Nodir Normatov. Guldurak dashtlarida (hikoya)

Barchin momo urchuq yigirishdan to‘xtadi, supa chetiga kelib o‘tirgan o‘g‘liga ko‘z ostidan qarab qo‘ydi. Titilib, chuykalangan junni tizzasidan olib, ro‘moliga sola boshladi. Bu harakatlarni bajararkan, kampirning qo‘llari bilinar-bilinmas qaltirab ketdi. Jonmurodning bunga ko‘zi tushdi, endi aniq sezdi — hozir onasi qattiq bir gap aytadi. U sekin siljib, o‘rnidan turishga shaylandi.
— Valasiped ko‘chada edi, — dedi onasiga. — …hozir kelaman.
— O‘tir joyingga! — dedi onasi qat’iy qilib. — Qishloqda hali valasipedga o‘g‘ri tushadigan bo‘lgani yo‘q.
— Nima gap, tinchlikmi, ona?
— Tinchlik emas.
— Ayting bo‘lmasa. Shoshib turibman o‘zi, — Jonmurodning bu gapidan uning onasini bezovta qilayotgan narsani anglab turganini bilish mumkin edi.
— Sen qanday beg‘am o‘g‘il bo‘lding, bilmayman…
— Bu nima deganingiz ona? — dedi o‘g‘il bezovtalanib.
Ona qaddini ko‘tardi, katta ko‘zlari allanechuk g‘azabdan yonib turardi.
— Belingda belbog‘ing bormi o‘zi, bola? Otang haqida Asqar tog‘chi nimalar deb yuribdi, eshitdingmi?
Jonmurod bu gapni bir hafta burun eshitgandi. Gapni qaranglar. Uning otasi go‘ridan yo‘qolgan emish. Yer chiqarib tashlaganmi, yutib yuborganmi, harqalay yo‘q emish. Bo‘lmagan gap. «Ey ona, bari bo‘lmag‘ur, bekorchi gap», degisi keldi yigitning. Ammo…
— Hech narsa demaysan-a? Otangni arvohi chirqillasa, mayli ekanda-a? Bu gapni sherobodlik Karim g‘ildirak aytgan. Otangning qabrini shu kovlagan ekan, — dedi kampir. Bu gal mung‘ayib gapirdi u. — Bil, bor, top o‘sha g‘ildirakni. O‘z og‘zidan eshitay-chi.
Jonmurod “ma’qul” degandek bosh silkidi. Ona ko‘z yosh to‘kdi, ikki tomchi yosh shundaygina dasturxonga, yangi uzilgan sadarayhon ustiga tushdi. Jonmurod rayhonga qo‘l cho‘zdi.
— Tegma! — dedi onasi negadir jahl bilan. Go‘yo ona-bolaning boshini egib qo‘ygan gap shu rayhonlar haqida bo‘lib o‘tgandek edi.
Barchin momo dasturxondan sadarayhonning bir dastasini olib, boshidagi oq doka ro‘molini ko‘tardi-da, qulog‘iga qistirdi.
— Mastava issiq turibdi. Suzib kelay.
— Qornim to‘q, — dedi Jonmurod.
— Aldama. Ko‘zing aytib turibdi, ochsan.
— Hozir soy bo‘yida el oshi tayyor bo‘larkan. Shunga borib kelaman.
— Seni chaqirishganmi unga?
— Elga tekin tarqatiladi-ku. Aytishga nima hojat?
— Unday oshga el xizmatini qiladiganlar boradi.
— Tekin bo‘lsa, yotib ye, deganlar, — dedi Jonmurod onasining biroz yumshab, anavi bo‘lmag‘ur gapni unutayotganini ko‘nglidan o‘tkazarkan, gapni hazilga burmoqchi bo‘ldi.
— Bu anavi Qo‘ldoshning gapida, shundaymi? — tag‘in tutaqdi kampir.
— Nima, bir nima gapirsam, darrov Qo‘ldoshning gapi deysiz?
— Men hech kimni qarg‘amayman. Ammo o‘sha itxo‘r hamroyingdan yaxshilik chiqmaydi.
— Hamsoya bo‘lgandan keyin, borish-kelish qiladida odam…
— Qaysi go‘rdan ham qishloqqa ko‘chib keldi o‘sha itxo‘r.
— Ona, uning astmasi bor. Shu sakning go‘sht-yog‘i shunga davo ekan.
— Xudoyam ilonga bilib oyoq bermagan, — dedi kampir g‘ijinib va o‘g‘lidan yuzini burdi, — Shu ko‘chib kelgandan buyon tovug‘am, qo‘y-qo‘ziyam yo‘qoladigan bo‘ldi, — dedi kampir chetga qarab.
— Ko‘pchilik uning uyini tekshirib ketdi. Uchastkovoy ham unikidan biror ulgu topolmadi. Demak, o‘g‘ri emas ekan-da.
Jonmurod shu gaplarni aytarkan, onasining o‘ziga sin solib qarab turganini sezdi va birdan kalavasining uchini yo‘qotdi — ichdan zil ketib gangib qoldi. Nahotki onasining xabari bo‘lsa… Axir, kimning uyida boqilgan qo‘y bor, kimning kurka, tovug‘i mo‘l, hovlima-hovli semiz mol olib, so‘yib sotadigan Jonmurodning xabari bo‘ladi-da. «Katta molga qo‘l cho‘zmanglar, unda darhol qo‘lga tushamiz», deydi har gal Qo‘ldosh. O‘ljalarni qo‘lga tushirishda Jonmurod qatnashmaydi, faqat xabarkash…
Onasi hamon unga tikilib turardi. Kampir nihoyat, yana urchuqni qo‘liga oldi.
— O‘sha joydan ham xabar ol! – dedi bir pasdan so‘ng o‘g‘lidan ko‘zini olib. Keyin burilib, tog‘lar tomon qaradi. Go‘yo bu yerdan choli yotgan mozorot ko‘rinadigandek, bir zum o‘sha yoqqa tikilib turdi. Barchin momo aytayotgan bu kichkina qabriston tog‘da, bir qiyalikda joylashgan. Bundan ikki yil avval u yerda katta bir suv ombori quriladigan bo‘ldi. Ikki daraning tutashgan joyiga to‘g‘on tashlanishi xalqqa ma’lum qilindi. Jonmurod bu paytda Toshkentga ishga ketgan edi. Uyda esa onasiyu xotini qolgandi. Bo‘lajak suv ombor mutasaddilari mozorotni yuqoriga ko‘chirtirishni reja qilgan edi. Undan oldin ulamolarning maslahati bilan irim-amalini qilib, o‘tganlarning ruhiga qur’on tilovat qildirib elga osh tarqattirdi. So‘ng qabrlar qazdirildi, vertolyotda tepaga — katta qabristonga ko‘chirtirildi. Har kuni bo‘lib turadigan gap emas-da. Markazdan maxsus vrachlar kelishib, mahalliy go‘rkovlar ham qatnashishgan bu ishlarda. Gap ko‘p: ikki yil burun o‘lgan yosh juvon qanday ko‘milgan bo‘lsa, shunday suluv turgan emish. Yuzlari olmaday tarang emish. Ana o‘sha qabrlarni qayta qazish chog‘ida Jonmurodning otasi o‘z qabridan topilmagan emish.
— Siz xotirjam bo‘ling, ona. Bu gapni shunday qoldirmayman. Tagiga yetaman.
Nimagadir ovozi o‘zinikiga o‘xshamaganday bo‘lib chiqdi. Xayollanib turgan onasiga termulib turib, indamay tashqariga chiqib ketdi. Ko‘chaga chiqqanida, biroz karaxt edi, soy bo‘yiga tushib, eloshidan yeb, uni-buni ko‘rib ancha tetik bo‘lib qoldi. Ammo xayolidan faqat o‘sha qabrlarni qazishga qatnashgan kishi — Karim g‘ildirakni topish tashvishi sira ketmasdi. Axiyri, tushdan so‘ng, Karimni izlab, tuman markaziga tushdi. Karimni tumanda ko‘pchilik bilarkan. Uning ishi go‘rkovlik — ikki tog‘ orasida qayerda eski sag‘ana bor, ularni topish, qabr qazishu kovlash kabi hammayam havas qilavermaydigan ishlarni bajarib yurar ekan. Ayniqsa, qishloq yuqorisidan besh ming yillik loydan yasalgan vannani topgan mashhur arxeologlar u bilan apoq-chapoq bo‘lib ketishgandi.
Jonmurod uning uyini-ku osongina topdi. Ammo o‘zini topish amri mahol bo‘ldi. Hovli eshigini ensasi qotibroq ochgan ayol — Karimning xotini “E, u yer yutgurni qidirib ovora bo‘lmang, qaysidir birortasi yana aroq berib, dabdiratib yurgandir-da”, deb hafsalasini pir qildi.
Jonmurod bir narsaga tushunmas edi: onasiga nima kerak ekan shunday gaplar. O‘lgan o‘lib ketdi, hayronsan kishi, qaysi marhum go‘ridan chiqib, qochib ketibdi. U ichida shunday dediyu, bexosdan tani jimirlab ketdi. Yo‘q, onasi bu puch gapning tagiga yetmagunicha qo‘ymaydi… Jonmurod shu xayollar bilan otasini eslab ketdi. Otasi Haqqul baxshi tabiatan yuvosh, kulib yuruvchi, ovozi soz, ko‘ngli keng bir odam edi. Yoshini yashab naq saksonni urgan paytda, to‘satdan mol boqib yurganda o‘ldi-qoldi. Jonmurod o‘shanda Primorsk o‘lkasida, askarlikda edi. Otasining so‘nggi suhbati unga nasib qilmadi.
Zarbandda biron kishining kuni bitib, qazo qilgudek bo‘lsa, albatta, marhumning yaqin qavm-qarindoshlari qabr qazib, ko‘mishadi. Agar, hech kimi yo‘q g‘arib bo‘lsa, unda savobini oladigan to‘rt-besh mardum bu ishni bajo qilishadi. Otasining qabrini esa u yo‘g‘ida Zafar tog‘asi bilan amaki jiyanlari birga kovlagan. Jonmurodga Zafar tog‘a (uniyam xudo rahmat qilsin) shunday degan edi: odamning qabriyam ko‘ngliday bo‘ladi ekan-da, jiyan. Daraning tosh-metin joyidan lopillagan tuproq chiqdi-ey, hayron bo‘lasan kishi. Yazna rahmatli yaxshi odam ekan-da.
Karim-g‘ildirak o‘sha kuni ham, ertasiga ham uyiga kelmadi. «La’nati piyanista», deb so‘kdi uni ichida Jonmurod. Lekin shu masalani hal qilmasa, kampir unga tinchlik bermaydi. Qishloqda esa Karimni izlagani uchunmi bu mish-mish yana avjiga chiqqandek tuyulaverdi unga. Endi shu gapning rost-yolg‘onligini isbotlash uchun Karim g‘ildirak guvohlikka o‘tishi, u qishloqqa kelib, taxminan shunday deyishi kerak: “Odamlar! Haqqul baxshining lahadidan yo‘qolgani yolg‘on. Men uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Joyida. Qanday qo‘yilgan bo‘lsa, shunday turibdi. Har xil bo‘lmag‘ur gap aytib gunohga botmanglar!”
Bu gap hammadan ham ko‘ra, uning onasiga kerak. Jonmurod shuning uchun Karim g‘ildirakni topib, to‘g‘ri uyga boshlab boradi. Ana shu so‘zlarni ayttiradi, keyin onasining ko‘ngli joyiga tushadi. Oradan uch kun o‘tkazib yana go‘rkovning uyiga bordi. Xotini uni G‘uzorga ketgan, keyingi hafta keladi, dedi. “Bor-e, bir alkashni kutib yuramanmi? Shu gaplarga ishongan men ahmoq o‘zi”. Jonmurod shunday dedi-da uyga qaytdi.
Ertalab onasiga yuzma-yuz bo‘ldi.
— Ko‘rdim, gaplashdim, hammasi yolg‘on ekan, — dedi.
— Yo‘q, — dedi Barchin momo, — Sen juvonmarg, o‘sha odamni ko‘rmagansan, topmagansan. Meni ko‘zlarimga qarab aldading… — kampir baralla yig‘lab yubordi. — Baribir o‘sha odam uyga kelib, o‘zimga aytmaguncha ishonmayman.
— Xo‘p, topaman, — dedi Jonmurod vaziyatni yumshatish uchun.
Lekin u Karimni boshqa izlamadi. Kunlar, oylar o‘tdi. Bu mish-mish gaplar odamlar orasida hanuz aylanib yurar, onasi esa borgan sari kundan-kun g‘ami ortib, tunlarni mijja qoqmay o‘tkazardi. Barchin momo kundan-kun cho‘pday ozib, nihoyat betoblanib qoldi. Uni mayda mish-mish gaplar yengdimi, yo jigari og‘riganidanmi, ishqilib, dardi cho‘zilmay kunlarning birida to‘satdan vafot etdi. Barchin momoni so‘nggi manziliga ko‘mib qaytgach, Jonmurod o‘krab-o‘ksib bir yig‘ladi-ki, xotini hang-mang bo‘lib qoldi.
— O‘g‘il bo‘lib, uning ko‘nglini topa olmadim, armonda ketdi, voh onam… — deya izillab yig‘ladi u.
Jonmurod onasiga o‘rganib qolganini ich-ichidan his qildi, bu yo‘qotishdan ancha mahal esankirab yurdi. Har nimani maromiga soladigan vaqt uning ham g‘uborini oldi, goho onasini eslab ezilsa-da, bir tomondan qulog‘i tinchiganini ham angladi. Shundan so‘ng Jonmurod yana tirikchilik g‘ami bilan ovora bo‘lib ketdi.
Mol boqadi, sotadi. O‘t o‘radi, ekadi-tikadi. Bolalar ham sekin-asta katta bo‘laverdi. Kunlar esa kun sanamay o‘taverdi. Avvalgidek, ulfatchilik ham yo‘q. Qo‘ldosh esa, Barchin momo aytganidek, xudo jazosini berdimi, Begim domlaning qo‘rasida kechasi qo‘lga tushib, avvalgi qilmishlari ham ochilib, qamalib ketdi.
Jonmurod bir kuni bexosdan ko‘zlari xiralashib borayotganini sezib qoldi. Yo, ajabo, u kunduz kuni ko‘zlari xira tortib, kechasi esa xiyla tuzuk ko‘rar edi. Xotini uning qora chiroqning xira yorug‘ida pul sanashini ko‘rib, “Bu odamning gapi ichida. Hech bir zamonda ko‘z deganlari kunduzi ko‘rmay, kechasi yaxshi ko‘rarkanmi? Bu odamning bari ishi nayrang”, deb qo‘yardi. Uning chindan ham xotini tusma-tavakkal aytganidek, ichida gapi ko‘p edi. Garchi u kayfu safoni yaxshi ko‘rsa tekinini izlab yurar, qaysiki moli mardumxo‘r biror is chiqarsa, to‘y-ziyofat uyushtirsa, is olib borar, o‘zidan sarf qilish yo‘q edi. Ko‘chalarda nochorgina kiyinar, xotiniga esa qimmatbaho liboslar olib bermasa ham, tilla taqinchoqlariga pul ayamas, “Nima bo‘lganda ham bu tilla tilla-da, matoga o‘xshab yeyilib ketmaydi, muhtojlik bo‘lsa, sotib, xarjlayveramiz”, deb hisob-kitob qilardi.
Jonmurod mo‘ljal qilgan, xotinining ichini qizdirgan kun ham keldi. U Toshkentga borib bir yo‘la uchta “Neksiya” olib keldi va kira ishlashga ijaraga berdi. Shunda nafaqat butun qishloq ahli, hatto xotinining ham og‘zi ochilib qoldi. U odamlar yuzidagi ana shu hayratni ko‘rib, rosa rohatlandi. “Baxshi bovadan tillo qolgan ekan, shuni topib olgan bu xasis”, degan gaplar ham tarqaldi. Bunga javoban, Jonmurod miriqib kulib qo‘yardi. Lekin u kezi kelganda, pul ketmasin, deb tumanda ma’danli suv o‘rniga kran suvidan ichganligini, neki imkon tug‘ilsa, bir tiyin sarf etmay, qorinniyam xafa qilmay yurganlarini birov bilmasdi.
Kunlarning birida mol sotgani Denov bozoriga yo‘l oldi. Sahar mardondan olib kelgan qo‘ylarni sotish bilan ovora bo‘ldi. Endi bir to‘qlini sotgan edi hamki, daf’atan, o‘zidan o‘n qadam narida… otasini ko‘rib qoldi. Ko‘zlariga ishonmadi. Ko‘zlarini ochib-yumib qaradi. Boshida o‘sha ko‘k salla, egnida oq yaktak, o‘sha qora satin chopon, qo‘lini orqasiga qilib kim bilandir kulib gaplashdi-da, so‘ng qora mol bozori tomonga qarab yurib ketdi. “Yo tavba, yo qudratingdan! Nahotki shu otam”. Ha, ha, otasi, tovushi ham o‘sha. “Ota!” deb orqasidan yugurmoqchi bo‘ldi. Afsus, qo‘lida qo‘y tizgini. Ipni qo‘yvorsa, semiz, shar qo‘chqor qochib ketadi. Qo‘yvormay desa… “Ey, esingni yig‘-ey, Jonmurod. Odam odamga o‘xshaydi-da. Bu gap chikora? Otam o‘lgan axir, u endi yo‘q”. U o‘sha kun qo‘ylarni mo‘ljaliga yetkazolmay bozordan qaytardi. To‘g‘rirog‘i, omadi yurishmadi, xayol qochib deganday…
Kech oqshomda tunash uchun avvaldan tanish bir kishining hovlisiga keldi, kechasi bilan bezovtalanib yotdi, o‘ylab o‘yiga yeta olmadi, bu sirni yecha olmadi… Tongda yana bozor boshlanganda, barini unutdi. Tushga yaqin qo‘yning barini sotib, shahardagi gavjum choyxonaga kirdi. Endi bir piyola choy ho‘plagan ham ediki, shundoqqina yonginasidan o‘sha siniq tabassumi bilan yana otasi o‘tib ketdi. Unga hatto qayrilib ham qaramadi. Jonmurod irg‘ib o‘rnidan turdi. “Yo Olloh, bu barisi qudratingdan! Yo ko‘zimga shunday ko‘rinayaptimi?!” Qo‘lidagi issiq choy tizzasiga to‘kildi. “Ota!”, deb qichqirdi, negadir ovozi chiqmadi. Orqasidan chopdi, ammo tizzalari qaltirab, besh-o‘n qadam yurmay bor bo‘yi bilan beton ariqqa yiqildi. Va… ko‘zlarini kasalxonada ochdi. “Ota”, deb ingradi u. “Bolam”, deya kimdir yoqimli sado berdi. “Ota, sizmisiz?”. “Ha, menman o‘g‘lim”. “Axir siz… ”. “Yo‘q, bolam, men tirikman…”.
Jonmurod uzoq jim qoldi. So‘ng bor kuchini ko‘zlariga to‘plab, entikib ko‘zlarini ochdi, otasini ko‘rmoqchi edi. Ko‘zlari xira tortgan, tumanlanib hech narsani ko‘rolmadi. Faqatgina ko‘z oldida oq-ko‘k halqalargina jimirlab, o‘ynab turardi. Jonmurod shu alfozda yotar, tunu kunni odamlarning shovuridan yo tinchib qolishidan farqlar edi.
— Bechoraning ko‘zi ko‘rmas ekanmi-ey…
— Buning ustiga oyog‘i sinibdi, — deyishdi yonidagilar.
— Odamzod hech qachon ko‘zdan, oyoqdan qolmasin ekan, — dedi tag‘in birinchi gapirgan kishi.
—Ha, nimasini aytasiz…
Jonmurod bu gaplarga ortiq e’tibor qilmay qo‘ydi. Fikri-yodi otasida edi. Xonadagilar jimib qolishdi.
— Otam ketdimi? — deb so‘radi Jonmurod bir mahal hamxonalaridan.
— Hozirgina chiqib ketdi, — dedi kimdir.
— Qani, yuring, biz ham toza havoga chiqaylik, — dedi ikkinchisi. Jonmurod tez orada ularning qadam tovushlarini eshitdi. U xonada yolg‘iz o‘zi qoldi. Ammo ko‘p o‘tmay, yana qadam tovushi eshitildi. Bu qadam tovushlari otasining yurishiga o‘xshaydi. Ha, otasi kelyapti, shekilli.
— Ota! — dedi u.
— Ha, o‘g‘lim.
— Bu sizmisiz?
— Ha, xonadagilar qani?
— Toza havoga aylangani chiqishdi. Ota, demak chin ekanda
o‘lmaganligingiz?
— Mana, ko‘rib turibsan-ku, bolam, o‘lganim yo‘q.
— Qanday qilib?
Otasi uning nazarida kulganday bo‘ldi.
— Bolam, damingni ol.
— Ota?
— Ha, o‘g‘lim?
— Onam sizni ko‘rmadida. Sizni kuta-kuta o‘lib ketdi, — dedi Jonmurod nima deyarini bilmay.
— Biz hammamiz ham o‘lamiz, — dedi otasi. U endi bir narsani xohlardi: otasiga yoqadigan, uni quvontiradigan biron bir yaxshi so‘z aytishni. Ammo tiliga tuzukroq bir gap kelmasdi.
— Otajon, men sizni yaxshi ko‘raman, — dedi, ammo u negadir sassiz aytildi, lablari qimirladiyu, tovushi chiqmadi. — Siz yuragimning to‘ridasiz, har doim esimda turasiz, — deya shivirladi u. Ammo bu so‘zlar gumburlab chiqdi bo‘g‘zidan.
Otasi negadir javob qaytarmadi.
 — Aslida siz emas, men xabarlashishim kerak edi. Odamlar meni haligacha malomat qilishadi: “Otang qanday zo‘r baxshi edi, sen uning dostonlaridan loaqal bir og‘iz ham bilmaysan, sadqai o‘g‘il”…
— Dostonlarni hamma eslashi kerak, o‘g‘lim. Men otamdan o‘rganganman.
— Ota, siz nega mendan ta’na qilmayapsiz, — dedi Jonmurod. — Xudo haqqi, biror narsa deng, so‘king, yomonlang. Axir, men endi…
— Hammasini o‘zlaring bilasizlar-ku. Nimagadir qorin quli bo‘lib o‘sdilaring. Yoru-
do‘stning, oshna-og‘aynining farqiga bormadilaring. Bugun yeb-ichsam bo‘ldi, deb kun o‘tkazdilaring, — otasi yana jim qoldi.
Ertalab uyg‘onganida, yana tanish ovoz eshitildi:
— Yaxshi uxlab turdingmi, o‘g‘lim?
— Ota! — deb chaqirdi u. — Nega yonimga kelmaysiz, oqshom keling. O‘tgan kunlarni eslaylik.
— Eslaydigan narsa kam, o‘g‘lim. Qani ayt-chi, eslaydigan narsalaring bormi? Sen qatorilarning ko‘pchiligi bir-biriga o‘xshaydi. Tunov kuni sen tengi ko‘p yigitlardan «Eslaydigan nimalaring bor?», deb so‘radim. Ular qaysi sanatoriyga borganlarini, kimlar bilan yurganlarini, qanday qilib davlat to‘plaganlarini aytishdi. Boshqa eslaydigan narsalari yo‘q ekan. Xayr, o‘g‘lim. Ishim ko‘p edi, — dedi otasi. Shundan so‘ng, yana uning oyoq tovushlari eshitildi.
Otasi boshqa kelmadi. Jonmurod uni ertasiga ham, indiniga ham, undan keyin ham kutdi, lekin kelmadi. Jonmurod kasalxonadan tuzalib chiqqanida u yotgan palataga ko‘plar kelib ketishgan, hech kim uning otasini tanimas edi. Qishloqda u «men otamni ko‘rdim», deb, bir davrada gap ochdi. Hech kim bu gapga ishonmadi.
Avji bahor edi. Jonmurod dashtda qo‘y boqib yurgandi. Katta yo‘ldan ikki kishi unga qarab kelaverdi. Tanidi: tog‘asi Zafar. Ikkinchisi esa o‘sha, izlab topolmagani Karim g‘ildirak ekan. Hol-ahvol so‘rashgach, Karim shunday dedi:
— Men bir paytlar Guldurakda qabrlarni kavlaganman. U
erlarning xoki-turoblarini ko‘chirganim bor gap. Odatim men kimning qabri qarovsiz qolgan bo‘lsa, men u yerda hech kim yo‘q ekan deyman. O‘shanda men “Haqqul -baxshi joyida yo‘q”, degan bo‘lsam, degandirman… Otangizning go‘ri obod edimi o‘zi?
Jonmurod jim qoldi.
Bir vaqt ko‘zlarida nimadir charsillab, uchqunlar sachray boshladi. Ko‘ksida og‘riq turdi, lekin tez o‘tib ketmadi, yerga qaradi, og‘riq yanayam kuchaydi. Shunda yuzini tog‘lar tomon burdi. Qulog‘i ostida kimdir tovush berdi. Qayrilib qaradi: hech kim yo‘q. Hatto tog‘asi bilan Karim g‘ildirak ham ketib qolibdi. Uni kimdir chaqirganday bo‘ldi. Yuksak tog‘larga tutashgan dasht tomondan elas-elas tovush keldi. Seskandi. Axir, bu otasining tovushi. Vujudi titrab tingladi:

Anal bilan Mansurga qurgan dormidi,
Tirik ayrilgan bir ko‘rgani zormidi,
Yur, chirog‘im deydi, meni qo‘ymaydi,
Senda ota, menda o‘g‘il bormidi?

Jonmurodning ko‘zlaridan yosh quyildi. Ota aytgan qo‘shiqni beixtiyor davom qildi:

Yig‘laganda yosh yog‘ilar yuzima,
Quloq sol otajon, aytgan so‘zima:
Ketding, senga bu dunyolar tormidi,
Senda o‘g‘il, menda ota bormidi?

Shunda… shunda uning ko‘ksidagi og‘riq qo‘yib yubordi. Ammo ko‘zlaridagi yosh hali beri to‘xtamaydiganga o‘xshardi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 17-son