Ne’mat Arslon. Oy jodusi (hikoya)

1

Oy – mungli sayyora.
Muallif

Deraza rafida oyning nimrang shu’lasi. Nimrang: na moviy, na sariq, va na oq. Shunday holatni nimrang desa to‘g‘ri bo‘larmikin? Bu oqshom uning yorug‘ida juda ko‘p ranglar borday. To‘lishgan oy nuriga xos rangni topolmadi Oyniso. “Sutday oydin”, – shivirladi uning lablari. Darhaqiqat, hovli sutday oydin. Shu ta’rifga moyillik bor qizning shuurida. Boshqa biror ta’rif yoki tavsif mos emas. Aslida bu momosidan qolgan gap. Oy oydin kechalar derazadan qarab “sutday oydin” deb qo‘yardi va og‘ir-og‘ir xo‘rsinardi kampir. Shunday derdi, xo‘rsinardi xayolchan tarzda va go‘yo isitmoqchi bo‘lgandek oy shu’lasiga tutib turardi qurishgan barmoqlarini. Shunda kampirning ismsiz barmog‘idagi mis uzukning ko‘zida parchalanib ketib xiragina miltirardi samoviy shu’la. Deraza rafini silayotganday yoki uning g‘uborini artayotganday ohista harakatlanardi uning uzukli barmoqlari. Endi kampir yo‘q, oy shu’lasi esa hamon o‘sha-o‘sha. Sokin, xayolchan va mungli. Nimadandir o‘ksinayotganday va nimalarnidir so‘zlab bermoqchiday va yana qandaydir sirdan – inson zotiga ma’lum bo‘lmagan, uning tasavvuriga sig‘maydigan sirdan ogoh etmoqchiday… Deraza tokchasida, xontaxta chetida va xona devoridagi yo‘l-yo‘l chiziqlar ham xuddi avvalgidek. Hech narsa o‘zgarmagan. Oyniso uchun bu juda antiqa manzara. Unda qandaydir sir-sinoat bor. Momosining kultapo‘shogini boshiga kiyib olardi-da, bu sinoatning nimaligini anglashga harakat qilardi qiz. Oddiy naqshlar emas ular. Yo‘q, ular oddiy naqshlar emas. Bu naqshlar deraza shishasining vujudi. Har qanday vujudda esa sir-sinoat yashirin.

2

Oy to‘lisha boshlagan kechalar chiroqni o‘chirib qo‘yib xona devoridan ko‘z uzmay yolg‘iz o‘tirgan qizni tasavvur qiling endi. Boshida o‘sha, yo‘l-yo‘l kandirdan tikilgan va misqolgardi degan matohdan astar qo‘yib qavilgan kultapo‘shok. Unda Oydinoy momoning oppoq sochlari qoldirgan ajabtovur, qo‘ng‘irsiq hid bor. Qizning nigohida allaqanday xavotir, Oyning sohir shu’lasida esa ko‘z ilg‘amas harakat. Bu harakatda yengib bo‘lmas bir kuch va muqarrarlik va ayni paytda sokinlik va mayinlik va mahzunlik, va yana allaqanday mung bor. Aslida ham Oy – mungli sayyora. Biron bir jonzotga, hech bo‘lmaganda bir tupgina gulga ham ega emas. Qani endi uning kulrang tuprog‘ida bir tupgina tok o‘ssa, tok novdasida bir bosh qora kishmish yoki nimrang toyibi bo‘lsa yoki bir butagina rayhon hid taratib tursa! Balki shuning orzusida sohir nurlari bilan yerni paypaslar, giyohlarni, dengiz va daryo suvlarini o‘ziga tortar… Modomiki shunday ekan, yer yuzidagi odamlarni ham, binolar va daraxtlarni ham, hattoki qabristonni va ular qatorida Subhonning qabrini ham intiq bir kuch bilan o‘ziga tortayotgani tayin.
Hovlida, supa tagida bir tup sadarayhon bor. Agar gul ko‘p bo‘lsa, biridan boshqasiga, undan yana boshqasiga sakraydi nigohing. Nimadir yo‘qoladi, nimadir susayada. Qaybiriga mehr qo‘yish kerak? Ko‘p gul bu – gulzor, gulzor esa bamisli olomon. Yakka o‘sgan bir tup gul yolg‘izligi bilan va yana tanholigi bilan, Subhonga o‘xshashi bilan qizning diliga yaqin, olomondan esa uzoq.
Tunda oy nuriga cho‘mib uxlayotgan qabristonga qarash… Faqat bir martagina bunga jur’at etgandi Oyniso. Keyin ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi. Va nihoyat, Subhon aytib bergan voqea takrorlandi. Daraxt g‘o‘lasi ustida yonma-yon o‘tirishdi ular kunlardan bir kun. Yoz fasli. “Tirch-tirch” etib sayraydi qorachigirtkalar. Uzun, qora dirijyorlik libosida ular. “Xuddi shunday yoz oqshomi edi, – deydi Subhon. – Oy oydin, sutday. Yetti… yo‘q, to‘rt-besh yoshlarda edim chamasi… (Subhonning ovozini eshitishi bilan mashg‘ulotini taqqa to‘xtatadi shu yaqin o‘rtada musiqa asbobini jo‘r qilayotgan qorachigirtka. Inson ovoziga quloq tutib qoladi, aftidan) ha, b…b-besh yoshlarda. Xonaning o‘rtasida yotardilar onam. Oq ko‘ylakda. Men qo‘rqmadim avval. Onamni quchoqlab yig‘ladim. O‘lim haqida unchalik tasavvurga ega emasdim. Xona qorong‘i. Har doim biror narsa ustida xarxasha qilganimda boshimni silaydigan qo‘llar beharakat. Nega bunday? Nega mehribon onam hamma narsaga befarq? Hech narsaga tushunmay, shu holatda uxlab qolibman…”

3

Endi Oynisa xonada yolg‘iz. Ohista harakatlanayotgan nur oqimi go‘yo devor sirtidan nimanidir qidirayotganday. Devor sirti limon rangida, o‘rtada daftar kattaligida quroq kashta. Kashta o‘rtasida Subhonning surati. Suratga tomon oqadi nur. Subhon esa tobora yaqinlashib kelayotgan oy shu’lasidan ko‘z uzmay bundan uch yil avval so‘zlashni boshlagan qo‘rqinchli hikoyasini hamon davom ettirayotganday. Onasining o‘limi, tunda besh yoshli bolaning jasad yonida yolg‘iz qolishi, oy ohista siljib kelib oq ko‘ylakda yotgan jasadni yoritishi… Onaning ko‘kragidan bo‘yniga tomon, undan iyagiga, lablariga tomon sirg‘alib o‘tayotgan oq ilonga o‘xshash ingichka va uzun oy nuri. Jasadning ko‘zlari hayratlanganday ochiq. “Oy sutday oydin kechalardan hozir ham qo‘rqaman. Oy nuri kafanni eslatadi”. Surat tomon tobora yaqinlashib borayotgan oy nuriga qarab turarkan, Subhonning gaplarini esladi va butun vujudi bilan titrab ketdi Oyniso. Va oyga qaradi, uning suratga tomon betinim harakatlanayotgan shu’lasidan ko‘z uzib. Qiziq bir narsani – hali dunyoda hech kimning xayoliga kelmagan narsani kashf etdi shunda. Oy yuzidagi dog‘ – osmon malagi Isrofil! Yo parvardigor, nega bir ojiz bandangning xayoliga bunday narsalarni solasan?! Bir oyog‘ini oldinga qo‘yib, ikkinchi oyog‘iga tayangancha biroz ortga chalqaygan ko‘yi turardi maloika Isrofil. Og‘zida qiyomat kuni chalinadigan karnay. Isrofil sur tortadigan karnayning behad kattaligini va bu karnay hamma narsani, hatto yer kurrasini ham yutib yuborishi mumkinligini eshitgandi Oyniso momosidan. “Isrofil sur tortsa qiyomat bo‘ladi”. Shunday der edi momo. Ammo oyning betidagi dog‘ning farishta Isrofilga o‘xshashini hech kim aytmagan. Hech kimning xayoliga kelmagan bu kashfiyot.
Bora-bora jiddiy mashg‘ulotga aylandi Oynisoning oy bilan muloqoti. Balki bu yolg‘izlikning oddiy ermagidan boshqa narsa emas, dersiz? Unda nima sababdan oy nuri chizgan tasvirlarga lupa orqali qaraydi qizgina va daftarga nimalarni yozib qo‘yadi? Qo‘liga pargar va chizg‘ich olib samo yoritgichidan to‘kilayotgan yorqin va xira nur yo‘lakchalar oralig‘ini o‘lchaydi… Raqamlar bilan belgilangan daftar varaqlarida ular. Betartib bir tarzda sochib tashlangan harflar, turli ko‘rinishdagi belgilar bor.
Keyinchalik – oradan bir necha yil o‘tib, Oyniso bedarak yo‘qolgandan keyin uning egasiz qolgan uyiga ko‘chib o‘tdim. Va Oyshunos qizning tadqiqotlarini jiddiy tadqiq etishga kirishdim. Va aytish mumkinki, sochib tashlangan harflarda hamda shakllarda uzviylik borligini aniqladim. Qadimgi dunyoning ulug‘ rassomi Leonardo da Vinchi hech kim o‘qiy olmasin deb xatni teskarisiga yozar va zarurat tug‘ilganda uni oynaga tutib o‘qirdi. Oyna barcha o‘ng narsalarni chappasiga, va aksincha teskari narsalarni o‘nggarib ko‘rsatadi. Ana shunday qaysar va sirli “jonzot” oyna deganlari. Xullas, shu voqea yodimga tushib deraza jomlaridan ikkitasini o‘rnidan ko‘chirib oldim, bor hunarimni ishga solib shisha jom sirtiga kumush eritmasi surtdim va avval kulrang bo‘yoq bilan, so‘ngra qizil bo‘yoq bilan bo‘yadim. Shishaning shaffof vujudi o‘zligidan kechib tiniqlashdi va oynaga aylandi. Oynalarni bir-biriga qaratib qo‘ydim. Shunda cheksizlik hosil bo‘ldi. Daftarning birinchi varag‘ini o‘zimga teskari turgan oyna sirtiga yopishtirdim, natijada harflar, belgilar va shakllaru chizgilar cheksiz darajada takroriy tasvir zuhur etdi. Ammo bu tajriba kutilgan natijani bermadi. Daftar varag‘idagi barcha belgilar oyna sirtida teskari bo‘lib ko‘rinardi, xolos. Xuddi shu usulda oy tasvirini oynaga tushirib cheksiz darajada oy hosil qilishdan ham qoniqmadim. Allamahalgacha ko‘zimga uyqu ilinmadi. Uxlamoqchi ham emasman. O‘ylarim chuvalashgan, ularning hammasi bir tomonga qarab oqim hosil qilgan. Bu oqimda hattoki o‘zim ham suzib borayotgandayman. Oqim Oynisoga va uning oy nuri bilan o‘tkazgan tajribalariga borib uriladi. Va men bolaligimda yuz bergan bir voqeani eslayman har safar. Tashqarida, hovlining o‘rtasida yotardik biz, ya’ni onam ikkalamiz. Supasiz, devorsiz bir cheti qishloq markazidagi podaxonaga tutashib ketgan hovli. Yoz oqshomi, hovli sutday oydin. Naq peshonamning ustida parpirab turgan oy go‘yo shu xarobgina qishloqni va shu qishloqning xarobgina hovlisida yotgan qo‘rqoq bir vujudni, ya’ni meni qo‘rqitish uchun ko‘kka ko‘tarilganday. Yuragim to‘la vahm. Vahm vujudimni shu qadar iskanjasiga olganki, boshimni burishga va yonimda uxlab yotgan onamga qarashga va umuman, qilt etib qimirlashga qo‘rqaman. Go‘yo butun dunyoni qo‘rquv o‘z iskanjasiga olgan. Onamga yaqinroq surilishni o‘ylayman, qo‘lim bilan onamning qo‘llarini ushlasam ozgina bo‘lsa ham yuragimni to‘ldirgan vahmdan qutulardim balki. Afsuski, bunday qilolmayman, biror tukim qilt etsa qo‘rquv meni ko‘rib qoladiganday. Ana shunday holatda yotarkanman, podaxonaning narigi chetida, O‘tagan akaning uyi ortida katta qora to‘rt burchakka ko‘zim tushdi. Shu qora to‘rtburchakning o‘rtasida – balki uning bir chetrog‘idadir – o‘sha qorong‘ilikdan ham qoraroq bir narsa harakatlanardi. Antiqa bir tarzda – xuddi raqs tushayotganday – harakatlanardi o‘sha qora narsa.
4

O‘shanda garchi besh-olti yoshlarda bo‘lsamda, bu raqsning beo‘xshovligini va shu beo‘xshovligi bilan g‘ayrishuuriyligini angladim. Goh yoyilar, gohida yig‘ilib bir joyda qo‘yuq qora bo‘yoq hosil qilar va gohida yuqoriga tomon o‘sib borayotgan kabi g‘ayritabiiy shaklga kirardi o‘sha qora narsa. Oy to‘lishgan va borliq sutday oydin bo‘lsa ham yorita olmasdi o‘sha qorong‘ilikni. Tom bo‘g‘oti ostidan, devor soya­sidan panoh topgandi o‘sha qora raqqosa. Raqs tushayotgan qora tumanlik – balki qora qurum desam to‘g‘ri kelar – nazarimda mendan ko‘zini o‘zmagan holda harakat qilar, dahshatdan bir bo‘lak kesakka, daraxtning kesib tashlangan g‘o‘lachasiga aylanib qolgan mening vujudimni ham raqsga chorlardi, aftidan. Imlardi meni… o‘shanda bu o‘lim raqsi ekanligini anglamaganman. Ammo mubham bir vahima sharpasi og‘ir qanotlari bilan yerga kirgizib yubormoqchidek, yoki yotgan joyimda mahv etmoqchidek kuch bilan bosib turardi meni. Inson tanasi – jon uchun qamoqxona. Koinotning uzoq bir hududidagi sayyorada yashaydigan jonlar ham gunoh qiladilar. Shunda gunohining nechog‘liq og‘irligiga qarab bir necha daqiqadan bir necha yil muddatga zindon jazosiga mahkum etiladi jon. Va muddat tugashi bilan vobasta qilingan zanjirlarni uzib inson tanasini tark etadi va uchib ketadi o‘z sayyorasi tomon. Zanjirlarni uzib tashlarkan, raqs ko‘rinishida namoyon bo‘ladi bu jarayon. Ana shu jarayon edi men ko‘rib turgan holat.
Hammasi ma’lum bo‘ldi ertalab. Odamlar to‘planishdi sahardanoq. Tushirib olishdi tom bo‘g‘oti ostida osilgancha ohista tebranib turgan jasadini.. O‘n yetti yoshli bu qiz nima sababdan osdi o‘zini? Turli fikrlar aytishardi odamlar, ammo men hali ularning fikrini tushunish darajasida emasdim, yosh edim. Tunda bo‘lgan mudhish voqeani ko‘rganligimni ham aytolmadim. Odamlardan, jasaddan va boshqa hamma narsadan qo‘rqib turardim. Oynisaning daftaridagi yozuvlar, shakllar va belgilar ko‘proq o‘ziga tortardi meni shu voqeani eslasam. Daftardagi tilsim sirini ochishga urinishlarim hech qanday samara bermayotgan bo‘lsada, bu mashg‘ulotni tashlab ketishga o‘zimda kuch topolmadim. Va uning xonasida o‘tirib oyni kuzatar, uning har bir fazasida ro‘y beradigan shakliy o‘zgarishlarni qog‘ozga tushirardim.

5

Avgust oyining so‘nggi o‘n kunligi. Oy asta-sekin to‘lishib bormoqda. Kunduzi ham ko‘rdim uni. Nursiz, bir tomoni qurt yeganday yoki uquvsizlik bilan ushatib olingan nonday. Tikilib qaragandim shaffoflanib, go‘yo ortidan ko‘kimtir tusda ko‘ringanday bo‘ldi osmon. Oy to‘g‘risida tadqiqotlar ko‘p fanda. Bir tomoni yuz darajadan issiq, ikkinchi beti bir yuz o‘n daraja sovuq. Sirti kulsimon modda bilan qoplangan, suv va havo yo‘q. Aniqrog‘i, mutlaqo hayot asari ko‘rinmaydi. Yerda yuz kilo tosh bosadigan odam oyda… anig‘ini bilmayman, yetmish va balki oltmish kilo chiqsa kerak. Bu sayyora aytishlaricha, yerdan ko‘ringaniday nurafshon emas, balki qoramtir bir sirtga ega, nurni esa quyoshdan oladi… Ana shunday tadqiqotlar bor. Amerikaliklarning oyga borgani va uning ustida o‘z oyoqlari bilan yurgani haqida ham anchagina gaplar bo‘lgani esimda, ammo keyinchalik mutlaqo hayot asari yo‘q bu sayyoradan yerlik tadqiqotchilarning ko‘ngli soviganday. Endi bizni Mars sayyorasi qiziqtirmoqda. Qizil sayyora deb nom olgan bu osmon yoritgichiga unchalik qiziqish bildirmasdi Oyniso. Qani uning o‘zi? Qani uning derazam rapini yoritib turgan qizil nuri? dedi bir oqshom ikkalamiz yolg‘iz o‘tirganimizda. Biz tashqariga chiqib osmonga qaradik va Qizil sayyorani qidirdik. Bizda na teleskop, na boshqa biron kuzatuv asbobi bor. Hatto oddiy durbin ham yo‘q. Hech narsaga aniqlik kirita olmadik. Oy hali batamom to‘lishgan bo‘lmasa-da, parpirab nur sochar va osmonni kuzatishga monelik qilardi. O‘shanda bilmasdim bu qizning oy nuridan qo‘rqishini va ayni paytda unga qiziqishini. O‘sha oqshom uning Oyshunosligiga doir ba’zi bir belgilar namoyon bo‘ldi. Ulardan ayrimlarini men keyinchalik kuzatuv daftarimga yozib qo‘ydim. Biz supa chetida yonma-yon o‘tirardik. Osmon yoritgichlari to‘g‘risida bilganlarimni unga so‘zlab berarkanman, anchadan beri uning sukut saqlab turgani va mening gaplarimni umuman eshitmayotganini payqab qoldim. Oyga qaragancha qotib turardi u. Ixtiyori o‘zida emas, xayoli ham. Biroz engashib uning ko‘zlariga qaradim. Keyin ro‘parasiga o‘tib yerda cho‘nqaydim. Uning holati o‘zgarmadi. Meni unutgandi aftidan. Ko‘ksi tez-tez ko‘tarilib tushayotganiga qarab nafas olishi tezlashgani va yuragi ham qafasdagi kabutarday patirlayotganini angladim. Va yana ko‘zlariga tikildim. Uning nigohida qotib qolgandi oy shu’lasi. Ko‘zlari atrofida oppoq Halqa. Keyin harakatga keldi halqa va uning pastki cheti tomchi shaklini oldi-da, qizning ko‘zlaridan oqib tusha boshladi. Qo‘rqinchli edi bu holat. Nogoh bolaligimdagi o‘sha voqea, tom bo‘g‘otiga o‘zini osgan qiz bilan bog‘liq manzaralar, soyalar o‘yini va o‘lim raqsi ko‘z o‘ngimga keldi-yu, qizning yelkasidan tutib: “Oyniso! Oyniso!” degancha silkilay boshladim. Albatta darhol o‘ziga keldi qiz va og‘ir xo‘rsindi. Biz xayrlashdik, ammo uni tashlab ketgim kelmasdi. Mana shu supada yotishimni bildirdim. Qarshilik ko‘rsatmadi va supa ustiga joy solib berdi. Tabiiyki, uyqu kelmaydi bunday pallada. Osmonga tikilgancha yotaverdim. Ha, darvoqe, keyin bilsam, o‘sha holatda u oy sirtidagi dog‘ni yana takror maloika Isrofilga o‘xshatgan va o‘zining bu kashfiyotidan qo‘rqib ketgan ekan. Ammo aytmadi buni menga oradan ko‘p yillar o‘tsa ham. Qattiq sir tutdi nima sababdandir. Balki uning kashfiyoti muqaddas dinimizga borib taqalganini o‘ylab sir saqlashga qaror qilgandir. Uning tadqiqotlar daftari bo‘lmaganda bilmagan bo‘lardim men ham bu sirni.
Oydinoy bedarak yo‘qolgandan keyin uning tadqiqotlarini o‘rganishga kirishib erishgan ilk muvaffaqiyatim – shu. Ammo osonlikcha erishmadim bunga. Shartli belgilar vositasida yozgan edi qizgina bu so‘zni. Oy va kun sanalarigina o‘z holicha edi faqat. Xuddi o‘sha kunni topdim daftardan. Mana, 13 avgust. Yili ko‘rsatilmagan. Bir yil kutdim. Va nihoyat, 13 avgust kechasi deraza rapiga qulayroq o‘rnashib o‘tirgancha ishga jiddiy kirishdim. Oldimda: pargar, jazbar, daftar va soat. Lupa ham bor albatta. Oy osmonda muallaq, batamom to‘lishgan, yarqirab, balqib, tiniq tortib turibdi. Derazadan tushib turgan chiziqlar va ular orasidagi hoshiyalar, hoshiyalardagi oqlikdan ko‘kimtir ranglarga tomon uyg‘unlashib o‘tayotgan nur das­talari… Dastalar orasidagi qisqa chiziqlar va nuqtalar… Deraza vujudidan tushayotgan nurli chiziqlar tagiga daftar varag‘ini to‘g‘rilab qo‘yib sekinlik bilan sharqdan g‘arbga va g‘arbdan sharqqa tomon harakatlantira boshladim. Va nogoh nur hoshiyasi qatida “I” harfi hosil bo‘lganini aniq ko‘rdim! Derazaning g‘arb tomondagi uchinchi ko‘zida tariq donasi kattaligida nuqta borligini avval ham ko‘p marta ko‘rgan va shu nuqta orqali hovliga qarab qiziq-qiziq o‘yinlar qilgandim. Baayni mo‘jizaning o‘zi bu nuqtacha. Daraxt tanasida harakatlanib turadigan ulkan kavak hosil qila oladi. Devor sirtida qavat-qavat chiziqlardan iborat doira chizadi. Yerga to‘g‘rilab qarasam yer xuddi ataladay suyulib mening bosh harakatimga mos aylanaveradi o‘sha doiralar. Xuddi quyuq atalani qoshiq bilan aralashtirayotganday. Shu nuqtacha menga ikkinchi harfni berdi. Daftarga nuqtaning yarim holatini tushirgandim “S” harfi hosil bo‘ldi. Endi menga Oynisoning uzoq yillar davomida olib borgan kuzatuvlari va kashfiyotlari o‘z sirini ochmoqda! Va men qizning ichki dunyosiga tomon kirib bormoqdaman. “Isrofil” degan shu so‘zni yozib qo‘yish uchun shunchalik mashaqqat chekish zarurmidi deya ajablanishingiz tabiiy. Avvalo, shuni aytishim kerakki, shu birgina so‘z emas, bir dunyo so‘z va jumlalar, yaxlit tuzilgan gaplar, butun boshli manba va matlalar bor uning daftarlarida. Inson hissiyotlarining rangi, shakli va ohanglari tushirilgan sirli belgilar har qanday odamni jozib kuch bilan o‘ziga tortishi tabiiy. Ularni o‘rganishni men shu so‘zdan boshladim xolos. Chunki, o‘tgan yili xuddi shu kechada – ya’ni 13 avgust tunida – supa chetida o‘tirib to‘lin oyni kuzatishimiz va qizning g‘ayritabiiy holatga tushib qolishi… to‘g‘risini aytsam meni befarq qoldirolmasdi. Unga bo‘lgan muhabbatim butun umrimni va hayotimni shu qizning baxti uchun qurbon qilishga da’vat etardi. Demakki, uning ichki dunyosini bilish va shu yo‘l bilan uni anglash men uchun hayotiy zarur. Oydinoyning bedarak yo‘qolishi-chi!? Ertalab turib qarasam Oydinoy uyda yo‘q. Va hozirgacha bedarak. Qidiruv organlari ko‘p harakatlar qilishdi, e’lonlar berildi, qizning surati va bor tashqi qiyofasi yozilgan qog‘ozlar tarqatildi. Natija yo‘q. Men esa hamma gap uning tashqi belgilarida emas, balki ichki dunyosida degan fikrdaman. Hattoki Oyniso o‘z ichki dunyosi ichiga kirib yashirinib olgan degan fikr ham miyamga urilib meni bezovta qiladi, gohi gohida. Mana, bir yildirki, o‘zi yozgan belgilar shakllar, chizgilar qatidan izlayman uni. O‘sha 13 avgust oqshomidagi holat tilsim kalitini qo‘limga tutqazgan edi. To‘g‘ri, gohida uzun tunlar urinib biror natijaga erisha olmaganimda, kuzatuvlarim natija bermaganda Oynisoning daftarlarini bir necha kun davomida qo‘lga olmaganman va hatto bu keraksiz mashg‘ulot degan xulosaga kelgan paytlarim ham bo‘lgan. Shunday paytlar Misr ehromlari, Tutmos, Tutanxamon, Nefirtiti sarkofaglaridagi yozuvlarni o‘rganishga butun umrini va bor boyligini sarflagan olimlar ning mashaqqatli mehnati tasavvurimga kelgan va yanada kuch va g‘ayrat bilan ishga sho‘ng‘iganman.

6

Etti yil o‘tdi oradan. Endi menga ko‘p narsa ma’lum. Eng muhimi, Oydinoyning qayerdaligini bilaman! Toki uning daragini topgunimga qadar, avval uning maqsadini topdim, ya’ni nimalarga intilganini aniqladim:

Mahshar guni go‘ram deram ul sarvi qomati,
Shul guniyam go‘runmasa gel go‘r qiyomati…

Daftar muqovasidagi ikki misra she’rni bir necha bor o‘qigan bo‘lsam-da, qilayotgan tadqiqotlarimga daxldor emas deb o‘ylagandim. Bir kun oqshom karavotda chalqancha yotib shu ikki misrani bot-bot takrorlardim. Oy shom yegan, ya’ni u osmonga kech ko‘tariladi. “Oy shom yegan” deyishadi bizning Miraki tomonlarda oyning bu fazasini. Salgina g‘alatiroq, ammo ifoda aniq. Oy shomni yemaydi bunday qaraganda, ammo biror jihatini hisobga olgandirki, xalq shunday degan. Xullas, oy hali ko‘tarilganicha yo‘q. Xona qorong‘i. Men odatda sham yoki chiroq yoqmay yotishni xush ko‘raman. Qorong‘ida yaxshi fikrlayman. Mana uning yana bir natijasi. “Mahshar guni…” dedimu nafasim ichimga tushib ketdi. Mahshar kuni nima bo‘ladi? Har bir muslim biladiki, mahshar, ya’ni qiyomat kuni barcha o‘liklar tiriladi. Shunda og‘a-inilar, ota-ona-yu bola-chaqalar, sevishganlaru bu dunyoda uchrashganlar va xullas hamma bir-birini ko‘rishga sazovor bo‘ladi. Modomiki shunday ekan, Oyniso ham Subhonni ko‘radi! O, bu qizning zukkoligini qarang! Qarang uning kichkina kosani katta kosa tagiga yashirishini! Nega men bu misralarni necha bor takrorlashim va hatto xirgoyi qilib yurishimga qaramay, “go‘ram daram” degan so‘zlar mohiyatini anglamadim. Qiyomat kuni uni ko‘raman deb aniq aytyapti-ku qizgina. Quvonch va o‘kinchlar aralashib ketdi dilimda. “Ul sarvi qomati” degan so‘zlar tizimi aynan Subhonga qaratilgan. Sirixday sipta, qad-qomati g‘oyat xushbichim edi Subhonning. Ko‘kraklari keng. Umrovli… shunga qaramay rangpar edi uning yuzi… xayolchan edi ko‘zlari. Kulishga, hech bo‘lmaganda jilmayishga majburlardi o‘zini gohida. Tug‘ma shal edi bir qo‘li… Va u hamisha g‘amgin voqealarni so‘zlashga moyillik bildirardi. Oldi-qochdi gaplar bilan qizning kayfiyatini ko‘tarishni o‘ylamasdi aftidan. Va aftidan, u anchagina kuchli psixolog ediki, qizning qanday suhbatlarga moyilligini va bunday suhbatlar unga nima uchun kerakligini tushunardi.

7

Darvoqe, chalg‘ib ketibman biroz. 13 avgust tunida yuz bergan holat ham shu ikki misrada mujassam ekan aslida. Maloika Isrofil suratini oy sirtida ko‘rgan Oyniso, va balki o‘sha oqshom tezroq sur tortishini va qiyomat qoyim bo‘lishini so‘ragan undan. Qizning ko‘zlarida oy nuriga qorishgan iltijo, ko‘ksining to‘lqinlanishi, yurak urishidagi keskin o‘zgarish va yonida men o‘tirganimni ham unutib qo‘yganligi faqat yelkalaridan tutib silkilaganim va otini aytib ovoz berganimdan keyingina o‘ziga kelishi… Subhonni ko‘rishga bo‘lgan ilinj, ishtiyoq, tiyiqsiz kuch… Maloika Isrofil sur tortsa, qiyomat yuz bersa va hamma tirilsa va subhonni ko‘rsa!.. Birozgina malol cho‘kdi mening yarador dilimga. Men ham sevardim bu qizni axir! Yonginasida o‘tirgan edim men. Birdan boshimni qattiq silkib o‘zimga keldim. Oynisoga nisbatan hatto xayolimda ham barcha tuyg‘ular oydin va riyodan xoli bo‘lishi kerak. Shu haqda andakkina shama qilgandim bir kuni unga.
Ikkalamiz xiyobon bo‘ylab borardik o‘sha antiqa lahzalarda. Bu qiz bilan yonma-yon yurishdan biroz faxrlanardim. Xiyobonning har ikkala tomonida oq tanli bahaybat chinorlar. Hammayoq oppoq. Uchrashib qolganimizda soat o‘n birga yaqinlashib qolgan edi. Mana endi o‘n ikki yarim. Qor yog‘moqda hamon. Chinorlardan so‘rayman xayolan: “Shunday qizni ko‘rganmisiz hech”. Ular jim. Faqat oyoq ostida mayingina g‘ijirlaydi qor. Uning kipriklariga qo‘nadi qor parchalari… Tuyg‘ularning oqligi to‘g‘risida boshlangan shamadan boshqa fikrlar ustunlik qildi va so‘radim.
– O‘zi mavjud bo‘lmagan narsani sevishi mumkinmi inson?
– Mumkin. Bordan yo‘q bo‘lmaydi hech narsa. Agar sen Subhonning bedarak yo‘qolganiga shama qilayotgan bo‘lsang, shuni aytamanki, u bor edi.
– Noto‘g‘ri tushunding, Oyniso, ko‘zingni yum, och, xayollardan qoch, va mavjud borliqqa qayt. Inson nimaningdir xayoli bilan yashay olmaydi. Biz tirik odamlarmiz… gapdan to‘xtadim. Biroz noto‘g‘ri va mantiqqa zid gapirayotganimni anglab tilimni tishlab qoldim. Yonimda boshqa biror qiz bo‘lganda mumkin edi shunday davom ettirishim, ammo Oyniso… Suhbatlashish qiyinroq u bilan. Umuman, qiz bolaning va umuman ayol zotining o‘ta aqllisi va buning ustiga o‘ta xayolchani biz erkaklarga unchalik ham ma’qul ko‘rinmaydi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan Oynisoning xayoli bilan yashardim men. Qandaydir mubham va ko‘zga ko‘rinmas kuch ta’siriga tushib qolgandim aftidan. Nazarimda o‘zga sayyoradan, boringki, oydan tushgan edi bu qiz. Shu gaplardan keyin ishonch bilan aytamanki, tadqiqotlar tufayli erishgan eng katta natijam uni topganim bo‘ldi. Oyniso o‘z ichki dunyosining ichida! Uning ichki dunyosi esa uzoq yillar davomida olib borgan tadqiqotlari ichida! Tadqiqotlar esa mana shu xonada, deraza rapida va daftar ichida.

8

Ana shunday fikr bilan o‘zimni ovutib yurgan kunlarning birida deraza tokchasida bir tup yorongul paydo bo‘ldi. Alvonday qizil. Eshik-deraza berk edi, shu tufayli alg‘ov-dalg‘ov bo‘ldi ko‘nglim. Uyning kaliti cho‘ntagimdaligini va men shu kalit bilan qulfni ochib kirganligimni aniq bilsam-da, dam qulfga, dam kalitga qarar va hatto cho‘ntagimni ham paypaslab qo‘yardim. Gulga qarayman, deraza tokchasida, sopol gultuvak ichida yashnab turibdi. Barglari xuddi qaldirg‘ochkulchanikiga o‘xshash. Chetlari yashil, o‘rtasida qo‘ng‘irtob parraksimon hoshiya. Unga yaqinroq borishga jur’atim yetmay, xona o‘rtasida turib qoldim.
– Chiroylimi?..
Cho‘chib o‘zimni eshikka urdim. Va ostona hatlayotib ortimga qarashga ulgurdim. Xona burchagida mutlaqo begona bir ayol! Nigohlarimiz to‘qnashdi.
– Qo‘rqma, Sulton Oston, senga ziyon yetkizmayman.
– Kimsiz? – so‘radim ovozim titrab uning oppoq sochlariga qararkanman.
– Do‘stingman.
– Ismingiz kim? Sizni tanimayapman.
– Oyshunosman.
– Oyshunos?!
Labining bir chetginasi bilan jilmaydi ayol va go‘yo sochlarining oqligiga ishora qilgandek qo‘llari bilan chekkasidagi tolalarni silab qo‘ydi. O‘z harakatimdan o‘zim xijolat chekib ichkariga kirdim.
– Olib keldim nihoyat shu gulni.
Nima sababdan “nihoyat” deyotganiga aqlim yetmadi. Hamma joyda borku axir yorongullar. Oydan olib tushmagandir uni. Menga qolsa, yorongullarga nisbatan tsiklaminlar jozibador va kamyob… Savol nazari bilan qarab turardi ayol shu bois yondosh fikrlardan chekinib xotirjam tortdim va so‘radim:
– Oyshunos… bu ismingizmi yoki kasbingizmi?
– Ismim ham, kasbim ham, – uning ovozidagi ayrim tovushlar tanishday tuyulib yana so‘radim:
– Siz Oyniso degan qizni tanimasmidingiz mabodo?
Nimanidir eslashga urinayotganday biroz jim qoldi ayol. Tikilib turdi ko‘zlarimga bir muddat. Agar bu ayol Oynisoning o‘zi bo‘lsa, uning yoshi hozir yigirma to‘qqizda bo‘lishi kerak. Shunday bo‘lgach sochlari… Ayol yana barmoqlarini chekkasiga qo‘ydi. Kafti bilan sochlarining oqini bekitmoqchidek tuyuldi menga. Va shu holatini o‘zgartirmagan ko‘yi boshi bilan deraza tomonga ishora qildi.
– Shu gulni olib keldim…
– Minnatdorman. Juda chiroyli ekan.
– Menga shu gulning surati kerak. Faqat qog‘ozga chizma, mana bunga chiz. Ayolning qo‘lida deraza shishasiga o‘xshash allaqanday narsa turardi. Sira ko‘rmagandim bunday antiqa matoni.
– Qachonga kerak? – so‘radim ko‘zimni uning qo‘lidagi narsadan uzmay.
– Fursatingga qara, men uch kundan keyin qaytaman.
– Darvoqe, men uyda bo‘lmasamchi o‘sha kuni? Bu savolni berishdan maqsadim uning uyga qanday kirganini aniqlash edi.
– Menda uyning kaliti bor, dedi ayol xotirjam tarzda.
– Oyniso berganmidi sizga? Hamon uning shaxsini aniqlashga urinayotganimni tushundi ayol.
– O‘sha qiz seni sevardi, – dedi biroz mahzun tortib. Va yana gulga ishora qildi. Ammo hech narsa demasdan xona devorlariga ko‘z yugurtirib chiqdi-da, tokchada turgan kultapo‘shokni qo‘liga oldi.
– Ba’zan siz buni kiyib o‘tirardingiz, – dedim tavakkal qilib.
Og‘ir xo‘rsindi ayol. Kultapushokning sirtini siladi barmoqlari bilan. Yuziga yaqin olib bordi. Menimcha, hidlab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Balki hidlagandir ham… Ke­yin u sharpasiz qadamlar bilan eshik tomon yurdi. Qo‘lida kultapo‘shok. Jur’atim yetmadi biror narsa deyishga. Eshik yopildi.

9

Agar e’tibor qilgan bo‘lsangiz, mamlakatning eng nomdor restoranlari va boobro‘ korxonalarining foyelari va zallarini bezab turibdi men chizgan portretlar va natyurmortlar. Yorongulni chizishga ham ishonch va ishtiyoq bilan kirishdim. Van Gog uslubida tanladim ranglarni. Fikr va tuyg‘ularimni erkin qo‘ydim, erkin qo‘ydim qo‘l va oyoqlarimni. Qo‘limga mo‘yqalamni olarkanman, inson va koinotning, mikro va makro olamning bir butunligi to‘g‘risida ulug‘ Vinsent singlisiga yozgan xatini esladim. Va ayni paytda bu ulug‘ rassomning “Dunyoga kelarkansan, sen birgasan osmon bilan, quyosh bilan, oy bilan va uchayotgan bulutlar bilan” deya xirgoyi qilgancha o‘zining mashhur asari “Tok navdasi”ni chizayotgan holatiga kirishga harakat qildim. O‘ziga xos bunday imitatsiya juda zarur edi mening ayni damdagi ruhiyatimga. Necha yildirki, surat chizishni tashlab qo‘ygan bo‘lsam-da, (tadqiqotlar tufayli) yorongul ko‘ngildagidek chiqdi. Qiyin bo‘ldi albatta nimaligi noma’lum xolstda surat chizish. Aslida uni xolst deb ham bo‘lmasdi, men shartli ravishda shunday nomlayapman. Matoh sirti xuddi ko‘kimtir kukun sepilganday biroz dag‘al ammo zehn solib qarasangiz shu dag‘allik ostida boshqa bir qavat borligini va bu qavat nurga, aniqrog‘i oy shu’lasiga o‘xshashini payqaysiz. Xuddi suvday kilkib turganga o‘xshaydi bu nur deganim. Uning ostida yana bir qavat bo‘lib, bu qavat osmon rangini eslatadi. Xullas, “Yorongul” tayyor. Mo‘yqalamni latta bilan artib shisha idishdagi suyuqlikka solib qo‘yayotib ostonada Oyshunos turganini ko‘rdim. Bu paytda qoramtir qanotlarini sekinlik bilan yoymoqda edi kuz oqshomi va derazamda ufq shafag‘ining yoqtisi titrab turardi hali. Titroq shafaq yorongul yaproqlarini sirtdan yoritar va nazarimda gulbarglar cho‘g‘dek yashnamoqda va ko‘zga ko‘rinmas nur epkini ta’sirida titrab ham turardi birozgina. Chiroqni yoqishga shoshildim. “Yoqmang”. Endi ayol meni sizlar va avvalgidan mayinroq muomala qilardi.
– Yoqmang, bu lahza uzoqqa cho‘zilmaydi, men yorongulning shu holatini ko‘rib qolmoqchiman.
– Xohishingiz…
– Keyin uni egasiga topshiramiz.
Uning sirli gaplari biroz me’damga tekkani sababli e’tiroz bildirmadim va gulning egasi kimligini ham so‘ramadim. Uning imosi bilan deraza tagiga to‘shab qo‘yilgan ko‘rpachaga yonma-yon o‘tirdik. Xuddi bundan yetti yil muqaddam 13 avgust oqshomi to‘lin oyga qarab o‘tirganimizday. Keyin u katta laganda namakopli suv keltirishimni so‘radi. Laganni deraza tokchasiga joylashtirdi-da, suratni suv ustiga qo‘ydi. “Jodu qilishga hozirlik ko‘rayotgan sehrgarning harakatlari…” Shunday fikr o‘tdi xayolimdan. Keyin biz tashqariga chiqib eshikni qulfladik va tungi chiroqlari parpirab turgan shahar tomon yo‘l oldik. Uning istagi bilan bo‘ldi bularning hammasi. Shaharning markaziy ko‘chalaridan biriga yetganimizda yemakxonaga taklif etdim uni. Bu taklifga hech qanday munosabat bildirmadi. Indamay ketaverdi. Men ham ergashdim ortidan. Hademay oy nuriga cho‘lg‘anib yotgan keng adir namoyon bo‘ldi ro‘paramizda.
– Shu yerda xayrlashamiz…
Og‘ir, juda og‘ir bir mung va horg‘inlik bor edi uning ovozida. Uzoq ufqdan uzmasdi nigohini.
– Surat-chi? – dedim ranjigan qiyofada.
– Surat egasiga topshirildi…
Xayrlashuv oldidan menga qarar va yana biror so‘z aytar deb o‘ylagan edim. Yo‘q nigohini ufqdan uzmagan ko‘yi yerga to‘shalib yotgan oy nuri ustiga ohisa qadam qo‘ydi. Biz yurib kelgan yo‘llar ham oy nurlari bilan charog‘on edi aslida, ammo bu yerda uning harakatlari qandaydir boshqacharoq tus oldi. Xuddi avtobus zinasidan chiqayotganday, yoki platformadan metro poyezdiga o‘tayotganday keskin bir intilish bilan adir chetiga qadam qo‘ydi. Nimagadir qoqinib ketdi degan xayolga borib, uni yiqilishdan saqlab qolmoqchi bo‘lgandek beixtiyor qo‘llarimni cho‘zidim. Havoda muallaq osilib qoldi mening qo‘llarim. Shunda ajabtovur bir holat ro‘y berdi mening ko‘z o‘ngimda. Ayolning egnidagi oq shohi ko‘ylagi oppoq sochlari ustiga behisob nur tolalari yog‘ilayotganini, boshqa bir bo‘lak ingichka va nozik nurlar oqimi esa uning atrofidan aylanib va gohida yuqoridan pastga va pastdan yuqoriga tomon harakatlanib tobora qalinlashib va quyuqlashib borayotganini, nurlarning bu antiqa harakatidan qandaydir sutrang matoh to‘qilayotganini ko‘rib turardim. Ko‘zga ko‘rinmas mohir to‘quvchi ishga solmoqda edi bor san’atini. Go‘yoki Araxnaning o‘zi to‘qimoqda edi bu matohni. Nihoyat, yengi, etagi va yoqasi yo‘q bir libos ichida qoldi Oyshunos. Ko‘zlarimga ishonmas va nahotki shu ko‘rib turganlarim haqiqat bo‘lsa deya sirli manzara kashf etgan bepoyon adirdan va Oyshunos atrofida tobora quyuqlashib, uni o‘rab-chirmab olgancha, borgan sari uzoqlashib ketayotgan nurlar oqimidan ko‘z uzolmay turardim. Oy nurlariga qo‘shilib, uning sohir qavatlariga singib tobora uzoqlashib borardi bu shaffof izdihom.
G‘ira-shira tong ota boshlagandi uyga qaytganimda. Kuchli bir horg‘inlik butun vujudimni to‘shakka tomon tortayotgan bo‘lsa-da, deraza oldiga borib yerga cho‘kkaladim va suv kilkib turgan laganga qaradim. Evoh, haligi xolst ham, men chizgan surat ham yo‘q edi uning ichida! Faqat biroz quyuqlashibdi suv. Uning sirtida esa turli rangdagi bo‘yoqlarning bilinar-bilinmas izlari…
Erga muk tushgancha Oynisoning daftarlarini titkilay ketdim. Mana, muqovasiga makrokosm belgisi chizilgan daftar. Mana, daftarning eng so‘nggi sahifasi, va mana o‘sha men izlagan yozuv:
“Oy – mungli sayyora. Tuni bilan yerni yoritadi oy, silab-siypalaydi uni nurlari bilan, nimanidir izlaydi va nimalarnidir so‘raydi. O‘ziga tortadi hamma narsani: daraxtlarni, gullarni, odamlarni, dengizu daryolarni va hattoki qabrlarni ham… Qani endi shu mungli sayyoraga bir tupgina yorongul sovg‘a qilsam!..”