Bu ma’danning “Ashirit” deb nomlanishi uni Yevropaga birinchi bo‘lib olib kelgan buxorolik savdogar Ashurboyning nomi bilan bog‘liq.
Mineral va tog‘ jinslari
haqidagi ma’lumotnomadan
Jonginam Syuzi!
Quloq sol, Kyonigsberg guvranib yotibdi.
Hammaning og‘zida bitta so‘z takrorlanadi: “Ashirit!”, “Ashirit!”
Bu mo‘jizaviy bir tosh. O‘zi zumradday yashil yoki ko‘k. Ichi ko‘rinadi. Hamma gap ana shunda. Uni Buxoro degan allaqanday mamlakatdan bir kishi olib kelgan. Juda boy savdogar odam. Shaharning badavlat xonimlari shu toshdan yasalgan taqinchoqlarni savdolashib ham o‘tirmay sotib olishyapti. Toshning ichiga qaragan kishi nimalarni ko‘rishini aytib o‘tirmayman. Chunki bu ta’rifga ham, qog‘ozga ham sig‘adigan narsa emas. Shu Ashurboy degani Parij orqali Madridga o‘tmoqchi. Eskurialni ko‘rish niyatida emish. Menimcha, Parij uni osonlikcha qo‘yvormaydi! Qisqasi, quruq qolma, hech bo‘lmaganda birorta uzugini qo‘lga kirit. Bu qanday natijaga olib kelishini keyin o‘zing ko‘rasan.
Seni o‘pib qolaman:
Aglaida Gerder.
P. S. Senga xat yozmaganimga ancha bo‘ldi. Hozir biz boshqa joyda yashayapmiz. Mabodo yo‘qlamoqchi bo‘lsang quyidagi manzilga yoz:
Kyonigsberg, Pregol-47.
1
Adelina anchagina bosiq, mulohazakor, yetti o‘lchab bir kesadigan ayol edi Shane xonim. Shunday bo‘lsa-da, xat uni qattiq hayajonga soldi. Toshoyna oldida turib qandaydir ovozni tinglayotgandek goh o‘ng, goh chap chakkasini oynaga solib ko‘rdi. Ayolning ortiq darajada hayajonlanayotgan yurak zarblarini o‘zida aks ettirib, titrab shu’lalanardi qulog‘idagi yoqut ko‘zli halqa. Va mayingina siypalardi uning yonoqlarini olovrang bu shu’lalar. Sadafrang sandiqcha ichidagi taqinchoqlarga ijirg‘anibroq qaradi Adelina xonim. “Ming yildan beri almisoqdan qolgan shu dardi harinalar menga hamroh. Beranje xonim kechagi ziyofatda yana boshqa taqinchoqlarini ko‘z-ko‘z qildi”, degan fikrdan qoni qizib, oynadagi aksini tanqidiy nazar bilan kuzatdi va xayolan, balki ixtiyorsiz bir tarzda shivirlay boshladi uning lablari: “Ashirit… Ashirit…”
Oqshom payti o‘zining tungi qarorgohida o‘tirib, bankdagi faqatgina o‘ziga tegishli bo‘lgan mablag‘ini chek daftarchasi bilan solishtirib hisob-kitob qildi. Tanish lombard va uni yurituvchi tepakal sudxo‘rning kulrang peshonasi ko‘z o‘ngidan o‘tdi. Avval ham bir necha bor ishi tushgandi tilla va kumush buyumlaru antikvar narsalarning nuqsi urib qolgan bu odamga. Zero, badavlat xonimlarni va janoblarni ham gohi-gohida pul va inson sha’ni bilan bog‘liq qaltis holatlarda “lombard” deb atalmish ma’vo sharmandalikdan qutqazib qolishi sir emas. Ana shu xayollar bilan taqinchoqlarga to‘la sandiqchani nariroq surib qo‘yib mehmonxona, zal va oraliq intererlardagi suvratlarni bir-bir ko‘zdan kechirdi. Katta pul turadi bu suvratlar. Mana, Diyego Velaskesning “Infanta Mariya” kartinasi. 1628 yil. Shu qatorda 1653 yilda chizilgan “Infanta Margarita” kartinasi, undan nariroqda J.Paterning “Tamanno” kartinasi hamda frantsuz rassomlari qalamiga mansub bir qator boshqa suvratlar… San’atning qadriga yetar va san’at asarlarini yaxshi tushunardi Adelina xonim. Avvallari sira maqtanmagandi o‘zining mulki bo‘lgan qimmatbaho taqinchoqlar bilan. Lekin endi…
Oradan bir hafta o‘tmay Parij zodagonlari orasida ham “Ashirbay”, “Buxara”, “Ashirit” degan so‘zlar og‘izdan-og‘izga o‘tib, badavlat janoblar cho‘ntaklarini dam-badam ushlab ko‘radigan, zodagon xonimlar erlariga o‘zgacha g‘amza qiladigan bo‘lib qoldilar. Buxorolik savdogar esa Luvrda ulug‘ rassomlarning asarlarini tomosha qilib yurardi xuddi shu kunlarda. Per-Lashez qabristoniga ham bordi, qaysi xalqqa mansub bo‘lmasin, uning qabristonini ziyorat qilishni savob deb bilardi Ashurboy. Bibi Maryam ibodatxonasi va boshqa diqqatga sazovor joylarni ham ziyorat qildi. Qayerda bo‘lmasin, parijliklar katta qiziqish bilan qarashardi unga. Keyin badavlat xonadonlarda buxorolik savdogar sharafiga ziyofatlar boshlanib ketdi.
2
Mana, nihoyat, Adelina xonimga ham navbat yetib (uni Syuzi deb atardi kyonigsberglik dugonasi), Parijning kazo-kazolari bilan to‘ldi mehmonxona. Xonimning qizi ilm yo‘lidan ketganligi sababli olimlar va fan arboblari tashkil etardi ziyofatga tashrif buyurgan mehmonlarning ko‘pchiligini. Ashurboy – davra to‘rida. Garchi Parij lahjasini biroz buzib gapirsa-da, jon qulog‘i bilan tinglamoqda edi mehmonlar uning hikoyalarini. Xonimlar esa toqatsizlanishar va tezroq buxorocha sandiqlarning ochilishini kutishardi. Albatta o‘tkir nigohli zargarlar va qimmatbaho ma’danlarning sir-asroridan xabardor kishilar ham bor edi mehmonlar davrasida. Nihoyat, qo‘ldan-qo‘lga o‘tdi kattaligi rostmana kishining mushtiday keladigan zumrad rangli tosh. Sandiqlarga kelganda, ularni o‘zi bilan olib yurmasligini bildirdi Ashurboy. Faqat yonidan hamyonini chiqarib melxior, tilla va kumush gardishli, Ashirit toshi qadab zeb berilgan bir necha dona bilakuzuk va halqalarni namoyish etdi. Xonadon sohibasining qistovi bilan sandiqlarni ochmaslikka kelishib olgandi buxorolik savdogar. Mehmonlardan ko‘pchiligi buxorolik savdogarni o‘z xonadonlarida kutishlarini aytib tarqala boshladilar. Xona bo‘shab qoldi.
Savdo shu tartibda bo‘lgandi boshqa xonadonlarda ham. Avval ziyofat berilar, mehmonlar tarqalgandan keyin ziyofat bergan uy egalari oldida ochilardi sandiqlar. Shane xonimnikida shu xonadonning eng yaqin kishilarigina qolgan edilar. Buxoro atlasi, kundal va barqut matohlar, rangdor adraslar, zargarlik buyumlari… Hammasi nafis, bejirim va hayratafzo. Ammo bularning hech biri Ashirit toshichalik mo‘jizakor emas. Toshni qo‘liga olib ulkan qandillardan quyilib turgan yorug‘likka tutib tomosha qilardi xonadon bekasi. Tosh qa’rida turli ko‘rinishdagi darzlar, chiziqlar va bir-biriga tutashib joylashgan otquloq yaprog‘iga monand shakllar… Qo‘lning harakati ozgina bo‘lsa-da o‘zgarishi bilan shakllar boshqa ko‘rinish olar, toshning ichki devorlarida antiqa chizgilar va naqshlar hosil qilardi ulardan taralayotgan ichki nur tolalari.
3
Nogoh titrab ketdi Shane xonimning barmoqlari. Yuzi oqarib lablari harakatga keldi va tovushsiz shivirladi: “Marsel!.. Marsel!..” So‘ng cho‘chib atrofiga alangladi, yoshi qirqdan oshib qolganiga qaramay, xayoliga kelgan fikrdan qizillik yugurdi uning hali ajin tushib ulgurmagan yonoqlariga. Ashirit qa’ridagi chiziqlardan go‘yo shu so‘zni o‘qigan va bo‘y qizlik paytidagi jo‘shqin muhabbatini eslab hayajonga kelgandi ayol. Bunday ruhiy holatning ro‘y berishi bejiz emas. Shaffoflanuvchi yoki o‘zidan nur taratuvchi ma’danlar nafaqat inson kayfiyatiga, sog‘lig‘iga va uning ruhiyatiga g‘oyibona ta’sir ko‘rsatadi, balki hayotining tubdan o‘zgarib ketishiga ham sabab bo‘lishidan bashorat qiluvchi aqidalar ham bor. Xususan, hissiyotga berilib yashaydigan kishilar qimmatbaho va noyob toshlarning sehru jodusiga ortiq darajada ishonadilar. Frantsuz zargari Tavere 1642 yili Hindistondan olib kelgan 45-52 karatli “Xoup” (“Umid”) deb nomlangan tosh kimning qo‘liga tushmasin, o‘sha odamning, albatta, baxtsizlikka uchragani tarixiy haqiqat. Balki bularning barchasi tasodiflar silsilasidir… Xullas, qimmatbaho toshlarga tiyiqsiz bir kuch bilan intiladi inson. Va agar olmos, gavhar kabi bebaho ma’danlardan birortasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-yu, baxt tashrif buyursa yoki baxtsizlik soya solsa, taqdir evrilishlarini ana shu ma’danlardan deb biladi inson. Shuning uchun ham “Xoup” yoki “Ko‘hinur”ga o‘xshash noyob toshlar to‘g‘risida to‘qilgan afsonalar zamirida aslida nimalar borligi xuddi shu toshlarning o‘zi kabi sirligicha qolaveradi.
…Rafiqasining nimadandir qattiq ta’sirlanganini payqadi janob Epton Nuvel de Shane, ammo ayolning xayolidan o‘tgan holatni bilishga ojizlik qildi uning tasavvuri. Va toshni nazokat bilan xonimning qo‘lidan olib yorug‘likka tutdi. Uzoq tikildi bu antiqa ma’danning ichki olamiga va o‘zining ichki dunyosi go‘yo shu ma’dan ichiga o‘tgandek, yigitligini, mansab pillapoyalarini va yoshlikdagi omadsiz sevgisini ko‘z o‘ngiga keltirib xo‘rsingancha yana rafiqasiga qaytardi uni. Go‘yo bu ishlarga mutlaqo aloqasi yo‘qdek, divanda o‘tirgancha qaynoq choy ho‘plardi Ashurboy.
Mana, navbat yetib keldi savdo-sotiq ishlariga ham. Bir juft bilaguzuk xarid qildi Shane xonim. Eri taklif etgan sirg‘a juda nafis va serjilo bo‘lsa-da, bilaguzukni ma’qul ko‘rdi. Bilaguzukdagi toshlarga istagan payting qarab o‘tirishing mumkin, halqa esa quloqda turadi, unga qarash uchun yo oyna oldiga borish yoki yechib qo‘lga olish kerak degan fikrda shunday qildi. Kyonigsberg shahrida yashovchi dugonasining, ya’ni Aglaida xonimning taxmini to‘g‘ri chiqdi. Haqiqatan ham, Ashurboy Parijda qariyb bir oy qolib ketdi. Yoshgina va hali turmushga chiqmagan, aftidan, hali-veri bu masalani o‘ylab ko‘rishni xayoliga ham keltirmaydigan turkolog qizning taklifi va talabi tufayli cho‘zildi uning safari. Ashurboy bilan dastlabki uchrashuvidayoq, hatto durustroq so‘rashishni ham unutib, savolga tutdi turkolog qiz:
– Siz… pars?
– O‘zbek.
– O‘zbek?!
Charaqlab ketdi qizning ko‘zlari:
– O‘zbek?! Monteskyoning O‘zbegimi?
Bir dam o‘ylanqirab qoldi Ashurboy. Monteskyo haqida eshitgandi, yozuvchi va mutafakkir Monteskyo, bu aniq, ammo uning O‘zbegi kim va nima uchun uning O‘zbegi, degan savollar o‘tdi dilidan. Turkolog qiz kutib turmadi, tilla topgan tentakday quvonchini ichiga sig‘dirolmay hayratini oshkor etdi:
– Siz to‘g‘ringizda o‘qiganman. Siz donishmandlik ildizlarini qidirib tinch va osoyishta hayotingizni, ko‘p sonli xotinlaringizni tark etib Yevropa bo‘ylab kezib yuribsiz. Zashining sizni qo‘msab yozgan xatlaridan qattiq ta’sirlanganman. “Kelgin endi mening bebaho, O‘zbegim, bu yerda muhabbat tantana qilishi uchun kel!” degan satrlarga qaraganda Zashi sizni qattiq sevarkan. Roksana-chi? Fatima-chi? Ammo siz nazarimda Roksanani ko‘proq sevasiz. Ayollarni haramda saqlab ko‘plab qo‘riqchilar qo‘yishlaringiz to‘g‘rimi? Haqiqatan ham, shundaymi? Roksanaga yo‘llagan maktubingizda: “Roksana, sen bu yerda bo‘lganingda, ayollarning sharmandali holatlarini ko‘rib ayol bo‘lganingga pushaymon yer eding”, deb yozgansiz. Yevropa ayollarini sadoqatsizlikda ayblagansiz… Bu fikringizga mutlaqo qo‘shilmasdim, agar ayrim holatlarning guvohi bo‘lmaganimda. Shaxsan meni din to‘g‘risidagi fikrlar ham birmuncha qiziqtiradi. Men boshqa bir hodisa haqida ham ko‘p o‘ylaganman… “Dunyoga o‘n ikki nafar imomni bergan ayol qabrini ziyorat qildik-da, yana yo‘lga tushdik”, degansiz do‘stingiz Rustanga, safar oyining 15-kuni yozgan maktubingizda. Ana shu ayolning kimligini bilishni istayman…
– Bibi Fotima u kishining ismlari.
– Rostmi, haqiqatan ham, o‘n ikki nafar farzand ko‘rganlarmi?
– Rost. Sharqda bunday masalalarda yolg‘on gapirilmaydi.
– Payg‘ambar bo‘lganlarmi ularning hammalari?
–Imom desak to‘g‘riroq bo‘ladi.
–Imom payg‘ambardan ulug‘mi?
Javob berishga ulgurmadi Ashurboy. Turkolog qiz suhbat mavzuini yangi o‘zanga burdi:
– Ammo siz keltirgan Ashirit toshi meni bundan-da ko‘proq qiziqtiryapti. Zeb-ziynat sifatida emas, men asli mineralogman. Turkiy tilni esa, siz tomonlarning tog‘ jinslari va minerallarini turkona tilda aytish va o‘zimizniki bilan solishtirib tadqiq etish maqsadida o‘rganyapman. Boburshohning “Ko‘hinur” toshi to‘g‘risida ham eshitganman. Siz keltirgan Ashirit balki Ko‘hinurning o‘zi yoki uning biron-bir ko‘rinishi emasmikan?..
4
Shoshqinu jo‘shqin bu qizning gaplarini tinglar va e’tiroz bildirishga behuda urinardi Ashurboy. Qizning shoshqinligi turkiy millatga mansub kishini uchratib qolib, o‘z bilimini sinab ko‘rish va musulmonlar to‘g‘risida professori so‘zlab bergan bilimlarni to‘ldirish, balki ularning qanchalik to‘g‘riligini sinovdan o‘tkazish bo‘lsa, jo‘shqinligi tabiat bergan fe’l-atvorga bog‘liqligini, qaysi jihatdandir faranglarga xosligini anglab turardi suhbatdoshi. Va faylasuf Sharl Monteskyoning O‘zbegi to‘g‘risida o‘ylardi xayolan.
– Notr-Dam sizni hayratga soldimi chindan ham? – deya birdan mavzuni yana o‘zgartirdi qiz. – Rediga yozgan maktubingizni shu haqdagi fikrlar bilan boshlagansiz… Bormi Buxoroda ham bizning Notr-Dam kabi hayratomuz yodgorliklar? Hammani o‘ziga tortadi bizning Parij! Darvoqe, uch yildirki, 1777 yil sentyabrdan buyon Volfgang Motsart ham Parijda. Yigirma bir yoshli bu yigitning iste’dodidan hamma hayratda. Balki keyingi haftalarda uning kontsertiga kirarmiz?..
Ashurboy tabiatan melanxolik bo‘lib, og‘ir tabiat va kamgap, bir gapni aytishdan oldin vetnamliklarning maqoliga amal qilib, tilini og‘zida yetti marta aylantirib oladigan odam bo‘lganligi sababli qizning tinimsiz javrashidan aqli shoshdi, uning nafas rostlashini kutdi va hech bo‘lmaganda Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa to‘g‘risida so‘zlashga necha bor chog‘landi. Buni payqagan madam Shane: “Savol berdingmi, javobini kut, jonginam”, deb koyigan bo‘ldi qizini, bilaguzugida yashnab turgan toshlardan ko‘z uzmay. Hind ayollari burniga ham zirak taqqanidek, bilakni taqinchoq bilan bezash qiziq tuyulmoqda edi unga. (O‘zbek va tojik ayollari ham o‘sha davrlarda burunlariga zirak taqib yurishlari va bu taqinchoq latvindi deb atalishini bilmasdi, albatta, Shane xonim). Va mo‘jizaviy Ashirit toshiga ega bo‘lgan Buxoro mamlakati urflariga, bezaklariga, ayollarining ko‘rinishiga, mamlakat manzaralariga juda qiziqayotgandi.
– Sitorai Mohi Xosa deb eshitganmisiz? Yulduzlarga va oyga monand degani bu. Buxoroda ana shunday qadimiy yodgorlik bor. Ammo sizga, madmuazel Eloiza, avvalo Buxoroning oddiygina bir qishlog‘i to‘g‘risida so‘zlab bermoqchiman, – bir nafas sukut qildi Ashurboy. – O‘ylaymanki, befarq qolmaysiz.
Bilaguzukdan ko‘z uzib, o‘sha qishloqni ko‘rmoqchidek uzoq ufqqa tikildi madam Shane. Qiz esa Ashurboydan ko‘z uzmasdi. Sharq ayollariga xos qo‘ng‘ir edi uning ko‘zlari va koreyslarnikidek qiyiq edi. Buning ustiga bodomqovoq va qalamqosh. Yuqori labining o‘ng chetida zig‘ir donasidan ham kichik qora xol. Sochi ham bitta qilib o‘rilgan va orqaga tashlab qo‘yilgan. Etagi uzun, yarimshaffof batistdan tikilgan ko‘ylakda bo‘y-basti yanada uzun ko‘rinadi. “Atlas ko‘ylak kiysa, qanday jozibali bo‘larkan bu navnihol xilqat?” degan fikr o‘tdi shuuridan va o‘z fikridan o‘zi o‘ng‘aysizlanib nigohini yerga oldi Buxoro savdogari.
Tik turgancha – ayvon to‘siniga suyangan holatda – suhbatlashardilar ular. Qiz savol berar, fikr bildirar, nazarida vaqt tez o‘tib ketayotganday va ko‘p narsani bilib olishga ulgurmay qoladiganday shoshilar, shunday bo‘lsa-da, suhbatdoshining tashqi qiyofasini ham taroziga solib, o‘lchab ko‘rmoqda edi. Ro‘parasida turgan turkiyzabon bu odamning yoshi o‘ttiz beshlarda bo‘lsa ham ancha yosh ko‘rinardi. “Yuzi bronza tusda, Sharq quyoshining tafti bordek, keng va ochiq, tarovatli va ulug‘vor uning yuzi. Aftidan, o‘z qadru qimmatini biladigan odam. Yelkador, bo‘ychan va baquvvat. Frantsuz tilida durustgina gapira oladi. Kazo-kazolar davrasida o‘zini erkin tutadi va bosiqlik bilan hikoya qila oladi”. Shu bilan cheklanganday bo‘ldi qizning antropologik tadqiqoti va yana savolga tutdi suhbatdoshini:
– Buxoroning oddiygina qishlog‘i? Gapiring, msyo, shu haqda eshitgim keladi, – dedi qiz biroz erkalangannamo.
– Buxoro muzofotida Afshona degan qishloq bor. Bir kun kelib butun dunyo ana shu qishloqdan minnatdor bo‘ladi deb o‘ylayman. Chunki olamga Ibn Sinoni bergan bu qishloq…
– Afshona! Buncha chiroyli bu so‘z. Mazmuni nima ekan? Men so‘zlar mazmuni bilan o‘yin qilaman. Bo‘laklarga bo‘lib, qo‘shib, teskarisidan o‘qib ko‘raman. So‘zlar juda qiziq. Umuman, dunyodagi barcha tillarga qiziqaman. Afshona!.. Juda jarangdor. Afshona… Afsona!..
– Bu so‘z mazmuni, uning kelib chiqish tarixi juda uzun. Bir uchi xitoyga, boshqa bir tomiri qadimiy xunnlarga va Dashti Qipchoqqa, yana boshqa hududlarga borib taqaladi. Ona bo‘ri deb ham talqin qiladilar uning nomini. Xullas, Ibn Sino shu qishloqda dunyoga kelgan…
– …Va dunyoni hayratga solgan, – qo‘shimcha qildi qiz, – Alfraganus ham buxorolikmi? Algoritm-chi, ya’ni Al-Xarezmiy demoqchiman. Buxoroga yaqinmi Xarezm? Buncha ulug‘lar ko‘p sizning yurtingizda! Qani endi men ham…
– Eloiza!..
Norozilik ohanglari yaqqol sezilib turardi madam Shanening so‘zida.
– Mam-an!..
Kulib qo‘ydi Ashurboy. Faranglarning burun tovushlari, “antr”, maman” kabi so‘zlarni talaffuz qilganda burun bo‘shlig‘ida hosil bo‘ladigan “ng” tovushiga monandroq va bizning talaffuzimiz bilan berish qiyin bo‘lgan ohang qiziqtirardi uni.
– Sen tugamas savollaring bilan msyo Ashurboyni toliqtirib qo‘ymagin deyman, – qiziga dakki berdi ona.
– Yo‘q, aksincha, menga ma’qul bu suhbat. Bilimga chanqoq qizlarni yaxshi ko‘raman. Bunday qizlar moddiy boyliklarga unchalik ruju qo‘ymaydilar. Modomiki, qizingiz… madmuazel Eloiza bizning yurtga qiziqarkan, bajonu dil uning savollariga javob berishga tayyorman.
5
Shu payt xizmatkor habash chol ostonada paydo bo‘lib, professor janob Beranje tashrif buyurganini e’lon qildi va xonadon bekasining javobini kutgancha eshik oldida turib qoldi. Janob professorni qabulxonada kutib olishini bildirib o‘rnidan turdi madam Shane. Va yengilgina ta’zim qilib, Ashurboydan uzr so‘ragan bo‘ldi. Ammo oradan to‘rt-besh daqiqa o‘tmay professorni boshlab kirdi. Bu hurmatli janobni sharqona ehtirom bilan qarshi oldi Ashurboy. Oddiy va samimiy bo‘ldi ularning suhbati. Gap mavzuini faranglarga xos quvnoqlik bilan darhol mineralogiyaga burdi janob Beranje. Va Buxoroni ko‘rish orzusida yurganligini aytib, qimmatbaho toshlarga doir bir necha savol berdi.
– Men butunlay boshqa sohaning odamiman, oddiy savdogarman, – javob qildi Ashurboy sharqliklarga xos yelka qisib. – Buxoroda zargarlarim bor. Juda mahoratli ular. Umuman, Buxoro zargarlarini Rossiyada, xususan, Orenburg va Sankt-Peterburgda ko‘p qadrlashadi.
– Ha, bir necha kundirki, Ashirit toshidan yasalgan buyumlar to‘g‘risida eshitib yuribman. Kasbim taqozosi bilan o‘sha toshni bir ko‘rish orzusida keldim. Albatta, shaxsiy qiziqish emas bu. Yana bir necha kundan keyin Parij mineraloglarining katta anjumani bo‘ladi. Agar shu yig‘inimizga tashrif buyursangiz va Ashirit toshini namoyish etib, jahonshumul bu yangilikdan bizni xabardor qilsangiz, bag‘oyat minnatdor bo‘lardik. Men shogirdim Eloizani va boshqa hamkasblarimni nazarda tutyapman. O‘ylaymanki, yo‘q demaysiz, – qo‘shimcha qildi professor Osiyo odamining rad etishidan cho‘chiganday, bir qadar shoshqinlik bilan. – Aybga buyurmaysiz… Hozir o‘sha toshni… Agar imkoni bo‘lsa…
– Bosh ustiga!
Shunday deb, janob Nuvelning koshonasidan o‘zi uchun ajratilgan xona tomon yurdi Ashurboy va sandiqchani olib chiqdi-da, uni ochib professorning oldiga qo‘ydi. Cho‘ntagidan zarrabin olib astoydil ishga kirishdi janob Beranje. Garchi o‘tirgan o‘rni yorug‘ bo‘lsa ham, ayvonning ochiqroq joyiga borib quyosh nuriga tutib qaradi toshni, dunyoning turli tomoniga aylantirib sin soldi. Og‘irligini salmoqladi, hatto hidlab, silkitib va qulog‘iga tutib ham ko‘rdi. Va yengil bir xo‘rsinish bilan yakunladi bu tadqiqotlarni.
6
…Oradan bir hafta o‘tib Parij geologlari va mineraloglarining yig‘inida o‘tirardi buxorolik savdogar. Anjumanga mineralogiya va tog‘ jinslari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan nufuzli olimlarning taklif etilishiga qaraganda, asosiy gap Buxorodan keltirilgan zumrad tosh ustida borishi kerak. Dunyo kezib yurgani va ko‘plab Yevropa davlatlarida bo‘lgani, turli toifadagi odamlar bilan muloqot qilishga to‘g‘ri kelganiga qaramay, buxorolik savdogarni biroz hayajonga soldi bu yig‘in. O‘ziga qolsa, olimlar davrasida o‘tirgisi yo‘q edi, ammo yosh olima madmuazel Eloiza va uning professori “yig‘in ataylab sizning sharafingizga bo‘lyapti”, deb turib olishdi.
Hammaning nigohi Ashurboyda. Unga diqqat bilan qarab olishar va xuddi suvratini chizayotgan rassomlarday nimalarnidir qog‘ozga tushirishar va yozishardi, shivir-shivir bilan hali yig‘in boshlanmasdan turib munozaraga kirishib ketgan guruhlar ham bor edi bu zalda. Nihoyat, davraning birinchi qatorida o‘tirgan qotmagina tepakal chol o‘rnidan turdi. Qo‘lidagi qo‘ng‘iroqchani bir-ikki silkishi bilan suv sepganday tinchidi zal. Hamma buxorolik o‘zbek bilan tezroq tanishishni o‘ylardi va hali Yevropaga ma’lum bo‘lmagan mo‘jizaviy toshni tezroq ko‘rishga oshiqardi. Bunday yig‘in, ya’ni geologlar, mineraloglar, petrograflar va turkologlar ishtirokida birinchi marta o‘tkazilayotganligi, buning sababi Yevropa uchun shu paytgacha noma’lum bo‘lgan yangi bir mineral bilan tanishish ko‘zda tutilganligi to‘g‘risida qisqagina gapirib, toshni namoyish qilish va uning xususiyatlari to‘g‘risida tushuncha berishni iltimos qilib Ashurboyga qaradi yig‘ilishga raislik qilayotgan olim.
– Men olim emasman, savdogarman, – deb gap boshladi Ashurboy. – Shu bois mineralogiya sohasidagi bilimim bilan sizning davrangizda maqtana olmayman. Ammo o‘zim olib kelgan mahsulotning ayrim xususiyatlarini bilaman… – Shunday deb o‘zi hamisha yonida olib yuradigan qutichadagi toshni oldi. Va boshi uzra baland ko‘tardi. Ulkan qandillar taratayotgan kuchli yorug‘likda tosh qirralari jilolanib atrof-tevarakka zangor yog‘dular sochildi. Bir necha daqiqaga cho‘zilgan hayratli nidolar bosilgandan so‘ng so‘zini davom ettirdi Ashurboy: – Bu yerda va men bo‘lgan barcha Yevropa mamlakatlarida, xususan, Rossiyada xuddi kelishib olganday “Ashirit” deb atashyapti bu toshni. Aslida uning nomini yunoncha “Dioptaz” desak ma’qul bo‘larmikan deb o‘ylayman… Biz o‘zbeklar “Ko‘hinur” deb biroz ulug‘lab va biroz noto‘g‘riroq ataganmiz. Agar men qilgan tarjima to‘g‘ri bo‘lsa, “dioptaz” – “ich-ichigacha ko‘ryapman” degani. Darhaqiqat, toshning o‘ziga, ha, faqat o‘ziga xos xislatlaridan biri uning qa’ridagi chiziqlar, shakllar, belgilarning ko‘rinib turishi va yorug‘likda nurlanishi hamda qo‘lning harakati salgina o‘zgarishi bilan tosh ichidagi chiziqlar, yaproqsimon naqshlarning turli ko‘rinishlar hosil qilib jilvalanishida. Tosh shu qadar sezgirki, hatto uni tutib turgan kishining yurak urishini ham ilg‘aydi desam mubolag‘a bo‘lmas… Uning tarkibida mis va kislorod bor. Boshqa yana nimalar borligini aniqlash shu soha olimlariga havola. Yana bir fikrni qo‘shimcha qilmoqchiman. Bu tosh hozircha faqat bizning Buxorodan topilgani sababli uni (rus olimlarining fikriga qo‘shilib) dioptaz degan bo‘lsam-da, yunonlarning o‘zi hozircha bundan bexabar. Shu bois, dioptaz unga berilgan nom emas, balki uning shaffoflanish xususiyatiga ishora, xolos. Mana, marhamat, – deb toshni anjuman raisiga uzatdi Ashurboy.
Qo‘ldan-qo‘lga o‘tdi tosh. Og‘izdan-og‘izga ko‘chdi so‘zlar. Nigohlarda qiziqish va hayrat. Chamasi, yarim soatlar davom etdi bu hol. Bo‘shab qolgan qutichaga qaragancha nima sababdandir ma’yusroq o‘tirardi Ashurboy. “Bu tosh juda noyob: malaxit, kaltsit, xrizakolla, kalamin kabi minerallarga dugona bu tosh, ya’ni shular bilan birga uchraydi”, degan xulosaga keldilar mutaxassislar. Tosh sohibiga qaytib kelib yana qutichadan joy olarkan, uning nomlanishi ustidagi tortishuv va munozara avj olib ketdi:
– Tosh Buxorodan topilgan, uni bizga Ashurboy olib kelgan. Faqatgina shu inson tufayli Yevropa yangi bir mineralni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi, shunday mineral Yer sharida mavjudligidan ogoh bo‘ldi bizning Yevropa. Hamma joyda, shu jumladan, Parijda ham xalq “Ashirit” deb atamoqda bu toshni. Biz xalqning fikriga qarshi bormaylik va dioptazlik xususiyatiga, ya’ni ichdan nurlanib turish xususiyatiga ega bo‘lgan bu toshni Ashurboyning nomi bilan “Ashirit” deb atab…
Raisning so‘zi tugamay o‘rinlaridan ko‘tarilishdi olimlar va qarsaklar bilan ma’qullashdi uning fikrini.
– Xalq hammamizdan ko‘ra donishmandroq, – deya davom etdi majlis raisi. – Men rossiyalik hamkasblarim bilan aloqa qilib shu tosh haqida so‘raganimda, “Bu yerda Ashirit nomi bilan ma’lum o‘sha tosh, ammo hali rasmiy ravishda tasdiqlaganimizcha yo‘q”, degan javobni oldim. Demak, mineralogiya faniga bu tosh “Ashirit” degan nom bilan yoziladi va butun dunyo olimlariga ma’lum qilinadi!
Birma-bir qo‘l siqib tabriklashdi Ashurboyni. Xijolatda edi buxorolik savdogar. Ammo uzluksiz yog‘ilayotgan tabriklarga qarshi borolmadi. Ertasi kun madmuazel Eloiza uni Ispaniyaga kuzatarkan, Sena daryosi bo‘ylab paroxodda Versalgacha bordi. Va xayrlashish oldidan: “Qaytishda, albatta, biznikiga tashrif buyuring”, deb o‘tina boshladi. Ammo “Lovelas” langar ko‘tarishiga hali yarim soatdan ko‘proq vaqt bor. Ashurboy qizni shundaygina daryo bo‘yidagi yemakxonaga taklif qildi.Tashqarida quyosh charaqlab turganiga qaramasdan nimqorong‘i edi bu joy. G‘arb tarafdagi derazadan “Lovelas”ning to‘garaksimon derazalari yarqirab ko‘rinadi. Janubiy deraza ortida “Madam Jyul Bushe” deb nomlangan oq atirgullar barq urib ochilgan…
Shu yerda qanday gap-so‘z bo‘ldi ularning orasida, nimalar o‘tdi Ashurboyning xayolidan, paroxodning nomidagi yashirin ma’nolar ta’siridami, dabdurustdan sandiqchani qizga uzatdi. Olimlarni hayratga solgan o‘sha tosh tinchgina yotardi uning ichida. Ikkala qo‘lini ko‘ksiga bosib bosh chayqadi qiz.
– Ol, bizning tilimizni shunchalik yaxshi bilgan va urf-odatlarimizni hurmat qilgan, Buxoroga g‘oyibona muhabbat bog‘lagan senday qizga… – Biroz hayajonlanib so‘z topolmay qoldi Ashurboy. Eloizaning yuzi loladay qizarib ketdi. – Ol! – deb, oxiri aytilmay qolgan gapni yakunladi buxorolik savdogar. Qizning qo‘liga tutqazdi Ashirit orom olayotgan sandiqchani va etak silkib o‘rnidan turdi. Hamma narsani shaylab tashqarida kutib turardi uning sodiq xizmatkori. Saxtiyon sumkachasidan Sharl Monteskyoning Yevropa bo‘ylab kezib yurgan O‘zbek to‘g‘risidagi kitobini olib Ashurboyga uzatdi qiz va arang lablaridan uchdi “kutaman” degan so‘z.
7
Ohista chayqaladi “Lovelas”. Chayqaladi va allalaydi paroxod. Shitob bilan olg‘a intilayotgan qudratli va tirik jonzotni eslatadi uning bir maromdagi pishqirishi, har zamonda og‘ir uh tortib qo‘yishi va hushtak chalishi. “Lovelas”ning birinchi darajali kayutasida ketayotgan savdogarning qo‘lida qizgina bergan kitob. O‘zbek va uning do‘sti Rikaning Yevropa bo‘ylab sayohati va ularning o‘z yurtiga yo‘llagan maktublarida frantsuz, ispan, portugal va boshqa Yevropa mamlakatlari xalqlarining hayot tarzi juda jonli va qiziqarli tasvirlangan. Sekin yuziga yaqinlashtirdi kitobni va yengilgina atir hidini tuydi. Eloiza pardoz-andozga va taqinchoqlarga unchalik qiziqmasligini va hatto bir qadar o‘zining tashqi qiyofasiga befarqligini payqagandi o‘sha bir oy davomida. Demak, bu kitobni boshqa bir mem ham o‘qigan… Monteskyo go‘yo ikki xalqni, ya’ni forsiy va turkiy xalqlarni birlashtirishni ko‘zda tutganday: kitob qahramonining nomi O‘zbek, millati esa fors. Ammo Eloiza kitob qahramoni bilan Osiyodan tashrif buyurgan Ashurboyni bir vujudda his etayotgani va balki Ashurboyni O‘zbek timsolida ko‘rayotgani aniq. Balki Eloiza kitobni o‘qish davomida O‘zbekni sevib qolgandir va mana endi Ashurboy qiyofasida uning o‘zini ko‘rib turibman, deb shu fikrga ishonch hosil qilgandir… Haqiqatan ham, aqlli, bilimli va mard inson sifatida yaxshi taassurot qoldirardi Monteskyoning O‘zbegi. “Ammo bir narsa aniqki, yillar orasidagi tafovutni hisobga olmayotir qizgina”, degan xayolga bordi Ashurboy. Va darhol hisoblab ko‘rib, qiz emas, balki o‘zi yanglishganini angladi. “Men esa hozir o‘ttiz beshdaman!..” Beixtiyor xayoliga kelgan bu fikrning bir uchi madmuazel Eloizaga borib tutashayotganidan ajablanib jilmayib qo‘ydi. Yigirma bir yoshda edi qiz.
Buni qarangki, yillar va raqamlar ayirmasi solishtirilganda, Monteskyoning O‘zbegi bilan deyarli tengdosh bo‘lib chiqdi Ashurboy. Demakki, qizginaning uni “Fors maktublari”da tasvirlangan O‘zbek deb qabul qilishida jon bor. Mana, nihoyat ko‘rindi Ispaniyaning Belbao porti va pishqirib, uh tortib, hushtaklar chalib to‘xtadi “Lovelas”. Va ispan tuprog‘iga qadam bosdi Ashurboy.
8
…Haqiqatan ham, hayratafzo inshoot edi Eskurial. Ne-ne fikrlarni xayolidan o‘tkazib, uning qarshisida bir muddat turib qoldi buxorolik savdogar. O‘zining qirrador piramidalari bilan mag‘rur qad rostlab turibdi bu ulug‘vor inshoot. Salobati bilan kishini hayratga soladi uning oqimtir-kulrang granitdan tiklangan devorlari. Tumanli kuz manzarasiday. Toshlar… inson hayoti, uning qiziqishlari… nurlanuvchi sohir toshlar… Ko‘p qiziq manzaralar namoyon bo‘ldi ichkarida. Eskurial va undagi kutubxona chindan-da hayratomuz. Arablardan qolgan kutubxona. Endi u Ispaniyaning mulki. Bu mamlakatni musaxxar etgan va ko‘p yillar hukmronlik qilgan arablar pirovard-natijada shunday bebaho xazinani qoldirib ketishga majbur bo‘lganlar. Kitoblarning asosiy qismi arab yozuvida. Qo‘lyozmalar… she’riyat, falsafa, fan durdonalari. Bir haftadan beri har kun kelib ertadan-kechgacha shu bino ichida aylanib yurardi Ashurboy. Alohida-alohida 16 ichki qal’a, 2673 deraza, 1940 eshik, ruhlar orom oladigan 1860 ta xona. Inson tasavvuriga sig‘maydigan narsalar bor edi bu qasrda. Xususan, avliyolar jasadini saqlash uchun oltin, kumush, bronzadan, o‘zidan nur taratuvchi toshlardan ishlangan maqbaralar qiziqtirdi uni. Papa Piy beshinchining siydik jomidan olingan toshni ham ko‘rsatishdi. O‘zi Buxorodan keltirgan zumrad bilan bu toshni xayolan yonma-yon qo‘yib eti junjikib ketdi va darhol uzoqlashdi bu yerdan. Eskurialni tomosha qilish qariyb bir oyga cho‘zildi.
O‘z yurtini qattiq sog‘ingan Ashurboy keyingi hafta oxirlarida “Qora Kayman” kemasining O‘rta Yer dengizi orqali Turkiyaga yo‘l olishidan xabar toparkan, yurt sog‘inchi ming chandon oshib, shu kema bilan Turkiyaga borish, undan Eron orqali Afg‘onistonga o‘tish va Amudaryo suvlarini kechib, tezroq o‘z yurti tuprog‘iga qadam qo‘yishga ahd qildi. Va Parijda qolgan do‘stlari-yu gumashtalariga maktub yo‘llab, darhol Buxoroga qaytishlariga izn berdi. Albatta, madmuazel Eloizaga qoldirgan tosh qanchalik qimmatli bo‘lmasin, Parijdan Germaniyaga yoki Chexoslavakiyaga, Avstriyaga, undan Ukrainaga o‘tib, Qozog‘iston cho‘llari orqali qaytish ikki-uch barobar ko‘p vaqtni olar va bu vaqt nima sababdandir madam Shanelar xonadonida qoldirilgan toshdan ham qimmatli tuyulardi. Dunyo kezib o‘rgangan Ashurboy o‘zidagi bu betoqatlik sababini o‘ylab tushunishga ulgurmay, Parijdan maktub oldi. Xat mazmunidan qattiq hayajonga tushdi va O‘rta Yer dengizi safarini qoldirib Parijga yetib keldi. Hech narsadan istihola qilib o‘tirmay, uning quchog‘iga otildi Eloiza.
9
Qizning xonasida, stol ustida turardi Ashirit. Ustiga qora rangdagi matoh yopib qo‘yilgan. “Qara”, deb boshi bilan imo qildi qiz. Toshning nimqorong‘i bag‘rida ajib bir sinoatni ko‘rdi Ashurboy. Avvaliga hech narsaga tushunmadi. Xuddi Buxorodagi ulug‘vor minoralar soya solib turganday bo‘ldi dastlab. Ana shu tasvirlar oralig‘ida Labi Hovuz suvlari chayqalib turganday. Madrasa-masjid mezanalari, gumbazlarning qadimiy havorang toqi… Diqqat qilib qarab toshning uzoq bir burchagida yuqoridan quyiga tushayotgan zarrachalar oqimini payqadi. Go‘yo Buxorodagi Mo‘liyon arig‘ining suviday. Tosh qa’riga tikilar va butun borliqni unutib ichki bir tovush bilan xirgoyi qilardi Ashurboy:
Mo‘liyon suvin hidi kelganda alhol,
Mehribon yor yodini qo‘msaydi xayol.
O‘zi tarjima qilgan Ro‘dakiyning bu forsiy g‘azalini aytganida ta’sirlanib ketardi hamisha, bu safar ko‘zlariga yosh keldi hatto. Yozning jazirama issig‘ida Buxoro ko‘chalaridan Mo‘liyon arig‘i tomon suvday oqar edi shahar bolalari. Va ular go‘yo ariqni yillab ko‘rmaganday va sog‘inib qolganday shu she’rni aytgancha-qo‘shiq qilib kuylagancha o‘zlarini muzdek suvga otardilar. Butun boshli mo‘jiza edi Mo‘liyon. Bolalikda otasi aytib bergan shu she’r bilan bog‘liq bir voqea yodiga keldi.
Rivoyat qilishlaricha, Buxoro amiri bir guruh a’yonlari, shoiru shuarolari bilan (ular orasida Ro‘dakiy ham bor edi) o‘zga yurtda uzoqroq muddat qolib ketadi. Yurtini va oilasini sog‘ingan a’yonlar amirning hali-veri vatanga qaytish niyati yo‘qligini ko‘rib tursalar-da, uning ra’yiga qarab fikrlarini ayta olmaydilar va “Hukmdorga siz ayting, ketaylik yurtimizga”, deb Ro‘dakiyga iltimos qiladilar. Forsning ulug‘ shoiri darhol shu she’rni yozadi va amirga taqdim etadi. Mo‘liyon arig‘ining bo‘yini, Buxoroda qolib ketgan yoru birodarlari visolini qo‘msab, o‘sha lahzaning o‘zida, hatto oyoq kiyimlarini kiyishni ham unutib otga minadi va yo‘lga tushadi she’rni o‘qigan hukmdor.
Mo‘liyon arig‘ining suvlariga o‘xshardi Ashiritning zumrad vujudi ichra harakatlanayotgan o‘sha zarralar. Ohu ko‘zidek uzunchoq va yaproqsimon shakl qa’ridan sizib chiqar, bir joyda to‘planar va ma’lum og‘irlik olgandan keyin pastga qulab tushardi zilol tomchilar. Ashiritning chuqur qa’rida, balki Ashurboyning qalbida ro‘y bermoqda edi bu hodisot. Buni ziyrak va nafosatli ayollarga xos ichki bir hissiyot bilan payqadi Eloiza. Ashirboyning xayolidan o‘tayotgan tuyg‘ularda Vatanga bo‘lgan muhabbat boshqa har qanday hissiyotdan kuchli ekanligini, ona yurt o‘z farzandini tiyiqsiz bir kuch bilan bag‘riga chorlayotganini sezib og‘ir xo‘rsindi. Tosh yig‘lardi Ashurboyning nazarida. O‘z tuprog‘ini, o‘zi tug‘ilgan tog‘larni va toshlar saltanatini va Mo‘liyon arig‘ining suvlarini qo‘msab yig‘lardi Tosh.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 7-son