O‘lmas Umarbekov. Oyning oltin o‘rog‘i (hikoya)

«Samarqand — Toshkent» avtoekspressi Yangiyo‘ldan o‘tganda to‘xtab qoldi. Haydovchilardan biri ruldagi sherigi bilan allanarsalarni gaplashib, mashinadan tushdi. Yo‘lovchilarning ko‘pchiligi olis yo‘l elitib, avtobusning bemavrid to‘xtaganiga e’tibor ham berishmadi, ko‘zlarini yumganlaricha kreslo yostiqchasidan boshlarini ko‘tarishmadi. Faqat Sanobar Kamolovagina o‘rnida bir qo‘zg‘alib oldi-da, beixtiyor soatiga qaradi. Kechki o‘ndan qirq minut o‘tibdi. Avtobus grafik bo‘yicha o‘n birdan chorak soat o‘tganda Toshkent avtostantsiyasiga kirib borishi kerak edi. U pastga tushib, orqaga o‘tdi, dvigatelni ochib tekshirayotgan shofyorning oldiga bordi.
— Tinchlikmi, uka?
— Hozir bilamiz-da, opajon, — deb javob qildi yigit fonarni ichkariroq tutib. — Avtobus yangi. Biron kontakti bo‘shagan bo‘lsa kerak-da.
Sanobar Kamolova xotirjam tortib katta yo‘ldan chekkaroqqa chiqdi-da, beixtiyor tepaga qaradi. Kuzgi osmonda son-sanoqsiz yulduzlar charaqlab yotar, ular orasida cho‘gari tilimidek oltinrang uch kunlik oy ohista suzar edi. Sanobar Kamolova yangi oyning o‘ng tomoni bilan suzib borayotganini ko‘rib, suyunib qo‘ydi. Pushkinning qaysidir asarida, yangi oyni o‘ng tomondan ko‘rgan odam baxtli bo‘ladi yo uning hayotida quvonchli bir voqea yuz beradi, degan gap bor. Aytishlaricha, o‘zi ham shu ta’birga ishongan ekan. Sanobar Kamolova beixtiyor yana bir marta oyga qaradi. Nazarida, Pushkinning ta’biri to‘g‘riday edi. Uning ham uyidan ko‘ngli tinch. Eri qo‘shni mamlakatdagi olis komandirovkasidan omon-eson qaytdi. O‘zining safari ham yaxshi qariyapti. Samarqand meditsina institutining studentlari, o‘qituvchilar kollektivi uning ma’ruzasini juda yaxshi qabul qilishdi. Rentgen va EHM imkoniyatlari… Bu mavzu Sanobar Kamolovaning ilmiy ishi bo‘lib, besh yil burun himoya qilgan doktorlik dissertatsiyasining davomi edi. AQSh, GFR, Moskva, Leningrad va Toshkent medik olimlari mustaqil ravishda shu yo‘lda olib borayotgan ishlar amalga oshsa, deyarli hamma miya kasalliklarini davolash imkoniyati ochilishi mumkin edi.
Ma’ruzadan so‘ng, ancha vaqt savol-javob bo‘ldi. Shu bilan kechagi kun nihoyasiga yetdi. Bugun esa ertalabdan boshlab, ToshMIda birga o‘qigan kursdosh o‘rtoqlari ixtiyorida bo‘ldi. Bozorga tushishdi, Registonga borishdi. Bir necha marta ko‘rgan bo‘lsa ham, yana Ulug‘bek rasadxonasiga kirib chiqdi.
Qandaydir orombaxsh ko‘ngil to‘kliq bilan ekspressga o‘tirdi. To‘rt soat nima degan gap, tag‘in, ish kuni bo‘lmasa? Buning ustiga, Sanobar Kamolova mashinada yo‘l yurishni yaxshi ko‘rardi. Eri bilan dam olish kunlari ko‘pincha shahardan chiqib ketar, «Volga» mashinalarining orqa o‘rindig‘iga o‘tirib, lip-lip o‘tayotgan baland-past imoratlar, mevazor, ekinzorlarga qarab yosh boladek suyunar, hatto yangi haydalgan yerdan ham allaqanday zavq olar edi. Yer isi unga murakkab, ammo mazmunli hayotni eslatardi. Ular, er-xotin shunchaki — hech qanday ish, maqsadsiz ba’zan kun bo‘yi mashinada yurishardi. Lekin medik bo‘lgani uchun ularning o‘sha kungi olgan damlari butun kelasi hafta uchun beqiyos kuvvat ekanini yaxshi bilardi u.
Shuning uchun ham uyga oz qolganda avtobusning to‘xtab qolgani uning kayfiyatini buzmadi. Yana osmonga qaradi. Yangi oyning tagida dumli yulduz paydo bo‘libdi. Hozirgina U yo‘q edi. Yo bormidi? U yulduzga tikilib qoldi.
Mashinadan yana bir ayol tushdi. U ham xuddi Sanobar Kamolovadek avval mashinaning orqasiga — yigitlarning oldiga bordi. U yoqda endi ikkala shofyor timirskilanishardi.
— Yaqin-orada ketamizmi? — dedi ayol bo‘g‘ilib.
— Kim biladi, deysiz, opajon? — boyagi shofyor tag‘in javob berdi. — Tili bo‘lsaki, aytsa, manavi yerim… deb. Xavotir olmang, uzog‘i bilan bir soatda yo‘lga tushamiz. Bu mashinaning karbyuratori nozikroq. Zapas berib qo‘yinglar, desak, berishmaydi.
Ayol Sanobar Kamolova tomon yurdi. Fonar yorug‘ida uning hali yoshligi — qirq-qirq beshlar atrofidaligi qomatidan ham, yuzidan ham bilinib turardi. Sanobar Kamolova uning egnidagi belbog‘lik paltosiga e’tibor berdi. Quyuq qora qunduzli uzun duxoba palto unga juda yarashib turardi.
— Kechirasiz, Toshkentga yaqin qoldikmi? — deya so‘radi u Sanobar Kamolovaga yaqinlashib.
— Olis emas, yigirma-yigirma besh kilometrcha qoldi shekilli. — Keyin soatiga qarab qo‘shib qo‘ydi: — Agar hozir tuzatishsa, o‘n ikkilarda yetamiz.
Ayol indamadi.
Avtobusdan yana besh-olti kishi tushdi.
— Keldikmi deyman? — deb so‘radi bir kishi.
— Yo‘q, hali bor, — dedi ikkinchisi. — Ancha mizg‘ib oldilar chamamda, turtsam ham sezmadingiz?
— Ho‘v shofyor og‘aynilar! Tinchlikmi yo shu yerda tunaymizmi?
Yana qandaydir savol-javoblar, hazil-mutoyiba gaplar boshlanib ketdi. Kimdir qaysi bir yili qahraton qishda yo‘lda yolg‘iz qolib ketib, bo‘rilarga yem bo‘lishiga oz qolgani haqida, kimdir olis yo‘llarda navbatchi avariya mashinalari yo‘qligi bemazagarchilik ekani haqida gapirardi.
Ayol ulardan chetrokda edi, aftidan gaplarni eshitmas, o‘z xayoli, o‘ylari og‘ushida edi. Keyin chuqur bir esnab, qo‘llarini cho‘ntaklariga soldi-da, Sanobar Kamolovaga razm solib, u tikilib turgan tomonga qaradi.
— Nimani kuzatayapsiz? Yangi oynimi? — Uning ovozi bo‘g‘iq bo‘lsa ham ancha shirali, kishini darhol o‘ziga tortadigan edi.
— Oyni ham, — deb javob qildi Sanobar Kamolova. — Ko‘proq uning yonidagi yulduzni. Qarang, dumi yerga tegay deb turibdi.
— Rostdan ham! — Ayol hayratga tushdi. — Dumli yulduzlarni eshitgan edim-ku, lekin bunaqasini ko‘rmagan ekanman. Oti nima bu yulduzni, bilasizmi?
— Bilmadim, — dedi Sanobar Kamolova. — Aftidan, bu yulduz emas.
— Voy! Anavi… uchar tarelkami yo?
Sanobar Kamolova kuldi.
— Uchar tarelka biz tomonlarda nima qilsin? Bular hammasi yo‘q gaplar. Nazarimda, bu yo yerning sun’iy yo‘ldoshi, yo kosmik kema…
— Jonibekovlar uchib yurgan kema, deng? Muncha kichkina?
— Kichkina emas, shunday tuyulyapti-da olisdan. Avtobusimizdan qolishmas.
Ayol ham Sanobar Kamolova ham beixtiyor avtobusga qarashdi. Keyin yana osmonga tikilishdi. Dumli yulduz harakatga tushib, Oyning ustidan uchib o‘tdi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
— Qanday kunlar keldi-ya?!.. — dedi hayrat ichida ayol.
Sanobar Kamolova uni quvvatladi:
— Nimasini aytasiz! Agar kosmik kema bo‘lsa, balki kosmonavtlar bizni ko‘rishgandir? Sizni ham, meni ham…
Lekin ayol birdan o‘zgarib:
— E, mening kimga keragim bor, o‘zi odamlardan qochib yuribman-ku, — dediyu avtobus oldiga o‘tib ketdi.
Avtobus bir soat deganda ham tuzalmadi. Ba’zilar ikkita-uchta bo‘lib, yo‘lovchi mashinalarda keta boshlashdi, ba’zilar avtobus ichiga kirib, uxlashga tushdilar.
Sanobar Kamolova zerikdi. U uxlayolmasligini bilardi. Shuning uchun bironta mashina to‘xtasa, ketaqolishni mo‘ljallab, avtobusdan sumkasini, dugonalari qo‘yarda-qo‘ymay berib yuborgan Samarqand noni, sho‘rdanak solingan paketni olib tushib, mashina oldiga o‘tdi.
Notanish ayol avtobusga suyanib yig‘lardi. Sanobar Kamolova nima qilishini bilmay, turgan joyida to‘xtab qoldi. Ko‘ngil so‘rab borsa, jerkib bersa-chi? Ayollarning nimasi ko‘p, siri ko‘p. Ba’zan o‘zlari yolg‘iz bo‘lgilari keladi. Shunday bo‘lsa ham Sanobar Kamolova bu kelishgan, anchagina yoqimli, ammo ba’zi harakatlari bolalarnikidek sodda ayolga dalda bermoqchi bo‘ldi.
— Kechirasiz, — dedi yaqinroq borib, — men ham yo‘lovchi mashina tutib ketmoqchiman. Avtobusning qachon tuzalishi hali gumon. Istasangiz birga ketaylik.
Ayol yuz-ko‘zlarini artib, jilmaydi.
— Shoshadigan joyim yo‘q. Mayli. Ketamiz, desangiz, ketamiz. Sumkamni olvolay.
U erinibgina orqasiga qaytdi va tezda havorang qo‘l sumkasi bilan Sanobar Kamolovaning yonida paydo bo‘ldi.
— Siz qayerda turasiz?
— Bogdan Xmelnitskiy ko‘chasida. Shunday «Shodlik» atelesining orqasida.
— Bo‘ldi, yaqin ekan. Men S-12da turaman.
— Sizning uyingiz ham olis emas ekan, — dedi Sanobar Kamolova. — Men oldin sizni tashlab ketishim mumkin.
Ikkita yengil mashina ko‘zlarni qamashtirib, vizillaganicha o‘tib ketdi. Uchinchi mashinaning chiroqlari ko‘ringanda, ikkala ayol baravar qo‘l ko‘tarishdi.
Qizil «Jiguli» ro‘paralariga kelib to‘xtadi. Sanobar Kamolova rulda o‘tirgan yigitga adresini tushuntirdi.
— O‘tiringlar, — dedi yigit. — Bironta militsioner to‘xtatsa, qarindoshimiz deysizlar-da. Otim Islom.
Ayollar «xo‘p» deb mashinaga chiqishdi. Shofyor yigit magnitofon tugmachasini bosib qo‘ydi. Mashina ichini mayin dutor ohangi bosib ketdi. Musiqaga berilib, shaharga kirib kelishganini bilmay qolishdi. Shota Rustaveli ko‘chasiga yetganda, Islom:
— Avval Bogdan Xmelnitskiyda to‘xtasak, nima deysizlar? S-12dan qaytish qiyin. O‘zim o‘sha tomonda turaman.
Sanobar Kamolova ayolga qaradi.
— Mayli, — dedi ayol, keyin Sanobar Kamolovaning o‘zigagina eshitarli qilib qo‘shib qo‘ydi. — Siznikida qolaqolsam, maylimi?
Sanobar Kamolova avval hayron bo‘ldi. Lekin tuppa-tuzuk ayolning ra’yini qaytarmaslik uchun:
— Ixtiyoringiz, — dedi. — Xavotir olishmaydimi, ishqilib?
— Xavotir oladigan o‘zim-da..
Ayol shunday deb kinoya bilan jilmaydi va xo‘rsinib qo‘ydi.
Uyga yetib kelishganda, ko‘cha chirog‘idan boshqa barcha uylarda chiroq o‘chiq, hamma uyquda edi.
Sanobar Kamolova eshikni ochib, ayolni ichkariga taklif qildi. Ayvonga o‘tib, chiroqlarni yoqdi. Erining harbiy kiteli osib qo‘yilgan stulni chetroqqa surib:
— Bemalol yechinib o‘tiring, — dedi-da, o‘zi ichkari xonaga kerib ketdi.
Yotoqxonaga o‘tib erining peshonasidan o‘pdi.
— Zabixilla aka! Men keldim. Xavotir olmadingizmi?
Zabixilla aka yotgan joyida uyqu aralash xotiniga Ko‘llarini cho‘zdi.
— Qozonda ovqat bor… Muncha kech?
— Avtobus yo‘lda buzilib qoldi. Men bir o‘zimmasman. Bugun endi yolg‘iz yotasiz. Bir ayol bor. Biznikida yotib qoladi. Kabinetingizga joy solamiz. Maylimi?
Zabixilla aka hafsalasi pir bo‘lib, teskari o‘girilar ekan, mayli, deb boshini qimirlatdi va yana uyquga ketdi.
Sanobar Kamolova ro‘paradagi yo‘lak orqali qo‘shni xonaga kirib, ikkala o‘g‘liga qaradi, ustilaridagi choyshabni yaxshilab yopdi, yana yotoqxonaga qaytib kirdi. Javondan ikkita tungi xalat olib, ayvonga chiqdi.
— Pochchangizning kabinetlarida yotamiz ikkalamiz. Hozir choy qaynataman. Bir oshamdan osh yeymiz.
Sanobar Kamolova ko‘zlarini bir nuqtaga qadab, xomush o‘tirgan ayolga murojaat etdi.
— Nega yechinmayapsiz? Paltongizni anavi qoziqqa iling. Judayam chiroyli ekan. O‘zingizga biram yarashibdiki… Ayvonimiz issiq, keyin hech kim kirmaydi, pochchangiz ham;
ikkala o‘g‘lim bo‘lsa dong qotib uxlab yotishibdi. Ko‘ylagingizni yechib, manavi xalatni kiyib oling. Mendan uyalmassiz?
Ayol jilmaydi.
— Yo‘q…
— Bo‘ling bo‘lmasa!
Sanobar Kamolova jo‘rttaga sho‘xlik bilan qo‘lidagi pushtirang xalatni ayolga otdi. O‘zi ham shu yerda apil-tapil yechinib, yaxshi ko‘rgan zangori xalatini kiyib oldi.
— Ana! Opa-singil bo‘ldik-qo‘ydik. Men Sanobarman.
U shunday deb, ayolga qo‘lini uzatdi. Ayol ham qo‘lini cho‘zdi. Uning barmoqlarida qo‘sha-qo‘sha javohir uzuklar bor edi.
— Irodaman.
— Xush kelibsiz, Irodaxon.
Sanobar Kamolova, olis yo‘lga bunday qimmatbaho narsalarni taqib nima qilardingiz, tag‘in bir o‘zingiz yo‘lga chiqqan ekansiz, deb so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, yana iymandi. To‘g‘rirog‘i, havasi kelibdi, deb o‘ylamasin, dedi.
— Sizni bilmayman-u, Irodaxon, mening qornim ochqab ketdi. Buning ustiga, pochchangiz o‘zlari osh qilsalar yemagan odamdan xafa bo‘ladilar. Yuring. Men oshni isitaman. Siz choy damlaysiz.
Ikkovlari ayvonning biqiniga tushgan qulaygina oshxonaga o‘tishdi. Ayolning anchagina ruhi ko‘tarildi shekilli, xuddi o‘z uyidek yumushga berilib ketdi. Uning uy ishlariga epchil, ozoda, mehnatkash ayol ekanini Sanobar Kamolova darhol sezdi. Nima tashvish tushgan ekan bechoraning boshiga? Ammo shu zahoti o‘ng qo‘lidagi uzuklarni, quloqlaridagi har bir toshining o‘zi hatto bir boylik bo‘lmish, nihoyatda nozik ishlangan javohir isirg‘alarni ko‘rib, uning o‘zi birovlarni bechora qilib qo‘ymaganmikan, degan xayol Sanobar Kamolovaning miyasiga urildi, kimni olib keldim uyimga, deb bir oz o‘zini koyigan ham bo‘ldi. Lekin iloj qancha, bo‘lar ish bo‘ldi. Shu fikr bilan u o‘zini chalg‘itdi-da, ayvondagi stolga dasturxon yozdi.
Osh shirin ekan, isitilgan bo‘lsa ham yaxshigina yeyishdi. Choydan so‘ng kabinetga o‘tishdi.
Sanobar Kamolova qo‘yarda-qo‘ymay mehmonni divanga yotqizdi. O‘ziga yig‘ma karavot olib kirib joy soldi.
— Siz divanda yotsangiz bo‘lardi, — dedi Iroda. — Baribir men uxlayolmayman. Sizni bezovta qilaman ag‘darilaverib, eshikka chiqaverib…
Sanobar Kamolova ko‘nmadi.
— Hechqisi yo‘q. Men ham kam uxlayman. Ammo, Iroda… meni kechiring-u, nima sizni qiynayapti? Men yordam berishim mumkinmi? E’tiboringiz uchun: men — vrachman.
— Rahmat. Menga vrach kerak emas. Menga hozir hech narsa kerak emas. Bir haftada hayoti ag‘dar-to‘ntar bo‘lgan odamman men. Baxtsiz, yuzi qaro…
Iroda jimib qoldi. Sanobar Kamolova uning yuragi to‘lib, piq-piq yig‘layotganini eshitdi.
— Suv olib beraymi? — dedi boshini ko‘tarib.
— Yo‘q, rahmat, — dedi Iroda yig‘i aralash. — Menga shunchalik iltifot ko‘rsatdingiz, uyingizda olib qoldingiz, rahmat. Men… men, kiritmassiz, deb o‘ylagan edim.
— Nega kiritmas ekanman? — deya hayron bo‘ldi Sanobar Kamolova. — Odam odamga do‘st bo‘lishi kerak, mehr-oqibatli bo‘lishi kerak.
Iroda o‘zini tutolmay yig‘i aralash yo‘taldi.
— Yo‘q. Mening kimligimni… menga nima bo‘lganini bilganingizda edi!.. — Iroda hiqillab ancha yig‘ladi.
Sanobar Kamolova hozir uni ovutish foydasiz, deb o‘ylab, bir oz jim turdi. Keyin choy quyib uzatdi.
— Manavini ichib yuboring.
Iroda piyolani oldi, oxirigacha ichdi. Og‘ir bir tin olib, Sanobar Kamolovaga o‘girildi.
— Bilasizmi, Sanobar opa… men… men to‘rt bolaning onasiman. Katta o‘g‘lim Baxtiyor yigirmada, keyingisi Eldor, o‘n sakkizda. Qizim Saida to‘rtinchi sinfda, Xolyor ikkinchi sinfga o‘tdi yaqinda. O‘zim qirq beshga kirdim. Asli Jomboyda tug‘ilganman. Otam men tug‘ilgan yili urushga ketib, halok bo‘lganlar. Urush, urushdan keyingi yillarni bilasiz, ancha qiyinchilik ko‘rib o‘sganman. Lekin meni o‘qitishdi. Maktabni bitirgach, Samarqand meditsina institutiga kirdim. Ko‘ryapsiz, hamkasbmiz. Lekin kasbim foydasiz qolib ketdi. A’lo bitirdim institutni. Orzum Toshkentga kelib aspiranturaga kirish edi. O‘qituvchilarim bolalardagi tutqanoq kasaliga oid diplom ishimni maqtab, shu mavzuda ilmiy ish qilsangiz arziydi, deyishdi. Toshkentga kelib aspiranturaga kirdim ham. Afsuski (albatta, endi afsus deyman), onam, tog‘alarim meni uzatish dardiga tushib yurishgan ekan. Yigitni aytishdi. U ham samarqandlik bo‘lib, ustozi ortidan Toshkentga ko‘chib kelgan, yaxshi ishda ekan. Obro‘yi ham binoyi, topishi ham. Yo‘q deyishimga qaramay, bizni Toshkentda bir tanishimiznikida uchrashtirishdi. Rostini aytsam, yigit menga yokdi. Baland bo‘yli, qoraqosh, qorako‘z, quyuq sochlari bir oz jingalak bo‘lib ketgan, ochiq havoda ko‘p yurganidanmi yo o‘zi shunaqami — rangi qizilmag‘iz nondek… Qandaydir bir qurilish boshqarmasida injener bo‘lib ishlar ekan. Birpas choy-poy ichib, gaplashib o‘tirgandek bo‘ldik. Tili burro. Bilmagan narsasi yo‘q. Ustiga ustak, mediklarni hurmat qilar ekan. Oshnalari ko‘p ekan mediklardan. Gap orasida, har bir yangi tushayotgan massivda alohida poliklinikasi, medpunkti bo‘lishini talab qilyapmiz, dedi. Xullas, menga u yokdi. Men ham yokdim, shekilli, bir hafta o‘tar-o‘tmas, to‘yimiz bo‘ldi. Ikki joyda — oldin Samarqandda, keyin Toshkentda. Samarqanddagisini nomiga o‘tkazdik. Ammo Toshkentdagi to‘y… men bunaqa dabdabali to‘ylarni kam ko‘rganman. «Toshkent» restorani sotib olindi. Stollarda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Artistlar-chi? Butun Samarqand, Qarshidan eng dovruqli sozandalar, ashulachilar kelishgan. Toshkentdagilarni aytmaysizmi? Adashmasam, Faxriddin Umarov ham bor edi. O‘shanda uning eng gurillagan payti edi.
Kuyovning ustozlari Sotimxon aka shunaqangi gapga chechan odam ekanlarki, bir qarasangiz, dunyo voqealaridan tushib hammani o‘ylatib qo‘yadilar, bir qarasangiz, kutilmagan hazil gaplarni topib hammani kuldiradilar. Men ham o‘zimni zo‘rg‘a tutib o‘tirdim.
Yarim kechada bizni mashinaga solib, olib ketishdi. Qorong‘ida qayerga kelganimizni bilmayman, har holda uzoq yurmadik. Mashinadan tushganimda Sotimxon aka Norboy aka bilan mening oldimga keldilar. Qolganlar orqaroqda turishdi.
— Norboy, uka! Mana, oila ham qurding. Go‘zal bir pari hayot yo‘ldoshing bo‘ldi. Irodaxon! Kuyov bola men uchun o‘g‘ildan ham aziz. Bir jon, bir tan bo‘lib yashanglar. Keksalar, oilaning boshi er bo‘lsa, tanasi xotin, deb bekorga aytishmagan. Qo‘shaqaringlar. Manavi kalit, kelin, sizga. Uz qo‘lingiz bilan o‘z uyingizni oching. Uchinchi qavat, 14-xona. Shu jez kalit keyinchalik oltin bo‘lib ketsin.
Sotimxon aka kalitni menga berib, peshonamdan o‘pdilar. Norboy akani quchoqladilar. Qo‘ltiqlashib yo‘lakka kirib ketmagunimizcha hamma ortimizdan qarab turdi.
Uy, Sanobar opa, men sizga aytsam, ertakdagidek edi. Albatta men uchun. To‘ylar ham, uy ham. Uch xona, poli parket. Ikkita lodjia. Hamma xonalarda bir xil kizil mebel. Boshim aylanib ketdi. Norboy aka meni quchoqlab ko‘tardi-da, ikki kishilik karavot chetiga o‘tqizdi.
— Charchadingizmi? — deb so‘radi u o‘ta muloyimlik bilan. — Bir bokaldan shampan ichaylik, hammasi o‘tib ketadi. Uyning kamchiliklari bo‘lsa, kechirasiz. Tanlagunimizcha vaqt o‘tib ketdi. Sotimxon akamlarga rahmat, shu uyni keyin o‘zlari olib berdilar.
— U kishi kim? — dedim yosh bolalar onasidan sehrgar kim deb so‘ragandek.
— Sotimxon akami? Soddaroq tushuntirsam, yigirmanchi asr kishisi. Hamma narsani biladi, hamma narsaga qo‘li yetadi. Yo‘limizda shu odamning uchrab qolgani bizning baxtimiz.
Uch kundan keyin Yaltaga ketdik. «O‘zbekiston» sanatoriyasida dam oldik. Biz tushmagan bironta teploxod qolmadi, eng yaxshi restoranlarning hammasiga kirib chiqdik. Aspirantura xayoldan ko‘tarildi.
— Yaxshi vrach bo‘laman degan odam, aspiranturasiz ham bo‘laveradi, — dedi meni ovutib Norboy aka. — Qiyos qiling, men sizning bemoringizman. Qarang, boqing… Bor tajribalaringizni menda o‘tkazing. Aspirantura qochib ketmaydi. Hozir o‘ynab oling.
Rostini aytganda, Norboy aka taklif qilgan hayotda aspirantura men uchun ortiqcha edi. Tushgacha bozor, magazin… Nima istasam olaman. Tushdan keyin kechqurunga tayyorgarlik… Keyin televizor, kino, teatr… Xullas, o‘rtoqlarimning ko‘pi menga havas qilishardi. Ba’zan o‘zim ham o‘zimga havas qilib qo‘yardim. Shu alpozda kunlar o‘taverdi. Yaltadan qaytib kelganimizdan keyin ko‘p o‘tmay, Norboy aka ko‘tarildi. Boshqarmaning bosh injeneri bo‘ldi. Yana bir oz vaqtdan so‘ng, yangi bir boshqarmaga boshliq bo‘lib o‘tdi. U nihoyatda xursand edi. Kunduz kuni shu xabarni aytgani keldi-da, kechqurun Sotimxon akam keladilar, tay-yorgarlik ko‘rib qo‘ying, dedi.
U ketishi bilan uyga yashik-yashik meva-cheva, so‘yilgan qo‘y ko‘tarib kelishdi. Ikki kishi kabob, mantiga unnab ketdi. «Irodaxon! Oshni o‘zingiz qilarmishsiz!», dedi ulardan biri.
Qorong‘i tushganda kelgan Norboy aka oshpazlarning ishlaridan mamnun bo‘lib:
— Bo‘ldi, bu yog‘ini o‘zimiz qilamiz, — dedi-da, ularga javob berib yubordi. Menga esa:
— Sotimxon aka katta o‘tirishlarni yoqtirmaydilar. Notanish odamlarni ham. Qo‘raga six terishni o‘zim qotirib yuboraman. Manti vaqtidan o‘tib ketmasa bo‘lgani. Qarab turing, — deya ta’kidladi.
Keyin ikkalamiz dasturxon tuzay boshladik.
— Oz-ozgina keragidan qo‘ysak bo‘ldi. To‘la dasturxon ishtahani bo‘g‘adi.
Norboy aka shunday deb turgan edi, qo‘ng‘iroq jiringladi.
— Keldilar! — dedi suyunib Norboy aka. — O‘zingiz oching. Xursand bo‘ladilar.
Darhol fartugimni yechib, eshikni ochdim. Sotimxon aka bir o‘zlari edilar.
— Barakalla! Mana, haqiqiy uy bekasi bo‘libsiz-qo‘yibsiz. Salom!
U shunday deb, ikkala qo‘li bilan piyoz yuqi qo‘limni labiga olib borib o‘pdi.
— Ayol uchun eng aziz va mo‘tabar kasb — uy kasbi. Er uyga ming xil kayfiyatda keladi. Bir kayfiyatda ikki og‘iz shirin gap, tabassum yetarli. Bir kayfiyatda bir osham oltindek palov boshni ko‘kka yetkazadi. Xullas, erni er qiladigan ham xotin, kechirasiz, bu sizga mutlaqo taalluqli emas, yer qiladigan ham xotin. Bir ko‘ray, deb keldim. Bu, bizning kuyov bola, Norboy Norbo‘tayevichdan shikoyat yo‘qmi?
— Yo‘q, rahmat. Qani, ichkariga kiring, Sotimxon aka!.. — dedim-u, uyalganimdan o‘zimni oshxonaga urdim.
Oshxonada boyagi hayajondan o‘zimni bosolmay, yuz-ko‘zimga muzdek suv sepdim, u-buga unnadim, xullas, bir amallab, sal o‘zimga keldim. «Norboy Norbo‘tayevich!..» Endi uni shunday deyishar ekan-da?! Chindan ham katta ishga o‘xshaydi, Sotimxon akaning o‘zi uni shunday deyapti. Sevinganimdan bu odamga qo‘limdan kelgan yaxshilikni qilishga, Norboy akani esa, u bilan uchrashganimdan, yarim och, yetim o‘tgan bolaligim evaziga shunday, baxtli hayotga yetishganimdan bo‘ynidan quchoqlab o‘pib-o‘pib olishga aad qilib qo‘ydim.
Qazi, qirilgan turp olib chiqib qo‘yayotganimda, Norboy aka shishalarni ochayotgan ekan. Sotimxon aka menga kulib bir qarab qo‘ydi-da, Norboy akadan so‘radi.
— Iy-ya! Norboy Norbo‘tayevich! Bizning suyganimiz qani? Yo‘q, u bo‘lmasa ko‘ngil joyiga tushmaydi.
Norboy aka qip-qizarib ketdi. Men nima hakda gap ketayotganini tushunmadim.
— Buni qarang, shu esdan chiqibdi-ku. Kechirasiz, hechqisi yo‘q, besh minutda hozir bo‘ladi. Aybga buyurmaysiz, o‘zingizni yolg‘iz qoldiraman-da?
— Topmasangiz bo‘lmaydi. Bugungi kayfiyatimiz o‘nta «Napoleon»ga arziydi! — dedi Sotimxon aka. — Boring!
Norboy aka yugurib eshikka chiqib ketdi. Men oshxonaga o‘tib, o‘z ishlarimga unnab ketdim. Oshga sabzi, piyozni bostirib, suv solib turganimda, oshxonaga Sotimxon aka kirib keldi.
— Iya, iya! Bu, qo‘lga nima qildi?
— Nima qilibdi? — deya qo‘rqib ketdim.
— Kesib olibsiz-ku! Shunday qo‘lni ham kesib bo‘ladimi?
Cho‘michni qozon yoniga qo‘yib, tirsagimgacha shimarilgan qo‘llarimga qaradim.
— Qani?
Sotimxon aka o‘ng qo‘limni bilagimdan ushlab, bashmaldog‘imdan bilagimgacha borgan ingichka qizil chiziqni ko‘rsatdi.
— Mana! Buning oldini olish kerak.
U qo‘limni qo‘yib yubormay yuziga yaqinlashtirdi va do‘rdoq lablarini cho‘zib, puflay boshladi.
— Yod surish kerak, — dedim men.
— Yodning keragi yo‘q. Eng yaxshi davo labning shirasi.
U shunday deb, bilagimni o‘pa boshladi. O‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Buni u rozilik, deb tushundi, shekilli, belimga qo‘l yubordi. Bir siltanib chiqib ketdim, qo‘limni tortib oldim.
— Nima bo‘ldi, qizim? Faqat baniyati shifo, deb, faqat shifo deb. Yoshlar-ey, yoshlar, yaxshilikni tushunmagan yoshlar…
U chiqib ketdi. Meni ter bosib ketgan edi. Nima qilsam ekan, chiqib urishsammi, haydab yuborsammi? O‘zi yopishdi, desa nima bo‘ladi? Kim menga ishonadi? Norboy aka ishonarmikan? Bilasizmi, Sanobar opa, nazarimda o‘sha kuni, o‘sha topda, ko‘zim ochildi. Norboy aka bilan oramizga sovuqlik tushdi, munosabatimiz darz ketdi.
Er yutgur «Napoleon» keldi. Norboy aka qaysi bir restorandan topib keldi. Allamahalgacha ikkalovi ichib o‘tirishdi. Men chiqmadim. Kabob ham eslaridan chiqdi, manti ham. Osh dam yeganda, tishimni tishimga qo‘yib suzdim. Bir lagan olib chiqdim.
— Barakalla! Qizimning qo‘li gul… Norboy Norbo‘tayevich! Qizimning ko‘li gul! Unga ozor bersangiz, bizga ozor bergan bo‘lasiz. Qani, bitta quying-chi!
Men ham ryumkani ko‘tarishga majbur bo‘ldim. Sotimxon aka gapirdi.
— Norboy Norbo‘tayevich! Sizni men o‘g‘lim deganman. Irodaxon — qizim. Shu kishining salomatligi uchun.
Ichishdi. Men labimga tekkizib qo‘ydim.
Sotimxon aka o‘rnidan turdi. Norboy aka yugurib ichkari xonadan diplomat-sumkasini olib chiqdi. Undan katta bir paketni olib ustoziga uzatdi.
— Aytganingiz, Sotimxon aka. Bu yog‘iga biz qarzdor.
— Omon bo‘linglar.
Sotimxon aka paketni qo‘ltig‘iga qistirib chiqib ketdi. Men yo‘lakda qoldim. Norboy aka uni kuzatib qaytib kelganida og‘zi qulog‘ida edi.
— Bilasanmi, ertadan boshlab men kimman? Eng yaxshi trestning boshlig‘iman!
— Muborak bo‘lsin! — dedim, lekin shashtim pastligini Norboy aka sezdi.
— Nima bo‘ldi?
— Shu odam ikkinchi biznikiga kelmasin.
— Nega endi? Bu hech mumkin emas! — deya hayron bo‘ldi Norboy aka. — Nima bo‘ldi o‘zi, ayt.
Aytib berdim. Norboy aka xaxolab kuldi.
— Shumi? Sharti ketib, parti qolgan chol-ku bu odam! Mayli, bitta masalada kelishib olamiz. U kelganda, men doim yoningda bo‘laman. Kelishdikmi?
Iloj qancha edi? Indamadim.
— Lekin bilib qo‘y, — dedi kat’iy ohangda Norboy aka. — Bir afsona bor. Antey degan grek pahlavoni tovoni yerga tegib turgan paytda hech kimdan yengilmas ekan. Yerdan uzib olingan Anteyda hech qanday kuch qolmas ekan. Sotimxon aka mening tovonim. Sotimxon akani qo‘zg‘atib qo‘yishsa, mening ishlarimdan putur ketadi.
Norboy akaning ko‘zlari muzdek qotgan, ovozi dag‘al, menga e’tiborida mehribonlikdan asar ham yo‘q edi shu topda. Shuning uchun paketdagi nima edi, deb so‘ramadim. Keyin bilsam, (bir marta emas, ikki marta emas, bunday paketlar biznikiga tez-tez kelardi, bizdan Anteynikiga ketardi) ular hammasi pul ekan.
Iillar o‘tdi. Ketma-ket farzand ko‘rdik. Uy Norboy akaga torlik qildi. Yunusoboddan hovli olganlarini bir kuni aytdilar. Lekin hali u yerda turib bo‘lmaydi. Picha remont qilish kerak. Yanagi yozga ko‘chib boramiz, dedi. Yozda ko‘chib bordik. «Sim-sim»ning o‘zi. Hatto kayfim uchib ketdi. Bunaqa hovli, bunaqa uyni sira ko‘rmaganman. Bir tomoni gulzor, bir tomoni mevazor, uzun peshayvonining oldi tokzor. So‘risi oq tunuka tomga chiqib ketgan. Hovlining etagida ichi marmardan ishlangan, ikki tomonidan zinapoya tushgan hovuz. Har yer-har yerda, go‘yo betartib-u, lekin did bilan o‘rnatilgan favvorachalar oftobda atlas nusxa suv purkab otilib yotibdi.
— Adashmadimmi? — deb hayron bo‘ldim.
— Meni tanlashda adashmagan bo‘lsang bo‘ldi. Tovonim hali yerda ekan, hamma narsa kaftingda bo‘ladi. Sotimxon akaning nusxasidan. Faqat men ayvonning ustunlarini o‘yma qildirmadim. Kattadan sal pastroq yurish kerak.
Norboy aka meni garajga boshlab, mashina ustidagi oq choyshabni tortdi. Eski «Jiguli» o‘rnida yangi oq «Volga» turardi.
— Shunday xotin… Ustozing ishbilarmon bo‘lsa, senga ham yuqadi. Sassiq cholning bitta bilagingdan ushlaganiga xunob bo‘lib yuribsanmi? Anteyga o‘nta bilak ham kam. Men senga aytsam Anteyda «bunaqalar» tiqilib yotibdi. Ne-ne bilaklar uning soyasiga salom beradi, uni ko‘rganda baliq bo‘lib ketadi.
Lekin men sizga aytsam, Sanobar opa, odam hamma narsaga ko‘nikib ketar ekan. Ilgarilari uyga kelgan har bir yangi narsadan quvonar edim. Mehmon kutganda, erim aytgan taomlardan ziyodroq biron narsa pishirsam, odamlar uni maqtab yeyishsa boshim osmonga yetardi. Keyinchalik o‘zim bilar-bilmas hamma narsadan ko‘nglim qoldi. Hech narsa quvontirmaydigan, dilni ochmaydigan bo‘lib qoldi. Mabodo biron yumush bilan qo‘shnilarnikiga chiqib qolsam, oddiy qovurilgan kartoshkani ham huzur qilib yeydigan bo‘lib qoldim.
Muhimi — Norboy aka oy sayin emas, kun sayin o‘zgarib ketadigan bo‘ldi. Unga ham hech narsa tatimaydi.
Pishirgan ovqatlarimni ilgarigidek ishtaha bilan, maqtab yemaydi. Bir ikki cho‘qilaydi, qo‘yadi. Televizor ko‘rib o‘tirib uxlab qoladi. Sezyapman, unga bir balo bo‘lgan. Faqat mehmonlar, ayniqsa, Sotimxon aka kelganda chehrasi yorishadi, avvalgidek o‘zini sho‘x, betashvish tutadi. Ular ketishi bilan yana qovoq tumshug‘i osilib qoladi. Bir kuni hatto undan so‘radim:
— Sizga nima bo‘ldi? Shashtingiz past? Avvalgidek yorishib o‘tirmaysiz. Yo boshqa xotinni ko‘nglingiz tusab qoldimi? Bemalol. G‘iq etmayman. U jilmaydi.
— Ish ko‘p. Hammaga ham ishonib bo‘lavermaydi. Ko‘p narsa o‘zimga qolib ketyapti.
Uyqusidan ham xalovat ketdi. Eshik tiq etsa, o‘rnidan sapchib turib ketadi. Tomdan mushuk o‘tib qolsa ham yuragi taka-puka. Hovliga chiqadi, xujralarda nimalarnidir tintiydi, garajga o‘tadi. U yerda ham o‘g‘riga o‘xshab g‘imirsilaydi. Chang-chung bo‘lib kelib, o‘rniga chuziladi, «uh» tortadi. Ba’zi kunlari chidayolmay bolalarning xonasiga chiqib yotaman.
Ilgari qanday paytlar ekan, oyim bitta bo‘z ko‘ylak olib kelsa ham boshim ko‘kka yetardi, quvonchimga chek yo‘q edi. Endi hech narsa tatimaydi…
— Zerikmadingizmi, Sanobar opa? — deb so‘radi Iroda.
— Yo‘q, yo‘q, — deya og‘ir xo‘rsinib javob qildi Sanobar Kamolova. — Aytavering. Juda g‘alati, aql bovar qilmaydigan gaplar…
— Lekin, rost. Men sizni aldab nima qilaman? Yetti yot begonaman, — deya gapida davom etdi Iroda. — Yangi joyda ham turmush avvalgidek. Kunora ziyofat. Keldi-ketdi ko‘p. Kimlardir, men tanimayman, ammo ularning hammasi meni biladi, «Irodaxon opa», deydi, nimalarnidir tashlab ketishadi. Kimlardir kelib, «Irodaxon opa!», deydi-da, olib ketadi. Shu alpozda kunlar o‘taverdi, bolalar katta bo‘ldi, ikkala kattasini institutga joylab qo‘ydik.
Ikki yildan oshdi, chamamda, bir kuni Norboy aka to‘rt kishini yetaklab keldilar. Xolyor bilan Saida maktabdan kelib hovuzda cho‘milishayotuvdi.
— Chiqlaring! — dedi Norboy aka sabrsizlik bilan. — Suv aynibdi. Kasal bo‘lib qolasanlar.
Xolyor chiqqisi kelmay gap qaytardi:
— Top-toza-ku?!
— Chiq deyman! Bo‘lmasa pes bo‘lib qolasan.
Bolalar hovliqib suvdan chiqishdi. Avzoyi buzuq Norboy aka odamlarga nimalarnidir buyurdi. Haligilar bir-pasda hovuzning ustini taxta bilan yopib, tuproq tortib yuborishdi. Haligina bolalarni quvontirib turgan hovuz gulzor bilan tep-tekis bo‘ldi-qoldi. Ustiga gulbeor ekib tashlashdi. Favvoralarning ham besh-oltitasi tagidan sug‘urib tashlandi. Shundan keyin Norboy aka oylab minilmay turgan «Volga»ni minib chiqib ketdilar. Yarim kechada, darvozani o‘zim ochdim, shirakayf holda, qandaydir pachok «Jiguli»da qaytdilar.
— Hozircha shuni minib tursin o‘g‘illaring, Sotimxon akaning bir shoxi lat yedi. Ammo tovoni ostidagi yer hali baquvvat, patak bosib yotibdi. Qayog‘iga ketmon urma, ko‘pchib chiqaveradi. Taqinchoqlaringning eng zo‘rlarini yig‘ishtir, biron joyga ko‘mib qo‘yamiz.
Yarmidan ko‘pini yig‘ishtirib berdim. Qo‘limdagilaru qulog‘imdagilar qoldi. Shularni ham yechtirdi. Yoqut ko‘zli tilla uzugim bor edi, o‘zimniki, onamdan qolgan, shuni ham barmog‘imning sirqirab og‘riganiga qaramay sug‘urib oldi. Yarim kechagacha garajda ivirsib, bir mahal halloslab kirib keldi.
— Bo‘ldi. Iskovich it ham topolmaydi, — dedi o‘rniga yotar ekan.
— Muncha qo‘rqmasangiz?Sotimxon akadan qarzingiz bo‘lsa, berib qo‘yaqoling.
Norboy aka ahmoqsan deganday yostiqqa og‘zini tirab ingradi.
— Hech kimdan qarzim yo‘q. Topganim o‘zimniki. O‘zimning aqlim, qo‘lim bilan topganman.
— Bo‘lmasa tinchlaning, — dedim yupatgan bo‘lib.
Ammo tinchlik qayda? O‘zini qayoqqa qo‘yishni bilmaydi. Birpasda adoyi-tamom bo‘ldi. Bunday odamga o‘xshab gapla-shishlari yo‘qoldi. Azonda ketadi, kechasi qaytib, nomiga ovqat yegan bo‘ladi-da, hovlini aylanadi, garajda soatlab yo‘q bo‘lib ketadi.
Taxminan bir oylar o‘tdi shekilli, Sotimxon aka — o‘sha yer yutgur ajdaho qamaldi. Norboy akaning rangida rang qolmadi.
— Sotib qo‘ymasa bo‘ldi, — dedi bir kuni u.
— Shuni poylab o‘tirasizmi? — dedim men. — Shu ham hayot bo‘ldimi? Hammamizni qiynab yubordingizku. Bolalar, kattasidan tortib, kichigigacha ko‘zingizga duch kelgani qo‘rqishadi.
— Nima qil, deysan?
— Nimani sotib qo‘yishidan qo‘rqsangiz, shularni borib ayting o‘zingiz. Olib borib bering. Tinchiysiz.
— Meni qamatmoqchimisan? — deb kinoya bilan quldi u. — Keyin bor topganimni o‘ynashlaring bilan yeb ichmoqchimisan?
— Voy, nima deyapsiz o‘zi? To‘rtta bola bilan menda o‘ynash nima qilsin? — Tutoqib ketdim men ham. — Topgan narsalaringiz o‘zingizga buyursin. Menga tiyiningiz g‘am kerak emas. Agar borib o‘zingiz aytmasangiz, men boraman. To‘rttala bolamni yetaklab boraman.
Burnimga musht tushdi. Peshonabog‘im bilan og‘zi burnimni berkitganimcha oshxonaga chiqib ketdim.
Shu kecha ming xayolga borib tong ottirdim. Sanobar opa, men bir narsaga hech tushuna olmayman. Qashqir ham qorni to‘qligida inida yotar ekan. Odam shunchalik ochofat bo‘ladimi? Hidlanib qolgan go‘shtlar, qurt tushgan qazi-qartalarni qo‘shnilar, qarindosh-urug‘ga berolmay, kechalari itlarga tashlab yashashning nimasi yaxshi? Yillab zax yerda yotaverib chirib ketgan pullarni ishlatib bo‘lmagandan keyin nima keragi bor? Kelini yo kuyovi, xotini yo qiziga yozdirilgan ikkita-uchta mashinani odamlar nima qiladi? Qorin to‘ysa ham, ko‘z to‘ymaydi, degan gap faqat odamlarga, nomini, zotini, kimligini unutganlarga taalluqli ekan.
Ertalab xuddi hech narsa bo‘lmagandek, Norboy aka oldimga kirdi.
— Kechir meni. Agar biror nojo‘ya ish qilgan bo‘lsam, ishon, avvalo seni deb qildim, keyin bolalarni deb. Mendan keyin ham, hech narsaga zor bo‘lmanglar, deb jonimni jabborga berdim, ishladim.
— Ishlash bunaqa bo‘lmaydi…
— Bilaman, ishlash bunaqa bo‘lmaydi. Qani, to‘g‘ri ishlab ko‘r-chi, noning butun bo‘larmikin?
— Bo‘ladi, — deya qo‘shilmadim uning gaplariga. — Qolaversa, tinch, boshni g‘oz tutib yashash uchun yarimta non ham yetadi… Borasizmi yo yo‘qmi?
— Tushunsang-chi, axir, borolmayman. Ayniqsa hozir.
— Nega?
— Tergov bir yoqli bo‘lsin. Tergov tugagandan keyin borsam ancha yengil bo‘ladi. — Norboy aka iymanib bir narsani aytolmay turdi, keyin aytdi. — Axir… bu yoqdagilar jim turishgani yo‘q. Harakat qilishyapti. Ajab emas, hammasi tinchib ketsa!..
Shu payt oshxonaga ikkala katta o‘g‘lim kirib kelishdi.
— Oyi, biz armiyaga yozilib keldik. Bir oydan keyin ketamiz.
— Qayoqqa?
— Harbiy xizmatga.
— Menga ham aytsalaring bo‘ladimi shu gaplaringni? — Norboy aka zarda bilan gapirdi. — Adashmasam, otalaringman shekilli?
Bolalar indamay, boshlarini egishdi.
— Kim quvyapti uydan senlarni? — Norboy aka bitta-bitta o‘g‘illariga qarab chiqdi. — Keyin… keyin, bilasanlarmi, osonlikcha senlarni o‘qishga kiritib qo‘yganim yo‘q. Har biring uchun naqd o‘n mingdan berganman!
— Shuning uchun ham ketyapmiz, — dedi Eldor. — Xizmatdan qaytgach, o‘zimiz kiramiz o‘qishga. O‘z kuchimiz bilan.
— Bu uyda sog‘ odam qolmapti chamamda, — deb g‘o‘ldiradi Norboy aka.
— Faqat siz sog‘siz, dada, — dedi lablari qaltirab quti uchgan Baxtiyor. — Sog‘ odam faqat pul topishi kerak. Shunaqangi ko‘p pul topishi kerakki, yerga ko‘mib, uni albatta chiritishi kerak!
— Tirrancha! O‘chir ovozingni!
Norboy aka musht ko‘tardi. Ammo Baxtiyor ham, Eldor ham joylaridan jilishmadi. Boshlarini egganlaricha tek turaverishdi.
Norboy aka qo‘lini tushirib, menga nimadir demoqchi bo‘ldi, keyin hafsalasi pir bo‘ldi, shekilli, eshikni taraqlatib yopib, ko‘chaga chiqib ketdi.
— Oyi, nima qilamiz? Rozimisiz? — deya so‘radi Eldor.
— Qilgulikni qilib qo‘yib, endi rozilik so‘raysizlarmi? — dedim achchig‘lanib.
— Sizga yengil bo‘larmikan, deb o‘ylovdik-da.
— Yengil bo‘lsin desalaring, xoli qo‘yinglar meni hozir.
Ikkalovi chiqib ketdi. Boshim og‘rib ketdi. Nima qilay? Kimga nima dey? Hech mahal bunday og‘ir ahvolga tushmagan edim. Orzuimni nimaga almashdim? Birinchi kelgan fikr shu bo‘ldi. Ish bilan bo‘lib ketganimda, kim biladi, bu firibgar, harom odamlar qafasiga tushmasmidim balki? Men o‘zimni yomon odam deb o‘ylamayman. Lekin surishtirib qarasangiz, salkam chorak asr yomonlar bilan birga bo‘libman, hamyostiq bo‘libman, nima pok, nima iflos, nimada xalqning achchiq dardi bor — bilmabman! Sanobar opa, qarang, yigirma uch yil bironta odamga yaxshilik qilmabman, haromxo‘r, tekinxo‘r, yulg‘ichlarning dasturxonini tuzabman, ko‘ziga shirin boqibman, shirin gapiribman. Qul xam egasiga bunday qilmaydi, juda bo‘lmaganda nafratini dilida saqlaydi. Men shunday ham qilmadim. Ular meni qo‘g‘irchoqdek o‘ynatishdi. Lekin bir narsa menga tasalli beradi. Bolalarim. Bolalarimni to‘g‘ri o‘stiribman. Roziman ikkalovining ham ketishiga. Borishsin. Xizmat qilishsin. Keyin boshlariga tushganini ko‘rishar. Lekin bir narsaga aminman. Halol yashashadi. Dadasiga aytgan gaplarini eshitdingiz. Ular aytganimni qiladi. Bahodirim, Eldorim, aziz bolajonlarim, faqat yo‘llaringda uchraydigan tovoni yerga tegib turgan alvastilardan nari bo‘lsalaring bo‘ldi.
O‘sha kuni tomog‘imdan hech narsa o‘tmadi. Uyqu ham qelmadi. Albatta men hech qayoqqa borganim yo‘q. Qayoqqa borardim? Nima derdim? So‘roqdagi Sotimxon akaning javoblaridan erim qo‘rqib yuribdi, deymanmi? Allaqachon xabarlari bo‘lsa kerak. Bir ish ochilsa, hammasi ochiladi. Innay-keyin, o‘z erimdan shikoyat qilib borarmidim? Yer yutgur olib kelgan o‘sha narsalarini yemaganmanmi, kiymaganmanmi? Faqat shu iflos kiyimlarni deb mehmondorchiliklarga, to‘y, teatrlarga bormaganmanmi?
Xullas, hech qayoqqa bormadim. Oqshom payti o‘zlari kelishdi.
— Protokolga vaqt ketmasligi uchun hammasini o‘zingiz ko‘rsatganingiz ma’qul, — dedi ulardan biri Norboy akaga.
— Hamma narsa ochiq, o‘zlaring qarayveringlar, — deb javob qildi erim.
Tintuv boshlandi… Sanobar opa, bu falokat boshingizga tushmagan, bilmaysiz. Yer yorilsayu yerga kirib ketsang shu mahali. Qo‘shnilarim, bolalarimdan qandog‘ uyaldim, qan-dog‘ uyaldim!..
— Bo‘ldimi? — deb so‘radi nihoyat tintuv boshlig‘i.
— Bori shu, — dedi Norboy aka tumshayganicha.
— Bo‘lmasa, garajga o‘taylik…
Garajda nima borligini ular qayerdan bilgan ekan? Men o‘g‘illarimga qaradim. Ular ham mendek, uyalganlaridan zo‘rg‘a oyokda turishardi, boshlari egik.
Ular Norboy akamni oldilariga solib garajga ketishdi.
Men bolalarim bilan ayvonda qoldim. Ko‘p o‘tmay, mashinani surib chiqarishdi garajdan. Nimalardir u yerda taraqlab ketdi. Temir-tersak o‘lgur ko‘p edi garajda. Bir mahal uchta og‘zi mahkam berkiladigan sut bidonni ikki kishi ko‘tarib, ayvonga olib chiqdi. Og‘zilarini ochib ag‘darishdi. Uchala bidonning ichi chala-chulpa taxlanib, suv qog‘ozga o‘ralgan yuz so‘mlik, ellik so‘mlik pullar ekan. Bundan mutlaqo xabarim yo‘q edi. Uzun deraza tagida turgan divanning ustini pul bosib ketdi. Ko‘pi mog‘orlab qanchasi chirib, titilib ketibdi.
— Bu yog‘ini o‘zingiz aytasizmi, yo? — dedi yana tintuv qilayotganlardan biri.
— Aytadigan boshqa hech narsam yo‘q, — deb to‘ng‘illadi yana erim.
— Hovuzni berkittirayotganingizda u yerga nima yashirgan edingiz?
— Hech narsa yashirganim yo‘q.
— O‘jarlik qilib, chakki qilasiz.
— Opa, hovuz qayoqda?
Ko‘rsatdim. Yarim soat o‘tar-o‘tmas, suvqog‘ozga o‘ralgan ikkita bir kilolik tunuka choy quti ko‘tarib kelishdi. Ochishdi. Ichi to‘la tilla pullar ekan. Bu pullar qayerdan keldi? Nega bularning hammasini mendan yashirdi?
Shu payt kimdir qattiq ingradi, keyin hirildoq tovush eshitildi. Tintuv o‘tkazayotganlar yugurib ichkari xonaga kirib ketishdi. Biz ham kirdik. Qay ko‘z bilan ko‘rayki, yotoqxonada Norboy akam ikki qo‘liyu bo‘ynidan qon ketib yotardi. Bir qo‘lida chustiy pichoq. Tanidim: qaysi bir yili bir o‘rtog‘i sovg‘a qilgan edi. Qiyiqqa o‘ralgancha shkafda yotuvdi.
O‘zimni ushlab turolmay, Norboy akaning ustiga tashlandim! «Norboy aka! Nima qilib qo‘ydingiz? Men sizga begonamidim? Aytganingizda qaytarsam bo‘lmasmidi?..» Yana nimalar deb yig‘ladim. Odamlar ovutgan bo‘lishdi. Qani endi ularning gapi qulog‘imga kirsa?!
Chaqirilgan «tez yordam» foyda bermadi. Besh minut o‘tar-o‘tmas Norboy akam olamdan o‘tdi. Hech narsadan xabarlari yo‘q Saida bilan Xolyor muzika darsidan kelib, ichkariga kirishdi. Odamlarni yorib o‘tib, bo‘lgan voqeani, qonga belanib yotgan otalarini ko‘rishdi. Birdan «Dada! Dadajon!» deb qizim qichqirib yubordi. Shundagina men ularni ko‘rib qoldim. Darhol ikkalovini bag‘rimga bosib, hovliga olib chiqib ketdim.
Ana shunday dahshatli kunlar ham tushar ekan odamning boshiga, Sanobar opa. Yettisini o‘tkazdik, hech kim kirmadi mahalladan. Ishxonasidan besh-o‘nta kishi kelgan bo‘ldi.
Norboy aka o‘zini o‘ldirgan kuniyoq ikkala kichkinamni singlimnikiga jo‘natdim. U ham Toshkentda yashaydi. Bola bechoralar bu uyda qanday uxlaydi? Kattalari ham zo‘rg‘a turishdi. Hovliga joy qilib yotishdi. Yonlariga menga ham joy qilib berishdi.
Ettisi o‘tgan kuni, idish-tovoklarni yig‘ishtirib bo‘lib, katta o‘g‘illarimni yonimga chaqirdim.
— Nima qilamiz endi? Nima gaplaring bor?
Uzoq o‘ylanib o‘tirishdi. Keyin Baxtiyor gap boshladi.
— Ishlaymiz, oyi. Sizni yolg‘iz qoldirmaymiz. Uqish bo‘lsa sirtdan o‘qirman. Kunduzgida, Eldorni bilmayman, men o‘qiyolmayman. Uz kuchi bilan, zo‘rg‘a kirgan o‘rtoqlarimning ko‘ziga qanday qarayman?
— Men ham o‘qimayman kunduzgida. Akamdek ishga kiraman. Sirtdan o‘qiyman.
— Armiyaga ketmoqchi edilaring-ku? — deb so‘radim ichimda ulardan rozi bo‘lib.
Ikkovi ham javob berishmadi.
— Yozilib kelganlaring rostmi? Yo… Eldor boshini qimirlatdi.
— Rost edi.
— Rost bo‘lsa… harbiyda xizmat qilib kelish har bir yigitning boshida bor, — dedim men. — Xafa bo‘lmayman. Borib kelinglar.
Baxtiyor bir narsaga og‘iz juftlagan edi, to‘xtatdim.
— Yo‘q, yo‘q! Boringlar… Senlarniki halol… O‘zimni tutolmay yig‘lab yubordim.
— Oyi! Sizda nima gunoh? Siz o‘g‘irlik qilibsizmi? Eldor yelkalarimdan quchoqlab, yuz-ko‘zimdan o‘pa boshladi.
— Gunoh ko‘p menda ham, bolam!.. Birinchi marta ikkita go‘rso‘xta indamay so‘yilgan qo‘yni tashlab ketganida, olmasam yo ko‘chaga uloqtirsam, balki hozir gunohim bo‘lmasdi. Men oldim, birinchi martasiyam, ikkinchi martasiyam, har doim, har doim. Kim nima ko‘tarib kelsa, surishtirmay olib qolaverdim. Dadangni egri ishlardan to‘xtatmadim, qaytaga sherik bo‘ldim!.. O‘g‘irlikmasmi bu! Hech o‘zimni kechirmayman, senlar o‘qishda edinglar. Bir mo‘ysafid keldi. Dadangning trestida ishlar ekan. Duradgor ekan. Besh yildan beri kvartira deb yig‘larmish, berishmasmish. Shu odam bir tog‘ora qovoq somsa qilib olib kelibdi. «Boshqasiga qurbim yetmadi. Bola-chaqa ko‘p. Zax, eski uyda turaman. Norboyjon bitta ha, deb yuborsalar kvartiralik bo‘lib qolardim. Beradigan hech narsam yo‘q. Uyimning o‘rtasida eski namat, hovlining burchagida bitta oriq sigir. Bor boyligim bolalarim. Yordam qiling, singlim», deb yig‘ladi haligi mo‘ysafid. Kechqurun dadangga aytdim, hatto yalindim. Aralashma, dedi dadang. U odam oyog‘i bilan emas, tili bilan yuradi. Ko‘rdilaringmi, shu kichkinagina bir savob ishni ham qilganim yo‘q dadangga qo‘shilib. Endi gap bunday, dedim ikkala o‘g‘limga, yigit kishining gapi bitta bo‘ladi, armiya dedilaringmi, qaytmanglar. Qaytgunlaringcha ikkala ukang bilan xolalaringnikida turib turaman. Qaytganla-ringdan keyin bir gap bo‘lar.
— Oyi, biz bu uyda turmaymiz, — dedi Eldor.
— Men ham, — dedim.
Ular ketishdi. Kavkazda hozir. Ikkala kichkinam singlimnikida. Men bo‘lsam, bir betayin odam bo‘lib qoldim. Xayolim parishon, yuragimga qil sig‘maydi, nimaga qo‘l urishimni, qayoqqa borishimni bilmayman… Ittifoqo tintuv payti ro‘yxat qilingan narsalar xayolimdan o‘tdi. Ular orasida taqinchoqlarim yo‘q edi. Topishmadi shekilli. Shunday o‘ylab turib, o‘zim o‘sha narsalarni qidirib ketdim. Kechga yaqin hovuz ariqchasining quvuridan topdim. Termosga o‘xshagan qopqoqlik bir idishda suv qog‘ozga o‘rog‘liq turgan ekan. Topishmadi, bular endi seniki, bolalaringniki, degan fikr o‘tdi yuragimdan. Lekin bolalarimni o‘g‘irlik mol bilan o‘stiramanmi yana, bu yog‘i peshonam teriga qolsin. Shu fikrda to‘xtadim. Hammasini stol ustiga yozib birpas tomosha qilib o‘tirdim. Keyin odmiroq sumkaga solib, ko‘chaga chiqdim. Nazarimda shu ketishda militsiyaga ketyapman. Yarim yo‘lga yetganimda, orqaga qaytdim. Xuddi birov meni quvib kelayotgandek uyga yugurdim. Kira solib, eshikni qulfladim. Keyin o‘ylab-o‘ylab, yaxshi bir yo‘l topgandek ham bo‘ldim. Chiroyli kiyindim. Qo‘llarimga sig‘ganicha uzuklarimning eng qimmatbaholarini taqdim. Yengil jemperimning ustidan ikki qator marvarid, bir qator tuyatishli durimni osdim. Eng yaxshi ziraklarni ham osib oldim quloqlarimga. Yaxshi ko‘rinsin, deb kalta tik yoqa charm paltomni kiydim. Taqinchoqlarning qolganlarini paltom rangidagi sumkaga solib ko‘chaga chiqdim.
Ateleni aylanib, Bogdan Xmelnitskiy ko‘chasiga yetganimda — shu yerda katta gastronom bor — shunga bir kirib chiqdim. Uch-to‘rtta ayol, bir-ikki erkaklar meni kuzatishdi. Menga shu kerak edi. Gastronomdan chiqib, pedagogika instituti tomon yurdim. Sezdim, ro‘paramdan bir keksa xotin menga tikilib kelyapti. Yaqinlashganimda u to‘xtadi. Men parvo qilmay o‘tib ketaverdim. Shunda orqamdan uning ovozini eshitdim:
— Aylanay! Ehtiyot bo‘ling. Yasan-tusan ham evida-da. Bitta-yarimta o‘ldirib ketsa nima bo‘ladi?!
Indamay ketaverdim. Pedagogika ko‘chasi bilan Shota Rustaveli muyulishigacha bordim. Hech kim menga boshqa parvo qilgani yo‘q, ilashgani ham yo‘q. Shu yerda birpas turib bog‘ga yo‘l oldim. Bog‘ning darvozasi oldida bir erkak kishi butilkadan pivo ichib turgan ekan. Meni ko‘rib, og‘zidagi pivosi tomog‘idan o‘tmadi, bir qalqib, shishani ariqqa uloqtirdi. Men unga ortiqcha qaramay o‘tib ketdim.
Bog‘ jimjit. Katta hovuzdagi suvda zanjirband qayiqlar bo‘m-bo‘sh turibdi. Bog‘ning o‘rtasidagi yog‘och imoratning ichidan bilyard toshlarining ovozi kelyapti. Boshqa tovush, shovqin-suron yo‘q. Bog‘ning orqa tomonlari qop-qorong‘i. Qo‘rqib ketdim. Hovuz labidagi o‘rindiqqa o‘tirdim.
Shu tobda yaqinimda, orqamda kimningdir sharpasi paydo bo‘ldi.
— Charchabsiz-da, xonim? — dedi erkak ovoz.
Yalt etib qaradim. Bir qo‘li plashchining cho‘ntagida, bir qo‘li skameykaning suyanchig‘iga tiralgan haligi pivo ichayotgan odam orqamda turardi. Javob bermadim.
— Men ham charchaganman. Yoningizda birpas o‘tirsam maylimi?
— Utiring. Joy ko‘p, — dedim.
Yuragim gupullab ura boshladi. U o‘tirishi bilan sassiq papiros va achigan ovqat hidi dimog‘imga urildi.
— Bu deyman, xonim, ishdan charchadingizmi, yo yolg‘izlikdan? — deb so‘radi u yaqinroq surilib.
Men qimir etmay o‘tiraverdim.
— A, nimadan charchadingiz? Bilsak bo‘ladimi?
— Ishdan, — dedim zarda bilan.
Nega zarda qildim, bilmayman. O‘zim, axir, o‘g‘ri yo odam o‘ldirishdan toymaydigan odamga duch kelish uchun chiqdim-ku uydan. Bu odam xuddi shunaqalardanga o‘xshardi.
— Ishdan? — U hayron bo‘ldi va tikilib yuzimga, qulog‘im, qo‘llarimga qaradi, keyin jilmayib dedi:
— Yo‘q, meni aldab bo‘psiz!.. Ishga bunaqa yasanib bormaydi odam, kelmay qoldilarmi?
— Kim?
— Kim bo‘lardi… haligi… — U ko‘zini qisib kuldi. — Kelmagan bo‘lsalar, xafa bo‘lmang… Mana! Biz gotop!
U ko‘kragiga zarb bilan musht tushirdi. Men hatto seskanib ketdim. U buni o‘zicha tushunib yelkamga qo‘lini cho‘zdi.
— Qo‘lingizni oling! — dedim yana zarda bilan. — To‘rtta bolam bor. Oladigan narsalaringizni oling-da, keting!
— Qanaqa narsalarni? — deb hayron bo‘lib menga qaradi u.
— Manavi taqinchoqlarni. Zirak, uzuk. Sumkada ham bor. Mana.
Sumkani ochib ko‘rsatdim. Sumkaning ichi yaltirab ketdi.
— Meni kim deb o‘ylayapsiz, xonim! — U qoshlarini chimirdi. — Agar yuz gramm ortiqcha ichgan bo‘lsam, ikki… atigi ikki og‘iz shirin gap gapirmoqchi bo‘lgan bo‘lsam, darrov meni — tuppa-tuzuk odamni o‘g‘riga chiqarib do‘yasizmi?
U uh tortdi, g‘ijim bo‘lib ketgan ro‘molchasini olib burnini qoqdi va shu ro‘molchani ko‘zlariga bosgan bo‘ldi. Buni men o‘yin deb tushundim. Vaqt, zarur vaqt poylayati, deb o‘yladim.
—Yo‘q, adashasiz, xonim!.. — U gapida davom etdi. — Ilgari men… rost, o‘g‘irlik qilganman. Orip chinoq desa Beshog‘ochdan Ko‘kchagacha meni hamma bilardi va hamma qo‘rqardi. Eshityapsizmi, qo‘rqardi. Yigirma yil bo‘ldi, tashlaganman. Innaykeyin, bunaqa tosh poshlar mening kasbim emas. Naqd karmon pul — mana, men nimani yaxshi ko‘rardim. Tosh albatta birovning boshini yeydi. Pul-chi? Bugun bor, ertaga yo‘q. Tosh yo‘qolmaydi, qo‘ldan qo‘lga o‘tadi va bir kuni qarabsizki, hurmatli xonim… Orip chinoq reshatkaning orqasida. Men… men… pulning ham faqat haromini o‘g‘irlaganman. «Janob 420»ni ko‘rganmisiz, zo‘r film. O‘sha o‘g‘ri men bo‘laman. Menga ishonasizmi, yo‘qmi? — Men beixtiyor «ha» dedim. — Bo‘lmasa, iltimos, o‘n so‘m berib turing. Uydan bepul chiqib ketganman. Uchta bolam bilan oydek xotinimni tashlab, chiqib ketganman. Yaramas, meni haydab chiqardi-ya ozgina ichganimga!
Men bu odam bilan uchrashganimga pushaymon bo‘lib, o‘n so‘m qoldirdim unga.
— Rahmat, ertaga albatta qaytaraman, — dedi u va bir pasda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Hafsalam pir bo‘lib, o‘rnimdan turdim. Kap-katta shaharda o‘g‘ri uchratish ham amri-mahol ekan. Tag‘in tayyor mol bilan tursang ham ko‘rinishmaydi…
Iroda kuldi.
Sanobar Kamolova uning ancha yengil tortganini payqab qo‘shib qo‘ydi.
— O‘g‘ri ham tanlab o‘g‘irlaydi.
— Shunaqa ekan. Uyga qaytdim. U yerdan singlimnikiga bordim. Saida bilan Xolyor singlimning bolalari bilan rosa to‘polon qilishib, endi uyquga ketishgan ekan. Ikkalovining yuz-ko‘zidan o‘pib, bag‘rimga bosib, tashqariga chiqdim. Sirimni singlimga bildirmadim.
— Bolalarga o‘zing qarab tur. Yo‘qligimni bildirma. Qayerdaligim ikki-uch kundan keyin ma’lum bo‘ladi, — dedim.
— Qayoqqa ketayapsiz? — deb xavotirlanib so‘radi singlim.
— Hozir aytolmayman.
U ortiqcha surishtirmadi. Erining tashvishi bilan yurgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi.
Yana ko‘chaga chiqdim. Oyoqlarim o‘zidan-o‘zi «Minor»ga boshladi. Darvozaning yonidagi kichik eshik ochiq ekan, shundan kirib, Norboy akaning qabri ustiga bordim. Etlarim jimirlashib ketdi. Bo‘shashib tiz cho‘kdim. Tiz cho‘kdimu bor alamim, nafrat va muhabbatimni loyshuvoq qabrga to‘kib soldim! Kim edim? Kim bo‘ldim? Meni kimlardan ayirding betavfiq? To‘rtta bolani so‘qqa boshimga nega tashlab ketding? Qozonimiz haftalab qaynamasa ham, yirtiq-yamoq kiyinib yursak ham sendan ta’na qilmas edim. O‘rtoqlarimdan ayrildim; kasbimdan ayirding. Meni o‘ylaganlaring, menga gapirganlaring meni deb, bolalarni deb o‘g‘irlik qilganlaring, hammasi-hammasi yolg‘on! Sen bilan yashaganim yolg‘on! Yolg‘on! Yolg‘on!..
Uning qabri yonida yana qancha o‘tirdim — bilmayman. Aftidan, ovozimni chiqarib bo‘zlagan bo‘lsam kerak, kimdir kelib meni ko‘chaga olib chiqib qo‘ydi.
— Qo‘ying, foydasiz, — dedi. — Bu yerga tiriklarni o‘ylab kelish kerak.
Har holda, o‘ylar meni mashinalar ko‘proq yuradigan ko‘chalarga boshladi. Aylanib, yana Shota Rustaveli ko‘chasidan chiqib qolibman. Ulgurmadim. Yonimga qarasam, chiroqlarini to‘la yondirib mashina kelyapti. Yaqin qolganida yo‘lini kesdim. Mashina xuddi boyagi tramvaydek chinqirib yubordi-da, mast odamdek o‘zini bir-ikki u yoq-bu yoqqa tashlab, tizzalarimga tegib to‘xtadi.
— Opa! Jonizda qasdingiz bo‘lsayam, bizni o‘ylamaysizmi?! Juvonmarg bo‘lib ketardim-ku hozir! — Shunday deb shofyor yigit mashinadan tushdi. — Urilmadingizmi?
— Yo‘q, — dedim uyalib men.
— Nahotki ko‘rmadingiz mashinani? Buning ustiga, tez kelayotgan edik, — dedi mashinadan tushgan ikkinchi yigit.
— Kechiringlar!.. — Men boshqa hech narsa deya olmadim.
— Qayoqqa ketyapsiz? — deb so‘radi shofyor yigit.
«Samarqandga» degan so‘z og‘zimdan chiqib ketganini o‘zim bilmay qoldim.
— Buni qarang-a? Yo‘limiz bitta ekan. Qani, o‘tiring! — Shofyor yigit orqa eshikni ochib meni o‘tqazdi. — Paltongiz bir oz chang bo‘libdi, xolos.
U joyiga, ikkinchi yigit uning yoniga o‘tirdi Mashinani yurgizar ekan, shofyor yigit zo‘raki kulib qo‘ydi:
— Tizzalarim haliyam qaltirab ketyapti. Ammo, opajon, bir falokatdan qutulib qoldik-da! Qani, ketdik!
Toshkentdan chiqilganda shofyor yigit sal orqaga o‘girildi.
— Mening otim Ismat. Bu kishi o‘rtog‘im — Nurilla. Ikkalamiz ham fizikmiz. Ilmiy-tekshirish institutida ishlaymiz. Keliningiz Samarqand universitetida dissertatsiya yoqlayaptilar ertaga. Adabiyotdan. Navoiy bilan Jomiyning adabiy aloqalaridan.
— Men esa, Irodaman. Hamshira. — Qanday qilib og‘zimdan shu gaplar chiqib ketganini sezmay qoldim, qip-qizarib ketganimni butun vujudim bilan payqadim, ammo mashina ichi qorong‘i edi, ular bilishmadi.
— Irodaxon opa! — dedi shofyor yigit yana. — Qorin qalay? Mashinada norin bor, qazi, pishgan go‘sht… Balki…
— So‘rab beradimi? — deb jerkidi ikkinchi yigit. — Sangzorga yetaylik, to‘xtab, yaxshilab ovqatlanib olamiz. Nima dedingiz?
Men bosh irg‘adim. Keyin yigitlarga bilintirmay, sekin-sekin barmoqlarimdan, quloqlarimdan taqinchoqlarimni yechib sumkamga solib qo‘ydim. Durlarimdan bittasini ham bo‘ynimda qoldirmadim.
Anchagacha jim bordik. Sirdaryodan chiqqanimizda, shofyor yigit sherigidan so‘radi.
— Dacha qilmoqchi edinglar, nima bo‘ldi?
— E, so‘rama, — deb javob qildi ikkinchi yigit. — Nanayning etagidan yaxshi joy tanlagan edik. Bir qurilish boshqarmasi bilan shartnoma tuzdik. Boshliqlari borib ko‘rib keldi. Pulini ham kelishdik. Endi qurilish boshlanay deganda hammasi qamoqqa olindi. Boshliqlari ham. Norbo‘tayevmidi, Norboyevmidi — hozir esimda yo‘q.
— Nega?
— Hozir ma’lum emas. Aftidan, muttahamlik, qalloblik.
— Paxtani tuzatishgan edi, endi navbat qurilishga kelibdi-da!
— Nimasini aytasan. Gaplarga qaraganda, bular faqat aldash bilan kun o‘tkazisharkan.
— Yaxshi bo‘lmadi-da, — deya xo‘rsindi yigit. — Besh-o‘nta kasofat hammamizga isnod keltiryapti. Bu nokaslarni…
Men bir seskanib tushdim. Lekin erimga qancha achinmay, ular haq edi.
— Yaramaslar, qachon ularning urug‘i tugaydi?!
Xuddi uning gapini eshitmagandek shofyor yigit dedi:
— Xafa bo‘lma. Oz qoldi. Yomondan yaxshi ko‘p… Ishlarimiz juda boshqacha bo‘lib ketadi.
Sangzorda ovqatlanib, yana yo‘lga tushdik. Tong yorishganda Samarqandga kirib keldik. Men bozor oldida qoldirishlarini iltimos qildim. Shunday qilishdi. Boradigan joyim, qiladigan ishim yo‘q edi. Nega o‘zi Samarqandga borib qoldim — bilmayman. Institutda birga o‘qigan o‘rtoqlarim bor, ularnikiga kirsam, birpas dam olsam bo‘lardi. Lekin nima deb kiraman? Qaysi yuz bilan kiraman?
Bozorga o‘tib, rastalarni tomosha qila boshladim. Kuz bozori juda allambalo bo‘ladi. To‘g‘rimi, Sanobar opa? Ayniqsa, Samarqand bozori. Bir tomonda pista-bodom, sho‘rdanak… Bir tomonda quruq meva, bir tomonda ho‘l meva… Ko‘zlaringiz qamashib ketadi.
Men Samarqand nonlariga juda ishqivozman. Tavba, qanday qo‘li gul odamlar yopar ekan-a bunday nonlarni? Hozir yesangiz ham maza qilasiz. Bir oydan keyin ham uning kusir-kusiri ruhingizni ko‘taradi. Bitta yangi uzilgan bo‘rsildok non olib, qaymoq bozoriga o‘tdim. Qaymoqchilarning panasida bir sopol tovoq qaymoqqa uni botirib yedim. Bilasizmi, ancha o‘zimga keldim. Ayollardan biri achchiq ko‘k choy uzatdi. Yaqin-yaqingacha yuragimning qayerinidir kemirib turgan dard yo‘qolgandek bo‘ldi. Registonga o‘tib oftob yaltiratib turgan madrasalarning hammasini shoshmasdan tomosha qildim. Keyin Afrosiyob muzeyiga bordim. Kun yarim bo‘ldi. Zarafshonga kelib ovqatlangan bo‘ldim. Keyin yana ko‘chaga chiqdim. Go‘ri Amir tomonga ona-bola qo‘l aravaga bosib g‘o‘zapoya olib ketyapti. Bola tortib ketyapti, kalishi oyog‘idan tushib qolay-tushib qolay degan ayol bor kuchi bilan aravani orqadan itaryapti.
— Kamroq ortsalaring bo‘lmasmidi? Bolaga og‘ir-ku?! — dedim o‘zimni tutolmay.
— Men ham aytdim oxi og‘ir bo‘ldi deb. — Xotin to‘xtab tushuntira boshladi. — Aravaga ham, senga ham, bola, menga ham jabr, dedim. Ikki safar qilaylik, dedim. Yo‘q, deydi. O‘qigan-da! Televizor ko‘rar emish. Futbol bor ena, tezroq non yoping, deydi. G‘o‘zapoyaga non zo‘r pishadi-da, aylanay, xuddi sizning oydek yuzingiz bo‘lib ketadi. Bizning hovliga bo‘ling, ana, vodoprovod oqib turibdi. Shunga yetsangiz — bo‘ldi. Odilsho, chaqir opangni?
Aravaning oldida g‘o‘zapoya orasidan iljaygan kalla ko‘rindi.
— Qani, yur bo‘lmasa! — Kampir aravani itardi. Oldinda hech kim bo‘lmasa ham, ko‘shib ko‘ydi: — Qani, po‘sht! Odilsho toychok ketyapti, po‘sht. Qadami oltin ketyapti, po‘sht!..
Yashash qanday shirin shu odamlarga. Ona bolasiga u sevgan nonini yopib berish dardida, bola yangi uzilgan nonni yeb futbol ko‘rish ishtiyoqida. Bundan katta zavq, baxt bormi? Ularning hayoti har kuni shunday, mehnat, zavq bilan o‘tadi. Nega shunday yashash mumkin emas? Shuncha yil yashab, nega men biron marta bunday zavq olganim yo‘q? Bolalarimga qanday zavq berdim?
Yugurib mehmonxonaga kirdim. Ikkita konvert, ikki varaq qog‘oz oldim. O‘sha zahotiyoq ikkita xat yozdim. Mana ular…
Sanobar Kamolova yozuv stoli ustidagi chiroqni yoqib, xatlarni uning qo‘lidan oldi. Ikkalovi ham ariza edi. Biri — shahar sovetiga: hovlini olib, o‘rniga kvartira berish haqida; ikkinchisi — Toshkent pediatriya institutining bosh vrachi nomiga bo‘lib, hamshira sifatida ishga qabul qilishlarini o‘tinib so‘ralgan edi.
— Ikkala arizangiz ham yaxshi, — dedi Sanobar Kamolova. — Oqilona ish qilibsiz. Bittasini, qabul qilindi, deb o‘ylayverasiz.
— Qaysinisini? — dedi shoshib Iroda.
— Hamshiralikni. O‘sha kasalxonaning bosh vrachi men bo‘laman. Ertadan ishga boravering.
Iroda divandan sakrab tushib, yosh boladek Sanobar Kamolovaning bo‘ynidan quchoqlab oldi.
— Yuring, hovliga chiqaylik. Yulduzlar so‘nmaganmikin, ko‘raylik.
U dast o‘rindan turib, hovliga tushdi. Ketidan Sanobar Kamolova ham hovliga chiqdi. Erta sahar edi. Hayot hali qorong‘ilik og‘ushida. Yulduzlar charaqlab turibdi. Qay ko‘z bilan ko‘rsinki, yangi, endi to‘rt kunlik oy shunday ikkalovining o‘ng tomonida edi.
— Voy! Qarang, — dedi Iroda. — Dumli yulduz yana qaytib kelibdi!
Rostdan ham oyning tagida kecha ular ko‘rgan dumli yulduz turardi. Uning yorug‘i hovligacha tushgan edi.
— Sanobar opa? Ayting-chi, kanday odamni baxtli deb bo‘ladi? — deb so‘radi Iroda birdan.
— Nazarimda, baxtli odam — xalqqa, jamiyatga foydasi tekkan, odamlarga zarur odam bo‘lsa kerak.
— Men ham shunday odam bo‘larmikanman?
Sanobar Kamolova unga qaradi. Irodaning ko‘zlari yalt-yult qilib turgan dumli yulduzda va yangi oyning oltin urog‘ida edi.
1986