O‘lmas Umarbekov. Ota va o‘g‘il (hikoya)

Professor Sabohat Qodirova o‘g‘lining kontsertidan o‘zida yo‘q sevinch bilan chiqdi. Bu gal ham avvalgi kunlardagidek to‘rt ming kishilik tomosha zali odamga liq to‘la, pashsha qo‘nadigan joy yo‘k edi. Bu gal ham avvalgi kunlardagidek odamlar kontsertga to‘yishmadi, gulduros karsaklar chalib, yer tepib uni so‘rashdi, talab qilishdi:
— Baxtiyorjon! Uka! Yana bitta ayt! Jon uka!
— Bitta ayt, otang rohatingni ko‘rgur bolam!
— Tog‘dan atayin tushganmiz! To‘ymay qoldik! Bitta yana! Bitta ayt! Jon tasadduq!
Sahnaning oltin pardasi ohista yopilaboshlaganda, nihoyat yopilib, charchagan, og‘ir nafas olaboshlagan, boshdan-oyoq oq kiyingan Baxtiyor uning orqasida g‘oyib bo‘lganda, Sabohat Qodirova o‘rnidan turdi, qatoridagi joylaridan qimir etmay qarsak chalib, sahnadan ko‘z uzmay turgan odamlarni bezovta qilib yo‘lakka chiqdi. Kimdir uni qo‘ltig‘idan oldi.
— Orqada eshikdan chiqamiz, opa. Buyoqni militsiya o‘ragan.
— Nega?
— Kirolmaganlar turishibdi. Aftidan ertagayam kontsert bo‘ladi.
Sabohat Qodirova ismini bilmasa ham o‘g‘lining yordamchilaridan bo‘lgan bu yigitni tanidi va qo‘lini olmay u yetaklagan tomonga yurdi.
— Oldilariga kirmaysizmi? — so‘radi yigit zinadan pastga tushishayotganda. — Ammo odam ko‘p. Sahnadan grimxonagacha odam. Ko‘pi qiz! — yigit kuldi, —Tezroq uylantirib qo‘ymasak bo‘lmaydi. Opqochib ketishadi!
— Uyda ko‘raqolaman. Bir soatlarda borar?
— Harakat qilaman oborishga!
Ular xizmatchilar yuradigan baland-past, tor yo‘lkalardan aylanib ko‘chaga chiqishdi. Toshkentning tungi muzdek havosi gup etib dimoqqa urildi. Sabohat Qodirova beixtiyor ko‘cha eshik tepasidagi soatga qaradi. O‘n birdan oshibdi. Demak, kontsert bu gal ham to‘rt soatdan ziyod davom etibdi. Bola bechora! Rosa charchagandir? Boya, o‘ninchi qatorda o‘tirgan bo‘lsa ham uning charchaganini sezdi. Charchasa, ko‘zlari ko‘proq bir nuqtaga tikilib qoladi. Boya ko‘zlari shunday xorg‘in edi. Ammo, baribir u o‘zini, avvalo o‘g‘lini baxtli hisoblardi. Dunyoga mashhur Xalqlar do‘stligi saroyi rahbariyati o‘g‘lini ilgari qo‘shma kontsertlargagina taklif qilardi. O‘tgan oyda birdan uni o‘n kunlik kontsertga chaqirishdi. Direktorning o‘zi kelib taklif qilib ketdi. Iltimoslar ko‘p, dedi. Shunday bo‘lsa ham Sabohat opa cho‘chib, o‘g‘lini qaytarmoqchi bo‘ldi. Ammo ko‘zlari chaqnab, sevinib turganini ko‘rib, hech narsa demadi. Yaxshi ham hech narsa demagan ekan. Hamma kontsertlar bugungidek muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Biron marta ham uch soatdan kam bo‘lgani yo‘q. Sahna gulga to‘lib ketdi. To‘nlar kiydirishdi.
Sabohat Qodirova hamma kontsertga keldi. San’atga, san’atkorga elda bo‘lgan e’tibor, hurmatni u tasavvur qilardi, bilardi. Ammo shu o‘n kun ichidagi o‘g‘liga bo‘lgan e’tibor, hurmat uning tasavvurlaridan, ko‘rgan-bilganlaridan, umid-orzularidan o‘tib ketdi. Uning sevimli o‘g‘li Baxtiyor el sevgan haqiqiy san’atkor bo‘lib yetishgan edi. Faqat haqiqiy san’atkornigina el shunday kutib oladi, boshiga ko‘taradi, hech qanday manfaatsiz uning shaydosi bo‘ladi.
Sabohat Qodirova buni kontsertning birinchi kuniyoq tushundi, ammo sir tutdi, hech kimga aytmadi, hatto o‘g‘lining o‘ziga ham bildirmadi. Dili g‘ururga to‘lib ketganiga qaramay, keyingi kunlarning tashvishini qildi, qiziqish susayib, tomoshabin kamayib ketishidan cho‘chidi. Shunday bo‘lmasligini, biletlar sotilib bo‘lganini bilsa ham havo-tirlandi. O‘g‘lining hamma san’atkorlarga o‘xshab, tabiati nozik, odam siyraklashib borayotganini ko‘rib, ruhi tushib ketishi mumkin edi. Ammo kontsertga qiziqish kundan-kunga zo‘raydi, bilet topolmay saroyning u eshigidan bu eshigiga yugurganlar ko‘paydi. Tartib o‘rnatish, kontsertlarning tinch o‘tishini ta’minlash uchun militsiya chaqirishdi. Uyda telefon keti uzilmay, jiringlaydigan bo‘lib qoldi. Bir minutga bo‘lsa ham uning ovozini eshitmoqchi bo‘lgan uyatchan qizlar telefon qilishardi, hamma narsani, hammani pulga sotib olish mumkin, deb o‘ylaydigan yangi chiqqan boyvachchalar, san’atda yangi yulduz paydo bo‘lganligi sababli sevinchiga chidolmay tabriklamoqchi bo‘lgan ziyolilar, to‘ylari, majlislari, tantanali marosimlariga taklif qilgan ministrlar, ming xil birlashma, firmalarning boshliqlari, vakillari… Hammasiga Sabohat Qodirova javob qildi. Hech kimni ranjitmadi, ammo hech kimga va’da ham bermadi. Bir narsa shu o‘n kun ichida unga ravshan bo‘lgan edi. Kechagina u oila boshlig‘i hisoblangan uyda o‘g‘li birdan yangi, mustaqil, faqat san’atkorgina tushunishi mumkin bo‘lgan murakkab, hayotga qadam qo‘ygan, birdan u bilan tillashgan, katta qilgunigacha chekkan azob-uqubatlarini birdan ko‘tarib tashlagan, dilini kuvonchga to‘ldirgan edi.
— Tezroq obkelishga harakat qilaman, — dedi yigit darvozalari oldida mashinasini to‘xtatib.
Sabohat Qodirova xayol bilan bo‘lib uyga qanday yetib kelganini ham bilmay qolgan edi.
— Rahmat. Ertaga yana kontsert bo‘lsa, vaqtliroq kelib dam olsin!..
— Ho‘p bo‘ladi!
Mashina siltanib joyidan qo‘zg‘aldi va tun qo‘ynida g‘oyib bo‘ldi.
Sabohat Qodirova ayvonga ko‘tarilib, darhol hamma xonalarning, hovlining chiroqlarini yoqib yubordi. Hoynahoy Baxtiyor yolg‘iz kelmaydi, sozandalari, ma’murlari bilan keladi. Saroyning direktori ham kelib qolishi mumkin. Shunday taxmin qilib, ayvonga joy hozirladi. Ovqatga nima qilishini o‘ylab, yotoqxonaga kiyimlarini almashtirgani kirganida kontsertga ketayotib, oshning sabzi-piyozini bostirib ketganligi esiga tushdi, sevinib ketdi. Har ehtimolga qarshi uy kiyimlarini apil-tapil kiyib, oshxonaga yugurdi. Esi qursin, adashmasa, kecha kunduz kuni edi, savzi-piyoz bostirgani, bugun emas. Nima qilsa bo‘larkin? Lag‘monmi? U shoshib tuvoqni ko‘tardi. Xayriyat, oshning savzi-piyozini bugun bostirib ketgan ekan. Ko‘ngli ancha joyiga tushib, o‘n kishiga mo‘ljallab guruch oldi. Tozalab, yuvib, sovuq suvga solib qo‘ydi. Kelishlari bilan damlaydi.
U ayvonga ko‘tarilib, achchiq-chuchukka piyoz tozalab qo‘ymoqchi bo‘lib turganida telefon jiringladi. Sabohat Qodirova ichida kulib qo‘ydi. «Kontsert tugaganga o‘xshaydi, endi tinim bo‘lmaydi» — o‘yladi o‘zicha va telefonga borar ekan, uyga olib kelib qo‘ygan tanish yigitning gapi esiga tushdi: «Uylantirib qo‘ymasak bo‘lmaydi. Obqochib ketishadi!»… Chindan ham uylansa bo‘lardi endi. Ammo Baxtiyor o‘zi shu paytgacha og‘iz ochgani yo‘q. O‘rtoqlari ham unga hech narsa deyishmaydi. Telefonni olarkan, surishtirishni diliga tugib qo‘ydi.
— Eshitaman…
U adashgan edi. O‘g‘lining ishqibozlari emas, klinikadan navbatchi doktor telefon kilayotgan edi.
— Nima gap, Karimjon?
— Kechirasiz, bezovta qilishga majbur bo‘ldim, Sabohat Qodirovna! — dedi xijolat bo‘lib navbatchi doktor, — «Tez yordam»da og‘ir bemor olib kelishdi. Nafas yo‘llari
bekilgan. Zudlik bilan operatsiya qilinmasa bo‘lmaydi.
— Qilavering! — buyurdi Sabohat Qodirova.
— Qilolmayman…
— Nega? — hayron bo‘ldi Sabohat Qodirova, — Bunday operatsiyalarni qilgansiz-ku?
— Bularga o‘xshamaydi. Nazarimda ovoz yo‘llarini olib tashlash kerak.
Sabohat Qodirova darhol tushundi:
— Nima qildingiz?
— Trubka qo‘yib qo‘ydim. Mashina yuboraymi?
— Mayli. Operatsiyaxonani tayyorlang!
— Tayyor! Rahmat, Sabohat Qodirovna. Bezovta kilganim uchun kechiring! Mashina yuborganman. Eshigingiz tagida turgan bo‘lsa kerak. Bemorning o‘g‘li ketgan.
— Nega? — Sabohat Qodirovaning jahli chiqib ketdi.
— Boshqa mashina yo‘q edi. «Tez yordam» tashladi-yu, ketdi!
— Bemor necha yoshda ekan?
Navbatchi doktor o‘ylanib qoldi, yo yonidagilardan surishtira boshladi shekilli, darhol javob bera olmadi. Keyin trubkadan xansiragan ovozi keldi:
— Ellikdan oshgan ekan.
— Chindan ham yosh emas ekan, — kinoya qildi Sabohat Qodirova, — Hozir, boraman.
U trubkani qo‘yib, ayvonga chiqdi. Hozirgina dasturxon yozib qo‘ygan stoli yoniga o‘tirib, xat yozdi.
«Baxtiyor! O‘g‘lim! Tabriklayman. Bugun ham kontserting zo‘r bo‘ldi. O‘choqboshida oshning sabzi-piyozini bostirib qo‘yganman. Guruch ham ivitig‘lik turibdi. Klinikaga borishga to‘g‘ri kelib qoldi…»
Xatni o‘qib, soatiga qaradi. Chorakam o‘n ikki bo‘lgan edi. Har ehtimolga qarshi xatga imzo chekib, vaqtni yozib qo‘ydi.
Kiyinib, ko‘chaga chiqqanida, baland bo‘yli bir odam hovliqib yaqinlashdi:
— Assalomu alaykum! Men sizga kelganman, opa!
— Yaxshi. Ketdik!
Sabohat Qodirova shaxdam mashina tomonga yurdi.
— Nima qildi adangizga? — so‘radi yo‘lda u.
— Tomog‘lari og‘rib yurardi. Uch-to‘rt oydan beri nafas olishlari qiyinlashib qoldi, — mashinani tez va ustalik bilan xaydar ekan, yigit orqasiga o‘girilib, Sabohat Qodirovaga qaradi. Lip-lip qilib o‘tayotan fonuslar yorug‘ida yigit tanishdek ko‘rindi, ovozini ham qayerdadir eshitgandek bo‘ldi. Ammo eslolmadi. Buning hozir ahamiyati ham yo‘q edi. Uning butun xayoli bemorning qanday kasallikka giriftor bo‘lganligida edi.
— Nafaslari chiqdimi?
— Nafas ololmay qoldilar!… Opa!… Tuzalib ketadilarmi?
Yigit yalinganomuz so‘radi. Sabohat Qodirova uning yig‘lab yuborganini sezdi.
— Nima lozim bo‘lsa, qilamiz.
— Rahmat, opa. Qo‘lingizni gul deyishadi. Butun umidimiz sizdan. Man — Ahadman. Ahad Komilov.
— Yaxshi, Ahadjon. O‘zingizni bosing. Aytdim-ku, nima lozim bo‘lsa qilamiz.
«Jiguli» tsirk oldida chiyillab qayildi-da, Chorsu tomonga yo‘l oldi. Bu ko‘chalardan Sabohat Qodirova kuniga kamida ikki marta yurardi. Chorak asrdan beri ularsiz o‘z hayotini tasavvur kilaolmasdi. Har gal o‘tib borar ekan, o‘zi uchun birorta yangilik kashf etardi. Mana hozir ham shu tanish, qadrdon ko‘chalardan borar ekan, tun qo‘ynida, baland yulduzlar, oyning o‘rog‘i va lip-lip etib ortda kolayotgan fonuslar yorug‘ida tinch, osoyishtaligidanmi, ular yurakni bezovta qiluvchi sir va sehrga to‘lib turgandek edi. Ular nimalarni, kimlarni ko‘rmagan, kimlar ularning chang parda tortgan betlariga sevinch yoki alam, qayg‘u yoshlarini to‘kmagan? Ularning qa’rida qanday sirlar ochilmay qolib ketdi, qanday sirlar ochilishini kutib yotibdi? Ularni kimlar ohista bosib, tuproqlarini yuzlariga surtib niyatlariga yetolmay o‘lib ketdilar? Kimlar bu ko‘chalarda yulduz sanab baxtlarini topdilar, qo‘sha qaridilar, kimlarni o‘lim quchog‘iga oldi? Qanchadan-qancha bemorlar shu ko‘chalardan yurib, uning oldiga najot so‘rab keldilar, shu ko‘chalardan yurib qanchalarning umriga umr qo‘shdi? Bugun qanday sir bor ekan ularda? Qanday sehr ko‘rsatishar ekan? Kim bugun bu tungi osoyishta ko‘chalardan yurib baxtini topadi, kimning yulduzi uchib, kimlar faryod qiladi? Umid bilan uni kutib o‘tirgan bemorga, u bugun nima beradi? Nima uni kutayapti — o‘limmi yo hayot?
Sabohat Qodirova ikki qo‘lini rulga qo‘yib ketayotgan barvasta yigitga qaradi. Uni qayerda ko‘rgan? Yo birovga o‘xshatayaptimi? Kimga?
Oldinda tanish maydon ko‘rindi. Uni aylanib o‘tishlari bilan shifoxonaning panjara devorlari boshlanadi. Baland chinorlar, kumushbarg teraklar tagida qolib ketgan to‘rt qavatli shifoxona binosini Sabohat Qodiro-va yaxshi biladi, yaxshi ko‘radi. Chorak asr burun u institutni bitirib ishga kelganida bino endigina qad ko‘targan edi. Ularning bo‘limi, institut kafedrasi ikkinchi qavatga joylashdi. Kafedra mudirining xonasi eng so‘nggi, kunga teskari tushgan, shu tufayli olti oy yoz salqin bo‘lib turadigan xona edi. Mashhur olim, xirurg, uning aspiranturadagi rahbari, professor Mumtoz Ibrohimov vafotidan keyin shu salqin xona uning ishxonasi» kafedraning hamma yig‘ilishlari, klinikaning hamma majlislari shu xonada o‘tadi, bemorlarni birinchi marta shu xonada qabul qiladi.
Shifoxonaga yetib kelishganda u odati bo‘yicha o‘z kabinetiga ko‘tarildi. Zudlik bilan xalatini kiyib, umumiy qabulxonaga yo‘l oldi. Eshik oldida navbatchi doktor bilan anasteziolog kutib turishardi.
— Ahvoli qalay? — ularga yaqinlashganda so‘radi Sabohat Qodirova.
— Og‘irlashayapti, — navbatchi doktor o‘zini chetga olib, yo‘l berdi.
Sabohat Qodirova ichkariga kirishi bilan bir zum to‘xtab qoldi. Yumshoq kresloda boshini suyanchiqqa tashlab oqarib o‘tirgan, og‘ziga solingan ichak orqali og‘ir nafas olayotgan odam tanish edi. Sabohat Qodirova o‘zini hatto orqaga tashlagandek, oyoklari bo‘shashib, yuragi to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Ammo undagi bu o‘zgarishni o‘zidan boshqa hech kim sezmadi. Darhol o‘zini tutib olib, bemor tepasiga keldi-da, qo‘lini ushladi.
Tomir urishi sust, notekis edi. Bo‘yni shishib, silliqlashgan, jag‘ suyaklari, kekirdagi ko‘rinmasdi. Sabohat Qodirova nima bo‘lganini tushunsa-da, har ehtimolga qarshi ushlab ko‘rdi. Qekirdak sog‘lom odamlarniki singari hara-katchangligini yo‘qotgan, shish uni har tomondan iskanjaga olgan edi.
— Operatsiyaga hamma narsa tayyormi? — bemorni ko‘rishda davom etib so‘radi Sabohat Qodirova. — Operatsiya qilmasak bo‘lmaydi!
U shunday deb, bemorning salqigan yirik ko‘zlariga qaradi. Bemor uni tanidimi, yo‘qmi, aytish qiyin, qo‘rquv aralash ko‘zlarini undan uzmasdi.
— Meni tushundingizmi? — qayta so‘radi Sabohat Qodirova. — Operatsiya kilish kerak. Gap hayotingiz ustida ketayapti.
Bemor ohista ko‘zlarini yumib, boshini qimirlatdi.
— Olib boringlar.
Sabohat Qodirova qabulxonadan chiqayotganda Ahad Komilovga duch keldi. Xuddi otasinikiga o‘xshagan yirik qora ko‘zlari iltijo bilan unga tikildi.
— Operatsiya qilmasak bo‘lmaydi, — Sabohat Qodirova uning savolini kutmay javob berib qo‘yaqoldi. — Ovoz yo‘llarida paydo bo‘lgan shish kengayib, nafas olishga halaqit berayapti. Mutlako bo‘g‘ib qo‘yishi mumkin. Zudlik bilan olib tashlash kerak.
— Omon… omon qoladilarmi ishqilib? Juda qo‘rqitib yubordilar.
— Omon qoladilar. Ammo ovozdan ajraydilar. Ashula aytolmaydilar.
Sabohat Qodirova bilan operatsiyaxonasiga yonma-yon kelayotgan Ahad Komilov birdan to‘xtab qoldi.
— Boshqa iloj yo‘q. Gap hayot ustida ketayapti.
Sabohat Qodirova shunday dedi-da, operatsiyaxonaga kirib ketdi. Uning rostini aytmasdan iloji yo‘q edi. Bir paytlar dong‘i ketgan ashulachi bugun qanchadan-qancha odamlarni o‘ziga maftun qilgan, quvonchiga quvonch qo‘shgan, to‘y, ziyofatlarini yayratgan ovozidan ajraydi. Balki mutlaqo gapirolmaydigan bo‘lib qoladi, barcha sog‘lom odamlar singari burnidan emas, tomog‘idan nafas oladi… Boshqa iloji yo‘q. Dunyodagi barcha ilg‘or mamlakatlar tibbiyotida shunday. Ovoz yo‘llarining jarohatlangan joylarini olib tashlab, o‘rniga yangi bezlar, matolar qo‘yib asl holiga qaytarish hech qayerda ijobiy natija bergani yo‘q. Donorlardan foydalanish ham muvaffaqiyatsiz chiqdi. Inson hayotini saqlab qolish oldida ovozni yo‘qotish katta bir baxtsizlik emas. Inson har narsaga ko‘nikadi, ovozsiz yashash, odamlar bilan muomala qilishning boshqa yo‘llarini topadi. Ovozi asosiy ish va yashash manba’i bo‘lganlar kasblarini o‘zgartirishlariga to‘g‘ri keladi. Na iloj? Sabohat Qodirova operatsiya kiyimlarini kiyaturib shularni xayolidan o‘tkazdi, ko‘z oldiga yana bugungi bemor keldi. Olimjon Komilov — dong‘i ketgan ashulachi. Bir paytlari, rangli televizor qishloqlarda endi-endi paydo bo‘la boshlagan, videokasseta nimaligini odamlar hali bilmagan paytlarda Olimjon Komilovning ovozi, u aytgan qo‘shiqlar ko‘pchilikni hayajonga solgan, muhabbatini qozongan edi. U qatnashgan to‘yning dovrug‘i tilma-til bo‘lib ketar, to‘y egasiga hammaning havasi kelardi. Radioda, televideniyeda u paydo bo‘lgan dastlabki yillari uning «Farg‘ona tong otguncha» ashulasi ko‘pchilik o‘zbek xonadonlarining sevimli qo‘shig‘i bo‘lib ketdi. Xaziniy g‘azali bilan aytiladigan shu ashulani boshqa ashulachilar ham aytishgan edi. Ammo ovozining hech kimnikiga o‘xshamagan ijrosi bilanmi yo aytish uslubidagi tiniklik, har bitta so‘zning ohangi, dardini aniq yetkazish san’ati bilanmi u ko‘pchilikning og‘ziga tushib ketdi. Xalq orasida ertalabki oshga uch ming, kechqurungi bazmga to‘rt ming bilan borarmish, degan gap tarqaldi. Bir xillar qoyil qolishdi, bir xillar tillarini tishlab, yoqalarini ushlashdi. Ammo hech kim o‘ni urishgani yo‘q. Harxolda Sabohat Qodirova buni eshitmagan. U paytlari u yosh, endi maktabni tamomlayotgan qiz edi. Yettinchi sinfdan o‘ninchi sinfgacha o‘qiyotgan ko‘pchilik tengqurlari qatori u ham Olimjon Komilovga xushtor bo‘lib qolgan, uning «Oftob kuygay», «Xolingmu bu yoki olucha?», «Xohi ishon; xohi ishonma» va yana bir talay qo‘shiqlarini yodlab olgan edi. Sijjakda o‘sha paytlarda kamdan kam odamda magnitofon bor edi. Adashmasa, to‘rttami, beshta. Shu xonadonlar kechqurun odamga to‘lib ketardi. Navbat bilan, guruh-guruh bo‘lib, uning ashulalarini eshitishardi. Sabohat Qodirova ham uyidagilardan birortasi bilan, oyisi yo opasi bilanmi bo‘lib eshitib kelardi va kechasi bilan uxlolmay chiqardi…
— Hamma narsa tayyor, — axborot berdi hamshira.  — Yaxshi.
… U haqda turli xil mish-mishlar ham yurardi el og‘zida. Guyo uning har bir shaharda uyi bor emish. Har bir uyida bittadan xotini bor emish. Eng yaxshi ko‘rgani qo‘qonlik Kumushxon emish. Kumushxon o‘yinchimish. Toshkentda Mukarrama Turg‘unboyeva o‘z shogirdlari bilan qanchalik mashhur bo‘lsa, Farg‘onada Kumushxon shunchalik mashhurmish. Mukarrama opa bir necha bor «Bahor»ga kelgin, deb unga odam yuboribdi, hatto o‘zi atayin borib kelibdi, ammo Kumushxon kelmabdi. «Olimjon akamlarning gaplari bilan o‘yinga tushib turibman, undayam o‘zlari bor joyda. U kishining uylarini obod qilib o‘tirish menga baxt», debdi. O‘ynaganda ham u to‘ylarda emas, tor-tor majlislarda, «gap»larda o‘ynar ekan. Odamlar puldan chambar qilib, bo‘yniga tashlashar ekan. Toshkentdagi qandaydir bir beva xotin o‘rtoqlariga ziyofat berayotib, Olimjon Komilovga yangi, hali minilmagan «Volga»sini hadya qilib yuboribdi…
Sabohat Qodirova operatsiya stoli yoniga kelib, yana bemorning tomirini ushladi.
— Hozir ko‘zi ilinadi, — dedi anasteziolog. — Tanidingizmi, domla?
Uning bu savolini boshi, qovoqlari og‘irlashib borayotgan bemor ham eshitdi. Sabohat Qodirovaning tasdiqlagan ovozini ham eshitdi. «Men ham uni taniyman» — xayolidan o‘tkazdi u.
Uning operatsiya oldidan oxirgi esida qolgan gapi shu bo‘ldi. Tomog‘ida nimadir «kirt-kirt» qilib, chumoli o‘rmalagandek bo‘lib ketdi, keyin hamma narsani unutdi!
Operatsiya bir soatdan ziyod davom etdi, Sabohat Qodirova bemorning ovozdan mahrum bo‘layotganiga qanchalik achinmasin, jarohatlangan ovoz yo‘llari, kekirdagini ochganda, yagona to‘g‘ri chora shu ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildi. Ovoz yo‘llaridan tarqala boshlagan shish butun tomoqni, kekirdagini, hatto ovqat yo‘lini qisib, jarohatlay boshlagan edi.
— Hammasini olib tashlaysizmi? O‘ng tomon tuzukka o‘xshaydi-ku? — So‘radi navbatchi doktor.
Sabohat Qodirova skalpelni u aytgan tomonga tiradi.
— Shuni tuzuk deyapsizmi? Rangini ko‘rmayapsizmi? Qoldirsak, ikki-uch oy o‘tmay bu yer shishib chiqadi. Ashulachilar necha yoshgacha ashula aytadi, bilmaysizmi?
— Bilmadim, — navbatchi doktor yelkalarini qisdi, — Yunus Rajabiy yetmish yoshidayam ashula aytardi. Har kim har xil bo‘lsa kerak.
— Sog‘ligiga qarab, — xulosa qildi Sabohat Qodirova. — O‘ttizga bormay ovozdan qolganlar ham bo‘lgan. Bu kishi ranjimasa ham bo‘ladi. Ellikdan oshgan dedingizmi boya?
— Oltmish birda ekanlar.
— Yomon emas. Mana, bo‘ldi. Tikamizmi endi? Sabohat Qodirova bemorning barcha shishlari tagi bilan kesib olingan tomog‘iga tikilib turib, so‘radi. Savolni u o‘ziga, hech qanday yara, shish kolib ketmadimikan, deb bergan edi.
Navbatchi doktor uni to‘g‘ri tushundi.
— Nazarimda hech narsa qolmadi. Nechanchi trubkani qo‘yamiz? Oltinimi?
— Oltini. Qani, boshladik. Ip!
Sabohat Qodirova bemorni palataga jo‘natib, o‘z kabinetiga kirganida, telefon jiringlab turgan edi.
— Eshitaman?
— Operatsiya yaxshi o‘tdimi?
— Ha, yaxshi o‘tdi. Kim so‘rayapti?
Sabohat Qodirova telefon qilayotgan ayolni bemorning karindoshlaridan bo‘lsa kerak, deb gumon qildi. Gumon to‘g‘ri chiqdi.
— Men oilalari bo‘laman. Rahmat sizga, doktor. Qachon chiqadilar? Biron haftalarda chiqib qoladilarmi?
Sabohat Qodirovaning ensasi kotdi. Ammo o‘zini bosdi.
— Buni hozir aytish qiyin. Hayotlar, shuning o‘zi hozir katta gap.
— Ha, albatta, albatta. Rahmat, doktor..
Ayol trubkani qo‘yib qo‘ydi. Sabohat Qodyrova uning uzoqdan gapirayotganligini, yoshligini ham sezdi. Ammo hayron bo‘lmadi. Mish-mishlardagi «xotin»lardan biri bo‘lsa kerak, dedi-yu, shu zaxoti uni unutdi. U chin yurakdan bemorga achinib ketgan edi. Bugundan boshlab ashula aytish uyoqda tursin, gapirishi ham uning amri uchun mahol edi.
Olimjon Komilovni u tanirdigina emas, yaxshi bilardi. Tasodif ularni uchrashtirib, birini yomon otliq qilgan, birining hayotini alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborgan edi. U sabab, Sabohat Qodirova uyidan chiqib ketdi, ota-onasi deyarlik hamma qarindosh-urug‘lari bilan yuz ko‘rmas bo‘ldi, qornida o‘g‘li bilan yolg‘iz qoldi. Toshkent ko‘chalarida sarson-sargardon bo‘lib yurdi. U sabab, Sabohat Qodirova o‘g‘lini aldadi, otasini o‘lganga chiqardi, turmush qurmadi, er-xotinlik kuvonchlaridan umrbod mahrum bo‘ldi…
…Maktabni bitirib, ToshMIga hujjatlarini topshirib kelgan kunlar edi. Devor qo‘shnilarinikida to‘y bo‘lib qoldi. O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasining boshlig‘i o‘g‘il uylantirayotgan edi. To‘y egasi, Mardonbek aka nakd to‘rt ming pul va uloqchi otini beradigan bo‘libdi. Olimjon Komilov mashinani yaxshi ko‘rgandek, otni ham yaxshi ko‘rar ekan. Shunga ham zo‘rg‘a rozi bo‘libdi. Ertalabga qolmayman, kechasiyoq ketaman, debdi. Mardonbek akaning o‘zi og‘zi qulog‘iga yetib, shuni odamlarga gapirib beribdi. Qaysi bir o‘tirishda o‘g‘limning to‘yiga Olimjonni olib kelmasam, otimni boshqa qo‘yaman, deb yuborgan ekan. Shu xabar tarqalganidan keyin Sijjak buzilgan ari uyasiga o‘xshab qoldi. Odamlarning tinchligi yo‘qoldi, deyarlik hamma sabrsizlik bilan to‘y kunini sanashga tushib ketdi. Nihoyat, orziqib kutilgan kun keldi. Odamlar hovliga sig‘may, ko‘chaga ham joy solindi. Sabohat bo‘yi yetgan qizlar qatori va qo‘shnichilik huquqi bilan kelinni kutib olish sharafiga muyassar bo‘ldi. To‘y kechada xizmat qilib yurib, kuyov yigitlar bilan kelinni olib kelgani jo‘nashganida, Sabohat dasturxon yetishmay qolib, uyiga chiqdi. chiqdi-yu, hovlining o‘rtasidagi baland taxta karovatda o‘tirgan mehmonlarni ko‘rib hang-mang bo‘lib qoldi. Darrov tanidi. Ular Olimjon Komilov va uning sozandalari edi. Sevinganidan boshi aylanib, gandiraklab ketdi.
— Yaxshi kelding, qizim! — suyunib ketdi o‘choqboshidan choy ko‘tarib kelayotgan dadasi uni ko‘rishi bilan. — Kuyovlar kelguncha biznikida o‘tirib turishadi. Oyingga qarashib yubor!
Sabohat o‘zini tutib olib, dadasiga yaqinlashdi, qo‘lidan piyolalarni olib, karavot tomon yurdi.
— Assalomu alaykum! — u eshitilar-eshitilmas salom berib, piyolalarni karovat burchagiga qo‘ydi-da, uyalganidan qip-qizarib, o‘choqboshiga yugurdi. Orqasidan dadasining gapini eshidi:
— Saboxat maktabni tugatib, ToshMIga kirib keldi. A’lochi. Oltin medal oldi.
— Juda yaxshi. Tabriklaymiz! — dedi kimdir.
Sabohatning nazarida Olimjon Komilovning o‘zi shunday dedi. Battar uyalib ketdi.
— Oyi, o‘zimi? — so‘radi bir narsa deyish uchun.
— O‘zi, bolam, o‘zi, blimjon Komilov! — dedi onasi, — Dadang tushmagur boshlab keldilar! Nima qilishimni bilmay turibman. Yaxna go‘shtim bor. Qovurib beraqolaymi? Nima deysan? To‘yxonadan chiqqani boshqa, o‘z uyingniki boshqa.
— Yaxshi oyi. Men nima qilay? — oyisidek Sabohat ham tinchini yo‘qotdi.
Shunday odamning ularnikiga kelishi qatta kuvonch, bironta issiq ovqat qo‘ymasdan turg‘azish mumkin emas edi.
— O‘choqqa o‘t qala. Dadang tushmagur-a, dadang tushmagur! Odamni shunaqa uyaltirib yuradilar! Kimning xayoliga kelibdi, ularning biznikiga kirishi! Bir soat oldin aytib qo‘ysalar bo‘lmasmidi?
Sabohatning oyisi qozonga yog‘ solib, go‘sht qirqar ekan, erini urishgan bo‘ldi, ammo yonib turgan ko‘zlaridan o‘zining ham xursandligi bilinib turardi.
— Oyi! Kun issiq. Hoynahoy chanqab kelishgan. Dadamga ayting, qovun-tarvuz so‘yib tursinlar! — taklif qildi Sabohat.
— To‘g‘ri aytasan! Chaqir!
Sabohat mehmonlar oldida cho‘kka tushib non sindirayotgan, choy quyib uzatayotgan dadasi yoniga borib, sekin tirsagidan turtdi. Ammo u sezmadi. Shunda Sabohatga tabassum bilan tikilib o‘tirgan Olimjon Komilov luqma tashladi:
— Qizingiz bir narsa demoqchilar, Sobir aka, qarang!..
Sabohat yer yorilib, qa’riga kirib ketgandek bo‘ldi.
Yuzlari, qo‘llari lovullab yona boshladi, dadasini yana bir qattiq siltab tortdida, o‘choqboshiga yugurib ketdi.
— Aytdingmi?
Sabohat javob bermadi. Eshik oldida dadasi paydo bo‘ldi.
— Go‘sht qovurayapman, maylimi? — so‘radi oyisi.
— Juda yaxshi. Naryog‘dan chiqqan narsalar ko‘p-u, yeydigan hech narsa yo‘q. Nega chaqirdilaring?
— Qizingiz «chanqab kelishgandir, qovun-tarvuz so‘ysinlar dadam», deyapti.
— Darvoqe, to‘g‘ri. Hozir!
Dadasi ham ularga o‘xshab xursand, xursandligidan birmuncha xovliqib qolgan edi.
Sabohat to‘yxonaga dasturxon olib chiqib berishni unutdi. Kelin-kuyovlar yo‘lga chiqishgani haqidagi xabar kelgun-cha, mehmonlar turguncha uyda onasiga qarashdi.
Karnay-surnay chalinib, ko‘chada qiy-chuv boshlanganda, mehmonlar ortidan to‘yxonaga chiqdi.
O‘sha to‘y uning xotirasidan chiqmaydi. Umuman, butun vujudi, dili bilan sevinib ko‘rgan to‘yi shu bo‘ldi. Birinchi marta kelin-kuyovning kelishini, bazmni devor orqasidan yo tom ustidan emas, haqiqiy kattalar, mehmonlar qatori dasturxon yonida o‘tirib kutdi. Uni kuyovning singillari yonlariga chaqirishdi. Keyin o‘ynadi, ha, raqsga tushdi. Tushmaganga qo‘yishmadi. Dadasining o‘zi kelib so‘radi. «Tanovar»ga o‘ynab berdi. Bir-ikki aylanganidan so‘ng, Olimjon Komilov uni yoniga kelib, ashulasini aytdi, qochib ketmaguncha o‘rtadan chiqarmadi. Aftidan yaxshi o‘ynadi, hamma qarsak chalib turdi.
To‘y yarim kechasi, soat uchlarda tarqadi. Olimjon Komilov hammaning ko‘nglini oldi. U chindan ham el sevgan san’atkorligini ko‘rsatdi.
Sabohat o‘rtoqlari bilan xayrlashib uyiga kirganda, hovli to‘la odamlar turganini ko‘rdi. Ular Olimjon Komilov va uning sozandalari edi.
— Biznikida yotib qolisharmish, — dedi tashvishdan ko‘zlari olazarak bulib ketgan oyisi. — Dadang tushmagur boshlab chiqdilar! Hoy, qiz! — nimadir esiga tushib oyisi unga o‘girildi. — Qachon bunday o‘yinga tushishni o‘rganib olgan eding? O‘yinchi qizlarni uyaltirib qo‘yding-ku! Hammadan ko‘p pul sen o‘ynaganingda tushdi.
Sabohat indamay kuldi. Qachon o‘rgangan edi? Darsdan keyin-da, maktabda, to‘garaqda.
Mehmonlar yuvinib choy-poy ichgunlaricha ona-bola katta xonaga o‘rin solib chiqishdi. Yaxshi niyatlar bilan qavilgan yangi ko‘rpa, ko‘rpachalarni yozishdi. Oyisi yostiqlarga bilinar-bilanmas atir sepib chiqdi. Chivin bezovta qilmasin, dedi. Tokchalarga rayhon ham sochdi.
O‘sha kuni ona-bola uxlashmadi. Avvalambor, tog‘ning uchlari oqara boshlagan edi. Keyin ikkalovining ham ko‘ziga uyku kelmadi. Oyisi xamir qordi, u qiyma qildi. Nonushtaga tandir yoqib, patir, somsa yopishdi.
Ertalab yana bir xabar Sabohatni xursand qildi. Olimjon Komilov yana bir kun qoladigan bo‘libdi. Dala havosi yoqmabdimi, ozgina shamollabdi, kechasi bilan boshi og‘rib chiqibdi. Kechgacha yotarmish.
Dadasi shu gapni aytar ekan, shifo bo‘lsin deb, mehmonning oyog‘i tagida qo‘y so‘ydirdi.
Olimjon Komilovning chindan ham rangi o‘chgan, chiroy-li, yirik, qora ko‘zlari atrofida chiziqlar paydo bo‘lgan edi. Nonushta payti boshqalar xazil-xuzul qilib o‘tirishdi, latifalar aytishdi. U hech narsaga aralashmadi. Qandaydir dorilar ichdi. Issiq sut bilan g‘arg‘ara qildi. Sabohat negadir uning kasal bo‘lib qolganiga ishonmadi. Choy tashigan, ketma-ket issiq-issiq somsa keltirib turgan mahali unga ko‘zlarini ayyorona suzib qarab-qarab qo‘yganidanmi, hamma gap bilan bo‘lib turganda sutga qorilgan yumshoq patirdan katta-katta tishlagani, ishtaha bilan somsa yeganidanmi, harxolda nimadir sabab bo‘lib, ishonmadi. Ammo ishonmaganini hech kimga bildirmadi. Nonushtadan so‘ng sozandalar jo‘nab ketishdi. Olimjon Komilov birpas xomush o‘tirdi, bir-ikki choy xo‘pladi, keyin joyiga kirib yotdi. Doktor chaqirishga unamadi.
Sabohat Qodirova hayotidagi juda ko‘p tashvishli, og‘ir voqealarni unutib yubordi, ammo o‘sha kungi voqealar, aytilgan gaplarni hamon eslaydi.
Kunduzi, kun tikkaga kelganda uni uyqu elitdi, o‘choqboshida g‘imirlab yurgan oyisiga birpas mizg‘ib olishini aytib, xonasiga kirdi. O‘rniga yotishi bilan ko‘zi ilindi. Shundan keyingi galda yarim soatlar ichida yuz bergan voqea uning butun hayotini buzib yubordi, boshiga qanchadan-qancha kulfat toshlarini yog‘dirdi. Ko‘zi ilingan mahali kimdir uning qo‘lini ushlaganini, yoniga yonboshlaganini payqadi. Avval oyisi deb o‘yladi, keyin otasi xayolidan o‘tdi. Ammo og‘ir, notanish nafas dimog‘iga urilganida, cho‘chib ko‘zlarini ochdi. Yonidagi odam Olimjon Komilov edi. U shunday bo‘lishini, nima uchun mashhur ashulachi yana bir kunga kasal bo‘lib qolganini qandaydir ichki bir tuyg‘u bilan sezgandi. Ammo aniq shunday bo‘lishini, u bilan shunday bo‘lishini kutmagan edi. Sabohat qichqirmoqchi bo‘lib, boshini ko‘tardi. Olimjon Komilov «Tiss!» — deb, og‘ziga qo‘lini qo‘ydi. Qancha harakat qilmasin, Sabohat uning iskanjasidan chiqib ketolmadi.
— Hayvon! — qichqirdi bor alami va nafratini shu so‘zga solib Sabohat. — Hayvon!
Boshqa hech narsaga undan qutilganida tili kelishmadi. Eshikka qo‘l cho‘zgan Olimjon Komilov og‘zi to‘latilla tishlarini yaltiratib iljaydi.
— Dadang bilan gaplashaman. O‘zim olaman sani.
Uning shu gapi ham hamma yaramas ishlari, qo‘lansa hidi singari Sabohat Qodirovaning hamon esida.
Kim biladi agar u zo‘ravonlik qilmaganda, unga hurmat bilan qaraganda, shu gapi uni kuvontirarmidi? Ammo o‘shanda o‘ziga bino qo‘ygan, hamma narsani pul bilan, zo‘rlik bilan qo‘lga kiritish mumkin deb o‘ylagan, yosh qizning hayotini buzgan odamni gapi uyoqda tursin, o‘zi, tirjaygan basharasi uning ko‘nglini ag‘dardi, jirkanish paydo qildi, ashulalari, ovoziga bo‘lgan hurmat, muhabbatni o‘zi oyoq osti qilib yubordi. Qayerdadir yaxshi san’atkorgina yaxshi odam bo‘ladi yo aksincha, yaxshi odamgina yaxshi san’atkor bo‘ladi, deb o‘qigan edi. O‘shanda Olimjon Komilov unga hayvon bo‘lib, hayvondan ham battar bir mahluq bo‘lib ko‘rindi va o‘sha zahotiyoq san’atidan ham uning ko‘ngli qoldi.
Ammo endigina bo‘yiga yetgan qizning kimligini, nimaligini tushuna boshlagan Sabohat qanday fojea boshiga tushganini to‘rt oy o‘tgandan so‘ng bildi. O‘sha kuni esa «mashhur ashulachi»ning beshafqat qilmishinigina o‘yladi, birovga aytgani uyalib, ohista hovliga chiqdi. Negadir hovli jimjit edi. «Aziz» mehmonining soyasiga salom berib yurgan dadasi ham, o‘choqboshidan boshqa joyni bilmay qolgan oyisi ham yo‘q edi. Sabohat molxonaning orqasidagi devorning nuragan joyi esiga tushib shu tomonga yurdi. Devorning orqasi dala, qarovsiz qolib ketgan uzumzor edi. Uning tagida yong‘oqzor. Sabohat devordan oshib shu yong‘oqzorga yo‘l oldi. Qorong‘u tushib, yulduzlar ko‘ringuncha, shu yerda cho‘kkalab olib yig‘ladi, soy suvida yuvindi, yana yig‘ladi. Odamlardan o‘zini pana qilib uyga qaytganda «dadasi bilan gaplashadigan», «uni oladigan», yana «bir kunga qoladigan» dongdor ashulachi allaqachon jo‘nab ketgan edi.
Hech kim hech narsa sezmadi. Sabohatning o‘zi hech kimga hech nima demadi. Ammo qiz bola o‘zidagi o‘zgarishni yashirolmaydi. To‘rt oycha o‘tganda Sabohatning boshqacha bo‘lib qolganini opasi payqadi. O‘sha zahotiyoq oyisiga aytdi. Sabohatning boshiga yangi kulfat tushdi. Endi o‘z yaqinlari uni xor qilishdi. U istamasa ham, to‘polon qilib yig‘lasa ham quloq solmay, oyisi bilan opasi uy ichiga qamab, ko‘ylagini yechib tekshirishdi. Nima bo‘lganini ko‘rgan oyisi sochlaridan tortib urdi, qo‘ni-qo‘shni bilib qolmasin, deb ovoz chiqarmay qarg‘adi, yig‘ladi. Opasi qancha urishmasin, oyisiga o‘hshab qarg‘ab, po‘pisa qilmasin, kim uni shu ko‘yga solganini Sabohat aytmadi. G‘ururi yo‘l qo‘ymadi. Ikki dunyoda «dadasi bilan gaplashishga» va’da qilgan, uning hurmati, muhabbatini poymol qilgan odamga yalinmaydi. Mayli, o‘ldirishsin uni, osishsin, aytmaydi.
Kechqurun dadasi bilan pochchasi bilishdi. Dadasi uni oq qildi. Daf bo‘lsin, ko‘rmay, dedi. Agar yo‘qotmasang o‘zim toqqa olib chiqib tashlab yuboraman, dedi. Qo‘shni xonada ularni eshitib o‘tirgan Sabohat o‘zi ketishga qaror qildi. Ikkita kengroq ko‘ylagini oldi. Kitob orasiga uchta yigirma besh so‘mlik pul qo‘yib qo‘ygan edi. Shuni oldi. Ko‘ylaklarini gazetaga o‘rayotganda, ovqat ko‘tarib opasi kirdi.
— Ha, nima harakat? Sabohat indamadi.
— Xey, o‘zboshimcha, javob ber, nima qilayapsan? Opasi uning tirsagidan ushlab siltadi.
— Ketayapman! — dedi ko‘zlari yoshga to‘lib Sabohat.
— Qayoqqa?
— Bilmadim. Boshim oqqan tomonga.
Opasi yugurib chiqib ketdi. O‘zini yo‘qotib qo‘yganidan qo‘lidagi ovqatni ham qo‘ymay olib chiqib ketdi.
Sabohat hozir ona-bola boshlashib kirishadi, yana to‘polon boshlanadi, deb o‘ylagan edi. Dadasi o‘shqirib kirishini ham kutgan edi. Ammo hech kim kirmadi. O‘zicha biroz kutgan ham bo‘ldi. Dilida to‘polon qilishsa ham, urishishsa ham, kirib uni to‘xtatishlarini istadi. Ammo kirishmadi. Uni unutishdi. Sabohat quloq soldi. Uni hatto gapirmay qo‘yishgan, gap bozor-o‘charga o‘tib ketgan edi.
Hovliga tushdi. Oyoq tovushi albatta ularga eshitilardi. Ammo o‘zlarini eshitmaganga solishdi. Sabohat chiday olmadi, ko‘chaga otilib chiqib ketdi.
Ko‘cha qop-qorong‘i, bironta odam ko‘rinmasdi. Sabohat eshiklari oldida birpas turdi. Butun vujudi titrab, yana ko‘zlariga yosh quyilib keldi. O‘kirib yubormaslik uchun zarda bilan eshikni taraqlatib yopdi-da, katta yo‘l tomonga yurib ketdi.
Bo‘m-bo‘sh avtobus uni yarim kechada Toshkentga olib keldi. Yo‘l-yo‘lakay qayoqqa borishini o‘ylab olgan bo‘lsa ham, mashinadan tushib ancha turib qoldi. U ammasinikiga bormoqchi edi. Ikkita o‘gay bola bilan qolgan quvnoq, Sabohatga boshqacha mehr bilan qaraydigan bu ayolni u yaxshi ko‘rardi. Toshkentga tushganida ko‘pincha unikiga kirib choy-poy ichib ketardi. U meni tushunadi, o‘yladi o‘zicha Sabohat. Shu ammasi esiga tushishi bilan boshqa tanish-bilishlari, olis qarindoshlarini xayoliga ham keltirmadi. Uning uyi tramvay bekatining ro‘parasida edi. Piyoda borishga to‘g‘ri keldi. Tramvaylar allaqachon yotgan, trolleybuslar ham ko‘rinmasdi. Onda-sonda o‘tib turgan mashinalarni to‘xtatib, tushgani qo‘rqdi. Shahar jimjit, ammo yorug‘ edi. Ammasiga rostini aytishni, u bilan bo‘ladigan savol-javoblarni o‘ylab, tanish-notanish ko‘chalardan borar ekan, oyog‘idagi charm tuflisi ostidan chiqayotgan tovush aks-sado berib tinch, osuda shaharni uyg‘otib yuborgandek, derazalardan odamlar unga qarab turgandek, uni uyat qilishayotgandek edi…
Sabohat Qodirovaga o‘shanda ammasinikida turish nasib qilmadi. Hayajonlanib uni eshitgan, qosh-ko‘zidan o‘pib ovutgan, qalin joy solib yotqizgan odam, tonggi g‘ira-shirada uni uyg‘otdi.
— Tur! Ketdik!
— Qayoqqa, amma? — charchab, yig‘lab yaqindagina ko‘zi ilingan Sabohat hayron bo‘lib boshini ko‘tardi.
— Uyingga. Sijjakka. Ota-onangning oyog‘iga yiqilasan, kechirim so‘raysan!
Sabohat o‘rnidan turib o‘tirdi.
— Nima deyapsiz? Siz ham meni tushunmadingizmi? Siz ham menga ishonmayapsizmi? Aybim shuki, bilmay qoldim. Aybdormasman!
— Kim u yaramas? Iflos?
— Aytmayman.
— Nega? — hayron bo‘ldi ammasi.
— Aytsam, battar xor bo‘laman.
— Nima deyapsan? Nega endi?
— Oyim, dadam uni kimligini bilishsa uylanishini talab qilishadi. Men buni istamayman. Uni ko‘rgani ko‘zim yo‘q.
— Nima qilasan unda? — tushunmay yana so‘radi ammasi. — Undan bo‘lgan bola bilan seni kim olardi?
— Menga hechkim kerakmas, — shartta kesdi gapni Sabohat.
— Jinni bo‘lma. Kimligini ayt. Uylansin. Bola-chaqali bo‘lsayam uylansin. ZAGSdan o‘tmasa ham nikohlab olsin. Keyin orqasiga tepib haydaysan. Sadqai er ket, deysan, adabini berasan!
Sabohat birinchi marta shuncha oydan beri jilmaydi. Ammasi harholda yaxshi odam edi, uni yaxshi ko‘rardi.
— Qani bo‘l. Bir piyoladan choy ichamiz-de, yo‘lga tushamiz.
— Yo‘q, amma. Men bunday qilolmayman. Yakka o‘tib ketishga roziman, lekin unga yalinmayman.
— Yoshlik qilayapsan, bola. Ota-onangni ezma. Yur. Sabohat uzil-kesil gap qildi.
— Endi u uyga bormayman.
— Unda… unda bu uydayam turmaysan…
— Xo‘p.
Sabohat ammasining yuziga qaramay o‘rnidan turdi. Vodoprovod ostida yuvindi, sochini taradi. Negadir o‘sha tobda u o‘zini juda xotirjam his qildi. Bu uydan ham butunlay, umrbod ketayotganidan cho‘chimadi. Gazetaga o‘rog‘lik ko‘ylaklarini olib, hovliga tushganida, ammasi orqasidan chaqirdi:
— Sabohat, bolam, gapimga kir! Uyingga qayt! O‘zim olib boraman!
Sabohat indamadi. Boshini bir-ikki silkitdi-da, ko‘chaga chiqib ketdi.
Yaxshi odamlar ko‘p dunyoda. Ba’zan yetti yot begona odam qarindoshdan ko‘proq tushunadi, yaxshilik qiladi. Sabohat Qodirova ham o‘shanda yaxshi bir odamga duch keldi. O‘sha kundan boshlab u odam tuqqan onadek, tug‘ishgan onadek aziz, yaqin bo‘lib ketdi. O‘g‘li Baxtiyorga bo‘lsa xaqiqiy buvi bo‘ldi.
— Mumkinmi?
Sabohat Qodirova xayolga berilib, derazadan hech narsa ko‘rmayotgan ko‘zlarini uzib eshikka qaradi. Eshik oldida navbatchi doktor turardi.
— Qalay?
— Uxlayapti. Yana bir soatcha uxlaydi. Yurak urishi tekis, nafasi yaxshi. Siz ketsangiz bo‘lardi. Dam oling. Mashina bor. Bemorning o‘g‘li shu yerda.
— Aytgandek, chaqiring uni. Onasi telefon qiluvdi.
Uni eshitib turgandek, Ahad Komilov navbatchi doktorning orqasida paydo bo‘ldi.
— Men shu yerdaman, opa.
— Operatsiya yaxshi o‘tdi.
— Aytdilar, — Ahad Komilov navbatchi doktorga qarab qo‘ydi. «Tanish bo‘lishsa kerak», — xayolida o‘tkazdi Sabohat Qodirova navbatchi doktorning iltimoslarini eslab.
— Rahmat, opa. — Ahad Komilov ko‘zlariga yosh oldi. — Bollaringizning rohatini ko‘ring. To‘ylaringizda xizmat qilaylik. Bizdan qaytmasa Xudodan qaytsin!
U g‘ijim shimining cho‘ntagidan ro‘molcha olib, ko‘zlarini artdi.
— Oyingiz telefon qildilar yaqinda.
— Oyimmas, ayachamiz, — Ahad Komilov shoshib gapga aniqlik kiritdi. — Dadamizning kenja xotinlari. Biz oyimiz bilan chiqib ketganmiz. Domda turamiz biz.
Sabohat Qodirova uning gapida o‘kinch sezdi.
— Kechirasiz…
— Hechqisi yo‘q, opa. Siz qayerdan bilasiz?… Baxtimizga dadamizni saqlab qoldingiz, bizga shu kifoya opa. Ming rahmat. Qo‘lingiz dard ko‘rmasin. Ketasizmi uyga? Picha dam olsangiz bo‘lardi.
Sabohat Qodirovaning gapi og‘zida qoldi. Albatta, Ahad Komilovni o‘gay onaning nima degani mutlaqo qiziqtirmas edi.
— Mayli. Boray uyga. Biron o‘zgarish bo‘lib qolsa xabar berarsiz. Navbatchi doktor va’da qildi.
Ahad Komilov birpasda uni Qoratoshga olib kelib qo‘ydi.
— Men ham dadamning yo‘lini tanlagan edim, bo‘lmadi, — dedi u mashinadan tushishganda. — Yoshlar mendan o‘tib ketishdi. «Binafsha» ansamblida doira chalaman, yallalarga qo‘shilab turaman. Siz juda ezilmang, doktor. Dadam ikki yildan beri ashuladan qolganlar. Nafas siqadi. Ko‘p doktorlarga ko‘rsatdilar. Hamma o‘tib ketadi, dedi. Dori berishdi. Sizni ham aytishgan edi. Ammo sizga kelmadilar. Kechirasiz, ishonmadilar shekilli.
Ahad Komilov jilmaydi. Sabohat Qodirova ham unga qo‘shilib jilmaydi va dilida «xabari yo‘q ekan», — deb qo‘ydi.
— U emas, bu emas, peshona, — o‘zicha yakun qildi Ahad Komilov. — Opa, yana bir bor rahmat sizga.
— Arzimaydi. Uyga kiramiz? — Sabohat Qodirova eshikni ocharkan taklif qildi.
— Yo‘q, yo‘q. Men boray. Oldilarida bo‘p turay.
— O‘nlarda men ham boraman. Xayr bo‘lmasa.
— Xayr. Rahmat.
Sabohat Qodirova hovliga kirib, eshikni yopgandan keyingina mashina qo‘zg‘alganini eshitdi. «Yaxshi yigit ekan», — o‘zicha xayolidan o‘tkazdi u va beixtiyor o‘g‘li bilan qiyosladi. Qayeridir uning Baxtiyoriga o‘xshab ketardi. Ota birligi uning esiga kelmadi.
Baxtiyor va o‘rtoqlari osh qilishganligi yig‘ishtirilmagan dasturxondan bilinib turardi. Baxtiyorning o‘zi esa xonasida yechinmay krovatiga chuzilibdi. Oyisi kirganini u sezdi, ko‘zlarini ochib qaradi, ammo charchoq va uyqu zo‘rlik qildi, yoniga ag‘darildi.
Sabohat Qodirova uni peshonasidan ohista o‘pib, o‘z xonasiga o‘tdi. U ham charchagan edi. Xalatini kiyib o‘rniga yonboshladi. Ammo uyqusi kelmadi. Olimjon Komilov bilan bugungi kutilmagan uchrashuv unga qiyinchiliklar, alam to‘la hayotini eslatib yuborgan, dardlari yangilanib ketgan edi…
— Hoy qiz! Hoy bola! Tur! Uyat bo‘ladi ko‘chada qiz bola uxlab o‘tirsa!
Kimdir uning yelkasiga qattiq-qattiq turtdi. Sabohat achishgan ko‘zlarini ochib, boshini ko‘tardi. Avval qayerda-ligini bilolmay birpas alanglab turdi. Keyin bildi. Chaqardan chiqib, Chorsu orqali shu yerga, bolalar teatri oldiga kelganida, boshi toshdek bo‘lib, ko‘zlari o‘zidan-o‘zi yumilib ketdi. Teatrning eshigi oldida hech kim yo‘q edi. Sabohat shu yoqqa tushib, qo‘lidagi gazetani yarim yozib ustiga o‘tirdi. Shu zahotiyoq uyqu olib ketdi.
— Rayondan kelganga o‘xshaysan-a? Topdimmi?
Sabohat qora xalat kiygan, uzun erkak supurgi ko‘tarib olgan keksa bir ayolning unga jilmayib qarab turganini ko‘rdi.
— Shundoqmi? — yana so‘radi ayol.
Sabohat boshini qimirlatdi.
— Faqat uzoqdan kelganlar shunaqa uxlagani joy topolmay yurishadi. Hech kiming yo‘qmi Toshkanda?
— Yo‘q, — aldadi Sabohat va qizarib ketdi.
— Bechora. Qani tur. Yur manminan, — ayol supurgisini sudrab tepaga chiqa boshladi. — Bozorning oldida mehmonxona kerak, deb ko‘p yozishdi. Hech kim quloq solgani yo‘q.
Ro‘parada teatr bo‘sa chet ellardan mehmonlar kelib tursa. O‘zbeklar ko‘chadayam yotarkan, uy-joy yetishmasakan, demaydimi?!
Sabohat uning gapini chala-chulpa eshitib orqasidan yurdi. Ayol unga birdan yoqib qoldi. Sodda, rahmdil odamga o‘hshaydi. Boshlagan joyiga boradi. Yomonlikni ravo ko‘rmasa kerak harholda.
O‘n-o‘nbesh minutcha yurishganidan so‘ng ayol bir ko‘k eshik oldida to‘xtab, uning rahiga qo‘lini sukdi. Zanjir sharaqlab tushdi.
— Kir, bolam. Sho‘tta mizg‘ib ol. Nima ishing bo‘lsa keyin qilasan.
Ular atirgul, rayhon hidlari ufurib turgan kattagina hovliga kirishdi. Hovlining oldi ko‘cha eshikkacha gulzor, ortida mevali daraxtlar soya tashlab turardi.
Sabohat hovliga kirdi-yu, uni ilgari ko‘rgandek, undagi har bir gul, har bir daraxt, gilos, olma, shaftoli, hujra yonidagi pastak shohtut unga tanishdek, shu yerda ilgari turgandek bo‘lib ketdi. Yo tushiga kirganmidi shu hovli? U eslolmadi, ammo quvonib ketdi. Shu hovlida, shu ayol bilan u tinchini topadigandek bo‘ldi.
Ayol uni bo‘yalmagan taxta pollik ozoda ayvondan ichkari xonalardan biriga olib kirdi. Xonada ortiqcha narsa yo‘q edi. Ko‘rpa, yostiq taxlangan taxmon, idish-tovoq terilgan ikkita tokcha. Taxmon tagiga ikki qavat ko‘rpacha tashlab qo‘yilgan edi. Ayol taxmondan bitta yostiq olib, ko‘rpacha ustiga tashladi.
— Yot, bir uxlab turguningcha man kelaman.
Shahodat opa, ayolning ismi ham Sabohatga yoqib tushdi, bir banka qaymoq, ikkita issiq non ko‘tarib kelganda, Sabohat haqiqatan ham bir uxlab turgan, chehrasi yorishib, yuvinib, xonaning burchagidagi bo‘yi shipga yetgulik atroflari jimjimador yog‘och gullar bilan o‘ralgan baland tosh-oyna oldida sochini tarab turgan edi.
— Assalomu alaykum! Xush kelibsan, bolam! Yaxshi uxlab turdingmi? — Shahodat opa u bilan quchoqlashib ko‘rishdi, — Oyday qiz ekansan. Xudo baxtingni bersin!
Hovlida samovar baqillab qaynab turganini ko‘rib, u o‘zida yo‘q xursand bo‘lib ketgan edi. Sabohat odati bo‘yicha uyqudan turasolib hovliga tushgan, xuddi o‘z uyidagidek o‘choqboshining oldida samovar turganini ko‘rib, suvini almashtirgan, o‘t solib yuborgan edi.
— Baraka top, bolam! Samovar qaynab turmasa, uy egasiz qolganday bo‘ladi manga. Sho‘tga joy solaqolamiz.
Ona-bola derazani oldida o‘tirib choy ichamiz. Kuz chuzilib turibdi. Bu yaxshilikka. Xudo xohlasa to‘kinchilik bo‘ladi. Beva-bechora qishdan zoriqmay chiqadi.
Shahodat opa gap orasida epchillik bilan nonushtaga hozirlik ko‘raboshladi. Sabohat uning nima qilmoqchiligini ilib olib yordamlashmoqchi bo‘ldi, ammo nima qayerdaligini hali bilolmay tipirchilab qoldi.
— Qo‘yaver, bolam. San o‘tir. San mehmonsan. Keyin harholda charchagansan. O‘tir, o‘tir.
Ammo Sabohat o‘tirmadi. Qo‘lidan kelgancha unga qarashdi. Ikkovlari birpasda ko‘p yildan beri tanishdek yaqin bo‘lib ketishdi. Shahodat opa hech nima bilan qiziqmadi, hech narsani surishtirmadi. O‘zi haqida esa Sabohat so‘ramasa ham gapirib berdi:
— Yolg‘izman. Yigirma yil bo‘ldi. Bitta o‘zim turaman. Amaking ikkalamiz yetim o‘sganmiz. Bitta detdomda katta bo‘lganmiz. Man pedinstitutni bitirganman. Amaking qishloq xo‘jaligini. O‘qib yuribturmush qurdik. Mana shu hovli tashlandiq joy edi. O‘zimiz tuproq tashib, tosh tashib tekisladik. O‘zimiz shu imoratni qurdik. Ammo amakingga nasib qilmadi shu uyda turish. Aspiranturada o‘qiyotganda yaxshi niyat bilan uni Yamanga yuborishdi. Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha «spisalis»la keragakan. Borib, joylashib mani chaqiradigan bo‘ldi. Yarim yil o‘tdi, bir yil o‘tdi. Jimjit. Hech kim hech narsa bilmaydi. Ikki yil deganda uni o‘shatdagi sahroda yo‘qolganini aytishdi. Yo yo‘qolgan, adashib ketgan, yo hukumat dushmanlari o‘ldirib yuborishgan. Man boyagi o‘zing ko‘rgan teatrda ishlardim. Adabiy emakdosh edim. She’rlar, kichik-kichik hikoyalar yozib turardim. Shu xabar kelgandan keyin bosh og‘rig‘i kasaliga giriftor bo‘lib qoldim. Birov boshimmi ustidan tegirmon toshi yurgizayotganga o‘xshaydi nuqul. Esim kirdi-chiqdi bo‘lib qoldi. Ko‘p do‘xtirla qaradi. Yo‘q, bir tuzalganga o‘xshab yuraman uch-to‘rt kun. Keyin ikki chakkamdan birov ombirminam siqadi. Dod degim kebketadi o‘shanda. Tishimmi-tishimga qo‘yaman. Hech narsa miyamga kirmay qoladi, hech narsa esimda turmiydi… Do‘xtirlar ochiq havo kerak, deyishdi. Ochiq havo qidirib qayoqqa boraman? Hech qayoqda hech kimim yo‘q. Pensaga chiqarishdi. Keyin ozgina ishlayman ochiq havoda deb shu ishga kirdim. Ko‘cha supuraman. Kulubminam teatrni oldini manga berishgan. Kuniga ikki mahal supurib-sidirib kelaman. Qolgan payt uydaman. Ba’zan bozorga chiqaman. Ba’zan teatrga borib spektakl ko‘rib o‘tiraman bollaminam. Manga teatr bepul. Hamma taniydi. Amaking, Akbar akangdan ana darak chiqib qolar, mana darak chiqib qolar, deb kutib, yigirma yil kutibman. Darak chiqmadi. U yoqla notinch. Bir-biriminam it-mushuk. Nima talashishadi, bilmiyman. O‘ldirvorgan, o‘ligini qum-pummi ichiga ko‘mvorgan bo‘lishlariyam ajabmas. Lekin bechora mani juda yaxshi ko‘rardi, esi ketardi manga. Rostakam gapni aytganda o‘shoqqa mani deb ketdi, yasantiraman, kiyintiraman deb ketdi. Noumid shayton. Cho‘pchaylaga o‘xshab mana shundoq derazaga qarab choy ichib o‘tirganimizda keb qolishiyam mumkin. Nima deding?
Shahodatxon undan ko‘zini uzmay o‘tirgan Sabohatga qarab qo‘ydi javob kutmay gapida davom etdi:
— Umrimmi yarmidan ko‘pi o‘tib ketdi. Kutdim. Buyog‘igayam kutaman. Odamla nima deyishsa deyishvursnn, Janoza ochtirmiyman. Maniychun u tirik. Naga hech narsa yemiyopsan? Ol. Qaymoqni bitta odamdan olaman. Choyxonani oldi-da manga o‘xshagan beva ayol bor. O‘sha mol boqadi, ozgina qassobchilik ham qiladi. Go‘shniyam o‘shandan olaman. Magazinnikiga yetishomay qolsam. Qayeridan so‘rasam, o‘sha yeridan beradi. Manga bolam, yoqib qolding. Agar boradigan joying bo‘lmasa, ishing bitguncha shu yerda turavur. Televizorimmi remontga berganman. Erta-indin tuzatib olib ke-lishadi. Zerikmiy o‘tirasan kechqurunlari.
Shahodat opa javob eshitmadi. Javob ber, deb qistamadi ham. Ammo Sabohat bir kun emas, butunlay unikida qolib ketdi. Unikida tug‘di. Shahodat opa baxt keltirsin sanga, o‘zi ham baxtli bo‘lsin deb ismini Baxtiyor qo‘ydi. O‘zi uni katta qildi. Shu uyda Sabohat institutni bitirdi, shu uyda nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarini yoqladi. Shahodat opa unga haqiqiy ona, o‘g‘liga buvi bo‘lib ketdi. Tuqqan ona emas, boqqan ona, deb shuni aytishsa kerak.
Shahodat opa Baxtiyorni san’atga havas qo‘yishiga ham, ashulachi bo‘lib ketishiga ham sababchi bo‘ldi. Bog‘chadan keyin klubga olib bordi, teatrga olib tushdi. O‘zi ko‘cha supuradi. Baxtiyor spektakl ko‘radi, bolalar spektakllarini, repetitsiyalarini tomosha qiladi. Maktabga qatnay boshlaganda, uni bir spektaklda o‘ynashga chaqirishdi. Keyin «Gavrosh»ni ovozi tiniq, bir o‘ynab ko‘rsin, deyishibdi. O‘ynadi. Premeraga Shahodat opa Sabohat Qodirovani ham olib bordi. Gavrosh barrikadalar ustiga chiqib, jandarmlarni mazax qilganda, yarador barrikadachining qo‘lidagi bayroqni olib ko‘targanda, o‘zi ham yarador bo‘lib, «Marseleza»ni aytganda va ko‘kragidan qon oqib yiqilganda, tomoshabinlar o‘rinlaridan turib ketib, qarsak chalishdi. Shahodat opaning yonida Sabohat Qodirova ham to‘lqinlanib ketib, ko‘z yosh qildi. Baxtiyorning ovozi tiniq, jarangdor va shirali edi. O‘zi ham berilib o‘ynadi, Gavroshning o‘zi bo‘lib ketdi.
Shu-shu teatr kollektivi bilan rasmiy gastrollarga boradigan, spektakl va kontsertlarda qatnashadigan bo‘ldi. Uyda dutor, tanburdan tashqari, turli ovoz yozadigan muzika apparatlari, magnitofonlar paydo bo‘lib qoldi.
Beshinchi sinfni bitirganida birdan muzika maktabidan odamlar kelib, uni o‘zlariga olib o‘qitishni so‘rashdi. Sabohat Qodirova buni kutmagan edi. O‘g‘lini olim, juda bo‘lmaganda o‘ziga o‘xshagan shifokor bo‘lishini istardi. Spektakllarda qatnashishi, kontsertlarda chiqishini shunchaki bolalik qiziqishlari deb o‘ylardi va halaqit bermasdi. Avval yo‘q, dedi. Ko‘z oldiga Olimjon Komilovning bachkana qiliqlari kelib, qattiq turdi. Shunda Baxtiyor bir gap qildi, Sabohat Qodirovaning uyoq-buyog‘idan o‘tib ketdi.
— Dadam bo‘lganlarida yo‘q demasdilar, — dedi u lablarini osiltirib.
Shu gap masalani hal qildi. O‘g‘lini bag‘riga bosib Sabohat Qodirova rozilik berdi. Baxtiyor boshqa hech mahal hech narsada dadasini o‘rtaga solmadi. Surishtiradi. Qayta-qayta onasini gapirtiradi, ammo uning nomini aralashtirib masala hal qilmaydi. Sabohat Qodirova otasi haqida bir afsona to‘qigan edi. Bunga ham Shahodat opa, uning eri haqidagi hikoyasi sabab bo‘ldi. Bahtiyorning otasi, Davron Qodirov, go‘yo geolog bo‘lgan, u tug‘iladigan yili ekspeditsiya bilan Tyan-Shanga ketib, qor bo‘ronida qolib ketadi. Hech qayerdan topilmaydi. Baxtiyor ishondi. Ammo bir kuni otasining suratini so‘radi. Sabohat Qodirova nima qilishini bilmay qoldi. Shahodat opa yana yordamga keldi. Erining suratini berdi. Ana shu begona odam Baxtiyorning sevimli otasi bo‘lib qoldi. O‘rtoqlari bilan rasmni katta qilib uyining to‘riga osib qo‘ydi.
Shahodat opa o‘limidan bir yil oldin, o‘limi yaqinligini sezdi shekilli, Sabohat Qodirovani notariusga boshlab bordi. Ijroqo‘mga xat qildirib, uyini uning nomiga o‘tkazdi.
— Sani qizim dedim, o‘g‘ling, Baxtiyor nevaram. O‘lib qolsam hukumat begona deb yurmasin bizzi.
Takdir Sabohat Qodirovani Shahodat opa bilan uchrashtirib, uni faqat onalik emas, uylik-joylik ham qilib qo‘ydi. Baxtiyorga esa baxt yor bo‘ldi.
Sijjakliklar esa bir marta ham ularni izlab kelishmadi. ToshMIdan Sabohatni topishsa bo‘lardi. Studentligida ham kelishmadi. Bitirib, o‘sha yerda ishlay boshlaganida ham. Bir marta opasi bilan ko‘chada to‘qnash kelib qolib, o‘zini ushlab turolmadi, ko‘rishdi. Opasi Ko‘kaldosh madrasasining orqasidagi do‘ppi bozorga kelgan ekan. U esa ishga ketayotgan edi. Ammo uchrashuv ularni yaqinlashtirmadi. Opasi begona odamdek ko‘rishdi. Ikki yil burun onalari qazo qilib ketganini, dadalari yangi xotin olganini, yaqinda o‘g‘il ko‘rganini istar-istamas aytdi.
Sabohat Qodirova onasini qayerga ko‘milganini so‘rab, uyga taklif qildi. Hatto adresini yaxshilab tushuntirdi. Yana qayerda ishlayotganini qayta-qayta ta’kidladi. Opasi shoshib turibman, nasib qilsa bir kun kelarman dedi-yu, kelmadi. Uyga ham kelmadi, ishxonaga ham bormadi.
Baxtiyor bir kun kelib qarindoshlarini surishtirib qolishini o‘ylab, Sabohat Qodirova opasi, ota-onasi haqida gapirib berdi. Xushyor o‘g‘il hech narsa surishtirmadi. Aftidan surishtirish onasiga og‘irlik qilishini tushundi. Faqat bir marta ehtiyotsizlik qilib:
— Oyi, qarindoshlarimiz yo‘qmi bizani? Ertalabki to‘y oshi juda zo‘r bo‘ladi-da, — deb qoldi.
Sabohat Qodirova ichidan bir zil ketdi-yu, kulib qo‘ya qoldi. Ammo o‘g‘lining orzusini unutmadi. Professorlik unvoni berilganini bahona qilib (boshqa o‘shanda sabab topilmadi) mahallaga osh berdi. Ishxonasidagilar, o‘g‘lining domlalari, o‘rtoqlarini chaqirdi. Baxtiyor to‘n kiyib, qiyiq bog‘lab eshikda mehmonlarni kutdi. Shirin, yaxshi bir to‘ydek yig‘in bo‘ldi o‘shanda. Bir narsagina Sabohat Qodirovaning ko‘nglini jindek xira qildi. Unda onasi hayot edi. Mashinalik shogirdlaridan birini Sijjakka yubordi. Shogirdi shaxsan oyisi, dadasiga uchrab taklif qilib kelgani aniq. Hatto besh-o‘n kishi bo‘lib boringlar ham dedi. Ammo hech kim kelmadi. Dilida o‘zini aybsiz hisoblasa ham Sabohat Qodirova ular bilan yarashib ketishni istagan va o‘zi birinchi bo‘lib — har holda yosh, keyin farzand — shunga harakat qilgan edi. Ammo uni kechirishmadi. Shundan bo‘lsa kerak, Olimjon Komilovga bo‘lgan nafrati, g‘azabi yanada zo‘raydi, o‘g‘liga dadasi halok bo‘lib ketgan, deb aytganiga yana bir bor qanoat hosil qildi.
…Osma soat yettiga bong urganida odati bo‘yicha o‘rnidan turib ketdi. Baxtiyor hovlining gir aylana asfalt yotqizilgan yo‘lkasida chopib yurardi. Sabohat Qodirova sevinib ketdi. Yo‘q, u hech qanday yetimlikni, uni xo‘rlaganlar, undan voz kechganlarni eslamaydi, hech kimdan xafa bo‘lmaydi. Uning baxti, qoni va joni o‘g‘li bor! Shu unga kifoya! Shu bilan takdiridan mingdan-ming rozi. Ammo baribir ko‘nglining bir chekkasi g‘ash edi. Bu g‘ashlik kecha, operatsiyadan keyin qo‘l yuvaturib birdan paydo bo‘lib qolgan xavfning oqibati edi. U Olimjon Komilovga achindi, ovozsiz qolganiga, kasbini o‘zgartirishi lozimligiga achindi-da, cho‘chib ketdi. Go‘yo siri fosh bo‘lgandek, o‘g‘li otasi kimligini bilib qolgandek bo‘lib ketdi. Albatta bunday bo‘lishiga asos yo‘q edi. Baxtiyor unga ishonadi. Otasining halok bo‘lganiga shubhasi yo‘q. Sabohat Qodirova baribir xavotirga tushdi. Olimjon Komilov haqida o‘ylarkan, u sabab boshidan o‘tgan hodisalarni eslagani, kechasi bilan uxlamay chiqqani shundan edi. U butun vujudi bilan Baxtiyor otasi Olimjon Komilov ekanini bilmasligini, bunga ishonmasligini istardi. Shu paytgacha unga ota ham, ona ham o‘zi bo‘ldi, shunday bo‘lib qolishi kerak. Iflos, pul uchun san’atkor, odam nomiga isnod bemazagarchiliklarga tayyor odam, odam emas, bir maxluq u kishi o‘g‘liga ota bo‘lishi mumkin emas.
Qaysi bir yili hamkasblaridan biri uni uyiga taklif qildi. «Faqat xotinlar bo‘ladi, ma’qul bo‘lib qolsa siz ham bizga qo‘shilasiz» — dedi. Bordi. Chindan ham yig‘ilganlar ayollar edi. Oyda bir shunday, navbatma-navbat qizlar bazmiga kelishar ekan. Haddan tashqari shang‘illab, uyat so‘zlarni ishlatib gaplashishgani uchunmi, erlari, bola-chaqalari bo‘laturib, shunday hamkasbining iborasicha o‘zlarigina «yozilib» o‘tirganlari uchunmi, yig‘in yoqmadi. Bu ham mayli. Zamon og‘ir, tashvish ko‘p. Ozgina asablarni shu yo‘l bilan tuzatib olishsa olishar. Ammo ularning chaqirilgan san’atkorlar bilan qilgan qiliqlari Sabohat Qodirovaga yoqmadi, ko‘nglini aynitdi. Kayflari oshib qolgan ayollar oyoqlarining panjalariga ellik, yuz so‘mlik pul qistirib ashulachiga tutishdi. Cho‘kkalab, shu pullarni tishlab oldi.
Qovurilayotgan yog‘liq xamir va yog‘ hidi endi dimog‘iga urilib Baxtiyor o‘choqboshiga keldi. Sabohat Qodirova ona-bola yaxshi ko‘rishadigan taomlari — qatlama qilayotgan edi. Chidamasdan bittasini sindirib, og‘ziga soldi.
— Nega chaqirishibdi, oyi? Sizni kutib o‘tirib uxlab qolibman.
— Og‘ir operatsiya bo‘ldi. Bir ashulachining ovoz yo‘llarini olib tashlashga to‘g‘ri keldi.
— Kim ekan? Taniymanmi?
— Olimjon Komilov…
— Attang!.. Bir paytlar uni juda dovrug‘i chiqqan edi, deyishadi. Manda bitta kassetasi ham bor.
— Hozir-chi? — tusmollab so‘radi Sabohat Qodirova.
— Hozir ko‘pchilik eslamaydi. Ashula aytmay ham qo‘ygan edi. Betob deyishardi. Oyi, boshqa iloji yo‘qmidi? Nima qilgan ekan o‘zi?
— Ovoz kasali ko‘pincha shamollashdan boshlanadi. Issiq-sovuqdan. Ovozni ayamaslikdan. Kasal ashulachiligiga qaramaydi, o‘g‘lim.
Baxtiyor o‘ylanib qoldi. Sabohat Qodirova buni o‘zicha tushundi.
— Bu kasal faqat ashulachilarda emas, hammada bo‘lishi mumkin.
— Olimjon akani filarmoniyadagilar yaxshi ko‘rishmaydi. Ovozdan qolib bitta ansambl qilib beringlar, deb kelganida berishmagan. Ancha-muncha dimog‘dor bo‘lgan deyishadi. Hatto filarmoniya rahbarlarini ham mensimas ekan.
Aftidan bu gaplarni Baxtiyor Olimjon Komilovni yomonlash uchun emas, o‘ziga bir saboq uchun aytdi. Sabohat Qodirova uning to‘satdan jiddiylashib qolgan nigohidan buni tushundi va ancha tinchidi. Yo‘q, yoshligida tashlab ketgan otasini u hech kimga, ayniqsa Olimjon Komilovlarga o‘xshaganlarga almashtirmaydi, hech qanday g‘iybat gapga ishonmaydi.
Nonushta payti u o‘g‘lidan bugungi kontsertini so‘radi.
— Mayli bo‘laqolsin shu kontsert. Saroy direktori va’da berib yuborgan ekan, — Baxtiyor onasiga iltimos nazari bilan qaradi, — siz bormang, xo‘pmi? Asosan yoshlar ekan bugun. Ba’zi aytadigan narsalarim sizga yoqmaydi.
— Nega? — hayron bo‘ldi Sabohat Qodirova.
— Yengilroq, nima desam ekan, sizning nazaringizda bachkanaroq bo‘ladi.
— Bachkana narsa aytma.
Baxtiyor jilmaydi.
— Shu kungi yoshlar talabiniyam o‘ylamasa bo‘lmaydi, oyi. Ular ham hali haqiqiy san’at nimaligini bilishmaydi. Kun bo‘yi faqat pul dardida yurgan odamga sho‘x o‘ynoqi, oyoq-qo‘llarning chigilini yozadigan narsalar kerak. Uch-to‘rt yil o‘tsin, ozgina bellarini baquvvat qilib olishsin, ana o‘shanda ular ham sof san’atni istab qolishadi.
— Eshitisharmikan? — so‘radi ishonqiramay Sabohat Qodirova.
— Nahorgi oshlarda eshitishadi-ku? Oshda, oyi, asosan klassika ijro etiladi. Bironta odam to‘polon qilganini bilmayman.
Baxtiyor haq edi. O‘g‘li shunga e’tibor berganidan Sabohat Qodirova xursand bo‘ldi.
— Mayli, unda bormayman. Nima ovqat qilib qo‘yay?
— Nimani ko‘nglingiz tusasa, shuni…
Ko‘cha tomon derazasi taqilladi. Sabohat Qodirova o‘rnidan turdi. Institut mashinasi kelgan edi.
Klinikada o‘z kabinetida Sabohat Qodirova bo‘lim boshlig‘ining axborotini eshitdi.
— Komilovga nima berildi?
— Faqat bulon. Boshqa hech narsa yo‘q ekan. Endi so‘raymiz.
— Meva suvlaridan ko‘proq buyuring. Keyin aytib qo‘ying, hamshiralar hushyor bo‘lishsin, ovqat naychalari burnidan chiqib ketmasin.
— Xo‘p bo‘ladi. O‘zim qarab turaman. Sabohat Qodirova, xotinlari sizni kutib turibdi. Kirmoqchi.
— Mayli. O‘zingizda bo‘lib turing. Komilovni birga ko‘ramiz.
Bo‘lim boshlig‘i chiqib ketdi. Eshik og‘zida yasangan yosh bir ayol paydo bo‘ldi.
— Assalomu alaykum!
— Keling! — taklif qidtsi Sabohat Qodirova uning kimligini fahmlab.
— Man Olimjon akani xotinlari bo‘laman. Kecha sizga telefon qiluvdim.
— Keling, o‘tiring.
— Rahmat, — ayol uyalinqirab kursining chetiga omonatgina o‘tirdi.
— Eshitaman? — Sabohat Qodirova unga qaradi.
— Siz albatta bilmaysiz. Sizzi men eshitganman. Manam qoratoshlikman. O‘shatta hech kim tuzatmagan odamlarni tuzatvorgansiz. Olimjon aka ovozdan qolganlarida sizzi
ko‘p gapirdim. Uch yilcha oldin rozi bo‘ldila. Keldik. Shundoq mashina eshigizzi ochdilaru, qochdilar. Ha, desam, eskichilik opa, xotin qishiga ko‘rsatmiyman, dedilar. Mana baribir sizga keldilar.
«Demak meni biladi, — xayolidan o‘tkazdi Sabohat Qodirova ayolni eshitarkan. — Baxtiyorni ham bilarmikin?
Shunday o‘yladi-yu, kechagi xavfi diliga tushdi. Birpasning ichida bir olam mulohazalarni boshidan o‘tkazdi. Yo‘q, uning Baxtiyorga xaqqi yo‘q. Kap-katta xotin nimadan cho‘chib ketdi o‘zi? Nega? Hech kim, hech qanday idora, sudga u borolmaydi. Baxtiyorning munosabatini bo‘lsa eshitdi. Gap tamom. Tezroq davolab chiqarib yuboradi-da, bo‘ldi, esiga ham keltirmaydigan bo‘lib ketadi.
Sabohat Qodirova ancha o‘zini tutib oldi.
— Bir narsani sizdan so‘ramoqchiman, — yalinganomuz gapirdi ayol.
— Xo‘sh?
— Opa, jon opa, ayting… — ayol birdan ko‘zlariga yosh olib yirlab yubordi. — O‘lib qolmaydilarmi? Kecha juda qo‘rqib ketdim. A, opa?
— Eringizning umri qancha bilmayman. Buni Xudo biladi.
Ayol boshini likillatib, xoshiyali ro‘molchasini ko‘zlariga tutdi.  .
— Lekin bu kasal bilan u kishi besh yil, o‘n yildan keyin ham o‘lmaydi.
— Tilingizga bol, opa! Xudoyo aytganingiz kelsin! — ayol joyida bir qo‘zg‘alib oldi-da, eshikka qarab qo‘ydi. — Opajon, mani tushuning, sizga rostini aytaman. Olimjon aka otam tengi odam. U kishi to‘satdan olamdan o‘tib ketsalar, man ko‘chada qolaman. Ikkita xotinlaridan yettita bollari bor. Man sho‘rlik yakkaman. Endi boshimga uchastka bitganda ular tortib olib qo‘yishadi. Qayoqqa boraman? Besh qizmiz. Kattasi manman. Kechasi bilan uxlamay chiqdim.
Ayolyana ko‘zlariga yosh oldi.
— O‘zingizni bosing, u kishi… — Sabohat Qodirova ensasi qotsa ham soddalik bilan dilini ochgan ayolga rahmi keldi. — U kishi yashaydi, Yuragi ham tuzuk. Faqat ovoz yo‘q.
— E, bo‘masin! Hamma gaplarini o‘zim qilaman. Paqat tirik o‘tirsalar bo‘ldi uyda.
— Singlim! — Sabohat Qodirova «oilaviy ishlaringizga men aralashmayman», deb uni to‘xtatmoqchi edi, ayol o‘zi o‘rnidan turib ketdi.
— Mastura! Mastura Inog‘omova! Bo‘ldi, opa, rahmat, manga boshqa hech narsa kerakmas. Nima qilishimni endi bilaman. Rahmat!
U otilib kabinetdan chiqib ketdi. Uning bu harakatida kirganidagi uyatchanligidan asar ham qolmagan edi.
Olimjon Komilov maxsus baland karavotda shiftga qarab yotardi. Kitob o‘qib o‘tirgan yoshgina hamshira professor bilan bo‘lim boshlig‘ini ko‘rib shoshib o‘rnidan turdi.
Sabohat Qodirova bemor tepasiga kelib salom berdi. Olimjon Komilov choyshab ustida yotgan qo‘lini silkitdi.
— Qalay ahvollari? Ko‘p yo‘talmayaptilarmi?
— Boya sok ichirganimizda bir-ikki yo‘taldilar, xolos, — javob berdi hamshira, — Kechasi sirayam yo‘talmadilar.
— Yaxshi, — Sabohat Qodirova bemorga qaradi, — Biz qo‘limizdan kelgan hamma chorani ko‘rdik. Umringiz uzoq bo‘ladi.
Bemor boshini ohista qimirlatib qo‘li bilan allaqanday ishoralar qildi.
— Bir narsa yozmoqchilar, — darrov uni tushundi hamshira.
— Bering qog‘oz, qalam, — taklif qildi Sabohat Qodirova.
Olimjon Komilov hali qimirlashi qiyin edi. Shunday bo‘lsa ham ko‘kragiga kitob qo‘yib sekin nimadir yozdi. Qog‘ozni ikki bukladi. Ustiga «Professorga» deb yozdi. Bo‘lim boshlig‘i tushunib, o‘zini chetga oldi.
Sabohat Qodirova ojiz, titroq qo‘l bilan yozilgan xatni o‘qir ekan, lablarining ustida sovuq ter paydo bo‘lganini sezdi. Darrov artdi. «Sabohatxon, men gunohkor bandani kechiring», deb yozilgan edi xatda.
Sabohat Qodirova bir zum o‘ylanib qoldi. Nima qilish, nima javob qilish kerak? Kechirsa ham, kechirmasa ham uni taniganligini bildiradi. U buni mutlaqo istamasdi. Birdan kutilmagan, ammo uning nazarida odil bir fikr miyasiga urildi. U xatni ikki buklab bemorning qo‘liga qistirdi-da, jilmaydi.
— Odam odamga o‘xshaydi, — dedi baland ovozda, — Siz meni bilmaysiz. Kim bilandir adashtirdingiz. Tezroq sog‘ayib keting.
Daxlizga chiqqanda bo‘lim boshlig‘iga tayinladi:
— Yolg‘iz qolmasin. Hamshira doim oldida bo‘lsin.
— Xavotir olmang, — va’da qildi bo‘lim boshlig‘i.
Hamma palatalarni aylanib, o‘z kabinetiga kirganda, telefon jiringladi.
— Oyi, bu menman, — dedi Baxtiyor trubkani olganda.
— Tinchlikmi? — xavotirlanib so‘radi Sabohat Qodirova.
— Tinchlik. Oyi, ertalab noto‘g‘ri gapirdim. Kim nima istasa shuni aytishim kerak emas. Har qanday joyda, har qanday sharoitda yaxshi narsa aytishim kerak. Siz haqsiz. Vaqtingiz bo‘lsa keling.
— Xo‘p, — jilmaydi dili yorishib Sabohat Qodirova.
— Habibni yuboraman. Olib qeladi.
Sabohat Qodirova esladi: Habib — kechagi ma’mur yigit edi.
— Ovqatga nima qilay? Ertalab aytmading.
— Osh-da!..
— Kecha yeding-ku?
— Picha olataroq bo‘lib qoldi. O‘zingiz qilib bering. Kontsertdan birga qaytamiz. Xo‘pmi, oyi?
— Xo‘p, — dedi Sabohat Qodirova va ancha vaqt uzilgan telefon trubkasining kalta-kalta ovoziga quloq solib turdi. U o‘zida yo‘q xursand edi.
1993 yil, avgust.