Tungi smenadan qaytardim. Kun hali erta. Endigina rang olib kelayotgan barkashdek quyosh tog‘lar ortidan ko‘tarilmoqda edi. Ko‘cha jimjit. Onda-sonda pishqirib yuk mashinalari o‘tib qoladi. «Gurr» etib chumchuqlar galasi yerga qo‘nadi-yu, chirqillab yana ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Qayerdadir, tepada erta ko‘chib kelib, yolg‘izlikda qorong‘i tunni o‘tkazgan bulbulning o‘qtin-o‘qtin nolishi eshitiladi. Dam achinasan, dam uning mungli nolasiga quloq berib, yangi faslning qanot yozayotganiga quvonasan kishi. Quvonasanu beixtiyor ko‘zlaringni beg‘ubor moviy osmonga tikasan, tong havosini o‘pkang to‘lguncha shimirasan. Ariq bo‘ylaridagi endigina barg yozayotgan tollarga, baland-past devorlar or-qasidagi mevalarning oq, pushti, qizil gullariga tabassum bilan qaraysan, charchoqlaring unutiladi.
Har bahor shunday. Har bahor shu manzara takrorlanadi. Har bahor don talashgan shu chumchuqlar galasini, xuddi shu pishqirib o‘tgan yuk mashinasini ko‘rganday, adashgan bulbulning aynan shunday nolasini eshitganday bo‘lasan, shulardan nimadir senga kuchliroq ta’sir qiladi-yu, yana bir yosh ulg‘ayganingga gumon qilib qolasan. Yoshliging esingga tushadi, allaqachonlar unut bo‘lib ketgan voqealar, yuragingning qayeridadir bir umrga qulflab tashlangan, boshqalargina emas, hatto o‘zing eslasang qizaradigan yoshlikning sho‘xliklari esingga tushib, xayol surib ketasan.
Har bahor shunday, har bahor shu xayollar qalbingni qitiqlaydi. Lekin… lekin o‘sha kuni shunday bo‘lmadi. To‘qimachilar xiyoboniga qadam qo‘yganimda nima uchundir buzilmay qolgan paxsa devorning tagida ochilgan lolaqizg‘aldoqni ko‘rib qoldim. U quyosh nurida cho‘g‘dek lovillab turardi. Yuragim hapriqib ketdi. Bordimu shartta uzib oldim. Nega uzdim — uning go‘zalligiga havasim kelganidanmi, yo qo‘lim bilan ushlab, lablarimga tekkizib, bahor nafasini his qilgim keldimi, bilmayman. Uzganimdan keyin rahmim kelib ketdi. Rangpar bandi mo‘rt, birpasda uzilgan yeridan suv tomib, qoraydi. Changi to‘kilib, barmoqlarim oltin suvi yugurtirilgandek sarg‘aydi. Ammo yaproqlari tarang, shabadaga parvo qilmay, kulib turardi. Aftidan, ildizlar bor kuchlarini to‘plab, yaproklarga bergan… Nima qilishimni bilmay, unga tikilib qoldim. Bir mahal:
— Amaki, nima qilyapsiz? — degan ovoz eshitildi.
Yonimga qarasam, semiz portfel ko‘tarib olgan bir qizcha oftobdan yuzini burishtirib, menga qarab turibdi.
— Nima qilyapsiz-a, amaki? — so‘radi u yana.
— Tomosha qilyapman, — dedim.
— Nimani, lolaqizg‘aldoqnimi? — so‘radi qizcha.
— Lolaqizg‘aldoqni.
— Yaxshiyakanmi?
— Judayam.
— Men ham ko‘ray?
— Ma.
Qizcha portfelini oyoklari orasiga qistirib, hovuchini tutdi. Berdim.
— Vuy, judayam kichkina-ya! — dedi qizcha uni avaylab puflarkan.—Qayerdan oldingiz? Shu yerdan uzib oldingizmi?
— Ha, — dedim.
— Nima qilardingiz uzib? — dedi qizcha lolaqizg‘aldoqdan ko‘zini uzmay. — Hali katta bo‘lardi…
— Qurib qolmasin, deb uzdim. Senga beraymi?
— Mayli, bering, — dedi qizcha. — Men uni quritmayman. Suvga solib qo‘yaman. Berasizmi?
— Olaqol.
— Rahmat, amaki.
Qizcha chap qo‘lini sekin bo‘shatdi-yu, portfelini oldi. Keyin o‘ng kaftida bandi qoraygan lolaqizg‘aldoqni ushlaganicha ketdi. Uning orqasidan qarab qoldim. Galina ham xuddi shunday, kichkina, oppoq qo‘llarini cho‘zib turgan edi… Bunga ancha bo‘ldi. Biz ikkita razvedkachi — Vladimir Kazakov va men Kursk yonida qurshovda qoldik. Tun edi. Yurakni ezadigan jimjitlik… Dushman ham, biz ham hal qiluvchi jangga tayyorgarlik ko‘rmoqda edik. Tong otishi bilan jang boshlanar edi. Urmondamiz. Na shamol bor, na tun qushlarining chinqirig‘i. Ba’zan goh chapdan, goh o‘ng tomondan nemischa gaplar eshitilib qoladi, boshqa hech narsa quloqqa chalinmaydi. Tongga yaqin bir amallab o‘rmondan chiqib oldik. Tanish yog‘och chayla ko‘rindi. Shundan ikki yuz metr narida biznikilar. Olisdan istehkomlarning devorlari bilinib turibdi. Chaylaning orqasiga eson-omon o‘tib olsak, marra bizniki. Vaqtni boy bermay emaklab ketdik. Bir mahal sherigim:
— O‘rtoq serjant! Qarang! — deb qoldi jonholatda.
Chayla tomonga qaradim. Kichkina bir qiz chaylaning oldida o‘tirardi. G‘ira-shirada uning basharasi yaxshi ko‘rinmasa ham, juda yoshligi bilinib to‘rardi.
— Nima qilamiz? — so‘radi Kazakov shoshib.
— Boraylik-chi, — dedim hayajonimni yashirishga harakat qilib.
Sherigimning hovliqib qolganini tushunardim. Agar qizcha bizni ko‘rib qolib, baqirib yuborsa bormi, ish tamom, qo‘lga tushardik.
Undan o‘zimizni yashirib, emaklab ketdik. Chaylaga yetganimizni ham u sezmay qoldi. Sekin chaqirdim:
— Hoy qiz, kimsan?
Qizcha bizga boshini o‘girdi, lekin joyidan qimirlamadi.
— Galina, — dedi bamaylixotir.
— Qayoqdan kelding? U o‘rmonni ko‘rsatdi.
— Nima qilib o‘tiribsan?
— Dadamning oldiga ketyapman.
— Dadang qayerda?
— Urushda…
— Oying-chi?
— Fashistlar otib tashlashdi.
Yuragimni bir narsa timdalab ketdi. Yonimga chaqirdim.
— Dadangning oldiga olib boraylikmi?
— Ha.
— Yur, bo‘lmasa. Emaklashni bilasanmi?
— Bilaman.
— Qani, yur.
— Amaki, to‘xtang.
— Ha, nima bo‘ldi?
— Lolam qolib ketdi.
— Qanaqa lola?
— Huv ana.
Galina chayladan sal narini ko‘rsatdi. Mina qo‘porib tashlagan tuproq ustida bittagina lola ochilay-ochilay deb turardi.
— Men olib kelaman, — dedi Kazakov va emaklab ketdi. Birpasda qaytib ham keldi. — Mana, yur endi tezroq.
Galina ikki qo‘lini hovuch qilib uzatdi. Shu payt bir narsa «viz-z-z» etdi-yu, Kazakov ingrab yubordi.
— Nima qildi? — so‘radim shoshib.
— Uq tegdi shekilli, la’nati! — so‘kindi u biqinini ushlab.
Haqiqatan ham o‘q tekkan edi. Gimnastyorkasi birpasda qonga bo‘yaldi.
— Sizlar ketaveringlar, — dedi u ingrab. — Men yurolmayman.
— Bema’nilik qilma, — dedim jerkib. — Kel, opich.
— Qo‘ying, o‘rtoq serjant. Foydasiz.
— Opich deyapman!
Ko‘p o‘tmay orqaga qaytdik. Ustimda Volodya, yonimda lolasini ushlab olgan Galina. Qirq metrcha yurdim. Qizcha xam charchadi, men ham. Ter quyib ketdi. Ustim qondan jikka ho‘l.
— Qo‘ying, o‘rtoq serjant. Og‘irman. Innaykeyin, foydasiz, — dedi kuchini to‘plab Volodya.
— Nima deyapsan o‘zi? — dedim. — Ozgina qoldi. Yetib olamiz.
— Yetib olamiz, — dedi Galina. Uning juda shirin ovozi bor edi. — Siz, o‘laman demang, erkaklar bunaqa demaydi.
Volodya zo‘rg‘a iljaydi.
— Qayerdan bilasan sen?
— Dadam aytganlar.
— Dadang botir odam ekan, — dedim.
— Dadamlar qahramonlar! — dedi Galina.
Yana emaklay boshladik. Ko‘p o‘tmay to‘plar gumburlab ketdi. Biznikilar hujumga o‘tishdi.
Volodyani gospitalga yotqizdik. Galina ham o‘sha yerda qoldi. Qaytar ekanman, u orqamdan yugurib kelib, yengimdan tortdi:
— O‘rtoq serjant, manavi sizga! — dedi bandi chaynalgan lolani uzatib. — Dadam lolani juda yaxshi ko‘rardilar.
— Rahmat, — dedim uning uzatilgan oppoq qo‘lchalarini ushlab. — Olib qo‘y, dadangni topganingda berasan.
— Dadamlarni topolamanmi?
— Topasan, — dedim. — Dadang axir qahramon-ku!
— Rahmat, amaki.
Shu-shu uni ko‘rmadim. Urushning so‘nggi yili Volodyadan xat oldim. Konvertni ochsam, ichida qotirilgan lola. «Galina berib yubordi, — deb yozibdi u. — Dadasini topsa, yangisini hadya qilarmish».
Bilmadim, dadasini topdimi-yo‘qmi? Lekin har vaqt albomni varaqlab, lolani ko‘rar ekanman, Galinani eslayman. Uning xayrlashayotganimizdagi chuzilgan oriq qo‘llari, ishonch bilan boqqan yirik zangori ko‘zlari ko‘z oldimda gavdalanadi.
O‘shanda ham shunday bo‘ldi. Xiyobondan ketyapmanu, xayolim unda. Qayerda ekan hozir? Nima qilayotgan ekan? Otasini topdimikin? Balki topgandir. Shunday nimjon narsa Hayotga intilib, yerni yorib chiqibdi-ku, u topmaganmikin?!
1963