Bu kasalxona obro‘li.
Boshqa kasalxonalarda aksar to‘rt kishi, ba’zan besh yoki olti kishi palataga joylanadigan bo‘lsa, bu yerda xonalar asosan, ikki kishilik. Bir kishilik xonalar ham bor. Lekin ularda yotish uchun shunga munosib darajada bo‘lish yoki oz-moz harakat qilish kerak.
Ko‘p yil turli mansabalarda ishlab, charchab qolgan Abdulahad (Abdul Ahad) ota o‘z xizmatlarini pesh qilishni istamas, birov bilan haq talashishga ham uning toqati yo‘q edi. Ikki kishilik xonaga yotqizishganiga ko‘nib ketaverar, hatto ikki kishi bo‘lgani yaxshi, zerikmaysan, deb doim o‘zini ovutardi. Kasalxonaga esa yilida bir yoki ikki bor yotib chiqardi.
Bu gal ham u odatdagi tartibda joylashdi, ikkinchi o‘rin bo‘sh edi. Kech kuz payti, kasal kam ekanmi, surunkasiga uch kun hech kimni yotqizishmadi.
Abdulahad ota “sherik”siz kirib-chiqib yurishga o‘rgana boshlagan (Xudo kechirsin, insonning ojizligi-da, bundan bir oz mamnuniyat va g‘urur seza boshlagan) edi, to‘rtinchi kuni…
Kun ham emas, tun-allamahalda xona eshigi taraqlab ochilib, chiroq yoqilib, hakim va hamshiralar aravachada qandaydir bemorni olib kelishdi.
Nima bo‘layotganini bilgach, o‘zining uyqudan qolmasligi-yu, boshqalarga xalal bermaslik uchun Abdulahad ota yaxshiroq o‘ranib, devor tomon burilib yotdi. Nihoyat, g‘ovur-g‘uvur tindi. Chiroq o‘chdi. Sherik kelganidan og‘rinishi yoki suyunishi kerakligi hozir unga noma’lum edi.
Ertalab uyqudan turganida, yangi bemor hali uxlab yotardi. Bu kim, qanaqa odam ekan, degan savol, tabiiy, uning xayolidan kechdi.
Ammo bezovta qilmaslikni o‘ylab, shovqinsiz yuvinib-kiyindi. Keyin, bog‘-hovliga chiqib ketdi. Ochiq havoda bir soatdan ko‘proq aylanib, nonushta qilgani oshxonaga kirdi.
Kasalxonada har bir palata eshigiga kelgan bemorning birinchi kundanoq ismi-sharifi yozib qo‘yilardi.
Nonushta qilib bo‘lib, u xona eshigi oldiga kelganida “A.Soliyev” degan yozuv yonida “Sh.Mahramov” degan yangi yozuvni ko‘rdi.
Birdan g‘alati holatga tushdi.
“Nahotki, bu Shirin Mahramov bo‘lsa?..”
Shoshib ichkari kirdi.
Yangi bemor boshini choyshabga o‘rab, hamon yotar edi.
Tumbadan toza sochiqni olib, muolajadan o‘tgani chiqib ketdi. Yarim kun o‘zi muolaja bilan band, xayoli Mahramovda edi.
Ular ikkisi biri-biriga aloqador ikki idorani boshqarishardi. Mahramovning yaxshi xislatlari bor. U ishning ko‘zini bilar, to‘g‘ri ishlab, xizmatchilarni to‘g‘ri ishlata olardi. Qo‘li ostidagilarga har tomonlama yordam berardi. Ularni shaxsan so‘ksa, so‘kardi, birov kamsitib-toptashiga yo‘l bermasdi. Biroq uning yomon odati ham bor. Teng darajadagi kishilar davrasida o‘zini hammadan yuqori tutar, kimdir g‘ururlansa, g‘ashi kelar edi. Xunuk joyi, keyin ming xil yo‘l topib, o‘sha kishining asabini o‘ynatar, bundan allanechuk rohatlanardi ham. Masalan, Soliyevga avvaldan shunday o‘chakishib, idoralararo “xatbozlik”da Soliyevning ismini har gal birdek Abdulahad (Abdul Ahad) emas, Abdullahat (Abdul lahat) deb yozishga tushgan edi. Yuzma-yuz kelganda faqat bir marta shu haqda gap chiqdi. Mahramov go‘yo xatga imzo chekmaydigandek, qizlar xato qilgandir, deb qo‘ydi. Lekin ikkovlari ham ishdan ketgunlarigacha o‘shanday xat yozdirib yurdi.
Albatta, Abdulahad ota vaqtida ozor chekkaniga qaramay, Shirin Mahramov bilan (agar “sherik” u bo‘lsa!) bir xonada turishga norozilik bildirmoqchi emasdi. Eski gapni eslab, hozir ortiqcha bo‘g‘ilayotgan ham emasdi. U boshqa narsani o‘ylayotgan edi.
Eng avval, hol so‘raydi. Shundan so‘ng, birodar, xalqda “o‘tdi umrim, vo-darig‘” deyishadi, ikkimizga ham nari tomon ko‘rinib qoldi, bu dunyoning g‘alvasini u dunyoga olib bormagan durust, keling, men sizni kechirdim, siz ham o‘tganni unuting, boshqalar oldida besh-o‘n kun yaxshi sherik bo‘lib turaylik, mazmunida bosiq so‘zlashadi. Abdulahad ota har holda, shunday qilmoqchi edi.
Muolajani tugatib, qaytib palataga kelsa, yangi bemor yo‘q. Dori olib kirgan hamshiradan beixtiyor so‘radi:
— Bu bizning sherik qayoqda ekan?
— Og‘ir tortib qoldilar. Reanimatsiya! — dedi hamshira.
Abdulahad ota roppa-rost uch kun (endi “sherik”siz ekanligi ham tatimay) undan bir xabar olsammikan, deb o‘ylab, notinchlandi. Bir necha bora, bog‘-hovlini aylanayotib, “Reanimatsiya bo‘limi” tomon yo‘nalgan ham bo‘ldi. Ammo Mahramov badgumonlik qilib, ha, mening o‘lgan-o‘lmaganimni tekishirgani kirdingizmi, deb yuborsa-chi?! Bunaqa “nashtar”ni endi Abdulahad ota ko‘taradigan yoshda emas! O‘zini nochor-noiloj qolgandek sezib, azoblangandan-azoblandi.
Uch kundan keyin…
Yana tun-allamahalda Mahramovni aravachada olib kelishdi. “Reanimatsiya bo‘limi”dan palataga o‘tkazishgan edi.
Yana ertalab Abdulahad ota bemor bilan yuzlasholmadi. Yana u muolajani tugatib xonaga kelganida, Mahramov yo‘q edi. Bu gal choynak-piyola, degandek xonada Mahramovga tegishli biron narsa ham yo‘q edi.
Top-toza yangi o‘rin to‘shalgan edi.
Hamshira dori olib kirdi.
— Ey dunyo shu ekan! — dedi xo‘rsinib, yoshi yigirmaga borib-bormagan qiz allaqachon dunyoning tagiga yetgan ohangda.
Abdulahad ota gangib turib qoldi.
— Ismi nima edi?
— Mahramovnimi? Shavkatmi? Shuhratmi?
— Shirin emasmi?
— Esimda yo‘q. Xohlasangiz, hali hujjati yotibdi, ko‘rib berishim mumkin.
Abdulahad ota o‘ylanib qolib bosh chayqadi:
— Shart emas!