Tunu kuni barobar bo‘lib qolgan Mulla Pirnazarning ancha vaqtdan beri kim bilandir miriqib suhbatlashgisi kelib yuruvdi. Buni qarang, ana shu suhbat oyda-yilda bir ko‘rinish beradigan to‘ng‘ichi — Qodirboyga nasib qildi. Vaqt allamahal bo‘lib, ukalar uy-uyiga tarqalishgach, ota-bola yolg‘iz qolishdi. Qodirboy yechinib to‘shakka cho‘zilishdan avval:
— Ota, oyog‘ingizni uqalab qo‘yaymi? — dedi mehri iyib.
— Yo‘g‘-ey, bolam kech bo‘ldi, uxla, — dedi otasi esnab.
— O‘yquyam yo‘q, sabil.
— Tashvishing ko‘pmi deyman, bolam, kelganingdan beri yorishmaysan?
— Ay, qo‘yavering…
— Bolalaringning qo‘lidan ish keladigan bo‘lib qolgandir?
— Qayda!
— Eshitishimcha, qizingning turmushi buzilganmish.
— Ota!..
— Buvimini bo‘sh qo‘ygansan-da! Bolalaring shapalaknusxa. Bolaning mehnatdan qochgani — xudoning urgani. Shu yerga olib kelib, poychasiga urib ishlat, mehnat qilgan kam bo‘lmaydi. Bekorchidan xudo bezor. Mendan nasihat shu. Bog‘dagi hamma daraxtlar hosilga kirgan. O‘zing ekkan daraxtlarni ko‘rsat. Hammalaringga yetadi. Ukalaringga bosh bo‘lsang bo‘lgani, har holda yo‘lgirroqsan. Ularga soya bo‘l. Yomonga yondashmasin, Mulla Pirnazar degan otim bor-a!..
Mulla Pirnazarning esiga murtini bolta kesmaydigan davrlari tushdi chog‘i, chuqur uh tortdi.
— Qishlog‘imizda bir jigitlar bo‘lardi — norg‘ul, davang, bizlar bola edik. Sho‘rolar quritti hammasini — boy dedi, qamadi, quloq dedi, qamadi, ko‘pi urushda yo‘q bo‘p ketdi. Bir paytlar bu yer biyobon bo‘lgan. Buvalarimiz yer ochib, bog‘ yaratgan. Hozirgiday chiroq, gaz, o‘tin bo‘lmagan… Uyqing kelmayaptimi? Hangamada-a! Bir kun uxlamasak uxlamapmiz-da!
— Gapiravering, ota.
— Esingdami? Ergash bo‘tako‘z, qora Shovvoz, Ramazon buva deganlar bo‘lardi. Tilov tog‘ang bilan ikkimiz qoldik.
— Ha, bilaman, O‘sar tog‘ayam o‘tibdilar.
— Chin dunyosiga ketdi. Hammasi ketdi.
— Alloh rahmat qilsin ularni!
— Qora Shovvoz front ko‘rmagan, mo‘loq edi. Bir ketishda shu qishloqdan uch yuz yigit ketganmiz. Shundan olti odam qaytgan. Kelganimizda Qora Shovvoz qamoqda ekan. Ikki yilcha o‘tirdi-yov. Ergash bo‘tako‘z urushdan yarador bo‘lib qaytgan. Ramazon bir oyoqdan ayrilgan. Qora Shovvoz urush payti xo‘jalikning suruvini boqqan. Molning tilini yaxshi bilardi. Uchrashdik, deguncha Ergash “Qoravoy, urush ko‘rmagansiz-da”, deb qichimalik qilardi…
Mulla Pirnazar ancha tetiklashdi. Hatto yonboshiga ag‘darilib, lo‘labolishini buklab, qo‘ltiqlab ham oldi. Bir oydan beri yotoqchilab qolgan otaning birinchi marta o‘rnidan qo‘zg‘alishi edi. Qodirboy otasining zavqini bo‘lmaslik uchun gap qo‘shmadi.
— Bir kuni Tilovning mehmonxonasida o‘tirsak, terlab-pishib Qora Shovvoz kelib qoldi. Ergashning qichimaligi tutdi.
— Qoravoy, asli ismingiz Narzilla-a? Nimaga qora deyishadi, prontga bormaganingiz uchunmi? — dedi miyig‘ida kulib. Qora o‘dag‘aylab ketdi:
— Maqsadingni ayt, bo‘tako‘z! Xusumating nima? Prontga borib, qancha dushmanni o‘ldirding, Tilov, sen ayt, neshtasini qirding? O‘ntadir, yigirmatadir? — Qora Shovvoz og‘zidan tupugi sachrab, pichog‘ini qinidan sug‘urib, dasturxonga sanchdi.
— Ayt, bachchag‘ar, mening qilganlarim senikidan kammi, kam desang, shu xonadan omon chiqazmayman, potmako‘zingni o‘yib olaman.
— Qoravoy, qizishmang, qizishmang, — dedi uning havoyi dag‘dag‘asiga ko‘nikib qolgan Tilov bamaylixotir. Qolganlar ham bu yog‘i nima bo‘lar ekan, degandek navbati bilan bir kaft-bir kaft nos otib, pinak buzmay, o‘tiraverishdi.
— Aytsin, nimaga ha deb meni ilmoqchasi bilan iladi? — bo‘sh kelmadi Qora.
Ergash hamon yonboshlagan ko‘yi mo‘ylabini silab, yana piching otdi:
— Buncha jirillaysan, o‘zing ayt, nimani qoyil qilding orqada qolib?
— Aytaymi?
— Ayt, mana, xalq eshitsin.
— Bo‘lmasa, eshit. Senlar prontga ketdinglar. Men Qoratovning orqasida bit bosib, suruv orasida qoldim.
— Bizlar frontda kampo‘t shimidik, — dedi Ergash yonboshlab yotgan o‘rnidan ilkis turib. Uning kechayu kunduz taqib yuradigan dog‘ bosgan bir shoda orden-medali jingirlab ketdi.
— Jing‘irdag‘ingni yig‘ishtir, eshit-da endi, qichima! — dedi qora Shovvozning g‘ashi kelib.
— Eshitaylik, Ergash, eshitaylik.
— Senlar ketdinglar, bir-ikkita buvimi bo‘shagan cholni aytmasa, qishloq eski go‘rga o‘xshab huvillab qoldi. Uvadasi chiqqan xotin-xalaj, bola-chaqa non-oshsiz ertayu kech chirqillaydi. Ayt! Birortasining burni qonadimi? Shu paytdayam karillaganlar karillab yurdi. “Bron” dedi, boshqa dedi. Prontdan qolib juvonbozlik qilganlar ham bo‘ldi. Ayt, enag‘ar! Qoravoydan o‘tib, qishlog‘ingdi xotiniga birontasi ishqaldimi? Qoravoydan qo‘rqdi. Bir oyog‘im qishloqda, bir oyog‘im suruvning ketida. Eshakning tili bo‘lsa, aytsin, qora terga botib, echki sog‘ib, sut orttirib, yetim-esirga tashidim. O‘lar chog‘ida enang aytmadimi, bachchag‘ar! Qishloqdan ketgan uch yuz jo‘mardning har biridan qoraxat kelganida, elning boshiga qanday balo keldi, deb tovga chiqib, otlaringni tutib, “Voy akamlab” bo‘taday bo‘zladim, tovlar aytsin, enag‘ar! Tiling bor-ku bir qarich, so‘ra, nimaga ko‘kayimni kesasan?! Pront ko‘rganman, deb kerilasan hammang, shuncha jo‘mardni qayerga tashlab keldilaring?!
— Bo‘ldi, bo‘ldi jo‘rajon, bo‘ldi, yig‘lab yuboraman hozir, — dedi Ergash pasayib. — Boringga shukur. Enam aytgan, hammasini yig‘lab-yig‘lab aytgan. Bu bir guring-da, jo‘ra, shunday qilmasam, aytmasding, ichingda qolib ketardi hammasi. Urush boshimizga tushgan balo bo‘ldi. Frontdan kelganimizda ikki yilga kesilganingniyam bilamiz.
— Yana, hamiyatimga tegding, bo‘tako‘z! Pistaqi ko‘zlaringni o‘yib olaman.
Qora Shovvoz dasturxonga qadalgan pichog‘iga qo‘l cho‘zdi.
— Qoravoy, jo‘ra, Ergashni bilasiz-ku — qichima. Qichimagan joyni qashiydi, — dedi Ramazon undan avval pichoqni olib ko‘rpachaning ostiga tiqarkan.
— Qashisa, menikini qashimasin-da, sizlar ham uning tarafini olasizlar! Ramazon, men ko‘rganni kuchuk ham ko‘rmasin, jo‘ra! Qamalishimning sababi bor. Urush oxirlab qolgandi. Ramad chol rais edi. Chopar yuborib, bitta qo‘chqor so‘ratdi. Yo‘q, demadim. Hozir kech, ertalab cho‘liq boladan berib yuboraman, dedim. Hafta o‘tmay qo‘chqor so‘raydi. Bilmadim, bu enag‘ar kimini qo‘chqorga qo‘yadi. Xat qilib ber, desam bermaydi. So‘kadi. Ayamay shotirlariga aytib urdiradi. Nima emish, kattalar kelarmish.
Bir kuni cho‘liq boladan katta qo‘chqor berib yubordim. O‘zimnikini. Qosh qoraygach, poylab raisnikiga bordim. Kattalardan hech kim yo‘q. Uy to‘la odam, hammasi o‘zining oshnalari. To‘g‘ri bostirib kirdim. Meni ko‘rib, shoshib qoldi. O‘tir ham demadi. Ikki qo‘liga tiralib shunday turdi. U qo‘lini musht qilib, yerga tirab, qaddini ko‘tarib ko‘rsatdi. “Kolxo‘zdi molini kimga tashlab kelding, eshshak”, dedi o‘kirib. Meniki ham qo‘zidi. “Qishloqqa bo‘rilar oralagan emish, yeb to‘ymas emish, bir ko‘ray shularni, deb keldim”, dedim.
— Quy anovidan, deb aroqni ko‘rsatdi mirshab bolaga. U quydi, men ichmadim. “Ich”, dedi. Ichmadim. Atrofdagilar gij-gijladi. Rais aroqni olib, yuzimga sepdi. Bir-ikkita mirshab bola meni bosib olib, qo‘limni qayirib bog‘lashdi. Galalashib urdi. Ertasiga suruvni taftish qilib, yegan qo‘ylarini bo‘ynimga bosib, qamatib yubordi. O‘z elimga dushman bo‘ldim. Endi bildingmi, bo‘tako‘z!..
Qodirboy otasining hikoyasini tinglab yotib “uh” tortib yubordi.
— Shunday odamlar ham bo‘lgan, o‘g‘lim. Qishloqni ana shunday mard, elparvarlar obod qiladi. Ular o‘zini o‘ylamagan. Mayli, biroz mizg‘iylik. Ha demay tong otadi.
Chol yonboshlagan ko‘yi egniga yopinchig‘ini tortdi. Necha kundan beri kiprik qoqmay to‘lg‘anib chiqadigan otasi zum o‘tmay boladay pishillab uxlab qoldi. Qodirboy esa ancha vaqt kiprik qoqmay derazaga qarab yotdi. Osmonning tubi oqara boshlagan edi.