Nazar Eshonqul. Yalpiz hidi (hikoya)

I. SARATON

Dam olish kuni xonasida kitob o‘qib yotgan Samandarning dimog‘iga birdan yalpiz solingan sho‘rva hidi urildi va sakkiz yasharlik payti bahor kunlarining birida hayotlarining burchagidan otasining bir quchoq yalpiz terib kelgani va onasi kechqurun yalpiz sho‘rva qilgani esiga tushdi-yu, kitobni yopib, havoni burniga torta boshladi. So‘ng o‘rnidan turib, deraza pardasini surdi va u yerdan ko‘rinib turgan, hali to‘la sarg‘aymagan daraxtlarni ko‘rib, ko‘ngli cho‘kdi. Bog‘ga hafsalasizlik bilan ko‘z yugurtirdi. Bog‘dagi daraxtlar siyrak, lekin sershox edi; qarovsiz qolganidan bog‘ni chirigan chakalaklar bosgan, ayni saratonda bu manzara noxush taassurot qoldirar, ko‘p yillardan beri quyosh ko‘rmay kasal bo‘lib yotgan shol kampirning qo‘lidek quruq va ko‘rimsiz edi. Samandar ulardan nigohini darrov olib qochdi. Shoxlarning sinib, sarg‘ayib, mung‘ayib yotishini ortiq ko‘rgisi kelmadi. Negadir yuragi g‘ash bo‘ldi. Derazaga yaqin ikkita daraxt uzun marjon shaklida meva qilgan, mevasi hali g‘o‘r va daraxt tusiga nisbatan yashilroq va yaltiroq edi. Daraxtlarning ostida botayotgan quyoshning tangacha shu’lalari o‘ynoqlardi. Bog‘ning yarmi jo‘ka, dub va Samandar hali nomini ham bilmaydigan daraxtlardan iborat edi. U shaharda har qadamda uchraydigan bu daraxt turlarini bir-biridan zo‘rg‘a ajratardi. Jo‘ka daraxtini uzoq yili ozg‘ingina bog‘bondan bilib olgandi. Bog‘bon ham bog‘dagi daraxtlarning ko‘pchilligining nomini bilmasdi. U faqat sharqona daraxtlarnigina qiynalmay sanay olardi. Samandar esa yoshligidan tanish bo‘lib qolgan olcha, olma, shaftoli va yong‘oq laraxtlarinigina tanalariga qarab ajratib berardi. Biroq bog‘ga daraxtlar aralash-quralash ekib tashlangan va u bog‘dan ko‘ra allanechuk qarovsiz xiyobonga o‘xshab ketar, mevali daraxtlar deyarli yo‘q edi. Samandar derazaga yaqin, hali mevasi qizarar-qizarmas bog‘ ichidan o‘tayotgan maktab bolalari talab ketadigan olcha daraxtini va panjara to‘siqqa qavatma-qavat ekilgan, lekin hech qachon yolchitib meva qilmaydigan jiyda daraxtini yoqtirardi. Olcha daraxtining tanasi keksalarga xos g‘adir-budir, sershox, sermeva edi.
Jiyda esa bahor paytlari butun shaharni o‘zining hidi bilan to‘ydirardi. Samandar derazadan ko‘rinayotgan olcha daraxtining narigi betdagi osmonga tutashib ketgan yuqori qismidagi barglarining sarg‘aya boshlaganini ko‘rdi. Shohda barglar qator tizilgandi va Samandarga yaqin bo‘lgani uchun osmonni tilimlab turgan dastasiz xanjarga, barglari esa osmon sahnida ulkan moviy ko‘lga bir-birining tumshug‘idan bog‘lab, qator terib qo‘yilgan kichkina qayiqchalarga o‘xshardi. Bu hozir Samandarga boshi og‘rib turgani uchun yoqimli manzaradek bo‘lib tuyuldi. Hatto barglarning qayiqchalarga o‘xshashini kashf etganidan xursand bo‘lib ketdi. Barglarning xuddi dengiz to‘lqinida sollanib turgan qayiqlardek tebranib turganini va osmonning juda ham moviy, bog‘ning bo‘m-bo‘sh, daraxtlarning sukutda ekani bir zum juda noyob go‘zallikday bo‘lib tuyuldi. Hozir Samandarning qulog‘iga nariroqdagi katta yo‘ldan tramvay va trolleybuslarning taqa-tuqlab yoki guvillagancha o‘tib borayotgani ham, mashinalarning signali ham, bolalar bog‘chasidan kelayotgan shovqini ham kirmasdi: u hozir mana shu noyob go‘zallikni butun ongiga, shuuriga singdirmoqchidek, faqat bog‘ ichida daraxtlar va barglar shitirigagina butun e’tiborini jalb etgandi. Jo‘ka daraxtining quyosh tegib turgan qismi sarg‘ish tusda, boshqa qismlari qoramtir-pistoqi tusga kirganini anglab qoldi. Jo‘ka daraxtining serbarg novdalari orasida uning shoxlari deyarli ko‘zga tashlanmas, daraxt u turgan derazadan yarmi qora, yarmi sariqqa bo‘yalgan eski gumbazga o‘xshab ko‘rinardi. Samandar bir haftacha oldin K. maydonidagi xiyobonga borganini esladi. Xiyobonda hali hamma narsa yam-yashil, go‘yo bahor hali ketmagandek, gullar ochilgan, archalar xushbo‘y hid taratgan, maysalarda namchil taft bor edi. Xiyobon shu darajada go‘zal, rutubatli, har xil rangga belangan ajib bir manzaraga ega ediki, ayniqsa, quyosh botgan mahali bu manzara yana ham go‘zallashar, ko‘zlarini yashnatib, yurakni qitiqlardi. Biroq bahri-dilini ochib yuboradigan bunday go‘zallikda qandaydir yasamalik bor edi. Samandar bu go‘zallik o‘ziga yuqmaganini sezdi. Har xil shaklga solib ekilgan gulzor va maysalarning jozibasini o‘ziga singdirolmadi. U maysalar ichida yoki archalarning doimo soya tushganidan zax bo‘lib qolgan joylarida bironta ham begona, yovvoyi, o‘z xolicha o‘sib yotgan o‘tlarni ko‘rmadi. Hatto ko‘m-ko‘k bo‘lib oqayotgan xiyobon ichidagi kichkina jilg‘achaning atrofi ham juda e’tibor bilan tozalangan va tartibga keltirilgan edi. To‘rt burchak shaklidagi maydonda maysalar qulf urib yashnab yotardi. Maysazorda faqat maysa, gulzorda faqat gul o‘sgan, ulardan odamning yuziga rohatbaxsh salqin havo ufurar edi. O‘sha kuni Samandar xuddi hozirgiday qishlog‘ining chekkasidagi doimo suv sizib yotganidan naq changalzorga aylangan va yovvoyi gullarga burkangan to‘qayni eslagandi. To‘qayda maysalar tovon urar, har xil gullar aralash dastalari suvga qoniqib, butun bir to‘qayni hidi bilan mast qilib turgan, tarsillagan yovvoyi yalpizlarni, pechakgul va shamakgullarni, to‘qaydagi yulg‘un, zirak va xarsanglar soyasida oftob tegmaganidan sarg‘ish tusga kirgan qoqigullarni eslagandi. Negadir bolaligida unga qadrli bo‘lmagan to‘qaydagi o‘sha anvoyi gullar, endi hatto o‘simliklari, gullari ham tartib bilan o‘sadigan shaharda unga allanechuk ardoqli bo‘lib tuyulardi.
U balkim bir hafta oldin qishlog‘ining chetidagi to‘qayda o‘sadigan bo‘liq yalpizlarni eslagan va so‘ng unutgani uchun o‘sha kuni yuzaga chiqar-chiqmas, yana yashiringan – hali o‘zi ham nima deb atashni bilmagan botiniy tuyg‘ulari va xotiralar bugun kitob o‘qib yotganida o‘z-o‘zidan shuurini band etib, bir zum suvga yashiringan po‘kakdek xayoliga lip etib qalqib chiqqanu, unga yalpiz solingan sho‘rva hidini eslatgandir? Har qalay, Samandar yalpiz solingan sho‘rva hidini qo‘msardi. Shu sababli bo‘lsa kerak, uyning orqasidagi bolalar bog‘chasiga qarashli qarovsiz bog‘ uning ko‘ngliga yaqinroq edi. Yo‘q, u qariyb sakkiz yildan beri shu yerda yashayotgani uchun bu bog‘ qadrdon emasdi, balki, o‘sha, hatto odam tushuntirib bera olmaydigan, maysalar bilan gullar o‘rtasidagi hali butkul chegara o‘rnatilmagan, o‘simliklar o‘z erkicha o‘sib yotgan, ba’zi kunlari derazani ochib, ishlab o‘tirganida yalpiz hidi kelib qolgani uchun mana shu qarovsiz bog‘ Samandarning ko‘ngli va xotiralariga yaqin edi.
O‘shanda u birinchi sinfni tugatayotgandi. Yomg‘ir endigina yog‘ib o‘tgan, bog‘dagi maysalarning kaftlarida marjon-marjon tomchilar jilvalanar, otquloqlar bargida hovuch-hovuch tomchilarni kaftlariga olib, ko‘z-ko‘z qilib turganga o‘xshar edi. Otasi bilan hayotning otxona joylashgan qismiga borguncha kichkina etigi xuddi yap-yangiday yaltirab qolgan, bundan suyunib ketgan Samandar hayotdagi o‘tlarga etigini tobora ko‘proq ishqab yaltiragan, uzun choponining jiqqa ho‘l bo‘lguncha o‘tlar ichida mastona-mastona ag‘nagandi. O‘shanda otasi otxona devori ostidan bir quchoq yalpiz terib olgan va onasi kechqurun yalpiz barglarini solib sho‘rva qilgandi. Yalpizlarning dastasi bo‘liq va sersuv edi. Samandar o‘sha kungi sho‘rva ta’mini boshqa hech qayerda tuymadi va juda ko‘p qo‘msadi. Yalpizli sho‘rvaning qurut solinganidan biroz taxir ta’mi o‘sha kuni uning og‘zida bir umr o‘rnashib qoldi. Onasi keyinchalik ham yalpiz solingan sho‘rva qilib bergan, lekin hech qaysisi o‘sha kundagiday Samandarga xushta’m tuyulmagan va darrov esidan chiqib ketgandi.
Samandar oldinlari ham o‘z xotiralari bilan qarovsiz bog‘ o‘rtasida qandaydir uyg‘unlik borligini ko‘p marta his qilgandi. Lekin bu qanday uyg‘unlik vav qanday o‘xshashlik ekanligini o‘zi ham bilmasdi. Bog‘ning qarovsiz ekani-yu, o‘zining doimo ikkilanib, shahar hayotiga ko‘nikolmay yashayotgani o‘rtasida qanchalik mutanosiblik borligini va nima uchun bu tashlandiq bog‘ga bunchalik ko‘ngil qo‘ygani-yu, bog‘ nima uchun o‘ziga aziz va mo‘tabar tuyulishini bilmasdi. Lekin keyingi oylardan bog‘ uning birdan-bir hamdardi, uning so‘zsiz suhbatdoshiga aylandi. Ko‘ngli qachon yolg‘izlikni yoki qishloq xotiralarini qo‘msab qolganda, Samandar bog‘ga kirar va qarovsiz daraxtlarga qarab, bolalik paytlarini eslardi. Samandar daraxtlardan anqiydigan chirkin hidni tuyar ekan, novdalarga, shox-shabbalarga, xazon uyumlariga to‘lib yotgan, daraxtlari bo‘talab ketgan bu bog‘ unga har qanday so‘lim va bejirim xiyobonlardan go‘zalroq tuyulardi. Kuz yoki bahor paytlari shaharga adashib kirib qolgan dovullar, bog‘dagi keksa daraxtlarning shoxlarini, qasir-qusur sindirar ekan, Samandarning ko‘nglida ham nimalardir qasi-qisirlab ketardi. Shunday paytlari uyqusi uchib, tuni bilan bezovta bo‘lib chiqar va ertalab bekatga chiqa turib, dovulga dosh berolmagan shoxlarning mag‘lub botirning singan nayzasiday yerga osilib turganini ko‘rardi; shunday lahzalarda daraxtlarga azbaroyi rahmi kelganidan, bu yildan boshlab bog‘ga bog‘bon tayinlashlarini so‘rayman, deb ahd qilardi.
Jikkakkina bog‘bon esa uch yil oldin qazo qilgandi. Undan keyin bog‘ o‘z xarajatini qoplolmagani uchun tashlandiq bo‘lib qoldi. Lekin bahor kelishi bilan bog‘ yovvoyi gullarning va yam-yashil daraxtlarning nafis-muattar hidlariga to‘lib ketar ekan, Samandar hamisha o‘z ahdini unutib qo‘yar va bog‘ning go‘zalligiga maftun bo‘lib qolardi. Daraxtlar shu darajada zich, tarvaqaylab ketgan ediki, singan-chirigan novdalaru yam-yashil barglar, rango-rang gullar ichida daraxtning o‘zi ko‘rinmay qolardi. Ba’zan bu yerdan bir ikkita adashib chiqib qolgan yalpizni ham topish mumkin edi. Bog‘da yovvoyi gullar ko‘p edi. Samandar yalpizni ko‘rganida hamisha hayajonga tushar, yutoqib hidlar. Ko‘nglida jo‘sh urgan xotiralar cho‘g‘iga shu bilan suv sepmoqchi bo‘lardi. Biroq yalpizning hidi u kutganday dimog‘ini kuydirib yuboradigan darajada o‘tkir bo‘lmasdi. Aksincha, yalpizda ko‘proq zax hidi o‘rnashib qolgan edi. Shunda Samandar beixtiyor otasi otxona devori ostidan terib kelgan yalpizlarni va yalpiz solingan sho‘rva hidini eslardi va kechki paytlari bog‘da sayr qilishni yaxshi ko‘rardi. Shoxlar tarvaqaylab ketganidan bog‘ ichidagi yo‘lkalar ham yopilib qolgan, Samandar bog‘ni aylanib narigi tomonga o‘tardi. U tomondan bog‘ning ichiga kiradigan yo‘l ochiq edi. Bog‘ o‘z keksaligi va tashlandiq ekanligini odamlardan yashirish uchun atrofni shox-shabba bilan o‘rab tashlagandek edi. Bu yerda yo‘lak bo‘ylab, tig‘iz qilib po‘stlog‘idan hamisha rutubat anqib turadigan teraklar ekilgan, yo‘lak orqali bog‘ to‘riga kirish va bolut daraxti ostida o‘tirib bemalol xayol surish mumkin edi. Samandar o‘tirg‘ichda soatlab kitob o‘qir ekan, goh jiyda, goh dubdan taralayotgan sokin ko‘klam hidi yoki yovvoyi gullarning anvoyi hidini sezardi. Bunday paytlari chirkin shox-shabba va xazonlarning ham hidi xushbo‘y bo‘lib ketardi. Daraxt shoxlarida munchoqday-munchoqday yomg‘ir tomchilari barglarning qorachiqlari kabi o‘ynab, yaltirab turardi. Ba’zan tomchilar barglariga sirg‘alarday osilib olardi. Samandar bu yerda o‘zini erkin his qilar, har qanday xushtu-xayollariga erk bera olardi. Gohida unga bog‘dagi go‘zallikda ham qandaydir nuqson borday bo‘lib tuyulardi. Bu qanday nuqson ekanligini uning o‘zi ham bimasdi. Samandar qishloqdan shaharga kelgan paytlarini, u paytdagi tuyg‘ularining naqadar pokligini va hayotga zavq-shavq, hayrat bilan qaraganini armon bilan eslardi. U ishga borar, vaqtida qaytardi, mana yetti yildan beri xuddi shu ahvol edi. Ma’lum tartibga tushgan: vaqtida ishga borar, ish tugashi bilan qaytar, dam olish kunlari kitob o‘qir yoki biron do‘stinikiga borardi. Yetti yillik tarjimai holi mana shu bitta jumladan iborat edi. Keyingi yillarda o‘zidan norozi bo‘la boshlagandi. U o‘z hayotidan qoniqmas, umrining kun bilan tunning o‘zgarishiday bir xil ekanligi uni tobora hafsalasiz qilib qo‘ygan, tez-tez qishloq xotiralariga berilib ketardi. Xotiraga berilish bilan tezda gup etib yalpiz solingan sho‘rva hidi dimog‘iga urilar va beixtiyor hapqirib ketardi. Shunda birdan yuragida har xil tuyg‘ular g‘alayon qilib qolar, u yerda iznsiz dovullar boshlanar, to‘rt tomoni ham devor bo‘lgan katalakdek uyda yuragi siqilib ketar va sekin boqqa chiqardi; oq, harir gulbarglarning xuddi qush patiday uchib tushishlarini va so‘ng jajji qushlar kabi ohista yerga qo‘nishini ko‘rib, bu bir lahzalik go‘zallikdan ko‘ngli zavq-shavqqa to‘lib ketar, umrining behuda o‘tayotgani haqidagi o‘y-xayoldan asta-sekin forig‘lanib borardi. Balki, mana shu sabab bog‘ bilan Samandarni bir-biriga yaqin qilib qo‘ygandir?! Bog‘ ham Samandarning nazarida unga o‘rganib qolganday edi. Uch yildan beri u bilan suhbatlashar va Samandar o‘zi yengil tortgani sayin bog‘ ham tashlandiqligini unutayapti, menga dardlarini aytib berayapti deb o‘ylardi. Chunki u kirganda daraxtlar unga nelardir deb, shivirlay boshlardi va uning ko‘ngli ham ovozsiz shitir-shitirlarga, chah-chahlarga to‘lib ketardi. Shunday lahzalarda samandar bog‘ bilan o‘zining qalbi aynan bir narsa ekanligiga sira ham shubha qilmasdi.
Samandar otasining otxona devori tagidan yalpiz terib kelganini va o‘zining barra gul bedaga to choponi ho‘l bo‘lguncha ag‘naganini, maysa qulog‘idagi yomg‘ir tomchilari uning bo‘ynidan ichiga tushib, qitig‘i kelganini orziqib eslardi. Bedaga ag‘nagani xuddi lyapiz solingan sho‘rva hididay uning e’zozli xotiralaridan biri edi. U boshqa, hech qayerda, hech qachon o‘sha kungiday zavq bilan, shodligidan qiyqirib, o‘zini batamom baxtli va erkin his etmadi.Talabalik yillari toqqa chiqib, maysalarni ko‘rganda bolaligi tutib ketgan, maysalarga mastona-mastona ag‘nagandi, lekin bu ag‘nash unga bedaga ag‘naganchalik zavq bermagandi. Bog‘dagi maysalarning qulf urib yashnab yotganini ko‘rganda Samandarning yoshlik xumori tutib ketar, lekin u endi bola emas edi, atrofdagi baland-baland binolardan ayollar va erkaklar ermak uchun shunchaki bog‘ni tomosha qilib o‘tirishar va esnab qo‘yishardi.Mana endi bu manzaralar u odatdagiday dam olish kunlarining birida kitob o‘qib yotganida, bulut ichiga yashiringan quyosh kabi xayoliga balqib chiqqan va butun xotiralarini yoritib yuborgan hamda goh bolalikka, goh otasi yalpiz terib kelgan olis oqshomga, goh qarovsiz qolgan boqqa o‘xshab ketadigan ajib bir xotiraning torini chertib yuborgandi. Samandar bu torning ko‘nglida borligini ilgarilari ham sezgandi. Endi esa bu o‘ychan va xazin ohangga qo‘shilib, o‘zi ham sarkashlik va o‘yinqaroqlik bilan o‘tgan, lekin hozirgiga qaraganda mazmunliroq va baxtliroq bo‘lgan bolalik ko‘chalariga va o‘sha olis oqshomga mana bu tashlandiq bog‘ orqali o‘tib borardi. Bog‘ endi unga faqat xotiralar makoni emasdi, balki, umrining bir qismi ham edi, kim biladi, ehtimol umrning aynan o‘zi hamdir.

II. HAZONREZ

Kuz qanday kelganini Samandar deyarli sezmay ham qoldi. Mezon oyining boshlarida safarga ketdiyu, o‘n kunlardan so‘ng qaytib keldi. U qaytib kelgan kuni shaharga yomg‘ir yoqqandi. Yomg‘ir shu darajada yengil yog‘gandiki , ediki, go‘yo kimdir butun shahar ustiga ho‘l ro‘molchasini bir silkitib olganday edi. Shahardagi daraxtlar hali o‘z rangini yo‘qotmagandi. U kechqurun bog‘ aylangani chiqdi-yu, tong qoldi: bu yerda kuz allaqachon boshlangan, qurigan novdalar chirt-chirt uzilib tushardi. Endi bog‘ yozdagidan ham ko‘ra ayanchli tusda edi. Yomg‘ir tafti aralash yer hidi kelayotgan bo‘lsa-da, Samandar ko‘proq kuyindi hidini sezardi. Bu hid farrosh ayol bolalar bog‘chasi atrofini supurayotganda bog‘dan uchib borgan xazonlarni yoqib yuborgan joydan – keksa yong‘oq daraxti tagidan kelayotgandi. Samandarga bu hid noxush narsadan darakchi bo‘lib tuyuldi.Bir haftalardan so‘ng stolida uch dona nomozshom gulining so‘lib yotganini ko‘rdi-yu, nogahon kuz kelganini va bunga o‘zining ishongisi
kelmayotganini angladi. Gullarni uch kun oldin qizi bolalar bog‘chasidan – gulzordan uzib kelgandi, so‘ng otasiga maqtanib ko‘rsatgan edi: qizi gulni hadeb iskardi. Samandar hatto aqli yetmagan go‘dak ham go‘zallikka bunchalar shaydo bo‘lishini ko‘rib, hayajonlanib ketgandi. Qizining yuzi ham endigina ochilgan g‘unchaday yashnab turardi; qizi uning kitoblari bilan ovora bo‘lib, gulni stol ustida unutib qoldirgan, u keltirganda gullarning sarg‘ish gulbarglari hali so‘lim edi. Samandar uch kuncha oldin gullarni stolida ko‘rib, uxlab yotgan uchta go‘dakka o‘xshatgandi; endi esa, qovjirab qolganda ular bolalarga yana ham ko‘proq o‘xshar, faqat ularda hayotdan asar ham yo‘k edi. Gullar qurib, malla tusga kirgandi. Samandarning ularga ko‘ngli achishdi-yu, stoli ustidan olib tashlagisi kelmadi; gullarning bironta ham bargi to‘kilmagandi, ular o‘lim bilan mardonavor jang qilgandi. Bu yil kuz, uning nazarida, boshqacha keldi. Endi to‘kilayotgan xazonlarni u kuzning tiriklik va o‘lim haqidagi qasidasi deb emas, balki harir ko‘ylak kiygan, xayolidagi va bog‘dagi musiqaga mos raqs tushayotgan farishtalar deb o‘ylay boshladi.

Samandar kechqurunlari ishdan qaytar ekan, troleybus derazasidan barglarning qanday to‘kilayotganini ko‘rib, yuragi orziqar, ularning bunchalik tez to‘kilayotganidan hayratga tushardi. Avtobus va troleybus sharpasidan yo‘l bo‘yidagi daraxtlarning barglari duv to‘kilardi. Kechki quyosh shu’lasida Samandar barglarning qanday yaltirab ketganini va havoda uzoq pirpirab turganini ko‘rganda, bir paytlar qandaydir kinoda ko‘rgan dengiz chag‘alaylari esiga tushardi. Chag‘alaylar ham ko‘m-ko‘k dengiz ustida og‘irliklarini goh u- goh bu qanotiga solib uchar va tongi quyoshda ularning oppoq qanotlari jilvalanib ketardi. To‘kilayotgan barglar esa qandaydir ulkan idishdan uzluksiz to‘kilib turgan taftsiz mitti yulduzchalarga o‘xshardi va havoda uzoq pirpirab turib qolardi. Samandar shunda tanish yosh shoirning kuz haqidagi satrlarini eslardi va xayolan bu satrlarni takrorlar ekan, she’rdagi tashbehdan hamisha hayajonga tushardi.
Ba’zida derazadan saratonda o‘zi bir-biriga tumshuqlarini tirab, bog‘lab qo‘yilgan qayiqlarga o‘xshatgan shox endi ship-shiydam bo‘lib qolganini ko‘rib, qayiqlar dengiz bo‘ylab qayoqqadir suzib ketgan, ko‘rfaz bo‘shab, endi faqat feruza dengizgina qoldi deb o‘ylardi. Bu dengizda ham tez-tez bo‘ronlar bo‘lib turar, uni qop-qora dovullar qoplar, qiyqirganlarida to‘da-to‘da bulutlarni qaygadir quvib o‘tib qolar, jala payti esa bog‘dagi xazonlar rostdan ham qayiqchalar kabi qayoqqadir oqib jo‘nardi.
Samandar ko‘ngliga oqib kirayotgan shu taxlit kechinmalardan o‘zini mast bo‘lib qolgandek sezardi. U bu tuyg‘ular qalbiga oqib kirgan sayin mulohazaliroq, muloyim, dilgir bo‘lib borayotganini anglardi va hozirgi hayoti avvalgi hayotidan mazmunliroq tuyulardi. U avvallari yillab biron marta ham chin yurakdan g‘ussaga tushmaganini, hayratlanmaganini taajjub bilan eslardi. Vaholanki, o‘shanda ham shu bog‘ bor edi. Kuz o‘shanda ham xuddi shunday sirli tuyulardi. Sababini o‘ylardi-yu, tagiga yeta olmasdi, lekin mening bunchalik xazonrishta bo‘lib qolishimga o‘sha saratondagi yalpiz solingan sho‘rva hidini eslaganim sababchi bo‘ldi, bo‘lmasa, men bu olamda g‘aflatda o‘tib ketardim. Bu go‘zalliklarni sezmay qolardim, deb o‘ylay boshlardi. Ba’zida esa kuz ham, bog‘dagi sukunat ham, xazonlarning raqsga tushayotgani ham, ko‘nglidagi kechinmalar ham va o‘zi his etayotgan botiniy go‘zallik ham – hammasi ko‘nglidagi o‘sha tuganmas qo‘shiqning davomiday bo‘lib tuyular va o‘sha qo‘shiq ko‘nglini endi tobora zabt etib olayotganini sezib qolardi. U kuzning asta-sekin uyiga ham bostirib kirayotganini daf’atan sezib qoldi. Bir oycha oldin xazon bog‘ning o‘zida uyilib yotganini ko‘rgandi. Bir necha kundan so‘ng esa xazon uy bilan bog‘ni ajratib turgan panjaradan o‘tib, yo‘lkaga ham sirg‘alib o‘tganini ko‘rdi. Bir haftadan so‘ng esa kechasi dovul bo‘ldi. Ertalab u ishga otlanayotganida dahlizda ikkita xazon yotganini ko‘rib qoldi va shunda kuz hatto uyga ham bostirib kirganidan xursand bo‘lib ketdi. Xotini esa uning kechasi derazani ochiq qoldirganidan norozi bo‘lib, xazonlarni supurib oldi-da, axlat chelakka tashlab yubordi, so‘ng xuddi yuqumli kasallikning joyini tozalayotgandek dahlizni yaxshilab artdi. Samandar shunda bu xazonlar bog‘dan mening uyimga madad izlab uchib kelgan degan o‘yga bordi. Lekin bu o‘yini xotiniga aytib masxara bo‘lishdan qo‘rqdi.
Samandar bir kechasi deraza qattiq taqillashidan uyg‘onib ketdi. U yotgan joyidan shoshib turdi-yu, garangsib derazani va yupqa yog‘och to‘siqni ochdi, yuziga yomg‘ir hidi, so‘ng tomchilar urildi. U zim-ziyo tunda derazani qoqqan kishini qidirib alangladi, lekin hech kim yo‘q edi. Shunda u deraza mening xayolimda taqillagan deb o‘ylab, xotirjam tortdi. Biroq ertasiga yana kimdir derazani shoshib qoqdi. Samandar derazani ochib hech kimni ko‘rmadi. Yana yomg‘ir aralash xazon hidini sezdi va endi o‘zidan xavfsiray boshladi. Faqat uchinchi kungina «bezori»ni tutishga muvaffaq bo‘ldik bu – derazasi yonida o‘sgan keksa o‘rikning shoxchasi edi. Shamol turganda shoxcha silkinib derazani taqillatardi. Samandar shoxchani ushlab ko‘rib, uning g‘adir-budir, sovuq ekanini sezdi: shoxchada hayot asari sezilmasdi. Azbaroyi shoxchaga rahmi kelganidan uning bandini bir-ikki siladi-yu, shoxchaga teginmadi. Uning nazarida kuz o‘zini bezovta qilishga haqqi borday edi. Shoxcha o‘zini eslaganidan xursand ham bo‘ldi. Bir kuni ishdan qaytganida shoxchaning uzib olinganini, qora chirik po‘stlog‘i qo‘li kesib olingan yengday osilib turganini ko‘rdi-yu, bu xotinining ishi ekanini bildi. Ertalab xotini bir haftadan beri deraza taqillashidan uxlay olmay chiqayotganidan nolingan edi. Samandar shunda xotini bilan o‘zi orasida katta jar paydo bo‘layotganini angladi: bu jar tobora kattalashib borardi, nazarida xotini hech qachon o‘zini tushunmaganday tuyulib ketdi. “Go‘zallikni bo‘g‘ib qo‘yish ham, go‘zallikka nisbatan kuch ishlatish ham yer yuzidan hayot ildizlarini sug‘urib tashlash bilan barobardir”, – deya o‘yladi Samandar qandaydir kitobdan o‘qigan so‘zlarini xotirlab. Samandar shu kunlarda butun vujudiga qaydandir kelayotgan xazin ohanglar singib borayotganini sezardi, bu ohanglar qarovsiz bog‘dan taralayotganday edi.
Samandar vujudida qandaydir tarang tortilgan torlar boru, torlar bog‘dan kelayotgan ohanglarga aks-sado berayotganday tuyulardi. Ba’zan torlar go‘yo tanbur torlariday g‘o‘ng‘illab ketardi. Ba’zida esa yomg‘irning bog‘ni hafsala bilan cho‘miltirayotganini derazadan tomosha qilib turar ekan, yomg‘ir o‘zining ko‘nglidagi g‘uborlarni ham yuvib ketayotganini his etardi.
Oktyabrning ikkinchi haftasida kun birdan isib ketdi. Yerdan, ayniqsa. bog‘dan bug‘ va hovur ko‘tarildi. Hovurdan chirik xazon hidi anqirdi. Hatto odamlar ko‘ylakchan yura boshlashdi. Bu mavridsiz haroratga aldangan bog‘ning chekkasidagi maysalar yana qaytadan yam-yashil bo‘lib bosh ko‘tardi. Samandar ishdan ertaroq qaytarkan, quyosh hali botmagan, maydalab yomg‘ir yog‘ardi. Butun shahar rutubat qo‘ynida edi. Samandar ishxona yonidagi xiyobon oralab keta boshladi. Xiyobon o‘rtasidagi favvora atrofida odamlar gavjum edi. Yomg‘ir tomchilari boshqa kundagiga nisbatan bugun negadir odamlarning zavqini qo‘zg‘atib yuborgandi.
Tomchilar yuzlardan oqib, yoqalarining ichiga kirib ketayotgan bo‘lsa ham negadir hech kim junjikmasdi. Yomg‘ir tomchilari iliq va rohatbaxsh edi. Samandar favvora yonida tomchilarga kaftini tutib turgan yashil yomg‘irpo‘shli yetti-sakkiz yashar bolaning boshida tojday porlab turgan kamalak yoyini ko‘rib, hayratlanib bir zum yo‘lak o‘rtasida to‘xtab qoldi. Kamalak bolaning boshida tojday yaraqlar va tomchilar fonida tovus patiday jimirlab ketar edi. Boshida toj borligini bolaning o‘zi ham bilganday, yuzida, ko‘zlarida g‘urur va hayrat jilvalanardi. Qo‘li bilan yomg‘ir tomchilarini quchoqlab olmoqchiday shaxti bor edi uning. Saldan keyin bola katak-katak soyabon ko‘targan onasi bilan zinadan ko‘tarilib ketayotganda kamalak yoyi bolaning beliga osilib qoldi. Bu go‘zal manzara edi. Bola ham yomg‘ir tomchilariga yuzini tutish uchun bir zum to‘xtaganda kamalak bolaning yomg‘irpo‘shi bilan uyg‘unlashib, yaxlit bir surat yasadi. Endi kamalak bolaning belida qilichday osilib turardi. Bola esa onasining tortqilashlariga qaramay hamon yuzini osmonga tutib turar, belida esa rangin shamshir o‘ynoqlar, bola harakatiga mos qilich bir yo‘qolib, bir paydo bo‘lardi. Samandar toki bola zinadan g‘oyib bo‘lguncha unga mahliyo bo‘lib qarab turdi. U ko‘pdan beri bunday manzarani ko‘rmagandi. Ko‘rgan bo‘lsa ham parvo qilmagandi; olti oycha oldin tabiat in’omi bo‘lmish har bir manzarada insonni poklaydigan qandaydir sinoat bor deyishsa, u o‘sha kishining ustidan mazax qilib kulgan bo‘lardi; hozir esa tashlandiq boqqa qarab, o‘zini kashf etar ekan, g‘aflatda bunchalik uzoq qolib ketganiga hayron bo‘lardi. Kamalak endi zinaning o‘zida qolgan va yengil hilpirab turardi. Samandar xiyobondagi favvoralarda paydo bo‘lgan yana bir necha kamalakka ko‘zi tushdi. Favvoralar yuqoriga otilar ekan, yomg‘ir tomchilariga urilar, yomg‘ir tomchilari esa o‘zidan rang-barang kamalaklarni taratardi. Quyosh qiya botayotganidan Samandar turgan joydan favvora ustida lovullab atirgullar ochilganday bo‘lib ko‘rindi. Faqat bu atirgullarning gulbarglari turli rangda edi. Favvora atirguli yomg‘ir tomchilarini yengib, bir yuqoriga ko‘tarilar, shunda atirgulning yashil gulbarglari ko‘payar, bir pasga sollanib egilar va qizil gulbarglari lovullab ketardi. Samandar bir necha soniya qotib turdi va yuragi hapqirib ketdi, nazarida favvora ustiga osmondan quchoq-quchoq atirgullar yog‘ilayotganday bo‘ldi. Xiyobondagi maysalar yashil ko‘ylak kiygan bolalarday zavq bilan yuzlarini chayishardi.
Samandar bekat tomon borar ekan, yana ikki marta burilib favvoraga qaradi. Endi u yerda kamalak jilvalanmasdi.
Samandar keyingi kunlarda ham shu manzaralar ta’sirida yurdi. U bahorda yoki saratonda emas, ayni butun borliq xazon bo‘lishga, chirishga, so‘lishga yuz tutgan faslda o‘z qalbidagi favvora ustiga tushayotgan gullarni ko‘rganidan xursand edi.

III. BAHOR GULLARI

«Buyuklik va go‘zallik hamisha yonma-yon tursa kerak», deb o‘ylay boshladi Samandar shaharda o‘riklar gullab, yo‘laklarni oq-qizg‘ish gulbarglar qoplab olgan va ko‘nglida o‘zidan ko‘ra ulug‘roq bir shijoat uyg‘onayotganini anglagan, har bir go‘zallik butun tarovati va fusunkorligi bilan ko‘ngliga oqib kirayotganini his etgan paytlar Bog‘ bahor kelishi bilan birdan o‘zgacha yashillanib jo‘nagandi. Samandar hatto o‘tgan yili qurib yotgan daraxtlarning qovjiragan shoxlarida kurtaklar o‘sib chiqayotganini ko‘rgandi. Garchi chirkin hidi hamon taralib turgan bo‘lsa ham, endi bog‘dan ko‘proq ko‘kat hidi kelardi; bir yovvoyi g‘urur bilan ochilib yashnagan anvoyi gullar ham bog‘ga o‘zgacha fusunkorlik bag‘ishlangandi. Gullarni, ayniqsa, yalpizni ko‘rganda Samandar zavqlanib ketardi. Yalpizlar ham bu yil har yilgidan ko‘proq edi. Bolalar bog‘chasidan oqib kelib, bog‘ning etagini aylanib o‘tadigan ariqcha atrofida bir qulochcha joyda yalpizlar gurillab o‘sib chiqqandi. Bu joy keksa jo‘ka daraxtining orqasida, ko‘zdan pana joyda bo‘lgani uchun yalpizni bu yil hech kim yulib tashlamagandi. Samandar bog‘dagi go‘zallikdan ruhi tiniqlashib borayotganini sezardi. U ko‘nglida uyg‘onayotgan tuyg‘ularning buloqlarini bog‘dan topganday edi. Endi u har kuni bog‘ga chiqar va yarim soatcha bog‘ni aylanar, ko‘nglida birdan hech kimga aytib bo‘lmaydigan kechinmalar paydo bo‘layotganini his etardi; bu kechinmalar shunchalik nafis ediki, Samandar bu nafislikni bexosdan yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqqanidan ohista qadamlar bilan yurar: ko‘ksida juda nozik gullardan terilgan guldastani ko‘tarib yurganga o‘xshardi.
Samandar o‘z xayolidan va bog‘dan taralayotgan olam bilan uyg‘unlashib borar, uyg‘unlashgan sayin qalbida ko‘proq tashnalikni his etardi. Samandar bir necha oydan beri zarif tuyg‘ular bilan yashardi, u bu tuyg‘ularni qayta yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqar va shuning uchun har lahza qarshisidagi qarovsiz bog‘ning bitta go‘zal tomonini kashf etar va tobora u bilan uyg‘unlashib borardi.
Bir kuni ishdan qaytib, xotiniga xonasini bog‘ga qaragan derazasi oldiga joy qildirdi: stolni taxtlab bo‘lgach, oromkursiga cho‘kkancha, bog‘ni tomosha qila boshladi.
Xotini choy olib keldi; izidan o‘zi ham kursi keltirdi-da, erining yonida o‘tirdi. To‘siq-panjara bilan qator qilib ekilgan, lekin qarovsizligidan shoxlari panjaralardan oshib tushgan gullar ulardan atigi bir necha qadam narida yashnab yotardi.
– Gullar negadir bu yil boshqacha ochildi, – dedi xotini unga qaramay. – Negadir bu yil ko‘ngilga juda yaqindek tuyulayapti.
– Har yili ham shunday ochilardi, – dedi Samandar, – faqat biz e’tibor bermasdik.
– Bilmadim. Har qalay, bu yil juda boshqacha, – dedi xotini, – qarab tursang, har bir gul panjaralardan boshini uzatib qarayotgan qizaloqlarga o‘xshab ketadi.
– To‘g‘ri, ular bilan bolalar o‘rtasida qandaydir o‘xshashlik bor, – Samandar xotinining topqirligidan zavqlanib ketib, unga kulib qarab qo‘ydi. Xotini uning gapini deyarli eshitmadi ham. U o‘zining taassurotlarini birdan gapirib qolishga oshiqardi, chog‘i.
– Qarab tursangiz, gullar ham bir-biri bilan juda berilib gaplashayotganga o‘xshaydi; – dedi yana xotini, – qulog‘ingga qiqir-qiqir kulganlari eshitilgandek bo‘ladi, agar biron gul tebranib qolsa, hammasi birga qo‘shilib tebranishadi.
– Gullar ham xuddi biz kabi yashaydi. To‘g‘ri, bizga qaraganda qisqaroq,
lekin yashaydi. Oldinlari gulni ma’shuqa qizga o‘xshatishgan. Qarang, qanday go‘zal.
Samandar aruzdagi ikki baytni barmoq ohangiga solib o‘qidi.
– Bu kimdan? Bizda odamni gulga o‘xshatmaydi, shekilli, – dedi xotini, – men odamni gulga o‘xshatishni qandaydir yapon yozuvchisidan o‘qiganman.
-Boburdan. Men ham ilgari shunday o‘ylardim, – dedi Samandar va xotini bir paytlari o‘zi bilan adabiyotlarga munosabat masalasida hech kelisha olmaganini esladi. – Lekin to‘qqiz oy oldin Navoiyni o‘qiy boshlagach, bu fikrimdan qaytdim.
– Odam gulni ko‘rganda ko‘nglida nimadir tug‘iladi-yu, so‘ng darrov yo‘qoladi, aftidan, u yo‘qolmasa kerak, bizning o‘zimiz unutsak kerak, – dedi xotini yana gulzorga qarab.
Samandar xotiniga hayratlanib qaradi.
– Ba’zida gulni ko‘rganda ko‘ngling shunday yashnab ketadiki, birdan yasharib qolganday his etasan o‘zingni. Shunda o‘zing-o‘zingga xunuk ko‘rinib ketasan, birdan boshqacha yashaging kelib qoladi.
Samandar xotiniga battar hayratlanib boqdi. Chunki xotini uning ko‘nglida kechayotgan, u bir necha oydan beri tushunib yetolmagan narsalarni juda sodda qilib tushuntirib bergan edi. Birdan xotini bilan o‘zi o‘rtasida jar qurgan o‘sha kuz oqshomini esladi. Balkim, o‘sha jar ularni ayricha qilib yaqinlashtirgandir? Jar ko‘p narsalarga to‘siq bo‘lgan-u, lekin ularning aynan bir narsani his etishlariga, aynan bir narsa haqida bir xil fikrga kelishlariga yo‘l ochib bergandir? Har qalay, Samandar hozir hijolat tortdi.
– Rostdan ham, oq atirgul go‘zal bir qizga o‘xshaydi, – dedi u o‘zining qizarib ketganini xotinidan yashirish uchun. – qarang, ana u gulbarglari – qat-qat sochlari, qizg‘ishroq yallig‘i bor gulbarg esa yuzi… Soch yuzni ohista hovuchlab turibdi… go‘zal bir hikoya chiqarkan… Nima dedingiz? So‘zga usta bo‘lsam, o‘zim yozardim.
Xotini unga yayrab tikildi. Samandarning hayajoni unga ham ko‘chgandi, yuzi qizil tuman changlanib ketgandayin, kuchsizgina qizardi.
Qizi eshikdan yugurib kirib, o‘zini onasining quchog‘iga tashladi.
– Oyijon, men olamushuk kuydim, – dedi u tilini yasab, erkalanar ekan. Onasi uning boshini siladi. Lekin gulzordan ko‘z uzmay:
– Gullarning nomini juda topib qo‘yishadi-da, – dedi, – tugmachagul, gulibeor, qirqog‘ayni, oqqaldirg‘och… rostdan ham, qaldirg‘ochga o‘xshaydi. Qizligimda menga nuqul oqqaldirg‘och sovg‘a qilishsa, deb orzu qilardim.
-Men esa atirgul sovg‘a qilganman, – eslatdi Samandar, xotinini ilk bor oppoq ko‘k gulli ko‘ylakda uchratgani ko‘z oldiga keldi. «Rostdan ham o‘sha payt oq qaldirg‘och ga o‘xshardi», o‘yladi u daf’atan.
– To‘g‘ri, – dedi xotini, unga bir ko‘z tashladi-yu, uyalib olib qochdi. – Karamga o‘xshagan ulkan atirgul edi. Lekin hidi haligacha dimog‘imdan ketmaydi, o‘sha gulni eslasam, negadir anovi atirgullar ko‘rimsiz bo‘lib qoladi. Balkim bu yoshlik xotirasi bo‘lgani uchundir?
-Anovi gullar quyoshchalarga o‘xshaydi, – dedi qizchasi, deraza raxiga osilgancha, qo‘li bilan panjara ag‘nab yotgan joydan ko‘rinayotgan gullarni ko‘rsatib. U otasi bilan onasi nima haqida gaplashayotganini darhol anglab olgan edi va uning charos ko‘zlari ham hayrat, ham go‘daklik aralash porlab turardi.
Samandar qizi ko‘rsatgan tomonga qarab, sariq moychechaklarni ko‘rdi.
Moychechaklar mitti quyoshchalar kabi yashnab turardi va hozir Samandarning ko‘ziga bu mitti quyoshchalardan taralayotgan nurlar butun bog‘ni charog‘on nurlarga to‘ldirib yuborganday bo‘ldi.
U qizning gapidan entikib ketib, uni qattiq quchib oldi. O‘zining hayajondan yoshlangan ko‘zlarini xotinidan yashirish uchun ko‘zlarini ohista yumdi. Birdan ko‘z oldini yaltirab turgan o‘rgimchak uyasidek to‘r qoplab oldi; to‘rning har bir katagidan yashil shu’lalar taralardi. U qobog‘ini ozgina harakatga keltirishi bilan yashil shu’la alvonlashar va butun ko‘z oldi qip-qizil rangga to‘lib ketardi. Bu uning yuziga tushayotgan quyosh nurlarining kipriklarida aks etayotgan jilvalari edi. Xotini unga xuddi bir endi ko‘rayotgandek qarab turar, quyosh nurlari erining yuzini oppoq atirgulday yashnatib yuborganidan daf’atan hayratga tushgandi. Samandar ko‘zlarini ochganda xotini o‘ziga tikilib turganini ko‘rdi. Ko‘nglini xotinining ko‘zlaridan taralayotgan hayrat va farog‘at egalladi. O‘zi ham xotiniga hayrat bilan boqdi. U hech qachon xotinining ko‘nglini o‘ziga shu daqiqadagidek hamohang va yaqin his etmagan edi.
U deraza oldida yuzini so‘nayotgan oftobga tutgancha o‘tirardi. Xotini bilan qizi oshxonaga o‘tishdi. U yerdan qizining qandaydir qo‘shiqni xirgoyi qilayotgani eshitildi. U kursiga yaxshilab joylashib oldi.
Xavoda ko‘kat hidi aralash gul hidi bor edi.
Quyosh ufq ortiga yashirindi. Ufq alvon rangga belandi: hozir feruza osmon fonida bu rang juda tiniq va ravshan edi. Feruza rangdan ham alvon rangdan ham musaffolik taralardi.
U ufqqa qarab o‘tirgan kuyi beixtiyor bir yil muqaddam kursdoshlari bilan bir do‘stining qabriga borganlarini esladi. Marhum tengdoshlari ichidagi eng yuvosh va kelishgan yigit edi. U mashinasida to‘satdan fojiali halok bo‘lgandi. Saboqdoshlari bilan yetib borganda marhumni endi chiqarishayotgan ekan. Marhumning barvasta gavdali otasining yig‘isi Samandarning yurak-bag‘rini ezib yuborsa ham negadir Samandar yig‘lay olmagandi. Bu xabar butun tengdoshlarini to‘satdan esankiratib qo‘ygandi. Ulardan hech kim yig‘lamadi. Hamma boshini egib turavergandi. Bu boshqalarga shumshuk qo‘rinayotgan bo‘lsa-da, yig‘lashayotganlardan kam qayg‘urishmagandi.
Samandar marhumni ko‘mishayotganda oppoq matoning ichidan uning yuzini ko‘rgandek bo‘lgandi: yuzi ham oppoq edi. Keyin ko‘mib bo‘lishgach, kimdir qabr boshiga bir tuvak sariq atirgul qo‘ydi. Samandar o‘sha kuni gulga unchalik e’tibor bermagan edi. Biroq ertasiga yana saboqdoshlari bilan qabrga borishganda, kechagi gullarning ichida faqat bittasigina bir kechada qovjirab qolganini ko‘rdi. Boshqa gullarning gulbarglarida ham so‘limlik aks etsa-da, ulardan hali hayot nafasi ufurib turardi. qurib qolgan gulning gulbarglari ham to‘kilib, qabr atrofiga sochilib ketgan edi. U o‘sha kuni gul bilan odam bir-biriga juda o‘xshash ekanligini his etgandi. Bir kun oldin qo‘yib ketgan gullardan biri qabr boshida bir kechada to‘kilib bo‘lgani uning xayolidan hech ketmadi. U marhumni eslagan sayin ko‘z o‘ngiga uning oppoq, kelishgan yuzi kelar va o‘limiga ishongisi kelmadi. Lekin u marhumni eslashi bilan hayot va o‘lim orasi bir qadam ekanligini his qilar, o‘zini ham qovjirab borayotganday sezar va vahimaga tushardi. So‘ng u bu tuyg‘uga ko‘nikib qoldi. Qachon gul bilan qabrni yonma-yon ko‘rsa, hayot bilan o‘lim orasi bir qadam ekanligi esiga tushar, gul va qabr, marhumning yuzi hech xayolidan ketmay qolardi. Uning xayolidan asta-sekin gul, qabr va marhumning oppoq yuzi uyg‘unlashib ketdi: nazarida avval marhum gulday qovjirab to‘kilgan, izidan esa gul to‘kilgandi. Qabr bilan gul orasiga atirgulning sariq gulbarglari to‘kilib tushardi. O‘sha paytda u sariq atirgul bilan qabr o‘rasidagi bu qadar mutanosiblikdan hayratga tushgandi.
Bu manzaralar mana endi u xuddi ufqqa tikilib turganday, xotiralari derazasidan unga tikilib turardi.
Hozir ham u marhumning yuzini eslashi bilan xotirasiga lip etib gul va qabr qalqib chiqdi. Shunda u o‘limning bir qadam narida turganini his etdi-yu, umrning bunchalik qisqa ekanligidan birdan vujudini titroq bosdi. «Bu ikkalasining orasi bunchalik yaqin, – deb o‘yladi u, – odam bir marta to‘yib nafas olishga ham ulgurmaydi». So‘ng ufqqa qarab xotirasidagi va ko‘nglidagi vahimani quvmoqchi bo‘ldi. Biroq lovullab yonayotgan ufqda ham sariq atirgul va qabr paydo bo‘ldi. Sariq atirgulning gulbarglari ohista to‘kilar, lovullab yonayotgan ufqdan qip-qizil cho‘g‘ga aylanib yerga uchib tushardi. U xayolidan gul va qabrni haydash uchun ko‘zlarini yumdi; biroq gul va qabr ko‘z oldidan ketmadi; aksincha, ufqdagi qip-qizil olov birdan asov shamol girdobiga tushgan qip-qizil lolalarga aylandi; lolalar u yoqdan bu yoqqa tebranar ekan, bir zum qoq o‘rtada turgan sariq atirgul va qabrni yutib yuborar, yana gul va qabr qalqib chiqaverardi. Samandar bundan larzaga keldi: bu manzara xayolida endi uzluksiz advom etishini angladi va ko‘zlarini yana qattiqroq yumib oldi; shu daqiqada bu manzarada qandaydir huzurbaxsh go‘zallik taralayotganini, ko‘ngli birdan hamma narsadan xoli va ayni daqiqada hamma narsaga aloqador, o‘zi, vujudi bilan ko‘z oldidagi manzaraning bir bo‘lagi ekanligini, buni his etish qalbida tarahhum va zarif tuyg‘ular uyg‘otayotganini his etdi.
«Har bir inson qalbida olam bilan uyg‘unlashishga tashnalik bor, – deya o‘yladi Samandar, – bu tashnalik xunuklik va turmushning kundalik tumanlari ichida garchi yo‘qolib ketganday tuyulsa-da, u bor, uning borligini bilish uchun inson o‘z qalbini izlab ko‘rishi kerak; inson umrining mazmuni aslida ana shu tashnalikdadir…».
Osmon binafsha rangga kirgan edi; bog‘ ustida sariq atirgulning bir dona gulbargiday oy qalqib turardi.
Samandar bularning hammasida teran bir umumiylikni angladi; u hamon qarovsiz bog‘ni – ko‘nglini tinmay kuzatardi.
U keyingi kunlarda o‘zini ham gul deb o‘ylay boshladi; buni avval u bog‘dagi panjara orqasidagi qarovsizlikdan shoxlab ketgan atirgulning hidi dimog‘iga urilganda, ko‘nglida ham qandaydir bir narsa yashnab ochilib ketganini sezgan paytda his etgandi; keyin bu o‘xshatish uning miyasida charx urib aylana boshladi va Samandar o‘zining ham gul ekanligiga endi shubha qilmay qo‘ydi. O‘zini gul deb o‘ylash endi unga bachkana ham, beo‘xshov ham tuyulmasdi. Aksincha, bu o‘xshatish juda tabiiyday edi. Hatto u o‘zining qalbida qandaydir gul porillab ochilganini, butun tanasiga quchoq-quchoq hid taratayotganini sezganday bo‘lardi. Bu gul uning nazarida lolaga o‘xshardi.
Lolaning gulbarglari hovuchida bir tomchi shudring o‘ynoqlardi; shudringdan tongning musaffo havosi taralar va Samandarning vujudi bu go‘zallik qarshisida madorsiz bo‘lib qolar, tanasi huzur qilar, gul esa tobora yashnab borar, ko‘ksida pora-pora chayqalar, butun vujudi shu gulning nozik gulbarglaridek, ohista titrab ketardi.
Boshqa bir kuni u panjara ortidagi atirgulni uzib oldi-da, xonasiga jo‘nadi. Qizi hali bog‘chadan qaytmagan edi. Xotini uning qo‘lidagi gulni ko‘rdi-yu, tuvak keltirib berdi.
– Umidaning xonasiga qo‘ya qoling, – dedi u ko‘zlari yashnab gulni hidlar ekan.
Samandar bosh chayqadi; o‘zi ham gulni shuning uchun keltirgandi. Gulni qizining xonasiga tuvakka qo‘ydi-da, qizining karovatiga o‘tirib, uni tomosha qila boshladi.
Qizining gulni ko‘rib, qanchalik quvonishini o‘ylab, ko‘ngli yashnab ketdi.
U jilmayib qo‘ydi.
Yuragining quyuq tumanlari orasidan – qarovsiz bog‘dan bu ko‘rimsiz gulni topib olganidan xursand edi.
Gul yolqinlanib, xonani bezab yuborganday tuyuldi.
«Qizimga bu gulni so‘litma, deyman – deya o‘yladi u, – va gulni qanday parvarish qilish kerakligini o‘rgataman”.
Samandar gulga qarab egilib olgan, xotini esa eshikdan go‘yo xonadagi ikkita gulni tomosha qilayotganday gulga va eriga hayrat aralash tikilib  turardi.