Rassom Azamat Sattorov va G‘anisherga bag‘ishlayman!
Er yuzida Leonardo da Vinchi ismli bir inson yashagan ekan. U tajriba uchun shaftoli daraxti tanasini margimush bilan emlabdi. Buni qarangki, zahar daraxt mevalariga ta’sir ko‘rsatibdi.
Natsume SOSEKI
Shaffof matoh ustiga tushgan dog‘day shuvalib, to‘zg‘oq bir tarzda yayralib ko‘rinayotgan yashil ranglar shaftoli daraxtining yaproqlari, qizg‘ish dog‘lar esa uning mevasi… Oddiy shaftoli daraxti uchun bunchalik katta xarajat qilish, uning atrofini shisha devorlar bilan o‘rab, eshigiga qulf urib qo‘yish oddiy odamning ishi emas. Bu odam yo afandi, yoki faylasuf. Qulfbuzar miyasining chuqur qavatlarini qanchalik hafsala bilan titkilamasin, shu asnoda Leanardo da Vinchidan bo‘lak birorta buyuk aql egasining nomi yodiga kelmadi. Aslida uning kasbu kori olimlaru kashfiyotchilarning fan – texnika sohasidagi ixtirolari bilan bog‘liq. Xususan, faylasuflardan qo‘rqqulik.
Inson psixikasini o‘rganish va o‘rgatishda bu qavmga teng keladigani yo‘q. Masalan, o‘g‘ri-qulfbuzar qanday shaxs? U birorbir boyvachchaning uyiga o‘g‘irlikka tushish uchun ne chog‘li tayyorgarlik ko‘radi? Bu paytda uning ruhiy holatidan nimalar kechadi? Aslini olganda, qulflarning tobora va kun sayin takomillashib borishi va yangidan yangi minglab sinoatga ega bo‘lgan qulflar yaratilayotganligi ham inson ongining va qo‘lining mahsuli. Ixtirochi yangi qulf yaratish ustida o‘ylarkan, albatta qulfbuzarni nazarda tutadi, uni ko‘z o‘ngidan qochirmaslikka harakat qiladi. Qulf ichiga murakkab mexanizmlarni joylash jarayonida “Qani, mana bunisini ham ochib ko‘r-chi”, deb o‘z ixtirosining sinoatlaridan mamnun jilmayadi. “Bechora qulfbuzar”, deb hatto zaharxanda qilib qo‘yadi. Shuning uchun ham men bu tipdagi kishilarning hayotini va ixtirolarini sinchiklab o‘rganaman. Bu hayot taqozosi. Qulflar esa…
Qulfbuzar ana shunday xayollar bilan shisha devorga, bir tup shaftoli daraxtini qo‘riqlab turgan qimmatbaho va ko‘rinishidan ichki qurilmasi o‘ta murakkab qulfga sinchiklab qaradi. Qizg‘ish yaltiroq va aftidan juda mustahkam metalldan yasalgan qulf ham o‘z kushandasini mensimaganday, go‘yoki eng so‘nggi modada kiyinib ko‘chaga chiqqan ayolday tamanno qilib turardi. Shisha devor qay darajada qalin bo‘lmasin, uni sindirib xonaga kirish hech gap emas. Ammo haqiqiy qulfbuzar bunday qilmaydi. Qulf qanchalik murakkab qurilmaga ega bo‘lsa, qulfbuzar uchun shuncha qiziq. O‘z g‘animining ustidan g‘alaba qozonishga bo‘lgan ishtiyoq shunchalik sarbaland. Aslida qulflar Tirkash uchun g‘anim ham emas, balki… Bilasizmi, insonlar o‘rtasida tushunish biroz murakkab bo‘lgan g‘alati bir ruhiy holat bor: erkak zotiga qiyo ham boqmaydigan va o‘zining beqiyos jozibasiga ortiq darajada ishongan ayolni qo‘lga olish uchun ba’zi bir kishilar bor ilmu amallarini ishga soladilar va agar uning muhabbatiga sazovor bo‘lsalar, o‘zlarini dunyodagi bor erkak zotining kulangiri deb biladilar. Hech kim egar urolmagan asov otni jilovlagan chavandozda ham shunga o‘xshash holatni kuzatish mumkin. Tirkashni tushunish uchun qilingan bunday muqoyasa balki nojoizdir, faqat qariyb bolalik paytlaridan boshlab butun umr qulflarga qiziqib, ularni bo‘ysindirish, inson qo‘li va aqlining nimalarga qodirligini namoyish etish unga beqiyos zavq bag‘ishlab kelgan va hayotining mazmuniga aylanib qolgan.
Qulfbuzar g‘animiga “sabr qilib tur” deganday bir qarab, ko‘z qisib qo‘ydi-da, xayolidan o‘tgan fikrlar ta’sirida shisha devordan uzoqlashdi. Uning xatti-harakatidan mutlaqo shoshilmayotganini anglash qiyin emas. Darhaqiqat, u shisha uychadan uzoqlashib, hovlini bamaylixotir kezib chiqdi. Va ko‘p yillik tajribasida sira duch kelmagan holatni ko‘rdi. Bir tup shaftoli qulflab qo‘yilgani holda, uy eshigi va undagi barcha xonalar ochiq!
Ayniqsa, devorlari turli ko‘rinishdagi rasmlar bilan to‘la keng zalni va boshqa katta-kichik xonalarni birma-bir kezib yurarkan (uning bamaylixotir kezib yurganiga sabab shuki, uy egasini bir necha kun davomida kuzatib, kechki govgum pallaga qadar qirlar orasida o‘tirib rasm chizishini va uyiga kech qaytishini bilib olgan edi), rassomning uyida suvratlar, bo‘yoqlaru behisob chizgilardan bo‘lak hech vaqo yo‘qligini angladi. Suvratlar esa dunyoning yarim mulkiga bergulik. Ajabo! Shuncha qimmatbaho san’at asarlari joylashgan xonalar ochig‘-u, bir tup shaftoli… Nogoh uning nazari jilmayib turgan ayol suvratiga tushdi. Bu Leanardo da Vinchining Jakondasi. Ha, Mona Liza deganlari shu ayol. Uning tabassumi to‘g‘risida uch mingdan ortiq asar yozilgan. Ammo hali biror bir tadqiqotchi bu tabassum bilan Mona Liza nima demoqchiligini isbotlab berolgan emas. Men esa bilaman, xayolidan o‘tkazdi Tirkash – sochi to‘kila boshlagan yarg‘oq boshini silab – Mona Liza: “Ayol qalbi – eng sirli qulf”, deb turibdi. Tirkashning xayolida o‘zga shaharning uzoq bir go‘shasida qolib ketgan ayol siymosi jilvalandi. Muhabbat, rashk va nafrat, ayriliq… Qulflar ayolning dushmaniga va balki kundoshiga aylangan onlar… Tirkashni sevimli kasbidan ajratishga, uni qulflar sehridan judo qilishga urinib yashagan ayol endi yo‘q. Oila qo‘rg‘onining buzilishiga sabab bo‘lgan nizo bundan yetti oy muqaddam ro‘y berdi. Tirkash eng yangi rusumdagi qulfni sotib olib uyiga qaytarkan, Surbinani ko‘rdi. Ayol uni kutib derazadan qarab turardi. Ammo Tirkash uyga emas, hovli adog‘idagi omborxonaga yo‘l oldi. Tezroq qulfni ochish, ichki mexanizmlarini ko‘zdan kechirish, sxemasini chizish va uni qayta terib, ochqich qurollar yordamida, kalit ishlatmasdan ochish ishtiyoqida yonardi. Bir yuz sakson ming tilsimga ega bo‘lgan va “Skrinkira” deb nomlangan ingliz qulfi, haqiqatan ham, yechilmagan jumboq. Tirkash uch kecha kunduz berkinib olgan go‘shasidan chiqmay, kulf bilan birga bo‘ldi.
Tunlar ko‘z yummay uni silab siypaladi. Bag‘riga bosib yotdi. Uni o‘zidagi bor hissiyot bilan avradi va erkaladi. Skrinkira esa ro‘yxushlik berishni istamas, shu jihati bilan Surbinaga o‘xshardi. Bu tipdagi qulf kalitning ichki mexanizmlariga tomon kirib borishiga dastlab yengilgina qarshilik ko‘rsatadi, nimanidir xohlamayotganday, nimadir unga ozor berayotganday va yana nimadir uni haqorat qilayotganday… Keyin esa naq qalbi ostida harakatlana boshlagan “kelgindi”ni osonlikcha qo‘yvorishni istamaydi. Pirovard natijada “shilq” etgan ovoz eshitiladi va qulf bo‘shashib ketadi…
Tirkash Skrinkirani xona burchagida uyulib yotgan qulflar to‘dasi tomon otib yubordi. Chunki uning siri ochilgan va endi qulfbuzarni avvalgidek jozib kuch bilan o‘ziga tortmasdi. Mudroq ichida devordagi suvratlarga qaradi. Faylasuflar, yozuvchilar… Rassomlar: Van Gog, P.Sezann, rangning tiniqligi va ohangdorligi uchun kurash. Postimpressionizm. Shu qatorda Ro‘zi Choriyevning avtoportreti. Tirkash rassomchilikka qiziqib, san’at kollejida va keyinchalik institutda o‘qib yurgan kezlari bu rassom bilan yaqindan tanishgan, o‘qishdan haydalganidan keyin ham rassomning ustaxonasida ma’lum bir muddat istiqomat qilib turgan edi. “Inson toki maqsadiga erishgunga qadar o‘lib-tirilib, butun kuchini, tajribasini, makru hiylasini ham ishga solib harakat qiladi-yu, murodi hosil bo‘lgandan so‘ng o‘sha narsani buzuq qulfdek otib yuboradi? Bu holatni qanday izohlagan bo‘lardilar suvratlardagi ulug‘lar?..” Tirkashning mulohazasi shu joyga kelganda eshik qarsillab ochilib, ostonada Surbina paydo bo‘ldi. Bu sevishganlarning so‘nggi muloqoti edi…
Mana, endi o‘zga bir xonadondagi suvratlarni tomosha qilarkan, bir necha soniyaga cho‘zilgan ruhiy muloqot birdan barham topdi. Qandaydir mubham bir kuch uni ortiga o‘grilib qarashga undadi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, oilasini buzgan va so‘nggi qattol jangga sabab bo‘lgan Skrinkira devor sirtidan unga “qarab turardi”. Qulf yorqin bo‘yoqlarda shu darajada mukammal chizilgan ediki, Tirkash beixtiyor cho‘ntagini kovlashtirib sinxron ochqichni paypaslab qo‘ydi va bu yerga ne maqsadda kelganini eslab qolib, eshik tomon yurdi. Shisha uy eshigini Skrinkiraning o‘zi hamon o‘sha alpozda qo‘riqlab turibdi. Lablarida qotib qolgan istehzo bilan qulfga yaqinlashdi Tirkash. Raqibining bor ilmu amalini yaxshi biladigan polvonlar yuzida bo‘ladi odatda bunday tabassum. Qulfbuzarning sezgir barmoqlari qulf sirtini sermab o‘tdi. Ochqich ishga tushdi. Skrinkira uzoq qarshilik ko‘rsatmay taslim bo‘ldi. Eshik ochildi. Xona ichida bir to‘p shaftoli daraxtidan boshqa hech narsa yo‘q. Lahza ichida vaziyatni baholadi Tirkash. “Bu bir niqob” xayolidan o‘tkazdi u. Oddiy bir daraxt himoyasi uchun bunchalik e’tibor, ehtiyotkorlik va xarajat qilish aqlga sig‘maydi. Demak, uy egasining xazinasi shu yerda. Ammo tajribali o‘g‘rilarga xos hissiyot bilan angladiki, bir gilam kattaligidagi chog‘roq maydonchada xazina ham, dafina ham yo‘q. Devorlar esa shaffof shishadan. Aqlli odam xazinani tuproq tagiga ko‘mmasligi ham ayon. Demak, daraxtning o‘zida bir gap bor. Yam-yashil uzunchoq barglar, qizarib pisha boshlagan mevalar, g‘adir-budir tana, shoxlar va novdalar… Tanasi u qadar yo‘g‘on ham emas. Bor-yo‘g‘i o‘n besh yil atrofida umr ko‘radigan bu daraxt – tanasining o‘lchamiga va shox-shabbalarining hali qoraqo‘tir po‘stloq bilan qoplanib ulgurmaganiga qaraganda – nari borsa, yetti-sakkiz bahorni ko‘rgan. Uning haqiqiy ayollik davri hali oldinda. (Tirkash shaftoli daraxtini hamisha ayolga qiyoslardi). Bir umr bog‘bonlik kasbiga sodiq qolgan otasidan yagona meros edi bu gap. Qulflar siriga qiziqmaganimda albatta otamning kasbini egallagan bo‘lardim, deya xayolidan o‘tkazdi qulfbuzar. Va daraxt tanasini silab qo‘ydi. Barmoqlari tananing orqa tarafidagi qandaydir silliq va yumshoq tuganakni paypaslab o‘tdi. Arpa boshog‘idek qalin va qo‘ng‘irtob qoshlari chimrildi uning. Uzun, ingichka va sezgir barmoqlar yana ortiga tomon harakatlanib, o‘sha tuganak ustida to‘xtadi. Tirkash daraxt tanasini aylanib o‘tib, po‘stloqqa mahkam yopishgan qahrabo rangdagi yelimshakni ko‘rdi. Bu kasallik va isyon alomati. Nimadandir azoblansa, o‘zini qiynayotgan kuchga bo‘lgan g‘azabini yelimshak vositasida anglatadi daraxt. Daraxtni azoblagan narsa parmaning izi. Yelimshakni qo‘porib oldi va uning ostida oddiy qalamning uchi sig‘adigan kavakni ko‘rdi. Parma qoldirgan jarohat hali bitib ulgurmagan. Yoki uy sohibi tanadagi teshikni begona ko‘zlardan berkitish uchun yelimshak bilan niqoblab qo‘ydimikin?
“Bulbulning ko‘ziday bir dona gavhar –
Poda-poda ho‘kizlar galasiga teng”.
Dabdurustdan yodiga kelgan bu misralar Qulfbuzarning xayolini band etgan yangi bir fikr ifodasi edi. Shaftoli tanasidagi kavakda gavhar yashirib qo‘yilgan bo‘lsa-chi?! Xazinani yashirin saqlash uchun bundan-da antiqa va bundan-da makkorona usul bo‘lishi mumkinmi? Butun dunyo o‘g‘rilari birgalashib qirq kecha-kunduz o‘ylasalar ham, ularning xayoliga kelmaydigan ish. O‘z fikri o‘ziga bachkana va asossiz ko‘rindi, rassomda gavhar ne qilsin! Shunday bo‘lsa-da, qo‘ynidan qizil dastali sinxron ochqichni olib, kavakka suqib ko‘rdi. Ochqich qandaydir mayin, kukunsimon bir narsani kesib o‘tganini ilg‘adi. Bunday pallada ochqich barmoqlarning go‘yoki davomiga aylanar va eng murakkab elektron o‘lchov uskunalar ham ilg‘ay olmaydigan tebranishlarni sohibining barmoqlariga olib uzatardi. Daraxt tanasidan yuqoriga tomon shiddat bilan ko‘tarilayotgan sharbat oqimini, yerning nafasini ilg‘adi asbob va bu oqimga yana qandaydir mubham zarralar ham aralashib borayotganini barmoqlarga yetkazdi. “Kavakda gavhar yo‘q, qandaydir kukun bor”, dedi ochqich o‘z tilida. Ammo bu holat qulfbuzarni tashvishlantirmadi. Eng muhimi bu emas. Yetti oy muqaddam o‘tkazgan tajribasini bugun amalda sinab ko‘rdi. “Skrinkira” unga o‘zini bag‘ishladi! Ana shu muhim!
“Shaftolixo‘rlik qilishdan boshqa ishim qolmadi” – xayolidan o‘tkazdi Tirkash, qo‘llarini yengsiz jujunchasining bariga artarkan. Endigina rang ola boshlagan mevalar hali yetilib pishmaganligini bilsa-da, kuchli chanqoq ta’sirida daraxt tanasidan ushlab qattiq silkiladi. Tap-tup etib uch dona shaftoli tushdi. Ulardan birini olib jujunchasining mayda to‘r tutilgan ko‘kragiga artib surtdi va sabrsizlik bilan karsillatib tishladi-yu, bu yerga nima maqsadda kelganini tamoman unutdi. Shaftoli mevasi hali dumbilroq bo‘lsa-da, shirin va xushbo‘y! So‘ngra qizg‘ish, g‘adir-budir uch dona danakni kaftiga olib, butun boshli daraxtni, uning yaproqlariyu mevalarini, rangi va ta’mini va hattoki tomirlarini ham o‘zida mujassam etgan bu mo‘jizaga, hech qanday kalit bilan ochib bo‘lmaydigan bu “qulf”ga bir muddat tikilib o‘tirdi, chuqur xo‘rsindi va qandaydir shirin xayol ta’sirida bosh tebratib qo‘ydi. Keyin danaklarni cho‘ntagiga solib o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Turolmadi, cho‘kkalab qoldi. Ichida kuchli og‘riq qo‘zg‘alib dunyo ko‘ziga bir tutam bo‘lib ko‘rindi. Yiqilmaslik uchun daraxt tanasini mahkam quchoqladi va najot kutganday osmonga qaradi. Daraxt osmon toqida chirpirak urib aylanar, yaproqlar shovullar, shaftolilar dona-dona bo‘lib, moviy bo‘shliqni qizg‘ish ranglar bilan bo‘yardi…
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 5-son