Odil Yoqubov. Xol (etyud)

Rahmatli buvim ona tovuqqa o‘xshagan, nevara, evara, chevaralarini bag‘ridan chiqarmaydigan, mehribon, muloyim bir kampir edilar.
U kishi yoshligida xushro‘y bo‘lganlar, ko‘zlari katta katta, labining ustida, burnining chap tomonida no‘xatdek qora xoli bor edi.
Uzun qish kechalari biz buvimlarning boshidan kechirgan sarguzashtlarini, birinchi eridan chekkan jafolarini (u kishi uch marta turmush qurgan, shuning uchun ham nevaralari uyiga sig‘mas edi!) etimiz jimirlab eshitardik. Esimda bor, bir kuni katta xolamning bo‘yiga yetgan qizi kampirni quchoqlab:
— Buvijon! — dedi erkalanib. — Koshkiydi, xudo shu husni-jamolingizni, mana bu qora xolingizni menga bersa!
Buvim boshini chayqab kulimsiradilar, so‘ng:
— Hasad qilmay qo‘yaqol, jon qizginam! — dedilar ma’yus. — Bu hol o‘lgur boshimga qanaqa savdolarni solmagan, aylansin buving!