Nurulloh Muhammad Raufxon. Oq bino oqshomlari (hikoya)

Hafizalarning uyi Tuyulning chiqaverishida, Jaloyirning kiraverishida joylashganidan bu uydagilar ikkala qishloqqa ham birday edi. To‘ygami, ma’rakagami — ikkala yoqqa ham boraverishar, begonasirashmas edi. Qolaversa, bu qishloqlarning oti bo‘lak, maktabi bo‘lak, xolos, qabristoni qariyb bir-biriga ulanib ketgan.

Hafiza to‘rt sinfni Jaloyirda o‘qidi, beshinchi sinfdan otasi negadir u bilan ukasini Tuyuldagi maktabga berdi. Dastlab yangi sinfdoshlariga aralashib ketishi qiyin bo‘ldi, ayniqsa, tuyullik qizchalar Hafizani anchagacha oraga qo‘shmay, o‘zlariga yaqinlashtirmay yurishdi. Bo‘lar-bo‘lmasga g‘ijillashib qolishsa, «Jaloyirdi jinnisi» deb uni masxaralashar edi. Bora-bora bu gaplar unutildiyu, lekin Hafizaning mitti yuragida ko‘rinmas g‘ubori qoldi. Shundanmi, odamoviroq bo‘lib o‘sdi. Necha marta onasiga yig‘lab berdi. Hatto bir safar otasiga: «Biz o‘zi qaysi qishlokdanmiz?» deb zarda qildi. Otasining «Ikkala qishloq ham o‘zimizniki, o‘rtada begonasi yo‘q», degan javobidan esa ko‘ngli to‘lmadi. Vaqtni oralatib, yana onasiga yig‘ladi. «Tayinli bir o‘rtog‘im yo‘q meni», deb o‘ksindi. Onasi otasidan oshirib bir nima dermidi? Qo‘yaver, qizlarning ming‘ir-ming‘iri—sening shimildirig‘ing, deb Hafizani yupatib yurdi…» Ha, qizlar ko‘proq hasad qilganlaridan bir-birlariga ozor berishadi, hasad qilishayotgan ekanmi, demak, sen ulardan ustunsan!» Bunisini onasi aytmagan, bunisini yettinchi sinfdami o‘qiyotganida o‘zi o‘ylab topgan. Shundan ko‘ngli ko‘tarilib, qizlarning shivir-shivirini parvoyiga ilmasdan, o‘qishini o‘qiyverdi.
Lekin, oradan yillar o‘tib, bitta bolali bo‘lib, dugonasi bilan sirlashib o‘tirganida dilidagi o‘sha ilk armonini baribir aytdi.
«O‘zi men boshidan ikkiga bo‘linib qolganman, — dedi mijjalarini artib, — endi o‘lganimdayam o‘nglanmasam kerak».
Dugonasi bu dunyoda Hafizaning yakkayu yagona sirdoshi edi.
«Sen chiroylisan, Hafiza — hamma balo shunda!» dedi o‘sha sirdoshi har galgidek tap tortmay.
«Nima qil deysan? Yuzimni yumdalab tashlayinmi?» «Yuzni yumdalagan bilan ish bitmaydi. O‘rtada bolang bor, ko‘zingni och, deyapman, xolos».
«Buni o‘zim ham bilaman. Menga o‘shanaqa — ko‘zimni ochadigan maslahat berginda bo‘lmasa!»
«To‘g‘risini ayt: mabodo hammasi qayta boshlanganida kimga tegar eding?»
«Sharif akamga!» dedi Hafiza o‘ylab ham o‘tirmay. «Unda… Avaz aka-chi?»
«Bilmadim… — Hafiza tutilib qoldi. —Rostini aytsam, tag‘in baribir shunday bo‘lardi, shekilli…» «Unda mening maslahatim senga kor qilmaydi». Jaloyirdan Tuyuldagi maktabga ko‘chib o‘tganining boisini ham Hafiza erga tegib, bitta bolali bo‘lgandan keyin bildi. Onasi aytdi.
— O‘shanda Jaloyirdagi maktabdi diriktiri — u yuzsiz dadangdi oshnasi edi — o‘ninchi sinfda o‘qiydigan bitta qizni buzib qo‘ygan. Rostiniyam, yolg‘oniniyam bir kimsa bilmaydi, dadangga bo‘lsa, o‘zi maqtanib aytganmish. Dadangdi bilasan-ku, jahli burnining uchida turadi,— dedi onasi nima sababdandir o‘sha olis voqealarni xotirlab. Mening bolalarim sening harom maktabingda o‘qib olim bo‘ladigan bo‘lsa, kechdim beradigan ilmingdan, debdi dadasi va shundan keyin Hafiza bilan ukasini Tuyulga ko‘chirgan ekan. Hafiza buni eshitdiyu miyig‘ida kuldi-qo‘ydi.
…Hafizaning odamoviligi o‘zi bilan, chekkadan qaragan kishi nazarida esa, u haddan tashqari chiroyli, istarali, haddan tashqari yoqimtoy qiz bo‘lib voyaga yetar edi. Bunaqasi ikkala qishlokda ham yo‘q edi, ikkala qishloq ahli ham bunaqasini umrlarida ko‘rmagan edi. Buni Hafizaning o‘zi ham sezib, his qilib ulg‘ayardi. Buni ayniqsa ikkala qishloqning o‘g‘il bolalari, yigitlari yaxshi bilishardi. Eh-he! Tuyulda ham, Jaloyirda ham Hafizani loaqal bir marotaba o‘ylamagan, u bilan loaqal bir marotaba xayolan bir to‘shakda yotmagan, yuragida Hafizaga atalgan loaqal bittagina orzu-umidi bo‘lmagan, uni suymagan, unga xayolan uylanmagan bironta yigitcha, bironta bo‘ydoq yo‘q edi! Eh-he! U orzu-umidlar, u shirin xayolar birdan jonlantirilib, kino singari ko‘rsatilsa bormi, Hafizani bir paytda ikkala qishloqning deyarli barcha xonadonida ko‘rib, es-hushingizdan ayrilishingiz turgan gap.
…ana, sochlarini majnuntol qilib, nafis durrasini Kumush kabi peshonasiga dol tang‘ib, enkayganda ochilgan ko‘krak yoqasini chap qo‘li bilan to‘sib, hovli supurib yuribdi… ana, o‘choqdagi alanganing aksi urib jilolanayotgan yonoqlarida bir dumaloq yosh bilan piyoz archyapti… ana, tizzalarini quchoqlagancha darvozadan ko‘z uzmay, erining yo‘liga ilhaq o‘tiribdi… ana, cho‘g‘dek gilamning o‘rtasiga kenggina, balandgina qilib o‘rin solyapti… ana, erining oyoqlarini, bellarini uqalayapti, u yer-bu yerini chimchilab ham qo‘yadi, qiyqirib kuladi, so‘ng nak jon olg‘uchi noz bilan yechinadi… ana, qo‘lida go‘dagi, suyib-suyib emizyapti, yonida eridan bo‘lak kimsa yo‘q, bolasi emib bo‘ldi hamki, ko‘kragini yashirishga shoshilmaydi… ana, kelinlik liboslari-yu xilma-xil matolar bilan yasatig‘lik uyda ko‘ylagi beligacha tortilib, atlas lozimi tagidan qomati bo‘rtib, shundaygina qo‘liga bosh qo‘yib, o‘rilmagan sochlari to‘shakka yoyilib, mizg‘iyapti…
Balog‘atga yetgan barcha o‘spirinlaru bo‘ydoq yigitlar xayolida, orzu-umidida Hafiza hamisha mana shunday manzaralar qo‘ynida yashar edi.
Ha, u haqiqatan chiroyli, istarali, haqiqatan yoqimtoy qiz bo‘lib yetilgan edi!
Ba’zan otasining ham yuragi hovut olib ketadi. Shunaqa paytlari Hafizaning onasiga o‘shqirib qoladi. «Qizingga ayt, hadeb sallanglab yuravermay, ish-pishini qilsin!» deydi. Ona hayron. Qizimga nima qipti, degisi keladi-yu, aytmaydi. Fursatini topib, Hafizaga dashnom beradi: «Qizim, dadangdi fe’lini bilasan, shuning ko‘ziga ko‘rinavermay, o‘choqqami, tandirgami unnasang-chi!» deydi. Endi Hafiza hayron. Turib-turib onasining dakkisi nash’a qiladi, sekin darsxonasiga kiradi-da, xumori tarqaguncha ko‘zyoshi qilib oladi…
Bo‘lariga o‘tadigan bo‘lsak, gap bunday.
Shu qiz maktabni tugallagan yili, yoz kunlarining birida, ikkala qishlokdan, «Bor tavakkal!» degan ikkita xonadondan, bir paytda, lekin bir-birlaridan xabarsiz holda… ikkita sovchi keldi. Ajab taqdir: ularni Hafizaning o‘zi kutib oldi. Ayvonga ko‘rpacha soldi, dasturxon yoydi, choy qo‘ydi, dalaga borib onasini uyga yubordi. O‘zi qaytmadi. Xotinlarning sovchi ekanini u bir qarashdayoq bilgan edi, kimlardan vakil bo‘lib kelishganini ham yuragi sezdi.
Avval so‘z Sharifjonning ta’rifida.
Hafiza sakkizinchi sinfni bitirayotganida g‘alati voqea bo‘lgan. To‘y edi, shaharda o‘qiydigan tuyullik bir yigitning to‘yi. Kelin-kuyov studentlar emasmi, to‘yxona odamga liq to‘la. G‘ala-g‘ovur. Davra katta, o‘rta charog‘on. Studentlar antiqa tomoshalar tayyorlab kelishibdi, ko‘rsatib, keksayu yoshning ichagini uzishdi. Qizlari ham sho‘x-shaddodgina ekan, to‘yxonaga yig‘ilgan barcha qizaloqlarning ko‘zini kuydirib, yigitlar bilan rosa o‘yin tushishdi. Aylana tuzalgan stolda o‘tirganlar qancha, girdo-girdida tik turganlar qancha. Hafiza ham shu tikka tomoshabinlar qatori hovlining dala tarafdagi qorong‘i bir chekkasida turib bazm ko‘rar, to‘y agar ertalabgacha davom etsa, ertalabgacha tomosha qilaveradigan kayfiyatda edi. Bazm qizigandan-qiziyverdi. Vaqt allamahalda Hafiza yonidagi qizning qulog‘iga nimalarnidir deb shivirladi-da, sekin davradan chekinib, qorong‘ilikka qarab yurdi. Hovlining burchagiga uydek qilib g‘o‘zapoya g‘arami uyub tashlanibdi. Orqa devorning buzilgan yeri bor ekan, oyoq ostida kesaklar qalashib, sochilib yotibdi. Naryog‘i dala…
Hafiza xiyol enkayib, kesaklarning ustidan paypaslanib, endi dalaga o‘tayotganida kimdir nomini tutib chaqirgandek bo‘ldi.
— Hafiza!
Jinday vaqt o‘tib, tovush yana qaytarildi. Hafizaning oyog‘idan mador qochdi va u devorning buzuq joyiga suyanib to‘xtadi.
— Kim u? — dedi qo‘rqa-pisa.
— Hafiza, qo‘rqma, menman,— dedi yana o‘sha «kimdir» qorongilik qa’ridan.
Yuzi ko‘rinmayotgan bo‘lsa ham, Hafiza uni tanidi: maktabni o‘tgan yili tamomlagan Sharifjon degan yigit edi u. Politexnika institutining kechki bo‘limida o‘qiy di, kunduzi qandaydir zavodda ishlaydi. Hafiza sal o‘zini bosib oldi-yu, oyog‘idagi titroq baribir qolmadi. Bir nafas o‘tib, Sharifjon g‘o‘zapoya g‘arami bilan devorning oralig‘idan chiqib keldi.
— Senga bir narsa berib qo‘ymoqchiydim,— dedi u uch-to‘rt odim narida to‘xtab.— Tashlavormaysanmi?
«Otkritka! — deb o‘yladi Hafiza darrov.— Birinchi Mayga otkritka bermoqchidir-da»
Bundan ikki oycha burun singlisi maktabda unga bir kitob keltirib berdi. «Sharif akam kitobingizni olgan ekan, berib yubordi», dedi. Hafiza hech kimga hech narsa bermagan edi, shunday bo‘lsa ham, nimagadir indamay oldi. Sinf xonasiga kirib yashirin varaqladi. Kitob ichidan otkritka chiqdi! Sharifjon uni Mart bayrami bilan «chin qalbdan» qutlabdi. Sababini o‘zi ham bilmagani holda Hafiza otkritkani ikki-uch kungacha tashlamay olib yurdi. Necha marotaba o‘qib chikdi, so‘zlarini yodlab oldi, nihoyat bir kuni chorvoqqa opchiqib maydalab-maydalab ariqqa oqizib yubordi… «Bu safar ham otkritka yozgandir», deb o‘yladi Hafiza.
— To‘y boshlangandan beri shu yerda poylab o‘tiribman,— dedi Sharifjon tag‘in ikki qadam oldinga yurib.— Xayriyat, o‘zing kepqolding. Hafiza, bir haftadan keyin armiyaga ketyapman… manovi senga…— u turgan yeridan nimanidir uzatdi.— Ma, Hafiza, aytadiganlarimni shunga yozganman, uyda o‘qiysan.
Hafiza nima qilarini bilmay qoldi. Bir ko‘ngli, shart tashlada qoch, desa, yana bir ko‘ngli, olaver, olganing bilan bir nima bo‘larmidi, derdi. Sharifjon armiyaga ketayotganini yana eslatganidan so‘ng beixtiyor xatga qo‘l cho‘zdi. U hayajondan o‘zini yo‘qotgan, keyin nima bo‘lganini ham bilmaydi. Xatni tutqazayotganida Sharifjon uning qo‘lini siqdimi-ey, titroq tovushda: «Seni jonimdan ham yaxshi ko‘raman, Hafiza!» dedimi-ey… So‘ngra Sharifjon bir sakrab, dala tarafga o‘tib ketdi. Devor bo‘ylab ketgan ariqning marzasidan anchagacha shitir-shitir oyoq tovushlari kelib turdi.
Hafiza keyin ham bu tovushni ko‘p bor eshitdi. Kechalari darsxonasida yolg‘iz o‘tirganidami, uyqusi ichidami, gohida hatto dars paytlari qulog‘iga shu tovush chalinib qolardi: shitir-shitir, shitir-shitir… O‘shanda esa u bazmni tomosha qilgandek ham bo‘lmadi, uyga qaytdi. Kelasolib, xatni o‘qidi.
«Hafiza, men seni yaxshi ko‘raman! Bilaman, sen hali yoshsan, bunaqa gaplarni hozir aytmasligim kerak edi, lekin bir haftadan keyin men armiyaga ketyapman. Ikki yilga! Bilib bo‘lmaydi, matroslikka tushsam, uch yilga cho‘zilib ketadimi. Seni yaxshi ko‘rishimni o‘zingga aytib ketmasam, u yokda qiynaladiganga o‘xshayman. Ungacha sen ham maktabni tomomlab qolasan, shu gaplarim esingdan chiqmasin, Hafiza! Bilib qo‘y: qaytib kelib senga uylanaman!.. Xatim g‘alati bo‘pqolyapti, xayolimga bo‘lak gaplar kelmayapti. Ikkala varaqniyam «Seni yaxshi ko‘raman, seni yaxshi ko‘raman» deb to‘lg‘azib chiqsam, so‘zlarimga ishonasanmi? Aytmoqchi, armiyadan xat yozib turaman, maktabning adresiga, maylimi? Qo‘rqma, konvertning tepasiga birorta qiz bolaning otini qo‘yaman, birov bilmaydi. Xat yozasan-a, yozasan-a?! Xatlaringni intizorlik bilan kutaman, deb seni jon-dilidan sevuvchi
Sharifjon!»
O‘shanda Hafiza xatni qayta-qayta o‘qirkan, ichi jimir-jimir qilib, vujudini yoqimli, odamni mast qilguvchi bir zaiflik chulg‘agan edi. Kunlar, oylar o‘tgan sayin u bir narsani o‘ylab, sira o‘yining tagiga yetolmay, ajablanib yurdi.
«Sharif akam mening g‘aram yonidan o‘tishimni qayoqdan bildiykan?— deb so‘radi bir kuni dugonasidan.— Nimaga meni o‘sha yerda kutib turdi? Nimaga endi o‘zim ham aynan o‘sha joyga bordim?»
Dugonasi gapni aylantirib o‘tirmadi:
«Sharif aka seni qattiq yaxshi ko‘rib qolgan!— dedi o‘sha zahoti.— Hammasi shundan. Noz qilib yurmasdan, sen ham uni yaxshi ko‘rib qo‘yaqol!»
Hafizaga bu gap xush yoqdi, lekin yana ham ishonch hosil qilib olish uchun bir oz taysalladi:
«Qiziq-ku gaping. Mabodo u yerga bormaganimda nima bo‘lardi?»
«Borarding! Baribir borarding!»
To‘qqizinchida o‘qiyotganida Sharifjondan intiqlik bilan xat kutayotganini sezib qoldi. Hatto, yozmay qo‘ysa-ya deb cho‘chiyotganidan hayratga tushdi. Paxta terimi tugagan paytlari bir xat oldi, qishda orqama-ketin ikkita xat oldi, bahorga chiqib ko‘zni chirt yumdi-yu, o‘zi ham bitta javob xati yozdi. O‘shanda nimalarni yozgan edi — keyin eslayolmay yurdi. To‘qqizinchida o‘qiydigan murg‘ak qiz askar yigitga nimani ham yozardi? O‘qishlarim yaxshi, dalagayam chiqib turibmiz, degandir? Qishlokda yangiliklar ko‘p: Adolat opoyning to‘yi bo‘ldi, Jaloyirdagi maktabning direktori qamalib ketdi, «Dik domla» haliyam pinqillab yuribdi, deb yozdimi yo? Shulardir-da. Shulardan o‘tkazib yana nimani yozardi!
Sovchining unisi jaloyirlik Avazbekdan edi, demak, endi so‘z Avazbekning ta’rifida.
Avazbek bo‘limda miroblik qiladi. Qishin-yozin matroslarning yo‘l-yo‘l maykasini kiyib yurgani-yurgan. Qomatdor. Adirlarning tagida soyning ayrilish yeri bor. Qishlokdan anchagina olisda. Shuning uchun sovxoz kuloqboshiga bitta uycha qurib bergan. O‘tgan yili Avazbek qishloqdan atay ohak olib borib, shu uychaning devorlarini oqlab qo‘ydi-yu o‘sha kundan boshlab dalachilar uni «Oq bino» deb atay boshlashdi. Uycha adirlikda bo‘lganidan ikkala qishloqqa ham oqarib ko‘rinib turardi. Shu Oq bino — Avazbekning ishxonasi. Bekor paytlari qo‘lda gavron bilan dala aylanishni yoqtiradi. Gavronni yon tomondan oyog‘iga urib-urib qo‘yadi. Gohida soyning uzun ketgan qirg‘og‘i bo‘ylab «Yava»sini uchirib o‘tib qoladi. Tuyulu Jaloyirning qizlari orqavarotdan Avazbekni ko‘p gapirishadi, pinhona unga havas qilishadi, o‘zlaricha bir-birovlarini to‘qib bichishadi. Avazbek bo‘lsa, nimagadir hech kimga e’tibor bermaydi. Hech kimga! Faqat…
Kuz edi. Oqshom tushgan. Tutqator bo‘ylab o‘t yulib yurgan Hafiza sira kutilmaganda Avazbekka duch keldi. Dalada bu oddiy hol, lekin Hafizaning yuragi bezovta dukurlay boshladi.
— Hafiza,— dedi Avazbek tovushi allanechuk g‘o‘ldirab,— bir gap aytsam maylimi?
Hafizaning yuragi sezganicha bor ekan: Avazbek uni yolg‘iz uchratish uchun atay poylab yurgan ko‘rinardi.
— Nima deysiz?— dedi azbaroyi nimadir deyishi kerak bo‘lgani uchun ham.
Avazbek undan bunday dangal muomalani kutmaganmi, avvaliga dovdiradi:
— Bilasanmi… rostini aytsam… anchadan buyon… Qiziq, Hafizaning xayoliga dastlab: «Nega sensirayapti, oldinlari sizlab gapirardi-ku?» degan o‘y keldi. Bu hol unga g‘alati tuyuldi. Sharifjon ham hov o‘shanda tomdan tarasha tushgandek sensirab qolgan edi…
— Sensiramay gapiring! — deb yubordi u beixtiyor.
— Kechirasiz…
Avazbek shundan bo‘lak bir so‘z ham deyolmadi. Hafiza apil-tapil o‘tlarini to‘plab, etakka solib, Avazbekka ham qaramay, uyga jo‘nab yubordi.
Avazbek yana bir marta yo‘l to‘sdi. Yana sensirab gapirdi. Lekin bu safar u dadilroq edi. Ham uzoqroq gapirdi. Hafiza, yuragimdagilarni aytmasam senga, yorilib ketaman, dedi. Men seni sevaman, faqat, aytolmay yurgan edim. O‘ninchini bitirganingdan keyin odam yuboraman, menga tegasanmi? Seni boshimda ko‘tarib yuraman, xo‘p desang, sen mening malikam bo‘lasan, dedi. Gapiraverdi, gapiraverdi, Hafizani indagani ham qo‘ymadi. Bir yog‘i shuning uchun, bir yog‘i yana nima uchundir Hafiza «ha» ham demay, «yo‘q» ham demay, Avazbekni chetlab o‘tdi-da, yo‘liga ketaverdi. Orqadan Avazbekning: «Seni baribir yaxshi ko‘raman, Hafiza!» deganini eshitdi. Yuzlari lovillab yonib, o‘n-o‘n besh qadamcha yurib bordi-da, u yog‘iga chopqillab ketdi.
Shundan keyin Avazbek uning yo‘lini ham, og‘zini ham ko‘p bor poyladi, lekin Hafizadan ko‘ngilga taskin bera digan biror belgi-ishora sezilmadi.
Hafiza esa tobora tushuniksiz bir dunyoga — avvalgilariga o‘xshamagan, yangicha bir dunyoga kirib borayotganini sezdi. O‘sha damgacha kitob o‘qisa ham, televizorda kino ko‘rsa ham, o‘z-o‘zidan Sharifjonni o‘ylab ketardi. Endi onda-sonda ko‘ziga Avazbek ham ko‘rina boshladi. Rost, uni o‘ylasa, keragicha o‘ylaydi, so‘ng xayol eshigini darhol orqasidan tambalaydi, go‘yo o‘zi bilan o‘zi bekinmachoq o‘ynaydi. Bunday bekinmachoq o‘yin o‘rni-o‘rni bilan odamga yoqar ekan ham! Goho xayollari chegaradan chiqib, Sharifjon bilan Avazbekni bir-biriga solishtirib ko‘radi. Aslida ikkalovi ham yomon emasdek, lekin Hafizani ulardan qay biri qattiqroq sevadi?
«Sharif akaning sevgisi qattiqroq! — derdi dugonasi qat’iy ohangda.— Unaqasi bu dunyoda kamdan-kam uchraydi. Ovora bo‘lib boshqasini o‘ylab ham o‘tirma!»
«Askarlikda xizmat qilayotgani uchun uni maqtayotgandirsan?» deb Hafiza dugonasini, ayni choqda o‘zidagi tuyg‘ularning chin yoki yolg‘onligini sinab ko‘rmoqchi bo‘lsa, dutonasi baribir bo‘sh kelmasdi:
«Yo‘q, askar bo‘lgani uchun emas, men bilganimni aytyapman,— derdi.— Sharif aka o‘zi bo‘lakcha yigit!»
Kunlar shu taxlit o‘taverdi, Hafiza yetilib boraverdi, Avazbek Oq binoda ko‘kragini zaxga berib yotaverdi, Sharifjon askarlikdan qaytdi, Hafiza o‘ninchini bitirdi, yoz keldi va… kunlarning birida, ikkala qishloqdan, «Bor tavakkal!» degan ikkita xonadondan, bir paytda, lekin bir-biridan xabarsiz, ikkita sovchi keldi.
Sovchilar yana kelishdi. Kimo‘zarga o‘ynayotgandek biri olib-biri qo‘yib yana kelishdi. Axiyri ota-ona o‘rtaga odam qo‘yishdi. Hafiza o‘ylana-o‘ylana, dugonasidan maslahat ola-ola, nihoyat bir qarorga keldi. Qarorini onasiga aytdi. Kuz o‘tib, qish o‘tib, bahor kechalaridan birida Sharifjonning qallig‘iga aylandi…
Shod, kelinlik libosiga burkanib, ikki yuzi yanada tiniqlashib, shirin-shirin tunlar og‘ushida erkalanib, yangi xonadonga yarashib, Sharifjonning ham, qaynona-qay-notasining ham ko‘ngillarini xushnud etib yuraverdi.
Shahar yaqin edi, Sharifjon haftaning har shanba-yakshanbasi kelib turadigan bo‘ldi. Shanba-yakshanbalar Hafiza qo‘msab, orziqib kutib yashaydigan kunlarga aylandi. Ikkisi ham hayotga go‘yo kitoblardan, kinolardan tushib qolgandek baxtiyor edi!
Bir safar Sharifjon o‘ng qo‘lini Hafizaning bo‘ynidan o‘tkazib, Hafiza esa boshini Sharifjonning yalang‘och yelkasiga qo‘yib, tunchiroqning xira shu’lasida ko‘kimtir tusga kirgan shiftga tikilib yotganlarida:
— Shaharga olib ketaymi, Hafiza?— deb so‘radi Sharifjon sirli tovushda.— Xohlasang, o‘qishga harakat qip ko‘rasan. Maktabda yomon o‘qimagan eding, shekilli?
— Yomon o‘qimaganman, lekin…— dedi Hafiza erining qulog‘iga shivirlab. Nafasi Sharifjonning qitig‘ini keltirdimi, u qiqirlab kuldi. Shu choqda Hafiza erini yana ham suyib ketdi: shart o‘girilib, qulog‘ining solinchog‘idan tishlab oldi.— Men o‘qimiyman, erginam… Umuman, men o‘qimoqchimasman. Menga siz bo‘lsangiz bo‘ldi! Siz o‘qing, men dalada ishlayveraman, sizga yordam qilaman.
Sharifjon bir siltanib, bor kuchi bilan quchoqladi.
— Sendaqasi bu dunyoda bittayu bitta! — dedi yutoqib. Shunday qilib, Sharifjon shaharda o‘qib, Hafiza dalada ishlab yuraverishdi. Kuzning o‘rtalaridamidi, Hafiza keyinchalik o‘zining takdirini o‘zgartirib yuborgan bir gapni eshitdi: Avazbek xotinini o‘lasi qilib urgan emish. Uch-to‘rt kungacha dalachi xotinlar shuni ermak qilib yurishdi, Hafizaning miyasiga esa bu voqea qo‘rg‘oshin bo‘lib quyilib qoldi. U Avazbekni to‘ydan keyin ko‘p uchratgan, shunchaki salomlashib o‘tib ketavergan, Avazbekdan ham ortiqcha biror harakat yoki biror qiliq sezmagan, demak, eski gaplar o‘z-o‘zidan barham yegandir, deb xulosa chiqarib qo‘ygan edi, endi «yangilik» unga nimaga bu qadar ta’sir etdiykan? Nimaga bu oddiy hodisa uning miyasidan ketmay qo‘ydi?..
Axiyri bir kuni xayolidan kutilmagan fikr o‘tdi: «Hammasi — meni yaxshi ko‘rganidan!»
Keyinroq undan ham g‘alati o‘y keldi: «Men unga tekkanimda, meni ham urarmidi? Urmas edi…»
O‘ylar biri ikkinchisini tug‘ardi, bunaqa o‘ylarni o‘ylashdan Hafiza o‘zini to‘xtatolmay qolgan edi. «Men Avazbek akaga tekkanimda, Sharif akam ham achchig‘idan bo‘lak qizga uylanib ketarmidi? Uylansa… meni deb «u»ni urarmidi?— Shularni o‘ylagan sari Hafizani titroq bosardi.— Urmas edi, mutlaqo urmas edi! Sharif akam olijanob odam: yomon ko‘rsa yomon ko‘rardiki, aslo xotinini urmas edi. Ha, ha, urmas edi!»
Bularning shunchaki bir xayol ekanini, qolaversa, ularni o‘zi to‘qib chiqarayotganini bilib turib ham negadir Hafizaning kayfiyati tushib ketdi. Hatto, nega urmaydi, deb Sharifjondan g‘oyibona dili ranjidi, erining bunaqa «olijanobligi» yuragiga og‘ir botdi. Ayni choqda, Avazbekning tez uylanish voqeasi xayolida qaytadan jonlanib, unga tinchlik bermay qo‘ydi. Avvallari nazariga ilmagan edi, endi qarasa… Nega unday qildiykan? Axir, sensiz yashay olmayman, degan edi-ku? Qasam ichgan edi-ku? Yo o‘shanda yo‘liga aytgan-qo‘yganmikan? Avraganmikan?
Gap shundaki, Hafiza Sharifjonning sovchilariga rozilik berib yuborgach, Avazbek jiyanidan unga xat jo‘natgan. Uni xat deb ham bo‘lmaydi, qog‘ozning o‘rtasiga katta-katta harflar bilan: «Baribir seni yaxshi ko‘raman, Hafiza! Demak, baribir senga yetishaman!!!» deyilgan edi, xolos. So‘ngra Avazbek uzoq bir qishloqdan qiz topib, onasini qistalang qila-qila, o‘shanga bo‘lishgan. To‘yini Hafizalarnikidan uch kun keyin o‘tkazgan. Xudtsi mana shu narsa oradan shuncha o‘tib Hafizaning tinchini o‘g‘irlagan edi…
«Alam qilibdi», dedi dugonasi bir kuni.
«Yo‘g‘-e! — deb qo‘rqib ketdi Hafiza.— Oldiniga o‘zimga ham shunday tuyuldi, qarasam — yo‘q, unaqamas. Alammi, alammasmi ekanini o‘zim bilaman-ku, axir! Menga bir narsani ayt: hammayam menga o‘xshaganmi yo faqat men shunaqamanmi?»
«Qanaqa «shunaqa»?»
«Xayolimga har narsa kelaveradi-ku?»
«Buni sen bilan biz bilmaymiz. Bilolmaymiz…»
«Ana shunaqa! Ko‘nglidan kechganini ko‘plar yashiradi, men bo‘lsam ochiqchasiga aytyapman,— deb qizishib ketdi Hafiza.— Aslida hammayam menga o‘xshagan, deymanu shunga ovungim keladi».
«Boshingda ering bor, u seni yeru ko‘kka ishonmaydi, buni o‘zing ham bilasan. Bas, shunday ekan, nimaga hadeb bekorchi narsalarni o‘ylayverasan, Hafiza?»
Hafiza uh tortdi.
«Aytishga oson,— dedi peshonasiga kaftini bosib.— O‘ylar o‘zi kelaversa… qo‘l siltagan bilan ketaqolmaydi-ku!»
«Bahona qilyapsan! — dedi dugonasi keskin ohangda.—
Ojizligingni oqlamoqchi bo‘lyapsan!»
«Avazbek akayam yaxshi ko‘rsa, menda nima ayb? Keyin buning nimasi yomon? Axir, men o‘ylamaganim bilan u niyatidan kaytib qolmaydi-ku?»
«Unda nimaga alam qilyapti? Uylangan bo‘lsa — uylandi. Endi xotinini urayotgan bo‘lsa — uryapti. Senga nima? Oraga suqilib nima qilasan?»
«Bilmadim. Bilganimda…»
Lekin baribir Hafiza o‘zini qo‘lga ololmay qiynalar edi. Saodatli shanbalardan birida qalbini larzaga solgan, turmushini izdan chiqargan hol ro‘y berdi.
Sharifjon kelgan edi. Hafiza ro‘zgor yumushlarini unda-munda tinchitib, uyga kirganida, tasodifmi yoki poylaganmi, Sharifjon eshik orqasida turgan ekan, yo‘liga tiz cho‘kib uni quchog‘iga oldi. Hafiza ham erini sog‘ingan edi. Bir-birlarining islaridan mast bo‘lishib, allaqancha muddat shunday turaverishdi. Nihoyat, Sharifjon uni dast ko‘tarib o‘rnidan turdi.
— Sekin,— dedi Hafiza barmoq uchi bilan erining burnini bosib,— sekin… Kichkintoy Sharifjonni qiynab qo‘yasiz…
Sharifjon kiyim ustidan Hafizaning qornidan o‘pdi.
— Vah-vaha, munchayam shirin bo‘lmasang, Hafiz! Sen ham odam bolasimisan-a! — Keyin Hafizani avaylab to‘shakka yotqizdi-da, ehtirosga berildi.
Kutilmagan voqea shunda ro‘y berdi.
Hafiza Sharifjonning erkalashlaridan mast bo‘lib, vujudi qizib, tanasida ajib yengillik sezib, inon-ixtiyorini unga butkul hadya etayotganida, ko‘ziga tuyqus… Avazbek ko‘rinib ketdi! Aslida ko‘zlari yumuq edi, lekin Avazbekni yaqqol ko‘rdi! Va birdan qichqirib yubordi. Sharifjon sapchib o‘rnidan turib ketdi.
— Nima gap, Hafiza?
— Bilmadim,— dedi Hafiza titrab-qaqshab,— qo‘rqdim… Bola chinqirgandek bo‘ldi…
— Rangingda rang qolmadi. Suv beraymi?— deb Sharifjon o‘rnidan turib, unga piyolada suv tutdi.
O‘shanda Hafiza eriga birinchi marta yolg‘onlagan edi.
Kuzning o‘rtalarida Hafiza daladan qaytayotib, Avazbekka yo‘likdi. Havo jindek izg‘irin edi. Avazbek matroscha maykasining ustidan yalangqavat kurtka kiyib olibdi. Hafizaning egnida baxmal to‘n, boshida ro‘mol. Shu to‘niyu ro‘moli o‘ziga qo‘poldan-qo‘pol tuyulib ketdi. Ustiga ustak, lop etib homilasi ko‘zga tashlanib turardi. Hafiza uyaldi. Ikkala qo‘lini beixtiyor qorniga tashlab oldi.
— Hafiza, gaplarim esingdami?— dedi Avazbek burgutdek tikilib. Hafiza yerga qaradi.— Men seni chindanam yaxshi ko‘rardim, hali ham yaxshi ko‘raman! Mendan qochma, iltimos. Har zamonda ko‘rib, ovozingni eshitib yursam bas.
— Qo‘ying, Avaz aka, endi u kunlar o‘tdi,— dedi Hafiza o‘zini xotirjamroq tutib.
— Senga o‘tgan bo‘lsayam, menga o‘tgani yo‘q! — Avazbekning ovozi titrab ketdi.— Ammo-lekin Hafiza, meni pichoqsiz so‘yding sen…
Hafiza tevarakka olazarak ko‘z tashlar ekan, qariyb iltijoga o‘tdi:
— Jinni bo‘lmang, Avaz aka, mening erim bor, sizning — xotiningiz. Qolavursa, o‘shandayam sizga hech narsa va’da qilganim yo‘q.
Avazbek ko‘z qiri bilan uning do‘mpaygan qorniga qarab oldi-da:
— Ering bo‘lsa… unga mening xusumatim yo‘q! — dedi keskin. Ayni chokda unga Hafizaning «jinni bo‘lmang» degani yoqimli eshitilgan edi.— Haliyam seni yaxshi ko‘raman, shuni aytib qo‘yyapman, xolos! Yana, sen bu yerda, ering shaharda… menga nimagadir alam qiladi, Hafiza!
Hafizaning g‘ashi keldi.
— Endi mening yo‘limni to‘smang! — dedi u cho‘rt kesib.— Tekkan bo‘lsam, Sharif akamni yaxshi ko‘rib tekkanman, turmushimizni buzmang!
— Aldayapsan,— dedi Avazbek sovuqqon qiyofada,— yaxshilab o‘ylab ko‘rgin-a, uni sevasanmikan? Sharif mendan omadliroq ekan, xolos. Mayli, ro‘zg‘oringni buzmayman, qo‘rqma. Endi boraver uyingga!
Avazbek shuni aytib, kartaning o‘rtasidan Oq binoga qarab yo‘l soldi. Burilayotganda: «Mening xotinim bo‘lganingda, bir minut ham yonimdan jildirmasidim», deb to‘ng‘illab qo‘ydi.
Hafiza birdan o‘zidan nafratlandi. Avazbekdan oldin ketishi kerak edi. «Boraver uyingga», demasidan oldinroq ketib yuborishi kerak edi. Nahot ketgisi kelmadi? Avazbekning barcha gaplarini rad qilsa ham, o‘zi bilan uning o‘rtasiga mustahkam devor qurib qo‘ymoqchi bo‘lgan bo‘lsa ham, baribir, nahot ko‘ngli u bilan uzoqroq birga turishni, uning ham ko‘nglidagilarni bilishni istadi? Uyatu isnoddan Hafizaning dili o‘rtanib, uyga qanday yetib borganini ham bilmadi…
Qishning chiqarida Hafizaning ko‘zi yoridi: o‘g‘il tug‘ildi. Polvon bo‘lsin, boshiga qiyinchilik tushmasin, deb «kichkintoy Sharifjon»ga Rustam otini qo‘ydilar. Sharifjon ota bo‘ldi, Hafiza ona bo‘ldi — ikkalasi ham o‘zida yo‘q shod. Rustamjon esa kundan-kunga o‘saverdi. Hafiza olti oygacha dalaga chiqmadi. Orada chillaqochdi qilib o‘zining uyida picha turib keldi. Ikki marta Sharifjon bilan shaharga tushib, bir hafta-bir haftadan o‘sha yoqda yashashdi. Avgustning oxirlariga kelibgina yana ishga chiqdi.
Bir kuni Avazbek tag‘in uning qoshiga keldi.
— Hafiza, senda gapim bor edi.
— Menga hech qanaqangi gapning keragi yo‘q!
— Nima qilay, axir?
— Bilganingizni qiling! Rosti, o‘tgan safargi yo‘lto‘sarligingizdan keyin siz bilan gaplashmayman, deb qo‘yganman. Siz… haliyam munaqa qip yuribsiz.
Avazbek yalt etib Hafizaning ko‘zlariga qaradi, nigohini tutib olmoqchi bo‘ldi. Yo‘lto‘sar… Avazbek yo‘lto‘sar!.. Qanday shirin eshitildi unga bu so‘z! Shunda shartta Hafizaning qo‘lidan ushlab, hansirab so‘zlay boshladi:
— Yo‘q dema, Hafiza, bir joyga boraylik, gaplashaylik, maylimi?! Yuragim to‘lib ketyapti, bo‘shatmasam bo‘lmaydi. Qo‘rqma, tegmayman senga, o‘lay agar! Men seni sevaman, Hafiza! Nima qilsam ishonasan? O‘zimni osayinmi, xotinimni qo‘yayinmi — ayt?.. Ko‘nmasang, zo‘rlamayman, lekin unda meni ado bo‘ldi deyaver! Loaqal bir marta men bilan yurakdan gaplashsang, armonsiz ketardim… maylimi, Hafiza?
Or-nomusi qanchalik kuchlilik qilmasin, o‘z erini qanchalik suymasin, hadeganda ko‘ziga Rustamjoni ko‘rinavermasin, Avazbekning yurakdan vulqon kabi otilib chiqayotgan bu hayajoni qarshisida Hafiza o‘zini ojiz sezdi. Bir yoqda qiziqish…
Axir, tan ol, Hafiza, qalbingni larzaga solgan o‘sha kundan boshlab ba’zan atayin, ba’zan beixtiyor sen ham Avazbekni o‘ylab qolmasmiding? Uzoqlardan unga ko‘zing tushsa, yuraging jizillashi ham yolg‘onmi? O‘shanda to‘shakda o‘z eringni emas, Avazbekni ko‘rgan eding, yana necha marta shuni ko‘rdingku? Hatto xayolingga, hozir Sharif akam o‘rnida Avaz aka bo‘lsa, u nima qilardi, degandek o‘ylar ham kelgan. Bunaqa o‘ylar senga sirli bir dunyo edi, sirlari bilan u jozibali tuyulardi, mana, endi seni yana ham sirliroq tuyg‘ular chulg‘ab olyapti, bo‘lak bir jozibali dunyo o‘ziga chorlayapti, xo‘sh, nima deysan?..
Hafiza Avazbekning qaynoq kaftlari orasidan qo‘lini sug‘urib, «Ko‘ramiz», dedi ohista va to‘xtamay ketdi. Avazbek-chi? Qariyb rozilik olgan Avazbek turgan yerida sapchigisi, sapchigisi, sapchiyvergisi kelayotgandir? Hafiza ortiga o‘girilib qarashdan o‘zini zo‘rg‘a tiydi…
Ertasi kun qanday o‘tdi, qanday ishladi — Hafiza eslayolmaydi. Oqshomgi uchrashuvni orziqib kutganidan emas — u aminki, buni u orziqib kutayotgani yo‘q — shunchaki, qandaydir tushuntirib bo‘lmas bir holatda edi u. Lekin Oq binoga borishga qattiq axd qilib qo‘ydi. Shundanmi, kun bo‘yi Avazbek haqida yomon o‘ylamaslikka, hatto uni sal-pal sog‘inib, ha, ha, sog‘inib eslashga urinib yurdi. Oqshom esa, oyog‘i o‘z-o‘zidan Oq binoga tortaverdi.
Binoning pastidagi kartadan o‘t yulayotgan bo‘lib, sekin-asta yaqinlashaverdi. Ellik qadamlar qolganda to‘xtab, go‘zalarning ichiga cho‘kdi. Yuragi duk-duk urar edi. Tizzalarini quchoqlab o‘tirarkan, nega keldim, deya iztirob aralash ko‘nglidan o‘tkazdi. Bir xayoli, Avazbek ko‘rib qolmasidan iziga qaytishni o‘yladi. Shu payt Oq binoning eshigi g‘ichirlab ochildi va ostonada Avazbek paydo bo‘ldi. Ichkaridan Hafizani anchadan beri kuzatib turgan shekilli, to‘g‘ri shu tarafga kela boshladi. Hafiza indamay o‘tiraverdi. U go‘yo egatlar orasiga chandib bog‘lab tashlangandek edi. Tepasiga Avazbek kelganda ham qimir etmadi.
— Aldab ketasanmi deb qo‘rquvdim,— dedi Avazbek shivirlab.— Kelmaganingda, bo‘ynimga tosh bog‘lab, dambaning tagiga o‘zimni tashlar edim lekin.
Hafiza bir daqiqa oldin qanchalik hayajonlanib o‘tirgan bo‘lsa, birdaniga hayajoni bosildi-qo‘ydi.
— Meni siz sudrab kelganingiz yo‘q, o‘zim keldim, shuning uchun bo‘lmag‘ur narsalarni o‘ylab o‘tirmang,— dedi o‘zi ham kutmagan holda.— Aytadiganingizni ayting, orani ochdi qilaylik.
— Mayli. Oldin ichkari kiraylik.
Oq bino deganlari ombordek bir joy ekan. Suv darvozasini ko‘tarib-tushiradigan kalitlar, turli bo‘lak asbob-uskunalar qalashib yotibdi. Bir burchakka ustma-ust yashik taxlangan, yashikning tepasida pilik chiroq. Oyoq ostida qop, latta-lutta. Devorga taqab uzun taxta karavot o‘rnatilgan, ustida bitta ko‘rpachayu bitta yostiq. Oq binoning bor jihozi shu edi. Derazasi yo‘q. Birdan-bir eshigi ham doim berk tursa kerakki, allaqanday hid odamning ko‘nglini behuzur qilgulik darajada dimoqqa uriladi. Xuddi devorga ham shu hid o‘rnashib qolgandek.
— Nima bu, boshim aylanib ketdi?— dedi Hafiza qo‘lini yelpig‘ich qilib, burnining tagini yelpir ekan.
— Taraktirning yog‘i. Solidol ham bor. Bilinyaptimi?
— Bilinmaychi.
Avazbek gap orasi eshikning zanjirini solib, chiroqning piligini ko‘tarib qo‘ydi.
— Bekitmang, ketaman men,— dedi Hafiza, ko‘nglida Avazbekning ishini ma’qullab turgan bo‘lsa ham.—Puf-f, hidi yomon ekan… Tezroq gapiring gapingizni!
— Shoshma, Hafiza. Mana bu joyga o‘tib o‘tir. Qo‘rqma, kechqurun binoga mendan bo‘lak zog‘ ham kelmaydi.
— Qo‘rqayotganim yo‘q,— dedi Hafiza xotirjam.— Qo‘rqsam, kelmasidim.
Ikkalasi taxta karavotning ikki chetiga o‘tirishdi. So‘ng eshikning tirqishiga tikilgancha, xiyol fursat jim qolishdi.
— Iltimos, gapimni bo‘lmay eshit, Hafiza,— dedi Avazbek nihoyat tilga kirib.— Nimaiki aytsam, yuragimdagilarni aytaman, undan keyin o‘zing hal qilaver, men ham bir kunimni ko‘rarman.
Hafiza Avazbekning yuziyu ko‘zlarini ko‘rmayotgan bo‘lsa-da, undagi o‘zgarishlarni ichdan his etib o‘tirardi. Gapirgan sari Avazbekning nafasi yonoqlariga urilib, bo‘yinlarini siypalar, yoqasining qirg‘og‘idan ichiga kirib, vujudini yondirar edi, lekin hammasiga chidab, miq etmay o‘tiraverdi. Gap orasida Avazbek qayerdan bir magnitofon oldi, qachon tugmasini bosdi — sezmay qoldi. Oq bino ichida mashhur xonandaning yoqimli ovozi to‘lqin-to‘lqin bo‘lib tarala boshladi:

Men ishq elining nolai afg‘onida kuydim,
Ko‘ngil uyining otashi armonida kuydim…

…Sen Avazbekning sovchilarini qaytarding, Hafiza, lekin uning sof muhabbatini qaytarishga haqqing yo‘q! Hayotini izdan chiqarganing alam qiladi, xolos. Chunki u seni, faqat seni yaxshi ko‘rar edi! Ehtimol, Sharifjondan ham qattiq yaxshi ko‘rar edi, afsuski, bilmading! Taqdirning ishimi bu? Taqdir nahot shunchalik shafqatsiz bo‘lsa?.. Sen judayam chiroylisan, Hafiza, sen bu dalalarning odami emassan! To‘ydan keyin ering ssniyam shaharga ko‘chirib ketadimi deb Avazbek cho‘chigan edi, xayriyatki, sen qishlokda qolding. Avazbekka shunisiyam katta baxt edi. Axir, hech bo‘lmasa ora-chora ko‘rib turadi-ku seni! Rost, uning xotini bor, sening ering bor, ehtimol, ikkalalaringning xilvatda bunday o‘tirishlaring quyushqonga sig‘mas, lekin bir narsani bilib qo‘y, Hafiza: Avazbek xotinini itdan battar yomon ko‘radi. Uni ko‘rgani ko‘zi yo‘q! Bir jihatdan, xotinida nima gunoh? Axir, u ham birovning bolasi. U ham kim bilandir baxtli yashagisi keladi? Yoki bunga uning haqqi yo‘qmi? Haqqi bor — buni Avazbek juda yaxshi biladi, lekin bunda ham nima ayb? Atay shunday bo‘lsin demaydi-ku?! Avazbek to‘yni achchiq ustida qildi. Shoshildi. To‘ydan keyin turmushimiz yurishib ketar, deb o‘yladi. Bo‘lmadi-da. Oxiri xotiniga ochig‘ini aytdi: seni yaxshi ko‘rmayman, dedi. Bunisi holva. Baqrayib turib, seni yomon ko‘raman, dedi. Bir kuni ichib kelib, ko‘zimga kirpidan ham xunuk ko‘rinyapsan, deb aytdi. Eh, Hafiza, sen bularni bilarmiding? Xotini sho‘rlik rosa yig‘ladi. Yig‘ladi-yu, otasinikiga ketib qolmadi. O‘shanda uning qornida bolasi bor edi… Avazbekni uyatsiz deysanmi yo betiga tarsaki tortib yuborasanmi — o‘zing bilasan, lekin u senga yana bir gapni aytmasa turolmaydi, chunki xuddi shu narsa uni mana shu arzi holni qilishga majbur etgan. Uyalmay aytayotganiga sabab shuki, endi Avazbek ham bo‘z bola emas, endi sen yosh qizaloq emassan… uning hozirgi ahvolini to‘g‘ri tushungin, Hafiza! To‘yning ertasigayoq Avazbek sensiz yashay olmasligiga iqror bo‘lgan. Ayni nozik mahalda uning ko‘ziga sen ko‘ringansan! Xotinining o‘rnida sening jilmayib turgan qiyofang namoyon bo‘lavergan va u butkul o‘zini yo‘qotgan. O‘shandan beri to‘shakka kirsa, xotinini emas, seni ko‘radi! Yo‘q, shoshma, uning gaplarini bo‘lmay tur…
Avazbek seni sevadi, Hafiza! Buni u to‘ydan keyin yanayam qattiq his qildi. Xotiniga ko‘zi tushsa, o‘z-o‘zidan nafrati qo‘ziyveradi, urgisi kelaveradi. Nihoyat, ura boshladi ham. Bu ketishda u bechorani o‘ldirib qo‘yishi ham mumkin. Shunday yashab bo‘ladimi, Hafiza? Xotiniga kiyin, bolasiga qiyin, lekin Avazbekka ham oson emas! Mana shunaqa — ikki yildan beri Avazbekning boshi qotgan. Lekin… Tavba, bugun u senga butunlay boshqa gaplarni aytmoqchi edi, nimaga bularni so‘zlab o‘tiribdi? Eh, Hafiza, sen bir yigitning umriga o‘t qo‘yding-a!
…Mashhur xonanda esa hamon yuraklarni ezib-ezib kuylar edi:

Mehrin tilabon o‘tsa agar oshiqi zorlar,
Mehrimni berib, men esa tavonida kuydim…

Hafiza to‘satdan qichqirib yubordi: — Endi nima qil deysiz?! Meni bu yerga nimaga boshlab keldingiz?! Menga bu gaplarni endi nimaga aytyapsiz, Avaz aka?!
Avazbek osmondan qulab tushgandek bo‘ldi.
— Hafiza, axir…
Lekin hozir Hafizaning jini qo‘zigan edi, uni gapirtirgani qo‘ymadi.
— Niyatingiz mening ro‘zg‘orimni buzishmi endi?! Meni muncha qiynaysiz, Avaz aka?!
Avazbek terlab-pishib ketdi.
— Senga men, eringdan chiq, demadim. Senga men bo‘lgan gaplarni aytdim, xolos. Ertaga mening holim ne kechadi — yolg‘iz xudoga ayon…
— Men ham nima qilay ahir?! — Shunday deb Hafiza shartta o‘rnidan turdi va Avazbekning ikki yelkasidan tutib siltay boshladi. Keyin birdan to‘xtab, uning yuzini qorniga bosdi va… yig‘lab yubordi.— O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim-ku men ham!
Avazbek ham Hafizaning belidan pastrog‘idan mahkam quchoqlab, o‘ziga tortdi.
Oq binodagi badbo‘y hid allaqayoqlarga chekindi…
Bo‘lar ish bo‘ldi, endi taskinu nadomatlarga o‘rin yo‘q, qolaversa, yuzni sidirib tashlab, tan olish kerakki, Hafiza ham, Avazbek ham shu kunlaridan rozi edilar. Hafiza anchagacha Avazbekning o‘siq sochlarini tarab-silab yotdi, keyin chap kafti bilan yondamasiga Avazbekning mo‘yloviyu og‘zini to‘sib, chiroyli ko‘zlariga tikildi. Xayolida esa: «Bu yomon emas, bu yomon emas, bu yomon emas,— deya takrorlar edi.— Sho‘rlik, o‘zi suygan juvon quchog‘ida yotganidan terisiga sig‘mayotgandir? Axir, shu kungacha bundayin mehr ko‘rmagani sezilib turibdi…» Keyin kaftini siljitib, Avazbekning ko‘zlarini to‘sdi va peshonasidan o‘pdi…
Hafiza shundan so‘ng bir oygacha Oq binoga yaqin yo‘lamadi. Lekin oy o‘tib, beixtiyor oyog‘i shu yoqqa tortib, Avazbekni shu yerda ko‘rib, ajablanmadi ham…
Oq binoga oltinchimi, yettinchimi borishida Avazbek undan bir narsani so‘rab qoldi:
— Sharifni haliyam yaxshi ko‘rasanmi, Hafiza?— dedi u Hafizaning yalang‘och ko‘ksiga boshini qo‘yib. Bu aldasa, rostini o‘zi bilib olmoqchidek, yurag‘iga quloq tutib yotar edi.
— U kishini bu yerda eslamaylik.
— Xafa bo‘lma, bilgim keldi-da bir.
— Qo‘ying shu gapni!
Mabodo Avazbek yurak zarblarining ma’nosini tushuna olganida edi, Hafizaga bunday savol bermasdi. U esa
— Unda mening oldimga nimaga kelyapsan?— deb so‘radi qo‘poldan-qo‘pol.— Rostini ayt: meni yaxshi ko‘rganingdanmi yo…
Oq binoga dastlab kelgan o‘sha kundan boshlab Hafizaning o‘zi ham tez-tez shu kabi so‘roqlar girdobiga tushib qolar, lekin hozirgacha bunga aniq javob topolmagan edi. Sharifjonni yaxshi ko‘rishiga shak keltirmaydi, lekin bu yoqqa nega kelyapti? Men o‘zimni aldab yurolmadim, o‘zimga qarshi borolmadim, ko‘plar xayolan qiladigan narsani men amalda qildim — bor-yo‘q gap shu, deb o‘ziga tasalli berardi. Kim haq, kim nohaq — o‘sha ko‘plarmi yo menmi? Haq bo‘lsak — hammamiz haqmiz, nohaq bo‘lsak — hammamiz nohaqmiz deb ovunardi. Ehtimol, bunday savollar Avazbekni ham o‘ylantirib yurgandir va u haligi gapni Hafizadan ko‘ngilda kir-g‘uborsiz so‘ragandir? Lekin baribir Hafizaga u og‘ir botdi.
— Oladiganingizni olyapsiz, qolgani bilan ishingiz bo‘lmasin! — dedi shart-shurt va shahd o‘rnidan turdi… «O‘shanda ilk bor vijdonim qiynaldi,— dedi u dugonasiga.— Sharif akamni aldab yashayotganimni bilib qoldim. U mening ishlarimdan bexabar. Bundan ko‘ra meni urib-haydab solgani yaxshi emasmidi-ya?! Uzim indamay ketaveray desam…. Sharif akamsiz bu dunyoda qanday yashayman?!»
«Yig‘lama, Hafiza, yig‘idan foyda yo‘q. Nima deyishgayam hayronman. Hamisha maslahat so‘raysan, lekin hamisha o‘z bilganingdan qolmaysan».
«Shu kungacha faqat bir narsani o‘ylayman: qilayotgan ishlarim gunohmi, gunoh emasmi?» «Gunoh ham gapmi, xiyo…»
«O‘tinaman, u so‘zni tilingga olako‘rma! O‘zidan ham ko‘ra nomi xunuk. Uning o‘rniga menga tasalli ber. Axir, Avaz aka meni qanchalar sevishini sen ham bilasan-ku!» «Ikki gapning birida «Sharif akam, Sharif akam» deysan, bu yokda Avazbekning oldiga borishingni ham qo‘ymaysan», deb chimdib oldi dugonasi.
«Men sevib erga tekkanman, bundan keyin ham Sharif akamsiz hayotimni tasavvur qilolmayman! Nima bu? Muhabbatmi? Agar muhabbat shu bo‘ladigan bo‘lsa, unda anavi nima? U ham, axir, men bilan birga, ichimda yashayapti-ku, oti nima uning?»
«Nima bo‘lgandayam, har holda yaxshi narsa emas-ov. Yaxshi narsalarning oxiriyam yaxshi bo‘ladi, uning esa… bilmadim».
«Bu javob emas. Bunaqa javoblarning mingtasini bilaman o‘zim ham. Menga boshqacha javob kerak. O‘shaning nimaligini tushuntiradigan va mening kunglimni tinchlantiradigan javob!»
«Bo‘lmasa mendan bunaqa og‘ir narsa so‘rama, Hafiza. O‘zing yecholmagan jumboqni men qanday yechayin? Axir, aslida ikkovimizning ham ahvolimiz bir emasmi?»
«Ha-ya», dedi Hafiza birdan xomush tortib…
Kunlardan bir kun Avazbek unga:
— Xotinimni otasinikiga jo‘natib yuboraman! — deb qoldi.
Hafiza hatto nimagaligini o‘ylab o‘tirmay, uni bu yo‘ldan qaytarishga tushdi:
— Sizga yana nima kam, Avaz aka? Qo‘ying, o‘sha bechorani sarson qilmang!
— Uni yomon ko‘raman, axir! Butun umrim shunday o‘tadimi endi?
— Xotiningizni o‘ylamasangiz, bolangizni o‘ylang.
— Xotinga ko‘ngil isimagandan keyin, bola battar sarson bo‘lmaydimi? Men sendaqamasman, Hafiza, bitta yuragimga ikki kishini sig‘dirolmayman.
Hafiza bir gapni qaytaraverdi:
— Ajrashmang, Avaz aka! Meni desangiz, ajrashmang!
— Nimaga endi?
— Unda yomon bo‘ladi…
Hafiza aynan shunday dedi. «Unda yomon bo‘ladi», dedi. Lekin yomon bo‘lib nima bo‘lishini, umuman, nega yomon bo‘lishini o‘zi ham bilmasdi. «Unda yomon bo‘ladi»— Hafizaning ko‘nglida kechgan o‘y edi, shuni aytdi-qo‘ydi.
Baribir Avazbek xotinini haydadi. Bu xabarni Hafiza dalada eshitdi. Xotinlar kun bo‘yi va undan keyin yana biror haftacha shu voqeani tildan qo‘yishmadi. Hafiza bunaqa suhbatlardan o‘zini yiroq tutar, biroq har gal shundan gap ochilganida seskanib ketar edi.
«Endi yomon bo‘ladi…»
Hafiza Oq binoga qadam bosmay qo‘ydi. Avazbek bir-ikki yo‘lini to‘sgan edi, ul-bulni bahona qilib qutulib ketdi. Kechalari hayhotdek uyda Rustamjoni bilan yolg‘iz qolganida yo uyqusi o‘chgan mahallari qariyb har kuni: «Endi hech qachon uning oldiga bormayman!» deb qayta-qayta qasam ichar edi. Qachon yodiga Avazbek tushsa, ichida shu qasamini qaytaraverardi, qaytaraverardi. Shunday kunlar bo‘ldiki, o‘n martalab qaytardi shu gapni. Shunday kunlar bo‘ldiki, yuz martalab qaytardi. Erini bo‘lakcha orziqish bilan sog‘ina boshladi. Biror shanba kelmay qo‘ysa, jinni bo‘lib qolay derdi. Oxiri uning o‘qishidan ham, ishidan ham bezor bo‘ldi. Bir gal dabdurustdan:
— Qachon tugaydi shu zormanda o‘qishingiz?— deb zahrini sochdi. Boshqa safar:
— Yo qishloqda turing, yo meniyam oldingizga oborvoling, qachongacha lo‘liga o‘xshab yashayman?! — deb yig‘ladi.
Sharifjon xotinidagi o‘zgarishni sog‘inchga yo‘yib, avvaliga uncha xavotirlanmadi. Yelkasidan quchib, burnining uchginasidan o‘pmoqchi bo‘ldi, biroq Hafiza uning qo‘lini siltab tashladi. Ters o‘girilib olib, hiqillab-hiqillab yig‘layverdi. Sharifjonning urinishlari behuda ketdi. Savollari javobsiz qoldi. Hafiza uzoq yig‘ladi. Nihoyat, uxlab tinchidi. Ertasi Sharifjon tag‘in shaharga otlanayotganda o‘zidan-o‘zi insofga kelib:
— Kechiring, injiqlanib qolyapman o‘zi, endi sira yig‘lamayman,— dedi.
Shu bilan er-xotin yana apoq-chapoq bo‘lib ketishdi.
Rustamjonlari ikki yoshga to‘lar-to‘lmas Hafiza qiz ko‘rdi. Er-xotin orziqib niyat qilgan holvadekkina qiz. Sharifjon allaqachon otini topib qo‘ygan ekan, Hafiza monelik qilmadi: qizaloqning ismi Muhabbat bo‘ldi. Endi Hafiza, zora qulog‘im tinchisa, deb umid qilardi.
Darhaqiqat, Muhabbat tug‘ilganidan keyin sakkiz oygacha dalaga chiqmagani sababmi yo Avazbek ham, endi bas, dedimi, ko‘cha-ko‘yda unga duch kelmadi. Hafiza hatto uni esidan chiqarib yubordi. Hayot o‘z iziga tushib olgandek edi. Ko‘ngil tinch, yurakda vahima yo‘q. Lekin Hafizaning astoydil xursand bo‘lishiga hali erta ekan. Ishga chiqqanining birinchi haftasiyoq Avazbek unga uzoqdan ko‘rinish berdi. Ertasi «Yava» mototsiklini minib, xotinlar ishlayotgan yerga yaqin dala yo‘ldan u yoq-bu yoqqa tuproq changitib o‘tdi. Ishdan qaytarda esa Hafiza atay bir to‘da xotin-xalajning ichida ketdi. Lekin bu yo‘l bilan Avazbekdan qachongacha qochib yurardi? Ko‘pchilikning orasida gap otib, qolsa, nima degan odam bo‘ladi? Hafiza Avazbekni yomon ko‘rib ketdi. Avvallari u bu qadar ko‘ziga yomon ko‘rinmagan edi!
Bir safar ariq bo‘yida oyog‘ini yuvib o‘tirgan edi, qayoqdandir kelib qoldi. Hafiza kalishini ham kiymasdan turdi-da, jo‘nab yubordi. Orqasidan Avazbek «Hafiza! Hafiza!» deb chaqirdi, lekin u to‘xtamadi.
Yana bir marta shunday bo‘ldi. Unda ham bir balo qilib qutuldi.
Keyin esa…
Keyin Avazbek ichib keldi. Og‘zidan aroqning hidini burqsitib, Hafizaga do‘q ura boshladi:
— Seni deb xotin qo‘ydim, endi nimaga qochyapsan mendan?!
— Ikkita bolaning uvoli tutadi meni, Avaz aka,— dedi Hafiza ovozi titrab.
— Ikkita bolasi bor ekan, deb biz burnimizni tortib yuraveraylikmi?
— Qo‘pollik qilmang!
— Yur bo‘lmasa men bilan! Yurmayapsan-ku, axir! Hafiza tuyqus angladiki, bundan bu yog‘iga endi Avazbekka keskin gapira olmaydi. Angladi-yu jismu jonidan mador qochdi.
— Mengayam rahmingiz kelsin, Avaz aka, yaxshi ko‘raman derdingiz-ku!
— Tonmiyman, yaxshi ko‘raman, lekin yur men bilan! — Avazbek zo‘r berib Hafizaning qo‘lidan ushlab olmoqchi bo‘lardi. Uning bu galgi dil izhori avvalgilariga o‘xshamasdi. «Yomon bo‘lgani shudir-da», deb Hafizaning ko‘ngli cho‘kib ketdi.
— Mayli, Avaz aka. Sal keyinroq uchrashaylik,— deb iltijo qildi.
— Oldimga poxol solib ketadigan bo‘lsang, o‘zingdan o‘pkala!
Xotinlarning gapicha bor ekan. Avazbek hammaning ko‘zi o‘ngida devonavash qiyofaga kirib borayotgan edi. Xotini bilan ajrashganidan buyon ichishga berildi. Ishidan ko‘ngli qoldi. «Shunday bola o‘zini o‘zi xarob qilyapti-ya», deb kimlardir unga achinar, boshqalar esa: «Oydekkina xotinini haydadi, o‘zidan ko‘rsin endi», deb orqavarotdan koyishar edi. Haqiqatan, turishi shu bo‘lsa, undan har baloni kutsa bo‘lardi. Hafiza shularni o‘ylab, bir haftaning ichida ozib-to‘zib ketdi. Tomog‘idan ovqat o‘tmaydi, qo‘li ishga bormaydi, uydagilarga yorilmaydi. Daladan keladi-da, uyiga kirib olib, dim-dim bo‘lib ketadi…
— Shu bugundan boshlab dalaga chiqmayman! — deb baqirdi Sharifjon kelgan kuni.
— Mayli,— dedi Sharifjon hech baloga tushunmay,— seniyam qiynab yubordim. Uyda o‘tiraqol…
— Uydayam o‘tirmayman! Umuman, uyingizdan ham, qishlog‘ingizdan ham bezdim! Sizga xotin kerak bo‘lsa, shu bugunoq o‘zingiz bilan opketasiz! Bolalarniyam! Ishlasam, shaharda ishlayman, gap tamom!
— O‘h-ho‘, chap yoning bilan turganmisan bugun? Muncha shoshilinch?
— Ketaman, dedimmi — ketaman.
Sharifjon ham qiziy boshladi.
— Boshda yur dedim, bormading, endi bunaqa qiliq, -Keyin tovushini pastlatib davom etdi. — Jinday sabr qil Hafiza shu bu yil o‘qishimni tugatib olayin ana undan keyin umrimizning oxirigacha birga bo‘lamiz
Biroq Hafiza sabr qiladigan holda emasdi.
— Oldin bormagan bo‘lsam, endi ketaman deyapman! Men borsam ham o‘sha o‘qishingizni o‘kiiverasiz xalakit bermayman. Shu safar bizni opketasiz, dedimmi — opketasiz.
Ancha tortishuvlardan so‘ng, Sharifjon xotinining talabiga ko‘nishga majbur bo‘ldi, u onasiga: «Mayli, uch-to‘rt kun o‘ynab kelar», dedi.
Ularning kalta o‘ylaganini shaharda yurganining beshinchi kunidan anglab yetdiyu o‘z-o‘zidan yuragi siqilaverdi. Shaharda yashab qolmoqchi, o‘sha yerda ishlamoqchi edi… qayokda?! Avazbek shu yerga ham uni g‘oyibona ta’qib qilib keldi. Shaxarku Tuyulga ikki qadam endi dunyoning narigi burchiga qochib borsa ham undan qutulolmasligini his qilib, Xafiza qishlokdagidan beshbattar iztirob bilan birga Tuyulga qaytdi..
Shaharda yurganida: «O‘lsam ham dalaga chiqmayman deb qo‘ygan edi, biroq qishloqqa qaytgan kunining ertasigayoq indamay ishga chikdi. Shaharda menga desa butun olamga yoysin, sharmandayu sharmisor qilsin lekin Oq binoga bormayman!» deb ahd kilgan edi, biroq qishloqqa qaytib, dalaga chiqmaslikning iloji yo‘qligini angladi. Avaz akayam odam-ku, ja unchalikka bormas, deb umidlandi. Hozircha uzilmay turayin, keyinroq butunlay uzib yuborarman, deb reja tuzdi. Nihoyat, bir kuni tuyqus: «Boraman, agar u o‘sha yerda bo‘lsa, demak… peshonamdan ko‘raman degan qarorga keldi va oqshom chog‘i dalachilarning ko‘zini shamg‘alat qilib, yo‘lni qishloqqa emas, Oq binoga soldi,Avazbek yolg‘iz o‘zi o‘tirgan ekan. Pilik chiroq yoqig‘liq. Hafiza-a?! — deya gandiraklab o‘rnidan turdi u.
Hafiza iloji boricha o‘zini xotirjam, quvnoq ko‘rsatar edi.
— Mana, keldim,— dedi ilgaridagidek muomala yo‘sinida.— Uf, haliyam o‘sha sassiq hidlaringiz ketmadimi? Kunduz kunlari munda-ay shamollatib qo‘ysangiz bo‘lmay-dimi?—Eshikning zanjirini soldi. Turgan yerida chayqalayotgan Avazbekni chetlab, so‘riga yurdi.— Chiroqni sal ko‘tarib qo‘ysangiz-chi, qorong‘ida hech narsani ko‘rib bo‘lmayapti,— deb o‘zi pilikni buradi.
Xona yorishdi. Ichkiridagi holni Hafiza shundagina ko‘rdi, bildi.
Taxta karavotning qarshisiga yashik ko‘ndalang to‘nkarilgan, yashikning ustida yarim shishacha bir balo, shishaning yonida ikki burdagina non…
— O‘tir,— dedi Avazbek dovdirab.
Birdaniga Hafizaning ruhi tushib ketdi. Kelib bekor qilibman, deb afsuslandi ich-ichida. Ha, o‘lsa ham bu yerga kelmasligi kerak ekan! Hafiza bir lahzaning orasida adoi tamom bo‘ldi. Endi nima qiladi? Chiqib ketsinmi! Qo‘yib yuborarmidi endi Avazbek? Dodlasinmi? Shunisi yetmay turgan edi.
Avazbek shishaning uzun bo‘ynidan g‘ijimlab, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Yashikning ustidan hatlab, Hafizaga ro‘baro‘ keldi, pishillab uning qo‘lidan tutdi. Hafiza ham g‘ayri tabiiy sokinlik bilan tek qo‘yib berdi. Avazbek likillab, valdiray boshladi:
— Bu nima, bilasizmi, jonim? Buni viyno deydilar… Buning bir qultumini ichgan odam to‘ppa-to‘g‘ri arshi a’loga uchadi… Manovi-chi? Buni bilasizmi? Bu — popiriska…
Hafiza chinqirib yubordi:
— Bas qiling, Avaz aka! Odam degan ham shunaqa ayniydimi?!
— Hali biz ayniganga chikdikmi? Hiyq… Mayli, ko‘ramiz… Mayli, biz ayniganmiz, siz oppoqsiz… O‘tir, Hafiza, ichamiz! Piyola yo‘q, kecha sindi… Piyolada har qanday ahmoq ham icha oladi… biz tomog‘idan qulqillatib… manavinday qili-i-ib…
Hafiza bir harakat bilan Avazbekning qo‘lidan shishani tortib oldi va burchakdagi taxlog‘liq yashiklarning orqasiga irg‘itdi.
— Bo‘ldi, ichmang, Avaz aka! — dedi ham qahr, ham mehr aralash.
Avazbek negadir bunga parvo qilmadi.
— Otaversinlar, joyidan, otaversinlar,— deya enkayib, karavotning tagidan tag‘in bitga shisha chiqardi.— Otaversinlar… Bizda esa munaqasidan bir yashik…
Hafiza keskin burilib, tashqariga chiqishga chog‘landi. Hozirgina zo‘rg‘a likillab turgan Avazbek bir sakrab, uning yo‘lini to‘sdi va qo‘llari aralash ko‘kragidan quchoqlab oldi.
— Yo‘l bo‘lsin, jonginam? Bugun biz bilan qolmaydilarmi? A?..
— Qo‘yvoring! Men sizni odam deb yursam… — deya Hafiza yulqina boshladi. Avazbek o‘xshovsiz kuldi.
— Mayli, biz odammasmiz… biz ayniganmiz, mayli… lekin haqimizni tashlab keting, Hafizaxon!
— Qanaqa haq? Qo‘yvoring, deyapman!
— Iya, hali eslaridan chikdimi? Vox-xo-xo!.. Zakonniy haqimiz bor sizda… zakonniy! — Avazbek Hafizaga kanaday yopishib olgan edi, duch kelgan yeridan tatalay boshladi.
Dunyo Hafizaning ko‘ziga qorong‘i ko‘rinib ketdi.
— O‘lganimda olasiz haqingizni! O‘lganimdayam ololmaysiz! — deya chinqirdi-da, bor madorini bilaklariga jamlab, Avazbekni itarib yubordi.
Avazbek o‘rtadagi yashikni non-poni bilan to‘ntarib, chalqanchasiga karavotga quladi.
— Sen hali meni uradigan bo‘ldingmi? Sen-a? Men endi senga odamlikdan chiqib qoldimmi? Ishginalarini to‘g‘rilab yurardik, endi puf sassiq ekanmiz-da? He o‘sha sendaqangi…
Qachonlardir kelib Avazbekning ogzidan shunday haqoratli so‘zlar chiqishi mumkinligi Hafizaning yetti uxlab tushiga kirmagan edi. Quloqlarini bekitayin desa, eshikning zanjirini tushirishi kerak, zanjirni tushiraqolay desa, qo‘llari tarashadek qotgan — bo‘ysunmaydi. Bir yilgina burun qanday edi! Nahot o‘shanda ham shunday o‘ylagan bo‘lsa?! Qani u shirin-shakar so‘zlar? Nahotki o‘shalarni ham shu odam aytgan?! Yo‘q, Hafiza bo‘lak har qanday xo‘rlikka chidaydi, lekin o‘zining eng go‘zal damlariga sherik qilgan odamning bunday haqoratlariga dosh berolmaydi. Bu — xiyonat, o‘taketgan xiyonat!!!
Yuragi zirillab ketdi. Vujudiga qalt-qalt titroq kirdi. Akashak qo‘llarini ming mashaqqat bilan zanjirga cho‘zib, tushirdi. Zanjir shiriq-shiriq etib tebrana boshladi.
— O‘v, menga bir qara-chi,— deya Avazbek Hafizaning orqasidan ko‘ylagiga chang soldi.— Qolmaysanmi?
Qo‘yvoring!
— Nimashta muncha noz qilasan? Koshki farishta bo‘lsang!
— Bas qiling! Qo‘yvoring, deyapman!
Hafiza eshikning kssakisini ushlab tashqariga yulqinar, Avazbek uningg qo‘lidan changallab ichkariga tortqilar edi.
— Nimaga keldingu endi nimaga ketyapsan? O‘z oyog‘ing bilan kelding… oldin xam zo‘rlab opkelganim yo‘q, o‘zing kelgansan, shundaymi?! Endi nimaga noz qilyapsan? Ho-o, osongina qutulib bo‘psiz.., Xaqimizni berib ketasiz…
Hafiza shartta o‘girilib, tizzasining ko‘zi bilan Avazbekning chotiga tepdi.
— Mana senga! Mana senga haqing! ……deb yana tepdi.
Avazbek o‘zini o‘nglashga ulgurmay turib, o‘xshatib yana tepdi.— Ol haqingni, iflos!!!
Avazbek chotini changallagancha, ikki buklanib ketdi va…
— Uh, jallab! — dedi chinqirib.— Jalabligingga bording axiyriyam-a!!!
Hafiza otilib tashqariga chiqdi va to‘xtamay chopib ketaverdi. Qayoqqa chopayotganini bilmaydi. Oyoqlarida jon yo‘q, lekin chopyapti. Shu holda u hech qachon to‘xta-maydigandek edi. Yig‘lab yig‘lashini bilmaydi, kulib — kulishini. Dalalarda yengilgina shamol izg‘ib qolibdi, shunga qarshi chopaverdi. Boshidan ro‘moli uchib, orqada qolib ketdi hamki, to‘xtamadi. Xuddi ortidan Avazbek quvib kelayotgandek tuyulardi unga. Chopaverdi. Biroq har qancha chopmasin, aylanib-o‘rgilib kelib tagin Oq binoning qarshisidan chiqib qolaverdi. Yoki ko‘ziga shunday ko‘rindimikan? Har holda, Oq binoning lang ochiq eshigini aniq ko‘rar, Avazbekning haqoratini aniq eshitar edi… Holdan toyib, dumalab qolguncha chopdi o‘ziyam…
Ko‘zini ochganida, tepasida o‘zining tuqqan onasini ko‘rib, hayron bo‘ldi. Yig‘idan onaning ko‘zlari qizarib ketgan, yuzlari bir ahvolda edi.
— Sizga nima bo‘ldi, aya?— deb so‘radi xavotirlanib. Shunda ona tap etib o‘zini uning ustiga tashladi-yu yig‘ini baralla qo‘yib yubordi.
— Tuzukmisan, bolam? Voy bolaginamdan o‘rgilay, tuzukmisan?— derdi u hadeb.
— Menga nima qilibdi?— dedi Hafiza hali nima gapligiga aqli yetmay. Keyin birdan tusi o‘zgardi.— Men qachon bu yerga kelib qoldim, aya?—deb so‘radi onasining yoshli ko‘zlariga javdirab.
— Bilmayman, qizim, bilmayman. Kechagi ahvolingni ko‘rib, o‘lib bo‘ldik… Nima gap, qizim? Ko‘zingga jin ko‘rindimi? Qo‘rkdingmi-ya? Shu, dalasida qorong‘iga qolib nima qilarding-a, bolaginam!
Hafiza birdan hammasini esladi. Hovliqib, bolalarini so‘roqlay boshladi.
— Qayerda bo‘lardi, uyingda-da,— dedi onasi.— Hozir opkelib qolishar. Kechasi bilan qaynonang ham tepangda o‘tirib chiqdi. Ertalab kelamiz degan edi…
— Aya, men ketaman! — dedi Hafiza taraddudga tushib. Onasining tavallolariga quloq solmadi. Nonushta qip ketarsan, deganiga ham, dadang do‘xtirga ketuvdi, deganiga ham parvo qilmadi.
— Menga do‘xtir kerakmas, soppa-sog‘man!
Onasi: «Iloyim sog‘ bo‘lgin-a, qizim!» degancha qoldi.
Shamol kechagidan xiyla kuchayibdi. Hafiza ko‘ylagining ustidan onasining pinjagini kiyib, uyiga jo‘nadi.
Bu kun juma edi. Erta — olamda yagona erining kelar kuni. Hafiza tezroq borib, tayyorgarligini qilishi kerak. Ilgarilari shanba-yakshanbalarni ozmuncha hayajon bilan kutarmidi u! Bugun ham o‘shanday hayajon, o‘shanday sog‘inch uni uyga shoshiltirar edi. Hozir borib hovli-joyni tartibga keltiradi, supurib-sidiradi. Rustamjonni ham, Muhabbatini ham cho‘miltiradi, orasta kiyintiradi. Axir, dadajonisiga ularni bo‘jalaq holicha ko‘rsatmaydi-ku?! Bahonada o‘zi ham cho‘milib oladi, badanidan dalaning bir haftalik g‘uborlarini yuvadi. Bo‘yniga, quloqlarining orqasiga xushbo‘y atirdan surkaydi…
Hafiza uyga yetib kelganida shamol kuchaygandan kuchayib borardi.
Oqshom tusha boshlagan palla ikki oila bir bo‘lib qishloqning keksa kampirlaridan birini olib, Hafizani dalaga boshlab keldilar. Tuyul bilan Jaloyirning dalalari tutashgan joyga — uzun ketgan tutqatorning o‘rtasiga o‘t yoqib, latta kuydirib, «ajinadan qo‘rqqan» Hafizani alas-alas qildilar. Katta yapaloq toshni ko‘ramtada qizdirib, tog‘oradagi suvga soldilar, ustiga Hafizani engashtirib, ko‘rpa yopdilar, nihoyat, tog‘oradagi suvdan unga uch ho‘plam ichirdilar, ko‘kragini ochtirib turib, sepdilar, har ehtimolga qarshi o‘zlari ham o‘sha suvdan ichdilar. Hafizaning yuziga sal-pal rang kirgandek bo‘ldi. Ko‘ngillar tinchib, bu o‘ziga xos kichikkina marosim qatnashchilari uy-uylariga qaytdilar.
Shamol kuchaygandan kuchayib boraverdi.
Kechki ovqatdan keyin Hafiza dilga tugib qo‘ygan ishlarni bajardi: kir yuvdi, bolalarini cho‘miltirdi, o‘zi ham cho‘mildi, shirin alla aytib, qo‘zichoqlarini uxlatdi. Rustamjon birpasda pish-pish qilib uxlab qoldi, Muhabbat esa, «dad-da, dad-da» deya-deya anchagacha uxlamadi. Onasi beshikni tebratib, yana alla aytgandan keyingina oromga ketdi. Nihoyat, Hafiza o‘ziga qaraydigan fursat ham keldi.
Vaqt allamahal bo‘lib qolgan, tashqarida shamol hamon guvillar edi.
Hafiza javon tepasidan atir-upa turadigan jajjigina qutichani olib ochdi-da, toshoyna qarshisiga turdi…
Evohkim, ko‘zgudan unga mutlaqo begona bir juvon mo‘ltirab qarab turar edi!
Shuv etib yodiga kechagi voqealar tushdi. Oq bino… vino… qo‘lansa hid… Avazbekning mast basharasi… va haqoratli so‘z…
Hafizaning quloqlari shang‘illab ketdi. Miyasi shishib, boshi tars yorilay derdi.
Ko‘zgudan hamon begona bir juvon unga tikilib turar, ajabki, hov orqarokda kimdir (Sharifjonmi? Avazbekmi?) ortga o‘girilmay, shitob bilan ketib borardi. Hafizaning ko‘zlari chars ochildi. Xayoliga: «Endi Sharif akam menga nomahram, endi men Sharif akamga begonaman!!!» degan o‘y keldi va…
…qutichani zarb bilan toshoynaga urdi. Oyna ham, quticha ham sinmadi, lekin ichidagi lash-lushlar xona bo‘ylab har tomonga sochildi. Uy ichini upa-elikning isi tutib ketdi. Bir zumda karaxt bo‘lib qolgan Hafiza shalvirab gilamga cho‘nqaydi…
Bu olamda uning yakka-yu yagona sirdosh dugonasi — chegara bilmas o‘y-xayollarga burkanib yurguchi yana bir Hafizasi bo‘lardi. Shunday paytda o‘sha dugonasi ham gung, soqovga aylangandek edi. Hafiza zo‘r berib u bilan tillashishga urindi. Bo‘lmadi. Nimadandir ilinj-umidda unga quloq soldi. Hech bir sado yo‘q. O‘zi nimanidir so‘ramoqchi bo‘ldi. Tili aylanmadi. Shunda birdan, bu olamda yakka-yu yagona sirdoshi ham uni abadul-abadga tark etganini fahmlab qoldi. Va ovozining boricha… kulib yubordi.
Tungi kulgidan uy ichi jaranglab ketdi.
Beshikdagi Muhabbat cho‘chib tushdimi, piqillay boshladi.
Hafiza kulgidan to‘xtab, toshoynaga yana bir necha muddat qarab turaverdi. So‘ng indamay orqasiga qayrilib, daxlizga chikdi. U yerdan ayvonga o‘tdi.
Beshikdagi Muhabbat sekin-asta avjga minaverdi.
Hafiza kaytmadi. Bo‘m-bo‘sh boshida Avazbekdan eshitgan haqoratli so‘z hamda o‘zining boyagi dil iqrorigina g‘uvillab charx urar edi: «Endi Sharif akam menga nomahram, endi men Sharif akamga begonaman!»
Shamol hamon tinmay guvillar, zimziyo tunda allanimalarni uchirib o‘ynar edi. Hafizaning ko‘ylaklari shamolda tovush chiqarib pirpiraydi, zimziyo tun misol zimziyo sochlari yoyilib, to‘rt tarafga yulqinadi.
Beshikdagi Muhabbat big‘illab yig‘lay boshladi. Hafiza ortiga qaytmadi. Chorvoq eshigini ochib, dalaga chikdi. Eshik taraqlab yopildi.
Dalada shamol hovlidagidan ham kuchli ekan: buralib-buralib, chiyillab-chiyillab, Hafizani allaqayoqlarga surgab ketaverdi.
Qizchasi beshikda big‘illab-big‘illab qolaverdi.
Zimziyo tunda to‘rt taraf poyonsiz ketgan yo‘ldek edi: Hafiza sochlari to‘zg‘ib, ko‘ylaklari pirpirab, boshi oqqan tomonga ketaverdi.
Guvillagan shamol tinimsiz yig‘layverdi, Hafiza o‘zini shamolning erkiga berib ketaverdi. Endi uning bo‘m-bo‘sh boshida Avazbekdan eshitgan haqoratli so‘zu o‘zining boyagina qilgan dil iqrori bilan birga beshikda chirqillab qolgan Muhabbatining yig‘isi ham qo‘shilishib g‘uvillar edi.
Shamol esa, bu ko‘hna dunyoni zir-zir titratib, big‘illab-big‘illab yig‘layverdi…

* * *

Ziyrak o‘quvchilarimiz norozilanmasinlar deb keyin ayrim tafsilotlardan ularni qisqacha xabardor etib qo‘yishni lozim topdik.
Sharifjon politexnika institutini bitirib, etagini silkib, uzoq Sibir viloyatlaridan biriga ishga jo‘nab ketdi. Qo‘shni qishlokdagi Sunnatilla birgadga «Men endi butunlayga ketyapman», debdi.
Avazbek «taraktirning dastagi tepgan» joyini davolatib chiqqach, ichkilikni tag-tomiri bilan tashladi. Xotini bilan ham yarashdi. Ular hozir Qarshi cho‘lining yangi o‘zlashgan joylaridan birida istiqomat qilishadi. Farzandlari to‘rtta bo‘ldi, to‘ng‘ichi bu yil maktabga bordi.
Hafiza esa…
Keling, Hafiza haqida indamay qo‘yaqolay. Shunchasini aytdim, shunisini aytmaslikka ijozat bo‘lar, axir?..