Xabar olmaysan hargiz…
Yangi yil oqshomi, taqdirni qarangki, tasodifan bo‘lsin, Nargiza undan “xabar olgan” edi! Bu — hayotning in’omi emasmi?!
Umuman, inson uchun yashab yurib muayyan bir haqiqatga yetib kelishning o‘zi — hayot in’omi, baxt emasmi?!
Shundan so‘ng, u katta yo‘l bo‘yiga chiqib, mashina yollashga tutindi.
Yana bir xonadonga kirib chiqishi kerak.
Og‘aynisining ofisiga borishi…
Tezroq! Tezroq!
Ishni yakunlab, juda kech bo‘lmay uyga qaytishi shart.
Axir, uning ham uyida bayram. Xotini, bolalari, nevaralari u ko‘chadan nimalardir ko‘tarib kirib kelishi, tabriklashini kutib, eshikka qarab o‘tirishibdi…
Artist mashinaga o‘tirdi. Ammo… haydovchiga nima deyishni bilmay taraddudlanib qoldi.