Omon Muxtor. Mezon (hikoya)

Bu aslida, ustozlarimizdan biri uzuq-yuluq tarzda aytib bergan voqea. Men ayrim kuzatuvlarimni qo‘shib, uni tartibga keltirgancha, e’tiboringizga havola qilyapman.

* * *

— Siz bilan suhbatlashmoqchi edik.
— Hozir vaqtim yo‘q, — dedim.
Usti yopiq, qishki gulxonada aylanib yurgan edim. Gulxona to‘riga o‘tib, o‘pkamni bosolmay bir oz yig‘lab ham oldim. Kimningdir aft-basharasini ko‘rish ko‘nglimga sig‘mayotgan edi.
Eshik oldida qotgan o‘rta yosh, oriq-ozg‘in, novcha kishi yarim o‘girilib, yonidagi xotinini tashqariga chiqartirdi. Keyin, o‘zi ham orqaga tisarilib, indamay eshikdan chiqa boshladi.
— To‘xtang, — dedim.
Uning yuzi qoq suyakdan iborat, ko‘zlari ichga botgan, faqat egnidagi zangor ko‘ylak sal unga rang bergan edi. Qanday chiqib ketayotgan bo‘lsa, shunday mutelik bilan to‘xtadi.
— Tadbirga chaqirishganmi?
U bosh silkidi.
— Viloyatdanmisizlar?
U yana tasdiqladi.
— Mayli. Men ham yetib boraman. O‘sha yerda gaplasharmiz, — dedim.
Ba’zi katta yig‘inlar shahar etagidagi bog‘da, yangi qurilgan hashamatli koshonada o‘tar edi. Men bugun biror soat oldin kelib qolib, bog‘ni aylangan, eshigi ochiq gulxonaga kirib ketgan edim. Birov ko‘zi tushib, er-xotinga daragimni aytgan bo‘lishi kerak.
Gulxonadan chiqib ustimdagi changni qoqdim. Oqar suvda yuz-qo‘limni yuvdim. Nihoyat, ikki yon terak bo‘y cho‘zgan xiyobondan koshonaga qarab ketdim.
Yig‘in zamonaviy shaklda rasmiyatsiz, dasturxon atrofida o‘tayotgan edi. Bir necha do‘stlarim meni qurshab, ichkariga boshlashdi. U yon-bu yon qaradim. Haligi er-xotin chekkada, yana bir ayol va ikki chol o‘tirishibdi. Ularni yonimga chaqirishning ham, yonlariga borib o‘tirishning ham iloji yo‘q.
Majlis-ziyofatga chalg‘igandek bo‘ldim.
Lekin davra sovushini kutmay do‘stlarim bilan koshonadan chiqqanimda, mendan oldinroq chiqib poylab turgan er-xotinga ko‘zim tushdi.
Atrof quyuq daraxtzor.
Xilvat bir yo‘lkadagi xarakka borib o‘rnashdik.
— Xo‘sh? — dedim. Bular muxlis, shunchaki tanishib, ikki og‘iz gaplashmoqchi deb o‘ylagan edim. Fikrim tezda o‘zgardi. Oriq-ozg‘in kishi biqiniga xotini turtib qo‘yib, kutilmaganda:
— Boshimizga kulfat tushdi. Birgina qizimiz bor. Undan ayriladigan bo‘lib turibmiz, — dedi.
— Nega? Kasalmi?
— Kasal emas. Sog‘ ham emas, — deb qiziq gap qildi u. — Keyingi kunlar boshqacha bo‘lib qolgan. Mahal-bemahal uydan chiqib ketadi. Qayerga ketdi, qanday yuribdi, bilmaymiz. Kundan-kun so‘lib borayapti. Joni sug‘urib olingandek.
— Birovni yaxshi ko‘radimi?
— Bu aniq, — ko‘zlari ichga botgan kishi xijolat chekib qizardi. — Aytish noqulay bo‘lsa ham… bir yigit bilan uchrashib yurgan. Yigit uni tashlab, dugonasiga uylangan… O‘zini bir narsa qilib qo‘ymasin, deb qo‘rqayapmiz. Bizga yordamingiz kerak.
— Qishloqdan kelsak, ahvol shu, — dedi to hamon og‘iz ochmagan xotin. — Uni olib ketolmaymiz. O‘zimiz ham ketolmay turibmiz. Iltimos.
Voqea oddiy edi. Shoir aytmoqchi:

“Bevafo ko‘p ekan dunyoda,
Muhabbat yo‘q ekan dunyoda…”

Ammo er-xotin menga Hazrati Xizrgami, boshqa biron hojatbarorgami yuzlashgandek, hurkak va iltijoli tikilishgan edi.
So‘nggi yillar ichida odamlar orasida tanilib, barcha “Sharof domla! Sharof domla!” deb arbobga aylanib qolganimdan buyon mendan birovlar yordam kutib, ba’zan murojaat qilishadi. Oldinlar sezmagan edim, dunyoda dardi-hasratini kimga aytib chora-najot topishini bilmay, gangib yurgan kishi ham oz emas ekan. Alamli joyi, ular mening o‘zim qanchalik himoyaga muhtoj ekanligimni aqllariga sig‘dirisholmaydi.
Ana, qattiq xastalanib, toliqqan vujudimda hayot va o‘lim jangi borayabti. Tezda kasalxonaga yotishim kerak, bu ish nima bilan tugaydi, yolg‘iz Xudoga ayon! Boya boqqa kelganimda gulxonaga kirib yig‘lab olganimning ham sababi shu edi.
Hozir parishonlangan edim:
— Men u qizni tanimasam, bilmasam.
— Sizni domlam degandi.
— Bizda o‘qiydimi?
— Uchinchi kurs, — dedi oriq-ozg‘in kishi.
— Ismi nima?
— Bayramjon.
Kimdir biz, domlalarni har qanday talaba (yoki toliba)ni darhol eslaydi, deb o‘ylasa, adashadi. Bilim dargohi bir daryo. Goho o‘qiyotgan bilan bitirganni ajratolmaysan. Ko‘pincha ismi-yu, afti-angori “alohida” keladi, yaxlit tasavvur qilish qiyin. Buning ustiga, olimlarga xos xayolparastlik va arboblarga xos uchragan kishini eslab qolishga imkon yo‘qligi!
Men er-xotinga taskin berish o‘rniga, Bayramjonni hech ko‘z oldimga keltira olmayotganimdanmi, o‘z ahvolim og‘irligini unuta olmayogandanmi, negadir asabiylasha boshlagan edim. O‘zimcha o‘ylayotgan edim: “Bir yigit bilan bir qiz (to‘g‘rirog‘i, bir yigit va ikki qiz)ning maxfiy munosabatiga qanday aralashasan?! Ular buni istaydimi?! Bunga sening haqqing bormi?!”
— Men u qizni baribir eslolmadim. Surishtirish kerak, — dedim er-xotinga. Keyin, bexos jahlim chiqa boshladi. — Bu qanaqa gap?! O‘zini tutolmasa! Har narsaga sapchiyversa… Hayot bu!
Er-xotin ortiq indamay o‘rinlaridan turib, egilib-enkayishdi.
Yana orqaga tisarilishdi.
Ketishdi.

* * *

Men achchiq-alam ustida yurgan Bayramjongayu uning ota-onasiga qaysi yo‘sinda bo‘lmasin, mehribonlik ko‘rsatishni istar edim. Ayniqsa, bo‘ynimga vazifa yuklangan, birovning xiyonati bu oila uchun jabrga aylangan edi.
Lekin o‘sha kunlar, ertasigami yoki indini, kasalxonaga yotdim.
Sog‘lig‘im oz-moz o‘nglangach, universitetdan voz kechishimga to‘g‘ri keldi. Keksalar aytmoqchi, qolgan umrimizni rohat-farog‘atda o‘tkazaylik, deb uyda yotib imkon darajasida ilm bilan shug‘ullanishga kirishib ketdim. Olim va arbob sifatida martabam menga yetarli edi.
Shu taxlitda oradan besh-olti yil o‘tdi.
Xudo kechirsin, Bayramjon haqidagi gapni butkul unutib yuborgan edim.
Dunyoning ishlari qiziq. Qaysidir bayram arafasi edi, ko‘chada yasan-tusan qilgan qizlarga ko‘zim tushdi. Yonimda borayotgan bir do‘stim ham zavqlanib qarab, bayramjon-da, dedi. Shu asno shahar etagidagi bog‘, ahvolim og‘ir paytda menga uchragan er-xotin lop etib yodimga tushdi. Bunisi mayli. Darsxonada barchadan orqada sal qisinib o‘tiradigan, jo‘n bir savolga javob berganda ham duv qizaradigan qiz beixtiyor ko‘z oldimga keldi-qo‘ydi. O‘sha qizning taqdiri keyin nima bo‘ldi ekan, deb o‘ylab xayolim qochgandan-qochdi.
Shu kundan bu savol menga “yopishib olib”, halovatim yo‘qoldi. Nazarimda, ta’sirchan Bayramjon toqatsizlik qilib, fojea ro‘y bergan edi. Vaqtida chora-tadbir ko‘rib unga yordam bera olmaganimdan iztirob chekayotgan edim… Ammo o‘zimni aybdor sezish barobarida, oqlanishga ham urinmoqda edim. Xo‘p, sen qo‘lidan bir ish keladigan holda emasding! Qolaversa, dunyodagi barcha bedodliklarni bartaraf etish sening vazifangmi?! Buning ustiga, parda ortida bo‘lgan munosabat (muhabbat savdosi) har kim “burnini tiqavermasligi”ni talab qiladi. Senga “vazifa yuklash”ning o‘zi bema’nilik edi. Bunga jiddiy qarab bo‘lmaydi! Yana, dahshatli bir haqiqat. Kimningdir nasibasi o‘ziga suiqasd qilish bo‘lsa, u bir kuni baribir shunga yetib boradi, deyishadi. (Men fatalist emasman, lekin doim mening aqlim Buyuk Iroda oldida ojiz keladi. Ruhshunos olimlar ta’kidlashicha, hatto halokatga uchraydigan tayyora-samolyotga ham odatdagiga ko‘ra kamroq odam minar va ular asosan, bunga mahkum etilgan kishilar bo‘lib chiqar ekan!) Shu bilan birga, xalqda niyatni yaxshi qil, hamma narsa niyatga bog‘liq, degan tushuncha bor. (Zamonaviy tilda aytganda, ko‘pincha inson o‘z hayotini o‘zi “rejalashtiradi”.) Insonga har holda qismatni o‘zgartirish imkoni ham berilgan. Inson chiroq yoqishga qodir bo‘lsa, ro‘parasidagi qorong‘i yo‘l shubhasiz, yorishadi.
Qisqasi, o‘tgan voqeani eslash bahonasida ming xil xayolga bordim. Necha yil davomida bot-bot, ayb menda emasmi yoki men aybdormanmi, deb bezovtalanganim sababli o‘z hayotimga qayta-qayta nazar tashlashga majbur bo‘ldim. Aytish mumkin, Bayramjonning taqdiri haqidagi savol o‘rnini bora-bora, men o‘zim kimman, qanday odamman, qabilidagi savollar egallay boshladi… “Odam o‘zi-o‘zini boshqalardan ko‘proq bilishi”, bunga zid holatda “senga to‘g‘ri bahoni atrofdagilar berishi” — bular bari havoyi gap! Odam o‘zi-o‘zini bilsa, ming yillar bunchalik tuban va zabun yashamas edi! Atrofdagilar to‘g‘ri bahoni bersa, dunyo ham boridan batamom o‘zgarib ketar edi! Maqsadga ko‘chsak, — “ey o‘zingni holatingni bilmagan, Asrorqul!” degan eski ashula — men oldindan, har qachon kim, qanday ekanligim bobida fikr yuritib kelganman. Ammo endi ilk daf’a yuzlashgandek, chuqur o‘ylashga tushgan edim.
Atrofimdagi kishilar aksari meni “yaxshi odam”, pilikni ko‘targilari kelganda “ulug‘ odam” deyishadi. “Yomon odam”, yerga urishni istaganda oppa-ochiq “xudbin”, “ahmoq” deydiganlar ham yo‘q emas. Umuman, maqtov kerak bo‘lsa — maqtov, tanqid kerak bo‘lsa — tanqid uchun so‘z ham, uni amalga oshiradigan kishi ham topiladi. Mening o‘zim-chi? Ba’zan ko‘zguga qaragandek namoyishda faqat umrimdagi xatolar, gunohlarni ko‘raman (ana, nodonlik qilib birovlarga ozor berganim yoki aniq misol, yosh paytim mashinada bir bolani urib ketib, majruh qilib qo‘yganim xayolimda jonlanadi). Yuragimni g‘ashmi, qo‘rquvmi qamraydi. Ba’zan aksincha, faqat umrimdagi ko‘rkam tomonlarni ko‘raman (ana, malomatli yillarda tuhmatga qolgan qancha odamni himoya qilganim yoki aniq misol, ikki yetim bolani farzandlarim safida tarbiyalab voyaga yetkazganim xayolimda jonlanadi). Suyunaman. Xudoga shukrona keltiraman… Odamning butun hayoti aslida, soat kaftgiriga o‘xshab, yovuzlik va ezgulik orasidagi tebranishdan iboratmi?! Ikki yelkada ikki farishta yozib borgani kabi har bir odam hayotida bo‘lgan yovuzlik va ezgulikni o‘lchaydigan tosh-tarozu bormi?! Komil inson degani shu soat kaftgiri bilan tosh-tarozini tasavvur qilib, eng avval har kim o‘z ustidan o‘zi g‘olib kelishi emasmi?! Hayotda uchragan to‘siqlarni, balo-qazoni yengish emasmi?!
Shunday xayollar og‘ushida tunlar uyqum o‘chib, azoblanib yurgan edim.
O‘tgan ko‘klam kunlari bir to‘p olimlar davrasida safarga chiqdim.
Yaqin-uzoq turli tumanlarda katta-kichik qiroatxonalarda uchrashuvlar o‘tkazdik. Hayot kuzatuvlarim, ko‘ngildagi “dard”larimni o‘rtoqlashib, ko‘pdan buyon buyurmagan holat — vujudimda qushdek yengillik sezdim.
Nihoyat, uyga qaytish taraddudiga tushdik. Kimdir:
— Yaxshi bir maktab bor. Ko‘rmaysizlarmi?! — dedi.
Maktab obod, yangi uskunalar bilan bezalgan ekan. Muhimi, o‘quvchilar tashlandiq yerni boqqa aylantirib, muzey tashkil etishgan ekan. Biz iloj-noiloj rozi bo‘ldik.
Maktabga borsak, qorovuldan bo‘lak hech zog‘ yo‘q. O‘zimiz binoni, bog‘ni tomosha qildik.
Shu payt uzun yo‘lkadan halloslab yugurib kelayotgan bir juvon ko‘rindi.
— Direktor! — deyishdi mezbonlar.
Juvon yosh bir qizchadek yugurmoqda edi. Yaqinlasha boshladi.
— Sharof domla!
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qarshimda Bayramjon duv qizarib turardi.
Men hayotimda bironta sobiq shogirdimni uchratganimda o‘zimni bunchalik baxtiyor sezmagan edim…