Kish ayni avjiga chiqqan mahal edi.
Men maktabdan keldim-da, tez-tez ovqatlandim, ustimga bu yil dadam tiktirib bergan barra teri po‘stin bilan tulki tumoqni, oyog‘imga sal kattaroq bo‘lsa ham, akam ovga kiyadigan yo‘g‘on, uzun qo‘njli etikni kiydim. Dahlizda turgan bambuk sopli qarmog‘imni, tokchadan dadamning katta qalamtaroshini oldim-da, Seyitlarnikiga qarab yugurdim… Borsam, u ham issiq kiyinib bo‘libdi-yu, biroq qovog‘ini osiltirib, bemalol o‘tiribdi. Yonida Matniyoz ham bor.
Matniyozni ko‘rdim-u, jon-ponim chiqib ketdi: qiziq, bizlar nima qilmoqchi bo‘lsak, u nuqul qarshi chiqadi. O‘zini kattalardek tutib: «O‘ylab ko‘rish kerak», — deydi.
— Qani, ketdik bo‘lmasa, — dedim men Seyitga.
— Shu qattiq bo‘ronda-ya! — dedi Matniyoz gapga suqilib, — axir o‘ylab ko‘rish kerak…
— Bizlar o‘ylab ko‘rganmiz, — dedim.
Seyit yalt etib qaradi-yu, sekin o‘rnidan turdi.
U qarmog‘ini, muz o‘yadigan lomni ko‘tarib oldi. Uchalamiz uydan chiqdik. Matniyoz indamay uyi tomon burildi.
To Amu bo‘yiga yetib, muz ustiga chiqqunimizcha Seyit lom-mim demadi. Daryo ustidagi muzga tushib, taxminan o‘rtaga qarab yigirma-o‘ttiz metrcha yurib to‘xtadi. Men qo‘lqopimni kiyib, lom bilan muz o‘ya boshladim. Sezib turibman: Seyit teskari qarab nimadir qilyapti… Men tomonga qarab-qarab tirjayib qo‘yadi. Uni yengidan ushlab o‘zimga qaratdim.
— Bu nima?
— Ko‘rib turibsan-ku! — dedi u kulib.
Uning aqliga hayron qoldim: qarmog‘ining uchiga kichkina batareya lampochkasini bog‘lab, mum bilan silliqlab, suv kirmaydigan qilibdi. Qarmoq ipi o‘rniga oq rangli elektr sim tortib tayoqchaga bog‘labdi. Tayoq uchidan oxirigacha o‘sha simni tortib kelib, batareyaga ulabdi.
— Bu nima?
— Gazeta o‘qimaysan, o‘rtoq, — dedi-da, qo‘lidagi qarmoqni bir chetga qo‘ydi, shoshilmasdan qo‘llarini og‘ziga tutib isitgan bo‘ldi, keyin cho‘ntagidan teri qo‘lqopini chiqarib bafurja kiydi-da, qo‘limdagi lomga yopishdi. Jahlim chiqib ketdi.
— Bermayman, avval aytasan, keyin beraman, — deb lomni silkib tortib oldim-u, muzga bir urdim, lom qoq beligacha muzga kirib ketdi, tortib olgan edim, burillab suv chiqa boshladi. Ikkovlashib haligi joyni kengaytirdik.
Seyit qarmog‘ini suvga tashladi, innaykeyin dastaga bog‘langan batareya simlarini bir-biriga uladi-da, chaqqon yotib o‘yilgan joydan suvga qaradi. Men ham mukkamdan tushib qaradim. Qarasam… suv ichidagi haligi lampochka miltillab yonib turibdi… Endi tushundim… Baliq yorug‘likka intilaman deb…
— Voy kalla-ey, — deb Seyitinng boshiga bir turtgan edim, xuddi shartlashib qo‘yganday po‘kak suvga sho‘shib ketdi, ikkalamiz ham o‘rnimizdan uchib turib, qarmoq dastasiga yopishdik.
Mana, hademay, birinchi chavoqbaliq dumi bilan muz ustini shapatilay boshladi. Sal o‘tmay ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi… o‘ninchi chavoqbaliq, suyenbaliqlar ham muz ustiga chiqdi.
Qancha vaqt o‘tganini bilmayman. Qayerdadir qars etib muz yorildi. Bir silkinib tushganday bo‘ldik. Atrofga alanglab qaradik, daryo o‘rtasi hali qotmagan, sal narida girdob bo‘lib oqayotgan suv ko‘rinib turardi.
Bir mahal shamol qulog‘imizga qandaydir bir chinqirgan tovushni olib keldi. Birinchisiga unchalik ahamiyat bermagan edik, ikkinchisi boyagidan qattiqroq, ayanchliroq eshitildi, boshimizni ko‘tarib atrofga qaradik.
Nazarimda, qirg‘oq uzoqlashib ketgandek, narigi betda birov qalpog‘ini qo‘liga olib, silkib qichqiryapti…
— Matniyoz-ku, — dedi Seyit tirjayib, — alam qilyapti shekilli-a?
Mening tilim gapga kelmay qotib qolgan edi. Seyit meni ko‘rib shoshib qoldi.
— Nima bo‘ldi senga, Olloniyoz?!
— Oqib ketyapmiz, — dedim men yig‘lamsirab.
— A?!
Seyit ham, men ham o‘z turgan joyimizda qotib qoldik. Ko‘p o‘tmay qirg‘oqdagi haligi odam ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Rostakamiga qo‘rqsa odam yig‘lay olmas ekan. Ikkalamizning ko‘zimizda ham nam yo‘q. Ketib boryapmiz. Ba’zan to‘lqin muz parchamiz ustiga sapchib, do‘q urganday bo‘lardi, o‘yilgan joydan chilp-chilp qilib suv chiqib, yana qayta tushadi. Avvaliga bilinmagan edi, biz turgan muz parchasi o‘rtaga surilib, tez oqqan sari ko‘proq chayqala boshladi. Boyadan beri bizlar bir-birimizni aybdor qilmoqchi bo‘lganday, yaqinlashmay, ikkalamiz ikki joyda qaqqayib turgandik, muz chayqalib bizlarni yaqinlashtirib qo‘ydi. Bir-birimizni mahkam ushlashib, ko‘zlarimizni javdiratib atrofdan madad qidirardik. Ammo na u qirg‘oqdagi, na bu qirg‘oqtsagi tilsiz qamishzor, to‘qayzordan biror sado eshitilmasdi.
Mana, kechga borib, shamol tindi. Biroq qor uchqunlay boshladi. Bora-bora ko‘nikib koldik, bir-birimizni mahkam quchoqlab, ko‘chma muzning o‘rtasiga o‘tirdik. Seyitni bilmayman, mening yuragimda qo‘rquv. U-bu desam, Seyit: «Menmi, senmi baliq oviga boshlagan», — deb ta’na qiladiganday nazarimda. Qayoqdanam shu ishni boshlay qoldim? Asta Seyitga qaradim, uyam, ko‘zida yosh-u, tirjayadi tag‘in. Kulib yubordim.
— Endi nima qilamiz? — desam, u:
— Ziganshin, Poplavskiylar nima qilgan edi, — deydi tirjayib.
— Qoraqalpoqdan chiqqan Ziganshin, — dedim uni sekin quchoqlab. Shundan keyin gapimiz uzilib qoldi. Atrofimizni qorong‘ilik o‘ray boshladi. Muz «qayig‘imiz» boyagidan sal tinchroq oqsa ham qorong‘ilik atrofimizga o‘zining ko‘lankasini tashlay boshladi. Shunisi tuzuk bo‘ldiki, qor taqqa to‘xtadi. Nazarimda kun soviy boshlaganday. «Uf» desang og‘zingdan oppoq bug‘ chiqadi. Quloqchin, tumoqlarimizning bog‘ichlari qirovdan oppoq. Atrof zimiston. Daryoning shaldirab oqishi ko‘rqinchli, qayerdadir muz muzga urilib qarsillaydi…
«Mabodo bizning tagimizdagi muz parchalansa-chi? Unda nima bo‘ladi?!» Shu qo‘rqinchli xayol bilan Seyitga qaradim. U ham jim. Xayol surib o‘tiribdi.
Mana shunday ahvolda kelayotganimizda «qayig‘imiz»ning tumshug‘i bir narsaga kelib qattiq urildi. Bizlar o‘tirgan joyimizdan bir metrcha joyga sirg‘anib borib to‘xtadik. Bunday qarasam, qirg‘oqqa o‘xshaydi; yer, qamish… sevinib ketdim.
— Seyit, tur, — dedim men uni turtib, — qirg‘oqqa keldik, muz surilib ketmasdan tushib olaylik…
— Qanaqa yer?! — dedi u o‘rnidan turib.
— Bo‘l, tez, muz oqib ketyapti, — dedim shoshilib. — Qarmoqlarni, baliqlarni ol.
Bizlar baliqlarni, qarmoqlarni tez-tez qirg‘oqqa otib sakrab chiqib olgan ham edikki, muz parchasi asta-sekin bizdan uzoqlasha boshladi. Qiziq, muz bizdan uzoqlashyaptimi, qirg‘oq uzoqlashyaptimi, bilib bo‘lmas edi.
Nima bo‘lsa ham bo‘ldi, bir amallab yerga chiqib oldik. Xo‘sh, endi nima qilish kerak? O‘ylay boshladik. Hammadan ham shunisi yaxshi bo‘ldiki, bu yer uncha sovuq emasdi, atrofdan iliqroq shamol esardi. Bizlar qamish oralab sal olg‘a yurgandik, oldimizdan suv chiqib qoldi, chapga bir oz yurgandik, yana suv chiqdi, keyin o‘ngga yurdik, yana atrofimizning hammasi suv… Kichik bir orolga chiqib qolibmiz. Endi nima qildik?!
Asta yurib orolning o‘rtasiga keldik. O‘tirib o‘ylay boshladik. Bunday mahalda boshga tuzukroq fikr kelarmidi? Seyit, negadir, o‘rnidan turib, qamishlarning uch-uchidagi popuklarini sindira boshladi.
— Nima qilyapsan?
— Ishing bo‘lmasin, — dedi u salmoq bilan, — qalamtaroshing bormi? Ozroq qamish o‘r, yoqamiz…
Juda quvonib ketdim. Demak, Seyitda gugurt bor ekan. Tezda bir-ikki bog‘ qamish o‘rib keldim. Seyit boyagi popuklarni bir bog‘ qamish tagiga qo‘yib, gugurt chaqdi.
Avvaliga bir oz tutab, keyin yondi. Boyagidan sal isiy boshladik. Biroq qamish lovillab yonib, tez o‘chib qolaverar ekan. Orolchani aylanib, uch-to‘rtta yovvoyi jiyda shox-shabbasini qirqib keldim. Seyit ularni olovga bir-bir tashlab, xayolchan o‘tirarkan:
— Ha, mana endi Robinzon ham bo‘ldik, — dedi xo‘rsinib. Men indamadim.
— Yer qimirlayaptimi? — dedi bir mahal Seyit.
— Nima deb aljiyapsan o‘zing!
— Ana, ana, qaragin.
Rost, orolcha sal chayqalganday bo‘ldi.
— Tag‘in bu ko‘chma orol bo‘lmasin, — dedi Seyit vahima qilib.
— Qo‘y-e, ko‘chma orol Amuda nima qiladi? — dedim men unga tasalli berib, — dadam uni Orol dengizida bo‘ladi, deganlar-ku…
— Hozir Orol dengizida yurgan bo‘lsak-chi?
— Nima! — yuragim shuv etib ketdi. — Rost, atrofimiz hammasi suv…
Ilgarilari Orol dengizida ko‘chma orolcha borligini keksa baliqchilardan, o‘qituvchilardan eshitardik. Mana endi o‘zimiz ko‘chma orol ustida yuribmiz.
— To‘xta-to‘xta… Eshityapsanmi? Samolyot…
Rost, samolyot. Men o‘rnimdan uchib turib, osmonga qaradim. Samolyot! Ikkalamiz kuchimiz boricha baqirdik. U pastlab kelib, o‘ng tomonimizdan o‘tib ketdi. Eh, attang!..
U sal o‘tmay chap tomonimizdan yana ko‘rindi. Men katta, bir uchi yonayotgan shoxni baland ko‘tarib, u yoqdan-bu yoqqa silkidim. Yana u parvo qilmay o‘tib ketdi. O‘tib ketdi-yu, yana orqa tomonimizdan pastlab uchib o‘tdi. Bu gal ham ovozimiz boricha qiyqirib, yonayotgan shoxni baland ko‘tarib silkidik.
— Ana, ana ko‘ripti, ur-re… ko‘ripti. Signal beryapti, — dedi Seyit quvonib, — ko‘ryapsanmi Olloniyoz, signal beryapti…
Samolyot ko‘k, qizil chirog‘ini bir o‘chirib, bir yondirib, asta-sekin qorong‘i tun bag‘riga sho‘ng‘ib ketdi.
— Ko‘rganda nima, bu yerga qo‘na olarmidi, — dedim men hafsalam pir bo‘lib.
— Rost, — deb xo‘rsindi Seyit.
Samolyot qaytib kelmadi. Bizlar uni kuta-kuta yana olov atrofiga jim cho‘kkaladik. Har kuni bu mahalda men allaqachon ovqatlanib bo‘lib, darslarimni tayyorlayotgan bo‘lardim. Oyim bugun qanday ovqat qilgan ekan-a? Qornim ochgani endi bilina boshladi… Miyamga bir fikr kelib qoldi:
— Seyit, baliq pishirmaymizmi?
Qorni ochib turgan ekanmi, boyagi tutgan baliqlarni topib kelgani o‘rnidan uchib turdi-yu, nimagadir tikilib, qotib qoldi.
— Chiroq, chiroq ko‘rinyapti, Olloniyoz, — dedi u quvonib. Men ham o‘rnimdan uchib turdim. Qarasam, bir chiroq kelyapti. Ko‘zimga u xuddi quyosh oqib kelayotganday ko‘rindi. Suv ustida nur o‘ynardi. Ana, qandaydir gudok…
— Kater… — dedim men asta. Keyin ikkalamiz rosa baqira boshladik. U tinmay gudok chalib, borgan sari yaqinlashar, bizlar hamon baqirardik. Uning o‘tkir yog‘dusi kichik orolchani butunlay yoritib kelardi. Sal o‘tmay ko‘zimiz qamashib, katerga qaray olmay qoldik… Ana, tarillagan tanish tovush, yozda daryoda yuradigan kichkina kater… U sal o‘tmay orolchaga tumshug‘ini taqadi. Ana, ustidan bir-ikki kishi tushdi. Birortasi ham tanish emasday…
— Seyit, Olloniyoz! — deb qichqirdi kimdir, kater ichidan. Ovozidan darrov tanidim: Matniyoz…
— Qani, qahramonlar katerga chiqinglar, — dedi bir yo‘g‘on ovozli kishi. Men, rosa boplab urishsa kerak, deb o‘ylovdim. Xayriyat, negadir indamadi. Avval, Seyit, keyin men katerga chiqdik. Haligi odamlar ham chiqishdi. Men, Matniyoz, Seyit qator o‘tirishdik.
— Rosa qichqirsam ham qaramadinglar, — dedi Matniyoz, — men ham qarmog‘imni olib chiqib, shunday qirg‘oqqa kelsam, oqib ketayotgan ekansizlar… Qichqirdim-qichqirdim, eshitmadinglar, keyin ovulga qarab yugurdim.
— Qani, ketdik, — dedi haligi ovozi yo‘g‘on kishi. Qorong‘ida basharasi ko‘rinmasdi. Faqat ustiga kiyib olgan dengizchilar formasi bilan mo‘ylovigina zo‘rg‘a ko‘rinardi. Kater asta orqaga burilib, bir silkindi-yu, suvni yorib suzib ketdi.
— Sizlarning bu joyda ekanligingizni samolyotdan bilishdi, — dedi Matniyoz shivirlab, — qancha odam ovora bo‘ldi… O‘ylab ko‘rish kerak edi…
Seyit uning bu so‘ziga indamadi. Men asta Matniyozning bo‘ynidan kuchoqlab oldim. U qarshilik ko‘rsatmadi.
Kater tarillaganicha butun dahshat va qo‘rqinchni orqada qoldirib, olg‘a intilardi…