Nazar Eshonqul. Xaroba shahar surati (hikoya)

Bu surat xonamda qachon paydo bo‘ldi, qaydan kelib qoldi, to‘g‘risi,hozir aniq eslayolmayman, lekin men bu suratni ko‘chadan, xiyobon burchagiga o‘tirib olib, o‘tgan-ketgandan sadaqa so‘rayotgandek o‘zining chizganlarini arzon garovga sotib o‘tiradigan arvohday ozg‘in va sersoqol qandaydir qashshoq rassomdan sotib olgan bo‘lsam kerak deb o‘zimni ovuntiraman; unga aynan qashshoq, sersoqol, to‘g‘risi, buni ham bilmayman, balkim qachonlardir soqol qo‘yishni orzu qilganim uchundir! Surat qo‘pol va dag‘al did bilan chizilgan, bo‘yoqlar pala-partish chaplab tashlangandi: go‘yo rassom suratlarni o‘zining kiyimidan andoza olib chizganday ularga ham uning ko‘rinishi kabi umidsizlik va tushkunlik ranglari o‘tirib qolgan edi.
Suratda hali me’yoriga yetmagan xira bo‘yoqlar fonida vayronaga aylangan shahar burdalangan jasaddek bo‘rttirib tasvirlangandi. Suratdagi birdan-bir menga yoqadigan manzara ham aslida mana shu xaroba edi: bu shaharni kim vayronaga aylantirgan, kim uni yoqib kul qilgan, men buni ham bilmasdim, ehtimol, rassomning o‘zi ham bilmagandir. U bozorbp va odamlarning e’tiborini tortish uchun shunchaki xayoliga kelgan xarobani chizib tashlagan, ta’sir hamda vahm bag‘ishlash uchun manzaraga qo‘ng‘ir va sariq bo‘yoqlarni rosa chaplagandir. Shaharning ko‘chalari rostdan ham shunchalik tahlikali tasvirlangandiki, suratga qarab turib, hozir men turgan xonaga xam shaharni vayron etgan bosqinchilar bostirib kelsa-chi, degan xavotirga tushib qolardingiz: Suratga qaragan sayin sizni boshingizga tushib kelayotgan qilichdek bir vahima chulg‘ar, xuddi qish bo‘yi och qolgan sayoq itlar kabi pala-partish manzaralarni ko‘tarib turgan qo‘ng‘ir bo‘yoqlar to‘satdan yuzingizdan qopib olardi. Dud burkagan ko‘chalarni vayrona binolar bosib qolgan, u yer, bu yerda ali o‘chmagan alanganing tutuni osmonu falakka o‘rlardi. Ko‘ngilni g‘ash qiladigan bu tahlika va tanazzul bilan birga yurakni orziqtiradigan, qaragan sayin yana qaraveradigan qandaydir mavhum mahliyolik sizning qalbingizning eshigini tinmay qoqib turardi. Men xona bo‘ylab kezarkanman, ba’zan mana shu xaroba shahar ko‘chalarida kezib yurganday his etardim o‘zimni. Rostdan ham o‘sha paytdagi ahvolu ruhiyam bilan bu xaroba shahar o‘rtasida qanday o‘xshashlik borligini hi etardim, faqat bu qandaydir o‘xshashlik ekanligini to‘g‘risi, bilmasdim. Men suratdagi vayrona shaharga o‘zimcha Tursoriya deb nom qo‘yib olgandim; nega aynan Tursoriya, buni ham hozir izohlashim qiyin, ehtimol, bu nomda hech qanday ma’no yo‘qtir va bu nom xotirjamning qaysidir burchagida tun qo‘ynida lip etib yongan alanga kabi o‘z-o‘zidan tug‘ilgandir.
Tursoriyani qay maqsadda xarobaga aylantirishgan, nega unda tiriklikdan darak beruvchi biron giyoh ham qoldirishmagan, buni ham bilmasdim. Men faqat shaharning aynan Tursoriya deb atalishini juda ham istardim. Qachonlardir go‘zal va ulug‘vor bo‘lgan bu shahar ataylab xarobaga aylantirilgan degan shubha boyo‘g‘lisi damo-dam mening yuragimga kelib qo‘nardi. Asta-sekin bu shahar meni butkul lol qilib oldi. Men endi ertayu kech faqat shahar haqida o‘ylardim va tushlarimga kirib chiqardi bu shahar.
Suratga qarab turib doimo dud va dan hidini tuyardim: balkim, menga shunday tuyulgandir, ammo bu oddiy tutunning hidi emasdi, men bunday achimsiq hidni ko‘p yillar avval qishlog‘imizga yovvoyi ayiq quvlab yurib kelib qolgan bir guruh ovchilarning qurum bosgan miltig‘ida his etgan edim va suratdagi hid haqiqatan ham xozirgina ortlagan uyqum hidiga o‘xshardi: ehtimol bu hid mening dimog‘imda shahar aql bovar qilmas xiyonat va sotqinlikdan so‘ng vayron etilgan, deb o‘ylay boshlagach paydo bo‘lgandir?
Nima bo‘lganda ham Tursoriya bir qarashda ko‘ngilga g‘ulu solib qo‘yardi, biroq bo‘yoqlar oqimiga tikilib qarasangiz, shaharning tosh devorlari borib tutashgan tepalik uzra qorachiqday qizg‘ish shu’lani ko‘rishingiz mumkin edi: balki, rassom ehtiyotsizlik qilib bu qoramtir ranglar ora bir tomchi qizil rangni bilmasdan to‘kib yuborgandir, lekin suratni ilk bor ko‘rganimda menga bu rang endi otayotgan tongning ilk shu’lasi bo‘lib tuyulgandi. Xarobaga qarab qanchalik tahlikaga tushsangiz va o‘zingizni o‘pirilib tushayotgan g‘or ichida qolgandek his etsangiz-da, biroq baribir ko‘nglingizning bir chetida boyagi qizil rangdan paydo bo‘lgan bir totli his sizni bir muddat xushbaxt qilib quyardi. Suratda meni yana bir narsa hayratga solgandi — xarobalar ichra qurumga botgan uvada xarsanglar ortida ko‘zga zo‘rg‘a tashlanar-tashlanmas bo‘lib shuncha yong‘inu alg‘ov-dalg‘ovdan so‘ng ham hali bus-butligicha to‘xtab qolgan tegirmon parpari ko‘rinardi: parrak hali mustahkam edi va bu o‘lik shaharga faqat shu parrakkina umid bag‘ishlab turganday edi. Tegirmonning eshigi, yon devori qulab tushgandi. Men xona bo‘ylab kezarkanman, daf’atan surat qarshisida to‘xtar va birdan tegirmon parragini aylantirib yuborishni, shaharga oz bo‘lsa-da hayot bag‘ishlashni juda ham istab qolardim.
Shaharning keng tosh ko‘chasida esa ranglar to‘poloni ora qorishib qandaydir g‘alati, tahdidli ulkan oyoq izlari qolgan edi. Suratga qarab turgan odam izdagi tajovuzkorlikdan seskanib ketardi, go‘yo qandaydir, nozik hislarga to‘la qalbni bir betayin gap yoki oshkora haqorat bilan toptab, yanchib o‘tganidek, bu izlar ham shaharni boshdan oxir atayin toptab o‘tgandi: to‘g‘rirog‘i, xuddi yarador sherni kishanlab qo‘ygandek asorat yoki istibdodning izlari kabi ko‘ngilga talvasa soladigan bu izlar shaharni boshdan-oyoq zanjirlab qo‘ygandi. Bu kimning oyog‘ini izlari, qandayin yuragi tosh odam qoldirgan bu izlarni, ko‘zi tushganlarning ko‘ngillarida bir umr hilpirab tursin deya kim bu o‘lik shaharning ko‘chalariga vahm va qo‘rquv yalovlarini ilib chiqdi, buni ham men bilmasdim, lekin achon izlarga ko‘zim tushsa etim jimirlab junjikib ketardi va shaharni orat qilgani kabi bu oyoq har qanday qalbni o‘ylamay-netmay toptab tashlashi mumkinligini his etardim.
Bu ishlar shu darajada dag‘al hamda qo‘pol ediki, oyoqlarning egasi qanchalar surbet va johil ekanligini bilish uchun izlarga bir qarab qo‘yishning o‘zi kifoya edi — go‘yo bu oyoq izlari emas, shaharga rahna solgan yovuz kuchning zuum va tanazzuldan darak beruvchi dag‘dag‘ali muhri edi. Bu izlar o‘lim va o‘lim istab izg‘ib yurgan qo‘shindek vayrona uzra namoyishkorona cho‘zilib yotardi. Bu oyoqlar bir silkishda minglab odamlarni yanchib tashlashga, o‘nlab shaharlarni vayron qilishga qodir ekanligi shundoq botiq va zardali izlardan ko‘rinib turardi. Ko‘chaning chetidagi qizg‘ish ko‘lmakda esa xiyla katta, chorsiday bayroq to‘shalib yotavrdi, bu — bayroqdan ko‘ra ko‘proq fohishaning naxs bosgan isqirt to‘shagiga o‘xshardi: bayroqni ham ehtimol, bu yerlarga izning egasi ko‘tarib kkelgandir? Balkim Tursoriyani aynan mana shu oyoq izlari vayron etgandir? Darvoqe, Tursoriya orzuim va xayolimning olis, maftunkor manziliga aylangan, men kun-tun Tursoriya degan yurtning ko‘chalarini sarosar kezish bilan ovora edim.
Tursoriya meni qanchalik qiziqtirsa, boshqalarni shunchalik ajablantirardi. Ular tayinsiz bir rassomning fazlu irodasi bilan vayron etilgan qandaydir Tursoriyani deb tashvish chekib yurishim sababini tushunmasdilar va buni shunchaki oliftagarchilik deb o‘ylashar yoxud g‘irt safsataga yo‘yishardi. Men ularga Tursoriya haqida, uning yashil bog‘lari, zangor osmoni, tuman qoplagan tosh ko‘chalari, odamzotning qudratini namoyish etish uchun qurilgan minoralari, shahardan uzoqlarda ham hidi ufurib turadigan xuddi qizlari kabi durkun va nafis gullari, qirmizi tulporlar minib yuradigan yigitlari, xayoldan ko‘ylak qilib kiygan qizlari, hilol bilan birga hilpiraydigan tug‘lari, sahar chog‘lari xo‘rozlardan ham oldin odamlarni uyg‘otadigan azonlari hamda bolaning ko‘zlari kabi tiniq va ma’sum daryolari haqida gapirib berar va bularni Tursoriya boshqalarning ham e’tiborini tortsin deya ko‘pincha o‘zim to‘qirdim. Biroq mening bu tajribasiz va tarqoq qo‘shinim — bolalarcha cho‘pchaklarim bilan odamlarning befahmlik va loqaydlik devorlari o‘rab olgan, hech narsa bilan zabt etib bo‘lmas, toshdek qotib qolgan qalb qo‘rg‘onlarini hech qachon zabt etolmasdim, aksincha, mening yuragimdan so‘zlarga qo‘shilib chopib chiqqan hayajon va umid ohulari ularning befarqlik ko‘pchigan ko‘zlarining toyg‘oq qoyalaridan sakrab o‘tolmay bir-bir qulab tushardi. Hamisha gaplarim ularning ensasini qotirardi. Men tanishlarimni hech qachon Tursoriyaga qiziqtira olmadim: biri ishi ko‘pligini, biri bunday jumboqlarni izlaydigan yoshdan o‘tganini, biri Tursoriyadan ham muhimroq tashvishlari borligini aytib jo‘nab qolar yoki meni hafa qilmaslik uchungina bosh silkib, beparvo tinglashar va nomiga lunj shishirib qo‘yishardi. Ularning hammasi menda Tursoriyani bilmay o‘tayotganliklari uchun ham butunr umr g‘aflat o‘rmonini sargashta kezib yurgan sarson odamlardek taassurot qoldirardi. Men ularning ko‘zlarida, yuzlarida g‘ofil va tushkun yashashga mahkum etilganlarni ko‘rardim. Ular tiriklikning mangu va abadiy qaroqchilaridan qocha-qocha mana shu loqaydlik va tanballik saltanatidan panoh topgandilar va ular qochib kirgan boshpanalardan ham o‘zlari kabi omonotlik va xarobalik ufunoti anqirdi. Odamlarning Tursoriyani bilmasligi meni ko‘pincha g‘azabga solardi. Shunday paytlarda men umidsizlikka g‘arq bo‘lgancha ichkilikka ruju qo‘yardim — ko‘chada yarim mast holda kkezib yurarkanman hayotning tashvishlari parchinlab tashlagan bu odamlar ko‘zimga yana ham ayanchliroq, g‘aribroq ko‘rinib ketardi, nega ular o‘zlaridan qolayotgan, yuzlarida lov-lov yonib turgan xarobani ko‘rmayaptilar deb hayqirgim kelardi.
Juda katta shov-shuv bilan boshlangan saylov oldi uchrashuvlarining birida munosib nomzod sanalgan taniqli va keksa shoirdan ham to‘satdanTursoriya haqida so‘rab qolgandim. Savolim shu darajada g‘ayritabiiy chiqdiki, butun zal bir zum suvga cho‘kkanday jimib qoldi, so‘ngra o‘zaro shivir-shivir boshlandi. Hay’atda o‘tirgan ishonchli vakillar menga g‘azab bilan tikilib turishardi, ularning yuzlarida sarosimalik kemalari suza boshlagan edi, yig‘ilganlar meni nomzodni ataylab obro‘sizlantirish uchun shunday bema’ni savol berdi deb o‘ylashayotgandi. Biroq shoir sarosimaga tushmadi, u menga tik boqqancha biroz nopisandlik bilan:- Men, tarix bilan yetarli darajada shug‘ullangan odam, sizni bemalol ishontirib aytishim mumkinki, hech qayerda hech qachon Tursoriya degan yurt bo‘lmagan va u vayron ham etilmagan. Bu cho‘pchak va uydirmadir, — dedi.
Zal gulduros qarsak ichida qoldi: mening noo‘rin savolimga juda munosib javob berilgandi, ya’ni zaldagilarning nazarida shoir meni jangga kirmasdanoq tor-mor qilib qo‘ya qolgandi. Ammo zalda o‘tirganlarning ichida faqat mengina o‘zimni mag‘lubiyatga uchragan deb hisoblay olmasdim va keyingi paytda men qaylardadir Tursoriya degan yurt borligiga zarracha shubha qilmay qo‘ygandim. Bo‘ron kutilayotgan dengiz ustida uchib yurgan oq charloq kabi men ham vaqt qushi bilan mavjlanayotgan xayollarim dengizi ustida sargashta uchib yurardim, gohi qaysidir tomonlardan yovuz shamollardan qochib kelgan mushtipargina yoz yomg‘iri mening xayolparast kunlarimning ustidan tomchilab o‘tib, ularni abadiyat sari yetaklab ketardi. Ittifoqo, u ham garchi tushunmaydi deb o‘ylasam-da, tavakkal qilib, Tursoriya haqida ilmiy rahbarim bo‘lmish professorga gapirib bergandim. Biroq professor hech bir ajablanmadi, hatto menga boshqalardek sinovchan tikilib ham qo‘ymadi, yumshoq oromkursiga cho‘kkancha qon ko‘pchiy boshlagan horg‘in ko‘zlarini tikdi.
— Ha, — dedi u biroz jimlikdan so‘ng mutlaqo men kutmagan xayrixoh ohangda. — Mening ham qachonlardir shunday suratga ko‘zim tushgandi, meni ham shunga o‘xshash surat o‘ziga rom etib olgandi, — u xuddi alvasti xotinga o‘xshaydi, seni maftun qilib qo‘yadi-yu, o‘zini ko‘rsatmay ustingdan kulib yuraveradi. Lekin men tezda bu kasaldan qutilib oldim va shundan so‘ng hayotimda biron marta ham kerak bo‘lganini eslay olmayman, sizga ham shuni aytmoqchimanki, o‘z ishingiz bilan shug‘ullaning, bu suratni unuting, qasam ichib aytamanki, Tursoriya sizga hayotingizda hecham kerak bo‘lmaydi, aksincha tursoriya-pursoriyalarsiz yashash oson va qulay.
Professorning ham qachonlardir meni qiynagan savollar qiynagani va u ham Tursoriya kabi unut shaharni izlagani men uchun yangilik edi, biroq men uning xulosalaridan dahshatga tushdim; nahotki Tursoriyasiz yashash mumkin bo‘lsa? Professor shuncha vaqtdan beri Tursoriyasiz qanday yashab yuribdi? Men uning yuziga yalt etib qaradim va professorning yuzida ham xonamdagi suratda his etgan xaroba shaharning aksini ko‘rib bir zum toshday qotib qoldim. Yo‘q, bu yerda hech qanday ro‘yo yo‘q edi, professorning qisilgan nursiz ko‘zlarida, ajin bosgan qarimsiq yuzida, alamzadalik va izzatparastlik aks etgan lablarida men bu xarobani aniq ko‘rgandek bo‘ldim.
Uning hayoti davomida erishgan barcha muvaffaqiyati, jild-jild kitoblari, mukofotu yorliqlari, shuhrati-yu, shavkati — har biri bu xarobani tasdiqlovchi rad etib bo‘lmas dalolatlar edi. U hayoti davomida orqa-oldiga qaramay ko‘rib ketavergan va bir kuni o‘zi yaratgan shaharni ko‘rish, u yerda birpas tin olish uchun iziga burilsa, faqat vamli mung‘ayib turgan xarobalarnigina ko‘rgan. Mening nazarimda, u asli o‘z umr shahrini qurmagan, aksincha vayronaga aylantirgan edi, bu naqadar dahshat deb o‘ylagandim men professorning olovi o‘chgan o‘choqdek taftsiz ko‘zlariga qarab turib.
Izlagan narsasini topolmagan, deya oxiri asli men hech narsa izlamaganman, deya o‘ziga-o‘zi tasalli bera boshlagan, biroq bu tasallidan ko‘nglining juda katta qirlari va qo‘rg‘onlari o‘pirilib tushayotganini bilgan, umri xazonlik sari yuz tutgan odamning yuzigina ana shunday ko‘kazak va jizzaki bo‘ladi. Uning qat’iy va sovuq xulosasi meni bir zum sarxush qilib qo‘ydi, go‘yo bu xulosaga o‘tkir afyun navi singdrilganu u meni karaxt qilib tashlagan edi.
Professor menga ilmiy ishimga oid ko‘pgina yo‘l-yo‘riqlar va yangi chiqqan adabiyotlar ro‘yxatini berdi hamda meni har doimgiday bekatgacha kuzatib qo‘ydi. U seriltifot, muloyim, quvnoq edi va mening Tursoriyani unutib yuborishimga, bu shunchaki yoshlikda bo‘ladigan qizamiqday o‘tkinchi kasallik ekanligiga, hamma narsani unutib, shu oy ichida ilmiy ishimni taxt qilib, qo‘liga topshirishimga zarracha shubha qilmasdi. Biroq men uning gap-so‘zlariga va xatti-harakatlariga qarab turib, yana bir narsani anglagan edim: u o‘zining boy berilgan umri bilan meni Tursoriya sari chorlardi. Uning nursiz ko‘zlarida va qorachug‘larida o‘zi borolmagan, yiroq safarga jo‘nab ketayotgan o‘g‘lining izidan tikilib qolgan otaning nigohi yoki yangi sarguzashtlar izlab olis sayohatga jo‘nayotgan kemaning endi hilpiray boshlagan yelkani yanglig‘ bir umidbaxsh chorlov aks etgan edi: u menga saf-saf qo‘shin bilan dunyoni zabt etaman deb ketib, oradan yillar o‘tgach yolg‘iz o‘zi tushkun va umidsiz qaytib kelgan mag‘lub qo‘mondonni eslatgandi. Xonamga kelib xaroba shahar surati bilan professorning umrini qiyoslagach, men bunga yana ham ko‘proq amin bo‘ldim va hamma narsani — professorning o‘gitini ham, o‘zini ham unutdim. Go‘yo suratdan qandaydir dovul ko‘tarilib chiqqandiyu, professor mening miyamdagi torlarga ishonch bilan ilib qo‘ygan, g‘ozi ketgan ko‘ylakdek yaroqsiz bo‘lib qolgan o‘gitlar va nasihatlarni qaylargadir uchirib ketgandi.
Shundan so‘ng men professor bilan boshqa ko‘rishmaslikka, uning yuzidagi xarobalikni ko‘rib ko‘nglimni yana buzmaslikka ahd qildim. Men endi faqat surat va o‘zimning Tursoriya haqidagi xayollarim bilan yolg‘iz qolgan edim. Bu surat nima o‘zi, nega u mening aqlu shuurimni band etib oldi? Ehtimol, bu surat buzilgan va yovuzlashgan dunyodan men kabi bir mazmun, bir ma’no izlab o‘tgan odamning samarasiz umr haqidagi o‘kinchlaridir? Ehtimol, umr qal’asining buzilgan devorlari ichra tutab yotgan yurakning alamnok dudlaridir?! Kim biladi, shunday ham bo‘lishi mumkin-ku! Suratga qarab turar ekanman meni daf’atan bir his qoplab oldi: rostdan ham bu suratni qandaydir yot bir rassom chizganmidi yoki uni mening o‘zim chizib, o‘zim sig‘inib, o‘zim vahimaga tushib yurdimmi: Va suratdagi shaharni ham mening o‘zim vayron etdimmi?! Bu shubhani menda birinchi marta ro‘znomachi do‘stim uyg‘otgandi. U bilan kechki payt uchrashib qolib, biznikiga kelgan vva har xil narsalar haqida gapira turib, uning ko‘zlari birdan suratga tushib qolgandi. Suratni ko‘chadan sotib olganimni aytdim. U menga bir zum sinovchan tikilib turdi.
— Yashirmay qo‘ya qol, bu suratni sening o‘zing chizgansan, tasvirda sening uslubing ko‘rinib turibdi, — dedi. — Chunki faqat sengina dunyoni mana shunday ayanchli manzaralar ichida ko‘rasan. Odam qanday o‘ylasa, shunday yozadi, aslida ham har bir odam o‘z umrining rassomidir. Bu suratda sening umring aks etib turibdi.Uning gap ohangida biroz masxara bor edi, u hamisha men bilan bir pog‘ona yuqori turib gaplashardi. U mening o‘ttiz yoshga kirib ham biron ishning boshidan tutmaganimga, ko‘proq omadsizligimga ishora qilayotgan edi: o‘zi hech qachon omadsizlik ko‘chasidan o‘tmagandi — yozganlari uzluksiz bosilib turar, ba’zan unga mukofot ham berib qolishar, ro‘znomachilar uni eng qobiliyatli va jasoratli yoshlardan deb hisoblardilar. U bilan tortishib o‘tirmadim va unga Tursoriya haqida gapirib berdim.
— Nega boshqalar bu narsaga e’tibor berishmaydi, hayronman, — dedim gapimning oxirida. — Aslida bu hammaga ko‘rinib turgan haqiqat. Kimga Tursoriya haqida gapirsam, yelka qisib menga nasihat qilib jo‘naydi.
— Bu ham manovi suratga o‘xshagan narsa, — dedi do‘stim yana shartta gapimni bo‘lib, menga achingan ko‘zlarini tikib borishi chayqab qo‘yarkan. — Sen xonangdan manavi buzunchi suratni chiqarib tashla. Shu surat ta’sirida hamma narsani kimdir va nimalardir vayron etgan degan xayolga boradigan bo‘lib qolibsan. Men juda katta tarixchi olimlar bilan tanishman, lekin ular og‘zidan biron marta ham Tursoriya haqida eshitmaganman. Aslida ham Tursoriya sening xayolingdan boshqa hech joyda yo‘q bo‘lsa kerak. Sen keyingi paytlarda vasvasachi bo‘lib qolibsan. Yaxshisi, mening oldimga ko‘chib o‘t, har qalay, ikki kishi bo‘lib yashasa ko‘ngil yoziladi.
Men g‘azabdan unga baqi….yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a ushlab qoldim. Uni bekatgacha kuzatib qo‘ydim. O‘sha kechasi Tursoriyani izlab topmasam bo‘lmasligini angladim. Uni mana bularga, mening ustimdan kulganlarga, taniqli shoirga, mashhur professorga olamda Tursoriya degan yurt borligini bilmay yashab kelayotganlarga o‘chma-o‘ch izlab topishim kerak, deb o‘yladim. Men Tursoriyasiz yashayotgan professorga ham, ro‘znomachi yigitga ham achinib ketdim: nazarimda, osmon quyoshsiz yashay olmagani kabi odam Tursoriyasiz yashashi mumkin emas edi.
Tursoriya meni yana ham ko‘proq qiziqtira boshladi va men jild-jild kitoblar yozgan, lekin kmri bir varaq qog‘ozga jo bo‘ladigan professorning o‘gitlari, gazetasini yolg‘on-yashiq uydirmalar bilan to‘ldirib yuradigan ro‘znomachi do‘stimning ta’nalaridan so‘ng Tursoriyani qayerdan izlashni bilardim: aftidan, Tursoriya professor umri davomida chetlab o‘tgan sohilda qolib ketgandi va mening bundan buyongi hayotim Tursoriyani izlab topishimga bog‘liq edi.Yana bir narsani bilardimki, Tursoriya men hali dunyoga kelmasdan burun vayron etilgan va men bu dunyoga tashrif buyurgan kunimdan boshlab mana shu xaroba shaharda yashashga, uning vayrona ko‘chalarida sarsonu sargardon kezishga majbur bo‘lgandim.Tursoriya menga hech tinchlik bermay qo‘ydi; dengizda adashib yurgan kemani olis-olislarda ko‘ringan mayoq o‘ziga chorlagani kabi u ham meni o‘ziga chorlardi.
Go‘yo umrimning muqaddas tig‘iday u har tong va har kech boshim uzra hilpirab turar, kitoblar, odamlar, shubalar, gumonlar, ta’nalar, o‘gitlar, umidsizlik, tushkunlik bilan bo‘lgan hamda bo‘lajak janglarda meni ruhlantirar, uzoq ayriliqdan so‘ng sizni kutib olish uchun yo‘lga chiqqan va sizni uzoqdan ko‘rib durrachasini silkitayotgan qiz kabi xarobalar orasidan menga qarab qo‘llarini silkitardi.
Bir vaqtlar baxt va istiqbol yo‘lida hijrat etishlaridek men ham ragimning ruhsiz sanamlari, ma’budlari qalashib yotgan vodiysidan uvillab yotgan, xuddi aqlu idrokning vayronasidek yuragim devorida osig‘liq turgan bu xaroba shaharni ertangi kunimni yaratganim kabi qayta tiklashim, to‘xtab qolgan tegirmon parragini yurdirib yuborishim kerak edi.Kechqurun menga tanish professor qo‘ng‘iroq qildi:- Menga qarang uka, siz X.ni tanir edingiz. Ehtimol, turar joyini ham bilarsiz? Ikki oydan beri hech bir xabar yo‘q. Iltimos nima gapligini aniqlab kelsangiz. Agar shu yerda bo‘lsa, menga zudlik bilan uchrashsin…Gap ohangidan uning juda xavotirlanayotgani sezilib turardi. Men uni yupatdim: «O‘zi qaroq yigit edi. Yurgan bo‘lsa kerak. Unaqalarni jin ham urmaydi». U mendan rozilik olgach, dushanba kuni uchrashadigan bo‘ldik.Ertasiga men qachonlardir — uch-to‘rt yillar chamasi oldin borgan uyni zo‘rg‘a topib bordim. Eshikni ko‘zlari salqib qolgan, kishiga doim shubha bilan tikiladigan juhud chol ochdi.
— Nihoyat, — dedi u istehzoli tovushda boshini chayqar ekan, — ketganiga qirq kundan oshdi, endi yo‘qlayapsizlarmi:! Zap odamlar borda dunyoda, to‘satdan o‘lib qolsang, suyaging chirib bo‘lgach yo‘qlab kelishadi! Ha, aytganday, kim kelsa, mana shu xatni berib qo‘yinglar deb aytgandi.
Xat bir parcha sarg‘ish tusli qog‘ozga aji-buji qilib, shoshib yozilgandi: «Men Tursoriyani izlab ketdim. Meni axtarib o‘tirmanglar…» Men birdan dahshatga tushdim: yaqinda bir shoir ham devorga «Men so‘z izlab ketdim» deb yozib, aqldan ozib qolgandi.
— Nima gap ekan? — so‘radi uy egasi mening yuzim oqarib ketganini ko‘rib.
— Hech gap yo‘q. U o‘zini izlab ketibdi, — dedim izimga qaytarkanman.