Abdulla akaning «O‘tmishdan ertaklar» asari muhokamasida bir masala ustida qattiq munozara bo‘ldi.
Asarda, munozara ishtirokchilarining tili bilan aytganda, bitta «nozik» joy bor: qishloqda usta Qahhorning nafasi o‘tkir emish, — degan gap tarqab ketadi-yu, kasalga chalingan qiz-juvonlar uning hujrasiga serqatnov bo‘lib qolishadi. Shu sababdan qishloqda har xil mish-mish gap tarqab, janjalga aylanadi va axir-oqibat usta Qahhor istiqomat qilib turgan joyidan ko‘chishga majbur bo‘ladi.
Muhokama qatnashchilarining aksariyati bu epizod usta Qahhor obraziga putur yetkazadi, — degan bahonada Abdulla akadan uni asardan olib tashlashni iltimos qilishdi. Men asar chiqqandan keyin ham bir-muncha odamlar bu epizoddan norozi bo‘lib yurganlarini, «Axir bu voqealar yoshlarimizga ibrat bo‘lolmaydi-ku!» deganlarini eshitdim.
Bizning adabiy muhitimizda shu yo‘sindagi gaplar ko‘p bo‘ladi. Nega? Masalaga bu tarzda yondashish realizm an’analariga yot-ku? Ulkan realistik adabiyot bunaqa «nozik» voqealarni tasvirlashdan hech qachon «qochgan» emas.
Bittagina misol: M. Sholoxovning «Tinch don» romanida Aksinyani o‘z otasi zo‘rlaydi, Mitka Korshunov Natalyani ta’qib etadi, Darya qaynatasi Panteley Prokofevichga osiladi. Qalampir ta’mi keladigan bunaqa joylar romanda ancha-muncha bor…
Shubhasiz, «Tinch Don»ni olamga mashhur qilgan narsa bunaqa «yalang‘och» joylar emas, lekin romanning bu joylarini olib tashlang-chi, asar, achchiq bo‘lsa ham, bo‘lakcha «maza» berib turgan bir ta’mdan, qalampir ta’midan mahrum bo‘lmasmikan? Albatta, qalampir hammaga ham yoqavermaydi, biroq… nega endi bitta-ikkita me’dasi buzuq oshxo‘rlarni deb, xushbo‘y, serqalampir osh o‘rniga, bo‘tqa shovla yer ekanmiz?