Ne’mat Arslon. Soyada uxlayotgan tole’ (hikoya)

“Tole’im sandal yog‘och,
eksa ko‘karmas poyasi”
(Rahmatli momomning charx yigirib
aytadigan qo‘shiqlaridan).

I

Patrot topgan ro‘zg‘orini o‘nglab olishga bo‘lgan uzoq urinishlar Beshimni batamom toliqtirdi. Nihoyasizlik charchatdi uni. Qaysi ishga qo‘l urmasin, mehnatning so‘ngi ko‘rinmas, eng yomoni qo‘l urgan ishi xunuk oqibatlarga olib kelardi. Natijada, Beshimning afti dovcha yegan odamnikidek burishib turadigan bo‘lib qoldi. Uyqusizlikdan ko‘zining jiyaklari qizardi, og‘zining ikki cheti pastga osilib tushib, yuziga so‘ljaygan ifodani muhrlab qo‘ydi. Onda-sonda tashrif buyuradigan nim tabassum ham uning ajin bosgan yuzini va nursiz ko‘zlarini tark etdi. Faqat qoringina sadoqat ko‘rsatib, avvalgi ko‘rinishini bejirim saqlab qolgan va o‘z sohibining farovon kunlaridan xotiradek basavlat ko‘rinardi.
“Eh Beshim, seni nima jin urdi! – deya nola qildi bir kuni u karavotiga chalqancha yotib shiftga termularkan. – Bir qadam olg‘a bossang ikki qadam ortga ketayapsan”.
Hovlida yolg‘iz o‘zi bo‘lganligi sababli uning faryodini hech kim eshitmadi. Qarindosh-urug‘lari o‘zlarini olib qochishar, xotini ketib qolgan, gohida ukalarini ko‘chada uchratib qolib, o‘z taqdirining shumligidan shikoyat qila boshlaydigan bo‘lsa, ular osongina qutulishar, ya’ni aka gap boshlashi hamon ukalar ham bir-birlariga navbat bermay ishlari yurishmayotganidan noliy ketishardi.
Karavotda yotgancha keyingi kunlarda yuz bergan voqealarni taxmin qilarkan, boshqa durustroq yo‘l topolmay, fol ko‘rsatish kerak, degan qarorga keldi. Hech bo‘lmaganda quyonlarini kim o‘g‘irlab ketganini bilishni istardi. Quyonlarga qo‘shib yakka-yu yagona tovug‘ini ham olib ketishgani, ayniqsa, alam qilardi unga. Har kun, gohida kunora tuxum tug‘ib turardi jonivor. Shu voqeadan bir hafta oldin omborxonasi yonib ketganda ham bunchalik kuyunmagandi. Aslida omborxona katta yo‘l bo‘yida joylashgan kengu mo‘l-ko‘lgina bo‘lib, Beshim uning orqasini teshib, hamma qo‘shnilarnikiday “savdo do‘koni” ochishni mo‘ljallagan, hatto ba’zi bir narsalarni xarid qilib qo‘ygandi. Shunday bo‘lsa-da, omborxonadan ko‘ra, tovug‘ining yo‘qolganiga ko‘proq achindi. Har kun qo‘ramtaga ko‘mib yoki qaynatib, ishi shoshilinch paytda qovurib yeydigan tuxumini o‘ylarkan, folga borish kerak, degan fikri qat’iylashdi. O‘rnidan turib beixtiyor belini ushladi va g‘ijimlashga tushdi. Uning buyragi og‘rirdi. Haydovchilik qilib orttirgandi bu dardni. Qishda mashinasi buzilib, shahar bilan qishloq o‘rtasidagi uzilishda qolib ketgandi. Baxtga qarshi yer muzlagan, shirabo‘ron qilib qor urib turgan o‘sha tunda birorta tanish mashina o‘tmadi. Bu ham yetmaganday, oradan bir oy o‘tib-o‘tmay “avariya” sodir bo‘ldi. Beshim mashinasi bilan yo‘l chetidagi tijorat do‘koniga borib urildi. G‘azabnok do‘kondor rosa so‘kdi, kaltakladi va jarima undirib oldi. Mashina devorga urilganda qattiq jarohat olgan Beshim kasalxonadan chiqib kelganda xotini uni tashlab ketib qolgandi. Huvillab qolgan uyni ko‘zdan kechirib, toshoyna oldidan ikki enlik xat topib oldi. O‘qidi, xotini shunday yozgan edi:
“Senga taqdirimni qo‘shib xarob bo‘ldim. Tole’ing past. Endi o‘z kunimni o‘zim ko‘ray, ortimdan borma, foydasiz. Xayr. Yoqutxon”.
Beshim stulga o‘tirib qoldi. Yig‘ladi. Keyin bir necha kun tergov idoralariga qatnab yurdi, jarima ustiga jarima to‘ladi, qarzga botdi, pirovardida ishdan haydaldi. Bu uning yettinchi bor ishdan ketishi edi.

II

– Ko‘p gapirmang, – tanbeh berdi folbin Beshimning betinim javrashidan bezor bo‘lganday bir qiyofada, – o‘zi shundog‘ ham yuzingizdan hammasi ayon: peshonangizda uzuq-yuluq yetti qator chiziq, demak, o‘ylovingiz ko‘p. Ko‘zingiz nursizlangan, bu – umidsizlik va omadsizlik nishonasi. Rangingizning tagi zahil. Demak, dardingiz bor…
Beshim jimib qoldi.
Folbin boshiga qora to‘n yopib, uning yengidan osmonga qarab rom ochishga kirishdi. Beshim nafasini ichiga yutib, to‘nning osmonga cho‘zilgan yengiga qarab, yeng xuddi ko‘ktoqiga yozilgan satrlarni birma-bir o‘qiyotganday ma’lum bir masofada tebranib turardi. Nihoyat, folbin to‘n ichidan boshini chiqarib: “Ko‘rdim, tole’ingiz soyada yotibdi”, dedi.
– Endi nima qilishim kerak? – so‘radi Beshim.
– Oftobga chiqquncha kutasiz.
– Qachon chiqadi? Balki umuman chiqmas!
– Balki bu menga qorong‘u.
– Tole’im soyada yotsa, men baxtli bo‘lishim kerak emasmi?
– Yo‘q. Kimning tole’i huzurda bo‘lsa o‘zi azobda, aksincha joni qiynoqda bo‘lgan kishining tole’i huzurda bo‘ladi.
– Qayerda o‘sha nomard tole’ning o‘zi, ko‘rsam bo‘ladimi?
– Bo‘ladi.
Beshim buni kutmagandi. Folbinga shubha ichra qaradi.
– Tole’larning hammasi bir joyda, “Do‘staman” vodiysidan makon topishgan. Hozir to‘nni behuda titkilayapsiz, baribir hech narsani ko‘rolmaysiz. Buning uchun o‘sha vodiyga borish kerak.
– Olib boring meni! – iltijo qildi Beshim folbinning poyiga tiz cho‘kib.
– Mayli, – darhol rozi bo‘ldi folbin. – O‘zim ham ko‘pdan beri shuni niyat qilib, durustroq hamroh topilib qolishini kutardim. Sizga uch kun muhlat. Hozirlik ko‘ring, uch kundan keyin yo nasib deb yo‘lga ravona bo‘lamiz. Inshoolloh, tole’ingizni topasiz.
Beshim uyiga xursand bo‘lib qaytdi.

III

Ular uzoq yo‘l bosishdi. So‘nggi dovondan oshib yuksak cho‘qqiga ko‘tarilganlaridan keyin inson hayotiga butunlay begona, tasavvurga sig‘mas darajada g‘ayritabiiy bir manzara namoyon bo‘ldi.
– Ana, – shivirladi folbin pastlikka egilib qarab, – “Do‘staman” vodiysi shu.
Beshim ham yerga qorni bilan yotib, toshga tirmashgan ko‘yi pastlikka qaradi, hayratini yashirolmay, o‘zgargan tovushda so‘radi:
– Nimadi anavilar?!
Folbin javob bermadi. Vodiy manzarasi mantiqsizligi bilan Beshimni shu darajada qoyil qoldirgandiki, o‘z savolining javobini eshitishni unutib, mubham ma’voga tikilib qolgandi.
– Pastga tomon enaylik endi…
Uzoq-uzoqlardan eshitilganday bo‘ldi folbinning ovozi. Beshim hamrohining maqsadini bazo‘r anglab o‘rnidan turdi. So‘qmoq tagma-tag aylanalar hosil qilib, vodiyga tomon olib tushardi. Ranglar tiniq torta bordi, chaplashgan chiziqlar muayyan shakl ola boshladi. Tepadan qaraganda bulut bo‘lib ko‘ringan qora ko‘lanka aslida daraxtligi, daraxt bo‘lganda ham nihoyatda ulkan ekanligi ayon bo‘ldi. Faqat qo‘ylar suruviga o‘xshab ko‘rinayotgan ma’voning nimaligini anglab bo‘lmasdi. Yetti kecha-kunduz yo‘l bosganlaridan so‘ng Beshim haqiqatning tagiga yetganday bo‘ldi va nido qildi:
– E voh, buncha ko‘p qo‘y!
– G‘alat so‘zlamang. Ular qo‘y emas, umuman bu joyda huda-behuda gaplarni aytavermaslikni maslahat beraman. Muqaddas joy.
Beshim muqaddaslik belgilarini topmoqchi bo‘lib, atrofga alangladi. Sahro poyonsiz va had-hududi ko‘rinmasdi. “Bu yer Dashti Karbalomikin? Yoki Sahroyi Kabir deganlari shu joymi?” xayolidan o‘tkazdi, adabiyot darslarida tilga olinadigan bunday kalimalardan xabardorligidan mamnun bo‘lib. Folbin esa jiddiy qiyofada ketib borardi. Beshim ham yuziga jiddiy tus berdi. Qoshlari chimirildi, kekirdagini biroz oldinga chiqarib, boshini adl ko‘targancha hamrohiga monand odimlay ketdi. Ammo bunday qiyofada uzoq yo‘l bosolmadi. Oyog‘i ostida o‘sib yotgan tikanlar igna kabi o‘tkir bo‘lib, erkin yurishga qo‘ymasdi.
Manzara almashindi: tikanzor maydon ortda qolib, temir changakday chayir butazor boshlandi. Yo‘l yo‘q, uchi qarmoq kabi qayrilgan shox-shabbalar tekkan joyini uzib olardi. Beshimning qiynalayotgani va hafsalasi pir bo‘layotganini ko‘rib, folbin dalda berdi:
– Bardam bo‘ling, taqsir, mehnatning tagi rohat, inshoolloh, maqsadimizga yeturmiz, – dedi-da, oldinga o‘tib yo‘l boshladi.
“Shu paytgacha taqsir demagandi, xayolidan o‘tkazdi Beshim, – demak, bu joylar haqiqatdan ham muqaddas ekan-da”.
Olg‘a bosish og‘ir, ortga ham qaytib bo‘lmasdi. Butazor tugay demas, yo‘lovchilarning egnidagi kiyimlarini beayov yulqilar, tikanlar o‘tkirlashib, yo‘llar chalkashib, butazor qalinlashib borardi. Beshim bir lahza to‘xtab, ortga qaradi. Asta juftakni rostlab qolish niyati ham yo‘q emasdi uning. Ammo ortiga qayrilishi hamon yuragi orqasiga tortib ketdi. Qorong‘ulik. Butalar bamisoli chala yongan yog‘ochlardek qorayib ko‘rinadi. Shoshib oldinga intildi, chayir simchiviqdek qattiq novdalar shartillab yuziga kelib urildi.
– Qaytamiz! – o‘kirib yubordi Beshim, egilib qo‘llari bilan yuzidan oqayotgan qonni artarkan.
– Elakka qolganda oqsamang-da endi, – javob bo‘ldi folbin tarafidan.
– Uyimda oyog‘imni uzatib yotib, bir piyola choyni ichib, to‘yib bir uxlasamu o‘lsam roziman. Jin chalgan bu la’nati joyda itdek o‘lib ketamiz. O‘z yurtingda o‘z qabring bo‘lishi ham katta baxt. Shu changalzorlar orasida o‘ligimiz qolib ketsa, o‘sha baxtdan ham mahrum bo‘lamiz.
– Tushkunlikka tushmang, taqsir.
– Siz ham vaziyatni xolisona baholang.
– Er kishiga yig‘lash yarashmaydi.
– Yarashig‘li bo‘lishimning kimga keragi bor?
– Qo‘ying, aytishib o‘tirmaylik, oz qoldi. Qani dadil bo‘ling, ketdik, taqsir!
Beshim noiloj ko‘ndi.
Hamrohidan qolib ketib, bu kuni xam ko‘plik qilishini o‘ylarkan, shox-shabbalarni tirsaklari bilan chetlatgancha, folbinning qorasini ko‘zdan qochirmay boraverdi. Endi egnida to‘nning yoqasi va ikki kaftigina osilib turar, orqasida, ikki kuragining o‘rtasida esa bir bo‘lak uzunroq qizg‘ish matoh ko‘rinardi.
Nihoyat bir gilamning o‘rnidekkina yalanglikka chiqishdi. Tabiatning bu in’omi Beshimni quvontirib yubordi.
– Xudoga ming qatla shukur-e, taqsir, – dedi Beshim horg‘in nigoh bilan hamrohiga qararkan.
Folbin nigohini undan olib qochdi. Teskari o‘girilgancha, xaltasini kavladi va undan chetlariga kashta urilgan, etak-yonlariga pirpirak tikilgan belqars olib uzatdi. O‘zi esa hamon chetga qarab turardi.
– Nima gap, taqsir? – so‘radi Beshim ajablanib.
– Oling, olatingizni to‘sing.
Beshim egilib qarab, meshdek ulkan qorni ostida charm qayishdan bo‘lak hech vaqo qolmaganini ko‘rdi.
– Ana endi ismingiz jismingizga mos bo‘ldi, – kulgu aralash hazil qildi folbin.
Darhaqiqat, Beshim endi butunlay beshim qolgandi.
– Uzr taqsir, faqat yuzimni to‘sish bilan ovora bo‘lib… – g‘o‘ldiradi Beshim va belqarsni olib, oldini to‘sdi. Qarsning ikki uchini tortib orqasiga bog‘ladi. So‘ngra uning toliqqan vujudi bamisoli bir qop go‘shtdek shilqillab yerga yiqildi. Uzoq uxlashdi ular. O‘rinlaridan turishganda havoning avzoyi o‘zgargan, quyosh ko‘kimtir g‘ubor ortida qolgan, havoda tutunga o‘xshash, ammo qo‘l bilan ushlasa bo‘ladigan zarralar uchib yurardi. Boshqa bir tomonda qo‘ng‘ir tusdagi qurum burqsardi.

IV

Olaquroq tumanlik ko‘tarilib, bamisoli shishadek yaltiroq to‘rtburchak shaklidagi muz qotgan tepalik namoyon bo‘ldi. Osonroq o‘tish mumkin bo‘lgan birorta kemtik yoki tirqish ko‘rinmas, tepalik yo‘lni bor bo‘yicha to‘sib turardi.
– Qaytamiz! – dedi Beshim qat’iy qilib.
Folbin og‘iz ochmadi. Aftidan Beshimni tetiklikka undash va aldab-suldab yo‘lga solish joniga tekkan va endi “bilganingni qil” qabilida indamay muz tog‘iga tikilib turardi. Bir damlik ikkilanishdan keyin u yo‘l boshladi va qo‘l-oyog‘i bilan baravar harakat qilib, tik yonbag‘irdan yuqoriga tomon o‘rmalay ketdi. Tepalik sirti muzlaganday bo‘lib ko‘rinsa-da, temir kabi qizib yotardi. Ko‘p mashakqatlardan so‘ng tepalik ustiga chiqib olishdi, qadlar rostlandi. Beshimning tirnoqlari qo‘porilgan, tirsaklari sidirilgandi.
– Mana Do‘staman! – qo‘li bilan pastlikka ishora qildi folbin. Yastanib yotgan vodiyga hayrat ichra tikilib qolishdi. O‘sha ulkan daraxt, o‘sha manzara yana ko‘z oldilarida namoyon bo‘ldi. Harakatsiz qotgan son-sanoqsiz qo‘ylar to‘dasi. Daraxtning shoxlari tepalikka tegay-tegay deb turibdi. Folbin eng pastdagi chirmoviqsimon novdalardan birini ushladi-da, Beshimga ham imo qildi.
– Shoxdan mahkam ushlangu, ko‘zingizni chirt yumib o‘zingizni pastga oting! – buyurdi folbin.
Beshim jur’at etmadi.
– Sakrang!
Beshim taraddudlanib beliga bog‘langan belqarsni paypaslashga tushdi. Ishton o‘rnida xizmat qilayotgan belqars lipasini siladi, tugunini ushlab ko‘rdi, xullas, sakrashni paysalga soldi.
Agar aytganimni bajarmasangiz, bir umr shu yerda qolib ketasiz, tole’ingizni ko‘rish nasib etmaydi.
– Hozir! Mana, hozir, – dedi Beshim shoxga mahkam yopishib.
– Oyog‘ingizni ko‘taring!
– Ko‘zimni yumaymi?
– Yuming!
– Og‘zimni-chi?
– Shak keltirmang, Beshim, hazilning joyi emas. Sakrang!
Beshim sal ortga tisarildi-yu, tizzalarini bukib, o‘zini shoxning ixtiyoriga topshirdi. Birdan vujudi yengil tortdi, quloqlari ostida shamol g‘uvillar, qandaydir salqinlik taniga huzur bag‘ishlar, go‘yo pastga emas, yuqoriga tomon uchib borardi. Ko‘zini ochib qarashga jur’ati yetmadi. Shunday bo‘lsa-da, kipriklari bir-ikki pirpirab ketdi. Atrof bamisoli shishadek tiniq, ko‘m-ko‘k va shaffof. Boshqa hech narsani anglamadi. Oyog‘i yerga tegib, ko‘zini ochganda ro‘parasida begona kishi turardi.
– Assalomu alaykum, taqsir! – dedi Beshim qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib va hurmat ila yerga egildi.
Notanish kishi alik oldi. Shu payt folbinning ham ovozi eshitilib qoldi. U ham qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salomlashdi.
– Tole’idan norozi bir bechorani huzuringizga olib keldim, – gap boshladi folbin, – gunohimizdan o‘ting, taqsir. Umr bo‘yi fol ko‘rdim. Tole’idan rozi odam dunyoda kam…
– Rozi odam sizning huzuringizga bormaydi-da, – kulgi aralash so‘zladi notanish kishi va o‘zini tanishtirdi:
– Men tole’bonman.
– Bag‘oyat xursandman, – xushomad qildi folbin.
– Mana shu birinchi mintaqa mening tasarrufimda. Qani, marhamat, ichkariga kiringlar.
Tole’bon bag‘dodi naqshlar o‘yilgan og‘ir darvozani ochib tole’talablarni ichkariga kirgizdi.
Hovli tandirdek qizib yotardi. Giyoh degan narsadan asar ham yo‘q. Beshim shundagina o‘zi shoxiga osilib tushgan daraxtning ham yo‘qolib qolganini payqadi va hayrati oshdi. Yer shu qadar issiq ediki, etiklarning tagcharmi chippa-chippa yopishar, qizib ketib oyoqni kuydirardi.
– Ha, bizning mintaqa andak issiqroq, – izoh berdi Tole’bon.
– Bu yer daryo o‘zanimi, suv qachon qurigan? – so‘radi Beshim sabri chidamay va qalashib yotgan toshlarga ishora qildi.
– Ular tosh emas, tole’lar, – tushuntirdi Tole’bon.
– Yo‘g‘-e!
– Shunday. Ishi a’lo darajada yurishib turgan kishilarning tole’lari bular.
– Baxtlilarning tole’i shunday azobda bo‘lsa, menikining holiga voy ekan-da! – qichqirdi Beshim oyog‘i kuyayotganini ham unutib.
Qaqroq yerga dumalab yotgan toshlarning inson tole’i ekanligiga sira ishonib bo‘lmasdi. Beshim ulardan birini oyog‘i bilan sekin turtib ko‘rdi. “Tosh” qatiq to‘ldirilgan tuxumdek ilkilladi. Tepasida nimadir soya solganini payqab talpina boshladi. Beshim o‘zini chetga oldi.

V

Tole’bon navbatdagi darvozani ocharkan, tole’talab mehmonlar hovliga kirishga jur’at etmay, ostonada to‘xtab qolishdi. Meshlar notinch chayqalishar, telefon uchun o‘rnatilgan yog‘och soyasiga o‘zlarini urib “g‘izz-g‘izz” etgan ovoz chiqarishardi. Tole’bon dastakni ko‘tardi, raqam terdi va kim bilandir gaplasha boshladi. Beshim uning avzoyiga razm solib, ishlar joyida emas shekilli, degan xulosaga keldi. Tole’bonning tovushi tobora pastlab, ichiga tushib borardi. Folbin ham unga qarab, g‘amgin bosh chayqab qo‘ydi.
– O‘rtoq ikkinchi, uzr! Yo‘q, uzr, – derdi tole’bon, – xizmatim davomida sira bunday holga duch kelmagandim. Yo‘q, o‘zboshimchalik qilganim yo‘q. Ularni mehmon sifatida… Xo‘p, yaxshi, bezovta qilmaymiz, yaxshi! Tartib buzilmaydi! Xuddi shunday! Tushundim!
Tole’bon soya izlab oyoqlari orasiga tiqilayotgan badburush, aftidan qarib qolgan bir tole’ni tepib yubordi-da, ikkinchining gapini ma’qullashda davom etdi:
– Bo‘pti o‘rtoq, ikkinchi! Aytganingizday qilaman. Ro‘yxatdan o‘tkazaman. Darhol o‘z o‘rnimga qaytaman. Kuzatuvni davom ettiraman…
– Bularga ham qiyin ekan, – folbinning qulog‘iga shipshidi Beshim.
Folbin jerkib tashladi, havoda uchib yurgan pashshani urib tushirmoqchi bo‘lganday qo‘lini keskin siltab qo‘ydi.
– Ketdik, – dedi nihoyat dastakni joyiga qo‘yarkan Tole’bon va tole’talablarni sariq moybo‘yoq chaplangan darcha tomon boshladi. Ichkarida chorpoya ko‘rindi.
– Siz shu yerda qolasiz, – dedi Tole’bon folbinga, – siz esa men bilan borasiz.
Beshim devorlardagi suvratlarga qarab, hayratlanib turardi. Nazarida abstrakt yo‘nalishidagi rassom chizgan suvratlarga juda-juda o‘xshardi ular. Tole’bon uning tirsagiga kaftini tegizib qo‘yib, yo‘lga tushishi kerakligini bildirdi. Dahlizdan o‘tib qabulxonaga kirganlarida uch nafar kotiba kutib turardi. Ular tezkorlik bilan ishga kirishib, chamasi yarim soatlarda hujjatlarni to‘g‘rilab berishdi. Boshliqqa qo‘l qo‘ydirish uchun Tole’bonning o‘zi kirdi. O‘n daqiqalar o‘tdi. Beshim bu yerda vaqtni o‘z andozasi bilan o‘lchardi. Umuman, Do‘staman vodiysida vaqt oqimi inson o‘ylab topgan daqiqayu soniyalarga bo‘ysunadimi yoki ularning o‘z etaloni bormi, buni bilib bo‘lmasdi. So‘ngra ular boshqa bir xonaga kirishdi. O‘nlab kompyuterlar va bo‘lak ko‘rinishdagi Beshim nomini bilmaydigan – uskunalar… Qizlar boshqarishayapti ularni.
– Beshim Botmonov! – baland ovozda e’lon qildi Tole’bon.
– Ko‘zguga ro‘para qiling! – degan buyruq eshitildi.
Beshim toshoynaga ro‘para bo‘ldi. Oynadan soch-soqollari o‘sgan, chaqchaygan ko‘zli, yarim yalang‘och kimsa begona nigoh bilan qarab turardi. Oyog‘ida sog‘isi uzilib tushgan dag‘al kirza etik. Bo‘ynida dabdala bo‘lib ketgan to‘nning bir bo‘lakkina astari ilinib turibdi. Yelkalari tilingan, yulingan, momataloq bo‘lib ketgan. Belida kirga botgan belqars.
– O‘zingizmi? – degan savol berildi.
– O‘zim, – javob qildi Beshim yig‘lamsiragan ovozda.
– Maqsadingiz?
– Tole’imni ko‘rish.
– Sabab?
– Baxtsizman. Ishim yurishmaydi.
Xuddi shu mazmunda yana bir qator savollar berildi. Tole’bon eshik yonida kutib turardi.
Pirovardida shu narsa aniq bo‘ldiki, Do‘staman vodiysi xodimlari o‘z ishlarini u qadar yaxshi bilishmas ekan. Beshim shunday qarorga keldi va buning sababini ham o‘zicha izohladi: “Demak, mendan avval hech kim o‘z tole’ini qidirib kelmagan, bularning mazkur ishlarga tajribasi yo‘q”. Qo‘lidagi hujjat raqami ham shuni ko‘rsatib turardi. O‘z xulosasidan ko‘ngli taskin topdi. Xodimlar “lox”, demak, o‘z tosh-tarozumni qo‘ysam bo‘ladi, degan to‘xtamga keldi.
Xoda va tolxivichdan yasalgan erganak darvoza oldida to‘xtadilar. Tole’bon qo‘ng‘iroq tugmachasini bosib, ichkariga ma’lum qilguncha Beshim barmog‘i bilan darvoza yondorisini surtib ko‘rdi va moybo‘yoqning hali qurib ulgurmaganini aniqladi: “Demak, mening kelishimdan bular salgina bo‘lsa-da, cho‘chishibdi, tayyorgarlik ko‘ribdilar”, dedi Beshim ich-ichidan quvonib. Ana shu hissiyot ta’sirida ostonadan viqor bilan o‘tib, qaddini g‘oz tutgancha peshayvon tomon yurdi. Yo‘lakdan pildiragancha kelayotgan odamcha Beshimning haybatidan cho‘chiganday to‘rt-besh qadam narida to‘xtab qoldi. Derazalardan ayollar va bo‘yi yetgan yosh qizlar qarab turishardi. Albatta, Beshimning yarim yalang‘och gavdasi, antiqa tarzdagi kiyimlari va ayniqsa, ulkan qorni ularda katta qiziqish uyg‘otayotgan edi. Tole’talab buni payqadi: “Qani endi bu xonimchalarning oldidan qora kostyum, oq ko‘ylak kiyib, bo‘yinbog‘ bog‘lab o‘tsang, boshingda shlyapa, oyog‘ingda chet el tuflisi bo‘lsa”, o‘yladi afsus bilan Beshim va o‘z ko‘rinishini birrov ko‘zdan kechirib, ahvoli haqiqatdan ham xarob hamda kulgili ekanligini tan oldi. Maykasi yirtilib, bahaybat qorni ochilib qolgan, belqars uchma-uch bo‘lib oldini to‘sib tursa-da, orti ochilib yotar, yelkasida hamon to‘nning o‘sha “T” harfi shaklidagi uvadasi.
– Yigitni jandaning ichida tanisin deganlar, – qichqirdi Beshim ayollarga qarab.
Qizlar jilmayishar, ayollar qiqirlab kulishardi. Mazax qilish yoki ijirg‘anish alomatlari ko‘rinmasdi ularning yuzlarida. Beshim yonida folbinning yo‘qligidan foydalanib, qizlardan biriga ko‘zini qisdi.
Odamcha qo‘li bilan ayvonni ko‘rsatdi va orqamdan yuring, deganday imo qilib yo‘l boshladi. Tole’bon xayr-xo‘shlashgancha darvoza oldida qoldi. Mahkamada yolg‘iz o‘zi o‘tirgan kishi natijani darhol ma’lum qildi:
– Sizning tole’ingiz bizda yo‘q.
– Nega? – ajablandi Beshim.
– Men sizga aytsam, hamma odamlar bir-birlariga o‘xshaydilar: dang‘illama uy, chiroyli mashina, lavozim, mustahkam sog‘lik va hokazo. Baxtsizlar bir-birlaridan keskin farq qiladi. Baxtsizlikning cheku chegarasi yo‘q: birov to‘shakka mixlangan, boshqasi farzandsiz, yolg‘izlik azobiga mahkumlar bor, biri ikki bo‘lmay sarson yurganlar bor… xullas, baxtsizlik xilma-xilu rang-barang. Agar o‘qigan bo‘lsangiz, Tolstoy degan bir yozuvchi bu hakda qotirib aytib qo‘ygan. Gapning indallosi shuki, sizning tole’ingizni topish ancha mushkul ish. Ammo qo‘l qovushtirib o‘tirganimiz yo‘q, harakat qilayapmiz. Tahlil natijalarini uchinchi pog‘onaga o‘tkazdik, biroz kutasiz.
– Vremya – eto deneg, – dedi Beshim o‘zi ham kutmaganda birdan o‘rischalab.
Ikkinchi mintaqa tole’boni o‘zga lafzni unchalik tushunmay angrayib qoldi, unga birgina “deneg” so‘zi tanish edi. Uning sarosimaga tushishi Beshimni ruhlantirib yubordi. O‘zga til sirli ta’sir ko‘rsatmoqda edi. Bir paytlar rahbar xodimlar xuddi shu yo‘lni tutishardi, ya’ni o‘zbekcha gapira turib ruschadan bitta-ikkita so‘zni shunday ohangdor qilib, bejab va o‘zgacha urg‘u berib qo‘shib yuborishardiki, oddiy fuqaro bir necha yillar iftixor bilan o‘sha rahbarning nuktadonligidan ta’sirlanib yurardi. Beshim ham tuman xalq ta’limi bo‘limining mudiri lavozimida ishlab yurgan kezlari bu usulni bot-bot qo‘llardi. Shuni eslab, so‘zida davom etdi:
– Mne para!
Tole’bon qulluq qildi. Miyig‘ida kulgancha Beshimga yaqinlashdi. Biroz taraddudlanib turgach, unga baqamti keldi-da, cho‘ntagidan bir dasta pul olib Beshimning belqarsi ostiga tiqdi.
– E taqsir, nima qilayapsiz? Ne, xorosho, – dedi bosiqlik bilan Beshim.
– Arzimas sovg‘a…
Aftidan Tole’bon “para” so‘zimni pora deb qabul qilgan va hali xayolida aylanib turgan “deneg” ta’sirida pora so‘rayapti, deb o‘ylagandi.
– Ne xorosho… – bosh tebratdi Beshim va shu asnoda hamyonlari keng shimi tikanli butalarga “em” bo‘lganligini esladi, qo‘lini belqars ostiga yuborib, pulni mahkam ushladi.
Telefon qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. Tole’bon yugurgilab borib dastakni ko‘tardi. “Tayyormi? Olib kiring”, dedi-yu, Beshimga qarab, xushnud jilmaydi. Oradan besh daqiqa o‘tganda uchinchi hudud darvozasi oldida paydo bo‘ldilar. Tole’bon qo‘ng‘iroq tugmachasiga qo‘l cho‘zdi. Beshim ichkariga qadam qo‘yarkan, butun borliqqa soya tashlagudek g‘oyat ulkan daraxtga ko‘zi tushdi. Havo mo‘tadil, avvalgi jaziramadan nom-nishon yo‘q. Ikki-uch odim narida meshlar dumalab yotibdi. Beshim ulardan birini oyog‘i bilan turtib ko‘rdi, ilkillaydi.
– Uxlayapti, – tushuntirdi Tole’bon.
– Nega uxlaydi? Qanaqasiga uxlaydi? – ajablandi Beshim. – Ular meshlar-ku axir, oddiy meshlar. Boshi ham yo‘q, ko‘zi ham. Qatiq to‘ldirilgan tulumnng o‘zi, bir tuki kam emas.
– Shunday, lekin ular tirik, hatto zarurat tug‘ilganda harakatlanadilar va yuradilar ham.
– Bularning qaysi biri meniki? Ko‘rsata olasizmi? – so‘radi Beshim bepoyon kenglikni egallab yotgan bu antiqa jonzotlardan ko‘z uzmay.
– Ko‘rsataman, – javob qildi Tole’bon.
Tole’bon yo‘l tortdi, Beshim uning ortidan ergashdi.
– Mana! – qo‘li bilan meshlardan biriga ishora qildi Tole’bon.
Mesh soyaning quyug‘ida ilkillab yotardi.
– Shumi? – ishonqiramay so‘radi Beshim.
– Sizning tole’ingiz shu.
– Buning nimasi mening tole’im? Qanday isbotlaysiz? Axir, ularning hammasi bir xil-ku!
– Yo‘q, farqi bor. E’tibor bergan bo‘lsangiz, avvalgi hududlardagi meshlar bularga nisbatan kichikroq, ba’zilari burishib qolgan, hatto so‘linqinamolari ham bor edi. Ularning rangi to‘q qo‘ng‘irdan qoramtirgacha bor edi, bularning rangi esa och qo‘ng‘ir, hatto oqimtirlari ham bor.
– Bilishimcha, bu yerda minglab tole’lar yotibdi. Shunday bo‘lgach…
– Fikringizni uqdim, – uning so‘zini bo‘ldi Tole’bon, – meshlar raqamlar bilan belgilangan. Mana, hozir… Tole’bon egilib meshning u yon-bu yoniga qaradi, ammo raqamining nechaligini aytolmadi.
– Tovlamachilik! – qichqirdi Beshim, Tole’bonning xijolat chekayotganidan foydalanib.
– Bor, bor, topamiz. Tole’ingiz uzoq yillar soyada yotaverib, o‘ta semirgan, natijada terisi taranglashgan va raqamlar o‘z ko‘rinishini yo‘qotgan, siyqalanib ketgan. Lekin topamiz.
– Semirgan? Nega semiradi? Men bir umr qiynalsamu, bu hayvon semirib yotsa, hozir chavaqlab tashlayman! – o‘dag‘ayladi Beshim va bor kuchi bilan meshning qorniga tepdi.
– Shovqin solmang, taqsir. Ularni cho‘chitib yuborasiz. Nima bo‘lganda ham inson taqdiri ular. Hamma ish o‘z royishi bilan borishi joiz.
– Men baxtli bo‘lishim uchun nima qilishim kerak?
– Bu yerning qoidasi oddiy: tole’ azobda bo‘lsa, sohibi rohatda va aksincha sohibi azobda bo‘lsa, tole’i rohatda.
– Hozir chavaqlayman u la’natini! – jo‘shib ketdi Beshim va chavaqlash uchun o‘tkirroq narsa qidirib, atrofga qaradi. Devor darzida shakli o‘roqqa o‘xshash qandaydir asbob ko‘rindi. Tole’bon uning yo‘lini to‘sdi.
– Baribir o‘ldiraman, – bo‘kirib yubordi Beshim. – Meni shuncha yil azoblagan, o‘zi soyada yotib semirgan tole’ning bahridan o‘taman!
Biqiniga ustma-ust tepki tushayotgan tole’ “g‘iz-g‘iz” etib ovoz chiqarar va asta-asta xuddi shimol dengizlarida yashaydigan tyulenlardek qiyinchilik bilan harakatlanib, oftobda qizib yotgan maydoncha tomon siljirdi. Tole’bon nima chora ko‘rishini bilmay, esankirab qolmasa edi, deb atrofga xavfsirab qarardi. O‘z muvaffaqiyatidan ruhlanib ketgan Beshim avvalgidan besh battar jazavaga tushib, meshni tepkilay ketdi. Uning imillashiga qanoat qilmay mushtini ishga soldi. Cho‘kka tushib, meshning yelkasidan tishladi, xullas, terlab pishib “jang qildi”.
– Bas, yetar! – dedi Tole’bon jur’at bilan uning qo‘lidan tutib. – Kattalar bilib qolsa, menga yomon bo‘ladi.
– Shumi o‘zi, – po‘pisa qildi Beshim, – boshqaning tole’ini chiqargan bo‘lmay.
– Sizniki. Agar shubha qilsangiz raqamini ko‘rsatishim mumkin.
– Ko‘rsating-da. Shu paytgacha nima qilib laylak haydab turibsiz?
Tole’bon omborxonadan belkurak olib chikdi. Uni tole’ning tagiga suqib, Beshimni ko‘makka chorladi. Ikkovlashib meshni ag‘darishdi. Uning ko‘kimtir tomirlar bo‘rtib turgan oppoq qornida qator tizilgan raqamlar ko‘rindi.
– Hujjatingizga qarang, solishtiring, – dedi Tole’bon.
Beshim raqamlarni solishtirib ko‘rib, mamnun jilmaydi.
– Faqat bu tomoni qandoq bo‘larkin? Boshliqlar nima deyisharkin? – dedi Tole’bon o‘ziga o‘zi gapirganday qilib, Do‘staman tarixida sira bunday bo‘lmagandi.
– Nari borsa bitta hayfsan olarsiz, – ming‘irlab qo‘ydi Beshim va so‘radi:
– Endi bu la’nati mesh yana o‘zini soyaga urmaydimi?
– Uradi. Lekin bular o‘ta yalqov, kamharakat va erinchoq. Shu turishda azoblanib, bir necha yil yotishi ham mumkin.
– Menga qarang, – dedi Beshim qo‘lini Tole’bonning yelkasiga tashlab. Ikkov do‘st bo‘laylik, qiyomatli do‘st. Mana buni oling! Lippasiga qistirilgan pulni olib uzatdi. – Soyaga o‘tgani qo‘ymang, iltimos. Yo‘lingiz tushib, biz tomonlarga borsangiz xursand qilardim…
Tole’bon o‘ylab qoldi. Pul o‘z kuchini ko‘rsatdimi yoki Beshimning do‘stlik to‘g‘risidagi gaplari yoqib qoldimi, har holda uning qulog‘iga egilib, shivirladi:
– Kechasi darvoza oldida sizni kutaman. Keling, muhim gap bor. Hozir boring-da, yaxshilab dam oling. Kechasi soat bir yarim, ikkilar orasida kutaman. Xo‘p, hozircha xayr!
Beshim savol berishga ulgurmay qoldi. Tole’bon darchadan o‘tib, ko‘zdan pana bo‘ldi.
Beshim tunda bir necha bor uyg‘ondi. Tinch uxlolmadi. O‘zicha turli xayollarga bordi. Nihoyat aytilgan paytda darvoza yonida hozir bo‘ldi. Tole’bon kutib turardi. “Ushlang” deb Beshimning qo‘liga yumshoq bir narsa tutqazdi.
– Nima bu? – xirilladi Beshim.
Tole’bon o‘ziga xos bir harakat bilan jim yurish kerakligini anglatdi. Beshim qorong‘uda paypaslab bo‘lsa-da, ko‘lidagi narsa chog‘roq qop ekanligini angladi, ammo buning nimaga kerak bo‘lishini tushunmadi. Boraverdi. Tole’bon yerga cho‘kkaladi va Beshimning yengidan tortib, uni ham cho‘kkalashga undadi. Yerda tole’ meshi qorayib ko‘rindi. Tole’bonning ishorasi bilan qopning og‘zini himarib, unga tole’ meshini solishdi. Bu ish ancha mashaqqat bilan bajarildi. Ikkalasi ham harsillab nafas olishardi. Tole’bon o‘rnidan turib, yo‘l boshladi. Beshim qopni yelkalagancha uning ortidan ergashdi. Bu ishlar zamirida nima yotganini hamon tushunib yetgan bo‘lmasa-da, yaxshilikka yo‘yar va qovun tushirib qo‘ymaslik uchun jim borardi. Yo‘lda ikki-uch bor dam oldilar. Shunda ham hech kim g‘ing deb og‘iz ochmadi. Uch marta devordan oshib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Darvozalar qulf bo‘lganligi sababli shunday qilishdan bo‘lak ilojlari yo‘q edi. Tole’bon devor ustida turib qopni tortib olar, Beshim pastdan qo‘llari bilan ko‘tarib boshi va yelkalarini ishga solib unga yordam berar, keyin qopni devorning narigi tomoniga sekin tushirar va yana yelkaga olib yo‘lda davom etishardi. Uch bora ana shunday dovondan o‘tishga to‘g‘ri keldi. Nihoyat birinchi hududga – tole’lar azobda yashaydigan hududga yetib keldilar. Tole’bonning imosi bilan Beshim qopni bo‘shatdi. Tole’bon kattaligi o‘rtacha qovundek keladigan meshlardan birini qopga soldi va “ketdik” deya shivirladi. Uning ovozidan qattiq hayajonlanayotgani bilinib turardi.
– Xayriyat! – dedi Tole’bon o‘z hududiga yetib kelgach.
Beshim qopni yerga qo‘ydi.
– Bo‘shating! – buyurdi Tole’bon.
Beshim buyruqni so‘zsiz bajardi. “Muhim gap”ning nima ekanligini endi anglab yetgan va Tole’bonga qanday qilib minnatdorchilik bildirishni o‘ylardi. Puli qolmagandi. Qorong‘uda hech narsa ko‘rinmasa ham unga minnatdor nigoh bilan tikilib turdi-da, belidan charm kamarini shartta yechib, do‘stiga uzatdi. Do‘stamanda bunday buyumlar juda qimmatli sovg‘a hisoblanardi. Beshim barcha hududlarning Tole’bonlari kamariga och nigoh bilan tikilishganidan buni payqab olgandi.
– O‘zim ham shunday qilarsiz, deb o‘ylovdim, – minnatdorchilik bildirdi Tole’bon kamarni olarkan.
Beshim tunning qolgan qismini o‘sha hududda o‘tkazdi. Ko‘nglida “Qaysi bir sho‘ring qurg‘urning tole’i bo‘lsa?” degan o‘y sharpa tashlab tursa-da, qilgan ishidan har qalay mamnun edi. “Kimning tole’i bo‘lsa ham burishib mushtdekkina bo‘lib qolgan ekan, mana endi biroz jonlanadi”, deb o‘ziga taskin berdi va ko‘nglining bir chetida ilinib turgan xijillikni quvdi. Tole’bon uyqudan turib belidagi kamarga damba-dam qarab qo‘yar va qo‘llari bilan yumshoq charm tasmani silab-siypalardi.
– Har holda bilib ketsam yomon bo‘lmasdi,– Tole’bonning yelkasiga qo‘l tashladi Beshim. – Biz almashtirib qo‘ygan tole’ kimniki?
– Men aytaman, – javob qildi Tole’bon. – Ammo siz qattiq sir saqlang. Har holda bu qaltis ish. Birovning tole’i bilan o‘ynashib bo‘lmaydi.
– Albatta. Siz aytganingizday bo‘ladi.
Tole’bon cho‘ntagidan qog‘oz olib ro‘yxatga ko‘z tashladi va ming‘irlab o‘qiy boshladi: Sindor Sulaymonov, yoshi o‘ttiz beshda, manzili – Keshkash shahri.

VI

Safari qariganini his qildi Beshim. Tezroq o‘z yurtiga yetib borishi va yuz berishi muqarrar bo‘lgan mo‘jizani qo‘shqo‘llab kutib olishi darkor edi. Yo‘lga tushdi. Bosh mahkama oldida vertolyot kutib turardi. Qudratli mashina ko‘kka parvoz qilarkan, hamrohlariga ko‘z tashladi Beshim va folbinning yo‘qligini shundagina payqadi. Basavlat, mansabdor kishilarga o‘xshardi ular. Oldingi o‘rindikda o‘tirgan ikki kishining suhbati beixtiyor qulog‘iga chalindi:
– Siz ham shu masalada kelganmidingiz? – so‘radi yoshi ulug‘roq kishi hamrohidan.
– Ha, sal shovurini sezib qoldim. Ayg‘oqchilarim yaxshi ishlashadi. Bittasi… tovushini pasaytirdi o‘ttiz besh yoshlardagi mansabdor, – bizdi tagimizga suv quymoqchi bo‘lgan ekan. Vertolyot kira qildimu, darhol yetib keldim.
– Natija qalay?
– Tinchitdim.
– Omon bo‘ling, uka. Zamon sizday ishbilarmonlarnikida, Sindor uka!..
“Sindor Sulaymonov”, – xayolidan o‘tkazdi Beshim va butun vujudi bilan titrab ketdi. Shunday basavlat odamning oftobda qurishib jizg‘anak bo‘lib qolgan tole’i ko‘z o‘ngiga keldi. Uning “tinchitgani”ga ishonishini ham, ishonmasligini ham bilmasdi.
Suhbatdoshlar ham nimanidir sezganday jimib qolishdi. Faqat Beshimning xayoliga antiqa rejalar keldi, ammo yer bilan osmon o‘rtasida muallaq turib hech qanday rejani amalga oshirib bo‘lmasdi.

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 6-sonidan olindi.