Noma’lum sabablarga ko‘ra o‘lim ko‘paygan chekka muzofotdagi olis shaharga ketayotgan tekshiruv guruhiga nega aynan meni qo‘shib qo‘yishdi, me’morchilikning o‘latga qanday aloqasi bor (bizga hali sira aniqlanmagan o‘lat deb tushuntirishdi) to‘g‘risi, hozirgacha aqlim yetmaydi. Vaholanki, me’morchilikda ham shunchaki havaskor darajasida edim, bu sohada ishlay boshlaganimga uch yildan oshgan bo‘lsa-da, hali bironta loyihamni qabul qilishmagandi, kun uzog‘i ishimizga hech bir bog‘liq bo‘lmagan chizmalar bilan mashg‘ul bo‘lardik, biz chizayotgan loyihalarning hech kimga kerakgi yo‘qligini o‘zimiz ham bilar, biroq boshliqlar tegirmonida aylanib, tushib keladigan va tez muddat ichida bajarishimiz zarurligi ta’kidlangan, bir chekkada pora-pora qilingan yalovday ilova turgan qog‘ozlarni izma-iz qabul qilaverar, talabalik yillarimning orzusi bo‘lgan shaharga ko‘rk va ulug‘vorlik bag‘ishlaydigan jimjimador va serhasham binoning loyihasini men faqat hayoldagina chizib yurardim. Avvaliga guruhga tasodifan qo‘shishayapti, bu yerda qandaydir anglashilmovchilik bor, deb o‘yladim, ijroqo‘mda o‘lim sabablari har tomonlama o‘rganishga muhtoj, xususan, binolarning jug‘rofiy joylashishidan, ob-havoga chidamliligigacha yaxshilab tekshirib ko‘rish zarurligini aytishganda ham men bu yerda bizning sohaga bog‘liq biron narsani ko‘rmagandim. «Tajribali me’morlardan jo‘nating» degan taklifga, xo‘jako‘rsinga meni jo‘natishayotganini sezib turdim. Buyruqni tutqazishgandan so‘ng noiloj jo‘nashga majbur bo‘ldim.
— Shahar qurilganiga unchalik ko‘p bo‘lgani yo‘q. Uning o‘rnida oldin yovvoyi sahro bor edi, biz uni bo‘ysundirdik. Va boshqa shaharlar bilan raqobat qila oladigan go‘zal makon qurdik. Matbuotda o‘qigan bo‘lsalaringiz kerak, biz haqimizda rosa yozishdi, — dedi bizni kutib olgan shahar boshlig‘i. — Odamlarimiz to‘q va farovon yashayotgandi; hatto sayyohlar xorijdan ataylab binolarimizni tamosha qilish uchun kelishardi. Ularni ham shahrimiz lol qoldirganiga shubham yo‘q. Hamma balo besh oycha burun boshlandi. Odamlar ishlab turgan yoki uxlab yotgan joylarida, ba’zan suhbatlashib turib to‘satdan jon taslim qilishayapti. Avvaliga biz bular hammasi shunchaki tasodifiy deb o‘ylagandik. Biroq o‘lim tobora ko‘payavergach, tashvishga tushib qoldik. Maxsus emlash o‘tkazdik, voqeaning tagiga yetish uchun barcha kasalxonalarimizni nazorat ostiga oldik, bir necha marta uylarni yoppasiga ko‘rikdan o‘tkazdik, ammo natija bo‘lmadi — o‘lim to‘xtamadi. Aksincha, uylar asta-sekin bo‘shab qolayapti. Odamlarni vahimaga tushirmaslik uchun bo‘shagan uylarga yangi odamlarni ko‘chirib olib keldik, baribir foydasi bo‘lmadi. O‘lim yangi ko‘chib kelganlarni ham ayamayapti. Markazdan ham, muzofotdan ham maslahatchilar chaqirib bir necha marta tibbiyot kengashlari o‘tkazdik. Biroq ular ham yelka qisishdan nariga o‘tishmadi. Hozir o‘lim deyarli har bir binoda o‘zining asoratini qoldirgan. O‘zimizning vrachlar hech qanday xulosaga kelishgani yo‘q, ular yuqumli kasallikdan darak beradigan biron alomat topishmadi. Butun umid hozircha sizlardan…
— Bunday hodisa Faranglarda ham bir paytlar bo‘lgan, — dedi guruh rahbari qilib jo‘natilgan professor shahar boshlig‘ining tuguntirishidan ensasi qotgandek, — hamma balo tibbiyotimizni savodsiz va qobiliyatsiz odamlar bosib ketganida. Boshqa sabab yo‘q…
— Markazdan kelganlar ham «Bndayini birinchi uchratishimiz», deb hayron bo‘lgancha qaytib ketishayapti, — uning gapining oxirigacha eshitmay, o‘z qo‘l ostidagi hakimlarning sha’nini himoya qildi shahar boshlig‘i. U bizga o‘xshash tekshirish guruhlarini ko‘raverib, toza pishib ketgan edi, chog‘i, o‘zini juda erkin tutar va erkin gaplashardi, shuningdek, professorga o‘xshash dimog‘i baland olimlarni ham ko‘p ko‘rgan, gaplarida xufyona osilgan qilich kabi «jo‘jani kuzda sanaysiz», degan pisanda bor edi.
— Masalaga chuqurroq qarash zarur. Professor indamay boshini tuynukka burdi — u yerdan pastda yastanib yotgan qip-qizil sahro ko‘rinardi va biz bir paytlar qush uchib o‘tolmas sahro ustidan qushday uchib o‘tayotganimizni sezib turardik: professor boshliqning gaplarini shunchaki vahima deb o‘ylaytgani va uni e’tiborsizlik bilan tinglayotgani ko‘zlaridan ko‘rinib turardi. Odatda butun umri ilmi-urfon bilan o‘tgan odamlar amaldorlar bilan burnini jiyirib gaplashishadi, xususan, chekka muzofotdagilar bilan. Shundan so‘ng boshliq jim ketdi. U juda orasta kiyingan edi. «Men uning kiyim-kechagi-yu a’zo-yu badanidan nafasni bo‘g‘ib qo‘yadigan achimsiq hid anqiyotganini yo‘lning yarmini bosib o‘tganimizdan so‘ng sezdim, fahmimcha, bu hid go‘yo ichida kimdir o‘lib qolgandan uning ichak-chavag‘idan chiqayotganday edi: gapirganda og‘zidan gup etib atrofga kishini loxas qiluvchi hid tarqalardi. Hidni professor ham sezgan bo‘lsa kerak, bir-ikki marta boshliqning qonsiz yuzini va qirrador yoqali ust-boshini jirkangandek ko‘zdan kechirdi.
Biz tushgan vertolyot shahar chekkasiga borib qo‘ndi: bizni har ehtimolga qarshi emlash zarur edi. Shahar chetiga tikilgan tibbiyot chodirlariga bir-bir kirib chiqqach, nariroqda darvozasi ko‘rinib turgan shaharga qarab yo‘l oldik. Shaharga yaqinlashganda ulkan mahluqning katta qanotiga o‘xshaydigan darvoza boshliq maqtaganchalik ekanini ko‘rdik; uning oldida biz kichkina chumoliga o‘xshab qolgandik va shahar shu ko‘rinishida rostdan ham uchishga chog‘lanayotgan mahluqqa o‘xshardi. Darvoza oldida turgan soqchilar boshliqni ko‘rib g‘oz qotishdi. U yerda bizni boshliq nazorat boshlig‘i va tibbiyot mudiri deb tanishtirgan ikki kishi kutib turardi; ikkalasi ham boshliqqa taqlid qilib, soqol qo‘yishgan va ikkalasi ham tepakal edi.
— Xayriyat yetib keldilaringiz, — dedi nazorat boshlig‘i biz bilan ko‘rishar ekan. — Bu falokat bizni adoi tamom qildi. — Shunday deya u pildirab oldinga tushdi. Men uning qisiq ko‘zlarida tahlika va vahm to‘lib turganini ko‘rdim. Balkim har qadamda paydo bo‘layotgan o‘lim uni shu holatga solgandir. Tibbiyot mudirining ko‘zlarida ko‘proq quvlik hukmron bo‘lsa-da tag-tagida xuddi shunday tahlika to‘kilib yotganini sezish mumkin edi. Devor baland bo‘lsa ham to‘zon shahar ko‘chalarigacha bostirib kirgan, binolar qanchalar muhtasham bo‘lmasin, shahar fayzsiz va hatto andak xaroba tus olgandek ko‘rindi menga, ehtimol, odamlarning yuzlarida to‘nib qolgan umidsizlikni ko‘rib, bizda shunday his paydo bo‘lgandir? Hammasidan ham shaharga kirishimiz bilan dimog‘imizga xuddi boshliqning nafasidan anqigan hidga o‘xshash ufunat urilgani bizni biroz shoshirib qo‘ydi: «chirkinlik, xazonrezgilik va badan hidi qorishib ketgan shaharda ufunat xuddi bu manzilga tashrif buyurganlarning burnini kuydirib tashlash uchun ataylab tarqatilayotganday edi: faqat lahaddagina shunday hid anqishi mumkin deb o‘yladim men. Ehtimol, o‘liklar ko‘paygani sayin shahar shu turishicha ochiq lahadga aylangandir?! Sababini so‘raganimda shahar boshlig‘i yelka qisdi.
— Hayratomuz, — dedi u, — biron joyda o‘lik qolganmi deb butun shaharni qadamba-qadam tekshirib chiqdik, hech narsa topolmadik. Endi esa ko‘nikib ketdik.
Haqiqatan ham shaharda bu hid biron odamni ajablantirmayotgan edi. Balkim, o‘latni xuddi mana shu ufunatdan izlash kerakdir?!
— E, yo‘q, — dedi shahar boshlig‘i gapimni eshitib bosh chayqarkan, — hid shahar qurilgandan beri bor. O‘lim esa besh oy oldin paydo bo‘ldi.
Uning gapi meni yana ko‘proq hayratga soldi. Balkim tavqi la’natga yo‘liqqan odamzotga tangri do‘zax qanday bishini mana shahar orqali bir
ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgandir? Rostdan ham shahar jazira va qum to‘zoni ostida qolgan serhasham do‘zax ostonasiga o‘xshardi — bir vaqtlar gurillab ko‘kargan daraxtlar ham quyosh favvorasi ostida hayot uchun kurasha-kurasha so‘lgandilar. Biz darvozadan to ma’muriy binoga borguncha havosi so‘rib olingan lahmni kezib chiqqanday o‘pkamiz shishib, holdan toyib qoldik.
— Shaharda yana ikki kun tursak bo‘g‘ilib o‘lishimiz aniqqa o‘xshaydi, — dedi biz bilan kelgan ximik tomog‘ini qirib yo‘talar ekan.
Professor dam olmay o‘likxonaga ketdi — unga ximik ham ergashdi. Tushdan so‘ng men nazorat boshlig‘i hamrohligida (shahar boglig‘i uni mening adashib ketmasligim uchun qo‘shib qo‘ygandi), garchi o‘latni kasbimga aloqasi yo‘q hisoblasam ham, o‘lim og‘ushiga olgan, to‘zib yotgan binolarni shunchaki nomiga ko‘rib qo‘yish uchun aylanishga chiqdik:
— Sizga hech bir yordam berolmaymiz, — dedi shahar boshlig‘i uzrxohlik bilan yelkasini qisar ekan. — Shahrimizning bosh me’mori kasal bo‘lib olgan, o‘rniga biron tuzuk odam chiqmayapti. Endi faqat ko‘z bilan kuzatishga majbursiz.
Men uning hijolat chekmasligini va shahar loyihasini ko‘rish uchun umuman zarurat yo‘qligini bildirdim.
Shunday deb ertalab bir necha odamning o‘ligi chiqqan, bir-biriga qo‘uib qo‘yganday o‘xshash yaqin oradagi ko‘p qavatli imoratlarga yo‘l oldim. Bir qarashda uylar g‘oyat did bilan qurilgandek ko‘rinar, boshqa tomondan esa xuddi ulkan-ulkan qoyalar oyog‘ingiz ostiga to‘satdan qo‘porilib tusha boshlagandek ularga qaragan sayin ichingizda nimadir qulab ketayotganini sezardingiz. Nim qorong‘u zinada shahar ko‘chalarida kezib urgan ufunat yana ham badbylashgan edi, balkim bu yerda havo o‘tirib qolgani uchun shundaydir, zinadan chiqquncha nafasim tiqilib dimog‘im achisha boshladi. Hid odamni behol qilib qo‘yadigan darajada o‘tkir va zaqqum edi. Xonadonlarda bizni indamay kutib olishar va ichkariga boshlashar, hujralarga olib kirishar, darvozalarni, devorlarni ko‘rsatishar, so‘ng yana biron so‘z aytmay kuzatib qo‘yishardi.
Uylar ataylab ichkarini salqin saqlash uchun ufqqa teskari qurilgan: derazalardan tushayotgan xira shu’la hujralarni yoritishga qurbi yetmay, O‘lmas Dev bilan olishaverib, holdan toygan Botir misoli bir burchakda xolsiz to‘shalib yotardi. Men o‘lim sabablari aynan nurni xo‘plab yutib yuborgan mana shu zahlik va zulmatda bo‘lsa kerak deb o‘yladimu, ammo tezda bu o‘yim haqiqatga hech bir to‘g‘ri kelmasligini angladim: «O‘lim to‘rt muchasi but, baquvvat, sog‘lom kishilarni nam komiga tortayapti», degan edi shahar boshlig‘i. O‘lating bu uylarga hech bir aloqasi yo‘qligini tushungach, hafsalam pir bo‘lib izimga qaytdim.
Bir haftaga qolmay o‘lim elchisi kezib yurgan barcha binolarni deyarli bir-bir aylanib chiqdim — hamma o‘sha hid, hamma hujrada o‘sha zulmat, hamma xonadonda yurakni seskantiradigan sukunat hukmron edi. Bu sukunat ko‘chalarda odamlarning yuzlarida ham kezib yurardi — ularning ko‘zlari-yu yuzlarida shuncha musibatdan so‘ng ham qilt etgan ifodani ko‘rmadim, aravalarga yoki zambillarga solingan o‘liklarni olib o‘tishar ekan, ular arava yoki zambilga ho‘mrayib ko‘z tashlab qo‘yishar va indamay yo‘llarida davom etishardi.
Serajin yuzlarini bosib ketgan va yonib bo‘lgan o‘rmonga o‘xshab qolgan mo‘ylar aro barqib turgan soliq qiyofalar menga ming yillardan buyon odam qadami yetmagan tashlandiq imoratlarni eslatgan, bu qiyofalardan ayovsiz yog‘ayotgan jaladek, hasrat va mung yog‘ilib turardi: bu yuzlardan atrofga bir qahrli sovuqlik taralar, men hali shu yoshimgacha bundayin soliq qiyofalarni ko‘rmagandim, shaharga kelgandan beri o‘zimni qop-qora bulutlar ostida qolgandek his etar, bu suvi qurigan ko‘lga yohud so‘nib bo‘lgan shamga o‘xshab qolgan ko‘zlarga qarab turib, ularda sekin-asta sassiz, sadosiz bstirib kelayotgan o‘limga nisbatan ko‘nikma paydo bo‘lganini va bu ko‘nikmani endi hech narsa bilan: hatto eng qudratli hisoblangan sehru-jodular bilan ham qo‘porib tashlash mumkin emasligini anglagandim; o‘shanda shahar odamlari menga qulashini bilgan holda jarga qarab yugurib ketayotgan telbaday taassurot qoldirgandi. Ularning yuzlarida hayot xurshidi allaqachon so‘nib bo‘lgan; endi bu yuzlarni ajinlar bilan birga tushkunlik, horg‘inlik chakalaklari qoplab olgan, butun chehralarni umidsizlik tumani bosib ketgandi. Muz yo‘lakda qanday yiqilib tushsangiz, bu sovu chehralarda ham nigohingiz shunday qulab tushar, ho‘mraygan ko‘zlar qopog‘on it kabi sizni hech qachon o‘ziga yainlashtirmasdi.
O‘zimni keyingi kunlarda ro‘yo hukmron bo‘lgan shaharga kelib qolganday his etar va har bir ko‘rgan manzaram aql bovar qilmas narsalar bo‘lib tuyula boshlagandi; ehtimol, bular sahroda ro‘yo saltanatini qurishgandir?! Nima bo‘lganda ham ko‘rganlarim — shahar, o‘lar, ho‘mraygan odamlar, tepakal boshliqlar, mahobatli binolar, hammasi jodu bo‘lsa-chi va biz sarobni izlab yurganday ro‘yoni kezib yurgan bo‘rsak-chi, degan shubha kuch to‘plab, qayta-qayta jangga kirayotgan lashkardek xayolimga bot-bot bostirib kirar va butun tanamni behol qilib qo‘yardi, aloha, bu yerga kelib ko‘rgan-kechirganlarimning hammasi g‘ayri tabiiy va g‘ayriodatiy tus olgandi, zero, kezib chiqqan binolarda kasallikdan darak beruvchi hid vva sukunatdan boshqa hech qandayzohirot uchratmadim, o‘limning mening kasbimga yoki mana bu mahobatli binolarga zarracha aloqasi yo‘qligiga ko‘proq ishonib borar, shahar ko‘chalarida qora devning arvohday kezib yurgan changu to‘zonni qancha ko‘p ko‘rsam, meni bu yovvoyi sahroga jo‘natgan oromparast boshliqlarimga g‘azabim shunchalik toshib borardi. O‘sha sahrodayoq g‘azab va to‘zon bir-biriga naqadar o‘xshashini his qilgandim: aslida g‘azab ham vujudning junbushidan larzaga kelgan alb to‘zonidir; qanchalik hashamatli va ulug‘vor bo‘lmasin, o‘zining zahmkor siru asrori bilan zabt etib bo‘lmas qal’ani qanchalar eslatmasin, ko‘chalarida faqat jannatiy manzillargagina xos surur va shukuh to‘shalib yotmasin, kishandan ozod bo‘lgan sherdek ajal hayqirib yurgan shaharga nisbatan g‘azab meni tez-tez junbushga solardi.
Bir kuni quyi ko‘chalarning birida (darvoqe, shahardagi ko‘chalar quyi va yuqori ko‘chalarga bo‘linardi, kiyimlari uvada, qaddi bukik, hashamdor va viqorli, shaharni ataylab masxara qilayotganday dog‘-dug‘ga belangan uzun hirqa kiygan, yuzidagi shish va ajinlar qishki qabristonni eslatadigan, sochi kal peshonasi uzra osilib tushgan, barvasta kishini uchratdim; gumbaz shaklida qurilgan yemakxonaning o‘rtasida turgancha u og‘zidan ko‘pik sachratib odamlarga qo‘lini bigiz qilib o‘shqirar, cho‘g‘i so‘nayotgan o‘choqday taftsiz bo‘lib qolgan ko‘zlarini dalani bosib ketgan kuzgi qarg‘alar misoli jazava va junun qoplab olgan edi.
— Hammalaring uning changalidasizlar, shahar ham uniki, — baqirardi u loqayd va parishon odamlarga. — U menga aytib turdi, men qurib berdim.
Birdan ishtaham bo‘g‘ildi va nazorat boshlig‘idan bu barvastaning kimligini so‘radim.
— Shu ko‘chaning jinnisi, — dedi nazorat boshlig‘i yuziga g‘amgin tus berib. So‘ng men kutmagan jiddiylik bilan hikoya qila boshladi. — Asli sizga kasbdosh. Boshliq aytgan me’mor shu kishi bo‘ladilar. Shahrimiz uning loyihasi asosida qurilgan. U bosh me’mor, men esa unga yordamchi edim. O‘zi juda g‘ayratli, savodli va tinib-tinchimas odam edi. Shaharda biron g‘isht ham uning ko‘rsatmasisiz quyilmagan. U men bilgan me’morlarning eng ulug‘i edi. Klassik va zamonaviy me’morchilik sohasida unga teng keladigan bilimdonni topish qiyin edi. U Lotin Amerikasi, Singapurdagi binolar qurilishini ham tinimsiz kuzatib borar, o‘sha yurtlardan unga qalin-qalin xatlar kelib turardi. U «dunyoga eng ulkan va odamzot hali xayoliga keltirmagan shahar quramiz», deb xitob qilar, qachon qaramay chizmalar ichida o‘ralashib o‘tirardi. Rostdan ham aql bovar qilmas shahar qurildi. Hozir o‘lat chiqqandan beri shahrimiz fayzsiz bo‘lib qoldi, u paytlar esa shaharni naq xayolning jilvalari deb o‘ylardingiz: nafis gumbazlar, serjilo bo‘yoqlar, nozik va ehtirosli qalbning parchalari kabi marmarlar, abadiyatni suyar tura oladigan ustunlar, qiz bolaning ko‘z yoshiday favvoralar — hammasi go‘zal bir tarzda uyg‘unlashib ketgandi. Bularning hammasi hali qurilib bo‘lmasdanoq go‘zal san’at asariga aylanib ulgurgandi. Shahar qurilib bo‘lish arafasida boshimizga katta kulfat tushdi: me’mor tushida alahsirab chiqadigan odat chiqardi. Keyin alahsirash o‘ngiga ko‘chdi. U hamma narsadan shubhalanardi. Unga vasvos kasali yuqqan edi. Biz avvaliga e’tibor bermadik, bularni buyuk odamlarga xos parishonlik va injiqlik deb o‘yladik. Ammo bir kuni u o‘z ustaxonasini yoqib yuborgach, uning telba bo‘lib qolganini angladik. U «butun shaharga o‘t qo‘yaman», deb baqirardi. Shaharni yoqib ulgurmay uni telbaxonaga jo‘shatishga to‘g‘ri keldi. Telbaxonadan u mutlaqo jinni bo‘lib chiqdi. Shundan beri u shaharni yoqib yuboraman deb o‘dag‘aylagani o‘dag‘aylagan. O‘zi yaratgan asarni o‘zi yoqmoqchi bo‘lgan san’atkorni birinchi bor uchratishim. Shundan beri uni ma’muriy binoga kiritmaymiz. Gapi va vasvasasi demasa, o‘zi beozor jinni, — nazorat boshlig‘ining ko‘zlarida telbaga nisbatan ehtirom zuhur etdi.
Nazoratchi «kasbdoshingiz» degandan so‘ng telbaga tuzukroq razm soldim: deyarli adoyi tamom bo‘lgan, kam uxlaganidan qovoqlari osilib qolgan, na kiyinishida, na chehrasida, na gap-so‘zlarida avvalgi kasbidan darak beruvchi biron alomat qolmagan, faqat olis-olislardan eshitilayotgan musiqa yoxud vayron qilingan shahar o‘rtasida xarobaga shukuh va shavkat bag‘ishlab hilpirab turgan harir tug‘ kabi shuncha junbush va xayol to‘zonidan so‘ng ham nozikligicha qolgan qo‘llarigina o‘sha xushvaqt va dorilomon davrlarni eslatib turar, ko‘zlari botib bo‘lgan quyoshning shafag‘iday qizarib ketgan, chuqur lahmga o‘xshash qora cho‘g‘larida yillar davomida zanglagan qilich kabi bir telba istehzo qotib qolgan, igohida olis o‘tmishning ko‘lankalari burdalangan sher kabi parcha-parcha bo‘lib yotardi: o‘tmish zulmatini yoritolmagan birpaslik alanga yanglig‘ bu yuzni, bu vujudni yoritishga qurbi yetmay sassiz-sadosiz bo‘lgan edilar. Xoholar ekan, o‘ziga qarab tobora bostirib kelatyogan shaharni emas, bunda istiqomat qiluvchi barcha yuraklarni ham allaqachon ishg‘ol qilib olgan sukunat va qurquvni shu kulgusi bilan tor-mor qilib tashlayotgandek edi va garchi telba bo‘lsa-da, shaharda men uchratgan qiyofalar ichida faqat uning yuzidagina cho‘g‘day tabassum yonib turardi, ammo bu tabassum ham masxaraomuz tirjayishga o‘xshab ketar, o‘limlarini jimgina kutib turgan ojiz va mahkum odamlarning, o‘lat kezib yurgan shaharning, qurib-qovjirab, arvohday so‘ppayib qolgan daraxtlarning, sirli o‘lim sababini aniqlash va shaharga shifo baxsh etish uchun kelgan va hech narsaning uddasidan chiqmay, hech bir sirni yecholmay, sharmandayu sharmisor bo‘lib jimgina jo‘nab qolayotgan biz kabi olifta va dag‘dag‘aboz tekshiruvchilarning va o‘zini o‘rab turgan hamda o‘zining bir telba makriga dosh berolmay lolu hayron qotgan bani basharning ustidan istehzo aralash kulib turganday edi. Uchib yurgan o‘qdek ko‘zlari tagidan qo‘rqa-pisa o‘qrayib tikilishlariga qaraganda, telbani xo‘randalar haddan tashqari yomon ko‘rishar, chog‘i, u gapirar ekan, ijirg‘anib qo‘yishardi. Bu meni g‘oyat ajablantirdi. Telbani odatda hech kim yaxshi ko‘rmagani kabi hech kim yomon ham ko‘rmaydi. Sababini nazorat boshlig‘i ham izohlab berolmadi:
— To‘g‘risini aytsam, — dedi u, — bu odamlar menga sira ham yoqmaydi. Hamisha nimadandir norozi, hamisha tng‘illashgani, to‘ng‘illashgan. Axir shunday jannatmakon va go‘zal shahar qurib berdik, yana nima kerak ekan bularga, hech tushunmayman.Nazorat boshlig‘ining mushti g‘azabdan siqilib kketganini ko‘rib qoldim, hozir qo‘yib bersa quturgan ayiqday butun shaharni vayron qilib tashlaydigan vajohati bor edi yuzida.
Telba esa nimadir esiga tushib qolganday, shartta iziga burildi va deyarli yugurib yemakxonadan chiqib ketdi; ketib borar ekan, u menga dengizda tobora uzoqlashib borayotgan va so‘nggi safarga jo‘nab ketayotgan xaroba kemani eslatgan va izidan uzoq qarab qolgan edim. Uning telba nigohi va jazavasli qiyofasi xotiram taroqlarida uzoq vaqt ilashib yurdi: shunday holatga tushdimki, binolarni ham yig‘ishtirib qo‘yib, kasbdoshimizning qismati bilan tanisha boshladim; uning taqdiri yotgan hujraga kirib borgan sari shahardagi palapartish hashamatning siri ham oydinlasha bordi; nazarimda, shahar binolari xam junun va jazavaning hosilasi edi, go‘yo butun shahar telbavor mahobat kasb etgandi. Ammo telbaning shov-shuhrat shohsupasiga chiqish arafasida aqldan ozib qolgani haqidagi ma’lumotdan boshqa hech qanday yangi gap ololmadim; ko‘plar unga ochiq hasad qilib «Avvaldan telbaroq edi» deyishdan nariga o‘tmadi; boshqa birlari esa «Shahar shu darajada go‘zal va muvaffaqiyatli quriddi-ku, u buni kutmagandi, birdan aqli shoshib qoldi», deyishdib biroq shu narsa ayon edi-ki, u ko‘plarning xotirasidan butkul o‘chib ketgandi. Keyinchalik ham telbani o‘sha ko‘yi ko‘chada ikki-uch marta ko‘rdim: u xuddi o‘zidan qolgan xotira shamlarini qaytadan yoqmoqchiday o‘tgan odamga tirjayib tikilar, o‘sha bir xil gapni takrorlardi. Boshqa kuni ko‘rganimda go‘yo o‘z aqlining suratiga boqib lol turganday binolarga tikilgancha g‘oz qotib turgandi.
U menga qarab javramoqchi edi, biroq oldidan tez yurib o‘tib ketdim — to‘g‘risi, uning almayi-aljayi gaplari jonimga tekkan, bu so‘zlar men uchun ma’nisini yo‘qotgan edi Bu gal u ancha cho‘kib qolganday, shahar oralab yurgan o‘lim uning noqiso aqlida ham nihoyat yuz ko‘rsatganday, javrashlari ham oldingiday g‘azabnok emas, balki mungli va hasratli ohang kasb etganday edi; uning javrashlari menga tavba-tazarru qilayotgan gunohi azimkorning ming‘irlashiday eshitilgandi. Balkim u mutlaqo telba emasdir, balkim telbalikning ko‘chasidan ham o‘tmagandir, balki bu xayol junbushidir, ehtimol, undagi junun o‘zi qurgan shahar va binolarga qarshi aql qo‘zg‘olonidir?! Nima bo‘lgan taqdirda ham telba vahm, qo‘rquv, to‘zon va o‘lat hukmron shaharning uyqus iqroriga o‘xshardi.
Men xuddi onasiga o‘chakishib, yerga o‘tirgancha big‘illayotgan go‘dakdek nuqul taqiqlangan ishlarni qilgim va odamlarning jig‘iga tegib, taqdir bilan o‘ynashgim kelavergandi. Ikki tomoniga turli shakldagi binolar qurib tashlangan, har muyulishga rangi ketib qolgan bayroqlar ilingan, go‘yo o‘tmas shamshirning tig‘iday shaharning qoq o‘rtasida to‘shalib yotgan ko‘chalardan yayov ketib borarkanman, meni har xir tuyg‘ular chulg‘ab olardi — hozir yer yorilib tortib kketadiganday har qadamda yuragim bir hapriqib tushar — bularning hammasi shaharga kelib orttirgan vasvasalarim edi — shuningdek, qancha yurmayin yo‘l hech qachon tugamaydigandek, butun umrim changu-to‘zon qoplagan besamar hayotga o‘xshaydigan mana shu yo‘lga izsiz-sadosiz sochilib ketadiganday tuyulavergandi.
Bir kuni ximik xonamga kirib keldi-da, ko‘zlarini yumgancha, «O‘lay agar hech narsa tushunmayapman, dedi va so‘ng xona bo‘ylab yura boshladi, «qayerga kelib qoldim o‘zi?! Xuddi ertakka yoki qo‘rqinchli tushga o‘xshaydi. Kuniga qancha odam o‘lib borayapti-yu, lekin o‘limning sababi nimaligi hanuzgacha topilmayapti. Har kuni murda qiyofasidagi navbatdagi mag‘lubiyatni uchratish jonimga tegdi, o‘zimiz ham murdaga aylanmasdan bu yerdan ketish kerak».
U to‘g‘ri aytayotgan edi. Uning ham xuddi o‘zim kabi holdan toyganini, umidsizlik uni ham beshafqatlarcha chopib tashlaganini sezdim. Biz shaharda hech bir ishni oxiriga yetkazish mumkin emasligini, hamma ishimiz, tekshirishimiz oxir-oqibat natijasizlik bilan tugashini, shahardagi har bir ko‘chada, muyulishda, uyda o‘limga mahkumlik, noma’lumlik poylab turishini nihoyat tushunib yetgandik. Juda ishonch bilan kelgan keksa professor ham keyingi kunlarda suvga bo‘ktirilgan tovuqday birdan tushkun bo‘lib qolgandi; o‘ziga, qudratiga ishongan odamning tushkunlikka tushishi juda og‘ir kechadi, u bizni tez-tez jerkib tashlar, o‘liklarga hafsalasiz ko‘z yugurtirar, endi oldingi kunlardagiday shaharning u chetidan bu chetiga yelib-yugurmasdi.
Ammo hammamiz tuni bilan o‘larning sababi nima bo‘lishi mumkin, deya bahslashib chiqar, professor endi munozaralarga ham qatnashmas, savollarimizga qo‘l silkib qo‘ya qolar, men uning yuzini quyuq o‘rmonning ichiga kirib qolib, endi undan qanday chiqishini bilmay yotgan kishining yuziga o‘xshatardim; darvoqe, bu sirli o‘lim bosh-boshdoqsiz oqib borayotgan jilg‘a kabi bizni aqlimiz ham, shuurimiz ham yetmaydigan noma’lum tomonlarga boshlab ketgandi. Balki shahardagi boshi-yu oxiri o‘lim bilan tugaydigan hayot bizni toliqtirgandir. Balki, qo‘rqinchli va serg‘ulu kunlarimizdan bir ma’no, bir mazmun izlab, tunning sirli va bepoyon mamlakatini xayol va savol tulporida kezib yurgandirmiz. O‘sha paytlarda shunday holatda edikki, odam bo‘lib uxlab, ertalab sherga aylanib uyg‘onsak ham unchalik ajablanmasdik: shahar hayoti tasavvurimiz qal’alarini butkul vayron qilib tashlagan, u yerda na chegara, na hudud qolgan, u yerdagi devorlar kuchli zilzila ostida qolgandek bir-bir qulab tushgandi, ba’zan ko‘ksimizda yurak emas, qatl nog‘oralari gursillab urilayotgandek, bir-birimizga qo‘rquv va hasrat bilan tikilib qolardik.
Ertalab meni ximik uyg‘otdi:
— Ey, Mikilanjelo turing, professor sizga mana bu narsani berib yubordi.
O‘rnimdan turib kerishdim, quyosh chiqib, ko‘chalarda tonggi salqinni haydab bo‘lgan, hamma ish-ishiga ketgan edi. Nima u?
— Kecha bir telba o‘lgan ekan. Professor buni o‘shaning cho‘ntagidan topib olibdi. Shaharga taalluqli bo‘lsa kerak deb jo‘natibdi.
Men o‘zimga kasbdosh bo‘lgan telbani darrov esladim.
— Qanday telba?! quyi ko‘chadagi telba emasmi?
— O‘sha, — dedi ximik qo‘l siltab. — Bechora tik turgancha qotib qolibdi. Professor hozir murdaning yonida. O‘ziyam cho‘ntagida bir umr olib yurgan, chog‘i, — u sumkasidan ezilib, sarg‘ayib ketgan xarita nusxa qog‘oz chiqarib uzatdi. — Bu shaharning telbalari ham olim bo‘ladi, shekilli.
Men shoshib qog‘ozni ochdim: avvaliga hech narsa tushunmadim. U cho‘zinchoq, yassi shaklda chizilgshan, bir necha joyi doira ichiga olib qo‘yilgandi. Uni uch-to‘rt marta aylantirib, ko‘zlarim o‘zim kezib chiqqan ko‘chalarning belgilariga tushgach, hayrat va dahshatdan nafasim ichimga tushib ketdi; avval ko‘zlarimga ishonmadim; boshimni silkib-silkib yana qaradim; yo‘q, ko‘zlarim aldamagan edi va mana shu bir necha soniya ichida shaharda paydo bo‘lgan o‘latning tub sababini anglab qolgan edim; titrab ketganimdan qo‘limdan chizma tushib ketdi va shu turishda uzoq vaqt dong qotib turdim. Shu kuni qayerlarda bo‘lganim esimda yo‘q, aftidan, chizmadagi ko‘chalarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish uchun shahar aylangan bo‘lsam kerak — chizma aynan shu shaharning loyihasi edi. Yana shu esimda-ki, men tekshiruv guruhidan ertagayoq qaytib ketamiz deb qat’iy talab qildim. Endi tajribalaridan natija chiqishdan umid uzgan professor ham gapimni ma’qulladi:
— Baribir bu yerda hech narsa qila olmaymiz. Ketganimiz tuzuk.
Sha har boshlig‘i ahdimizdan qaytara olmadi, uning yuzida g‘olib qo‘shinning yaloviday zafarli istehzo paydo bo‘lgan, professorning jig‘iga tegish uchun ataylab bizni yana bir necha kun qolishga undar, faranglarnikiga o‘xshash bu o‘latning sababini topish unchalik qiyin emas, deb tovush chiqarib ming‘illardi. U professor ustidan g‘alaba qilganidan xursand edi. Ammo professor unga ortiqcha e’tibor bermadi: mening ham, fahmimcha butun guruhning ham. Bu o‘laksa anqib yotgan shaharda bir kun ham turgimiz kelmayotgandi. Biz shu paytgacha o‘lim kabi buyuk va o‘lim kabi yovuz iqtidorning ko‘chalarini kezib yurgan edik.
Ertasiga shaharning ulkan darvozasidan chiqib ketar ekanmiz, men bu manzilning mangu o‘limga yuz tutganini, uni endi hech kim qutqarib qololmasligini, xuddi quyosh botgandan so‘ng tu kelishi muqarrarday, tiriklik quyoshi botgan, ko‘chalarida o‘lim va telbalik kezib yurgan bu shaharga vayronalik tashrif buyurajagi, uzoq yillar hukm surgan e’tiqod birdan xarobaga yuz tutgani kabi bu shahar ham endi tanazzul tomon og‘ishmay ketajagi haqida vahm va qo‘rquv bilan o‘yladim.
* * *
U xonamga kechqurun kirib ketdi: juda horg‘in edi, ko‘zlarida dahshat aralash junun o‘ynardi.
Bir necha kun ichida u mushtday bo‘lib qolibdi. Men uni kasal yuqtirgan chog‘i deb o‘yladim va uyga taklif qildim. U xonam to‘riga qo‘yilgan kursiga o‘zini tashladi va yuzini qo‘llari orasiga ancha vaqt yashirib o‘tirdi, so‘ng xuddi hamma narsani bosib yanchib o‘tayotgan bo‘ron kabi bir telbavor ohangda pichirladi:
— Butun shahar tobut shaklida qurilgandi. Men buni loyihada ko‘rdim. Biz shuncha kun tobutni kezib yurgan ekanmiz…