Bozirgan chavandoz dog‘da qoldi…
Qizg‘aldoqning adog‘idan ko‘ndalangiga Tagsaroy oqadi. Tagsaroyning kungay beti qari lalmi (el shunday ataydi), qiblasi suvot – tayoq suqsang barg yozadi. Zamoni charxifalak bo‘lib ketgan bu kunda qozi ham, mirshab ham, do‘xtir ham tish-tirnog‘i bilan yerga tarmashgan. Yerga yetmaganlari moliniyam, joniniyam bozorga urgan. Bozorga bor – baxtingni ko‘r. Baxtini nimaning evaziga ko‘radi, bunisini o‘zlari bilishmasa – biz bilmaymiz!
Maydaqadam modaning ustida o‘z maylida tebranib borayotgan mana bu jinqarcha Bozirgan cholning nevarasi. Huv-v, ana u chayla esa Bozirganga, to‘g‘rirog‘i, uning kenjasi – Eshboy eshchiga tovin. Eshchining esh changallab kosasi oqarmagan chog‘i ro‘zg‘orga tomchi deb piyoz ekkan. Ekkanda ham sidirg‘i ekmagan, “Achchiq bo‘lsa, xaridorini o‘zi topadi”, deb damiga osh pishadigan Jolpon xumga urug‘ septirgan. Achchiq bo‘lishini bilmadig-u ammo urug‘ning yarmi kuyib ketgan chiqadi. Siyrakkina ko‘klabdi. Siyrakligi Eshchining umidini yanada jonlantirdi: “Hali ko‘rasiz, chumchuqning kallasidek emas, mushtday-mushtday piyoz bo‘ladi! ”.
Ostonasi muborak oshyonidan sudralib chiqqan chavandoz shu chaylani o‘ziga vatan tutgan. Necha vaqtdirki, nevarani aytmaganda ismi odam bilan gaplashmaydi. Kunduzlari soyani itga bermaydi. Kechalari esa kiprik qoqmaydi.
O‘g‘li keldi. O‘tindi…
Kelini keldi. Yolvordi…
Qizi keldi. Yig‘ladi…
Bozirgan chol o‘zini misli ko‘lvor chog‘ladi. Mezon quyoshida toblanib, shamoliga ko‘krak kermoqchi bo‘ldi.
Uyiga qaytmadi…
Ko‘klamdan mezonning adog‘igacha paykalu qishloq orasida shu jinqarcha sarson, Maydaqadam sarson.
Cholning aytarga bahonasi bor – piyoz mezonni yemasa, shuncha toat-ibodat bir pul. Chirib ketadi. Gap piyozda ham, mezon shamolida ham emas, o‘g‘lining zuvalasi bo‘shligiyu kelinning biroz uquvsizligida!… Bo‘lmasa qush cho‘qimaydigan, jonliqqa et bitirmaydigan achchiq piyozning boshida nima bor, bu “itkasal”ga!
O‘tgan qishda Bozirgan chol nevarasiga to‘y berish taraddudida edi. Og‘zidagi tishiday siyraklashib qolgan uzangidoshlarini bozorda ko‘radimi, mozorda ko‘radimi, do‘q urib: “Nevaramga to‘y beraman! Ko‘pkarisi katta bo‘ladi! Otga qarashing!… ” der, bu gaplariga ko‘ngli to‘lmay: “Ullarni ham olib keling! Ota qadrdonlarni topishtirib ketaylik! Til topishsa, og‘a-ini bo‘lib qolar. Topishmasa, ukasining qorniga! ” deya qo‘shimcha qilardi. Uning bu gaplarini qayta-qayta eshitib bezor bo‘lgan chollarning ayrimi o‘zini garanglikka solib qolgandi.
Chavandoz bir safar o‘zini garanglikka olgan Tashman tuyaning qulog‘iga:
– Bozirgan o‘zi bitta to‘y beradi, katta, – deya qichqirdi.
– Ho‘, bodi. Qulog‘imni teshding-ku! Sen nevaramga to‘y beraman deganingda, mening tishim chiqqani yo‘q edi, – deb milkini ko‘rsatdi Tuya.
– Yukim yerda qoldi-ku, oshna! Shu yil qor tushsin, to‘yni boshlayman, – dedi Bozirgan oshnasidan ranjib.
Cholning yuragini hapriqtirib kelgan qishning avvalida kampiri uning tongdayu shomda, kundayu tunda tayinlab kelgan kalimasini kanda qildi. Qo‘zigul Bozirganga mahram bo‘lib, aytganini bajarmagan bo‘lsa, shu bo‘lar, yana bilmadik. “Ortimda qolasan”, deganiga qaramay, jonini Jabborga topshirdi-qo‘ydi.
Nevaraning to‘yi qolishga qoldi. Ammo ko‘p o‘tmay elda: “Bozirgan chol uylanarmish”, degan gap oraladi. Ulus chavandozning boshini ikki qilishga ko‘pam shoshmagan, go‘yo Qo‘zigul kampirning ko‘karishini sabr bilan kutgan, ko‘klamga ilhaq bo‘lgandek ko‘rinadi. Kun qizigan sari gap-so‘zlar urchib ketdi…
Chavandoz uylansa uylanibdi-da, shunga nima: osmon uzilib yerga tusharmidi?! Kampiri o‘lib uylanganlar Qizg‘aldoqda kammi?! Birgina Hayit langi uchinchi xotini ham juvonmarg ketganidan keyin uylanmagan, uylanolmagan. Negakim, og‘ziga kuchi yetmagan ikki-uch kampir janazada o‘tirib, yomon bir matal to‘qigan. Iziga o‘zlari to‘qigan mataldan cho‘chib: “Langida xotin turmaydi”, deb lab tishlagan. Kampirlar lab tishlagandan so‘ng qaysi ayol yurak betlab Langining o‘ngiridan tutsin. Uyi singan ayol bordir, ammo jondan to‘ygani, jonidan to‘ygani yo‘q!…
Yana Haldav poson uylanganidan so‘ng soqolini anbarlab ariga talangani-yu, Orol karga o‘g‘illari qolib, qizi xotin topgani ham bor gap. Yana…
… Yana Esonboy oqsoqol ikki o‘lib, uch uylangan. Esonboy oqsoqolning “o‘lib-tirilishlari” va uylanishi Bozirgan cholning kechmishiga soya solmaydigan mahshar qadar gurung. Undan ko‘ra xotinining forig‘lik muddatini ham o‘tkazmay uylangan Tolmas morboz el ichra mashhur, muzofotda dongdor.
Tolmas morboz cho‘girma telpak kiyganicha bor ekan. El og‘ziga elak tutdi. Dangalini aytsak, “Misqol devday yigitning umrini o‘g‘irladi-ya! ”, “Misqol tumsa”, deganlarning og‘ziga cho‘girmasi bilan urdi. Misqol o‘g‘illi bo‘lib, chilla tutdi. Qolaversa, Morbozning qulog‘i tom bitganida, og‘alaridan ko‘ra Avazning: “To‘rt kunlik mehmonim otam! Mehmon bo‘lib to‘ymagan, dunyoyu qo‘tirda hech vaqoni ko‘rmagan, armonlari bag‘rin tig‘lagan… otam-ov, otam! ” deganlari elning esidan chiqqanicha yo‘q.
Go‘yandalarning gurung berishicha, Avaz qo‘shig‘ini ko‘ngil uchun aytmagan. Har “otam-ov, otam! ”, deganida sabzi tishlagan. Bilingki, otasini yo‘qlayotgan Avazning urtida sabzi bo‘lgan. Undan ranjigan akaning ko‘kayiga shu gaplar keldi: “O‘v-v enasi qisir! Enam otamning qo‘ynida yo‘q edi. Men otamning esida yo‘q edim. Nega buncha zor qaqshaysan?! Misqol makrzanning arzandasi! Otam o‘lgan bo‘lsayam, sening boshingni silaydigan Makrzan bor-ku! Enamning qora bosib o‘lganini bilsang, yuraging yorilib o‘lar ekansan! Ey, sadqayi ena ket!… ”
Ammo tiliga ko‘kayi emas, kibri ko‘chib, tomoq qirib, ukasiga yuzlangancha:
– Ho‘-v, Avaz! Otamiz-ku yoshini yashab, oshini oshab o‘tdi. Bu yoshda ko‘chganniki to‘y! – dedi.
– Sizlarga to‘y bo‘lsa, to‘ydir. Bizga aza, – deya Morbozdek bosib tikildi Avaz.
– Avazboy, mayli, senga aza bo‘lsa, azadir! Lekin: “Armonlari bag‘rin tig‘lagan… ” deb bo‘zlaganing nimasi! Otamizni dog‘da qoldi, deb kim aytdi sen tirmizakka! – deb toriqdi aka.
– Er yetgan kishiga birov aytishi shartmi! Otam har oqshom arg‘amchiqopini tomorqaning etagiga qoqardi. Keyin menga nay chaldirib, tevarakka mordek tikilardi. Men nay chalardim. Otam esa “Men oyoq uzatar bo‘lsam, sening holing nima kechadi, Xunxorning sultoni! ” derdi, – deb yer tepdi Avaz.
– Xo‘p, mayliga, sen sari boraylik, Avazboy inim, sulton inim! Ochdan o‘ldingmi! Bizni nomusga qo‘yma… Yo sabzi ye, yo otam de! – dedi aka qahrlanib.
– Sabzimniyam jiyaberaman, otam-ov, otam, deyaberaman! – deya akasiga tizzingladi Avaz.
Bolaning betga choparligidan g‘azablangan aka quloq-chakkasiga qo‘yib yubormoqchi bo‘lib qo‘l cho‘zdi-yu, titrab ketdi. Akaga tikilib turgan ko‘zlar ukaniki emasdi…
Qo‘rqqanidan mayit yotgan uyga yuzlandi. Daf’atan qulog‘ida otaning xesh-aqrablariga aytgan so‘nggi gapi yangradi: “Avazqulning burnini qonatmanglar! ”.
“Armonlari bag‘rin tig‘lagan!… ” deb bo‘zlashda davom etdi Avaz. Akaning mehri iyib, ukaning boshini silay-silay, “Otam-ov, otam! ” deb jo‘r bo‘ldi. Ich-ichidan titrab, ko‘zlaridan tirqirab yosh otildi. Choponining o‘ngiri bilan ulusdan yuzini yashirdi va Avazga dedi: “Nima desang ham senga mojna, Xunxorning sultoni! ”
Cholni uylantirish Qizg‘aldoqning esida ham yo‘q paytda jinjaklilik: “Bozirgan chavandoz soqolini bog‘lab non yoparmish”, deb aytgan ekan.
– Cholning soqolini bog‘lab non yopganini birinchi qizi eshitgan. Kelib kelinini qarg‘agan, so‘ng o‘g‘li eshitib hayron bo‘lgan. Bozirganning o‘zi eshitib, “Shunday deyishibdimi-ya, qistaloqlar”, deb qah-qah otib kulgan va indamay uch-to‘rt kun o‘g‘lining og‘ziga qaragan. O‘g‘li tish yormagach, chol to‘nini teskari kiyib olgan, – dedi bilgichlar.
Chavandozning non yopgan-yopmaganini o‘g‘liyam, qiziyam bilmaydi. Gapning rostini qaynota-kelin hech kimga aytmadi.
Bozirganning nazarida, atrofidagilarga bir balo bo‘lgan. Xuddi u sag‘ir qolgandek, achinib qarashadi. Yupatish uchun nimalarnidir o‘ylab topadi. O‘g‘li ishdan kech qaytsa ham, uning oldiga kiradi, nimalarnidir gapirgan bo‘ladi. Hech gap topmasa: “Ekologiya yomon, iqlim o‘zgarib ketdi, hozirgi kelinlar nozik”, deb diydiyo boshlaydi. U tug‘ilganda onasi azob tortmagandek. Go‘yo otasiga shular qiziqdek.
Avvallari salomini to‘g‘ri bera olmaydigan kelini ham endi unga matal aytadi. Hay-hay demasa, bozorga borganiyu bodini ko‘rganidan boshlaydi. Bir gal shunday ham bo‘lgandi:
– Ertaga is kuni, – deydi kelin qaynota o‘tirgan sandalning bir kunjagiga o‘zini urib.
– Shundaymikan? – deydi chol sanoqdan adashgandek.
– Bozorga borgandim. Moy oldim, – deydi kelin qoyil qilgandek sandalga chuqurroq kirib.
– Yaxshi-da, yaxshi-da, – deydi chol kumush qoshlarini silab.
– Bozor kuyib ketibdi, – deydi kelin bamaylixotir, – moy odamning xuniga teng!
Qaynota chuqur uh tortdi. Tishni-tishga bosgisi keldi. Bundan so‘ng yana shu taxlit suhbatlarga chiday olmasligiga ko‘zi yetdi. Sandaldan chiqib o‘tirdi.
– Bozorda senga balo bormi?! Eshchi moy olib kelmay noma’qulning nonini yeydimi? – deb tovushini balandlatdi qaynota.
Kelin o‘zini eshikka urdi. Chol uning ortidan: “Yana bozor borsang, bil, qani, Bozirganning xuniga qancha moy berar ekan”, deb qoldi.
Kelinidan ranjiganidanmi yo boshqa bir sababdanmi, negadir xayoliga rahmatli kampiri keldi. Mushtdek momo edi. O‘zini o‘tga-cho‘qqa urib pildirabgina yurardi…
Qo‘zigul kampirning ajoyib odatlari bor edi. Bunday odatlar… Faqat unga, faqat shu kampirga yarashardi. Chavandoz birov-yarimdan dili xufton bo‘lsa, bas, tilini yutib qo‘yadi – hech kimga lab juftlamaydi. Oxiri bir kuni ichi pishib, zavjasiga yoriladi. Agarki u dilozor mardum xesh-aqrablaridan bo‘lsa, albatta kelib Bozirganning ko‘nglini olardi. Yot bo‘lsa-chi? Yot bo‘lsa ham, kampirning javobi tayin edi. Cholni “qutirgan tuya qopganda” ham shunday bo‘lgandi.
O‘shanda chol azbaroyi guzarga Maydaqadamga arqon olgani borgandi. Nimaga borgani ham yodidan ko‘tarilib, uyiga qaytdi. Maydaqadamdan tushay desa, arqon yo‘q! Modani ostonagacha niqtab borib:
– Gunafsha, – dedi chol.
Otaning ovozini eshitib tashqariga chiqqan o‘g‘il xuddi boshidan musht yegandek gangib qoldi:
– Padaringga la’nat, makimiya! Sen uyda kurk yot. Meni qutirgan tuya qopsin, – dedi ota.
Eshchi ham anoyi emas. Maydaqadamni minib ko‘zdan panaroqqa ketmoqchi edi, ammo chol ko‘nmadi, ustamonlik qildi. O‘g‘lini taqimiga bosib so‘kkisi keldi:
– Enang yigirgan kalavadan olib chiq, – dedi battar tutaqib.
Maydaqadamni nevara minib turdi. Kampir, o‘g‘il va kelin ip pishitdi. Chol pishib kelayotgan ipni eshdi. Agarda kampir: “Aqrabning muddaosi nish urmoq, xoh do‘st ko‘ksiga, xoh dushman orqasiga”, demaganida, ip pishigunga qadar Tashman Tuyani ham, unga qo‘shib o‘g‘lini ham so‘ka-so‘ka Bozirganning o‘pkasi pishardi.
Chol kampirning gapidan so‘ng yumshadi, nafas rostladi. Avval arqonni qulochladi. Keyin ikki-uch hatlab, oyog‘i bilan bosib tortib ko‘rdi. Pishiq arqonni mahsisining qo‘njiga urib:
– Bir to‘y beraylik, ko‘pkarining zavqiga nortuyalar ham mast bo‘lsin! – dedi.
Kelin cholning bu itfe’lini bugun ko‘rgandek, lab burib nari ketdi. Qirq yildan beri otaning so‘kishini eshitadigan o‘g‘ilga negadir shu tobda alam qildi.
– Soqoliga oq oralab ham shu odatini hech tashlamadi-da, momoy?! – dedi onasiga.
Endi, eski dard-da, bolam, nima ham qilay…
Mazasi yo‘qmi?!
Itkasal-da.
…
Arqonning bir uchini o‘g‘liga berib, tortsa ham bo‘lardi. Ammo bunday qilmaydi. Negaki, o‘g‘liga ishonmaydi. To‘yu katta-a ko‘pkari berishning sababi ham asl shu ishonmasligida! Ko‘nglida bir “attang”i borligida! Chol kampirini o‘ziga qanchalik yaqin tutmasin, bu “attang”ni unga bildirmaydi. Biroq… biroq bu “attang” ko‘p yillardan beri ich-etini yeydi; ichiga ham sig‘maydi, bo‘zlatadi! Keksargan sari avjiga oladi.
Bir gal oshnasi Esonboyga (ha, aytgancha, unda oqsoqol – oqsoqol bo‘lmagan, el qatori Esonboy edi): “Zotimdan ko‘krak kerib davraga kiradigan chiqarmikan? ” degan. Oshna o‘zini eshitmaganga olgan. “Chiqmaydi”, deb Bozirganning yana o‘zi tirg‘algan. Esonboy esa boz ustiga tish yormagan. Chavandozning marsingisi, yigitlik davrini eslab maqtangisi kelgan, chog‘i, bor gapni o‘zi aytgan.
– Bo‘z yigitligimda “chavandoz” deb nom ko‘tardim. Elning oldidan o‘tdim. Ko‘p suluv qizlarning ko‘ngligiga g‘ulu soldim.
– Ha, shunday bo‘lganmidi, – deydi oshnasining guppayganidan zavqlangan Esonboy.
– Keksalar: “Tulpor – biyadan, alp – enadan! Polvon, kelinning durkunginasidan oling”, desa, o‘yin bilibman! Qo‘zisiga, Qo‘ziguliga oshiq bo‘libman, – degan viqor bilan Bozirgan.
– Otiyam Qo‘zigulmidi? – deydi oshnasining battar zavqi kelib.
– Shunday. Har zamonda zotu palagimni o‘ylaganda oti esimga kelmasa, yodimdan ham ko‘tarila yozgan.
– Nega?
– Shu qalliq o‘yinga borganimda ermaklamoqchi bo‘lib otini so‘ragandim, “Gunafsha” dedi ko‘zlari javdirab. Oldinlari har Gunafsha deganimda shu ko‘zlarini ko‘rgim kelardi. Keyin o‘rganib qoldim.
– Ilgari bir podshoning arzandasi ham baqaning ko‘ziga oshiq bo‘lgan ekan, – deb o‘zini tutolmay kuladi Esonboy.
– Bas, bo‘ldi qil! – deydi kulgiga chiday olmay Bozirgan.
– Bo‘lmasa, nega shalviraysan! Oyparchasini olganingda yozig‘ing boshqacha bo‘lib qolarmidi? Devnikidek gavdangga, meshdek qorningga Qo‘zining erkaligi sig‘mabdi. Oyparchaning erkaligiga ulog‘ib o‘lar ekansan, chavandoz, – dedi oshna.
Shundan buyon Bozirgan oshnasi Esonboy (yo‘q, endi el tanigan Esonboy oqsoqol) bor davralarda yelkasini qisib o‘tiradi. Bu gurung olis zamonda qolib ketganiga ishonmaydi. Oqsoqol gapirganda og‘ziga termilib turadi. Xuddi uning qalliq o‘yinga borganidan aytib qoladigandek tuyuladi. Kulganida-ku, ming o‘lib-tiriladi. Bo‘lmasa, oqsoqol og‘ziga mahkam odam. Gurung bergani ko‘rgan-kechirgani ham ko‘p. Baribir, baribir chavandoz oshnasidan “aytib qo‘ymasmikan” deb cho‘chiydi-qo‘rqadi. Qo‘rquvki, “Hayit langi haqidagi mataldek tus olsa nima bo‘ladi”, deb o‘ylaydi-da!… Langi haqidagi matalni shu birgina Langi bilmasligiga farosati yetmaydi.
Kampirni chiqargan kuni yomg‘ir aralash qor yog‘di. Azada qari-qartangning ko‘pi qatnashmadi. Qish o‘z oti bilan qish-da. Bir kun qor yog‘sa, ikki kun qovoq soladi. Kun yilt etsa, Bozirgandan ko‘ngil so‘rovchilar kelib-ketib turishadi.
Chavandoz o‘zini shu paytgacha qirq yigitning biri chog‘lab, keksalikni bo‘yniga olmay kelardi. Mana, kampiri qaytish qilganidan beri ancha sezilib qoldi. Gardanini cho‘zib gapirgandi. Qish o‘chog‘i tor keldi. Burniga suv kirib, maishati tang bo‘lib qoldi. Tahorat olay desa, suv yo‘q. O‘zining aytishicha, “Ollo, demoq oson bo‘lmayapti”. Bir kuni achchiq ustiga yax suvdan ishlatgandi. Tish og‘rig‘ini topdi. Sandalning bir kunjagida “Ixlos”ni zikr etib yotgandi, kun yumshagan ekan, jag‘ini bog‘lab hovliga chiqdi. Qarasa, obtova tarnovdan tushayotgan suv bilan to‘lib turibdi. Tovani olib, o‘choq boshi tomon bordi. O‘choqqa o‘t qalanmagan. Ammo tandirda g‘chayozgan cho‘g‘ – issiq kul bor ekan. “Obtobani qo‘ysam, asrga tayyor bo‘ladi”, deb o‘yladi. Tovani joylashtirguncha, tandirda bir kulchaning singa bo‘lib pishib turganini ko‘rdi. “Olaman”, degandi, kulcha kulga tushdi. Keyin bag‘rini tandirga bosib uzaldi, kulchani oldi. “Puf-puf” qilib kuldan tozalayotgandi, uning qilayotgan ishiga “hang-mang” bo‘lib qarab turgan ikki kampirga ko‘zi tushdi. Ularning tikilib turganidan xijolat bo‘ldi. Nima qilarini bilmay, kulchani tandir ustida qoldirdi. Katta-katta qadam bosib tillaxonaga qarab yurdi. Kelini chiqib, kampirlarga egalik qilmaguncha ko‘zga ko‘rinmadi.
Uyga kirdi. “Shu kunda kampirlarga zarurmikan”, dedi o‘ziga-o‘zi. Xesh-aqrablari orasida bunday qizargani yo‘q. Quda-andalarining ichidan izladi, topmadi. Birini tanimadi, birini esladi. Jinjaklidan, Tashman oshnasining, shu o‘zimiz bilgan Tashman tuyaning singlisi. Durkun qiz edi. Moyadek kampir bo‘libdi.
Maydaqadam qorni chizgandek, gupillagan tuproqni chizib, changitib chaylaga yaqinlagan sari, tobora qishloqdan uzoqlashadi. Nevara olisdan chaylaga termilib keladi. Bobo ko‘rinmaydi. Bola bunday payt o‘z bilganicha o‘yin qiladi. Eshakka teskari minib savalaydi. Choptirgisi keladi. Maydaqadam laqabiga munosib qolaveradi. Bola modaning ustida tik turadi. Qo‘llarini langar qiladi. Bu ishidan ham ko‘ngli to‘lmay, qo‘shiq xirgoyi qiladi:
“Mingan oting bo‘z bo‘lsa… ”
Bobo buning barini bilib yotadi. Har kuni uning kelishini intiq kutadi. Qo‘shig‘ini eshitish uchun to chaylaga yetguncha bosh ko‘tarmaydi. Bolaning kelib bajaradigan birinchi ishi boboga “uzum” beradi. Keyin uyida asal bormi-yo‘qmi, hisobga olmay, asal yeganidan gapiradi. Boboyam bo‘sh kelmaydi. Tarvuz yo qovun so‘yib beradi. Doimgi gapini takrorlab qo‘yadi: “Uzum”dan Eshchiga ham uzat, tili yorilsin! ”
Chavandozning “Eshboyga til bitsa! Ota, uylanasizmi? deb so‘rasa”, deya o‘ylab o‘g‘lining yo‘liga tikilganida saraton tunlari uzun, tonglari olis bo‘ldi. O‘g‘lini kuta-kuta ota qushuyqu bo‘lib qoldi. Mana, ko‘z yumsa uxlaydi, yutinsa uyg‘onadi. Uxlaydi-uyg‘onadi – uyg‘onadi-uxlaydi…
Qani, endi unga til bitsa! Bozirganning uylanish chog‘i ham yo‘q. Ammo shu odamlarning gap-so‘zi bosilarmidi?! Gap-so‘zi bosilmasayam mayliga! Shu momoqiz jussasidan domangir bo‘lib ketmasmidi? Hech bo‘lmasa, “Ostonam sovchi ko‘rgan”, deb o‘zini ovutarmidi. Qani, endi Eshboy eshchi tish yorsa! Bu gapni damg‘irdalik qilmay, chavandoz aytsa ham bo‘ladi. Ammo Eshchini “Yurak betlab borolmaydi”, deya xavotirlanadi. Gap uning o‘zidan chiqsa, borishi mumkin. Chumchuq bo‘lsa ham nari-ku!
Qani, Eshchiga til bitsa!
Bola kechagi, oldingi kungi, yo‘q, avvalgi kungi bobo o‘rgatgan: “Bedananing yotar joyi xas bo‘lar, mezon kirsa, targ‘il morlar mast bo‘lar” qo‘shig‘ini aytmadi. Bobo: “Chol o‘lsa, qozon-qozon osh bo‘lar, kampir o‘lsa, baland tog‘lar past bo‘lar”, deb davom ettira olmay qoldi.
Nevaraning qo‘shig‘i bugun o‘zgacha edi:
“… o‘ng jilovi soz bo‘lsa! ”. Bobo qo‘shiqni davom ettira olmadi. Ammo olis yillar yodiga tushdi.
… Bola edi. Bobosining bo‘z oti bo‘lardi. Uni bobosi ana shu bo‘z otga mindirib yetaklab yurardi. Bozirganning otdan hech tushgisi kelmasdi. O‘zi tushmaguncha bobo ham tushirmasdi… Bozirgan chol bola edi…
– Buva, – dedi Maydaqadamdan tushmay bola. Bobo jim yotaverdi. Takror-takror chaqirdi. Daf’atan, onasining: “Mezon o‘tdi. Shu yotishi bo‘lsa, itkasal buvang chaylada o‘lib qoladi”, deganini esladi. Chinqirib yig‘lab yubordi. O‘zini cholning ustiga tashladi.
– Buva-a-a!
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 7-son