O‘lmas Umarbekov. Muhabbat qo‘shig‘i (hikoya)

1
Kimning ovozi bu? Kim kuylayapti? Bulbulmikan sayrayotgan? Sa’vamikan? Bulbul emas sayrayotgan, sa’va emas, Bay Vasilning go‘zal qizi — Atina bu!

2
Bay Vasilni o‘ldirishdi. Qoratog‘ etagida, makkor yovning o‘ntasiga bas keldi u bir o‘zi. O‘n birinchi yov tashlanib qilich sanchdi bag‘riga… Yetti yoshli o‘g‘li Ilcho, go‘zal qizi Atina yolg‘iz uyda yolg‘iz qoldi, yetim qoldi ikkisi.

3
— O‘g‘lim, — dedi o‘layotib Bay Vasil Ilchosiga. — Sen yetimsan, opang yetim, so‘zlarimni unutma: o‘ch olgin sen dushmanlardan, ham asragin opangni!

4
Bay Vasilni ko‘mdilar, Maritsa qirg‘og‘iga. Ilcho bilan Atina-chi, yetim qoldi ikkovi!

5
Kunlar o‘tdi, oylar o‘tdi, Atina — yengiltak qiz, og‘ir jangda halok bo‘lgan otasini unutdi… Qachon ko‘rmang, derazaning yonida, u ko‘chada. Tog‘u toshda aksi sado qo‘ng‘iroq ovozidan. Ko‘ngil qo‘ydi Atinaga yigitlarning qanchasi. Deyishardi g‘urur bilan: «Kim kuylayapti ekan? Bulbulmikan sayrayotgan, sa’vamikan? Bulbul bunday kuylolmaydi, sa’valar ham! Bay Vasilning go‘zal qizi Atina — bu!»

6
Sho‘rlik Ilcho sovchilardan gangib ketdi, axir dedi yigitlarga, otasidek salmoqlab:
— Atinaning o‘zida gap, ixtiyori o‘zida!
Atina-chi? U hech kimni yoqtirmasdi, suymasdi. Qah-qah urib yigitlarni mazax qilib kulardi. «Kimga ko‘ngil qo‘yarkin u, kimga salom berarkin?» Qishloqdagi biron odam buni sira bilmasdi…

7
Kunlar o‘tdi, oylar o‘tdi, yil o‘tdi. La’nati yov yana keldi bostirib.

8
Ko‘chalar qon. Dodu faryod tutib ketdi olamni.

9
«E, parvardigori olam! O‘zing madad ber, bosqinchini yerimizdan haydaylik».

10
Yoshu qari jangga kirdi… Tangri bermadi madad. Beglar begi qilich soldi shafqat qilmay hech kimga! Go‘daklarning ustida u tulporini o‘ynatdi, keksalarning ko‘z yoshiga parvo qilmadi mutlaq, mevalari hil-hil pishgan bog‘larni payhon etdi, o‘t chaqnadi ko‘zlarida, og‘zi olov purkadi, yatag‘oni chaqmoq chaqdi yigitlarning boshida, ayollarning ko‘kragidan qon aralash sut oqdi…

11
Hammasini ko‘rib turdi derazadan Atina, kipriklari marjon takdi alamzada yoshidan. Shu top nima bo‘ldi o‘zi?! Bibi Maryam, ko‘mak ber! Beglar begi dubulg‘asi uchib tushdi boshidan. Ko‘rib qoldi uni nogoh bizning go‘zal Atina…
— Yigit bo‘lsa shunday bo‘lsa! — dedi yashindek chaqnab. Hali bunday latofatni ko‘rmagandi umrida. Qoshlar xuddi shohi choyshab gulidagi yoy kabi, burgut ko‘zlar sanchiladi o‘kday qizning qalbiga. Cho‘chib tushdi qiz bechora va sevinchdan bo‘shashdi… G‘oyib bo‘ldi jangga kirgan yigitlarning barchasi, qoni daryo bo‘lgan Pyotr, Stefan ham yo‘qoldi, qo‘ng‘ir sochli Mincho, Gencho, Asparuxlar yo‘qoldi… Qulog‘iga kirmay qoldi ayollarning yig‘isi. Nima bo‘ldi o‘zi shu top? Bibi Maryam, ko‘mak ber!

12
Sevib qoldi Bay Vasilning go‘zal qizi Atina, sevib qoldi otasining ashaddiy dushmanini, ona yurti unga bergan nonni harom qildi u, otasini unutdi u va zotini unutdi.

13
Gayduklarim, azamatlar, nafratingiz o‘rinli! Ammo qo‘shiq tugamadi, quloq bering, tugatay.

14
Og‘ir jangda beglar begi g‘olib chiqdi. Asirlar zanjirband bo‘ldi. O‘ljalar xachirlarga ortildi.

15
To‘xtang, to‘xtang! Kim kelmoqda? Kelayotgan kim o‘zi? Kampirmi u, yo bevami yolg‘iz qolgan bu yurtda? Yo‘q! Atina, Bay Vasilning go‘zal qizi — Atina!

16
Kelinchaqtsay yasangan u. Lablarida tabassum, Yurishlari tovus kabi xiromon va muloyim. To‘g‘ri keldi maydonga u, salom berdi g‘olibga — bekka nazar tashladi u oymomodek egilib. Keyin dedi:
— Begim, senga oshiq bo‘ldim, qulingman! — shunday deya tiz cho‘kdi qiz tulpor bilan yonma-yon.

17
Hamma hayron. Hatto, bek ham hayron bo‘ldi avvali. Keyin qizni dast ko‘tardi va o‘tqazdi oldiga, momiqday oq ko‘kragidan bo‘sa oldi la’nati!

18
Oh, Atina, noqobil qiz, seni nima jin urdi?! Qayerdasan, Ilcho, otang hurmati — ko‘r opangni!

19
Belglar begi otiga qamchi bosdi, yo‘lga tushdi asirlar. Qayerdasan, Ilcho, otang hurmati — ko‘r opangni!
Yo o‘ch olgin xo‘rlangan zot, tuproq uchun ulardan, yo bo‘lmasa bosh olib ket alamdiyda qishloqdan.

20
Ilcho xomush. Ko‘zi yo‘lda, karvon ketgan tomonda.
— Ota, o‘zing qo‘lla, — derdi ichida u dam-badam. — Quvvating ber qo‘llarimga, o‘ch olayin dushmandan… — Shunda dedi, bilaklari kuchga to‘ldi g‘oyibdan, uyga kirdi, otasining kamarini bog‘ladi, yelkasiga miltiq osdi, qilich taqdi beliga. — Ota, o‘zing qo‘lla meni, quvvating ber qo‘limga!

21
Beglar begi kuylamoqda Atinaga jo‘rovoz, asirlarning qo‘llari musht, lablari tugun, boshlar xam.
— Badbaxt dunyo! Bay Vasilda nima qasding bor edi? Bechora qiz yuragini zaharlading ne uchun?!

22
Olisdan otliq ko‘rindi. Qo‘llar bo‘ldi soyabon. Bu — xo‘r-langan yer o‘g‘li! Kelayotgan bu paxlavon azamat yigit — Ilcho!

23
Devdek na’ra tortdi, Ilcho, beglar begi to‘xtadi. Atinani titroq bosdi, xo‘jasiga yopishdi.

24
— Ey, la’nati beglar begi! Yurak bo‘lsa otdan tush, kuch sinaylik yakka-yakka, yo bo‘lmasa o‘liksan!

25
Beglar begi yoydek egri qilichini sug‘urdi, botir Ilcho sherdek bo‘lib qarshisiga yugurdi.

26
Olishdilar roppa-rosa uch kechayu uch kunduz, qilich sinib, navbat keldi, navbat keldi xanjarga…

27
Ukasining botirligi Atinani shod qildi. Ko‘pik sochdi beglar begi dosh berolmay hujumga. Boshi uzra o‘ynab ketdi botir Ilcho xanjari. Shu top… Nima bo‘ldi o‘zi?! Bibi Maryam, ko‘mak ber! La’nati qiz qalqon qildi bekka o‘z ko‘kragini! Yuragini kesib o‘tdi ukasining xanjari… Beglar begi qochdi otga qamchi urib ketma-ket. Yiqildi qiz.
— Begim, to‘xta! — bekka tomon cho‘zdi qo‘l. Beglar begi to‘xtamadi, chang ichida yo‘qoldi…

28
Oh, Maritsa, Maritsa, g‘amgin va sokin daryo, qirg‘og‘ingdan qabrlar kimlarning qabrlari? Go‘r boshida dev qaddini bukib yig‘layotgan kim?!
— Bay Ilcho bu. Bay Vasilning sodiq, asl farzandi. Qabrlarda Bay Vasil ham Atina uxlamoqda… Yigirma yil bo‘ldi Ilcho har kun kelar bu yerga, qabrlarga yangi gullar qo‘yadi-da, yig‘laydi.
— Ota, meni kechirgil, sen, gunohimdan o‘tgil sen, sevikli Atinangni arsab qola olmadim!