— Odamda bir oz farosat bo‘lsa ekan, — miyig‘ida kulib dedi Keldiyev davradagilarga bir-bir ko‘z tashlab, televizorga imo qilgancha. — E’tibor berdinglarmi, «ne jafolar chekmadim bir bevafo dildor uchun!» deb ashula aytyapti. Aftidan, shu yigit ne jafolar chekkan kishiga o‘xshaydimi?! Aslo! Bunaqa yog‘li ko‘z, qip-qizil yuz, katta qorin bilan uning o‘zi bevafolik qilib, kimgadir jafo yuklashi mumkin-ku, lekin birovni deb u kuyishiga men mutlaqo ishonmayman!..
— Artist-da, dadasi, o‘rganganini aytadi, — nazarida, eri davrada o‘tirganlarini unutib, shunchaki og‘zidan gullayotgandek tuyuldimi, gapga aralashdi, Keldiyevning xotini Zamira.
— O‘rgansin, aytsin, marhamat, men qarshi emasman, — qaysarlandi Keldiyev. — Lekin ashula odamga bunday mos tushishi kerakmi yoki yo‘qmi? Odamlarimiz juda madaniyatli bo‘lib ketgan, deymizu ba’zan oddiy farosat to‘g‘risida o‘ylamaymiz. Kishi o‘zining ahvolini o‘zi bilmasa!..
— Ko‘rinishi shunaqaligiga qaramay, u yaxshi odam bo‘lishi ham mumkin, — dedi uy bekasi Xolida o‘ychan. Shuning barobarida, u o‘rnidan turib, televizorni o‘chira qoldi. — Odamni bilish qiyin. Ayniqsa, televizorga qarab, menimcha, bir nima deb bo‘lmasa kerak. Jismoniy kamchilikni ko‘rib, insonning qalbi qandayligiga baho berib bo‘lmaydi. Umuman tashqi ko‘rinish aldamchi… — To‘g‘ri gapirdimmi, deganday Xolida eriga ko‘zi ostidan ma’noli qarab qo‘ydi.
— To‘g‘ri, — dedi Qambar boshini silkib, — inson qalbining go‘zalligi jismoniy kamchilikka qaramaydi… Lekin nega odamni bilish qiyin ekan?! Arzimagan narsalardan odam qanaqaligini bemalol aytaversa bo‘ladi…
Zamira qiziqsinib, Qambarga tikildi:
— Masalan?
— Masalan, ovozga qarab aytish mumkin. Kiyinishiga karab. Ko‘chada yurish, oyoq olishiga qarab…
— Siz shularga qarab, adashmay ayta olasizmi? — so‘radi Zamira.
— Nega aytmas ekanman? — dedi Qambar. — Xo‘o‘sh… — U birpas o‘ylanib, so‘zida davom etdi: — Qaysidir yili Sirdaryoga borganimiz. Katta gruppa. Har xil kishilar. Oramizda faylasuf bir domla ham bor. Shogirdi bilan… Qisqasi, shu domla… men uning faylasufligi qaysi darajada ekanini bilmayman-ku, lekin ovqat tanovul qilishi o‘ziga xos edi. Og‘zidagini chaynab-yutmay, qoshiqni ko‘taraveradi, lunji surnaychilarnikiga o‘xshab shishgan, ko‘zlarida shu qadar bezovta bir mutelik aks etganki… taomning hurmatini astoydil o‘rniga qo‘yayotgandekmi yoki deylik, oldidagi idishni birov tortib olib qo‘yishidan qo‘rqayotgandekmi, taassurot qoldiradi kishida… Men birinchi tanishgan kunimiz domlaning shogirdi bilan gaplashishimga to‘g‘ri keldi. «Domlangiz yoshlikdan ancha qiynalib o‘sgan. Shunaqami?» dedim sekin. «Shunaqa bo‘lishi kerak… o‘zining aytishiga qaraganda!» deb g‘udrandi shogird. «U ayolmand, bolalari ko‘p!» dedim kuyinib. «Ha, bir etak. Yettitami, sakkiztami…», dedi shogird. «Urush yillari domla asirlikka tushganmi, shunga o‘xshagan bir narsa bo‘lgan…», deb pichirladim o‘zimcha. «Domla omadsizroq odam!» deb, tasdiqladi shogird. «Umuman, u miskin, umrida birovga ziyoni tegmagan… Domla ishlayotgan institut ma’muriyatiga hayronman, uning dars soatini ko‘paytirib, unga sal imkoniyat yaratib berishsa nima qilardi!» deya asabiylashdim endi. «Domla talab qilolmaydi. Ular o‘zlari bilib, birovga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishmaydi!» dedi shogird. Keyin, menga tikilib: «Siz domlani yaxshi bilar ekansiz-da!» dedi. Men, ha, ha, bilaman, deb qo‘ya qoldim… Ertasi kunimi, indinimi, tushlik paytida domlaga ortiqcha e’tibor bermay, birovga malol kelmaydigan yo‘sinda: «Odamning ovqatlanishiga qarab, uning butun tarjimai holini aytib berish mumkin!» — degan gapni shunchaki o‘rtaga tashladim. Davradagilar bunga ishonib-ishonmay kulib, taom tanovul qilishga tutinishdi. Lekin o‘sha kuni taniqli bir raqqosa mening naq ro‘paramda o‘tirardi. U menga ma’noli ko‘z tashlab qo‘yib, shunaqangi chiroyli ovqatlandiki, so‘z bilan ifodalash qiyin. Men domlaga ko‘nglim achib, qanchalik ezilgan bo‘lsam, raqqosani kuzatib, shunchalik zavqim keldi… Qisqasi, atrofga loqayd-beparvo qaramasangiz, odamni bilaverasiz. Qadim-qadimdan dastxatni ko‘rib, odamning fe’l-atvorini aytish rasm bo‘lgan, bu endi ancha mashhur soha. «Xatshunoslik» degan fan ham bor…
— Yashang, inim! — dedi hayajonlanib Keldiyev. — Rahmat! — dedi u negadir hattoki iyib. — Televizorda-ku, jonli odam, mana, ukamiz Mahkamjon oddiy suratga qarab, kimligingizni aytaveradi. Bu unga pista chaqishday gap. Qambarjon aytmoqchi, bu ham ilm…
— Rostdanmi? — Mahkamga qarab so‘radi qiziqsinib Zamira. Mahkam suhbatga aralashmay, davra quyisida o‘y surib o‘tirardi.
— E, yo‘q, Keldiyev domla shunchaki mening bahoyimni oshiryaptilar, — g‘udrandi u noxushroq kayfiyatda.
— Siz unaqa kamtarlik qilmang. Men hozir albomni olib chiqaman. Bir qotib kulaylik, — dedi Xolida o‘rnidan turib.
— Yo‘q, yanga, olib chiqqaningiz bilan aytmayman! — dedi Mahkam bu gal qat’iy.
Davradagilar ovqatlanib, choy ichib bo‘lishgan, ammo hali jilla o‘tirishni istashganidan, Mahkamning o‘zini tersroq tutishi ko‘pchilikka qandaydir og‘ir botdi.
— Men shuncha narsani aytib tashladim. Siz nega ikki oyoqni bir etikka tiqyapsiz, men tushunmayapman, — to‘ng‘illadi Qambar.
— Men o‘zim sizning hunaringizni ko‘rganman, Mahkamjon. Shaxsan! — dedi Keldiyev ham endi injib. — Albomni bunday varaqlab, siz bizni xursand qilishingizning kimga nima ziyoni bor?! Aksincha, bahs yakunlanadi. Siz erka yigitsiz, albatta. Lekin hamma narsa evi bilan-da…
— Sizlar mendan bekorga xafa bo‘lyapsizlar, — dedi sal ezilib Mahkam. — Men talabni bajo keltirmaganim erkadik, noz-istig‘no emas. Faqat bu ishni tashlaganman, to‘g‘risi. Boshqa shunday qilmayman, deb qasam ichganman…
— Nega qasam ichasiz? — Unga ajablanib, ishonqiramay tikildi Xolida.
— Har qanday xunar odamning baxtiga yarasa… har bir ishni eplagan odam qilsa!.. Men eplolmay qoldim…
— Qiziq. Biron yerda noto‘g‘ri gapirib yubordingizmi? — savol tashladi Qambar.
— Yo‘q, men noto‘g‘ri gapirmayman. Ancha yil fotografiya bilan shug‘ullanganman, odamlar suratga tushayotganda o‘zining qandayligani beixtiyor ko‘rsatib qo‘yadi, turli-tuman kishilarni ko‘raverib, ko‘zim pishgan. Umuman, bu oddiy ish. Men suratga qarab, tirik odamni, uning apparat oddida turgan xolatini tasavvur qilaman. Holatdan fe’l-atvorga o‘tiladi…
— Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? — Toqatsizlanib so‘radi Keldiyev.
— Nima bo‘lardi… Bir kuni, hunar ko‘rsataman, deb og‘zim kuydi. Shu, xolos, — dedi Mahkam allanechuk xijolat chekkan ko‘yda.
— Gapni boshlagach, oxiriga yetkazish kerak. Shaf-shaf deguncha shaftoli demaysizmi! — o‘choqqa o‘tin qaladi Zamira.
— Men bu voqeani hech kimga aytmagandim. Lekin mayli, orada g‘ashlik qolmasin uchun sizlarga gapirib beraman, — dedi Mahkam. — Keldiyev domla ko‘rganlar, rost, men o‘z ishimda bir paytlar ustasi farang edim. Meni davralarda o‘tirg‘izib, o‘q nishonga tekkanidan odamlar qotib kulishardi. Men o‘zim ham zavqlanardim, chunki mening nazarimda bu qiziq bir o‘yin edi… Shunday yurib, bundan besh-olti yil burun Sharif degan do‘stim bilan tasodifan uning qarindoshlarinikiga mehmonga borib qoldim. Shahar etagidagi bu bog‘-hovlini oldin ham ko‘rganman, Sharifning qarindoshlari — tog‘asi, yangasi yoshi o‘ttizga yetib er qilmagan qizlari bilan birga turishadi… O‘sha kuni ularnikida nima munosabat bor edi — eslolmayman, boshqa narsa yodimda — Sharif bilan mendan bo‘lak yana ancha-muncha kishi yig‘ilgan, hammaning kayfiyati ko‘tarinki edi… Xo‘p, ayni yoz payti, hovlida gangur-gungur qilib o‘tirib, qayoqdan ham gap suratga borib taqaldi. Men mahmadonaligim tutib, suratdan odam tanish mumkinligi og‘zimning bir chetidan chiqib ketdi. Hozirgina sizlar qiziqqanlaringga o‘xshab, davrada ko‘pchilik chug‘urlashga tushdi. Haligi — uy egasining qizi — Nafisa yugurib ichkaridan albom ko‘tarib keldi… Yo‘q, u albomni mening qo‘limga bermadi, faqat uch-to‘rtta suratni olib, ko‘zlari chaqnab mug‘ambirona kulgancha, bunday gap qildi:
— Biz bu odamlarni yaxshi bilamiz, siz, menimcha, tanimaysiz… Men qo‘lingizga bittadan surat beraman, siz bittadan fikringizni aytib turasiz, maylimi?!
— Mayli, — yelkamni uchirdim, menga bari bir, degan ma’noda. Nafisa davradagilarga ko‘rsatib, qo‘limga surat tutqazdi.
— Ayting…
— Aytaveraymi? — dedim folbinlardek qo‘r to‘kib. — Bu odam ilk qarashda sodda, samimiy taassurot qoldiradi. Kattalar oldida odob saqlaydi, bolaggarning boshini silaydi. Uning yana bir odati bor. Odamlar orasida o‘zini jo‘mard, chapani yigitlardek ko‘rsatishni yoqtiradi. Lekin u anoyi emas. O‘z manfaatini yaxshi biladi, qolgan hammasi niqob. Kerak bo‘lsa, o‘zini tomdan tashlaydi, suvdan quruq chiqadi…
Davradagilar kulishdi. Menga Nafisa boshqa suratni berdi.
— Bu yigit, romantik deydimi, havoyi xayollar bilan yashaydi. Suratga qovoq uyib tushganiga qaramay, ko‘cha-ko‘yda ko‘rsangiz, yuzi yorug‘, ko‘zlari porlab yuradi. Egni uringan, tuflisi ko‘pincha loymi, chang… Yaxshi yigit. Undan durust bir odam chiqardi-ku, yelkasidan turtib, yordam beradigan kishisi yo‘q. Asosan, uyim-joyim deb yugurib-elgani bilan, xotindan unchalik yolchimagan…
Davradagilar yana kulishdi. Nafisa surat tanlayotib, bu gal negadir bir oz sarosimalangandek bo‘ldi. U suratni ko‘rsatgach, menga nima uchundir davrada boshqalar ham nafas yutishgandek tuyuldi. Buning ustiga, yonimda o‘tirgan Sharif egaimdan tortdimi, oyog‘imni turtib qo‘ydimi — shunga o‘xshagan bir ish qildi.
— Bunisi-chi? — dedi shu payt Nafisa, nihoyat suratni mening ko‘limga tutqazib.
Men — o‘zini suratshunos, surat orqali birinchi galda odamshunos deb bilgan kishi — davrada qandaydir o‘zgarish ro‘y berganini payqab, hushyor tortishim, albatta, bas endi, deb o‘yinni sekin to‘xtatishim kerak edi. Lekin men o‘z san’atimga o‘zim maxliyo bo‘lib qolgandim. Men go‘yoki sahnaga chiqqan aktyor edim. Nazarimda, tomosha zalida o‘tirganlarning xatti-harakatlariga, pichirlash-shivirlashlariga parvo qilmasligim, rolimni oxirigacha bajarmay, sahnani tark etmasligim kerak edi.
— Bu ancha murakkab odam. Bir so‘z bilan baholash qiyin, — dedim jilmayib. — Aqlli, chiroyli, mag‘rur. O‘z ishida iste’dodli. Bunday yigitlarni xotin-qizlar tez, ba’zan bir ko‘rishda yoqtirishadi. Umuman, bu ham yomon yigit emas. Lekin juda xudbin. Hammadan ham ko‘proq o‘z-o‘zini yaxshi ko‘radi. Uning har qanday fidoyiligini ham…
— Rahmat, Mahkam aka, — dedi Nafisa qo‘limdan suratni olib. U qo‘lidagi suratlarni albomga joylab, albomni qo‘ltig‘iga qistirgancha, shahd bilan uyga yo‘naldi.
Davra birdan suv quygandek bo‘lib kolgan edi.
— Ko‘p o‘tirdik. Endi bizga javob bersanglar, — dedi axiyri uy egalariga qarab ayollardan kimdir.
Shu gapni kutayotgandek, hamma gur etib o‘rnidan turdi.
Men ham Sharif bilan ko‘chaga chiqib, yo‘lga tushdik. Negadir qabih bir ish qilgan odamga o‘xshab, ko‘nglim g‘ash, kir edi. Ayni soniyada o‘zimni xudtsi begona tilda gaplashadigan odamlar davrasidan qaytayotgandek his etar, gangib qolgan edim.
Muyulishga yetganimizda beixtiyor portladim:
— Nega indamaysan? Nima bo‘ldi o‘zi?!
— Sen qovun tushirib qo‘yding, og‘ayni, — g‘udrandi yonimda miq etmay kelayotgan Sharif. — Axir, u Yusuf edi-ku…
— Men hech narsaga tushunmayapman. Qanaqa Yusuf?
— Sen xudbin degan yigit. Yusuf… Nafisa bilan yaqinda ularning to‘yi bo‘lishi kerak…
Keyin Sharif men bilan xayrlashdi.
Uyda o‘sha kecha allamahalgacha bo‘g‘ilib, to‘lg‘anib yotdim. Xijolatli bir holatni tuyib ezilar, donolik qilaman, deb nodonlikka yo‘l qo‘yganimdan azoblanardim.
Yo‘q, tongga yaqin qotib qolibman, ancha bardam uyg‘ondim. Oqshom ro‘y bergan butun voqeani eslab, menga endi qiynalishim asossiz, bema’nilik bo‘lib tuyuldi. Avvalo, men Nafisaning Yusuf bilan munosabatini qayoqdan bilibman, ular o‘zi mening bo‘ynimga arqon bog‘lamasligi kerak edi! Buning ustiga, men to‘g‘risini aytdim, masalan, sahnaga chiqqan aktyor xotinbozlar to‘g‘risida gapirganida, deylik, zaldagi biron xotinboz mendan ranjimasmikin, qabilida istiholaga borib o‘tirishi kulgili emasmi!
Shu yillari kino sohasidagi bir idorada ishlayman, beg‘am-bedard kayfiyatda ishga bordim. Har kungidek qog‘ozlarni stol ustiga uyib tashlab, o‘z vazifamni bajara boshladim. Ammo…
Tushga yaqin kutilmaganda eshik ochilib, xonaga Sharifning tog‘asi — A’zam aka kirib keldi. Men uni ko‘rib, naq jinoyat ustida qo‘lga tushgan kishi singari yuragim orqaga tortdi.
Qiziq joyi: A’zam aka, aksincha, men bilan har qachongidan quyuq so‘rashdi. U osoyishta o‘tirib olib, ob-havodan narx-navogacha — turli narsalar ustida bafurja suhbatlashishga urindi. Aftidan, A’zam aka xuddi kechagi ko‘rsatgan hunarim uchun menga minnatdorchilik bildirgani kelganga o‘xshar edi.
U nihoyat maqsadga ko‘chayotgandek bo‘ldi.
— Bir vaqtlar yigitlar qizlarni tanlab-topib, xaridorlik qilishgan, — gapni uzoqdan boshladi A’zam aka. — Hozir bu ish qizlarning gardanida, birovni topib-ma’qullasa — yaxshi, bo‘lmasa — yuraveradi. Yigitlarning g‘ayrat ko‘rsatishidan umid kam. Ota-onaga qiyin… Men buni aytishim noqulay. Lekin Nafisa yomon qiz ekanidan uyda o‘tirgani yo‘q. Sizdan yashirmayman, biz birovni o‘zimiz topib uni uzatishni ham ko‘p o‘ylaganmiz. Natija chiqmagan… Bizning topganimiz unga yoqmaydi, bo‘lmasa yoqtirganingni ayt, deganimiz bilan indamaydi. Faqat yaqinda mana shu Yusuf degan yigit…
— Ayb menda. Men bilmay osiylik qilibman! — boshimni egdim mardligim tutib.
— Yo‘q, ayb sizda emas, — deb keskin to‘xtatdi meni A’zam aka. — Siz albatta bilmagansiz. Undan tashqari, xolis fikri uchun birovdan xafa bo‘lish ahmoq odamning ishi… Men boshqa narsa… Nafisaga shu Yusuf yoqdimi, rozilik berib, to‘yga taraddud ko‘rayotgan paytimiz…
— Ey, men bari bir… — G‘udrandim vijdon azobiga o‘xshash hissiyotdan yuragim burdalangan ko‘yda.
— Siz mening gapimni eshitmayapsiz, — dedi o‘pkalanib A’zam aka. — Men sizga shunchaki iltimos bilan… Nafisaning bizga uyda og‘irligi tushmaydi. Farzandimiz, ming yil yurmaydimi! Lekin dunyoda lafz, obro‘ bor. Oldi-berdisi boshlangan to‘yni shagsha to‘xtatsa, odamlar oldida malomatga qatish mumkin. Noqulay…
— Nima, Nafisa tegmayman deyaptimi? — parishonlanib so‘radim A’zam akadan.
— Tegmayman deyapti. O‘zi topib, o‘zi endi qaysarlik qilyapti… Nafisa sizni hurmat kiladi. Sizga ishonadi… Iltimos. Bizga yordam bering. Qanday bo‘lmasin… Ko‘chamiz boshidagi kasalxonani bilarsiz, yonida laboratoriya. Nafisa hozir shu yerda ishlaydi. Iltimos…
— Bo‘pti, men o‘zim u bilan gaplashaman. — dedim A’zam akaning maqsadiga tushunib, bu odamlar qarshisida gunohimni yuvgim kelganidan hayajonlanib.
A’zam aka mahzun iljayib, menga go‘yoki ta’zim qilmoqchidek egilib-bukilib xonadan chiqib ketdi.
Men bir nafas gangib o‘tirdim. Keyin, tushlik paytidan foydalanib, va’daga binoan Nafisa bilan gaplashish uchun kasalxonaga qarab jo‘nadim.
Nafisa ishlaydigan laboratoriya atrofiga temir panjara o‘rnatilgan kasalxonaning ro‘parasidagi ikki qavatli mo‘jazgina binoda joylashgan edi. Shu kunga qadar bu yerga ishim tushmagandi.
Xo‘p, so‘rab-surishtirib, kirib bordim. Maktablardagi kimyo kabinetlarini eslatadigan, katta-kichik har xil shisha idishlar qalashib yotgan xonada Nafisa qandaydir yapasqi stol ustiga horg‘in enkayib o‘tirardi. Meni ko‘rib, allanechuk ajablangandek, shu bilan birga suyungandek bo‘ldi. O‘rnidan turib, menga do‘stona ko‘l berib, deraza orqali kasalxona tomon imo qilgancha:
— Birovdan xabar olgani kelganmidingiz? — deb so‘radi.
Va’da berganimdan boshlab xonaga kirib Nafisa bilan yuzlashganimga dovur bu kizga pand-nasihat qilish menga hamirdan qil sug‘urgandek bitadigan ish bo‘lib tuyulgandi. Mana endi — uning qarshisida turganimda, sarosimalanib tizzam qaltirayotganini sezdim.
— Ha, albatta… — Chaynaldim so‘z topolmay. Aslida, yolg‘on bo‘lsa hamki, yana nimalardir deyishim, tegrada bir oz aylanib, beozor suhbatga rag‘bat tug‘ilgach, sekin-asta dardimni yorishim kerak edi. Lekin jur’atim yetmadimi, sabrim chidamadimi, har qalay, shu ondayoq qo‘shib qo‘ydim: — Siz bilan ikki og‘iz gaplashmoqchi edim.
Nafisaning avzoyi birdan o‘zgardi:
— Nimani? — deb so‘radi u sergaklanib.
Men bu qizning hayoti, taqdiriga beixtiyor aralashayotganimni, shunga to‘g‘ri kelib qolganligani o‘ylab, battar sarosimalandim. Uzoq chaynalib, meni kechiring, kecha sizlarnikida ko‘rsatganim shunchaki o‘yin, turmush boshqa narsa, singlim, degan jo‘n gapni unga obdan uqtirishga urindim. Nafisa menga aljirayotgan odamga qaragandek hafsalasiz tikilib, asabiylasha boshladi. Nihoyat, u dabdurustdan:
— Menga ayting-chi, Yusuf o‘zini ko‘proq yaxshi ko‘radimi, menimi? — deb yana savol tashladi.
Butun toat-ibodat bir pul. Nafisa o‘z bilganidan qolmayotgan edi. Men mabodo Yusufni ayblasam, bu yerga kelganimdan natija chiqmasligini, aksincha, yo‘q, sizni, desam, bunga Nafisani ishontirolmasligimni his etib, boshim qotgancha g‘udranishga tushdim:
— Bilasizmi, muhabbat doim ham…
— Qo‘ying, Mahkam aka… nima keragi bor, — dedi Nafisa. — Men o‘zim uning qanaqaligini ko‘nglimda sezib turgandim, faqat ifodalashga qiynalayotgandim. Siz kecha to‘g‘risini aytdingiz! — daf’atan menga u sinchikov qaradi. — Sizni kim yubordi bu yerga?!
Men o‘zimni butkul yo‘qotib, tipirchilab qoldim.
— Ey, men… yuragim… — deb allanarsalarni g‘uldiradim. Nafisaning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi.
— Mayli, siz ham shu niyatda ekansiz… men roziman, — dedi u. — Bo‘ldimi? Keting endi… — Nafisa menga teskari o‘girilib, deraza oldida shamdek qotdi.
Men xonadan sekin sirg‘alib chiqib ketdim…
Mahkam chuqur sukutga cho‘mdi. Hozir — davrada uning ham ko‘zlarida yosh halqalangan edi.
— Keyin-chi? Nafisa o‘sha yigitga tegdimi? — sal turib, sekin so‘radi Zamira.
— Ha, tez orada ularning to‘yi bo‘lib o‘tdi, — so‘zida davom etdi Mahkam. — To‘g‘ri, Sharif bilan do‘stligimiz buzilmaganiga qaramay, men to‘yga borganim yo‘q. Meni hech kim aytgani ham yo‘q… Yarim yilmi, bir yildanmi keyin, Sharifdan, og‘ayning nega ko‘rinmay ketdi, deb so‘rashgan ekan, u meni qo‘ymay sudradi. O‘sha kundan boshlab oldingidek Sharif bilan A’zam akalarnikiga ba’zan kirib chiqadigan bo‘ldim. Xonadonda hech kim men folbinlik qilgan oqshomni, ro‘y bergan ko‘ngilsizlikni eslab menga ta’nakor boqmadi — ular samimiy kishilar edi!.. Men Yusuf bilan tanishdim, ko‘p o‘tmay ma’lum darajada do‘stlashib ham qoldik. U juda yoqimtoy yigit edi. Men uni ko‘rib, hatto, vaqtida unga baho berganimda haq emas ekanman, degan qarorga keldim… Nazarimda, Yusuf bilan Nafisaning munosabati ham havas qilgulik edi. Ikkisi ikki gul, biridan biri xushbo‘y… Shu taxlit oradan kunlar kechib, oshqozoni jarohatlangan Sharif kasalxonaga — bu ham bir tasodif, qarangki, Nafisa ishlagan laboratoriya yonidaga kasalxonaga tushib davolanishiga, men undan uch-to‘rt marta xabar olishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Eski mo‘jazgina binoga qaytib bosh suqishim yetti uxlab tushimga kirmagandi, ammo Sharifni ko‘rgani bir borganimda beixtiyor o‘sha tomonga ham o‘tdim.
Sharifning bemorligini bilgan Nafisa mening kirib kelganimga bu gal ajablanmadi. Hol-ahvol so‘rashib, menga o‘tirgani joy ko‘rsatdi. Lekin undan-bundan so‘zlashayotib, u ko‘zlari porlagancha, qiziq gap qildi:
— Men bir narsani o‘ylayman, Mahkam aka. Tushunmayman… Nega ba’zi odamlar haqiqatni aytgandan keyin chekinib, o‘zlarini panaga olishga urinishadi? Tarixda terisini shilib, gulxanga tashlashganda ham so‘zidan qaytmagan kishilar bo‘lgan ekan. Nima uchun hozir birov jazoga tortilmasligaga qaramay, hammamiz qo‘rkib turamiz? Mening fikrim shu, deyish nahotki odamdan katta jur’atni talab qilsa?!
— Bu bizning tomorqamizga otilgan tosh, — dedim gapni hazilga burib.
— Yo‘q, men umuman… bilmoqchiman, — dedi Nafisa.
— Menimcha, siz baxtlisiz. Demak, bunday xayollarning hech qanday…
— Men albatta baxtliman, — dedi Nafisa. — Biz hammamiz ham to‘rt devor ichida o‘zimizcha baxtlimiz, — kulib, negadir qo‘shib qo‘ydi u. — Bari bir, bilishim kerak. Mardlik yetishmaganiga biron sabab bordir-ku, dunyoda…
Nafisa shu kuni go‘yoki mening qarshimda o‘tirgan hakam edi. Men uning asosli gapiga javob qilolmasligimni, javob qilganimda ham, boridan ko‘ra og‘irroq malomatdan kutulolmasligimni o‘ylab, badanimdan sovuq ter chiqib ketdi.
— Mavridi kelsa, hozir ham mardlik qiladi odamlar. Hamma narsa sharoitga bog‘liq, — deb g‘udrandim, bahs tugadi, degandek o‘rnimdan turib. — Undan tashqari, bunaqa masalani dabdurustdan muhokama qilib bo‘lar ekanmi? Uydagilarni so‘rab qo‘ying…
Men Nafisa borasida osoyishtalangandim, shu suhbatdan keyin qaytib g‘ashlanib qoldim…
Mahkam yana sukutga cho‘mdi.
— Bo‘lgan-bori shumi? Tamommn? — bezovtalandi Keldiyev.
— Siz oxirini aytmadingiz. Bu voqea shunday oddiy tugashi mumkin emas, — dedi kuyunib Xolida, ko‘zi ostidan eriga qarab qo‘ygancha.
— Qisqasi, ular birga yashayaptimi, qanday yashayapti, gapiring, do‘stim, —to‘ng‘illadi Qambar, — har qalay, voqeaning oxirida nuqta bo‘lishi kerak…
— To‘g‘ri, lekin… nima desam ekan… oxirini aytganimdan natija chiqmaydi, chunki bunga akl bovar qilmaydi, — dedi Mahkam. — Qizlarining irodasiga qaramay, o‘z bilganlaricha ish bichishganidan oxir-oqibatda azoblanibmi, boshqa sababdanmi, harholda, uch yil ichida A’zam aka bilan xotini dunyodan o‘tishdi. Nafisa shahar etagidagi bog‘-hovlida Yusuf bilan yolg‘iz qoldi. Biron yil o‘tar-o‘tmas, Nafisaning o‘zi ham bo‘g‘ma kasaliga chalinib, ko‘z yumdi… Shunday qilib, arzimagan davr ichida butun xonadon barbod bo‘ldi. Bog‘ hovli, yillar davomida odamlar yiqqan ashyolar, buyumlar, kitoblar — hamma narsa Yusufga buyurgan ekan, Yusuf egallab oldi. Lekin gap bunda emas… Men Nafisaga tegishli marosim kunlarida Yusufni kuzatib, uni birinchi ko‘rayotgandek, es-hushim og‘di. U Nafisa uchun zo‘r berib, namoyishkorona iztirob chekar, ammo harakatlari aniq, qat’iy, bir so‘z bilan Yusuf — har qachongi yoqimtoy yigit edi. Men bu yigit Nafisani hech qachon sevmaganini his etdim. Shu boisdandir, menga xonadonning baxtsizligi oddiy, tabiiy ro‘y bergan kulfat bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida, bu yerda qandaydir yashirin bir jinoyat berkinib yotgandek tuyuldi…
Mahkam cho‘ntagidan ro‘molcha chiqarib, kipriklariga ingan yeshni artdi.
— U hozir ham o‘sha bog‘-hovlida turadimi? — deb so‘radi Zamira.
— Ha, o‘sha yerda. Yangi oilasi bilan… Boshlanishida aytganimdek, bu hammasi besh-olti yil ichida sodir bo‘ldi…
— Menga qarang, nima qilganda ham, siz suratga qarab bu yigitga avvaldan to‘g‘ri baho bergan ekansiz-ku, — dedi Keldiyev. — Hammasi siz aytgandek bo‘lib chiqibdi. Shunday ekan, nega o‘zingizni burdalayapsiz?
— Bu kishi so‘zlarida qattiq turmaganlariga o‘kinyaptilar, — eriga tushuntirish berdi Zamira, shuning barobarida, ilmoq tashlashga urinib.
— Menimcha, siz baho bermaganda ham butun voqea shunday kechardi, — dedi Xolida. — Hayotda nimalar bo‘lmaydi…
— Men ketma-ket ikkita xatoga yo‘l qo‘ydim. Avvalo, hunar ko‘rsatmaganim ma’qul edi. Keyin, so‘zimdan qaytmasligim kerak edi, albatta, — dedi Mahkam o‘ychan. — Yo‘q, men o‘sha oqshom tilimni tishlaganimda, voqea boshqa shaklga kirishi ham mumkin edi. Nima uchun?! Bunday manzarani tasavvur kiling… Yusuf xudbin edi, to‘g‘ri. Lekin biz hech qaysimiz farishta emasmiz, birovga ehtiyotsizlik bilan baho beraverishni kim qo‘yibdi bizga?! Avval o‘zingga boq, degan gap bor. Har kim boshkdlarga daholik kilishni emas, o‘z qusurlarini yo‘qotishni o‘ylasa! Axir, har birimizda o‘zimizga yarasha qusur topiladi. Xo‘p, allabir faylasuf, odam — suyuqlik, qaysi shishaga solsangaz, shunga mos shaklga kiradi, degan ekan. Aytmoqchimanki, Yusuf qaynotasi A’zam akaning xonadonida — ezgu kishilar orasida, Nafisaning muhabbati tufayli o‘zgarib ketishi ham ehtimol edi. Nafisa uni xudbin deb bilib, xudbinligani eslataverib, cheksiz muhabbat kutib, qiynab, bu yigitni o‘zgarish o‘rniga battar xudbinlikka tomon surib yubormadimikan?! Bunisi mayli… A’zam aka, xotini o‘z kuyovlarining yomon jihatini bilishmasa, to‘yni tinch o‘tkazaverishsa, balki dard-alam ko‘rmay yurishaverarmidi?! Nafisaning o‘zi ham ortiqcha qiynalmasmidi?! Hattoki, ular shunday o‘lib ketishganida ham, o‘lim bostirib kelgunicha, bu xonadondagilar boridan ko‘ra ancha baxtli yashasharmidi?! Ikkinchi xato… men so‘zimdan qaytmay, to‘y buzilganidan butun hayot buzilgani yomonroq, deb haqiqatdan chekinmaganimda ham, voqea boshqacha ko‘chardi… Qaysarlanayotgan Nafisaga men madad bo‘lardim, A’zam aka, xotini mendan injishgani ham, malomat ham o‘tardi-ketardi. Nafisa, ehtimol, yanada kech bo‘lsa-da, bir kuni o‘z baxtini topardi. Balki, bunday baxtsizlik ro‘y bermas edi… Men o‘sha bog‘-hovlida ko‘pchilik to‘plangan oqshom nega mahmadonalik qilib, surat haqida so‘zlandim?! Yusufning surati qo‘limga tekkanida, noxushlikni sezaturib, o‘zimni nega to‘xtatolmadim — bunga nima xalal berdi?! Ko‘p o‘ylayman… Erka, Yusufga nisbatan ko‘proq xudbin ekanligimdan beixtiyor shunga yo‘l qo‘ymadimmikan?! Yoki hammasiga Nafisani o‘zimcha bir oz yoqtirganim sabab bo‘ldimi?! Aytish qiyin… Bo‘lgan-bor voqea shu… O‘zlaring bilganlaringcha tushunib olaveringlar…
Davrada endi hamma nafasini ichiga yutib, mum tishlab qolgan edi. Mahkam bexos o‘rnidan qo‘zg‘aldi, eshik yoniga borib, kiyinishga tushdi.
— Ha, namuncha birdan… Ko‘lingizga albom tutqazmaymiz, qo‘rqmang, — dedi Xolida davraning ruhini o‘zgartirgasi kelibmi, yarim hazil, yarim chin ohangda.
— Gap qo‘rqishda emas… Qachon shu voqeani eslasam, yuragim o‘ynay boshlaydi. Bir yerda o‘tirolmay qolaman, — dedi Mahkam jiddiy. U eshikka yo‘nalib, ostonada to‘xtadi va orqaga o‘girilib endi bedardmi, kinoyalimi iljaydi. — Hamma aytganlarimga ishondinglar-a? Holbuki, tixirlik qilavermanglar, deb men buni xozir to‘qidim, — g‘udrandi negadir. — Birovning uyidagi albomni boshqa odamlar ko‘rishining nima hojati bor?! — Mahkam xonadan chiqib ketdi.
Davradagilar uning izidan eshikka tikilib, hech narsaga tushunolmay angrayishdi…