Jimjit Qishloqqa jimjitlikni buzib o‘xshovsiz bir devona oraladi. U bir marom va bir ohangda nimalardir deb jar solar, ora-chira jinko‘chaning ikki tomonidagi pastqam uylarga va undan ham pastqam eshiklarga ko‘z tashlab, go‘yo jariga javob kutar edi.
Er yuzida paydo bo‘lganidan beri Qishloq bunaqa devonalarni, har turli kelgan-ketganni ko‘p ko‘rgan. Birda: «Qaychi-pichoq o‘tkirlayma-a-an! O‘roq-ketmon egovlayma-a-an!» deb charxchi jar solib o‘tadi. Qishloqda nima ko‘p, o‘tmas pichog‘u to‘mtoq ketmon ko‘p – bir zumda hammasi shaqir-shuqur qilib charxchining oldida to‘planadi. Birda chegachi kelib qoladi: «Singan choynak-piyola chegalayma-a-an!» Qishloqliklar bolalarining qo‘llariga chaqa berib, chegachining oldingi kelishi bilan hozirgi kelishi oralig‘ida tsingan choynak-piyola va kosa-laganlarini tutqazib, ko‘chaga chiqazishadi. Yana: «Jun olama-an!» degani qancha, «Uvada titama-an!» degani qancha. Boshqa kunlari Qishloq qish bo‘lsa qora¬sovuqdan dildirab, yoz bo‘lsa saratondan jizg‘inagi chiqib yotaveradi. Bahorda bir nafas oladi, kuzda bir nafas chiqaradi. Zerikarli.
Bunaqa kelgindilarni ko‘raverib Qishloq ko‘nikib ketgan, hamishagi hol deb qaraydi. Devonaga ham parvo qilmasligi mumkin edi, lekin uning so‘zlari bu gal sal bo‘lakcharoq tuyuldi. Devona odam¬lardan qotgan non emas, eski kiyim-bosh emas, nimadir boshqa narsa so‘rayotgan edi:
— Uyi kuygan kim bor?.. Moli kuygan kim bor?.. Bag‘ri kuygan kim bor?..
Qishloq sergak tortdi, shubhalandi. Zerikarli va tussiz hayotiga sal bo‘lsa-da bo‘lakcha bir havo kiritishi mumkin bo‘lgan bu ishdan negadir quvonmadi, aksincha, bir oz qo‘rqinch bosdi uni.
G‘alati tovush va undan ham g‘alati so‘zlar egasini ko‘rishga qiziqqan tajribasiz bola-baqraga tajribali ota-onalar o‘shqirib berishdi:
– Ha, qayoqqa?! Qayt orqangga!
– Eshikni tambala! Uyda xap o‘tir!
Diqqinafas ko‘chada hali ham Devonaning tovushi kezar, jimjitlik shovqinidan tom bitgan quloqlarga uning tovushi allaqanday yoqimli bir epkin bo‘lib kirar, hatto shirali eshitilar edi:
—Uyi kuygan kim bor?.. Moli kuygan kim bor?.. Bag‘ri kuygan kim bor?..
Ming tiyilmasin, baribir maroq ustun keldi: qattiq tambalangan, zulfinlangan va kamiga yana ichdan qulflangan eshiklar orqasiga Qishloq asta-sekin va ixtiyorsiz ravishda surilib keldi, tirqishlardan ko‘chaga mo‘ralay boshladi.
Kim bo‘ldi bu odam? Nega birdan bunaqa narsalarni so‘roqlab qoldi? Usta bo‘lib ustaga o‘xshamaydi, kuygan uylarni butlab beray desa? Boy bo‘lib boyga o‘xshamaydi, moli kuyganlarga suyanchiq bo‘lsa? Tabib bo‘lib tabibga o‘xshamaydi, kuygan bag‘irlarga dori qo‘ysa? Kim axir?..
G‘irt devona! So‘zi turishiga, turishi so‘ziga uyg‘un kelmaydigan dali! Albatta, Qishloqda uyi, moli yo bag‘ri kuyganlar qancha, lekin shu paytgacha birov bularni so‘ramagan-da. Uzoqdan kelib so‘rash tugul, qishloqliklarning o‘zi ham bir-biridan yurak yutib, tovush chiqarib hol so‘ramay qo‘ygan. Bir hisobga, so‘rab nima qiladi, qachondan beri bir osmon ostida, bir tuproq ustida birga-birga yashab keladi, bir-birining holini har kim o‘zi ko‘rib-bilib turibdi, ko‘rib-bilib turgan narsasini yana so‘raydimi?!
Shunday bir pallada… qandaydir bir Devona… issiqdan pishillab yotgan Qishloqda… ko‘chama-ko‘cha yurib… qanaqadir bir narsalar desa!
Jinko‘chalar uzra momaqaldiroqdek tuyqus yangragan bu tovush, albatta, shubhali va qo‘rqinchli edi. Axir, momaqaldiroq ham bahorga yarashadi. Kuzdayam mayli deylik, ammo yozning qoq o‘rtasida guldi¬rashi…
– Nima deyapti? – deb so‘raydi qiziquvchan xotinlar.
– Ovozingni o‘chir! Ishing bo‘lmasin! – deb jerkiydi ehtiyotkor erlar.
Ichkarilarda hol bu ekan, tashqarida Devona hayron edi. O‘likmi bu qishloq, deb o‘ylaydi. Uzun umri ichida ne-ne yurtlarni kezdi, ne-ne odamlarni ko‘rdi, ammo bunaqa gung Qishloqqa endi yo‘liqishi. Biron-bir ofatdan aholisi qirilib, kimsasiz sho‘ppayib qolgan shaharu qishloqlar o‘tmishda ko‘p bo‘lgan, albatta. Bu qishloqqayam yaqin orada biron ofat keldimikan yo? Unday desa, ko‘rinishidan juda unaqa tashlandiq makonga o‘xshamaydi, yaqin-yaqinlargacha odam yashaganining izlari bilinib turibdi.
Lekin jimjitlik, xuddi o‘lik deysiz.
Shunga qaramay, Devona qandaydir bir ichki sezgi bilan, Qishloqda bironta tirik jonzot qolgan bo‘lishi kerak-ku, axir, degan umidda jar solishdan to‘xtamasdi:
— Uyi kuygan kim bor?.. Moli kuygan kim bor?.. Bag‘ri kuygan kim bor?..
Shu palla… etakdagi bir eshik g‘iyqilladi. Bunaqa so‘rovga javoban bironta eshikning ochilishini sira kutmagan Qishloq sapchib tushdi. Shu damgacha jimjit kechayotgan turmushini bezovta qilgan bu g‘iyqillash, nazarida, yana juda uzoq zamon boshi uzra qo‘rqinch solib yangrab turganday bo‘ldi. Eshiklarni qiya ochib, hadik-xavotirda, tovush chiqqan tomonga mo‘raladi.
Etakdagi kulbada eski zamonlardan beri bu Qishloqqa begona bir odam yashardi. Qayerdan kelib qolgan, ota-onasi kim, heshlari bormi, nima ish qiladi – Qishloq buni bilmas, uni tanimas edi. Keyingi paytlar hamma o‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketib, Begona battar ko‘zga chalinmay qolganidan, hatto o‘ldiga ham chiqarib qo‘ygan.
Bu nima degan gap, bir kishi o‘lsa, Qishloq bilmasmi, odamlar to‘planib ko‘mmasmi?!.
Ha, odam to‘planmasa ham, o‘lgan kishini ko‘mmasa ham, kimningdir o‘lganini Qishloq bilmay qolsa ham, bo‘laverarkan! Nega deganda, hozir ko‘plar hovlisidan o‘ziga go‘r qazib, uyini mozor qilib olgan – shu yo‘l o‘ng‘ay kelib qoldi: ha, desa, yuvinmayoq, kafanga o‘ranmayoq, go‘riga kirib ketyapti. O‘lish oson va tekin bo‘lib qoldi. Hech kimga og‘iringiz tushmaydi, Qishloq ham bilmay qolaveradi.
Yo‘q, hartugul, Begona hali o‘lmagan ekan, o‘lmaganini Qishloqqa yog‘siragan eshigi bildirdi. Jimjitlik pardasini chok-chokidan so‘kib, bu pasqam eshik bu ulkan olamga jar soldi:
— G‘iy-y-yiq!..
Keyin ostonada Begonaning jussasi ham ko‘rindi. Bo‘ynini cho‘zib, picha tevarakni sinchiladi, nihoyat, ko‘ngli tinchlandimi, asta ko‘chaga oyoq qo‘ydi.
Devona to‘xtadi. O‘limsangi Qishloqda tuyqus paydo bo‘lgan bu tirik odamga ajabsinib qaradi.
Chindan ham, Begona shu turishida xuddi go‘rdan chiqib kelayotganga o‘xshardi: tirish bosgan yuzida qon asari yo‘q, o‘siq qoshlaridan quloqlarigacha, quloqlaridan yelkalarigacha, yelkalaridan burniyu patila soqol-mo‘ylovigacha o‘rgimchak in to‘qib tashlagan; kiyimlari ham ilviroq. Yurganida, o‘rgimchak to‘rlarini avaylaganday, oyog‘idan boshqa joyini qimirlatmaslikka tirishib yurardi.
Devonaga yaqinroq kelib, to‘xtadi. Og‘zini xiyol ochdi, orada Qishloqqa olazarak boqdi, hayiqdimi, gapira olmadi, ammo nimalardir degisi kelayotgani quyuq to‘r ichra xiragina yiltirab turgan ko‘zlaridan bilgili edi.
Devona uzoq kutdi, hadeganda Begonadan sas chiqavermagach, o‘zi birnimalar deganday bo‘ldi.
Qishloq uning gapini eshitmadi, lekin ko‘chaga chiqishga, bu Devona bilan bu Begonaga yaqinlashishga, gaplariga quloq solishga yuragi betlamadi ham.
Devona yana kuta-kuta, kutganiga erishavermagach, oxiri Begonaning is bosgan qulog‘iga og‘zini qo‘ydi va… bir o‘kirdi!
Bu o‘kiriqdan Begona titrab ketdi, boshiyu qo‘llarini ixtiyorsiz qimirlatib yubordi.
O‘rgimchak to‘rlari chirt uzildi.
Keyin Devona ketdi. Jar ham solmay qo‘ydi, orqasiga ham qaramadi, Qishloqda qanday to‘satdan va bilintirmay paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday to‘satdan va bilintirmay yo‘qoldi.
Begona yana eshigini g‘iyqillatib… go‘riga kirib ketdi.
Qishloq tag‘in jimjitlik chuquriga cho‘kdi.
Bu sirli-jumboqli manzara ko‘zlardan tez o‘chgani tsingari eslardan ham tez o‘chdi. Xuddi aslida bo‘lmaganday…