O‘lmas Umarbekov. Bo‘ribosar (hikoya)

1

Uni amakisining parkentlik qo‘ychivon amakisi tashlab ketdi. U kichkina ayiq bolasiga o‘xshardi. Kulrang, qalin junlari orasidan yapaloq tumshug‘ini ham, yaqindagina ochilgan munchoqdek qora ko‘zlarini ham ko‘rib bo‘lmasdi. Dumaloq koptokdek boshi tanasidan katta bo‘lganidan to‘g‘ri yurolmas, tumshug‘i bilan yerni sidirib, yo‘lida uchragan narsani bosib, ag‘darib, o‘zi ham yumalab yurardi. Keksa cho‘ponning gapiga qaraganda, u juda zotli bo‘ribosarlar avlodidan ekan. Onasi, yettita bo‘rini o‘ldirgan, butun Parkentga dong‘i ketgan Olapar bu yil atigi ikkita tug‘ibdi. Bittasi shu ekan. Ikkinchisini keksa cho‘pon, talabgorlar nihoyatda ko‘p bo‘lsa ham, hech kimga bermay, o‘ziga qoldiribdi. Otasi ham mashhur itlardan bo‘lib, jambullik qahramon ko‘ychivon Sarsonboy Sakenovning otarini qo‘riqlar ekan. Amakining shu itga havasi kelib, uch yildan beri har bahor Olaparni Jambulga hamkasb do‘stining otariga olib borar ekan. Ikki yil burun Olapar uchta tug‘ibdi. Har bittasi hozir g‘unajindek-g‘unajindek bo‘lib ketgan emish, Parkentda ham, uning atroflarida ham bunday itlarni havas qilmagan cho‘pon yo‘q emish…
Kozim kuchuk bolani yaxshi ko‘rib qoldi. Xilma-xil o‘yinchoqlarni unutdi. Velosipedini ham minmay qo‘ydi. O‘yini — kuchuk bola. It ham unga o‘rganib qoldi, unga ergashadigan bo‘ldi. «Ko‘ktoy!» — desa, pildirab oldiga keladi, nam tumshug‘ini oyoqlariga, qo‘llariga surkab, erkalanadi, atrofida dumalaydi. Kozim bog‘chaga ketganida kuchukcha uzoq angillaydi, eshikka yopishib timdalaydi, kelganida esa, xursandlikdan sakrab uyni boshiga ko‘taradi.
Kozimning onasi uzoq qarindoshlarining sovg‘asiga avval parvo qilmadi. Ammo kuchuk bola o‘sgan sayin, u esa kun emas, soat sayin o‘sardi, uning kayfiyati buzilib, ensasi qotadigan bo‘lib qoldi. Idish-tovoq singani, kitob-daftarlar yirtilgani mayli, uydan it hidi keladigan bo‘lib qolganini u birinchi sezdi. Ilgari u kun ora pol yuvadigan bo‘lsa, endi har kuni yuvib, eshik derazalarni ochib, uyni shamollatadi, ovqat stolini bir necha martadan artadi, Ko‘ktoy oyog‘ining tagida o‘ralashadigan bo‘lsa, zarda-bilan tepib yuboradi. Kuchuk bola akillab, o‘zini krovatning tagiga oladi yo Kozimning stuli tagiga kelib, yotadi-da oldingi oyoqlari bilan tumshug‘ini berkitadi.
Bir kuni Kozimning onasi ishdan kelganida, eshik tagida tungi ko‘ylagi yotganini ko‘rdi. Hayron bo‘lib ko‘tardi va zarb bilan silkitgan edi, yuz-ko‘ziga qandaydir tomchilar sachradi. Nima bo‘lganini tushunib, zardasi qaynab ketdi, nam ko‘ylakni polga uloqtirib, kuchuk bolani qidira boshladi. Ammo uzoq qidirmadi. Ko‘ktoyning o‘zi yugurib oldiga keldi. Kozimning onasi: «Ha, yer yutkur!» — deb qarg‘adi-da, uni tepdi. Ammo Ko‘ktoy joyidan qimirlamadi. Yo‘g‘on orqa oyoqlari bilan polga tiralib, boshini ko‘tardi va oppoq arradek tishlarini ko‘rsatib irilladi. Kozimning onasi hang-mang bo‘lib qoldi, aftidan, qo‘rqib ham ketdi. Qo‘lini musht qilib urgani ko‘targan edi, Ko‘ktoy battar irilladi va birinchi marta vovullab yubordi. Uning chiroyli, qo‘ng‘iroqdek ovozi bor edi. Kozimning onasi buni payqamadi, payqasa ham parvo qilmadi. Ammo urgani botinmadi, mushtini yozib, ters burdi-da, o‘z xonasiga kirib ketdi.
Kechqurun Kozimning dadasiga shikoyat qildi:
— Sovg‘a opkemay ketsin amakingiz! Ikkita qurt ham bo‘lardi bolaga. Boya menga bir tashlandi, yuragim chiqib ketay dedi. Hozir shundoq. Meni aytdi, dersiz. Kattaroq bo‘lsa bitta-yarimtaning boshini yeydi, baloga qolamiz.
— O‘rgatish kerak, — dedi Kozimning dadasi. — Innaykeyin katta bo‘lganda quyilib qoladi. Bu ham hali bola-da!..
— Bolamas, balo! Tishlari arraning o‘zi! — E’tiroz bildirdi Kozimning onasi. — Yaxshisi, amakingizga qaytarib berib keling. O‘g‘limizga yo‘qolib qoldi, deb qo‘ya qolamiz. Bo‘lmasa, o‘zim it yashikka berib yuboraman.
— O‘rgatib ko‘raylik-chi, avval, — dedi Kozimning dadasi.
Kozimning krovati ostida yotgan Ko‘ktoy ularning gaplarini tushunganday g‘inshib qo‘ydi.
U shu tuni tush ko‘rdi. Ko‘m-ko‘k adr. Qo‘y-qo‘zilar o‘tlab yurganmish. U yangi o‘rilgan xushbo‘y pichan ustida xuddi o‘zidek, ammo ola-bula kuchuk bola bilan onasini emib yotganmish…

2

Kozimning dadasi aytganini qildi. Ovchilar magaziniga borib, yaxshi charmbog‘, zanjir olib keldi. Kimningdir, itni bir qo‘lida kaltak, bir qo‘lda qand bilan o‘rgatish kerak, degan maslahatiga kirib, tutdan xivich yo‘ndi. Ammo qancha urinmasin, barcha harakatlari zoye ketdi. Ko‘ktoy tiniq qora ko‘zlarini unga tikib, quloq osar, lekin bironta gapiga kirmasdi. Ikki oy deganda zo‘rg‘a o‘tirib, oldingi oyoqlarini ko‘tarishnigina o‘rgandi xolos.
— It bo‘lmay o‘lsin, — dedi Kozimning oyisi. — Hamma aqli gavdasiga, qorniga ketgan buni! Hali ham gapimga kiring, bu odam bo‘lmaydi, oborib bering amakingizga!
Chindan ham yarim yil ichida Ko‘ktoy buzokdek bo‘lib ketdi. Sakramasdan, chuzilmasdan stol ustidagi narsalarga bo‘yi yetadigan bo‘ldi. Buni ko‘rib, Kozimning onasi battar xunob bo‘lib ketdi. Stol ustida endi hech narsa qoldirmay, shkaflarga yashiradi, dasturxonni yig‘ishtirib qo‘yadi. Ko‘ktoy xivichni chaynab, zanjirni uzib yuborganidan keyin Kozimning dadasining ham hafsalasi pir bo‘ldi. Noiloj yangi zanjir olib kelib, o‘g‘lining oldiga tashladi:
— Ma, o‘zing o‘rgat.
U shunday dedi-yu, it qo‘ldan chiqib ketayotganiga ko‘nglida achindi. Xotinining, katta bo‘lsa birontaning boshiga yetadi, degan gaplari xayolidan o‘tdi. Ko‘ktoyning yana katta bo‘lishi, o‘sishi esa shunday turqiga yozib qo‘yilgandek edi. O‘qlog‘idek-o‘klog‘idek oyoqlari hali yumshoq, qalin junlari mayin, nazari sho‘x edi. Qishgacha turib-tursin-chi, o‘ziga qaror qildi Kozimning dadasi, keyin bir gap bo‘lar…
Ammo u o‘ylagancha bo‘lib chiqmadi.
Kuz kelib, oyoq ostida xazon shitirlab qolgan kunlarning birida u ishdan kelsa, Kozim yig‘lab o‘tiribdi, xotini yotoqxonada yotibdi. Chap qo‘li tirsagigacha bint bilan bog‘langan.
— Nima bo‘ldi? — xavotirlanib so‘radi Kozimning dadasi.
— Ko‘ktoy… Ko‘ktoy oyimlarni tishlab oldi, — ko‘zlarini mushti bilan artib javob qildi Kozim.
— Qattiq tishladimi? — Kozimning dadasi xotinining oyog‘iga o‘tirdi.
— Suyakkacha bordi shekilli… — istar-istamas dedi Kozimning oyisi. — Yer yutkur tishlashga-tishladi, qo‘yvor desam ham qo‘yvormaydi! Qisqichday, tishlarini botirgancha, ko‘zlarini lo‘q qilib baqrayib turibdi!.. Kozim kelib qolmaganida, qo‘lsiz qolarmidim?! Sovg‘asi boshida qolsin amakizzi. Tishlaydigan narsaniyam sovg‘a qiladimi?! Man sizga aytdim birovning boshiga yetadi, deb, quloq solmadingiz. Mana, mandan boshladi!..
— Nima qiluvdingiz? — so‘radi Kozimning dadasi.
— Voy man nima qilardim?! — tutoqib ketdi xotini. — Non to‘g‘rab bir kosa sho‘rva berdim. Ochopat o‘sha zahoti yutib bo‘ldi. Idishni ag‘darib, uyni boshiga ko‘tardi. Ikkinchi kosani solayotganimda chidamay kosaga yopishdi. Qoch, deb sekin kosa bilan boshiga turtganimni bilaman, yashshamagur «g‘ap-p!» — deb yopishdi qo‘limga! Dod soldim, qani qo‘yib yuborsa! Kozim kelib qoldi-yu, qo‘yib yubordi. Poliklinikada itga spravka olib keling, deyishdi. Spravka bo‘lmasa qirqta ukol qilamiz, deyishdi. Shu yetmay turuvdi manga.
— O‘zi qani! — so‘radi Kozimning dadasi.
Xotini indamadi. Kozim krovatning tagiga ishora qildi. Kozimning dadasi egilib qaradi. Ko‘ktoy aybini sezgandek, boshini oyoqlari orasiga berkitib yotardi.
— It qutirmagan, sog‘, — dedi Kozimning dadasi.
— Spravka kerakmas demoqchimisiz? — kinoya qildi xotini. — Mayli, men o‘lib ketavuray. Sizlarga it bo‘lsa bo‘ldi!..
Kozim yig‘lab yubordi. Dadasi ensasi qotib, o‘rnidan turdi. O‘g‘lining oldiga kelib, boshini siladi. Itning sog‘ligiga shubhasi bo‘lmasa ham, ertasiga veterinariya doktorini olib keldi. Ko‘ktoy o‘z joyida, Kozimning krovati tagida yotardi.
Kozimning dadasi uni chaqirdi. It chiqmadi. Bo‘yinbog‘idan tortmoqchi bo‘lib, qo‘lini uzatgan edi u tishlarining oqini ko‘rsatib irilladi.
— Krovatni surishga to‘g‘ri keladi, — dedi Kozimning dadasi.
— Qani, nari turingchi, — doktor shunday deb, o‘zi krovatning tagiga egilib qaradi. — Itingiz sog‘. Baribir tekshirish kerak. So‘lagidan bir amallab olmasak bo‘lmaydi.
Ko‘ktoy ko‘zlarini unga qadab, shalpang quloqlarini ko‘targanicha joyidan qimirlamay yotardi.
Doktor uzun yo‘nilgan cho‘pga paxta o‘rab, yana egildi.
— Ko‘ktoy! Ko‘ktoy! Polvon it, aqlli it… Hozir o‘zi chiqadi, so‘lagidan beradi… — doktor mayin ohangda gapirib qo‘llarini it tomon cho‘zdi. — Seni xafa qilishdimi? Keyin tishlab oldingmi? Bunday itni xafa qilib bo‘lar ekanmi? Bunday itga doim bir xil gapirish kerak. Bir vaqtda ovqat, bir vaqtda suv berish kerak. Bu vistavkaga qo‘yiladigan it ekan-ku? Polvon it! Zotli it!.. Ko‘ktoy, Ko‘ktoy! Chiqaqol buyoqqa. Ha, barakalla, barakalla!..
Ko‘ktoy krovat ostidan ingrab, inqillab chiqdi-da, doktor oldida o‘rnidan turdi. Tumshug‘ini cho‘zib, qo‘llarini yalayboshladi. Doktor bilintirmasdan paxtalik cho‘pini namlab oldi:
— Barakalla! Barakalla! Seni qutirgan deyishdimi? Bo‘lmagan gap. Soppa-sog‘san. Esing ham joyida. Bekordan bekorga hech kimni tishlamaysan. O‘zingni ham xafa qildirib qo‘ymaysan. Bor, joyingga bor endi.
Ko‘ktoy shu gapni eshitib turgandek, bukilib yana krovat tagiga kirib ketdi.
— Kelin qiynalmasinlar ukolga borib, — dedi doktor. — Hoziroq spravka yozib beraman. Zo‘r itingiz bor ekan. Odamlar bunaqasini qidirib topolmaydi.
U ketgach, Kozimning dadasi krovat oldida cho‘kkaladi.
— Ko‘ktoy, Ko‘ktoyjon! Buyoqqa chiq, chiqaqol, jonivor.
Ammo Ko‘ktoy joyidan qimirlamadi. Kozimning dadasi bir burda nonning ustiga go‘sht qo‘yib uzatdi. Ikkinchi qo‘li bilan bo‘yinbog‘idan tortdi.
— Chiq, Ko‘ktoy! It bo‘lmay ketgur, chiq!
Ko‘ktoy irillay boshladi. Kozimning dadasi nonni uning oldiga zarda bilan tashladi. It vovulladi. Kozimning dadasi achchiqlandi. O‘rnidan turib, itning biqinini mo‘ljallab tepdi-da, boshqa xonaga chiqib ketdi. Nimadir esiga tushib, yotoqxonaga qaytib kirdi. Xonaning o‘rtasida oyoqlarini kerib, dumini tayoqdek tik qilgancha, Ko‘ktoy unga tikilib turardi. Kozimning dadasi beixtiyor to‘xtab qoldi. It xuddi shuni kutib turgandek unga tashlandi.
Kozimning dadasi: «Ko‘ktoy! Ko‘ktoy, yo‘qol!» — deganini biladi, nimadir «shar» etib yirtildi. Ko‘ktoy shimining tizzasidan pochasigacha katta bir bo‘lagini uzib olgan edi. Kozimning dadasi o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, ammo ko‘nglida it tasodifan oyog‘ini tishlab olmaganidan, shim xalaqit berib qolganidan xursand bo‘ldi. Shunday bo‘lsa ham, «Haromi!» — dedi-yu, it tomon chopdi. Ko‘ktoy qo‘rqdimi yo xafsalasi pir bo‘ldimi, og‘zidagi shim parchasini tishlaganicha yana egilib krovat tagiga kirib ketdi. Uning uchun krovatning tagi eng bexavotir joy bo‘lib qolgan edi.
Kozimning dadasi badjahl odam emas edi. Hayvonlarni yomon ko‘radi, deb ham bo‘lmas edi uni. Ammo shu yoshga kirib, biron marta mahalladagi ko‘pchilik bolalar qatori it bilan o‘ynamagan, qo‘lida chumchuqmi, kaptarmi ushlamagan edi. Shuning uchun Ko‘ktoy singari odamlarning ko‘zidan ularning munosabatini bilib oladigan itlar bo‘lishini u bilmas edi. Ko‘ktoy uni allaqachon bilib olgan va xush ko‘rmay qolgan edi.
Kechqurun Kozimning oyisi spravkani ko‘rib tinchidi. Dadasi bo‘lgan voqea haqida hech narsa demadi. Faqat oyisi bilan birga bog‘chadan kelib, iti bilan o‘ynay boshlagan o‘g‘liga:
— Yotayotganingda zanjirini taqib, krovatga bog‘lab qo‘y, tag‘in biron narsani sindirib qo‘ymasin, — dedi va ko‘chaga chiqib ketdi.
Yarim kechada, hamma uxlagani yotgan payti u o‘rnidan turdi. Eski kiyimlarini topib kiydi. Qo‘liga charm qo‘lqopini taqdi, oyoq uchida yurib o‘g‘lining krovatiga yaqinlashdi. Kozim dadasi aytgandek qilib qo‘ygan ekan. Zanjirni krovatning oyog‘idan yechib, sekin ammo kuch bilan torta boshladi. Hech narsaga tushunmagan va shirin uyquda yotgan Ko‘ktoy g‘inshiganicha sudralib krovat ostidan chiqdi.
— Yur, jonivor, yur, Ko‘ktoy. Aylanib kelamiz, — dedi shivirlab Kozimning dadasi. Ko‘ktoy surgalib uning ketidan ko‘chaga chiqdi. Muzdek havo dimog‘iga urildi. Oyog‘i ostida to‘kilgan barglar shitirladi. Chuqur nafas olib «vov!» demoqchi edi, Kozimning dadasi zanjirni silkitib qo‘ydi, ovozi og‘zida qoldi.
— Yur, jonivor, yur!..
Kechasi hech sayrga chiqmagan Ko‘ktoy egasining ortidan bitta-bitta yurib ketdi.
Ular ko‘p o‘tmay zarqog‘ozdek yaltirab oqayotgan daryo labiga chiqishdi. Bu daryo shaharning o‘rtasidan o‘tgan bo‘lib, qishin-yozin muzlamas edi. Shahardan chiqaverishda temir yo‘l ko‘prigiga yetganda ikkiga bo‘linib bir qismi shaharga burilar, ikkinchi qismi esa ellik metrlik jarlikka otilib tushardi. Uzoq-uzoq joylardan odamlar vishillab ko‘pirib tushadigan shu sharsharani ko‘pincha tamosha qilgani, muzdek shabbodasida dam olgani kelishardi.
Kozim katta bolalarga qo‘shilib bir-ikki marta daryo labiga kelgan edi Ko‘ktoy bilan. Bolalar qancha urinishmasin, uni suvga tushirisholmagan edi.
Ko‘ktoy shu joylarni taniydi. Salqin havo, suvning bir maromdagi shovqini yokdi, erkalanib egasining oyog‘iga suykandi.
Kozimning dadasi olazarak bo‘lib nimanidir axtarardi. Nihoyat topdi shekilli, daryo yoqalab yuraboshladi. It unga ergashdi. Baland bir chinorga yetishganida to‘xtashdi. Kozimning dadasi engashib do‘ng bo‘lib turgan bir narsa ustiga o‘tirdi. Ko‘ktoy hidladi. Do‘ng katta xarsang tosh solingan qop edi. Ko‘ktoy ham egasining yoniga o‘tirdi. Kozimning dadasi epchillik bilan zanjir qisqichini qop bog‘langan arqonga ildi. Shu top xursand bo‘lganidan ko‘zlari chaqnab ketdi, beixtiyor Ko‘ktoyning boshini silab qo‘ydi.
Uzun tilini dam osiltirib, dam tamshanib, o‘qtin-o‘qtin nafas olayotgan itning yoqimli iliq hidi dimog‘ini qitiqladi, o‘g‘lining yig‘idan burushgan basharasi ko‘z oldiga keldi, ammo niyatidan qaytmadi.
Shu alpozda bir pas o‘tirib o‘rnidan turadi. It ham turdi.
— Ma, ol,
Kozimning dadasi ehtiyot shart cho‘ntagiga solib qo‘ygan bir chaqmoq qandni tashladi uning oldiga. It egilib, qandni hidlay boshladi. Shu payt Kozimning dadasi bor kuchini to‘plab, qopni baland ko‘tardi, zarb bilan daryoga otdi. Boshini yerdan ko‘tarmagan Ko‘ktoy siltanib ketdi. Endi og‘ziga olmoqchi bo‘lgan qantni yutarkan bo‘g‘ilib bir «vang!» — dedi-yu, qop ortidan oyoqlari chalishib dumalab ketdi va ko‘p o‘tmay «shalop» etib suvga ag‘darildi.
Toshning zarbidan chayqalib, shovqini ko‘tarilgan, cho‘kayotgan itning tanasi, oyoqlari urilib shaloplagan daryo bir zumda tinchib yana avvalgidek bir maromda oqa boshladi.

3

Ertasi kuni ertalab, Kozim itini topolmay, rosa yig‘ladi, bog‘chaga bormayman, deb uydagilarni qo‘rqitdi. Dadasining, bilmay qolibmiz, kechasi eshik ochiq qolib, chiqib ketibdi, deganiga ham quloq solmadi, hech qanday o‘yinchoqqa rozi bo‘lmadi. Nihoyat oyisi, yangi koptokdek kichkina kuchukning bolasini olib kelib berishni va’da qildi. Shundagina Kozim yig‘idan tindi.

4

Ko‘ktoy suv tagida bo‘kib, battar og‘irlashgan qopdagi tosh bilan oldinma-ketin dumalab borardi. Goh tosh oldin ketib qolib, uni bo‘ynidan tortar, daryoning notekis tubiga ilinib qolganda, goh Ko‘ktoy uni sudrardi. Quloqlari suvga to‘lganiga qaramay, boshini sarak-sarak qilib, oyoqlarini shapillatib o‘zi sezmagan holda tepaga, suv betiga chiqishga talpinar, ammo toshning og‘irligi, daryoning chu-qurligi bunga yo‘l qo‘ymas, u horib yana suv tagiga ardarilardi. Buning ustiga u nima bo‘lganini, nima uun issiq uydan chiqib, badanini qaqshata boshlagan, nafas oldirmay, ko‘z ochirmay qo‘ygan suvga tushib qolganini, nima uchun. Kozimning dadasi uning boshini silab, yumshoq gapirib turib, suvga otganligini bilmasdi. Agar uyda ko‘pincha bo‘lib turganidek, egasining nima demoqchi ekanini oldindan sezganda, o‘zini bu ahvolga solib qo‘ymas edi, g‘aflatda qolmas edi, zanjirni uzib, qochib ketardi.
…Uning o‘pkasi to‘lib, yo‘tal tutdi. Ammo og‘zini ocholmadi. Ichida nimadir g‘ivirlab, qornini, ko‘kragini, toshdek og‘ir va karaxt bo‘lib qolgan boshini yorib yuborgudek bo‘lib ketdi. U chidolmay jon-jahdi bilan oyoqlarini cho‘zib suvni shapillata boshladi. Bir mahal iliq havo burniga urildi. U qalqib ketdi. Og‘zi burnidan suv tushib, nafas ola boshladi. Ko‘zlari nam bo‘lsa ham ochildi. Birinchi ko‘rgan narsasi: shunday daryoning tepasida unga tikilib turgan nursiz oy edi. Keyin daryo qirg‘og‘idagi yalang‘och daraxtlar; qorayib ko‘rindi.
Ko‘ktoy suvdan boshi chiqib tursa, ko‘zi ochiq bo‘lsa, nafas olish mumkinligini tushundi, bo‘ynini toshga bo langan zanjiri uzib yuborayotgan bo‘lsa ham, endi egilmas, egilsa, oyoqlari suvni shapillatishdan to‘xtasa, cho‘kib ketishini, shundan keyin balki mutlaqo qalqib chiqolmasligini bilib qoldi va tumshug‘ini suv yuzida tik tutib oqim ixtiyorida yumronqoziqdek oqa boshladi. Ba’zi-ba’zida oldingi oyoqlari suvda chiqib qolar, u cho‘chib zarb bilan suvni urardi, suv shaloplab, yuz-ko‘zlariga sachrar, entikib ketib qalqir, muvozanatni yo‘qotib qo‘yardi. Ammo ko‘p o‘tmay, u boshini silkitsa, tomchilar tushib ketishini, yana erkin nafas olish mumkinligini bilib oldi. Oyoqlari suv tagida qancha ko‘p qimirlasa, u shuncha ko‘proq suv betiga chiqaboshlayotganini ham payqadi. Ilgari quloqlarigacha suv ustida bo‘lsa, endi bo‘ynigacha ko‘tariladigan bo‘ldi. Yana u qaysi oyog‘ini suvga ursa, shu tomonga siljishini ham sezdi va to‘g‘ri, daryoning o‘rtasida oqim bilan baravar suzadigan bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay hatto dam olishni ham o‘rganib oldi. Charchaganda u bir pas oyoqlarini cho‘zardi, shunda suv o‘zi uni cho‘ktirmay ko‘tarib borardi. Faqat tosh, bo‘ynida osilib yotgan zildek tosh uni o‘z holiga qo‘ymas, nimalargadir urilib, o‘xtin-o‘xtin uni o‘z yoniga, suv tubiga tortardi. Ammo Ko‘ktoy bunga ham ko‘nikib koldi. Tosh uni pastga tortganda, to‘rtala oyog‘i bilan suvga yopishadi. Uning harakatlarini tushungandek, daryo toshni ko‘tarib, oldinga itaradi, u yana goh oldinda, goh orqada yumalay boshlaydi.
Shu alpozda bir-biriga bog‘langan Ko‘ktoy bilan xarsang tosh ancha oqishdi. Tong yorisha boshladi.
Yulduzlar so‘ndi. Daryoning ikkala qirg‘og‘idagi daraxtlarning egri-bugri shoxlarida qushlar ko‘rindi. Ko‘ktoy ularning chug‘urini, ko‘chalarda paydo bo‘lgan mashinalarning ovozlarini eshita boshladi va beixtiyor qirg‘oq tomon suzib ketdi. Tosh uncha xalaqit bermadi, u bilan oldinma-keyin yumalay boshladi. Ammo qirg‘oqqa yaqinlashganda to‘xtab qoldi. Ko‘ktoy qancha urinmasin, tosh joyidan siljimadi. Bir-ikki siltanib ham ko‘rdi, foydasi bo‘lmadi. Bir pas dam olib, yana qirg‘oq tomon talpindi, lekin joyidan qimirlay olmadi, alamidan ingrab yubordi-da, oyoqlarini cho‘zdi. Oqim uni ham, toshni ham yana oldinga surib ketdi.
Oftob chiqib, suv beti ko‘karganda, temir yo‘l ko‘prigining g‘isht ustunlari ko‘rindi. Suv oqimi sekinlashdi. Ko‘ktoy toshning og‘irligini sezmay qoldi. Oyoqlarini cho‘zib og‘ir xo‘rsindi-da, atrofiga qaradi. Qushlar ham u shoxdan bu shoxga o‘tib chug‘urlashar, mashinalarning ovozi ko‘paygan sari odamlarning baqiriq-chaqiriqlari paydo bo‘lib, kun o‘z hukmiga kirgan, shaharda hayot boshlangan edi.
Ko‘ktoy chuqur nafas oldi-da, oyoqlarini bir-ikki shapillatib qo‘ydi. Shu tob birdan suv ostidagi tosh uni siltab tortdi. Ko‘ktoy beixtiyor tisarilmoqchi bo‘ldi, oyoqlari bilan suvni tepdi. Ammo tosh bu gal zo‘rlik qilib, uni pastga tortdi.
U ayrilishga kelganini, ko‘prik oldida daryo ikkiga bo‘linib, bir qismi keskin burilib shaharga qaytib kirishini, ikkinchi qismi esa jarlikka tushib, shahardan chiqib ketishini bilmas edi. Tosh uni suv tagidan jarlik, sharshara tomon tortgan edi.
Ko‘p o‘tmay toshgina emas, daryoning oqimi ham uni sharshara tomon tortdi. Ko‘ktoy qancha urinmasin, o‘zini o‘nglolmay jarlikka sho‘ng‘idi. Sharsharadan tosh bilan yonma-yon oyoklari osmonga ko‘tarilib qushdek pastga tusharkan, gumburlagan sharshara shovqini orasida kimningdir: «Ko‘ktoy! Ko‘ktoy!» degan qichqirig‘i qulog‘iga kirgandek bo‘ldi. Ko‘ktoy ko‘prik yonida sharsharani tomosha qilib turgan bir to‘da odamlarga qarab ulgurdi, ammo kim qichqirganini bilmadi. Tosh bilan barobar «shalop» etib suvga tushdi. Sharshara osti ularning zarbidan to‘lqinlanib ketdi va birozdan so‘ng yana eski holiga qaytdi.
Ko‘ktoy qanchagacha suv ostida dumaladi, bilmaydi, xushiga kelib, tumshug‘i daryoni yorib chiqqanda, toshning bo‘ynidan tortmayotganini, zanjir ilingan charm bo‘yinbog‘i ham yo‘qligini payqadi, namdan xiralashgan ko‘zlarini pirpiratib, sharsharadan chetroqqa, suv oqimi tomon suzib ketdi. Uning har bir harakati endi sezilarli edi, hech narsa uni suv tubiga tortmasdi. Xursand bo‘lganidan bir-ikki marta suv ostida bo‘lsa ham dumini likillatib qo‘ydi. Hamma a’zosi endi unga quloq solar, yaqindagina uni qo‘rqitgan suv ham uning izmiga tushadigan bo‘lib qolgan edi.

5

Shahar ancha ortda qolib ketdi. Suvning beti g‘adir-budirlashib oqish tezlashdi, ikkala qirg‘oq pasaydi. Ko‘ktoy bir-ikki marta orqa oyoqlari bilan suv tubiga tegib ketdi. Avval nima bo‘lganini tushunmadi. To‘rttala oyog‘ini uzatganda, daryo bu yerlarda chuqurmasligini angladi va suvni shaloplatib qirg‘oq tomon yurib ketdi. Uni qiynayotgan narsa endi bitta, u ham bo‘lsa suvning sovuqligi edi. Tishi-tishiga tegmay qaltirar, qalin tuklari yopishib qolgan badani hech narsa sezmay qolgan, oyoqlarining tomirlari tortishib, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a ko‘tarilar edi.
Bu gal qirg‘okda u sirg‘anmadi, suvga o‘xshab tebranib yotgan o‘tlarning patak ildizlariga mahkam yopishib daryodan chiqdi. Hamma yog‘idan sharillab suv oqa boshladi. U silkingan edi, gandiraklab ketib, yumshoq o‘t ustiga yiqildi. Turmadi. Turishga majoli yo‘q edi. Yonboshiga ag‘darilib, oyoqlarini cho‘zdi-da, boshini ham chim ustiga qo‘yib ko‘zlarini yumdi. Shu zahoti uxlab qoldi. Tikkaga kelgan quyosh anchagacha uni isitib, uni quritganini ham, shunday qirg‘oq yonidan o‘tgan yolg‘izoyoq yo‘lda bir otliq uni ko‘rib qolib, yarimta kulcha tashlab ketganini ham bilmadi.
Quyosh ham u singari yonboshlab, daraxtlar panasiga o‘zini olganda, tumshug‘i ustida notanish hid sezib, ko‘zini ochdi.
Oldida baxaybat, mo‘ylovlari tikandek qattiq bir qora it ko‘zlarini baqraytirib unga qarab turardi. Ko‘ktoy uning sovuq ikkita ko‘zlariga, yo‘g‘on oyoqlari, keng, serjun ko‘kragiga qarab, o‘zicha hushyor tortib ko‘ydi, ammo boshini ko‘tarmadi.
Qora it u ko‘zini ochganini ko‘rib, bir qadam tisarildi-da, osmonga karab bir-ikki vovullab qo‘ydi. Shu payt uning yonida yana besh-oltita it paydo bo‘ldi. Ular ham qora itdek baxaybat, tumshuklari uzun, junlari qalin edi.
Ko‘ktoy yotaverishini ham, turishini ham bilmasdi. Qochish xayoliga ham kelgani yo‘q, lekin ular ko‘pchilik edi. Buning ustiga u hali o‘ziga kelmagan, boshi og‘ir, oyoqlari ancha madorsiz edi. Kozim uni ko‘chaga olib chiqqanda, mahallaning itlari — laychasidan tortib, beso‘naqay dogigacha tegajog‘lik qilishardi. Ayniqsa Kozim bolalarga qo‘shilib futbol o‘ynayotgan payti, u ariq labida ko‘kragini oftobga solib yotganda, bildirmasdan kelib oyog‘idan, dumidan tishlashardi. U parvo qilmasdi. Laychaning tishlagani nima bo‘lardi, burga chaqqandek gap. G‘ashi kelib o‘rnidan turganda hammasi tiraqaylab qochardi. Bir marta qarimsiq qora laycha dumidan tishlaganda, u tutib oldi. Ikki oyog‘i bilan biqinlarini ezib, og‘ziga yaqin olib keldi. Tishlash niyati yo‘q edi, shunday bo‘lsa ham og‘zini ochganda, laycha ovozi boricha chinqirib yubordi. Ko‘ktoy hayron bo‘lib, oyoqlarini oldi. Laycha xuddi o‘ldirib qo‘yishayotgandek akkillaganicha uyiga qochib ketdi.
Shularni eslab, Ko‘ktoy ohista boshini ko‘tardi. Qora it irilladi. Buni ko‘rib, olisrokda turgan bitta it vovullab yubordi. Ko‘ktoyning ular bilan urishishga sira xohishi yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham o‘zicha bir reja tuzib qo‘ydi. Agar itlar unga tashlansa, birinchi bo‘lib qora itga yopishadi. Uni bossa qolganlari o‘zi tarqalib ketadi. Qora it sezib koldi, shekilli, hurpaydi, irillaganicha bir qadam oldinga yurdi. Ko‘ktoy shuni kutib turgandek, sapchib o‘rnidan turdi. Atrofini yarim halqa qilib o‘rab olgan itlar tiraqaylab qochishdi. Qora it ham irillashdan to‘xtab, yoni bilan uch-to‘rt qadam chekindi. Uning boshi egilib, bo‘yniga kirib ketgan edi. Dumini qisib, bir-ikki vovullab qo‘ydi-da, sekin sheriklari ketgan tomonga yura boshladi. Uning ham, sheriklarining ham bunday katta itni birinchi ko‘rishlari edi.
Ko‘ktoy ularni quvlamadi. Ammo orqalaridan qarab turdi. Itlar paxtasi terib olingan g‘o‘zapoya ichida g‘oyib bo‘lishdi. U tinchib yana yotmoqchi bo‘lgan edi, nonga ko‘zi tushdi. Ikki tishlashdayoq uni yeb, so‘laklari oqib ketgan og‘zini oyoqlariga artdi va yonboshladi. Qorni nihoyatda ochganligini shunda sezdi. Yarimta kulcha unga urvoq ham bo‘lmadi. Beixtiyor itlar kirib ketgan g‘o‘zapoya tomon qaradi. O‘sha yoqdan sigirlarning ma’rashi, tovuqlarning qaqag‘i qulog‘iga chalindi. Ularning ovozlariga itlarning vovullashlari qo‘shilib ketdi. Ba’zilarini tanidi. Hozirgina uni talamoqchi bo‘lgan edi ular. Odamlarning tovushlari ham eshitildi. Ko‘ktoy quloqlarini dikkaytirdi. Yo‘q, tovushlar yaqinlashmadi, o‘sha yoqlarning o‘zida dam paydo bo‘lib, dam yo‘qolardi. U yer, bu yerdan tutun ko‘tarila boshladi. Shu tutun hidi bilan bir mahal dimog‘iga piyoz-dog‘, qovurilgan go‘sht hidi kelib urildi. Ko‘ktoy o‘rnidan turib ketdi. Yana kuchga kirib, og‘riklari qaytgan oyoqlari bilan depsinib, ingrab yubordi, so‘laklari oqib ketdi. Boshini ko‘tarib itlar ketgan tomonga qaradi. G‘o‘zapoya ortida bir qatordagi baland-past uylarning tomlari qorayib ko‘rindi.
Ko‘ktoy bir pas nima qilishini bilmay turdi, yoqimli hid yana dimog‘ini qitiqladi. U chidolmay, g‘o‘zapoya tomon yurdi.
Uylarga yaqinlashganida ekinzor tugadi. Ko‘ktoy to‘xtadi. Qandaydir xavf ro‘parasidagi, ochiq vodoprovodidan sharillab suv oqib yotgan uyning hovlisiga o‘tishga yo‘l qo‘ymadi. U egildi-da chiroq yongan derazaga qaradi.
Shu yorug‘ xonadan lagan ko‘targan bir ayol chiqib, hovlida bir pas turdi-da, o‘choq boshiga o‘tdi. U yerda nimalardir taraqladi, gup etib, Ko‘ktoyning dimog‘iga Kozimlarning uyidan tanish bo‘lib qolgan hid, dam yeb yetilgan palovning hidi urildi. U entikib ketib, lablarini yaladi, og‘zi so‘lakka to‘lib ketganidan bir-ikki yutinib, tilini osiltirdi.
Ayol lagan to‘la oshni ko‘tarib chiqdi, Ko‘ktoy tamshanib lablarini ko‘kragiga artdi. Ayol ayvonga ko‘tarilguncha qarab turdi. U ko‘zdan yo‘qolgach, o‘choqboshi tomon yurdi. Hovlining o‘rtasida bir to‘xtab, joyiga qaytdi, g‘inshib o‘tirdi. Shu alpozda anchagina vaqt o‘tdi. Ko‘ktoy ayolningmi, ishqilib uydan ovqatdan keyin kimningdir chiqishini kutdi. Kozimlarning uyida Kozimning oyisi uni ko‘p urishsa ham, o‘zlari ovqatga o‘tirishlaridan oldin unga ovqat berishardi. Ovqatlanib bo‘lib, divanga o‘tganlarida yana bir narsa, o‘zlaridan nima qolsa shuni berishardi. Deyarlik doim Kozimning onasi uni boqardi. O‘shanda u uni tishlamoqchi emas edi, rostini aytganda tishlagani ham yo‘q, shunday, tishlari bilan semiz bilagini bir pas ezib turdi. Tishlagisi kelsa Kozimning dadasini tishlar edi. Bir marta ham u to‘g‘ri qaragani yo‘q, gapirmasa ham, xotiniga o‘xshab vaysamasa ham, ichida uni xotinidan ko‘proq yomon ko‘rardi, undan jirkanardi. Ko‘ktoy buni juda tez payqab oldi. Kozim bilan, Kozimning oyisi bilan o‘ynagisi, erkalangisi kelsa, undan iloji boricha o‘zini olib qochardi, undan qo‘rqardi. Muloyim gaplari, yumshoq harakatlari, eng muhimi, saxiy ko‘zlari bilan uni ko‘rgani kelgan doktor egasiga munosabatini o‘zgartirib yubordi. Ko‘ktoy doktor kelib ketganidan keyingi egasining gaplariga ishonmasa ham unga quloq solishga endi harakat qila boshlagan edi. O‘shanda egasi biroz chidaganda, og‘irroq bo‘lib uni nafrat bilan tepmaganda Ko‘ktoy unga ko‘nikib ketardi. Tishlamoqchi bo‘lib shimini tortganda ham u rostakam tishlamoqchi emas edi, jahlini bir oz bosmoqchi edi, xolos. Hech kimga o‘zini urdirib, teptirib qo‘ymasligini ko‘rsatmoqchi edi. Shuning uchun kechasi egasi chaqirishi bilan xafagarchilikni unutib, darhol krovat ostidan chiqqan edi. O‘sha kuni Kozimning oyisi palov qilgan edi. Ovqatdan oldin unga bir tog‘oracha non to‘g‘ralgan yog‘liq sho‘rvani berishdi. Ovqatdan keyin esa Kozim uni alaxsitib turdi, oyisi laganni sidirib, idishiga soldi. Katta-katta yumshoq suyaklar ham bor edi oshning ichida…
… Bir mahal ayol hovliga tushdi, ammo uning qo‘llari bo‘sh edi. Vodoprovod oldiga kelib suvni to‘xtatdi va yana uyga kirib ketdi.
Ko‘ktoy ortiq chidolmadi. Bitta-bitta yurib hovlining o‘rtasiga bordi, u yoq-bu yog‘iga qarab qo‘ydi-da, o‘choqboshi tomon yurdi. Qorong‘ida hech narsa ko‘rinmadi. Bir pas turgach, hid qayoqdan chiqayotganini aniqladi. Taxta tuvog‘ining ustiga g‘isht bostirilgan qozonda bir narsa bor edi. Ko‘ktoy o‘choqqa yaqin borib, tuvoqni hidlay boshladi. Ammo uni qanday ochishni bilmadi. Oldingi oyoqlarini qozon zixiga qo‘yib, tumshug‘i bilan g‘ishtga tiraldi. Tuvoq qozonga qattiqroq yopishdi. Ko‘ktoy alam qilganidan boshini burib yeyishga boshqa biron narsa qidirmoqchi edi, tumshug‘i g‘ishtga tegib ketdi. G‘isht surilib qozon ichiga ag‘darildi, tuvokning bir tomoni ko‘tarildi. Qozon tagida tunuka tog‘oracha to‘la ustiga katta suyak ko‘yilgan osh turardi. Ko‘ktoy tumshug‘ini tog‘arachaga botirgancha suyak aralash shopillatib yeyishga tushib ketdi. Shu paytgacha u bunday shirin ovqat yemagan edi.
Tog‘oracha bir pastda bo‘shadi. Bir dona guruch ham qolmadi. Ko‘ktoy idishni itarib, qozonga tushgan mayda suyaklarni olmoqchi bo‘lganida, u g‘ishtga tegib taraqlab ketdi. Ko‘ktoy bir sakrab hovliga tushdi-da, o‘zini g‘o‘zapoya ichiga oldi.
Uydan ayol chiqdi. Atrofiga alanglab karab, o‘choqboshiga kirdi.
— Yer yutkur nima taraqladi? — dedi o‘zicha va chirog‘ini yoqdi, qozon tepasiga kelib, tikilib qoldi. — Halima! Hoy Halima! — Qichqirdi u. — Bu yoqqa kel!
Ayvondan bir qiz tushdi.
— Nima, oyi?
— Qozonga sen tegmovdingmi? — so‘radi ayol.
— Yo‘q, nima edi? — Qiz oyisining oldiga bordi.
— Dadangning ovkati yo‘q! Qozon ochilib qolibdi. Tog‘orachaga solib qozonning ichiga qo‘yib qo‘yuvdim.
— Berkitganmidingiz tuvog‘ini?
— Voy, ustidan g‘isht ham bostirib qo‘yyuvdim. Qara, g‘isht qozonning ichida yotibdi. Tog‘oracha bo‘m-bo‘sh!..
Ayol tog‘orachani olib negadir hidlab ko‘rdi.
— Balki boshqa idishga solib uyga olib kirib ketgandirsiz?
— Yo‘q, — dedi ishonqiramay o‘z javobiga ayol. — Shu tog‘orachaga soluvdim. Shundoq ko‘z oldimda turibdi. To‘latib osh soldim. Bilasan, dadang oshig‘lik suyakni yaxshi ko‘radi. Ustiga bostirib, ketdim, Qaydam tag‘in? Qarab kel-chi!
Qizcha chopib uyga kirib ketdi. Zum o‘tmay qaytib keldi.
— Yo‘q, ayvonda faqat bo‘sh idishlar… Nima qilamiz endi? — Xavotirlanib so‘radi qiz. — O‘g‘ri bo‘lsa-ya?
— Biz tomonda o‘g‘ri nima qilardi? — Uni tinchitdi ayol. — Osh yeb o‘tirganimizda devdek bir narsa lip etib o‘tuvdi-ya, e’tibor qilmadim.
— Itmi? — so‘radi qiz.
— Esing joyidami? — jerkib berdi ayol? — It qozonni ocholadimi? Qo‘li bo‘lmasa!.. Anavi quruvchilardan birontasi bo‘lsa kerak. Yaqin yo‘l qidirib o‘tib turishadi-ku hovlimizdan. Ishdan keyin o‘lgudek ichishadi. Keyin hovlima-hovli zakuska qidirib yurishadi. O‘shalardan bittasi tayyor oshni ko‘rib olgan-ketgan.
Qiz tusmoliga ishonsa ham oyisiga e’tiroz bildirmadi.
— Dadamlar nima yeydilar endi?
— Shunga boshim qotib turibdi, — dedi ayol. — Ertalab osh qilgin deb ketuvdilar
— Qilaqolaylik, — taklif qildi qiz.
— Pishguncha sabri chidamaydi. Yaxshisi jaz-juz qilib go‘sht bilan kartoshka qovurib beraqolaman. Bor, to‘rtta kartoshka olib tozala! — ayol shunday deb, bo‘sh tog‘orachani ko‘targanicha vodoprovod oldiga keldi, va suvni ochib yuva boshladi. — Ha juvonmarg bo‘lgurlar ichmay! Ertalabdan kechgacha laqillab o‘tirishadi, kechqurun birovning qozonini titkilashadi. Teshib chiqsin hammangni. Uylaringga yetolmay arikda dumalab qollaring!..
Ko‘ktoy qimir etmay jo‘yak ichida yotardi. Ba’zan ayolning gaplariga quloq solib, tamshanib qo‘yardi.
Ko‘p o‘tmay o‘choqboshida nimadir chars-churs qildi. Ko‘ktoy dimog‘iga qovurilgan go‘sht hidi urildi. U yana ikki uch tog‘oracha ovqat bo‘lsa ham tap tortmay yeb tashlardi. Shuning uchun ko‘zini o‘choqboshidan uzmadi.
Uyning orqa tomonida mashina ovozi eshitildi. Uning chiroqlari hovlini yoritib, g‘o‘zapoyaga o‘tdi. Ko‘ktoy ko‘zlarini oldi.
Mashina hovlining beligacha kelib, to‘xtadi. Chiroqlari o‘chdi. Kozimning dadasiga ikkita keladigan erkak kishi undan chiqib, vodoprovod oldida yuvina boshladi. Ayol sochiq olib keldi.
— Kutdik sizni, — dedi ayol. — Kelavermaganingizdan keyin o‘zimiz ovqatlanib qo‘yaqoldik.
— Ish ko‘payib ketdi, — erkak kishi sochiqni olib artina boshladi, — Qirga borib keldim. Sovuq erta tusha-diganga o‘xshaydi. Nima ovqat?
— Aytganingizdek osh qiluvdim… Bir tog‘oracha bosib olib qo‘yuvdim, yo‘q, qovurdoq qilib qo‘ydim.
— Kim oladi? — Xayron bo‘ldi erkak kishi.
— Bilmasam… — dedi ayol. — Anavi piyanista quruvchilarmi deyman? Tag‘in tuvoqning ustiga g‘isht bostirib qo‘yuvdim. Yer yutkurlar g‘ishtni bir chekkaga ham olib qo‘ymabdi, bo‘sh tog‘oracha bilan qozonning ichida yotibdi.
— Halima! Hoy, Halima! — baqirib yubordi birdan erkak kishi. — Miltiqni olib chiq! Qo‘shotarni!
— Voy, nima deyapsiz! Miltig‘ingiz yo‘q-ku? — so‘radi ayol.
— Ovozingni o‘chir. O‘g‘ri bo‘lsa xayiqadi-da, miltiqdan, — dedi shivirlab erkak kishi va yana yana ayvonga qarab qichqirdi. — Olib kel tezroq!
Er-xotin bir pas turishdi hovlining o‘rtasida. Hammayoq suv quygandek jimjit edi. Halima ham ichkaridan chiqmadi.
Ular ayvonga kirib ketishganda, yerga yopishib yotgan Ko‘ktoy boshini ko‘tardi. Uning xayoli yana o‘choqboshida edi. Ammo darrov borishga botinmadi. Uyning hamma chiroqlari o‘chgandan keyin o‘rnidan turib, hovliga chiqdi va bitta-bitta qadam bosib o‘choqboshiga ko‘tarildi. Ammo qozon bo‘m-bo‘sh edi. Tumshuri bilan tuvoqni itarib, qozonning ichini iskab chiqdi. Keyin tokchalardagi har xil idishlarni bir-bir qaradi, hech narsa yo‘q edi yeyishga. Ko‘ktoy hafsalasi pir bo‘lib, o‘choqboshidan chiqdi. Tumshug‘ini osmonga ko‘tarib hid qidirdi. Lekin hech qayoqdan hech narsaning hidi kelmadi. Ilgari u deyarlik ovqat g‘amini yemasdi. Uch maxal ovqat har doim idishida bo‘lardi. Endi esa o‘zi ovqat izlashi, hid olishi kerak edi. Har kuni, har soat xayoli endi qorin to‘ydirish bilan band edi. U g‘o‘zapoya orasiga kirib o‘z joyiga yotdi. Bundan yaxshi joy uning uchun endi yo‘q edi.
Ertalab — g‘ira-shirada uni kimdir iskayotganini sezib ko‘zlarini ochdi. Yonida kechagi itlardan biri, chap ko‘ziga ot qashqasidek tamg‘a tushgan oq it dumini gajak qilib unga tikilib turardi.
Ko‘ktoy boshini ko‘tarib, tumshug‘ini cho‘zdi. Oq it jilpanglab oldingi oyoqlariga cho‘kkaladi va erkalanib, dumini likillata boshladi.
Ko‘ktoyga kechagi osh bu itning jilpanglashidan ma’qulroq edi. Bir bonka achigan sut bo‘lsa ham yomon bo‘lmas edi, lekin kim beradi unga sutni? Kim osh olib keladi?
Hovliga kechagi qiz tushdi. Qo‘lidagi sopol tovoqni u baland ko‘tarib: «Ma! Ma! To‘rtko‘z! Barbos!» — deb qichqirdi. Ammo hech kim uning oldiga bormadi. Qiz bir pas kutib turdi-da, g‘o‘zapoyaga yaqinlashib, tovoqni ag‘dardi. Ko‘ktoy ag‘darilgan narsa non to‘g‘ralgan sutligini ko‘rdi. Dumini bir-ikki yerga urib qo‘yib, tamshandi, ammo borib yegani botinmadi. Oq it ham bormadi. Uning ko‘zlari Ko‘ktoyda edi.
Qiz yana hovliga tushdi. Vodoprovod oldida turgan ketmonni olib, uy orqasiga o‘tib ketdi. Hovlida hech kim qolmadi. Kechagi mashina ham yo‘q edi.
Ko‘ktoy o‘rnidan turib, hovliga yaqinlashdi. Sutga bo‘kkan nonni sidirib yedi. Oq it orqasidan kelib dumidan tishladi. Ko‘ktoy uning o‘yinga taklif qilayotganini tushundi.
Nega ham o‘ynamasin? Qorni to‘q, yaxshi dam oldi. Bir pas o‘ynasa bo‘ladi. U loy yopishgan tumshug‘ini oyoqlariga artdi-da, oq it tomon o‘girildi. Oq it sho‘x irillab yerga yotdi. Oyoqlarini osmonga ko‘tarib tilini osiltirdi. Ko‘ktoy ustiga kelib, iskay boshladi. Oq it bir pas qimirlamay yotdi-da, sapchib o‘rnidan turib, g‘o‘zapoya ichiga kirib ketdi. Ko‘ktoy orqasidan yugurdi.
Ular qorong‘i tushguncha bir-birlarini quvlab, dumalatib o‘ynashdi. Suv yoqalarida bo‘lishdi, qishloq orqasidagi tepaliklarga chiqishdi. Qishloqqa qaytishganda qora itga duch kelishdi. U qishloqqa kiraverishdagi birinchi uyning darvozasi oldida yotardi. Ularni ko‘rib o‘rnidan turdi, Ko‘ktoyga o‘qrayib qarab qo‘ydi.
Oq it unga parvo qilmay, jilpanglab Ko‘ktoyni qishloq ichiga boshladi. Ammo Ko‘ktoy bormadi. Uni odamlar bilan uchrashishga xohishi yo‘q edi. Oq it qancha erkalansa ham, u yurmadi, orqasiga kaytdi. Daryoga yetganda to‘xtadi va tumshug‘ini cho‘zdi. Ovqat hidi dimog‘iga urildi.
Bu gal tanish o‘choqboshida hech narsa yo‘q edi. Kechagi osh turgan qozon to‘nkarig‘lik edi.
Ko‘ktoy o‘choqboshini ancha titkiladi. Joyiga borib yotib, u uzoq kutdi. Ammo uyda chiroq yonmadi. Mashina ham kelmadi. Yarim kechada u chidolmay g‘o‘zapoya yoqalab qo‘shni hovliga o‘tdi. O‘tdi-yu, shoshib o‘zini ekinzor ichiga oldi. Bir laycha it uni sezib qolib, hovlini boshiga ko‘tarib yubordi.
Ko‘ktoy yana ikkita hovlini aylandi. Ammo o‘choqboshiga o‘tolmadi. Itlar vovullab egalarini uyg‘otib yuborishdi.
G‘ira-shirada uyg‘ondi. To‘g‘risi u uxlagani yo‘q. U yog‘idan bu yog‘iga ag‘darilib, nimaligini bilmasa ham shunday tepasida barkashdek sarg‘ayib turgan oyga, son-sanoqsiz yulduzlarga tikildi. Tiq etsa boshini ko‘tarib, hovlilarga qaradi. Ammo hech qayerdan ovqatning isi kelmadi. Mudroq bosib ko‘zlari yumilganda, Kozimlarning uyi ko‘z oldidan o‘tdi. Issiq xonalar…Istasa-istamasa oldiga tashlab ketilgan ovqatlar… O‘choq boshidan ertalabdan kechgacha kelib turadigan turli tuman hidlar… U shularni eslashi bilan majbur qilib ko‘zlarini ochardi, serjun oyoklari yoki biqiniga tumshug‘ini tiqib, hech narsani xayoliga keltirmaslikka intilardi. Ba’zan ingrab ko‘z oldida paydo bo‘layotgan narsalarni haydash uchun oyog‘i bilan yotgan joyida shapillatib ko‘zlarini urib qo‘yardi.
Tong yorisha boshlaganda, uylardan odamlar chiqib, qayoqqadir ketaboshlashdi. U osh yegan hovlidagi mashina ham guvillab, uyning orqasiga o‘tib ketdi.
O‘rtadagi hovliga allanarsa ko‘tarib bir kampir tushdi. Qo‘lidagi narsani tap etib yerga tashladi-da, ichkari xonadan tayoq olib chiqdi. Yerga tashlagan narsasidan teri hidi keldi. Bu supra edi. Kampir suprani yozib, o‘rtasida ko‘ppayib turgan oppoq bir qubbani mushtlari bilan yoyib kengaytirdi. Tayoqni uning ustiga qo‘ydi-da, yana ichkariga kirib ketdi.
Ko‘ktoy boshini ko‘tarib yoyilgan qubbaga qaradi. Yeydigan narsa emas edi. Yana oldingi oyoqlarini jo‘yak ichiga uzatib, kampirning chiqishini poyladi.
Ko‘p o‘tmay kampir chiqdi. U bir torora qo‘y qovurg‘asini ko‘tarib olgan edi. Shu ko‘targanicha o‘choqboshiga o‘tib ketdi. Zum o‘tmay, o‘sha tomondan chars-churs yongan o‘tin ovozlari eshitildi. «Shar» etib nimadir ag‘darildi. Ko‘ktoy o‘rnidan turdi. G‘o‘zapoyalarni shitirlatmaslikka harakat qilib, o‘choqboshining ro‘parasiga bordi. Kampir tog‘oradagi uzun-uzun eti shilingan qovurg‘alarni qozonga solardi. Olov ko‘tarilib, qozonning atroflaridan qizil yallug‘ otilib chiqar, kampir esa etagini lippasiga tortganicha hech narsaga e’ti-bor bermay, tog‘orani bo‘shata boshladi. Tog‘oraning tagida uch-to‘rtta bo‘lak yog‘lik go‘sht ham bo‘lsa kerak, shularni ham qozonga soldi-da, tog‘orani ko‘tarib hovliga tushdi.
Ko‘ktoyning so‘laklari oqib.ko‘zlari o‘ynab ketdi.
Lekin darhol o‘choqboshiga yugurishdan o‘zini tiydi. Qani, kampir nima qilar ekan? U vodoprovod oldiga kelib, tog‘orani bir-ikki chaydi, keyin supra yoniga borib, uni qo‘ydi-da, o‘qlog‘i bilan xamir yoyishga tushib ketdi. «Meni sezib qoldimikin», deb biroz cho‘chigan Ko‘ktoy, tayoqning nimaga kerakligini tushunib, tinchidi.
O‘choq tomondan yoqimli go‘sht hidi kelaboshladi. Qozon Ko‘ktoyga shunday ko‘rinib turardi. Uzun-uzun qovurg‘a suyaklar biqir-biqir qaynayotgan suvda bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay qaynar, qozon devorlari bo‘ylab aylanardi.
Ko‘ktoy sabrsizlik bilan kampirga qaradi. Kampir oftobga orqasini o‘girib nimalarnidir xirgoyi qilib xamir yoyardi. Xamiri ham o‘qlog‘i bilan ishqalayverganidan supradek bo‘lib ketdi, ba’zi tomonlari yerga ham tushib ketdi. U shu tomonni tortib kafti bilan sidirar, supraga yetmay qolgan tomonini aylantirib, yana ustiga o‘qlog‘i solardi.
Ko‘ktoy ohista g‘o‘zapoya ichidan chiqdi va xatlab-xatlab o‘choqboshiga kirdi. Bir sakrab qozonning orqa tomoniga
o‘tib oldi. Bu tomonda olov yo‘q edi. G‘o‘zapoya ichidan mo‘ljallagan suyak ko‘tarilib qozonning chetiga chiqdi. Ko‘ktoy beixtiyor oldingi bir oyog‘i bilan unga tekkan edi, suyak ichiga cho‘kib ketdi. Uning ikkinchi tomoni yo‘g‘on umurtqa suyagi edi. Ammo u bir ko‘tarildiyu, yana suv ichida g‘oyib bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay ikkinchi yakka qovurg‘a tomoni ko‘tarildi.
Ko‘ktoy tishlab tortishni mo‘ljal qilib qo‘ydi. Oyoqlarini aralashtirishning foydasi yo‘q edi. Suyak qozonning cheti bilan sekin aylanib, uning ro‘parasiga kelganda, Ko‘ktoy oldingi tishlari bilan uni iskanjaga olgandek tishlab oldi. Suyunganidan butun badaniga issiq yugurdi. U tumshug‘ini ko‘tardi. Suyak qozondagi suvni bir shaloplatib, mayda suyaklar orasidan katta umurtqa suyagi bilan ko‘tarilib chiqdi. Umurtqaning iliklaridan suv aralash ilik yog‘i silqib tushaboshladi.
Avvalgi kunlaridagidek suyakni qozon tepasida yeyish mumkin emas edi. Kampir ko‘rib qolishi mumkin edi. Ko‘ktoy ehtiyotlik bilan tumshug‘ini baland ko‘targanicha o‘choqboshidan tushdi. Yon tomoni bilan eshikka yaqinlashib, kampirga qaradi. Keksa ayol xamon o‘z ishi bilan band edi.
Ko‘ktoy o‘choqboshiga qanday kirgan bo‘lsa, shunday yengil xatlab xovlidan o‘tdi-da, g‘o‘zapoya ichiga o‘zini urdi.
— Hoy, kisht! — dedi kampir.
Itni u ko‘rdimi, yo g‘o‘zapoya shitirlaganiga shunday dedimi, ma’lum emas edi.

7

Ko‘ktoy suyakni mahkam tishlaganicha qartaning oxiriga chiqdi. Suv bo‘yidagi majnuntolning sapsariq to‘shakdek bo‘lib yotgan tagiga kelib, omonatgina qo‘ydi. Gir aylanib, qayog‘idan g‘ajishni aniqladi-da, cho‘kkaladi. Odam uchun hali pishib yetilmagan, qirqib olingan yoki taram-taram bo‘lib yopishib yotgan suyak uning uchun eng ko‘ngilli ovqat edi. Uyoq-buyoqqa bir qarab olib, hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, shoshmasdan g‘ajiy boshladi. Og‘ziga har tushgan suyak bir pasda uning arradek o‘tkir tishlari orasida kukundek bo‘lib ketar, Ko‘ktoy shu kukunni miriqib yutardi. Qorni juda ham och bo‘lmagani va suyakning kattaligidan bir soatcha chamasi o‘tgach, u o‘yin qilib yeyaboshladi. Katta-katta suyakni sindiradi. Kichkina bo‘lagini olib osmonga otadi, va shu zahoti og‘zini katta ochib tutib oladi, g‘archillatib yeydi, yo bo‘lmasa suyak bo‘lagini tepaga otadi-da, ag‘darilib, oldingi oyoqlari bilan suyakni tutadi va og‘ziga soladi. Tushga yaqin kimdir tepasida turgandek tuyuldi. Qornini oftobga tutib, chalqancha yotganicha, sekin yoniga ko‘z tashladi.
Ikki-uch qadam narida bir laycha it tilini osiltirib, unga zavq bilan qarab turardi. Ko‘ktoy erinibgina ag‘darildi. O‘zidan sal yirokdagi kichkina bir umurtqa halqasini oldingi chap oyog‘i bilan yaqinroq surdi va irillab qo‘ydi. Laycha vangillaganicha tiraqaylab qochdi. Shu qochganicha u qishloqqa yetib bordi va barcha itlarni oyoqqa turgazdi. Baland-past, qo‘rquv va do‘q aralash ovozlar, akillab vovullashlar butun qishloqni, ariqqacha chuzilib kelgan g‘o‘zapoyani tutib ketdi. Lekin na bir odam, na bir it Ko‘ktoyning oldiga keldi.
Yarim kechaga yaqin Ko‘ktoy tanish bo‘lib qolgan g‘o‘zapoya ichidagi jo‘yakdan qishloqqa bitta-bitta yurib bordi. Uning qorni to‘q edi. Olib kelgan suyagidan hatto bitta ushoq ham qolgani yo‘q.
Qator chuzilgan, oralari devorsiz hovlilardan uch-to‘rt ariq berida to‘xtab qayoqqa borishini, nima qilishini o‘ylay boshladi. Tun uzoq, ertalabki yegan ovqati bilan yurish mumkin. Keyin nima qiladi?
U shu xayol bilan tumshug‘ini osmonga cho‘zib chuqur iskandi. Hech narsa yo‘q. Go‘yo bugun hech kim qozon osmagandek edi.
Shu payt ro‘paradagi hovlining namat bilan berkitilgan eshigidan to‘rt-beshta erkak, uch-to‘rtta ayol chiqishdi. Namat eshik tagida besh-oltita tanish itlar yotganini ko‘rdi. Ular egalari chiqishi bilan o‘rinlaridan turishdi. Ular orasida qora qiyshiq oyoq it ham, boyagi laycha ham, taqa ko‘z oq it ham bor edi.
— Albatta bu endi o‘g‘ri emas, opa, — dedi novcha, shopmo‘ylov bir kishi. — Quruvchilarni bilaman, arag‘in-giz bo‘lsa o‘g‘irlashi mumkin, lekin… ovqatingizga tegmaydi. Nazarimda qishlog‘imizda katta yovvoyi mushuk, siyom mushugi deyishadi. Ana o‘sha o‘ralashib qolgan. Kimdir aytuvdi hayvonot bog‘idan uch-to‘rtta hayvon qochibdi, deb. Ajab emas bittasi shu bo‘lsa. Bitta ko‘zoynakli ilon, kattasimas, bolasi.
— Vahima gaplarni topib yurasiz-da Hakim polvon! — zarda qildi «Moskvich» mashinasining egasi. — Hayvonot bog‘i qayoqda-yu, bizning O‘rtaovul qayoqda?
— Iya! Nima deyapsiz o‘zi? — gap qaytardi Hakim polvon, — Rosa yuraman desa, ilon bir soatda to‘rt chaqirim yo‘l bosar ekan. Mushuk undan sekin yuradi deysizmi? Shu gapni men uch kun burun eshitgan bo‘lsam, yetmish ikki soat.
Olti chaqirimdan mushuk yo‘l yursa, yetmish ikki soatda ellik ikki chakirim yo‘l bosar ekan. Bizning qishloqqa Toshkentdan qancha — yigirma ikki chaqirim. Hoynahoy ikkalovining tili bir bo‘lsa, ilon ham yetib keladi-yov!
— Muncha sovuq gaplarni gapirasan, Hakim! — Gapga aralashdi xamir yoygan kampir. — Bu ilonmas, haligi sen aytgan siyom mushuk hammas. Rasmana adashib qolgan qo‘lbola it. Har baloni biladi, odamga chap berib, qornini to‘yg‘izib yuribdi. Hech narsani ochiq-sochiq qo‘ymasak o‘zi ketib koladi.
— Yo‘q, xola, bu it emas, — rozi bo‘lmadi chekkada turgan o‘rta bo‘y semiz bir odam. — It bo‘lsa bizzi itlar tinch qo‘yib qo‘yarmidi. Mana, bitta Qoratoyning o‘zi. Tumshug‘idan tishlab yirib tashlar. Nechta urishqoq itni gumdon qilgan! Qoratoy Qayoqdasan? Buyoqqa kel!
Qora, egasiga o‘xshagan semiz, qiyshiq oyoq it egasining oldiga borib erkalandi.
— Meni aytti, deysizlar, bu tulki! — dedi semiz odam. Birinchidan, kuz. Yig‘im-terim tugadi. Chorva ko‘chyapti. Tulki in qidirib, bu yoqqa kelib qolgan adashib. Poylaylik bir-ikki kecha. O‘zim qo‘shotarim bilan otib beraman. Kelishdikmi shunga?
Ko‘pchilikka uning gapi ma’qul bo‘lgandek edi. Lekin hech kim dadillik bilan rozilik bermadi.
— Nima desalaring delaring-u, bu itning ishi. Qachondan beri tulki osh yeydigan bo‘lib qoldi. Hech eshitmaganman. Suyak o‘g‘irlasa mayli, tushunardi. Lekin osh yesa, moshxo‘rda ichsa. Shu ham tulki bo‘ldimi? Uch kecha uxlamay, poylab chiqishga roziman. Lekin bu tulki emas! Tulki bo‘lsa Qoratoy uni omon qo‘ymasdi.
— Be! — gapga aralashdi kulib Hoshim aka, — sizning o‘zingizga o‘xshab semirib ketgan Qoratoyingiz boshqa yoqda hozir.
— Qayoqda? — so‘radi kampir.
— Anavi oq qanjikda. Ertayu kech ketida tilini osiltirib yurgani yurgan.
— Hoy, ayollar bor demaysizlar-a! — dedi ayollardan biri. Aftidan o‘sha taqako‘z oq itning egasi bo‘lsa kerak qo‘shib qo‘ydi: — Biznikiga hali o‘g‘ri tushgani yo‘q. Hamma narsamiz joyida.
— Katta ketmang, singlim, — dedi Hakim polvon. — Itingizni yaxshi bilaman, o‘sha hayvonot bog‘idan qochgan mushukni ko‘rsa ham, tulkini ko‘rsa ham uy-puyingizni tashlab qochadi. It kerak bo‘lsa bitta bo‘ribosarmi, nemis ovcharkasidanmi olish kerak. Xamidullaga ayting, itingizning bolalarini tarqatadigan bizning uyda ahmoq yo‘q. Qaysi o‘g‘lim shu ishga aralasharkan, qo‘lini sindiraman.
— Bo‘ldi! Talashmanglar! — xulosa qildi Hoshim aka. — Uch kun poylaymiz. Qo‘shotarimni moylab olib chiqaman. Zumrat opoy! Qozonni bir chayib tashlab, yangitdan shilpildoq qilib berasiz-da bugun. Siznikida yotamiz bugun. Ertaga Halimaning onasi osh qiladi. Nima dedingiz, usta?
«Moskvich» mashinasining egasi roziman, degandek bosh irg‘adi.
— Keyiniga xudo poshsho! Balki Nortoji opam yangi qazi solib norin qilib berarlar indinga.
— Norin sizlardan aylansin, — dedi Taqako‘z itning egasi. Lekin aytdim-qo‘ydim. Oqbo‘riga ishonaman. Biznikiga o‘g‘ri tushadigan bo‘lsa butun qishloqni oyoqqa turg‘azadi.
— Aytganingiz kelsin, — dedi kimdir.
— Har holda meni aytdi deysizlar, bu hayvonot bog‘idan qochgan mushuk!.. — Uloq birovda ketmasligi uchun qo‘shib qo‘ydi Hoshim polvon.
Odamlar yana nimalarnidir gaplashib, tarqala boshladi.
Hoshim aka yonida qora iti bilan negadir hovlining etagi tomon yurdi.
Ko‘ktoy g‘o‘zapoya ichida oldingi oyoqlarini cho‘zib, orqa oyoqlarini qorni tagiga bukdi-da, hamlaga tayyor holda Hoshim akaga tikildi. Qora itdan uning sira cho‘chiydigan yeri yo‘q edi. Yelkasi bilan bir turtsa, dumalab o‘rnidan turolmay qolishi aniq.
— G‘o‘zapoya qavjirab ketdi. Traktor yuborsam ag‘darib berar ekanda yeringizni!..
— Koshkiydi, bolam, — minnatdorchilik bildirdi xamir yoygan kampir.
Xoshim aka boshqa hech narsa demay, orqasiga qaytdi.
Turish xavfli edi. Ko‘ktoy oyoqlarini bo‘shashtirib yonboshladi, lekin ko‘zini odamlar sharpasi ko‘ringan tomondan uzmadi.
Kech kuz bo‘lishiga qaramay Havo ancha iliq edi. Iliq shamol esardi. Ko‘ktoy oldingi chap oyog‘ini uzatib unga chuzilgancha boshini qo‘ydi-da, ko‘zlarini yumdi. Aftidan uni endi hech kim tonggacha bezovta qilmas edi.
Ko‘zi ilindi. Ko‘m-ko‘k qir paydo bo‘ldi ko‘z oldida. Keyin sariq o‘tov. O‘tov yonida pichan g‘arami. Kimdir uni issiq yumshoq tili bilan belini yalardi. Ko‘ktoy bu yalashning yoqib qolganidan erkalanib g‘ingshib qo‘ydi. Keyin nimadandir xavotirlanib, boshini ko‘tardi. Yonida Taqako‘z. Belini, dumi aralash biqinini yalayotgan u edi.
Ko‘ktoy orqasiga ag‘darilib, Taqako‘zning tumshug‘iga oppoq qornini tutdi. Taqako‘z bo‘ynigacha uni hidlab, bir-ikki yalagan bo‘ldi-da, orqasiga tisarilib boshini ko‘tardi.
Ko‘ktoy uni tushundi. O‘rnidan turib, uning tumshug‘ini hidladi. Ular shunday bir pas bir-birlarining hidlariga to‘yib turishdi. Keyin Taqako‘z ariq tomon yugurib ketdi. Ko‘ktoy uning ketidan lo‘killab yura boshladi.
O‘sha tun ular shaldirab oqayotgan ariq labida uzoq o‘ynashdi. Bir-birlarini qurigan yumshoq o‘t ustida dumalatishdi, oyoqlari, dumlaridan tishlashdi. Taqako‘z ko‘pincha uning yumshoq, yo‘g‘on dumini tishlab buraydi, og‘ritmasdan yerga tortadi, ag‘daradi-da, biqinlarini, kindigini yalaydi. Ko‘ktoy uning uzun quloqlarini tishlaydi…
Taqako‘z birdan o‘rnidan turib, katta ko‘cha tomon yugurib ketadi. Ko‘ktoy ham ikkilanmasdan uning ketidan yuguradi.
Katta ko‘chaga chiqishganda, u bo‘m-bo‘sh edi. Ko‘ktoy ehtiyotkorlikni unutib, Taqako‘zning ortidan ketaverdi. Shu o‘yin ichida ular qishloqning markaziy tomoniga yetib borishdi. Bu yer ham jimjit edi. U yer bu yerdagi magazinlar tepasidagi yonib turgan chiroqlarning tagida ham hechkim yo‘q, na odam, na it…
Taqako‘z Ko‘ktoyni o‘z hovlisiga boshladi. Hovlini tanishi bilan Ko‘ktoy hushyor tortib, bir oyog‘ini ko‘targanicha turgan joyida qotib qoldi. Buni Taqako‘z sezib, devor tagida turgan tog‘oracha oldiga bordi-da, shopillatib, yuvindi yeyaboshladi. Bu uning o‘zicha taklifi edi. Ko‘ktoy unga yaqinlashdi va qo‘shilishib non to‘g‘ralgan quyuq, seryog‘ yuvindini yeyaboshladi. Og‘ziga go‘sht parchasi ham chiqdi. Bu go‘sht shu kungacha yegan go‘shtlarga o‘xshamasdi, sho‘rtang, xushbo‘y. Og‘zingga solsang erib ketadi. Ko‘ktoy beixtiyor shu go‘shtning hidi boshqa yoqdan ham kelayotganini sezdi. Boshini ko‘tardi. Uy bilan devor orasiga terilgan temir simga qator qilib, besh juft qazi osib qo‘yilgan edi. Xushbo‘y, hid shu qaziniki edi.
Ko‘ktoy qorni och bo‘lmasa ham ishtaha bilan qazilarga tikildi. Keyin ko‘p o‘ylab o‘tirmay bir sakradi-da, ikkita qazini tishlab tortdi. Sim uzilib hamma qazilar sim bilan birga yerga «to‘p» etib tushdi. Xamir yoygan xotinnikidan qars-qurs etgan o‘q ovozlari eshitildi. Itlar vovullab ketdi.
— Voydod! O‘g‘ri tushdi!
— Kim bor?! Chiqinglar! Kasofatlarni tutinglar! — degan ovozlar qishloqni, ayniqsa Taqako‘zning hovlisini tutib ketdi.
Taqako‘z Ko‘ktoyga qarab birinchi vovulladi. Hovlida bir-ikkita it ko‘rinishi bilan, qora qiyshiq oyoq it ikkalovi qishloqdan chiqib ketishdi.
Ko‘ktoy ikkita qazini tishlab olganicha, Taqako‘z boshlagan yo‘ldan qocha boshladi.
Ko‘cha odamga, bir pasda qayoqdandir paydo bo‘lib qolgan katta-kichik itlarga to‘lib ketgan edi. Hamma nimalardir, deb qichqirar, itlar baravariga vovullardi. Ko‘ktoy qay ko‘z bilan ko‘rsinki, Taqako‘z ham biroz unda orqada qolib, boshqa itlar singar unga qarab vovullardi. Qazilar yumshoq va uzun bo‘lganidan Ko‘ktoy boshini qanchalik baland ko‘tarmasin, ko‘kragiga, ikki oyori orasiga urilib, yaxshi chopishga xalaqit berardi. Semiz bo‘lishiga qaramay, Qora qiyshiq oyoq it unga ancha yaqinlashib qolgan edi. Uning yonida uzun tayoq ko‘targan novcha kishi — Hakimpolvon yugurib kelardi.
Bir mahal Taqako‘z Ko‘ktoyning yonida kelaturib, birdan unda orkada qoldi va jon jahdi bilan uning dumg‘azasiga yopishdi. Ko‘ktoyning g‘azabdan ko‘zlari yonib ketdi. Taqako‘z sag‘rini kengligidan dumg‘azani tishlolmasligini ko‘rib, bor kuchini to‘pladi-da, Ko‘ktoyning dumiga yopishdi.
— Ol! Bos! — qichqirdi Hakimpolvon.
Shu zahoti Ko‘ktoy boshi aralash umurtqalarigacha qarsillab ketganini sezdi, og‘zidagi qazini tashlab yubordi, gandiraklab oyog‘i tagida ivirsib kelayotgan itlarga turtilib ketdi. Hamma itlar yiqildi. Ammo orqadan quvib kelayotganlar ko‘p edi.
Ko‘ktoy ulardan qochib qutilolmasligini sezdi va zarb bilan oldingi oyoqlarini yerga tiradi-da, taqqa to‘xtadi. Tanasi boshi ustidan aylanib tushdi. Bir nechta it unga turtilib, angillaganicha dumalab ketdi. Ularning orasida u Taqako‘zni ham ko‘rdi. O‘rnidan turib boshini ko‘targanida, ro‘parasida Qora it turardi. Ko‘ktoyning vajohatidan Hakimpolvon ham to‘xtab qoldi.
— Qoravoy! Ol! Ol, Qoravoy! — dedi u qo‘rquv aralash va qo‘lidagi tayoqni sekin boshi uzra ko‘tara boshladi.
Ko‘ktoy buni o‘zicha tushunib, yaqinida turgan qora beso‘naqay it qolib ketdi-da, dahshat bilan irillaganicha o‘zini shu tayoqqa otdi. It ham, uning zarbi aralash Hakimpolvon ham yiqilishdi. Ko‘ktoy bir ko‘cha bo‘lib kelayotgan odamlarni ko‘rdi. Hali ularning yetib kelishiga besh-olti qadam bor edi. U chalqancha yotgan Hakimpolvonning ustidan xatlab o‘tdi-da, o‘zini chap tomonda ko‘ringan tor ko‘cha tomon urdi. Endi uni hech kim quvmayotgan edi. Bir-ikki marta oldida, orqasida tosh dumalab tushdi xolos. U to‘xtamay, lo‘killab tor ko‘chaning boshiga chiqdi, ro‘para yangi haydalgan yer yoqasi bir mashinalik asfalt yo‘l edi. Shu asfalt yo‘l bo‘ylab u avval lo‘killab, keyin bitta-bitta yurib ketdi.
Hech umrida ko‘rmagan boyagi shovqun-suron, badburush qiyshiq it, tayoq ko‘targan novcha odam, Taqako‘z ortda qoldi.
Katta yong‘oqning tagiga kelganida u to‘xtadi. Hechqayerida, tayoq tushgan boshida ham, umurtqa suyaklarida ham og‘riq sezmadi. Taqako‘z bir parcha yungini uzib olgan dumida og‘riq bor edi va yuragi gupillab urardi. U bir pas chuzilib olishga qaror qildi.

8

Ko‘ktoy o‘sha yili Sirdaryoga yaqin bo‘lgan Olmazor, Yallama qishloqlari atrofida yurib qishni o‘tkazdi. Qish o‘zi o‘sha yili deyarlik bo‘lmadi. Mavsumning yarmigacha qor yoqqani yo‘q. Tog‘ tomondan doim iliq shamol esib turdi. Kunduzlari beixtiyor ba’zi tepaliklarga chiqib qolsa tog‘ni u ko‘rardi. U yer-bu yergina oqargan ko‘k tog‘ tizmalari uning nafa-sini qitiqlar, bilsa-bilmasa tug‘ilgan joylariga uni tor-tardi. Lekin tug‘ilgan joyi qayerda — buni u bilmasdi. Bundan qattiq ezilmasdi ham. Lekin qon uni tog‘li joylarga tortadi.
U shu payt ichida ancha o‘sdi, suyaklari kengayib, qotdi. Tanasi kengaygani uchun boshi endi avvalgidek beso‘naqay ko‘rinmas, sal cho‘ziqroq bo‘lib, juda yengil engashar, biror xavfni sezsa, darxol, yashin tezligida uzun bo‘yni aralash ko‘tarib olardi.
Taqako‘z xiyonat qilganidan keyin u qayoqqa bormasin, bironta itga, odamga duch kelib qolishdan o‘zini ehtiyot qilardi.
O‘shanda yaxshigina dam olib, Taqako‘z tishlari botib qonagan dumini yalab, og‘rig‘i bosilganidan so‘ng, ingichka asfalt yo‘l bilan katta yalanglikka chiqib qoldi. Yalanglikning o‘rtasidan hozirgina kelgan asfalt yo‘liga to‘rtta keladigan keng, tekis ikki yo‘l o‘tgan edi. Bir yo‘ldan yurgan mashinalar ikkinchisidan yurishmasdi.
Ko‘ktoy shu keng yo‘llarning yoqasida turib, qayoqqa borishini ma’qulroq ekanini darhol payqab oldi. O‘ng tomon — odamlar, itlar ko‘p tomon, chap tomon — toqqa olib boradigan, qir-adirlar ko‘p tomon edi. Sezgi, kichik bir xohish bilan u shu tomonga yurdi.
Qish deyarlik qishligini qilmagani uchunmi, bahor erta kelgani uchunmi Ko‘ktoy tez tulladi. To‘shak qaviganda bo‘lak-bo‘lak bo‘lib tushadigan bir-biriga patakdek yopishib ketgan yunglari avval orqa sonlaridan boshlab tusha boshladi. Keyin sag‘riniga o‘tdi. Quruq yerlarga duch kelib qolganda Ko‘ktoy dumalab o‘zi tullashini, eski burda-burda bo‘lib yotgan ko‘kimtir yunglarini tushishini tezlatdi. Aprelning o‘rtalariga kelib, tullab bo‘lib qoraydi-yu, biroz, lekin kumushdek yaltirab ketdi. Agar uning qovurg‘alari, kuraklari ozg‘inlikdan turtinib chiqib turganini e’tiborga olinmasa juda chiroyli it bo‘lib yetilgan edi.
Shu paytga kelib, aniqrog‘i, katta ikki yoqlama yo‘lga chiqib olganidan beri qishloqlarga kirib o‘g‘irlik qilmasdan qorin to‘ydirish yo‘llarini ham o‘rganib oldi.
Yo‘l ustida tez-tez kabobxona, somsaxona, palovxonalar uchrab turadi.
Ko‘ktoy ularning yaqiniga bormasdi. Kabobxonani yoki somsaxonani bir-ikki olisroqdan, lekin odamlar ko‘radigan masofada aylanib chiqardi-da, sabr-toqat bilan ariq labidami, yo uzun tog‘dek keladigan mashina soyasidami o‘ltirardi.
Odamlar, u shunday aylanmasa ham, uni darrov ko‘rishardi. Ba’zilarning havasi kelardi, ba’zilar undan qo‘rqishardi. Lekin ko‘pchilik albatta unga biron narsa tashlab ketardi. Stolni yig‘ishtiradiganlar ham qo‘rqa-pisa uni chaqirishar, ammo joyidan qimirlamagach, yaqinrog‘iga kelib, dasturxonni qoqib ketishardi. Bu qoqilgan dasturxonda eh-ha, nimalar bo‘lmasdi. Chala chaynalgan go‘sht parchasi, ustixon, ba’zan iligi bilan, ancha-muncha non, keyin sho‘rbaliq. Sho‘rbaliqning po‘stidan ko‘ra Ko‘ktoyga kallasi yoqardi. Ikki oldingi oyoqlari bilan og‘zining yarmiga tiqib avval shimardi, keyin g‘archillatib bitta ham qulog‘ining pufaklari, ko‘zlarining halqalarigacha, qoldirmay yerdi.
Shunday choyxonalar oldida u ba’zan haftalab, oylab qolib ketardi. Ammo yaxshi choyxonalardan ketib qolib, adashgan vaqtlari ham bo‘lardi. Bir kabobxonada kabobpazlar er-xotin ekan. Ko‘mirxonaning oldiga itlarini ham olib kelib bog‘lab qo‘yishgan edi. Ko‘ktoy yaqinlashishi bilan uni, o‘zidek katta, qora ola itni ko‘rdi, ammo parvo qilmadi. Juda hafsalasini pir qilsa, bitta beliga urib haydab yubormoqchi bo‘ldi. Zanjirga bog‘liq ekanini keyin bilib qoldi. Kabobpazning xotini qolgan-qutgan kabob nonlarni unga tashlaganda bildi.
Zanjirband it yuvindi chelakni bir-ikki hidladi-da, nariroqqa borib yotdi.
Ko‘ktoy shuni kutib turgai edi. Bitta-bitta yurib itning oldiga bordi. Uni hidladi, it bog‘loqliq turaverib zerikkanidan g‘ingshidi, yosh boladek ingillab o‘rnidan turdi, o‘z navbatida Ko‘ktoyni hidlay boshladi. Ko‘ktoy uni allaqachon unutgan, nima qilayotganidan beparvo bo‘lib, tumshug‘ini chelakdan ko‘tarmay, apil-tapil ovqat yeyish bilan ovora edi. Shu payt tog‘orachada suv ko‘tarib, kabobpazning xotini kelib qoldi.
— Voy! Voy! Shotursun aka! Bu yoqqa qarang, itingizning ovqatini yeb qo‘yyabdi.
Zanjirband it bir-ikki nomiga vovullab qo‘ydi.
— Kim yeb qo‘yayabdi? — ichkaridan erkak kishining ovozi keldi.
— Chiqing? Devdek bir narsa! — qichqirdi xotini.
Kabobpaz keldi. Bir pas qarab turib, qoshlari chimirildi.
— Zab it ekan-da! Oyog‘larini, yelkalarini qara! Tog‘angga olib borib bersam naq ming so‘m beradi. Bitta otga yengilmaydi. Chop, arqon olib chiq!
Xotin ichkariga yugurdi.
Ko‘ktoy birpasda chelakni chip-chinniday qildi. Labla-rini, tumshug‘ini yalab, boshini ko‘targanda, kabobpaz uni erkalab chaqirdi.
— Kel, jonivor, kel. Ketma, bir amallab bog‘lab olsam bo‘ldi seni. Zap kelishgan it ekansan-da!
Xotini kelib qo‘rqa-pisa yon tomonidan eriga arqonni uzatdi.
— Jonivor, jonivor, ketma.
Kabobpaz yana nimalar deb turib, arqonni katta sirtmoq qildi-da, poylab turib, Ko‘ktoyning bo‘yniga tashladi. Shundan keyin nima bo‘lganini u ham, xotini ham bilmaydi. Ko‘ktoy ko‘zining qiri bilan kabobpazning qo‘lidagi arqonni ko‘rib turgan edi. Tashlashi bilan o‘zini chap oldi-da, bir «g‘app!» deganicha kabobpazning ko‘kragini ikkala oldingi oyoqlari bilan urdi. Kabobpaz xotiniga o‘zini tashladi, xotini yerga ag‘darildi va dod solib yubordi. Kabobxonadagilar nima bo‘lganini chiqib aniqlagunlaricha Ko‘ktoy katta yo‘lga o‘tib olib, lo‘killaganicha tog‘ tomon ketdi.
Kabobpaz belini ushlab o‘rnidan turar ekan, dumini likillatib atrofida jilpanglayotgan itining boshiga alam bilan qo‘lidagi arqonni otdi.
— It bo‘lmay o‘l! Ahmoq… Tayyor ovqatini yedirib o‘tirgan it ham it bo‘ldimi?! — Keyin u kiyimlarini qoqib, inqillab o‘rnidan turayotgan xotiniga o‘shqirdi. — Tog‘angning ham padariga la’nat! Shu itni it deb olib berib o‘tiribdi-ya, uch yuz so‘mga. Qo‘y bu, it emas. Allaqachon sovunga berib yuborish kerak!

9

Etti soyga yetguncha bunday choyxonalar oz emas edi. Ammo kunlar sovib, yog‘ingarchilik boshlanishi bilan ularga qulf solina boshlandi. Kamdan-kam kabobxona ochiq bo‘lar, ular ham ikki-uch soatgina kun isigan tushlik payti ishlar va tezda yopilardi.
Shunday bo‘lsa ham Ko‘ktoy och qolgani yo‘q. Albatta avvallargidek endi to‘yib ovqatlana olmas, qog‘ozlarga chala-chulpa o‘rab ketilgan narsalar bilan amal-taqal qiladi.
Bir kuni u Yettisoyga kiraverishdagi choyxonaga yetay deb qolganda ikkita pritsepli mashina turganini ko‘rdi. Qadamini sekinlatib, tumshug‘ini choyxona tomiga tutdi. Hech qanday is kelmadi. Ko‘p o‘tmay mashinalar jo‘nadi.
Ko‘ktoy hovuz yonidagi temir krovat ustida ochiq-sochiq yotgan non qoldiqlari, besh-oltita sho‘rbaliq kallasi va qiltanoqlarni ko‘rdi. Atrofda hech kim yo‘q edi. Choyxona berk. Ko‘ktoy haligi qoldiqlarni ushog‘ini ham qoldirmay yedi. Keyin suv ichkisi keldi. Hovuzga engashib tumshug‘ini tutgan edi, suv tagidan tumshug‘ini unga tutib turgan oyog‘idek yo‘g‘on qora baliq ko‘rindi.
Ko‘ktoy birpas tomosha qilib turdi. Keyin sekin o‘ng oyog‘ini ko‘tarib, baliqning tumshug‘iga tepdi. Oyog‘i tizzasigacha suvga tushib, hovuzni chayqatib yubordi. Baliq ko‘rinmay ketdi. Ko‘ktoy uni axtarib anchagacha hovuzga qarab qoldi. Bir mahal baliq suzib chiqdi. U suv ustida oppoq qorniga ag‘darilib yotardi, bilinar-bilinmas dumi likillar, ammo avvalgi xoliga qaytolmasdi.
Ko‘ktoy osonlikcha oyog‘ini uzatib, baliqni o‘ziga tortdi. Baliq qarshilik bildirmadi. Tumshug‘i tagiga kelganida «g‘ap» etib qoq belidan tishlab oldi-da boshini ko‘tardi. Uning tutib olgan balig‘i hozirgina yegan sho‘r baliqlarning kallasidek kelardi.
Shu yo‘sinda Ko‘ktoy qorin to‘ydirishning yangi bir usulini topdi va birinchi qor yog‘guncha shu yerda qolib ketdi. Hovuzdagi baliqlar uning uchun hozircha yetarli edi.
Baliqlar kunduz payti, ayniqsa oftob chiqqanda ko‘proq suv betida ko‘rinishardi. Ko‘ktoy ovini ko‘pincha shu paytida qilardi. Buning ustiga kunda bo‘lmasa ham, ikki uch kun deganda yo‘lovchi mashinalar shu yerda to‘xtar, odamlar temir krovat ustiga qog‘oz yozib shosha-pisha ovqatlanishar va yana mashinalariga o‘tirib ketishardi.
Ko‘ktoy iloji boricha ularga ko‘rinmaslikka harakat qilardi. Ko‘rinsa, albatta bironta to‘polon bo‘lishi turgan gap edi.
Kechalariga ham u chidasa bo‘ladigan joy topgan edi. Choyxonachining esidan chiqqanmi, yo jo‘rttaga ochiq qoldirib ketganmi, choyxona ortidagi ingichka, fanerdan ishlangan ko‘mirxona ochiq edi.
Ko‘ktoy shu yerga kirib yotardi. Albatta issiq emas, lekin shamol yo‘q, ko‘zini bemalol yopib, boshini biqiniga, yo oyoqlari orasiga olib tinch uxlashi mumkin edi.
Qorni ham u birinchi marta shu yerda ko‘rdi. Hammayoqni oq bulut bosib, uchqunlayotganda temir krovat ostida yotib, yo‘lni, o‘tgan-ketgan mashinalarni tomosha qilayotuvdi, tumshug‘iga oppoq bir narsa qo‘ndi. Keyin ikkinchisi kelib qo‘ndi. Ko‘ktoy epchillik bilan uni yalab ulgurdi. Muzdek bir narsa, suv desa suv emas, tuz desa tuz emas. Bir pasda burnining uchi oppoq bo‘lib qoldi, krovatning atrofi ham oq choyshab yopgandek, bir pastda oq bo‘ldi-qoldi. Qeyin tez qorong‘i tushdi. Yettisoyga burilishdagi simyog‘och ustidagi chiroqning yorug‘ida osmondan betinim tushayotgan bu oq yulduzchalar, kapalakdek simyog‘och atrofida aylanib, goh qizil, goh sariq rangda tovlanar va ohista yerga cho‘kardi. Ular behisob edi. Yerga qo‘ngandan keyin hammasi bir rangda oppoq bo‘lib kumushdek yaltirardi.
Ko‘ktoy mudroq bosganda kirovat ostidan chiqdi-da, ko‘mirxona tomon yurdi. G‘arch-g‘urch qilgan yirik panjalarining izi qor ustida qoldi. U ko‘mirxonaga kirib olib, izlariga biroz qarab turdi, lekin izlar qor ko‘p yog‘aboshlaganidan tezda yo‘qoldi.
Yarim kechaga borib, qor tindi. Sovuq boshlandi. Taxta devorlar orasidan kiraboshlagan izg‘irin shamol Ko‘ktoyning etini junjitdi. Ammo u e’tibor bermadi. Boshini ko‘proq uzun tanasi orasiga olib kulcha bo‘lib oldi-da, yana uyquga ketdi.
Qorni ochib uyg‘onganda, tong yorishgan edi. U shoshib O‘rnidan turdi-da, hovuz tomon yo‘rg‘alab ketdi. Ammo qalin qor uni bosganini, suv muzlaganini u xayoliga ham keltirmagan edi.
Qalin, o‘tkir tirnoqlari bilan xovuz burchagidagi qorni surib, suvni ochgandek bo‘ldi. Ammo bu suv emas, qalin, qopqora muz edi. U sekin ikkala oldingi oyoqlarini muz ustiga ko‘ydi. Muz yorilmadi. Butunlay xovuzga tushdi. O‘zgarish bo‘lgani yo‘q, qayerdadir, muz bo‘lsa kerak, uning og‘irligidan qirsilladi. Lekin boshqa hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.
Ko‘ktoy tizzalarigacha oppoq qorga botib, nima qilishini bilmay, hovuz o‘rtasida qaqqayib turib qoldi. U bugun och qolganini, bu yerdan ketishi lozimligini bildi.
Katta yo‘lga chiqqanda mashinalar qatnovi endi boshlangan edi. Mashinalarning ko‘pi shahar tomonga yurishardi. Biri kechki karom ortgan, biri baland simto‘r yashik. ichida paxta, buzilgan traktor. Onda-sonda ichi g‘ij-g‘ij odamga to‘lgan beso‘naqay avtobuslar o‘tib qolardi. Shunday avtobus o‘tganda, ko‘pincha uning derazalaridan qiyqirishib bolalar Ko‘ktoyga biron narsa tashlashar, «Ma! Ma!» deb chaqirishardi.
Ko‘ktoy ularga o‘rganib qolgan edi. Juda ochiqqan paytlari o‘zi katta ko‘chaning chetiga chiqib o‘tirar va shunday avtobuslarni kutardi.
Hozir endi qattiq sovuq. Deyarlik hamma mashinalarning shu jumladan odam tashiydigan avtobuslarning ham derazalari berk edi.
Ko‘ktoy yo‘l yoqasidagi qor ustida yurib charchadi. Yo‘lning o‘rtasiga tushib oldi. Bu yerda ham yurish oson emas edi. Tirnoqlari o‘tkir bo‘lsa ham, son-sanoqsiz mashinalar o‘taverib qotib yaxmalak bo‘lib ketgan qorga botmas, sirg‘alar, dumalab ketay-ketay derdi.
Baland ko‘prikdan o‘tayotganida bir yengil qora mashina uni turtib yuborishiga oz qoldi. Shofer signal ham berdi, eshikni ochib so‘kindi ham. Ko‘ktoy yo‘l chetiga chiqqach, qog‘ozga o‘ralgan allanarsani oldiga tashladi.
Ko‘ktoy shosha-pisha qog‘ozni titkilab ochdi. Yarim kilocha keladigan yaxna go‘sht bilan bitta katta tandir non edi. Hech kim bunday yeyilmagan narsani unga hech mahal tashlamagan edi. Ko‘ktoy xirillab, ovozlarini chiqarib shu narsalarni yeb qo‘ydi. Ruhi ancha tetiklashdi, badani qizidi.
Uch-to‘rt kilometr yurib pastlikka tushganda boyagi qora «Volga» yo‘l chetida to‘xtab turardi. Sportchilar kiyimidagi ikki kishi mashinadan chiqib uni poylab turishardi.
Ko‘ktoy ulardan beriroqda to‘xtadi.
— Kelaver, jonivor! Kelaver! Biz seni urmaymiz! — dedi yigitlardan biri. — Boqamiz. O‘rgatamiz. Ma!
U Ko‘ktoyning oldiga bir narsa tashladi. Bu yarim buxanka non edi. Ko‘ktoy hididan bildi. Nima qilish kerak? Borsinmi? U oyoklarini bitta-bitta ko‘tarib, nonga yaqinlashdi. Lekin egalari qarab turishgani uchun hidladi-yu, boshini ko‘tardi.
— Senga! Yeyaver, senga! — qichqirdi non otgan yigit. — Ol! Yo‘lbars! Polkan! Ol!
— Oti boshqachadir? — e’tiroz bildirdi ikkinchi yigit.
— Mayli-da, o‘rgansa bo‘ldi. Rosa uy poylaydigan it ekanda! — dedi non tashlagan yigit. — Ozgina semirsa bormi, harqanday o‘g‘ri ko‘rishi bilan qochadi. Darvozadan uygacha garajning oldi bilan sim tortib bog‘lab qo‘yardim. Ana undan keyin bir oyga bo‘lsa ketaver. Uy qimirlamaydi joyidan. Bo‘riboy! Ol! Uka! Qoraboy! Ol!
U shu gapni aytganini biladi. Ko‘ktoy «Qoratoy!» degan so‘zni eshitishi bilan bir irilladi. Yigitlarning unga Hakimpolvondek tikilib turganini ko‘rdi-da, non esidan chiqib, vovullaganicha ularga tashlandi, ikkala yigit epchillik qilib mashinaga kirib olishdi. Ko‘ktoy tumshug‘ini mashina derazasiga tiqib vovullashdan tinmadi. Mashina bir silkinib yurib ketdi. Ko‘ktoy bir-ikki qadam chopdi orqasidan, keyin orqasiga qaytdi. Nonning oldiga kelib, yana hidladi, mashina ketgan tomonga qarab bir-ikki endi shunday nomiga, ichki bir dard bilib vovullab qo‘ydi-da, ikki tishlashda nonni tamom qildi.
Kechga yaqin oldinda yana bir ko‘prik ko‘rindi. Undan yo‘l ikki tomonga —chapga va to‘g‘riga, tepaliklarning ichiga kirib ketgan edi.
Ko‘prikning tepasiga chiqqanda, Ko‘ktoy o‘ng tomonning olis-olis etaklarida, botayotgan quyoshning qizg‘ish nurlari oldida imoratlarni ko‘rdi. Chap tomon qir, qirning teppasida, besh kilometrcha keladigan masofada bir narsa qorayib ko‘rindi. Uning orqasi toqqa tutashib ketgan. Buni Ko‘ktoy quyosh nurlarida yilt-yilt qilayotgan baland-past cho‘qqilardan bildi. Hech ikkilanmasdan qir tomonga oyoq bosdi.
Ikki tepaliqdan oshib uchinchisiga, qorayib turgan narsaga yetgunicha suv bo‘lib ketdi. Quloqlarining uchlari, tumshug‘idagi uzun qalin junlar sumalakdek qotib qoldi.
Tepalik tepasida qorayib turgan narsa qabr edi. Ko‘ktoy muzdek qabrga yopishib yotdi-da, oyoqlarini cho‘zdi. Panjalaridagi qayrilma yo‘g‘on tirnoqlari muz parchalari ichida qolib ketib, ingichka ipdek qorayib turardi.
Shu yerda yotgancha o‘ziga kelgach, boshini ko‘tarib, tepalikning narigi tomoniga qaradi. Pastda, ikki-uch kilometrlik joyda ilondek yaltirab jilg‘a oqardi. Shu payt qay ko‘z bilan ko‘rsinki, shu jilg‘a yoniga besh-o‘nta qo‘y kelib suv ichaboshladi. Bir-ikkitalari ichib bo‘lib boshlarini ko‘tardi, «be-be-e! deb ma’radi. Jilg‘a bo‘yini bir pasda ola-bula qo‘ylar podasi bosib ketdi. Bir-ikki marta itlarning bo‘g‘iq vovullagan tovushlari ham eshitildi.
Ko‘ktoy tizzalariga ko‘tarilib, pastlikka tikilib qoldi.
Bir ozdan so‘ng jilg‘aning narigi betida eshak mingan bir odam ko‘rindi. Aftidan qo‘ychivon bo‘lsa kerak, bir pas qo‘ylarning suv ichishiga qarab turib, «qurre-kurre!» — deb qichqirdi va boshi ustida uzun tayog‘ini aylantira boshladi. Suv ichib bo‘lgan ko‘ylar orqaga qayta boshlashdi. Bir-ikkitasi suvning ustidan bu tomonga sakrab o‘tgan edi, Ko‘ktoydek bir sariq it vovullab orqaga qaytardi.
Ko‘ktoy bu manzarani ko‘rib entikib ketdi, bir-ikki qalqib yo‘taldi va o‘zini pastga tashladi.
Poda ketayotgan tomonga ma’lum masofa saqlab, itlarga ham (ular katta edi, bittasi haligi sariq it, ikkinchi ola edi. Uning ham bo‘yi sariq itdan qolishmasdi). Qo‘ylarga ham ko‘rinmay orqama orqa boraverdi.
Poda yana bir tepalikka chiqib, g‘oyib bo‘ldi.
Ko‘ktoy ohista shu tepalikka ko‘tarilganda ko‘ziga tanish manzara ko‘rindi. Keng yalanglik narirokdagi tepalikka yo tog‘ning etagiga borib taqalgan edi. Yalanglikning o‘rtasida baland pichan g‘arami turardi, g‘aramning yonida o‘tov. Pastroqda esa uch yog‘ochlik butun poda sig‘adigan ko‘ra ko‘tarilgan edi.
Qo‘y-qo‘zi ma’rab-ma’rab itlarning hurishi, cho‘pon «qur-r, qur-e»si bilan qo‘raga kira boshladi.
Ko‘ktoy yana pastroq tushdi. Qo‘rani cho‘pon berkitgach, itlarni ergashtirib o‘tovga kirib ketdi. Ko‘ktoy qo‘raning burchagiga borib, yog‘och qoziqlarga ko‘ndalang bog‘langan xodalar panasida pichan g‘aramiga o‘tib oldi va yer bilan bitta bo‘lib yotgan pichan ustiga o‘zini madorsiz tashladi.
Ancha vaqt o‘tdy. Qo‘ra ichidan itlar bilan cho‘pon chiqdi. Uning ag‘darma po‘stini hididan Ko‘ktoy tanish, es-es anglab oladigan bolaligidagi yoqimli hidni sezdi.
Cho‘pon itlarni qo‘ra darvozasi yaqiniga chaqirib, etagidan bir narsa to‘kdi. Ikkala it qirqilgan kalta dumlarini likillatib, va shunday kalta qirqilgan quloqlarini tushirib ovqat yeyishga tushib ketishdi.
Cho‘pon qaytib yana o‘tovga kirib ketdi.
Ko‘ktoyning so‘lagi oqib ketdi, tamshandi, lekin itlar yoniga borishga botinmadi. Ular to‘yib, o‘sha joydan ketganlaridan so‘ng, har doimgidek qolgan-qutgan narsalarni yeyishni kuta boshladi.
Shu payt o‘tovdan cho‘pon chiqdi, itlari tomon bir qarab qo‘yib, g‘aramga, Ko‘ktoy yotgan tomonga kela boshladi. Ko‘ktoy nima qilishini bilmay, bo‘ynini cho‘zib, boshini yerga qo‘ydi.
— Shattamiding? — so‘radi yaqinroq kelib cho‘pon. — Shattasan deb o‘ylovdim o‘zim ham. Tepalikda turganingni ko‘ruvdim. Tushmaganingdan eslik ekansan, deb quyuvdim. Ko‘ktoy! Azamat it! Ma! Manavi senga.
Kimdir uni shunday deb chaqirgan edi. Hozir eslolmaydi. Onasining bag‘ridan olib, shaharlik jiyaniga sovg‘a qilgan keksa cho‘ponmi, yo Kozimning onasimi? Cho‘ponning shunday deb chaqirgani yoqdi.
Cho‘pon ikki-uch qadamcha narida cho‘kkalab Ko‘ktoyning oldiga yaxni go‘sht dumalatdi.
Ko‘ktoy hidladi, qorong‘i tushgan bo‘lsa ham, cho‘ponning muloyim ko‘zlarini ko‘rdi va apil-tapil go‘shtni yeyaboshladi.
— Barakalla! Manavi nonni ham ye!
Cho‘pon it oldiga uch-to‘rt burda non tashladi.
— Senlarni endi qanday o‘rgataman bir-biringga? Bo‘rikalla ham o‘jar, Olabuqa ham undan qolishmaydi. Hay, mayli, sen shu yerda yotaver. Ertaga bir gap bo‘lar. Balki kechasi topishib ketarsanlar, a? Lekin, ayt-chi, jonivor qaysi nonko‘r seni sarson qilib ko‘ydi? Cho‘pon bo‘lmasa kerak, cho‘pon sendaqalarni kaftida olib yuradi.
Cho‘pon ketdi.
Ko‘ktoy u oldiga tashlagan narsalarning uvog‘ini ham qoldirmadi va issiq pichan orasida uyquga ketdi.
Cho‘ponning itlari qo‘ra atrofida tunni o‘tkazib, begona itning yaqinlarida uxlab yotganini sezmadilar.
Ko‘ktoy g‘ira-shirada uyg‘ondi. U endi o‘ziga kelgan, charchoqlari unutilgan, qorni ham uncha och emas edi, kechgacha chidasa bo‘lardi. Ko‘zlarini uqalab, to‘yib esnadi, bo‘ynini cho‘zib, cho‘pon itlarining qayerdaligini iskab ko‘rdi. Qo‘raning orqasida bo‘lishsa kerak hidlari kelmadi. O‘rnidan turib bir silkindi-da, g‘aramning orqasiga o‘tib g‘oyib bo‘ldi.
Cho‘pon ertalab, ayri bilan g‘aram yoqasiga kelganda Ko‘ktoy yo‘q edi.
— Ha ayyor it!.. Qochdingmi? — dedi u kulib. — Yo‘q, qochganing yo‘q. Bizdan qo‘rqding. Qo‘rqib nima qilasan tentak it? Bizdan qo‘rkma. Bizning dushmanimiz bitta — bo‘ri. La’nati keyingi paytda ko‘payib qoldi biz tomonda. Menga — sir, hali kelib, tishining oqini ko‘rsatgani yo‘q, itlar ham sezmadi. Lekin ko‘payib qoldi. Ehtiyot bo‘lmasak, besh-o‘nta qo‘ydan bir kunda ayrilib qolamiz. Voybayov! Lekin itmisan it ekansan. Oyog‘ing bilagimga ikkita keladi-ya! Hay, mayli, bilaman, hali aylanib kelasan, qoning tortadi. Qorning ham tortadi. Bu atrofda boshqa qo‘ra yo‘q… Cho‘pon chol yana allanarsalarni o‘zicha gapirib qo‘radagi qo‘ylarga pichan tashiy boshladi. Keyin o‘tov ichidan qop orqalab chiqib yem berdi. Shu bilan kun peshindan og‘di. Otda kimdir kelib unga nimalarnidir ukdirib ketdi. Aftidan obi-havoni aytgan bo‘lsa kerak, u ketishi bilan qor uchqunlay boshladi. Keyin oppoq qordan bo‘lak hech narsani ko‘rib bo‘lmay qoldi. Cho‘pon bugun podani pastga sug‘organi olib bormadi. Motorni qo‘yib, qudukdan sug‘ardi.
Qorong‘i tushib, qo‘radagi qo‘y-quzilar tinchigach, itlar ovqatlarini yeb, qo‘raning orqa tomoniga ketishgach, Ko‘ktoy g‘aram ichidagi joyiga qaytdi. Shunday pichan ustida kechagicha go‘sht, ikkita sho‘r suyak yotardi.
Mirikib yedi. Suyaklarni ham ovoz chiqarmay avval shimdi, keyin ohista sindirib maydalab-maydalab og‘zi to‘la ko‘pik aralash yutdi.
Bu gal kechagidek uyqusi kelmadi. Qo‘ra atrofida yurgan qo‘ychivon itlarining o‘yinlari, sharpalarini eshitdi. Bir oldilariga bormoqchi, ular bilan o‘ynamoqchi bo‘ldi, lekin o‘zini tiydi. Nojo‘ya ish qilib qo‘ysa, yana quvishsa! Yo‘q, endi u bunday yashagisi kelmasdi.
Bir mahal ko‘ra chetidan bitta qo‘yning hurkib, g‘o‘ldiragani eshitildi. Bo‘rikalla osmonga qarab bir uvladi-da, qayoqqadir chopib ketdi. Shu payt uning «vag‘-g‘» degani va ingragani eshitildi.
Ko‘ktoy o‘sha yoqqa bor kuchini to‘plab yugurdi. Qo‘raning orqasida beshtami, oltita bo‘ri Olabuqani o‘rab olishgan va sekin-sekin unga yaqinlashmoqda edi. Ola-buqa irillab tisarila boshladi. Tisarilib, beixtiyor orqasidan bosib kelayotgan bo‘rini ko‘rmay qoldi. Hammasini yaxshi ko‘rib borayotgan Ko‘ktoy bir sakradi-da, Olabuqaning orqasidagi bo‘rining ustiga tushdi, uning ustidan o‘zini o‘rtaga otdi. Bo‘rilar Olabuqani tashlab, o‘zlarini Ko‘ktoyga otdilar. Jang uzoq davom etmadi, Ko‘ktoy birin-ketin uchta bo‘rini qulog‘i aralash jag‘idan tishlab yiqitdi. So‘ng, gir aylandi-da, Olabuqaga yopishayotgan bo‘rining bo‘g‘zidan oldi.
Beliga tishlarini botirgan bo‘ri qochdi. Ko‘ktoy uni quvmoqchi bo‘lganida, miltiq ovozi eshitildi. Umrida u ikkinchi marta o‘k ovozini eshitishi edi. Nima qilishini bilmay, to‘xtab qoldi. Shu tob teppasidan bir bo‘ri otilib tushdi-da, ikkala ko‘zi aralash boshini g‘ajiy boshladi. Ko‘ktoy qancha tirishmasin bo‘ri uni qo‘yib yubormas, o‘tkir tishlari battar ko‘zlariga botar edi. Ko‘ktoy og‘rig‘iga chi-dolmay, boshini bir silkitdi-da, ustidagi bo‘rini ag‘darib tashladi. Shu payt bo‘rining bo‘g‘ziga Olabuqa tashlanganini ko‘rdi.
Ko‘p o‘tmay hamma narsa tinchidi. Faqat ba’zi ko‘ylar hamon qo‘rquv aralash ma’rashar, olisdan cho‘ponning so‘kingan ovozlari kelardi.
Ko‘ktoy gandiraklabgandiraklab g‘arb tomonga yo‘l oldi. Bitta-bitta yurib borar ekan, qornidan nimadir tushib sudralib kelayotganini, ko‘zlari hech narsani ko‘rmay lo‘qillab og‘riyotganini sezdi.
G‘aramga yetganda o‘z joyini topib yotdi.
Qo‘ra tomonda, esa cho‘pon cholning bo‘g‘ilib:
— Bo‘rikalla! Ko‘ktoy! — deb qichqirganini eshitdi.
U ko‘zini ochib, boshini ko‘tarmoqchi bo‘lgan edi, zimziyo qorong‘ilikdan boshqa hech narsani ko‘rmadi, allaqanday sho‘r suyuqlik og‘ziga oqib tushdi. Sekin egilib qornini yaladi, qorniga ham nima bo‘lganini bilmadi.
U ohista boshini ko‘tarib, oldingi oyoqlarini uzatdi-da, ikkala lovullab yonayotgan ko‘zlarini shu oyoqlari orasiga oldi.
— Ko‘ktoy! Bo‘rikalla! — yana cho‘ponning ovozi eshitildi.
Ko‘ktoyning qimirlashga majoli yo‘q edi.
Ertalab g‘ira-shirada Cho‘pon qo‘raning orqa tomonida beshta bo‘rining o‘ligini ko‘rdi. Ulardan narirokda qorni bo‘g‘izigacha yorib tashlangan Bo‘rikalla yotardi. Ko‘ktoy hech qayerda yo‘q edi. Bo‘rilarni cho‘pon bitta-bitta qarar ekan, Bo‘rikalla birinchi bo‘lib halok bo‘lganini bildi. To‘rtta bo‘ri bir xil, quloqlari, bo‘g‘zi aralash tishlab o‘ldirilgan edi. Cho‘pon hech shubhasiz bu Qo‘ktoyning ishi ekanini tushundi. Ustiga sakrab Ko‘ktoy chala o‘lik qilib qo‘ygan beshinchi bo‘rini Olabuqa tugatgan edi.
«Esiz it! — xayolidan o‘tkazdi cho‘pon. — Jang bilmaganda hali. Lekin o‘zi qani?»
— Ko‘ktoy! Polvon it! Azamat it! Ma! Buyoqqa kel!
Ko‘ktoy hech qayoqda yo‘q edi. Shu payt cho‘ponning oldiga dumg‘azasi qonga belangan Olabuqa ingrab keldi.
— Senga ham qoyilman. Yarang tuzalib ketadi, — dedi cho‘pon uning boshini silab. — Lekin yangi oshnang qani, Ko‘ktoy qani? Bola paqir qani?
U shunday deb, qorga tomgan va qo‘ra yonidan ipdek chizilib ketgan qon tomchilarini ko‘rdi. U shu tomonga yurdi. Tomchilar uni pichan g‘aramiga olib keldi.
Ko‘ktoy kechagi yotgan joyida, yer bilan bitta bo‘lib yoyilib ketgan pichan ustida yotardi.
— Voy azamat! Shatta ekansan-ku! Indamaysan-a?
Ko‘ktoy sal qimirlagandek bo‘ldi.
— Hozir men dori olib chiqaman, seni davolaymiz. Attang, attang!
Cho‘pon o‘tovga yugurib ketdi.
Ko‘ktoy deyarlik uni eshitgani yo‘q. Boshi g‘uvillar, kimdir uni, kichkina kuchukchani bo‘ynidan ko‘tarib, qopga solmoqchi bo‘lar, u esa bir kuchini to‘plab kichkina yapaloq oyokchalari bilan qopni itarardi.
Cho‘pon doka, bint, dorilar ko‘tarib, keldi-da yana chaqirdi.
— Ko‘ktoy! Azamatim, Ko‘ktoy!
Ko‘ktoy ingrab ham javob qilmadi.
Cho‘pon ko‘kragiga qo‘lini qo‘yib, sekin qimirlatdi. Ammo buzoqdek chuzilib yotgan it qimirlamadi.
— Attang, attang! Uvol ketding, jonivor! Hali qanaqa it bo‘larding?! Cho‘ponlarning havosi, bo‘rilarning kushandasi bo‘larding! O‘zim urgatardim. Eh-ha, biz bo‘lgan joyda bo‘rining soyasi ham bo‘lmasdi!..
O‘sha kuni keksa noma’lum cho‘pon Ko‘ktoyni qo‘raning yoniga chuqur qazib ko‘mdi. Yoniga Bo‘rikallani qo‘ydi. Qabrlar ustiga katta tosh topib kelib bostirdi-da, uzun tayoq qoqib qo‘ydi.
Etaklarini qoqib o‘rnidan turar ekan, yana alam bilan dedi:
— Attang! Yosh ketdi! Bola ekan-a, bola!.. Olabuqa! Bu yerni hech tita ko‘rma. Na yozda, na qishda…

10

Ikki yarim yil ichida Kozim juda o‘zgarib ketdi. Ilgarigi o‘yinqaroqligi yo‘q. Ota-onasi bilan ham muomalasi sovuq.
Bir kuni onasi ishdan qaytayotganda bozorning oldida bir laycha it unga ergashdi. Suyunib o‘zi bilan birga uyga olib keldi. Kozim xursand bo‘ldi.
Ona-bola unga temir tog‘orachada ovqat berishar ekan, it bir-ikki timirskilandi-da, yemadi.
— Ko‘ktoy boshqacha it, edi, — deb yubordi beixtiyor Kozimning onasi. — Nima bersang, hammasini yerdi, hech qayoqni iflos ham qilmas edi!..
— Hali ham olib kelib beraqolsaylar nima qiladi? — zarda bilan xunob bo‘lib so‘radi Kozim.
Onasi javob bermadi.
1986.