Bir tanishim, “Agar o‘zingning kimligingni bilishni istasang, “Qiyofat-ul bashar” degan kitobni topib o‘qi, deb maslahat berib qoldi. Butun kutubxonalarni ag‘dar-to‘ntar qilib, nihoyat o‘sha kitobni topib oldim. Muallifi noma’lum bo‘lgan bu kitobdan o‘zimning xislatlarimni qidira boshladim. Unda ilmi qiyofaga hadisi Sharifdan “Kulli tavilun axmaqun, illo Umar kulli kasirun fitnatun, illo Ali” deb dalil keltirilgan ekan. Hay mayli, dedim. Yaqinroq boraylik-chi! “Har kimning boshi kichkina, sochlari kam va siyrak bo‘lsa, bu uning zehni past, gumrohu betamizligidan dalolatdir”. Oynaga qaradim. Kichkina boshga, siyrak sochga ko‘zim tushdi. Yo‘g‘-e, menga aytilmagandir, zehnim unchalik past emas-ov, deb o‘yladim. “Kimning ko‘zi irg‘ib chiqqan bo‘lsa, u behayo va baxil bo‘ladi. Kimki ko‘zini tez-tez ochib yumib tursa, aldoqchi va o‘g‘ri bo‘ladi”. Ko‘zimni umuman yummay qo‘ydim. “Kimning qulog‘i kichkina bo‘lsa, nodon va johil bo‘ladi”. Telpakni quloqqacha bostirib oldim. “Kimning tishi o‘ttiztadan kam bo‘lsa, falok
atga yo‘liqadi va qashshoq bo‘ladi”.
Tishimni sanadim. 26 ta. Zudlik bilan 6 ta tish qo‘ydirdim. “Sog‘oli ko‘p va uzun kishi nodon va axmoq bo‘ladi” Xayriyat, har holda bu men haqimda emas, deb o‘yladim. “Qorni katta kishi ochofat bo‘ladi”. Qorinni yo‘qotadigan sport mashqlari bilan shug‘ullana boshladim. “Kim belini va undan pastini qimirlatib yursa, u qichima degan dardga mubtalodir”. Oynaga qarab yurib ko‘rdim. Yo‘q, uncha qimirlamayapti! “Agar boshmaldog‘iga nisbatan yonidagi barmog‘i uzun bo‘lsa, bunday kishi baxtli, moldor bo‘ladi, boz ustiga ko‘p xotin oladi, xotini undan avval o‘ladi. Mabodo mazkur barmog‘i kalta bo‘lsa, xotinidan avval o‘zi o‘ladi”. Shosha-pisha boshmaldog‘im yonidagi barmoqqa qaradim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, bu safar ham “Qiyofat ul-bashar” menga rahm qilmadi. Bosh barmoqning yonidagi barmoq undan anchagina kalta edi.
“Har kimning Yonboshida sakkizta qovurg‘asi bo‘lsa, podsho bo‘ladi. To‘qqizta bo‘lsa, davlatli bo‘lish nishonasidir. O‘nta bo‘lsa, kambag‘allik belgisi”. Shu yozuvni o‘qigach, har kuni xotin bilan qovurg‘amni sanaydigan bo‘lib qoldik. Men sanab sakkizta chiqaraman, xotin sanab o‘nta chiqaradi. Balkim ikkalasi ham to‘g‘ridir, deb qo‘yaman ba’zan. Axir kambag‘al podsho ham bo‘ladi-ku! “Qiyofat ul bashar” menga nihoyat kimligimni anglatganidan xursandman. Boshimga kattaroq telpak kiyib, siyrak sochimni, kichkina qulog‘imni odamlarga ko‘rsatmaydigan, ko‘zlarimni yumib-ochmaydigan bo‘ldim. Qornimni yo‘qotib, tishlarimni 32 taga yetkazdim. Boshmaldog‘im yonidagi barmog‘imni plastik operatsiya bilan uzaytirdim. Shuncha ko‘rgan azoblarga yarasha rentgenga borib qovurg‘alarimni sanattirdim. Sakkizta ekan. Kambag‘al podsho bo‘lsam ham, baribir podsholik yaxshi-da! Siz ham kimligingizni bilmoqchi bo‘lsangiz, “Qiyofat ul bashar”ni o‘g‘ing!