…Ketsin mendan ohu voyim,
Obod bo‘lsin mazgil joyim,
Duo qilgan, qiblagoyim,
Otam Qultoy, xush qol endi…
“Alpomish” dostonidan Alpomish so‘zi
Yuzi aralash tushgan qamchidan so‘ng orqasidan tepki yedi — ko‘pkarilarda o‘zlariga yo‘l ochish uchun oldini to‘sgan otlarning biqiniga tepib o‘rgangan qaynilar bu barzangi va na xotinni, na ro‘zg‘orni biladigan, umri molning izidan tayoq sudrab, qir-u adirlarda o‘tayotgan va shunga yarasha kuch-quvvatga to‘lib turgan odamni boshqa joyiga tepib yiqitib bo‘lmasligini, xotinidan boshqa hech kimga aytmagan sirini — aynan shu chap oyog‘ini qirning ustida bo‘ri g‘ajib, quvvatsiz bo‘lib qolganini bilishganday mo‘ljaldan adashmay naq tizzasiga, bo‘rining tishlari qolgan va besh yildan beri namgarchilik paytlari zirqirab, azob beradigan chandiq ustiga orqa tarafdan ketma-ket zarba berishdi — Uljonning ko‘zidan o‘t chaqnab ketdi. U oyog‘im sindi deb o‘yladi va shuning uchun endi nima qilib bo‘lsa ham momataloq bo‘lib ketmasin deb, bir paytlar Rajab cho‘pon bilan Tolli yaylovida muz yog‘ayotgan do‘l ostida qolib, ustiga eshakning jabdug‘ini yopinib qutulib qolishganday, do‘lday yog‘ilayotgan qamchilardan himoyalanish uchun yuzini qo‘llari bilan to‘sgancha har qanday ho‘kizni orqa oyog‘idan bir tortib, qassoblarga bog‘lab beradigan chayir panjalariga agar birontasining aqalli balog‘i ilashib qolsa ham xuddi quturgan sherday tagiga tortib, tilka-pora qiladigandek, qaynilarining yaqin kelishini peshonasidan sizayotgan qondan achishib turgan ko‘zlarini qisib olgancha poylab yotar, qaynilar ham ichidagini bilib turishganday oyoqlarini uning qo‘llari yetmaydigan masofada saqlab, xuddi paxta savalashayotganday biri qo‘yib, biri qamchilar, Uljon endi taqdirga tan bergan ko‘yi, ko‘z oldiga negadir hali qulog‘i kesilmagan kuchugi kelgan, keyin bular meni o‘ldirib qo‘ysa, izimdan yig‘lab qoladiganim ham yo‘q, anovi esi kirdi-chiqdi maymoqqa esa men o‘lamanmi, qolamanmi, farqi yo‘q, u mendan keyin ham etagiga tezak yig‘ib, o‘tgan-ketganga ishshayib yuraveradi degan josusona fikr lip etib o‘tgandi-yu tomog‘iga alamli xo‘rsiniq tiqilib, hatto qarshilik qilish haqida o‘ylashga ham qurbi kelmay, bo‘shashgancha, o‘zi necha marta ko‘ziga qarab turib, bo‘g‘izlab tashlagan novvoslarning jonholatda pishqirgani kabi hansirab yotarkan, birdan ayolning chinqirig‘ini eshitdi-qaydandir maymoqlanib Arzixol paydo bo‘lgandi; u qaynilarning ataylab uchiga qotirilgan teri o‘rnatilgan qamchilari momataloq qilayotgan Uljonning boshiga o‘zini tashladi: endi qamchilar ayolning yelkasi aralash vizillar, Arzixol bor ovozi bilan qishloqdoshlarini yordamga chaqirgancha, xuddi yosh go‘dagini bag‘riga olib, bostirib kelayotgan balo-qazolardan asrayotganday Uljonning boshini tovon-u barmoqlari birlashib ketgan mayib oyoqlar bilan tug‘ilgani va ayni shu nuqsoni uchun sog‘lom va nuqsonsiz odamlar dunyosida bir umrga bo‘ynini qisib, boshini egib yurishga mahkum etilgani beri boshidan arimagan haqorat va xo‘rlikdan yilma-yil kichrayib borayotgan mittigina jussasi bilan to‘sib olgandi. Uljon naq burniga tegib turgan ayolning ko‘kragidan achimsiq ter va o‘ziga juda tanish bo‘lgan ko‘krak hidini to‘ydi: bir zum u bu hid qayerdan kelayotganini va bu hid dimog‘ida qachon va qanday o‘rnashib qolganini anglolmay, o‘zini kaltaklashayotganini ham unutib, beixtiyor xuddi emayotgandek tamshandi. Tamshandi-yu, keyinchalik shu holatini eslab jahli chiqdi, sal bo‘lmasa, ikkita sigirning oyog‘ini gavroni bilan urib sindirayozdi. Ikki-uch oydan keyin xotini uyga qaytib, bolasini emizib turganini ko‘rdi-da, yana o‘sha hid esiga tushdi. Bu hid juda tanish, shu bilan birga notanish edi. Qisir sigirdan farqi yo‘q, bir maymoq to‘qolning ko‘krak hidi o‘ziga tanish bo‘lishi g‘azabini keltirdi va otasidan o‘rgangan odatini qildi: podaga qo‘shish uchun sigirni yetaklab chiqqan Arzixolninng yelkasiga alam bilan gavron tushirdi. Bu marta ayolni ayadi, gavronning uchigina tegdi. Arzixol uning qo‘rs va qo‘pol muomalasiga o‘rganib ketgandi. Yelkasiga gavron tushganda mayishib ketar, og‘riqni bildirmay unga ojiz va yalinchoq tarzda tikilgancha maymoq oyoqlarini sudrab, nari ketardi. Shunday paytlari Uljon Rajab cho‘pondan o‘rgangan so‘zlar bilan “Enag‘ar, maymoq!” deb so‘kinardi. Rajab cho‘pon odamovi va qahri qattiq odam edi. Unga mol bilan odamning farq yo‘q, kim jahlini chiqarsa, uzun gavroni bilan tushirib qolar, shuning uchun tersotaliklar uni ko‘pam davralarga qo‘shavermas, u podasi bilan yaylovda qancha yursa, qishloq shuncha tinch bo‘ladi deyishardi. Uning ana shu qo‘rs va o‘ziga yoqmagan har qanday masalaga gavron bilan aralashish odati, garchi pushti kamaridan tushgan farzandi bo‘lmasa ham Uljonga to‘liq ko‘chib o‘tgandi. Rajab cho‘pon qahri qattiq bo‘lgani bilan mijg‘ov emasdi. Uljonning asrandi ekanini biron marta ham yuziga solmadi, shu sababli Uljon bu uyga asrandi ekani xayoliga ham kelmasdi. Bola qizi bilan ko‘krak talashib katta bo‘la boshlagach, birovning farzandi ekani ham Rajabning esidan chiqib ketdi va u olti yoshga kirishi bilan o‘ziga qo‘shib, podaga olib ketdi. Shundan so‘ng goh Chit ustidagi, goh Tollidagi yaylovlarda oylab qolib ketishar, ota-bola poda ketidan yurib, o‘z izlaridan xuddi o‘z umrlarining yorqin va navqiron davrlarini birma-bir yoqib, keyin o‘chirishayotgandek tutab yotgan o‘choqlar bilan birga mol tezaklari qoldirgancha, gavronlari bilan sigir oyoqlari-yu o‘zlariga yoqmagan odamlar yelkasiga jizzaki fe’llarining asoratlarini chizib, o‘zlarining goh yuvvosh, goh zardali kayfiyatlari kabi o‘zgaruvchan fasllar-u yillarni bu tog‘ yaylovlari va dashtu-dalalarga birma-bir almashtirib chiqishardi. Uljon maktabda o‘qimadi, uning borligini birov eslamadi ham. Shuning uchun xuddi dasht bo‘risi kabi jizzaki va tsirkasi suv ko‘tarmaydigan qiziqqon bo‘lib o‘sdi. Oradan yillar o‘tib, balog‘at yoshiga yetgandagina, hujjat kerakligi yodiga tushishdimi, Rajab cho‘pon bir qo‘zili qo‘yga eski tanishi orqali tug‘ilganlik guvohnomasini to‘g‘irlab oldi. Shunday qilib, Uljonning asrandi farzand ekani ham, kenja qizi ikki oylik bo‘lganda, bahorning oxirlarida bezgak tutib yotgan xotini kasal holida otasinikiga ketib, qo‘lida bir haftalik bola ko‘tarib kelgani ham esidan chiqib ketdi. O‘shanda u xotinining qo‘lidagi eti hilvirab yotgan chaqaloqni ko‘rib, otasinikida ikki kun qolib ketgani uchun gavron bilan savlamoqchi bo‘ldi-yu, ammo xotinining o‘ziga yalinib, iltijo bilan titrab, bezgak tutib turganini ko‘rgach indamadi. Ustma-ust qiz tug‘ib, mendan kaltak yeyavergani uchun ham bu bolani olib kelgan deb o‘yladi o‘zicha. “Bir qarindoshimiz tuqqan kuni o‘lib qolibdi, qizing hali sutdan chiqmagan deb menga berishdi, bu endi bizning bolamiz, otasi” dedi Rohat. Rajab endi tug‘ilgan qo‘zichoqday bo‘lib yotgan chaqaloqqa qaradi-yu, boshqa bu bola kimning bolasi, qanday qarindoshi bo‘ladi, qaynotasi nega kasal xotinini aynan shu kunlari Chitga shoshlinch chaqirdi va xotini qanday qilib bu bolani olib keldi, qayta surishtirib o‘tirmadi. Hatto unga ism qo‘yish ham esdan chiqib ketdi. Oradan bir hafta o‘tmay xotini bezgakdan qaltirab ikkita chaqaloqni boqishga qiynalayotganini aytdi va otasining uyida o‘tirib qolgan maymoq singlisini olib kelishini so‘radi. Rajab cho‘pon indamadi. Xotini kuvi pishishga ham qurbi yetmay qolganini va kundan kun xuddi kuzgi shuvoqdek to‘kilib borayotganini bilardi—Arzixolni qaynotasi bir so‘z demay, xuddi bu er olmas qizdan bezor bo‘lishgandek, bitta eshak qulog‘icha keladigan bo‘g‘chaga o‘ralgan kiyimlari bilan tashlab ketdi. Hatto kuyovning ko‘zlariga qaramadi ham. Rajabning maydakashlik odati yo‘q edi. Bunga e’tibor ham bergani yo‘q. Keyinchalik bola yura boshlaganda Rajab bolaning bo‘liq oyoqlariga qarab turib, xotiniga “Bu endi bizning ul bo‘ldi, Uljon qo‘yaqol” dedi. Shunday qilib, Chitlik bola Rajab cho‘ponning merosxo‘ri bo‘lib qoldi va Arzixol ham qaytib otasinikiga ketmadi. Uljonning ham asrandi ekani ba’zida kelib, otasining uyi-yu moliga iddao qilib ketadigan qizlari demasa, hech kimning xayoliga kelmasdi. Ammo qizlar Rajab cho‘ponning Uljonga bo‘lgan munosabatini ko‘rib, bu haqda ochiq-oshkora og‘iz ochishmasdi. Rohat to‘shakka mixlanib qolgandan keyin butun ro‘zg‘or mo‘ylovi sabza urib, otasiday bag‘ritosh va qo‘pol bo‘lib voyaga yetayotgan Uljonning turtkilashlari-yu qamchilaridan qirqdan oshar-oshmay mushtday bo‘lib qolgan shu maymoq ayolga, Rajab cho‘pondan so‘ng qishloqning podasi esa Uljonga qoldi.
Uljon Arzixolni boshidayoq yoqtirmasdi: u bu majruh ayol nega o‘zlari bilan yashayotganini uzoq vaqtgacha tushunmadi — keyin esa onasining o‘rnidan turolmay yotganda yolg‘iz shu mayib xolasi kuniga yarayotganini ko‘rganda, battar g‘ashi keldi: unga bu ayolning biron ishni eplab qilolmasligi, ish buyursa, hamisha chalasi bo‘lishi, chiroq yoqqanda, shishasi yorilishi, idish yuvganda kosa sindirishi, non yop desa, xamir oqib ketib, nonsiz qolishlari, sog‘ib olgan sutiga, albatta, mol go‘ngi qo‘shilib qolishi, umuman, ayolga xos bo‘lgan juda ko‘p fazilatlar bu Xudo urganda yo‘qligi uning g‘ashini keltirar, ustiga ustak bu ayolga rahm qiladigan, unga achinadigan odamning o‘zi yo‘q, otasidan tortib, opalarigacha Arzixolga bir keraksiz va ortiqcha buyumga qaraganday qarashar, bobolari bilan tog‘alari ham Chitdan qidirib kelishganda Arzixol bilan nomiga so‘rashar, go‘yo u allaqachon o‘lib ketganday, bu mayib ayol bir begonaday, uning hali ham o‘sha otasi bilan olib kelgan bo‘g‘chadagi kiyimlari ustiga ilinib turgan abgor qiyofasiga e’tibor ham berishmas, Rohat esa kasallik hech kimga keragi bo‘lmagan bir maymoqni emas, aynan o‘zini tanlab, hayot shamlarini birma-bir o‘chirayotgani uchun alami kelgandek yotgan joyida Arzixolni “Sen to‘qol, meni o‘zingday beburd qilasan, meni isnodga qo‘yasan” deb qarg‘anar, ko‘zi tushgan joyda uni go‘rdan olib, go‘rga tiqar, shunda ham bu ayol xo‘rlik va haqoratga loyiqday biron e’tiroz bildirish tugul, hamisha qo‘rqib, hurkib, burchak-burchaklarga bekinib, birovlarning ko‘ziga ko‘rinmay yashar, bu esa Uljonning g‘ashini battar keltirar, uni ko‘rgan joyda turtkilab o‘tar va o‘tirsa o‘poq, tursa so‘poq deb so‘kardi.
Qaynilarining qirdan oshib kelayotganini ko‘rgandayoq Uljon bularning niyati buzuqligini bilgandi. Ammo tom aylanib qochishga yo bekinishga g‘ururi yo‘l qo‘ymadi. Otning abzalini tortgancha ularni poylab turaverdi. Birinchi qamchi kelib tushganda, ot hurkib, qochib qoldi. Qishloqda har kim o‘z ishi bilan band, to‘rtta barzangining qishloqdagi har qanday yigitni bir cho‘qishda qochiradigan Uljonday odamni uyiga kelib kaltaklashi xayollariga ham kelmasdi. Ammo qaynilar bir so‘z demay kuyovni savalashga tushishdi. Tovuqlarga don berib, katakdan o‘rmalab chiqayotgan Arzixol ko‘rib qolib, o‘zini ustiga tashlab, bor ovozi bilan butun qishloqni oyoqqa turg‘izgandagina qishloqdoshlari ajablangan ko‘yi birin-ketin yugurib kela boshlashdi.
Boyqul chol Qo‘shko‘llik qaynilarni jerkib berdi.
— Singillaringni haydab yuborgan bo‘lsa, qamchi bilan qo‘shasizlarmi? He, o‘rgildim sizlarday orkashlardan.
— Singlimiz endi bu ho‘kizning uyiga o‘lsa ham kelmaydi! Bunga boshqa xotin topib beringlar! — dedi o‘rtancha qayni.
U jimitday gavdasi bilan Uljonning boshini to‘sib olgan Arzixolning yelkasi osha qamchi tushirganda akasidan bir qamchi yeb, bo‘ynini ushlab turardi.
Qaynilar ot chopib, qishloqlarining orini ko‘tarib yurgan odamlar edi. Keksa chol bilan tortishib o‘tirishmadi. Bundan tashqari tersotaliklar ham o‘z qishloqlariga qamchi ko‘tarib bostirib kelishganidan nafsoniyati qo‘zg‘alib, biri tayoq, biri panshaxa ko‘tarib olishgan, vajohatlaridan aka-ukalarni g‘ajib tashlagudek ko‘rinishardi. Ular otlariga minib, bir so‘z demay jo‘nab qolishdi. Arzixol yuzidan sizayotgan qon bo‘yni orqali ichiga oqib ketayotganidan bexabar Uljonning yuzidagi jarohat izlarini ro‘moli uchi bilan artar, nariga uchib ketgan telpagini qoqib boshiga kiydirardi. Uning mehribonchiligi Uljonning jahlini chiqardi. U o‘ziga kelib, ayolni itarib yuborib, hali qirga yetmagan qaynilariga bir ko‘z tashlab, omborga qarab yugurdi. Arzixol uning nima uchun omborga kirganini bildi. Maymoqlanib, Boyqul cholga nimadir deb g‘ulduragancha, izidan chopdi va omborning eshigiga tayoq o‘tkazib qo‘ydi. Ichkaridan Uljon eshikni tepib baqirayotgani eshitildi. Uljon bir iloj qilib, eshikni buzib, qo‘lida miltiq bilan chiqqanda qaynilar allaqachon qir oshib ketgandi. Uljon alamiga chidolmay qo‘ndoq bilan Arzixolni bir urib yiqitdi.
— Enag‘ar maymoq, ularning o‘rniga seni o‘ldiraman!
Uljon xotinining ketib qolishi-yu, qaynilarining o‘zini savalashgani alamini birato‘la maymoq ayoldan oldi: har doim podadan qaytganda Rajab cho‘pon oyoq ostida yotmaslik uchun o‘rgatgan joyga — ayvonning shiftiga tiqib qo‘yilgan uzun irg‘ay tayoq bilan Arzixolni solib qoldi. Ayol sal bo‘lmasa ikki qadamga, ayvonga terib qo‘yilgan bug‘doy qoplari ustiga uchib borib tushdi: uning jimitday tanasi xuddi koptokday yuqoriga ko‘tarilib tushganini bu yerga nafsoniyatlari qo‘zg‘alib emas, ko‘proq tomosha uchun kelgan tersotaliklar aniq ko‘rishdi. Arzixol Uljonga ojizona va zaif ovozda nimadir demoqchi bo‘ldi, musichaning qurillashiday ovoz chiqardi, ammo hech narsa demadi, tayoq tushishi bilan boshidan uchib tushgan ro‘molini olib, esiga tushgandagina qatiqqa yuviladigan sochi patak bo‘lib yotgan to‘zg‘oq boshiga tashlab, Uljonning ko‘zidan yashirinish uchun molxona tarafga pildirab o‘tib ketdi.
Kechga yaqin O‘rol usta qop-qorayib ketgan tayoq o‘rnini ko‘rib, zaiflashib qolgan tirsakni ushlab ko‘rarkan, ayolchalish qilib qarg‘andi:
— Ho‘kizday bo‘lmay o‘l-da, sen, Uljon. Kelib-kelib bir mayibga kuching yetdimi? Qo‘lini sindirib qo‘yibsan-ku, juvonmarg.
Arzixolning og‘riqdan ko‘karib ketgan yuziga qarab, o‘zi ustani boshlab kelib, o‘zi dakki eshitayotgani jahlini keltirdimi, yo qilgan ishidan uyaldimi, Uljon cholga bir og‘iz gap qaytarmay nari ketdi.
— Uni qarg‘amang, usta bova, — dedi Arzixol og‘riqdan terlab, inqillarkan. — Ayb o‘zimda. O‘zim yiqilib tushdim. Xotinini men sig‘dirmadim. Meni deb ketib qoldi. Nima qilay, men bir Xudo urgan ayol ekanman. Bunga ham dardisar bo‘ldim. O‘zi opamning o‘rniga men o‘lib ketsam bo‘lardi.
Tersotaliklarning birontasi Uljonni koyiy boshlasa va u haqda yomon fikr bildirsa, Arzixol birdan uni “Aslida ayb menda, opamning o‘rniga men o‘lib ketsam yaxshi bo‘lardi” degan so‘zlar bilan himoya qilishga tushardi. Rohat odam tanimay, ko‘zlari orqali rozi-rizolik qilib yotarkan, Arzixol rozilik so‘rash o‘rniga “Sizning o‘rninigzda men o‘lsam yaxshi bo‘lardi, Uljon ham shuni istayapti”, deb yig‘laganini hali haligacha qishloqdoshlari eslab yurishardi. Tersotaliklar bu majruh ayolning hamisha o‘zi qilmagan aybni bo‘yniga olishi va hamisha hurkak, bir narsadan xavotirda yurganday doimo Uljonning oldida qaltirab turishi, Uljon desa kasalligiga qaramay o‘rnidan turib ketishi, Uljon kelmasa kechalari toki u kelguncha mijja qoqmay chiqishi, ba’zida och ketganda, ovqat ko‘tarib, mayib holiga qaramay, ikki qir nariga — yaylovga piyoda borib kelishi, bolalari va xotinining tayyor cho‘risi bo‘lib qolganining sababi — ayol unga o‘rganib qolgan, shu sababli Uljonning uydan haydab yuborishidan qo‘rqadi, poda izidan yuraverib, o‘zi ham ho‘kizga o‘xshab qolgan bu yovvoyi uni haydab yuborishdan ham qaytmaydi, shuning uchun ham bu ayol o‘ziga shuncha azob bergan odamga baribir mehribonlik qilaveradi, chunki bu asrandini chaqaloqligidan o‘zi ko‘tarib katta qilgan, o‘z bolasiday bo‘lib qolgan, bir uyga beka bo‘lish baxtidan mahrum bo‘lgan sho‘rlikning shu cho‘pondan boshqa bu dunyoda ovunchog‘i qolmagan, faqat shu Uljonga bo‘lgan mehrgina bu bebaxtni dunyoda ushlab turibdi deyishardi.
O‘rol usta o‘shanda qariyib o‘ttiz yildan beri Rajab cho‘ponning uyida yarim jon va mittigina bo‘lishiga qaramay, qo‘li kosov, sochi supurgi bo‘lib qolgan ayolning yiqilib tushganiga ishonmagandi: tayoqning o‘rni bilinib turardi. Arzixol hech qachon biron kishiga aytmagan bo‘lsa ham uning goh peshonasi, goh yuzi shilinib, ko‘karib yurganini ko‘rgan qishloqdoshlari bu Uljonning ishi ekanini bilishardi. Usta O‘rol tuxum surtib, Arzixolni dodlatib, tirsakni xuddi munchoq terayotganday silab-ishqaladi, tsingan suyaklarni qo‘li bilan tekislab bo‘lgach, chorcho‘p qilib bog‘lab qo‘ydi. Og‘riq qolgandek bo‘ldi-yu, ammo Arzixolning tirsagi yillar o‘tishi bilan qaltiraydigan, keyin esa, salga chiqib ketadigan darajada mo‘rtlashib qoldi. Oradan yillar o‘tib, Arzixolning chiqib ketgan tirsagini xuddi qo‘g‘irchoqning qo‘lidek joyiga solib qo‘yishga Uljonning bolalari ham o‘rganib ketishdi, tirsakni joyiga solish payti ayol dod-voy qilib turganda, Uljon sekin uydan chiqib ketar, shuncha yillar o‘tgan bo‘lsa ham negadir qaynilari kelib ketganda alam ustida Arzixolni kaltaklagani yodidan chiqmas va o‘sha kungi ter hidi kelayotgan ko‘krak hidini dimog‘ida tuyardi. Vaholanki, u bu maymoqni jahl ustida tayoq bilan solib, mayib qilib qo‘yay degan holatlar umri davomida ko‘p bo‘lgan, bularning birontasi ham esida qolish tugul, hatto bir mo‘yini qilt ettirganini eslolmasdi. Nega aynan o‘sha kungi voqea yodida bunchalik uzoq saqlanib qolganini tushunmasdi. Eng kayvoni kampirlaru oqsoqollarning ham qo‘lidan kelmagach, tersotaliklarni hayratga solib, poyu-piyoda maymoqlanib Qo‘shko‘lga kirib borgan Arzixol bilan birga uyiga qaytgani sababli singillari bilan yuz ko‘rishmas bo‘lib ketgani uchunmi yo turmush degani chimildiqdagi entikishdan boshqa narsa ekanligi tufaylimi, xotinining tobora injiq va mijg‘ov bo‘lib borayotganiga qaramay izma-iz tug‘ilayotgan bolalar o‘sha kungi kaltaklanganining alamini ham, xotinining zaif joyini sotib qo‘yganini ham, qaynilari uni urish uchun aynan o‘sha zaif joyidan foydalanishganini ham, o‘sha kuni Arzixolni jahl ustida urib, birinchi marta chekkan xijolatini ham uning xotirasidan surib chiqarishdi, ammo achimsiq, ter ta’mi bor ko‘krak hidi esidan chiqmadi. U bu hidni ilgari qayerda hidlaganman deb keng vodiyda yoyilib o‘tlayotgan podalarga xuddi o‘z mulkini kuzatib turgan shahonshohday sersolib qaragancha, Arzixolnining goh yelkasi, goh oyog‘iga tushaverib, o‘zi ham ayolning bilak va yelkalariga qo‘shilib, yilma-yil yeyilib-silliqlanib borayotgan tayoqqa suyanib, azobli o‘yining tagiga yetishga urinardi. U yillarning uvalanib ketgan kesaklari va suvoqlari ostida qolgan yiltillab turgan o‘sha xotirasini topgandek bo‘ldi: Arzixol maymoq chaqaloqligida o‘zini ovutish uchun ko‘krak bergan, shu yo‘l bilan Rohat onasi yo‘q paytlari, keyin esa, kasal bo‘lgandan keyin hamisha ter hidi kelayotgan, oyoqlaridek zaif va hayot asari yo‘q, xuddi suzmasi achib qolgan xaltadek so‘lg‘in, sassiq ko‘kragini og‘ziga tutgan, hid o‘shandan dimog‘ida qolgan deb o‘yladi va bu uni battar tutoqtirib yubordi — u bu maymoqni er ham olmagandan keyin menga ko‘kragini berib, o‘zini ovutgan, shuning uchun meni xuddi o‘zi tug‘ib qo‘yganday mehribonlik qilgan, bu hid o‘sha paytlardan xotiramda qolgan degan xulosaga keldi: bu uning jahlini battar qo‘zg‘adi, agar shu payt maymoq oldida bo‘lganda, gavroni bilan yelkasiga solib qolishdan va sog‘ qo‘lini ham mayib qilishdan qaytmasdi. Shuning uchun u keyinchalik ham Arzixolning mayib oyog‘iga qo‘shilib, o‘ng qo‘li ham butunlay ishlamay qolganda, biron marta o‘zini aybdorday his qilmadi: aksincha, uning bir paytlar, onasi o‘rniga o‘zining sho‘rlangan teriday ko‘kragini tutgani uchun kechirolmadi. Uljonning ayolga bo‘lgan bunday munosabati keyinchalik uning bolalariga ham o‘tdi: esini taniyotgan bolalari ham chaqaloqlarning ishtonini yuvishmi, tezakdan guvala qilishmi, qozon ostiga olov yoqishmi, qish kunlari qurigan yulg‘un terib, to‘qayzor titib yurishmi, hammasi maymoq ayolning chekiga tushganidan zarracha ham ajablanishmay qo‘yishgan, uni momolarining singlisi deb emas, uylaridagi o‘zlari qilishga irganadigan yoki qo‘llari bormaydigan qora ishlarni bajarishga mahkum etilgan cho‘ri deb tasavvur qilishar, Rohat o‘lgandan keyin Arzixol sichqon hidi bosib ketgan omborga ko‘chib o‘tgan — Uljon nozik mehmonlarga ataylab tog‘da otib kelgan, shamolda quritib, qotirish uchun omborni to‘ldirib ilib tashlagan va qotgani sayin shuncha mazasi chiqadigan to‘ng‘iz etlari bilan birga bu ayolning umri ham kichkina hujrada yilma-yil quruqshib borardi.
Aslida xotinining ketib qolishida Arzixolning aybi yo‘q edi. Arzixol kelinni haydatib yuborish tugul, unga o‘qrayib qarashga ham yuragi betlamagan, aksincha, kelin kelgan kunidanoq bu maymoq ayolga butun jasadini tashlab olgandi. Oldiniga nomiga bo‘lsa ham Uljonning onasi o‘rnidagi xolasi, shularning xizmatini qilasan deyishdi kelinga. Ammo Arzixol kelinga xizmat qildirishga imkon ham qoldirmadi. Hali chillasi chiqmagan deb uy yumushlarini o‘z zimmasiga oldi — kelinning baxti bor ekan — chimildiqdaligidayoq tekin xizmatkorga ega bo‘ldi. Kelin poda izidan ketgan, ba’zi kechalari tuni bilan ham yaylovda tunab qoladigan kuyovni kutib o‘tirgan tunlarda Arzixol uni ovutishga urinardi — hali hech kimga, hatto o‘z opasiga ham aytmagan sirlarini shivirlab aytib, kelinning kuyovi kelmayotganidan paydo bo‘lgan hijronini biroz bo‘lsa ham bosishga urinardi. Kelin birinchi bor ko‘rgandayoq bu ayolning oyog‘ini to‘g‘rilab bosishdan boshqa armoni bo‘lmasa kerak, bunday ayolda orzu-havas nima qiladi deb xato o‘ylaganini o‘sha kunlari bilib qoldi. Zero Arzixolning ana shu siridan boshqa bironta ham boshqalarga aytishga arzigulik xotirasi yo‘q edi. Shuning uchun chillasining chanqog‘ini bosolmagan kelinga shu xotirani aytib, chimildiqdan chiqmasdan kuyovdan norozi bo‘layotgan kelinni chalg‘itishga uringandi. Shundan boshqa niyati yo‘q edi. U kelinga uyalibroq, lekin xo‘rsiniq bilan bir chavondoz yigitga ko‘ngli tushganini, o‘zlariga maymoq kelinni munosib ko‘rmagan ota-onasidan nolib, u yigit hu anovi qir ortidagi qishloqdan kelib, to‘qayzorda uchrashib turganini, Arzixol ham uylaridagi suv to‘la chelaklarni o‘raga ag‘darib, tez-tez suv olib kelish uchun daryo bo‘yiga—o‘sha to‘qayga tez-tez borib turishini, yigitning qamchisiga kashtali bandak to‘qib berganini, keyin nima bo‘lib, chavondoz yigit ko‘rinmay qolganini, oradan oylar o‘tsa ham undan xabar bo‘lmaganini, u esa yurak yutib birovga bu haqda gapirolmaganini, hali ham o‘sha yigit navqiron va o‘ktam qiyofada, yulg‘un va zirk bilan to‘lgan to‘qayda yurgandek, o‘sha to‘qayga borgisi, uni ko‘rib, ko‘kragiga bosh qo‘yib shuncha yillik ayriliq uchun gina qilib, to‘yib-to‘yib yig‘lagisi kelishini aytib qo‘ydi. O‘sha payti kelin bu gaplarni biron kishiga gullab qo‘ymaslikka va’da bergandi. Ammo bolalar tug‘ilib, Uljonning xolasiga bo‘lgan qo‘pol-qo‘rs muomalasi asta-sekin kelinning ham betini qotirdi—u ham Arzixolga eriga o‘xshab muomala qilishni o‘rgandi. Oldinma-ketin tug‘ilayotgan bolalarning beshigini tebrataverib ayolning qo‘llari chilvirday eshildi, keyin esa ko‘taraverib, yelkasining yag‘iri chiqdi. Ammo buni ayol bir marta ham na Uljonning, na kelinning yuziga solgani yo‘q. Aksincha u xuddi o‘z nevaralarini bag‘riga olib, tarbiya qilayotganday bolalarning na xarxashasidan, na to‘polonidan bezor bo‘lar, bolalar uni qiynagan sayin ayolning ularga mehri iyib, ko‘proq suyib borar, bolalar uni goh ot, goh eshak qilib minib, butun hovlini aylanib yurganini ko‘rganda Uljon asli bu maymoqning esi yo‘q, buning o‘zini tarbiyalash kerak oldin, u tomonidan bu tomoni yaqin qolgan kampir ham shunaqa qilib bolalar bilan o‘ynaydimi deb o‘ylar va shunday bir ayolni o‘ziga dardisar qilib tashlab ketgan onasidan norozi bo‘lib, qo‘lidagi gavronni g‘azab bilan ushlab qo‘yardi. Kelin ham endi unga bir xizmatkorga qaraganday qarar, uy ishlari-yu, supur-sidir, mol-holga va bolalarga qarash Arzixolning zimmasida edi. Yillar o‘tishi va chimildiqdan uzoqlashib, turmushning betiyiq ehtiroslariga o‘ralashib qolgan kelin bergan va’dasini unutdi. Bir kuni Uljon dasturxon ustida qir ortidagi bir chavondozni baytali tepib o‘ldirganini aytib, janozaga borayapman deb, xotinini shoshira boshladi.
— Enag‘arni bedov emas, baytal tepib o‘ldiribdi. Xuddi o‘ch olgandek, naq qanshariga tepibdi, — dedi u.—Boyqul chol kutib turibdi. Xuddi o‘zi borsa qirda bo‘ri yeydiganday… Tez bo‘l…
Shunda kelin befarosatlik qildi.
— Bu, haligi, siz bilan va’dalashib yurgan chavondoz emasmi, — dedi piching aralash kelin bir chetda Uljonning xurjunini ombordan olib chiqqan Arzixolga. — Hali pochchamning azasiga borayapman deng…
Uljon ajablanib xotiniga qaradi. Arzixol esa taxtaday qotib qoldi — u hozir hammasi tugaydigandek, Uljon uning sirini bilib, terisiga somon tiqadigandek gezarib-qaltirab turardi. Uning yuzi bunchalik oqarib ketganini va bunchalik sarosimaga tushganini hali hech kim ko‘rmagandi. Uning yuzi kechirib bo‘lmas gunoh ustida qo‘lgan tushgandek oqarib ketgandi. Ammo Uljon xotinining gapidan boshqa ma’no tuydi: bir hafta oldin kelinning xolasi to‘y qilganda Uljon “Pochchangning oldida to‘y qarzim yo‘q, men to‘y qilganimda ham kelgani yo‘q, oramiz ochiq” degandi. Bir haftadan beri to‘mtayib yurgan xotini qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarganini kech angladi, pichingi qimmatga tushdi.
Bezrayib turgan Arzixol aralashishga ulgurmadi, kelin faqat qarindoshlarining to‘y-azasiga bormay qo‘ygani uchun emas, eri yilning uch faslini yaylovda o‘tkazayotgani va o‘zining gulday umri ikkita churvaqaning big‘illashi bilan o‘tib borayotgani uchun to‘lib turgan ekanmi, tiliga kelganini og‘zi charchaguncha gapirdi, Uljon ham qo‘li charchaguncha uni savaladi. Uljon ketgach, yelkasi mamataloq bo‘lgan kelin bolalarini olib, Qo‘shko‘lga, otasinikiga ketib qoldi. Arzixol Qo‘shko‘l qirigacha yalinib borsa ham kelin qayrilib qaramadi: u kelinning izidan toki qosh qorayguncha qarab o‘tirgan qir ustida ertasiga to‘rtta otliq paydo bo‘ldi….
* * *
O‘ziga tengdosh ayollar allaqachon kelinli bo‘lib, bolalar-u nabiralar, kelinlaru qizlar parvarishida, yetti qavat ko‘rpa ustida sog‘liklaridan noliy boshlaganda ham Arzixol na sog‘ligidan, na turmushidan nolir, hali ham otasi Rajab cho‘ponnikiga opasining xizmatini qilish uchun tashlab ketgan o‘sha sunbula oqshomidek tongdan shomgacha Uljonning yilma-yil kattarib borayotgan g‘alvali ro‘zg‘orida, qo‘zi izidan to‘qayzoru bahor paytlari xuddi dunyo o‘tkinchiligini ta’kidlayotgandek shoshib-to‘liqib oqadigan daryo bo‘yida, poda tezagi tushgan qiru adirda, qishloqning mish-mishlaru g‘urbat ko‘milgan chang ko‘chalarida o‘zining shum taqdirini yetaklab yurgandek kuymalanib yurar, uni mayib qilib yaratgan taqdir xuddi uni endi siylayotgandek yoshi o‘tgan sayin u tetiklashib, kuchga to‘lib borar, yanayam jonsarak bo‘lib qolgan, kechasi hammadan keyin yotar, ochilib qolgan bolalarning va Uljonning ustini yopib qo‘yar, sovub qolgan pechkaga tezak tashlar, uxlab yotgan kelinning uyg‘onib qolishidan xavotirlanib, nafasini ichiga yutib beshik tebratib chiqar, keyin allamahalda yillar-u fasllar qor va yomg‘ir qiyofasida yemiraverib, kalamushning uyasiday g‘arib qilib qo‘ygan omborga kirib ketar, ertalab esa maymoqlanib yo oftobani, yo sut to‘la kadini ag‘darib yuborgan shovqin bilan boshqalarni uyg‘otar, endi tovushi do‘rillay boshlagan Uljonning bolalari ham uni xuddi otalariday jerkir, kelin esa tinim bermay yumushga ko‘mib tashlar, u esa yaroqsiz bo‘lib qolgach tashlab yuboriladigan buyumga o‘xshab bu uydan haydalishdan cho‘chigandek hech bir ishdan bo‘yin tovlamas, u o‘zini keraksiz bo‘lib qolayapman deb o‘ylagani sayin Uljonning bolalaridan tortib, o‘zi ham kampirga ko‘proq suyanib borar, uning og‘rib yo kasal bo‘lib yotib qolishini tasavvur ham qilisholmasdi. Xuddi o‘zi chiqmasa, qishloq moli o‘rmaydigandek, Uljonni poda izidan Azlar qirigacha kuzatib qo‘yar, agar kech qolsa, hech kimga aytmay yana o‘sha qirga, chayir va temirday mustahkam ildizlari toshlarni yorib, qoyaga chirmovuqday yopishib olgan, shoxlari qurib-qaqshab ketganiga qaramay eng baland novdasida hali jo‘shqinlik va ko‘klam hidi barq urib turgan, bir juft g‘uddasini xuddi butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilayotganday silkitib qo‘yadigan va tabiatning fasllar qiyofasida goh izg‘irin, goh jazira, goh sel bo‘lib keladigan barcha sinovlariga matonat bilan dosh berib kelayotgan yolg‘iz keksa zarang daraxti yoniga borib, xira torta boshlagan ko‘zlarini olis yaylovlarga tikib, cho‘kkalab o‘tirib olar, go‘yo keksa zarang bilan sabr va matonat borasida bahs boylashayotganday toki uzoqlardan kelayotgan podaning changi ko‘rinmaguncha shu holatda qilt etmay o‘tiraverar, poda ko‘rinishi bilan maymoqlanib, turtinib-surtinib, peshvoz chiqar, qariyb ellik yildan beri yolg‘izlikdan zerikkan daraxt esa uni qo‘yib yubormaslik uchun juldur kiyimlaridan bir parcha yulib qolganini ham, keyin asov shamolda xuddi g‘oliblik tug‘iday laxtakni hilpiratib turganini ham sezmay, Uljon sari otilardi. Ayol qarigan sayin jonsarak, harakatchan, serg‘ayrat bo‘lib borar, endi uni boshqa tersotalaklarning ham xizmatini qilib, turli hovlilarda g‘imirlab yurganini ko‘rib qolishardi.
Uni ko‘rganda o‘z qismatdoshini topganday shabada tili bilan ovoz chiqaradigan zarangning zorlanishlari ham, maymoq kampirning xuddi jandasini sudrab yurgan darvishday oyma-oy to‘kilib borayotgan tanasini boshqalarga bildirmaslik uchun azod ko‘tarib yurishi ham endi peshonasiga yozilgan taqdiri azal hukmini o‘zgartirolmadi: Arzixol bir umr qo‘rqqan narsa kuzning o‘rtalarida tegirmondan yarim xalta un torttirib kelgandan so‘ng sodir bo‘ldi — u birdan yotib qoldi — xuddi jon tomiri uzilib ketganday kundan kunga yuzlaridan hayot asari yo‘qola boshladi. Shu yotish bilan xazonrezgini o‘tkazib, qishning naq chillasida qaytish qildi. Tuflasa tupuk muzlaydigan tongda uni so‘nggi manzilga kuzatishga o‘ntacha tersotalik va hali betlari qotmagan qarindoshlar yig‘ilishdi: bu yerga yig‘ilganlar azaga kelgandan ko‘ra chet qishloqdan kelib, boshqalar bir necha kunda egallab oladigan tersotaliklarning ko‘ngliga qirq yildan ortiq yashab ham kirolmagan, kirish u yoqda tursin, kirish eshigini taqillatib ham ko‘rmagan va shuncha yillardan beri o‘zining maymoq oyog‘ini, qirq yilcha birga yashab ham sirli va noma’lum bo‘lib qolgan ko‘nglini o‘zlaridan yashirib o‘tgan majruh ayolning hech qursa so‘nggi kunida, xuddi qulagan qal’aga bostirib kirgan qo‘shinday, uning bor sirini endi fosh qilish maqsadida yig‘ilishganday edi: Uljon ham ayni shunday kunda o‘zini tashvishga qo‘yganidan norozi to‘ng‘illardi.
— Bu maymoqning o‘lgan kuni ham o‘ziga o‘xshagan tashvish bo‘ldi-ya…
U bu gaplarni atayin boshqalarga eshittirib aytdi, shu yo‘l bilan kasal onasi o‘lgandan so‘ng ham Chitga qaytarib olib ketmay o‘zining boshiga majruh ayolni dardisar qilib qo‘ygani uchun bobosi bilan tog‘asini chaqib olmoqchi edi. Bobosining endi parti ketib, sharti qolgandi, uning gapiga parvo qilmadi — u o‘zining darmonsizlikdan osilib tushayotgan boshini zo‘rg‘a ko‘tarib turar, tog‘asi esa o‘zini eshitmaganga solardi.
Uljon nomiga bo‘lsa ham chollarning qistovi bilan mayit yotgan omborxona tuynugi oldida turib, ro‘molcha bilan ko‘zlarini ishqalagan bo‘ldi, tayoqqa suyanib, “xolam-ov” dedi. Uning bu yo‘qlovi tinch osmonda momoqaldiroq gumburlaganday ta’sir qildi, yo‘qlovdan ko‘ra zardaga o‘xshab eshitildi. Azaga kelganlarning kulgusi qistadi. Chollar yoshi qirqdan oshib ham el rusumini tushunmagan bu beso‘naqay va qo‘rs odamdan norozi bo‘lib bosh chayqab qo‘yishdi. Shunda kimdir kelib, Uljonning qo‘ltig‘idan oldi. Uljon sekin burilib, kenja tog‘asini ko‘rdi. Tog‘asi Chitdan ertalab ikki kishi otda suyab zo‘rg‘a olib kelgan va ayvonning bir chetida tagiga omonat to‘shalgan po‘stakda o‘tirgan bobosi chaqirayotganini shivirlab tushuntirdi. Uljon ko‘pam jini suymaydigan va shuncha yildan beri onda-sonda boboligini eslab qoladigan, shunda ham birrov kelib, tez jo‘nab ketadigan cholning o‘zida nima gapi bo‘lishi mumkinligiga ajablanib, laylak yurish qilib, cholning oldiga bordi-da, “Nima deysiz?” deganday surlik bilan tayoqqa suyanib turdi. Bobosi xuddi aybdorday boshini egib olgandi. Keyin qarilikdanmi yoki baribir maymoq va majruh bo‘lsa ham farzandi o‘zidan oldin dunyodan o‘tganidan ezilganidanmi, ko‘zlari yoshga to‘lib, xirilloq tovushda dedi:
— Onam deb yo‘qlang, bolam. Onam deng.
Uljonning g‘ashi keldi. Endi shu yetmay turuvdi deb o‘yladi.
— Nega ona deb chaqiraman? Onam o‘lib ketganiga o‘ttiz yildan oshdi.
Bobosi chuqur xo‘rsindi. Ko‘zlarini olib qochdi. Keyin pichirladi:
— Arzixol sizning tuqqan onangiz bo‘ladi, bolam. Salom chavondoz badnom qilib ketgach sizni Rohatga berdik. Aslida sizni Arzixolning o‘zi emizib katta qildi, bolam… U sizning haqiqiy onangiz…
Chol boshqa hech narsa demadi. Kunning ayozini junlar ichiga kirib olib yengmoqchiday, po‘stakni oyoqlariga o‘rab, ko‘zlarini yumib oldi va shu bilan o‘zining so‘ngsiz dardlariga va maymoq qizini isnoddan qutqarish uchun o‘ylab topgan o‘sha olis xotirasiga ko‘milib ketdi.
Uljon esa “Bu esini yegan nima deyapti?!” degandek tog‘asiga qahr bilan qaradi. Tog‘asi boshqalar eshitib qolishidan qo‘rqqandek, otasining gapini tasdiqlab, “Shunday!” degandek indamay bosh irg‘adi va u ham bu betiyiq jiyani tayoq bilan solib qolishidan qo‘rqqandek nari ketdi. Uljon xuddi bu azali hovlining bezovta hilpirayotgan yaloviday yuzi pirpirab, atrofga ilinj bilan tikilar, kimdir bu gaplarni yolg‘on deyishini kutar, ammo hamma o‘z ishi bilan band va bu gapni inkor qiladigan mardning o‘zi bu hovlida ko‘rinmasdi. Shunda avval qaynilari kaltaklashga kelgan kunda tuygan ko‘krak hidini dimog‘i tagida tuydi, keyin bu hid uning allaqachon zulmat qa’riga singib ketgan xotirasini — o‘zining tamshanib emayotganini va o‘ziga ham gunohkorona, ham qo‘rquv bilan boqib turgan yosh va opasining navbatdagi qarg‘ishidan dildirab turgan Arzixolni lip etib yoritib yubordi.
Uljonni qabr tepasida yolg‘iz qoldirishdi. Uning qirq yildan oshiq yelkasidan qo‘ymagan va azada suyanib turgan tayog‘ini bu ayolning ham izidan yig‘lab qolgan kishisi bor deyishganday shunchaki udum uchun qabrga tiqib qo‘yishdi. Endi Uljon dastlab Rajab cho‘ponning, keyin esa qariyb o‘ttiz yil o‘zining qo‘li bilan goh o‘choq boshida butun hovlini tutunga to‘ldirib yuborgani, goh kuvi pishaman deb yog‘i bilan qo‘shib ag‘darib qo‘ygani uchun, goh sigirni emib yotgan buzoq oldida, goh xamiri oqib ketgan tandir boshida Arzixolni ta’qib etgan, qachon jahli chiqsa, qachon qahri qo‘zisa, nuqul oyog‘i ostida o‘ralashadigan, urgan sari urgisi, xo‘rlagan sayin xo‘rlagisi kelaveradigan, shuncha xo‘rliklarga indamay chidab, yana meni ur deganday qarshisida paydo bo‘ladigan, nimjon va majruh ayolni goh turtkilab, goh savalab, o‘zi ham endi savalagan sayin bir quchoq qurigan o‘tinday ko‘tarib kelishib, manovi do‘mpayib turgan qabrga tiqishgan ayolning ustixonlari kabi silliqlashib-ingichkalashib qolgan va Uljon uchun bu hayotda podasining izidan ergashib yuradigan itchalik ham qadri bo‘lmagan jimitday jussali ayolga berilgan shuncha yillik xo‘rliklariga “mana, men guvohman” deyotgandek qad kerib turgan tayoq bilan yuzma-yuz turardi.