Qrim yo‘llarida bo‘lganmisiz? Qator tizma tog‘lar orasidan o‘tgan past-baland bu yo‘llar kishining bahri dilini ochadi. Yo‘lning ikki betidagi qoramtir, oq, qizil daraxtlarning tanga-tanga barglari iliq quyosh nuridan marvariddek tovlanadi. Olisda esa, ufqqa tutashgan zangori dengiz…
O‘tgan yili shu tomonga yo‘lim tushib qoldi. Tumshug‘ini dengizga cho‘zib turgan Ayiqtoqqa yetganimizda shofyor, shu yerlik yigit, menga tog‘ning cho‘qqisini ko‘rsatdi. Cho‘qqida qaqqayib turgan bir daraxtdan boshqa hech narsa ko‘rmadim.
— Yaxshilab qarang, — dedi shofyor beparvolik bilan. — Daraxtning pastida hech narsa ko‘rmayapsizmi?
Men yana cho‘qqiga tikildim. Daraxtning tagida bir nima g‘ivilladi. Keyin bir ohangda «taq-tuq, taq-tuq», degan ovoz eshitildi.
— To‘xtating! — dedim shofyorga mashina pastlikka tushayotganda.
Shofyor to‘xtatdi. Mashinadan tushib tepaga qaradim. Hamon o‘sha ovoz eshitilardi. Ammo, hech kimni ko‘rolmadim. Shofyor yengimdan tortib, yo‘lning muyulishiga olib chiqdi.
— Ana, endi qarang, — dedi u qo‘llarini ko‘ziga soyabon qilib.
Qaradim. Cho‘qqida bir odam hafsala bilan tosh yo‘nardi. Lekin olisdan uning aft-basharasini bilib bo‘lmasdi.
Men, bu kim, nima qilyapti, degan ma’noda shofyorga qaradim.
U indamadi. Qora baroq qoshlarini chimirib, bir zum dengizda suzib borayotgan teploxodga qarab turdi-da:
— Yuring! — dedi va mashina tomon tez-tez yurib ketdi.
Biz anchagacha jim bordik. Ko‘zim shofyorda.
Tekis yo‘lga chiqqanimizda, u papiros tutatdi-yu, chuqur tortib, dedi:
— Bu yigit — yetim. Fashistlar Qrimga bostirib kirganda u yetti-sakkiz yashar bola edi. Otasi bor edi, onasi, opasi ham bor edi. Lekin bir kechada hammasidan ajradi… o‘zini esa, o‘zini o‘lib yotgan bir soldatning tagidan topishgan. Qorachadan kelgan, kulcha yuz yigit edi soldat. Lekin tojikmi, o‘zbekmi yo turkmanmi, hech kimts bilmaydi. Rostini aytsam, buning ahamiyati yo‘q hozir. Iigit cho‘qqida o‘sha soldatning haykalini ishlayapti…
Shofyor jimib qoldi. Men ham o‘yga toldim. Gurzufga kelganimizda:
— Har kuni ertalab shu Ayiqtog‘dan uning «taq-tuq»i eshitiladi, — dedi u va yana xayol surib ketdi.
Oradan bir oy o‘tdi. Uyga qaytayotganimda Ayiqtog‘ning etagida shu voqea esimga tushib, mashinani to‘xtatdim. Mu-yulishga chiqib, cho‘qqiga qaradim. Kimdir hafsala bilan «taq-tuq» qilib tosh yo‘nardi. Bu o‘sha, shofyor aytgan yigit edi. Lekin qancha tikilmay, u ishlayotgan haykalni ko‘ra olmadim. Cho‘qqiga ancha tikilib turdim-da, yo‘lga tushdim. Ayiqtog‘ ortda qolib ketdi. Ammo qulog‘im tagida haykalta-rosh yigitning bir ohangdagi «taq-tuq»i hamon jaranglardi.
1961