Ne’mat Arslon. Mahbusning ikkinchi hayoti (novella)

1

Har doim avval o‘zini yasaydi Shodiya. “Ayol oldin paydo bo‘lgan, chunki u erkakni tug‘adi”, deydi. Ishonaman. Haqiqatan ham ayol bo‘lmasa erkak tug‘ilmaydi-da… Keyin meni yasaydi va ko‘rpacha ustiga yotqizib qo‘yadi. Mana, Shodiya yonimda yotibdi. Egnida ko‘k baxmaldan nimcha, sariq shohidan etagi uzun ko‘ylak, uning ostida misqolgardi degan matohdan terlik. Dokadek yupqa, chorxona gulli bu matohni misqolgardi deb atashardi ayollar, balki hozir ham ayollar lafzida bordir bu so‘z, ammo bolaligim va o‘smirligim o‘tgandan keyin qaytib ko‘rmadim bunday matohni.
Ikki dona supurgi cho‘pi, bir dona tugma va bir uyum olaquroq lattadan iborat mening vujudim. Havas va zavqu shavq bilan qarayman unga. Qora tirinkadan tikilgan shimim ham, yo‘l-yo‘l kandir ko‘ylagim ham o‘zimga quyib qo‘yganday. Faqat yuzimdagi sirlilik o‘zimni biroz cho‘chitadi. Oppoq, juda oq, qorday mening yuzim.Oq surp ustida “X” belgisi. Bu belgi ikki qator qizil, uch qator yashil va to‘rt qator qora ipak qatimidan iborat. Mavhumlik va taqiq alomati bor bu belgida. Agar tugma topilmasa, Shodiya menining yuzimni gulxayri munchog‘idan yasaydi. Biz qaldirg‘ochkulcha butalari ostidagi soya-salqin uyda yashaymiz. Bu uyni o‘zim qurganman. Eshik-derazasi yo‘q, tom tepasi ochiq, faqat uy atrofi loy devor bilan o‘rab olingan. Uy to‘rida olaquroq ko‘rpa-yostiqlar ikki qator qilib terib qo‘yilgan. Bizni ohanrabodek o‘ziga tortadi faqat barmoqlarimizgina sig‘adigan bu uy.
Shodiya odatdagiday bugun ham uyni supurib-sidirdi, nonushta hozirladi va dasturxonga omin o‘qilgandan keyin meni ishga kuzatib qo‘ydi. Ishxonam ikki qadam naridagi daraxt tagida. Men sotuvchiman, magazinda ishlayman. Vazifam nimaligini aniq bilmaganim sababli daraxt ortida biroz o‘tiraman-da uyga qaytaman. Biz “kelin-kuyov”miz. Tik turgan holda ovqatlanganimizdan so‘ng xona o‘rtasida osmonga qaragancha qo‘llarimizni keng yoyib yotamiz, yoki xona to‘ridagi taxmonga suyangacha tik turamiz. Shodiya tugma bilan supurgi cho‘pidan erkak va ayolni, so‘ngra bir gala bola-chaqalarni “xalq” qilgan, ya’ni vujudga keltirgan. Insonni bunyod etish unchalik qiyin emas: supurgi cho‘pining bir uchiga tugmani qo‘yadi-da, barmoqlari bilan qisib ushlagancha bir parcha oq surp bilan tortib o‘raydi: odamning yuzi shunday yasaladi. Qo‘lni yasash biroz qiyinroq. Yuzni va qo‘lni o‘z o‘rniga o‘rnashtirguncha men o‘zimning “oyog‘imdan” tutib tik holatda ushlab turaman. Kandir, tirinka va satin qiyqimlaridan ko‘ylak-ishton kiydirilganidan keyingina men odam surobiga kelaman. Va shundan keyingina erkakka aylanaman.
Shodiya dunyoda eng latofatli “ayol”. Ayniqsa, boshga kiyadigan zarrin qasavasi juda bezakdor. Uning qo‘g‘irchoqlik hayotini ko‘zda tutyapman. (Hayotda esa bechoraga ayol bo‘lish nasib etmadi). Xullas, o‘zi yaratgan ayolni atlas qiyqimlaridan tikilgan ko‘rpachaga yotqizib qo‘yardi-da, so‘ngra meni “bunyod etardi”. “Bu sen bo‘lasan”, derdi hali kiyim kiymagan va demakki odam qiyofasiga kirmagan cho‘pning uchidan ushlab turib.Va lablarini qimtigancha ishga kirishardi. Nozikkina barmoqlarining chaqqon harakatiga qarab turarkanman, o‘z shaklu shamo­yilimning chiroyli chiqishini istardim. Menga “tirinka” degan dag‘al matohdan ishton kiygizardi. Oyoqlarimni ushlab ko‘rar, etagimni ko‘tarib shimimni ip bilan mahkam bog‘lar va yotqizib qo‘yardi. So‘ngra yonimdan o‘zi joy olardi. Uning liboslari mayin va chiroyli, sochlari qo‘ng‘ir va maftunkor. Boshida nafarmon ro‘mol, uning tagida serbar qasava. Shodiya bunday narsalarni yasashga usta. Bir bo‘lak lattani ikki qatlardi-da, o‘rtasiga qattiqroq qog‘oz parchasini qo‘yib, qo‘g‘irchoqning peshonasiga tortib bog‘lar va ustidan ro‘mol tashlab qo‘yardi. Mehr bilan bezangan kelinning qiyofasi menga Shodiyaning o‘zidan ham jozibaliroq ko‘rinar va uning yonida jon-jon deb yotardim.
Bugun men har qachongidan ham savlatliroq va ko‘rkamroqman. Egnimda ola to‘n, belimda sariq rangdagi shohidan belqars, boshimda ko‘k matohdan salla, ishtonim ham binoyidek. Biz yumshoq to‘shak ustida qo‘llarimizni ikki yonga yozgancha chalqancha tushib yotibmiz. Endi Shodiya ham, men ham yo‘qmiz. Faqat qo‘g‘irchoqlar bor. Biz ularni harakatga solib turuvchi kuchmiz, xolos. Qo‘g‘irchoqlarning hayoti – haqiqiy hayot. Agar insonga aylansak, bizni harakatga solib turuvchi qo‘g‘irchoqlar ta’siriga tushib qolamiz.

2

Yo Parvardigor! Qayerdaman o‘zi?! Bir umr qo‘g‘irchoq bo‘lib qolsam bo‘lmasmidi? Axir, mening boshqa tilagim yo‘q-ku. Bitta cho‘p, bir dona tugma va bir uyum latta. Hech kimning haqini yemayman, hech kimga hasad qilmayman, mansab deb yelib-yugurmayman. Shunda meni ushlab ketisha olmasdi. Qo‘g‘irchoqlar uchun na sud, na militsiya bor. Ular hatto soliq ham to‘lamaydilar.
Turmaning zax va sovuq xonasida burchakka tiqilgancha cho‘nqa­yib o‘tirarkanman, hayotimning eng baxtli lahzalarini eslashga urindim. Son-sanoqsiz yuzlar, basharalar, chehralar, aftu angorlar orasidan bir narsa oydek balqib ko‘rindi. Tanidim uni va hayajonlanib ketdim. Butun vujudim “Shodiya” degan so‘z ta’sirida yayrab, yayralib havo kabi yengil tortib, qo‘shilib ketdi koinot zarralariga. Men bor ovozim bilan qichqirgancha unga talpindim: “Shodiya!.. Shodiya!..” Turma devorlari shaffof tortib men hibsdan ozod bo‘ldim va o‘zimni gurkirab o‘sib yotgan va jo‘shqin gullagan qaldirg‘ochkulcha butalari orasida ko‘rdim. Men yana qo‘g‘irchoqqa aylandim.
… O‘sha holatda – go‘yoki osmonni bag‘rimga bosmoqchi bo‘lgandek – qo‘llarimni keng yoyib chalqancha yotibman. Osmon esa uzoq, tubsiz va beg‘ubor. Beg‘ubor… haqiqatan ham beg‘ubormi bolalikning osmoni?! Yoki qachonlardir kimdir aytganu hamon o‘zgarishsiz kelayotgan ta’rifmi? Shodiya ham yonimda xuddi menga o‘xshab osmonga tikilgancha yotibdi.
– Ertaga ishga borasizmi? – deydi Shodiya.
Indamay bosh silkiyman. Inson tabiatan yalqovlikka moyil. Gohida biror savolga “ha” deb javob berishga ham eringanday bosh silkib qo‘yaqoladi. Yana Shodiyaning ovozini eshitaman:
– Qaytishda non olib keling…
Xo‘rsinib qo‘yaman. Ro‘zg‘orni ta’minlash uchun er sifatida temtinib yurganimning ifodasi bu. Zero, biz nondan boshqa yegulik­lar ham bo‘lishi mumkinligini g‘ira-shira tasavvur qilsak-da, ro‘zg‘orning boshi non deb tushunamiz. Biroz jimlikdan so‘ng Shodiyaning xavotirga to‘la ovozi eshitiladi:
– Kecha… “Muazzamjonning pili surati” xola keluvdila…
Tomoq qirib qo‘yaman. Bunda norozilik ohanglari borligini payqaydi Shodiya va indamay kutadi.
– Yanami?
Ko‘kragim uzra yoyilib yotgan sochlarining silkinishidan uning “ha” ma’nosida bosh silkiyotganini anglayman. Bu xola kunora kelib turadi. Uning Muazzam degan qizi bor. Karton qog‘ozga chizilgan filning suvratidan boshqa birorta jonzot ularga hamroh emas. Bu g‘arib oilaning bor mulki ana shu fil suvrati. Xola shu suvratni ko‘ksiga mahkam bosgancha ostonada paydo bo‘ladi. Boshi o‘ng yelkasiga egilgan, vujudi qahratonda qolgandek qunishgan, labi titrab turibdi. Shu sababli lablaridan uchayotgan nimjon so‘zlar ham titroq:
– Xolang aylansin Shodiyajon… – Toki ko‘zlari namlanguncha, ba’zida ikki tomchi yosh mildirab to‘kilmaguncha sukut qiladi xola, so‘ngra davom etadi: – Muazzamjonning pili suvratini olib bir kaftgina un bersang…
Shodiya yarim piyola unni xolaga tutadi. Xola suvratni uzatadi. Shodiya uni olmaydi. Xola yerga egilgancha yo‘lga tushadi. Keyingi kunlarda xola kelmay qo‘ydi. Oxirgi marta “pili suvrat”ni olib kelib bir bo‘lakkina non olib ketgandi.
– Muazzamjonning pili suvratiga nima bo‘ldiykan? – so‘radim nimadandir xavotir olayotganimni yashirmay. – Fili qochib ketmadimikan?
Shodiya yelka qisdi. Bir muddat bir-birimizga tikilgancha jim qoldik. So‘ngra “xabar olib kelay qani”, degancha shosha-pisha yo‘lga tushdi va ko‘p o‘tmay qaytib keldi. Ko‘zlari jiqqa yosh. Xola olamdan o‘tganini angladim.

3

Qulf va kalitning shaqir-shuqiridan o‘zimga keldim. Temir eshik daranglab ochildi. Ikki nafar mirshab meni surib-surgalab yo‘lakka olib chiqdi. Har ikkala tomoni temir eshiklar va panjaralardan iborat nimqorong‘i dahliz bo‘ylab bordik. Yelkasida pogoni bor ikki kishi o‘tirardi xonada. Peshonalarida qizil yulduz. Savolga tutishdi.
– Oting nima?
– Oston.
– Familiyang?..
– Sultonov.
– Necha yilga qamalgansan?
– Yetti yilga.
– Nima ayb qilgansan?
– Magazindan, davlat magazinidan non o‘g‘irlagan, – javob berdi mening o‘rnimga turma bosh­lig‘i.
– O‘zim uchun emas, ochdan o‘layotgan bir bechora ayol uchun… eri frontda edi.
– Kimning magazinidan?
– O‘zim ishlardim o‘sha magazinda.
– Himm… rastrata!
– Shunday, – javob qildi yana mening o‘rnimga turma boshlig‘i. – Yetti tiyin kamomadi bor…
Keyin meni hovliga olib chiqishdi. Bu yerda yuzga yaqin, balki undan-da ko‘p odam saf tortib turardi. Temir yo‘l vokzalida ham tumonat odam. Hammasi qamoqxona kiyimida. Biz uzoq yo‘l bosdik. Qayerga olib borishayotganini hech kim bilmasdi. Poyezddan tushib soldatlar qurshovida piyoda ketdik. Hammayoq oppoq qor. Butun vujudim titrardi sovuq qahridan. Nihoyat bir tepalik oldida to‘xtashga buyruq berildi. Shu yerda tepalikni aylantirib okop va transheyalar kavlashga kirishdik. Tun tinch o‘tdi, ammo tong otishi bilan ufqda qorayib dushman askarlari ko‘rindi. Va hademay tepalik tomon bostirib kelaverishdi ular. Shunda bizni okop­lardan quvib chiqarishdi o‘zimiznikilar. “Olg‘a!” degan buyruq bo‘ldi. Qo‘llarimizdagi bel va pishanglarni o‘qtalgancha yugura ketdik… Bamisoli qo‘rqinch­li tush. Vizillab uchardi o‘qlar, ingrangancha yiqilardi odamlar. Men ham yiqildim… Yuztuban yotibman. Jarohatim u qadar og‘ir emas, shekilli. Shunday bo‘lsa ham indamay yotaverdim. Ajnabiy baqiriq-chaqiriqlar. “Xalt!” degan birgina so‘z yodimda qoldi. Kimdir etigi bilan qattiq turtdi va qichqirdi: “Aufshteyn! Aufshtein!” Xavf-xatar tug‘ilganda hatto tulki ham o‘zini o‘lganga soladi. Indamay yotaverdim. O‘lgan deb o‘yladi, shekilli, ustimdan bosib-yanchib o‘tib ketdi bir guruh soldat. Sekin boshimni ko‘targandim yigirma qadamcha narida turgan ofitserga ko‘zim tushdi. Qo‘lida to‘pponcha. Hech shubhasiz, meni payqadi va tirikligimni ham bildi. “Shvayn!” deya darg‘azab bo‘ldi nemis ofitseri va to‘pponchasini o‘qtalgancha men tomon kela boshladi. Ajoyib bir fikr miyamga keldi shu lahzada. Baribir o‘laman. Oradagi masofa to‘rt-besh metrlar qolganda o‘rnimdan sakrab turdim. Va qo‘limni oldinga cho‘zib, bor g‘azabimni ovozimga joylab baland ovoz bilan qichqirdim:
– Hay Itlig‘-g‘g‘!
Bir dam dovdirab qoldi ofitser. Gitlerga sog‘liq tilab turgan kishini otib tashlash kerakmi-yo‘qmi, shu haqda o‘ylardi, aftidan. Va nihoyat, poshnalarini qarsillatib bir-biriga urgancha shoshib javob qildi:
– Xayl!..
O‘ng qo‘lida qurol borligi sababli shoshilinchda chap qo‘lini ko‘targani va bunday harakat bilan qonunni buzgani yodiga tushib g‘azab bilan vishilladi:
– Shvayn!
– Axtung, pantser frflokt! – deya hayqirdim bor ovozim bilan. Ammo bu so‘zlardan birortasining ham ma’nosini bilmasdim. Cho‘chib atrofga alangladi ofitser. Haqiqatan ham baqiriq-chaqiriqlar avjiga chiqib, chang-to‘zon va qora tutun borliqni qoplab, tepalik ortidan qatorlashib kelayotgan tanklar ko‘rindi. O‘zbekona ta’rif bilan aytganda it egasini tanimasdi. Olib ketishdi meni avtomat qo‘ndog‘i bilan turtkilagancha. Avval mashinada, so‘ngra poyezdda begona yurt tomon ketib borardim. Tili, qiyofasi, dunyoqarashi, boringki, turish-turmushi butunlay boshqacha, odamlar. Muskullari o‘ynab turgan bahaybat bir nemis qabul qilib oldi meni. Bu yer dala hovli edi aftidan. Daraxtzor, baland devor, bir tomoni o‘rmon.
…Mana, uch oydirki, shu yerda cho‘chqa boqaman. Bu badxo‘r jonivorlar uchun birorta tilning qadri ham, ahamiyati ham yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, “shvayn, shvayn, xalt!” deyman ularga qarab. Nemis kuladi. Va “gut-gut”lagancha sigareta tutatadi. Ishimdan mamnun. “Yakshi”, deb qo‘yadi har zamon. Bilamanki, hayotim shuning qo‘lida. Ishlab turgan odam hammaning ko‘ziga yaxshi ko‘rinadi. Ana shu aqidaga amal qilaman. Tinmayman. Hamma joy saranjom-sarishta. Oradan yana bir oy o‘tib Hans meni uyiga olib ketdi.

4

O‘zim ham, mehnatim ham unga ma’qul bo‘lganini tushundim. Darvozadan kirishimiz bilan bir guruh yosh ayollarga ko‘zim tushdi. Uncha yomon emasdi ko‘rinishim. Hans mehnat haqimga poyabzal va kostyum olib bergan. Shu bois ayollar oldida unchalik xijolat chekmadim. Ular zo‘r qiziqish bilan kuzatardi meni. Aftidan, Hans uyiga xabar qilgan, uyidagilar va qo‘ni qo‘shnilar asir tushgan “qizil soldat”ni ko‘rish ishtiyoqida to‘plangan edilar. Hans ayollar oldidan meni namoyishkorona olib o‘tarkan, qarmog‘iga eng katta laqqa baliq ilingan ovchi qiyofasiga kirgani nazarimdan chetda qolmadi. Badavlat odam edi, aftidan, mening sohibim. Ikkalamiz bog‘ni aylanib tomosha qildik. Olmalar shiraga kira boshlagan. Ammo uzumlar hali xom. Molxonani ham ko‘rsatdi menga. Qariyb o‘n besh-yigirma qoramol joylashadigan og‘ilda faqat bitta ho‘kiz bog‘lab qo‘yilgan. Vazni ham chamamda biror tonna bor. “Hammasi seniki, hatto Asteriy ham”, dedi Hans baquvvat qo‘li bilan ho‘kizga ishora qilib. Nazarimda nemislar hazilga u qadar usta emas. Hansning hazili ham jiddiyroq tuyuldi menga. Bu tilda so‘zlar shiddatli, tovushlar keskin, talaffuz aniq. Dushman bilan nemis tilida gaplashmoq kerak deb bekorga aytilmagan. Shunga qaramay, Gyote va Shillerning she’rlaridagi nafosat va noziklikni hech narsaga tenglashtirib bo‘lmaydi. Yana bir jihati borki, nemislarda buyuk olim ham, buyuk shoir ham hamisha mushtini ishga solishga tayyor. Sharqona tavoze va yana nimadir yo‘qday bu xalqda. Tilining keskinligi ham shundanmi deb o‘ylayman. Xullas, endi mening katta bog‘im va katta ho‘kizim bor. Va lafzimda fikrimni tushuntirishga yetgulik nemischa so‘zim bor. Hansning yuziga qarab urush tarozusi qay tomon og‘ayotganini anglashga urinaman. Yoniga yaqinlashtirmaydi meni Asteriy. “Shar” deyishadi bizning Miraki tomonlarda bunaqa jonivorlarni. Bilmadim, qanday o‘yinlar ko‘rsatarkan mabodo yechilib ketgudek bo‘lsa bu shoxdor jonivor.
Bir oydan ko‘proq vaqt o‘tdi oradan. 21 iyul. Bekamiz Aglaida xonimning tavallud kuni. Bog‘ o‘rtasidagi o‘tloqda ziyofat dasturxoni hozirlandi. Mehmonlar qariyb yigirma kishi bor. Hans va bir munkaygan choldan boshqa hammasi ayollar. Oqshom pallasi joy talashayotgan maynalardek chug‘urlashardi ular dasturxon atrofida o‘tirib. Bu paytda men daraxt ustida turib olma terardim. Nogoh og‘il eshigi qarsillgancha ochilib ketdi va Asteriyning bahaybat shoxli boshi ko‘rindi. O‘tloq sahnida o‘tirgan odamlarni ko‘rdi jonivor va o‘ynoqlagancha shiddat bilan yugurib kela boshladi. Chor tarafga qochdi sarosimaga tushib qolgan mehmonlar. Shu kelishda bazm stolini tagidan shoxi bilan ilib osmonga ko‘tardi ho‘kiz. Va idish-tovoqlarning jarang-juringi sadosi ostida olg‘a yugurdi. Qiy-chuv ko‘targancha panoh istab uy tomon qochib borishardi ayollar va bolalar. Shoxi atrofini va peshonasini oxir burchagiga, zanjir bog‘langan qoziqqa yoki boshqa biror uchli narsaga ishqalash odati bor bu jonivorlarning. Asteriy ham zanjir siquvidan ozurda bo‘lgan va qichiyotgan shoxlarining tubini ana shunday ishqalayverib zanzir halqasini uzib yuborgan yoki bo‘shatgan edi, aftidan. Xullas, Asteriy qochib borayotgan izdihom orasidan Hansning o‘n uch yoshli qizini tanlagan va qizning lolarang yubkasidan boshqa hech narsa ko‘rinmasdi uning ko‘ziga. Qiz qattiq chinqirgancha men olma terayotgan daraxt tagidan jon holatda yugurib o‘tdi. Ko‘zi qonga to‘lgan Asteriy uni ta’qib etib kelardi hamon. Qiz qochib borayotgan tomonda esa najot eshigi berk. Qo‘shni uyning baland devoridan oshib o‘tish ilojsiz. Asteriy hademay unga yetadi va qudratli shoxlari bilan… Nogoh uning ro‘parasida hay-haylagancha Hans paydo bo‘ldi. Ammo shu lahzada nafaqat filday Hans, balki Afrika fili bo‘lsa ham shoxiga ilib otishdan qaytmasdi Asteriy. Shunday bo‘ldi ham. Bir hamla bilan yo‘lidagi to‘siqni itqitib tashlab, qizil yubka tomon yo‘lini davom ettirdi. Oniy lahzalarda ro‘y berdi bu voqea. Va men nima qilayotganimni o‘zim ham anglamagan holda daraxt shoxidan yerga sakradim, balki yiqilib tushgandirman. Mana, ho‘kiz Asteriy va odam Oston yuzma-yuz. Oyoqlarini yerga tiradi shiddat bilan yugurib kelayotgan Asteriy va ro‘parasida turgan jonzotning kimligini, nimaligini, kuchini va boshqa jihatlarini aniqlab olmoqchiday taqqa to‘xtab, nogoh osmondan tushgan jonzotga qaragancha bir zum qotib qoldi. Albatta, uning o‘ylab olishi uchun bir daqiqa emas, balki bir soniya yetarli. Shundan keyin shoxi bilan ilib osmonga otadi meni va yana yo‘lida davom etadi. Albatta, bunday pallada eng mashhur ispan matadori ham hech narsa qilolmas va uning qo‘lidagi pichog‘iyu qizil lattasi o‘zining qoniga belangan bo‘lardi. Oyog‘ini yerga tiragancha boshini baland ko‘tardi Asteriy, qattiq pishqirdi. Va meni mo‘ljalga oldi. Bu lahza asteriy uchun hech narsa, ammo men uchun juda qimmatli. Qochishga ulgurmayman. O‘zimni bir yonga tashlab yiqilib qolishga ulgurgan taqdirimda ham Safina omon qolmaydi. Safinaning o‘limi – mening o‘limim. Shunday holat yuz bersa, men ham tirik qolmayman. Hans meni omon qo‘ymaydi. Chunki Asteriyga qarash mening ixtiyorimga topshirilgan. Uning zanjirini mendan boshqa yana kim yechib qo‘yishi va bu qiziq tomoshani ho‘kizboqardan boshqa kim ham uyushtirishi mumkin!? Ana shu fikrlar miyamda yashin tezligida charx urarkan, qo‘lim ham yashin tezligida harakatga keldi va men ikki barmog‘im bilan Asteriyning burun karragidan tutdim. Va qattiq qisdim. Agar bilsangiz, ho‘kizlarning axelis tovoni, ya’ni eng zaif joyi – burun karragi. Men hech qachon bunday qilib ko‘rmagandim, ammo qassob amakimning shu yo‘l bilan har qanday ho‘kizni bo‘ysundirishini ko‘p ko‘rgandim. Boshini ilkis ko‘targancha tek qotdi Asteriy. Birinchi bo‘lib Hans o‘ziga keldi va qanday mo‘jiza ro‘y berganini bilish uchun o‘rnidan turib qo‘rqa-pisa biz tomonga bir necha qadam qo‘ydi. Angladimki, qo‘limning har qanday nozik harakatiga ham bo‘ysunadi endi bu bahaybat maxluq. Va men tantanavor bir alpozda ho‘kiz boshini Hans tomon burdim. Rangi oqarib ketdi uning va beixtiyor ortga tisarildi. Endi uy devorining tashqi burchagi bilan zinapoya ortida to‘planishgan va berkingan joylaridan mo‘ralashardi ayollar. Men Asteriyni og‘il tomon yetakladim va maysa bilan qoplangan hovli bo‘ylab tantanavor qiyofada ayollar yonidan olib o‘tdim. Og‘ildan chiqishim bilan mehmonlar va xonadon sohiblari davrasiga tushib qoldim. Hans hamon tit­rab-qaqshayotgan qizini quchoqlab turar va unga tinchlantiruvchi qandaydir suyuqlik ichirardi.
– Siz ispanmisiz? – so‘radi o‘ttiz yoshlardagi latofatli bir xonim tabassum bilan. Qo‘rquvdan o‘takasi yorilayozgan olomonning birinchi savoli shu bo‘ldi.
– Nayn, ix bin uzbekish. – Javob qildim nafaqat quturgan ho‘kiz ustidan, balki bu olomon ustidan ham to‘la g‘alabaga erishganimni his etib nemis tilida.
– O‘zbeklarda sehrgarlar ko‘pmi?
– Matadorlar-chi?
– Balki siz biron-bir duo o‘qigandirsiz?
– Qanday duo o‘qidingiz?
– Asteriy sizni tushundimi?
– Agar Asteriy yana chiqib kelsa, shunday qila olasizmi?
Bu savoldan keyin go‘yo Asteriy yana chiqib keladiganday qo‘rquv bilan hamma og‘il tomonga qaradi.
– Ya, ya, – deb og‘il tomon yura boshlagandim, “nayn, nayn” degancha bir ayol meni mahkam quchoqlab oldi. Keyin birdan xursandchilik boshlanib ketdi. Hans stollarni yana joyiga o‘rnatdi va qaytadan dasturxon hozirlandi. Endi men davra to‘rida, Aglaida xonimning yonida o‘tirardim…

5

Uch yil o‘tdi oradan. Safina endi o‘n yetti yoshda. Urush tugagan. Safinaning amakisi, ya’ni meni asirga olgan ofitser jangdan qaytmadi. Uning ruslarga asir tushganligi haqidagi xabar Hansni va uning oilasini chuqur qayg‘uga soldi. “Bo‘lar ish bo‘ldi, endi sen ukam o‘rnida ukamsan, Hermanning xonasida yashaysan”, dedi kunlardan bir kun Hans. Juda noqulay sezdim o‘zimni va bu taklifga rozi bo‘lmadim. Herman yashagan xonani uning uy-muzeyiga aylantirishdi. Keyin bilsam, Herman durustgina shoir ekan, uning yozgan she’rlarini o‘qib ta’sirlandim va ba’zilarini o‘zbek tiliga tarjima qilib Safinaga o‘qib berdim. Bizning tilimizdagi “hayo” degan so‘z qizga juda yoqib qoldi. Buncha mayin, buncha ohangdor deya qayta-qayta takrorlar va bu so‘z ma’nosini so‘rardi. Afsuski, nemis tilida bu so‘z mazmunini me’yoriga yetkazib tushuntira olmadim. Shunday bo‘lsa-da, meni ko‘rdimi, xuddi salomlashganday “hayo-yo-yo” deb qo‘yadigan bo‘ldi qizgina. Nemislarda ham xuddi biznikiday “h” tovushi bor. Shu sababli bu so‘zni juda chiroyli qilib aytardi Safina. Bo‘liqqina, serburim va serchiziq hamda hissiyotga to‘la va juda sezgir lablari xuddi hushtak chalayotganday yig‘rilar, qoshlari ham muhabbat mavsumida raqs tushayotgan qora ilonchalarday bir-biriga yaqinlashib bosh ko‘targancha titrab turardi. Odatda biz bog‘dagi bahaybat dub soyasida o‘tirar va turli mavzularda suhbatlashardik. Ana shunday suhbatlarning birida yana o‘zbeklar to‘g‘risida so‘rab qoldi. Bizning qizlarimiz ko‘proq qiziqtirardi uni.
– O‘zbek qizlari qanday bo‘ladi, kimga o‘xshaydi?
– Senga. “Hayo” deganda xuddi bizning qizlarga o‘xshab ketasan.
– Ibo desam-chi?
– O‘xshaysan.
– Noz desam-chi?
– O‘xshaysan.
– Taman-no desam-chi?
– Bo‘lib aytma. “Tamanno” de…
Ammo quloq solmasdi u va ayollar affektiga, odatiga, yuz ifodasiga xos so‘zlarni so‘rayverardi. “Iffat”, “firoq”, “karashma” kabi so‘zlarni qiynalib bo‘lsa ham talaffuz qilar va ayollar ruhiy holatini ifodalovchi so‘zlarning bu qadar ko‘pligidan hayratlanardi ham. Ko‘p aqlli va bilimli edi qizgina. Bog‘ adog‘ida sayr qilib yurib nogoh qaldirg‘ochkulcha butasiga duch kelib qoldim bir kuni. “Qaldirg‘ochkulcha! Qaldirg‘ochkulcha!” degan nido otilib chiqdi bo‘g‘zimdan va men yovvoyi giyoh poyiga tiz cho‘kdim. Yonimda Safina borligini tamom unutgandim shu lahzada. Tamom yolg‘iz edim. Qaldirg‘ochkulchani bag‘rimga bosdim, uning binafsharangga moyil gullarini beqaror bir tarzda hidlay boshladim. Vujudimdan sirqib kelayotgan hissiyotlar qaynoq yoshga aylanib ko‘zlarimdan oqayotganini sezmasdim.
– Nima bo‘ldi senga, Oston?! – hayajonini bosolmay qichqirib yubordi Safina.
Gul butasini yana ham mahkamroq quchoqladim men.
– Oston!.. Oston!.. Oston!.. – deya yelkamdan quchar va vujudimni gul butasidan ajratib olmoqchidek silkilardi qizgina. Indamay o‘rnimdan turdim. Qizga qarashga yuzim chidamadi. O‘ng‘aysizlandim. Va taskari qaragancha mushtlarim bilan ko‘zlarimni ishqalab turaverdim. Keyin ancha joygacha indamay bordik.
– Nima bo‘ldi? Nega yig‘lading? – deya yana so‘roqqa tutdi Safina.
– Senga tushuntira olmayman, – dedim chuqur xo‘rsinib.

6

Qanday qilib unga tushuntirsam deb o‘ylab yurdim. Bizda ham shunaqa giyoh o‘sadi, bolalikda uning tagida o‘tirib o‘ynardik, qo‘g‘irchoqlar yasardik, Qaldirg‘ochkulcha urug‘idan munchoqlar qilib, qo‘g‘irchoqlarimiz bo‘yniga taqib qo‘yardik desam, o‘sha kungi holatimni oqlamaydi va qizning ko‘ng­lida g‘ubor qoladi. Ana shunday xayollar bilan bir kuni og‘ilxona burchagida o‘tirib qo‘g‘irchoq yasashga kirishdim. Latta-putta qiyqimlari ko‘p edi bu yerda. Juda chiroyli chiqdi qo‘g‘irchoq. Ayol ko‘rinishida, kiyimlari po‘rim, boshida binafsharang qasava, uning ustidan sariq shohi ro‘mol. Etagi uzun parpari ko‘ylagi va qora hoshiya tutilgan keng yengi ayniqsa jozibali. Belida zarrin kamar… Ertaga qo‘g‘irchoqni unga sovg‘a qilaman. Darvoqe, erta uning so‘nggi imtihoni. O‘lkashunoslikmi yoki muzeyshunoslikmi bo‘yicha universitetga imtihon topshiryapti. Tuni bilan xonasida chiroq o‘chmadi. Nurafshon derazaga qaray-qaray uxlab qolibman. Ertalab uyg‘onganimda Safina shaharga jo‘nab ketgandi. Oradan uch kun o‘tib qaytdi. Butun oila uni tabrikladik, shunda men bosh­qalar oldida sovg‘amni topshirishga jur’at etmadim va qulay fursat kutdim. Bog‘ adog‘ida xilvat go‘sha bor. Chirmoviq gullar bilan o‘ralgan yashil tomcha. Safinaning sevimli go‘shasi. Xonadon ahlida shubha tug‘dirmaslik uchun hadeganda u yerga boravermasdim. Asteriyga o‘t olib kelish bahonasida yolg‘izoyoq yo‘lak bo‘ylab yashil tomcha tomon yurdim. Yog‘och skameykada o‘tirardi u. Ko‘zlari yumiq, kipriklari yoyilgan qush qanotiday bo‘lib yuziga soya solib turibdi. Qizil chorxona matohdan tikilgan ko‘ylagini skameykaga yoyib tashlagan… Sharpamni payqab ko‘zlarini ochdi va ilkis o‘rnidan turdi. Nimadandir qattiq hayajonlanardi. Xuddi ko‘zlarini yumib xayoliga keltirgan holat endi ro‘parasida turganday. Qiz xuddi meni bag‘riga bosmoqchi bo‘lgandek quchog‘ini keng yoydi-yu, bunga jur’ati yetmaganday yana joyiga o‘tirib oldi.
– Safina, senga sovg‘am bor…
Kipriklari pirpirab ketdi uning va savol nazari bilan ko‘zlarimga tikildi.
– Mana!
– Voy. Ajinacha! Ajinachaginam!
– Qo‘limdan oldi qo‘g‘irchoqni va bag‘riga bosdi. Keyin o‘zidan uzoqroq tutib qaradi. – Qayerdan olding? – dedi taajjublanganini yashirmay.
– Yasadim.
– Rostdanmi? O‘zing yasadingmi?
– Ha,
– Men uchunmi?
Bosh silkib tasdiqladim.
– Oti nima bu ajinachaning?
Qo‘g‘irchoqqa nom qo‘yish haqida o‘ylab ko‘rmagandim. Nima deyarimni bilmay taraddudlandim. Turli, tuman ismlar keldi xayo­limga, ammo ulardan mosini tanlashim qiyin kechdi. Va biroz davom etgan sukutdan keyin qo‘g‘irchoqning nomini aytdim:
– Shodiya.
– Shodiya?.. Yo‘q, Ajinacha bo‘laqolsin… – dedi Safina o‘tingansimon.
– Xohishing…
Maysa ustiga cho‘zala tushib parpirab nur taratayotgan derazaga qarab yotdim. Shu soniyada uning nima qilayotgani, nimalarni o‘ylayotgani va qanday holatda turganini ko‘z oldimga keltirishga harakat qilar va jo‘shqin xayollarga berilardim. Nihoyat deraza pardasida navnihol qomati aks etdi uning. Qo‘lida nimanidir tutib turibdi. Yuragim hapriqib o‘rnimdan turib ketdim. Qo‘g‘irchoq! O‘sha men sovg‘a qilgan qo‘g‘irchoq! Safina qo‘g‘irchoqni dam bag‘riga bosar, dam uning liboslarini silab-siypalar, dam ko‘ksiga bosib bolasini ovutayotgan onadek u yon-bu yonga tebranardi. Lablarining harakatiga qaraganda alla ham aytmoqda edi, aftidan…

7

…Shundan keyin oradan ko‘p yillar o‘tdi. Germaniyadan qaytganimdan keyin yana qamashdi meni. Yana qiynoqlar va so‘roqlar… Gapning qisqasi, 1955 yili ozodlikka chiqdim. Qishloqlar qiyofasi ham, hayot ham tamom o‘zgarib ketibdi. Hech kim tanimadi meni. Qishloq qabristoni atrofida aylanib yurgan bir qariyadan Shodiyaning qabrini so‘radim. Biz maysalar gurkirab o‘sib yotgan kichkina tuproq tepacha oldida to‘xtadik.
– Mana shu.
– Yanglishmayapsizmi?
– Aniq bilaman. O‘ni qabrga qo‘yishayotganda otamning orqasidan ergashib kelgandim. Qo‘limdagi tol cho‘pni olib belgi bo‘lsin deb qabr boshiga qadab qo‘ygandilar otam. Mana o‘sha cho‘p kap-katta daraxt bo‘libdi.
– Nega “bo‘libdi” deysiz, o‘zingiz bu yerlik emasmisiz?
– Aslida shu qishloqlikman. Urushdan oldinroq qamalib ketgandim.
– Qanday ayb bilan?
– Yomon vaqtlar edi, ocharchilik… do‘konda ishlardim. Bir ayolga bir kaft un bilan bir bo‘lak non berganim uchun rastrata qilib qamab yuborishgan…
– “Muazzamjonning fili suvrati” deyishmasmidi o‘sha ayolni?
– Ha, shunday deyishardi.
– Balki siz Sulton Ostondirsiz?
Chol menga qiziqsinib qaradi. Va indamay qo‘ynidan bir uyum latta olib qabr tepasidagi toshga suyab qo‘ydi. Qarasam, chiroyligina qilib yasalgan qo‘g‘irchoq. Men Safinaga yasab bergan qo‘g‘irchoqning aynan o‘zi! Men ham shunday qildim. Qo‘g‘irchoqlar ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshardi. Bo‘yi basti ham, kiyimlari ham…
Nogoh qulf-kalitning shaqir– shuqiridan o‘zimga keldim. Temir eshik daranglab ochildi va nazoratchining pogonli yelkasi ko‘rindi.
…Necha yillardan beri turmaning zax kamerasida yotgan mahbusning xayoliga nimalar kelmaydi deysiz…

“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 2-son