Men har safar Munavvar kelinoyimni eslaganimda keyinchalik ro‘y bergan bu og‘ir voqea emas, dilimda sal ma’yus va iliq hislar uyg‘ongan yoz kuni esimga tushadi.
…Buvimning sersoya bog‘i qarindosh-urug‘larimizga, tog‘amning yor-birodarlariga to‘lgan: birov o‘choq qurmoqda, birov o‘tin yormoqda, birov hovliga suv sepib, so‘riga palos yozmoqda. Kechqurun to‘y!
Bu shodiyonadan hamma xursand, men ham yig‘ilgan bolalarga qo‘shilib shov-shuv ko‘taraman, dam shotutga o‘rmalab, kaptar uyalaridan tuxum qidiraman…
To‘satdan mirzaterakka chirmashib o‘sgan aymoqi tok orasidan buvimning boshi ko‘rinadi. U meni imlab chaqiradi, qo‘lidagi ro‘molidan do‘ppimga ikki-uch bosh chillaki uzum soladi:
— Bor, mehmonxonaga eltib ber. Tog‘ang bilan kelinoying… tatib ko‘rishsin.
Men do‘ppimni ko‘kragimga bosib mehmonxonaga qarab chopmoqchi bo‘laman, lekin buvim qo‘limdan ushlab to‘xtatadi, yon-veriga qarab sekin deydi:
— Mabodo… «o‘tir», deyishsa, o‘tirmagin tag‘in. Bir nafas bo‘lsayam birga bo‘lishsin. Ertaga… — Buvim, lablari pirpirab, gapirolmay qoladi, ro‘molining uchini ko‘ziga bosadi-yu, imo qiladi: — Bor!
…Tog‘am ertaga urushga ketadi. U kecha kechqurun kelinoyimni Toshkentdan «olib qochib kelgan». Qulog‘imga chalingan shivir-shivirlarga qaraganda, ular institutda birga o‘qishar ekan. Kechasi uyimiz xotin-xalajga to‘lib, kelinoyimni ko‘rolmagan edim, bugun ertalab podadan qaytayotib, buloq boshida ko‘rib qoldim.
Tog‘am buloq bo‘yiga cho‘nqayib, yuzini yuvar, kelinoyim esa egnida atlas ko‘ylak, boshida chetlariga gunafsha rang gul tikilgan ipak durra, yelkasida sochiq, qo‘lida chelak, uning yonida turardi.
Kelinoyim novcha, hatto tog‘amdan ham novcharoq, — men buni tog‘am yuvinib bo‘lib, qaddini rostlaganida payqadim, — uzunchoq yuzli, nozikkina qiz edi. Meni ayniqsa uning xiyol ma’yus qora ko‘zlari hayratda qoldirdi. Umuman uning butun vujudida, ochiq, muloyim chehrasida, o‘ychan tikilib turishida bo‘lakcha bir g‘amginlik bor edi.
Men ularga sezdirmay o‘tib ketmoqchi edim, tog‘am ko‘rib qolib, oldiga chaqirib oldi.
— Mana, tanishib qo‘ying, Munavvarxon, — dedi u.— Boya sizga aytgan jiyanim Mansurpolvon shu yigitcha bo‘ladi. Men ketganda birov sizni ranjitadigan bo‘lsa… shu yigitga aytib qo‘yasiz…
Kelinoyim chelakni chap qo‘liga olib, o‘ng qo‘lini menga cho‘zdi, qoshlarini chimirib, muloyim jilmaydi.
— Shunaqami? Tog‘angiz ketganda meni birov xafa qilsa… yon bosasizmi menga, Mansurjon?
Men qizarib nimadir deb, g‘udrandim. Mening o‘rnimga tog‘am javob berdi:
— Yon bosish ham gapmi, sizni ranjitgan odamning kallasini oladi jiyanim, labbay?
Kelinoyim menga qarab ko‘zini qisdi:
— Qo‘ying, hammani o‘zingizga o‘xshagan zo‘ravon deb o‘ylamang!
Tog‘am qah-qah otib kuldi. Men esam, ko‘nglim ajib bir hislarga to‘lib, o‘zimni boqqa urdim. O‘shandan beri ko‘z oldimdan kelinoyimning o‘ychan chehrasi, qulokdarimdan erkalab aytgan gaplari ketmas edi.
… Qishloqi soddalikni qarang! Xayolimda hech narsa yo‘q, chopganimcha borib mehmonxonaning eshigini sharaqlatib ochibman! To‘rda o‘tirgan kelinoyim cho‘chib o‘girildi. Tog‘am boshini kelinoyimning tizzasiga qo‘yib, sochlarini o‘ynab yotgan ekan, o‘zini chetga oldi-yu, meni ko‘rib yana tishlarini yarqiratdi:
— E, senmisan, polvon? Ke?
— Ha, shu… buvimlar uzum berib yubordilar…
— Buvinglarmi? — yana kuldi tog‘am. — Qani, opke, uzum bo‘lsa, maza qilib tushiraylik bir.
Men uzumni ularning oldidagi dasturxonga qo‘yarkanman, kelinoyimning ko‘zlarida halqa-halqa yosh ko‘rdim. Uzumni qo‘yib, darhol orqamga qaytmoqchi edim, kelinoyim ko‘rsatkich barmog‘i bilan ko‘z yoshlarini sidirib tashladi-da, qo‘limdan ushladi.
— O‘tiring, Mansurjon, birga uzum yeymiz.
Tog‘am ham istar-istamas taklif qildi:
— O‘tir!
U bir bosh uzumni kelinoyimga tutarkan, menga ko‘zini qisdi:
— Bilasanmi, nimaga yig‘layapti kelinoying! To‘y eskicha bo‘lsin emish, chimildiqqa kirarmishlar…
— Ha, kirmoqchiman, — dedi kelinoyim.
— Ikki bukilib amma-xolalaringga salom bermoqchi emishlar…
Kelinoyim uchun, ingichka barmoqlari bilan uzum donalarini bitta-bitta uzib og‘ziga solarkan:
— Nega kulasiz? — dedi. — Umrimizda bir marta bo‘ladigan to‘y, hammasini ko‘rsam deyman. Oyim bechoraniyam xafa qilmang. Mayli, chimildiq tutishsin, «kelin salom» qilishsin, qizlar lapar aytishsin…
— Ana xolos! Sal kam oliy ma’lumotli kelinoyingning gaplariga qara!..
— Oliy ma’lumotli bo‘lsam nima bo‘pti? Axir siz ertaga urushga…
Kelinoyim gapirolmay yuzini chetga burdi.
— Xo‘p, xo‘p, taslim bo‘ldik, azizim! Mayli, chimildiqqayam kiring, amma-xolalarniyam xursand qiling. Faqat yig‘lamang, jonim. Qani, ko‘z yoshingizni arting, bir jilmaying!… — Tog‘am kulib kelinoyimning sochlaridan tortqiladi. Lekin u ham to‘lib turgani, o‘ziga dalda berish uchungina zo‘raki kulayotgani shundoq sezilib turardi… Ko‘nglim bir xil bo‘lib, sekin chiqib ketdim…
Oqshom to‘y bo‘ldi. So‘lim yoz kechasi qishloq bog‘lari ustida ma’yus kuylar, ayriliq hislariga to‘la hazin laparlar yangradi. Kelin kelayotganda (uni qo‘shnimiznikidan chiqarishdi), darvoza oldiga gulxan yoqishib yigitlar yo‘lga arqon tutishdi. Buvim, qo‘lida bir hovuchcha tanga, dam yig‘lab, dam kulib, kelinning bo-shidan pul sochdi. Qiz-yigitlar ayriliq va hijron alamini tamom unutmoqchi bo‘lganday, tong otguncha o‘yin qilishdi. Ertalab esa guzarga yig‘ilgan xaloyiq tog‘am boshliq o‘ttiz nafar yigitni ko‘z yoshi va duolar bilan kuzatib qolishdi…
Tog‘am ketgandan keyin kelinoyim o‘zini qayoqqa urishini bilmay, olamga sig‘may qoldi. U xuddi olis va notanish joyga tushib qolgan kiyik bolasiga o‘xshar, atrofida girgitton bo‘lgan qarindosh-urug‘lar bilan, hatto buvim bilan ham ko‘p yozilib gaplashavermas, aksariyat bog‘ni yolg‘iz kezar, katta-katta ko‘zlarini olis-olislarga tikib uzoq o‘yga cho‘mar edi.
Men ba’zan unga har xil kitoblar olib kelib berardim. U kitobni minnatdorchilik bilan olar, meni erkalar, lekin juda kam o‘qir, yo o‘qiy boshlasa ham yarmiga yetmasdanoq yopib qo‘yar edi. Faqat tog‘amdan xat kelgan kunlari ko‘zlari charoqlab, yashnab-yayrab ketar, katta bog‘ning goh u yeri, goh bu yeridan uning mayin xirgoyisi eshitilar edi…
Shu zaylda bir hafta o‘tdi. Keyin, o‘qish boshlanguncha (u maktabga ishga joylashgan edi), uyda «yuragim siqilib ketadi», deb dashtga, bug‘doy o‘rog‘iga chiqib ketdi.
Buvim qancha qistamasin, yalinib-yolvormasin, kelinoyim to o‘qish boshlanmaguncha dashtdan qaytmadi. Men har kuni bo‘lmasa ham, ikki-uch kunda bir xo‘tigimga minib, buvim bergan ikki-uchta to‘qach, qo‘rda ko‘milgan uch-to‘rtta jo‘xori so‘tasi, bir tovoq somsa va bir xurmacha qatiqni xurjunga joylab, dashtga, uning oldiga jo‘nardim.
Kelinoyim, og‘ir mehnatga o‘rganmagan shahar qizi emasmi, sal o‘tmasdanoq ozib-qorayib ketdi. Qiynalib qolgani shundoq sezilib tursa-da, buvimning «salomlariga» kulib javob berardi:
— Oyimlarni tinchitib qo‘ying. Mansurjon, «qiz-juvonlar orasida tuppa-tuzuk yuribdi», deng!..
Men unga dil-dilimdan xayrixoh edim. Qishlokda kecha-kunduz pochtachinig yo‘liga tikilib, o‘zi bilan o‘zi olishib yotgandan ko‘ra, bu keng dashtda hamdard, hamnafas tengdoshlari orasida hasratlashib, ular yig‘lashsa yig‘lab, kulishsa kulib yurgani yaxshi emasmi?
Dashtdagilarning ko‘pchiligi xuddi kelinoyimday hijron dog‘idan qalblari kabob yosh-yosh qiz-juvonlar edi. Ular, xuddi hamma alam, hamma iztiroblarini mehnatdan olmoqchi bo‘lganday, o‘chakishib, jon-jahdlari bilan ishlashar, kechalari esa tun yarmigacha keng dashtni zir titratib mungli laparlar aytishar, frontdagi yorlariga atab qo‘shiqlar to‘qishar, sodda, lekin bo‘lakcha bir samimiyatga to‘la xatlar yozishar edi… Kelinoyim qizlarning iltimosi bilan ba’zan ularga «chiroyliroq» xatlar yozib berar, ba’zan she’rlar to‘qir, shuning uchun ham hamma uni yaxshi ko‘rar edi.
Kelinoyim meni ko‘zi to‘rt bo‘lib qarshi olar, chunki tog‘amning xatlarini aksariyat men olib kelar edim.
Bunday paytlarda kelinoyim dag‘allashib qolgan kich-kina kaftlari bilan boshimni mahkam ushlab, ko‘ksiga bosar, peshanamdan o‘par, «Mening chin g‘amxo‘rim, xaloskorim!» deb erkalar, men esam uning yashnab ketgan chehrasini, sevinchdan chaqnagan tim qora ko‘zlarini ko‘rganimda boshim osmonga yetar, unga ko‘proq yax-shilik qilsam, uni ko‘proq quvontirsam der edim.
Kelinoyim shu ketgancha dashtdan o‘qish boshlanish arafasida qaytdi. Lekin o‘qish bir hafta davom etar-etmayoq maktab yopilib, hamma paxta terimiga chiqib ketdi. Xuddi shu orada, sentyabrning o‘rtalarida to‘satdan tog‘amdan xat uzilib qoldi.
Tog‘am so‘nggi xatida: «Erta-indin urushga kiramiz» degan edi, shu-shu xat to‘xtadi-qoldi.
Oradan o‘n besh kunlar o‘tganda tog‘am bilan birga jangga kirgan bir hamqishloq yigitdan xat keldi. U yigitning yozishicha, tog‘am yarador bo‘lib, uni gospitalga olib ketgan emish. Yigit buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytgan va tog‘amning adresini so‘ragan edi. Bu xat qorong‘i tunda oftob chiqqanday hammaning dilini umidga to‘ldirdi, ko‘zlari yana pochtachining yo‘liga tikildi. Lekin oradan yaqin bir oy fursat o‘tdi hamki, tog‘amdan darak bo‘lmadi. Bu o‘rtada haligi hamqishloq yigitga — uning o‘zi ham yarador bo‘lib, gospitalga tushgan edi — qancha-qancha xatlar yozildi. U yigit tog‘am yarador bo‘lganini, sanitarkalar uni okopdan ko‘tarib olib chiqib ketganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini yana ta’kidladi. Lekin bundan nima foyda? Tog‘amdan hamon darak yo‘q edi.
Kelinoyim dastlabki paytlarda o‘zini ancha dadil tutdi, umidsizlikka berilmaslikka harakat qildi. Lekin kunlar o‘tgan sayin ezilib, axiri juda bo‘shashib ketdi. Ayniqsa, hamqishloq yigitning xatlariga qara-may, gospitaldan dom-darak bo‘lmagach, tamom ruhi so‘nib, ko‘ngli cho‘kib qoldi.
U daladayam qo‘li ishga bormay, allaqanday parishon yurar, arzimagan narsagayoq yosh boladay lablari titrab, ko‘ziga milt-milt yosh olar edi. Har kuni tushda, xuddi xat kelsa darrov xabar berishmaydiganday, meni uyga jo‘natar, so‘ng, rangi qochib, ko‘zlari mo‘ltirab, yo‘limni poylardi. Men uchun uning umid bilan javdirab turgan katta qora ko‘zlariga qarab «yo‘q» deb bosh chayqashdan katta azob yo‘q edi!
Odatda men uning ko‘zlariga qarashga jur’at etolmay olisrokdan indamay o‘tib ketardim, keyin uning tergan paxtalarini xirmonga tashirkanman yo ariq bo‘yidan sigirga pichan o‘rarkanman, axir bir kun tog‘amdan xat kelishini va men bu xatni uzoqdan ko‘rsatib, chopib kelishimni orzu qilardim. Yursam-tursam ko‘z oldimdan shu manzara ketmas edi: kelinoyim xatni ko‘rganda albatta quvonchdan yig‘lar, keyin kuladi, so‘ng meni quchoqlab bag‘riga bosadi va biz hozirgidan ham inoq va mehribon bo‘lib qolamiz!..
Men kelinoyim deymanu, biroq undan ham buvimga qiyin edi. Har kuni kechqurun kelinoyim daladan qaytishi bilan mehmonxonaga kirardi-yu, o‘zini sim karavotga tashlab yotib olardi, u ko‘zini shiftga, bir nuqtaga tikib soatlarcha yotar, buvim esa, usiz ham yuragi laxcha cho‘g‘, qanday qilib uning ko‘nglini olishni bilmay, ich-ichidan zil ketar, dam «noumid shayton, sabr qil, bolaginam!» deb koyigan bo‘lar, dam o‘zi bog‘ni gir aylanib, yum-yum yig‘lar, nazarimda, u hammadan ko‘ra kelinoyimning ketib qolishidan qo‘rqar edi.
Noyabrning o‘rtalari edi. Lekin hali sovuq tushmagan, kunlar ilk kuzdagiday iliq, daraxtlarning tagi xazondan gilam to‘shalganday qip-qizil, yalang‘och bog‘lar allaqanday ma’yus va sokin tuyuladi…
Ertalab tegirmonga borish uchun xo‘tigimni egarlayotib oshxonadan kelinoyimning xurram ovozini eshitib qoldim.
— Oyijon! Meni aytdi dersiz — bugun xat keladi, — der edi u. — Tush ko‘rdim. O‘g‘lingiz ot o‘ynatib kepti.
— Inshoollo, aytganing kelsin, bolam…
Bir lahzadan keyin kelinoyim, ozg‘in yuzi allaqanday yorishib ketgan arpa aralash jo‘xori solingan to‘rvani buvim bilan ko‘tarishib chiqdi. Qopni xo‘tikka ortishga yordamlashar ekan:
— Tezroq qayt, jon qaynim, — deb kuldi. — Bugun qovoq somsaga to‘yib, bir yayraylik!..
Men ham ko‘nglim suv ichganday bo‘lib xo‘tigimni choptirib ketdim. Tush bo‘lmasdanoq jo‘xorini torttirib qaytib kelganimda uyda hech kim yo‘q edi. Unni oshxonaga tushirib, xo‘tigimni yetaklab soyga ketdim.
Soyga yaqinlashib qolganimda keksa shotut tagidagi ulkan qabr oldida o‘tirgan buvimga ko‘zim tushdi. Buvim bu qabrni avliyo der, har shanba uning ustidagi quloch yetmaydigan arxar shoxiga oq latta bog‘lab, kechalari uning mehrobiga moychiroq yoqardi.
Buvim, tagida namat, xuddi erkaklarday cho‘kkalab o‘tirar, lablari nimanidir pichirlar, aftidan, av-liyoga iltijo qilar edi.
Men buvimni ilgarilari ham bir necha marta shu ahvolda ko‘rgandim, lekin u odatda bomdod yo aksincha, namozshom paytlari shunday qilardi, bugun esa… tol tushda!..
Ko‘nglim bir xil bo‘lib soyga chiqdim, chiqdimu, yana dilim yorishib ketdi. Soyda, tollar orasidagi buloq bo‘yida kelinoyim qatiqlangan sochini suvga chayib o‘tirardi.
U meni ko‘rib beliga tushadigan mayin sochlaridagi suvni sidirib tashladi, tez turmaklab, o‘rnidan turdi.
— Darrov qaytib qolibsan, qaynim? Hozir qalampir solib shunaqa bir qovoq somsa qilayki, mazasi og‘zingda qolsin!
U tog‘orasini ko‘tarib boqqa kirib ketdi, men esa xo‘tigimni tushovlab soylikka qo‘yib yubordim-da, buloq bo‘yidagi qurib-qovjirab qolgan o‘tga cho‘zildim.
Qani endi kelinoyimning tushi o‘ngidan kelsa-yu, pochtachi menga bir xat tashlab ketsa! Men uni chopa-chopa kelinoyimga eltib bersam, uyimiz ustiga yig‘ilgan qora bulutlar tarqab, oftob chiqqanini ko‘rsam!
Sekin qaddimni rostlab boqqa qaradim. Shotutning tagida buvim ko‘rinmas edi. Men avliyo boboning qabri yoniga borishga iymanib, uning ro‘parasiga tiz cho‘kdim. Ko‘zlarim o‘z-o‘zidan yumilib, bolalikdagina bo‘ladigan bo‘lakcha bir samimiyat va ehtiros bilan pichirladim:
— E, qudratli, shafqatli, mehribon avliyo bobo! Tilagimni qabul qil! Kelinoyimning tushi rostga chiqsin! Mehribon buvim bilan kelinoyimning ko‘z yoshlarini quritgin, boshlariga tushgan g‘am-g‘ussadan soqit qil ularni, e, mehribon, qudratli bobo!..
Qulog‘imga «Pochtachi! Pochtachi!» degan ovozlar, kirganday bo‘ldi. Cho‘chib ko‘zimni ochdim. Qichqirayotganlar — soyda sigir boqib yurgan bolalar edi. Pochtachi — bilagidan snaryad parchasi uzib ketgan qo‘li qizil tayoqqa o‘xshab qolgan yosh yigit — shalpang quloq eshagini «xix-xix»lab soyning o‘rtasida biz tomonga qarab kelardi.
Vahimali, ayni zamonda kuz oftobiday iliq bir tuyg‘u vujudimni chulg‘ab oldi. Shu topda men pochtachi biznikiga yo‘l olganiga, tog‘amdan xat olib kelayotganiga zig‘irday ham shubha qilmasdim!
O‘rnimdan sakrab turdim. O‘sha vahimali va qaynoq tuyg‘uga bo‘ysunib boqqa otildim.
— Buvijon! Kelinoyi! Xat! Tog‘amdan xat!
Uydan oldin qo‘llari xamir buvim yugurib chiqdi, uning ketidan bir qo‘lida taroq, bir qo‘lida ko‘zgu, sochlari parishon kelinoyim ko‘rindi. Rangi devor, sochlari yozilgan, u yonimdan o‘tib, men ko‘rsatgan tomonga chopib ketdi, uning orqasidan xamir qo‘llari bilan yelkasiga tushgan ro‘molini to‘g‘rilay-to‘g‘rilay buvim yugurdi. Uchinchi bo‘lib men chopdim. Lekin pochtachining biz tomonga burilmasdan.qo‘shni boqqa o‘ta boshlaganini ko‘rdim, ko‘rdimu, allaqanday sovuq bir hisdan a’zoyi badanim muzlab, beixtiyor to‘xtab qoldim.
Buloq boshiga borib qolgan kelinoyim oftobda ko‘zgusini charaqlatib qo‘lini siltadi:
— Sho‘ttan uzata qoling xatni! Sho‘ttan… Ketma-ket buvim ham yetib bordi, hansirab-entikib dedi:
— Voy, qadamingga hasanot, pochtasi o‘g‘lim! Xatni berginu, o‘zing darvozadan aylanib kira qol. Qovoq somsa qilayotuvdim, nasibangni yeb, suyunchingni opket, bolam…
Pochtachi eshagini to‘xtatdi. Xuddi soqolini silamoqchi bo‘lganday qizil tayoqqa o‘xshagan qo‘lini qimirlatib qo‘ydi, so‘ng yuzini chetga burib po‘ng‘illadi:
— Qaysi xatni aytasiz?
— Xat-da, xat. O‘g‘limdan kelgan xatni aytaman, bolam!
Pochtachi boshini ko‘tarmasdan:
— Nima qilay, — dedi sekin. — Xat o‘g‘lingizdan emas, gospitalning nachalnigidan ekan, xolajon. Biz uni… qishloq kengashining raisiga topshirdik…
Kelinoyim yalt etib menga qaradi. Uning ko‘zlarida shunday bir qo‘rquv, shunday bir dahshat bor ediki, men hech qachon o‘rni to‘lmaydigan yomon bir narsa ro‘y berganini his qildimu, o‘rnimda qoqqan qoziqday qotib qoldim. Buvim esa hamon hech narsaga tushinmay:
— Voy, tentak-ey, — dedi kulib. — Uning boshlig‘idan xat keladi-yu, qishloq kengashiga berasanmi, bolam?
Pochtachi xuddi poygadan qolgan chavandozday jon-jahdi bilan eshagini savalab yo‘liga ravona bo‘ldi. Buvim uning ketidan yugurmoqchi bo‘lgan edi, kelinoyim alam to‘la bir ovozda:
— Oyijon! — deb qichqirib yubordi. — Oyijon!.. Qo‘ying! Kerakmas! — U shunday dedi-da, menga o‘girildi, lablari titrab: — Topgan xushxabaring shu bo‘ldimi? — dedi-yu, nafasi yetmay tomog‘ini siladi.
Men uning titragan lablariga qaray olmay boshimni egdim.
— Kechirasiz, — dedim o‘pkam to‘lib. — Men… men yaxshi niyat bilan sizga yaxshilik qilsam deb…
— Yaxshilik! — kelinoyimning ko‘zlari oldin jiqqa yoshga to‘ldi, so‘ng birdan o‘t chaqnadi: — Topgan yaxshiliging shu bo‘lsa… Yo‘qol ko‘zimdan! Yo‘qol!
U bolta tekkan yosh niholday ikki bukilib, oyog‘i ostidagi tikonga tiz cho‘kib qoldi. Boyatdan beri hushini yo‘qotib, bir keliniga, bir menga qarab turgan buvim unga otildi, men esam o‘zimni daraxtzorga urdim…
Sal o‘tmay qishloq kengashidan odam chiqdi, bir lahzada xotin-xalaj yig‘ilib qiy-chuv, yig‘i-sig‘i boshlandi. Bir haftagacha buvimning uyidan odam arimadi, kechayu kunduz yig‘i tinmadi. Lekin hech kim, hatto buvim ham meni eslamadi. Men bir haftagacha dodimni aytadigan tirik bir jon topolmay o‘zim bilan o‘zim olishdim. Axir… men chindan ham kelinoyimni dil-dilimdan yaxshi ko‘rganim uchun, uni bir quvontirish uchun, unga yaxshilik qilish uchun shunday qildim-ku! Xuddi shu kuni, xuddi shu soatda qora xat kelganini qayoqdan bilay axir? Nahot kelinoyim buni tushunmasa?
Nihoyat, bir haftadan keyin buvim o‘zi meni chaqirib oldi. Men uning allaqanday cho‘kib qolgan jussasini, bir parcha bo‘lib qolgan yuzini ko‘rdimu, o‘zimni uning bag‘riga otib, yig‘lab yubordim.
Men buvimga ko‘nglimdagi bor dardimni aytdim. Kelinoyimning diliga ozor berish uchun emas, tog‘amdan kelganiga ishonganim uchun, azbaroyi kelinoyimni quvontirish uchun shunday qilganimni, kelinoyimni hamon yaxshi ko‘rishimni, kerak bo‘lsa undan jonimni ham ayamasligimni gapirib berdim…
Mehribon buvim! U mening iztiroblarimga tushundi. Kelinoyim bilan gaplashadigan bo‘ldi, yig‘lay-yig‘lay peshanamdan o‘pib, boshimni silab tinchitib qo‘ydi.
Bilmadim, buvim kelinoyim bilan gaplashdimi, gaplashgan bo‘lsa u nima dedi, lekin kelinoyim bir martaba ham menga qayrilib qaramadi.
Egnida ko‘k ko‘ylak, boshida ko‘k ro‘mol, u yaqin bir oy motam tutdi. Ko‘nglim xufton, men kechayu kunduz uning yo‘lini poyladim, bir og‘iz so‘ziga zor, uydan chiqqanida ko‘zlariga tikildim, lekin u har safar meni ko‘rganda uzoqdan teskari burilib ketar edi. Bir oydan keyin kelinoyim o‘z eliga ketadigan bo‘ldi. Qarindoshlarimizdan bittasi xo‘jalikdan arava so‘rab chiqdi. Men loaqal xayrlashar, aqalli yaxshi kunlar xotirasi uchun bir og‘iz bir gap aytar, degan umidda ertalabdan yo‘lini poyladim.
Yig‘i-sig‘idan yurak bezor, kelinoyim bilan buvimning xayrlashganini ko‘rmaslik uchun soy bo‘yiga, birinchi bor tog‘am bilan kelinoyimni uchratgan buloq boshiga borib turdim. Arava qo‘zg‘alib, buloqqa yaqinlashganida sekin yo‘lga chiqdim. Kelinoyim, egnida qora palto, boshida qora shol ro‘mol, pichan to‘shalgan shotili aravada menga teskari qarab o‘tirardi.
…Nahot kechirmasa? Nahot bir marta qayrilib ham qaramasa? Aqalli xayrlashmasa?.. «Kelinoyi! Menga bir qarang! Mening dardimga quloq soling! Nima qilay, shunday bo‘ldi!.. Xohlasangiz meni uring, o‘ldiring, biroq… bir og‘iz bir nima deng! Men sizni… shunday yaxshi ko‘raman, shunday yaxshi ko‘raman!..»
Oramiz yaqin qolganda meni ko‘rgan aravakash chol kelinoyimga bir nima dedi. Kelinoyim sekin burilib qaradi, qaradi-yu, yana teskari o‘girildi. Nazarimda, uning yig‘idan qizarib, shishib ketgan ko‘zlari qayta yoshga to‘lganday bo‘ldi.
Arava yonginamdan o‘tib ketdi. Men, dilim qon, unga iltijo qilganimcha orqada qoldim, Arava muyilishdan burilib ketdi, kelinoyim hatto qo‘lini ham siltamadi. U mening «yaxshiligim»ni kechirmagan, kechirolmagan edi.
1965 yil.