Nazar Eshonqul. Og‘riq lazzati (hikoya)

Do‘stim bilan shahar o‘rtasidagi maydonga kirib borganimizda, ular ator tizilib o‘tirishardi. Tanalari yara-chaqadan gezargan, azbaroyi og‘riq va azobdan deyarli shilinib tushgan yelkalaridagi yairga quyosh shu’lalari tushganda yaltirab ketar, oyoqlarini oldinga cho‘zgancha turishga ham madorlari kelmay zabun bo‘lib o‘tirishardi. Tekin tomosha ko‘rishni istovchi ertayu kech maydondan ketmay ularning faryod va fig‘onga to‘la holatini zerikkuncha tamosha qilishar, hatto tunlari ham bu yerda xohlagancha tomoshabin topilar edi. Azobga mahkumlar isqirt vva uvada kiyimlariga o‘ralgancha bir muddat mizg‘ib olishar, so‘ng yana uqubatli hunarlarini boshlashardi. Fig‘onlar qanchalik mudhish, hasratomuz chiqmasin, bunga hech kim e’tibor ham bermas, aksincha, bir necha fig‘on ichidan kim ko‘proq oh-voh qilayotibdi, kimning tovushi baland, kimniki zo‘raki-yu kimniki samimiy deya bahslashardilar. Mabodo birontasi fig‘on qilishdan to‘xtab qolsa, xuddi aybdordek, yaralar behad azob berayotgan sheriklariga hasad aralash ko‘z tashlar va nazoratchilarni imlardi; nazoratchi qo‘lida qamchi bilan yetib kelar va ko‘kara boshlagan yaralar ustidan savalashga tushardi. Agar bu ham kor qilmasa, katta naalli etigi bilan tananing to‘g‘ri kelgan yerini toptay boshlardi. Nazoratchilar azob berishning xilma-xil usullarini qo‘llar edilar; ular o‘z ishlarining aytish mumkinki, ustasi faranglari edi. Ammo nazoratchilarning og‘riq qo‘zg‘atishdagi tajribalari qanchalik oshayotgan bo‘lsa, maydondagilarning qoniqmasliklari ham shunchalik kuchayib borardi. Ayrimlar bosh nazoratchi kelganda usullarning tez eskirib, tanaga kor qilmay qolayotganidan shikoyat qilishardi. Boshliqdan tanbeh eshitgan nazoratchilar biroz kengashib olgach, vajoatli qiyofada yana mahkumlar oldida paydo bo‘lishar va avval oyoqlarining, so‘ng qo‘llarining barmoqlarini birma-bir, bo‘g‘inma-bo‘g‘in sindira boshlashardi: og‘riq qo‘zg‘atish mumkin bo‘lgan barcha usullarni qo‘llashga ruxsat berilgandi; nazoratchilar avval mahkumlarni etlari shilinguncha savalab chiqishar, keyin yaralar ustiga tuz sepishardi. Bu faqat boshlang‘ich bosqich edi. Bora-bora tuz ham tanadan og‘riq qo‘zg‘atmay qo‘yardi, shundan so‘nggina nazoratchilar bosha a’zolarga og‘riq qo‘zg‘atish taraddudiga tushardilar.
Barmog‘i singan mahkum o‘kirib yuborar, yuzida azobli ifoda paydo bo‘lib, ko‘zidan yosh chiib ketardi, ammo qisib olgan lablariga baayni zulmat ichida yonib turgan shamdek bir zaif tabassum qalqib chiardi, og‘riq kuchaygan sayin bu tabassum butun yuzni egallab olardi. Kimning bzida azob o‘rnida to‘liq tabassum paydo bo‘lsa, tamoshabinlar o‘shani ko‘rsatib, qiyqirishardi. Bu ularning olqishi edi. Mahkumlarning yuziga bulutlar ostidan chiqib kelayotgan uyosh kabi tabassum yoyila borar, bundan zavqlangan nazoratchilar ularning barmoqlarini shart-shurt sindira boshlashar edi. Garchi olomon qiyqirib turgan bo‘lsa hamki, barmoqlarning sinishi butun maydonga eshitilar edi. Yuzida tabassum balqigan mahkum shu holda ko‘zini yumgancha uzoq jilmayib yotardi — ayni shu soniya uning mastu mustarlik pallasi edi. Unga hech narsa og‘riq lazzatchalik farog‘at baxsh eta olmasdi; yoyilib ketgan lablarini, milklaridan oqib tushayotgan yoshlarni, isqirt, yuviqsiz va qarovsiz yuziga istara baxsh etgan tabassumni va uning jangda g‘olib chiqib, uxlab yotgan qadim pahlavondek baxtiyor qiyofasini ko‘rib u aynan shu lahzani hech qaysi jannatga almashtirmaydi uni hech qaysi payg‘ambar, hech qaysi muqaddas kitob bu lazzatdan mahrum etolmaydi deb o‘ylardingiz, zero, uning ayni shu lahzadagi saodatmand qiyofasini hech narsa bilan ifodalab ham bo‘lmasdi. Shu sababli ular atrofida hamisha tomoshabinlar qiyqirib turishar, mahkumlar esa, bir-biridan o‘tkazib o‘z san’atlarini namoyish etish uchun nazoratchilarni o‘zlariga ko‘proq azob berishga chorlashardi. Nazoratchi endi uning tizzasi ustida sakrar va yuzi aralash qamchi tushirardi. Suyak qarsillab ketardi; mahkum esa saodatnavish jilmayar, yorilib ketgan lab va burundan oqayotgan qon uning tabassumiga zarracha bo‘lsin gard yuqtira olmas, aksincha, mahkum azobu og‘riqdan farog‘atlanib turgan shu soniyada yana ham salobatli va ilohiy tuyulardi.
— San’at, bu san’at, — deb baqirishardi olomon mahkumning yuzini ko‘rsatib.
— Qoyil qilishayapti, — chiyillardi orqadagilar ham. — Bunaqasi kamdan-kam uchraydi.
Og‘riq san’ati ham san’atga xos barcha sifatlarga ega edi, hatto ulardan mukammalroq ham edi; uning har bir harakati, holati, ovozi, ijrosi, manzarasi shunday izchil tartibga ega ediki, biri ikkinchisiz sodir bo‘lmasdi va eng ulkan rassomlar ham eng ulug‘ asari ustida mahkumlar kabi zavqlangan, lazzatlangan emas va ular ham bu manzarani chizishga ojiz qolardilar. Og‘riq va og‘riq paydo qilishning turi, usullari shunchalik xilma-xil ediki, bu sohada har qanday san’at turi bilan bahs boylasha olardi, binobarin, bu san’atdan ham boshqa san’at turlari kabi mahkumlik mavjud va buning ham o‘z tomoshabinlari bor edi. «Og‘riq lazzati — eng oliy lazzat, — deb yozishardi mahkumlar bilan qilgan suhbatlarda, — bu lazzatni faqat og‘riqqa mahkum bo‘lgach sezish mumkin». Bu san’atning boshqa san’atlardan farqi shuki, unga mahkum etilgan umr bo‘yi uning shaydosi bo‘lib qolar, undan hech qachon qutilib keta olmasdi. Tashlab ketganlar saldan so‘ng yana aytib kelishardi. Chunki og‘riq lazzatidan ta’tigan, ko‘chasidan bir marta o‘tgan kishi usiz yashay olmasligini anglardi. Og‘riq mahkumlar uchun saodat edi. Mahkumlar qanchalik azob chekishsa, shunchalik zavqlanishar va og‘riq lazzatiga har mahal tashna turishar, og‘riq humor qilib, tanalarini o‘zlari ham yulib—yalqab tashlashardi. Ular og‘riq uchun tug‘ilgan, og‘riq va azobning oliy maqomiga yetishgan edilar — ularni og‘riq va azobdan boshqa holatda tasavvur qilib bo‘lmasdi. Azob san’at asari yaratishning eng qulay vositasi ekanligini mahkumlar ham, nazoratchilar ham his qilishar, shu sababli nazoratchilar og‘riq va azob berishni o‘zlarining burchlari deya hisoblardilar.
Gazetalar har kuni mahkumlarning yangi-yangi muvaffaqiyatlar to‘g‘risida sahifa-sahifa maqola, xabarlar berishar, tomoshabinlar esa ertaga mahkumlar bilan bo‘ladigan yangi tomoshani orziqib kutgancha tong ottirishar, sal bo‘sh vaqt topilsa, maydonga qarab chopishardi. Ular san’at shaydolariga, san’atdan zavq olishning xumorparastlariga aylangandilar. San’at va san’atkorlarga bunday sadoqatli ixlosmandlikni boshqa joyda topish mushkul edi. Shu sababli nazoratchilar ham maydondagilarni o‘z muxlislari bilan behad fahrlanishar, maydonda odam qancha ko‘p bo‘lsa, ularning harakatlari ham, nag‘malari ham shuncha san’atkorona tus olardi. Og‘riq tufayli keladigan lazzatdan o‘zga oliyroq farog‘at yo‘q edi; yara-chaqa toshgan tanalar, isqirt va uvada kiyimlar ham bu manzarani xiralashtirolmas, azob-uqubat chekaverib, murdaniki kabi qonsiz va ifodasiz yuzlar naq xulyo oftobi yoritib turgan, faqat taxayulgina yaratish mumkin bo‘lgan xayoliy qiyofalarga o‘xshab ketardi. Faqat san’at asari yaratayotgandagina yuz shunday ulug‘vor holatga kirishi mumkin.
Biz shaharning qaysi burchagiga bormaylik, mo‘jizaviy san’atkorlikka va uni olqishlayotgan muxlislar olomoniga duch kelardik. Ayrim muxlislar o‘zlarining san’at fidoyisi ekanligini ko‘rsati uchun nazoratchilar safiga kelib qo‘shilar va ulug‘ san’at namunasi yaratishda o‘z hissalarini qo‘shishni istashardi; ular san’atga fidoyiliklari tufayli ham mahkumlarni ko‘proq azoblash kerak, shunda ular yana ulug‘roq asarlar yaratadilar deyishar va nazoratchi sifatida mahkumga tashlanib, uni bir pasda og‘iz-burnini qonga bo‘yar, tuzni shusiz ham halvirab qolgan yaralar ustiga separdi. Fidoyilar gazetlarda bu san’atning ravnaq topishi haqida bahs, munozaralar uyushtirishardi. «Insonni xo‘rlash mumkin emas, — deb yozishardi ular munozaralarda, — inson faqat ulug‘lanishi kerak. Chunki u ulug‘ narsalar yaratishga qodirdir». Keyingi oylarda og‘riq san’ati bilan shuullanuvchi tadqiqotchilar ham paydo bo‘lgandi. Ular bu san’at inson yaratgan eng ulug‘ san’atlardan biri ekanligini e’tirof etishar, ammo bu san’at tafakkur mahsulimi yoki tana degan masala yuzasidan hech kelisha olmasdilar. Har birining o‘ziga xos dalil va isbotlari bor edi. Bu munozaraga shahar ahli ham qo‘shilgach, taraflar janjali yana ham avj oldi. «Bu tafakkur masuli, yo‘qsa, ular tananing bu qadar azobiga dosh berolmasdi. Faqat tafakkur shunday ulug‘ san’at yarata oladi», — deya bahslashardilar tafakkurchilar. «Yo‘q, bu san’at faqat tananiki. Uning yangiligi ham shunda. Insonning jismoniy imkoniyati cheksizdir», deb ularning fikrini rad qilardi boshqalari. Bahs—munozaralar shunchalik vaj oldiki, oqibat sal bo‘lmasa, ikki o‘rtada janjal chiqib ketayozdi. Shahar rahbarlari aralashuvi bilan ikki tomon yarashdi va endi ular «Bu insondagi jismoniy va tafakkur quvvatining mahsuli», degan yakdil to‘xtamga keldilar. Shunday kunlarda gazetalarda To‘rtinchi mahkum haqida shov-shuv boshlandi. Uning azob-uqubatga benihoya qobiliyatli ekanligi, san’ati ham o‘zining nafis va go‘zalligi bilan ajralib turishi haqida yozishardi, darvoqe, uni nafosat olamining so‘nmas guliga qiyoslashar edi. To‘rtinchi mahkum — u markaziy maydondagi mahkumlar ichida edi — qotmadan kelgan, uzunbo‘y, qiltiriq va yuzida doim tabassum balqib turadigan yigit edi. U mahkumlar ichida o‘zining dardga chidamliligi bilan ajralib turar, barmoqlari sindirilayotganda yoki og‘riq butun tanasini qaltiratib yuborganda u xuddi ma’shuqasiga tabassum qilayotganday jilmayib qo‘yar, so‘ng yana ham nazokatliroq qilib nazoratchiga minnaddorona bosh irg‘ardi. Nazoratchilar ham unga shunday munosabatda bo‘lishga intilishar, uchi o‘tkir, maxsus sanchqisini go‘yo tosh yo‘nayotgan haykaltaroshday tanaga ishtiyoq bilan sanchar, so‘ng o‘sha toshga bu go‘zal san’atning namunasi bo‘lgan o‘ziga xos naqsh solib chiqishardi. Nazoratchilarning to‘rtinchiga e’tibor va hurmati zo‘rligidan hafsala bilan azob berishayotgani ko‘rinib turardi. Vaholanki, ularga og‘riq qo‘zg‘atish uchun xohlagancha qo‘pollik qilish huquqi berilgandi. To‘rtinchi oyoqlarining suyagi sindirilayotganda ham tabassum qilishni tark etmadi: go‘yo u bu og‘riqlarni nazariga ilmayotganday edi; og‘riq yuzini bir zum ko‘kartirib yuborsa ham u bir necha soniyada o‘zini tutib olar va xumor qilib tamaki tutatayotganday og‘riqning tanasiga singayotganidan lazzatlanib, labining bir chetida jilmaygancha mag‘rur va sharafli alfozda turardi. Uning shu turishiyoq o‘zi bir san’at asari edi; uning yuzida behad azob-uqubat aks etgan, qiyofasi yaqinda irg‘in-barot tugagan va hamma narsa vayron qilingan maydonni eslatardi. Bu yuzida haqorat va xo‘rlikdan, musibat va alamdan asar ham yo‘q, labining chetidagi tabassum esa, hayotining qorong‘u ko‘chalarida qolib ketgan, o‘sha olis dorilamon kunlarning bir siniq parchasi, o‘zini tomosha qilayotgan, olqishlayotgan olamon oldiga kiyib chiqqan niqobi edi, ana shu tabassumgina uni maydondagilar ichida ulug‘vor va mag‘rur ko‘rsatib turardi.
U o‘zining ozurdaligi bilan menga juda yoqib qolgandi, darvoqe, biz maydonma-maydon yugurishni bas qilib, endi faqat to‘rtinchi turgan maydonga borar, kechgacha o‘sha yerda qolib ketardik; to‘rtinchining xuddi may to‘latilgan qadah kabi og‘riq to‘la yuzini ko‘rganda kunlar qanday kech bo‘lganini ham bilmay qolardik. To‘rtinchi g‘aroyib sabr-toqati va nazokati bilan hammani hayratga solgan edi. Uning g‘olib tabassumini ko‘rganda azbaroyi zavqlanganimizdan uni g‘ajib tashlagudek qudrat sezardik o‘zimizda. Uni g‘ajiganda ham shunday g‘ajish kerakki, u tilka-pora etilayotgandagi og‘riqdan yana ham buyuklashsin va bu buyuk og‘riq insoniyatning abadul-abad turadigan san’at asariga aylansin, zero, to‘rtinchi abadiylik qadar buyuk asar yaratishga qodirdir, derdim do‘stimga. Men aynan shu to‘rtinchi mahkum tufayli do‘stim bilan qattiq tortishib qolgandim. — U bir olifta — derdi u, — o‘zi hozir to‘kilib tushaman deyapdiyu dag‘dag‘asini qarang, nuqul madorsiz qomatini tutaman deb chiranadi. Undan ko‘ra menga narigi maydondagi burniga xalqa o‘rnatilgani ko‘proq yoqadi. Xalqaga qo‘shib burnini qancha burasang ham jilmayib turaveradi.
Men to‘rtinchini qanchalik maqtamayin do‘stim o‘z so‘zida turib oldi. Biz garchi o‘zimizni fidoyi deb hisoblamasak ham talabalik davrimizda ko‘proq narsalarni ko‘rib qolaylik deb, maydonga har kuni kelardik va ularning mahorati ko‘rib biz ham olomon ichida turib olqishlardik. Keyingi
kunlarda sinov boshlanib, biz maydonga borolmay qolgan bo‘lsak-da, do‘stim bilan butun sinov muddati tugaguncha — uch haftacha to‘rtinchi haqida tortishib yurdik. Biz to‘g‘ri kelgan yerda — xoh dahliz, xoh xonada bo‘lsin bahsga kirishib ketardik.
— Uning ichkarisi mustahkam, — derdim men, — gap tanada emas, u o‘zini mustahkam ushlab turishga qudratni o‘sha ichkaridan olayapti.
Do‘stim uni nuqul olifta derdi. Unga to‘rtinchining tabassumi yoqmasdi. — Hammasi zo‘raki, — derdi u, — kulgusi masxara qilaytganga o‘xshab chiqadi.
Bir fikrga kelolmasak ham biz sinov tugashi bilan maydonga qarab yugurdik. U yerda olomon yana ham gavjumlashgandi. San’at asariga shunchalik ixlosmand odamlar ko‘pligidan biz faxrlanib qo‘yardik. Do‘stim san’atni sevgan xalq — buyuk xalq deb isbotlashga harakat qilardi va shu sababli maydondagi muxlislarni ko‘rganda behad quvonib ketardi.
Shahar to‘rtinchining yangi mo‘jizalarini hazm qilib ulgurmasdi. U keyingi kunlarning shubhasiz, yagona qahramoniga aylandi. Maydonga borganimizda biz yana bir yangi gap eshitdik: to‘rtinchi o‘zining yuragini sug‘urib olishga ruxsat beribdi. Bunday g‘aroyib tomosha hali mahkumlar ichida sodir bo‘lmagandi. Men biroz yengil tortdim. Do‘stim bilan bahsimiz shu bilan nihoyasiga yetgandi. Bu gapni eshitgach, do‘stim biroz ishonqiramay turdiyu, so‘ng indamay qo‘ya qoldi. Sukuti mening g‘alabamdan darak berardi. Shu sababli biz to‘rtinchining yangi-yangi mo‘jizalarini ko‘rish uchun maydonga qarab yo‘l olardik. To‘rtinchining yuragi kesib olinadigan kuni maydon tomoshabinlarga to‘lib ketdi. Ular to‘rtinchiga o‘z muhabbatlarini izhor qilgani kelgandilar. O‘rtada singan oyoqlari va barmoqlari shishib kketgan to‘rtinchi o‘sha alfozda — mag‘rur o‘tirardi. Endi uning yuzi ham gezara boshlagan, og‘riq sillasini quritgan edi, ammo u hali o‘zini tetik va bardam tutib turar, og‘riq hali uni butkul yengolmagandi. Tanadagi yaralariga yopishib qolavergach, uning ust-boshini yechib tashlashgan, yalong‘och payti u yana ham ozg‘in bo‘lib ko‘rinardi. Muxlislar uni tinmay olqishlashardi — ular hozir eng ulug‘ san’atga voqif bo‘lajaklaridan hayajonga tushgandilar; ularning ko‘pchiligi o‘zlari bilan shiorlar yozilgan lavhalar, endigina uzilgan gullar ko‘tarib olishgan, lavhalarda «Biz sen bilan faxrlanamiz», «Senga omad tilaymiz» degan yozuvlar ko‘zga tashlanardi; gullar esa bir-biridan chiroyli edi — maydonda turfa rangdagi qo‘lbola gulzor paydo bo‘lgandi.
Maydonga to‘rtta nazoratchi kirib kelgach, gazetchilar shaqirlatib suratga tushira boshlashdi. Nazoratchilar tomoshabinlar hayqirig‘i ostida ishga kirishdilar: ular makumning yuzi maydonga yaxshiroq ko‘rinib turishi uchun yurakni orqa tomondan chiqarib olishga qaror qildilar. Bittasi mahkumning qo‘lidan ushlab turg‘izdi va uni tomoshabinlarga qaratdi. Qolgan ikkitasi umurtqa suyakni arralay boshlashdi. Mahkum g‘oz qotib o‘tirar, arra suyaklarini kesib o‘tayotgandagina ko‘zlarini yumib olar, yuzi qop-qora ter aralash burishib ketar, biroq tezda ko‘zini ochar va o‘sha siniq tabassum bilan olomonga qarab jilmayib qo‘yardi. U xuddi shu lahzada og‘riqdan behad lazzatlanayotganligi ko‘rinib turardi — ko‘zlari xushnudlikdan yiltillab ketgandi. Og‘riq uni nihoyat lazzatning oliy maqomiga olib chiqqandi — nazoratchilar yurakka tutash tomirlarni qaychilashar ekan, mahkumning yuzidagi tabassum yana ham ulug‘vorlashdi — shu soniyadagi lazzatni u qachondan beri kutgan, mushtoq bo‘lgan edi. U farog‘atning oliy cho‘qqisida turib o‘zini tomosha qilayotganlarni bepisand kuzatib turar, o‘zi esa hamon lazzat diyorida parvoz qilardi. Boshqa mahkumlar ham oh-voh qilishni bas qilib, unga hasad bilan boqib turishar, tomoshabinlar esa «Ofarin», «Qoyil», «Juda boplayapti», deya hayqirishar, gazetchilar mahkumning yuzida paydo bo‘lgan lazzat ifodasini tezroq suratga olish uchun bir-biriga bir nimalar deb baqirishardi. Orqada turgan nazoratchilardan bittasi bulkillab turgan yurakni qo‘liga olib, maydondagilarga ko‘rsatganda olomon guvurlab yubordi. Eng so‘nggi nafasgacha mahkumning yuzidagi tabassum yo‘qolmadi, u qaltirayotgan, yuraksiz tanasini tik tutgancha hamon tabassum qilib turardi, to‘g‘rirog‘i, uning jonsiz yuzida tabassum qotib qolgan edi — u farog‘at quchog‘ida hamon parvoz qilar, o‘z san’atining aql bovar qilmas ulug‘vorligini ko‘rsatish uchun uchishga chog‘langan burgutdek shiddatli qiyofaga kirgandi. Uning tabassumi sekin-asta so‘na boshladi. Tabassum so‘nishi bilan tana ham gupillab yerga quladi. Bir dam sukut cho‘kdi. So‘ng birdan muxlislar tana ustiga yashnab turgan gullarini irg‘itdilar va ulug‘ san’atga guvoh bo‘lganlaridan quvonchlari ichiga sig‘may bir-birini quchoqlab ketdilar. Men ham g‘olib alfozda do‘stimni quchib oldim. Tana gullar ichida ko‘rinmay qoldi. Qo‘lida yurak bulkillayotgan nazoratchi bu ulug‘ san’atkor oldida avval tiz cho‘kdi, so‘ng yurakni ohista uning ko‘kragi ustiga qo‘ydi. Shundagina biz og‘riq-farog‘atidan so‘ng ham, o‘zimiz turgan zaminga tushmaganini angladik — u narigi yoqda, lazzat yurtida qolgan edi — uning jonsiz tanasi ham san’at asariga aylangan va yashnoq gullarga ko‘milib yotardi.