Tirikdaysan go‘yo, bardamsan go‘yo,
Hayot ham u qadar ezmas yelkangni…
Xo‘sh, qayerdan keldi bu qayg‘u?
V.Soyning qo‘shig‘idan
Metroning N. bekati. Kechgi soat olti.
Chekkadagi o‘rindiqlarning birida, sumkamni tizzam ustiga qo‘ygancha, yarim soatdan beri seni kutyapman. Kechikkuday bo‘lsang, zinhor ketib qolmasligimni iltimos qilgansan — bugun ishxonangda maosh beriladigan kun, o‘tgan oy olgan qarzingni qaytarish niyatidasan. Yana qancha hayallashing mumkinligini bilmayman-u, lekin hozircha mo‘ljalim — tag‘in yarim soat kutib, keyin uyga jo‘nayverish.
Bekatda odam siyrak. Bu bekatda doim ham shunday. Ora-sira yakkam- dukkam yo‘lovchi tushib keladi, ba’zilar o‘rindiqlardan joy oladi, ba’zilar tik turgancha kutadi. Dam u, dam bu tomondagi tunnel ichidan guvillab vagonlar chiqib to‘xtaydi, “duv” etib to‘kilgan olomon birpasda har yoqqa tarqab ketadi — bekat yana siyrak tortib qoladi…
Marmar devorlardagi olovrang, tutunrang, kulrang va yana allaqancha xil tushuniksiz rang dog‘larning ajabtovur qorishmasini, boshqa bekatlardagidan farqli — bezaksiz, oq gumbazsimon shiftning tarnovda qotgan bahaybat sumalak bo‘laklarini eslatuvchi shisha qandillarini obdon tomosha qilib bo‘lganman, u yog‘iga xayolimni nima bilan band etishni o‘ylagancha tunnel tepasidagi elektron soatga qarab-qarab qo‘yaman.
Bugun o‘ttizinchi may. Bahorning oxirgi kuni. Shuning uchunmi, bilmadim, ertalabdan xayolim parishon. Hech nimada diqqatimni tutib qololmayman, o‘ylarim tutun kabi yoyilib ketaveradi… Yuragim esa tosh solib qo‘yganday og‘ir.
O‘rindiqning narigi chetida xushro‘ygina mallasoch qiz o‘tiribdi; kelganimda qay holatda bo‘lsa, hozir ham shu — har gal qarshimizda eshiklar ochilganidagina boshini ko‘tarib, odamlar orasidan kimnidir izlaydi, so‘ng nigohi yana yer chizishda davom etadi.
U ham kutyapti…
Qizning yengsiz, etaklari uzun oqish sidirg‘a ko‘ylagiga, platforma poshnali qora ag‘darma charm tuflisiga juda-juda havasim keladi, ko‘ylak bichimini eslab qolishga harakat qilaman. Keyin uning kasb-kori haqida bosh qotiraman — avval, xalqaro yo‘llar bo‘yicha aeroport nozimi, deb ko‘raman, lekin bu taxminim darrov o‘zgaradi — nozimlarda ham, xuddi sartarosh va kotibalar kabi, bu qizdagi oqsuyaklarga xos nimadir yetishmaydi… Xorijlik sayyohlar uchun gid-tilmoch… Qo‘lida skripka g‘ilofi bo‘lganida-ku, konservatoriya talabasi derdim-qo‘yardim. O‘ylab-o‘ylab, oxiri shunday xulosaga kelaman — qiz-fotomodel! Hali biror yerda uning suratiga ko‘zim tushmagan bo‘lsa-da, shu fikrga mahkam yopishib olaman. Balki, u boshlovchi modellardan — faoliyati hozircha “Modalar uyi”da kiyim namoyish etish bilan cheklangandir. Ertaga esa, xudo biladi — ehtimol “Vogue“ning muqovasida ko‘rinib qolar. E-e, kim bo‘lmasin, menga o‘xshash kunduzi o‘qib, kunning ikkinchi yarmida ishlaydiganlardan emasdir, har qalay. Tuflisiga shu qadar havasim keladiki, hatto bir zum bu oygi maoshimga stipendiyamni qo‘shib, bitta shunaqa tufli olsammikan, deb ham o‘ylayman, biroq qishga etigim yo‘qligi, paltom ham eskirib qolganini eslashim bilan bu shirin xayol kapalakday uchadi-ketadi. Keyin, bunday tufli kiyganingga yarasha, qolgan ust-boshing ham shunga mos bo‘lishi kerak — qizning egnidagi kabi ko‘ylak olish uchun esa, mening uch-to‘rt oylik maoshu stipendiyalarim ham ozlik qiladi. Ha, cho‘ntagimiz hammavaqt ham didimizga to‘g‘ri kelavermaydi, degan odam qanchalar haq…
Sen haqingda o‘ylay boshlayman. Darrov ma’yus tortaman — avgustda sen turmushga chiqyapsan. Atigi ikki oydan so‘ng. Atigi ikki oydan so‘ng sen yo‘q bo‘lasan. Ya’ni, men uchun yo‘q bo‘lasan — ikkovimiz boshqa-boshqa olamlarda yashay boshlaymiz go‘yo. Ehtimol, yana qanchadir vaqt qo‘ng‘iroqlashib, hatto ba’zi-ba’zida uchrashib ham turarmiz, balki bir umr ham dugonaligimiz yo‘qolmas, lekin baribir… hammasi boshqacha bo‘ladi endi. Sen turmushga chiqasan — meni bolalik bilan bog‘lab turgan so‘nggi ip uziladi… Na iloj. “Vaqtga tobemiz barimiz birdek…”
Qo‘shni o‘rindiqqa besh-olti nafar o‘smir qizlar kelib o‘tirishadi, darrov o‘sha tomon o‘girilib, qizlarga boshdan-oyoq razm solib chiqaman — vaqtni o‘tkazish uchun bundan yaxshiroq mashg‘ulot bormi…
Kishining iqtisodiy ahvolini uning birgina oyoq kiyimidan bilib olish mumkin, deyishadi. Menimcha, bu u qadar to‘g‘ri emas. Misol uchun, boy odam baxilligi sabab va yo bozor-o‘char degan joylarga ketayotib, azbaroyi yaxshi poyafzalini ayash niyatida ham eskiroq, “bundayroq” tufli kiyib olgan bo‘lishi mumkin va… aksincha. Mening bir sinfdosh dugonam bo‘lardi, u ayni vaqt qo‘shnim ham edi, yettinchi sinfdaligimda tog‘am menga chet eldan o‘sha paytlar endi rasm bo‘layotgan “lodka” tufli olib kelgandi, haligi dugonam biror yerga boradigan bo‘lsa, — bu degani har uch kunning birida o‘sha tuflini so‘rab chiqaverardi. Toza bezor qilgandi o‘ziyam. Bermayman desam, xafa bo‘lardi tag‘in… Mendan tufli, boshqa birovdan ko‘ylak, yana birovdan sumka… Hatto atirni ham kimlardandir olib separdi. O‘sha dugonamni ko‘cha-ko‘yda ko‘rganlar, biror amaldorning qizi deb o‘ylasharmidi, balki, vaholanki, uning oilasini o‘rtamiyona deb ham bo‘lmasdi…
Ro‘paramdagi qizlardan to‘rttovining oyog‘ida bir xil — hozir tijoratchilar Arab amirliklaridan keltirib sotishayotgan qora lak shippak. Qolgan ikkitasi o‘zimizning shirkatlar ishlab chiqargan, yozdan ko‘ra kuzgi mavsumga mosroq tuflida; birining egnida bundan uch-to‘rt yil avval urf bo‘lgan “variant” — qora gipyur yubka bilan oq gipyur kofta, narigisida — arzonbaho “varyonka”. Ayni kunda esa quyidagi xil liboslar “moda”ga kirgan: qora rang sun’iy ipakdan kofta-yubka qilinib, o‘sha rangli shifondan uzun, keng-mo‘l yeng o‘rnatiladi, koftaning oldiga tijorat do‘konlarida to‘lib-toshib yotgan yaltiroq tugmachalardan besh-oltitasi qadaladi: shuningdek, yoqaga shifondan “pirpirak” o‘rnatish yoki yubkaning o‘zini ham shifondan tiktirish mumkin. Oxirgi paytlar “ipak-shifon” kombinatsiyasi uchun faqat qora emas, oq, pushti, binafsha, hatto sariq ranglar, guldor, yo‘lbars terisi nusxali matolar ham qo‘llanilyapti. Yana bir usul: yo‘l-yo‘l yo xol-xol va yo rang-barang geometrik shakllar tasviri tushirilgan ipakdan kostyum-yubka qilib qo‘ya qolinadi — bu yana ham arzon tushadi. Savdo rastalari turli-tuman sun’iy ipagu shifonlarga to‘lib-bitgan — odamlarning cho‘ntagiga eng to‘g‘ri keladigani ham bugun shu-da; matoning boshqa turlari nisbatan ancha qimmat, tayyor kiyim-kechakning narxi haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Shunday qilib, bu yil bahorgi mavsumda, qizlarning o‘rta tabaqaga mansub qismi taxminan bunday ko‘rinishga ega: engilda “ipak-shifon”ning bir turi, oyoqda qora lak shippak, qo‘lda Turkiyada ishlangan sun’iy charm sumka… Mana, qarshimdagi qizlarning uchtasi ham o‘shanaqa “ipak-shifon”dan kiygan, biri esa yangilik ixtiro qilib, namozshomgulli atlasning yengiga qizil shifon o‘rnatib olibdi… “Varyonka”li qiz hammani og‘ziga qaratib nimalarnidir tinmay bidirlayapti. Bir tomondan, bunday qizlarning tirishqoqligiga qoyil qolish kerak — engilning “kamtargina”ligiga sir boy bermay, qaytaga uning o‘rnini boshqa “mayda detal”lar bilan to‘ldirishga urinishadi, ya’ni: sochlar hafsala bilan jingalak qilinadi, yuz-ko‘z obdon bo‘yaladi: qo‘lda qanday bo‘lmasin, ishqilib elektron soat, ko‘zda arzongina oftob to‘sg‘ich ko‘zoynak, turkcha sumkaning o‘rniga “Marlboro” yoki “Camel” shirkati tamg‘asi bosilgan yelim xalta ham o‘taveradi, agar topilsa, shaqir-shuqur jez zirak-munchoqlardan ham taqib olishadi — tamom-vassalom, shunaqa narsalarning “foni”da “varyonka”lining eskiligi ham, tuflining yedirilganligi ham unchalik bilinmay ketaveradi. Biroq “varyonka”lining qo‘lidagi sumka qimmatbaho — timsoh terisidan yasalgan, ko‘riboq ko‘nglimdan “o‘ziniki emas”, degan o‘y o‘tadi, darrov anavi sinfdosh dugonamni xotirlayman… Yo‘q, kiyim-bosh odamning moddiy ahvolidan ko‘ra ham uning shaxsiyati haqida ko‘proq xabar bersa kerak… Shu payt, to‘rva-xaltasining og‘irligidan yonboshiga egilib, inqillab-sinqillab bizning o‘rindiq sari kelayotgan to‘lagina ayolga ko‘zim tushadi, endi diqqat-e’tiborim u tomon ko‘chadi. Ayol kela solib, zildek sumkasini “gurs” etib yerga qo‘yadi, oyoqlarini kerib o‘tirib oladi-da, dastro‘moli bilan terlab ketgan yuz-bo‘ynini arta boshlaydi. Sumkasining tutqichlari ikki yonga og‘ib, ichidagi tunuka moy bo‘yoq idishlar ko‘rinib qoladi… Bu ayolni taniyman — eski hovlida turgan kezimiz bizning mahallada manzil shifokori edi. Egniga tor kelib qolgan g‘ijim krepdeshin ko‘ylagiga, poshnalari qiyshayib ketgan sarg‘ish tuflisiga noxush nazar tashlayman. Taram-taram yorilgan tovonlari, kir, o‘siq tirnoqlarini ko‘rib esa batamom ta’bim tirriq bo‘ladi. Bu kishi shifokor emish tag‘in… O‘zim ham anchadan beri tirnoqlarimga qaramay qo‘yganimni eslayman. Ilgari tirnoq pardozlamay sira ko‘chaga chiqmasdim. Hammasi shunday mayda-chuydalardan boshlansa kerak — bu ketishda hademay, yonimdagiga o‘xshash — bozorlarda og‘ir to‘rva-xaltalar ko‘tarib terlab-pishib yuradigan, ust-boshi palapartish ayollarning biriga aylanib qolishim hech gap emas. Ey xudoyim, mana shunisidan biram qo‘rqamanki…
Tunnel ichidan guvillab vagon chiqib keladi. Ayol tizzalariga tayanib og‘ir qo‘zg‘oladi… O‘rindiqda yana mallasoch qiz ikkovimiz qolamiz.
Sendan hamon darak yo‘q…
Xayollarim aylanib-aylanib ishxonaga — universitet radiosiga qaytadi. Ertaga og‘ir kun. Besh para dars, beshinchi para soat uchda tugaydi, ishga roppa-rosa ikki soat kechikib boraman. Keyin bir emas, to‘rtta fakultet orasida zir yugurib, dekanlardan bu yilgi kirish imtihonlariga tayyorgarlik haqida intervyu olib ulgurishim kerak — kelgusi eshittirishga ketadi. Uyga borgach esa, ehtimol yarim kechga dovur muk tushib dars tayyorlarman — indinga birinchi parada “Maxsus kurs” bo‘yicha seminar. Ertalab yana o‘qishga yugur, undan chiqib ishga… Yana ham muharririmiz yaxshi, kunda-kunora kech qolib kelishlarimga indamaydi — aytgan ishini vaqtida bitkazib bersam bo‘lgani. Ochig‘i, bizning sersoqol Maratga “muharrir” degan nom uncha “o‘tirishmaydi”. O‘zi ham u qadar “muharrir” emas-da. Marat — biznesmen. Shaharning qayeridadir yelim xalta ishlab chiqaradigan kichik korxonasi bor. Rektorat binosining ikkinchi qavatida joylashgan torgina xonamiz ham rasmangina universitet radiosi, aslida u Maratning korxonasi uchun idora sifatida xizmat qiladi, kelib-ketuvchilar orasida ham talabayu-dotsentlardan ko‘ra Maratning tijoratchi tanish-bilishlari ko‘proq. Asosiy ishni to‘liq stavkada ishlovchi Alfiya degan tatar qiz ikkovimiz bajaramiz, Marat faqat yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, eshittirish matnini tekshirib, tahrir qilib berib turadi.
Marat — xunukkina yigit. Bo‘yi uzun, yelkalari turtib chiqqan, yuzidagi husnbuzarlarni yashirish uchun soqol-mo‘ylab qo‘yib yuradi. Lekin kiyinishni boplaydi, tagida yap-yangi “09”i bor, topish-tutishi joyida. Shu bois rektoratdagi jamiki turmushga chiqmagan kotibayu hisobchilar Maratni “ilintirish” payida. Alfiya — yaxshigina “olibsotar”; undagi latta-puttalarni ko‘rish bahonasida qizlar birlari olib, birlari qo‘yib xonamizga kirib kelaverishadi, kirib kelaverishadi… Marat ularning niyatini biladi, ostonada qizlardan birovi ko‘rinishi bilan darrov qovoq uyib oladi… Biroq yaqindan beri iqlimda o‘zgarish sezila boshladi. Ikki oycha avval, oq shim, zangori kofta kiygan kalta sochli bir qiz tush payti Alfiyani yo‘qlab kelgandi. Marat qizni boshdan-oyoq kuzatib qolganini ko‘rib, Alfiya ikkovimiz darhol ko‘z urishtirib olgandik. Qiz chiqib ketishi bilanoq Marat Alfiyadan uning kimligini so‘raganida esa “voy” deb yuborishimga oz qoldi. Rektoratdagi qanchadan-qancha undan ko‘ra yoshroq, chiroyliroq qizlarni nazar-pisand qilmagan odam… Hammaning didi har xil-da. Masalan, menga, qizning yuzi qarimsiq va sovuq ko‘ringandi. Alfiyaning aytishicha, kadrlar bo‘limiga yaqinda ishga kelgan u qiz rektorning jiyani ekan, iqtisod fakultetida sirtdan o‘qirkan.
Qiz o‘sha bir kelganicha qorasini ko‘rsatmay ketuvdi, lekin o‘tgan hafta, adashmasam, kunora Alfiyani so‘rab kiradigan bo‘lgandi. U har kirganida, Marat o‘zini garchi parvo qilmaganday tutsa-da, yuragi to‘kilib ketguday bo‘layotgani ko‘zlaridagi besaranjomlik, qovushmagan xatti-harakatlaridan shundoq sezilib turardi. Kecha Alfiyani “turtkilab” ko‘ruvdim, “hech kimga aytmaslik” sharti bilan bir sirni ochdi.
Qiz xonamizga birinchi marta tashrif buyurganidan o‘n kunlarcha o‘tib, Maksning (Alfiyaning xolavachchasi, Maratning firmasida ishlaydi) tug‘ilgan kunida, kayfi oshib qolgan Marat Alfiyaga yorilibdi… Poytaxtga endigina kelgan kezlari, (Marat asli poytaxtlik emas, S. viloyatining qaysidir shahridan) ertalablar universitetga qatnayotib, ko‘pincha tramvayda maktab libosidagi haligi qizga ko‘zi tushar, o‘shandanoq uni “yoqtirib” qolgan ekan… Bir ilojini topib, qiz bilan “tanishtirib” qo‘yishni Alfiyadan o‘tinib so‘rabdi. Qulay payt kelishini poylab yurgan Alfiya, avvalgi hafta qizning serqatnov bo‘lib qolganidan dadillanib, ilmoqli gap tashlab ko‘rgan ekan xonimposhshaning joni-poni chiqib ketibdi. Keyin nima debdi deng… Oyning boshi Alfiya betob bo‘lib ikki-uch kun ishga kelmay qolganida, Marat tushmagur, kadrlar bo‘limiga borib, qizdan besh-olti bet “zarur” bir nimani mashinkada ko‘chirib berishni iltimos qilibdi. (Ish bahona, diydor g‘animat-da — yo‘qsa kotiba degani qavatimizning o‘zidayoq to‘lib yotibdi.) Qiz darrov ko‘chirib beribdi ham… “Endi radiolaringni yelkamning chuquri ko‘rsin, — debdi u Alfiyaning gapini eshitib. — Faqat anavi qishloqi oliftalaringga ayt, marhamat qilib, mashinka haqini to‘lab qo‘ysin. Men unga tekin xizmatkor emasman. Yo hammani o‘ziga o‘xshab bebiliska pul topyapti, deb o‘ylaydimi? Ana to‘laydi, mana to‘laydi, deb shuncha kutdim, meni ko‘rib zora esiga tushsa, deb xonasiga shuncha kirib-chiqyapman… Bu kishim bo‘lsalar nima xayolga boribdilar. Soqol bosgan basharasiga qarasam ko‘nglim ozadiyu…” Voy xudo, voy xudo… Alfiya qizning aytganlarini shundoqligicha yetkazguday bo‘lsa, Maratning aft-angori ne tusga kirishini tasavvur qilyapman… Bechora Marat! Chindan ham o‘zicha nima xayollarda yurganiykin-a…
Yonginamdan “adidas” sport kiyimidagi, sochini tap-taqir oldirgan novcha yigit o‘tib ketadi, qo‘lidagi yopiq shamsiyadan suv tomchilayotganini ko‘raman. Tashqarida yomg‘ir yog‘yapti… Mallasoch qiz “uh” tortib boshini xiyol ortga tashlaydi. Bo‘ynidagi ingichka tilla zanjirga ko‘zim tushadi, yana seni eslayman — yaqinda sen ham shunga o‘xshash zanjir sotib olganding. Albatta, birjaning maoshi redaktsiyaniki kabi emas…
Onam ham anchadan beri boshqa tuzukroq yerga, masalan, senga o‘xshab birorta birja-mirjaga o‘tib ishlashimni maslahat berardi. Men esa, dorilfununni bitirishimga oz qolgani, keyin bir yo‘la to‘liq stavka bilan o‘shanaqa birjalardan biriga borishim mumkinligini aytib, ishni paysalga solaman. Aslida o‘zimning ketgim yo‘q. Turkcha qahva hidi o‘rnashgan tinchgina xonamizga, kundalik yumushlarimga, ba’zan Alfiya, Marat uchchovimiz o‘tirib, bir piyola choy ustida o‘tgan-ketganlardan g‘iybatlashishlarimizga… umuman, shu yerning muhitiga juda qattiq o‘rganib qolganman. Erta-indin o‘qishim bitgach, baribir bu yerdan ketishim kerakligini o‘ylasam, halitdan yuragim zirqiraydi. Dunyoda menchalik muqimtabiat kimsa bormikan o‘zi…
Bugun odatdagiday, o‘qishdan chiqib, rektorat binosining marmar zinapoyalaridan ko‘tarilayotgan edim. Birdan qulog‘imga Viktor Soyning tanish qo‘shig‘i chalindi. Qo‘shiq bizning xonadan eshitilardi. Ko‘nglim shunday orziqdi — bundan to‘rt yil avval, radioga ishga yangi kelgan paytlarim yodimga tushib ketdi… O‘shanda Viktor Soy rosa mashhur bo‘lgan kezlar, xonamizdagi magnitafonda ham faqat uning kasetalari aylanardi. Unda muharririmiz boshqa — har kuni yarim soatgina ko‘rinish berib, keyin g‘oyib bo‘lib ketadigan bir rus dotsenti; Marat esa yaqinginada o‘qishni bitirgan, hozirgiga qaraganda soddaroq, sergaproq, hazilkashgina yigit edi. Hali butunlay “biznesmen”ga aylanib ulgurmagan — faoliyati faqat “yirik chayqovchilik” doirasida; ba’zan bizga adabiyotdan “ma’ruzalar” ham o‘qib turardi hatto. “Ee-hhh… — derdi u chuqur nadomat bilan, — Katta adabiyotning vaqti o‘tdi endi…” (“Katta adabiyot” deganida romanlarni emas, san’at darajasidagi butun adabiyotni nazarda tutadi.) XXI asrda Katta adabiyot qirilib bitmish tamaddundan yodgor tosh lavha kabi bo‘lib qoladi go‘yo. XXI asr kishilarida esa, lavhadagi yozuvni o‘qish uchun qobiliyat ham, imkoniyat ham, xohish ham topilmaydi. Tosh lavha, o‘lik tillar maftuni bo‘lmish juda ozchiliknigina qiziqtirishi mumkin… Meni aytdi dersiz, yangi asrda odamlar oldi-qochdi romanlarni-da o‘qishmaydi, e-e, ular nima, bora-bora hatto gazeta o‘qimay qo‘yishsa kerak. Faqat… faqat televizor ko‘rishadi. “Agar qalamning orqasida non yemoqchi bo‘lsang, senga maslahatim, — deydi u, garchi undan maslahat so‘ramagan bo‘lsam-da, — Gollivud uchun stsenariy yozishni mashq qil”. Keyin stsenariy qanday yozilishi kerakligi haqida batafsil tushuntirish bera boshlaydi. Gollivud filmlari orasida eng xaridorgiri, tayinki — “ur-o‘ldir” filmlar. (Bularni yumshoqroq qilib, “qochdi-quvdi” desa ham bo‘ladi.) Ya’ni, Stallone, Shvartsenegger, Mel Gibson, Bryus Uillis, Stiven Sigal va hokazolar ishtirokidagi, rasman “voqeaband film” deb atalgan — bosh qahramoni mafiya bilan orani ochiq qilayotgan sobiq politsiya ofitseri yo davlat miqyosidagi jinoiy operatsiyani fosh etayotgan xavfsizlik xizmati xodimi, yo haqiqatni yuzaga chiqarish yo‘lida jon tikkan, favqulodda ziyrak-zehnli, favqulodda epchil-uddaburo va ishonarsiz darajada omadli reportyor va yo Jeyms Bond yoki Rembo — xullasi kalom, shuncha otdi-quvdi, ur-o‘ldir, yondir-kuydirdan so‘ng ham tirik qoladimi-yo‘qmi, ishqilib, oxirida albatta g‘alaba qozonadigan shaxs bo‘lmish filmlar. Biroq, bu yog‘liq luqmaga ko‘z tikib xomtama bo‘lmaganim ma’qul — bunisi Gollivuddagi “nahang”lardan ortmaydi. “Sport — karate” filmlarning ham bozori chaqqon, lekin, bu yerda ham “yorib chiqish” mushkul; bir yoqda Stallone va Van-Dammlarning o‘zi stsenariy yozib yotgan bo‘lsa. Stalloneni yoqtirmasa-da, Marat “Rocky” seriyalarini Gollivudning eng yaxshi filmlaridan hisoblaydi. (Marat u yoki bu filmning muvaffaqiyati qaysidir darajada uning musiqasiga ham bog‘liqligini ta’kidlab o‘tadi, masalan, “Rocky V”ning finalidagi qo‘shiq, filmning yarmi darajasidagi kuchga ega emish.) Komediya ham yaxshi narsa, ammo bu borada omadim chopishi dargumon — Maratning fikricha, menda umuman yumor hissi yo‘q emish. Uning navbatdagi aqlli maslahatiga rioya qilgan holda, dedektiv, sarguzasht-fantastika, drama va yana tarixiy mavzudagi filmlarni ham chetlab o‘tganim durust. Shu yerga kelganda u istehzoli jilmayadi: “Kompyuter asrida Gyugo va Dyumaning nomini insoniyat faqat Gollivud filmlari titrida ko‘rsa ajab emas. Tabiiyki, original “iste’molchilar” didiga mos ravishda surbetlarcha “takomillashtirilgan” bo‘ladi, bechora klassikning ism-sharifi esa, titrda kostyum dizayneridan ham keyinga qo‘yiladi”. Shunday qilib, uning nazarida menga eng mos keladigani — “psixologik triller”. Biroq, stsenariy muvaffaqiyatli chiqishi uchun personajlar orasidan odamxo‘r yoki vahshiy sadist joy olishiga aslo zarurat yo‘q, deylik, qahramonlarning — biri iqtidorli ruhshunos olim (bu qahramon o‘rta yoshlardagi xushsurat ayol bo‘laqolgani yaxshi), yana biri — og‘ir depressiya holatidagi millioner yo mashhur kinoprodyuser, uchinchisi esa — olimni ta’qib qilayotgan ruhiy xasta o‘spirin… Marat birpasda stsenariyning xomaki nusxasini chizib beradi. Yurak qoquvchi vahima, ko‘ngil fojeasi, kutilmaganlar vaziyatlar va… umidsiz sevgi melodramasidan iborat mudhish mozaika… Xudo haqqi, voqealar shu qadar qiziq, kutilmagan yo‘nalishlarda rivojlanadi, ayniqsa, filmning oxirgi epizodlari shu qadar ta’sirli, jozibador chiqadiki, beixtiyor hammamiz chapak chalib yuboramiz — go‘yo kino ko‘rib rosa mazza qilgan odamlarday. Alfiyaning ko‘zidan yosh dumalaydi hatto. “Eh, agar vaqtim bo‘lganidami…” — deydi o‘z-o‘ziga qoyil qolgan Marat, kaftlarini ishqalagancha… Lekin shu narsaga jiddiy qo‘l urmoqchi bo‘lsam, hammualliflik qilishga bajonidil rozi.
Marat xayolparast emas — stsenariylarimni kimdir sotib olishini istasam, avvalo o‘zim Gollivudga yaqinroq yerga ko‘chib borishim lozimligini eslatib o‘tishni unutmaydi. Shuningdek, to biror prodyuserning diqqatini tortgunga qadar, balki hatto idish-tovoq yuvuvchi bo‘lib ishlab turishimga to‘g‘ri kelishi, bu lavozimda bir umr qolib ketmaslik uchun esa, “kerakli odamlar”ni xira pashsha misol ta’qib qilmog‘im zarurligini ham…
Ma’ruzalarini, Marat har gal, albatta, biror kutilmagan xulosa bilan yakunlardi: “Yangi asrda Katta adabiyotning bo‘lmasligi bir tomondan yaxshi”, — derdi, masalan. Chunki Katta adabiyot, ba’zilarning yashash qobiliyatiga salbiy ta’sir o‘tkazarmish…
U paytlar Alfiya bilan yarim moyanada Zarina ismli qaddi-qomati nihoyatda kelishgan chechen qiz ishlardi. Zarinaning orzusi — fotomodel bo‘lish; shaharda o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlarning birortasidan quruq qolmasa-da, negadir hanuz omadi kelmay turardi. Maratning ham orzusi bor edi — Avstraliyaga ketib, bir umr o‘sha yerda yashab qolish. (Nega endi Amerikaga emas — hayronman.) Zarinaning ish stoli tepasida suratli taqvim bo‘lardi, suratda daryo qirg‘og‘iga taqab qurilgan yarim xitoycha uslubdagi shinamgina uy aks etgan, uyning orti — ufqqa qadar cho‘zilmish yam-yashil quyuq o‘rmon, qirg‘oqda esa eshkakli qayiq bog‘loqliq edi. Marat agar Avstraliyaga borib katta biznesmen bo‘lib ketsa, o‘ziga xuddi shunaqa manzarali yerdan xuddi shunaqa uy qurib olishi, hordiq kunlari o‘rmonga chiqib yovvoyi o‘rdak ovlashi yoki qayiqqa o‘tirib daryoda uzoq-uzoq sayr qilishlarini aytib, bizni ham bir zum pushti rang xayollar olamiga olib ketardi… Mabodo, umrining oxirigacha orzusi ushalmay, shu yerlarda o‘lib ketguday bo‘lsa, murdasini kuydirib, kulini Avstraliya uzra sochib yuborishlarini vasiyat qilib qoldiradigan bo‘lar, eng qizig‘i, bu vasiyatni u vaqtga kelib, jahon miqyosidagi fotomodel bo‘lib yetishgan Zarina bajarishi lozim edi. (Albatta, uy va vasiyat haqidagi gaplar bizni kuldirish uchungina aytilardi faqat, ammo o‘sha paytlar Marat Avstraliyaga ketishni jiddiy rejalashtirgani rost.)
Orzular menda ham yo‘q emasdi. Stsenariy yozib “Oskar” olishni xayol qilmasam-da, har qalay…
Kechalari esa magnitofonni pasaytirib qo‘yib, xotirjam dars tayyorlardim. Tashqarida qish edi, Soyning qo‘shiqlarida ham. Ko‘zlarim satrlar uzra yuguraverib charchagan mahal, bir dam boshimni ko‘tarib derazadan hovliga nazar tashlardim. Hovli yuzi, dov-daraxtlar qalin qorga belangan, tun ham allaqanday ko‘kimtir tusda ko‘rinardi… Ertalab kun yorishmasidan o‘qishga otlanardim, metrodan chiqishim bilanoq rektoratning baland oq binosiga ko‘zim tushar, endigina birinchi kurs talabasi bo‘lishimga qaramay, shu binodagi xonalarning birida mening ham ish stolim borligi, kursdoshlarim uch-to‘rt yillardan so‘ng bajara biladigan ishlarni men allaqachon o‘rganib ulgurganim, o‘qishni ham, ishni ham birday eplab borayotganlarimni o‘ylab ko‘nglim ko‘tarilardi. O‘sha kezlar asta-sekin kichik-kichik hikoyalar mashq qila boshlagandim, bir-ikkitasi bosilib chiqqandi hatto.
Xullas, o‘sha qish, hayotimning boshqa hech bir pallasida bo‘lmagan chuqur va go‘zal ko‘ngil oromi ichra yashagandim…
Endi esa u farahlar yo‘qolgan, hammaning xayolida faqat tirikchilik tashvishi. Hali ro‘zg‘or, bola-chaqa degan narsalar paydo bo‘lsa, tashvishlar yana ortadi. Orzular yanada uzoqlashadi. Uzoqlashib-uzoqlashib, ko‘zimizga ko‘rinmay ham ketsa kerak bir kun. Biz esa kundalik ikir-chikirlarga o‘ralashib-kuymalashib yuraveramiz-yuraveramiz… Shu tarzda umr ham o‘tib ketadi. Mana, nimalarni eslatgandi Soyning qo‘shig‘i bu gal…
Soat oltiyu qirq… Endi jo‘nayversam ham bo‘ladi. Lekin yana bir oz kutishga ahd qilaman. Keyin yana bir oz. Yana bir oz…
Orqada g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir tovushlar eshitiladi. Boshimni burib, o‘n qadamcha narida turgan qizlarni ko‘raman. Qizlardan biri — u bizning fakultetni ikki yil avval bitirib ketgandi, hozir adashmasam, televideniyeda ma’mur edi shekilli, — bosh irg‘ab men bilan salomlashgan bo‘ladi, men ham xuddi shunday javob qaytaraman. Yonimdagilar ham tanish — sharqshunoslik fakultetining qizlari, har chorshanba beriladigan “Arab tilini o‘rganamiz” ko‘rsatuvida chiqishadi. Hozir hammalari televideniyedan kelishyapti chog‘i. Administratorning oyog‘ida mallasoch sherigimnikiga o‘xshash platforma tufli. Solishtirib ko‘raman — baribir sherigimniki yaxshiroq. Xuddi shu payt mallasoch men tomon o‘giriladi. Faqat shu payt… qizning xushro‘ygina emas, juda-juda go‘zal ekanini payqayman. Ko‘zlarining rangi lol qoldiradi, bunaqasini umrim bo‘yi ko‘rmaganman — na ko‘kish, na moviy, va na zangori — lojuvard halqa bilan o‘ralgan och nastarin rangida. “Shunda meni uning husni-jamolidan ko‘ra, ko‘zlaridagi hech kimning boshiga tushmagan g‘ayritabiiy yolg‘izlik anduhi o‘ziga rom etdi…”1 Balki Marat haqdir — adabiyot chindan ham yashash qobiliyatini susaytirar…
Tunnel qa’ridan guvillab shamol esadi, bir ozdan so‘ng qizg‘ish chiroqlar ko‘rinadi. Qiz sumkachasini yelkasiga osib o‘rnidan turadi. Tuyqus, bo‘ynidagi zanjirga ilig‘liq xochni ko‘rib qolaman. Negadir ko‘nglim xira tortadi… Qizning qomati juda chiroyli. Bo‘yi juda baland — bunaqa bo‘y faqat fotomodellarga yarashadi. Beixtiyor men ham taraddudlanaman. Endi tushunaman — boyadan beri meni bu yerda ushlab turgan ham shu qiz ekan.
Poyezd yaqinlashishi bilan qiz birdan yana o‘rindiqqa qaytadi. Nima qilarimni bilmay kalovlanaman… Vagon sari yurmoqchi bo‘laman — nimadir yelkamdan bosadi. Yana haykalday qotgan qiz tomon jovdirayman… Eshiklar yopilib, vagon joyidan jiladi… Poyezd ketib bo‘lgachgina o‘z-o‘zimdan achchiqlana boshlayman. Kim o‘zi bu qiz, nega unga bunchalar yopishib oldim? Menga desa, shu yerda tunab qolmaydimi… Nogoh elektron soatga ko‘zim tushib kapalagim uchib ketadi — yettidan o‘n minut o‘tibdi! E-e, kechirasan dugona, kutish bo‘lsa — shunchalik bo‘lar. Sen ham kechirasan, yaxshi qiz, seni bilmadim-u, ammo mening sabrim ado bo‘ldi. Hali uyga borib qiladigan ishlarim qancha…
Lekin naqadar bema’nilik — nari ketish o‘rniga, men ham joyimga qaytaman… Qiz nimadir deganday bo‘ldi. O‘girilib, lablari nimanidir unsiz shivirlayotganini ko‘raman. Duo o‘qiyotgan kabi go‘yo. Keyin u bo‘ynidagi xochni paypaslaydi. Birdan qo‘li musht bo‘lib tugiladiyu siltab xochni uzib oladi… Yo‘q, seskanib tushmayman. Faqat o‘sha daqiqadan boshlab vujudimda lohaslik sezaman. Nafas olishim qiyinlashadi. Yutinmoqchi bo‘laman — tomog‘imni shisha sinig‘iday bir nima tilib o‘tadi. Qulog‘im esa tom bitganday…
Tunnel ichida yana chiroqlar ko‘rinadi… Tezroq bu yerdan daf bo‘lishim kerakligini bilaman, ammo qimirlashga madorim yetmaydi. Go‘yo hamon nimadir yelkamni bosib turganday… Vagonlar kelib ketaveradi, kelib ketaveradi…
Elkamda qo‘lning taftini tuyaman. Sen… Darrov yonimga o‘tirib, bir nimalarni tez-tez gapirishga tushib ketasan. Ko‘rinishing horg‘in. Yo menga shunday tuyuladimi… Ora-sira yelka qisib, qo‘llaringni ikki yonga yozib qo‘yasan — nega kech qolganingni tushuntiryapsan, shekilli? Yuzingda yalinchoq ifoda bilan bosh tebratishlaringdan, uzr so‘rayotganingni fahmlayman.
Qarshimizda vagonlar kelib to‘xtaydi. Sen o‘rningdan turib “ketdikmi?” deganday ishora qilasan. Bir amallab qo‘zg‘olaman, shu ondayoq ko‘zim tinib, tizzalarim bukilib ketadi. Albatta, buni sezdirmaslikka urinaman. Eng muhimi —qiz tomon qaramaslik… Vagonga chiqayotib o‘zimni bo‘shliqqa qulab tushayotganday his qilaman, ko‘nglim behuzur bo‘ladi. Eshiklar yopilgani zahot ko‘zimni chirt yumib olaman. Sen betob emasligimni so‘raysan. Indamay bosh chayqayman. Poyezd shitob bilan tunnel qa’riga sho‘ng‘iydi…
Nihoyat yer ustiga chiqamiz. Kun hali yop-yorug‘. Mashina yo‘lini kesib o‘tishimiz bilan, ikki chetini baland akas daraxtlari egallagan qadrdon yo‘lka boshlanadi. Yomg‘irdan so‘ng qoramtir tusga kirgan asfaltning u yer-bu yeridagi katta-kichik ko‘lmaklarni chetlab-chetlab ilgari odimlaymiz. Qulog‘imdagi shang‘illash tinib, ustimizga “duv-duv” suv to‘kkancha shoxdan-shoxga sakrab yurgan qushlarning “chirq-chirq”ini eshita boshlayman. Birdan sen “Boychechak”ka kirib o‘tishni taklif qilasan. “Boychechak” — o‘ttiz qadamcha naridagi muzqaymoq kafesi, maktab yillari bu kafega tez-tez kelib turardik. Darrov bosh irg‘ab rozilik bildiraman. Tuyqus ko‘nglim yorishib ketadi… Kech qolib bo‘lsa-da, — sening kelganing, endi shu xushbo‘y akaslar ostida birga yurib borayotganimiz, oldinda esa hali “Boychechak” kutayotgani… Hozir shulardan boshqasi haqida o‘ylamaslik kerakligini sezaman. Jilmayaman, yuzimga tetik tus berib, o‘zimni seni berilib tinglayotganday ko‘rsataman, hatto nimalarnidir so‘rab ham qo‘yaman. Egningdagi yangi — mayda gulli shoyi ko‘ylagingga endigina nazarim tushadi. Bu meni bir oz hayron qoldiradi — yangi kiyimlaringni faqat to‘ydan keyin kiya boshlasang kerak deb o‘ylardim. “Boychechak”ka kirganimizda, oyna yonidagi “doimiy” joyimiz bo‘shligini ko‘rib sevinib ketasan. Mendan darhol stolni band qilishni so‘rab, o‘zing peshtaxta tomon yurasan.
Kursini derazaga yaqinroq surib, tashqaridagi ko‘lmaklarni kuzataman. Bolaligimda, eski hovlida yashagan kezlarimiz, har gal yomg‘irdan so‘ng hovli yuzida to‘planadigan ko‘lmaklarni tomosha qilishni yaxshi ko‘rardim. Ko‘lmaklarda ko‘zni olar darajada ko‘m-ko‘k osmon, pag‘a-pag‘a oppoq bulutlar aks etardi; ba’zan ularga yaqinlashishdan cho‘chirdim — bexos bir qadam qo‘ysam bas, o‘sha osmon qa’riga g‘arq bo‘ladiganday… Yana xomush tortib qolaman. Hech nima haqida o‘ylagim kelmaydi. Tezroq uyga ketishni istayman faqat.
Qo‘lingda muzqaymoqli likopchalar bilan qaytib kelasan. O‘tirishing bilanoq sumkangdan yupqagina konvertni chiqarib stol ustiga qo‘yasan. Sanab ko‘rishimni iltimos qilasan. “Keragi yo‘q” deganday qo‘l siltagancha konvertni yashiraman. Ostonada qiy-chuv ko‘tarishib bir to‘da qizaloq paydo bo‘ladi. Ikkovimiz ham g‘amgin kulimsiraymiz — “Boychechak”, turgan gap, “mishiqilar”ning makoni…
Kafedan chiqqanimizda endigina g‘ira-shira qorong‘ilik tushayotgan bo‘ladi. Yana boyagi yo‘lka bilan ortga qaytamiz. Chap tomonda — Nikolay II davrida qurilgan, derazalari baland-baland uylar. Ulardan so‘ng Pushkin nomli rus maktabining panjarali devori boshlanadi… Maktab darvozasi yonida qo‘l berishib xayrlashamiz. Xayrlashayotib, sen yana bir marta bugungi kechikishing uchun uzr so‘raysan. Keyin men muyulishga kirib ketaman, sen tramvay bekati tomon chopasan.
Negadir to‘xtayman. O‘girilib ortingdan qarab qolaman. Sen chiqib olishing bilan tramvay joyidan qo‘zg‘oladi. Shu payt birdan… vujudimni nimadir tark etayotgani, bir umrga tark etayotgani — erta tong uyg‘ongan mahalim hayotimda nimaningdir o‘rni bo‘m-bo‘sh bo‘lishini his qilaman. O, shu qadar aniq his qilaman buni va bu meni shu qadar sarosimaga soladiki, qichqirgancha tobut… ya’ni tramvay ortidan yugurishni ham (garchi bu bilan hech nimani to‘xtatib qololmasam-da — hatto… tramvayni) va yo turgan yerimda toshday qotishni ham bilmayman…
Avgustgacha sen bilan yana ko‘p bor uchrashamiz, bir gal “Boychechak”ka ham kelib-ketamiz hatto… Tabiiyki, to‘yingda ishtirok etaman. Umuman, yoz juda fayzli, osoyishta o‘tadi.
Falakning gardishi — kuzda men xorijga jo‘nab ketaman. Va shu bilan seni ham, bu o‘lkaning yozini ham qaytib ko‘rmayman. Lekin o‘sha oqshom — N. bekati, mallasoch qiz, sening shoyi ko‘ylaging, uzoqlashayotgan tramvay va o‘sha tramvay bilan birga yana nimaningdir uzoqlashayotganini ko‘nglim sezgani… mana shular bir umr yodimda qoladi… Faqat hech anglab yetolmayman — nima edi u, men bilan vidolashayotgan? Telba ko‘ngil azoblarimi? Yoshlik shavqimi yo hayot zavqi… Baxtmidi yo? Yo baxt sog‘inchi? Orzularmi, umidlarmi… ilinjlarmi?
Va yo shunchaki… tugayotgan faslning so‘nggi oqshomi?..
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 3-son