Naim Karimov. Do‘rmon hangomalari (komediya)

Ishtirok etuvchilar

G‘afur G‘ulom – 59-60 yoshlarda.
Sobir Abdulla – 57-58 yoshlarda.
Habibiy – 72-73 yoshlarda.
Yunus Rajabiy – 65-66 yoshlarda.
G‘ayratiy – 59-60 yoshlarda.
Mahmudxon – G‘afur G‘ulomning bolalik do‘sti, aptekachi, 59-60 yoshlarda.
Noma’lum yigit – 20-22 yoshlarda.
Saodatxon – Sobir Abdullaning rafiqasi, qirchillama yoshda.
Mustafo – G‘afur G‘ulomning shofyori, 44-45 yoshlarda.
Yozuvchilar, sozandalar va boshqalar.

BIRINChI PARDA

Birinchi ko‘rinish

Sobir Abdullaning bog‘i. Kuz kunlarining biri. Erta tong. Gulzor orasida atlas ko‘rpacha va bolishlar qo‘yilgan so‘ri. O‘ng tomonda dang‘illama uy eshigi. Eshik yaqinida chetan stol va uch-to‘rtta stul. Etakdagi turli-tuman mevali daraxtlar va anvoyi gullarning za’faron chehrasi hovliga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlab turibdi.
Uy ichidan radioning tonggi ovozi eshitiladi. Bir ozdan so‘ng kimdir deraza tabaqasini ochishi bilan ovoz kuchayib eshitiladi: “Assalomu alaykum, hurmatli vatandoshlar! Kuz quyoshining ilk nurlari bilan boshlangan yangi ayyomingiz muborak bo‘lsin, azizlar!” Nafis cholg‘u kuyi yangray boshlaydi.
Tashqaridan “Pobeda” mashinasining kelib to‘xtagan ovozi keladi. Uy eshigidan ustiga to‘n tashlagan Sobir Abdulla chiqib, ko‘cha tomon yo‘naladi. Ko‘p o‘tmay, shovqin-suron bilan bilan Sobir Abdulla va G‘afur G‘ulom kirib keladilar.

G‘afur G‘ulom (eshikdan kirayotib). Dushanbeda do‘st­lar diydoriga to‘yib, o‘tgan azizlar ruhini obod aylab keldim. Sayr ham sayr, sargardon ham sayr, deganlaridek sayru sayohat farog‘atini totdim. Ammo o‘zimizning ko‘hna Shoshimizdan qo‘ymasin, Sobirjon! Hirotga borsam ham, ikki kunda Toshkanni sog‘inaman, Toshkanni…
Sobir Abdulla. Meni aytmaysizmi, G‘afur aka! Bir kun-yarim kun oydek qizlarimni ko‘rmay qolsam jinniday bo‘p qolaman.
G‘afur G‘ulom. Jinniday emas, jinnining o‘zi bo‘lasiz, mulla Sobir. (Kuladi.)
Sobir Abdulla (o‘ziga og‘ir olib). Farzand shirin bo‘ladi, G‘afur aka. O‘zingizni ham ko‘rganmiz, qizingiz…
G‘afur G‘ulom (uning so‘zini bo‘lib). Hazilni ko‘tarmaydigan bo‘lib qolibsizmi, Ho‘qondi Latifning erkatoyi?! Nima, “qizingiz”?
Sobir Abdulla. Olmosxonni qanaqa sog‘inganingizni ko‘rganman. Shuni aytmoqchiydim, xolos. (Sukut.) Qani (stol va stullarni ko‘rsatib), tog‘u daryolarni oshib kelgan oyoqlaringizga dam bering.

(O‘tirishadi.)

G‘afur G‘ulom. Sog‘ingan bo‘lsam sog‘inibman-da, Sobirjon! “Sog‘inish – mehr-oqibatning doyasi”, degan mashoyixlardan biri. Bu dunyo – odamning bir-birini sog‘inishi bilan dunyo. Ikki kunga bo‘lsa ham safarga chiqqan odam, agar onasini sog‘inmasa, xotini-yu bola-chaqasini sog‘inmasa, do‘st-yorlarini sog‘inmasa, hayvondan farqi qolmaydi, okosi.
Sobir Abdulla. Hattoki hayvonlar ham sog‘inish tuyg‘usidan mahrum emas…
G‘afur G‘ulom (uning so‘zini bo‘lib). Olimlar buni instinkt, deyishadi, mulla Sobir! Hayvonlarda tuyg‘u bo‘lmaydi. Akademik Pavlovni eshitganmisiz?..
Sobir Abdulla. Akademik Palov, dedingizmi? Shunaqayam akademik bor ekanmi? (Kuladi.)
G‘afur G‘ulom. Bo‘lganda qandoq! Faqat Palov emas, Pavlov.
Sobir Abdulla. Shunday demaysizmi? Palovni ham bilaman, Pavlovni ham. (Hazillashib.) Bir oz sabr qilsangiz, avval sizga sergo‘sht, seryog‘ akademik Palovni chinni laganga solib olib chiqaman.
G‘afur G‘ulom (hazilni ilib olib). Siz aytayotgan akademik Palov ota-bobolarimdan qolgan jigarim bo‘ladi. Muharrama opangiz bu qarindoshimizni azbaroyi hurmat qilganidan har kuni laganga solib dasturxonga qo‘yib ketar edi, “olishib-suhbatlashib o‘tiringlar”, deb. Yodingizdan chiqdimi, do‘stingizning Arpapoyadagi uyi­da sizni yog‘liq qo‘llari bilan kutib olishlari?
Sobir Abdulla (bo‘sh kelmaslikka urinib). Qaysi akademik Palovni aytayapsiz, G‘afur aka?
G‘afur G‘ulom. Qaysi Palov bo‘lardi, Sobirjon. (Kerilib.) Menkim, akademik G‘afur G‘ulom bunaqa akademiklarni kun ora uch-to‘rttasini tayyorlab turgan bo‘lsam…
Sobir Abdulla. (pichingnamo) Hov 44-yilda, Hamid Olimjonning uyida, Jizzaxdan kelgan bochkani yarimlatib tayyorlagan akademikingizni ham bilamiz. O‘shanda akademik Palov emas, akademik Kuyganboyev bo‘lib qolganini ko‘rib, shataloq otib qochganingiz yodingizdan chiqdimi? Bechora Hamid Olimjon…

(G‘afur G‘ulom, achchig‘i kelibmi, o‘rnidan turib ketadi.)

G‘afur G‘ulom (uning so‘zini bo‘lib). Nima, Hamid Olimjon osh ko‘rmaganmidi? U yuzimga solmagan narsani siz gapirib o‘tiribsiz-a, baqrayib! (Bir oz turib.) O‘tgan ishga salovot, degan gap bor. Xotira yaxshi voqealarni saqlab yurish uchun berilgan odamzodga. Agar inson butun umr ko‘rgan yomonliklarini eslab yuraversa, odamgarchilikdan chiqib ketadi. Gitler bilan Stalinlarning millionlab kishilarni qirib tashlagani sababini bilasizmi? (Sobir Abdulla unga “bilmayman”, degan ma’noda qaraydi.) Chunki, ularning miya hujayralarida ota-bobolarining, olis ajdodlarining yomon voqealar, xunrezliklar bilan to‘la xotirasi joylashib qolgan edi. Yomon xotira bilan zaharlangan miya hujayrasi ota-onaga hurmat, beva-bechoraga shafqat, qarindosh-urug‘larga mehr-oqibat singari insoniy fazilatlarni sitib chiqaradi. Shuning uchun ular XX asrning Zahhoki Moronlari edi. (Yana sukut qilib) Mana shunaqa, Mirsobir Mirabdullayev! Xotira sandig‘ini tez-tez ochib, shamollatib turish lozim. Aks holda mog‘ollab ketadi.
Sobir Abdulla. Keling, o‘tirib suhbatlashaylik. Tik turganingizda, xayolingizga nuqul jiddiy fikrlar kelib Aflotun bo‘lib ketasiz. (O‘tirishadi. Sobir Abdulla uyga kirib, bir choynakda choy damlab chiqadi.) Bugun shanba. Siz aytganingizdek, ozgina miyamizni shamollatib, shanbalik qilsak…
G‘afur G‘ulom. Qanaqa shanbalik? Tomsuvoq bormidi?
Sobir Abdulla. Tomsuvoq qilmay qo‘yganimizga ancha bo‘ldi, G‘afur aka…
G‘afur G‘ulom (uning so‘zini bo‘lib). Afsus. Men bolaligimda qip-qizil lola­qizg‘aldoq, ko‘m-ko‘k o‘t-o‘lan bilan qoplangan tomlarda varrak uchirishni xush ko‘rardim. Qani endi o‘sha damlarimga, o‘sha lolazor tomlarga bir kun bo‘lsa ham qaytsam. Hozirgi bechora bolakaylar buning gashtini qayoqdan bilishcin. E!..
Sobir Abdulla. Men o‘tmishni eslasam, keksalik qo‘ng‘irog‘i chalingandek, g‘oyibdan: “Marhamat, poyezddan tushing, so‘nggi bekatga yetib keldingiz!” degan ovoz eshitilgandek bo‘laveradi.
G‘afur G‘ulom. Yoshlikning yam-yashil niholiga yana qurigan shoxni payvand qil­moqchisiz-a, Sobirvoy!.
Sobir Abdulla (qo‘l ko‘taradi). Bo‘pti, men qo‘l ko‘tardim. Boshqa keksalikdan gapirish yo‘q… Ha, aytgandek, safar yaxshi o‘tdimi? Tojik birodarlar sog‘-salomat yurishibdimi? Kimlarni ko‘rdingiz?
G‘afur G‘ulom (o‘ychan). Safar ko‘ngildagidek o‘tdi. Do‘stlaringiz sizni ko‘p yo‘qlashdi. Tursunzoda, Mirshakar, Boqi Rahimzoda… Hammasi… “Sobir Abdulla chakki qildi, bizga ko‘chib kelishi kerak edi. Hovli-bog‘ berardik, mashina berardik. Hukumat do‘konidan sarxil mollarni arzon-garov olardi”, deyishdi. Men: “O‘zbekiston hukumati Sobir Abdullaga yosh, huriliqo xotin olib bergan, buning ustiga bir-biridan go‘zal kanizaklarini aytmaysizmi yana”, dedim. “Shaharda dang‘illama uyi-yu kavsar suvlari sharqirab turgan bog‘ hovlisi bor”, dedim. (Ikkalasi xoxolab kulishadi.) Rost aytibmanmi? Saodatxonni sizga kim olib bergan? To‘yingizda hukumat boshliqlari qatnashganmidi? Qatnashgan. O‘shalar olib berishganmidi, olib berishgan!.. Hozir yashayotgan uyingiz katta xolangizdan qolmaganini ham hamma biladi. Yo noto‘g‘rimi?
Sobir Abdulla (o‘ylanib). To‘g‘ri, to‘g‘ri aytasiz..
G‘afur G‘ulom. Onasining atrofida parvona bo‘lib yurgan qizlaringiz kanizak bo‘lmay, kim bo‘lsin!.. Xullas, tojik do‘stlaringiz sizning jannatda yashayotganingizga ishonishdi, xursand bo‘lishdi. Boqi Rahimzodaning sizga havasi kelib, “O‘zbekistonga ko‘chib borsam, menga ham shunday sharoit yaratasizlarmi?” deb so‘radi. “Sizga yo‘l bo‘lsin, dedim, avval “Tohir – Zuhra”ga o‘xshagan bir asarni yozib, o‘n to‘rtta mamlakat sahnasida qo‘ydiring, kino qilib butun dunyoni aylantirib chiqing. Keyin O‘zbekistonni havas qilsangiz yarashadi”, dedim. To‘g‘ri aytibmanmi?
Sobir Abdulla. To‘g‘ri, to‘g‘ri aytibsiz.
G‘afur G‘ulom. Xullas, sizning jannatda yashayotganingizni ta’rif-tavsif qila­man, deb esim ketdi.
Sobir Abdulla (sirli jilmayib). Siz ham ikki-uch kun jannatda yashagan ko‘ri­nasiz.
G‘afur G‘ulom. Jannat qayda? Majlis boshlangan kundan tugagunicha eshitganim “zindabod, zindabod” bo‘ldi.
Sobir Abdulla. Nima, “zindabod” yomon so‘zmi? Yashasin, degani. “Zindabod G‘a­fur G‘ulom!” degani – “Yashasin G‘afur G‘ulom!” degani. Buni siz mendan yaxshi bilasiz.
G‘afur G‘ulom. Ha, sizdan yaxshi bilaman. Ammo men har bir so‘zidan “Pravda” gazetasining hidi anqiydigan kishilardan charchadim. Juda charchadim. Bir Sobirvoyning uyiga borib, Mahmudxonga o‘xshagan sodda, beg‘ubor, hazilni ko‘taradigan yor-do‘stlar bilan otamlashib o‘tirsam, dedim o‘zimga. Hozirgi zamonda do‘xtir bergan dori-darmonlarni ichishdan ko‘ra, Mahmudxonga o‘xshagan ko‘nglida kiri yo‘q ulfatlar bilan diydorlashishga nima yetsin, Sobirjon!
Sobir Abdulla. Mahmudxon aptekachi bilan o‘tgan bozor kuni ko‘rishib, rosa bitingiz to‘kilgan edi-ku.
G‘afur G‘ulom. Tevarak-atrofga qarasang, devday-devday pixini yorgan odamlarni ko‘rasan, kishi. Mahmudxon – soddalarning soddasi. Go‘llarning go‘li. Sodda odamning dili pok bo‘ladi. Men poklikni, musaffolikni sog‘indim, Sobirjon.
Sobir Abdulla. Xo‘sh, nima demoqchisiz? Uni borib olib kelaymi? Yoki o‘zimiz boramizmi?
G‘afur G‘ulom. Yo‘q, uni olib kelish uchun yaxshi bahona topish kerak.
Sobir Abdulla. Bahonaning koni o‘zingiz-da, G‘afur aka. Ko‘rsatkich barmog‘ingizni chakkangizga mixlashingiz bilan she’r ham oqib keladi, bahona ham!
G‘afur G‘ulom (kuladi, so‘ngra ko‘rsatkich barmog‘ini chakkasiga qo‘yib, bir zum xayol surib). Yozing!
Sobir Abdulla. Mana, bahonani ham topdingiz. Agar sizga haykal qo‘yadigan bo‘lishsa, sizga emas, shu ko‘rsatkich barmog‘ingizga haykal qo‘yish kerak!
G‘afur G‘ulom. Gapni cho‘zmang. Dovot, qalam, qog‘oz olib chiqing.

(Sobir Abdulla uyiga kirib, qog‘oz-qalam olib chiqib, yozishga o‘tiradi.)

G‘afur G‘ulom (aytib turadi). “Hurmatli Mahmudxon aka! Hamma zaruru nozarur ishlaringizni bir chekkaga qo‘yib, biznikiga marhamat qilishingizni tabiatning nozik joylaridan yolvorib so‘rayman. Men va do‘stingiz G‘afur G‘ulom uchun tabarruk bo‘lgan, ya’nikim jannatmakon shoir Muqimiyning ustozlari bo‘lmish Mutasharrif domla bugun tong birlan Latifi Xo‘qonddan kelib, avval siz azizu mukarramni, keyin G‘afur G‘ulomni yo‘qlamoqdalar. Shuning uchun avval mashinani siz janoblariga yuborayapman. Sizdan so‘ng mashina shoiri davronni olib kelajak. Ustoz Mutasharrif domlani uzoq kutdirmagaysiz. Kamoli ehtirom bilan Sobir Abdullo Xo‘qandiy”.
Sobir Abdulla (yozishni tugatib). Bahonani ham, xatni ham bopladingiz. Mahmudxon aka bu xatni olishi bilan qanot qoqib uchi-ib keladi.
G‘afur G‘ulom. Qani endi bu xat ham uchi-ib borsa! (Chaqiradi.) Mustafo! Ho, Mus­tafo!!
Sobir Abdulla. Men o‘zim chiqib, berib kelaman. (Chiqadi.)

G‘afur G‘ulom makkajo‘xorilar bo‘y cho‘zib turgan joyga borib, ular popugini yulib, soqol-mo‘ylov yasaydi. Qoshiga ham popuk yopishtiradi.

Sobir Abdulla (hovliga qaytib kirib, dastlab G‘afur G‘ulomni topa olmay, u yoq-bu yoqqa alanglaydi, so‘ng ko‘rib). I-e, G‘afur aka! Tinchlikmi?
G‘afur G‘ulom. Tinchlik. Sandig‘ingizda Xudoyorxondan sizga meros bo‘lib qolgan banoras to‘n bor, deyishardi. Shu gap rostmi? Muqimiyning ustoziga yarashadigan boshqa sarpolar ham bordir? Bor bo‘lsa, tezroq olib chiqing.
Sobir Abdulla. Tushundim. Ammo ehtiyot bo‘ling. Tag‘in Mahmudxon aka Muqimiyning ustozini ko‘rdim, deb hushidan ketib yurmasin. Bu, uchinchi marotabami… hushidan ketishi bo‘ladi. Xudo saqlasin, bir kunmas bir kun…
G‘afur G‘ulom. Bog‘ingizga bulbul ham kerak emas, chog‘i. Juda yaxshi sayrayapsiz, Sobirjon! Faqat niyatingizni yaxshi qiling!

Sobir Abdulla uyga kirib, bir muncha vaqtdan so‘ng bir quchoq kiyim-kechak, kitob-daftar olib chiqadi. G‘afur G‘ulom ularni tanlab, kiyinadi va 100 yoshdan oshgan cholning qiyofasiga kirib, so‘riga ko‘tariladi. Sobir Abdulla savlat to‘kib o‘tirgan “Mutasharrif”ning orqa tarafiga ikki-uchta yostiq qo‘yadi. “Mutasharrif” Daqqi Yunusdan qolgan ko‘zoynakni taqib, bir qo‘lida tasbeh o‘girib, oldidagi katta arabiy kitobni o‘qiyotgan kishi bo‘lib o‘tiradi.
Shu payt mashina tovushi eshitiladi. Sobir Abdulla chiqib, Mahmudxonni boshlab kiradi.

Mahmudxon (hovliga kirayotib). Mavlono Muqimiyning domlasi meni qayerdan bilar ekan? Na Qo‘qonga borgan, na Muqimiyni ko‘rgan bo‘lsam. Sirasini aytsam, Muqimiyning ustozi u yoqda tursin, shogirdiga ham ishim tushmagan. U ham meni tushida ko‘rmagan, albatta.
Sobir Abdulla. Unday demang, G‘afur G‘ulom har safar Qo‘qonga borganida sizning ta’rifingizni qilardi. Qo‘qonda shoir zoti borki, sizni juda yaxshi biladi. Mutasharrif bobo ham sizning ta’rifingizni ko‘p eshitganlar. Sizni ko‘rsalar, balki shogirdlari Muhammad Aminxo‘jani ko‘rgandek bo‘lib boshlari osmonga yetar.
Mahmudxon (o‘zicha). Zarur ishlarim bisyor edi. Hammasini tashlab kelayapman-a. Hay, mayli. Muqimiyning domlasini har kuni ko‘rmasak… (Sukut. Sobir Abdullaga.) Mulla Sobir, G‘afur kelgani yo‘qmi?
Sobir Abdulla. G‘afur akaga mashina endi boradi. Marhamat, so‘riga chiqing, sizning kelishingizni kutib mehmonga dasturxon yozolmay o‘tiribman.
Mahmudxon. E, qiziq-ku, Xo‘qondi Latifday olis joydan mehmon keladi-yu, mendek shoir zotining soyasiga salom beradigan kishini kutib o‘tirasizmi, mulla Sobir?
Sobir Abdulla. Mehmon: “Mahmudxon kelmaslaridan burun dasturxon yozmaysiz, choynak-piyola qo‘ymaysiz”, deb oyoq tirab oldilar. Ana, so‘rida o‘tiribdilar. Qani, qani (so‘rini ko‘rsatib), ko‘tariling.

Mahmudxon so‘riga chiqib, ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygan holda mehmonga salom beradi.

Mahmudxon. Assalomu alaykum, taqsir. Xush kelibsiz Toshkandi azimga. Yaxshi kel­dingizmi? Sihat-salomatligingiz joyidami? Poyezdda urinib-charchab qolma­dingizmi? Shu muborak yoshda bir Toshkanga boray, deb yo‘lga chiqibsiz-da. Borakallo, borakallo, qadamingizga hasanot.

“Mutasharrif” qulog‘i og‘ir bo‘lgani uchun Mahmudxonning so‘zlarini eshitmay, Sobir Abdullaga qaraydi.

Sobir Abdulla (“Mutasharrif”ga baland ovoz bilan). Mahmudxon sizga salom beryaptilar. “Xush kelibsiz”, deyaptilar, “Toshkandi azimga yaxshi keldingizmi? Sihat-salomatingiz yaxshimi?” deyaptilar.

“Mutasharrif” ma’qul, degandek boshini qimirlatib qo‘yadi.

Mahmudxon (Sobir Abdullaga qarab, sekin ovoz bilan, o‘zicha). Muqimiy haz­ratlarining domlasi tushmagur kalovlanib qolganga o‘xshaydi. (“Mutasharrif”ga murojaat qilib.) Taqsir, muchalingiz nima? Yuzdan oshgandirsiz-a? Muqimiy haz­ratlariga ustozlik qilganman, deng. Baraka toping, ko‘p yashang. (Mutasharrifdan sado chiqmayotganini ko‘rib.) Quloq masalalari chatoqqa o‘xshaydimi, taqsir?! Men ham mulla Sobirjonga o‘xshab baqirsam, qulog‘ingizning qolgan pardasi ham yirtilib ketishi mumkin. Xudo kelib-kelib sizdek ulug‘ domlaning qulog‘iga paxta tiqib ketadimi-a? (Mutasharrif tushunarsiz harakat qiladi.)
Sobir Abdulla. Xudoga til tekkizmang. Domla xafa bo‘ldilar.
Mahmudxon. Xudoga til tekkizib jinni-pinni bo‘ldimmi? Shundoq tabarruk yoshdagi domlaning qulog‘iga Xudo paxsa urmaganida ota-bola bo‘lib gurunglashib o‘tirgan bo‘larmidik, mulla Soobirjon. (Yana Mutasharrifda o‘zgarish.)
Sobir Abdulla. Yana xudoga til tekkizyapsiz, Mahmudxon aka. Domla ranjiyaptilar. Domlaga aytadigan bama’ni gaplaringiz yo‘qmi, Mahmudxon aka!
Mahmudxon (o‘zicha). Bu yerga kelmay men o‘lay. Tushimda kimningdir arvohini ko‘rgandim-a! Otamning arvohi, deb ertalab uch karra “Yosin” o‘qigan edim. Mutakabbir, yo‘g‘e. Mutashakkir, yo‘q, Mutasharrif domlaning arvohi ekan! (Mutasharrifga baland ovoz bilan). Bugun sizni tush ko‘rgan edim. Qarang, uchrashar ekanmiz. Tushda ham ko‘p xosiyat bor-da, taqsir. Men, mana, oltmishga kirmasdan, quloqdan qolganman. Sizga havasim kelib turipti. Ko‘z tegmasin, hali ham qulog‘ingiz Mulla To‘ychi akaning qulog‘idek yaxshi eshitar ekan, ko‘zingiz qalay, ko‘zingiz ham yaxshimi?

“Mutasharrif” Sobir Abdullaga tushunmagan kishi bo‘lib qaraydi.

Sobir Abdulla (Mutasharrifga baland ovoz bilan). Mahmudxon aka aptekachi emasmilar, oz-moz tibbiyotdan ham xabardorlar (Qizishib.) Ba’zan G‘afur G‘ulomni ham (tomog‘ini ko‘rsatib) davolab turadilar…

(“Mutasharrif” jahllanadi.)

Sobir Abdulla. Mahmudxon: “Taqsir, men, mana, oltmishga kirmasdan, quloqdan qolganman”, deyaptilar. “Sizga havasim kelib turipti”, deyaptilar.

(“Mutasharrif” nimadir deydi.)

Sobir Abdulla (Mahmudxonga). Mutasharrif domla: “Ko‘zim ham, qulog‘im ham baloning o‘qidek soppa-sog‘”, deyaptilar.
“Mutasharrif” (kutilmaganda so‘zlab yuboradi). Yo‘q, men Mahmudxondan: “Peshonangdagi ko‘zmi yo supraning teshigimi?” deb so‘radim.

(“Mutasharrif” soqol-mo‘ylovini oladi, salla-choponini yechadi.)

Mahmudxon (hayratda). I-e, G‘afurvoy, o‘zingizmi? (qotib-qotib kulishadi.) Men ham Muqimiyning domlasi allaqachon ko‘karib chiqqandir, degan xayolda edim… Hali sizlar Topchinskiy-Popchinskiy bo‘lib meni laqillatgani chaqirgan ekansizlar-da? Sizlarni deb shuncha zarur ishlarni tashlab kelibman-a! (O‘zini arazlaganga soladi.)
G‘afur G‘ulom. “Meni hech kim laqillatolmaydi”, deb keriladigan senmisan, Mahmudxon! Laqillatish mana munaqa bo‘ladi, okosi. Cholni ko‘rsang buvam deydigan bo‘lib qolibsan-u, yana bizdan xafa bo‘lasan! Kel, endi bir quchoqlashib ko‘rishaylik. (Tura boshlaydi.)
Mahmudxon. Yo‘q, kerakmas, meni mazax qiladigan arvoh bilan ko‘rishmayman.
G‘afur G‘ulom (so‘ridan tushib, Mahmudxonga yaqinlashib keladi). Sen meni sog‘inmagan bo‘lsang, men seni sog‘indim, do‘stim. Tojikistonda uch kun uch yildek tuyuldi. Kecha oqshom kelib, bugun ertalab seni ko‘rgim, bag‘rimga bosgim keldi. Nahotki, G‘afur G‘ulom degan ming yillik do‘stingni kechirmasang!

Mahmudxonda o‘zgarish. U ham so‘ridan tushib, sekin-asta G‘afur G‘ulomga yaqin­lashadi. So‘ng ikkalasi qattiq quchoqlashib ketadi.

Ikkinchi ko‘rinish

O‘sha joy. O‘sha kishilar.
Parda ochilishi bilan mashina ovozi keladi. Shovqin-suron bilan shoiru xo­nan­da-yu sozandalar kirib kelishadi.
Sobir Abdulla mehmonlar kelayotganini ko‘rib, uydan yangi bolish va ko‘rpachalar olib chiqib, so‘riga to‘shaydi. Dasturxon yozadi.

Habibiy (kirib). Assalomu alaykum, azizlar!
G‘afur G‘ulom (u bilan ko‘rishib). Habibiy domla, yaxshi keldingizmi? Sizni ko‘rsam, rahmatlik otamni ko‘rgandek bo‘laman. Doim besh yuzinchi lampadek nur sochib, nuroniy otaxon bo‘lib yuring-e. (Yunus Rajabiy bilan ko‘rishib). Yunus tog‘a, sizni ham ko‘rar kun bor ekan-a. Sog‘-salomatmisiz? Bir arava bola-chaqa, qozon-tovoqlardan ortib, so‘zimni yerda qoldirmasdan kelganingiz uchun tashakkur …
Yunus Rajabiy (uning so‘zini bo‘lib). G‘afurvoy, sizni kechadan beri axtaraman, Sobir Abdullaning uyida o‘tiribman chilla qilib, demaysiz ham.
G‘afur G‘ulom. Voy, tog‘am tushmagur-ey, chillani sizga chiqargan. Yangamning etak­laridan haftalab chiqmaysiz. Katta tanburning qornini chertib yotganingiz yotgan. (Kulishadi.)
Yunus Rajabiy. Ko‘zingiz tegdi, mulla G‘afur, ko‘zingiz tegdi. Qarib, hech narsaga yaramay qolganmiz.
G‘afur G‘ulom. Sizni yaxshi bilaman, Yunus tog‘a. Ko‘z tegmasin, deb belingizga tumor bog‘lab yurasiz. Ne-ne sozandalar tanbur chertmay qo‘yishgan. Siz hali ham tanbur navosini tark etmay kelasiz. (Kulishadi.)
Yunus Rajabiy. Ob-bo, G‘afurvoy-ey, askiyani sizga chiqargan. Lofni olib qochganingizda rahmatli Yusufjon Qiziq ham sizga yetolmasdi. Asli bu gaplaringizni Habibiy domlaga aytganingizda, o‘rinli bo‘lardi.
G‘afur G‘ulom. Nechuk?
Yunus Rajabiy. Yozgan g‘azallarini o‘qimayapsizmi? Hali ham o‘ldim-kuydimdan nariga o‘tmaydilar. Yangamizga hali hamon tinchlik bermaydilar chog‘i.
G‘afur G‘ulom. Shoirlar shunaqa bo‘ladi o‘zi, Yunus aka. To‘qson yoshga to‘lib, oyoq­laridan darmon ketib, cho‘zilib yotishsa ham, tillaridan ishq-muhabbat navosi tushmaydi.
Yunus Rajabiy. Kecha o‘g‘illaridan yangi g‘azallarini yuboribdilar, Yunus tog‘angga ayt, paysalga solmasdan kuy bastalasin, deb. Bu g‘azalda nima yozibdilar, deng:
Har zamon ko‘rsam, yoshim ulg‘aysa ham, ey sarvinoz,
Qomatim xam bo‘lmagay, qo‘lga aso darkor emas.

(Kulishadi.)

Yunus Rajabiy. Habibiy domla nimaga shama qilayotganlarini sezayapsizmi, mulla G‘afur. “Qomatim xam bo‘lmagay”, deganlarini qarang! Shunday deyishga uyalmaydilar ham. Yana men bu g‘azalga kuy bastalar emishman-da, u kishim g‘azalni sarvinozga ashula qilib aytib yurar emishlar!

(Kulgi.)

G‘afur G‘ulom. Habibiy domlaning sarvinozi kim ekanini nahotki bilmasangiz, Yunus aka! Mana, eshiting:
Har kishining ta’biga loyiq sevikli yori bor,
Toleimdan o‘rgilay, yorimga hech yor o‘xshamas.
Mana shunaqa. Habibiy domla begonaga ko‘z qirini tashlayveradiganlardan emaslar. O‘zlari bu gunohli dunyoda yashayotgan bo‘lsalar ham, ko‘n­gillari arshi a’lodan pastga tushmaydi. Bunday pokiza ko‘ngil bazmi jamshidni xush ko‘rmaydi, Yunus aka!.
Habibiy. Mulla G‘afur, bizni juda uzlatga chekinganlar qatoriga kiritib yubordingiz-ku. Bazmi jamshidga tushib qolsak, sizni uyaltirmaymiz, azizim. Piyola uzatasizmi yo…
G‘afur G‘ulom (uning so‘zini bo‘lib). Gul-lola ko‘rsatasizmi…
Habibiy (eshitmaganga olib). Yo oyoq o‘yinga tushasizmi, siz nima qilsangiz, shuni eplashga urinib ko‘ramiz.
Yunus Rajabiy (chekkaga). Domlasi tushmagur hali ham qarib quyilmaganga o‘xshaydi.
Habibiy (sezib). Bir narsa degandek bo‘ldingizmi, Ushshoqvoy aka?
Yunus Rajabiy. Mulla G‘afurning o‘ziga o‘xshagan qirchillama yigitlarni yig‘dirib kelganini aytaman, domla.
G‘afur G‘ulom. Hali ham uncha-muncha qirchillama yigitlardan kam joyingiz yo‘q. Kamtarlik qilmang, usta. Bir bitingiz to‘kilsin, deb sizlarni olib kelgani Mustafoni yuborgan edim-da.
Yunus Rajabiy. Baraka toping, mulla G‘afur. (Mahmudxonga yaqinlashib.) Lutf-altofga berilib, Dori-Darmoniyni unutib qo‘ydik chog‘i. (Mahmudxon bilan ko‘rishadi.) Sog‘-salomat yuribsizmi, Mahmudxon? Aptekangizga biz, mo‘ysafidlar bop dori-darmonlar kelib turiptimi?..
G‘afur G‘ulom (uning so‘zini bo‘lib), Kampirning dardi g‘o‘zada, deganlari shu-da. Aptekachini ko‘rishsa, darmon dorini surishtirib ketishadi. Salom-alik ham o‘lda-jo‘lda bo‘ladi.
Habibiy (hali ham uy bilan so‘ri o‘rtasida yelib yugurgan Sobir Abdullaga qarab). Mulla Sobir, tepaga chiqib olib, tushgingiz kelmay qoldimi?
G‘afur G‘ulom. Tepaga chiqib olganidan keyin qaysi ahmoqning pastga tushgisi keladi?! (Sobir Abdullaga.) Tushmang, Sobirjon, zinhor tusha ko‘rmang. Kerak bo‘lsa, siz bilan so‘rashgani so‘riga o‘zlari chiqishsin!
Yunus Rajabiy (hamrohlariga qarab). Sobirjon sizu biz o‘ltiradigan joyni nozu ne’matlar bilan yasatayotgan ko‘rinadilar.

G‘afur G‘ulom
(Sobir Abdullaga qarab)
Zohirni yasashdan dili vijdonni yasantir,
Vijdonni solib ishga, bu davronni yasantir.

Habibiy
Ijod ila ek cho‘lu biyobonga qizil gul,
Ko‘p meva ekib, cho‘lu biyobonni yasantir.

G‘afur G‘ulom
Mehnat ila zeb bog‘la layoqat-hunaringga,
Yulduz yaratib chaqna-yu osmonni yasantir.

Habibiy
Minbarga chiqib, boshla qo‘shiqlarni baralla,
Qarsaklar ila xalq to‘la maydonni yasantir.

G‘afur G‘ulom
Nur chashmasidur xalqing uchun qalbi xazinang,
Soch nur, bu yorug‘ qalb ila insonni yasantir!

Sobir Abdulla
(so‘ridan tushayotib)
Sen eldan agar shirayu sharbat umid etsang,
Bog‘boni bo‘lu, bog‘ ila bo‘stonni yasantir.

Pastga tushib, mehmonlar bilan quchoqlashib ko‘rishadi.

Yunus Rajabiy (Sobir Abdulla bilan ko‘rishar ekan). Borakallo, shoir do‘stlar. Sizlar hammayoqni bog‘u bo‘stonga aylantirayotganingizda biz bir chekkada qo‘l qovush­tirib tursak yarashmas ekan. (Sozandalarga.) Qani, yigitlar, tezroq joylashib, asbob­larni g‘ilofidan chiqarib olinglar.
G‘afur G‘ulom. Hoy-hoy, Yunusvoy aka, uyat bormi sizda? Nimalar deyapsiz? Xotin-xalaj kirib qolsa, nima bo‘ladi?
Yunus Rajabiy. Buzuq xayolga bormang, G‘afurvoy. Sozandalarning asbobini xotin-xalaj ko‘p ko‘rgan. Qani endi hamma asboblar ham tilga kirganda, hazrat Navoiy so‘zlariga bastalangan kuyu qo‘shiq sadolari hammayoqni jaranglatib yuborsa!
Habibiy. Dilimdagini aytdingiz, og‘a. Dilimsiz, dilim. Ammo sho‘xrog‘idan bo‘l­sa, Mulla G‘afur bilan mulla Sobirjonning bir xirom aylaganini ko‘rib, jannatga tushgandek orom olarmidik.
G‘afur G‘ulom. Mahmudxon do‘stimning-chi? U kishim bir kuni to‘yda o‘rtaga tushib xirom aylaganida, Mukarramaxonim bu to‘yda menga hojat yo‘q ekan, deb to‘rva-xaltasini ko‘tarib chiqib ketgan.
Sobir Abdulla. Qani, mehmonlar, marhamat! Kim so‘rini ixtiyor qilsa – so‘riga, kim Pushkin bilan Glinkaga o‘xshab oyog‘ini chalishtirib o‘tirishni istasa – kursiga.

Hamma o‘zi istagan yerdan makon topib o‘tiradi. Sozandalar asboblarini sozlab, mumtoz kuylardan birini chala boshlaydilar.

Ko‘chadan mashina ovozi eshitiladi. Sobir Abdullaning: “Mustafo, siz ketavering. G‘afur aka bugun ham biznikida dam oladilar”, – degan va shu zahoti Mustafoning: “Sobirjon aka, meni Muharrama aya yubordilar. Ertaga Hindistondan mehmon kelayotgan ekan. G‘afur akani olib ketaman”, – degan ovozi keladi.

Sobir Abdulla (kirib, G‘afur G‘ulomga). Mustafo keldi. Ertaga hindistonlik mehmonlaringiz kelayotgan ekan. G‘afur akani olib ketaman, deb eshikda oyoq tirab turipti.
Habibiy (G‘afur G‘ulomga). Kim kelayotgan ekan, mulla G‘afur? Neru janoblari emasmi?
G‘afur G‘ulom. Yo‘q, Habibiy domla. Ikki keksa hind yozuvchisi kelib, men bilan, mening sizlarga o‘xshagan purhikmat yor-do‘stlarim bilan tanishishmoqchi. Ertaga kechqurun hammangizni kutaman. Mahmudxon, tag‘in biror bahona topib, meni mehmonlar oldida uyaltirib qo‘yma. Ular ham senga o‘xshagan sodda va samimiy kishilar…

Sahna qorong‘ilashadi. Mashinaning ketayotgan ovozi. Shu payt radiodan G‘afur G‘ulomning tovushi eshitiladi:
Olam bilar, Furqat degan yo‘li bor,
Beruniy maydoni, Yoshlar ko‘li bor,
Muqimiy binosin xuddi so‘li bor,
Ko‘rsatuvchi militsioner qo‘li bor.
Bizninng uyga qo‘nib o‘ting, do‘stlarim!

P a r d a

IKKINChI PARDA

Sahna oldi

Ichkaridan Yunus Rajabiy ijrosida mumtoz o‘zbek xalq ashulalaridan biri eshitilmoqda. Ora-chora “Do‘st”, “Baraka toping, Yunus aka!”, “Salomat bo‘ling!”, “O‘zingizga ham, ovozingizga ham ko‘z tegmasin, usta!” degan ovozlar keladi.
Shu payt Noma’lum yigit paydo bo‘ladi. U yoq-bu yoqqa mo‘ralab, ashula ovozi kelayotgan uyga kirmoqchi bo‘ladi.

Noma’lum yigit. Furqat yo‘li-yu, Yoshlar ko‘lini ham, “Muqimiy” teatrining so‘li-yu militsionerning Arpapoyaga qaragan qo‘lini ham topdim! Topdim-u, lekin kiray desam, oltmish-etmishni urgan kishilar ashula eshitib, boshlarini sarak-sarak qilib o‘tirishipti. Ular orasiga suqulib kirib, boshimni sarak-sarak qilib o‘tirishga toqatim yo‘q. Kirmay desam, “Bizning uyga kirib o‘ting, do‘stlarim”, deb kechqurun ham, ertalab ham she’r o‘qidi shoir… G‘afur G‘ulom. Kiray desam, “Senga ko‘zim uchib turuvdimi, bola?!” deb haydab yuborsa, obro‘yim bir pul bo‘ladi. Kirmay desam, G‘afur G‘ulomsiz ishim bitmaydiganga o‘xshaydi. Kiray desam…

Shu payt olisdan hushtak tovushi eshitiladi. Noma’lum yigit o‘zini panaga uradi.

Uchinchi ko‘rinish

G‘afur G‘ulomning uyi. Shinamgina boloxona. Sahna ortida bog‘.
G‘afur G‘ulom, Habibiy, Mahmudxon, sozandalar va boshqalar dasturxon atrofida suhbat qurib o‘tirishipti.
Sahna ochilishi bilan Yunus Rajabiy kirib keladi. “Hormang, usta!”, “Yashang, salomat bo‘ling!”, “Farishtalarimizning ko‘nglini obod qilib chiqdingizmi?” degan ovozlar.

Yunus Rajabiy (mehmonlarga qulluq qilib, G‘afur G‘ulomga). Xo‘p ajoyib ish qilibsiz-da, mulla G‘afur! Bizga o‘xshash kaltafahm kishilarning aqliga kelmaydi bu qilgan ulug‘ ishingiz! Baraka toping, umringiz uzoq bo‘lsin ilohi.
G‘afur G‘ulom. Yaqinda rahmatli Hamid Olimjonni tush ko‘rgan edim. Nima uchundir keyingi kunlarda uni bot-bot ko‘radigan bo‘ldim. “Rahmat, do‘stim, bola-chaqamdan xabar olib turibsan. Ayniqsa, ayamning ko‘nglini so‘rab turganingdan boshim osmonga yetayapti”, dedi. Hamid bilan bir otamlashib gaplashmoqchi edim, shu payt momaguldirak ovozidan uyg‘onib ketdim. O‘sha kuniyoq Zulfiyaning uyiga tandirdan yangi uzilgan bir savat jizzali non ko‘tarib bordim-da: “Zulfiya, aylanay, xushro‘y kelinim, men anchadan beri bir niyatni dilimga tugib yurgan edim. Shuni aytgani keldim”, dedim. “G‘afur aka, qanday niyat?” – dedi Zulfiya tortinib. “Niyatim shuki, – dedim, – sen yaxshi shoira bo‘lib yetishding. Faqat O‘zbekiston emas, butun dunyo biladi seni. Sen bizning iftixorimizsan! Shuning uchun men sening sharafingga ziyofat bermoqchiman. Bu fikrimni Muharrama ayang ham ma’qulladi. Kelayotgan shanba oqshomida seni kutaman”, – dedim. “Faqat kimlar bilan, necha ayol bo‘lib kelishingni ayt. Har biringga bir kiyimlik Marg‘ilon sakkiz tepki atlasidan tayyorlab qo‘ymoqchiman”, – dedim. Zulfiya bir oz o‘ylab, dugonalarini sanay boshladi: (barmoqlarini birma-bir bukib) Halimaxonim, Mukarramaxonim, Soraxonim, Tamaraxonim, Bertaxonim, Xadichaxonim, Vasilaxonim, Habibaxonim, Saidaxonim…” Mana, hozir ular mehmonxonani gullatib, mening za’faron ko‘nglimga ko‘klam uforini purkab, yayrab-yashnab o‘tirishipti.
Habibiy. Ming tasanno sizga, mulla G‘afur! Zulfiyaxonning o‘ksik ko‘nglini osmon baravar ko‘taradigan ish qilibsiz!
Yunus Rajabiy. Mulla G‘afur, davrada qimtinib o‘tirgan ikki ayolni tanimadim. “Qaro ko‘zim”ni yig‘lab eshitishdi. Ulardan birini rahmatli Hamidning onasi, desam, Komila aya barvastaroq edimi…
G‘afur G‘ulom (qahqaha otib). Bu jannat gullarining kelishini eshitib, hindistonlik mehmonlarim tipirchilab qolishdi. “Mashhur o‘zbek shoiru san’atkor ayollari bilan bir davrada o‘tirishni istab qolishsa bo‘ladimi ular! Na iloj, xonadonimga Abu Rayhon Beruniy, Xusrav Dehlaviy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari tabarruk bobolarim ruhini olib kelgan mehmonlarga “yo‘q”, desam ayb bo‘lardi. O‘ylab-o‘ylab bir hiyla ishlatdim. Tojikistondan Badaxshon go‘zallari kiyadigan ikki-uch ko‘ylak olib kelgan edim, baxtga qarshi, Muharramxonga torlik qilib qoluvdi. Buni qarangki, Gurbaxsh Sing bilan Navtej Sing degan ota-bola mehmonlarimga kiygizib ko‘rgan edim, xudoning qudrati bilan xuddi o‘zlariga tikilgandek bo‘ldi. Biram ochilib ketishdiki, ko‘rgan odam ularni Mukarramxonim bilan Tamaraxonimdan sira ajrata olmaydi Boshlariga marg‘iloncha ro‘mol tang‘ib, mehmonxonaning to‘rida savlat to‘kib o‘tirishipti. Bu sirdan faqat Zulfiya xabardor. U mehmonlarimni hind shoirasi Amrita Pritamning opalari, deb tanishtirdi. Amrita Pritamning bu opalari “tishlari og‘riyotgani uchun” og‘iz ochmay, tomosha qilib o‘tirishipti hozir.

(Kulgi.)

Habibiy. Ana topqirligu, mana topqirlik! Gullar ham xursand, tikanlar ham.
G‘afur G‘ulom. Hay-hay, Habibiy domla, nimalar deyapsiz? (Hazillashib.) Hali Hindistondan mamlakatimizga do‘stlik elchilari bo‘lib kelgan muhtaram zotlarni tikanga o‘xshatasizmi?! Kamina bu o‘tirish to‘g‘risida tegishli joyga hisobot yozib berishim kerak. Sirasini aytsam, o‘tirishga siz ham, Yunus aka ham, Mahmudxon ham (qo‘lini ko‘kka bigiz qilib) ularning ruxsati bilan kelgansiz..
Habibiy (qo‘rqib ketadi). Tavba qildim, tavba! Agar hisobot yozadigan bo‘lsangiz, biz, qo‘qonqishloqlik omi shoirning nomini ham, boyagi so‘zimni ham aslo xat qilmang, mulla G‘afur!
G‘afur G‘ulom (boshqalarga ko‘z qisib) Nima, (yana qo‘lini ko‘kka nayza qilib) ularni aldaymi? Buyuk hind xalqining vakillarini tikanga o‘xshatganingizni o‘zim aytdim, deb yozaymi? O‘zim baloga giriftor bo‘laymi?
Mahmudxon. Yo‘q, yo‘q, mulla G‘afur, siz o‘zbek xalqiga keraksiz. O‘zingizni ehtiyot qiling. Sizni ehtiyot qilish bizning ham…
G‘afur G‘ulom (so‘zini bo‘lib va ko‘zini qisib). Qanday ehtiyot qilay o‘zimni, Mahmudxon, sizlar meni ajdahoning naq og‘ziga ro‘para qilib turgan bo‘lsangiz…
Habibiy. Hay-hay, mulla G‘afur, odamni qo‘rqitmang. “Ajdaho” deganingiz nimasi? “Tikan” degan so‘zim qayda-yu “ajdaho” qayda! Yegan-ichganim tatisin, mulla G‘afur! Men nihoyati aytmoqchi bo‘lganimni tushunasiz, deb o‘ylagan edim. Yopig‘liq qozon yopig‘liq qolsin, inim! Shundoq bo‘lsin!
Yunus Rajabiy (o‘yin ketayotganini sezib). Endi, mulla G‘afur, hammamiz ham xudoning oq sut emgan bandasimiz. Habibiy domla bu qaltis gapning oqibatini o‘ylamay dabdurustdan aytib yubordilar. Shunaqami, domla?
Habibiy. Shunaqa-shunaqa.
Yunus Rajabiy. Agar o‘sha gap yozilayotgan bo‘lsa, sekin tuzatib qo‘yishning ilojini toping! (Habibiyga qarab.) Shunaqami, domla?
Habibiy. Shunaqa, shunaqa.
G‘afur G‘ulom. Qanaqa “shunaqa-shunaqa”?
Yunus Rajabiy. Ya’nikim, “Gullar ham xursand, tikanlar ham” degan (urg‘u bilan) mash’um iboradagi “tikanlar” so‘zini, masalan, “tuvaklar” degan so‘z bilan almashtirib qo‘ying. Gul ham, gulning tuvagi ham xursand, degan ma’no chiqadi. Biz radioda ko‘pincha shunday qilamiz.
G‘afur G‘ulom (ko‘z qisib). Yunusvoy aka, sizni oqil va dono akam deb hurmat qilib yursam, siz ham meni xiyonat yo‘liga boshlamoqchimisiz? Ichlaringda biror siyosiy hushyor odam bormi o‘zi?
Mahmudxon(jiddiy). Men. Men siyosiy hushyor odamman. (G‘afur G‘ulomga qarab.) Yodingizda bo‘lsa, Cho‘lponning Hamza teatridan qanday haydalganini aytib bergan edingiz. Keling, biz ham majlis qilib, Habibiy domlani shu siyosiy xatosi uchun davramizdan o‘chiraylik. Habibiy domla uylariga borib, dori-pori ichib, o‘zlariga kelsinlar. Shunda ular ham jazolangan, biz ham siyosiy xatoga daxldorlikdan xoli bo‘lamiz.
G‘afur G‘ulom. Mana, bor ekan-ku siyosiy hushyor odam! Barakalla, Mahmudxon! Sen faqat aptekachi emas, zamonning nozikligini yaxshi tushunadigan sezgir odam ham ekansan!

Mahmudxon mamnun bo‘lganini yashirmaydi. Habibiy domla karaxt holatda ko‘zlaridan oqa boshlagan yoshni dasturxonning uchi bilan artadi.
Habibiy. Mulla G‘afur, (sukut) uyingizga kelmay men o‘lay. O‘zi oyog‘im tortmay turgan edi. Yunusvoy: “Birga boramiz. Kiyina qoling”, deb qo‘ymay olib kelgan edilar. Mana, Yunusvoy, biz ham devor bo‘lmasa, ko‘chani bemalol ko‘radigan odamlar toifasidanmiz.
Yunus Rajabiy. Xafa bo‘lmang, domla. Bu dunyoda o‘limdan boshqa hamma narsaga davo topsa bo‘ladi. (G‘afur G‘ulomga qarab.) Nima deysiz, mulla G‘afur? Davo topiladimi?
G‘afur G‘ulom. Habibiy domlaning holatini ko‘rib, o‘zimning ham xo‘rligim kelyapti. Bir ilojini qilmasak bo‘lmas. Tuppa-tuzuk odam keksaygan chog‘ida qamalib ketsa, bizga ham kasri uradi.
Habibiy. “Qamalib ketsa”? (Jahl bilan.) Hali qamalamanmi ham?!
Yunus Rajabiy. Hoy-hoy, mulla G‘afur. Habibiy domla qamaladigan ish qilmadilar-ku! Keksaygan chog‘larida u kishini ham, bizlarni ham cho‘chitavermang.
Mahmudxon. To‘g‘ri aytasiz, Yunus aka. Keksaygan chog‘imizda biz ham Habibiy dom­laga (o‘ylab) pe… pee..peredacha eltib yurmaylik.
Habibiy (chetga). Nafasing qursin …sen aptekachining!
Yunus Rajabiy (u yoq-bu yoqni tekshirib bo‘lgach). Sirasini aytsam, bu gapni faqat o‘zimiz eshitdik. Mana, hammayoqni ilma-teshik qilib chiqdim. Biror yozib oladigan uskunani ko‘rmadim. Bunaqa uskuna yo‘q! Yo‘q!! Binobarin, hamma narsa o‘zimizga bog‘liq. Qani, kim nimani taklif qiladi? Aytinglar!
Hamma G‘afur G‘ulomga qaraydi.

G‘afur G‘ulom. Agar biror idoraga borib gullamasanglar, yopig‘liq qozon yopig‘liq qoladi.
Yunus Rajabiy. Mana bu – mard odamning gapi!
Mahmudxon. Mana, bu vallomatlik! Mana bu, chin do‘stning ishi! Omon bo‘l-ey, G‘afurvoy!
Yunus Rajabiy. Mendan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, mulla G‘afur!
Mahmudxon. Mendan ham!
Habibiy. Rahmat, mulla G‘afur! Umringiz uzoq, martabangiz yana ham baland bo‘lsin!

Hamma xursand. Habibiy nimadir pichirlab, qo‘lini fotihaga juftlaydi.

Yunus Rajabiy (Habibiyga). Domla, baloi azimdan oson qutulganingiz uchun yaxshi bir o‘tirish qilib berasiz endi.
G‘afur G‘ulom. Agar Habibiy domla o‘tirishdan qochadigan bo‘lsa, mana men, akang qarag‘ay sizlarni kutaman.
Mahmudxon. Nega endi siz? Ham Habibiy domlani ajdaho og‘zidan olib qolasiz, ham o‘zingiz o‘tirish qilib berasizmi?
Habibiy. Qanaqa ajdaho? Men ajdaho og‘ziga tushadigan ish qilibmanmi?! Gapingizni o‘ylab gapiring, Mmmm… Mahmudxon!. Nima balo, aptekangizdagi achchiq dorilarni ichib olganmisiz, og‘zingizdan nuqul achchiq gap chiqayapti?!
Mahmudxon. Ajdaho og‘ziga tushay deb turganingizni hammamiz ko‘rdik-ku, domla. Yaxshi hamki mulla G‘afur ilojini topib, sizni (o‘ylab) …ilonning og‘zidan olib qoldi. Mabodo sizning o‘rningizda bo‘lganimda, men jon-jon deb o‘tirish qilib bergan bo‘lardim.
Yunus Rajabiy. Endi qizishmaylik, birodarlar. Habibiy domla oshdan qochadigan odam emaslar. Yozgan bitta g‘azallarining qalam haqi bir emas, ikki-uch oshga yetadi.
G‘afur G‘ulom. Unday bo‘lsa, o‘tirishga boradigan jo‘ralarning, qolaversa dasturxonga tortiladigan noz-ne’matlarning ro‘yxatini tuzaylik.
Mahmudxon. Yangi so‘yilgan qo‘y go‘shtiga qilingan oshni yemaganimga ancha bo‘ldi. Domla, molbozorda qora qo‘chqorlar serob bo‘lib qolgan. Istasangiz, o‘g‘lingiz bilan bozorga birga borib, bir bo‘rdoqi qo‘chqorni o‘zim tanlab beraman.
Yunus Rajabiy Mahmudxon, bo‘rdoqi qo‘y bo‘lishi shart emas. Domlaga jabr qilmaylik. G‘azal qachon yoziladi-yu, qachon unga kuy bastalanadi? Qachon ashula bo‘lib efirga chiqadi-yu, qachon qalam haqi tegadi?
G‘afur G‘ulom. Nima demoqchisiz, usta? Bitta oshga shuncha oldi-berdimi?
Yunus Rajabiy. Aytmoqchimanki, inon-ixtiyorni Habibiy domlaning o‘zlariga beraylik. Biz qozonni yopishga yopdik. Agar u kishining o‘zlari boshqa qozonda jiz-biz qilib beraman, desalar, rozi bo‘lmasdan ilojimiz qancha!
Habibiy. O‘tirish bo‘lsa, o‘tirish. Bitta o‘tirish sizlardan aylansin, siyosiy hushyor jo‘ralar!.
Yunus Rajabiy (Habibiyning so‘nggi so‘zini eshitmaganga olib). Bu boshqa gap! Rozimisiz, …jo‘ralar?
Mahmudxon. Men ikki qo‘limni ko‘taraman.
Habibiy (chetga). Qo‘ling qursin ko‘tarilib-tushaveradigan!
G‘afur G‘ulom. Men ham roziman. Mana, Habibiy domla, qanday ajoyib, insonparvar do‘stlaringiz bor! Sizni, kerak bo‘lsa, yerning tagidan olib chiqishadi. Bunday do‘stlar uchun bitta o‘tirish emas, o‘nta o‘tirish qilib bersangiz ham oz!
Habibiy (kinoyaviy). Ha, ajoyib, insonparvar do‘stlar ekanligingizni ko‘rib turibman. Bitta tikanning ichidan bitta o‘tirishni osongina sug‘urib oldinglar. Sal bo‘lmasa, bitta tikan deb jonimni sug‘urib olardingiz-a, insonparvar, ajoyib do‘stlarim!

(Kulgi.)
Shu payt ayol libosidagi ikki hindu mehmon xonaga kirib keladi.

Mehmonlar (ta’zim qilib). Namaste, namaste!

Dilgir Habibiy ularning kulgili qiyofalarini ko‘rib, chehrasi ochiladi.

G‘afur G‘ulom (mehmonlarga). Aziz mehmonlar, qalay, jannatga kirib chiqqandek bo‘ldinglarmi? O‘zbek go‘zallarining nafis majlisi sizga manzur bo‘ldimi? (Yunus Rajabiyni ko‘rsatib.) Yunusvoy akamiz: mehmonlar Mukarramaxonimdan ko‘zlarini uzmay o‘tirishipti, dedilar. Shu rostmi? Gurbaxsh do‘stim, agar o‘g‘lingiz Mukarramxonimgami yo boshqa bir jonongami oshifta bo‘lib qolgan bo‘lsa, kaminai kamtarin sovchilik qilishga tayyorman. Faqat bir shart bilan: menga ham Nargis xonimnimi yo boshqa biror hind go‘zalinimi olib berasiz! (Kulishadi.).
Gurbaxsh Sing (hind tilida). Juda ajoyib anjuman bo‘ldi. Ayni paytda bu anjumanni anjuman emas, go‘zallar tanlovi desa ham bo‘ladi. Agar yoshroq bo‘lganimda, o‘g‘limdan oldin o‘zim shu go‘zallardan birini menga olib bering, deb sizga yopishib olgan bo‘lardim.
Nantej Sing (hind tilida). Olgan taassurotlarimni dadamning oldida aytolmayman. (Hazillashib.) Musulmon olamida to‘rt xotin olishga ijozat beriladi. Shu ayollardan to‘rttasini menga olib bera olmaysizmi, G‘afur do‘stim? Kerak bo‘lsa, Kalkutta bilan Bombayni ham sotishga tayyorman.
G‘afur G‘ulom. Samarqandu Buxoroni sotmoqchi bo‘lgan Hofizga o‘xshab-a?

(Kulgi.)

Mehmonlar (hind tilida). Endi bizga hordiq olishimiz uchun ijozat bersangiz.
G‘afur G‘ulom. Sizlarni do‘st-yorlarim bilan tanishtirishga ulgurmadim. Bu kishi (Habibiyni ko‘rsatib) mavlono Habibiy bo‘ladilar, o‘zbekning katta shoiri (mehmonlar Habibiy bilan quchoq ochib ko‘rishishadi). Bu muhtaram zotning yonlaridagi – mashhur o‘zbek bastakori va hofizi Yunus Rajabiy, mumtoz xalq ashulalarining benazir ijrochisi (mehmonlar Yunus Rajabiy bilan quchoq ochib ko‘rishishadi). Mana bu tarvuzga o‘xshagan dumaloq kishi – mening bolalik do‘stim, mashhur aptekachi Mahmudxon Hushyorxonov (mehmonlar Mahmudxon bilan quchoq ochib ko‘rishishadi). Bular (sozandalarni ko‘rsatib) O‘zbekistonning mashhur sozandalari (mehmonlar ikki qo‘llarining uchlarini ko‘kraklariga yaqinlashtirib ko‘rishgan bo‘ladilar.) Mayli, sizlarga ijozat.

Mehmonlar chiqadilar.

To‘rtinchi ko‘rinish

O‘sha joy. O‘sha kishilar.
Yunus Rajabiy sozandalar jo‘rligida mumtoz xalq ashulalaridan birini aytayotgan paytda parda ochiladi.

G‘afur G‘ulom (ashula tugagandan so‘ng). Yashang, usta. Shu ashulangizni G‘ayratiy yaxshi ko‘rib, doim sizga jo‘r bo‘lardi.
Yunus Rajabiy. Darvoqe, G‘ayratiy ko‘rinmaydi. Salomatmi?
G‘afur G‘ulom. Biroz betob edi. “Tuzalib qolsam, albatta, boraman”, degan. Balki oqshomga qadar kelib qolar.

(Shu payt Noma’lum yigit eshikdan mo‘ralaydi, so‘ngra kiradi.)

Noma’lum yigit. Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar! (Yunus Rajabiyga.) Ashulangizning tugashini kutib turuvdim. Ammo mazza qilib eshitdim, ustoz!
G‘afur G‘ulom (Noma’lum kishiga). Kim bo‘lasan? Mana, ko‘rib turibsan: bugun men bandman. Xudo shoir zotiga ham yakshanbani bergan, boshqalar qatori, sen ham hordiq ol, deb! She’r-per so‘rab kelgan bo‘lsang, chakki qilibsan. Ertaga kel!
Noma’lum yigit. Ishim zaril, G‘afur dada. Ertaga kech bo‘ladi.
G‘afur G‘ulom. Qanday ish ekan, yakshanbada bitishi lozim bo‘lgan ish?
Noma’lum yigit. Meni haydashyapti.
G‘afur G‘ulom. Qayerdan haydashyapti?
Noma’lum yigit. Institutdan.
G‘afur G‘ulom. Qaysi institutdan?
Noma’lum yigit. Teatr-rassomchilik institutidan.
G‘afur G‘ulom. Mening bu institutga nima daxlim bor?
Noma’lum yigit. Institut direktorining kabinetida sizning katta suratingiz osig‘liq turipti.
G‘afur G‘ulom. Agar direktoringning kabinetida Stanislavskiyning surati osilib turgan bo‘lsa, o‘sha teatr arbobining go‘riga borib yalingan bo‘larmiding?
Noma’lum yigit. Direktorimizning kabinetida Stanislavskiyning surati osilib turmaydi. U teatrni emas, poeziyani sevadi! U sizning muxlisingiz!
G‘afur G‘ulom. Shunday degin.
Noma’lum yigit. Shunday.
G‘afur G‘ulom. Xo‘sh, mendan nimani istaysan? Men senga nima bilan yordam berishim kerak?
Noma’lum yigit. Shu muxlisingizga bir og‘iz aytib qo‘ysangiz.
G‘afur G‘ulom. Nima deb?
Noma’lum yigit. Falonchi mening o‘g‘lim bo‘ladi, uni o‘qishga tiklab qo‘y, deb.
G‘afur G‘ulom. Barcha o‘g‘illarim institutni bitirib, allaqachon professor bo‘lishgan. Buni butun olam biladi. Agar direktoring chindan ham muxlisim bo‘lsa, buni ham biladi.
Noma’lum yigit. Yosh paytimda uyingizga kelganimda meni “o‘g‘lim”, degan edingiz. Esingizdan chiqdimi?
G‘afur G‘ulom. Bu yog‘i qiziq bo‘ldi-ku. Qachon kelganding? Kim bilan kelganding?
Noma’lum yigit. Otam bilan yosh paytimda kelgan edim. O‘shanda boshimni silab: “O‘g‘lim, o‘g‘lim”, degan edingiz.
G‘afur G‘ulom. Otang kim bo‘ladi?
Noma’lum yigit. Adham Hamdam!
G‘afur G‘ulom. Farg‘onaning afandisi Adham Hamdamning o‘g‘limisan hali!
Noma’lum yigit. Ha, Adham Hamdamning o‘g‘liman.
G‘afur G‘ulom. Otang mening oldimga huda-behudaga kelavermasdi..
Noma’lum yigit. Tushunmadim.
G‘afur G‘ulom. Bemavrid kelding, deyapman, bolam.
Noma’lum yigit. “O‘g‘lim!” deng, dadajon..
G‘afur G‘ulom. Otangdan ham battar shilqim ko‘rinasan, Adhamning o‘g‘li!
Noma’lum yigit Direktorimizga qo‘ng‘iroq qilsangiz, dadajon! Mana, telefoni! (Bir parcha qog‘ozni uzatadi,)
G‘afur G‘ulom. Yunusvoy aka, G‘ayratiyni sog‘indim, deganmidingiz?
Yunus Rajabiy Ha, kelsa, yaxshi bo‘lardi.
G‘afur G‘ulom. Shu bolani yuboraylik G‘ayratiyning uyiga. O‘likni ham tiriltirib keladigan abjirga o‘xshaydi.
Yunus Rajabiy. Agar tezroq kelsa, unga ham Badaxshon qizlarining liboslarini kiygizib, ayollar davrasiga kirgizib yuborgan bo‘larmidik.

G‘afur G‘ulom Yunus Rajabiyga “qoyil”, degandek imo qilib, tokchadan qog‘oz-qalam oladi va xat yozishga tushadi.

G‘afur G‘ulom (Noma’lum yigitga). Bor, sen chiqib tur! Shoir G‘ayratiyga xat yozib beraman. Olib borasan. Direktoring G‘ayratiyning jiyani bo‘ladi! Aytsang, qo‘ng‘iroq qiladi.

(Noma’lum yigit chiqadi.)

G‘afur G‘ulom (ovoz chiqarib yozadi).
“G‘ayrato, yoningdagi shilqimni barbod aylagil,
Adresim Arpapoya, sen buni yod aylagil.    
Mahmudxonu Habibiy to‘tiqushdek intizor,
Tez kelib, suhbat aro bazmimni obod aylagil.
Yunus Rajabiyning ism-sharifini she’rga qo‘shmadim. Bunga sabab u kishi zayomda yuz ming so‘m yutganlar. Yomon niyatli odamlar sezmasligi kerak. Hozircha Usta Yunus Rajabiy – sekret.
Senga hurmat bilan Mirzo Abdul Qodir G‘afur Shoshiy, sobiq Qoratoshiy”.
Yunus Rajabiy. Mulla G‘afur, men ham oshga tushadiganga o‘xshab qoldimmi?
G‘afur G‘ulom. Xotirjam bo‘ling. Sizning zayomdan 100 ming so‘m yutganingiz hozircha sir.

(G‘afur G‘ulom xatni konvertga solib, olib chiqadi.)

G‘afur G‘ulom (ovozi). Shuni Uritskiy degan ko‘chaga borib, “G‘afur G‘ulomning do‘sti shoir G‘ayratiyning uyi qayerda?” desang, hamma aytib beradi. Ko‘k darvoza! Albatta, o‘zining qo‘liga ber!

(G‘afur G‘ulom bir necha soniyadan so‘ng qaytib kiradi.)

G‘afur G‘ulom. Uzoqdan ayollarimizni ko‘rdim. Hovlini aylanib, gulu rayhonlarni iskab yurishipti. Kuz kunlari, ayniqsa, oqshom tushishi bilan odamzod g‘aroyib xayollar og‘ushida qoladi… Qani, ko‘raylik-chi, bizning ayollarimiz qanday xayollar qanotida parvoz etishar ekan!
Yunus Rajabiy. Faqat shoir emas, ruhshunoslikdan ham xabarim bor, deng.
Habibiy. Shoir zoti avvalo ruhshunos bo‘ladi, usta. Kishi ruhini bilmagan, shu ruhning nozik torlarini chertolmagan shoir – shoir emas!
G‘afur G‘ulom. Afsuski, shoir o‘z ruhining hamma harakatini va o‘z qalbining hamma jilvalarini qog‘ozga tushira olmaydi. She’rga shoir qalbidagi hayajon va bo‘ronlarning o‘n foyizigina tushadi, usta.
Mahmudxon. Nega? Masalan, sizdek katta shoir ko‘rgan-bilganlaringizni bizga yuz foyiz qilibgina emas, qo‘shib-chatib ikki yuz foyiz qilib ham aytib berasiz-ku!
G‘afur G‘ulom. Aytib berish boshqa, she’r yozish boshqa. Mana, Zulfiyaxonni olaylik. Hamid Olimjonning o‘limi munosabati bilan u qanday ruhiy bo‘ronlarni boshidan kechirmadi! Agar biror shoir shunday bo‘ronlarning hammasini qog‘ozga tushirsa yo tushirishga urinsa, jinni bo‘lib qoladi.

Shu payt ayollar xonasidan qo‘shiq sadolari eshitila boshlaydi. Bu sadolar yoqimli bo‘lgani uchun G‘afur G‘ulom eshik va derazalarni lang ochib yuboradi. Halima Nosirova ijrosida “Tanavor”ning dilbar mavjlari xonaga oqib kiradi. Hamma lol holatda. Ayniqsa, G‘afur G‘ulom.

G‘afur G‘ulom. “Tanavor”!.. Ota-bobolarim yaratgan musiqiy san’at mo‘jizasi!..

Sekin-asta ashulaga G‘afur G‘ulom, Yunus Rajabiy, Habibiy va Mahmudxon ham qo‘shiladilar. “Tanavor” baland pardalarda yangrab, butun olamni egallagandek bo‘ladi.

Endi sendek, jono, jonon qaydadur,
Ko‘rib gul yuzingni bog‘da bandadur,
Saqlay ishqing toki jonim tandadur,
O‘zim har joydaman, ko‘nglim sandadur..

Beshinchi ko‘rinish

O‘sha joy… G‘afur G‘ulomdan boshqa barcha ishtirokchilar shu yerda. Ularning birlari choy ichib, birlari kitob javonini titkilab, birlari derazadan shoir bog‘ini tomosha qilib turibdilar.
Shu payt uy oldiga kelib to‘xtagan mashina ovozi keladi. Bir ozdan so‘ng tovushlar eshitiladi.

G‘ayratiy (ovozi). G‘afur, bu xira elching, betob bo‘lib yotganimga qaramay, to‘shakdan turg‘izib olib keldi. Shoshirganidan, pul olmay chiqqan ekan, taksichi eshikda mo‘ylovini burab, darg‘azab bo‘lib turipti. Bir-ikki so‘m berib yubor unga.
G‘afur G‘ulom (ovozi). Ma, olib chiqib ber. Taksi bu pulga o‘zingni ham Hirotgacha eltib qo‘yadi. (Bir ozdan so‘ng.) Ha, yana keldingmi? Kattalarning etagida o‘rmalashib nima qilasan, bola?
Noma’lum yigit (ovozi). Dadajon, men ham sizga o‘xshash qaysarman. Bola dadasiga o‘xshamay, kimga o‘xshasin!

G‘ayratiy, G‘afur G‘ulom va ularga ergashib Noma’lum yigit ham kirib kelishadi.

G‘afur G‘ulom. Hoy, bola, bu gapingni otang eshitmasin! Seni ham o‘tmas pichoq bilan so‘yadi, meni ham zug‘umga oladi.
Noma’lum yigit. Otam so‘ysa, meni shunday deganim uchun emas, o‘qishdan haydal­ganim uchun so‘yadi. Agar menga rahmingiz kelib, direktorimga qo‘ng‘iroq qilmasangiz, institutdan haydalgan talaba bo‘lib uyingizda xizmat qilib yuraveraman, o‘lgunimcha.
G‘ayratiy. Qip-qizil dardisar ekansan-ku! (G‘afur G‘ulomga.) G‘afur, bu bolani qayerdan topding?
G‘afur G‘ulom. Men-ku undan qutula olmay, senga yuborgan edim. Sen ham biror joyda adashtirib kelmabsan-da, bu xira pashshani!
G‘ayratiy. Kel, do‘stim, qo‘ng‘iroq qilmasang, bari bir qo‘ymaydi. Qo‘ng‘iroq qila qol, o‘sha institutining direktoriga. Balki shu bolaning odam bo‘lishiga sababchi bo‘lib qolarsan! (odamlarni ko‘rib). O, jamoat jam-ku! Mushoira bo‘layaptimi yo maqomxonlik? Mahmudxonning borligiga qaraganda, ko‘proq gurungga o‘xshaydi. (Hammalari bilan ko‘rishadi.)
Habibiy. Kelib, yaxshi qildingiz, G‘ayratjon. Bular uchovlashib menga ag‘yorlik qilishayotgan edi. Bekordan-bekorga bitta oshga tushib turipman, shu chog‘da.
G‘ayratiy. Nechuk? Duo o‘qib, kelayotgan balo-qazolarni qaytarmadingizmi?
Habibiy. Yelkamga osh tushganiga ham shukur qilib turibman. Osh qolib, palaxmon toshi ham tushishi hech gap emas edi.
G‘afur G‘ulom. Domla keksaygan chog‘larida noshukur bo‘lib qoliptilar. Qo‘pol siyosiy xato qilganlarini aytmayman senga. Yopig‘liq qozon – yopig‘liq qolsin.
Yunus Rajabiy. O‘tgan ishga salavot, azizlar. Mana endi jamoat jam bo‘lib, yaxshi-yaxshi gaplardan so‘zlashsak yarashadi.
Mahmudxon. Shunday bo‘lsin. Usta, bir tanbur chertib, xonish qilsangiz.
Yunus Rajabiy. Men ham xuddi shunday niyatdaman. (G‘afur G‘ulomga qarab.) Mulla G‘afur, shu topda yelkamga ilhom farishtasi qo‘nib, ikki qatorlik she’r to‘qidim.
G‘afur G‘ulom va boshqalar. Qani, eshitaylik.
Yunus Rajabiy. Davramizga kelib qoldi do‘stim G‘ayratiy,
Qo‘lga olib tanburimni endi sayratiy!
Mahmudxon. Shoir bo‘lib keting-ey!
Habibiy (hazillashib). Yo‘q, usta, hamma o‘z kasbining etagidan tutsin. Agar shunday labi-burni kelishgan she’rlarni yozaversangiz, G‘afur G‘ulomdek shoirni ham aro yo‘lda qoldirib ketasiz.

(Kulishadi.)

G‘afur G‘ulom (qo‘liga tanburni olib, Yunus Rajabiyga). Men tanburning qulog‘ini kam burab, torlarini kam chertayotganimning sababi ham shu: sizni yo‘lda qoldirib ketmay, deyman, usta!

(Kulishadi..)

Daf’atan kuz shamoli esib, deraza pardalarini shiddat bilan o‘ynaydi. Kun sovib, havo o‘zgaradi. So‘ng ahyon-ahyonda to‘kila boshlagan yomg‘ir tezda mayda qorga aylanadi. Qor tobora shiddatli tus oladi.

Habibiy (hayratlanib). Yaxshi odamning sadag‘asi ketsang arziydi. Oppoq qor olib keldingiz, mulla G‘ayratiy!
G‘afur G‘ulom. Qarang, farishtalar osmondan parquv bolishlarining bog‘ichini yechib, oppoq patlarni yaxshi niyat bilan siz bilan bizning ustimizga sochishmoqda. Qor – baraka belgisi! Qor – poklik va musaffolik alomati! (Baland tovush bilan chaqiradi.) Zulfiyaxon! Ko‘ryapsizlarmi, sizlarning sharafingizga qor yog‘moqda! Birinchi qor!!..

(“Ko‘rayapmiz!”, “Qanday ajoyib oqshom-a!”, “G‘afur aka, qorni ham zakaz qilgan edingizmi?” degan ovozlar.)

G‘afur G‘ulom (Yunus Rajabiyga qarab.) Usta, sizning yelkangizga qo‘ngan ilhom farishtasi uchib, mening yelkamga qo‘ngan ko‘rinadi.
Yunus Rajabiy. Qani, bo‘lmasa, sizdan eshitaylik….
Habibiy. Ilhom farishtasi qulog‘ingizga nimalar deganini bizlar ham bilaylik!
G‘afur G‘ulom (osmonga qarab).
Katta parquv bolishdek kelgusi ne’matlarning
Hammamizga sut bergan onaxon siynasi bu.
O‘zbek shuhrat qozongan oftob-ma’rifatning
Bugungi xush oqshomda suvi, xazinasi bu…

(“Tasanno”, “Salomat bo‘ling!” degan sadolar.)

Habibiy. Mulla G‘afur, birinchi qor sizning uyingizga kelgan chog‘imizda yog‘ayapti! Olloh sizni suyar ekan, muborak bo‘lsin!.
G‘afur G‘ulom. Qor …uyimda yolg‘iz zerikib, yig‘lamoqdan beri bo‘lib o‘tirgan chog‘larimda ham yog‘ishi mumkin edi. Lekin qor siz, azizlar, kelgan kuningiz yog‘ayapti: Olloh avvalo sizlarni, qolaversa, qo‘shni xonadagi ayollarimizni suyar ekan.
G‘ayratiy. Qani endi tabiatning shu go‘zal mo‘jizasini Sobir Abdulla ham biz bilan birga ko‘rganida!.. Darvoqe, G‘afur, Sobirjon ko‘rinmayapti? Betobmi?
G‘afur G‘ulom. Bugun kechasi xotini Qo‘qondan poyezdda bola-chaqasini olib keladi. Sobirjon bu dunyodagi eng jantilmen erlardan emasmi, kir-pir chayib, xamir qorib, qozonga olov yoqib, “Xotinjon, qachon kelasiz?” deb intizor ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kib o‘tiripti.
Mahmudxon. Maza-maza, Sobirjonning xotiniga maza. Sobirjon er emas, xazina!
G‘afur G‘ulom. Bitta Sobirjon emas, hammangiz ham xazinasiz!
Yunus Rajabiy. Agar Sobirjon ayol bo‘lib tug‘ilganida, unga o‘zim odam qo‘ygan bo‘lardim! (Kulishadi.)
Habibiy. Mulla G‘afur, yoshroq chog‘imiz bo‘lganida, bir g‘aroyib qorxat yozib, Sobirjonga yuborgan bo‘larmidik!
Yunus Rajabiy. Nima, qorxat yozishga ham yaramaydigan, “puf!” desa, yangi tug‘ilgan mushukning bolasidek dumalab tushaveradigan chollar bo‘lib qoldikmi?!
G‘afur G‘ulom. To‘g‘ri aytasiz, usta. Qorxatni biz, shoiri davronlar, yozmasak, hali tuxumdan chiqmagan shoir bolalar yozadimi? G‘ayrat, qog‘oz-qalamni tayyorla! Birga qorxat yozamiz.

(G‘ayratiy o‘z uyida yurgan kishidek, shkafni ochib, qog‘oz, qalam, siyohdon va ruchka oladi-da, kelib o‘tiradi.)

G‘afur G‘ulom (qor yog‘ishiga bir oz mahliyo bo‘lib, so‘ngra ayta boshlaydi; G‘ayratiy yozib boradi). “Aziz do‘stimiz Sobirjon ibni Abdulloga yetib ma’lum bo‘lsinkim:

Qo‘lingizda yarqirab turgan bu xat – qorxat, ukam,
Qo‘lga tushdingiz, ilojsiz, belni bog‘laysiz mahkam.

Habibiy
Bisti gavjum yig‘ilurmiz ulfati chor, o‘rgilay,
Harnaki topgan-tayangan bo‘lsa nochor, o‘rgilay.

G‘afur G‘ulom
O‘n qadoq go‘sht, bir qazi – Toshkentcha “norin” deydilar,
Qo‘lga tushgach, xoh ranji, xohi og‘rin, deydilar.

G‘ayratiy
Bitta xush xonish dutorchi qizgina bo‘lsa farang,
G‘ozadin yuzlarda tobu o‘smadin qoshlar tarang.
G‘afur G‘ulom
Men-ku, ichmayman, aroqxo‘rning aroqdir shevasi,
Menga basdir bir yashik ”Jigulevskiy” pivosi.

Habibiy
Issiq uyda siz mulozim, biz tarallo qilgumiz,
Miyani qo‘lga qoqib berguncha yallo qilgumiz.

G‘ayratiy
Voqean, yoddan chiqay debdir talabning tantisi,
Yaxna go‘sht, yaproq qazi, zakuskamizning mantisi…

G‘afur G‘ulom
Sobiro, tan ber o‘zing ham, biz kabi mehmon qani?
Intizor ko‘zlar-la kutgan sendayin mezbon qani? – deb G‘afur al-G‘ulom”.
Yunus Rajabiy. Agar Sobirjon sezib qolib, xatni qaytarib yuborsa-chi, unda nima bo‘ladi?.
G‘afur G‘ulom. G‘ayrat, yoz: “Qo‘lga tushsam, javobgarman”, deb. (G‘ayratiy bu so‘zlarni yozib bo‘lgach, o‘zi qo‘l qo‘yadi.) Mana, qo‘l qo‘ydim… Hoy. bola, qayerdasan?
Noma’lum yigit. Shu yerdaman.
G‘afur G‘ulom. Sobir Abdulla degan zo‘r shoirni eshitganmisan? Uning pesalari qo‘yilmagan teatr yo‘q bu dunyoda! Sening direktoring ham mendan ko‘ra Sobir Abdullaning gapiga ko‘proq quloq soladi! Mana shu xatni olib borib, shaxsan uning qo‘liga topshirasan-da, darhol quyon bo‘lasan! Tushundingmi?
Noma’lum yigit. Tushundim, dadajon! Sobir Abdullaga quyonning rasmini ko‘rsataman-u, shu zahoti uchib kelaman!
G‘afur G‘ulom. Oq yo‘l senga, Adham Hamdamning G‘irko‘ki!

UChINChI PARDA

Oltinchi ko‘rinish

Do‘rmondagi Yozuvchilarning ijod bog‘i. Keng-mo‘l xona. Stol-stullarning bir qismi joy-joyiga qo‘yilgan, qolgan qismi esa chekkada bir-birining ustiga taxlanganicha turibdi. Derazadan bog‘ning so‘lim qishki manzarasi ko‘zga tashlanadi.
Sobir Abdulla telefonda kim bilandir so‘zlashmoqda.

Sobir Abdulla (sahna chetida yurgan kishiga qarab). G‘afur G‘ulomning istagi bilan qorxat oshini Do‘rmonga ko‘chirdim. Bola-chaqaning vag‘ir-vug‘iridan chetda, xilvatda kechgan gurung nash’ali bo‘ladi, dedi. Qolaversa, Shayx bilan Mirtemir ham shu yerda bo‘lishsa kerak… Abdulla Qahhorni-ku onasi Do‘rmonda tuqqan – shu yerdan siljimaydi. Balki Shuhrat bilan Hamid G‘ulom ham bir-ikki tengdoshi bilan kelib qolar. Har holda 20-30 kishini qish kuni uyda kutishning o‘zi bo‘lmaydi.
Chetdan ovoz. Yangam ham kelib qolarlar-a?
Sobir Abdulla. Yangangni Adham Hamdamning o‘g‘li olib keladi, osh masalliqlari bormi, pishiriqlar bormi – hammasini ko‘tarib kelishadi! Kamina ularning kelishini kutib turibman.
Chetdan ovoz. Hademay, mehmonlaringiz kela boshlashadi. Masalliq hali kelmagani uchun qozonga olov yoqolmay turibman.
Sobir Abdulla. Yangangning kechikadigan odati yo‘q edi. Adham Hamdamning o‘g‘li-ku yulduzni benarvon uradigan shovvozlardan. Bir oz kutaylik-chi. Yangang no‘xotni kecha kechqurun uvitib qo‘ygan. Maxora – yarim soatda tayyor bo‘ladigan taom. (Bir oz sukutdan so‘ng.) Katta qozonga o‘t yoqib tursang ham bo‘ladi.

(Qo‘shni xonadan idish-tovoq ko‘tarib chiqib ketayotgan kishining sharpasi.
Shu payt telefon jiringlab qoladi.)

Sobir Abdulla (go‘shakni ko‘tarib). Labbay! Eshitaman.
Ovoz. Sobirjon, qo‘y bordimi? Qo‘lim kalta paytim edi, 200 so‘mgina berdim. Yana biror kishidan pul topdimikan?
Sobir Abdulla. Kim?
Ovoz. Kim bo‘lardi? Adham Hamdamning o‘g‘li-da!
Sobir Abdulla. Nega 200 so‘m berdingiz? Adhamning o‘g‘li qo‘y uchun ham, bozordan olinadigan boshqa narsalar uchun ham mendan yetarli pul olgan-ku!
Ovoz. I-ya! Menga Sobirjon akam kamxarj ekanlar, qo‘yga pullari yetmay turipti, dedi-ku!
Sobir Abdulla. Mahmudxon aka, adashmayapsizmi? Adhamjonning o‘g‘li sizga shunday dedimi?
Ovoz. Ha, Adhamjonning o‘g‘li! Yana mehmonlar qish kuni shamollab qolmasin, deb ming xil dori-darmonlarni nasiyaga olib ketdi!
Sobir Abdulla. Hoy, G‘afur akaning aptekachi hazilkash do‘sti! Meni qo‘rqitmang! Ular kechikib turganidan yuragim taka-puka bo‘lib turipti o‘zi. Qayoqdagi gaplarni gapirgandan ko‘ra tezroq yetib keling!
Ovoz. Hazillashayotganim yo‘q, Sobirjon. Mening biror marta hazillashganimni ko‘rganmisiz? Gapim chin! (Go‘shakda qisqa gudoklar)
Sobir Abdulla (o‘zicha). Bu bola xomlik qilib pulini oldirib qo‘ydimikan? Tavba! (Uyiga qo‘ng‘iroq qiladi.) Allo! Yashnaxon, qizim, oying uydami? Chaqir! Saodatxon, jonim, ko‘zingizdan o‘rgilay, nega shu paytgacha kelmayapsizlar? Mehmonlar keladigan payt yaqinlashib qoldi-ku! Oshpaz qozonga o‘t yoqmay, sizlarning masalliq olib kelishinglarni kutib o‘tiripti!
Ovoz. Bekor o‘tirganim yo‘q, adasi! Adhamjonning o‘g‘lini kutyabman. Barvaqt kelaman, degan edi, hanuzgacha dom-daragi yo‘q. Moshina-poshina urib ketmadimikin? Biror falokat ro‘y bergan bo‘lsa, otasiga nima deymiz, degan xavotirdaman!..
Sobir Abdulla. Nafasingizni issiq qiling, xonim. (Xo‘rsinadi.) Kelishi bilan yo‘lga tushinglar!
Ovoz. Xo‘p bo‘ladi, adasi.

(Habibiy bilan Yunus Rajabiy kirib keladilar.)

Habibiy (ko‘rishib), Assalomu alaykum, mulla Sobirjon! Qish kuni urintirib qo‘ymadikmi sizni?
Yunus Rajabiy (ko‘rishib). Charchatib qo‘ymadikmi, Sobirjon? Yana o‘tirishni Do‘rmonga ko‘chiribsiz. Ko‘proq mehmonlarni aytgan ko‘rinasiz?
Sobir Abdulla (tashvishli bir holatda). G‘afur akaning maslahati bu… Ishqilib uyatda qolmay, usta!..
Yunus Rajabiy. Nega uyatda qolar ekansiz, Sobirjon? Yangamiz bilan birga qanchadan-qancha mehmonlarni kutaverib, tajribangiz oshib ketgan. Boshqa mamlakatda yashaganingizda bormi, kattakon restoranni ochib, millioner bo‘lib ketgan bo‘lardinglar!
Sobir Abdulla. Millioner bo‘lishdan gapirmang. Bir burda non bilan tirikchilik o‘tkazgan kunlarimiz ham bo‘lgan. Endi uchta-to‘rtta pesamiz qo‘yilib, dasturxonda qand-qurs paydo bo‘lib qolgan. Shunga ham shukronalar aytamiz, og‘a! Ammo hozir… (To‘xtab qoladi.)
Habibiy. Nima “hozir”?
Sobir Abdulla. Adham Hamdamning o‘g‘li bozor qilib, xonimning pishirgan narsalarini olib kelishi lozim edi… (To‘xtab qoladi.)
Habibiy. Nega to‘xtab qoldingiz? Gapiring. Biror voqea ro‘y berdimi?
Sobir Abdulla. Kelmay turibdi…
Habibiy. Kim?
Sobir Abdulla. Adhamjonning o‘g‘li! Buning ustiga, Mahmudxon akadan qo‘yga deb 200 so‘m pul olipti! Mehmonlar shamollab qolishsa, asqotadi, deb ancha-muncha dori ham olipti, nasiyaga! Ya’ni mening hisobimdan!
Yunus Rajabiy. Voy, muttaham-ey!
Sobir Abdulla. Adhamjonning o‘g‘li har holda yomon yo‘lga kirganlardan bo‘lmasa kerak. Moshina-poshina urib ketgan bo‘lsa, shu topda biror murdaxonada yotibdimi, bechora! (Ko‘ziga yosh oladi.) Har xil xayolga borib, bezovta bo‘layapman.
Yunus Rajabiy. Moshina-poshina urmagandir. Bundan biror soat avval uyimga borib: “Yunusvoy amaki, Do‘rmonga ketayapman, mashinada olib ketaymi?” deb so‘radi. “Yo‘q, Habibiy amaking bilan o‘zimiz boramiz”, dedim. “Unday bo‘lsa, menga biror 200 so‘m berib tursangiz, Do‘rmonning yo‘lida yangi so‘yilgan qo‘yning go‘shtini, yangi tayyorlangan qazi-pazilarni olardim”, dedi. Xullas, mendan 200 so‘mni undirib, Do‘rmonga allaqachon yetib kelgan bo‘lishi kerak edi.
Sobir Abdulla. Ana, xolos! Yunusvoy aka, shuning uchun ham “uyatga qolmasam bo‘ldi”, deyapman-da. Sharmanda bo‘ladigan bo‘ldim, og‘alar!
Habibiy (Yunus Rajabiyga). Usta, rost gapni aytdingizmi? Sizning uyingizdan chiqib, menikiga keldi, u muttaham! Meni ham olib ketmoqchi bo‘ldi. Keyin og‘ilxonadagi qo‘yni ko‘rib qolib: “Domla, bugun milisa mol bozorga hech kimni yo‘latmayotgan ekan. Shu qo‘yingizni olib ketsam, pulini Do‘rmonga borganingizda Sobirjon amakim berardilar”, deb qo‘yning arqonini yechib, olib chiqib ketdi. Hali men bechora qorxatning oshiga boraman, deb bitta qo‘yga tushgan bo‘lsam-a!..
Sobir Abdulla. Nimalar deyapsiz, domla! Aytgan har bir so‘zingiz pichoq bo‘lib bag‘rimga sanchilayapti! Yana biz hammamiz bir muttahamning tuzog‘iga ilingan bo‘lmaylik!

(Telefon jiringlaydi.)

Sobir Abdulla (shoshilgancha go‘shakni ko‘tarib). Allo, allo, Mahmudxon aka?
Mahmudxon (ovozi). Adham Hamdamning o‘g‘li bordimi? U muttaham G‘afurvoyni ham shilib ketibdi-ku!
Sobir Abdulla. Nima, G‘afur akani hammi? Nima qilipti?
Mahmudxon (ovozi). Mana, o‘zlariga beraman.
G‘afur G‘ulom (ovozi). Sobirjon, bu Adhamning o‘g‘li deganimiz qip-qizil aferist ekan! Mahmudxonni-ku laqillatish qiyin emas, mening ham burnimdan ip o‘tkazib ketipti, bu ablah!…
Sobir Abdulla (yig‘lamsirab). Sizga nima qilipti, bu muttaham?
G‘afur G‘ulom (ovozi). Nevaramning tug‘ilgan kuniga bir tog‘ora somsa kelgan ekan, shuni ko‘tarib ketipti! Do‘rmonga olib boraman, G‘afur dadam aytdilar, deb!
Sobir Abdulla. Bu, sharmanda bo‘lganim, G‘afur aka! Siz boshliq yigirma-o‘ttiz kishi keladigan! Ammo dasturxonda shashvor ham yo‘q. (Yig‘lamsirab.) Sharmanda bo‘ldim, sharmanda!
G‘afur G‘ulom (ovozi). Xafa bo‘lmang, men hozir shahar milisasini oyoqqa turg‘izaman! Yerning tagidan bo‘lsa ham topaman, u aferistni! (qisqa gudoklar)

(Telefon jiringlaydi.)

Sobir Abdulla (go‘shakni ko‘tarib, xasta ovoz bilan). Allo!
Ovoz. Sobirjon aka, kechirasiz, ishim chiqib qoldi…
Sobir Abdulla. Allo, kim bu?
Ovoz. Men, Said Ahmadman. Ishim chiqib qoldi, deyapman. Men borolmayman. Adham Hamdamning o‘g‘li olgan 200 so‘mni sizdan keyin olarman…
Sobir Abdulla. Nima, nima? Qanaqa 200 so‘m?
Ovoz. Adham akaning o‘g‘li, orkestrga deb men bilan Hamid G‘ulomdan 200 so‘mdan pul oluvdi.
Sobir Abdulla. Qanaqa orkestr? Qanaqa pul?
Ovoz. “Qorxat”ning o‘tirishiga orkestrni topib kelishni buyurgan ekansiz. “Toshkent” mehmonxonasining orkestrini gaplashib berdim! Shuning zakaladini Hamid G‘ulom bilan men berdik. Yetmaganini o‘zingiz berarsiz!
Sobir Abdulla. Hoy, Said Ahmad, jinni-pinni bo‘lganingiz yo‘qmi? Qanaqa orkestr? Qaysi o‘tirishimizga orkestr chaqirganmiz? Yo meni o‘ldirib, tepamda motam marshini chaldirmoqchimisizlar, bugun? A?! (Dodlab yuboradi.)
Ovoz. Sobir aka, yomon eshitilayapti, kulayotganingiz yo‘qmi?
Sobir Abdulla. Nega kular ekanman, yig‘layapman, Said Ahmad, yig‘layapman! Hammang bir bo‘lib meni xonavayron qilayapsizlar! Xonavayron ham gapmi, sharmanda qilayapsizlar, sharmanda! (Go‘shakni jahl bilan qo‘yadi.)
Yana telefon jiringlaydi. Sobir Abdulla yig‘lab, telefondan uzoqlashadi.
Yunus Rajabiy kelib, go‘shakni ko‘taradi.

Yunus Rajabiy. Allo!
Ovoz. Sobirjon aka?
Yunus Rajabiy. Men Yunus akangizman. Nima deysiz, Mustafo?
Ovoz. G‘afur akam Do‘rmonga bormadilarmi? Adham Hamdamning o‘g‘li meni kun bo‘yi band qilib, hozirgina qo‘yib yubordi. Uyga kelsam, G‘afur akam ketib qolgan ekanlar. Qayerdan axtarishni bilmay turibman.
Yunus Rajabiy. U muttaham sizni nega kun bo‘yi band qiladi?
Ovoz. “Sobirjon amakim aytdilar, u yerga borarkanmiz, bu yerga borarkanmiz”, deb jon-holimga qo‘ymadi.
Yunus Rajabiy. Hozir qayerdasiz?
Ovoz. Yozuvchilar uyushmasida. G‘afur akamni axtarib shu yerga kelgan edim.
Yunus Rajabiy. O‘sha yerda tura turing. G‘afur bizga qo‘ng‘iroq qilib qolishi mumkin. Shunda aytaman, topishib olasizlar.
Ovoz. Men hozir birorta odamdan benzin pulini topmasam bo‘lmaydi. Adham Hamdamning o‘g‘li: “Do‘rmonda beraman”, deb kissamni tozalab ketgan!
Yunus Rajabiy. Obbo, Adhamzoda-ey, sizni ham tunab ketdimi, yaramas?!
Ovoz. Nima? Boshqalarning ham kissasini tozalab ketdimi?
Yunus Rajabiy. Mayli, buyog‘i bilan ishingiz bo‘lmasin. (Go‘shakni qo‘yadi.)

(Eshik ochilib, G‘afur G‘ulom, G‘ayratiy, Mahmudxon va uch-to‘rtta san’atkor kirib keladi.)

G‘afur G‘ulom (o‘tirganlar bilan ko‘rishib). Sobirjon, mayli, yig‘layvermang! Bu aferistning adabini yaxshilab beraman. G‘afur G‘ulomni laqillatadigan Yosumanni ushlab, shunday sharmanda qilayki, onadan tug‘ilganiga pushaymon qilsin! (San’atkorlarni ko‘rsatib.) Mana bu san’atkorlar to‘ydan mayda-chuyda ko‘tarib ketishayotgan ekan. Hoynahoy Sobir Abdullaning dasturxoni qup-quruq bo‘lsa kerak, deb boshlab kelayapman. Qani, ustol-ustulni joy-joyiga qo‘yib, dasturxonni yozinglar!

(Hozir bo‘lganlar chetroqda ustma-ust qo‘yilgan stullarni olib, stol atrofiga qo‘yib chiqishadi va dasturxon yozishadi.)

G‘afur G‘ulom (Sobir Abdullaga). Uyga qo‘ng‘iroq qilib ko‘ring-chi, mabodo aferis­timiz topilib, kelinim Saodatxon bilan birga kelishayotgan bo‘lsa…
Sobir Abdulla (uning so‘zinini bo‘lib). Xo‘p bo‘ladi! (Qo‘ng‘iroq qiladi.) Allo, Saodatxon, jonim! Adhamjonning o‘g‘lidan darak-parak bo‘lmadimi?
Ovoz. Yo‘q. Baloga yo‘liqqur aldab ketganga o‘xshaydi!
G‘afur G‘ulom (go‘shakni uning qo‘lidan olib). Mayli, Saodatxon, ko‘p kuyinmang, kasallanib qolasiz. Men bu ablahning onasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatib qo‘yaman! Bu shaytonvachcha bizni aldab-ahmoq qilib ketganiga qaramay, birinchi qor sharafiga bazmi Jamshid qilamiz! (Go‘shakni qo‘yib, qayta nomer teradi.) Allo, senmisan, general! Topdinglarmi?
Ovoz. G‘afur aka, biz hammayoqni ilma-teshik qilib yubordik. Sizning uyingizga kelgan bolaning Adham Hamdamga hech qanday aloqasi yo‘q ekan. Familiyasi Hamdamov bo‘lgani uchun o‘zini Adham Hamdamning o‘g‘liman, deb yurgan. Afsuski, bundan bir soat avval Toshkent-Moskva samolyotida uchib ketipti. Aeroportdan Yozuvchilar uyushmasiga, sizning nomingizga xat yuboribdi, yaramas. Mustafo xatni olib ketdi. Biz Moskva shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qildik. Ular Hamdamovni ushlab, Toshkentga qo‘liga kishan solib qaytarib yuboradilar, deb umid qilaman.
G‘afur G‘ulom. Shunday bo‘lsin, general! Jinoyat jazosi qolsa, jinoyatchining urug‘i ko‘payadi. (Go‘shakni qo‘yadi. Yunus Rajabiyga.) Yunusvoy aka, shuncha mashmashadan keyin yurak chigilini yozmasak bo‘lmaydi. Qani, soqiylik rutbasini qo‘lingizga oling!
(Mehmonlar dasturxon atrofiga kelib o‘tiradilar. Piyolalarga may quyila boshlaydi. G‘afur G‘ulom piyolasini do‘stlarining piyolalari bilan cho‘qishtirayotgan paytda eshikdan halloslaganicha Mustafo kiradi.)

Mustafo. G‘afur aka! U badbaxt hamamizni kalaka qilib, Moskvaga qochib ketipti! Aeroportdan mana bu xatnimi, telegrammanimi berib yuboripti!
G‘afur G‘ulom. (qog‘ozni olib o‘qiydi). “Hurmatli dadajon!” (Chetga.) O‘g‘lim bo‘lmay to‘ng‘iz qopgur! (Eshittirib.) “Sizning oldingizda ham, Sobirjon amakimning oldilarida ham, hammangizning oldingizda ham katta gunohkorman. Ammo, na qilayki, choram yo‘q edi. Siz direktorimga qo‘ng‘iroq qilmaganingizdan keyin meni institutdan haydashdi. O‘zimni qayerga qo‘yishni bilmay qoldim. Tramvayning tagiga tashlamoqchi bo‘luvdim, allaqayerdan militsioner paydo bo‘lib qolib, ushlab qoldi. Mahmudxon amakimga shunchalar yalindim: haligi doridan topib bering, deb. Do‘stingiz unamadi…” (Mahmudxonga.) Qanaqa dori?
Mahmudxon. Bachchag‘ar bir yutum bo‘lsa ham zahar topib bering, deb kelgandi.

(G‘afur G‘ulom bir oz o‘ylanib qoladi.)

G‘afur G‘ulom. Shu gapni menga aytsang bo‘lmasmidi? Hayotdan to‘ygan ekan-da, bechora!
Ovozlar. Xatni eshitaylik.
G‘afur G‘ulom. (o‘qishda davom etadi). “… O‘sha kunlarda, baxtimga, Moskva gazetalaridan birida e’lon chiqib qoldi. Poytaxt teatrlaridan biri Xlestakov rolini ijro etish uchun tanlov e’lon qilgan ekan. Men Nabi Rahimovning shu rolini yaxshi ko‘rib qolib, Xlestakovning barcha o‘zbekcha va ruscha monologlarini yodlab olgan edim. Hatto ikkinchi kursda domlam kurs ishi sifatida “Revizor”ni qo‘yganida, men bosh rolni ijro etgan edim. Barcha hujjatlarni, o‘sha o‘quv spektakldan olingan suratlarni yuborgan edim, tanlovdan o‘tibman shekilli, chaqirib qolishdi.
O‘zingizdan qolar gap yo‘q, samolyot biletiga ham, mehmonxonaga ham, tramvay-pramvayda yurishga ham, uch-to‘rt kun tirikchilik qilishga ham mulla jiring kerak. Xullas, dadajon, siz hammangiz o‘zbek xalqining Hotamtoylari bo‘lganingiz uchun bir erkalik qilgim keldi. Nasib qilsa, ota-ona mehrini ko‘rmay, bolalar uyida yaxshimi-yomonmi tarbiya ko‘rgan mendek nodon, mendek baxtsiz bolaning Nabi Rahimovdek mashhur artist bo‘lganini ko‘rasiz.
Sizlarning bugungi o‘tirishingizni ham, asablaringizni ham buzganim uchun men baxti qaroni kechiringlar! Xudo xohlasa, kelgusi yili “qorxat”ning o‘tirishini Do‘rmonda o‘zim qilib beraman!
Dadajon! Menga omad tilang! Mabodo Moskva teatrlari uchun xarakteristika kerak bo‘lib qolsa, albatta, yaxshi xarakteristika yozib berasiz, deb umid qilaman.
Sizga Jambul umrini, Alpomish kuchini, hazrat Navoiyning obro‘sini tilab, bir og‘iz so‘zingizni ayagan o‘g‘lingiz Hamdam Hamdamov”. (Xatni stol ustiga tashlaydi.)
Sobir Abdulla. Hamdam Hamdamov bo‘lmay, juvonmarg bo‘lgur.
Yunus Rajabiy. Mulla G‘afur, o‘sha iltimosini bajo keltirganingizda bu savdolar bo‘lmasmidi?
Habibiy. Shu o‘ltirishga kelishga ham oyog‘im tortmay turgan edi-ya.
Mahmudxon. Mendan bir botmon dori-darmon olib ketgan edi.
G‘afur G‘ulom. Bu bola men o‘ylagandek aferist ko‘rinmaydi. Aferist bo‘lsa, qochardi-ketardi, dumini tutqazmay…(Bir oz sukutdan so‘ng.) O‘sha she’riyat muxlisi bo‘lgan, mening muxlisim bo‘lgan direktoriga bir og‘iz aytib qo‘ysam, asakam ketarmidi?! Boshqa rollarini bilmayman-ku, Xlestakov rolini qiyvoradigan bola ekan! Teatrga shunaqa tug‘ma artistlar ham kerak-da, Sobirjon! (Sukut.) Qani, olaylik! (Hamma nima uchun qadah ko‘tarayotganini bilmay, hayron. Shu payt G‘ayratiy xatni olib, G‘afur G‘ulomga deydi.)
G‘ayratiy. Xatning orqasida ham bir-ikki so‘z yozilgan ekanmi?
G‘afur G‘ulom (xatni G‘ayratiyning qo‘lidan tortib olib o‘qiydi). “Dadajon! Habibiy domlaning qo‘ylarini olishga oldim-u, mo‘ysafidga jabr bo‘lmasin, deb yon qo‘shnilarining hovlisidagi tut daraxtiga bog‘lab ketdim. Sobirjon amakim, Yunus tog‘amlar berishgan pul hisobiga Ijod uyining katta oshxonasiga dasturxon bezatib qo‘yganman. O‘sha yerga o‘tib, bazmi Jamshidga marhamat qilsanglar! Bundan Saodatxon ayamlarning xabarlari bor. Ular mening iltimosim bilan Do‘rmon hangomasini sizlardan yashirib turdilar. Mening ham, ularning ham bir qoshiq qonimizdan kechinglar. Hurmat bilan o‘g‘lingiz Hamdam Hamdamov”. (Bir oz sukutdan so‘ng.) Voy, aferist-e!

(Sobir Abdulla qo‘ng‘iroq qilish uchun telefon oldiga boradi. Shu payt
Saodatxon bir tog‘ora pishiriq ko‘tarib kiradi.)

Saodatxon. Assalomu alaykum, azizlar! (G‘afur G‘ulomga.) G‘afur aka! Faqat siz emas, biz, qo‘qonlik ayollar ham ozgina bo‘lsa-da hazil qilishni bilamiz. Bir sizlarni sinab ko‘raylik, dedik-da, Hamdamjon bilan!
Habibiy. Ajab voqea bo‘lyaptimi?
Yunus Rajabiy. O‘ngimmi, tushimmi, bilmay qoldim.
Mahmudxon. Hazil ham shunaqa beso‘naqay bo‘ladimi, Saodatxon? Bir botmon dorining puliga tushdim, deb infarkt bo‘lishimga oz qoldi.
Saodatxon. Mahmudxon aka, lof desa ola qopni olib qochadigan bo‘lib ketibsizmi? Mana, doringiz. (Dasturxon orasidan kichik paketchani olib, stol ustiga qo‘yadi.) Yuragi mo‘rtlar ichadigan dorilar ekan.
G‘ayratiy. Endi, birodarlar, o‘zbek bor joyda hazil ham bo‘ladi. Nozikmi, beso‘naqaymi, ishqilib, hazilning tagi zil bo‘lmasa bo‘ldi.
Yunus Rajabiy. Hamdamjonning yetim o‘sganligini eshitib, bir voqea yodimga tushdi. Urush yillari, deng, Yangiyo‘ldagi teatrda ishlab yurgan edik. Bir kuni deng, Turg‘un Alimatov shaharga tushib, skripka ko‘tarib chiqdi. Shahar bozorida leningradlik bir o‘ris kishi tirikchilik taqozosi bilan muzikant otasidan qolgan skripkani sotmoqchi bo‘lib turgan ekan. Turg‘un, deng, mirquruq bo‘lsa ham havasi kelib, skripkani qo‘liga olib chalipti. Avval o‘zbekcha kuyni, keyin egasi ham bir maza qilsin, deb “Katyusha”ni. Haligi, deng, o‘ris kishi urushdan qaytayotgan ekan. Yetim qolgan farzandi O‘zbekistondan panoh topganini eshitib, axtarib kelgan ekan. Toshkentdagi bolalar uyidan topipti. O‘zbek xalqi farzandining boshini silab, sog‘-omon katta qilayotganini ko‘rib, azbaroyi xursand bo‘lganidan boyagi skripkani Turg‘unga sovg‘a qilipti. “Buni sotib, boy bo‘larmidim? Yaxshi odam ko‘rinasiz, chalishni bilarkansiz, muzikant ekansiz. Zora otamdan qolgan shu tabarruk sovg‘a bilan o‘zbek xalqi oldidagi qarzimni ozgina bo‘lsa ham uzsam”, debdi.
Habibiy. G‘aroyib rivoyat ekan.
Yunus Rajabiy. Rivoyat emas, naq bo‘lgan voqea. Yetimning boshini silashdan ortiq savob yo‘q bu dunyoda.
G‘afur G‘ulom. Muhammad payg‘ambar ro‘za hayiti kunlari masjidga ketayotgan ekanlar, yo‘lda yig‘lab, ko‘zlari giryon bo‘lib turgan bir yetim bolani ko‘rib qoliptilar. Muhammad payg‘ambar yetim bolaning qoshiga kelib: “Seni birov xafa qildimi? Nimaga yig‘layapsan?” deb so‘raptlar. Yetim bola: “Hamma o‘rtoqlarimning tuyalari bor. Ular hayit namoziga tuya minib boryaptilar. Tuyam yo‘qligi uchun yig‘layapman”, deb javob beripti. Muhammad payg‘ambar yetimning so‘zlarini eshitib, bo‘yinlarini yer baravar egibdilar-da: “Kel, bo‘tam, yelkamga chiqib o‘tir, men sening tuyang bo‘la qolay”, debdilar. Yetim bola Muhammad payg‘ambarning yelkalariga chiqib, tuya qilib yura boshlabdi. Yetim bola yana armondan chiqish uchun Muhammad payg‘ambardan tuyaga o‘xshab “afu”, “afu” deb o‘kirishini so‘rapti. Muhammad payg‘ambar bir marta “afu” deb o‘kiriptilar, bola xursand bo‘lib, “yana, yana” depti. Muhammad payg‘ambar ikkinchi marta “afu” deb o‘kirgan ekanlar, Xudodan nido kelibdi: “Bir marta “afu” deb o‘kirganingda odamzodning uchdan bir qismining gunohidan o‘tdim. Ikkinchi marta “afu” deb o‘kirganingda ikkinchi gunohkor qismini ham kechirdim. Endi bas qil, zero, yana bir marta “afu” desang, hamma bandalarimning gunohidan kechishga majbur bo‘laman va yer yuzida do‘zaxga tushadigan biror gunohkor qolmaydi”. (Bir oz sukutdan so‘ng.) Mana shunaqa, yetimning boshini silashdan ortiq savob yo‘q dunyoda. Yetimning boshini silagan kishi Parvardigor oldida har qanday gunohlaridan forig‘ bo‘ladi.
Habibiy. G‘aroyib rivoyat ekan.
G‘afur G‘ulom. Balki rivoyatdir, balki bo‘lgan voqeadir. Buning sira ahamiyati yo‘q. Ammo shu narsa haqiqatki, yetim bolalarga mehr-oqibat ko‘rsatish, ularni ona-ota mehriga zor etmaslik – ulug‘ fazilat. Faqat yetim-esirlarni emas, barcha bolalarni polopon paytidan boshlab voyaga yetguniga qadar mehr-muhabbat bog‘ida parvarish qilish – siz bilan bizning Parvardigor oldidagi burchimizdir. Mehr ko‘rgan avlodgina (shu payt xona devorlari kengayib, Ijod bog‘ining navbahor kunlaridagi go‘zal manzarasi ko‘zimizni qamashtirib yuboradi.) mehribon, samimiy, bag‘ri keng, halol va aql-farosatli kishilar bo‘lib ulg‘ayadi.
Saodatxon. Ulug‘ gaplarni aytdingiz, G‘afurjon aka. Bo‘yningizni egib, “afu” demasangiz ham men bilan Hamdamjonni kechirgan bo‘lsangiz bo‘ldi.
G‘afur G‘ulom. Albatta, kechirdim. Hammamiz kechirdik.
Sobir Abdulla. Mening infarkt bo‘lib, narigi dunyoga ketishimga bir bahya qoldi, Saodatxon. Hamdamjonni kechirgan bo‘lsam ham…
Saodatxon. Nima, meni kechira olmaysizmi? (Sobir Abdulla boshini egib, biror so‘z aytmaydi.) Unday bo‘lsa, unday bo‘lsa… (Arazlab chiqib ketadi.)

(Noqulay vaziyat.)

G‘afur G‘ulom (vaziyatdan chiqish uchun xirgoyi qila boshlaydi). Endi sendek… (Sukut.) Endi sendek jono-jonon… (Sukut.) Qaydadir… (Sukutdan so‘ng.)
Endi sendek, jono, jonon qaydadur,
Ko‘rib gul yuzingni bog‘da bandadur,
Mahmudxon. Robinzon Kruzo bo‘lib ket-e, G‘afur!
Yunus Rajabiy. Robinzon Kruzo emas, Karuzo. Enrike Karuzo, buyuk italyan hofizi.
Mahmudxon. Robinzon Kruzomi, Karuzomi – nima farqi bor?
G‘afur G‘ulom (e’tibor bermay). Endi sendek..
Sobir Abdulla (o‘rnidan turib, sekin ashulaga qo‘shiladi), Endi sendek…

Hamma ashulaga qo‘shiladi. Ashula davomida Saodatxon ham kirib kelib, jo‘rovoz bo‘ladi.
Hamma:

Endi sendek, jono, jonon qaydadur,
Ko‘rib gul yuzingni bog‘da bandadur,
Saqlay ishqing toki jonim tandadur,
O‘zim har joydaman, ko‘nglim sandadur..

Parda.

G‘afur G‘ulom. Dunyoda faqat bir narsa qoladi. Yaxshilik! Hatto yomonlik ham bora-bora unutiladi. Shuning uchun mashoyixlar: “Otangni o‘ldirganga onangni ber!” deyishgan. Ahmad Yassaviy ham, Lev Tolstoy ham, Mahatma Gandi ham: “Hoy, insonlar! Sizlarga yomonlik qilganga ham yaxshilik qiling! Yaxshilik qilishda hikmat ko‘p! Belingizga doim yaxshilik kamarini bog‘lab yuring!” deb o‘tib ketishgan. Nima, biz shu ulug‘larning vasiyatiga amal qilsak, biror joyimiz kamayib qoladimi?!
G‘ayratiy. Gunoh qilgan odamni jazolash ham tarbiya, unga olijanoblik namunasini ko‘rsatish ham. Do‘stim, yetimlik nimaligini sen ham, men ham yaxshi bilamiz. Kelinglar, ota-ona mehrini ko‘rmay, shu ko‘chaga adashib kirib qolgan bir bolaning qo‘liga kishan solib, ko‘chama-ko‘cha sazoyi qilmaylik!
Yunus Rajabiy. Hammamizning dilimizdagi gapni aytdinglar, ustozlar! Bu, chinakam insonparvar shoirlarning gapi!
Habibiy. Yaxshilikdan yaxshilik tug‘iladi, azizlar! Yomon bolani yomon degan bilan uning tuzalishi mahol. Bu xunuk voqeadan hamma – ota-onalar ham, yoshlar ham xulosa chiqarib olsalar ayni muddao bo‘lurdi!
G‘afur G‘ulom. (go‘shakni ko‘tarib). General! Yana men, G‘afurman!. Moskvaga qo‘n­g‘iroq qiling! Qo‘yib yuborisha qolsin. Biz kechirdik. Esi bo‘lsa, bu yaxshilikni hech qachon unutmaydi. Balki butunlay boshqa odam – yaxshi odam, halol, mehnatkash va mehribon odam bo‘lib ketar. (Go‘shakni qo‘yib.) Shundaymi?
Hamma. Shunday, shunday,
G‘afur G‘ulom. Qani, san’atkorlar! Sho‘xrog‘idan olinglar!
San’atkorlardan biri. Nimadan boshlaylik, G‘afur aka?
G‘afur G‘ulom. “Tanavor”dan-da, nimadan bo‘lardi! Bundan ham go‘zal ashula bormi, bu yorug‘ dunyoda?! Raqsi-chi, raqsi? Mukarramxonning “Tanavor”ga xirom aylaganini ko‘rgansizlar-ku!!! “Tanavor”, yashavor!

Ashula

Endi sendek, jono, jonon qaydadur,
Ko‘rib gul yuzingni bog‘da bandadur,
Saqlay ishqing toki jonim tandadur,
O‘zim har joydaman, qo‘nglim sandadur.

Ashula boshlanayotgan chog‘da davraga Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir kirib kelib, ashulaga jo‘rlik qiladilar. Asta-sekin boshlangan ashula tobora avjlana boradi.

Parda

«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi.